Imre Kertes. Stokgolm ma’ruzasi

Ehtimol, biroz g‘ayritabiiy, biroq batamom samimiy iqrordan boshlashim kerak. Ushbu yilda adabiyot bo‘yicha topshiriladigan Nobel mukofotini olish uchun jo‘nab ketayotib, samolyot bortiga ko‘tarilganim hamon ortimda sovuqqon kuzatuvchining pinhon nigohini sezdim. Mana shu tantanali lahzalarda o‘zimga o‘zim kutilmaganda jamoatchilik e’tiboriga tushgan, jahon tanigan yozuvchiga emas, balki sovuqqon kuzatuvchiga o‘xshab tuyulyapman. G‘oyat muhim daqiqalarda dunyoga murojaat qilish imkoniyati nasib qilgan ekan, umid bog‘laymanki, nutqim botiniy dunyomda mavjud ikki qiyofani birlashtirib, bu hardamxayollikni bartaraf etishga yordam beradi.

To‘g‘risini aytganda, hozircha bu nufuzli mukofotu yozuvchilik hayotim o‘rtasidagi men his qilayotgan ziddiyat mohiyatini anglaganimcha yo‘q. Ehtimol, uzoq vaqt diktatura sharoitida yashaganimdan bo‘lsa kerak, balki faqat buginamasdir, tabiatimga mutlaqo zid, bedavo, begona muhit tufayli o‘zimni yozuvchi sifatida topmagandirman, buni qarangki, shu choqqacha bu haqda o‘ylamagan ham ekanman. Boz ustiga menga, hayajonga soladigan “mavzu” atalmish narsalar ahamiyatsiz va qiziqarsiz, deb tushuntirishgan. Bir so‘z bilan aytganda, aynan shu sabab bilan men yozuvchilikni shaxsiy ish, deya anglaganman, ustiga-ustak bu e’tiqodimga mos tushardi ham.

Shaxsiy degani jiddiy emas ma’nosini anglatmaydi, albatta. Garchi jiddiyat doim yolg‘onning ahamiyati yuqori sanalgan bu olamda biroz kulgiliday tuyulsa ham. Axir falsafiy aksiomaga binoan dunyo bu – mavjud reallikka bog‘liq bo‘lmagan ob’ektiv tushuncha. Men 1955 yil bahorning ajoyib kunida yagona haqiqat borligiga imon keltirdim. Haqiqat bu – men, mavhum muddatga qadar kaminaga tuhfa etilgan nozik hayot. Uni begonalar o‘zlariniki qilib oldilar, o‘zlashtirdilar, o‘zlariga moslashtirdilar va buni muhrladilar, biroq men tarix deb atalmish bu Baloi ofatdan uni tortib olishim joiz, negaki iste’dodu hayot yolg‘iz o‘zimga tegishli va uni o‘z xohishimga ko‘ra boshqaraman.

So‘zlashga ne hojat, bunday vaziyat ob’ektiv bo‘lmasa-da, shubhasiz, real muhitni menga qarshi qo‘ydi. Kundan-kun “sog‘lom va go‘zal” sotsializmu kommunistik Vengriyani nazarda tutyapman. Agarda dunyo bizga bog‘liq bo‘lmagan ob’ektiv haqiqat bo‘lsa, u holda inson shaxsiyati ham o‘zi uchun – ob’ekt, o‘tmish hayoti esa o‘zini hayratga solishi mumkin-u, biroq ularga hech qanday aloqasi yo‘q tarixiy tasodifdir. Bu hayotni butunligicha tasavvur qilish foydasiz, negaki insonning sub’ektiv “men”i mas’uliyatni bo‘yniga olishi uchun nihoyatda ob’ektiv lahzalarga duch kelishi mumkin.

Bir yildan so‘ng 1956 yilda Vengriya inqilobi shiddat bilan boshlandi va shunday qisqa tarixiy muddat ichra mamlakatda sub’ektivlik hukm surdi. Biroq sovet tanklari darhol voqealarning ob’ektiv tartibini tikladilar.

