1
Bu ish dahshatli bo‘lish bilan birga g‘alati va jumboqli, kalavaning uchini topib bo‘lmaydigandek ko‘rinardi. Bir tomondan, u judayam oddiydek ko‘rinsa, ikkinchi tomondan – juda murakkab edi, bizning shahar tili bilan aytganda, xuddi tuturuqsiz romanlarga o‘xshardi, ayni damda esa unda chuqur ma’noli badiiy asar yozsa bo‘ladigan bir nimadir bor edi … Nima bo‘lganda ham himoyachi sudda haq gapni aytdi.
– Bu ishda,– dedi u gap boshlab,– bu yerda xuddi men bilan ayblovchi o‘rtasida hech qanday bahsga o‘rin yo‘qdek tuyulishi mumkin: axir ayblanuvchi o‘z aybini bo‘yniga oldi, uning jinoyati va izzat-nafsi haqorat qilingan qurbonining shaxsiyati kabi o‘zining shaxsiyati ham bu zalda o‘tirganlarning ko‘pchiligiga harholda erish va ahamiyatsizdek tuyular. Bu faqat tashqaridan shunday ko‘rinadi xolos, aslida unday emas: bahs va munozaralarga sabablar oshib-toshib yotibdi…
U so‘zida davom etib, dedi:
– Aytaylik, mening maqsadim – sudlanuvchiga shafqat ko‘rsatishga erishish. Shunda ko‘p gapga hojat qolmasdi. Qonun chiqaruvchi shunga o‘xshash hollarda sud nimaga amal qilib ish ko‘rishi kerakligini ko‘rsatmagan, u bunday paytlarda ko‘proq aql-farosatga, vijdonga va ziyraklikka keng imkoniyat bergan va biz shu imkoniyatdan foydalanib, jinoyatchiga jazo berish uchun qonunning u yoki bu bandini tanlashimiz kerak bo‘lardi. Men o‘sha aql-farosat, vijdon, ziyraklikni ishga solib, shu orqali ularga ta’sir o‘tkazib, sudlanuvchining aybini yengillashtiruvchi bor yaxshi sifatlarini yuzaga chiqarishga va shu orqali sudning unga munosabatini o‘zgartirishga astoydil harakat qilardim, axir u bir gapda mahkam turib olgan: men buni ataylab qilganim yo‘q, deyapti. Sudlanuvchini oz emas, ko‘p emas, naq “odamxo‘r bo‘ri”ga chiqarilgan bunday vaziyatda ayblovchi bilan bahslashishdan o‘zimni qanday qilib tiya olishim mumkin, axir? Har bir ishni har kim o‘zicha tushunadi, uni har kim yo unday, yo bunday tarzda yoritishi, o‘ziga xos u yoki bu tarzda taqdim etishi mumkin. Mana bu ishda hozir biz nimani ko‘rib turibmiz? Nazarimda, yo‘q narsani, ko‘rib turibmiz, ayblovchi bilan hamjihatlikda yoritib bera oladigan na bironta qarashimiz va na bironta tafsilot yo‘qki, dangal: “Ha, shunday!” yoki “Yo‘q, bunday emas!” deya olsak – qayoqda, men churq eta olmayapman. Ammo hammasidan muhimi shundaki, ishning ma’no-mohiyati “unday bo‘lmagan”ga olib kelayapti…
Bu ishning o‘zi boshlanishi vahimali edi.
O‘tgan yilning 19 iyun kuni. Erta tong, soat besh-oltilar chamasi bo‘lishiga qaramay, leyb-gvardiya polkining rotmistri Lixarev ish xonasida allaqachon tong otib ulgurgan, shahar havosi yoz quyoshidan dim va quruq edi. Rotmistrning uyi shahar tashqarisida gusar kazarmalarining biridagi korpusda joylashgani uchun ham atrofda hali jimjitlik hukm surardi. Atrofdagi bu sokinlik va o‘zining navqiron yoshidan foydalangan rotmistr qattiq uyquda edi. Stol ustida likyordan bo‘shagan shishalar, oxirigacha ichilmay qolgan qahva idishlari turardi. Qo‘shni xonadagi mehmonxonada esa boshqa zobit – shtab-rotmistri graf Koshits, undan nariroqdagi ish xonasida kornet Sevskiy uxlab yotishardi. Erta tong odatdagidek, jo‘ngina boshlandi, xuddi shunday jo‘n kunlarda g‘alati voqealar sodir bo‘lganidek, 19 iyunning ana shunday erta tonglaridan birida rotmistr Lixarevning uyida to‘satdan aqlga sig‘maydigan, hayratlanarli bir voqea bo‘ldi. Kutilmaganda eshik qo‘ng‘irog‘i chalinib, xizmatdagi askarning oyoqyalang ohista va yengil yurib, eshik tomon borgani eshitildi, so‘ng tashqaridan kimdir ataylab baland ovozda o‘kirdi:
– Uyda kim bor?
Eshikni lang ochdi-da, mehmon oshxonaga etigi bilan gurs-gurs bosib, shporlarini sharaqlatib shovqin solib bostirib kirdi. Rotmistr boshini ko‘tarib, uyquli ko‘zlari bilan hayron qarab turardi: ro‘parasida polkdosh do‘sti kornet Yelagin turardi, u jikkak, oz-g‘indan kelgan, sochlari malla, sepkil yuzli, qiyshiq oyoqlari o‘ziga mos, nimjon, egnida buni u har doim o‘zining eng “ojiz” tomoni deb qayta-qayta takrorlashni xush ko‘radigan bashang ust-boshda edi. U yozgi shinelini tez yechib, uni stulga tashladi-da, baland ovozda: “Mana sizlarga mening pogonlarim!”—dedi. So‘ng devor ro‘parasidagi divanga kelib cho‘zildi va qo‘lini boshi orqasiga qo‘ydi.
– To‘xta, to‘xta,– dedi ming‘irlab rotmistr lo‘q ko‘zlarini undan uzmay,– qayerdan kelayapsan, senga nima bo‘lgan o‘zi?
– Men Manyani o‘ldirdim,– dedi Yelagin.
– Mastmisan? Qanaqa Manya?– dedi rotmistr.
– Mariya Iosifovna Sosnovskaya degan artistni.
Rotmistr oyog‘ini divandan tushirdi:
– Nima, hazillashyapsanmi?
– Afsuski, yo‘q, balki bu yaxshilikkadir, balki yomonlikka.
– Kim u? Yana nima bo‘ldi? – qichqirdi graf mehmonxonadan turib.
Elagin cho‘zildi-da, oyog‘i bilan eshikni yengil tepib, lang ochib yubordi.
– Bo‘kirma,– dedi u.– Bu men, Yelaginman. Men Manyani otib qo‘ydim.
– Nima?– dedi graf va bir lahza indamay turdi-da, birdan xoxolab kulib yubordi.– Mana, gap qayerda!– baqirdi u quvnoqlik bilan.– Jin ursin seni, bu gal uzringni qabul qilamiz. Yaxshiyamki uyg‘otding, bo‘lmasa yana uxlab qolgan bo‘lardik, kecha yana soat uchgacha rosa ko‘ngilxushlik qilibmiz.
– Chin so‘zim, uni o‘ldirdim,– qat’iy turib takrorladi Yelagin.
– Aldayapsan, ukajon, aldayapsan ! – dedi mezbon ham paypog‘ini kiya turib baland ovozda. – Men bo‘lsa rostdanam bir gap bo‘libdi-da, deb, vahimaga tushayotgan edim… Yefrem, choy qani!
Elagin shimining cho‘ntagiga qo‘lini suqib, undan uncha katta bo‘lmagan bir kalitni oldi va uni yelkasi osha stolga uloqtirib, dedi:
– Boring, ishonmasangiz o‘zingiz ko‘ring…
Sudda prokuror Yelagin voqeasini tashkil etgan surbetlik, hayosizlik va shunga o‘xshash ba’zi dahshatli manzaralar haqida ko‘p gapirib, asosiy e’tiborni ko‘proq shu tomonga qaratishga urinardi. O‘sha tong rotmistr Lixarev faqat dastlabki daqiqalardagina o‘zi aytganidek, hech qanday “g‘ayritabiiylik”ni, Yelaginning oqarib ketgan yuzini, ko‘zlarida hech bir “vahshiylik”ni payqamaganini, so‘ngra esa “undanam-bundanam hayratdan yoqa ushlaganini” esdan chiqargandi…
II
Shunday qilib, o‘tgan yilning 19 iyun erta tongida mana bunday voqea yuz bergandi.
Graf Koshits va kornet Sevskiy yarim soat ichida Sosnovskaya yashagan uyning yo‘lagi oldida hozir bo‘ldilar. Endi ko‘ngilga hazil sig‘masdi.
Aravakashni uchirib haydashga majbur qilishdi, yetib kelgach, aravadan otilib chiqib, shosha-pisha kalitni qulf teshigiga suqa boshlashdi, qo‘ng‘iroqni ham zo‘r berib bosishdi, lekin kalit eshikka tushmadi, uyning ichidan ham hech qanday sado eshitilmadi. Toqatlari toq bo‘lib, shoshib tashqariga chiqishdi-da, qorovulni izlay ketishdi. Qorovul orqa yo‘lakdan chopib oshxona tomonga o‘tdi, qaytib kelib, oqsoch xotinning aytishiga qaraganda, Sosnovskaya uyida tunamaganini – qo‘liga qandaydir o‘rog‘liq narsani ko‘tarib, kech-qurun chiqib ketganini aytdi. Graf va kornet hayron bo‘lib qolishdi: endi nima qilishadi? O‘ylab-o‘ylab, yelka qisgancha qorovulni ham o‘zlari bilan birga olib, qismga jo‘nadilar. Qismdan turib rotmistr Lixarevga qo‘ng‘iroq qilishdi. Rotmistr telefondan baqirib berdi:
– Bu tentakning dastidan dod solishga ham tayyorman, u Sosnovskaya turadigan uyga emas, ular uchrashib turadigan ishratxonaga borishlarini aytishi kerak edi: Starograd ko‘chasi, o‘n to‘rt. Eshityapsizmi? Starograd ko‘chasi, o‘n to‘rt. Xuddi Parij ishratxonalariga o‘xshab to‘g‘ri ko‘chadan kiriladi…
Ular Starograd ko‘chasi tomonga yugurib ketishdi.
Qorovul izvoshchi o‘rniga o‘tirdi, o‘zini vazmin, erkin tutgan holda daha nazoratchisi ofitserlarning ro‘parasiga cho‘kdi. Havo issiq, ko‘chalar sershovqin, odamga to‘la, shunday oftob charaqlagan, hayot qaynagan bir tongda qayerdadir odam o‘lib yotganiga ishonging kelmasdi. Nahotki yigirma ikki yoshli Sasha Yelaginning qo‘lidan shunday ish kelsa. Bunga uning qanday qo‘li bordiykin? Uni nima sababdan o‘ldirdi? Qanday o‘ldirdi? Hech nimani anglab bo‘lmasdi, savollarning hammasi javobsiz qolardi.
Starograd ko‘chasidagi ikki qavatli, eski fayzsiz uy yoniga kelib to‘xtaganlarida, ularning aytishlaricha, “butunlay ruhlari tushib ketgandi”. Nahotki bu ish shu yerda sodir bo‘lgan bo‘lsa? Nahotki bularni ko‘rish shart bo‘lsa? Shunday deysan-u, ko‘rmasa bo‘lmasdi ham. Biroq daha nazoratchisi birdan sergaklandi, o‘zini tetik va bardam tuta boshladi.
– Kalitni bering-chi,– dedi u quruq va qat’iy ohangda. Zobitlar qorovullarga xos hadik bilan kalitni unga tutishdi.
Uyning o‘rtasida darvoza bor edi, darvoza ortida yolg‘iz daraxt o‘sib turgan choqqina hovli, to‘q-kulrangdagi toshli devor oldida daraxt yanada yashilroq bo‘lib ko‘zga tashlanardi. Darvozadan o‘ng tomonda to‘g‘ri ko‘chaga chiqadigan, haligi sirli eshik bo‘lib, endi uni ochish kerak edi. Daha nazoratchisi qovog‘ini uygancha kalitni qulfga solgan edi, eshik ochildi-qoldi va graf bilan kornet qandaydir qop-qorong‘i yo‘lakka o‘xshash bir nimani ko‘rdilar. Nazoratchi yoritgichni qayerdan izlash kerakligini bilgandek, qo‘lini oldinga cho‘zdi-da, devorga shap etib urdi, tor va huvillagan xona birdan yorishib ketdi. Xona o‘rtasida ikkita oromkursi, uning o‘rtasida stolcha, stolcha ustida esa tovuq go‘shti, meva qoldiqlari bilan to‘la likopchalar bor edi.
Bundan ham dahshatlirog‘i hali oldinda edi. Yo‘lakning o‘ng tomonida qo‘shni xonaga o‘tiladigan yo‘l bo‘lib, u xona ham qop-qoron-g‘i edi, shiftiga qora shoyi soyabon tortilgan, tagidan esa sopol fonus o‘rnatilgan bo‘lib, xuddi go‘rni yoritgandek yoritib turardi. Xona devorlarining tepasidan pastigacha qandaydir qora mato qoplangan bo‘lib, hamma yog‘i berk, derazasiz edi. Bu yerda ham to‘rda katta, pastqam turk divani bo‘lib, unda ichki ko‘ylakda ko‘zlari va labi yarim ochiq, oyoqlari biroz kerilgan, yuzlari oppoq oqargan tengi yo‘q, yoshgina sohibjamol cho‘zilib yotardi.
Kirganlar taqqa to‘xtab, qo‘rquv va hayratdan bir zum qotib qolishdi.
