Baron Niko Brugin paltosining oxirgi tugmasini o‘tkazarkan, zinapoyadan tez-tez qadam tashlab, eshikka qarab yurdi. U o‘ziga yarashgan mayin tabassumi bilan boshqalarning pulini oxirgi chaqasigacha sug‘urib olib, andishasizlarcha ishlatishga qodir bo‘lgan yosh hamda go‘zal ayolning oldiga shoshayotgandi. Unga o‘xshagan jamiyatning oliynasab erkaklari bu maftunkor ayolning atigi bir bor nazar tashlashi uchun uning barcha injiqliklarini ko‘tarishga va istaklarni bajarishga tayyor edilar. Brugin ostonada bolalar shifokori Yakov Stepanovich Bikovga to‘qnash keldi.
— Salom, doktor, sizni ko‘rganimdan xursandman. Musyaning holidan xabar olish uchun kechqurun ham tashrif buyurishingizni bilmagandim. Xo‘sh, bemoringiz qalay?
Doktor ko‘zoynagini to‘g‘irladi va kichik bemorining o‘ta hashamdor kiyingan otasiga boshdan-oyoq razm solarkan, qiyofasida norozilik alomatlari paydo bo‘ldi.
— Juda yomon.
Brugin doktorning gaplariga ishonmaganday, bosh kiyimini to‘g‘irlab qo‘ydi va “Shunchaki vahima qilayapti”, deb o‘yladi.
— Yomon deng… balki unchalik emasdir-a? Nima bo‘lganda ham, doktorsiz, men uni tuzata olishingizga ishonaman. — dedi Brugin Yakov Stepanovich Bikovning yelkasiga qoqib qo‘yarkan. Baronni hozir otalik mas’uliyatidan ko‘ra ko‘proq o‘sha go‘zal ayolning ishonchi va mehrini qozonish qiziqtirardi. Shu bois, Brugin doktorning ogohlantirishi hamda bergan maslahatlariga qaramay, izvoshga o‘tirdi va:
— Ketdik! — deb buyurdi. Nima emish, Musya ota-ona mehriga zor emish. Dori-darmonlardan ko‘ra ko‘proq unga yaqinlarining e’tibori yaxshiroq ta’sir qilar ekan. Qanday bema’nilik! Bekorga qizining ahvoli to‘g‘risida so‘radi. Bu haqda og‘iz ochmaganida, miyasi aynigan chol o‘zining mantiqsiz nasihatlari bilan uning kayfiyatini buzmagan va qimmatli vaqtini olmagan bo‘lardi. Mana bazmga kech qoldi, afsus…
Mahobatli uyning ikkinchi qavatidagi kichkina xonadan besh yoshli Musyaning yo‘talayotgan tovushi mehmonxonaga qadar eshitilib turardi. Qizchaning xonasiga kirgan kishining dimog‘iga dorilarning bo‘g‘iq hidi urilardi. Kasallik xuruj qilganida, Musya bo‘g‘ilib qolguncha yo‘talar, rangi oqarib, ko‘kragidagi og‘riqning dastidan inqillab qo‘yardi. Mehmonxonada esa Zoya Vladimirovna Brugina Rimdan keltirilgan naqshinkor ko‘zguga tikilib, yal-yal yonib turgan ko‘ylagini to‘g‘irladi va bo‘yniga olmos ko‘zli marjonini taqdi. Oltin bilakuzuk hamda tilla uzuklar ayolning nozik va oppoq qo‘llariga nihoyatda yarashgandi. Oliynasablar orasida Zoya Vladimirovna o‘zining latofati va go‘zalligi bilan mashhur edi. Ko‘pchilik shunday maftunkor xotini bo‘la turib, nega baron Brugin ko‘chadagi zoti past ayollarning ortidan yugurib yurishining sababini tushunmasdi. Erining yurish-turishi haqidagi gap-so‘zlar Zoya Vladimirovnaning ham qulog‘iga yetib