Men zinhor kesatmayapman, agarda gaplarimda zarracha kinoya ohangi sezilayotgan bo‘lsa, u holda “yigirmanchi asrda” iborasi mavjud til qismati xususida bir mulohaza yuritib ko‘ring-a. Barcha ehtimollarga ko‘ra, davrimiz yozuvchilari uchun eng asosiy, g‘aroyib kashfiyot shundaki, til – bizga qadimgi ajdodlardan merosligiga qaramay, real jarayonlarni va nomutanosib tushunchalarni ta’riflashda keraksiz. Bu o‘rinda Kafkani xotirlaylik, Oruellni eslash kifoya, ularning qo‘lida til sochilib ketdi. Ular bizga shu choqqacha tushunarsiz, yangi, notanish belgilardan iborat kulni taqdim etmoq niyatida uni gulxanga tiqdilar.

Biroq men o‘zimning shaxsiy ishim – yozuvchilikka qaytishni istardim. Kaminaning vaziyatidagi odam qoidaga binoan u bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan savollar borasida bosh qotirib o‘tirmaydi. Masalan, Jan Pol Sartr “Biz kim uchun yozyapmiz?” degan birgina savolga butun boshli kitobni bag‘ishlabdi. Bu savol qanchalar qiziq bo‘lsa, shu qadar xavfli hamdir, qismatimga hech qachon bu haqda o‘ylash bitilmagani uchun shukr qilaman. Chindan ham uning qanday xavfli tomoni bor ekan? Masalan, biz burchimizni jamiyatning u yoki bu toifasiga shunchaki estetik zavq bag‘ishlashdan iborat deb bilmay, balki ularga ta’sir ko‘rsatishimiz kerak, deya tan olsak, u holda, eng avvalo, qo‘limizdagi qalam kerakli ta’sir kuchiga egami-yo‘qmi, shu haqda chuqur mulohaza yuritib, uslubimizga baho berishga to‘g‘ri keladi. Shubha-gumonlar iskanjasida qolgan yozuvchi bor diqqat-e’tiborini yakkash o‘ziga qaratishga majbur bo‘ladi. Aks holda u o‘quvchilarga nima yoqishi haqida qayerdan biladi? Axir u har bitta odamni savolga tutmaydi-ku? Bu nima ham berardi? Bu faqat kitobxon haqidagi yozuvchi tasavvuri va odamlarga, shuningdek, o‘z-o‘ziga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lganiyu istaklarini yozish ehtiyoji asosida kelib chiqadi. Xo‘sh, yozuvchi nima uchun yozadi? Javob bitta: o‘zi uchun!

Nima bo‘lgan taqdirda ham, shuni alohida aytishim mumkinki, bu javobga orqavorotdan yetib kelmadim. To‘g‘risini tan oladigan bo‘lsam, menga hamisha oson bo‘lgan, negaki tuzuk-quruq o‘quvchilarim yo‘q edi va men hech kimga ta’sir ko‘rsatishni xohlamasdim. Maqbul fikr-mulohazalarimni qog‘ozga tushirish uchun yozishni boshlamadim, men shunchaki yozardim, yozganlarim esa birovga atalmagandi. Mabodo, bu ishim qandaydir maqsadga qaratilganida ham ijod tili va shakllar nuqtai nazaridan shuni aytishim mumkinki, u yagona maqsad – haqiqatga asoslanishdan iborat bo‘lardi. Davlatning adabiyotni jilovlashga uringan davri qanchalar kulgili va shuning bilan birga ayanchli bo‘lganini aniqlash – men uchun zinhor ahamiyatsiz ish emas.