III
Marhumaning noyob husn egasi bo‘lishiga sabab, u o‘z noyobligi bilan, masalan, nuqsonsiz ayollarni tasvirlaydigan zamonaviy rassomlar o‘zlariga qo‘yadigan talablarni qondira olardi. Bu yerda luzumli hamma narsa muhayyo edi: sarvdek qaddi-qomat, tong kabi tiniq badan, ixcham, nuqsonsiz silliq oyoqlar, bolalarday ma’sum va jozibali lablar, bejirim, mukammal yuz-andom, zarrin, sochlar… Endi bularning hammasi jonsiz edi, barchasi toshday qotib, tusi o‘chib, bu go‘zallik marhumani borgan sari battar qo‘rqinchli qilib borardi. Soch turmaklari shunday saqlangandiki, shu alfozda ham bemalol balga kirib borsa bo‘laverardi. Boshi divanning ko‘tarilgan yondoriga qo‘yilgan, sal-pal ko‘kragiga tegib turgan iyagi, uning yarim ochiq ko‘zlari va butun chehrasiga qandaydir o‘ychanlik va hayrat bag‘ishlab turardi. Shift tagidagi marhuma uzra qanotlarini keng yoyib turgan qandaydir yirtqich qushga o‘xshash qora soyabon tubiga osig‘liq shisha chiroq bularning barchasini g‘ira-shira yoritib turardi.
Xullas, bu manzarani ko‘rgan daha nazoratchisi ham dong qotib qoldi. So‘ng bu ishni batafsilroq o‘rganish maqsadida, hammalari cho‘chibgina unga yaqinlashdilar.
Marhumaning nafis yalang‘och qo‘llari bo‘yi baravarida to‘g‘ri, tekis cho‘zilib yotardi. Ko‘kragida, ko‘ylagining jimjimador to‘rida Yelaginga tegishli bo‘lgan ikkita tashrif qog‘ozi, yerda esa yalang‘och oyoqchalarga nisbatan g‘oyatda qo‘pol tuyulib turgan gusarlar qilichi yotardi. Graf bema’ni xayolga borib, uni sopidan chiqarib qon izlari bor-yo‘qligini bilmoqchi bo‘ldi. Daha nazoratchisi uni bu noqonuniy harakatdan to‘xtatib qoldi.
– Ha, albatta, albatta,– shivirlab ming‘irladi graf,– to‘g‘ri, hali hech nimaga tegish mumkin emas. Meni hayron qoldiradigani shuki, hech qayerda hech qanday qonni, biron-bir jinoyat izini ko‘rmayapman. Aftidan zaharlanish bo‘lsa kerag-ov?
– Sabr qiling,– dedi nasihatomuz ohangda daha nazoratchisi, — tergovchi va doktorni kutaylik. Lekin, zaharlanishga ham o‘xshab ketayapti…
Zaharlangan bo‘lishi aniqqa o‘xshaydi. Hech qayerda — na yerda, na divanda, na badanda, na marhumaning tungi ko‘ylagida qondan asar yo‘q edi. Divan yonidagi oromkursida ayollar pantaloni, tungi ko‘ylak, ularning tagida esa sadafdek tovlanib turgan moviy rang ko‘ylak, yaxshigina to‘q-kulrang matodan yubka va kulrang shoyi manto1 . Bularning hammasi divanda tartibsiz sochilib yotsa-da, lekin birontasi ham bir tomchi qon bilan bulg‘anmagandi. Divan tepasidagi tokchadan topilgan bo‘sh shampan idishlar va po‘kaklar, sham qoldiqlari, soch to‘g‘nag‘ichlari, yozib, yirtib tashlangan qog‘oz parchalari, yorlig‘ida “Or. Pulv” degan qop-qora vahimali yozuvli shisha idish ham zaharlanish bo‘lsa kerak, degan fikrni tasdiqlab turardi.
Daha nazoratchisi, graf va kornet birlari olib, birlari qo‘yib navbatma-navbat yorliqdagi yozuvni o‘qib turganlarida ko‘chadan ekipajning shovqini eshitildi: doktor bilan tergovchi yetib kelgandi. Bir necha daqiqadan so‘ng Yelaginning gaplari haqiqat bo‘lib chiqdi. Sosnovskaya chindan ham revolverdan otib o‘ldirilgandi. Ko‘ylakdan qon dog‘lari topilmadi. Ammo ko‘ylakning tagida, yurak atrofida ko‘kishtob qontalash dog‘ni topishdi. Dog‘ning o‘rtasida chetlari kuygan, dumaloqlangan ro‘molcha bilan yopilgani uchun hech bir joyni bulg‘amagan qop-qora qon tomchilab turgan jarohat ko‘rinib turardi.
Shifokorlar tekshiruvi yana nimaga aniqlik kiritdi? Ko‘p narsaga emas: marhumaning o‘ng o‘pkasida sil xastaligidan qolgan izlar bor; yaqindan turib otilgani uchun o‘lim bir lahzaning o‘zida sodir bo‘lgan; shu alfozda ham marhuma bitta-yarimta so‘z aytishi mumkin bo‘lgan; qotil va uning qurboni o‘rtasida hech qanday kurash bo‘lmagan; u shampan vinosini ichib, ketidan uncha ko‘p bo‘lmagan af’yunni porterga (zaharlanishga ozlik qilardi) qo‘shib ichgan, va nihoyat, uni bu mash’um kechada erishgani bir erkak bilan qovushgani bo‘lgan…
Bu erkak nimaga, nima sababdan ayolni o‘ldirdi? Yelaginning bu savolga javobi bitta edi: ularning har ikkisi – u va Sosnovskaya – “fojiali ahvolda” edilar, ular bu ahvoldan qutulishning o‘limdan boshqa chorasini ko‘rmaganlar, Sosnovskayani o‘ldirib, Yelagin uning buyrug‘ini ado etgan, xolos. Marhumaning o‘limi oldidan yozgan xatlari esa bularning barchasini inkor etardi. Uning ko‘ylagi ko‘kragidan Yelaginga tegishli bo‘lgan, marhumaning o‘z qo‘llari bilan polyak tilida (aytish kerakki, savodsizlarcha) yozilaverib, to‘lib, titilib ketgan tashrif qog‘ozini topishdi. Shulardan birida bunday so‘zlar yozilgan edi:
– Teatr boshqaruvi raisi general Konovnitsinga! Do‘stim! Bir necha yillik oliyjanob do‘stlik uchun sendan minnatdorman… Senga so‘nggi salomimni yo‘llay turib, mening oxirgi chiqishlarimdan tushgan pulning hammasini onamga berib qo‘yishingni iltimos qilardim…
Boshqasida:
– Bu odam meni o‘ldirib, to‘g‘ri ish qildi… Baxtsiz, bechora ona! O‘z xohishim bilan o‘lmaganim bois meni afv etishingizni so‘rardim… Ona! Biz ko‘rishamiz… u yerda, arshi a’loda… Sezayapman – bu oxirgi damim…
Sosnovskaya shunga o‘xshash tashrif qog‘ozlariga o‘zining o‘limi oldidan bitgan boshqa maktublarini ham yozib qoldirgan. Ular tokchada mayda-mayda yirtilgan holda yotardi. Ularni yig‘ib, yelimlab quyidagilarni o‘qishdi:
– Bu odam mening va o‘zining ajalini talab qilyapti… Bu yerdan tirik chiqishga umid yo‘q…
– Xullas, mening kunim bitdi… Xudoyim meni yolg‘iz qoldirma… Men so‘nggi xayolimni – onamga va muqaddas san’atga bag‘ishlayman…
– Oxiri yo‘q, tubsizlik! Bu odam mening taq… Meni qutqar,Xudoyim, o‘zing madad ber…
Va nihoyat, eng sirlisi:
– Quand meme pour bonjours…”1
Barcha maktublar – marhuma yonidan topilganlari ham, tokchada parchalangan holda yotganlari ham go‘yo Yelaginning so‘zlariga butunlay zid edi. Lekin, hamma gap o‘sha “go‘yo”da edi. Yelaginning taqdirini hal qiluvchi o‘sha Sosnovskayaning yonidan topilgan “Men o‘z hohishim bilan o‘lmayapman”, degan so‘zlari yozilgan tashrif qog‘ozi yirtilib tashlansa bo‘lmasmidi? Yelagin xatlarni yirtib tashlamagangina emas, balki o‘zi bilan olib ketmagan ham edi, aksincha, o‘z qo‘li bilan (buni yana boshqa kim ham qilardi?) eng ko‘rinarli yerga qo‘yib qo‘ygan. Shoshib qolganidan ularni yirtmagandir. Bunday paytda yirtishni esdan chiqargan bo‘lishi mumkindir. Ming shoshmasin, o‘zi uchun xatarli bo‘lgan bunday maktubni u qanday qilib marhumaning ko‘kragiga solib qo‘ysin? U o‘zi, umuman shoshib qolganmikan? Aslo, u marhumaning u yoq-bu yog‘ini tartibga keltirgan, ustini ko‘ylak bilan yopgan, yarasiga shunchayin ro‘molcha bostirib qo‘ygan-da, o‘zini ham tartibga keltirgan… Yo‘q, bu yerda prokuror haq: bularni shoshganda qilib bo‘lmasdi.
IV
Prokuror shunday dedi:
– Jinoyatchilar ikki xil bo‘ladi. Birinchisi, tasodifiylar bo‘lib, ular jinoyatni g‘azab va nafrat ustida, ishlari o‘ngidan kelmay qolgan vaqtda sodir etadilar, bu ilmiy tilda “oniy aqlsizlik” deyiladi. Ikkinchisi, sodir etayotgan jinoyatini oldindan o‘ylab, yomon niyatda qasddan sodir etadi: bular tug‘ma jinoyatchilar bo‘lib, jamiyatning, jamoat tartibining dushmanlari ya’ni “odamxo‘r jinoyatchi”lardir. Biz sudlanuvchi kursisida o‘tirgan odamni bu toifalarning qaysi biriga kiritsak bo‘ladi? Albatta, ikkinchisiga. U, shubhasiz, tajribali jinoyatchi, u jinoyat sodir etdi, chunki u yallo qilib yurib, axloqsiz va bebosh yashashdan quturib ketgandi…
Bu tantanali nutq (Elagin to‘g‘risida shahrimizning umumiy fikrini ifoda etgan bo‘lsa-da) favqulodda g‘alati edi. Yelagin sudda yuzini qo‘li bilan odamlardan pana qilib, tirsagiga suyanib o‘tirdi va savollarga qisqa-qisqa, g‘ijinibgina, ma’yus javob berib turdi. Bir tomondan prokuror haq edi: sudlanuvchi o‘rnida o‘tirgan unaqa-bunaqa jinoyatchi emas, u hatto “oniy aqlsizlik”dan ham lat yemagan.
Prokuror o‘rtaga ikkita savol tashladi: birinchidan, o‘zi jinoyat jazavada, ya’ni hayajonda sodir etilmaganmikan, ikkinchidan, u ixtiyorsiz ravishda qotillikka hamkor bo‘lmaganmikan,– dedi va har ikkala savolga ham o‘zi to‘la ishonch bilan: yo‘q, aslo, – deya javob qaytardi.
– Yo‘q,– dedi u birinchi savolga javob bera turib,– hech qanday jazava to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas, negaki, jazava holati bir necha soatga cho‘zilmaydi. Yelagin nimadan ham jazavaga tushardi?
Oxirgi masalani hal qilish uchun prokuror o‘ziga juda ko‘p savol berdi va shu ondayoq ularni rad etib, masxaraomuz kulib qo‘ydi-da, dedi:
– O‘sha mash’um kunda Yelagin odatdagidan ko‘proq ichmaganmikin? Yo‘q, u o‘zi ko‘p ichadi, lekin o‘sha kuni ichmagan.
– Uning salomatligi joyida bo‘lganmi yo yo‘qmi? Uni tekshiruvdan o‘tkazgan shifokorlarning fikriga qo‘shilaman: u sog‘lom; lekin o‘zini tiyishni mutlaqo bilmaydi.
– Agar u haqiqatan ham o‘sha ayolni sevgan bo‘lsa, unda jazava sevgan ayoli bilan er-xotin bo‘lolmasligi tufayli kelib chiqmadimikin? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas: chunki sudlanuvchi unga g‘amxo‘rlik qilmagan, birga bo‘lish uchun biror-bir qat’iy chora ham ko‘rmagan.
Bundan keyin:
— Balki Sosnovskayaning chet elga ketishi uni shu ko‘yga solgandir? Yo‘q, ayolning jo‘nab ketishini u avvaldan bilgandi.
– Balki Sosnovskayaning chet elga jo‘nashi tufayli aloqalariga darz ketgandir? Bunday ham emas, chunki aloqalarining uzilishi haqida bu kechadan avval ham ko‘p marotaba gaplashilgan. Agar shunday bo‘lmasa, unda nima axir? Nima, unda o‘lim to‘g‘risida gaplashishganmi? Xonadagi g‘alati holat, shayton vasvasasi, umuman, o‘sha vujudni o‘rtaguvchi “qora” tundek unga azob berarmidi? O‘lim haqidagi gap-so‘zlar Yelagin uchun yangilik bo‘lolmasdi: bunday mish-mishlar o‘zi va ma’shuqasi o‘rtasida to‘xtovsiz bo‘lib, ko‘ngilga ham urgandi. Shayton vasvasasi to‘g‘risida so‘z ochishning o‘zi kulgili. Uni g‘oyatda zavqsiz narsalar: kundalik kechki ovqat, undan qolgan qoldiqlaru, bo‘shagan shishalar, hatto afv etasizu, tungi hojatbaror idishlar ham batamom tiyib qo‘ygandi.
Elagin yegan, ichgan, hojatxonaga borgan, goh vino deb, goh qalamtarosh deb boshqa xonalarga ham chiqqan…
Prokuror shunday xulosa yasadi:
– Bungacha Yelagin qotillik sodir etganmidi, agar bu marhuma xohishiga ko‘ra ijro etilgani inobatga olinsa, bahsni cho‘zishga hojat ham qolmaydi. Yelagin Sosnovskaya o‘zini o‘ldirishni so‘raganini aytib, uning “O‘layapman, lekin o‘z xohishim bilan emas” degan mazmunda yozilgan, o‘zi uchun fojiali yakun topgan maktubini taqdim etib, bizni asossiz ishontirmoqchi bo‘lyapti.
