Hisoriyada uni hamma tanirdi. U dam olishga keluvchi qo‘noqlarni “Tuyalar” deb ataladigan janubiy darvoza oldida sakrab, o‘mbaloq oshib, xushnud salomlar, quvnoq hazillar bilan qarshi olardi va keyin ham ularni qo‘lidan kelgancha xursand qilardi. Shuning uchun Pavle Fertigni hamma bilar, yaxshi ko‘rar va unga pul berardi.
U o‘n sakkiz-yigirma yoshlarda edi. Telbanamo, savdoyiroq, sho‘x, ko‘ngilchan, ba’zan dono Pavle Fertig o‘zining nochor va gadoybashara ko‘rinishidan tushkunlikka tushmasdi. Hech qanday sababsiz quvonchdan porlab turadigan chaqnoq katta qora ko‘zlari cho‘ziq, yuvilmagan, sepkilli yuzini munavvar etib turardi. Har doim kutilmagan yo ahmoqona yoxud tagma’noli tesha tegmagan gap aytishga, bevaj quvonishga va hazillashishga shay, kuldirish yo hayratga solishga usta, har qanday iltimoslarni bajarishga tayyor, hamma vaqt yordamga hozirligi bilan u Hisoriyaning buloq suvlariga keluvchi qo‘noqlarning suyuklisiga aylandi. Uning bolalarcha safsatasi, bema’ni mulohazalaridagi xufiya, achchiq kinoyalari kishilarni zavqlantirar, tildan-tilga o‘tib, yig‘inlarga va suhbatlarga jon kiritardi. Hazillari asosan yosh va go‘zal ayollarga qaratilardi, havoyi yengiltaklar uchun esa Pavle nihoyatda xavfli edi… Hisoriyaning barcha so‘lim go‘shalarini yutoqib kuzatar, sirligicha qolishi lozim bo‘lgan jamiki narsani uning ko‘ngilchan, betiyiq, jozibali, toza nutq bilan oshkor etardi.
Pavle Fertig asli S. shaharchasidan edi. U yerda uni taqdir hukmiga tashlab ketgan nihoyatda qashshoq onasi yashagan. Pavlening onasidan tashqari qayerdaligi noma’lum, izsiz gum bo‘lgan ukasi ham bor edi. U kulgili hazillari bilan Hisoriya mehmonlarining ko‘nglini ovlash, ularning ortidan tugunlarini hammomga qadar ko‘tarib borish, barcha buyruqlarga bo‘yin tovlamay, so‘zsiz quloq solish, turli topshiriqlar bilan Karlovga dovur yayov borish, “Tuyalar” oldida dam olishga kelgan yangi qo‘noqlarni ezgu tilaklar ila qarshi olish, yugurish, qo‘shiq aytish, o‘mbaloq oshish kabi bir talay xizmatlari uchun beriladigan sadaqa hisobiga kun ko‘rardi. O‘n tiyinlik tangalar, yarim franklik chaqalar, ba’zan butun franklar uning shapkasini do‘ppaytirib to‘ldirardi.
Pavle ayniqsa poyezdning yurishini aks ettirishni qoyillatardi. “Fertig”2 deb bir qichqirar, so‘ngra qo‘lini tanasiga bosganicha, “Pip…pix-pix, pix-pix,” deb tovush chiqarib, avval sekin, keyin tezroq va yana tezroq hakkalab yugurardi, xuddi shunday u paravozning pishqirishiga ham taqlid qilardi. Stantsiyaga yaqinlashishi oldidan shovqin-suron sekin-asta pasayar, yugurish ham sekinlashardi. Qo‘noqlar Hisoriyadan jo‘nab ketayotgan chog‘da birorta foytunning otlari to Pavle paydo bo‘lib shapkasini cho‘zib vidolashmaguncha va o‘zining sevimli so‘zi “Fertig!” deb buyruq bermagunicha joyidan jilmasdi. Aslida shuning uchun ham uni Pavle Fertig, deb atashgandi.