Biroq bir olam shubha-gumonlarni tug‘diradigan haqqoniy savolga javob berish mushkulroqdir: biz nima uchun yozamiz? Shaxsan menga omad kulib boqqanligini tan olaman, negaki mazkur jumboq javobini topish uchun ortiqcha bosh qotirishimga to‘g‘ri kelmagan. Darvoqe, aytishim kerakki, bu voqea mening “Fiasko” romanimda batafsil tasvirlangan. Navbatdagi ish sodir bo‘ldi: davlatga tegishli idoraning bo‘m-bo‘sh yo‘lagida turibman. Kaminaga ko‘rinmaydigan yon tomondagi yo‘lakdan baland oyoq tovushi eshitildi. Butun vujudimni g‘alati tuyg‘u qamrab oldi: qadamlarning aks sadosi yaqinlashardi. Garchi yo‘lakdan bir kishi yurib kelayotgan bo‘lsa-da, go‘yo minglab odamlarning odimlayotganini eshitayotganday edim. Xayolimda butun kolonna yaqinlashardi. Kutilmaganda bu qadamlarga va bu kolonnaga tiyiqsiz mayl sezdim. Ayni shu daqiqalarda Nitshe mazkur nutqqa mutanosib tarzda “Dionisiy[1] kechinmasi” deya atagan o‘zidan kechish jazavasi, idrokda erib, qo‘shilib-qorilib ketuvchi mastlik huzuri nimaligini angladim. Go‘yo qandaydir kuch o‘rab-chirmab olganday edi, u meni o‘sha muhitga quyilib ketishim uchun ortimdan itarardi. Joduga berilmaslikka tirishib, devorga qapishishimga to‘g‘ri keldi.

Men hayotimdagi unutilmas lahzada boshdan kechirganlarim haqida qanday bo‘lsa shunday hikoya qilib beryapman. Uning bulog‘i go‘yo mening ichimdan emas, balki tashqaridan otilib chiqqanga o‘xshardi. Mahorat odamlariga bunday lahzalar tanish, biroq kechinmalarimni estetik tuyg‘ular jumlasiga kiritish amrimahol. Buni ko‘proq qalb ko‘zining ochilishiga mengzagan bo‘lardim va bu ko‘zning ochilishi uslublari ustida uzoq vaqt ish olib borganim mahoratga yo‘l topib bermadi, shunchaki yo‘qotilgan hayotimni qaytardi. Men hayotdagi eng og‘ir tuyg‘u, yolg‘izlik hissini tuydim. U meni hozirgina sizga so‘zlaganim, o‘ziga tortuvchi safdan chiqish va o‘zligingdan ayirishga qodir qismat – tarix changalidan xalos bo‘lish uchun intilishga olib keldi. Natsistlarning kontslageridan qaytgach, bor-yo‘g‘i o‘n yil o‘tib, hali bir oyog‘im Stalin terrorining vahimali tushlaridan uzilmagan bir paytda men barini dahshat ichra tushundim. Yodimda bular haqida g‘ira-shira xotiralardan qolgan uzuq-yuluq bir necha latifalarni saqlaganman, xolos. Go‘yo bularning bari men bilan sodir bo‘lmagan… har holda shunday deyish kerak.

Aftidan, bunday ajoyib daqiqalar o‘ziga xos tarixga ega, ehtimol, shu o‘rinda Zigmund Freyd qandaydir idrokka ta’sir etuvchi taassurotlardan boshlagan bo‘lardi. Kim biladi, balki u bu bilan to‘g‘ri yo‘l tutarmidi? Men hayotga aql ko‘zi bilan qaraydigan odamman. Kaminaga har qanday tasavvur va har qanday zavqlanish tuyg‘usi begona. Hissiyot borasida so‘zlaganda ham, eng avvalo, qandaydir ratsional, biroq ilohiy shaklda ifodalangan fikrni nazarda tutaman. Bu kutilmagan anglash tuyg‘usi allaqachon inqilobiy gulxanga aylanib ulgurgan, qadimgilar “Evrika!” (“Men topdim!”) deya ifodalagan hayqiriqqa o‘xshaydi. Lekin men nima topdim?

