Genrik Senkevich. Yanko musiqachi (hikoya)

U yorug‘ olamga zaif va nimjon bo‘lib kelgandi. Ko‘zi yorigan ayol yotgan skameyka yonida hamdardlik ila to‘plangan dugonalar mana shu ona va mana shu bola uzra bosh chayqar edilar. Ular ichida eng aqlli bo‘lmish temirchining xotini Shimanixa tasalli so‘zlari bilan bemor xotinga murojat qiladi.
– Keling, – deydi u, – boshingizga sham yoqib qo‘yay. Sizning endi, –deydi, – to‘ringizdan go‘ringiz yaqin, oxirat safariga tayyorgarlik ko‘rsangiz, Tangri taolodan gunohlaringizni mag‘firat etishini so‘rasangiz yaxshi bo‘lardi.
– Ha! – deydi boshqasi – Chaqaloqni hozir cho‘qintirgan ma’qul: ksendzni kutib o‘tiraversak, boyaqish kokilsiz qolib ketishi hech gap emas.
Shu gaplardan keyin ayol shamni yoqdi, keyin bolani qo‘liga olib, unga suv sachratdi, bolakay aftini burishtiradi, ayol esa munojot qila boshladi:
– Ota va o‘g‘il haqqiga, avliyo haqqiga seni cho‘qintiraman va senga Yan ismini beraman, endi esa, nasroniy bolajonim, qayoqdan kelgan bo‘lsang, o‘sha yoqqa boraver. Omin!
Ammo nasroniy bolajon “qayoqdan kelgan bo‘lsa, o‘sha yoqqa borishni” zinhor-bazinhor istamasdi va umuman mushtdekkina jismni tashlab ketishni o‘ylamayotgan ham edi, balki shu jismdagi qiltiriq oyoqchalari bilan tepinib past ovozda, achinarli ohangda ingranib yig‘lay boshladi, xotinlar bir-biriga qarab aytdi: “Odam bo‘lib odammas, mushuk bo‘lib mushukmas, bu qanaqa mahluq bo‘ldi ekan-a?”
Ksendzga odam yuborildi, Ksendz keldi, o‘zining ishini qildi, keyin ketdi; bemor xotin sal o‘ziga keldi. Bir haftadan keyin ishga ham chiqib ketdi. Bola bazo‘r jon saqlab yuribdi, lekin o‘lmay qoldi, to‘rtinchi yil deganda tanasi yerdan uzilib, oyoqqa turdi, sirqovlanib yura-yura, qoqila-suqila o‘n yoshga ham yetib oldi.
U avvalgidek qiltiriq edi-yu, lekin zuvalasi pishiqqina edi, yuzlari ichiga tortib ketgan-u, qorni ho‘ppoz. Sochlari oppoq, kanopning o‘zginasi, peshonasidan osilib tushib, chaqchaygan ko‘zlarini yashirib turardi, katta-katta ochilgan bu ko‘zlar qachon qarasang olis-olislarga, noma’lum yoqlarga tikilgan bo‘lardi. Qishda bolakay pechka ortida o‘tirardi, sovuqdan tinmay shilq-shilq burnini tortadi, ba’zida onasi hech nima qolmaganidan qozonni suvga tashlab qo‘yganida, bu ham tanama taqdir qo‘yib och-nahor o‘tiraverardi. Yozda bitta ko‘ylakda yurardi, boshiga titig‘i chiqib ketgan poxol shlyapani qo‘ndirib olardi, shlyapaning tagidan u boshini yuqoriga ko‘tarib qarab turgan qushchaning o‘zi bo‘lardi-qo‘yardi. Mungluq ona bo‘lsa yot uyaga tushib qolgan qaldirg‘ochday Xudoning bermish kuni yelka qisib yurardi, ha, u o‘g‘lini yomon ko‘rardi deyish insofdan emas, ming qilsa ham ichidan chiqqan chayon-da. Ammo uni tez-tez urib turardi va ko‘pincha uni “adashib kelib qolgan” deb aytardi. Sakkizga kirganida kichkina Yan podachilik qilib, mol boqqani chiqar yoki uyda yegulik hech narsa qolmaganida o‘rmonga borib, zamburug‘ terib kelardi. U yerda nechuk bo‘rilarga yem bo‘lib ketmadi – bu yog‘i bir Xudoga ma’lum!
