Men u bilan Boltiq bo‘yi shaharlaridan biri — Tallinda tanishgandim.
Kechqurun mehmonxonada dam olib o‘tirib, ko‘zim telefon kitobchasiga tushib qoldi. Men uni qo‘limga oldim-da, varaqlay boshladim. Kitobning birinchi sahifasining ilk satri “Abbosov I.A.” familiyasi bilan boshlanardi.
Ko‘nglim orziqib ketdi-da, beixtiyor nomer tera boshladim.
— Menga “Abbosov I.A.” kerak edi.
— Men sizni eshitaman.
— Men Bokudanman.
— Bokudan?
— Ha, Bokudanman.
Suhbat rus tilida ketayotgandi.
— Gap shundaki, men sizni tanimaganimdek, siz ham meni tanimaysiz. Mehmonxonadagi telefon kitobchasini shunchaki varaqlay turib, familiyangizga ko‘zim tushib qoldi. Shundan keyin, bu yerda ham mening hamyurtlarim bor ekan, deb qiziqsinib qoldim.
Trubkadan kulgi ovozi eshitildi.
— Ozarbayjonliklar juda sho‘x bo‘lishadi, — u bir oz jim turdi-da, so‘ngra kulganicha gapida davom etdi: — Sho‘xlik yomon ma’noda emas, albatta. Har narsani o‘rganmoq, har narsani bilmoq orzusi insonning eng yaxshi xususiyatlaridan biri.
— Yaxshi xususiyat deyapsizmi? — so‘radim endi ozarbayjon tiliga ko‘chib. — Unda ijozat bersangiz, sizga bir savol bilan murojaat qilsam.
U so‘zimga tushunmadi shekilli, uzr so‘radi. Ozarbayjon tilini bilmasligini qisinib bo‘yniga oldi.
— Ozarbayjondan chiqqaningizga ancha bo‘ldimi?
— Men hech qachon Ozarbayjonda bo‘lmaganman, — dedi u.
— Eh-ha.
— Otam ozarbayjonlik edi. Qorabog‘dan. U yerda Shusha degan bir joy bor.
“Shusha” so‘zini u shunday talaffuz etdiki, hatto suhbat nima haqida ketayotganiga tushunmay qoldim.
— Otam Ozarbayjonda ulug‘vor tog‘lar tepasida Shusha nomli qishloq bor, derdi, men o‘sha yerdanman.
— Shusha qishloq emas, qo‘hna, go‘zal bir shahar.
— Shunday bo‘lsa bordir. Otam urush yillari bir eston qizi bilan tanishib, unga uylangan. Urushdan keyin esa vataniga qaytmagan.
Uning ko‘nglini ko‘targan bo‘ldim:
— Urush ko‘plarni vatansiz qoldirdi.
U rus tilida gapirsa-da, baribir eston lahjasi shundoqqina sezilib turardi:
— Sizga bir taklifim bor edi.
— Marhamat.
— Ijozat bersangiz, uchrashsak.
— Bosh ustiga. Lekin avvaldanoq shuni aytishim kerakki, men siz o‘ylaganingizdek yosh emasman. Meni ko‘rganingizdan keyin o‘z taklifingizdan pushaymon bo‘lmang, deb qo‘rqyapman.
U yana kuldi:
— Men ham unchalik yosh emasman.
— Necha yoshga kirgansiz?
— O‘ttizni urib qo‘yganman.
— Hm. Demak, men sizdan taxminan ikki marta kattaroq ekanman.
— Buning hech qanday ahamiyati yo‘q. Siz to‘qson yoshga kirganman desangiz ham, men siz bilan ko‘rishishdan bosh tortmasdim.
— Yaxshi. Roziman.
— Ertaga kechqurun soat oltida “Oltin langar” restoranida uchrashamiz.
U meni uyiga taklif qilsa kerak, deb o‘ylagandim, lekin bu go‘zal udum asriy Kavkaz tog‘lari ortida qolib ketganini hisobga olmay, shunday o‘yga borgandim. Ehtimol, Kavkaz tog‘ cho‘qqilari baland bo‘lganidan telba shamollar yo‘lini to‘sganidek, qadim udumlar va an’analarning ham bizda saqlanib qolishini ta’minlagandir.