V
Prokuror nutqidagi tafsilotlarning ko‘piga e’tiroz bildirish mumkin. “Sudlanuvchi mutlaqo sog‘lom…” Lekin, kasallik bilan salomatlikning, aql bilan aqlsizlikning me’yori qayerda? “U oila qurish haqida o‘ylamasdi ham…” O‘ylamaganining boisi, avvalambor, bari behudaligiga ishonardi; ikkinchidan, nahotki sevgi va nikoh bir-biri bilan shunchalik bog‘liq bo‘lsa? Yelagin Sosnovskaya bilan nikohdan o‘tganda, umuman, o‘rtadagi barcha fojialarga chek qo‘yib, bir yo‘la xotirjam bo‘larmidi? Har qanday kuchli, hattoki, umuman, unchalik oddiy bo‘lmagan sevgida ham qanday qilib bo‘lsa-da, nikohdan bo‘yin tovlashdek antiqa bir xususiyat borligini nahotki hech kim bilmasa?
Takror aytaman, bular tafsilot, xolos. Aslida prokuror haq gapni aytgandi: bu jazava natijasi emasdi.
U yana shunday dedi:
– Shifokorlar xulosasida Yelagin, jazavadan ko‘ra ko‘proq xotirjam bo‘lgan, men esa uni nafaqat xotirjam bo‘lganini, xotirjamligi bilan hammani hayron qoldirganini tasdiqlayman. Biz bunga jinoyat sodir etilib, so‘ng tartibga keltirilgan va u yerda Yelagin yana uzoq qolib ketgan xonani ko‘zdan kechirganimizda amin bo‘ldik. So‘ng Yelaginning Starograd ko‘chasidagi uydan xotirjam chiqib, eshikni shoshmay, yaxshilab qulflaganini ko‘rgan tergovchi Yaroshenkoning ko‘rsatmasi. Va nihoyat – Yelagin xulqi haqida rotmistr Lizarev fikri. Masalan, Yelagin kornet Sevskiy uni “aql-hushini yig‘ib olishi”ga ishontirmoqchi bo‘lib, Sosnovskaya o‘zini-o‘zi otmaganmi, shuni eslab ko‘rishini so‘raganida, u nima degan? U: “Yo‘q, akaginam, hammasi juda yaxshi esimda!”– deya o‘sha zahoti qanday otganini tasvirlab bergan. Tergovchi Budbergni “Elagin o‘z yoqimsizligi bilan hayron qoldirgan, ya’ni u iqroridan so‘ng ham, sovuqqonlik bilan choy ichib o‘tirgan”. Tergovchi Foxt esa hayratdan yoqa ushladi: “Janob shtab rotmistri,– kinoyali dedi Yelagin,– umid qilamanki, meni bugunoq o‘qishdan ozod qilasiz.– Bu shu qadar dahshatli ediki, – dedi Foxt, – kornet Sevskiy buni ko‘tarolmay ho‘ngrab yig‘lab yubordi…” To‘g‘ri, rotmistr polk komandiri huzuridan unga chiqarilgan buyruqni olib kelganida, Lixarev va Foxtning yuzidan, eng muhimi, endi u zobit emasligini tushunganida Yelagin yig‘lab yuborgan vaqtlar ham bo‘lgan. Xuddi shunday damlarda u ho‘ngrab yig‘lab yuborgan, – dedi-da, prokuror ham ishni shu joyda yakunlab qo‘ya qoldi.
Albatta, so‘nggi jumla yanada g‘alatiroq chiqdi. Shunga o‘xshash boshga tushgan musibat seni tarashadek qotirgan baxtsiz damlaringda, to‘satdan uyg‘onib ketish, hatto arzimas, mutlaqo ahamiyat kasb etmagan, tasodifan ko‘zingga tushgan biror narsa ham, dabdurustdan senga avvalgi shodon hayotingni, umidsizlikka to‘la kunlaringni va shu damdagi ahvolingning bor dahshatini yodingga solishini kim bilmaydi deysiz? Barcha voqealar Yelaginga bu shunchaki, ahamiyatsiz va tasodifiy narsalar emasligini unga eslatib qo‘ydi. Axir uni tug‘ma zobit desa bo‘lardi – uning o‘n ajdodi harbiy xizmatchilar bo‘lgan. Endi esa u birdan zobit bo‘lmay qoldi. Uning zobit emasligining sababi faqat bu emasdi, – u endi o‘z hayotidan ortiq ko‘rgani, chin yurakdan sevgan ayolining bu yorug‘ olamda yo‘qligi uchun ham zobit bo‘lmay qolgandi, bunday qabih ishni uning o‘zi o‘z qo‘llari bilan sodir etgandi.
Biroq, bu ham tafsilot, xolos. Eng asosiysi, “oniy aqlsizlik” haqiqatan ham bo‘lmagan. U holda nima sodir bo‘lgandi? Prokuror tan olib aytdiki, “bu shubhali ishda asosiy e’tiborni birinchi navbatda Yelaginning fe’l-atvori muhokamasiga va Sosnovskaya bilan oralaridagi munosabatni qanday aniqlashga qaratish kerak! So‘ng prokuror qat’iy turib dedi:
– Oralarida hech qanday o‘xshashlik bo‘lmagan ikki shaxs topishishdi…
Shunday bo‘lganmikan? Hamma gap shunda edi…
VI
Elagin haqida, men, avvalo shuni aytmoqchimanki, u endi yigirma ikki yoshga to‘ldi: bu qaltis yosh, zamon esa notinch, bularning bari insonning kelajagini belgilaydi.
Odatda, bunday paytda odam, tibbiyot tili bilan aytganda, balog‘at yoshini boshidan kechiradi, hayotda esa bu – ilk muhabbat ko‘rinishida bo‘lib, negadir, bunga doim shoirona, va umuman olganda, g‘oyat yengiltaklik bilan qaraladi. “Ilk muhabbat”ga tez-tez fojia, qayg‘u hamrohlik qiladi, lekin mutlaqo hech kim bunday paytda odamlarni shunchaki hayajon, azob emas, balki undan xiyla teran, murakkab bir hissiyot o‘rtayotgani haqida o‘ylamaydilar; hali boshga tushmagan narsalar uchun kuyunishadi, balog‘at davrining vahimasi, o‘zni namoyon etishning mashaqqati, ilk jinsiy mayl. Agar men Yelaginning oqlovchisi bo‘lganimda, suddan uning yoshiga aynan shu nuqtai nazardan kelib chiqib e’tibor qaratishlarini va qarshimizdagi odamni shu ma’nodan kelib chiqib, mutlaqo tengi yo‘qligini inobatga olishlarini o‘tingan bo‘lardim. “Navqiron zobit, es-hushini yo‘qotib, aysh-ishratga berilgan”, deya prokuror ko‘pchilik fikrini takrorladi-da, haqligini isbotlash maqsadida hikoyani boshqa bir guvoh – artist Lisovskiyga oshirib yubordi: Yelagin bir kuni kunduzi teatrga kelib, artistlar mashq qilishga tarqalishayotganda, uni ko‘rib qolgan Sosnovskaya chaqqon chetga o‘tdi-da, Lisovskiyning panasiga yashirinib: “Amaki, meni undan pana qiling!”— dedi. Men uni pana qildim, deya hikoyasini boshladi Lisovskiy, sharobga cho‘milgan bu zobit birdan to‘xtadi va gangib turgan joyida oyoqlarini kerdi-da, baqrayib: bu Sosnovskaya deganlari qayerga daf bo‘ldi? – dedi talmovsirab.
Ha, aynan shunday: miyasi aynigan odam, lekin nimadan aynigan: nahotki “bebosh, bema’ni turmushdan bo‘lsa?”
Deyish mumkinki, Yelagin aslzoda va boy oiladan chiqqan. Onasi (qarangki, u ortiqcha hayajonga g‘oyat moyil toifadan bo‘lgan) dan u juda erta yetim qolgan, otasi esa berahm, qattiqqo‘l odam bo‘lgan. U doim shu qo‘rquv tufayli otasidan uzoqlashib turib katta bo‘lgan. Prokuror ayovsizlarcha Yelaginning nafaqat axloqiy, jismoniy qiyofasini ham osongina chizib tashladi.
Keyin shunday dedi:
– Shunaqa janoblar, qahramonimiz mana shunday “ko‘rkam” zobit libosida yurgan. Endi ahvoliga bir qarang-a. Endi uni bezaydigan hech vaqosi qolmagan; qarshimizda past bo‘yli, bukir bir yigitcha, u malla mo‘ylovi, betayin, bee’tibor boqib turgan basharasi, egnidagi qop-qora kamzuli bilan bir oz Otelloni yodga soluvchi odamni ko‘rib turibsiz. Menimcha, unda nasl buzilishining o‘ziga xos belgilari yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Zero, ba’zi hollarda, aytaylik, otasi ko‘zidan narida o‘zini ozod his etganda, va yana qonunni chetlashga imkoniyat tug‘ilganda, odamlar bilan munosabatda biror bir to‘siq bilan hisoblashib o‘tirmaydi.
Nima ham derdik, qo‘poldan-qo‘pol berilgan bu baholarning ko‘pi rost edi. Bularni eshita turib, men avvalo bir narsaga tushunolmadim, axir, qanday qilib o‘sha mash’um, o‘ta chalkash bir fojiaga bu taxlit yuzaki yondashish mumkin: ustiga-ustak, unda nasldan-naslga o‘tib kelayotgan belgi ham shundaygina ko‘zga tashlanib turgan bir paytda, yana uni nimasi bilan ajratib olish mumkin; ikkinchidan, aytilgan ro‘yirost gaplarda men haqiqatning bir bo‘laginigina ko‘ra oldim, xolos. To‘g‘ri, Yelagin otasidan bezib o‘sdi. Lekin, bu jur’atsiz degani emas-ku, ayniqsa, ota-ona oldida. Ustiga-ustak ajdodlari, ota-bobolari bilan uni bog‘lab turgan meros atalmish rishtani teran his eta olish baxtiga muyassar bo‘lgan bunday odam uchun. Ha, Yelagin zobitga xos ko‘rkam tashqi ko‘rinishdan bebahra edi, lekin bu ham uning favqulodda qobiliyatli ekanidan darak emasmi: sinchiklab bir qarang-a, degan bo‘lardim men prokurorga, malladan kelgan, oyoqlari ingichka, bukir bu odamga, o‘shanda siz deyarli qo‘rquv bilan kichik ko‘zlari moviy (uni sizdan olib qochayotgan) bu sepkilli yuzi uchun ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘qligini ko‘rasiz. Va yana siz o‘sha buzilgan naslning qudratiga bir e’tibor qiling-a: qotillik sodir etilgan kun, u ertalabdan o‘qishda bo‘lgan – va nonushtada olti qadah aroq, bir shisha shampan vinosi, ikki qadah konyak ichib, shunda ham mutlaqo hushyorlikni yo‘qotmagan.
VII
Ko‘pchilikning Yelagin haqida bildirgan chirkin fikrlariga qarama- qarshi o‘laroq, polkdosh do‘stlari o‘z ko‘rsatmalari bilan uni himoya qilishga tayyor turardilar. Do‘stlari u haqda faqat yaxshi gaplarni aytishdi. Masalan, eskadron komandiri u haqda fikr bildirib bunday dedi:
– Yelagin polkka qadam qo‘ygan kundan boshlab, ofitserlar orasida odob-axloqi bilan o‘zini ko‘rsata oldi va doimo o‘ta xushfe’l, g‘amxo‘r, kichik xodimlarga munosabatda ham odil bo‘ldi. U fe’lidagi bir jihat – betayinligi bilan ajralib turardi. Lekin buning hech kimga zarari tegmasdi. Faqat unda kayfiyat o‘zgarishi, ya’ni quvnoq odamdan ma’yusga, sergakdan indamasga, qat’iyatli odamdan birdan o‘z qadr-qimmatiga, kelajagiga ishonmaydigan odamga aylanib qolishi oson kechardi, xolos.
So‘ng rotmistr Lixarev bunday fikr bildirdi:
— Uning g‘alatiroq ekanini aytmasak, Yelagin g‘amxo‘r va yaxshi do‘st, kamtarin va kamgap, ba’zan sho‘x, bebosh, ba’zan esa zavq-shavqqa to‘lib-toshib bizni hayron qoldirardi. U yonimga kelib, Sosnovskayani o‘ldirganiga iqror bo‘lganida, Sevskiy bilan Koshitsa Starogradskiy ko‘chasidagi uyga yugurishdi. U ba’zan qo‘rquvdan ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, ba’zan yovuzlarcha zaharxandalik bilan kulib qo‘yardi. Uni qamoqqa olib ketishayotganda bizdan fuqaro kiyimiga qayerga buyurtma berishni so‘radi…
So‘zni graf Koshitsa davom ettirdi:
– Yelagin tabiati to‘kis odam edi. U bir vaqtning o‘zida ham muloyim, ham asabiy, ta’sirchan va zavq-shavqqa to‘la odamga aylanib ulgurishi mumkin edi. U teatrdan, musiqadan o‘zgacha ta’sirlanar bir zumda yig‘lab yuborishi hech gap emasdi. U musiqa borasida ham ancha qobiliyatli bo‘lib, deyarli barcha cholg‘u asboblarini bemalol chala olardi.