Merovlikda uning oldiga tushadigani yo‘q edi, odatdagi qishloq bolalariga o‘xshab, birovlar bilan gaplashayotganida u ko‘rsatgich barmog‘ini og‘ziga tiqib olardi. Uning “odam” bo‘lishiga hech kimning ko‘zi yetmasdi, qiyin-qiyin – onaga qiyin, axir yorug‘ dunyoda suyanadigan shundan boshqa kimi bor? Chunki “bola – boshidan” deganlariday, buning biron-bir kasb-hunarga havas-rag‘bati sezilmas edi! Ammo bir narsaga suyagi yo‘q edi – o‘yin desa o‘zini tomdan tashlardi. Har yoqdan unga qanaqadir tovushlar eshitilardi, esini tanibdiki, ahvol shu: xayoli yot tovushlarda – shundan boshqa xech narsani o‘ylamasdi ham. O‘rmonga sigir o‘tlatgani yoki tengqurlari bilan zamburug‘ tergani borganda ham ikki qo‘lini burniga tiqib qaytardi, bu ham yetmaganday tili chuchuklanib nima derdi deng:
– Oyi, oyi, biyov o‘ymonda nuqul kuy cholodi. Biy eshitmaysizmi boyib?
Onasi unga bobillab beradi:
– Kuyingni chaldirib qo‘yaman sening, shoshmay tur!
Goho onasi boshiga cho‘mich bilan solib qolardi. Bolakay chiyillab, “Boshqa unday qilmayman, boshqa unday qilmayman!”, deb va’da berardi-yu, xayolida faqat bir narsa bo‘lardi: “O‘ymonda biyov nuqul kuy cholodi!”. Oqshomlari qorong‘i tushsa ham tinib-tinchimagan qishloq odamlarining gaplarini jon qulog‘i bilan tinglardi, unga odamlar go‘yo gaplashyapti emas, kontsert qo‘yib berayotganday tuyulardi. Hatto ishda ham, dalaga go‘ng sochar ekan, u shamolning yog‘och panshaxa tishlariga urilib chiqargan ovozini berilib tinglardi.
Bir kuni ishboshi uning shamolda sochlari to‘zib, tik turgancha jon qulog‘i bilan panshaxa tishlaridan chiqayotgan ovozni tinglayotganini ko‘rib qoldi. Ko‘rdi-yu, darhol belidagi kamarini yechib, bolani obdon savaladi – yaxshi kuydan olgan zavqiga “mukofot”. Ammo qayoqda deysiz! Shu-shu, odamlar uni “musiqachi Yanko!” deb chaqiradigan bo‘lishdi. Bahor kelishi bilan u tol po‘stlog‘idan nay yasagani anhor bo‘yiga chopardi, kechqurun esa ko‘ldagi baqalar barchasi jo‘rlikda tantanali qo‘shiqlarini boshlab yuborganida, o‘tlar orasida tartar qush sayraganda, yirik qo‘ng‘izlar g‘o‘ng‘illayotganida, devor ustiga joylashib olgan xo‘rozlar qishloqning har joyidan bong ura boshlaganda musiqachi Yankoning ko‘zlaridan uyqu qochardi, bu shovqin-suronda u qanaqa musiqa tinglayotganini bir uning o‘ziyu Xudo bilardi… Onasi uni kostyolga olib bormay qo‘ygandi, borgan vaqtlarida esa arg‘anun nola qilishi yoki kishilar jo‘rlikda shirin ovoz bilan ilohiy qo‘shiqni kuylay boshlashi bilan bolaning ko‘z oldini tuman qoplardi. Xuddi olamni endi ko‘rib turganday, atrofga olazarak javdirardi. Tungi qo‘riqchilikda qishloq aylanib yurgan va uyqusini haydash uchun yulduz sanagan yoki itlar bilan suhbatlashgan qorovul oq ko‘ylakli musiqachining xech kimga bildirmay qovoqxona tomonga o‘tganini bir emas, bir necha bor payqadi. Biroq bola qovoqxonaga kirmasdi, albatta, – u faqat devor oldiga emaklab borardi-da, yonboshlab va nafasini ichiga yutib, tinglardi. Ichkarida quvnoq kuy yangrardi, ora-sira o‘smir yigit “Bo‘sh kelma!” – deb qichqirib qo‘yardi, ketidan poshnalar ishga tushib ketar, qizlar baravariga javob qaytarar edilar. Skripkalar past ovozda mayingina qilib, “Bu dunyoda yeb-ichib qoling, quvnang, yayrang, ko‘ngilni oling”, – deb sho‘x-shan qo‘shiq aytsa, kontrabas o‘zining yo‘g‘on ovozida sipolik bilan: “Xudo xohlasa! Xudo xohlasa!” – deb qo‘shimcha qilardi. Derazadan yozgi tun qo‘yniga charaqlagan chiroq nurlari toshib chiqar va qovoqxona polining barcha taxtalari titrar, egilar va g‘ichirlab qo‘shiq aytardi… Musiqachi Yanko esa tinglagani sayin tinglagisi kelardi!..