kelgandi, albatta. Boshida ayol eri tomonidan toptalgan qadri uchun qanchadan-qancha uyqusiz tunlarni ko‘zyoshi bilan o‘tkazdi. Keyinchalik odamlarning gap-so‘zlariga mutlaqo befarq bo‘lib qoldi. Ayol vaqtini o‘z yog‘ida qovurilish va rashk o‘tida yonish bilan emas, balki yaqin dugonalari davrasida vaqtichog‘lik bilan o‘tkazardi. Mana, hozir ham uyda siqilib o‘tirgandan ko‘ra, dugonasi Sofya Tuxubevanikiga yangi yil munosabati bilan tashkil qilinayotgan bazmga borishni afzal ko‘rdi. Ketish oldidan “Musyaning oldiga kirsammikan?”, deb o‘yladi. Kech qolayotgani sabab, bu fikridan qaytdi. Bolaning enagasi, doktori va sevimli o‘yinchoqlari, xullas, unga nima zarur bo‘lsa hamma narsasi bor. Qolaversa xizmatkorlar ham boladan xabar olib turishadi, deya ko‘nglidan o‘tkazdi u. Musya esa soatlab eshikka tikilib, ota-onasining ichkariga kirishini intiqlik bilan kutadi. Har gal eshik ochilganida qizchaning ko‘zlari quvonchdan porlaydi, ammo enagasining yoki doktorining yuzini ko‘rgach darrov quvonch yo‘qolib, o‘rnini ma’yuslik egallaydi. Musya sog‘lom chog‘larida hozirgidan ikki marta baxtliroq edi. U pastga tushar, ko‘chalarni sayr qilardi. Garchi ota-onasi u bilan o‘ynagani hech vaqt topmasalar-da, qizcha ularning diydorini bir pasga bo‘lsa ham ko‘rib turardi. Avvalari onasi unga e’tiborliroq edi. Ba’zida uni o‘zi bilan birga dugonalarinikiga turli bazmlar va kechalarga olib borardi. Enagasi Nyuta kelgach, hammasi o‘zgardi. Onasi ham undan uzoqlashdi. Mehrga tashna qizaloq kasal bo‘lib qoldi. Qizcha endi bo‘sh vaqtlarini enagasi bilan o‘tkazardi. Nyuta asli frantsiyalik edi. U qiz bilan sayr qilishni yoqtirardi. Ayni damda Musyaning Nyutadan boshqa qadrdoni yo‘q. Qiz u bilan o‘ynar, yig‘laganida ovutar, kasal bo‘lganida esa bag‘riga bosgancha ertak aytib berardi.
Musya jajji qo‘lchalarini ko‘rpa ostidan chiqarib, turishga chog‘landi, biroq bu ishni eplolmadi.
— Nyuta! — deb chaqirdi u.
— Labbay, azizam. Nima bo‘ldi? — tashvishlanib so‘radi enaga.
— Ota-onam ketishdimi?
— Ketishdi. Ular sening oldinga kirishmoqchi edi, lekin men Musya dam olayapti, deganim uchun ular ortlariga qaytib, senga yaxshilab qarashimni qattiq tayinlashdi va ketishdi, qizalog‘im.
— Nega unday qilasan? Axir men uxlamagandim-ku! — norozi bo‘ldi qizaloq.
Enaga javob bermadi va oraga jimlik cho‘kdi.
— Nyuta! — dedi qizcha enagasining sochlarini holsiz qo‘llari bilan asta silarkan. — Bugun bizning bezatilgan archamiz bo‘larmikan?
— Albatta, bo‘ladi. Nega bo‘lmasin ekan, hozir hammasini muhayyo qilamiz. Axir bugun bayram-ku. Bizning archamiz juda chiroyli bo‘ladi va u tun bo‘yi yonib turadi.
Enaganing gaplarini eshitgan Musya beixtiyor chapak chalib yubordi. Nyutaning nazarida bolaning quvnoq kulgusidan mo‘jazgina xona hatto yorishib ketgandek bo‘ldi.
