Hermann Hesse. Nyurnbergga sayohat (safarnoma)

Ushbu safar xotiralarining muallifi o‘z xatti-harakati sabablari o‘zlariga yaqqol ko‘rinib turadigan odamlar toifasiga mansublik baxtiga muyassar emas; bunday sabablarga, xoh o‘zida bo‘lsin, xoh boshqa birovlarda bo‘lsin, ishonish baxtidan ham begona. Sabablar, menimcha, hamisha noaniq bo‘ladi. Sababiyat hayotda mavjud emas, u faqat tafakkurda bo‘ladi. Tabiatdan butunlay ajralib qolgan batamom ma’naviy inson, albatta, o‘z hayotida uzluksiz sababli bog‘lanishlarni topa olgan va o‘z ongiga tushunarli bo‘lgan sabab hamda dalillarni birdan-bir yagona deb hisoblashga haqli bo‘la olar edi, axir, u butkul ong – shuurdan iborat bo‘lgan bo‘lardi-da. Biroq bunday insonni yoki shunday xudoni men hali uchratmadim, bizga – o‘zimizga, qolgan barcha boshqa odamlarga kelsak, men har qanday xatti-harakat yoki voqea-hodisani har qanaqangi dalillashlariga shubhaomuz munosabatda bo‘laman. O‘z xatti-harakatlarini qandaydir “sabablarga” ko‘ra amalga oshiradigan odamlar yo‘q, ular buni faqat tasavvur etadilar, xolos va ayniqsa – shuhratparastlik hamda saxovat yuzasidan bunga boshqalarni ham ishontirishga harakat qiladilar. Harholda, o‘z tajribamda doimo shuni sezganmanki, xatti-harakatlarimning bahona va sabablari shunday sarhadlarda joylashganki, ularga na aqlim, na irodam yetib bora oladi. Va, bugun o‘zimga o‘zim Tessindan Nyurnbergga qilgan kuzgi sayohatimning, ikki oy davom etgan safarimning asl sababi nima edi, degan savolni berarkanman, o‘ylab o‘yimga yetolmayman va buning mohiyatiga qanchalik chuqurroq kirib borganim sayin, sabab va dalillar shu qadar ko‘proq tarmoqlarga bo‘linib, ajralib, parchalanib, oxiri o‘tmishning uzoq yillariga qarab ketib borar, ketganda ham sabablarning qator chizig‘i bo‘ylab emas, balki ko‘p halqali tarmoqlarga bo‘linib borardi, bundan esa o‘z-o‘zidan ahamiyatsiz va tasodifiy tuyulgan ushbu safar ilgarigi hayotimning son-sanoqsiz shart-sharoitlari sabab, mutlaqo oldindan belgilab qo‘yilgandek bo‘lib ko‘rinardi. Men esa ushbu matoning qandaydir dag‘al tugunlarinigina anglay olaman, xolos. Bundan bir yil muqaddam Shvabiyada* oz muddat bo‘lgan paytimda Blauboyrenda yashovchi do‘stlarimdan biri, uni yo‘qlamaganimdan hasrat qilgan edi, men esa Shvabiyaga keyingi safarim chog‘ida ushbu xatoimni tuzatishga va’da bergan edim. Safarga otlanishimga tashqi tomondan bo‘lgan turtki shu edi. Ammo bu va’damning, keyin o‘zim yaqqol ko‘rganimdek, asl sababi bor edi. Meni ko‘rib xursand bo‘ladigan eski qadrdon do‘st bilan uchrashuv naqadar yoqimli bo‘lmasin, harholda og‘ir karvon, xonanishin, odamovi emasmanmi, temir yo‘lning mayda ovloq shoxobchalari bo‘ylab ko‘chib yurish haqidagi fikr meni u qadar to‘lqinlantirmas edi. Yo‘q, na faqat do‘stlik, balki, ayniqsa, boadablik meni bunday va’da berishga majbur qilgandi, buning zamirida boshqa narsa ham bor edi, sir va joziba, behisob aks-sado, xotiralar, vasvasalar birgina “Blauboyren” nomida mujassam edi. Blauboyren – bu, birinchidan, men bolaligimda o‘zim tahsil ko‘rgan maktabga o‘xshash diniy maktabga ega bo‘lgan qadrdon shvab shaharchasi edi. Bundan tashqari, Blauboyrenda, xuddi ana shu rohiblar maskanida ajoyib hamda qimmatbaho narsalarni, jumladan, gotik mehrobni1 ham ko‘rish mumkin edi. Shunday bo‘lsa ham, san’atshunoslikka oid ushbu dalillar meni harakatga keltira olishi amri mahol edi. Lekin aynan “Blauboyren” kalimasida boshqa yana nimadir, shvabiyaliklarga xos shoirona bir narsa, men uchun butkul benazir go‘zallik jaranglar edi: Blauboyren yonida mashhur Klyottsle Blay2 (qo‘rg‘oshin kunda) joylashgan, Blauboyrendagi Blautopf3 (ko‘k xumcha)da esa qachonlardir sohibjamol Lau yashagan, ana shu sohibjamol Lau, hikoyanavisning4 tasvirlashicha, yerosti bo‘ylab Blautopfdan Rohibalar yerto‘lasiga qadar suzib o‘tib, u yerdagi ochiq quduq sahnida “ko‘ksigacha suvda” paydo bo‘larkan. Maftunkor ismlar – Blau va Lau chulg‘ab olgan ajoyib xayollar og‘ushida Blauboyrenga nisbatan sog‘inch uyg‘ondi. Faqat keyinroq, o‘ylab ko‘rgach, tushunib yetdimki, meni u yerga undagan narsa – ko‘k xumcha va sohibjamol Launi, uning yerto‘ladagi cho‘milish joyini ko‘rish istagi bo‘lgan ekan. Men hamisha na faqat o‘zimni, balki havas qilsa arziydigan, o‘z xatti-harakatlari sabablarini tushuntirib berish uchun dalillar keltira oladigan boshqa odamlarni ham aslida mana shu sabablar emas, balki, qanaqadir shaydolik, ishqibozlik harakatga keltirishiga ishonardim, o‘zim esa mana shu ishqibozlikni tan olishga hecham qarshi emasman, negaki, yoshlik chog‘larimda u menga eng kuchli va eng go‘zal tuyg‘ulardan biri bo‘lgan. Yoshligimda she’riyatdagi ikki ayol siymosi mening she’riy hamda hissiy xayollarimga go‘zallik timsoli sifatida ta’sir ko‘rsatgan, ularning ikkalovi ham – “O‘rmondagi mitti chol”5 dagi sohibjamol Lau va “Yashil Haynrih”6 dagi cho‘miluvchi qiz Yudif go‘zal, sirli va suv bag‘rida yashardilar. Ularning ikkalasini ham ko‘p, juda ko‘p yillar eslamadim, ismlarini tilga olmadim, ular haqidagi qissalarni qayta o‘qimadim. Mana endi to‘satdan “Blauboyren” so‘zi chiqib qolib, men yana sohibjamol Launi ko‘rdim, u siynasigacha suv og‘ushida turar, oppoq qo‘llarini quduqning toshpanjarasiga suyanganicha jilmayib, meni ohista imlayotgandek tuyulardi. Va go‘zal Laudan tashqari, men uni ilgarigi makonida tag‘in uchrataman deb umid qila olmas edim, yana yoshlik chog‘larim va uning jo‘shqin orzulari haqidagi, yozuvchi Myorike, qadimgi shvab matallari, o‘yin va ertaklari, bolaligim manzaralari to‘g‘risidagi xotiralar ushbu sadolar hamda xayollar bilan qo‘shilib ketardi. Hatto bolalik yillarim kechgan na ota uyi, na jonajon shahrim men uchun bu qadar sehrga ega emas edi, men ularni tez-tez ko‘rib turar va unutar edim. Biroq “Blauboyren” sadosi bilan paydo bo‘lgan manzaralarda yoshligim, vatan va xalqim bilan ruhiy aloqalardan menda nimaiki qolgan bo‘lsa, barchasi mujassam edi. Va bu aloqalar, xotiralar hamda his-tuyg‘ularning barchasi Venera, go‘zal Lau belgisi ostida bo‘lardi. Bundan-da kuchliroq sehr-joduni tasavvur ham qilib bo‘lmas edi.
Biroq bularning barchasi hali shuurimga yetib bormagan mudroq tasavvur bo‘lib, safar quruq va’dadan boshqa narsa emas – men uni ikki yildan keyin ham, o‘n yildan keyin ham amalga oshirishim mumkin edi. Xuddi shu asnoda bahorda Ulmdan adabiy kechaga taklifnoma kelib qoldi. Agar u bo‘lak paytda kelganida bormi, boshqalarga qanday bo‘lsa, unga ham xuddi shunday suratnoma bilan silliqqina rad javobi yozib, ishni osongina to‘g‘rilab qo‘yaqolardim. Lekin Ulmdan taklifnoma qanaqadir paytda emas, balki o‘ziga xos shunday bir pallada keldiki, men bu vaqtda favqulodda og‘ir ahvolda yashardim, atrofimda faqat g‘am-tashvish7, nuqul g‘amginlik va ma’yuslik, ro‘shnolikdan esa darak yo‘q edi, biror yangilik, o‘zgarish yoki bundan qochib qutulish xususidagi har qanday fikr men uchun quvonchli edi. Shuning uchun silliq javobli suratnomani yozishga shoshilmadim, taklifnomani yana bir bor o‘qib chiqdim, shunda miyamga: “Axir, Ulmdan Blauboyrenga bir qadam-ku”, degan fikr keldi, shu tariqa taklifnoma yozuv stolimda bir-ikki kun qolib ketdi. Shundan so‘ng taklifnomani birgina – uchrashuv sovuq qish o‘rtasida emas, balki kuzda yoki bahorda o‘tkazilsa, degan shart bilan qabul qildim. Ulmliklar uni noyabr oyining boshlariga belgilashdi, rozi bo‘ldim.
Shunday qilib, tashqarida bahor, noyabrgacha esa hali uzoq; ushbu kelishuv haqida men u qadar ko‘p o‘ylamas ham edim. Boshqa, zarurroq va muhimroq o‘y-tashvishlar yetarli edi, mabodo agar Ulmni esga olgudek bo‘lsam ham, u haqda qandaydir achinish bilan o‘ylar edim. Mana, derdim o‘zimga o‘zim, ahamiyatiga o‘zing ham ishonmaydigan va oxiri o‘zingga mashaqqatli majburiyat bo‘ladigan ishni orttirib olding. Kasbi kori tomoshabinlar huzurida chiqishdan iborat bo‘lgan qo‘shiqchi, san’atkor yoki aktyorlarga-ku, bu qiyin tartib-qoidaga ko‘nikishlariga to‘g‘ri keladi, ularning hayoti yarim yillar va hatto butun yillar davomida oldindan kunma-kun va soatma-soat taqsimlangan bo‘ladi, ularning kasbi shuningdek, lahzalik kayfiyatga bog‘liq bo‘lib qolmasdan, istalgan vaqtda o‘z san’atini namoyish qilishni ham taqozo etadi. Biroq qishloqda yashovchi, kamharakat, vazmin yozuvchi, xonasidan chiqmaydigan odam uchun u ko‘pi bilan bir oydan so‘ng, o‘n ikkinchi sanada, u yoki bu shaharda tinglovchilar huzurida albatta so‘zga chiqishi kerak, degan fikr ba’zan vahimali tuyularkan. Axir, xuddi shu paytda kutilmaganda kasal bo‘lib qolish mumkin! Yana shunday bo‘lishi mumkinki, xuddi shu paytda uzoq kutganing – ishlash uchun qulay fursat, qulay payt boshlanib qolishi mumkin – ana unda ayni ish qizigan vaqtda bir necha kunga hamma narsani yig‘ishtirib qo‘yib, chamadonni joylab, poyezdlar qatnash jadvalini o‘rganib chiqib, yo‘lga otlanib, begona shaharlardagi mehmonxonalarning karavotlarida uxlab, begona odamlarga o‘z she’rlaringni, ehtimol sirayam qovushmayotgan, o‘zingga ham keraksiz va ahmoqona tuyulayotgan she’rlaringni o‘qib berishing kerak bo‘ladi! Ana unda yozuvchi, agar u shuhratparastlik, tamagirlik qilibmi yoki sayohatga ko‘ngli sust ketibmi, omma oldida chiqib so‘zlashga uchgan bo‘lsa, rosa ta’zirini yeydi.
Muntazam va tartibli ish bajaruvchi, kuniga soat sakkiz va ikkida ish boshlashga o‘rgangan, qandaydir shoshilinchnomani olgach, tezda uzoq safarlarga jo‘nab ketishga ko‘nikib qolgan odamlar, kunning ikkinchi yarmida ozod, bo‘sh bo‘lib, qo‘llarida soat bilan kichik jannat uzra o‘yin-kulgiga beriladigan odamlar – bu odamlar Shoirning naqadar bekor va betartib, nozikta’b va injiq, naqadar behuda vaqt sovurib, shubhali va mujmal kun kechirishi haqida tushunchaga ham ega emaslar! Albatta, yozuv stoliga ertalab ma’lum vaqtda o‘tirib, g‘ayrat bilan, berilib, muntazam va uzoq, soatlab ishlay oladigan, meteorologik va akustik shovqinlarni sezmaydigan, shuningdek, o‘z kayfiyati bilan hisoblashmaydigan va erinmaydigan, qahramonona, olijanob odamlar bor, men ularning botinka bog‘ichlarini yechib qo‘yishga ham tayyorman, ammo ularga taqlid qilish men uchun befoyda ish bo‘lur edi. Menga kelsak, agar mening vaqtni qanchalik kam qadrlashimni, kunlar va haftalar, hatto oylarni bekor o‘tkazib, o‘z umrimni qanaqangi sho‘xlik-tantiqliklarga sarf qilishimni bilganida, birorta ham insofli va mehnatkash odam menga qo‘l uzatmagan bo‘lardi, deb o‘ylayman. Hech qanaqa boshliq, hech qanday xizmat-lavozim, hech bir qoida menga ertalab qachon turishni, kechqurun qachon o‘ringa yotishni va qachon ishlashim va qachon dam olishimni buyruq qilmaydi, ishim uchun hech qanaqangi muddat-muhlat belgilanmagan va uch banddan iborat she’rimga kunning kech tushishidan oldingi bo‘lakchasi sarf bo‘ladimi yoki chorak yil ketadimi, bu bilan birovning ishi yo‘q. Agar kun menga haddan tashqari ajoyib ko‘rinsa, uni ishga sarf qilmay, sayr qilish, akvarel bo‘yoqlar bilan rasm solish yoki bekorchilik bilan o‘tkazaman. Agar kun menga ishlashim uchun juda bulutli yoki juda dim, o‘ta sovuq yoki juda issiq tuyulsa, uni divanda o‘tkazaman, mutolaa qilaman yoki rangli qalamlar bilan xayoliy naqshlar chizaman va umuman, ayniqsa qishda, buning ustiga biror yerim og‘rib turgan bo‘lsa, o‘rnimdan turmayman. Avtoruchkam agar qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan bo‘lsa, yoki hind va xitoy mifologiyasi o‘rtasidagi munosabatlar haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rishga, fikr yuritishga ehtiyoj sezsam, yoki ertalabki sayr paytida chiroyli ayolni uchratib qolgan bo‘lsam, ishni umuman xayolga keltirmasa ham bo‘laveradi. Biroq, garchi mening kuchli tomonim ishda bo‘lmasa-da, garchi u mohiyatan menga zid bo‘lsa ham, unga doimiy tayyor turishga intilish oliy burchimdir. Garchand menda bekorchilikka vaqt bo‘lsa ham, lekin safarlar, muloqotlar, baliq ovi va shunga o‘xshash boshqa zo‘r narsalarga vaqtim yo‘q yo‘q, men doim o‘z ish joyimda hech kim xalaqit bermasligi uchun yolg‘iz bo‘lishim, yuz berishi mumkin bo‘lgan ish-ijodga har daqiqada shay turishim lozim. Agar meni ertaga bo‘ladigan kechki ovqatga Luganoga taklif qilishsa, bu menga xalal beradi, chunki ertaga kechqurun menga afsonaviy qush sayrab beradigan, ishning xumori tutadigan o‘sha go‘zal, nodir lahzalardan birontasi nasib qiladimi-yo‘qmi, bilmayman. Bunaqangi o‘zicha doimiy ravishda va har kuni ishga shay turishni xohlovchi yalqov uchun xuddi o‘sha, aynan, xuddi o‘sha belgilangan kuni u o‘sha yerga borishi va shu-shu ishni ado etishi lozimligini oldindan bilishdan yomoni yo‘q.
Agar men o‘zimning betartib hamda behuda sovurilgan umrimni oqlamoqchi bo‘lganimda, albatta, qandaydir uzrli mulohazalarni keltira olardim. Aytishim mumkinki, garchi yilda atigi bir necha marta bo‘lsa ham, haqiqiy ish payti men uchun na ob-havo, na sog‘liq, na boshqa to‘siq, na kun, na tunning farqi bo‘lmaydi, darveshona mutaassiblik bilan, o‘zni va olamni unutib, ish girdobiga o‘zimni otaman, so‘ng undan bo‘m-bo‘sh, ruhim tushib, sinib, haqir bo‘lib chiqaman. Yana bir narsani, ya’ni mening vaqtni surib qo‘yishim – bu shunchaki yalqovlik yoki betartiblik emas, balki zamonaviy dunyoning go‘yo vaqt – pul degan eng beaql va eng muqaddas aqidasiga qarshi ongli norozilik ham ekanligini aytib o‘tishim mumkin. Bu aqida, bundoq olganda, o‘zi to‘g‘ri, elektr yorug‘ligini issiqlikka aylantirish mumkin bo‘lganidek, vaqtni bemalol pulga aylantirish mumkin. Faqat, barcha insoniy aqidalardan eng bema’nisi – ushbu aqidadagi aqlsizlik va qabihlik “pullar”ning qat’iy ravishda oliy qadriyat belgisi sifatida xizmat qilishidir. Biroq bu bilan men o‘zimni oqlamoqchi emasman. Men haqiqatan ham, keltirish mumkin bo‘lgan barcha xayoliy qarama-qarshi dalillarga xilof ravishda, boshqa illatlardan tashqari, bekorchi, dangasa, ishyoqmasman. Mayli, buning uchun mendan nafratlanishaversin, menga hasad qilishsa, qilishaversin – bu illatlar menga qanchalik qimmatga tushayotganligini o‘zimdan boshqa hech kim bilmaydi. Bas, yaxshisi, bu mavzuni qo‘yaturaylik.
