Uyga qaytishim bilan birinchi navbatda orqa tomonidan qizarib turgan “to‘landi” degan muhr urilgan qog‘ozni xotinimga ko‘rsatdim.
– Ana, oxirgi qarzimizdan ham qutuldik, – dedim men.
Shirinning ko‘zlaridan bir hovuch quvonch uchqunlari uchib chiqib, atrofga sochildi.
– Voy, xudoga shukur-ey! Nihoyat, bemalol uxlaydigan bo‘libmiz-a!
Ikkovimiz ham shodu-xurramlik bilan kuldik. Keyin xotinim o‘ychan ohangda ilova qildi:
– Tehronda har qancha yashamaylik, boshimiz qarzdan chiqmagan bo‘lur edi. Uyimiz har kun to‘s-to‘polon, mehmon arimaydi – loaqal o‘n tuman orttirib bo‘lmaydi…
– To‘ppa-to‘g‘ri, azizam. Ori rost, bu yerda didimizga o‘tirishadigan yaqin oshna-og‘aynilarimiz yo‘q. To‘g‘risini aytganda, ba’zan o‘rganib qolgan ermaklaring bo‘lmasa, kishi rosa zerikar ekan.
Yaqin qarindoshlaring tevaragingda bo‘lmasa ham sog‘inar ekansan.
– Qarindoshlarni tilga olmay qo‘yaversang ham bo‘lardi. “E, xudo, hech qanaqa sovg‘a-salom kerak emas, xesh-aqrabolarning yuzini teskari qilsang bas” degan gap ham bor-ku! Bizni bir hafta ham yolg‘iz qoldirganlari yo‘q. Ha desa u… Ha desa bu…
– Shuning uchun meni viloyatga ishga o‘tkazishlarini iltimos qildim-da. Albatta, musofir shaharda odam juda yolg‘izlanib qolar ekan, lekin hech bo‘lmaganda, ishlarimizni biroz bo‘lsa-da, tuzatib olamiz-ku! Sen ham, nihoyat, uy-puyingni ko‘tarib, shabadalanib olasan-ku! Gapiraverib xunob bo‘lib ketding, axir. Uyni tartibga keltiraman desang, bu yerda senga hech kim to‘g‘anoq bo‘lolmaydi. Endi hamma narsadan mamnunsan, hamma narsa ko‘nglingdagidek, shunaqami, jonim?
Men xotinimni erkalatib, endigina ko‘ksimga bosgan ham edimki, uyga yugurib kenjamiz Mehribon kirib keldi.
– Dadajon, sizni allaqanday bir janob so‘rayapti. Yonida bir xonim ham bor, – dedi u.
– Qanaqa janob ekan? Yonida xonimi ham bormi? – deb so‘radim men hayron bo‘lib, Shiringa qaradim va eshik tomon yo‘l oldim.
Ostonada o‘ttiz besh yoshlardagi bir o‘rtabo‘y erkak turgan ekan. Har narsadan avval ko‘zimga tashlangan narsa – uning quloqlari bo‘ldi. Ular ovoz ushlaydigan radiokarnaylarga o‘xshab, old tomonga turtib chiqqan edi. Uning kichkina ko‘zlari mug‘ambirlik bilan tikilib turardi. Uning tarvuzdek dumaloqqina qorni ham do‘ppayib turar, uning o‘zi esa o‘ng qo‘lining bosh barmog‘i bilan iyagini ishqalab turardi.
– Janob Shohinmisan? – deb so‘radi mehmon.
– Ha, menman.
– Bu maktub ukangizdan. Men yaqinda u bilan Sherozda uchrashgandim.
U menga konvert uzatdi. Men darhol ukamning xatini tanidim va shosha-pisha konvertni ochdim. “Maktubni olib borguvchi odam mening eng yaqin do‘stlarimdan – deb maktubni keltirgan odamni tavsiya qilipti u. – Bir vaqtlar biz u bilan birga xizmat qilgan edik. Hozir janob M. mas’uliyatli xizmat safarida yuripti. U Sherozda menikida turipti. Shunday bo‘lishi ham mumkinki, u sizning Turbati Haydaringizda qand savdosini taftish qilmog‘i mumkin. O‘zingdan qoladigan gap yo‘q – xizmat safarining xarakteriga ko‘ra u qand yetkazib beradigan odamning uyida turolmaydi…” Maktub g‘oyatda qizg‘in da’vatlar bilan tugagan edi: “Sen qalbingdagi menga bo‘lgan muhabbatingning hammasini unga baxshida et”.
