Yurakni siqadigan g‘ijirlashi bilan qadimiy xaloskor podshoh yodgorligi atrofidagi xiyobonni aylanib o‘tgan Knyajevo tramvayi tag‘in to‘g‘ri janubiy-g‘arbiy tomonga qarab g‘irillab jo‘nab ketdi.
Ufq etagida Vitoshining ulug‘vor, g‘oyat salobatli qiyofasi va yashil tekisliklarning butun jozibali manzarasi ko‘z oldimda qayta chiroy ochdi.
Necha martalab ko‘rgan bo‘lsam-da, yuragim uchun hamon o‘shandoq yangi va qadrli bu g‘aroyib mo‘jizadan har safar ko‘z uzolmay qolaman.
Takrorlanmas bolgar tabiatini kuyga solayotgan tuyg‘ularimning nafis ohangiga ixtilof qo‘pol nemischa g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘irlar horiqulodda bostirib kirib, xayollarimni besar qildi. Shundagina men tramvay vagonining birinchi klasida bir-biriga qarama-qarshi joylashgan o‘rindiqlarda ketayotgan hamrohlarni payqadim. Yaqinroqda, uch xonim: biri yoshi o‘tinqirab qolgan ayol va zamonaviy yozgi kiyimlarda oriq, rangi-quti o‘chgan qorasoch ikki yosh bolgar qizlari menga teskari o‘tirishardi. Ularni hech qachon uchratmaganman, ammo xulq-atvori va egnidagi liboslarining g‘oyatda nafisligiga ko‘ra, poytaxtning saralangan jamiyatiga tegishli ekanliklari sezilardi.
Hamrohlari singari did bilan kiyingan malla mo‘y¬lovli, qizil yuzli, moviy ko‘zli, yosh yigit-qizlarning qarshisida joylashgandi. U nemis edi — erkin do‘stona munosabatga qaraganda u xonimlarning yaqin tanishi yo qarindoshi. Konduktor bilan qisqa suhbatidan yigitning bolgar tilini yaxshi egallaganini sezdim. Ularning oyog‘i ostida sho‘x o‘yinqaroq oq kuchukcha aylanib yurardi.
Qo‘shni o‘rindiqlarda o‘tirgan bolgarlarga tushunuksiz va yot nemis tilida yigiti bilan chakagi orom olmay, tinimsiz chug‘urlashib kelayotgan bu ikki xonim o‘zlaricha madaniyatli xalqning tilida aljirayotganliklari bilan mag‘rurlanish tuyg‘usini tuyib, atrofdagilarga go‘yo mensimay ko‘z qirlarini tashlab qo‘yishardi, haytovur menga shunday tuyuldi. Ular bolgarchada nemis tilini tushunmaydigan qari xonimga yo itga murojaat qilishgandagina so‘z¬lashishardi.
Bir qarashda bunda hech qanday odamni taajjubga soladigan narsaning o‘zi yo‘q. Biroq o‘z tilini nazariga ilmaydigan shunday dimog‘dor va takabbur yevropalashgan bolgar qizlarini tinglab va ularni kuzata turib, qalbimda allaqanday yoqimsiz tuy¬g‘ular uyg‘ondi, negadir xonimlarning qiliqlari menga erish tuyuldi. Bu tannoz oyim¬chalar baharhol go‘zal bo‘lganlarida-ku mayli edi, balki ularning o‘zini tutishiga ahamiyat bermay, manmanligini kechirarmidim? Afsus, go‘zallik ko‘p gunohlarni yuvib ketardi! Magarda tasodifan ushbu satrlarga ko‘zlari tushib qolsa va hali hamon bolgarchada o‘qishni unutmagan bo‘lsalar bu ochiq iqrorimni aybga buyurmay, ulardan kaminani olijanoblik qilib kechirishlarini so‘rayman…
Yangi bog‘lar va dala hovlilar boshlanadigan joyda tramvay bir daqiqaga dalaning o‘rtasiga to‘xtadi. Birdan bir bolgariyalik yurib ketayotgan tramvayga sakrab chiqdi va nemisning yonginasiga cho‘kdi. Bu oftobda yuzi qoraygan, kambag‘allarga xos tarzda juldur kiyingan mo‘ysafid edi. Tuproqda iflos bo‘lgan ust-boshiga qarab, unda dehqonning to‘pori raftorini ko‘rish mumkin edi.
Nemis salgina siqilib qoldi. Yosh bolgariyalik qizlar bunday yoqimsiz qo‘shnichilikdan burunlarini jiyirib, yigitga nemis tilida:
— Biz bilan o‘tiring! — deyishdi.