Ammo-lekin “vaqt – pul” iborasi xususida yana bir-ikki og‘iz gapirib o‘tishim lozim, chunki bu sayohatim tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir. Zamonaviy dunyoning mazkur aqidasiga va ushbu zamonaviy dunyoning o‘ziga bo‘lgan nafratim shu qadar kuchliki, qayerda bo‘lmasin, iloji boricha bu dunyo qonunlariga moslashishdan voz kechaman. Masalan, agar bugungi kunda temir yo‘lda ming va undan ko‘proq kilometrni bir kunda bosib o‘tish yutuq hisoblanadigan bo‘lsa, harakatlanayotgan vagonda to‘rt-besh soatdan ortiqroq bo‘lishni men odam uchun nomunosib deb hisoblayman va boshqa birov uchun bir kecha-kunduzlik safarga men bir hafta vaqt sarflayman. Safarlarim chog‘ida menga u yer-bu yerda mehmonnavozlik ko‘rsatadigan do‘stlarim uchun ba’zida bu ancha malol keladi, chunki men, biron joyga endi biroz o‘rgandim deganda, narsalarni yig‘ishtirib, yana yo‘lga otlanishni, vokzal va poyezdlardagi odamni toliqtiradigan betartib bexalovatlikni, yugur-yugurni yoqtirmayman. Ko‘plab dono odamlar amal qiladigan qoida bunday: har kuni shunday yashaginki, go‘yo u umringning oxirgi kunidek. Bas, shunday ekan, oxirgi kunida qurum bosgan havodan nafas olish, chamadonlarni ko‘tarvolib, perronlardagi to‘siqlarda tiqilib-suqilib yurish va temir yo‘l sayohatida zarur bo‘ladigan barcha bema’ni dahmazalarni ado etish kimga zaril kepti? Bundagi birdan-bir yoqimli narsa – boshqa ko‘p odamlar bilan ro‘baro‘ bo‘lish, biroq bu qanchalik ajoyib bo‘lmasin, odatda, bir necha soatdan so‘ng o‘z jozibasini yo‘qotadi. Mabodo omading chopib, birontasi bilan tanishib, qalin do‘st bo‘lib qolsang-u, agar uni biron-bir ajoyib bekatda pastga tushib, bu dunyoda maysazor va gullar, moviy osmon va bulutlar hali ham bormi-yo‘qmi, birga ko‘rishga ko‘ndira olmasang, unda oddiy so‘takdan farqing qolmaydi. Inkor qilmayman, mening yo‘rig‘im bo‘yicha sayohat qilinsa, juda ham tez ilgarilamaysan, kishi, ehtimol, o‘rta asrlar darajasiga tushib qolishi ham mumkin; qachonlardir agar Berlinga borishga qaror qilsam (shu paytga qadar bunga jur’at qilmaganman), menga yo‘lning o‘ziga kamida o‘n ikki kun kerak bo‘lardi. Mening uslubimga rozi bo‘lish va uning katta afzalliklarini ko‘rish uchun butunlay nozamonaviy odam bo‘lish kerak. Albatta, buning o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bor: masalan, mening usulim bo‘yicha sayohat qilish ancha qimmatga tushadi; buning evaziga mening safarlarim turli xil vaqtichog‘liklarga serob bo‘lardi, zamonaviy uslub bilan esa bunga erishib bo‘lmasdi. Bunaqa vaqtichog‘liklarga hamyondagi bor pulimni sarflab yuborishga ham tayyorman, haddan ziyod ishqibozligimdan men ularni favqulodda yuqori qadrlayman. Umuman, hayotni na faqat g‘oyaviy, qandaydir adabiy-estetik pessimizmdagina emas, balki jismonan azob va uqubat deb his etish – ko‘pchilik odamlarning qismatidir. Bu odamlarda, afsuski, men ham ular qatoridaman, quvonchdan ko‘ra azobni his etish iste’dodi ko‘proq; nafas olish va uyqu, ovqat yeyish va uni hazm qilishdan tortib to qolgan boshqa barcha eng sodda hayvoniy faoliyatgacha ularga huzur-halovat bag‘ishlashdan ko‘ra ko‘proq azob va qiyinchilik tug‘diradi. Hamonki, shunga qaramay, tabiat irodasiga bo‘ysunib, instinktiv ravishda hayotni barqaror bilib, azobni baxt-saodat hisoblab, taslim bo‘lmay harakat qilarkanlar, bu odamlar birozgina dimog‘ni chog‘ qiladigan, birozgina baxtiyor aylaydigan va ko‘ngilni ko‘taradigan nimaiki bo‘lsa, ortidan izma-iz yuradilar va bundayin ajoyib narsalarga oddiy, sog‘lom, aqli raso hamda mehnatkash odamlardan farqli o‘laroq, katta ahamiyat beradilar. Tabiat shu tariqa qandaydir juda ham murakkab va go‘zal narsa – yumorni yaratadi va unga deyarli barcha odamlar muayyan hurmat bilan munosabatda bo‘ladilar. Yumor iztirob chekayotganlar tomonidan og‘ir hayotga hartugul chidab, va hatto uni sharaflay olishlar uchun o‘ylab topilgan bo‘lib, boshqalar, o‘sha sog‘lom, iztirob chekmaydiganlarga qarama-qarshi g‘alati tarzda tiyiqsiz birdan paydo bo‘ladigan kuchli xushchaqchaqlik va quvnoqlik sifatida ta’sir etadi; sog‘lom odamlar sonlariga shapatilab, qahqaha urib kuladilar va hamisha garangsib, sevimli va muvaffaqiyat qozonayotgan komik Iks tushunarsiz tarzda g‘am-g‘ussaga berilib, suvga o‘zini tashlab, cho‘kib o‘libdi va hokazo shunga o‘xshash yangiliklarni har zamonda, ora-sira o‘qiy turib, biroz xafa ham bo‘lib qo‘yishadi.
Ortiqcha vaqtim shu qadar ko‘pligi va bir mavzudan boshqasiga sakrab o‘tib ketayotganligimdan nolishmasin, hoziroq o‘z mavzuimga qaytaman. Agar bu ham qo‘limdan kelmasa, o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: temir yo‘lni rad etib, baribir undan foydalanadigan, doimo o‘yin-kulgi va sho‘xlik-tantiqliklarni kutib, vaqtini bekor o‘tkazadigan, omma oldida chiqishga taklifnomani qabul qilib, bu faoliyatga nihoyatda shubha bilan qaraydigan, jiddiy, haqiqiy, zamonaviy, faol, ishchan hayotni inkor etib, uni masxaralashni qandaydir qabih sportga aylantirib olgan mendek odam o‘z sayohati haqida hikoya qilib berishi shunchalik muhimmi? Yo‘q, bunday romantikning o‘z safari to‘g‘risida nimani gapirib berishining sira ahamiyati yo‘q, qolaversa, bu qiziqchining gaplarini tinglashga kimning ko‘zi uchib turibdi, u, yumorchilardan ibrat olib, mavzuni esidan chiqarib qo‘yadi, uni yana katta qiyinchilik bilan izlab topadi, shunday ekan, endi tinglovchi ham tavakkal qila qolsin. U yumorchi bo‘lishi ham mumkin, yumorchilar uchun esa, ular nimaiki yozishmasin, topgan barcha sarlavhayu mavzulari bir bahona, xolos, aslida esa ularning hammasida birdan-bir yagona mavzu: hayratomuz g‘am-anduh, ta’bir joiz bo‘lsa, inson hayotining nopokligi – mana shu ayanchli, nochor hayot hartugul shunchalik go‘zal va ajoyib bo‘la olishidan hayratlanishdan iborat.
Safarimga kelsak, bu shunday bo‘ldi: yoz keldi, kundalik hayotim ohanglari esa u qadar quvonchli emasdi, g‘am-tashvishlar meni sirtdan ezar, yaxshi ko‘rgan azaliy ermak va ovunchoqlarim, rasm solish va mutolaa o‘zining ilgarigi fayzini yo‘qotgan, chunki avvalgi yillardan beri davom etib kelayotgan, ayni paytda kuchaygan, surunkali va doimiy ko‘z og‘rig‘idan azob chekar edim. Men yana amalga oshgan istakning g‘amgin poyoniga yetib kelganimni va hayotimning qaytadan ma’no kashf etishi uchun endi qandaydir yangi davrga qadam qo‘yishi lozimligini yaqqol his etib turardim. Ko‘p yillar davomida va ko‘plab qurbonlar evaziga men, nihoyat, uzlatga chekingan, u yerda, o‘z kulbamda yashirin va yolg‘iz o‘zim o‘z ermaklarim va illatlarim – o‘ylash, fikr yuritish, mulohaza qilish, xayol surish, o‘qish, rasm solish, may ichish, yozishga berilgan edim – mana, endi bu istak amalga oshib bo‘lgan, bu urinish tugab-bitgan edi, ko‘zlarim og‘rir, ish esa, mutolaa va rasm solish bilan birgalikda endi ortiq baxtiyor qilmasdi va mana shu holatdan, u toqat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetib, meni o‘z yog‘iga qovurib bo‘lgach, qandaydir yangi imkoniyat, yangi hayotga urinish, boshqacha shaklga kirish ro‘y berishi lozim edi, bu esa, men bilan tez-tez sodir bo‘lib turardi. Endi qiyinchiliklarni boshdan kechirish, ko‘zni yumib, o‘zimni kamsitib, taqdirga tan berish kerak edi. Demak, shu nuqtai-nazardan noyabr oyining boshiga belgilangan Ulm safari, men uchun juda o‘z vaqtida edi. Hatto u boshqa hech narsa olib kelmasa ham, o‘zgarish, yangi manzaralar, yangi odamlarni boshlab kelar edi. U yolg‘izlikka barham berib, xayrixoh-hamdard, diqqat-e’tiborli bo‘lishga majbur qilar, tashqi dunyo tomon yo‘llardi, qisqasi, safar men uchun ayni muddao edi. Rejalar tuza boshladim. Ulmdagi adabiy kecha oldidan, aynan shu kecha oldidan Blauboyrenga tushib o‘tmoqchi bo‘ldim, sababi, shunday o‘qishlardan so‘ng menda tez-tez paydo bo‘lib turadigan ma’yuslik va nafratni o‘zim bilan birga u yoqqa, go‘zal Lau va do‘stim huzuriga ham olib borishni sira xohlamasdim. Shunday qilib, oktyabr oyining oxirida jo‘nab ketishim lozim edi. Biroq mening Tessindagi qishlog‘imdan Blauboyrengacha yo‘l olis edi, men bu uzun va uzoq safarni qisqa, kalta, yoqimli bo‘laklarga bo‘lishim, uni ma’qul va maqbul qilishim kerak edi. Har ehtimolga qarshi, Syurixga qo‘nib o‘tishga qaror qildim, u yerda mening do‘stlarim bor edi, u yerda o‘zimni mehmonxonadagi hayotning xafagarchi¬liklaridan xalos qilib, shahar hayoti bilan biroz ovunishim, yaxshi may ichib, ko‘ngil yozishim, kino, ehtimol, teatrga ham tushishim mumkin edi. Biroq bundoq hisob-kitob qilib ko‘rsam, bu sayohat ancha qimmatga tushar ekan, Ulmdagi kecha uchun to‘lanadigan qalam haqi esa, safar chog‘ida kunlarni haftalarga ulab yuboradigan odam uchun mo‘ljallanmagan edi. Shuning uchun to‘satdan Augsburgdan omma oldida chiqishga yana bir taklifnoma kelib qolganda, hech nima deyolmadim. Augsburg, bilishimcha, Ulmdan atigi ikki soatlik yo‘l edi, demak, oraliq bekatda to‘xtab o‘tishga hech qanday hojat yo‘q edi. Augsburg uchrashuvini Ulmnikidan ikki kun keyinga belgiladim va biz bunga kelishdik. Endi mening safarim ancha ahamiyatli va ishonarli bo‘la boshlagandi, chunki men endi na faqat qadimiy shvab shaharlari Ulm va Augsburgni ko‘raman, balki Augsburgdan, albatta, Myunxenga ham borib kelaman, deb o‘ylardim, u yerda esa mening do‘stlarim ko‘p, qachonlardir, ancha yillar muqaddam, urushdan avval, ular bilan ko‘plab ajoyib va quvnoq kunlarni o‘tkazgan edik.
Oldindan Syurix, Ulm va Myunxendagi do‘stlarim bilan bog‘landim, ularning samimiy javob va takliflari ushbu sayohatga bo‘lgan ishtiyoqimni yanada kuchaytirdi va uzoq fikr-mulohazalardan so‘ng, menga Syurix va Blauboyren o‘rtasidagi masofani hatto bir kunda bosib o‘tish mumkindek tuyuldi. To‘g‘ri, buning uchun Syurixga o‘shanda ertalab soat yetti yoki sakkizda jo‘nab ketish zarur edi, bu esa oktyabr oxirida menga alam qilarli darajada barvaqt bo‘lib tuyulardi, shunday bo‘lsa ham, axiyri ozgina qurbon bersam nima bo‘pti, degan o‘yda jilmayganimcha, jadvaldan o‘zimga qulay poyezdlarni ko‘chirib yozib oldim.
Yoz oylarida mening asosiy mashg‘ulotim – adabiyot emas, balki rassomlik bo‘lardi, o‘zimizning go‘zal o‘rmonlar yoqasidagi kashtanlar ostida o‘tirib, ko‘zlarimning quvvati yetganicha, Tessinning quvnoq tepaliklari va qishloqlarini akvarel bo‘yoqlar bilan tirishib chizardim, ularni dunyoda hech kim menchalik yaxshi bilmaydi, deb o‘n yildan beri o‘ylardim va o‘shandan beri ularni ancha yaxshiroq bilib olgan edim, chizgan suratlarim solingan jild tobora qalinlashib borardi, asta-sekin, bilinar-bilinmas, yilma-yil dalalar yanada sariqroq tovlanardi, tonglar yanada salqinroq bo‘lib, oqshomda tog‘lar binafsha rangga ko‘proq ko‘mila borardi, o‘zim ham yashil rangga endi sariq va qizil ranglarni tobora ko‘proq qo‘shib borardim. Ekinzorlar birdan huvillab qoldi, ochiq zamin to‘q qizil tusga kirgan, kaput-mortuum8 holatida edi, makkajo‘xorizorlar esa oltindek tovlanardi, sentyabr keldi, kuz faslining ilk ochiq kunlari boshlandi. Foniylik chaqirig‘i menga boshqa hech qaysi bir vaqtda xuddi mana shu kunlardagidek baralla eshitilmaydi, yilning xuddi shu faslida, go‘yo ichkilikboz asl mayning so‘nggi qadahini shimirayotgandek, zamin ranglarini avaylab va tashnalik bilan sipqoraman. O‘zim biroz izzattalab bo‘lgan musavvirlikda ham kichikroq muvaffaqiyatlarga erishdim: bir nechta suratli varaqlarni sotib yubordim, bitta nemis oynomasi esa bir yozuvchining Tessin manzarasi haqidagi maqolasini rasmlar bilan bezashimga rozi bo‘ldi; men suratlarning bosma nusxalarini ko‘rdim, musavvir sifatida gonorar oldim, shunda miyamga, ehtimol, adabiyotdan butunlay ketib, o‘zimga yoqimliroq bo‘lgan rassomlik hunari bilan tirikchilik qilsammikan, degan fikr keldi. Bu yaxshi kunlar edi. Lekin xursandligimdan ko‘zlarimni toliqtirib qo‘yib, ortiq rasm chizolmay qoldim, kuz bo‘lsa o‘zining bir talay alomatlarini namoyon qila boshladi, shunda meni bezovtalik tutdi. Modomiki, hozirgi hayotim pallasi inqirozga yuz tutayotgan ekan, modomiki, o‘zgarish, yangilanish, sayohat uchun azmu qaror qilgan ekanman, endi ortiq kutishning ma’nosi qolmagan edi. Nihoyat, sentyabr oxirida yo‘lga tushishga qaror qildim.
Shu asnoda ishlar birdan ko‘payib ketdi. Agar hoziroq jo‘naydigan bo‘lsam, narsalarni bir necha haftaga mo‘ljallab joylashim kerak bo‘lardi, lekin men bu haftalar davomida yo‘lovchidek bo‘lishni xohlamasdim, balki yo‘lda turli joylarda qulayroq joylashib olib, ehtimol, yozish niyatim ham yo‘q emas edi. Shuning uchun harholda o‘zim bilan rassomlik ashyolarini va yaxshi kitoblardan bir dasta olvolmoqchi bo‘ldim. Ust-bosh va ich kiyimni tartibga keltirish, tugmalarni qadash, yirtiq-yamoqni tikish kerak edi. So‘nggi soniyada qora kostyum so‘zga chiqish uchun unchalik to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi va buning chorasini ko‘rishga to‘g‘ri keldi. Chamadonni yopib ulgurmasimdanoq yana bitta taklifnoma kelib qoldi, u Nyurnbergdan bo‘lib, u yerga to‘g‘ri Augsburgdan yetib borishim taklif qilingan edi. Buni endi yaxshilab o‘ylab ko‘rish zarur edi, Nyurnberg mening safarimga ko‘ngildagidan ham ziyoda mos tushardi, bu o‘qimishli sayohatchi uchun Ulm va Augsburg shaharlariga butunlay zarur qo‘shimcha bo‘lib, ularni to‘ldirar edi. Va men Augsburgdan keyingi kunga emas, balki undan besh kun keyinga rozi bo‘ldim. Augsburg va Nyurnberg o‘rtasidagi masofani munosib tarzda bosib o‘tish uchun bu vaqt, shubhasiz, yetishi lozim edi.
Mana endi yo‘lga tushsam ham bo‘lardi. Mening birinchi manzilim Syurix edi. U yerdan men Baden-Limmatga tushib, biroz davolanmoqchi edim, u yer shifobaxsh oltingugurtli buloqlari bilan mashhur edi. Katta chamadonni jo‘natib yuborgach, qo‘limda mayda yuk qoldi, sentyabr quyoshi esa chunonam charaqlab nur sochar, uzumzorlar g‘arq pishgan boshlarini ko‘z-ko‘z qilar, bularni tashlab, salqin kulrang Syurixga jo‘navorish gunoh bo‘lar edi. Uzum terish haqida birrov o‘ylamaganimni qarang-a! Biroq Lokarnoda mening do‘stlarim bor edi, ularni allaqachonlardan beri ko‘rmagandim. U yerda men quyosh va uzum bilan xayrlashmasdan turib, yangi hayot boshlashim mumkin edi. Lokarnoga qarab yo‘l oldim.
Men to‘g‘ri yo‘l tutdim. Lokarno safarimning boshlanishi uchun yaxshi bo‘ldi. Men eng yaxshi, eng kungay Briona va Gordola qiyaliklarida bo‘lib, shirin uzumdan vazirlarga qaraganda bir necha funt ko‘proq tanovul etdim va uzoq davom etgan yolg‘izlikdan so‘ng yana do‘stlarim bilan o‘tirib, gurunglashib maza qildim. Bunday suhbatlar chog‘ida insonda yashaydigan qandaydir oniy lahzalarni lablar va ko‘zlar ifodalay olsa-da, ularning barcha eng yaxshi va o‘ziga xos tomonlarini tasvirlashga qalam ojizlik qiladi. Hech qaysi bir san’atda aloqa-munosabat san’atidagidek o‘zimni shu darajada diletant va yangi odam sifatida his qilmagandim, biroq hech biri meni ularning do‘stona qurshovida o‘tkazganim kamdan-kam nasib bo‘ladigan soatlardagidek qoyil qoldirmaydi. Tamaro uzra quyosh yorqin nur sochib turar va garchi qirg‘oq bo‘yidagi ajoyib xilvatnishin va qarovsiz Rivapyana so‘qmog‘i o‘zining ilgarigi jozibasini yo‘qotgan bo‘lsa-da, bu suvli joy bundan o‘n yillar muqaddam qanday bo‘lgan bo‘lsa, bugun ham hamon sevimli xilvatgo‘sha sifatida qadrli edi. Mehmonxonadan ozgina uzoqlashishing bilan esa, sayohatchilar ma’qul topgan bir qator ko‘chalar ortda qoladi va yovvoyi tog‘li o‘lkaga kirib borib, o‘zingni Yevropadan tashqarida va vaqtdan xoli, toshlar va butalar, kaltakesak va ilonlar orasida his etasan, qashshoq, biroq iliq va samimiy, ranglar va mayda-chuyda ajoyibotlarga to‘la mamlakatga borib qolganday bo‘lasan kishi. Bu yerlarda men oldingi yillarda kapalak va kaltakesaklarni o‘rgangan, chayon va beshiktervatarlarni tutgan, mo‘yqalam bilan ilk etyudlarimni chizgan va Rio ismli daydi it hamrohligida jazirama issiqda buzuq yo‘llar bo‘ylab bir necha kun tentirab yurgan edim. Hamma joyda o‘sha kezdagi hidlar hali ham saqlanib qolgan, hammayoqda menga tanish ikir-chikirlar, uy burchagi, bog‘qo‘ra menga ilgarigi hayotimning eng og‘ir paytida nasib etgan o‘sha tinchlanish va sog‘ayish soatlarini yodga solar edi. Shvartsvalddagi tug‘ilib o‘sgan jonajon shahrimdan tashqari, gapning to‘g‘risi, Lokarno atrofidagi faqat mana shu joylar menda haqiqiy vatan tuyg‘usini uyg‘otar va bundan menda hali ham nimadir saqlanib qolgan va bu meni xursand qilar edi.
