Hayot ajoyib sirlar va tilsimlar bilan to‘la.
Ba’zan kuni kecha yaratilgan asar qo‘lyozmasini topolmay, shoirning o‘zi ham, siz ham rosa xunob bo‘lasiz. Ba’zan bundan ellik, hatto yuz yil avval dunyo yuzini ko‘rgan, ammo uning borligini hech kim bilmagan asarlar, tilla baliqcha singari, tadqiqotchi “qarmog‘i”ga ilinadi- qoladi.
Kamina bundan bir-ikki yil avval Usmon Nosir qalamiga mansub bir tarjimaning mavjudligini aniqlagan edi. Ammo mening bu topilma haqidagi maqolam matbuotda juda kechikib chiqdi. Undan ham achinarlisi shundaki, adabiy jamoatchiliik, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek, unga zarracha e’tibor bermadi. Holbuki, nazarimda, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir singari adiblar qalamiga mansub har bir yangi asarning topilishi adabiyotimiz uchun bayram bo‘lishi lozim.
Gyotening boy adabiy merosida “Egmont” tragediyasi alohida mavqeni egallaydi. Garchand buyuk nemis shoiri bu asarga 1786 yili Italiyada so‘nggi nuqtani qo‘ygan bo‘lsa-da, u shu voqeadan roppa-rosa o‘n yil ilgari,1776 yili yozila boshlagan. Shuning uchun ham unda navqiron Gyote ijodiga xos romantik pafos, qahramonona ruh ustuvorlik qiladi.
Graf Egmont — tarixiy shaxs. Uning hayoti va faoliyati Niderlandiyaning ispan hukmronligiga qarshi olib borgan milliy-ozodlik harakati bilan chambarchas bog‘liq. Egmont tarixiy shaxs sifatida hech qachon bu harakatning yo‘lboshchisi bo‘lmagan. Ammo mustabid ispan tuzumi Egmont siymosida qo‘zg‘olon ko‘targan ommaning yo‘lboshchisini ko‘rgan va uni mahv etib, qo‘zg‘olon “ildiz”ini tag-tomiri bilan qirqib tashlamoqchi bo‘lgan.
Gyote o‘z asarini yozish jarayonida Egmont obrazini qayta idrok etdi: qirolga sodiq bu insonni el-yurtning ardoqli farzandi, niderland milliy xarakterining jonli tajassumi sifatida talqin qildi.
Hurlik va ozodlik uchun kurash g‘oyasi balqib turgan “Egmont” tragediyasi buyuk nemis kompozitori Lyudvig Van Betxovenga bir olam ilhom bag‘ishladi va u o‘zining o‘lmas muzikasi bilan bu asarga ikkinchi umrni ato etdi. Mana, bir yarim asrdan ziyod vaqtdan beri “Egmont”, Betxovenning bu asar asosida yaratilgan “Fidelio” operasi-yu “Leonora” uvertyurasi jahon teatrlari va kontsert zallari sahnasini bezab kelmoqda.
XX asrning 30-yillaridan Betxoven muzikasi bilan muzayyan etilgan “Egmont” tragediyasi mashhur rus artistlari ijrosida namoyish etila boshladi. O‘sha yillari O‘zbekiston radioqo‘mitasida ham ushbu asarni efir orqali o‘zbek tilida xalqqa yetkazish istagi tug‘ildi. Qo‘mita rahbari Qurbon Bereginning maslahati bilan asar tarjimasi Usmon Nosirga topshirildi. Shu kezlari “Demon”ni o‘zbek tiliga qoyilmaqom tarjima qilgani va ijodida isyonkorlik ruhi kuchli ekani uchun, Q. Beregin nazarida, bu asarni faqat Usmon Nosirgina tarjima qilishi mumkin edi. Ammo tarjima tayyor bo‘lib, radiospektaklni yaratishga kirishilgan vaqtda Usmon Nosir daf’atan qamoqqa olinadi.
