Meni bir umrga mayib, oqsoq qilib qo‘ygan bu voqea ayni navqiron yigitlik chog‘imda, olis Iudeyada yuz bergan edi, − deb hikoyasini boshladi baland bo‘yli, qomati kelishgan, yuzlari sarg‘imtir, qo‘y ko‘zlari yaltirab turadigan, jingalak kalta sochlari oqargan kishi. Chap tizzasi bukilmaganidan u doim qo‘ltiqtayoqda yurar edi. − U paytda O‘lik dengizning chap qirg‘og‘ida − afsonaviy Sodom va Gomorrada ish olib borayotgan tadqiqot guruhiga a’zo edim, Istanbulda ushlanib qolgan sheriklarimni kutib Quddusda yotardim va vaqti-vaqti bilan Ierixon yo‘lidagi badaviylar qo‘nalg‘asida yashovchi shayx Aidning oldiga borib turardim; safarga kerakli hamma narsani topib berish va yo‘lboshlovchilik qilishni zimmasiga olgan bu kishini menga qudduslik arxeologlar tavsiya qilishgandi. Birinchi kun bir kishi yo‘l ko‘rsatib bordi, maslahatlashib, gapni pishitib qaytdim; ertasi kuni uning o‘zi Quddusga keldi; shundan so‘ng manzilini yolg‘iz topib boradigan bo‘ldim, minishga kelgan chiroyli baytalini sotib oldim, keyin u tomonga kunda, kun ora qatnay boshladim…
Ko‘klam fasli edi. Iudeya saxiy quyosh nurlariga g‘arq bo‘lgan, «Qo‘shiklar qo‘shig‘i»da aytilganidek: «Qish o‘tib ketdi, zamin gulga to‘ldi, qo‘shiq kuylash davri keldi, mayna soz chaladi, gullagan uzum novdalari muatgar bo‘y taratadi». Toshloq Iudeya sahrosidan o‘tadigan ko‘hna Ierixon yo‘li har galgidek kimsasiz, tashlandiq bo‘lib, garmsel va qum ko‘z ochirmasdi. Ammo bu charog‘on bahor kunlarida men o‘zimni nihoyatda baxtiyor, shod-xurram his qilardim; Sharkqa birinchi marta kelishim, misli yo‘q yangi bir dunyoni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rmoqda edim, bu dunyoda yana bir mo‘jiza − Aidning jiyani ham bor edi.
Urdun vodiysigacha cho‘zilib ketgan Iudeya sahrosining o‘zi bir olam, unda-bunda tikanak butalar o‘sib, ilonlar va kakliklar makon qurgan chag‘ir toshli, qumloq tepaliklar, yaydoq qirlar abadiy sukutga cho‘mib yotadi. Iudeyada butun qish bo‘yi yomg‘ir yog‘ib, muzdek shamollar esadi; bahor, yoz, kuzda yana bir xil manzara va qabriston jimligi hukmron, ammo hamma yerda jazirama issiq, mudroq sukunat.
Quduqlari bor kichik daralarda badaviylar manziliga xos izlar: gulxandan qolgan kul, chodirlarni tikish uchun doirasimon yoki to‘rtburchak qilib taxlangan qator toshlar ko‘zga tashlanadi… Men boradigan shayx Aidning manzili ham tepaliklar orasidagi keng qumloq o‘tloqqa joylashgan, sariq qumlar qo‘ynida nihoyatda xunuk ko‘rinadigan qora namatdan yapaloq yoki to‘rtburchak shaklda qurilgan bir necha o‘tovdan iborat edi. Bu yerga kelganimda har gal chodirlar oldida tutab yotgan tezak uyumini ko‘rar edim, chodirlar orasi tor: hamma yerda itlar, otlar, xachirlar, echkilar − ularni qayerda va qanday boqishadi − haligacha buni bilmayman, bir to‘da yalang‘och, qora-qura, jingalak soch bolalar, ba’zilari lo‘lini, boshqalari zanjini eslatadigan, ammo lablari yupqa xotinlar va erkaklar uymalashib yurishardi…