Baron go‘zal ayolnikiga yetib keldi. Bezatilgan archa yonida mehmonlar juda ko‘p edi. Negadir baronga ayol uni sovuq kutib olgandek tuyuldi. Maftunkor ayolning nazari bugun Jorj Gudishevga qaratilganini sezish qiyin emasdi. Mish-mishlarga qaraganda yaqinda u marhum xolasining vasiyatiga ko‘ra, kattagina merosga ega chiqqandi. Yosh ayol yangi boy xushtorining atrofida girdikapalak edi. Ayol unga yaqinlashib, sochlarini silar va atrofdagilarning kulgusini qistadigan darajada ahmoqona savollar berardi. Kechagina Bruginga aytilgan shirin so‘zlar va soxta mehr-muhabbat bugun Jorj Gudishevga atalgandi. Bevafoda vafo nima qilsin? Baron ortiq bu sahnani kuzatib turolmasdi. Uning ko‘ziga mehmonxonadagi barcha odamlar va bo‘layotgan ishlar mantiqsizdek tuyuldi hamda g‘azabini qo‘zg‘atdi. Bezatilgan archaga tikildi-yu, qizini esladi. Shu onning o‘zidayoq, u doktorning ogohlantirishiga qaramay, shu bema’ni spektaklni ko‘rish uchun, Musyani yolg‘iz qo‘yib kelganiga achindi. U hech kimga bildirmay, mehmonxonadan yo‘lakka, yo‘lakdan zinapoyaga, zinapoyadan eshikka, eshikdan esa tashqariga chiqdi-yu, bu iflos ostonaga qayta qadam bosmaslikka ahd qildi. Baron bu yerga qanchalik shoshilgan bo‘lsa, o‘z uyiga, yolg‘iz zurriyodining yoniga yetib borish uchun ham shunday shoshdi. Brugin eshik ortida o‘tirib, qizining shirin ovozini eshitdi.
— Bo‘ldimi?
— Yo‘q, hali bolajonim, yana ozgina sabr qil. Hozir o‘zim aytaman.
— Nyuta, bizning archamizni ko‘rgani ota-onam keladilarmi? — ma’yus ohangda so‘radi Musya.
— Hozir sen bo‘ldi deyishing bilan ko‘zlarimni ochganimda archa yonida ota-onamni ham ko‘rsam qanday yaxshi bo‘lardi-ya.
Bu so‘zlarni eshitgan Brugin ortiq kutib turolmadi va ichkariga otilib kirdi. U bolalar krovatida qimirlashga ham majoli bo‘lmay yotgan farzandining ozg‘ingina tanasini qattiq bag‘riga bosdi.
— Qizalog‘im, mening jajjiginam, — deya shivirladi u ko‘zlari yoshlanib.
Nozikkina Musya esa inidan chiqqan mitti polapon kabi otasining ko‘ksiga boshini qo‘ydi. Baron qizining mehr taftini tuyarkan, jimjiloqday keladigan yurakchasiga qanday qilib shuncha muhabbatni sig‘dira olayotganiga hayron qoldi. Archa yonida turgan Nyuta ko‘zlaridan yosh oqayotganini sezmasdi ham. Do‘stlari bilan tonggacha sanqib yurishga odatlangan bemehr baronning qalbida otalik mehri uyg‘onganini ko‘rish Nyuta uchun haqiqiy mo‘jiza edi?
— Dadajon, qo‘yib yuboring! — deya birdan inqilladi Musya.
Qizchani qattiq yo‘tal tutdi. Qo‘lida farzandi og‘riqning zo‘ridan nafas ololmay bo‘g‘ilib qolganini va ko‘zlarining osti qorayib, yuzi oqarib ketganini ko‘rgan Brugin doktorning gaplari shunchaki vahima emasligini tushundi. U ilk marta jajji qizalog‘ini yo‘qotishdan qo‘rqdi.