Maktubni o‘qib bo‘lgach, men yana taftishchiga boshdan-oyoq razm solib chiqdim, keyin uning xotiniga nigohimni ko‘chirdim. U eriga qaraganda ancha barvastaroq edi, uning qo‘llarida ikki yoki uch yashar bir go‘dak tamshanib uxlab yotardi. Bir necha minut biz hammamiz indamay bir-birimizga termulishib qoldik. Qo‘qqisdan mehmonlarning yo‘ldan kelganini va hoynahoy, toliqqan bo‘lishlari kerakligini eslab qoldim.
– Marhabo, marhabo… Qani, ichkariga marhamat, – dedim men shosha-pisha mehmonlarni uyga taklif qilar ekanman. – Nima gap ekanini bilmoqchi bo‘lib eshikdan boshini suqqan Shirinni payqab qoldim va yo‘l-yo‘lakay uning qulog‘iga shivirladim: – Janobi M. rafiqasi bilan qand savdo-sotig‘ini taftish qilgani kelishipti. Mana, ukamning maktubi, o‘qib ko‘r.
Men mehmonlarni xona ichiga olib kirdim. Maktubni o‘qib, gap nimada ekanini anglagan Shirin ham mehmonlarga “xush kelibsiz” degani ularning yoniga keldi.
– Avvalambor, aytib qo‘yayki, – dedi janob taftishchi er-xotin ikkovimizga jiddiy nigoh bilan qarab, – mening xizmat safarim haqida biror kimsaga og‘iz ocha ko‘rmanglar. Men uchun loaqal birinchi kunlarda kelganimdan hech kim voqif bo‘lmasligi g‘oyatda muhim.
Men xotinimga qaradim. Xotinim menga qaradi. Nigohlarimiz to‘qnashdi. Men payqadim – xotinim ham “loaqal birinchi kunlarda” degan so‘zlarga e’tibor qilipti.
– Xotirjam bo‘lavering, – deb uni tinchlantirdim. – Hech kim xabar topmaydi.
– Ayting, iltimos, menga pijama berishsin, – deb davom etdi mehmon belidagi kamarini yechar ekan. Mening pijamamni kiyar ekan, u birdan kulib, shunday dedi: – Pijamaning rezinkasi qornimizga to‘g‘ri kelarkan deyishimiz ancha qiyin-ku…
– Rezinkasini tuzatib beramiz. Hozircha shuni kiyib turing.
– Ha-ya, birorta odamni vokzalga yuborib, chamadonlarimizni olib kelsa bo‘larmikin?
– Ha, albatta, qani, kvitantsiyangizni bering, g‘ir etib borib kelaman.
– O‘zingiz borasizmi? Qo‘ying-e! Juda noqulay-ku.
– Hechqisi yo‘q. Men hammol olaman.
Chamadon unchalik og‘ir emas edi. Lekin men uni butun shahar bo‘ylab ko‘tarib yurishga xijolat bo‘ldim va chindan-da hammol yolladim. Mo‘jazgina shaharda muallim taniqli kimsa! Bu yerda har qadamda hushyor bo‘lmasang bo‘lmaydi, arzimagan narsa bilan obro‘ying to‘kilib qoladi.
Men uyga qaytib kelganimda janob taftishchi mening to‘shagimda yalpayib yotib, istirohat qilardi. Uning rafiqasi esa yo‘lda kiyib kelgan tor yubkasini yechib, Shirinning uyda kiyadigan ko‘ylagini ustiga ilib olibdi-da, uxlab yotgan go‘dakning tepasida o‘tirgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, qizaloq yo‘lda shamollab qolipti. Hozir isitmasi juda baland edi.