Ularning kiyimlari ham juda g‘alati: jazirama issiq bo‘lishiga qaramay, erkaklar tizzagacha tushadigan qalin ko‘ylak, paxtali kamzul, uning ustidan esa ola-bula jundan − oq va qora rangda yo‘l-yo‘l qilib tikilgan, yelkalari keng, uzun va og‘ir qabo kiyishadi: boshlariga bir uchi yag‘riniga tashlangan, chekkalariga yana ola-bula enli jun ipak ip ikki marta aylantirib bog‘lab qo‘yilgan qizil hoshiyali yo‘l-yo‘l sariq ro‘mol − kefiyya o‘rab olishadi. Ayollarning kiyimi ularnikiga tamomila qarama-qarshi: boshlariga kubsimon ro‘mollar tashlab yurishadi, yuzi ochiq, egnida kubsimon uzun ko‘ylak, o‘tkir uchli yengi oz bo‘lmasa yerga tegay deydi, erkaklarning oyog‘ida nag‘al qoqilgan qo‘pol boshmoqlar; ayollar yalangoyoq yurishadi, boldirlari biram ajoyib. Erkaklar chilim chekishadi, ayollar ham…
Qo‘nalg‘aga ikkinchi marta yulboshlovchisiz yolg‘iz o‘zim kelganimda meni yaqin do‘stlaridek kutib olishdi. Aidning chodiri hammanikidan katta edi, men bu yerda − ichkariga kirish uchun etagi ko‘tarib qo‘yilgan qora namat chodir yonida qator o‘tirgan bir to‘da keksa badaviylarga duch keldim. Aid istiqbolimga chiqdi, o‘ng qo‘lini labi va peshonasiga tegizib, ta’zim qildi. Chodirga meni o‘zidan avval kirgizdi. Ichkari kirgach, chodir o‘rtasiga solingan gilamga o‘tirishini kutib turdim, so‘ng men ham unga o‘xshab o‘ng qo‘limni labim va peshonamga tegizib o‘tirgan odamlarning hammasiga ta’zim qilib chiqdim, keyin Aidning yoniga o‘tirib yana shu harakatlarni takrorladim, albatta, menga ham shunday javob qaytarishdi. Faqat xo‘jayin ikkimiz qisqa va ohista gaplashib o‘tirdik, odat shuni taqozo etardi, bundan tashqari, hali men jonli arab tilini yaxshi bilmasdim, boshqalar chekar va sukut saqlashardi.
Chodirdan tashqarida menga va mehmonlarga ziyofat tayyorlashmoqda edi. Odatda badaviylar xibiz − zog‘ora non va echki sutida pishirilgan bug‘doy yormasi iste’mol kilishadi… Mehmonni esa xaruf − qumda qazilgan va tezak yoqiladigan o‘choqda pishirilgan qo‘y eti bilan siylashadi. Taomdan keyin har doim qand solinmagan qahva tortishadi. Hamma bemalol yeb-ichib o‘tirar, namat chodirdan tashqarida esa xuddi do‘zax alangasidek garmsel ufurib turar, chodirning keng ochib qo‘yilgan tirqishidan sahroga qarashning o‘zi meni dahshatga solardi: olisdagi yaltiroq qumlar odamning ko‘ziga xuddi suzib ketayotganga o‘xshab ko‘rinardi. Shayx har bir so‘zidan keyin menga xoja − janob deb murojaat qilar, men ham uni muhtaram badaviy shayx, ya’ni sahro o‘g‘li deb atar edim. Darvoqe,Urdun arabchasiga qanday atalishini bilasizlarmi? Juda oddiy: Shariat − bor-yo‘g‘i suvloq joy degani.
Aid ellik yoshlarga borgan, past bo‘yli, suyagi ingichka, ozg‘in bo‘lsa-da, chayir; yuzi − pishirilgan g‘ishtning o‘zi; kulrang tiniq ko‘zlari o‘tkir, oqara boshlagan qattiq, kumush cho‘qqi soqoli va mo‘ylovi yaxshilab kuzalgan, − badaviylar soqol-mo‘ylovga alohida e’tibor berishadi, − boshqalar singari nag‘al qoqilgan katta boshmoq kiygan edi. Quddusda oldimga kelganida belbog‘iga xanjar taqib, uzun miltiq ko‘tarib olgandi.
Jiyanini o‘sha «do‘st» bo‘lib borgan kunimda ko‘rdim, u boshidagi katta mis ko‘zani o‘ng qo‘li bilan ushlagancha, chodir yonidan qaddini tik tutib o‘tib ketgan edi. Necha yoshdaligini bilolmadim, chamasi, o‘n sakkizdan oshmagandi, bundan to‘rt yil oldin erga tekkani va shu yildayoq beva qolgani, bolasi yo‘qligini, tog‘asining chodiriga g‘irt yetim va qashshoq holda qaytib kelganini keyinchalik bilib oldim. «Ko‘zingga qara, Sulamif!» − deb o‘yladim men. (Axir Sulamif ham aynan shunga o‘xshagan edi. «Quddusning qizlari, men qora va chiroyliman».)
