Bozor rastalarining birida shirin non va manti pishirib sotadigan ayol har kuni mijozlarga yegulik ulashardi. Bir kuni tushdan keyin bulut qoplab olgan osmondan yomg‘ir tomchilari shiddat bilan tusha boshladi. Vaqt o‘tgan sari yomg‘ir jalaga aylanib borardi. Bir soat o‘tsa ham, ikki soat o‘tsa ham yomg‘ir tinish o‘rniga avj olar, yo‘llarda suv daryo kabi oqardi. Ayol do‘konni qulflab, ko‘chaga shoshib chiqdi va magazindan ikkita yomg‘irpo‘sh sotib oldi. Qizi o‘qiydigan san’at markazi eshigi oldiga borgach, kiyimiga qarab, ichkari kirishga ikkilanib qoldi. Rangi o‘chib ketgan ko‘ylagi bir ahvolda, hatto xamir tekkan fartugini ham yechish yodidan chiqqandi. Shusiz ham yo‘qchilik tufayli qizining tengdoshlari oldida izza bo‘lishidan qo‘rqib yurgan ona binoning pastki qavatiga tushib, dars tugashini kuta boshladi. Shu payt uchinchi qavatdan tushib kelayotgan qizi bilan ko‘zlari to‘qnashdi. Ona qizini ko‘rib, mamnun qo‘l silkitdi. Biroq qiz uni ko‘rmaganga solib, devor ortiga bekindi. Bir necha daqiqadan so‘ng devor ortidan mo‘raladi. Bu esa onasining bu ahvolda kutib turishni istamaganligini anglatardi. Bundan ko‘ngli og‘rigan ona boshini quyi solgancha jim qotib qoldi.
Bir oydan so‘ng ona qizi o‘qiydigan san’at markazidan talabalar ko‘rgazmasiga taklifnoma oldi. Qizini yana uyatga qo‘yishidan cho‘chigan ona ikkilana-ikkilana yo‘lga chiqdi.
— Ko‘rgazma tugab ketgan bo‘lsa, borib nima qildim…
Biroq ko‘rgazma hali tugamagandi. Devorga osib qo‘yilgan suratlarni bir-bir ko‘zdan kechirgan ona bir portret oldida to‘xtab qoldi. Surat tagiga “Dunyodagi eng go‘zal surat” deb yozilgan edi. Yog‘ayotgan yomg‘ir, yomg‘irpo‘sh ko‘targan, oppoq unga belangan fartuk taqqan, eski tufli kiyib olgan ayol tasvirlangan edi unda. Bu san’at asarida qizini kutib turgan onaning holati chizilgan edi. Shu kuni qizi devor orqasida onasining o‘sha holatini yuragiga, xotirasiga muxrlab olgan edi. Shu payt ona yoniga qizi keldi. Uning ko‘zlarida farzandlik mehri balqib turardi. Ona-bola suratga uzoq tikilib turishdi. Ularning yonma-yon turishining o‘zi dunyodagi eng go‘zal manzara edi go‘yo.
Koreyschadan Malohat G‘afforova tarjimasi