Chamadonni asta eshik yoniga qo‘yib, Shiringa yordamlashgani shoshildim. Sho‘rlik o‘choq boshida juda shoshib qolipti – bir samovarga qaraydi, bir gurunchning qaynagan-qaynamayotganidan xabar oladi, bir kabob kuyib ketmasin deb, uni ag‘daradi…
Chamasi bir yarim soatlardan keyin biz mehmonlarni dasturxonga taklif qildik. Tamaddi vaqtida taftishchining rafiqasi juda asabiylashib o‘tirdi – u bolasining ahvolidan juda xavotirda edi. Nihoyat, chidayolmadi, shekilli, erining boshiga ta’nalar yog‘dirdi:
– Men senga aytgan edim-ku – sen bilan birga kelishimga balo bormidi? Hozir uyda bo‘lganimda, bolaga loaqal tovuq sho‘rva qilib berardim.
– Ko‘p tashvish qilavermang, azizim Pari, – dedi taftishchi. – Bola yo‘lda shamollab qoldi. Hechqisi yo‘q, biroz yotsa tuzalib ketadi.
– Xafa bo‘lmang, xonim-afandim, – dedi dilkashlik bilan Shirin. – Bu yerda ham xuddi o‘z uyingizdek gap. Men bir zumdayoq go‘dagingiz uchun sho‘rva qaynatib beraman.
– Sizlarni ancha urintirib qo‘yamiz-ku…
– Yo‘q, nega unaqa deysiz? Urinishi bor ekanmi?
Tushlikdan keyin men borib, tovuq olib keldim. Shirin tovuq sho‘rva pishirishga kirishdi. Keyin mehmonlarga choy damladik.
Taftishchining xotini choyni tumshug‘ining tagiga olib bordi-yu, burnini jiyirdi.
– Qutilardagi tortib sotiladigan arzon navli choylardanmi deyman?
– Adashdingiz, xonim, – dedim achchig‘im kelib. – Biz hammavaqt “O‘kab” navli choy ichamiz.
– Nima deysiz? – deya eriga murojaat qildi u. – “Jahon” navli choy yaxshiroq emasmi? Ayniqsa, 353-navi. – Keyin u menga qaradi. – Bilasiz¬mi, biz faqat 353-sonli navni ichamiz. Boshqa navlarga sira ko‘nikolmadik-ko‘nikol¬madik-da!
Janob taftishchi choyini ichib bo‘ldi-yu, yana to‘shakka o‘tib, yalpayib yotib oldi. Aftidan, u tezroq hammaning tinchishini, jinday mizg‘ib olishni istamoqdaydi.
– Azizim Pari, – dedi u bo‘shashibgina, – senga nima bo‘ldi, o‘zi? Hadeb zorlanaverasanmi? Bu choyning nimasi yoqmadi senga? Indamay ichaver! Na iloj, safarda ba’zi bir shunaqa noqulayliklarga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi.
Mening shu bugunning o‘zida sizlar uchun 353-sonli choy olib kelaman deb va’da berishdan boshqa ilojim qolmadi.
– Yo‘g‘-e, men unaqa deyayotganim yo‘q, – dedi mehmon ayol. Ko‘rinishidan xijolat chekayotganga o‘xshardi. – Muncha shirin bola ekan! – deya xitob qildi u Mehribonga ishora qilib. Aftidan, gapni boshqa yoqqa burmoqchi edi. – Ancha bosiq, itoatkor bolaga o‘xshaydi. Xudo xohlasa, bizning qizalog‘imiz ham ertaga tuzalib qoladi. Birga o‘ynashadi. Necha yoshda o‘g‘lingiz?
– Beshga to‘ldi.
– Xudo o‘z panohida asrasin. Yana boshqa bolalaringiz bormi?
– Bir qizalog‘imiz bor edi, olti oylik bo‘lmay, bu dunyodan ko‘z yumdi. Umri qisqa ekan. Zotiljam bo‘ldi.
– Sizlarni juda qiynab qo‘ydik-da…
– Nega unaqa deysiz? Qiynalishi bor ekanmi?
Baland xurrak ohanglari janob taftishchining uyquga kirganidan darak berdi.
– Tushlikdan keyin biron soat mizg‘ib olishni yaxshi ko‘radilar, – dedi xotini ovozini pasaytirib.
– Bu juda ham foydali-da, – deb maqtab qo‘ydim men. – Ayniqsa, bugun, yo‘l yurib kelgandan keyin. Siz ham jinday dam olib olsangiz bo‘larmidi?