1937 yil 28 avgust kuni bo‘lib o‘tgan tergov vaqtida radioqo‘mita adabiy eshittirish tahririyati xodimlaridan biri bunday ma’lumot bergan: “Taxminan iyul oyining oxirlari yoxud avgust oyining boshlarida men “Egmont” adabiy-musiqiy eshittirishi tarjimoni Usmon Nosirovning hibsga olinganini eshitdim. Men bu haqda Pekkerga aytib, undan endi nima qilamiz, deb so‘radim. Pekker menga aniq bir javob bermadi. Shundan keyin ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston radioqo‘mitasiga respublikada xizmat ko‘rsatgan artist Abror Hidoyatov kirib keldi. Pekker unga asarning aksilinqilobchi millatchi Usmon Nosirov tomonidan tarjima qilingani haqida churq ham etmay, unga Egmont monologini yodlash uchun berdi. Bu ham kamlik qilgandek, Abror Hidoyatov asarni kim tarjima qilganligi bilan qiziqqanda Pekker uning allaqanday Usmonov degan odam tomonidan tarjima qilinganini aytdi…”
Ushbu ko‘rsatmaga qaraganda, “Egmont” rolini Abror Hidoyatov ijro etishi, sharnofonga yozib olingan bu adabiy-musiqiy eshittirish Parijda o‘tajak ko‘rgazmaga yuborilishi va xalqaro festivalda o‘zbek madaniyatining sovet davrida erishgan yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilishi lozim edi. Lekin, afsuski, “hushyor” kimsalarning sa’y-harakatlari tufayli “Egmont” radiospektakli o‘z vaqtida efirga chiqmadi. Asarning Abror Hidoyatov qo‘lidagi nusxasi NKVD tomonidan olib ketildi. Buyuk o‘zbek artisti esa “aksilinqilobchi va millatchi shoir” qalamiga mansub tarjimani ijro etmoqchi bo‘lgani uchun jabr tortdi.
50-yillari O‘zbekiston radioqo‘mitasiga ishga kelgan taniqli so‘z ustasi Ubay Burhon, keksa radiojurnalist Burhon Ziyoyevning xotirlashiga ko‘ra, mazkur tarjimaning boshqa bir nusxasini topib, shu nusxa asosida “Egmont” radiospektaklini tayyorladi va bu asar uzoq yillar davomida efir orqali eshittirib borildi. Biz bugun bu asarni o‘qir ekanmiz, uning dahshatli 1937 yili Usmon Nosir tomonidan bejiz tarjima etilmagani va unda qatl oldida turgan o‘zbek shoirlarining qalb nidolari ifodalanganiga guvoh bo‘lamiz.
Quyida birinchi marta e’lon qilinayotgan “Egmont” monologi otashnafas shoir va tarjimon Usmon Nosirning so‘nggi qo‘shig‘idir.
Naim KARIMOV
K l ye r h ye n q o‘ sh i g‘ i
(Muzika)
Yangrar barabanlar
Ham fleyta kuylar.
Mening yorim otryad
Oldida borar.
Ey, zavqing kelar,
Ko‘ngling qo‘zg‘olar.
Ey, bo‘lsa agarda
Dubulg‘a, qalqon,
Kurashga chiqardim
Men ham begumon.
Borardim ortidan
Qolmay izma-iz.
Chekindi yov, olg‘a
Borar polkimiz.
Qanday yaxshi botir,
Zo‘r jangchi bo‘lmoq.
Zo‘r jangchi bo‘lmoq.