Boshqa guvohlar ham taxminan shularni aytishdi:
– U juda ishqiboz odam bo‘lib, doim qandaydir chinakam, favqulodda bir narsani kutib yashardi…
– Do‘stlar bazmida quvnoq, hatto joningga tegar darajada muloyim bo‘lib, atrofidagi odamlardan shampan vinosidan ko‘proq so‘rab olardi-da, to‘g‘ri kelgan odamini shu bilan mehmon qilaverardi. Sosnovskaya bilan uchrasha boshlagandan beri hissiyotini iloji boricha sir saqlashga urinardi. U o‘zgargandi, xayolchan, g‘amnok yurardi. Bir kuni u o‘zini o‘ldirishga qaror qilganini aytib qoldi…
Elagin bilan yaqindan tanish bo‘lganlar shunday ma’lumot berishdi. Sudda o‘tirib, men uning portretiga bunday qora bo‘yoqni prokuror qayerdan topgani haqida o‘yladim? Balki, unda biz bilmagan boshqa ma’lumot bordir? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Taxminimcha, prokurorning unga qora bo‘yoq chaplashiga sabab, uning “baxtli yoshlar” to‘g‘risidagi umumiy qarashlariga qo‘shimcha, yana, sudning ixtiyorida turgan, yagona, Yelaginni Kishinyovdagi do‘stiga yuborgan xatini o‘qib bilganlari sabab bo‘lgandi. Xatda Yelagin o‘z hayoti to‘g‘risida surbetlarcha so‘zlab:
– Men, og‘ayni, butunlay loqaydlik qurshovida qoldim: menga endi hammasi baribir! Bugun yaxshi, xudoga shukur, lekin, ertaga nima bo‘ladi — tupurdim, kechasi yotib o‘yla – ertasi turib so‘yla. Uchchiga chiqqan aroqxo‘r, salkam dong‘i ketgan ahmoq degan nom orttirdim.
Bunday o‘z-o‘ziga baho chechangina prokurorning “O‘z nafsini o‘ylab, lazzat ketidan quvgan Yelagin, borini unga bag‘ishlagan ayolni jamoat hukmiga tashlab, uni nafaqat umriga zomin bo‘ldi, hatto so‘nggi umidi – nasroniy urf-odatiga ko‘ra dafn etilishdan ham mahrum etdi…” – degan nutqiga aloqasi bordek tuyulardi. Chindan ham aloqasi bormidi o‘zi? Yo‘q, prokuror xatdan bir necha satrgina olgandi, xolos. Xatning to‘liq matni quyidagicha edi:
“Azizim Sergey. Xatingni oldim, kech bo‘lsa-da, javob yozyapman, nima ham qilardik? Xatimni o‘qib: “Buncha aji-buji, siyohga tushgan pashsha o‘rmalaganmi!”—deb o‘ylasang kerak. Nima ham qilardik, buyam bir yozuv-da, aytishadi-ku, agar oyna degani bo‘lmasa bormi, fe’l-atvoringga baho beruvchilar ham topiladi. Men o‘sha-o‘sha ishyoqmasligimcha qoldim, bilsang undan ham battar, ikki yillik mustaqil hayot va yana allanimalar menda o‘z izini qoldirdi. Shunday gaplar borki, hatto Hazrat Sulaymonga ham aytolmaysan! Agar bir kun kelib o‘zimni gumdon qilganimni eshitib qolsang, hayron bo‘lma, deb aytib qo‘yayapman. Men, og‘ayni qandaydir loqaydlik domiga tushib qoldim: menga endi hammasi baribir! Bugun yaxshi, xudoga shukur, ertaga nima bo‘lsa bo‘lar, tupurdim, kechasi yotib o‘yla – ertasi turib so‘yla. O‘zimga uchchiga chiqqan aroqxo‘r, dong‘i ketgan ahmoq degan nom orttirganim qoldi. Ishonasanmi, yo‘qmi, bilmadim? Ba’zan yuragimdagi kuchni, og‘riqni, barcha go‘zal, dabdabali, umuman, jin ursin, qalbim nimaga talpinsa, o‘shanga maylni his etib turaman. Balki buni yoshlikka yo‘yarsan: nega endi men tengilar bunday holatlarni boshdan kechirmaydi? Men o‘lguday asabiy bo‘lib qolganman: ba’zan qishda, kechqurun, bo‘ron, sovuq bo‘lishiga qaramay, o‘rnimdan dast turaman-da, hatto hech nima bilan hayron qoldirib bo‘lmaydigan shaharliklarni lolu hayron qilib, ko‘chaga chiqaman-da, asta-sekin yuqorilab boraveraman – e’tibor qilyapsanmi, yana o‘sha qayerlardadir qulog‘imga chalingan ohangni tutish istagida o‘zimni mutlaqo hushyor va xotirjam tutgan holda. Qani endi, tutolsam! Mayli, senga yorilaman. Yuragimdan urib qoldi, unaqasi hech yerda yo‘q… Endi bu haqda bas qilaylik. Iltimos, menga xat yozib tur, manzilimni bilasan: Nima deganing yodingdami? “Rossiya, kornet Yelaginga…”
Aqlga sig‘maydi: hech bo‘lmaganda bu xatlardan birontasi o‘qilganda ham mushtarak biror narsasi bo‘lmagan ikki kimsa qanday qilib topishishdiykin, deb aytish mumkin bo‘larmidi?
VIII
Sosnovskaya haqiqiy polyak ayoli bo‘lib, Yelagindan katta, yoshi yigirma sakkizda edi. Otasi mayda amaldorlardan bo‘lib, qizaloq uch yoshdaligida o‘z joniga qasd qilgandi. Onasi anchagacha beva yashadi, so‘ng xuddi o‘shanday mayda amaldorga turmushga chiqdi va yana beva qoldi. Ko‘rib turganingizdek, Sosnovskayalar oilasi o‘rtahol oilalardan bo‘lgan. Lekin boshqalarda topilmaydigan ajoyib samimiylikni va bizga ma’lum bo‘lgan sahnaga bu darajada erta qiziqish unda qayerdan paydo bo‘ldi ekan? Bunga uning oiladan yoxud o‘zi o‘qigan xususiy pansiondan olgan tarbiyasi sabab bo‘lolmaydi,. U juda yaxshi o‘qigandi, bo‘sh vaqtlarida ko‘p mutolaa qilardi. O‘qigan kitoblaridan o‘ziga yoqqan fikr va hikmatli so‘zlarni yozib olib, mudom o‘z hayotiga qiyoslab ko‘rardi, umuman, u kundalikka o‘xshash qaydlar qilib borardi, agar oylab qo‘lga olmay tashlab qo‘yilgan, bu parcha-parcha qilib yirtilgan qog‘ozlarni kundalik deyish mumkin bo‘lsa. Axir u bu kundalikka o‘z orzu-umidlarini, hayotga qarashlarini yozib, ko‘nglini bo‘shatardi, yana kirxona, tikuvchi va boshqa allanimalarga ketgan xarajatlarni ham kiritib borardi-da. U aynan qanday gaplarni ko‘chirib olardi?
– “Birinchi baxt, bu – dunyoga kelmaslik, ikkinchisi esa fanoga ketish”. Ajoyib fikr!
– Yorug‘ dunyo o‘lgudek zerikarli, toqatni-toq qiladi, yurak xoriqulodda nimagadir talpinadi.
– “Odamlar u dunyoga ravona qiladigan qiynoqlarnigina tushunishga qodir”. Myusse.
– Men hech qachon turmushga chiqmayman. Bu haqda hamma gapiryapti. Bunga Xudo va Ajal nomi bilan qasam ichaman.
– Yo muhabbat, yo o‘lim.– Men sevadigan odam Yer yuzida bormikan o‘zi? Bundayi yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas! Unda telbalarcha sevganim bu dunyoni qanday tashlab ketaman!
– Qo‘rqinchli, maftunkor, sirli muhabbatni yerdan ham, ko‘kdan ham topib bo‘lmaydi…
– Oyim boylik uchun erga tegishimni xohlaydi. Men, boylik uchun-a! Sevgi degan so‘z bu zaminga begona, unda azob-uqubat ham, joziba ham yetarli, afsus, men bunday tuhfadan benasibman!
Hisobsiz yirtqich ko‘zlar menga yeb qo‘ygudek boqadi, men o‘zimni xuddi maxluqlar makonida bo‘lgandek his etaman.
– “Uning hayotdagi barcha toat-ibodatlari qalbi tubidagilarni pinhon saqlashga qaratilgan bo‘lsa-yu, unga suqilib kira oldim, deya kim ham maqtana olardi?” Myusse.
Sosnovskaya pansiondagi kursni tugatgach, onasiga o‘zini san’atga bag‘ishlashini aytganda, mehribon katoliklardan bo‘lgan onasi avval-boshda buni eshitishni ham istamadi, qizi esa boshqalarga o‘xshamasdi, birovga itoat etish u yoqda tursin, hatto onasiga ham elburutdan ta’sir o‘tkazib, Mariya Sosnovskayaning hayoti oddiy, shuhratsiz bo‘lishi mumkin emasligiga uni ko‘ndirgandi.
U o‘n sakkiz yoshida Lvovga jo‘nadi va ko‘p o‘tmay o‘z orzusini ro‘yobga chiqardi: sahnaga ham biron-bir qiyinchiliksiz erishdi va tez orada nazarga tushdi. Omma orasida ham tez tanildi, ancha jiddiy bo‘lgan teatr san’ati olamida xizmatining uchinchi yilida bizning shaharga taklif etildi. Lvovga kelgan kunidanoq, deyarli, avvalgidek, kundaligini yurita boshladi:
– “U haqda gapirishyapti, kulishyapti, yig‘lashyapti, uning o‘zi kim, kim biladi?” Myusse.
– Agar onam bo‘lmaganida, o‘zimni o‘ldirgan bo‘lardim. Bu mening doimiy orzuim…
– Men shahar tashqarisiga chiqqanimda, u yerdan tubsiz, ajoyib osmonni ko‘raman va shu lahzada menga nima bo‘layotganini anglolmay qolaman. Shu payt ovozim boricha qichqirgim, kuylagim, biron nima o‘qigim, yig‘lagim, sevib qolgim va oxiri o‘lgim kelib ketadi!
– Men o‘limning eng go‘zalini tanlayman. Ixchamgina uy olaman-da, uni motam matosi bilan qoplayman. Devor ortida kuy yangraydi, men esa oddiygina oq ko‘ylakda, o‘z ifori bilan o‘ldiruvchi atrofimdagi gullar ichida yotaman. O, bu qanday nash’ali!
Keyin:
– Hamma tanamga muhtoj, ruhimga emas…
– Boy bo‘lganimda butun dunyoni kezardim va undan muhabbatimni ayamagan bo‘lardim…
– “Inson nima istashini o‘zi bilarmikan, o‘ylaganlariga o‘zi ishonarmikan?” Krasinskiy.
Va nihoyat:
– Yaramas!
Qilgan ishini payqash uncha qiyin bo‘lmagan bu yaramas yana kim bo‘ldi ekan? Anig‘i shuki, u bor, uning mavhum shaxs bo‘lishi mumkin emas. “Lvovdayoq,– dedi tergovchi Zauze, Sosnovskayaning xizmatdoshi,– u kiyinmasdi, yechinib xizmatini ado etardi, tanishlariyu muxlislarini uyida, ochiq-sochiq tungi ko‘ylakda, yalang‘och oyoqlarini ko‘rsatib qabul qilardi. Uning go‘zalligidan hamma lol qolardi, bu, ayniqsa, yangi kelganlarga ko‘proq ta’sir qilardi va ular bundan hang-mang bo‘lib qolardilar. Sosnovskaya shunda: “Aslo hayron bo‘lmang, bularning bari o‘zimniki”,– deya tizzasidan tepasini bemalol ochib ko‘rsatardi. Shu bilan birga u tez-tez ko‘z yoshi to‘kib,– uning muhabbatiga munosibi yo‘qligini va birdan-bir najoti o‘lim ekanini bot-bot ta’kidlardi…
Mana, Konstantinopolga, Venetsiyaga, Parijga birga borgan, Krakov va Berlinda u bilan birga bo‘lgan “yaramas” ham paydo bo‘lib qoldi. Bu qandaydir galisiyalik yer egalaridan bo‘lib, favqulodda badavlat odam edi. Sosnovskayani yoshligidan yaxshi bilgan tergovchi Volskiy u haqda shunday dedi:
– Men Sosnovskayani hamisha axloqsiz ayol deb hisoblaganman. O‘lkamiz fuqarosi va artist sifatida o‘zini qanday tutishni mutlaqo bilmasdi. U faqat pulni va erkaklarni xush ko‘rardi, xolos. Bu beadab, qanday qilib qizaloq paytidayoq o‘zini keksa galitsiylik to‘ng‘izga topshirdi ekan?
Sosnovskaya o‘z o‘limi oldidan Yelagin bilan qilgan suhbatida aynan shu “to‘ng‘iz” haqida gapirib bergandi. Shu yerda u beparvolik bilan Yelaginga shikoyat qilib:
– Men o‘z holimcha o‘sdim, menga hech kim qaramagan, men o‘z oilamda, butun yorug‘ olamda barchaga begona edim. Butun avlodi bilan la’natga uchragur bir xotin meni, ishonuvchan, pokiza bir qizni fahsh yo‘lga boshladi… Faqat dahshat bilan eslash mumkin bo‘lgan, ablahlarning ablahi bo‘lib chiqqan bir odamni men Lvovda xuddi o‘z otamdek yaxshi ko‘rib qolgandim. U meni nashaga, vinoga o‘rgatdi va meni Konstantinopolga olib ketdi. U yerda uning butun boshli harami bo‘lib, u o‘z haramida yotib, yalang‘och joriyalarini tomosha qilardi-da, meni ham ulardek yechinishga majbur etardi, u shunday ablah va pastkash odam ediki…
IX
Shahrimizda Sosnovskaya to‘g‘risida tezda mish-mish gaplar tarqaldi.
– Lvovdayoq,– dedi tergovchi Meshkov,– ko‘pchilikka bir kechaning o‘zidayoq u bilan birga bo‘lishni taklif etgan va sevishga qodir bo‘lgan qalbni izlayotganini aytgan. Sosnovskaya bunday qalbni sabot bilan izlagan. O‘zi esa: “Mening asosiy maqsadim – yashash va hayotdan bahra olish” deya takrorlardi. Chashnagir barcha sharoblardan totishi lozim, lekin bironta xilidan mast bo‘lishi mumkin emas. Ayol erkak bilan munosabatda ham shunday yo‘l tutishi kerak”. O‘zi xuddi shunday qilgan,– dedi Meshkov.– Sharobning baridan totib ko‘rgan deb aytolmayman, biroq yo‘ldan urganlarining sanog‘i yo‘qligini bilaman. Balki, u bularni eng asosiy ish – atrofida shovqin-suron ko‘tarib, teatrga yollangan olqishchilarni to‘plash uchun qilgandir. “Pul,– derdi u,– qo‘lning kiri, men xuddi so‘nggi meshchanlardek mumsik, ba’zan ziqnaman, lekin, nimagadir pul haqida o‘ylamayman. Muhimi – shuhrat, qolganlari asta-sekin bo‘laveradi”. Sosnovskaya o‘lim haqida gapirganida ham aynan o‘zi to‘g‘risida birovlarni gapirishga majbur qilishni ko‘zlagan bo‘lsa, ne ajab…
Lvovda sodir bo‘lganlari bizning shaharda davom ettirildi. Qaydlar ham deyarli xuddi shunday yozib borildi:
– Xudoyim-ey, qanday zerikarli, qanday azob bu! Qani endi xammayoq ostin-ustin bo‘lsayu, barini yer yutsa!