Ertasi kuni “Oltin langar” restoranida uchrashdik. Devorlarida “Keksa Toomas”ning zirhqalqoni tasviri aks ettirilgan, g‘ira-shira yoritilgan restoranda odam ko‘p edi. Stollar atrofida aksari kishilar ikkita-ikkitadan o‘tirishardiYoshlar bir-birlariga ko‘z tikib suhbatlashishar, tez-tez sharobli qadahlarning jarangi eshitilib turardi. Biz tomonlarda agar shuncha odam bir salonga yig‘ilib qolgudek bo‘lsa, ularning shovqin-suronlaridan quloqlar bitishi turgan gap.
Stollar ustida yonib turgan shamlarning zaif nurida salonni ko‘zdan kechirdim.
O‘ng tarafdagi deraza qarshisida o‘tirgan yosh yigit papirosini kuldonga bosib o‘chirdi-da, o‘tirgan joyidan turib men tomon kela boshladi.
Qarshimda baland bo‘yli, yelkador, qora qosh, qora ko‘z, jingalak sochlari bo‘yniga qadar tushgan chiroyli bir yigit turardi. Unga qarab o‘ttiz yosh berib bo‘lmasdi, u o‘ttizdan ancha yosh ko‘rinardi. Yigit oyoqlarini juftlab menga bosh egdi-da:
— Agar yanglishmasam siz mening Bokudan kelgan mehmonimsiz-a? — dedi.
— Yanglishmadingiz.
Men o‘z ismimni aytdim. U ham ismini takrorladi: — Abbosov Imron.
Ha, uning ismi Imron edi. Lekin bo‘g‘inga urg‘u berganidan uning odatdagi ozarcha ismi quloqqa g‘alati eshitilardi.
Ro‘parama-ro‘para o‘tirdik. Umumiy ohangni buzmaslik uchun o‘zaro shivirlab gaplashishga majbur bo‘ldik. Baribir ovozimiz atrofimizda o‘tirganlarning diqqatini jalb etardi.
Biz qadim shaharda qadim obidalarning saqlanishi, zamonaviy binolarning qo‘hna binolarga mutanosibligidan, finlar tomonidan tiklangan Viru mehmonxonasining bu hamohanglikni buzib turganidan, “Keksa Toomas”dan, “Baqaloq Margarita” va “Jajji Margarita” minoralarining tarixidan, Pirita sohilining insonni dong qoldiruvchi hayratangiz go‘zalligidan, Ratusha maydonida XVI asrdan beri ishlab kelayotgan dorixonaning g‘oyatda ustalik bilan ta’mir etilganidan, eston xalqining kitob hamda gullarga bo‘lgan muhabbatidan, yana undan-bundan gaplashgancha, oqshomni qoraytirib, soniyalarni daqiqalarga, daqiqalarni soatlarga uladik.
— Bilasizmi, shahringizda gullar turli-tuman skameykalarni bezab turishi menga judayam yoqdi…
— Bu skameykalarni hech qachon gul-chechaksiz ko‘rmaysiz. Qor-yomg‘irli havoda ham, hoh kechqurun, hoh tong-saharda bo‘lsin, hatto ko‘chalarda qatnov to‘xtaganda ham skameykalarni gul bezab turadi.
Bu ham mayli-ya, agar gulsiz ketayotganingni ko‘rib qolishsa, senga albatta, gul taklif qilishadi. Kecha kechqurun mehmonxonaga qaytayotganimda bir kampir meni chaqirib qoldi. O‘zimcha u biror narsa haqida so‘ramoqchi shekilli, deb o‘yladim, lekin keyin bilishimcha kampir gul olmaganligimni esimga solayotgan ekan. Bu juda yaxshi odat.
— Xuddi shunday. Lekin bu borada yaponlarga yetib bo‘lmasa kerak. Ular hayotni umuman gul-chechaksiz tasavvur qilisholmaydi. Yaponiyada hatto gul ilmi, gul tili mavjud. Yaponlar dillaridagini bayon qilisholmasa, darhol gulni yordamga chaqirishadi.
— Bundan chiqdi, Yaponiyada bo‘lgan ekansiz-da?
— Dunyoda oyog‘im tegmagan biror qit’a qolmagan.
— Demak, tug‘ilgan yurtingizdan boshqa hamma yerda bo‘lgan ekansiz-da. Ko‘rmaganingiz o‘ziyam birgina Ozarbayjondir?
Uning bolalarnikiga o‘xshagan quyuq kipriklari orasidan menga dunyoning achchiq-chuchugini tatigan, ko‘rganlarining mohiyatiga tushunib yetgan, past-balandni bilib olgan odamning, yetuk insonning ko‘zlari o‘ychan boqdi. Endi unga bemalol o‘ttiz yosh bersa bo‘lardi.