Xayr-ehsonlarning keti uzilmasa-da, Pavle hech narsaga pul sarf qilmay, yalangoyoq, juldur kiyimda va doim och-nahor yurardi. Qotma, irkit, hayotidan mamnun, orzu va qayg‘u nimaligini bilmaydigan darveshlardek egnida kiygulik siyog‘i qolmay, titilib ketgan birovlarning eski-tuskilarini ilib yurar, begonalarning stoli ustida qolib ketgan arzimas sarqitlar bilan ochligini qondirar, qishloq etagida, “Tuyalar” yaqinida, kulbachada, qamish, qoziq va kerosin idishlaridan qurilgan omonat manzil ostida, ba’zan esa qandaydir do‘kon yonida yirtiq kostyumiga o‘ranib uxlardi. Uning tilanchiligi va tejamkorligi boshqalarni hayratga solardi. Ba’zilar u pullarini kiyimi orasiga tikib qo‘yadi yo ko‘mib qo‘yadigan pinhon joyi bor, deb o‘ylardi, biroq bularning bari faqat taxminlar edi, xolos, pullarning qayerga sarflanayotgani hamma uchun jumboq edi. Ahyon-ahyonda uni savolga tutishardi:
— Hoy, Fertig, pullarni to‘yga yig‘yapsanmi? Ularni qayerga yashirgansan?
— Yaratganga, yaratgan egamga jo‘natayapman! .. Huv anov yerga! Yashasin, Shveytsariya qirolligi! Fertig!
Shveytsariya so‘zi uning butun jahon geografiyasiga oid bilimlari xazinasining bor boyligi edi. Dunyoda jamiki ilmga, odamiylikka, go‘zallikka xos ajoyib tushunchalarning bari uning miyasida shu so‘z bilan bog‘langan edi.
— Ajabo qanday hurliqo! U haqiqiy shveytsariyalik! — yonidan go‘zal qiz yo ayol o‘tib qolganda shunday deya benihoya hayrat ichra hayqirib yuborar, ular Fertigning xushomadidan loladay qizarib ketishardi.
Kamina Pavlening e’tiboriga sazovor bo‘lgani uchun ham “shveytsariyalik”lar qatoriga kirardim. Har safar shapkasi yonimdan go‘yo suzib o‘tganda u meni shunday unvon bilan taqdirlardi… Ba’zan Pavlening bizni zavqlantiradigan sho‘xliklari va masxarabozlarga xos qiliqlarini kuzatib, ich-ichimdan qandaydir tushunuksiz iztirobni tuyardim. Umrini behuda o‘tkazayotgan maqsadsiz bekorchilarning tahq-irlashi va xo‘rlashlariga nishon, tabiat siqib qo‘ygan qariyb yigirma yoshli bu telba yigit negadir menga inson qalbi yetish mumkin bo‘lgan ulkan baxtsizlikning quvnoq yozg‘irig‘i, izohlab bo‘lmas shafqatsiz jumbog‘iday tuyuldi. Abadiyga muvozanatini yo‘qotgan, sog‘lom fikrlashdan mahrum, najotsiz tiyra zulmat qa’riga cho‘kayotgan, bechora Pavlening bemor qalbi o‘kinch tuyg‘usini o‘ldirish uchun istasa ham, istamasa ham kulish va kulgini uyg‘otishga mahkum… U baxtlimi yo baxtsiz… Uning qalbida telbalarga xos ahmoqona va qo‘pol hazillarga moyillikdan boshqa qandaydir yuksak insoniy to‘yg‘ular ham yashirinmi? Bu noma’lum edi. Ehtimol, yo‘q. Axir bu hislar mavjud edi! Nima bo‘lganda ham, u doim xushchaqchaq! Masxarabozlarga xos qiliqlari bilan odamlarni kuldirish, ko‘nglini ko‘tarish va buning uchun o‘zi ishlatmaydigan sadaqalarni olish manglayiga bitilgan, o‘zgarmas, chehrasi ochiq quvnoq, besar telba…
Biroq bir voqea bu nomalum qalbni yoritib yubordi va ko‘z oldimda Pavlening qadri oshdi.
Men o‘zim turgan mehmonxonaning qahvaxonasida o‘tirib, o‘tgan asrlar va keksa tarix ruhi ufurib turgan krepostnoylar davrida bunyod etilgan devorlarga tikilib tamaki chekayotgandim.
Daf’atan qayerdandir jilmaygancha quvnoq Pavle paydo bo‘ldi.
— Senga kim kerak, Pavle?
— Sen, biroq bu yerda yana birov bormi yo yo‘qmi, deb qarayapman, — javob qildi u.
— Nega?
— Birorta ahmoq bosh yo‘qmikan…
— Yo‘q, yo‘q. Bu yerda faqat ikki shveytsar, sen va men bormiz,— dedim jilmayib.
Pavle yirtilib ketgan ko‘ylagining qo‘ltiq kissalarini kovlashtira boshladi.
— Frantsuzcha yozishni bilasan-a, shundaymi? — so‘radi u ustida yozuvi yo‘q ko‘k konvertni cho‘ntagidan chiqararkan.
— Xat? Bu qanday xat?