Hech narsadan xabari yo‘q Baronessa uyga mamnun qiyofada qaytdi. U o‘z yotog‘i tomon borar ekan, birdan qizi yotgan xonaning eshigi qiya ochiqligiga e’tibor qildi. Hayajonlangan baron uni yopishni unutgandi. Buni enaganing e’tiborsizligiga yo‘ygan ayol g‘azablanib, ichkariga nazar tashladi va krovat yonida yig‘lab turgan erini hamda polda Musyani mahkam bag‘riga bosib o‘tirgan enagani ko‘rdi. Zoya Vladimirovnaning ichidan bir nima chirt uzilganday bo‘ldi. Bo‘g‘ziga alam qadalib, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrar va ko‘zlaridan shashqator bo‘lib oqayotgan yoshlarini to‘xtatolmasdi. Uning yuragida qattiq og‘riq paydo bo‘ldi.
— Bolaginam Musyaga nima qildi? U tirikmi? — so‘radi Zoya Vladimirovna. Ayolning ovozi titrab chiqqandek bo‘ldi.
— Yo xudoyim, baronessa, sizga nima bo‘ldi? Nafasingizni yel uchirsin. Shunchaki qizingizning yo‘tali zo‘rayib qoldi xolos. Aksincha, Musyaning ahvoli otasini ko‘rgach, biroz yengillashdi.
“Yaratganga shukr!” deya shivirladi u sekingina enaganing so‘zlarini eshitib.
— Uni menga bering! — dedi Zoya Vladimirovna yig‘lamsirab.
— Baronessa!
— Gapimni eshitmadingizmi? Uni menga bering!
Enaga buyruqqa bo‘ysunib, bolani avaylabgina onasining qo‘liga tutqazdi. Zoya Vladimirovna qizni qo‘liga olarkan, uning yengillashib, bir burdagina bo‘lib qolganini sezdi va dod deb yuborishiga bir bahya qoldi. Shu choqqacha, buni sezmaganini va farzandining ahvoli bilan qiziqmaganini qarang. Shunchalik ham qalbi ko‘r, shunchalik ham shafqatsiz bo‘ladimi ona degan. Ichida ovoz chiqarmay, o‘zini-o‘zi koyishga tushdi. Eriga achchiq qilib, jondan aziz suygan go‘dagini butunlay unutib yuborgani uchun o‘zini hech qachon kechirmaydi, kechirolmaydi. Endi sira bunday bo‘lmaydi. Musya asta-sekin yengil nafas ola boshladi. Yuziga tomchilayotgan iliq ko‘zyoshlardan qizcha ko‘zlarini ochdi va onasini ko‘rib, jilmaydi. Uning quruqshab qolgan ko‘kimtir lablari qimirlaganday bo‘ldi. Zoya Vladimirovna mehribonining “Oyijon, siz chindan ham farishtasiz” deya shivirlab aytgan so‘zlarini eshitdi. Musyaning bezatilgan archasida yonib turgan chiroqlar sirli nur sochayotgandek edi. Daraxt tepasidagi yulduz esa onasining issiq bag‘rida sirli kechaning g‘aroyib mo‘jizasi tufayli ota-ona mehrini topib, yengil nafas olib, xotirjam uxlayotgan qizning yuziga qarab jilmayib turganga o‘xshardi. Mittigina qizlarining mehri va tashvishi Baron Niko Brugin va baronessa Zoya Vladimirovna ilk bora bir-birlariga qadrli va g‘animat ekanliklarini anglatdi. Ayni damda ular oddiy er-xotin va oddiy ota-ona edilar. Nyuta ularga qarab turib, haqiqiy baxt aslida oilaviy birdamlikda ekanligini his qildi. Musya endi yolg‘iz qolmaydi. Sirli va mo‘jizaviy yangi yil kechasida u o‘z orzusiga yetdi. Endi Nyuta qizchaning ertangi taqdiridan xavotir olmasa ham bo‘ladi.
Shirin uyquda yotgan qizlarining yuziga tikilib, baron va baronessa sekingina shivirlashdi. “Xudo rahmdil, nasib etsa Musyamiz albatta tuzaladi…”
Musya tinchgina orom olardi. Xonaning derazasidan esa mehr va muhabbat timsoli bo‘lgan yangi yilning yorug‘ yulduzi yorqin nur sochib turardi. Bu go‘yo jajji Musyaning yulduzi edi.
Ruschadan Sherali Rahimov tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.