Cunduchanskiy oilada ko‘payish bo‘lishini kutayotgandi. So‘nggi hal qiluvchi damlar yaqinlashgan kunlari u xizmatdoshlarining stollari orasida o‘ralashib, siniq tovushda ming‘irlay boshladi:
— O‘g‘ilmi yoki qiz? Menga shunisi zarur, Marya Vasileva! Agar qiz bo‘lsa, ismini nima qo‘yamiz?
Sunduchanskiylar shonli avlodining ko‘payish masalasi Marya Vasilevnani unchalik qiziqtirmasdi.
— Klotilda atayqolinglar, — tund javob berdi Marya Vasilevna. Yoxud bilganingizni qiling. Jamoat ishlari bo‘yicha men faqat mashg‘ulotlardan keyin qabul qilaman.
— O‘g‘il bo‘lsa-chi? — tiqilinch qildi Sunduchanskiy.
— Kechirasiz, men bandman, — dedi Marya Vasilevna, — dolzarb topshiriq olganman.
— Agar o‘g‘il bo‘lsa, — maslahat berdi Otverstiyev, — mening sharafimga ismini Kolya deb qo‘yinglar. Lekin hadeb oyog‘im ostida o‘ralashaverma. O‘zi ishim boshimdan oshib yotibdi.
Bir bor Sunduchanskiy ishxonaga yugurib kirdi, — zo‘rg‘a nafas olardi.
— Agar egizak bo‘lsa-chi, unda ismlari nima bo‘ladi? — dedi halloslab. Xizmatdoshlari ingrab yuborishdi.
— O, falokat! Jonga tegding-ku! Bilganingcha atamaysanmi? Istasang David va Goliaf deb.
— Yoki Brokgauz va Yefron. Ajoyib ismlar. Brokgauzni Otverstiyev taklif qildi. — U kesatishga usta edi.
— Sizlarga hazil bo‘lsa, — dedi shikoyatomuz Sunduchanskiy, — men bo‘lsam xotinimni tug‘ruqxonaga jo‘natib kelyapman.
To‘g‘risini aytganda, Sunduchanskiyning bu xabari hech kimni qiziqtirmadi. Xo‘jalik yilining so‘nggi oyi, hamma zarur ish bilan band edi.
Nihoyat g‘aroyib hodisa yuz berdi.
Sunduchanskiylar avlodi yana bittaga ko‘paydi. Baxtiyor ota xizmatiga shoshildi. «Hech narsa yuz bermaganday kirib boraman, — o‘ylardi u, — atrofimni o‘rab olib, so‘rab-surishtiravergach, balki biror narsa gapirib berarman».
U shunday qildi ham. Hech narsa bo‘lmaganday kirib bordi.
— Ie! Sunduchanskiy! — qichqirdi Otverstiyev.
— Qanaqa? Tayyormi?
— Tayyor, — dedi yosh ota qizarib.
— Qani, buyoqqa ol-chi…
— Qanaqa qilib olaman, axir u uyda, xotinim o‘g‘il tug‘di!
— Yana o‘g‘il deysan. Men o‘g‘lingni emas, jadvalni so‘rayapman. Jadval tayyormi? Axir uni darrov topshirishimiz kerak…
Sunduchanskiy hafsalasi pir bo‘lib, joyiga o‘tirdi va jadvalni to‘ldirishda davom etdi.
Ishdan qaytayotganda o‘zini tutolmadi. Marya Vasilevnaga shipshidi:
— Bir kirib o‘tsangizlar bo‘lardi. O‘g‘limni ko‘ringizlar, menga judayam o‘xshaydi. Sakkiz yarim funt keladi, yaramas.
— Uchu chorak kilo, — dedi beixtiyor Marya Vasilevna. — Bugun majlisga qatnashasizmi? Otaliq masalasi…
— Bilasanmi, Otverstiyev, — dedi Sunduchanskiy, — mening o‘g‘lim zo‘r! Xuddi odamning o‘zi: qorni, oyoqlari. Quloqlari ham bor. Lekin hali judayam ushoq. Balki kirib o‘tarsan? Xotinim rosa xursand bo‘lardi!
— Endi men ketdim, — dedi shoshilib Otverstiyev. — Bir ishni shatakka olishimiz kerak. Shoshib turibman. Sirayam vaqtim yo‘q, birodar. Qizchani o‘pib qo‘y! — Jo‘navordi.
Shu kuni Sunduchanskiy hech kimni ko‘ndira olmadi. Uning o‘g‘ilchasini tomosha qilgani uyiga hech kim bormadi.
Vaqt o‘tib borardi. O‘g‘ilchaning vazni ham ancha og‘irlashdi. Ota-onasi o‘g‘ilchamiz «agu» deb aytdi degan xabarni tarqatishdi. Holbuki, ikki haftalik chaqaloqning «agu» deyishi amri mahol.
Biroq bu favqulodda yangilik ham Sunduchanskiylar uyiga xizmatdoshlarining oqimini jo‘sh urdirmadi. Shunda alamzada ota so‘nggi chorani qo‘lladi. U ishga barcha xizmatdoshlaridan ertaroq keldi va bildirish taxtasiga e’lon osib qo‘ydi:
“Sunduchanskiyning bolasini tekshirish bo‘yicha guruh bugun soat 6 da Sunduchanskiylar xonadonida ish boshlaydi. Otverstiyev, Kuskov, Imyaninen, Shakalskaya va Bashmakov o‘rtoqlarning kelishlari shart”.
Soat uchlarda Bashmakov Sunduchanskiy yoniga kelib shivirladi:
— Menga qara, Sunduchanskiy! Men bugun borolmayman. Bugun to‘garagim bor. Undan keyin… haligi… xotinim kasal, xudo haqi!!
— Nima ham qilarding — dedi sovuqqina qilib Sunduchanskiy, — hamma band. Men ham bandman. Yo‘q, birodar e’londa aniq qilib yozib qo‘yilgan: «Kelishlari shart» deb…
Guruh a’zolari kechikishib, soat yettiga Sunduchanskiylar xonadoniga hovliqib kelib qolishdi.
— Sal batartibroq bo‘lish kerak-da, — e’tiroz bildirdi uy sohibi. — Bo‘pti, mayli, o‘tiringlar. Hozir boshlaymiz.
U shunday deb xonaga aravachani g‘ildiratib olib kirdi. Unda yosh Sunduchanskiy og‘zini ochganicha lapshayib yotardi. — Mana, — dedi Sunduchanskiy,— ko‘rishinglar mumkin.
— Tartib qanaqa? — so‘radi Shakalskaya. — Avval ko‘rib, keyin savol berish kerakmi? Yoki avval so‘raylikmi?
— So‘rashlaring mumkin, — dedi ota hayajonini yashirmay.
— Ma’ruzachi bizga aytib berolmaydimi, — so‘radi Otverstiyev odatdagi tovushda, — ushbu mavzuning sifat ko‘rsatkichlari qanday?
— Yig‘ilishni olib borish tartibi bo‘yicha so‘z so‘rasam maylimi? — gapga aralashdi hamisha hoziru nozir Shakalskaya.
— Chaqaloqda to‘lishish holati yetarli emasligi sezilmayaptimi? — so‘radi tortinib Bashmakov.
Gapga gap ulanib ketdi.
Baxtiyor ota savollarga javob qaytarib ulgurmasdi.
Fayzi Shohismoil tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 1998 yil, 3-son