— Shveytsariya qirolligiga. Ho‘p!
U sakrab, konvertni menga uzatdi.
— Mana bu yerga ukamning ismini frantsuzchalab yoz.
— Yaxshi. Bu noma o‘zi qayerga boradi?
— Shveytsariya qirolligiga. Svoyak Matyu ichkarisiga yozib berdi, tashqarisiga esa yozolmas ekan… ahmoq bosh…
— Nima! Shveytsariyaga? Hali sening ukang o‘sha yerdami? — dedim men va darhol Pavlening bechora ongi Shveytsariyani nega bu qadar yuksak qadrlashini tushuna boshladim. — Qaysi shahriga?
— Friburgga deb yoz!
Men uning iltimosini bajarib, manzilni frantsuzchalab yozarkanman, Pavlening nomlarni xotirasida saqlab, to‘g‘ri talaffuz qilayotganiga hayron edim.
— Yashavor, shveytsar! — maqtab qo‘ydi u meni.
— Ukang u yerda nima ish qiladi?
— Aql yig‘ib, o‘qiyapti.
— Nimalikka o‘qiyapti?
— Vrachlikka.
— Juda yaxshi.
— Ukam bugun o‘qishni tugatsa, erta darhol ortiga qaytadi va shu yerga kelib, odamlarni davolaydi. Kim kasal bo‘lsa, o‘shani davolaydi, bildingmi…
Pavle ikki marta o‘mbaloq oshib, xatni yana qo‘liga oldi va ketishga hozirlandi.
— To‘xta, qayerga shoshayapsan?
U ro‘paradagi restoranga ishora qildi. U yerda esa soyabon ostida bir guruh erkak va ayollar o‘tirishardi.
— Huv anov yerga… poyezdni Plovdivga olib boraman. Fertig!
Uning oqargan sepkilli yuzida tabassum o‘ynardi, ko‘zlarida esa sabrsiz quvonch porlardi.
— Ukangga nima deb yozding? Sog‘liq tiladingmi?
— Ha-ha, omonlik tiladim, biroq birgina istakning o‘zi kamlik qiladi-da …
— Ukangni kim ta’minlaydi?
— Nima?
— Ukangga kim pul beradi, deyman?
— Pul? Yana qanaqa pul!
— U stipendiya oladimi?
— Nima?
— Davlat unga pul beradimi?
— Parvardigor.
— Qanaqasiga, parvardigor?
— Parvardigor emas, ahmoq bosh!..
Men hayrat bilan unga tikildim va:
— Pavle, nega savollarimga odamga o‘xshab javob bermaysan-a, nimaga o‘zingni jinnilikka solasan? — so‘radim jahlimni yashirolmay.
— Men senga aytdim-ku! Fertig, fertig, fertig!.. Pip-pix, pix-pix, — u poyezdga o‘xshab pishqirib, ro‘parada o‘tirgan odamlarning yoniga yugurib ketdi.
Kechqurun Pavlega qarindoshchiligi bor, Matyu baqqolga duch keldim va Pavlening mujmal luqmalarini to‘g‘ri angladimmi yo yo‘qmi, shuni bilmoqchi bo‘ldim. Matyu uzoq chaynaldi, lekin shunday dedi:
— Pavlening jahli chiqadi, jim yurishimni so‘raydi, bu bilan u ukasini isnodga qo‘yishdan qo‘rqadi, biroq mayli sizga aytaman. Gap shundaki, Pavle ikki yildan beri topayotgan sadaqalari bilan ukasini ta’minlaydi… Avvaliga ukasining qanchadir aqchasi bo‘lgan, ammo ko‘p o‘tmay ular tugab qolgan, shuning uchun u o‘qishni tashlab ketmoqchi edi… Biroq Pavle bu haqda bilib qolib, “Yo‘q, mumkin emas, o‘sha yerda o‘qishini tamomlasin!” deb bunga ruxsat bermadi, shu vaj bilan tangalarining bir tiyinini ham yo‘qotmay, o‘sha yoqqa jo‘natyapti. Jigarini odam qilish uchun ertayu kech tinim bilmaydi bechora… Akalik mehri, janob. Esi past-dir u, ammo aslida ko‘pgina aqli rasolardan yaxshiroq…
Matyuning so‘zlarini yaqin oradagi qahvaxonadan kelayotgan qahqahaning gulduros ovozi bosib ketdi, ichkarida Pavle Fertig yalangoyoqlarini osmonga qilgancha qo‘lida yurardi:
— Fertig! Shveytsariya!
Ruschadan Shahnoza Rahmonova tarjimasi