Men Lokarnoda to‘rt yoki besh kun turdim va uchinchi kuniyoq safar ne’matlaridan birini his qildim, bu haqda ilgari sirayam o‘ylamagan ekanman. Men pochtani olmayotgan edim! Pochta keltirayotgan barcha tashvishlarim, ko‘zlarimga, yuragimga, kayfiyatimga bildirilayotgan barcha da’volar va barcha talablar to‘satdan g‘oyib bo‘ldi! Albatta, buning andakkina dam olish ekanligini, men ko‘proq turadigan keyingi joyda harqalay yana bu barcha qaqir-quqirlarni, hech bo‘lmaganda xatlarni menga jo‘natib turishlarini so‘rashimga to‘g‘ri kelishini bilardim. Biroq bugun, ertaga, indinga ham pochta kelmaydi, men – inson xudoning bandasi, ko‘zlarim va fikrlarim, vaqtim va kayfiyatim o‘zimniki, birgina o‘zimniki va do‘stlarimniki edi. O‘zlarini eslatib turadigan na tahririyatlar, na korrektura so‘rovchi noshirlar, na dastxat to‘plovchilar, o‘z asarlari xususida maslahat so‘raydigan na yosh shoirlar, na gimnaziya o‘quvchilari, na qandaydir nemis mutaasiblari uyushmalaridan kelgan do‘q-po‘pisa va haqorat bilan yozilgan xatlar yuborilmas, bunda, jimjitlik va osoyishtalikdan boshqa hech narsa yo‘q edi! Tavba, pochtasiz bir necha kun yashab ko‘rsang, kun sayin, butun umr bo‘yi qanaqangi axlat uyumini, qanchadan-qancha badhazm, bemaza narsalarni yutib yuborishingni tushunib yetarkansan. Bu xuddi shundayki, birmuncha vaqt gazeta o‘qimay qo‘ygach (men o‘zim ko‘p yillardan buyon shunday qilaman), har kuni ertalabki soatlaringni qandaydir bema’ni safsataga sarflab, qandaydir bemaza narsalar bilan – bosh maqoladan tortib, to birja byulletenigacha – dilni pora, ko‘ngilni vayron qilayotganingni bilib, uyalib ketarkansan, kishi. Va pochtaning yo‘qligi meni hammavaqt, aynan biron nimani o‘ylashimda ham, biron narsani unutishimda yoki tasavvur qilishimda ham qo‘llab-quvvatlayotganligi qanday yoqimli-ya! Senga tinmay adabiyot haqida, qandaydir tabaqa, allaqanday kasb, shubhali va unchalik durust bo‘lmagan, shuning uchun ham hurmati o‘ziga yarasha bo‘lgan kasb egasi ekanligingni, qachonlardir, yoshligingda bilmasdan qandaydir iste’dodni kasbga aylantirib, xato qilib qo‘yganingni eslatmayotganlari-chi. Shunday maza qilib va aytish mumkinki, ongli ravishda va ehtiyotkorona dam olardim, ayni paytda shundayin xayollarga ham borardimki, mana shu holatni uzoqroq cho‘zishning, hech kim topolmaydigan bo‘lvolib, manzildan mosuvo bo‘lib, osmondagi har qanday bechora qushga, yerdagi har qanaqangi nochor chuvalchangga, har bir etikdo‘z shogirdiga o‘xshab hech narsani o‘ylamasdan baxtiyor yashashning, mashhur bo‘lmaslikning, oshkoralikning iflos, soxta, nafasni bo‘g‘adigan muhitida yashamaslikning iloji bormikin, buning qandaydir yo‘lini topsa bo‘lmasmikin!
Biroq adabiyot haqidagi xotiralardan butkul xalos bo‘lolmadim. Men tanishgan bir kitobxon kaminani “Peter Kamentsind” muallifi sifatida zavq-shavq bilan qutladi. Men qizarib ketdim. Unga nima ham deyishim lozim edi? U kitobni eslolmayman, uni o‘n besh yildirki, boshqa o‘qimaganman, xotiram ham sustlashib, tez-tez uni “Zekingenlik karnaychi” asari bilan adashtirib yuboraman, deyishim kerakmidi? Yo, yaxshisi, kitobning o‘zini emas, balki faqat uning hayotimga ko‘rsatgan ta’sirini yomon ko‘rishimni, uning mutlaqo kutilmagan muvaffaqiyati meni bir umrga adabiyotga giriftor qilgani, har qancha urinmay, undan hali-hanuz xalos bo‘lolmaganligimni aytganim ma’qulmidi? U baribir hech narsani tushunmasdi, u mening o‘z shaxsiy adabiy nomimga bo‘lgan nafratimni (buni men achchiq tajribamdan bilardim) mug‘ombirlik va kamtarligi bilan maqtanish deb qabul qilgan bo‘lar edi. Nima bo‘lganda ham u meni noto‘g‘ri tushungan bo‘lar edi. Shunday ekan, men unga bu gaplardan hech narsa demadim, qizarganimcha, birinchi qulay fursatdayoq sezdirmay juftakni rostladim.
Keyin, nihoyat, yoz va janub bilan qat’iy xayrlashib, Syurixgacha to‘xtamasdan yo‘limda davom etganimda, menga safarning yana bir boshqa ne’matini his etish yoqimli edi – yo‘l oldidan yengil xayrlasharkansan, kishi. Ilgari, uyga qaytayotib, lokarnolik do‘stlarimni tark etayotganimda meni hamisha his-tuyg‘u chulg‘ab olardiki, go‘yo biz endi tez orada ko‘risholmaymiz, va ular bilan xayrlashish men uchun ancha og‘ir kechar va odamni ezar edi. Men shu jihatdan ham nozamonaviy odammanki, har qanday ortiqcha hissiyotga berilishlarni rad etmayman, ulardan nafratlanmayman, aksincha, o‘z-o‘zimdan so‘rayman: ochig‘i, his-tuyg‘u bo‘lmasa agar, o‘zi biz nima bilan yashaymiz, hayotni qanday his etamiz? Xalta to‘la pulim, bankda yaxshigina jamg‘armam bo‘lsa, shimning taxi buzilmagan, bo‘yi yetgan barno qiz yonimda bo‘lsa-yu, yurak qurg‘ur “jiz” etmasa, to‘lqinlanmasa, bulardan menga nima foyda? Yo‘q, boshqa birovlarning ortiqcha hissiyotga berilishlarini yoqtirmasam-da, o‘zimniki o‘zimga yoqaveradi va ehtimol, biroz erk berib yuborayotgandirman ham. His-tuyg‘u, nazokat, yengil hayajon – bular mening sep-sidirg‘am-ku, men ular bilan yashashim lozim. Agar men mushaklarim kuchi bilan tirikchilik qilganimda, kurashchi yo bokschi bo‘lganimda, hech kim mendan muskullar kuchini ikkinchi darajali deb hisoblashimni talab qilmagan bo‘lardi. Agar men dilda sanashning ustasi bo‘lib, katta idorani boshqarganimda, mendan hech kim og‘zaki hisobda ustalikka qandaydir norasolik sifatida nafrat bilan qarashimni talab qilmagan bo‘lar edi. Shoirdan esa hozirgi zamon, ba’zan yosh shoirlarning o‘zlari ham o‘zlaridan aynan insonni shoir qiladigan tuyg‘ular: ko‘ngilchanlik, sevib qolishga, muhabbat-ishq o‘tida yonishga qodirlik, mislsiz va g‘aroyib his-tuyg‘ularni sezish, ularga berilishni yomon ko‘rishni – aynan o‘z kuchiga nafrat bilan qarashni, undan uyalishni va “sentimental” deb atash mumkin bo‘lgan barcha narsadan saqlanishni talab qiladi. Nima ham derdim, talab qilsa, qilaversin; men bunga qo‘shilmayman, menga o‘z his-tuyg‘ularim dunyoning butun dovyurakligidan ko‘ra ming marta qadrliroq, aynan ular meni urush yillarida botirlarning sentimentalligiga sherik bo‘lishdan va otishmalardan zavqlanishdan saqlab qoldilar.
Shunday qilib, ko‘nglim xotirjam bo‘lib jo‘nab ketdim. Bunaqangi xayrlashuv chog‘ida, agar uyga, kulbangga emas, balki dunyoning qaynagan joyiga ketayotgan bo‘lsang, hech qanaqangi azob yo‘q, aksincha, hatto o‘zingni qolayotganlardan qandaydir ustun ham sezasan, hech tutilmasdan tezda qaytishga va’da ham berib yuborasan, bunga o‘zing ham ishonasan, axir sen o‘zi yo‘ldasan-ku, safardasan-ku. Bunday yengil xayrlashuv Gothartdan o‘tib borayotganimda qalbimda Lokarnoning so‘nggi aks-sadosi bo‘lib yangradi. Va pochtani menga Syurixdaligimda emas, balki faqat Badenga yuborishlarini so‘rashga qaror qildim.
Bu yo‘lda mening hayotimda qandaydir rol o‘ynagan bekatlar ko‘p: Gyoshenen, Flyuelen, Sug va ayniqsa, Brunnen, u yerda Otmar Shyok9 shu yozda o‘zining “Pentesileya”sini tugallagandi – uning mo‘jazgina xonasida royal atrofida o‘tgan o‘sha ilk oqshom dilimda o‘chmas xotira bo‘lib qolgan edi. Ana shularning barchasini bosib o‘tib, Syurixga yetib kelgach, shahar hayotiga sho‘ng‘ib ketdim. Demak, “Syurix” ham shunday so‘zki, u har bir kishi uchun qandaydir boshqacha ma’noni ham anglatishi mumkin. Kamina uchun u ko‘p yillardan buyon Osiyo bilan bog‘liq nimanidir anglatadi, bu yerda mening Siyomda10 ko‘p yillar yashagan do‘stlarim bor edi, men ularnikiga tushdim, bu uyda meni Hindiston, dengiz va olis o‘lkalar bilan bog‘liq xotiralar, guruchning va karri*ning xushbo‘y hidi, yaraqlab turgan tillarang Siyom javon-ibodatxonasi, mis Buddaning bosiq nigohi qarshi oldi. Ushbu ekzotik makondan shaharga chiqib, zamonaviylik, xushchaqchaqlik, bashanglik bilan oshno bo‘lish, musiqa, teatr va kinoga tushish men uchun yana bir necha kun haqiqiy huzur-halovat edi.
Shaharga hali-hanuz mutlaqo bolalarcha munosabatda bo‘laman. O‘zim uchun u haqda umumiy tasavvur hosil qilishim qiyin, meni har doim mayda-chuyda tafsilotlar jalb qilib, qiziqtirib qo‘yadi, tramvaydagi yo‘lovchilarning chehralariga razm solaman, plakatlarni o‘qiyman, gavjum ko‘chalar bo‘ylab, qo‘llari cho‘ntagida, g‘izillab velosiped haydab borayotgan biror montyor yoki shogird bolani ko‘rib, zavqlanaman, uning xirgoyi qilayotgan qo‘shiqchasini eslashga urinib ko‘raman, tiqilinch chorraha o‘rtasida turib, katta oq qo‘lqop kiygan, tig‘iz harakat qatnovini boshqarayotgan politsiyachini uzoq kuzataman, kinoteatrlardagi e’lonlar diqqatimni tortadi, do‘konlarning vitrinalaridagi kitoblar, o‘yinchoqlar, mo‘yna kiyimlar, sigaralar va boshqa ajoyib narsalarning ko‘pligidan hayratga tushaman, keyin yon tomondagi ko‘chalarga, meva va ko‘kat do‘konlariga, eskifurushlar, eski pochta markalariga to‘la chang bosgan qog‘ozlar ko‘rinib turgan kichkina, xira vitrinalari oldiga borib qolaman, yana qaysidir transport yo‘liga chiqib olib, avtomobillar orasida hayotimni xavf ostiga qo‘yaman, shundan so‘ng tezda charchab, o‘zimni biron yoqqa, shundayam qahvaxonaga emas, zamonaviy restoranga emas, balki baliqchilar yoki lattafurushlarning mavzeiga, yo qandaydir tutun bosgan kichkina qovoqxonaga uraman, u yerda bluza (yaktaksimon ust kiyim) kiygan pochtachi va xat tashuvchilar barcha stollarda ko‘plab tayyor terib qo‘yilgan o‘rama kulcha, kolbasa bo‘lakchalari va pishirilgan tuxumlardan tanovul qilib, oq sharob ichib o‘tirishadi. Milan yoki Syurix, Myunxen yoki Genuya bo‘ladimi, men, odatda, shunaqangi joylarda, ko‘rimsiz va isqirt tor ko‘chalarda bo‘laman, mayxonalarga kiraman, u yerlarning birdan-bir bezagi ikkita tilla baliqcha solingan banka yoki qog‘oz guldasta bo‘ladi, devorda esa Napoleon Uchinchining yoki shahar atrofidagi atletika klubi jamoasining sarg‘ayib ketgan fotosurati osig‘liq turadi, bu manzaralar nimasi bilandir maktabda o‘qib yurgan yillarimda kirishim man etilgan pivoxonalarda ilk bor bo‘lgan chog‘larimni yodga soladi. U yerda mahalliy oq sharobni qalin qadahlarda ichishadi, yaxshi sharob, uni stollarga qo‘yilgan, ustiga zira sepilgan turli xil yeguliklar, pishiriqlar, parrak qilib kesilgan yo‘g‘on kolbasa bilan gazak qilishadi. Bu joylarda mamlakat va xalqning sof va qudratli nutqini eshitasan hamda odamlarning kiyinishi, libosiga qarab, ularning qaysi tabaqaga mansub ekanligini bilib olasan, kishi. Mo‘ynali po‘stin kiygan haydovchi kirib, peshtaxta oldida tikka turganicha aroq to‘latilgan qadahni bo‘shatdi va o‘zini boy-boyon ko‘rsatib, xo‘jayinning yelkasiga qoqdi, itni bir tepib, og‘zini artdi-da, eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdi. Ustidagi kiyimining yag‘iri chiqqan, rangpar bir xotin kirib, eshik oldida o‘zini past olib bir dam turdi, so‘ng oyoq uchida yurib, bekaga yaqinlashdi, yeng ichida bo‘sh shishani ko‘rsatib, bir nimalar deb shivirladi, keyin esa, qup-quruq chiqib ketdi. Bir yigit eshikdan bosh suqib: “Robert shu yerdami?” deb so‘radi, xo‘jayin unga: “U bugun ellik yettinchidaku” deya javob qaytardi. Qizil duxoba qoplangan stul va tuvakda xonaki palma ko‘tarib, xat tashuvchi kirib keldi. U stulni devorga tirab, palmani stolga qo‘ydi, o‘tirgach, bir yo‘la ikki qadah yangi solingan sharob buyurdi. Bu voqealarning barchasi menga qiziqarli edi, ularni uzoq, ikki, uch qadah bo‘shagunga qadar kuzatib o‘tiraverardim, buning sabablarini o‘rganishga esa hali vaqt topganimcha yo‘q.
U qadar ishtiyoqim baland bo‘lmasa-da, kinoga ham tushib turaman, aytib qo‘yay, kamina Chaplinning eng samimiy qadrlovchi va uni eng tushunadigan muxlislaridanman. Italiyalik Machistani ham juda yaxshi ko‘raman, ammo tarixiy sulolalarning kiyim-kechaklari tasvirlangan katta dabdabali filmlarni yoqtirmayman: ular nasihatomuz.
Men, shuningdek, Xalqaro san’at ko‘rgazmasida ham bo‘ldim, u yerdagi butun aralash-quralash orasida Karl Hoferning11 rasmlari go‘zalligi va kuchliligi bilan ajralib turganligini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Shundan so‘ng bir necha rassomlar va adiblar bilan qahvaxonada o‘tirib, qisqa vaqt ichida san’at olamidagi barcha yangiliklardan bahramand bo‘ldim.
Bu yurishlarning har biridan so‘ng men mamnun holda yana Siyomga qaytar va Budda huzurida, xitoy kosalari qurshovida hordiq chiqarardim. Yana mehmon bo‘lish, samimiyat va xayrixohlikni his etish, kim bilandir gurunglashib, kim bilandir jiddiy suhbatlashish, yana kim bilan kulishib, kimdir birov bilan qadah urishtirish – bu odamovi va ishlab charchamaydigan xonanishin kishi uchun sayohat paytidagi eng ajoyib damlar edi. Qandaydir bir davraga qo‘shilish, biror kimsa bilan birlashib, va birgalashib yashash, boshqa birovlar bilan qandaydir doimiy simbiozga12 erishish menga uzoq vaqt va hech qachon nasib etmagandi. Ammo menga, baxtimga, qisqa muddatga bo‘lsa ham hamisha jonajon do‘stlarimni topish nasib etardi va men ko‘ngildagini yashirmay, ochiq-oydin gaplashish, ortiqcha ehtiyotkorlikni yig‘ishtirib qo‘yib, borini to‘kib solish imkoniyatidan rohatlanardim. Do‘stlarimning, shu jumladan, meni ancha yaqin biladiganlarning, barcha noma’qulchiliklarim va qiziq odatlarimga qaramasdan menga harholda sodiq qolganliklarini andak bema’ni hayotimning birdan-bir ishonarli tarzda oqlanganligi, deb bilaman.
Syurixdagi bir necha kunlik sayohatim nihoyasiga yetdi. Yozish va rasm solishni niyat qilib, Badenda, Verenahofda uzoq muddatga to‘xtadim, bu yerda meni haqiqatan ham pochta kutib turardi, undan atigi o‘n kungagina qutulgan ekanman. Yana: “Muhtaram janob! Hamkorlikka taklif etib, ko‘rsatgan iltifotingiz uchun tashakkur, biroq afsuski…” qabilidagi otkritkalarni yozib, jo‘natishga to‘g‘ri keldi.