Egmont (yolg‘iz). Qadrdon do‘stim! Vafoli uyqu! Boshqa do‘stlarim kabi nahotki sen ham meni tark etding! Sen axir erkin o‘ylarimga orom berar, go‘zal va so‘nmas bir sevgi chambari kabi ardoqlar eding. Janglar suroni va dunyo tashvishlari ostida men begunoh bir go‘dak singari og‘ushingda tinch va yengil nafas olar edim. Bo‘ron daraxt butoqlari va yaproqlari orasidan esib o‘tib, uning tanasini silkitsa ham o‘zagi omon qoladi-ku. Nechun men qaltiramoqdaman? Dalil va sodiq qalbimni g‘alayonga solayotgan nima? Bilaman: bu — qotil boltasi. U mening hayot ildizlarimni kemirmoqchi bo‘ladi. Qomatim raso tursa ham ichdan qaltiroq sezayotirman. Nima uchun sen, eng qo‘rqinchli xavf-xatarlarni sovun ko‘piklaridek uchirib yuborgan kishi senga qarshi kelayotgan dahshatlarni mahv etib tashlayolmaysan? Axir sen o‘limning har qanday dahshatlari ichida, hayotning oddiy tashvishlari ichida yashagandek bahuzur yasharding-ku!.. Yo‘q, meni dahshatga solgan o‘lim emas. Bu mard yurak nogihon o‘lim bilan olishishga har qachon tayyor. Go‘rga o‘xshash bu zindon qo‘rqoqlar nazarida ham, botirlar nazarida ham jirkanch ko‘rinadi. Davlat kengashida knyazlar hal qilinishi juda oson bo‘lgan masalalar ustida uzundan-uzoq muzokara yuritganlarida, yumshoq kresloda o‘tirib ularni tinglash naqadar og‘ir edi menga! Uzilmas zalning devorlari ostida men o‘zimni xuddi bo‘g‘ilgandek his qilardim. O‘shanda men imkon boricha u yerdan tezroq qochishga shoshilar va otga minar, sof havodan to‘yib-to‘yib nafas olish uchun olislarga, erkinlik qo‘yniga, qirlarga chopardim. U bepoyon dalalarda tabiat o‘zining yer tagidan chiqqan butun noz-ne’matlarini in’om etar va osmon o‘z yulduzlari bilan olamni yoritardi. U yerlarda biz ona yerning farzandlari kabi uning og‘ushida xuddi pahlavonlarga o‘xshab yuksaklarga baland parvoz qilish uchun yana kuchliroq intilardik. Biz u yerda butun insoniy his-tuyg‘ularni sezardik, qonlarimizda butun insoniy intilishlar alangasi yonar, u yerda yosh ovchining ko‘nglida olg‘a intilish, zafar tashnaligi, o‘z kuch-qudratini ko‘rsatish orzusi jo‘sh urardi.
Oh, bu faqat xayolot, xolos. Ko‘p zamonlar molik bo‘lganim saodatning soxta xayoloti, xolos! Bu makkor taqdir seni qayoqqa undar? Yoki seni hech qachon qo‘rqitolmagan o‘limni quyosh chehrasiga keltirish o‘rniga go‘r azobidan darak bermoqchimi? Bu tosh devorlar naqadar badbo‘y hid sochadilar menga! Hayotim so‘nayotir. Tobutga o‘xshash bu uyqu to‘shagiga bosh qo‘yish naqadar dahshatli…
Oh, hasrat, qayg‘u! Meni bevaqt o‘limga mahkum etmoqchi bo‘lgan hasrat, to‘xta, qo‘y meni!.. Qachondan beri Egmont olamda butunlay tanho qoldi? Seni ezayotgan narsa baxt emas, shubhalar, shubhalar ezayotir… Nahotki, sen butun umr ishonganing qirolning adolati yoki malikaning muhabbatsimon do‘stligi seni qorong‘i so‘qmoqda yolg‘iz qoldirib, tun qo‘ynida g‘oyib bo‘lib ketdi? Nahotki, shahzoda Oranskiy do‘stlarga bosh bo‘lib, meni ozod etishga jur’at etolmasa? Nahotki, xalq ko‘tarilmasa? Nahotki, qudratli kuch bo‘lib o‘z qadrdon do‘stiga najot bermasa?
Ey, meni o‘z iskanjasiga olgan devorlar! O‘z qalblarini qalqon qilib men uchun yordamga kelayotganlarning yo‘lini to‘smangiz! Avvallari mening ko‘zlarimdan emib olganlari u jasorat olovlari endi ularning qalblaridan yana mening qalbimga quyulsin. Ha, ha! Ular ming-ming bo‘lib qo‘zg‘olayotirlar! Ular kelayotirlar! Ular menga madad beradilar! Ularning o‘tinch nidolari ko‘kka uchmoqda, ular mo‘jiza istaydilar, ular nayza va qilich olajaklar. Ularning zarbalari ostida darvozalar qulab tushadi. Kishanlar parchalanadi, devorlar yiqiladi va Egmont yorishayotgan tong shu’lalari ostida ozodlik qarshisiga peshvoz chiqadi. O, qancha-qancha tanish yuzlar shodiyonalik bilan kutib olurlar meni!..
K l ye r h ye n q o‘ sh i g‘ i
(Muzika)
Shodlik va qayg‘u
Fikring band etar.
Yorim charchab, nafas
Kuchlanar, qiynar.
Azob tugab, uni
Quchadi shafqat
Va baxtiyorlik,
Faqat muhabbat.
Baxtu bahor bilan
Sevgi-muhabbat.