“Bu dunyoda yeb-ichib qoling, quvnang, yayrang, ko‘ngil oling!” – deya mayin ovozda kuylayotgan mana shu skripka uchun, mana shu jaranglab kuylovchi taxtachalar uchun Yanko nima so‘rasalar berishga tayyor edi. Ha, chinakam mo‘jiza – bu taxtachalarni qayerdan olisharkin va bu skripkalarni qayerda yasasharkin?! Eh, unga bir marta, faqat bir martagina shunga o‘xshash cholg‘uni ushlab ko‘rishga berishsaydi. Qaydam!.. U faqat tinglay olardi, xolos va tun qorong‘usi ichidagi qo‘riqchining ovozi yangramaguncha tinglayverardi:
– Uyingga bormaysanmi, hoy saharxez!
Bola irg‘ib turdi-da, yalang oyoqlari bilan qorong‘ilik qo‘ynida pildirab yurib ketdi, orqadan esa skripkaning: “Bu dunyoda yeb-ichib qoling, quvnang, yayrang, ko‘ngilni oling,” – deb, kontrabasning sipolik bilan qo‘shib aytgan: “Xudo xohlasa! Xudo xohlasa!” qo‘shig‘i qulog‘iga kelib urilardi.
To‘ydami yoki hosil bayramidan keyinmi, yaxshi ko‘rgan skripkalarining ovozini tinglaganida Yankoning chekiga katta bayram tushardi. Shunday bayramlardan keyin u pechka ortiga berkinib olardi-da, mushuknikiday chaqnoq ko‘zlari bilan qorong‘ilik ichidan qaragancha kun bo‘yi churq etmay o‘tiraverardi. Bir amallab u o‘ziga taxtacha va ot qilidan skripkacha yasab oldi, ammo u qovoqxonada chiyillayotganlarga o‘xshatib binoyidek chalishni uddasidan chiqmadi; uning skripkasining ovozi past edi, shunchalik pastki, xuddi pashsha yoki chivin g‘ing‘illayotgandek. Biroq u shu skripkani erta tongdan qora kechgacha chalardi, holbuki buning uchun u ozmuncha tepkilar yemadi va oxiri urib-urib po‘la qilib tashlangan g‘o‘ra olmaga o‘xshab qoldi. Ko‘rib, o‘zingiz tan beraverasiz: bolakay tobora ozib bormoqda edi, faqat qorni xo‘ppaygani-xo‘ppaygan, oq sochlari badtar quyuqlashib ketgandi, ko‘zlari avvalgidan ham kuchliroq chaqchaygan, ularda mudom bolalarcha yosh o‘ynab turardi. Yuzi va ko‘kraklari tobora ichiga botib borardi…
U boshqa bolalarga sira o‘xshamasdi, ko‘proq past, quloqqa bazo‘r chalinuvchi ovoz chiqaradigan chirik taxtachadan yasagan o‘zining skripkasiga o‘xshardi. Qolaversa, har yili bahorga yaqin u ochlikdan butunlay o‘zini oldirib qo‘yardi, chunki bu vaqtda o‘zini xom sabzi bilan qanoatlantirishiga to‘g‘ri kelar, hamda haqiqiy qo‘lbola skripkali bo‘lish orzusiga berilardi.
Sho‘rlik bolakayga bu orzular yaxshilik keltirmadi!