U chodir yonidan o‘tayotib, boshini salgina burib, menga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi: bu ko‘zlar favqulodda qop-qora, sirli edi. Qoracha yuzlari, qalin binafsharang lablarini ko‘rishim bilanok, maftunu lol bo‘lib qoldim… Faqat shular deysizmi?! Butun qiyofasi meni mahliyo qilib qo‘ydi: mis ko‘zani qattiq ushlagan qo‘llari yelkasigacha yalang‘och, uzun kubsimon ko‘ylak ostida oxista to‘lg‘anib ketayotgan xipcha qomati, ko‘ylagini ko‘tarib turgan bo‘liq ko‘kraklari…
Bu xam yetmagandek, ikki-uch kundan keyin uni Quddusda − shundoqqina Yaff darvozasi yonida uchratib qolsam bo‘ladimi! U olomon orasida men tomonga yurib kelar, boshida qandaydir tugun ko‘tarib olgan edi. Meni ko‘rib, to‘xtadi. Darhol oldiga bordim.
− Meni taniyapsanmi?
U bo‘sh turgan chap qo‘li bilan yelkamga salgina turtib qo‘yib, jilmaydi:
− Tanidim, hojam.
− Nima olib ketayapsan?
− Echki pishlog‘i…
− Kimga?
− Hammaga.
− Demak, sotar ekansan-da? Unda menikiga olib boraqol.
− Qayerga?
−Mana buyoqda, mehmonxonaga…
Men Yaff darvozasining shundoq yonidagi baland ensiz binoga joylashgan edim, u kichkina maydonning chap tomonidagi boshqa uylar bilan tutashib, zinapoyalarga to‘la qorong‘i, ba’zi joylari tim yoki ko‘hna gumbazlar bilan yopilgan, qadimiy ustaxonalar va do‘konlar qalashib ketgan «Shoh David ko‘chasi»ga ulanib ketgan edi. U hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan oldinga o‘tdi va egri-bugri, tor tosh zinapoyalardan xiyol oldinga engashgan ko‘yi xipcha qomatini erkin tutib yurib ketdi, ro‘molchadagi pishloqni naridan beri nomigagina ushlab olgan o‘ng qo‘li yalang‘och bo‘lib, yelkasiga tushib turgan qora sochlari ko‘zni o‘ynatar edi. Burilishdagi zinapoyalardan birida to‘xtadi: u tomonda, qo‘shni uylarning tutash to‘rtburchak devorlari ostida xuddi quduqdagi kabi ko‘kimtir suv − ayni o‘sha suv − yalang‘och badani bilan shoh Davidni asiru lol etgan Uriyaning xotini Virsafiya cho‘milgan ko‘hna «Avliyo Iezikil shalolasi» yarqirab ko‘rinib turar edi. U to‘xtar ekan, oynaga qaradi, so‘ng o‘girilib, maftunkor ko‘zlari bilan menga shodon nazar tashladi.
Men o‘zimni tutib turolmadim, engashib bo‘ynidan o‘pdim, u menga hayratlanib bokdi − badaviylarda bo‘sa olish odati yo‘q. Xonamga kirgandan keyin u tugunini stol ustiga qo‘ydi va o‘ng qo‘lini menga uzatdi. Men kaftiga bir necha mayda mis chaqa tashladim, so‘ng, hayajondan qaltiragan holda bitta oltin funt chiqarib unga ko‘rsatdim. U tushundi va kipriklarini yumdi, itoatkorona boshini egib, kaftlari bilan ko‘zlarini berkitdi…
Yarim soatdan keyin uni zina oldida kuzatib qo‘yar ekanman:
− Yana qachon pishloq olib kelasan? − deb so‘radim.
U boshini ohista liqillatdi:
− Yaqin kunlarda kelolmayman.
Shunday deb besh barmog‘ini ko‘rsatdi: besh kundan keyin. Ikki hafta o‘tgach, Aidning oldidan qaytayotib, manzildan ancha uzoqlashganimda, orqamdan miltiq ovozi eshitildi va yonimdagi toshga o‘q kelib urildi, zarb shunday kuchli ediki, hatto toshdan tutun chiqib ketdi. Men egarga engashib, otga qamchi bosdim, ikkinchi marta miltiq qarsilladi, chap tizzamga nimadir qattiq tekkanini sezdim. Quddusga yetguncha otni to‘xtatmadim, bir vaqt engashib qarasam, etigimdan qon ko‘piklanib oqmokda edi… Aid qanday qilib ikki martada ham mo‘ljalga urolmaganiga hali-hali hayron qolaman. Yana jiyani menga pishloq sotayotganini qayerdan bilib olganiga hamon aqlim yetmaydi…
Ortiqboy Abdullayev tarjimasi