Bir vaqtlar sotsializm Marsel Prust uchun qanday ma’noni anglatgan bo‘lsa, menda ham xuddi shunday taassurot uyg‘otadi, ya’ni choyga bo‘ktirilgan “madlen” shirinliklariday yo‘qotilgan vaqt ta’mi va iforini eslatadi. 1956 yilda inqilob bostirilgach, o‘z tilimni yo‘qotishni istamaganim uchun Vengriyada qolishga qaror qildim va diktatura ta’sirini endi bola nigohi bilan emas, balki kap-katta odam nazari bilan kuzatish imkoniga ega bo‘ldim. Men xalqni o‘z ideallaridan voz kechishga qanday majbur qilishganini ko‘rdim. Ilk marotaba odamlar tuzumi[2]ga jur’atsiz tarzda moslashayotgan tana harakatlarining guvohi bo‘ldim va tushundimki, umid bu – iblis quroli, axloq-odob – qat’iy buyruq hoshiyasi – bor-yo‘g‘i o‘z jonini saqlashning itoatkor cho‘risi.

Cheklangan, boz ustiga holdan toygan, xarob bo‘layotgan diktatura sharoitida yozuvchining erkinligidan ulkanroq erkinlikni tasavvur qilish mumkinmi? Oltmishinchi yillarda Vengriyada diktatura kuchlarni birlashtirish darajasiga yetdi, uni, hatto jamoatchilik konsensusi[3] deyish mumkin edi. Keyinchalik G‘arb uni muloyim marhamat bilan “gulyash-kommunizm”[4] deya atay boshladi. Avvalida Vengriya kommunizmiga G‘arb qandaydir norozilik bildirgan bo‘lsa, keyinchalik ular uchun suyukli tuzumga aylandi. Bunday konsensus botqoqligida odam kurashishdan yo butkul voz kechadi, yo bo‘lmasam ichki erkinlikka olib keladigan barcha aylanma so‘qmoqlarni izlab topadi. Yozuvchilik hunari katta xarajatlarni talab qiladigan ish emas, qog‘oz-qalamdan bo‘lagiga ehtiyoj yo‘q. Har tong ko‘ngilda nafrat bilan tushkun kayfiyatda uyg‘onganim sabab zudlik bilan yozuvchilik dunyomga g‘arq bo‘lardim. Men totalitar mantiq tazyiqidan azob chekayotganni boshqa totalitar tuzumga o‘tkazib, o‘sha odam holatini tasvirlayotganimni tezda tushundim, bu esa romanim tilini ikki haqiqatning gipnoz mediatori[5]ga aylantirdi. Men o‘sha paytdagi vaziyatimni ochiq baholar ekanman, agarda G‘arbdagidek erkin jamiyatda yashaganimda Shved akademiyasi yuksak bahoga loyiq topgan “Qismatsiz” romanini yoza olishimga ishonmayman.

Yo‘q, men balki boshqacha tarzda yozishga intilgan bo‘lardim. O‘shanda ham haqiqatni, biroq boshqacha haqiqatni… Ehtimol, hozir kitoblar va g‘oyalarning erkin bozorida romanning yangicha, qiziqarli va yorqin shak­lini yaratish borasida bosh qotirgan bo‘larmidim. Masalan, nihoyatda ta’sirlantiruvchi epizodlarni ko‘rish uchun roman yoziladigan vaqtni qo‘ldan boy berishim tayin edi.

Hikoyam qahramoni o‘ziga tegishli davrda yashashdan mosuvo, hamma-hammasidan – vaqtdan, tildan va shaxsiyatdan mahrum, kontslagerga tashlangan mahbus. U faqat mavjudligini eslolmaydi. Shu sabab baxtsiz, ilojsiz qahramonim uchun uzluksiz, bema’ni hikoyalar so‘zlashdan bo‘lak zavq qolmagan, biroq hikoyalardagi uqubatli tafsilotlarni chetlab o‘tishning imkoni yo‘q. U musibatli va muazzam daqiqalarni boshdan kechirishga mahkum, bu esa bir zaylda davom etayotgan hayotning o‘zidanam og‘irroq.