Egmont. Hammasi tugadi. Hammasi hal. Najot yo‘q. Turmadan chiqishga ham yo‘l yo‘q. Jallodlar bostirib kiradilar. Men esa boshimni bolta ostiga qo‘yaman va shu turmada mangu uyquga ketaman. Men qo‘lda qilich ushlab emas, shuhratli jangda emas, Gravelin jangida o‘zini jangga tashlagan va orqasidan butun qahramonlar polkini yetaklab boruvchi qahramon sifatida emas, turmada hayot bilan vidolashmakdaman. Endi shu qorong‘i turma devorlari ostida, shu bolta ostida tanho jon beraman.
Hammasi tugadi. Hammasi hal. Nima bo‘ldi menga? Nima uchun ko‘nglimda osoyishtalik? Bu qanday toza ruh? Menga hech narsa qo‘rqinchli emas. Men tanho emasman. Ey, mening do‘stlarim, jonajon xalqim, o‘rtoqlarim! Men siz uchun yashadim va mening ruhim abadiy siz bilan birga. Qalbim to‘la nur ham orom. Men uxlamoq istayman va ishonamanki… Ey jallod, meni uyqudan uyg‘otmasdanoq…
Kel, ey, mening tinch oromim! Men uxlamoq istayman va ishonamanki, uxlayman. Um-m… jallod meni uyqudan uyg‘otmasdanoq umrimga xotima bera qolsaydi. (Muzika.) Kel, ey mening tinch oromim ! Kel, hayot va o‘lim haqida butun tasavvurlarni bir-biriga qorishtirib yubor. Shodlik va o‘limni ham bir-biriga qo‘sh. Sen ham kel, ey mening sevgilim! Kel, ey mening yagona Klaram, lablarimga lab qo‘yib, so‘nggi vidolashuv bo‘sasini ber. Kel, tinch oromim, hayotimning so‘nggi oromi, kel. (Muzika.)
Men ajoyib lavhani ko‘rdim! Quyosh nuriga burkangan ozodlik timsolini ko‘rdim va uning orazi, bu — erk orazi, sevgilim Klaraning orazidek tabassum qildi menga. Sizlar — mening qalbimdan joy olgan erk va sevgilim, ayting, qaysi biringizning sevgingiz kuchli ekan?.. Biroq men so‘ngida ko‘rdimki, Klaraning tabassumi ozodlik qayg‘usi bilan almashdi va qon oftob qiyofasida ravshan ko‘rindi. Bu qon erk oyog‘i ostida tuproqni qip-qizil qilib bo‘yadi. “Bu sening qoning, sening, Egmont! Bu ko‘plarning qoni — erk sevuvchilarning qoni!” degan sado yangradi. Bu qon behuda to‘kilmadi. Bu qon ozodlik uchun to‘kilgan qutlug‘ qondir.
Sening qoning tabarruk bo‘ladi, Egmont! Qo‘zg‘ol, xalqim, qo‘zg‘ol, seni zafar kutadi. Sen dengizdek ulug‘vor xalqsan, dengizdek qudratli va qo‘rqinchlisan. Sen dengiz to‘foni kabi butun to‘siqlarni parchalab tashlaysan.
O, jonajon shahrim, dushman sening devorlaringga yaqinlashmoqda. Xalqim, grajdanlar, do‘stlarim, nega hozir siz bilan birga emasman? Ammo ruhim siz bilan birga. Yana mardona bo‘ling, o‘limdan qo‘rqmang! Ozodlik uchun, o‘lmas muhabbatga ega bo‘lgan hamma odamlar uchun o‘lim yo‘q! Demak, ozodlik uchun kurashingiz! Bu turmada tinch va shodlik bilan jon berayotgan men kabi siz ham jangda shodlik bilan jon bering!
Jallod, qani kir, o‘z ishingni tugat! Ey, siz — yollangan soldatlar, siz jang maydonida kerak emassiz. Mening oldimga bostirib kirsangiz ham, o‘z saflaringizni oshirsangiz ham, baribir, mening oldimda ojiz qolasiz. Men endi ikki umr bilan yashayman. Birini siz olasiz, ammo ikkinchisini sizga bermayman. Ikkinchisi — mening umrim. Bu umr xalq bilan ozodlikda yashaydi. (Tantanali muzika.)
Usmon Nosir tarjimasi