Boyning hovlisidagi bakovulning bir skripkasi bor edi va u skripkani qosh qorayganda oqsoch panining ko‘nglini og‘dirish istagida g‘iytillatar edi. Cholg‘uni yaqindan miriqib ko‘rib olish uchun Yanko goh-goh qalin otquloqlar orasiga emaklab borardi. Skripka esa devorda, eshigining shundoq ro‘parasida osig‘liq turardi. Bechora bola butun jonu dilini mana shu har kimga nasib qilavermaydigan, uning qo‘lining uchi ham tegishi mumkin bo‘lmagan yombiga qadalgan ko‘zlarida jamul-jam etgan edi; shu buyum uning yuragini kuydirib, mehrini jo‘shdirib kelardi. Skripka uni o‘ziga ohanraboday tortardi. Bir marta, faqat bir martagina uni qo‘liga olsa yoki unga yaqindan turib to‘yib qarasa mayliydi… Shugina fikrdan bolakayning jimitdak yuragi o‘ynab, baxtdan qafasdagi qushchaday tipirchilab ketardi.
Bir kuni tunda bakovulning xonasida qimirlagan jon ko‘rinmayotgandi. Janoblar allaqachon chet elda yallo qilib yurar edilar, uy huvillab yotar, bakovul esa oqshomni oqsochnikida o‘tkazmoqda edi. Otquloqlar orasiga berkinib olgan Yanko anchadan beri otashin xohishlarining moyasi bo‘lmish skripkani lang ochiq eshikdan baralla ko‘rib turardi. Osmonda to‘lin oy pirpirardi va uning nuri eshik tirqishiga qiyalab tushib, qarshidagi devorga oppoq, qorong‘ilik ichidan yaqqol ko‘rinib turuvchi to‘rtburchak shaklini solgandi. Mana shu oppoq to‘rtburchak shakl devor yoqalab siljiy-siljiy skripka osig‘liq turgan joyga tobora yaqinlashib kelardi va oxiri skripka har tomondan nurga chulg‘anib, zulmat qa’ridan suzib chiqdi. Shunda u qop-qorong‘i xonaning to‘rida xuddi kumush yog‘ochdek yaraqlab ketdi; barcha bo‘rtiqlaru nafis joylari shunaqangi qattiq charaqladiki, Yankoning ko‘zlari bu charaqlashga dosh berolmadi. Ushbu sehrli yog‘duda hamma-hammasi: nafis bo‘yin, torlar, dastaning egik joyi yaqqol ko‘zga tashlanib turar edi, tilchalar oqarib ko‘rinar va yaltiroq chuvalchanglarday yilt-yilt qilardi, shu zahoti ingichka kamoncha ham kumush ipday tovlanib ketdi…
Oh, hammasi shunday ajoyib, ertakdagidek jozibador edi! Yankoning nigohi ehtiros avjidan charaqlab ketdi.Otquloq yaproqlari orasida tirsaklarini ozg‘in tizzasiga tirab, og‘zini ochgancha cho‘kkalab o‘tirar ekan, u skripkani tomosha qilib to‘ymayotganday. Qo‘rquv uni joyida ushlab turardi, noaniq yengilmas xohish olg‘a undardi. Bu nima, jodu deganlari shumi yo?! Yalt-yalt qilgan, beg‘ubor skripka, zulmat ichidan oldinga suzib chiqib, bola tomon yaqinlashib keladiganga o‘xshardi… shunda shakllar yana qorayib, qayta va qayta yaqin kelish uchun uzoqlashayotgandek edi. Mo‘jiza, ko‘z oldida ro‘y berayotgan jodu! Shu payt shamol esdi, daraxtlar ohista shovulladi, otquloqning kengbar yaproqlari bir-biriga shap-shap urildi, Yankoning qulog‘i ostida kimdir eshitiladigan qilib ovoz berdi: “Bor, Yanko! U yerda hech kim yo‘q… Borsang-chi, Yanko!..”
Tun sokin, oydin edi. Boyning bog‘idagi ko‘l ustida bulbul chah-chahlay va unday boshladi: “Bor, ol!” Dili pok lelek qushi shovqinsiz uning boshi uzra aylanardi: “Yo‘q, yo‘q! Yanko!” Biroq lelek uchib ketdi, bulbul esa qoldi, otquloq u yon-bu yon chayqalgancha o‘zicha ming‘irlar edi: “Hech kim yo‘q, hech kim yo‘q!” Skripka yana oldinga chiqib keldi, yaltiradi…
Choqqina bukri qiyofa ohista olg‘a harakat qildi, bu orada bulbul eshitilar-eshitilmas chah-chahlardi: “Bor, ol uni!”