– Yo‘q, uyquga balo bormi hozir, – u kaftini bemor qizining peshonasiga qo‘ydi va yanada tashvishga tushib qoldi. – Sho‘rlik qizalog‘im, o‘t bo‘lib yonayapti-ku! Uni biron vrachga ko‘rsatmasak, bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Bu yerda tuzukroq vrach topiladimi?
– Shu yaqin o‘rtada bitta durustgina vrach yashaydi, – dedim men hayajonlanayotgan ayolni tinchlantirish uchun. – Kechqurun qizni uning huzuriga olib borsak bo‘ladi.
Mehmon ayol qizining ustiga egilib o‘tirar ekan, men uni sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqdim – basharasi go‘shtdor, yapaloq, qoshlari kerilib, chekkalarigacha borgan, xuddi xitoylarning qoshiga o‘xshaydi, og‘zi katta, lablari do‘rdoq, bamisoli shishganga o‘xshaydi, burni osilib tushib, ustki labiga tegay-tegay deb turipti. Ko‘zlarining ma’nosizligi ham, yuz belgilari ham aqli qosirligidan va mutakabbirligidan dalolat berib turibdi.
Kechqurun hammamiz ko‘pchiliklashib, bir amallab go‘dakning og‘ziga bir necha qoshiq sho‘rva quyganimizdan keyin taftishchining xotini vrachga otlana boshladi. Taftishchining o‘zi bizning shahrimizda qand masalasi qanaqa ahvolda ekanini tezroq taftish qilib bilmoq maqsadida darhol o‘zining mas’ul ishlarini bajarishga otlanish niyatida ekanini bildirganidan keyin, uning bolasini ko‘tarib vrachning huzuriga men yo‘l oldim.
Bemorni ko‘rib chiqib, shifokor bolaning shamollaganini va oshqozoni buzilganini aytdi. Shifokorning oldidan chiqib, dorixonaga yo‘l oldik. Shifokorning xizmat haqini va dorilarning pulini men to‘laganimni aytib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak. Xonim afandi mening hisob-kitob qilishimga xalaqit berishga ham urinib ko‘rmadi. Aftidan, keyinchalik janob taftishchining o‘zlari men bilan hisob-kitob qilishlari kerak bo‘lsa ke¬rak-da.
Ertasi kuni bolaning ahvoli ancha yaxshilandi. Bola o‘ziga kela boshlashi bu xudoning ajoyib maxluqining hamma fazilatlari bilan yaqindan tanishishga muyassar bo‘ldik. Bu sho‘x qiz juda o‘yinqaroq ekan – bexosdan qo‘lidagi stakanni Mehribonga qarab otdi. Uning merganligini aytmaysizmi! Uning ketidan qoshiqni otdi. Rost, stakan bolaning boshini siypabgina o‘tib, eshikning kesakisiga tegib, chil-chil sindi, lekin qoshiq bolaning qoshiga tegdi – bir zumda bolaginamning qovog‘i momataloq bo‘lib ko‘karib chiqdi. Taftishchi bilan xotini o‘z zurriyodlarining sho‘xligini tomosha qilar ekanlar, zavqdan qotib-qotib kulishardi.
– Xudoga shukur-ey, bolamiz ancha tuzalib qoldi-ya! – deya ular shukronalar qilishdi.
Qizaloq butunlay tuzalib ketmagunga qadar janob taftishchi xizmat burchiga sodiq bo‘lgani vajidan kun bo‘yi shahardan beri kelmasdi. Uning xotini bilan qizalog‘i xona ichida o‘tirgan joyida Shirin bechorani adoi tamom qilishdi. Ertadan-kechgacha sho‘rlik taom pishirar, ularni suzar, dasturxonga tortar va yana hammasini o‘zi yig‘ishtirib olardi. Go‘dak butunlay sog‘ayib, oyoqqa turib ketgandan so‘ng mehmonlar shaharning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish xohishini bildirishdi. Tabiiyki, men ularga rahnamolik qildim.
Men, albatta, fe’li keng mezbon sifatida shahar bo‘ylab qiladigan sayohatimizning hamma xarajatlarini o‘z bo‘ynimga olmog‘im kerak edi. Izvoshning kira haqini har xil ekskursiyalarning kirish haqini o‘zim to‘laganimni aytishga hojat bo‘lmasa kerak, deyman. Birinchi kuni biz tog‘ etaklarini sayr qildik. Ikkinchi kuni bog‘da sayr qildik. Uchinchi kunni Qutbiddin Haydar maqbarasini ziyorat qilishga bag‘ishladik.
