Ivan Bunin. Yuz rupiya (hikoya)

YuZ RUPIYa*

Men bu ayolni bir kuni ertalab mehmonxona hovlisida ko‘rib qoldim. Mehmonxona ko‘hna gollandcha imorat bo‘lib, okean sohilidagi yam-yashil kokoszor bag‘rida joylashgan edi. O‘sha kunlari o‘zim ham shu joyda dam olayotgan edim. Keyin har kuni uni shu yerda ko‘radigan bo‘ldim. U ayvondan ikki qadam narida bo‘lgan uyning yengilgina, issiq soyasi tushib turgan joyda qamish kresloda yarim yotgan holda yastanib olardi. Baland bo‘yli, mallatob, qiyiq ko‘zli, kanopdan tikilgan kurtka va tor shim kiyib olgan dastyor yigitcha shag‘al yotqizilgan yo‘lka bo‘ylab yalangoyoq g‘art-g‘urt qadam tashlab kelardi-da, kreslo yonidagi stolchaga patnisni qo‘yar, patnisda tillo piyolada choy bo‘lardi. Dastyor quruqshab, botiq lunji tomon tortilib ketgan lablarini qimirlatmasdan tavoze bilan bir nimalar derdi-da ta’zim bajo keltirib, yana qaytib ketardi. Ayol esa yarim yotgan ko‘yi poxol yolpig‘ich bilan o‘zini asta-asta yelpir, qora baxmaldek g‘aroyib kipriklarini bir maromda pirpiratar edi… U yer yuzida yaratilgan qaysi toifadagi maxluqot oilasiga mansub?
U obdon toblangan, danakdek ayol edi. Qahrabo ko‘kraklari, yelkalari, qo‘llari va oyoqlari tizzasigacha yalang‘och bo‘lib, badaniga, sonlariga ko‘m-ko‘k yaltiroq mato o‘rab olgandi. Sariq og‘ochdan yasalgan sandaliga laklangan qizil tasma tortilgan, oyoqchalarining qizilga bo‘yalgan tirnoqlari tasma orasidan ko‘rinib turardi. Qatron sochlari boshiga g‘anak qilib turmaklangan, bu dag‘al ko‘rinish uning bolalarcha ma’sum qiyofasiga aslo mos emasdi. Quloqchalarining solinchaklarida g‘ovak tilla sirg‘alar tebranardi. Qop-qora kipriklari aql bovar qilmas darajada uzun va g‘aroyib ediki, Bog‘i Eramda guldan gulga uchib-qo‘nib yurgan kapalaklarni eslatardi; ular jannatiy hind gulzorlarida ham gohida xayol misoli ko‘zga tashlanib qolardi… Go‘zallik, aql-idrok, ahmoqlik kabi so‘zlar aslo unga yopishmasdi, go‘yo barcha insoniy xususiyatlar unga begona edi. Darhaqiqat, u boshqa sayyoradan kelib qolgan jonzotga o‘xshardi. Soqovlik – uning so‘zsiz suvrati edi. U yarim yotgan ko‘yi miq etmasdi, qop-qora baxmaldek kiprik-kapalaklarini bir maromda pirpiratar, yelpig‘ich bilan o‘zini asta-asta yelpir edi…
Bir kuni ertalab mehmonxona hovlisiga riksha* jadal kirib keldi. Odatda, men mana shu rikshada shaharni sayr etib qaytardim. Dastyor yigitcha ayvon zinapoyasida istiqbolimga peshvoz chiqib ta’zim bajo keltirdi-da, past tovushda:
– Ser, yuz rupiya, – dedi inglizchalab.
Bu – usha sanamning baxosi edi. Afsus…

1944, 24 may

Olima Nabizoda tarjimasi
___________
*Rupiya – Hindiston, Indoneziya va boshqa Hind okeani havzasida joylashgan mamlakatlarda pul birligi; xarid quvvati har xil /tarj. izohi/.
*Riksha – hammol tortib yuradigan g‘ildirakli bezakdor aravacha, unda yo‘lovchi yoki yuk tashish mumkin /tarj. izohi/.