Qop-qora yaproqlar yashirmagan oq ko‘ylak lang ochiq eshikdan sal berida qorayadi, kasalvand bolaning nafas olishi tezlashayotgani ostonadanoq quloqqa chalinadi. Yana bir lahza – va ostona ortida faqat bitta yalang bola oyoqchasi ko‘rinadi. Hoy lelek, ko‘ngli pok qush, yana bir karra: “Yo‘q, Yanko, yo‘q!” deb uchib o‘tishing behuda ketdi-ya! Yanko xonaga kirib bo‘lgandi.
Boy bog‘ining qop-qora daraxt shoxlari tagidagi qo‘shni hovuzda baqalar baravariga sayray ketdi. Bulbul jim bo‘ldi, otquloq shatirlamayapti, shamol tingan… Bu orada Yanko tobora oldinga emaklab ketmoqda edi, biroq to‘satdan uni dahshat chulg‘adi. Xuddi changalzorlar ichida tug‘ilib o‘sgan yirtqichday. Otquloqlar orasida u o‘zini uydagidek his qilayotgandi, endi esa tuzoqqa tushib qolgan hayvonga o‘xshardi. U to‘xtab-to‘xtab harakat qilar, qisqa-qisqa, hushtakli nafas olardi, buning ustiga u qorong‘ilik ichida paydo bo‘lib qolgandi. Sharqdan kunbotishgacha osmon bo‘ylab sermalgan unsiz yoz chaqmog‘i xonani yana bir karra yoritib yubordi va unda Yanko boshini ko‘targancha skripka ro‘parasida to‘rt oyoqlab turardi. Biroq chaqmoq o‘chdi, bulut oyni berkitdi va endi hech narsa ko‘rinmay ham, eshitilmay ham qoldi…
Faqat bir daqiqadan keyin qorong‘ilik ichidan past va mungli tovush otilib chiqdi, xuddi birov tarang torlarga tegib ketgan-u, birdan…
Aftidan xonaning qorong‘i burchagidan dag‘al, uyquli ovoz o‘shqirib dedi:
– Kim u?
Yanko nafasini ichiga yutdi, biroq dag‘al ovoz takror yangradi:
– Kim u?
Kimdir devorga ishqalab gugurt chaqdi, xona yorishdi, keyin esa… Eh Xudoyim-a! So‘kish, zarbalar, bola yig‘isi, qichqiriqlar eshitildi: “Xudo haqqi!” It akilladi. Derazalarda chiroqchalar yugura boshladi, qo‘rg‘onda to‘s-to‘polon, qiy-chuv ko‘tarildi…
Ertasiga Yanko voyt huzurida sudda turardi.
Nahotki mushtday bolani o‘g‘rilikda ayblab sud qilishsa?.. Bo‘lishi mumkin. Voyt va hakamlar unga qarashdi, bola barmog‘ini og‘ziga solib ular oldida tik turardi, katta-katta ochilgan ko‘zlarida qo‘rquv to‘la, ushoqqina, ozg‘in, kaltakdan ezilgan, hatto qayerdaligini ham, bu odamlarga undan nima kerakligini ham bilmaydi. Bor-yo‘g‘i o‘nga kirgan, madorsiz oyoqlarida bazo‘r turgan shunday bir jonni qanday sud qilish mumkin? Qamoqqa jo‘natish kerakmi?.. Qaydam! Bunday paytlarda bolalarga ozgina rahmdillik ko‘rsatilsa, olam guliston. Uni qorovulning o‘ziga topshirish kerak, vassalom, kichikroq darra bilan bir-ikki zarba tushirib jazolasa, bas, boshqa bunaqa noma’qulchilikka qo‘l urmaydigan bo‘lib ketadi.
– Shunisi ma’qul!
Qorovul Staxni chaqirishdi.
– Olib bor buni, esidan chiqmaydigan qilib savala.