Rostini aytsam, men o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim. Shirin masalasiga kelsak, odam u bechoraga qarab rahmlari kelib ketardi. Yana bosh-oyoq qarzga botib bo‘ldik. Uyimiz quyun o‘tgan kulbaday nest-nobud bo‘ldi.
Kichkina qizaloqning shumliklari sira tugamas edi. Bir soniya tinch turolmaydi-ya! Oyoq ostida to‘shab qo‘yilgan gilam ustida sira qurimaydigan ko‘lmaklar paydo bo‘ldi, pardalar tortqilab yulib tashlangan, boshdan-oyoq kir-chir bo‘lib ketgandi. Shisha idishlar chil-chil singan. Devorlarga kubizm uslubida har xil suvratlar chizib tashlangan. O‘g‘limning basharasida sog‘ joyi qolgani yo‘q – boshdan- oyoq tirnalib ketgan, hammayog‘i momataloq. Bu zulmlardan ezilib ketgan Mehribon bir burchakka kirib qisinib olgan. Mehmonlarning esa maishiy mayda-chuydalar bilan ishi yo‘q edi. Ajib bir xotirjamlik bilan ular dam olishar, sayr qilishardi, bironta ham tashvish ularning havas qilsa arziydigan ruhiy muvozanatlariga soya solmas edi.
Bir kuni men mehmon ayolning eriga shivirlab gapirganini eshitib qoldim:
– Ta’tiling qachon tamom bo‘ladi?
Yuzimda lip etib ko‘ringan hayrat tuyg‘usidan savolni eshitib qolganimni anglagan taftishchi baland ovozda javob berdi:
– Xizmat safarimni aytyapsanmi? Xizmat safarim oxirlab qolyapti. Yana bir-ikki kundan keyin butun manzara men uchun ayon bo‘ladi.
Albatta, har qanaqa xotin ham, xizmat safarining ikir-chikir tomonlarigacha hammasini bilavermaydi.
* * *
Mehmonlarning biznikida tura boshlaganiga ham bir hafta to‘lay deb qoldi. Bir kuni taftishchining nomiga telegramma kelib qoldi: “Sizlardan juda dilgirman. Darhol sim qoqinglar”. Telegrammani o‘qib chiqib, er-xotin bir-birlariga ma’nodor qarab qo‘yishdi. Kechki choyni ichib bo‘lgach, ular aylangani ketishdi. Bu gal meni bezovta qilishni istashmadi, shekilli, o‘zlari yolg‘iz ketishdi. Odatdagiga xilof ravishda ular chamadonlarini ham o‘zlari bilan olib ketishgandi.
Ular ketishdi. Biz esa er-xotin ikkovimiz anchagacha indashmay, bir-birimizga tikilib o‘tirdik. Biz zilziladan keyin vayron bo‘lgan kulbasiga tikilib o‘tirgan odamlarga o‘xshardik. Shu kunlarda ancha-muncha o‘zini oldirib qo‘ygan Mehribon qo‘qqisdan yelkamga boshini qo‘ydi-da, shikasta ovozda so‘radi:
– Dada, janob taftishchi hali biznikida uzoq turadimi?
Men og‘zimni ochishga ulgurmay, Shirin unga bobillab berdi:
– Ular ketib nima qiladi? Bu yerdan ortiqroq biron joyni topa olishadimi? Bu ovloq joyda chaqirilmagan mehmonlardan xalos bo‘lamiz deb bekorga suyungan ekanman. Endi amin bo‘ldim – bu joylar Tehrondan besh battar ekan.
– Azizim, Shirin, qo‘y, kayfiyatingni buzma, – dedim men. Aftidan, bu gapim juda nojoiz aytildi, shekilli.
– Kayfiyating deyapsanmi? – Bu so‘z uni ich-ichidan portlatib yuborgandek bo‘ldi. – Men bir narsani bilmoq istayman. Nima uchun sening ukang o‘z mehmonlarini biznikida kutishni o‘ziga ep ko‘radi? Bunaqa desam, doim shunaqa bo‘lib kelgan. Sen o‘z qarindoshlaringni har narsadan ortiq ko‘rasan. O‘zingning oilang bilan bo‘lsa, hech qachon ishing bo‘lgan emas…
Bir narsa deb e’tiroz bildirishga gap topolmadim. Mening indamaganim badtar uning achchig‘ini keltirdi.