— Xuddi shunday. Otamning vatanida bo‘lganim yo‘q.
U gapga tushib ketib, Yaponiyada, Chikagoda, Parijda ko‘rganlarini hikoya qila boshladi.
Uning hikoyasicha, Ispaniya gullar va muzeylar o‘lkasi, Yaponiyada go‘zalligu nafislikka sajda qiladilar, Gollandiyada saharlab gullar bilan salomlashadilar. Bu o‘lkadagi qizil lolalar boshqa hech qayerda yo‘q. Gollandiyaning qizil lolalari samolyotlarda butun dunyoga jo‘natiladi… Men uni tinglab, xayolga cho‘mgancha, ona-vatanim haqida o‘ylardim. Chunki vatan bu shartli jug‘rofiy territoriya emas, balki u inson idroki bilan yuragining mustahkam, ayrilmas birligidir. Vatanni tark etmoq, vatanni unutmoq mumkin emas. Vatan sening nafasingda, yuragingdadir. Umring tugab, hayotdan ko‘z yumganingda ham u sen bilan birga bo‘ladi.
Suhbatdoshim nafasini rostlab, shampan shishasini kraxmallangan salfetka bilan ushlagancha, qadahlarga sharob quya boshladi.
— Gollandiyadagi qizil lolalarning urug‘i qayerdan olinganini bilasizmi? — so‘radim men undan.
U shishani dasturxon ustiga qo‘ydi-da, yoydek qoshlari yuqori ko‘tarilib, hayrat-la yuzimga qaradi.
— Endilikda butun dunyoga mashhur o‘sha Gollandiya qizil lolalarining urug‘ini Ozarbayjondan sovg‘a qilib yuborishgan.
— Juda ajoyib-ku! Bunaqaligini men bilmas edim.
— Mana shunaqa, do‘stim, Ozarbayjon ham gul-chechaklar o‘lkasi. Siz Tokio, Parij, Chikago haqida gapiryapsiz. Men u shaharlarni ko‘rmaganman. Ammo-lekin men uchun Ozarbayjon u yerlarning hammasidan ham go‘zalroqdir. Chunki u meniki. Aytishingizcha, otangiz Shushadan-a. Shushaning qanchalik go‘zalligini bilmasangiz kerak. Bu yerlarda lola o‘stirmaydilar. Ammo nishabliklar, tog‘larning yonbag‘irlari ko‘z ilg‘amas qizil lolalar bilan burkanganligini bir ko‘rsangiz edi! Qarab ko‘zing qamashib ketadi. Menga, go‘yo tabiat dunyoning butun alvon ranglarini, go‘zalligini shu shaharda jamlaganga o‘xshab tuyuladi. Shushaning havosi va suvi shu qadar shaffof, o‘t-o‘lanlari shu qadar zumrad, lolalari shu qadar yoqut, quyoshi shu qadar porloqki…Menimcha, Shushadanman deb, Shushani ko‘rmaslik uyatdir.
— Albatta, borish, u yerlarni ko‘rish ham farz, ham qarz!
— Bilsangiz, u yerning yana bir xususiyati bor. Ozarbayjonning mashhur mug‘anniylari barchasi Shushadan chiqqan. Shushaliklar yoshu qari hammasi qo‘shiq shinavandalari. Ularning hammasi kuylaydi, ovozlari juda shirali. Buning siri nimada? Balki Shushaning suvida yoki havosida bir hikmat bordir, yoxud tuprog‘ida…
Yangi tanishim kulimsiradi-da:
— Otam ham kuylashni yaxshi ko‘rardi, — dedi. — Hamisha bir qo‘shiqni xirgoyi qilib yurardi. Biz uning tilini tushunmasdik. Uning qo‘shig‘i haliyam qulog‘imda yangrab turadi, faqat so‘zlarini yodimda saqlab qolmaganman. Chunki bu qo‘shiqning ohangi bizning qo‘shiqlarimiznikidan butunlay boshqachadir. O‘zi ham qayg‘uga cho‘mgan damlaridagina kuylardi u qo‘shiqni. Uning qo‘shig‘ida visol tashnaligi, sarobga aylangan muhabbat kuylanardi.
Ota o‘z vatanini qo‘riqlash uchun jang qilgandi. O‘g‘il esaotasining tug‘ilgan diyoriga bo‘lgan muhabbatini qalb qa’rida, u kuylagan qo‘shiq xotirasida ardoqlab saqlayotir.