Yana omma oldida so‘zlashga taklifnomalar kelgan edi, ulardan bittasi: zamonaviy Yevropaning Sharqqa, Hindiston, Xitoyga intilishi haqida ma’ruza o‘qish haqidagi taklif meni hatto qiziqtirib qoldi. Agar ma’ruza joyi Olmoniyaning olis shimolida bo‘lmaganda va umuman, menda ma’ruza o‘qish iste’dodi bo‘lganda edi, bu haqda ba’zi bir narsalarni gapirsa bo‘lardi, turgan gapki, Osiyoga muhabbatni shunaqa jo‘n usul bilan namoyon qilish imkoniyatidan mamnun bo‘lar edim. Biroq ma’ruza o‘qish – mening ishim emas, bir kuni harakat qilib ko‘rgan edim, zo‘rg‘a amalladim, o‘sha kuni shu qadar hayajonlandimki, qolgan butun umrim davomidagi barcha ahamiyatli va tantanali hollarda ham bunaqa bo‘lmagan edi. Yo‘q, rahmat. “Muhtaram janoblar, G‘arb va Sharq to‘g‘risida ma’ruza o‘qish haqidagi taklifingizni katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim, ammo afsuslar bo‘lsinkim…”
Yosh yozuvchilardan bir qancha qo‘lyozmalar ham kelgan ekan, iloj qancha, garchi xo‘rsinish bilan bo‘lsa ham, avval ular bilan tanishib chiqishga qaror qildim. Biroq ikkinchi kuni o‘qishni tugatgach, ko‘zlarim tamomila zo‘riqib, qattiq og‘riy boshladi va ularga doka ho‘llab bosdim. Bundan tashqari, yozuvchilardan birining o‘z qo‘lyozmasiga ilova qilib yozgan xati menda o‘ta yomon taassurot qoldirdi, u shunaqangi tilyog‘lama maqtov, shunaqangi soxta hurmat bilan yozilgan ediki, tezda uning bahridan o‘tib qo‘yaqoldim. Shunga qaramasdan uchaloviga ham birdek silliqqina qilib – shunday, shunday, ko‘z og‘rig‘i azob berayapti, kotibim esa yo‘q, afsuski, qo‘lyozmangizni o‘qiy olmadim, mazmunida javob yozdim. So‘ngra, qalin qo‘lyozmalarga manzillarini ilova qilib, markalarni yopishtirdim, o‘n kunlik hordiq, baribir, tatimagani, endi esa ko‘zlarimni yana avaylab-asramasam bo‘lmasligini noiloj tan oldim. Jon deb, Badenga – davolanishga jo‘navordim.
Davolanishni boshqa bir joyda ta’riflab o‘tgan edim, shuning uchun uni yana takrorlab o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. U yerda o‘z shifokorim bilan xo‘p ajoyib kunlarni o‘tkazdim, restoran sohibi bo‘lsa, kamina ham uning do‘stlaridan emasmi, mendan: “Janob Hesse, bir shisha pommarga qalaysiz?” deb so‘rab turardi. Mehmonlar ham yo‘qlab kelib turishardi. Bir kuni eski qadrdon do‘stim Pistorius13 kelib qoldi, uni ancha yillardan beri ko‘rmagan edim, o‘zgarib ketibdi, minnatdorlik bilan yana uning noma’lum-jo‘shqin, ilohiy alomatlarga to‘la qalb dunyosiga kirib borib, bir zamonlar u bilan birga boshlagan ishlarimiz, o‘zimda shundan buyon kechgan o‘zgarishlar haqida hangomalashdik. Kutilmaganda Lui Berahm14 ham kelib qoldi, qo‘lida safarxalta, yo‘l-yo‘lakay kirgan ekan. U ijod qilish uchun Balear orollariga otlangan ekan, meni ham o‘sha yoqqa borishga ko‘p chorladi, shundan beri daragi chiqmay ketdi.
Badendagi dam olish o‘ylaganimdan ham ko‘ra tez tugadi; bu gal ham, har doimgidek, o‘zim bilan birga o‘qish va ishlashni mo‘ljallab, juda ko‘p narsani olvolgan ekanman. Narsalarni endi yana qaytadan joylash kerak edi. Barcha kitoblar va foydalanilgan ich kiyimlarni o‘zim bilan Olmoniyaga ko‘tarib yurish ortiqcha ko‘rindi; oh-voh qilib barcha kerakiz narsalarni katta chamadonga joylab, uni ortga jo‘natib yubordim, biroq yo‘lga otlanayotgan oxirgi kunim, qolgan narsalar safarxaltaga sig‘may qoldi. Qora kostyumni karton qutichaga tiqib, ustidan kanop ip bilan o‘rab bog‘lashimga to‘g‘ri keldi. Umuman, keyingi paytda kechalari negadir yomon uxlayotgandim va yo‘lga tushishga esa sira yuragim betlamasdi. Blauboyrenga soat yetti yoki sakkizga yaqin jo‘nab ketishim lozim edi, u yerlik do‘stimga shunday deb xabar qildim. Endi mana bu la’nati qutichani ortmoqlab, buning ustiga sayohatim davomida kerak bo‘ladigan u-bu narsani ham katta chamadonga solib yuborganimni bilganimdan so‘ng – yengiltaklik bilan va’dalar berib yuboraverishning oqibati nima ekanligini yana qaytadan boshdan kechirdim. Ertaga ertalab yettida Syurixda bo‘lishim kerak, men esa hali ham Badendaman, yo‘l taraddudidan shunaqa to‘ydimki, oltingugurt suviga yana uch hafta jon deb tushgan bo‘lardim. Undan keyin, uyqusiz tundan so‘ng (ilk saharda, tong yorishmay o‘rnimdan tursam, qanday qilib veronal (uyqu dori) ichish mumkin?), ertaga Blauboyrengacha bo‘lgan butun yo‘lni bosib o‘tishim, orada Tutlingenga ham tushib o‘tishim, va nihoyat, Blauboyrenga, ikki kundan so‘ng Ulmda, keyin esa Augsburgda, undan so‘ng Nyurnbergda notanish odamlarga she’r o‘qiyman deb, horib-charchab, bir alpozda kirib borishim kerak! Bunday qilish uchun faqat jinni bo‘lish kerak edi! Yo‘q, men hoziroq Syurixga jo‘nayman, u yerda tunab, bir yo‘la do‘stlarim bilan bu bema’ni fikrni ham o‘ylashib ko‘ramiz, yaxshisi, uchta quling o‘rgilsin shoshilinchnomani qotiramiz – shunday-shunday, qattiq shamollaganligi sababli, janob tenor (eng baland ovozli notiq) yetib bora olmaydi. E, xudoga shukur-e.
Do‘stimning ayolidan vokzalga chiqib turishini iltimos qilib, Syurixga jo‘nadim va uni kutib o‘tirib, yo‘l tashvishlarini o‘ylab, kayfiyatim buzilib, karton qutichani qo‘ltiqlaganimcha vokzal restoraniga kirdim, uch yil saqlangan bir shishani maydalab o‘tirdim. Havo salqin edi, shamollab, ovozim xirillab qolibdi, Badenda qolavermaganimga achindim, allaqachonoq uyga, Tessinga qaytib ketmaganimdan afsuslandim. Alisa keldi va unikiga bordik, unga o‘z tashvish va gumonlarimni bayon qilib berdim, Budda menga yuqoridan istehzo bilan qarab turardi. Suhbatdoshim safarimni davom ettirishim tarafdori edi; agar noxush kayfiyatim tufayli chekinadigan bo‘lsam, keyin afsuslanarmishman. “Noxush kayfiyat” degani ajoyib gap, o‘ylardim men, sizlar, aqli raso odamlar, ertaga kallayi saharlab turib, poyezdda bir necha soatlab yurib, allaqanday dastur hamda majburiyatlarni bajarishini o‘ylab, akamizning holi ne kechadi, bilmaysizlar-da. Men o‘zimni himoya qilardim, nihoyat, dialog keskinlashayotgan edi, ertaga barvaqt turib, yo‘lga otlanishdan qat’iyan bosh tortdim. Nima ham deyishardi, yon berishdi. Shunday qilib, ertalabgacha to‘yib uxlayman, o‘shanda shoshilinchnomalarni jo‘natishga ham vaqt bemalol yetadi.
Engil tin oldim, tun va tong mening foydamga hal bo‘lgan edi. Do‘stim ham qaytdi, u bilan bir qadahdan may ichib, tushlik qildik, veronal ham ichib oldim va ertalab ma’qul paytdagina, o‘n bilan o‘n bir o‘rtasida turishimni e’lon qildim. Karton quticha o‘rniga ijaraga Siyom, Singapur va Yavaning chiroyli lavha, yorliqlari yopishtirilgan qulay chamadoncha oldim va tushdan so‘ng, taqdirga chala-yarim tan berib, nemis chegarasi tomon yo‘lga tushdim. Endi, vaqt o‘tgach, bildimki, Blauboyrenga bir o‘tirganda yetib borish o‘zi avvalboshdanoq xato ish bo‘lgan va ertalabki ilk poyezdda jo‘nash ahmoqona qahramonlikdan o‘zga narsa bo‘lmagan bo‘lar edi. Blauboyrenga borish o‘rniga men faqat Tutlingengacha yetib olib, u yerda tunayman va xudoning panohida Klyottsle-Blay va do‘stimning huzuriga kelishilganidan atigi bir kungina kechikib kirib boraman. Kamina kupeda yuvoshgina bo‘lib o‘tirardi, ro‘paramda tizzalarini adyol bilan o‘rab olgan allaqanday barvasta savdogar uxlab yotardi, oynalardan esa Boden ko‘li bo‘yida yashagan yillarimdan tanish joylar lip-lip o‘tardi; Rayn va Rayn sharsharasi, bojxona xizmatchisi va pasport tekshiruvchi, Hegau tog‘lari ko‘rindi, bu yerlar vatanim bo‘lgan eski zamonlar ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Zingen bekatida to‘xtadik, shunda bu yerda yashovchi eski qadrdon do‘stlarimni esladim, ularni ko‘rmasdan shunchaki o‘tib ketaverish yaxshi ish bo‘lmasligi haqida o‘ylab qoldim. Lekin bo‘lg‘usi sayohatim rejasini tuzayotganimda na Zingen haqida, na ushbu do‘stlarim haqida nega o‘ylab ko‘rmaganman, buning sabablari menga ayon edi: Boden ko‘li bo‘yida yashagan yillarimni eslashni yoqtirmasligimga asosli sabablarim bor edi. Zingenda derazani ochib, perronga ko‘z tashlagan edim, maxsus kiyim kiyvolgan kishi ko‘rindi, u xushmuomalalik bilan poyezd bu yerda qirq daqiqa turishini ma’lum qildi. Nima ham derdik, tushib, shaharga qo‘ng‘iroq qildim, do‘stlarim yugurib kelishdi, er-xotin va o‘g‘li, talaba, uni oxirgi marta ko‘rganimda kichkinagina bola edi. Shunday qilib, bu ish o‘ngidan keldi va oradan qirq daqiqa o‘tgach, men pok vijdon bilan yana yo‘limda davom etdim. Tutlingenga yaqinlashmasimizdan qorong‘i tushdi, chiroqni yoqishgach, saksoniyalik savdogar uyg‘onib, tilga kirdi. U norozi kayfiyatda, Italiyadan qaytayotgan edi, Italiya va Shveytsariyada ta’na-malomatga sabab bo‘layotgan narsa ko‘p emish va umuman…
– Bilasizmi, — dedi u, — meni aldashib bo‘pti, men bilaman gap qayerda, e, qo‘yavering. Hayot – bu turgan-bitgani aldamchilik, bilsangiz, ana shunaqa gaplar.
Uning gaplariga butunlay qo‘shilishga tayyor edim, faqat muomalasi yoqmadi, shuning uchun indamay qo‘yaqoldim va Tutlingenga yetib kelganimizni ko‘rib, xursand bo‘lib ketdim. Mana, men Shvabiyada, vatanimda edim va shvab shaharchasida tunab qolishimga to‘g‘ri kelardi. Bekatda meni mehmonxona xat tashuvchisi kutib oldi, u boshlab borgan mehmonxona eski bo‘lsa-da, yaxshigina edi, u yerga kirib ulgurmasimizdan keng, o‘qdek to‘g‘ri ko‘cha uzra to‘lin oy ko‘rindi. Demak, u meni bu yerda yana qarshi oldi, bu men uchun yoqimli edi. Men qo‘ngan mehmonxona salobatli, ko‘hna, kattagina edi, qulay xonaga joylashgach, doimo qizarib yuradigan ko‘zlarimni sovuq suv bilan ho‘lladim va kechki ovqatga tovuq sho‘rva buyurdim. Sho‘rva mazali edi. Tutlingenni hali yaxshi bilmaganimdanmi, uyqu oldidan shahar bo‘ylab bir oz sayr qilgim kelib qoldi. Paltomning yoqasini ko‘tarib, sigara tutatganimcha, ko‘chaga chiqdim. Katta ko‘chani bilardim, u mening nazarimda, tungi shvab shaharchasi omoliga unchalik yaqin emas edi, shuning uchun birinchi tor ko‘chaga burildim, allaqanday lash-lushlarga turtinib, ajriqzor qiyalikdan chiqdim, shunda yana birdan oy ko‘rindi, uning aksi hayratlanarli darajada sokin oqayotgan tungi suv yuzida jilolanar edi, tomlarning uchi bo‘zargan osmon bag‘riga nayzadek sanchilgan, tevarak-atrofda hech kim yo‘q edi, qayerdadir, hovli devori ortidan itning hurgan ovozi eshitilardi. Torko‘chalar bo‘ylab, dam quyi, dam yuqorilab, sekin-asta borardim, ko‘prikdan o‘tib, yana ortga qaytdim, yuzimga suvning sovuq nafasi urildi, tomlarning uchi tug‘ilib o‘sgan jonajon shaharchamda qanday bo‘lsa, xuddi shunday edi, va, vatanim haqida, o‘zimning bema’ni hayotim hamda yolg‘izlikdagi keksaligim haqida o‘y surib borarkanman, tomlar ortidan yana oy ko‘tarildi, u endi oppoq va kichkina bo‘lib qolgan edi. Xuddi shu lahzada bolaligimdan bir xotira esimga tushib ketdi. Meni, ehtimol, shoir bo‘lishga majbur qilgan (garchi ilgaritdan she’rlar yozib yurgan bo‘lsam ham) daqiqani esladim. Bu shunday bo‘lgan edi. Biz, o‘n ikki yashar gimnaziya o‘quvchilarining oddiy she’r va hikoyalardan, latifalardan iborat o‘qish kitobimiz bo‘lardi, men ularning barchasini sevib o‘qirdim, biroq ushbu narsalar orasida allaqanday boshqacha, qandaydir ajoyib, butunlay maftunkor, eng go‘zal bir narsa bor ediki, men uni hali hayotimda uchratmagan edim. Bu – Hyolderlinning she’ri, “Tun” deb nomlangan parcha edi. O, men o‘shanda shu bir nechagina satrlarni qo‘ldan qo‘ymay o‘qirdim, naqadar hayratlanarli, naqadar sehrli hamda yondiradigan va biroz cho‘chitadigan edi bu hissiyot: mana she’riyat! Mana shoir! Quloqlarim ostida ilk bor onam va otam tili naqadar teran, naqadar muqaddas, naqadar qudratli jaranglardi, men, bola uchun haqiqiy ma’nosi tushunarsiz bo‘lgan ushbu favqulodda zo‘r she’rlardan kelajakni oldindan ko‘ra bilish sehri, sirli she’riyat ufurib turardi!

… Shom cho‘kdi, yulduzlar jimirlar ko‘kda,
bizning tashvishlardan tamom xoli, hur.
tog‘ cho‘qqisi uzra sirli shukuh-la
to‘lin oy surur-la sochayotir nur.

Garchi yoshligimda talay kitoblar o‘qib, g‘oyat qoyil qolgan paytlarim ko‘p bo‘lgan esa-da, she’riy nutq meni hech qachon ushbu she’rlar kabi o‘ziga maftun etmagan edi. Keyinchalik, yigirma yoshimda “Zardo‘sht”ni o‘qib, maftun bo‘lgan chog‘imda ham, o‘sha o‘qish kitobidagi Hyolderlin she’ri va bola qalbining san’at oldida ilk hayratga tushishi darhol esimga kelgan edi.
Demak, go‘zal Lau va shoir Myorike haqidagi g‘ira-shira xotiralardan tug‘ilgan ushbu Shvabiyaga safar, nihoyat, menga nasib etgan edi, u menga yoshlik chog‘larimning ohanglarini qaytarib, barcha narsaning chambarchas payvasta ekanligini ko‘rsatib bergandi. Va hattoki ushbu sayohat umidsizlikdan boshqa hech narsa olib kelmagan taqdirda ham, Tutlingendagi oydin kecha, o‘shanda to‘satdan xotiraga kelgan Hyolderlin so‘zi, ana shu lahzaning o‘ziyoq kifoya edi.
Bizning akamiz ozgina narsa bilan xursand bo‘ladi, bo‘lganda ham faqatgina eng yuksak narsa bilan. Dard-alam, tushkunlik va hayotga bo‘lgan nafasni bo‘g‘adigan darajadagi nafrat orasida birdan, qandaydir tabarruk lahzada, chidash qiyin bo‘lgan bu hayot ma’nosi haqidagi savolga “ha” degan javobni eshitsak agar, hatto keyingi soniyada uni bo‘tana to‘lqin bosib ketgan taqdirda ham – bizga shuning o‘zi yetarli, bu bilan biz yana uzoq yashayveramiz, va na faqat yashaymiz, na faqat hayotga chidaymiz, balki uni sevamiz va sharaflaymiz ham.
Hyolderlin tasvirlagan oy va suv bo‘yidagi mudroq ko‘chalarni ortda qoldirib, mehmonxonaga qaytdim, hayajonim bosilmagan, ayni paytda yoshligimni yodga solgan muqaddas xilqat bilan bo‘lgan kutilmagan uchrashuvdan dilim taskin topgan edi. Ushbu she’rlar bu oqshom qalbimda uzoq jaranglab turdi, yoshligimning teran chashmasidan taralayotgan sasni uzoq tingladim. Eh, bu ovoz meni qayerlarga chorlamadi, ko‘p yillar davomida meni qanday olislarga boshqalar, qayd etilmaganlar uchun muhim va qimmatli bo‘lgan barcha narsadan ayro olib ketmadi deysiz! Ushbu sehrli ovoz, tug‘ilganimizda peshonamizga bitilganidan ko‘ra yuksakroq hayot, olijanobroq insoniylik haqidagi ushbu xatarli qo‘shiq menga qanchadan-qancha tasvirlab bo‘lmaydigan, teran va tanho baxtiyorliklar olib kelmadi, meni iztiroblar va shubha-gumonlar ichra qanchalar adashtirmadi deysiz! U men bilan har qanday voqelik o‘rtasiga nizolar solib, adovat urug‘ini sochdi, meni dahshatli va bedavo g‘ariblikka duchor qildi, o‘z-o‘ziga nafratning jirkanch chohiga, mo‘minlikning ilohiy jazavalariga giriftor qildi. Va agar bugun, turmushim tazyiqi o‘sib borayotgan bir paytda, qisqa vaqt bo‘lsa ham qandaydir boshqa pallaga o‘tib, yumorga murojaat qilib, voqelikka qiziqchilik tarafidan qaragudek bo‘lsam, bu ham o‘sha tabarruk ovozga “ha” deb javob berishdan, u bilan voqelik o‘rtasidagi, omol bilan tajriba o‘rtasidagi jar ustiga qurilgan mo‘rt ko‘tarma ko‘priklarni bir zumga bo‘lsa-da, olib tashlashga urinishdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Axir fojiaviylik va yumor – bular bir-biriga zid tushunchalar emas, yoki to‘g‘rirog‘i, ular bir-biri bilan shuning uchungina qarama-qarshiki, biri boshqasini muqarrar ravishda talab qiladi.