Stax yirtqich hayvonga o‘xshash to‘nkanamo boshini irg‘ab qo‘ydi, xuddi mushuk bolasiday Yankoni qo‘ltig‘iga qisib oldi va shiyponga olib ketdi. Bolapaqir yo unga nima bo‘lganini bilmaganidan, yo qattiq qo‘rqib ketganidan bo‘lsa kerak, churq etib og‘iz ochmayotgandi, faqat qo‘lga tushgan qushchaday qarab turardi, xolos. Uni nima qilishlarini bilib ham nima qilardi. Faqat Stax shiyponda panjalari bilan uni quchoqlab, yerga cho‘ziltirib yotqizgan, ko‘ylagini ko‘targan va yelkasi bo‘ylab darra tushirgandagina Yanko chinqirib yubordi:
– Oyijon! – Qorovul darra tushiradi, u “oyijon” deydi, qorovul darra tushiradi, u “oyijon” deydi, shu taxlitda darra tushaveradi, oxiri darralar avvalgidek tushaverdi-yu, biroq bolaning qichqirig‘i eshitilmay qoldi. Yanko hushdan ketgan edi.
Sen ham o‘zingga yetgancha nodonsan-da, iflos Stax! Bolani ham shunaqa uradimi? Axir u ona suti og‘zidan ketmagan, yosh bir bola-ku, o‘zi oyoqda zo‘rg‘a yurgan bir kasalvand jon!
Onasi keldi, bolani oldi, ammo uni uychaga qo‘lda ko‘tarib ketmasa bo‘lmasdi… Ertasi kuni Yanko o‘rnidan turmadi, uchinchi kuni kechqurun u qalin kanop mato ostida tinchgina joni uzilishini kutib yotardi.
Hovlidagi gilos shoxlarida qaldirg‘ochlar vijir-vijir sayraydi, quyosh nuri derazadan tushib, bolaning to‘zg‘in jingalak sochlarini va qondan asar bo‘lmagan oppoq yuzini yoritadi. Bu nur bamisoli egasini tark etayotgan bolaning joniga ochilgan yo‘l edi. Shukurki, jilla qurmasa endigina bola qalbiga yorqin nurlardan keng yo‘l ochildi, bu jonning hayot yo‘li haqiqatan ham haddan tashqari o‘ydim-chuqurli yo‘l bo‘ldi. Bu orada suyaklari sanalib yotgan ko‘krak hali ham zaif nafasdan ko‘tarilib tushmoqda edi, bolaning yuzidagi ifodadan shu narsa ko‘rinib turardiki, u ochiq darchadan otilib kirayotgan qishloqdagi ovozlarni yutoqib tinglayotir.
Oqshom chog‘i edi, pichan o‘rimidan qaytayotgan qizlar qo‘shiq aytishardi: “Yam-yashil o‘tloqzorda!”, anhor tomondan esa nay navolari oqib kelardi. Qishloqning ne taxlit qo‘shiq kuylashini musiqachi Yanko so‘nggi marta tinglamoqda edi… Kanop mato ustida u bilan yonma-yon o‘zining taxta skripkasi yotardi…
Birdan bolaning chehrasi yorishdi va qonsiz lablari pichirlab dedi:
– Oyijon…
– Nima, bolajonim? – so‘radi onasi tomog‘iga tiqilgan yig‘ini bazo‘r to‘xtatib…
– Oyijon! Narigi dunyoda o‘zimning skripkam bo‘ladimi?
– Bo‘ladi, bolajonim, bo‘ladi! – javob berdi onasi, biroq endi ortiq hech nima deya olmas edi, chunki uning ko‘ksidan achchiq, kuydiruvchi o‘t otilib chiqqandi: “E Xudoyim! Xudoyim!” Shunday deya ona ko‘ksi bilan sandiq ustiga quladi va telbalarcha yo bo‘lmasa muhabbatini o‘lim changalidan tortib ololmagan odam kabi o‘krab yig‘lab yubordi.
Ha, jigarbandini olib qololmadi, o‘rnidan turib, o‘g‘lining yuziga qaradi, kichkinagina musiqachining ko‘zlari ochiq, ammo harakatsiz edi, yuzida esa qandaydir jiddiy va bamisoli ma’yus ulug‘vorlik muhri qotgandi. Quyosh nuri ham nari ketgandi.
Joying jannatda bo‘lsin, Yanko!

* * *

Ertasi kuni janoblar Italiyadan o‘z qo‘rg‘onlariga qaytib kelishdi. Yosh bekach ham kuyovi bilan qaytib keldi. Kuyov kelinga dedi:
– Italiya juda go‘zal mamlakat ekanmi!
– Xalqini ayting – hammasi san’atkor. Ular ichidan iste’dodlarini terib yordam berilsa, savob ish bo‘lardi, – qo‘shimcha qildi bekach.
Yanko musiqachining qabri uzra qayinlar shovullardi.

Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 11-son