Biroq bu mahorat menga hayratlanarli saboqlarni berdi. Hikoya qilishning uzluksiz aks ettirish printsipi barcha vaziyatlarni uzilishsiz tasvirlashni talab qiladi. Aytaylik, go‘yo jigarimning qabriday qandaydir vahimali o‘ra ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi-yu, yigirma daqiqa nafas rostlashga to‘g‘ri keldi, biroq o‘sha yigirma daqiqa yengil parvoz qilgani qo‘ymasdi. Birkenau yo‘qotish qamoqxonasining temiryo‘l platformasidagi yigirma daqiqa haqida so‘zlayapman. O‘limi oldidan vagonlardan chiqishga uringan odamlar “selektsiya”ga mas’ul zobit qarshisida turishga majbur bo‘lishardi. Men-ku o‘sha yigirma daqiqani umumiy qirralarda eslab qolganman, biroq roman mendan o‘z xotiramga ishonishni talab qilardi. Qancha hisobotlar, ko‘rsatmalaru xotiralarni o‘qimay, ularning barida voqealar shiddat bilan rivojlanardi va biror nimani tushunishning chindan ham iloji yo‘q edi: kutilmaganda vagonlarning eshiklari ochilar, baqir-chaqirlar, itlarning vovillashlari eshitilar, erkaklarni xotinlardan ajratishar, bu telba to‘s-to‘polonda odamlar nihoyat zobit qarshisida turishar, u bo‘lsa yuguruvchi nigoh bilan ularni boshdan-oyoq kuzatib, qayergadir borishlarini qo‘li bilan ishora qilar va asirlar ko‘z ochib-yumguncha mahbus kiyimida paydo bo‘lishardi.

Mening xotiramda bu yigirma daqiqa boshqacha tarzda gavdalanardi. Asl manbalarni izlarkanman, birinchi navbatda Tadeush Borovskiyning shafqatsiz hikoyalaridan birini o‘qidim, u “Gaz kamerasiga marhamat qiling, xonimlar va janoblar!” deb ataladi. Keyin qo‘limga amerikaliklar tomonidan ozod qilingan Daxau qamoqxonasida olingan birtalay rasmlar tushib qoldi: askar Birkenau temiryo‘l stantsiyasida tirik “tovar”larni suratga olgan. Ezgu ishlarni qilish uchun yordamga shay ayollarning kulib turgan chiroyli chehralari, serharakat yoshlarning ko‘zlari… Men sharmandali ilojsizlik va ojizlik daqiqalari, o‘sha yigirma daqiqa qanday qilib ularning xotirasidan o‘chib ketganligini tushundim. Bularning bari shunday shaklda kundan-kun, haftama-hafta, oyma-oy, uzoq yillar davomida takrorlangani haqida o‘yladim va ko‘z oldimda dahshat texnologiyasi ochildi. U menga qay yo‘l bilan insoniyat hayotiga insoniyatning o‘zini qarshi qo‘yish mumkinligini anglatdi.

Shunday qilib qarshimda qadam-baqadam tuganmas kashfiyotlarning yo‘li paydo bo‘ldi. Bu agar shunday izohlash mumkin bo‘lsa, mening evris­tik[6] uslubim edi va kim uchun yozayotganim, hatto nima uchun yozayotganim muhim emasligini fahmladim. Kaminani faqat birgina savol qiynaydi: o‘zi meni adabiyot bilan nima bog‘laydi? Chunki menga adabiyotdan nima kerakligi ravshanlashdi. Adabiyot tushunchasi bilan bog‘liq o‘sha ideallaru ma’naviyatdan meni bartaraf etib bo‘lmas chegara ajratib turadi. U hayotimdagi  ko‘pgina boshqa narsalar qatori Osventsim[7] deb ataladi. Agar Osventsim haqida yozadigan bo‘lsak, shuni anglashimiz kerakki, Osventsim tom ma’noda adabiyotni imkonsiz darajaga olib keldi. Osventsimda boshlangan va bugungi kungacha davom etib kelayotgan voqealar haqida faqatgina qop-qora roman yozish mumkin. Osventsimdan keyin hali rad qilib bo‘lmas biror mudhish voqea yuz bermadi. Asarlarimda xolokost  hech qachon o‘tgan zamonda gavdalanmagan.