Agar men ertasiga ertalab, nonushtadan so‘ng Tutlingen shaharchasini sehr-jodudan butunlay xalos holda ko‘radigan bo‘lsam, buning sababi na faqat menda yoki ertalabki soatlarda dunyodan bir nimani yulib olish qobiliyatim yo‘qligida emas, yo‘q, baobro‘ guvohlarning tasdiqlashlaricha, Tutlingenni, umuman olganda, hushyor shahar deb atash mumkin ekan. Bundan xijolat chekmadim, shunday bo‘lsa ham yana o‘sha suv bo‘yiga va uchi ingichka tomlar oldiga borib keldim va hamma narsa o‘z joyida ekanligiga amin bo‘ldim, faqat oy va o‘sha rohatbaxsh tungi pallaning o‘rni bilindi. Demak, kechagina men bu yerga ayni paytida, o‘sha birdan-bir, kamdan-kam uchraydigan, Tutlingen xudoning marhamatiga sazovor bo‘lgan, sirli ertaklardagidek mislsiz, ajoyib shaharga aylangan mahal kelgan ekanman. Bu yerni tark etish endi oson edi; buterbrod xarid qilib, Siyomdan yuborilgan chamadonimni vokzaldan oldim-da, yo‘lovchilar bilan liq to‘la yakshanba kungi poyezdga o‘tirdim, u tez orada go‘zal Dunay vodiysiga kirib bordi. Charaqlagan quyosh nurlari ostida yastanib yotgan Boyron15 va Verenvagni16 ko‘rib, odamni o‘ziga tortadigan bu joylarga astoydil tushgim keldi, biroq Blauboyrendagi do‘stimni eslab, bu ahdimdan qaytdim, hoynahoy, u kecha kirib bormaganimga hafsalasi pir bo‘lib, meni sabrsizlik bilan kutib o‘tirgandir. Poyezd quyuq tuman ichiga kirib borardi, vodiyning qaysidir burilishiga yetganda, ko‘m-ko‘k osmon va quyosh birdan g‘oyib bo‘ldi, endi vokzallarda joylarning nomlarini arang ilg‘ardim. Men tushdan so‘ng, qiyom tugar-tugamas kirib kelgan Blautalda ham havo aynigan, tuman edi. Atigi bir daqiqa kechikkan qadrdon do‘stim kichik Blautal va Blauboyren sirlari tomon olib boradigan, keluvchilarga bu haqda hech narsani anglatmaydigan keng, ko‘rimsiz yo‘ldan men tomon chopib kelardi. Biz yillar o‘z izini qoldirgan chehralarimizga termulishib qarab turardik va ikkalamiz ham, o‘ylaymanki, ushbu uchrashuvdan bag‘oyat xursand edik. Yoshligi kechgan tuprog‘idan yigirma yildan beri ayro yashayotgan mendek odam uchun, haqiqatan ham men bilan bolalikda birga o‘sgan, maktabdagi laqabimni va meni besh qo‘lday yaxshi biladigan odamlarni har zamonda bo‘lsa-da, ko‘rish, bu hartugul favqulodda yoqimli va dilni shod etadigan voqea edi. Va ilk yoshlik chog‘laringdan bilgan, tanigan odamlaringni har gal ko‘rganingda, ularning sirayam o‘zgarmaganligini qayd etish naqadar ta’sirli va kulgili hol! Do‘stim bilan ham xuddi shunday edi. U bilan do‘stligimiz boshlanganida biz o‘n to‘rt yoshli o‘spirin edik, va mening tasavvurimda u hali ham o‘sha bola qiyofasida yashardi, agar endi uning professorlarga xos tashvishli qadam tashlashi va katta mo‘ylovini, biroz horg‘in qiyofasini va sochlariga oq oralaganini hisobga oladigan bo‘lsak, bularning barchasi meni na chalg‘ita oladi, na lol qoldiradi, u men uchun umrbod o‘n besh yoshlardagi maktabdosh bo‘lib qolaveradi, ehtimol, men ham unga shunday bo‘lsam kerak. Buni e’tirof etish yoqimli edi, biz yaxshi kayfiyat bilan oddiy yo‘ldan vodiy tomon yurib ketdik, gap bilan bo‘lib, ajoyib shaharchaga kirib borganimizni ham sezmay qolibmiz, bu yerda xayolga cho‘mgan, qirrador va hashamatli tomlari savlat to‘kib turgan sinchli ko‘hna imoratlar ko‘p edi, ulardan keyin esa butxona yerlari boshlanardi. Shu yerda yana sohibjamol Lau yodimga tushdi, do‘stimga uning tarixini so‘ylab, Blauboyrenda men uchun eng muhim narsa – ana shu yerto‘la va cho‘miladigan joyni ko‘rish ekanligini aytdim va undan qulay fursat topib, meni o‘sha yerga olib borishini iltimos qildim. Biroq do‘stim bu haqda hech narsa bilmas ekan, shunda o‘zim ham o‘ylanib qoldim: mabodo bu Myorikening o‘ylab topgan chiroyli uydirmasi emasmikin? Shu yerda bizga bir odam uchrab qoldi, u butxonaning xo‘jalik boshqaruvchisi va nazoratchisi ekan, bundan tashqari u Blauboyren javohirotlarining bilimdoni, ayni paytda ularning g‘ayratli qo‘riqchisi ham ekan. O‘z istagimni unga bildirib, voqeani Myorike hikoyasi bo‘yicha aniq bayon qilib bergan edim, uning chehrasi ochilib ketdi. Ha, albatta, bu yerto‘la bor, dedi u, suvosti yo‘li uni Blautopf bilan bog‘laydi va u, vaqtiga qarab, meni u yerga olib boradigan bo‘ldi. Biz ertagalik ma’lum vaqtni kelishib oldik va do‘stim yashaydigan sobiq butxonaga kirdik, bizni uy bekasi kutib oldi, ular bizga qarab o‘tirgan ekan, darrov tushlikka taklif qilishdi. Dasturxonda shvabcha kartoshka salati, ajoyib kuchsiz bezighaymer sharobi – mana, nihoyat, men yana Shvabiyada, vatanimda edim, o‘zim yana shvabcha gapira boshladim, men endi allaqanday o‘tkinchi yo‘lovchi janob emas, og‘a edim, bema’ni zohid emasdim, savollarga javob qaytarardim va maktabdoshlar haqida, sobiq muallimlarimiz haqida, ularning o‘g‘il-qizlari haqida hikoyalar tinglardim. O‘zim o‘qigan gimnaziya sobiq direktorining o‘g‘lini shu yerda uchratdim, u professor ekan, yana bir maktabdosh o‘rtog‘imiz ertaga keladi, u qishloq ruhoniysi, uning o‘g‘li shu yerdagi maktabda o‘qirkan.
Blautopfga qilgan ilk sayohatimiz ajoyib va ahamiyatli bo‘ldi, daraxtlar ostidagi afsonaviy suv yuzida sarg‘aygan yaproqlar suzib yurar, soy va hovuzlar g‘oz hamda o‘rdaklarga to‘la edi, chuqur suv tubida sohibjamol Lau o‘ltirar va yuqoriga ko‘kish tabassumini yo‘llardi, shundoqqina yon tomonda esa qachonlardir o‘tib ketgan allaqaysi qirolning kulgili haykali yolg‘iz va umidsiz qaqqayib turardi. Hamma narsadan vatan, Shvabiya, javdar noni va ertaklar bo‘yi anqirdi, shunday ajoyib, butunlay o‘zgacha, o‘ziga xos jonli manzarani hattoki eng yangi olmon rassomlari ham bilmasliklaridan yana bir bor taajjubga tushdim. Hammayoqda Lau yashirinib turar, hamma yerdan asalli kulchalarning xushbo‘y hidi taralar, yoshlik va bolalikning, orzu-niyatlarning, Hyolderlin va Myorikening ham nafasi sezilardi, men ularga bu yerda haykal o‘rnatmaganlaridan afsuslanmadim. Bu tushunarli edi, chunki shvablarda qirollardan ko‘ra hamisha shoirlar ko‘proq bo‘lgan.
Rohibalar yerto‘lasiga qilgan sayrimizni aytmaysizmi! Yo‘lboshlovchimiz bizni tik zinadan olib tushib, qorong‘i gumbazsimon dahliz orqali baland, mustahkam va chiroyli qilib qurilgan tosh yerto‘laga boshlab bordi, bizga dunyo tomonlarini va suvosti yo‘li qay tarafdan kelib tutashganini ko‘rsatdi, shunda sabrim chidamay cho‘miladigan joy haqida so‘ragan edim, u cho‘ntak fonari bilan ushbu dabdabali xonaning burchagini yoritdi. Biz odatdagi bemazagarchilikning guvohi bo‘ldik – nisbatan yaqindagina semonlangan silliqqina dog‘ga ko‘zimiz tushdi. Demak, Launing cho‘miladigan joyi shu yer ekan-da! Ushbu la’nati semon dog‘ ostida qandaydir sirli, salqin suv oqardi, unda nozanin sohibjamol ko‘ksiga qadar suvga ko‘milib, suzib yurarkan. Yaxshiyamki, me’morlar har qalay semonning tuynugini ham esdan chiqarishmagan ekan, tuynukning qopqog‘i ham betondan bo‘lib, uni ko‘targanimizda, chiroqning xira nurida qop-qora suv yarq etib ko‘rindi, biz tuynukni indamaygina, xuddi tahqirlangan jasadni yopgandek, yana bekitib qo‘ydik.
Shvablar va bizga zamondosh boshqa xalqlardan haqiqatan ham xudolar butunlay yuz o‘girganmi-yo‘qmi, haqiqatan ham ular Lau va Myorike hamda boshqa barcha shu kabi mo‘jizalarning qadriga yetadimi-yo‘qmi, ularga esa hech qaysi bir nemis o‘lkasi Shvabiyachalik boy emasligini bilishadimi-yo‘qmi, biz bu haqda gaplashmadik. Biz bu chalkash va murakkab savollarni muhokama qilib o‘tirmadik, baxtimizga Blauboyrenda ko‘hna dafinalar va semonlanmagan o‘tmish merosi hali juda ko‘p ekanligini o‘ylab, xursand bo‘ldik. Biz barchasini – ajoyib mehrobni, xor o‘rindiqlarini, fusunkor gumbazlarni, butxonadagi yig‘inlar zalini, maqbaralarni borib ko‘rdik, mehr-muhabbat bilan ko‘zdan kechirdik. Va o‘sha oqshom, chorak soatcha ko‘zim ilingan ekan, tush ko‘ribman, tushimda cho‘miladigan joyiga suzib kelayotgan va boshi bilan beton qoplamaga urilayotgan Launi emas, balki uzundan-uzoq ko‘p yoqimli, huzurbaxsh narsalarni ko‘ribman, buni hech kimga aytgim kelmaydi. Biz, do‘stlar uchun, qolaversa, Blauboyren o‘sha din-diyonatli zamonlardan qolgan obidalarni ziyorat qilib qaytganimizdan so‘ng ham bitmas-tuganmas xazina bo‘lib qolaverar edi. Bizga yaqin bo‘lgan o‘rta asrlar davri bor ediki, u bizni o‘ziga maftun qilaverardi, bu – bizning yoshligimiz edi. Biz o‘sha afsonaviy davr esdaliklarini, biz uchun aziz va hamon kulgili tuyuladigan sinfda tushgan suratlarimizni tomosha qilardik, afsuski, ularda men yo‘q ekanman, maktab zallari, o‘quvchilar yotoqxonasi va oshxonasini ko‘zdan kechirardik, yoshlikda birga o‘sgan eng yaqin o‘rtoqlarimizning maktublarini o‘qib chiqardik, o‘shanda Altenburgda, Svikau ko‘chasida turadigan do‘stimizning qulog‘i qizigan bo‘lsa ajab emas.
O‘z tajribamdan ko‘rdimki, shvabiyalik teolog va filologlar avvaliga temir yo‘l poyezdlaridan kech qolib, so‘nggi soniyada unga baribir yetib olishga havasmand ko‘rinishadi. Biz bilan ham xuddi shunday bo‘ldi, o‘rta asr davri chunonam tez tugadiki, Ulmga ma’ruzaga boradigan kun ham yodimdan chiqayozibdi. Poyezdni o‘tkazib yuborishimga bir bahya qoldi, shu boisdan xayr-ma’zur tantanalari nasiya bo‘ldi. Qosh qoraygan paytda Ulmga yetib keldim.
Omma oldida chiqishga e’tirozim sababi – yolg‘izlikda yashovchi odamning dunyoviy yig‘inlar oldida qo‘rqqanidan o‘zini yo‘qotib qo‘yishida emas, yo‘q, bu yerda men jiddiy, chuqur ildiz otgan nomuvofiqliklar hamda ziddiyatlar bilan to‘qnash kelaman. Ular qisqa va qo‘pol qilib aytganda, umuman adabiyotga bo‘lgan ishonchsizligimdan kelib chiqadi. Ular meni na faqat jamoa oldida chiqib so‘zlaganda, balki ish paytida yanada ko‘proq qiynaydi. Men zamonamiz adabiyotining ahamiyatiga ishonmayman. Men, albatta, har bir zamon o‘z siyosati, o‘z a’mollari, o‘z modalariga ega bo‘lgani kabi, o‘z adabiyotiga ham ega bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Biroq men hozirgi zamon nemis adabiyoti – bo‘sh, sayoz, umid qilib bo‘lmaydigan, kamhosil, parvarish qilinmagan yerdagi ekin misol, garchi u qiziqarli va muammolarga to‘la bo‘lsa-da, pishiq-puxta, mukammal, umrboqiy asarlar yaratishi amri mahol, degan fikrdan sira qutulolmayman. Shuning uchun hozirgi nemis yozuvchilarining (shu jumladan, albatta, kaminaning ham) chinakam asarlar yaratish yo‘lidagi urinishlari menga hamisha qandaydir nochor, ijoddan uzoq, taqlidgo‘ylikdan iborat bo‘lib ko‘rinadi; hamma joyda menga shablon, jonsiz nusxa, qolip izi sezilib turadi. Bil’aks, o‘tish davri adabiyotining, o‘z ishonchini yo‘qotgan muammoli she’riyat qadr-qimmatini men avvalo ularning o‘z musibatlari hamda o‘z davrining kulfatlarini ochiq-oydin e’tirof etishida deb bilaman. Hozirgi yozuvchilarning ko‘plab ajoyib va vijdonan mehnat qilingan asarlarini qabul qilolmasligim va ma’qullay olmasligim sababi ham ana shunda, ayni paytda esa ayrim yoshlarning xom va g‘aliz ishlari menda ko‘ngildagini yashirmay, ochiq-oydin, samimiy gap aytishga urinish sifatida yoqimli taassurot qoldiradi. Va mana shu ziddiyat o‘z mo‘jaz olamim, o‘z adabiyotim bo‘ylab o‘tib boradi. Men 1850 yilgacha bo‘lgan so‘nggi buyuk davr nemis yozuvchilarini yaxshi ko‘raman, Gyote, Hyolderlin, Klayst, romantiklarni jon-dildan sevaman, ularning asarlari men uchun umrboqiy, men Jan Pol, Brentano, Hoffmann, Shtifter, Ayhendorffni qayta-qayta o‘qiyman, xuddi shunday Hendel, Motsart va Shubertgacha bo‘lgan butun nemis musiqasini sevib tinglayman. Bu asarlar, hattoki ular bizning tuyg‘ularimiz va muammolarimizni allaqachonlardan beri ifodalab kelmayotgan bo‘lsalar ham, hech bo‘lmaganda, bugungi yashayotgan juda ko‘pchilik odamlar uchun ham hamisha mukammal, vaqtdan xoli, shaklan tugal asarlar bo‘lib qolaveradi. Ushbu asarlardan men she’riyatni sevishni o‘rgandim, ularning ohanglari menga xuddi suv va havo kabi tabiiy edi, ulardan yoshligimda ibrat olib yashaganman. Biroq o‘zim ko‘pdan beri shuni yaxshi bilamanki, bu yuksak timsollarga (garchi o‘zim ham dam-badam shunchaki umidsizlik bilan urinib tursam ham) taqlid qilish befoyda. Men bilamanki, biz, bugungi yozuvchilar yozayotgan narsalarning ahamiyati ulardan bugun yoki uzoq muddatga qandaydir shakl, allaqanday uslub, qandaydir mumtoz adabiyot paydo bo‘lishida emas, balki bizning og‘ir ahvolimizda imkoni boricha ko‘ngildagini ochiq-oydin aytishdan o‘zga panohimiz yo‘qligidadir. Mana shu ochiq-oydinlik, iqror bo‘lish, so‘nggi bor kuchini sarf qilib ishlash va boshqa o‘sha, bizga yoshligimizdan tanish bo‘lgan go‘zal shakl talab qilish – mana shu ikki talab o‘rtasida mening avlodimning butun poeziyasi mushkul bir ahvolda o‘zini u yoqdan-bu yoqqa urib, borib-kelaveradi. Imkoni boricha samimiylikka va so‘nggi bor kuchini sarf qilib ishlashga tayyormiz ham deylik – xo‘sh, buning uchun endi shaklni qayerdan topamiz? Kitoblarimiz tili, maktabimiz tili uni bermaydi, yozuvimiz esa allaqachon bosib chiqarib bo‘lingan. Aftidan, Nitshening “Eccehomo”si singari ayrim umidsizlikka to‘la kitoblar yo‘l ko‘rsatgandek bo‘ladi, biroq pirovardida ular ko‘proq yo‘lsizlikni ko‘rsatib turgan bo‘lishadi. Ruhiy tahlil bunda bizga yordamchi vosita bo‘lib ko‘rindi, u muvaffaqiyatlar ham olib keldi, biroq na biror muallif, na bir ruhiy tahlil mutaxassisi, na ruhiy tahlil maktabini o‘tagan yozuvchi shu paytga qadar psixologiyaning bu turini uning o‘ta tor, o‘ta aqidaparast, o‘ta shuhratparast akademizm sovutidan xalos qilolmagan.
Bas, muammoni ta’riflaganimiz yetar. Xo‘sh, endi men, o‘z asarlaridan namunalar o‘qib berishga taklif qilingan yozuvchi sifatida gapiradigan bo‘lsam, odamlar oldida qo‘limda qog‘ozlarim bilan turgan paytimda bu muammo butun diqqatimni o‘ziga jalb qilib, qo‘limdagi qog‘oz varaqlarini chiqindiga aylantiradi, mening samimiylikka bo‘lgan intilishimni, go‘zallikni pisand qilmasdan, ikki baravar kuydiradi. Shunda yaxshisi, chiroqlarni o‘chirib, odamlarga shunday degim keladi: “Mening sizlarga o‘qiydigan va aytadigan gapim yo‘q, bor-yo‘g‘i harakatim – yolg‘ondan xalos bo‘lish. Bunda menga yordam beringlar va uy-uylarimizga tarqalaylik.”
Ana shunday to‘siqlarga qaramasdan, qo‘ymaganlariga ko‘nib, o‘zim rozilik bergan o‘sha kamgina chiqishlarning deyarli barchasini oxiriga yetkazdim, tashkilotchilar bundan yetarli darajada qoniqish hosil qildilar. Biroq men har gal hayron qolgan joyim shundaki, shu ozgina mehnat – bir soat ovoz chiqarib o‘qish – odamni shunaqangi toliqtirarkanki, ba’zan butunlay tinka-madoring qurib qolishi ham hech gap emas ekan.
Agar mavhum yoki ideal tinglovchilar qarshisida mavhum yoki ideal yozuvchi turganida edi, bundan hech bir narsa chiqmagan, ish butunlay fojiona tus olib, hattoki yozuvchining o‘z joniga qasd qilishi yoki uni toshbo‘ron qilishlari ham mumkin edi. Biroq empirik (tajribaga asoslangan) dunyoda barcha narsalar birmuncha boshqacha tarzda namoyon bo‘ladi, ya’ni bu yerda mayda qallobliklar uchun joy bor, eng avvalo, omol bilan voqelik o‘rtasidagi eski vositachi – yumor uchun joy topiladi. Bunaqangi kechalarda harqalay undan, ya’ni har turli yumordan, ayniqsa, dorga osilgan odam yumoridan foydalanib turaman. Nurning bunday sinishini, voqelikka shundayin ayanchli moslashishni qisqacha formula shakliga keltirishga urinib ko‘raylik!