– Mayli, ikkidan birini tanla – yo men bilan Mehribonni de, yoki qarindoshlaring bilan do‘stlaringni tanla.
– Shirin, jonim, sen bilan o‘g‘limni nechog‘lik yaxshi ko‘rishimni bilmaysan…
– Yaxshi ko‘raman? Agar sen bizni yaxshi ko‘rganingda birinchi kuniyoq bu taftishchiga bizniki kaptarxona emasligini bir amallab tushuntirib qo‘yarding.
– Bunaqa bo‘lishini kim bilib o‘tiripti deysan? Men bir-ikki kun turib, ketadi deb o‘ylabman-da…
Shu bir haftada bir yilga qaridim. Bu mutakabbir va vijdonsiz odamlarning oldida bamisoli oqsochday bo‘lib qoldim. Ular bo‘lsa, faqat eng qimmat choyni ichishadi, bir kun turib qolgan yog‘ni ko‘ngillari xushlamaydi, eng sara gurunchni tanovul qilishadi. Sen bo‘lsang xuddi ularning yugurdagidek ketlaridan yugurib yurasan. Izvoshga tushsa, kira haqini sen to‘laysan, shifokorning haqi ham sening bo‘yningga, dorixonachi bilan ham sen muomala qilasan. Agar meni shu bo‘yinturuqdan xalos etishga qurbing yetmasa, unda men ketaman. Ketib ko‘nglim taskin topmasa bo‘lmaydi.
Qahr-g‘azabdan uning tusi o‘zgarib ketgandi. Qo‘llari qaltirar, ovozi bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib qolayotgandi. Qo‘rqib ketgan Mehribon onasining etagini ushlab olib, ho‘ngrab yig‘laydi. Mening ko‘nglimda allaqachon taftishchi xotini bilan sayrdan tezroq qaytib kelaqolsaydi, shoyadki, bu g‘alvalar tezroq barham topsa degan istak paydo bo‘lgandi. Lekin ular hadeganda qaytaverishmadi. Men ko‘chaga chiqib ketishga ahd qildim. Xotinim yolg‘iz qolsa tezroq tinchishi mumkin. Bundan tashqari bola narsa bunaqa mojarolardan uzoqroq turgani ham yaxshi. Ko‘cha eshik taqillab qolganda men poyabzalimni kiymoqda edim. Men eshikni ochishga oshiqdim. Mehribon orqamdan yugurdi.
Eshikni ochib, ostonada soch-soqoli oppoq, yoshi anchaga borib qolgan notanish erkakni ko‘rib lol qoldim. Uning oldida oyoqlari tagida chamadoni turardi.
– Janob Shohinmisan? – deb so‘radi u.
– Ha. Keling, xizmat?
– Bilasizmi, men M. Man, – deb o‘zining ismini aytdi mehmon. – Qo‘limda ukangizning maktubi bor edi. Ming afsuski, ikki haftacha avval men uni yo‘qotib qo‘ydim…
– Shoshmang, shoshmang… Siz janob M. Siz. Hozir qand savdosini taftish qilgani keldingiz?
– Ha, shundoq. Ertaga kechqurun jo‘nab ketishim kerak. Ukangiz, bilishimcha, sizga alohida maktub yozgan. Men unga, albatta, siznikiga kirib chiqishga va’da berganman. Lekin sizdan iltimos – to‘g‘risini ayting. Agar sizga malol keladigan bo‘lsa, bir kunni men mehmonxonada ham o‘tkazaveraman.
– Ukam menga hech narsa deb yozgani yo‘q. Siz yo‘qotib qo‘ygan maktubni esa… Xayr, mayli, bu gaplarni qo‘yaylik. Yaxshisi, qani ichkariga marhamat. Bemalol, batafsil gaplashib olamiz.
Mehribon hayqirganicha ichkariga yugurdi.
– Oyijon! Oyijon! Yana bitta taftishchi keldi!
Ruschadan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 6-son