Agar yigit xonimlarning taklifiga ko‘nib, undan qochganida bechora bolgariyalik qanday xijolat tortib qolishini o‘zimcha tasavvur qildim. Biroq nemis tabassum bilan:
— Biz axir siz bilan go‘yo demokratiya tarafdorlarimiz-ku? — deya javob qildi va joyidan jilmadi.
Bu hazil ko‘rinishida aytilgan kinoyadan jindak izzat-nafsi ozor chekkan xonim istamaygina jilmayib qo‘y¬di. Uning dugonasi esa jahl bilan yana nemischalab:
— Manovi qishloqi, bu birinchi klass ekanligini bilmasligi shundoq ko‘rinib turibdi. Ikkinchi klassda ham bo‘sh joylar ko‘p-ku…
Bir vaqtlar otalari baqqollik do‘koni rastasi orqasida turgan yo bo‘lmasam omoch ortidan yurgan aslzodalarga xos tarzda tarbiyalangan bolgariyalik oyimchalar bir xorijlik oldida, balki chindan ham vijdonli bo‘lgan va bolgar yerlariga bor mehru kuchini sarflagan, unga ruhan va qalban begona mana shu havoyi, puch qo‘g‘irchoqlardan ko‘ra, jamiyatga foydasi ko‘proq tegayotgan o‘z vatandoshiga bo‘lgan nafratini oshkora bildirayotgani menga alam qilib ketdi. Yagona sabab — yo‘l kiraga pul to‘lagani tufayli, ularning yoniga o‘tirishga-da jur’at qilgan, soch-soqoliga ustara tegmagan mehnatkash bolgariyalikning qo‘pol ko‘rinishi xonimchalarning nozik didini haqorat qilayotgandi. Uning bu tarbiyasizligi uchun qora ko‘zlar nafrat to‘la nigohlarning o‘tkir nayzalarini sanchib, qanday qasos olayotganini ko‘rdim.
Bolgariyalik esa xuddi hech narsani sezmayotganday sukut saqlab o‘tirardi. Uning nemis tilini tushunmasligi kunday ravshan, bechora suhbat o‘zi haqida borayotganligidan ham bexabar… Kim biladi, balki fahmlayotgandir? Boshida xonimlarning sovuq so‘zlaridan uning yuzi biroz asabiy titraganini sezdim. Balki bu shunchaki tasodif bo‘lgandir? Biroq keyin u butun yo‘l bo‘yi derazadan dalalarga ko‘z tikib keldi.
Men esa uzoq vaqt ayol kishining nozik tabiatiga mos bo‘lgan nazokat va mehribonlikni topolmaganim sabab, qalbimda paydo bo‘lgan g‘azab o‘tini so‘ndirolmadim va tag‘in o‘ylay boshladim: ular bunchalar xunuk! Balki ana shu jihat ularni qahrli bo‘lishga undayotgandir? Axir, aksar holatda go‘zal oraz ichki chiroy va oliyjanoblikdan so‘zlaydi! Aftidan jismoniy va ruhiy uyg‘unlik haqidagi nazariya yana bir karra o‘z isbotini topgandek.
Bir necha daqiqalik chekinishdan so‘ng tag‘in boshlangan quvnoq nemischa safsata Pavlovga dovur davom etdi. O‘sha yerda tramvay to‘xtadi. Bolgariyalik tushish uchun o‘rnidan qo‘zg‘alganida uni “qishloqi” deb atagan xonim bexosdan o‘zining qizil soya-bonini tushirib yubordi. Bolgariyalik uni yerdan olib, iltifot bilan xonimga tut-qazarkan, dona-dona qilib, nemischasiga:
— Fr»auleine, bitte, nehmen Sie ihren Schirm!1 — dedi.
Yosh bolgariyalik qiz va dugonasi sochlarining ildizlarigacha lovullab duv qizarib ketishdi, u qaltirayotgan qo‘llari bilan soyabonni olarkan, notanishga hatto minnatdorchilik bildirishni faromush qildi.
Nemis yigit xonimlarni noqulay vaziyatdan qutqarish uchun suhbatni bog‘lashga behuda urinardi, uyatdan qizarib ketgan xonimlar Knyajevoga yetguncha lom-mim deyishmadi.
Haligacha menga o‘sha bolgariyalikni qayta uchratish va “madaniyatli” bolgariyalik qizlarga insoniylik sabog‘ini bergani uchun chin yurakdan qo‘lini qattiq siqib qo‘yish nasib qilmadi…
Ruschadan Shahnoza Rahmonova tarjimasi
[1] (nem.) Marhamat, xonim, soyaboningizni oling.
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.