Demak: tinglovchilar to‘la zalda ko‘nglida o‘ziga va o‘zining poetik sa’y-harakatlari ahamiyatiga shubha bilan qaraydigan yozuvchi turibdi, o‘z navbatida, tinglovchilar ham ovoz chiqarib o‘qiyotgan janobning dilidagi murakkab jarayonlardan mutlaqo bexabar, deylik. Xo‘sh, shunda yozuvchi qo‘lidagi varaqlarni o‘qib berishga muvaffaq bo‘ladimi yoki juftakni rostlab, o‘zini osib qo‘yaqoladimi? O‘qib beradi, bunga u, eng avvalo, o‘zining shuhratparastligi tufayli erishadi. Garchi na o‘zini, na tinglovchilarni jiddiy qabul qila olmasa ham, baribir, u shuhratparast, negaki har bir odam shuhratparast – zohid ham, o‘zidan shubhalanadigan odam ham. Buni shunchaki aytayotganim yo‘q, o‘ylaymanki, shaxsan o‘zimning mavhumlashish qobiliyatim, kerak bo‘lsa, Yevropaning odatdagi darajasidan oshib tushadi: kim bo‘lmasin, boshqalardan ko‘ra menga ushbu holat yaxshiroq tanish, ya’ni abadiy o‘z “men”imiz o‘limga mahkum “men”imizni kuzatib yuradi va uning illat va qing‘irliklariga achinib, istehzoli va xolis ko‘z bilan qaraydi. Yo‘qsa, qanaqasiga o‘z “men”imni kam bilimli kitobxonlarga kulgi bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bera olgan bo‘lar edim? Gap shundaki, bu o‘rinda men o‘rtacha darajadan birmuncha ko‘proq, ba’zan esa chidasa bo‘ladigan chegaraga qadar bilimliman, xuddi shu sababdan men yozuvchining shuhratparastligini ham yetarli darajada sovuq qabul qila olaman. U fikrlovchi kishidan kutilganidan ham ziyodroqdir, biroq fikrlash qobiliyati va shuhratparastlik bir-birini istisno qildi, deb hisoblash – xatodir. Aksincha: hech kim aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan kishichalik shuhratparast, ma’qullashga tashna emas, aslida ham unga munosabat va maqtov juda zarur. Har qanday yozuvchiga nisbatan menda u qadar kuchli rivojlanmagan, lekin harholda turlicha ot kuchiga ega bo‘lgan mazkur shuhratparastlik tinglovchilar oldida yuzaga keladigan mushkul vaziyatda, aslida men ularga hech narsa berolmasam ham, ular esa mendan biron nima kutayotgan paytda, jonga oro kiradi. Mendagi nimadir, o‘sha shuhratparastlikning uchdan ikki qismi bo‘lsa kerak, zalda to‘plangan bir talay odamlar oldida taslim bo‘lib, o‘zimning bir pul odam ekanligimni tan olishimga monelik qiladi. Mendagi yana nimadir esa bu odamlardan na biron-bir harakat, hatto na olqishlar kutmay, faqatgina, garchi ma’no-mazmuni tinglovchilar ruhiyatiga zid bo‘lsa ham, fikr va she’rlarimni diqqat bilan, jimgina quloq solib tinglashlariga erishishimni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Shunday qilib, zo‘r bera boshlayman, tishlarimni mahkam qisaman, pirovardida kurashda g‘olib bo‘lib chiqaman, negaki ma’naviyat ishlarida alohida ayrim shaxs ko‘pchilik oldida hamisha kuchlidir. Meni tinglovchilar jon qulog‘i bilan tinglashadi, men ularda haqiqatan ham aytadigan gapi bor odamdek taassurot qoldiraman. Biror soat shu zaylda bir amallayman, so‘ngra og‘ir tin olib, o‘qishni to‘xtataman.
Empirik dunyoning xira sathida muvaffaqiyatga erishishimda menga na faqat bema’ni shuhratparastligim, balki shaxsimning mana shu hayvoniy va qolaversa, kulgili intilishi ham yordam beradi. Shuningdek, menga tinglovchilar va mening ularga munosabatim ham madad beradi. Bu borada men ko‘pgina hamkasblarimdan kuchliroqman. Bu xildagi tinglovchilarning menga umuman farqi yo‘q. Ular bilan mening oramda hatto eng ko‘ngilsiz voqea ro‘y bergan taqdirda ham, hatto agar ma’ruzam butunlay barbod bo‘lib, hushtakbozlik qilib, obro‘yimni to‘kishgan taqdirda ham, men bundan unchalik ranjimagan bo‘lar edim. Ichimdagi kimdir tinglovchilar bilan qo‘shilishib, qattiq hushtak chalgan bo‘lardi. Yo‘q, zalda o‘tirgan odamlardan men qo‘rqmayman, shu bilan birga, ulardan ko‘p narsa kutmayman ham. Men yosh emasman, tajribam ham yetarli. Mana shu tinglovchilardan qanchasi menga keyin, shaxsan yoki xat orqali, o‘zlarining shaxsiy ishlari yuzasidan, butunlay o‘z manfaatlarini ko‘zlab murojaat qilishlarini ham aniq bilaman. Men shunaqangi nusxalarni bilamanki, mashhur mehmonning oldida ikki bukilib ta’zim qilishadi, orqasidan esa zahrini sochishadi. Izzattalablarning shunday toifalarini bilamanki, yuzingga seni maqtab, ko‘klarga ko‘tarishadi, hamdu sanolar aytib, og‘iz ko‘pirtirishadi, qarasaki, sendan ish chiqmaydi, shartta teskari burilib ketvorishadi. Aqli noqis bir odamning ichiqoralik bilan: jamoatchilik va ma’naviyat vakillari ham o‘zimizga o‘xshagan odam, ularning g‘alati fe’llari bor, qolaversa, shuhratparast yoki tortinchoq bo‘lishadi, degan gaplarini ham bilaman. Bularning barchasi menga tanish, men yangi odam emasmanki, mana shu odamlar uni deb, uni betakror shaxs hisoblab kelishgan, deb o‘ylasam. Men bilaman, mening o‘rnimga bu yerda tirollik qo‘shiqchilar qvarteti ham bemalol chiqishi mumkin edi. Ludendorff17 agar nutq so‘zlaganida yuz baravar boks jangi bo‘lsa, ming baravar ko‘p odam to‘planar edi, buni ham bilaman. O‘zim fuqarolik jamiyatidan tashqarida yashaganim uchunmi, unda faqat mehmon sifatida ishtirok etaman va bu jamiyatdagi hurmat va muvaffaqiyat (hozircha mening birlamchi shuhratparastligim jim turibdi)ga butunlay loqayd qarayman. Bir oyog‘i doim Hindistonda bo‘ladigan, hech narsa berib, hech narsa olib bo‘lmaydigan, odamovi va darvesh bo‘lgan odamning barcha ustunliklari men tomonda va bu afzalliklarni yaxshi bilaman.
Na shuhratparastlikning harakatlantiruvchi kuchi, na autsayderning tinglovchilarga loqaydligi, kuchli e’tiroz va to‘siqlarga qaramasdan, menga har zamonda ma’ruzalar o‘qib turishimga xalal bermaydi. Bunda, xudoga shukur, yana boshqa bir narsa ham, qandaydir yaxshiroq bir nima, dunyodagi birdan-bir ezgu tuyg‘u-muhabbat ham aralashgan bo‘ladi. Bir qarashda bu – tinglovchilarga nisbatan beparvoligim bilan bog‘liq barcha narsaga zid tuyuladi, aslida ham o‘zi shunday. Tajriba tufayli orttirilgan tinglovchilarga nisbatan yaramas loqaydligim bilan o‘zimni asrab, endi nigohimni yanada kattaroq mehr-muhabbat bilan, yanada kattaroq samimiyat bilan alohida bir odamga qarataman. Agar shu odam haqiqatan ham zalda, deylik, biror do‘stim qiyofasida o‘tirgan bo‘lsa, men uni sevishga va uning uchun zo‘r berishga tayyorman, men endi faqat unga murojaat qilaman, o‘z ma’ruzamni yolg‘iz ana shu odamgagina yo‘naltiraman. Bordi-yu, u bo‘lmasa, uning haqida hech narsa bilmasam, olisdagi allaqaysi do‘stimni, qaysidir mahbubamni, yoki singillarimni, yo o‘g‘illarimdan birortasini o‘ylab, tasavvur qilib, uni ko‘z oldimga keltira boshlayman, yoki bo‘lmasam, zalda o‘tirganlar orasidan o‘zim yoqtirgan biror kishini tanlab olaman. Unga yopishib olib, uni yaxshi ko‘ra boshlayman, o‘zimdagi bor harorat — iliqlikni, bor diqqatimni unga qaratib, meni tushunishi uchun butun vujudim bilan harakat qilaman. Menga madad beradigan tumor mana shu.
Ulmda bu ish oson ko‘chdi. Na faqat zalda bir qancha yoqimtoy, dilkash va tanish chehralarni ko‘rdim, balki umuman o‘zimni do‘stlar orasida his qildim. Shvabiyada, uyda edim, shuning uchun ham hammasi oson kechdi. Biz juda shinam uyda – shahar muzeyida o‘tirdik, buni uning mudiri tashkil qilgan edi; u meni ertasiga muzeyni tomosha qilishga taklif etdi va boshqalar bilan birga keldi, mezbonlarimnikida bir qadah may ustida gurunglashdik, ma’ruza paytida aytib yuborilgan, bilib bo‘ladimi, ayrim muammoli narsalarning “yomon izi”ni shu tariqa yuvib yubordik. Juda charchagan bo‘lsam-da, xursand edim, chunki barchasi ortda qoldi.
Ulmda yana deyarli ikki kun vaqtim qolgan edi, bundoq o‘ylasam, go‘zal narsalarni yodda saqlash o‘zlarini bu sohada qobiliyatli sanaydiganlar uchun ham ancha mushkul ish ekan. Yoshligimda qachonlardir bu favqulodda go‘zal va o‘ziga xos ajoyib shaharni tomosha qilgan edim, mana endi esa ko‘p narsa unut bo‘lib ketibdi. Shahar devori va qassobxona minorasi, shuningdek, butxona xori va ratusha esimdan chiqmabdi, bu manzaralar xotiramda qolgan tasvirlardan deyarli farq qilmasdi; endi esa behisob manzaralar paydo bo‘lgan edi, ularni go‘yo birinchi marta ko‘rib turardim: qoramtir suv bag‘rida qiyshayib turgan baliqchilarning ko‘hna kulbalari, shahar devori bo‘ylab cho‘zilgan pastakkina uychalar, ko‘chalarda mag‘rur qad rostlab turgan shaharliklarning uy-joylari, goh u yerda binolarning o‘ziga xos qilib qurilgan qirrador tomlari, goh bu yerda salobatli ravoqlar ko‘zga tashlanardi. Bulardan tashqari, ayrim ajoyib va tasniflangan narsalarga u qadar moyilligim bo‘lmasa ham, avvalgidek tomoshaga ishqibozlik bilan ko‘pgina mayda-chuyda narsalarni: uzun yungli laychani, yarim parda tutilgan derazalardan ko‘rinib turgan shvabiyaliklarning chehralarini, manzarali otkritkalar sotiladigan do‘konlarda, aftidan, rojdestvo bayramiga atab keltirilgan uyum-uyum mayda-chuyda bezak-buyumlarni va men uchun hamisha qandaydir jozibador hamda bitmas-tuganmas tuyulgan narsalar – firmalarning peshlavhalarini ko‘zdan kechirar edim. Begona shaharda savdogarlar va hunarmandlarning nomlari hamda ism-shariflarini o‘qib bilish – bu men uchun hamisha ehtiyojga aylangan, bundan zavq olardim, o‘zim mutolaa qilgan romanlarda ham ismlar men uchun hamisha muhim va ko‘pincha ibratli bo‘lgan. Va har gal, adabiyot orqali bilgan qandaydir nomni hayotda uchratib qolganimda, bu men uchun qiziqarli va haqiqiy voqea bo‘lib tuyulardi. Masalan, kunlardan bir kun, ko‘p yillar muqaddam Elzasda Arbogast degan ismga duch kelib, hayratda qolganman, bu ajoyib, afsonaviy ismni men ko‘p yillar mobaynida Myorike o‘zining xazina haqidagi novellasiga ataylab o‘ylab topgan deb, taxmin qilib yurardim. Peshlavhalarni o‘qiyotganingda mahalliy aholi o‘rtasida katoliklar yoki protestantlar ko‘pmi, shaharda yahudiylar ko‘pmi-ozmi, na faqat buni, balki ayniqsa, katolik ismlarga qarab, aholining ruhi va kelib chiqishi, qiziqish-ishqibozliklari hamda homiy-avliyolari haqida ham u-bu narsani bilib olasan. Va hammayoqda sog‘lom jonajon shvabiyacha nutq yangrar, hammayoqda allaqachonlardan buyon eshitmagan so‘zlar qulog‘imga chalinardi… Bu xuddi go‘yo qayerdadir tanish ohaktosh yoki qumtoshni, xotirada qolgan daraxtlar yoki gullarni yana qayta uchratishdek, qandaydir suvning, qaysidir mayning, qaysidir taomning, qandaydir olmaning, allaqaysi dorining ta’mini yana totigandek yoki yillar davomida tuymagan va u bilan minglab nomsiz xotiralar bog‘langan allaqanday hid yana qaytadan dimog‘ingga urilgandek gap edi. Men ana shu hidlar og‘ushida, ana shu mavhum xotiralar bulutlari bo‘ylab kezardim. Menga Ulm latifalari va hikoyalaridan so‘zlab berishdi, bu orada mezbonlarimning bolalariga kechagina tinglovchilarga o‘qib bergan ertagimni ko‘rsatdim, u qo‘lda yozilgan bo‘lib, rangli suratchalar bilan bezatilgan edi, bunday qo‘lbola kitobchalar pul qadrsizlangan yillarda menga juda bakor kelgan edi. Tushdan so‘ng professor Baumning Ulmdagi muzeyida bo‘ldik, borib ko‘rishga arziydigan joy ekan.
Yoshlik chog‘larimda menga Ulmni ilk bor ko‘rsatgan bir tanishimnikida qahva ichib, pishiriqlar yedim, uning uyidagi shinam xonalar turli-tuman qiziqarli va go‘zal narsalarga to‘la edi. U yerda men yana Myorike bilan ro‘para keldim, chunki tanishimnikida Myorike xotirasi bilan bog‘liq bir talay ashyolar, belgilar qo‘yilgan va qiziq joylari chizib, ajratilgan kitoblar, kelgusi bahorda u o‘z bog‘ida ekmoqchi bo‘lgan urug‘lar haqida yozuvlar bor edi: u yerda sabzavotlar kam bo‘lib, gullar juda ko‘p edi, bulardan tashqari bu yerda yana Myorike ruhoniy hazratlari bir vaqtlar ko‘tarib sayohatlarga otlangan to‘rga gul solib tikilgan, almisoqdan qolgan safarxalta ham bor edi. Bu uyda mayda-chuyda xazina ko‘p bo‘lib, ular o‘z joyini topgan edi. Men bu uyga horg‘in, asabiy va so‘lg‘in bir holatda kirib keldim, sababi o‘zi shundog‘am haqiqiy yaxshi kayfiyat menda kamdan-kam bo‘ladi, safarlar chog‘ida esa qo‘yaverasiz – sal o‘tmay ahvoli-ruhiyam yana joyiga tushdi.
Ulmdan so‘nggi oqshom, uyquga yotishdan oldin, Shvabiya bo‘ylab sayohatimning barcha tafsilotlari haqida o‘ylab, Zingen, Tutlingen, Blauboyren, Ulmni, go‘zal muzeyni esladim, shunda to‘satdan bularning barchasi o‘tmish belgisi ostida kechganini, unda qanchadan-qancha marhumlar ishtirok etganini payqab qoldim, ular ushbu voqealarning eng jonli qatnashchilari edilar. Ular Tutlingendagi uchburchak tomli uylar orasida kechgan o‘sha lahzaga guvoh Hyolderlin, Myorike, go‘zal Lau, Arnim va “Toj qo‘riqchilari”18, o‘sha barcha mehroblar, butxona xori, qabrtoshlar, barcha go‘zal imorat-inshootlarning bunyodkorlari edilar. Shunday qilib, xuddi shu sayohat chog‘ida bo‘lganidek, men hamma joyda va har doim marhumlar, to‘g‘rirog‘i, umrboqiylar qurshovida edim. Va mana shu allaqachonlar o‘lib ketgan odamlarning barhayot so‘zlari, ularning fikrlari meni tarbiyalagan, ularning asarlari meni bu zerikarli dunyoni sevishga va hayotga chidashga o‘rgatgan edi – demak, ularning barchasi o‘ziga xos, dardli, iztirob chekadigan, muomalasi og‘ir odamlar, baxtiyorlikdan emas, musibat sabab bunyodkor, voqelikka rizo emas, balki undan nafratlangan me’morlar bo‘lishmaganmikin? Haqiqatan ham umuman, novvoylar va savdogarlar bo‘lgan mamnun, sog‘lom, qaddi-qomati kelishgan o‘rta asrlarda yashagan shaharliklar, mana shu katta butxonalarni haqiqatan ham ular qurishganmikin, shuni xohlashganmikin? Boshqalarning, o‘sha ozchilik odamlarning noroziligidan ularni bunga majbur qilishmaganmikin? Va agar voqelik haq bo‘lganida, agar akamiz – bechora nevrastenik, yaxshisi va to‘g‘rirog‘i, meshchan, uy sohibi va soliq to‘lovchi bo‘lganida edi, biznes qilganida, bolalarni dunyoga keltirganida edi, agar fabrika, avtomobil, byuro (ishxona) – bular haqiqatan ham odamlar uchun tabiiy, haqiqiy, ma’nili-mantiqiy narsalar bo‘lganida edi, unda nega endi ular bundayin muzeylarni ham ochib qo‘yishganikin? Nega endi Blauboyren mehrobini qo‘riqlash uchun nazoratchi qo‘yib qo‘yishgan? Nega endi ular chizma-tarhlar va rasmlarga to‘la shu qadar katta vitrinalarni qo‘yib, unga hatto davlatning pulini sarf qilib qo‘yishibdi? Axir bunday bema’ni, bo‘lmag‘ur narsalarni, daldaga muhtoj rassomlarning ushbu nosog‘lom ermak-ovunchoqlarini, modomiki ularda muhim, jiddiy gap, ma’no, hayotning asl mazmuniga aloqadorlikdan oz bo‘lsa ham aks etmagan ekan, sevib-sig‘inishning, ularni to‘plab, qo‘riqlab, ko‘rgazmaga qo‘yishning, ular haqida ma’ruzalar o‘qishning nima keragi bor edi? Ulmliklar o‘z shaharlarining ko‘hna qiyofasi yaxshi saqlanganligidan namuncha faxrlanishadi, buning o‘rniga ushbu eski do‘konni buzib tashlab, uning o‘rnida fabrikalar va ijara uylar qurishsa bo‘lmasmidi? Nega endi fabrika egalari idoralaridan chiqishib, avtomobillaridan tushib, biroz ovunish uchun eski butxonalar haqidagi suratli asarlarni, vafot etib ketgan usta musavvirlarning rasmlarini sotib olishgan? Axir, ularning o‘zlari hayotligida bir dona asari bugun falon pul turadigan bo‘lsa, shu mablag‘ning aqalli yuzdan biriga ham ega bo‘lishmagan-ku. Men bu yerda, Ulmda zamonaviy arxitekturaning eski ko‘cha ko‘rinishiga binoyidek mos tushgani haqida eshitgandim, nega endi bu yuksak maqtov bo‘la olar ekan? Nega endi bugungi narsalarning barchasi bu qadar ko‘rimsiz, badbashara? Syurixdan to Ulmgacha, odam qo‘li yetib, o‘zgargan va ustma-ust binolar qurib tashlangan yerlarda bir nechta eski imoratlarning uvoqqina orolchalaridan boshqa go‘zalroq bir nimani uchratish amri mahol. Qolgan boshqasi esa – vokzallar, fabrikalar, daromad keltiradigan uylar, universal magazinlar, kazarmalar, pochta binolari, barchasi birdek ko‘rimsiz va badbashara, ularni ko‘rib, ko‘ngling ayniydi, beixtiyor o‘z joningga qasd qilishni o‘ylab qolasan, kishi.
