Ilya Ilf, Yevgeniy Petrov. Bahs (hajviya)

Oilada uchovlon edilar — ota, ona va o‘g‘il. Ota — keksa bolshevik, ona — uy bekasi, o‘g‘il esa o‘n ikki yillik hayot tajribasiga ega bo‘lgan eski pionerlardan edi.
Hammasi soz edi.
Shunga qaramay, har kuni ertalabki nonushta payti oilaviy bahs, tortishuvlar qizib ketardi.
Odatda gapni ota boshlardi.
— Xo‘sh, sinfinglarda qanday yangilik bor? — so‘radi u.
— Sinfda emas, guruhda, — javob qaytarardi o‘g‘il. — Sizga necha marta aytdim, ada, sinf — reaktsion-feodal tushuncha deb.
— Yaxshi, yaxshi. Mayli, guruh bo‘la qolsin. Guruhda nimani o‘qidinglar?
— O‘qidikmas, balki o‘rgandik.
— Mayli, o‘rgandik bo‘la qolsin. Xo‘sh, nimani o‘rgandinglar?
— Biz lassalchilikning reformizmning paydo bo‘lishiga ta’siri masalasini o‘rgandik.
— Shunaqami? Masalalar ham yechdinglarmi?
— Yechdik.
— Qoyil, zo‘rsizlar-ku! Qanaqa, vazifalarni ham bajardinglarmi? Qiyin bo‘lsa kerag-ov?
— Yo‘q, unchalikmas. Komakademiya ikkinchi sessiyasi tomonidan agrar-markschilar plenumi bilan birgalikda qo‘yilgan ko‘rsatmalar asosida materialistik falsafa vazifalari.
Ota finjondagi choyni nariroq surib qo‘ydi, — ko‘zoynagini olib, pidjagining bari bilan artdi, o‘g‘liga diqqat bilan tikildi. Oddiy bola.
— Xo‘sh, rus tilidan hozir nimani o‘qi… Ya’ni o‘rganyapsizlar?
— So‘nggi bir jamoa bo‘lib «Ot dumi haqida bir ovoz bilan» dostonini o‘rgandik.
— Ot haqidami? — umid bilan so‘radi ota. — «Nimaga kishnaysan, ey serg‘ayrat arg‘umog‘im, nega bo‘yning bukildi?».
— Otning dumi haqida, — sovuqqina javob berdi o‘g‘il. — Nima eshitmaganmisiz?

Hey bolalar, chiqaylik,
Yuring, dala-tuzlarga!
Arg‘umoqni ovlamoq
Topshirilgan bizlarga!
Atrof larzaga kelsin
Qo‘shiq tarannumidan.
Ko‘proq yulib beraylik
Qimmatli ot dumidan!