– Bir kuni kechqurun qabristonga bordim: u yer shunday ajoyib ediki! Mening nazarimda… yo‘q, aslo, buni tasvirlashga ojizman. Menga qolsa tun bo‘yi qabrlar ustida qolib, ularga obdon, tinkam quriguncha so‘zlarimni to‘kib-solgan bo‘lardim. Ertasi kuni men o‘z rolimni har qachongidan ham yaxshi o‘ynadim…
Va yana:
– Men kecha kechqurun soat o‘nlarda qabristonga bordim. Bu qanday ta’sirli manzara. Oy nuri qabr toshlari va xochlarga o‘z nurini to‘kib tashlagandi. Meni minglab marhumlar o‘rab olgandek tuyulardi. O‘zimni shunday baxtiyor va yengil his qildimki. Men o‘zimni juda yaxshi his etardim…
U Yelagin bilan tanishgandan so‘ng bir kuni undan polkda otliq askarlardan birining o‘lganini eshitgan va Yelagindan uni ibodatxonaga, marhum yotgan yerga olib borishini so‘ragan, keyin esa oydinda ibodatxona va marhumning ko‘rinishi unda hayratlanarli taassurot qoldirganini yozgan.
Shuhratga, odamlar e’tiboriga tashnalik bu vaqtga kelib darg‘azablikka aylanib ulgurgandi. Uning o‘ziga munosabati yaxshi edi. Umuman olganda, uning chiroyida hech qanday o‘ziga xoslik bo‘lmasa-da, baribir, alohida, kam uchraydigan o‘zgacha maftunkorlik, ayyorona yovuzlik bilan qorishib ketgan soddadillik, ochiqko‘ngillik bo‘lib, bu qorishiq samimiylikni doim o‘yinga chorlab turardi: portretlariga qarang, nigohlariga diqqat qiling, uning o‘ziga xosligi, – bir oz ochilgan lablar, doimo xo‘mraygan, ma’yus nigoh yoqimli, o‘ziga tortuvchi xuddi biror nima va’da qilayotgandek, qandaydir sirlilikka rozilik bildirayotgandek axloqsizlikning bir ko‘rinishi bu. U o‘z go‘zalligidan qanday foydalanishni bilardi. U o‘z muxlislarini o‘zidagi bor go‘zalliklar – jarangli ovozi, kulgili va ko‘z yoshga to‘la jonli sahna harakatlari bilangina emas, balki ularni o‘z badanini namoyish etadigan rollari bilan ham ushlab turardi. U uyida ko‘ngilni sust ketkazadigan sharqona va yunon liboslarida yurar va ko‘plab mehmonlarini shu liboslarida kutib olardi. Har xil to‘pponchalar, xanjar, o‘roq va murvat ko‘rinishidagi qilichlar, turli xildagi zaharlar solingan shisha idishlari bo‘lgan, uning o‘zi aytganidek, qotillik uchun maxsus mo‘ljallangan bu xonaga ularni olib kirardi-da, bu yerda suhbatning jonini kirgizadigan doimiy narsa ajal derdi. Bu ham yetmagandek, tez-tez hayotdan voz kechishning turli usullari haqidagi suhbatlarida u devordagi o‘qlog‘liq revolverni olib, tepkisini ko‘tarardi, stvoli og‘zini ichib turgan viskisiga tirab turib: “Meni hoziroq o‘pinglar, bo‘lmasa o‘zimni otib tashlayman?”–deya og‘ziga dumaloqlangan zahari kuchli dorini olardi-da, “Agar mehmon shu topning o‘zida tiz cho‘kib, yalang oyoqlarimdan o‘pmasa, zaharni yutib yuboraman”, — derdi. U barchasini shunday ishonarli qilib bajarardiki, mehmonning qo‘rquvdan ranglari quv oqarib, unga ikki karra maftun bo‘lib qaytardi va butun shahar bo‘ylab aynan uning barcha hayajonga soladigan jihatlari haqida mish-mishlarni yoyar edi.
– U, umuman, hech qachon o‘ziga o‘xshamas edi, — dedi sudda uni uzoq vaqt yaqindan bilgan guvoh Zalesskiy.– Odamni mazaxlash, jig‘iga tegish – bular uning doimiy mashg‘uloti edi. U sirli va yoqimli qarashlari, ma’noli kulishlari ma’sum boladek ma’yus xo‘rsinishlari bilan odamning g‘azabini qo‘zg‘ashga juda usta edi. U Yelagin bilan ham o‘zini shunday tutardi. U Yelaginni goh yondirar, goh ustidan sovuq suv quyardi… U asli o‘lishni istarmidi? U hayotning ashaddiy ishqibozi edi, ajaldan esa o‘lgudek qo‘rqardi. Umuman olganda, uning fe’lida xushchaqchaqlik, quvnoqlik ko‘proq edi. Esimda, bir kuni Yelagin unga oq ayiq terisini sovg‘a qilib jo‘natdi. Bu vaqtda u uyida mehmon kutardi. Po‘stin uni shunday quvontirdiki, uyidagi mehmonlarni ham unutdi. U po‘stinni yerga tashladi-da, hech kimga e’tibor qilmay, ustida boshi bilan o‘mbaloq oshib, shunday harakatlarni ko‘rsatdiki, bunga har qanday akrobat hasad qilgan bo‘lardi. Nimasini aytasiz, ayolmisan ayol edi.
Uni g‘am-g‘ussa, umidsizlik holdan toydirganini, o‘sha bizga tanish Zalesskiy gapirib bergandi. O‘n yildan beri bilgan shifokor Seroshevskiy u Lvovga ketishidan oldin uni davolaganda unda sil kasali alomatlari topilgandi. Yana oxirgi paytlarda u ruhiy tushkunlikdan, xotira pasayishidan, gallyutsinatsiyadan azob chekardi. Xullas, shifokor uning aqli rasoligidan ham xavotirda edi. O‘z ajali bilan o‘lmasligiga, hatto uni asab kasalidan davolagan shifokor Shumaxerni ham ishontirolgandi. (Undan Shopengauerning ikki tomligini olib, uni diqqat bilan o‘qib chiqqan, ajablanarlisi shuki, keyin ma’lum bo‘lishicha, u o‘qiganlari ma’nosiga juda yaxshi tushungan). U hammani o‘z ajali bilan o‘lmasligiga ishontirar, do‘xtir Shumaxer uni aynan shu asab buzilishidan davolagandi. Shifokor Nedzelskiy shunday ko‘rsatma berdi:
– G‘alatiroq ayol edi. Undagi quvnoqlik, noz-karashma ko‘proq uyida mehmon kutgandagina ayon bo‘lardi: ba’zan hech narsadan hech narsa yo‘q, birdan jim qolardi, so‘ng ko‘zlari ola-kula bo‘lib boshini stolga urardi yoki bo‘lmasa narsalarni — bordoq bormi, qadah bormi, yerga ota boshlardi… Bunday vaqtda unga qancha tezroq: “Qani, yana”,– deya shoshiltirsangiz, u harakatini shuncha tezroq to‘xtatardi.
Va, nihoyat aynan mana shu “g‘alatiroq va maftunkor ayol” bilan kornet Aleksandr Mixaylovich Yelagin uchrashishdi.
X
Bu uchrashuv qanday sodir bo‘ldi? Bular orasidagi yaqinlik qanday dunyoga keldi, ularning bir-birlariga bo‘lgan tuyg‘ulari, munosabatlari qanday edi? Bu haqda Yelaginning o‘zi ikki marta hikoya qilib bergandi: birinchi marta qisqa, uzuq-yuluq, qotillikdan bir necha soat o‘tgach,– tergovchiga; ikkinchi marta – so‘roqda, birinchi so‘roqdan uch hafta o‘tgach.
–Ha,– dedi u,– Sosnovskayaning hayotdan ketishiga men aybdorman, lekin uning o‘zining istagi bilan…
Men u bilan yarim yil avval teatr kassasi oldida poruchik Budberg orqali tanishganman. Uni chin yurakdan sevib qolgandim, u ham mening his-tuyg‘ularimga befarq bo‘lmas, degandim. Ba’zan u meni, men uni sevganimdan ham ortiq sevar deb o‘ylardim, ba’zan esa buning aksi bo‘lardi. Bundan tashqari, u doim muxlislari qurshovida bo‘lar, ularga noz-karashmalar qilardi, men esa rashk azobidan adoi tamom bo‘lib borardim. Nihoyat, bizning bunday fojiali ahvolimizga aslida bu emas, men tushuntirolmaydigan nimadir sabab… Nima bo‘lganda ham qasam ichib aytamanki, men uni rashkdan o‘ldirganim yo‘q…
Aytganimdek, u bilan o‘tgan yilning fevral oyida teatr oldidagi kassa yonida tanishganman. Men unikiga borganman, lekin oktyabr oyigacha ko‘p emas, oyda ikki marta bo‘lganman, u ham bo‘lsa kunduz kunlari. Oktyabrda men unga sevgi izhor etdim, u menga uni o‘pishimga ruxsat berdi. Bu voqeadan bir hafta o‘tgach, u, men va do‘stim Voloshin bilan shahar tashqarisidagi restoranga kechki ovqatga bordik-da, u yerdan faqat ikkimiz qaytdik, u xursand, mehribon, ozgina kayfi ham bor edi. Men o‘shanda o‘zimni shunday jur’atsiz his etdimki, hatto uning qo‘lini o‘pishga ham qo‘rqardim. Keyin u mendan Pushkinni so‘radi va “Misr kechalari”ni o‘qib, dedi: birgina kechani sevgan ayolingizga bag‘ishlash uchun hayotingizdan kecharmidingiz? Men “ha” deb javob berishga shoshganimda, u sirli jilmaydi. Men uni juda sevib qolgandim, bu sevgi falokat keltirishini aniq ko‘rib, his etib turardim. Imkon qadar yaqinlashganimizdan so‘ng, unga muhabbatim, nimani his qilayotganimu dardida ado bo‘layotganim, otam unga uylanishimga ruxsat bermasligi, nikohsiz men bilan yashashning ilojsizligi, polyaklar jamiyati uni artist sifatida rus zobiti bilan nikohsiz ochiqdan-ochiq aloqa qilmasligini bir amallab ayta boshladim. U ham o‘z qismatidan, tushunib yetolmagan qalbidan shikoyat qildi, mening izhori dilimga, sukut ichidagi savolimga, meni sevadimi, yo‘qmi, bularga javobdan o‘zini olib qochdi, uning qilgan shikoyatlari esa ikkimiz yaqin bo‘lishimiz mumkinligiga menda umid uyg‘otdi…
Keyin shu yilning yanvaridan boshlab har kuni unikiga boradigan bo‘ldim. Men unga teatrga, uyiga guldasta yuborardim, sovg‘alar qilardim… Men unga mandolina, oq ayiq terisi, uzuk va olmos ko‘zli bilaguzuk sovg‘a qildim, yana bosh suyagi shaklida yasalgan to‘g‘nog‘ich ham tuhfa etdim. U ajal ramzli narsalarni xush ko‘rardi va u menga bir necha bor mendan aynan xuddi shunday frantsuz tilida “Quand meme pour toujours!” so‘zlar yozilgan to‘g‘nog‘ich olish orzusi borligini aytgandi.
Shu yilning yigirma oltinchi martida u meni kechki ovqatga taklif etdi: kechki ovqatdan so‘ng u ilk bor o‘zi yaponcha xona deb ataydigan yotoqxonasida menga o‘zini bag‘ishladi. Keyingi uchrashuvlarimiz ham aynan shu xonada o‘tadigan bo‘ldi, u kechki ovqatdan so‘ng xizmatkorni uxlashga jo‘natardi. Keyin, u menga o‘z yotoqxonasining to‘g‘ri zinaga olib chiqadigan tashqari eshigi kalitini berib qo‘ydi. Yigirma oltinchi mart xotirasiga uning istagi bilan ismi sharifimiz, ilk yaqinligimiz sanasi o‘yib yoziladigan nikoh uzugiga buyurtma berdik…
Shahar tashqarisiga qilgan safarlarimizning birida qishloq ibordatxonasi yonida joylashgan xoch oldida turib, Xudo huzurida uni mangu sevishim, u mening xotinim ekanligi, to o‘lguncha unga sodiq qolishim haqida ont ichdim. U ma’yus va o‘ychan jim turardi. So‘ng oddiy, lekin, qat’iy turib: “Seni sevaman!” “Quand meme pour toujours!”– dedi.
Bir kuni mayning boshlarida, unikida kechki ovqat paytida u af’yun kukunini oldi-da: “O‘lish qanday oson-a! Bir chimdim kifoya, keyin hammasi tamom!”—dedi. So‘ng kukunni shampan vinosi solingan qadahga sepib, uni og‘ziga olib bordi. Men qadahni qo‘lidan tortib olib, vinoni tosh ustiga sepib yubordim, qadah etik tepkisiga urilib, chil-chil bo‘ldi. Ertasi kuni u menga: “Kecha fojia o‘rniga, kulgili ish bo‘ldi!”— dedi. Va: “Nima qilsam ekan, jur’atim yetmayapti, sen ham eplolmaysan, qo‘lingdan kelmaydi… Qanday sharmandalik!” – deya qo‘shib qo‘ydi.