Augsburgda mehmonxona avtobusi meni oynavand aylanma to‘siq oldigacha olib bordi, uning ortida choy musiqasi yangrardi, bugungi odamzodning zukko ixtirosi ekan bu, uni dam olayotib tinglasang, gapirib ham, o‘ylab ham, fikrlaringni jamlab ham bo‘lmas ekan. Ichkari kirib, xona so‘radim, xizmatchi meni u yerga olib bordi, tevarak-atrofdagi barcha narsalar o‘ta zamonaviy edi, restoran, xoll, garderob… Boy men bilan ikkinchi qavatga ko‘tarildi, lift eshigini ochdi, men endi keng ko‘hna koshonada turardim: jimjit, hashamatli yo‘laklar, baland mahobatli eshiklar, har birining tepasida naqshinkor ishlangan gerb, muhtasham zina xonasi. Eshiklardan biri ochilgandi, baland shinam xonaga ko‘zim tushdi, uning derazasi yam-yashil qishki boqqa qaragan edi. Xursand bo‘lib, shu paytga qadar kattaroq nemis shahrida ilk bor uchratgan eng o‘ziga xos va eng shinam mehmonxonani tasarruf etishga kirishdim. Xonada menga xalaqit beradigan yagona narsa – telefon edi, ha bu apparatlar xavfli. Hechqisi yo‘q, juda bo‘lmaydigan bo‘lsa, burab bo‘shatib olish yoki mayda-mayda qilib, sindirib tashlash mumkin. Biroq eng avvalo undan foydalanib olmoqchi bo‘ldim, ish beruvchimga qo‘ng‘iroq qilib bugun oqshom tomosha ko‘rsatadigan artist yetib kelganini ma’lum qildim. So‘ngra dam oldim, safarxaltadan u-bu narsalarni olib, boshqa kiyindim, ozgina sut va konyak buyurdim. Paltomning cho‘ntagidagi “Simplitsissimus”da19 o‘zim juda yoqtirgan Ringelnattsning yo‘l maktublaridan biri bosilgan edi, shuni o‘qiyotib, ko‘zim ilingan ekan; shunda eshik taqillab qoldi, meni ma’ruzaga olib ketish uchun kelishibdi. Havo qorong‘i, sovuq edi, meni kontsert zaliga keng ko‘cha bo‘ylab olib borishdi, bu gal vaziyatni his etib, odatdagi psixologik apparatni ishga tushirib yuborishga ham ulgurmadim, biroq tezda odamlar orasidan bir chehrani tanlab oldim-da, diqqatimni unga qaratdim va narsalarimni tuppa-tuzuk o‘qishga tushdim, har zamonda ajoyib suvdan bir qultumdan ichib ham turdim va butun tadbir, ichimda unga norozilik tug‘ilib ulgurmasidan, nihoyasiga yetdi. Nima ham derdim, qaytanga shunisi yaxshi. Garderobga borib, paltomni yelkamga tashlab, sigara tutatdim. Odamlar kelishdi, odatdagi iltifotlarga shay turdim, gapning to‘g‘risi, shaharda hech kimni tanimaganimdan o‘zim xursand edim — biroq shu payt oldimda qip-qizil yuzli bir xonim paydo bo‘ldi, menga qarab kulib qo‘ydi-da, shvabchalab: “Nima, meni tanimayapsizmi?” dedi. U shvartsvaldlik, men tug‘ilgan shaharchadan bo‘lib, maktabda singillarim bilan birga o‘qigan ekan, uning orqasida qizi turardi, u ham gul-gul ochilgan yuzli, quvnoq bir barno edi. Biz kulishib, bugun birpas birga bo‘lishga qaror qildik. Bugun kechqurun biroz uyqusirab turgan edim, baribir sezdim: bir janob kitoblarimdan bittasini oldimga qo‘yib, rafiqasi uchun dastxat yozib berishimni iltimos qildi. Shu daqiqada, mana, baxtimga endi bitta shahar qolmadimi, deb aynan Nyurnberg haqida o‘ylab turgandim va kitobga bir nimalarni yozib, iltifotli tabassum bilan unga uzatdim. U o‘qib ko‘rib, kitobni menga qaytarib berdi: men unga “Nyurnbergdagi kechadan esdalik uchun!” deb yozibman. O‘chirib tuzatishga to‘g‘ri keldi. Shundan so‘ng bir qadah may ichgani mehmonxonaga bordik, yurtdoshim Kalv haqida gapirardi va biz o‘zimiz eslay oladigan barcha kavaliklarni bitta qo‘ymay batafsil muhokama qilib chiqdik, uning qizi ham shu yerda edi, biz qariyalarning gaplarimiz unga g‘alati tuyulardi, bundoq qarasam, yana bir nyurnberglik ham shu yerda ekan, demak haliyam Shvabiyada ekanman, deb o‘ylardim. Hashamatli zinadan ko‘tarilib, xonamga kirib borganimda vaqt allamahal bo‘lib qolgan edi. Shunaqangi ma’ruzalar bilan tirikchilik qilish aslida oson ishga o‘xshaydi. Biroq menga yetishmayotgan narsa non emas, balki havo edi va bu havo, yashay olish, mamnuniyat, o‘z kasbim va faoliyatimga bo‘lgan ishonch havosi Augsburgda ham emasdi, bunday gonorarni bu yerda ham to‘lashmadi. Aksincha (shuning uchun xudo tenor va virtuozlarga genial darajada ortiq shuhratparastlik ato qilgan), mana shunaqa adabiy muloqot kechalarida ma’ruza o‘qib, tenor va bard (kuychi shoir, baxshi)larga o‘xshab shaharma-shahar kezib yurishning o‘zi o‘ziga bino qo‘ygan, o‘zining zarurligiga ishongan artistni aksincha, uning keragi yo‘qligiga, uning shaxsi va mashg‘uloti hech qanday ahamiyatga ega emasligiga ishontirishning eng yaxshi usulidir. Adabiy uyushma odamlari Tomas Mann yoki Gerxart Xauptmann yoki baron Myunxauzen yoki tenor Hesseni tingladimi, berlinlik professor Gomer haqida yoki myunxenlik professor Mattias Gryunevald haqida ma’ruza o‘qidimi, buning mutlaqo farqi yo‘q, bularning barchasi faqatgina naqshdagi chiziq, matodagi ipcha edi xolos va naqsh aqliy sanoat, mato esa ma’rifiy tadbir deb ataladi, bu mashg‘ulotlarning na butun va na ayrim holda hech qanday ahamiyati yo‘q. Yo rabbiy, ilohim o‘zing yumordan ayirmagin, yana bir ozgina umr ber! Toki manovi yarmarkadan ko‘ra ma’niliroq, ahamiyatliroq biron-bir ish bilan, biron narsa bilan mashg‘ul bo‘lay! Toki arzimagan xizmatkorlik vazifasida bo‘lsa ham Germaniya nihoyat o‘zining davlat maktablarini yana qaytadan yopishiga, Yevropa o‘zida tug‘ilishni kamaytirish blan astoydil shug‘ullanishiga ko‘maklashay! Ushbu ma’ruzalar uchun pul o‘rniga, hurmat o‘rniga, xushomadlik o‘rniga havo bering, o‘pkamni to‘ldirib nafas olayin!
Skeptiklarning ishontirishicha, hali shu paytgacha hech kim yuragi yorilib o‘lmagan ekan. Ular birorta adib havo yetishmasligidan o‘lib qolishi mumkinligini ham inkor etishadi. Go‘yo adib har qanday gaz va har qanday badbo‘y hiddan maqola yasay olmaganidek, ro‘para kelgan havodan ham nafas olavermasmish.
Ertasi kuni havo yaxshi bo‘ldi. Augsburgni aylanay deb chiqsam yakshanba kuni ekan. Men tarix bilan hech qachon ko‘p shug‘ullanmaganman, balki butun bilimimni shoirlardan olganman, desam bo‘ladi, masalan, Blauboyren sirlarini Myorike tufayli hatto u yerdagi professorlardan ham ko‘ra yaxshiroq o‘rganganman, Augsburgni Arnimning “Toj qo‘riqchilari” orqali yaxshi bilaman. Nyurnberg esa menga Vakenroder va Hoffmann orqali yaxshi tanish. Augsburg juda chiroyli shahar ekanligiga sizlarni ishontirib o‘tirishimning hojati yo‘q. Biroq u yerda yana bir narsa menga juda ma’qul bo‘ldi. Haftalik bozorda yog‘, pishloq, meva, kolbasa va boshqa shunga o‘xshash narsalar uyumi ko‘zni qamashtiradi, bu yerda dehqonlar ko‘p, ayniqa, dehqon ayollar, bolalar ham bor edi, barchasining egnida haqiqiy milliy libos. Birinchi dehqon ayolni uchratishim bilan quvonganimdan naq bo‘yniga osilib olishimga ozgina qoldi, uning ortidan eski ko‘chalar bo‘ylab izma-iz uzoq yurdim. Ayollarning turli kiyim-kechaklarini ko‘rib, bolalik chog‘larimni esladim, Kalvdagi molbozorlarini xotirladim, u yerlarda yuzlab dehqonlar va dehqon ayollarni uchratish mumkin edi. Ularning har birini egnida milliy liboslari bo‘lardi, ular turli-tuman qasabalardan, o‘rmonchilik va g‘alla yetishtiriladigan xo‘jaliklardan kelishardi, ularni charm shimlarining rangiga qarab uzoqdan ham tanib olish mumkin edi!
Mening Augsburgda o‘tkazgan so‘nggi soatlarim g‘oyat ajoyib bo‘ldi. Bu shaharda omadim yurishdi, kecha uni Nyurnberg bilan adashtirib yuborib, unga nisbatan juda nohaqlik qilgan ekanman. Bu yerda o‘zim guvohi bo‘lgan barcha go‘zal va ajoyib voqealar ichida yana bir o‘ziga xos kutilmagan hodisa ro‘y berdi. Augsburglik bir kelin-kuyov bundan o‘n to‘rt yil muqaddam bir kitobimni o‘qishgan va menga xat ham yozishgan ekan, o‘shanda tug‘ilgan birinchi farzandlari – qizining ismini kitobimdagi qahramonlardan birining nomi bilan atashibdi, mana endi o‘sha er-xotin kelib, tushlikka taklif qildi, meni avvalo tansiq taomlar bilan mehmon qilish uchun sidqidildan harakat qilishdi, so‘ngra yengil mashinada bir-ikki soat ko‘hna Augsburgning eng muhim va eng go‘zal go‘shalari bo‘ylab sayr qildirishdi. Garchi mana shu barcha mehr-muhabbat va e’tibor bugun menga arzimas tuyulayotgan bir kitob orqasidan bo‘layotganidan xijolat chekkan bo‘lsam ham, baribir ushbu damlar ajoyib edi. Eh, bu afsonaviy shaharda qanday go‘zal va g‘aroyib narsalarni ko‘rmadim-a! Sankt-Morits ibodatxonasi shunaqangi serhasham, ajoyib ediki, uni ko‘rgan odam go‘yo Rimga kelib qoldimmi, deb o‘ylardi, uning shundoq yonginasidagi mo‘jaz ibodatxonada to‘rt nafar yepiskop o‘tirardi, ular shunchaki yog‘och yoki toshhaykal emas, balki mo‘miyolangan, bashang qiyofalarini ko‘rib, naq tirik deysiz. Katta butxonaning misdan ishlangan eshigi menga eng go‘zal narsa bo‘lib tuyuldi, hurmatga loyiq ushbu ibodatxonaning ichkarisida boshqa bir manzaraning guvohi bo‘ldim. U yerda ko‘rinishdan qishloqlik bir odamga ko‘zim tushdi, oq malla soqoli butun yuzini qoplagan, egnidagi yashil tus ust-boshi o‘ngib ketgan, yelkasida yukxalta bor edi. Uning ichkariga kirib ketayotganini ko‘rdim, shundan so‘ng ulkan ibodatxona bo‘ylab nimanidir izlagandek yura boshladi, nihoyat topdi shekilli, tiz cho‘kdi, boshyalang ko‘zlari sanamga qaratilgan, ikkala qo‘li iltijoli keng ochilgan, ibodat qila boshladi, u ko‘zlari, lablari bilan qo‘llarini yozib, kaftlarini ochib ibodat qilardi, butun jonu tani bilan hech narsani ko‘rmasdan, hech narsani eshitmasdan, bu dunyoni unutib, ibodat qilardi, biz, muqaddas qadamjoda xudoni izlash o‘rniga roman bronzasini va gotik oynaband derazalarni axtarib yurgan xudosiz anqovlar ham unga zarracha xalal berolmadik. Bu xudojo‘y inson va milliy libosdagi dehqon-ayollar – xuddi mana shu suratlar – oltin zal emas, mag‘rur favvoralar va shaharliklarning saroylari emas, noyob yodgorliklari emas, balki aynan mana shu suratlar qalbim daftarida Augsburgdan o‘chmas xotira bo‘lib qoladi.
Kechqurun Myunxenga jo‘nab ketdim, endi bir necha kun dam olib, ayqash-uyqash taassurotlardan biroz o‘zimga kelvolishim uchun vaqt bor edi, afsuski, hali oldinda yana Nyurnberg turardi. Bir kuni oqshom o‘zim turgan mehmonxona direktorini yo‘qlab borgandim, u bilan ilgari dunyoning boshqa joylarida tanishganmiz, shuning uchunmi, yaxshi vinolarni qadrlashimdan ham xabardor edi, shundan bo‘lsa kerak, hazil qilib, yerto‘lasidan eng yaxshi eski shishalardan bir nechtasini olib chiqdi. Ichuvchi bo‘lganim bilan baribir ko‘p ichishga odatlanmaganman, shu boisdan bu gal oxirida biroz zo‘riqishga to‘g‘ri keldi, yo‘q, hammasi o‘tib ketdi. Bilmadim, kayfning sarxush ta’siridanmi, sezmay qolibman, bir mahal yonimda Baden-Limmatdagi restoran egasi, do‘stim o‘tiribdi, kulib, men bilan qadah urishtiryapti. Ma’lumotimni ham oshirib qo‘yay, deb keyingisi kuni katta bir gazetaning tahririyatiga bordim, lekin bu keng xonalarda ko‘nglim behuzur bo‘ldi, u yerda chorak soatdan ortiq turolmadim. Lekin Myunxen haqida ko‘p gapirishim mumkin emas, u yerda hamisha pok vijdon bilan ish qildim, deya olmayman. U yerda bir vaqtlar menga yaqin bo‘lgan, meni yaxshi bilgan, o‘zim yaxshi ko‘rgan va barchasini borib, yo‘qlashim lozim bo‘lgan bir talay odamlar yashashadi. Biroq bu haddan ziyod katta ish bo‘lardi, kim biladi, mening ahvolim ne kechardi? O‘ttiz nafar kishi mendan mehribonlik bilan ahvolim yaxshimi, nima ish qilayapman, hayotimdan, sog‘ligimdan, faoliyatimdan mamnunmanmi-yo‘qmi va shunga o‘xshash azob beradigan savollarni so‘rashgan bo‘lishardi, men esa o‘tirvolib xushmuomalalik bilan kulimsirab bosh irg‘ab, ularga javob qaytarishim kerak bo‘lardi, bu esa nihoyat darajada charchatadigan ish edi. Ulardan o‘zim chinakamiga do‘st deb hisoblay oladigan ayrimlarini baribir ko‘rib o‘tdim, uylarida, xotinlari va bolalari davrasida emas, ishxonalarida emas, balki biror yerto‘la yoki qovoqxonalarda oqshomlari o‘zimiz Valdulm yoki Affentalni ochvolib, dildan chaqchaqlashib o‘tirdik, iqtisodiy inqiroz haqida, avvalgi yillar haqida gaplashdik, Boden ko‘li bo‘yida o‘tgan yoz oylarini, Italiyaga qilgan safarlarimizni, urushda halok bo‘lgan do‘stlarimizni esladik. Kayfiyatim shu kunlarda juda yaxshi emas edi, yo‘q, adabiyot jonga tegib ketganidan yoki Nyurnbergga bormaslik uchun ko‘p narsani tikib yuborishim mumkinligidan emas, balki buning boshqa sabablari ham bor edi.
Sayohatim ham oxirlab borardi, Tessindan chiqqanimdan buyon o‘tgan olti hafta ichida mana asta-sekin so‘nggi bekatimga ham yaqinlashib borardim, hamon yo‘lda edim, xayolimda bu haqda o‘ylamagan bo‘lsam ham, ko‘nglida shunday bir savol ko‘ndalang turardi: endi nima bo‘ladi? Xo‘sh, sayohatdan nima topding va nimaga erishding? Yana o‘z ishingga, yolg‘izlikka qaytasanmi, kutubxonangda ko‘zlaring og‘rib, yana bir o‘zing yolg‘iz o‘tirasanmi yoki biror boshqa ish qilasanmi? Va bu savol hali-hamon yechilgani yo‘q edi. Men ma’ruzalar o‘qidim, do‘stlarimning muhabbatiga va samimiy suhbatlariga muyassar bo‘ldim, u yer-bu yerda yaxshi may ichib, iliq va samimiy davralarda yoqimli damlarni o‘tkazdim, bu orada chidab bo‘lmaydigan g‘am-tashvishlardan qutuldim, qadimiy imoratlarni ko‘rib, o‘zimni biroz bo‘lsa-da, unutdim, yo‘l azobidan charchagan, bekorchi gaplar, ezmalik haddan ziyod ko‘payib ketgan chog‘larda olisdagi uzlatimni bir lahza bo‘lsa-da, sog‘inib qo‘msardim – biroq hech nima o‘zgarmadi, hech narsa tartibga tushmadi. Bu holat meni kundan-kunga tobora ko‘proq eza boshladi, shundanmi, nihoyat Nyurnbergga borayotib ham o‘zimda na moyillik, na minnatdorlik his qilmadim, shu ishdan bitta shoshilinchnoma bilan qutulib qo‘yaqolish o‘rniga, ahmoqona qahramonlik ko‘rsatishga qaror qilib, borganimga o‘zim pushaymon bo‘ldim. Zero, Nyurnbergga borib, hafsalam juda pir bo‘ldi.