— Birinchi bor eshityapman, bunaqangi… haligi… g‘alati dostonni, — dedi ota. — Kim yozgan buni?
— Arkadiy Parovoy.
— Bolalar bo‘lsa kerak? Sizlarning guruhdanmi?
— Qanaqa bola! Xayf sizga, ada. Tag‘in keksa bolshevik emish… Parovoyni bilmasangiz! Biz yaqinda insho ham yozdik — «Parovoy ijodining g‘arb adabiyotiga ta’siri» degan mavzuda.
— Menga qara, — deb so‘radi ota ehtiyotkorlik bilan. — Mana shu Parovoy ijodida she’riy hissiyot negadir xom ekanligini sezmayapsanmi?
— Nega xom bo‘larkan? Ot uchun keraksiz bo‘lgan dum tolasini yig‘ib, uni ko‘rpa-to‘shak sanoatida foydalanish uchun topshirish masalasi yetarli tarzda bo‘rttirib ko‘rsatilgan-ku.
— Keraksiz deysanmi?!
— Albatta, keraksiz.
— Ot quloqlarini ham yig‘ishtirib olishni mo‘ljallamayapsanlarmi, ishqilib? — qichqirdi ota titroq tovushda.
— Nonushta qolib ketdi. Yeb-ichmaysizlarmi? — dedi yarashtirish ohangida ona. Qachon qarasang, bahslashgani bahslashgan.
Ota uzoq vaqt o‘zini bosolmay, yelkasini qisib hayratlanar, o‘zicha nimalarnidir ming‘irlardi. Keyin bor kuchini to‘plab, bu sirli bolaga hujum qildi.
— Xo‘sh, sizlar qanday dam olayapsizlar, nima bilan vaqtichog‘lik qilyapsizlar?
— Vaqtichog‘lik qilishga vaqtimiz yo‘q.
— Nima qildinglar bo‘lmasa?
— Kurashdik.
Ota jonlandi.
— Mana bu boshqa gap. Esimda, men ham yoshligimda juda qiziqardim. Shiddat bilan olishuvlarning o‘zgacha gashti bor. Beldan olish, bo‘yinni qayirish, oyoqdan chalish… Frantsuzcha kurash, — zo‘r narsa-da!
— Nega frantsuzcha?
— Qanaqa bo‘lmasa?
— Oddiy kurash. Qat’iyatli.
— Kim bilan kurashdinglar axir, — so‘radi ota tushkun ovozda.
— Lebedevchilik bilan.
— Lebedevchiliging nimasi, tagin? — Lebedevning o‘zi kim?
— Bolalarimizdan bittasi.
— Nima, uning xulqi yomonmi? O‘yinqaroqmi?
— Juda yomon xulqli, ada! U Deborin xatolarining ko‘plarini aynan takrorladi. Maxizmga, maxayevchilikka hamda mexanitsizmga baho berishda katta xatolarga yo‘l qo‘ydi.
— Dahshat-ku!
— Albatta, dahshat! Mana ikki haftadirki, biz shu bilan ovoramiz. Bugun kuch-g‘ayratlar shu kurashga jalb qilingan.
Ota boshini changalladi.
— Yoshi nechada uning?
— Kimning, Lebedevningmi? — E, uncha yoshmas, sakkiz yoshlarda bor.
— Bola sakkiz yoshdayu, sizlar u bilan kurash olib boryapsizlarmi?
— Bo‘lmasam-chi? Sizningcha nima qilish kerak? Opportunizmga yo‘l qo‘yish, masalani bejab ketish kerakmi?
Ota qaltirayotgan qo‘llari bilan portfelga yopishdi, ro‘baro‘ kelgan stulni ag‘darib o‘tib, ko‘chaga otildi. Bo‘sh kelmaydigan bolakay achinish bilan qoshlarini chimirdi-da, uning orqasidan qichqirib qoldi:
— Yana keksa bolshevik emish…
Bir kuni bechora ota gazetani ko‘zdan kechirarkan, tantanavor qichqirib yubordi. Ona cho‘chib tushdi. Bola gangigancha otasiga qaradi. Ota Markazqo‘mning gazetada bosilgan maktab haqidagi qarorini o‘qiyotgandi.
— Hm…m, — dedi ota g‘alati jilmayib, — to‘rtinchi sinf o‘quvchisi Sotnikov Nikolay, buyog‘i nima bo‘ladi?
O‘g‘il miq etmasdi.
— Xo‘sh, kecha jamoa bo‘lib nimani o‘rgandinglar? O‘g‘il hamon jim.
— Yosh murosasiz ortadokslar, nihoyat lebedevchilikka barham berdinglarmi?
Sukunat.
— Bechora bola o‘z xatolarini tan oldimi? Darvoqe, uning o‘zi nechanchi sinfda?
— Nulinchi guruhda.
— Nulinchi guruhda emas, tayyorlov sinfida, — g‘uldiradi ota. — Bilish kerak.
O‘g‘il indamasdi.
— Kecha gazetada sizlarning Arkadiyni, haligi nimaydi, Parovozovni yozuvchilar uyushmasiga qabul qilishmaganini o‘qidim. Nima deb yozgandi: «Ey bolalar, dala-tuzlarga chiqaylik, ot dumini yulaylik»midi?
— «Ko‘proq yulib beraylik, qimmatli ot dumidan», — yalinish ohangida pichirladi bolakay.
— Ha, ha. Bir so‘z bilan: «Yangra, taral har taraf arg‘umoqning ovozi» deyilardi unda. Hammasi esimda. Hali-hamon jahon adabiyotiga ta’sir o‘tkazyaptimi?
— Bil… mayman.
— Bilmaysan? Chaynalmasang-chi, o‘qituvching bilan gaplashayotganda! «O‘lik jonlar»ni kim yozgan? Buni ham bilmaysanmi? Gogol yozgan, Gogol.
— O‘ta aynigan va reaktsion kayfiyatdagi mayda mutasavvif… — sevinib to‘ng‘illadi bolakay.
— Manfiy ikki! — g‘olibona do‘q urdi ota. — Gogolni o‘qish kerak, Gogolni uqmoq kerak. O‘rganishni yana o‘n yillardan keyin Komakademiyada davom ettirasan. Xo‘sh, Sotnikov Nikolay, menga Nyu-York haqida gapirib bering-chi…
— Bu shaharda har joydagidan ko‘ra «kapitalistik ziddiyatlar yorqin namoyon bo‘ladi», — dedi to‘lqinlanib Kolya.
— Buni o‘zim ham bilaman. Sen menga Nyu-York qaysi okean sohilida joylashganini aytib ber?
O‘g‘il indamadi.
— U yerda qancha aholi yashaydi?
— Bilmayman.
— Yekaterina Ikkinchi kim edi?
— Mahsulot.
— Mahsulot?
— Hozir eslab olay. Biz o‘rgangandik. Ha! Tijoriy kapital ta’siri kuchaygan davr mahsuli…
— Uning kim bo‘lganini ayt. Qanday lavozimda edi?
— Biz buni o‘rganganimiz yo‘q.
— Shunaqami? Uchga bo‘linishning qanday belgilari bor?
— Ovqatlaringni yesanglar-chi, — dedi ko‘ngilchan ona. Yo tavba, qachon qarasang bahslashishgani-bahslashishgan.
— Yo‘q, u menga yarimorol nimaligini aytib bersin-chi? — qizishdi ota.
— Kuro-Sivo nimaligini aytsin, qani? Bo‘lmasa Ganrix Ptitselov qanday mahsul ekanini gapirib bersin?!
Sirli bolakay o‘rnidan sapchib turdi, cho‘zmasini cho‘ntagiga soldi-da, ko‘chaga otildi.
— Ikkinchi, — orqasidan baqirib qoldi xushbaxt ota. — Hammasini di-rektorga aytaman!
U nihoyat intiqom olgandi.

1934.

Fayzi Shohismoil tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 1998 yil, 3-son