Shundan so‘ng biz juda kam ko‘rishadigan bo‘ldik: endi meni kechqurunlari boshqa qabul qilolmasligini aytdi. Nega endi? Men bundan jinni bo‘layozdim, rosa qiynaldim. Bundan tashqari, u, menga sovuq, masxaraomuz munosabatda bo‘la boshlagandi, o‘zini men bilan xuddi kecha tanishgandek tutar va tayinim yo‘qligidan meni tahqirlardi… Birdan yana hammasi o‘zgarib qoldi. U sayrga chiqish uchun oldimga kelardi, endi u tilyog‘lamalik qilishga o‘tgandi, balki bu uning oldida o‘zimni sovuqqon tutishni o‘zlashtira bosh-laganimdandir. Oxiri u uchrashib turishimiz uchun xuddi o‘zi buyurgandek xilvat ko‘chalardan birida joylashgan, mutlaqo ko‘zdan nari, qorong‘i, alohida uy yollashimni so‘radi… Bu uy qanday qilib tartibga keltirilganini bilasizmi…
Men o‘n oltinchi iyun soat to‘rtlarda uyiga borib, unga uy olganimni aytib, qo‘liga bitta kalitni tutqazdim. U jilmayib turib kalitni qaytararkan: “Bu haqda keyinroq gaplashamiz”,— dedi. Shu vaqt eshik qo‘ng‘irog‘i chalinib, qandaydir Shklyarevich degan odam keldi. Men kalitni shosha-pisha cho‘ntagimga yashirib, allanimalarni gapira ketdim. Uydan Shklyarevich bilan birga chiqqan ham edik, Sosnovskaya yo‘lakdan turib: “Dushanba kuni keling”,– deya qichqirdi-da, menga asta: “Ertaga soat to‘rtda kel”, deb shipshigandi boshim gir aylanib ketdi…
Ertasiga roppa-rosa soat to‘rtda yetib keldim. Eshikni oshpaz ayol ochib, Sosnovskaya meni qabul qilolmasligini aytib, maktub tutqazganida hayratdan yoqa ushladim. U maktubida o‘zini noxush his qilayotganini, onasini ko‘rgani dala hovliga borishini aytgan, “endi kech” deb yozgandi. Bundan qonim qaynab, birinchi uchragan qandolat do‘koniga kirdim-da, “endi kech” deganing nimasi, hoziroq tushuntir, deya zaharxanda maktub yozib, xat tashuvchidan jo‘natdim. Xat tashuvchi uni uyda yo‘qligini aytib, maktubni qaytarib olib keldi. Shunda men u bilan aloqani butunlay uzishga qaror qildim. Uyga qaytib, uning uchun balki shunchaki hazil-mazax bo‘lib tuyulgan, lekin men uchun esa o‘zim bilan narigi dunyoga olib ketishim mumkin bo‘lgan, hayotimdagi birdan-bir aziz narsa – nikoh uzugini o‘zimga qay-tarishini so‘rab ta’na-dashnomli yangi maktubimni yozdim: shu bilan bari tugadi, menga o‘limdan o‘zga yo‘l yo‘q, demoqchi bo‘lgandim. Maktub bilan birga uning menda saqlanayotgan suratini, xatlarini, yana mayda-chuyda narsa – qo‘lqoplari, to‘g‘nag‘ichlar va shlyapasini ham o‘ziga qaytarib yubordim. Xizmatkor kelib, uning uyda yo‘qligini, xat bilan jo‘natilgan narsalarni qorovulga qoldirib kelganini aytdi.
Kechqurun tsirkka bordim, u yerda menga uncha tanish bo‘lmagan o‘sha Shklyarevichni uchratib qoldim, zerikib qolmaslik uchun, u bilan birga shampan vinosi ichdik. Birdan Shklyarevich: “Menga qarang, ko‘rib turibman, azob chekyapsiz, buning sababini ham bilaman. Ishonavering, u bunga arzimaydi. Buni hammamiz boshimizdan o‘tkazganmiz, u burnimizdan ip o‘tkazib olgandi…”—deb qolsami. Qilich olib, boshini qoq ikkiga bo‘lgim keldi-yu, ammo-lekin o‘zimdan o‘tganni o‘zim bilardim, bunday qilish u yoqda tursin, hatto suhbatimizni ham bo‘lolmasdim, undan aslida ichimda xursand edim, chunki menga hamdard topilganidan quvonardim, menga nima bo‘lganini bilmadim-u, lekin men unga miq etmadim, Sosnovskaya to‘g‘risida-ku, og‘iz ham ochmadim, lekin, uni Starogradskiy ko‘chasiga olib borib, uchrashuvimiz uchun o‘zim yoqtirib tanlagan uyni ko‘rsatdim. Bu uyning kasridan ahmoq bo‘lganimdan o‘lgudek uyalardim, ham alam qilardi.
U yerdan aravakashni Nevyarovskiy restorani tomon shoshirdim: yomg‘ir shivalar, arava uchib borardi, meni yomg‘ir ham, qarshimdagi meni yondirib kul qilayotgan alanga ham azoblardi, undan qo‘rqardim. Tungi birlarda men Shklyarevich bilan restorandan qaytib, endi yechinib turgandim, xizmatkor xat tutqazdi: u meni ko‘chada kutardi, tezda tushishimni so‘ragandi. U xizmatchi ayol bilan birga kelib, mendan xavotirlanganini, shuning uchun ayolni o‘zi bilan olib kelganini aytdi. Men ayolni uyiga kuzatib qo‘yishni buyurib, o‘zim karetaga o‘tirdim, biz Starogradskiy tomon jo‘nadik. Har doimgidek uning hozirgi xotirjam holati menga ham ko‘chdi. Yetib kelganimizda, ancha o‘ziga kelib qoldi, uy unga juda yoqdi. Men uni qo‘lidan ushlab, ta’na-dashnomlarimni kechirishini, achchiq ustida berib yuborgan portretini va boshqa buyumlarni qaytarishini so‘radim. Biz tez-tez janjallashib turardik, bunda men o‘zimni aybdor his qilardim va oxirida undan uzr so‘rardim. Yarim kechasi soat uchda uni uyiga olib borib qo‘ydim. Yo‘l-yo‘lakay suhbatimiz yana janjalga aylandi. U to‘g‘riga qarab o‘tirardi, yuzi menga ko‘rinmasdi, faqat atir isiyu, sovuqdan-sovuq zahar ovozini his etar edim: “Sen erkak emassan,– derdi u,– senda xarakter degan narsaning o‘zi yo‘q, men xohlaganimda jig‘ingga tegib, xohlaganimda yupatishim mumkin. Agar men erkak bo‘lganimda bunday ayolni burda-burda qilgan bo‘lardim!” Shunda men qichqirib: “Unday bo‘lsa uzugingizni qaytarib oling!” – dedim-da, uzukni zo‘rlab qo‘liga taqib qo‘ydim. U menga o‘girildi-da, xijolat bo‘lgandek kulib: “Ertaga kel”,– dedi. Men endi nima bo‘lganda ham bormasligimni aytdim. U qo‘rqa-pisa, uyalib: “Yo‘q, sen Starogradskiyga kelasan, kelasan…” dedi. So‘ng qat’iy qilib: “Yo‘q, men kelishingni o‘tinib so‘rayman, men yaqinda chet elga ketaman, men seni so‘nggi bor ko‘rib, senga muhim gapni aytishim kerak”,– deb qo‘shib qo‘ydi. Va yana yig‘lab: “Meni hayron qoldirgani, seni sevaman, sensiz yasholmayman deb o‘zingni otishga ham tayyorsanu, lekin so‘nggi bor ko‘rging kelmayapti!..”– deya yana qo‘shib qo‘ydi. Shunda men o‘zimni qo‘lga olib, ertaga qay paytda bo‘sh bo‘lishim xabarini yetkazishimni aytdim. Biz yomg‘irda turib, uning yo‘lagi oldida ajralisharkanmiz, yuragim unga bo‘lgan sevgidan va rahm-shafqatdan yorilay derdi. Uyga qaytgach, menikida bemalol uxlab yotgan Shklyarevichni ko‘rib hayron qoldim va undan jirkanib ketdim…
Dushanba o‘n sakkizinchi iyun kuni ertalab unga soat o‘n ikkidan keyin bo‘shligimni aytib xat yubordim. U: “Starogradskiyda soat oltida”, – deb javob yubordi.
XI
Sosnovskayaning oqsochi Antonina Kovanko, oshpazi Vanda Linevich o‘n oltinchi shanba kuni Sosnovskaya sochini jingalak qilaman, deb spirt lampasini yoqa turib, parishonlikda gugurtni tungi ko‘ylagiining etagiga tashlab yuborgan, ko‘ylak birdan yonib, Sosnovskaya dahshatdan qichqirib, egnini yechib otgan va qo‘rquvdan ahvoli yomonlashib unga doktor chaqirishganini aytib ko‘rsatma berishgan. So‘ng takrorlab:
– Bu yaqinlashib kelayotgan falokatdan darak…— deyavergin.
U baxtiqaro bo‘lsa-da, yoqimtoy ayol edi! Uning bolalarcha vahimasi va tungi ko‘ylakning yonib ketgani menga favqulodda ta’sir qiladi, tashvish-lantiradi. Bu arzimas narsa u o‘lgandan buyon odamlar orasida gap-so‘zga sabab bo‘lgan, sudda quloqni qomatga keltirgan, bir-birini inkor etuvchi dalillari bilan uzuq-yuluqligicha qolib ketgan o‘sha jumboqli voqeaga aloqasi bordek, uni yoritib berishi mumkindek, nazarimda. So‘nggi kunlarigacha mish-mishdan boshi chiqmagan, birgina tilagi uni tushunish, ko‘nglini zabt etishlarini istagan, qiziqishlari doim namoyon bo‘lib turgan, deyarli hech bir kimsa, jumladan, Yelagin ham tushunmagan, his etolmagan o‘sha haqiqiy Sosnovskayaning menda jonli sezgilar uyg‘otishi hayron qolarli hodisa edi.
Yana qaytaraman: inson mulohazasi hayratlanarli darajada ojiz, notavon: hammavaqt bo‘lganidek, mana hozir yana sodir bo‘ldi, qachonki odamlar, hatto andakkina bo‘lsa-da, ro‘y berayotgan hodisalarning muhimligini tushunib yetishlari kerak bo‘lib qolsa, ko‘rib ko‘rmaslikka, eshitib eshitmaslikka olishlari ma’lum gap. Ularga Yelaginning Sosnovskayaning, umuman, ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan, aniq-ravshan ko‘rinib turgan munosabatni shu darajada haqiqatga xilof ravishda, atayin, noto‘g‘ri talqin qilish kerakmidi? Xuddi qabihlikdan boshqasiga miq etmaslikka kelishib olishgandek: bittasi aysh-ishratga berilgan, aroqxo‘r, rashkchi bir gusar bo‘lsa, yana biri o‘zining axloqsiz, pala-partish hayoti bilan o‘zi ham chalkashib yotgan bir artist ayol bo‘lsa…
– Alohida xonalar, vino, fohishalar, urish-janjal,— mana, u haqda nimalarni gapirishadi. – Qilichning jarangi undagi oliy tuyg‘ularni so‘ndirdi…
Sharob, mana oliy tuyg‘u! Yelagindek odam uchun sharob degani nima edi o‘zi? “Ba’zan azobni his etaman, ba’zan esa yaxshi va baland turadigan narsalarga intilaman, umuman, jin ursin, yuragimni bekorga zirqiratish nima zaril menga! Qayerdadir qulog‘imga chalingan, lekin, hamon yo‘q, ushlab bo‘lmaydigan bir ohangni tutib olgim keladi. Kayfda nafasni yengil, bemalol olasan, o‘sha tutqich bermas kuy ham kayfda aniq va yaqindan eshitila boshlaydi. Musiqa, sevgi, kayf — bular seni yo‘ldan uradi, ular o‘tkir va ortiqcha, dunyoni, hayotni his etishni haddan tashqari murakkablashtirib yuboradi.
— Ayol Yelaginni sevmasdi, – deyishardi u haqda. – U Yelagindan qo‘rqardi xolos, chunki Yelagin o‘zimni o‘ldiraman deb unga doim tahdid qilib kelardi, – ya’ni u nafaqat o‘z o‘limi bilan Sosnovskayaning yuragini og‘ritib kelgan, uni katta mojaroning asosiy qahramoniga aylantirmoqchi bo‘lgan. Dalillar shundan guvohlik beradiki, Sosnovskaya hatto unga nisbatan nafrat tuyg‘usini his etgan. Sosnovskaya o‘zi uniki bo‘lganmidi? Nahotki, bu narsa ishni o‘zgartira olsa? U o‘zi kimlarga tegishli bo‘lmagan! Hatto Yelagin Sosnovskaya sevib ijro etgan ishqiy komediyani fojiaga aylantirishiga sal qolgan…
Yana:
– Sosnovskaya o‘sha kundan-kun avj olib borayotgan dahshatli va tiyiqsiz rashkdan o‘lgudek qo‘rqardi. Bir marotaba Sosnovskayanikida artist Strakun mehmon bo‘lgandi. Yelagin avval-boshda tinchgina o‘tirdi, faqat rashkdan yuzi oqargandi, xolos. So‘ng bexos otilib o‘rnidan turdi-da, qo‘shni xonaga chiqdi. Sosnovskaya ham izma-iz uning ortidan chiqib, qo‘lidagi revolverni ko‘rib qoldi-da, o‘ziga, Sosnovskayaga rahm qilishini so‘rab, tiz cho‘kib yalindi. Bunday o‘yinlar, deyarli tez-tez bo‘lib turgan. Sosnovskaya, nihoyat, Yelagindan butunlay qutulish maqsadida chet elga ketishga qaror qilgan va u o‘limi oldidan bu safarga tayyor bo‘lgan – buni anglash nahotki qiyin bo‘lsa? Yelagin Starograd ko‘chasidagi, Sosnovskaya chet elga ketishini bahona qilib, safaroldi uni qabul qila olmaydigan o‘sha uyning kalitini olib kelgandi. U kalitni olmadi, Yelagin kalitni majburlab tiqishtirmoqchi bo‘ldi. Sosnovskaya: Endi kech, uni olishdan hech qanday ma’no yo‘q, men jo‘nab ketyapman, deya ma’lum qildi. Yelagin unga burab-burab shunday xat yozdiki, Sosnovskaya maktubni olaroq, uni murda holida topishidan qo‘rqib, yarim kechasi bo‘lishiga qaramay, oyog‘ini qo‘liga olib unikiga yugurdi.