Yo‘lga chiqqan kunim havoning avzoi buzuq, qor aralash yomg‘ir yog‘ardi, yana Augsburg yonidan o‘tdim, shahar uzra katta butxona va Sankt-Morits qad rostlab turardi, shundan so‘ng notanish joylar o‘ta boshladi, bekatlar orasidagi oxirgi masofada esa odam oyog‘i yetmagan, xilvat, qalin o‘sgan ajoyib qarag‘ayzor o‘rmonlar boshlandi, daraxtlar uchi qor bo‘ronida chayqalardi. Bu manzara go‘zal va sirli, shu bilan birga men, janublik uchun noxush hamda vahimali edi. Agar shunday ketaveradigan bo‘lsam, o‘ylardim men, yanada ko‘proq qarag‘aylar, yanada ko‘proq qorlar uchraydi, undan so‘ng ehtimol Leyptsig yoki Berlin boshlanar, keyin esa Shpitsbergan va Shimoliy qutb ko‘rinib qolsa ajabmas. E, xudo, yaxshiyamki Drezdenga taklifnomani qabul qilmaganim-a! Buni tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Busiz ham yo‘l uzoq, haddan ziyod uzoq edi, men Nyurnbergga yetib kelgach, xursand bo‘lib ketdim. Ko‘nglimda men bu gotik shaharda har turli mo‘jizalar kutgandim. Koffmann va Vakenroder ruhi bilan uchrashaman deb umid qilgan edim, biroq afsuski, bundan hech nima chiqmadi. Shahar menda dahshatli taassurot qoldirdi, bunda albatta, shahar emas, yolg‘iz o‘zim aybdorman. Men haqiqatan ham maftunkor, Ulmdan ko‘ra boyroq, Augsburgdan ko‘ra o‘ziga xosroq eski shaharni ko‘rdim. Avliyo Lorents va Avliyo Zebaldni, ratusha va uning ta’riflab bo‘lmaydigan darajada g‘oyat go‘zal favvora turgan hovlisini tomosha qildim. Men bularning barchasini ko‘rdim, hammasi juda go‘zal edi, biroq barchasi katta, loqayd, zerikarli korchalon shahar binolari bilan o‘rab olingan, motorlarning guvillagan shovqin-suroni ostida, avtomobillar qurshovida edi, barchasi to‘rsimon gumbazlar qurmaydigan va jimjit hovlilarga favvoralarni gullardek go‘zal qilib o‘rnata olmaydigan boshqa bir zamon sur’ati ostida asta titrardi, barchasi yiqilay-yiqilay deb turardi, chunki na ruh, na ma’no bor edi. Qanday go‘zal, qanday maftunkor narsalarni ko‘rmadim bu mahobatli shaharda! O, ajoyib diqqatga sazovor joylar, cherkovlar, favvoralar, Dyurer uyi, qal’a, balki mayda, tasodifiy, aslida menga qadrli bo‘lgan bir talay narsalar. “Shar” deb ataladigan bir dorixonada (u mustahkam, muhtasham eski binoda joylashgan edi), o‘zimga cho‘milish uchun yangi ko‘zoynak sotib oldim, bu yerdagi vitrinalardan birida hozirgina tuxumdan chiqqan timsohchaning tulumi tuxum po‘chog‘i bilan birga qo‘yib qo‘yilibdi. Bu yerda meni shunga o‘xshash yana ko‘pgina narsalar o‘ziga tortdi. Biroq menga hech narsa yordam berolmadi. Nazarimda, barchasini manovi la’nati mashinalardan chiqqan gaz qoplab olgan, barchasi yemirilgan, barchasi insoniy emas, balki iblisona hayotdan zirillagan, barisi o‘lishga, yo‘q bo‘lishga tayyor, bu dunyoga nafratdan qulab tushishga va halokatga tashna, behuda turaverishdan, ruhsiz go‘zallikdan charchagan edi. Adabiy uyushmada ochiq chehra bilan kutib olishgani ham, so‘nggi (uzoq vaqt, balki bir umrga) ma’ruzamni tugatganimdan keyingi yengil tortish ham, hech narsa yordam bermadi. Hech qanday ro‘shnolik yo‘q edi bu yerda. Mehmonxona bug‘ bilan isitilardi, keragidan ortiq qizdirib yuborilganidan xona isib ketgan, kechasi bilan ham sovimas, derazani ochay desam, serqatnov ko‘cha shovqini, bu yoqda manovi yaramas apparat – telefon kechasi og‘riq kuchayib, uxlayolmaganimga yarasha tongda ozgina mizg‘ib olishga ham qo‘ymasdi. Odamlar, nega meni bunchalik qiynaysizlar, undan ko‘ra tezroq o‘lim berib qo‘yaqolmaysizlarmi!
Shu asnoda botinimdagi kuzatuvchi ushbu holatimni odatdagi bosiqlik bilan qabul qilib, bechora bu safar portlab ketarmikin yoki yana hali biroz chidarmikin deb, qiziquvchanlik bilan qarab turardi. Ichimdagi kuzatuvchi (u ushbu qissa qahramonlaridan mustasno) sayohatchi shoirning tasodifiy quvonch va iztiroblari bilan ishi yo‘q, ularni yozib borishni biladi xolos, vaqti kelib bir kun bu haqda hali jiddiyroq gapirib beradi. Bugun esa faqat sayohatchi tenor tasodifiy narsalarni boshdan kechirib, ulardan iztirob chekadigan botinimdagi tasodifiy odam gapiradi, xolos.
Aynan Nyurnbergda o‘zimni to‘qson yashar o‘layotgan choldek his qildim, shu yerda meni joyimga qo‘yib qo‘yaqolishsin, degan tilakdan boshqa hech qanaqangi istak-xohish yo‘q edi, aynan shu yerda men ko‘proq yoshlar bilan muloqotda bo‘ldim. Ulardan biri, o‘quvchi yo talaba bo‘lsa kerak, ma’ruzadan so‘ng meni xijolat qilib qo‘ydi. U kitobga bir nima deb yozib berishimni so‘radi, nima yozishni bilmay turganimda (shu paytda miyamga nima fikr ham kelardi) grekcha so‘zlarni, kitoblarimdan birida uchraydigan Injildan tsitata yozib berishimni taklif qildi. Yigirma yildan oshdi, grekcha harf yozmaganimga; xudo biladi, yozuvim qanaqa chiqdi! Boshqa bir yigit yosh shoir ekan, Nyurnbergda o‘tgan o‘sha qisqa vaqtimning kattagina qismini u bilan birga o‘tkazdim va undan xursand bo‘ldim. U o‘zi menga ilgariyoq yoqib qolgan edi, qisman mening haqimdagi jiddiy maqolasida she’riy mashqlarimning behuda urinish ekanligini va uning sabablarini juda yaxshi ko‘rsatib bergan edi, qisman esa kichkinagina doston muallifi sifatida, (ushbu doston chindanam jozibali yozilgan bo‘lib, uning qahramoni shoir Grabbe edi). Yigitcha menga yoqib qolgan edi. Bu yosh shoir men bilan Nyurnberg bo‘ylab birga yurardi, o‘zi o‘tkir ichimliklar ichmasa-da, kechqurunlari qovoqxonalarda sabr-toqat qilib men bilan birga o‘tirardi, u o‘zining yoqimtoy chehrasi va kichkina nozik qo‘llari bilan ba’zi daqiqalarda meni bu shaharda xavf-xatardan asrash buyurilgan farishtaga o‘xshab ketardi.
Shunday bo‘lsa ham, harholda xiyla sarosimaga tushgan va umidsiz kayfiyatda edim. Bir narsa menga aniq edi – u ham bo‘lsa, bu yerdan imkoni boricha tezroq ketish. Myunxenda ishonarli, yaxshi bir do‘stim bor edi, u bilan telegraf orqali bog‘lanib, bu yerda ortiq turolmasligimni, iloji bo‘lsa, meni keyingi tezyurar poyezd bilan Myunxenda kutishini ma’lum qildim. Bor-budimni yana chamadonga naridan-beri tiqdim-da, mehmonxonadan vokzalga bir amallab yetib oldim va garchi sinib ketgan bo‘lsam ham qutulganimga shukur qilib, nazdimda halokatga mahkum Nyurnbergdan jo‘nab ketdim. Poyezd yaxshi edi, Myunxenga yetguncha hech qayerda to‘xtamadi, biroq Myunxenga yetib borgunimcha bo‘larim bo‘ldi, yo‘l juda uzoq tuyuldi, allaqancha vaqt o‘tdi, dilim xufton, ko‘zlarim qizargan, tizzalarim qaltirar, bamisoli to‘qson yashar chol edim. Ehtimol, bu sayohatimning eng go‘zal lahzasi edi. Men yana Myunxenda edim, hartugul tirik edim, barchasi ortda qolgan, endi hech qachon ma’ruza o‘qishim kerak emas edi. Do‘stim esa, bo‘ychan va baquvvat, ko‘zlari kulib turar, qo‘limdan darhol chamadonchani olib, ko‘pam so‘rab-surishtirib o‘tirmasdan, bizni falon-falon restoranda tanishlarimiz kutishayotganini aytdi. Menga qolsa, hoziroq o‘zimni karavotga tashlagan bo‘lardim, ammo restoran ham yomon emas edi, rozi bo‘ldim. Stol atrofida adabiyot va tanqidning yirik arboblari o‘tirishar, bizni kutishayotgan, qadahlarga esa haqiqiy asl mozel quyilgan edi, eng qiziqarli mavzulardagi suhbat va munozaralarga quloq solib o‘tirardim va bundan mamnun edim, chunki bu gaplarning menga mutlaqo aloqasi yo‘q, mendan hech narsa talab qilmas, qiziqarli edi xolos, men bu yerda o‘tirib, hayajonli va aqlli chehralarga boqib sharobdan ichardim, uyqum ham kelayapti, agar xohlasam ertaga umuman o‘rnimdan turmayman, bir kunmi, bir yilmi, yuz yilmi — yotaverishim mumkin, hech kim mendan biron nima talab qilmaydi, hech qanaqangi poyezd men uchun hushtak chalmaydi, endi hech qanday minbar men uchun yoritilmaydi, shishada suv quyilmaydi, na grekcha, na boshqa harflarni yozishimga to‘g‘ri kelmaydi.
Myunxen yaqinidagi qishloq joyda istiqomat qiladigan oshnamnikida biroz dam olib, uyga qaytish ulovini aniqlab olish uchun yana bir necha kun qoldim. Shu asnoda insofga kelib, to‘g‘rirog‘i, uyga qaytish oldidan qo‘rquv bosib, bu orada kelgan xatlarni menga yuborishlarini talab qilishga qaror qildim. Jo‘natilgan bir bog‘lam qog‘oz menga bir necha kunlik ish bo‘ldi, o‘sha arzimas narsalar orasida qiziq bir nima ham bor edi – men qo‘lyozmasini qaytarib bergan yosh shoir uzundan-uzun xat yo‘llagandi. O‘shanda uning o‘ta nosamimiy, tilyog‘lama maktubi menga qattiq tekkan edi, endi esa u benazir samimiyat bilan g‘ayrat va muhabbat-la tanlangan iboralar yordamida ochiq-oydin qilib, meni naqadar pastkash, bema’ni va yaramas odam sifatida tasavvur qilib kelganini yozib yuboribdi.
Barakalla, navqiron shoir uka, bundan keyin ham shunday davom ettirgin! Navqiron adabiyotdan biz chiroyli so‘zlar emas, samimiylik kutib qolamiz.Bavariyalik do‘stlarim orasida eng yaxshi ko‘rganimni bir kechaga chaqirib olishga muvaffaq bo‘ldim, oqshom zo‘r va samimiy o‘tdi, uni hech qachon unutmayman. Endi yana xususiy shaxs bo‘lib olganim uchunmi, adabiyotga ham munosabatim ancha soddalashdi va hayotimda ilgari ko‘pam qilmagan ish – hamkasblarimga shaxsan yaqinlashishga jur’at etdim. Yozuvchi Yozef Bernhart bilan birga o‘tgan bir soat vaqt nihoyatda samarali bo‘ldi. Bir kechani Tomas Mann huzurida o‘tkazdim. U bilan allamahalgacha gaplashib o‘tirdik, u suhbatni ajoyib tarzda va did bilan, yaxshi kayfiyatda, yarim samimiy, yarim kulgili, o‘zining shinam uyi, aql-idroki va yaxshi odatlariga tayanib olib bordi. Bu kecha uchun undan minnatdorman. Endi “Simplitsissimus”da bosilayotgan “San’atkorlar maktublari”ning muallifi Yoaxim Ringelnattsni ham ko‘rgim keldi, u bir kechaga tashrif buyurganimdan g‘oyat xursand bo‘ldi.
Shahar tashqarisida – Nimfenburgda rohat qildim, meni erkalatib yuborishdi, men u yerda kun bo‘yi ko‘zlarimni suvdan uzmay o‘tirar yoki keksa azim daraxtlar ostida u yoqdan-bu yoqqa borib kelardim, shamolda shodon o‘ynayotgan so‘lg‘in yaproqlarni – o‘zimizning mitti og‘alarimizni kuzatardim. Ularga qarab turib g‘amga botardim, dam kulib olardim. Xuddi ularga o‘xshab, men ham bugun Myunxenga, ertaga esa Syurixga uchaman, so‘ng yana ortga qaytaman, muttasil nimanidir quvib, iztirobdan qochishga, o‘limni yana biroz keyinga surishga intilaman. Nega endi bunchalar qarshilik ko‘rsatamiz? Xafa bo‘lardim men. Chunki bu hayot o‘yini-da, kulardim men.
Binobarin, kulgi men uchun yaxshi hamda ko‘ngildagi narsa ekan, oshnamdan Myunxenda men ilgarilari ko‘rganimdaqangi hozir ham haqiqiy klassik komiklar bormi-yo‘qmi, deb so‘radim. Albatta bor, do‘stim shunaqalardan bittasini bilarkan, uning ismi Valentin ekan va biz gazetalarni titkilashga tushib ketdik, ma’lum bo‘lishicha, u kechqurunlari kamer teatrida o‘zining “Myunxenlik qaroqchi-qurolbardorlar” pesasini qo‘yarkan. Bir kuni oqshom teatrga tushdik. Bu mo‘jazgina teatrda soat o‘ngacha Strindbergni qo‘yishdi, so‘ng Valentinga navbat keldi. U ushbu ajoyib pesa, favqulodda bema’ni safsata – “Myunxenlik qaroqchi-qurolbardorlar”ni kichkinagina truppa bilan birga ijro etdi. Pesaning bor mazmuni shu ediki, Valentin uzun qilichni taqib olib, soqchi sifatida u yoqdan-bu yoqqa yurib turar va shu asnoda kulgili gaplarni gapirib, g‘alati qiliqlar qilar edi. Ba’zan esa voqea yig‘lab yuborgudek darajada g‘amgin tus olardi, masalan, u kechki ayozda shahar devori oldida o‘tirvolib, garmon chalgan ko‘yi yoshligini eslar, mudom urush va o‘lim haqida o‘ylardi. Yoki o‘ylanib, ko‘rgan tushini so‘ylardi, tushida u o‘rdak emish, sal bo‘lmasa uzun chuvalchangni yutib yuborayozibdi. Shu o‘rinda insonning bilish qobiliyatini cheklanganligi eng sodda shaklda g‘oyat ajoyib tarzda tasvirlab berilganiga qoyil qolasan. O‘sha garmon jo‘rligidagi fojiaviy hikoya ham birdaniga ko‘tarilgan qattiq kulgi, qahqahalar bilan kutib olinardi, men hali bunday mamnun tomoshabinlarni uchratganimcha yo‘q. Odamlar ham kulishni yoqtirisharkan, qarang! Havoning sovug‘iga qaramasdan ular, biroz kulishaylik deb, uzoq shahar atroflaridan kelishadi, pul to‘lashadi, tun yarimdan oqqandan keyingina uylariga tarqalishadi. Men ham rosa kuldim, menga qolsa, ushbu pesa ertalabgacha davom etaversa, derdim. Xudo biladi, endi yana qachon kulishamiz. Qiziqchining mahoratiga, uning ahmoqona xatti-harakatlarimizni hamda bema’ni va mudhish qismatimizni qanchalik dahshatli va nochor tarzda tasvirlab, kulgi formulasiga keltira olishiga qarab, shunchalik ko‘p kulish mumkin! Ortimizda o‘tirgan tomoshabinlardan biri, yoshgina ayol kutilmaganda ikkala tirsagini yelkamga qo‘yib oldi. Meni sevib qoldimikin deb o‘ylab, o‘girilib qarasam, yo‘q, bu kulgining ta’siri, kulgidan o‘zini tutolmay, jin urgandek menga qarab sapchigan ekan. Valentin haqidagi ushbu xotira – mazkur sayohatning javohirotlaridan biridir.

I Z O H L A R

1. Gotik mehrob – 1493 yilda me’morlar Y.Zyurlin va G.Erhart tomonidan bunyod etilgan. Yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha nemis gotik san’atining ajoyib yodgorliklaridan biri hisoblanadi.
2. Klyottsle Blay (Qo‘rg‘oshin kunda) rivoyatlarga ko‘ra, kishilarni ko‘rinmas odamga aylantirib qo‘ya oladigan tosh.
3. Blautopf (Ko‘k xumcha) – Dunay irmog‘i hisoblangan kichik daryo Blau (ko‘k, moviy) boshlanadigan buloqning chuqur havzasi.
4. Hikoyanavis – nemis shoiri va nosiri Eduard Myorike (1804-1875), sohibjamol Lau haqidagi novella muallifi.
5. “O‘rmondagi mitti chol” – sohibjamol Lau haqidagi novella kiritilgan ertakning nomi.
6. “Yashil Haynrih”dagi cho‘miluvchi qiz Yudif – Gotfriyd Kellerning “Yashil Haynrih” romani qahramoni, go‘zallik, tabiiylik va soddalik timsoli.
7. Faqat g‘am-tashvish – M.Pfayfer o‘z izohlarida qayd etishicha, o‘sha kezlarda Hessening ikkinchi turmush o‘rtog‘i Rut Venger sil kasaliga chalingan, bundan tashqari, “Doyche ferlagsanshtalt” nashriyoti bilan asar chop ettirish to‘g‘risida avval tuzilgan shartnoma bekor qilingan edi.
8. Kaput-mortuum – carut mortuum (lot.) – o‘lik bosh (jonsiz tana), bu yerda: yaroqsiz, keraksiz, qadrini yo‘qotgan ma’nosida.
9. Shyok, Otmar (1886-1957) – shveytsariyalik bastakor, Hessening do‘sti, uning 23 ta she’riga musiqa bastalagan.
10. Siyomlik do‘stlarim – Alisa va Frits Laytholdlar nazarda tutilyapti, Hesse ular bilan o‘zining Hindistonga sayohati chog‘ida tanishgan, ularning Syurixdagi uyida bir necha marta bo‘lgan. Yozuvchi “Nyurnbergga sayohat” safarnomasini ularga bag‘ishlagan.
11. Hofer, Karl – shveytsariyalik rassom, Hessening Montanoladagi uyida ko‘p marta bo‘lgan.
12. Simbioz – (biol.) – ikki xil organizmning muayyan bir muhitda bir-biriga foyda yoki zarar keltirib, birga yashashi.
13. Eski qadrdon do‘stim Pistorius – shu nom ostida Hesse o‘zining “Demian” romanida K.G.Yungning shogirdi, ruhshunos-shifokor Yozef Bernard Langni tasvirlagan. 1916-1917 yillarda Hesse undan ruhiy tahlil seanslarini olgan.
14. Lui Berahm – Hesse o‘zining oshnasi, rassom Lui Muayeni shunday atagan.
15. Boyron – Dunay vodiysida joylashgan o‘pka kasalliklari kurorti.
16. Verenvag – Dunay vodiysidagi qal’a, qachonlardir minnezinger Hugo fon Verenvagga qarashli bo‘lgan.
17. Ludendorff, Erih – nemis generali, german militarizmi ideologlaridan biri.
18. “Toj qo‘riqchilari” – nemis romantik yozuvchisi Ludvih Axim fon Arnim (1781-1831) ning tarixiy romani.
19. “Simplitsissimus” – Hesse hamkorlik qilgan nemischa hajviy suratli haftalik jurnal.

Olmonchadan Mirzaali Akbarov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 10-son