Ba’zida meni maqtashadi, ba’zida esa birgina mavzu – xolokostni yorituvchi yozuvchi deya mensimay qarashadi. Men nima ham deya olardim, muayyan shartlar bilan kitoblarim kutubxonalarning menga muvofiq keluvchi javonlaridan munosib o‘rin egallagan bo‘lardi. Xolokostning yozuvchisi bo‘lmagan birorta zamonaviy yozuvchi bormikan? Fahmimcha, o‘n yillar davomida zamonaviy Yevropa madaniyatida hokimlik qilgan o‘sha dilabgor ovozni odamlar eshitishi uchun, menimcha, ijod mavzusi tariqasida xolokostni tanlash aslo shart emas. Takror va takror aytaman: dahshatli tushlar ta’qib etgan vahimali tundan so‘ng abgoru nochor nazar bilan atrofga boqadigan odamzodning ovozini eslatuvchi bu xasta nido eshitilmagan hech qanday asl mahoratni bilmayman. Xolokost tushunchasini birlashtiradigan savollar majmuasini men hech qachon nemislar va yahudiylar o‘rtasidagi qandaydir yechimi yo‘q nizo deb qaramaganman. Shuningdek, xolokostni yahudiylar uqubatlarining yangi bobi deb hisoblamaganman. Nazarimda, bu voqea tarixda yuz bergan tasodifiy xato emas, avvalgilaridan masshtablari bilan farq qilgani uchun yahudiylarning ommaviy qirg‘ini deb tushunmayman yoxud yahudiy davlatining barpo etilishi uchun bir zamin edi, deb ham o‘ylamayman. Men xolokostda o‘zining ikki ming yillik axloq-odob madaniyati bilan yevropalik odam degan nomga erishish yo‘lidagi sayohatning eng quyi nuqtasida “odamiylik” qanday bo‘lishini tasvirlab berdim, xolos.

Bunday yuk bilan qayerga harakatlanishimiz mumkinligi haqida o‘ylashimiz kerak. Osventsim muammosining asl mohiyati – unga tegishli ma’lumotlarni ma’ruzamda keltirish, xotirada saqlash, yo bo‘lmasam, tarixning eski sandig‘i tubiga yashirishu o‘ldirilganlarning yodiga yodgorlik qo‘yish, agar qo‘yilsa, uning qiyofasi qanday bo‘lishi kerakligini aniqlashtirib olishda emas. Osventsimning haqiqiy fojiasi uning mavjudligi, bu dahshatlarning yuz berganligi, qayg‘uli, uqubatli xotiralarni uyg‘otuvchi tarixiy faktlarni aslo o‘zgartirib bo‘lmasligida. Bu og‘ir vaziyatga vengriyalik shoir Yanosh Pilinskiy g‘oyat munosib ta’rifni berolgan – “Sharmandalik”. Aftidan, u insoniylik nuqtai nazaridan kelib chiqib, nasroniylik madaniyatida sodir bo‘lgan bu mudhish, tuzatib bo‘lmas xatoligi uchun ham tarixiy voqeani shunday baholagan bo‘lsa kerak.

Yuz bergan mudhish voqealar bizga Xudo o‘lgan deydi. Shubhasiz, Osventsimdan keyin yolg‘iz qoldik. O‘z boyligimizni endi o‘zimiz yaratishimiz kerak. Mayli, boshqalarga mehnatimiz aslo bilinmasin, biroq sabr-matonat bilan qilingan mehnat oxir-oqibat mevasini beradi. Bir kun kelib biz yiqqan boylik yangi Yevropa madaniyatini yaratishga asos bo‘lishiga ishonaman. Ehtimol, bugun Shved akademiyasi Osventsimning, xolokostning guvohi bo‘lishiga, o‘sha azoblarni his qilishiga to‘g‘ri kelgan yozuvchining mehnatini qadrlab, uning urinishlarini Yevropa madaniyati uchun muhim sanab, yuksak baho tariqasida taqdim etayotgan mukofoti bunga yorqin misoldir. Bunday vaziyat, agar shunday deyish mumkin bo‘lsa, katta jasorat va hatto tavakkalchilik. Negaki, mana shu tribunaga chiqib, so‘zlashimni istaganlar nima haqida ma’ruza qilishimni avvaldan bilishgan.