Mayli, shundoq ham deylik (biroq bu mulohazalar Yelaginning tavba-tazarrulariga mutlaqo qarshi), harholda, nima uchun Yelagin Sosnovskayani bunday “vahimali”, “haddan ziyod” rashk qilib, tinch hayotini fojiaga aylantirmoqchi bo‘lgan ekan? Unga bu nima uchun kerak bo‘ldi ekan? Nega endi Yelagin rashkdan g‘azabi zo‘raygan bir paytda uni shunday otib tashlamadi ekan? Nima sababdan “qotil va qurbon o‘rtasida kurash bo‘lmagan?” Keyin: “Sosnovskaya goho undan jirkanardi ham”… U begonalar oldida Yelaginga har xil haqoratli laqablar qo‘yib, uni xo‘rlar, hatto bir gal uni maymoq kuchuk bolasi deb ham chaqirgandi. Ey, xudoyim, Sosnovskaya shunisi bilan Sosnovskaya-da… Sosnovskaya yana boshqa kimdandir nafratlanishi haqida Lvov xotiralarida shunday yozadi: “U meni hali ham sevadi! Men-chi? Men nimani his qilayapman? Sevgini ham, nafratni ham!” U o‘zi Yelaginni haqoratlaganmidi? Ha, bir marta urishib qolishgandi, ana o‘shandan keyin bu hol ular orasida tez-tez takrorlanib turardi, – Sosnovskaya oqsochini chaqirib, nikoh uzugini yerga uloqtirdi-da, turib baqira ketdi: “Mana bu matohni o‘zingga ola qol!” Bundan avvalroq nima ro‘y bergandi? Bundan avvalroq Sosnovskaya oshxonaga yugurib borib:
– Men seni chaqiraman-da, mana bu nikoh uzugini yerga uloqtiraman va uni o‘zingga olib qo‘yishingni aytaman. Esingda bo‘lsin – bu hazil, xolos. Keyin uni o‘zimga yana qaytarasan, chunki shu uzuk bilangina men u bilanman, o‘sha esi past bilan, nikohlanganman, u men uchun dunyodagi barcha narsadan qimmatli… – dedi.
Sosnovskayani bekorga “engiltabiat” deyishmasdi, katoliklar cherkovi ham uni “beadab, buzuq ayol” sifatida nasroniy urf-odatlari bo‘yicha dafn etishni rad etgandi. U butkul erkin sevgini o‘ziga kasb qilib olgan va shunga xizmat qiluvchi ayollar toifasidan edi. Bu yana qanaqa toifa bo‘ldi ekan? Bunday mijozli jins vakillari yaqqol ko‘zga tashlanib turadi, uning nafsini qondirib bo‘lmaydi, u qoniqmaydi ham. Sababi nima? Sababini men qayoqdan bilay? Qarangki, nimalar sodir bo‘lmaydi: o‘sha o‘ta murakkab, o‘ziga maftun etuvchi nusxa erkaklar orasida (u yoki bu darajada) tajovuzkor nusxalar ham uchraydi. Mohiyatan, bundaylar nafaqat ayollar bilan bo‘lgan munosabatda, balki, ular o‘z dunyoqarashlariga ko‘ra barcha narsalarga ta’sirchanligi o‘tkir bo‘lib, butun jon-tanini berib bo‘lsa-da, aynan shunday ayollar toifasiga intiladi va shov-shuvli sevgi fojialari qahramoniga aylanadi-qo‘yadi. Nimaga? Bu didning oqsoqligimi yoki yo‘ldan ozganlikning sharofatimi, balki, bunday ayollarga erishish osonligidandir? Albatta, yo‘q, ming karra yo‘q. Shuning uchun ham yo‘qki, bunday erkaklar Sosnovskayadek ayollar toifasi bilan yaqin aloqada bo‘lish qanchalik azobligiyu ba’zan rostdanam vahimali, hatto halokatli yakun topishini oldindan sezadilar va aniq ko‘ra oladilar. Buni ko‘rib, bilib tursalar-da, baribir, ko‘proq, aynan, ana o‘shanday ayollarga talpinib, o‘zlariga balo-qazoni sotib oladilar.U, albatta, o‘limi oldidan xat yozayotganda, so‘nggi dami kelganiga o‘zini ishontirmoqchi bo‘lib, kulgili bir sahnada rol ijro etgandi, xolos. Kundalikdagi yozuvlar oz bo‘lsa-da, buning aksi ekaniga ishontirolmaydi,– u g‘oyat siyqasi chiqqan, sodda bitilgan, qabr ziyorati to‘g‘risida hech qanday so‘z yo‘q…
Kundalikdagi soddalikni, yasamalikni, qabr ziyoratini hech kim inkor etmaydi, xuddi u Mariya Vecherova va Mariya Bashkirtsevaga o‘xshashligiga ishora qilishni yaxshi ko‘rgandek. Nima uchun u aynan o‘sha xildagi kundalikni tanladi ekan, balki u shu toifa ayollarga o‘xshashni xohlagandir? Unda go‘zallik ham, yoshlik ham, shuhrat, pul, yuzlab muxlislar — hammasi bor edi-ku. U bulardan ehtiros va zavq bilan foydalanardi. Uning hayoti muttasil azobga aylanib borardi, har doim hamma odamlar va hamma narsa u kutgandagidek bo‘lib chiqavermaganidan keyin ko‘ngilga urgan bu olamni tashlab ketish ishtiyoqi unga tinchlik bermay qo‘ygandi. Bu nimaning kasridan? Bu uning boshiga bitgan baloning kasridan. Nima uchun aynan shu baloni boshiga sotib oldi, boshqa narsani emas? Bularning barchasi, ularning aytishlaricha, o‘zini san’atga fido qilgan bunday ayollar uchun oddiy holmi? Nimaga bu shunchalik jo‘n? Nimaga?
XII
Dam olish kuni ertalab soat sakkizlarda uning yotoqxonasidagi stol qo‘ng‘iroqchasi jiringladi: u uyg‘ondi-da, oqsochini odatdagidan ertaroq chaqirdi. Oqsoch xotin barkashda suyuq shokolad solingan finjon olib kirdi-da, deraza pardasini surib qo‘ydi. U o‘rinda har doimgidek xo‘mraygancha lablarini yarim ochib, o‘ychan va parishonxotir uni kuzata turib:
– Bilasanmi, Tonya, kecha men doktor ketganidan keyin darrov uxlab qoldim. Voy, xudoyim-ey, shunaqangi qo‘rqib ketdim! Yelagin kelishi bilanoq o‘zimni qushday yengil va yaxshi his qildim. Yarim kechasi uyg‘onib, o‘rnimda tiz cho‘kib, bir soat Xudoga iltijo qildim… O‘zing o‘ylab ko‘r, butunlay yonib ketganimda nima bo‘lardi-a! Ko‘zlarim oq tushgan, lablarim shishib ketgan bo‘lardi. Menga qarab bo‘lmasdi… Aft-basharam paxta bilan qoplanardi-qolardi.
U shokoladga qo‘l ham tekkizmay, nimalarnidir uzoq xayol surib o‘tirdi. Keyin shokoladni ichdi-da, vannada cho‘mildi va cho‘milish xalatida yoyib tashlangan sochlarida o‘zining ixchamgina yozuv stolida motam romiga solingan qog‘ozga bir necha xat yozdi: u o‘zi uchun bunday qog‘ozga ancha avval buyurtma berib qo‘ygandi. Kiyinib, nonushta qildi-da, jo‘nab ketdi: u dala hovlida onasinikida bo‘ldi va uning doimiy ishongan odami aktyor Strakun bilan kech soat o‘n ikkilarda qaytdi.
– Ikkovi xursand qaytishdi,– deya hikoya qildi oqsoch xotin. —Ularni yo‘lakda kutib oldim-da, Sosnovskayani yonimga chaqirib, Yelagin u yo‘qligida berib yuborgan narsani va xatni unga berdim. Narsalar borasida: “Tezda bularni yashir, Strakun ko‘rmasin!” deya shipshidi, so‘ng shosha-pisha xatni ochdi-yu, birdan rangi oqarib ketdi, o‘zini yo‘qotgancha, Strakunning mehmonlar xonasida o‘tirganiga ham qaramay: “Xudo haqqi, tez karetaga yugur!”– deb baqirdi. Men kareta olib kelishga ketdim. Kareta kelganida, u yo‘lakda tayyor turardi. Biz bor kuchimiz bilan chopdik, u bechora esa yo‘l-yo‘lakay cho‘qinib: Ey xudoyim, ishqilib tirik bo‘lsin-da,”– deya takrorlardi nuqul.
U dushanba ertalabdan cho‘milish kiyimida daryoga ketdi. O‘sha kuni unikida Strakun bilan ingliz ayoli tushlik qilishdi (unikiga har kuni inglizchadan dars bergani kelardi-yu, deyarli hech nima o‘tmasdi). Tushdan keyin ingliz ayoli ketdi. Strakun esa yana yarim soatlar turib, sigaret chekdi, so‘ng oyog‘iga yapon tuflisini ilgancha divanda yotgan bekaning tizzasiga boshini qo‘yib yotdi. Oxiri Strakun ketdi, ketish oldidan Sosnovskaya undan “bugun kech soat o‘nda” kelishini o‘tindi.
– Bu juda tez emasmi?– kulib dedi Strakun yo‘lakda asosini qidira turib.
– Voy, yo‘q, iltimos!– dedi u. – Bordi-yu, kelganingda men bo‘lmasam, xafa bo‘lma, xo‘pmi…
Keyin u kaminda qandaydir xat va qog‘ozlarni uzoq yoqdi. So‘ng oqsoch xotin bilan hazillashib o‘tirib, xirgoyi qilishdi:
– O‘zim yonmaganimga yarasha, endi hammasiga o‘t qo‘yaman! Bundan yonib ketgani ming marta yaxshi edi. Yonsam yonib, bir yo‘la kulga aylanay…
Keyin yana dedi:
– Vandaga ayt, kechki ovqatni soat o‘nga tayyorlab qo‘ysin. Hozir esa men ketyapman…
U soat oltilarda qog‘ozga o‘ralgan revolverga o‘xshash narsani o‘zi bilan olib chiqib ketdi!
U Starogradskiyga ketdi, yo‘lda shanba kungi voqeadan so‘ng etagi yonib ketgan tungi ko‘ylagining etagini kestirish uchun tikuvchi Leshinskiyning uyi tomonga burildi, tikuvchining aytishiga qaraganda, o‘sha kuni u quvnoq va yoqimtoygina ko‘ringan. Sosnovskaya tungi ko‘ylagining u yer-bu yerini ko‘zdan kechirgan-da, qog‘ozga o‘ragan va uyidan avvalroq olib chiqqan bo‘g‘chasiga joylab, ustaxonada chevar qizlar bilan uzoq suhbatlashib o‘tirgan va: “Ey, xudoyim, men endi ketishim kerak, kech qoldim, mening farishtalarim!”–deya qayta-qayta takrorlagan, oxiri bir xo‘rsinib, o‘rnidan dast turdi-da, quvonch bilan:
– Xayr, pani Leshinskaya, xayr, singiljonlarim, farishtalarim, men bilan gurunglashib o‘tirganingiz uchun rahmat sizlarga, sizlar bilan ayollar davrasida o‘tirish qanday maroqli, hadeb erkaklar bilan bo‘laverish ham jonga tegar ekan.
U yana bir marta ostonadan turib, kulib, boshini irg‘adi-da, chiqib ketdi.
Nega u revolverni o‘zi bilan olib oldi?
Revolver o‘zi Yelaginniki edi, u, Yelagin o‘zini otib qo‘yishidan qo‘rqib, revolverni o‘zida saqlardi. “U bir necha kundan so‘ng chet elga ketishi munosabati bilan revolverni o‘z egasiga qaytarishni niyat qilgandi”,–dedi oqlovchi va qo‘shib qo‘ydi:
– Shunday qilib, u mash’um, lekin uning uchun qasddan uyushtirilmagan uchrashuvga jo‘nadi. U soat yettida Starograd ko‘chasidagi 14-uyning 1-xonadoniga yetib bordi,– mana, bu uyning eshigi ham yopildi, eshik faqat 19 iyun kuni ertalab qayta ochildi, xolos. Tunda u yerda nimalar sodir bo‘ldi? Buni Yelagindan boshqa hech kim bizga hikoya qilib berolmaydi. Uni yana bir marta eshitib ko‘raylik-chi…
XIII
Prokuror bizning xotiramizda yana bir bor jonlantirishni lozim topgan, o‘sha ayblov bayonnomasi sahifasi bo‘lmish va shu bilan o‘z nihoyasiga yetgan Yelaginning hikoyasini sud zalini to‘ldirgan odamlarning barchasi chuqur sukut bilan tingladi:
– Men o‘n sakkizinchi iyun dushanba kuni ertalab unga soat o‘n ikkidan keyin bo‘sh ekanligimni bildirib, maktub jo‘natdim. U: “Starogradskiyda soat oltida”, – deya javob yubordi.