U nimanidir xotirlaganday, yana kulimsiradi:
— Otamning vafot etganiga uch yil bo‘ldi. O‘limidan to‘rt-besh oy oldin Bokuga borgandi. Kasal bo‘lgani uchun doktor uning Shushaga borishiga ijozat bermagandi. Bokudan qaytib kelganidan keyin o‘nglanmadi. Qabrimga bir siqim vatan tuprog‘idan sepgin, deb vasiyat qilgandi, — deya suhbatdoshim o‘yga toldi.
Eshik ochilgandi, ichkariga quyoshning alvon nuri mo‘raladi. Tallinda yilning bu paytlarida quyosh juda kech botadi.
Kimdir eshikni yopdi. Go‘yo quyosh nurlari ichkarida qolishdan qo‘rqqanday, tezda ularni yig‘ishtirib oldi. Suhbatdoshim xuddi uyqudan uyg‘ongandek jonlandi. Uzun-uzun billur qadahlarga yana oz-ozdan sharob quydi. Sharobning ko‘pigidan ko‘zini uzmay qadahni ko‘tardi.
— Sizning sog‘lig‘ingiz va tanishganimiz uchun!
— Tashakkur. Bokuda, ya’ni Shushada ko‘rishish sharafiga.
— Sharqliksiz-da, asl sharqliksiz! Sharqliklarda qardoshlik hissi juda kuchli bo‘ladi. Qardoshlar hech qachon judolikni istamaydilar, judolikdan qo‘rqadilar.
— Shundaymi? Buni faqat sharqliklarga xos hissiyot deb hisoblaysizmi?.. Tasavvur qilingki, poyezdda ketyapsiz. Vagon derazasidan bepoyon dalalarni tomosha qilib ketyapsiz, deylik. Birdan kimdir vagondan yiqilib ketishi xavfi tug‘iladi. Shunda siz nima qilardingiz?..
Suhbatdoshim yelkasini qisdi.
— Menmi?
— Yo‘q, umuman so‘rayapman-da.
— Shubhasiz, hamma ham biror chora ko‘rishga intiladi. Biri shovqin-suron ko‘taradi, boshqasi odamlarni yordamga chaqiradi.
— Biri esa stop kranni bosib, poyezdni to‘xtatadi… To‘xtatib, jabrlanganga yordam qo‘lini cho‘zadi.
Suhbatdoshim kulimsiradi-da, hazilga ko‘chdi:
— Yiqilgan odam sening qo‘lingni tutishni istamasa-chi?
— Sen chetda tursang, u sening qo‘lingni tutish yo tutmasligini qayoqdan bilasan? Buning uchun, menimcha, sharqlik yoki g‘arblik bo‘lishning hech qanday ahamiyati yo‘q. Avvalo, inson bo‘lish kerak.
— Albatta shunday, inson bo‘lish kerak, eng avvalo, inson bo‘lish kerak!
Oraga cho‘kkan jimlik suhbatdoshimni bezovtalantirdi. Qadahga quyilgan sharobning ko‘pigi bosildi.
— Uning vasiyatini bajo keltirdingizmi?
— Kimning? Ha, otamni aytyapsizmi?
— …
Boshini chayqadi.
— Afsuski, yo‘q. Ish ko‘p, qo‘l tegmayotir. Balki bu yoz bir iloj qilib borarman.
Bormasa kerak, bormaydi, nima bo‘lsa ham menga shunday tuyuldi.
Otaning qabri o‘z o‘lkasi hasratida. Ko‘z o‘ngimda tanho bir tepalik jonlandi. U o‘rnida qimirlab qo‘ydi. Mening qalbimdan o‘tayotgan o‘ylar uni bezovta qilganday bo‘ldi. Nima bo‘lsa ham, bexosdan bo‘lgan bir turtki uning mudrab yotgan ichki tuyg‘ularini ko‘zga ko‘rinmas lokator to‘lqinlari kabi harakatga keltirib, uyg‘otib yubordi. U boshini xam qildi. O‘zinimi yoki menimi amin etmoq, ishontirmoq uchun dedi:
— Albatta, albatta boraman. Shushada ham bo‘laman. U yerlarda lola qachon ochiladi?
— Bahorda, may oyida, tog‘da esa bir oz kechroq…
— Ha, mayning oxirlarida boraman. Lolalar ochilganda.
Vatan — sehrli bir qudrat! U seni ohanraboday o‘ziga tortadi. Tuprog‘i ham, toshi ham tortadi. Nafasiyu qo‘shiqlari ham… Alvon lolalari ham…
Ozarbayjon tilidan Hikoyat Mahmudova tarjimasi.