Biz barini tushunishga majburmiz. “Kontsentratsion olam” orqali yuzaga chiqqanimizni fahmlashimiz shart. Quyi nuqtani tan olish esa yaratuvchi kuchlarni saqlab, yashab qolishimizning yagona kafolati. Axir aniq hissiyotlar foydali emasmi? Buyuk anglashlarning tubida garchi ular fojialar asosida yuzaga kelgan bo‘lsa-da, har doim erkinlikning urug‘i mavjud. Erkinlik – Yevropaning ulkan boyligi, u bizga borligimizni va uning uchun mas’ulligimizni anglatib, hayotimizga mantiq bag‘ishlaydi.

Ona tilim – vengerchada bularning barini siz bilan bo‘lishayotganimdan boshim osmonda. Men asli butapeshtlikman, yahudiylar oilasida tug‘ilganman. Onam Kolojvardan, otam janubi-g‘arbiy Balaton taraflardan. Buvim va buvam juma oqshomini kuzatib shanba[8] tongini qarshilab, shamlar yoqishardiyu, biroq o‘z ism-shariflarini vengerchaga almashtirgandilar. Ular yahudiylarning e’tiqodi bilan Vengriyani Vatan bilib yashashni tabiiy deb qabul qilishardi. Onamning ota-onasi xolokost gulxanida vafot etishgan. Otamning volidasi va padari buzrukvorini Budapeshtdagi qariyalar uyini Vengriyaning Shimoliy chegarasiga ko‘chirgan Rokoshi[9]ning kommunistik diktaturasi narigi dunyoga ravona qildi. Xayolimda bu bir kichik oilaning qismati yangi davrga Vatanimning tarixiy kechmishlari va uqubatlaridan so‘zlaydi. Bu qayg‘ular ortida, nafaqat alam, balki katta ma’naviy potentsial bor. Yahudiy bo‘lish? Menimcha, bizning davrimizda bu vazifa, eng avvalo, axloq-odob masalasi. Agarda xolokost bugungi madaniyatni yaratishga qodir bo‘lganda, bor e’tibori yagona maqsadga qaratilardi: idrok kuchi bilan inkor etib bo‘lmas haqiqat oldida gunohni yuvish – katarsis. Aynan mana shu intilish meni ilhomlantirgan.

To‘g‘risini aytganda, men aytmoqchi bo‘lgan gaplarning barini aytib bo‘ldim, biroq ochiqcha tan olishim kerakki, baribir o‘z hayotim, yozuvchilik olami va Nobel mukofoti orasidagi o‘zim istagan muvozanatga erisholmadim. Ayni daqiqalarda hayotimni saqlab qolgan va yashashimga kuch bergan muhabbatga chuqur minnatdorchilik his qilyapman, xolos. Nima bo‘lganda ham tan oling, “hokimiyat”da qandaydir hayratlantiruvchi, qandaydir bema’ni, qandaydir tushunarsiz, qonunlarning haqqoniy tartibiga ishontiruvchi ilohiy taqdiru mavhum adolat borday tuyuladi, boshqacha so‘zlar bilan aytganda, bu o‘z-o‘zini aldash vasvasasi, xolos. Bu yo‘lda yashirin qoyalarga urilib, o‘lib ketish xavfi mavjud. Unga erishilganda dunyoda shafqat borligini anglamay, olamdan o‘tgan millionlar bilan o‘sha azobli aloqa yo‘qotiladi. Istalgan daqiqada o‘qqa tutishga shay jamoa vahshiy hukumatu dahshatli diktaturalarning asiriga aylangan hayotimiz ustidan hukm chiqarsa, bunday taqdirdan qutulib qolish mushkul vaziyatda qonunlarning bema’ni tartibi bilan hisoblashishga majbur bo‘larkansan.