Men o‘n besh daqiqasi kam oltida o‘sha yerda edim, o‘zim bilan yengil ovqat, ikki shisha shampan vinosi, ikki shisha porter, stakancha va bir shisha atir olib bordim. Uni uzoq kutishimga to‘g‘ri keldi: u soat yettilarda yetib keldi…
Uyga kirib, meni parishon holda o‘pdi, so‘ng keyingi xonaga o‘tib, o‘zi bilan qo‘lida olib kelgan o‘rog‘liq narsani divanga tashladi.– “Chiqib tur,– dedi u frantsuzchalab,– men yechinishim kerak”. Men chiqib ketdim. Yana uzoq bir o‘zim yolg‘iz o‘tirdim. Men mutlaqo hushyor, lekin juda dilgir edim, munosabatimiz nihoyalab borayotganini g‘ira-shira his etib turardim… Ustiga-ustak, muhit ham g‘alatiroq bo‘lib borardi: xuddi tundagidek, men olov yonida o‘tirardim, holbuki, bu qorong‘i xonaning gung devorlaridan tashqarida hali yorug‘ va ajoyib yoz kuni hukm surayotganini sezib, bilib turardim… U meni uzoq vaqt yoniga chaqirmadi, men ham uning nima bilan band ekanini bilolmadim. Eshik orqasida tiq etgan tovush eshitilmasdi.Oxiri: “Endi kiraverishing mumkin…”,– deb baqirdi u.
U divanda bitta tungi ko‘ylagining o‘zida, paypoqsiz, tuflisiz yalang‘och oyoqlarini ko‘rsatib, xo‘mraygancha shiftdagi fonarga jim tikilib yotardi. O‘zi bilan olib kelgan bo‘xcha ochilib, unda men o‘z revolverimni ko‘rdim-da: “Buni nega olib yuribsan?”– deb so‘radim. U bir ozdan so‘ng: “O‘zim, shunday… Axir, men jo‘nab ketayapman… Yaxshisi, sen buni uyingda emas, shu yerda saqla…– deb javob qaytardi u. Xayolimdan: “Yo‘q, bu bekorga emas!” – degan dahshatli bir fikr o‘tdi.
Bundan keyingi suhbatimiz uzoq, lekin zo‘rma-zo‘raki, sovuqqina o‘tdi. Ichimda o‘lguday qo‘rqib turardim, – miyamga biror aqlli gap kelib qolarmikin, deb kutardim, – mana, hozir, fikrimni bir yerga jamlayman-da,oxiri eng muhim qarorimni aytaman deb intiq edim, – chunki men bu uchrashuv biz uchun so‘nggisi ekanini yoki harholda bizni uzoq muddatli ayriliq kutayotganini anglab tursam-da, hech narsa qilolmadim, o‘zimni butunlay kuchsiz va ojiz his etardim. U: “Chekking kelsa, chekaver..” – dedi. – “Senga yoqmaydi-ku! – dedim men. – “Endi menga baribir, – dedi u. – Menga shampan vinosidan ber…” Bundan men shunday xursand bo‘ldimki, zero, bu men uchun najot edi. Biz bir necha daqiqa ichida bir shisha shampan vinosini bo‘shatdik, men uning yoniga o‘tirdim-da, qo‘llaridan o‘pa turib, bu ayriliqni ko‘tara olmasligimni aytdim. U sochlarimni to‘zg‘ita turib, parishon holda: “Ha, ha… Xotining bo‘lolmasligim, bu qanday baxtsizlik… Barchasi, bari bizga qarshi, yolg‘iz Yaratganning o‘zigina bizga xayrixoh… Men sening qalbingni, tasavvuringni sevaman…” Bu so‘nggi so‘zlari bilan nima demoqchi bo‘ldi, bilmadim. Men yuqoriga – soyabon tepasiga boqib: “Qara, sen bilan bu yerda xuddi sag‘anada turgandekmiz. Qanday sukunat!”– dedim, u bunga ma’yus jilmayib qo‘ydi…
Soat o‘nlarga borib, u ochiqqanini aytdi. Biz oldingi xonaga o‘tdik.U juda kam ovqat yedi, men ham,– biz ko‘proq ichdik. Birdan ko‘zi men olib kelgan yengil ovqatga tushdi-yu, “tentak, yana nimalarni ko‘tarib yuribsan! Boshqa bunday qilma”,– dedi. “Bu “boshqa” deganing qachon bo‘larkin?” – dedim. U bir g‘alati qarash qildi-da, so‘ng boshini egib, qovog‘i ostidan ko‘zlarini olaytirib qaradi. “Iso, Maryam, – deb pichirlardi u,– biz endi nima qilamiz? Men telbalarcha seni xohlayapman! Yura qol…”
Bir muncha muddatdan so‘ng men soatimga qaradim, soat ikki bo‘lgandi. “O‘-ho‘, kech bo‘lib qolibdi,– dedi u.– Hoziroq uyga ketishim kerak”. Ammo, u joyidan ham qo‘zg‘almay, qo‘shib qo‘ydi: “Bilasanmi, bu yerdan juftakni qancha tez rostlasak, shuncha yaxshi, lekin joyimdan qo‘zg‘alolmayapman. Xuddi bu yerdan chiqib ketolmaydigandek his etyapman o‘zimni. Sen Xudoning xohishi bilan mening yozmishim, qismatimsan…” Hattoki shuni ham tushunishni istamayapman. Ehtimol, u, keyin yozib qoldirgan: “O‘layapman, lekin o‘z xohishim bilan emas”,– degan so‘zlar bilan bog‘liq biror narsa demoqchi bo‘lgandir. Bu so‘zlar bilan u mening oldimda o‘zini kuchsiz, himoyasiz his etgan deb o‘ylaysizmi? Menimcha, u boshqa narsani: bizning tolesiz bu uchrashuvimiz – taqdir, Xudoning istagi, u o‘z ixtiyori bilan emas, Xudoning xohishi bilan o‘layapman, degan so‘zlarni aytmoqchi bo‘lgan. Vaholonki, men o‘shanda bu so‘zlarga ko‘pam e’tibor bermaganman, uning g‘alatiroqligiga ko‘nikib ham qolgandim. Keyin u dabdurustdan: “Qalaming bormi?”– deya so‘rab qoldi. Men yana hayron bo‘ldim: unga qalam nega kerak bo‘lib qoldi ekan? Yon daftardagi qalamni olib berishga shoshildim. U tashrif qog‘ozimni ham so‘radi. Unga nimalarnidir yozayotganda: “Menga qara, tashrif qog‘ozga xat yozish noqulay-ku”,–dedim. “Yo‘q, bu shunchaki o‘zim uchun”,– deb javob berdi.– Men o‘ylab, ham uxlab olaman, meni yolg‘iz qoldir”. Yozilaverib to‘ldirib tashlangan tashrif qog‘ozini ko‘kragiga qo‘ydi-da, ko‘zini yumdi. Hammayoq shunday tinchidi-qoldiki, bundan esing og‘ib qolishi hech gap emasdi…
Shu alpozda yarim soatdan ko‘proq vaqt o‘tdi. U birdan ko‘zini ochdi-da: “Yodimdan chiqayozibdi, men uzugingni qaytarib bergani kel-gandim. Kecha o‘zing hammasiga nuqta qo‘ymoqchi eding-ku”, – dedi sovuqqina qilib. U qaddini bir oz ko‘tardi-da, uzukni devorga qarab uloqtirdi. “Nahotki, sen meni sevasan?– deyarli qichqirib dedi u. —Tushunolmayman, qanday qilib sen meni bu yorug‘ olamda yashashimga yo‘l qo‘yib beryapsan! Men ayolman, menda subut yo‘q. Men o‘limdan qo‘rqmayman – azob chekishdan qo‘rqaman, xolos, lekin sen bitta o‘q bilan meni, so‘ng o‘zingni marhumga aylantirishing mumkin”. Menga shu yerda ayanchli ahvolimizning dahshatli bir haqiqati ayon bo‘lgandi, endi qanday yakun topmasin, buni nima bilandir hal etish vaqti kelgandi. Lekin uni o‘ldirish – yo‘q, aslo, bu ish mening qo‘limdan kelmasligini sezib turardim: men his etayotgan narsa boshqa edi: men uchun hal qiluvchi lahzalar yetib kelgandi. Men revolverni oldim-da, tepkisini ko‘tardim. U hayqirib: “Nima? Faqat o‘zingni otasanmi?–deya irg‘ib o‘rnidan turdi.– Yo‘q, Iso nomi bilan qasam ichamanki, bunday qilmaysan!” – dedi va revolverni qo‘limdan yulqib oldi.
Yana o‘sha yurakni o‘rtovchi jimjitlik. Men cho‘nqayib o‘tirardim, u esa qimir etmay yotardi. Bir vaqt u o‘ziga-o‘zi polyakchalab nimanidir gapirdi-da, keyin: “Uzugimni bu yoqqa ber”, – dedi menga. Men unga uzukni uzatdim. “O‘zingnikini ham!” – dedi u. Men bu buyruqni ham bajarishga shoshildim. U o‘zinikini qo‘liga taqdi-da, menga ham uzugimni taqishimni buyurdi, keyin gapira ketdi: “Men seni hamisha sevganman, hozir ham sevaman. Seni aqldan ozdirdim, azob berdim, nima qilay, fe’lim shunaqa ekan, qismatimiz shunaqa bo‘ldi. Menga yubkamni uzatib yubor-da, qora vino olib kel…” Unga yubkasini uzattim-da, vinoga ketdim, qaytib kelganimda yonida zahar solingan shisha idishni ko‘rdim. “Menga qara,– dedi u qat’iy ohangda.– O‘yin-kulgilar shu bilan nihoyasiga yetdi. Sen mensiz yashay olasanmi?” Men, yo‘q, deb javob berdim.– “Ha”– dedi u,– men qalbingni, fikrlaringni butunicha o‘zimniki qilib olganman. Endi o‘zingni o‘ldirish uchun ikkilanmaysanmi? Agar shunday qilolsang, meni ham o‘zing bilan olib ket. Mening ham sensiz yashashimdan ma’no qolmaydi. Meni o‘ldirganingdan so‘ng, o‘layotganingda va nihoyat men endi toabad, butunlay seniki ekanimni bilib o‘lasan. Endi men senga o‘z hayotimni so‘zlab beraman…” U bir oz dam olib, o‘ziga keldi-da, shoshmasdan, bolaligidan boshlab butun hayotini menga hikoya qilib berdi…
XIV
Men hatto qaysi birimiz yozishni avvalroq boshlaganimizni ham yaxshi eslayman… O‘shanda qalamni ikkiga bo‘lgandim.. Biz yozishni boshladik va hammavaqt jim o‘tirib yozdik. Yanglishmasam, men eng avval otamga xat yozdim… Siz, nima uchun men otam “mening baxtli bo‘lishimni istamayapti” deb ularga qilgan ta’namni, mening esa biror marta bo‘lsa-da, nikohimizga otamning roziligini olishga harakat qilmaganimni bilmoqchimisan? Qaydam… Baribir ular bu nikohga rozi bo‘lmasdilar… Men keyin polkdagi do‘stlarimga xat yozib, ular bilan vidolashganman. Yana kimga deysizmi? Ha, tuzukroq qilib ko‘mishlarini aytib, polk qo‘mondoniga xat yozgandim. Demak, men o‘zimni o‘zim o‘ldirishimga ishonardim — siz shunday demoqchisiz-da? Albatta. Xo‘sh, nima uchun endi buni qilmadim? Bu yog‘ini bilmayman…
U, esimda, shoshmasdan, to‘xtab-to‘xtab, har tomonini o‘ylab yozardi; so‘zni yozardi-da, xo‘mrayib devorga qarab qo‘yardi… Xatlarni uning o‘zi yirtib tashlardi, men emas. Yozardi-da, yirtardi, to‘g‘ri kelgan tomonga itqitardi… Nazarimda, hatto qabr ham o‘sha so‘nggi soatlarda, o‘sha jim-jitlikda, mana shu fonus ostida yozgan bekorchi maktublarimchalik qo‘rqinchli bo‘lmasa kerak. Men o‘sha kecha u menga nimani buyurgan bo‘lsa, hammasiga so‘zsiz itoat etganman.
U to‘satdan: “Etar, bo‘ladigan ishni tezroq bo‘lgani yaxshi. Menga vinodan uzat, meni duo qil, ey Xudo!”—deb qoldi. Stakanga vino quyib, unga uzatdim, u qaddini bir oz ko‘tarib, vinoga bir chimdim kukunni tashladi. U vinoning yarmidan ko‘pini ichib, qolganini ichib qo‘yishimni so‘radi. Men ichib yubordim. U toqatsizlana boshladi-da, qo‘limdan mahkam ushlab: “Endi meni o‘ldir, o‘ldir meni! Sevgimiz haqqi, o‘ldir meni”,– deya yalina boshladi.
Buni qanday eplashim mumkin edi? Nazarimda, uni chap qo‘lim bilan quchdim,– ha, albatta, chapi bilan – va lablariga yopishdim. U: “Alvido, alvido… Yo‘q, yoki bo‘lmasa: Assalom, endi bunisi to abadga… Bu yerlarda biror narsaga erisholmadim, demak, endi bari u yerda, arshi a’loda…” Uni mahkam qisib turardim, lekin barmog‘im revolverni bosishga shay turardi… Esimda, butun a’zoi badanim qaltiroq bosganini his etardim. U polyakchalab: “Aleksandr, sevgilim mening!” – deyishga ulgurdi, xolos.
Bu soat nechada sodir bo‘ldi deysizmi? Uchlarda, shekilli. Undan keyin men yana ikki soat nima ish qildim? Lekin men soat birdan boshlab Lixarev tomonga keta boshlaganman. Qolgan vaqt uning yonida bo‘lganman va o‘zim bilmagan holda narsalarni tartibga sola boshlaganman…
Men nega o‘zimni otmadim? Men bu haqda o‘ylamasdim. Uning jonsiz jasadini ko‘rdim-u, barchasini unutdim. Men undan ko‘z uzolmasdim. Keyin hushimni yo‘qotgan holda uni va xonani tartibga keltira boshladim… Men sendan keyin o‘zimni o‘ldiraman, deb bergan va’damni buzishim mumkin emasdi, lekin loqaydlik meni butunlay domiga tortgan edi… Men hozir o‘z hayotimga ham xuddi shunday loqaydlik bilan qarayman. Ammo meni jallod deb o‘ylashlariga hech chidolmayman. Yo‘q, yo‘q! Balki, men qonun oldida, Xudo oldida gunohkordirman, lekin zinhor uning oldida emas!
Ruschadan Dildora Aliyeva tarjimasi