Nima bo‘lganda ham men ma’ruzaga tayyorlanayotganimda bir muddat ruhiy muvozanatimni tiklashga yordam bergan voqea sodir bo‘ldi. Men pochta orqali jigarrang xatjild oldim. “Buxenvald” yodgorliklar majmuasining direktori doktor Folkxard Kniggedan. Xatjildda chiroyli tabriklar yozilgan nomadan tashqari yana bir kichkinagina xatjild bor edi. Doktor Knigge menga uni alohida jo‘natgandi. Xatda 1945 yilning 18 fevralida qamoqxona tarkibi to‘g‘risida bitilgan maxfiy hisobotning nusxasi bor ekan. Bu hujjatda (“Abgdnge”, ya’ni “o‘ldirdim” degan ma’noni anglatadi) men № 64921 raqamli mahbus 1927 yilda tug‘ilgan zavod ishchisi, yahudiy Imre Kertesning o‘limi haqida o‘qidim. Tug‘ilgan yil va faoliyat to‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlar qamoqxona statistikasiga tasodifan tushib qolgan emas. Buxenvald idorasida men haqimdagi ma’lumotlarni yozib olishayotganda voyaga yetmaganlar qatoriga tushib qolmaslik uchun yoshimga ikki yosh qo‘shib aytgandim. Ular meni foydasi tegadiganlar ro‘yxatida qayd etishlaridan qo‘rqib, o‘qiganimni yashirganman va o‘zimni zavod ishchisi sifatida tanishtirganman.

Demak, men bir marta o‘lganman – yashab qolishim uchun o‘lganman. Ehtimol, hikoyamning asl haqiqati ham shundadir. Bir bolaning o‘limidan boshlangan kitoblarimni ro‘shnolik ko‘rmay bu hayotni tark etgan o‘sha millionlarning ruhiga bag‘ishlayman. Akademiyaning fikriga ko‘ra, gap adabiyot haqida borar ekan, ehtimol, yozganlarim kelajak uchun ahamiyatsiz bo‘lmas, boz ustiga men asarlarim u uchun xizmat qilishini chin dildan istayman. Negaki, ularda Osventsimning jarohatlari tasvirlangan. Zamonaviy insonning ijodiy imkoniyatlari va yashash qobiliyati masalalari xususida mulohaza qilganimda faqat Osventsim xayolimga keladi. Mantiqqa zid bo‘lsa ham aytay, men o‘tmish emas, balki kelajak haqida o‘ylayman.

2002 yil 7 dekabr, Shvetsiya akademiyasi

Rus tilidan Shahnoza Rahmonova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 8-son

_________________

[1] Areopagit Dionisiy – qadimda Vizantiyada yashagan avliyo. U o‘z-o‘zini qiynab, avliyo darajasiga erishganligi bilan mashhur.

[2] Vengriyada o‘rnatilgan 41 yillik kommunistik tuzumga ishora. Bu vaqt davomida mamlakatda 600 nafardan ortiq ziyoli qatl qilingan. 1956 yildagi inqilobda qatnashganlarning 2500 nafari vafot etgan. 44 ming kishi kontsentratsion qamoqxonaga yuborilgan. 450 ming kishi siyosiy mahbus sifatida qayd etilgan. 1,5 mln. odam esa maxsus kuzatuv ostiga olingan.

[3] Konsensus — mojarolarni bartaraf qilish uslubi.

[4] 1956 yildan 1988 yilga qadar Vengriyadagi Yanosh Kadar hukmronligi yillarini gulyash-kommunizm deb atashgan.

[5] Mediator (noxin) — tanbur, rubob chaladigan asbob.

[6] Evristika – fikrlashning eng oddiy usuli orqali borliqni anglash.

[7] Osventsim – 1945–46 yillarda Germaniyada tashkil qilingan qamoqxonalar majmuasi. U Osventsim shahri yaqinida joylashgan.

[8] Iudizmda bu kun muqaddas sanaladi.

[9] Matyash Rakoshi (Matyash Rozenfeld) – vengriyalik siyosatchi, Vengriya kommunistik partiyasining birinchi kotibi (1945–1948) Vengriya Xalq Respublikasining Vazirlar kengashi raisi (1952–1953).