Aytishlaricha, itdek o‘lim topgan Polinikning jasadi masalasida Kreont shunday hukm chiqarganmish: shahar ahlidan biror kimsa o‘likni qabrga qo‘ymasin, o‘limiga qayg‘urib aza tutmasin, tanasi odamga o‘xshab ko‘milmay, quzg‘unlarga yem qilinsin. Emishki, odil Kreont bu farmonni oshkora aylab, senu meni, ayniqsa, meni o‘ylab haliyam bag‘rikenglik qilibdi, o‘zi shu yerga kelib hukmdan bexabarlarga saboq bo‘lishi uchun ko‘mish marosimi o‘tkazilmasligini takror o‘qib eshittirgay, g‘olibo, uning amriga qarshi borganni xalq toshbo‘ron qiladi.
(“Antigona”dan)
Sokin qishloq o‘rtasida kutilmaganda ko‘tarilgan uyurmali shamolday yopirilgan banan kampaniyasi chirigan xazonlarni olib keldi. Havoda baravj aylanayotgan barglar begona joylarning supurindisiyu tobora afsonaga aylanayotgan fuqarolar urushining kuliday tuyulardi. Qovjiragan yaproqlar to‘rt tomonga sochilib ketdi. U hali-hanuz odamlarni bevosh olomon, qattol ajalning badbo‘y hidi bilan zaharlardi. Bundan qariyb bir yil burun u adoqsiz kulfatlarni yog‘dirgani vajhidan qishloq boshi falokatdan chiqmay qoldi, ko‘chalarga chirkin adovat urug‘larini ekib chiqdi. Sarkash to‘fon nafasida yig‘ilgan bu adovat urug‘lari uyumi sochilib, sohilining bir tomoni qabristonu ikkinchisi begona qishloqlardan yig‘ilgan axlat uyumidan manzum jin ko‘chaga aylandi.
Qo‘lida yo bir jomadon, yo tugun ko‘targan juldur kiyimli yolg‘iz musofir erkagu ayollar qishloqqa oldinma-keyin kirib kelishar, xachirlarining bezakli arqonini musofirxona ustuniga bog‘lashar va qishloqdan muqim qo‘nim topishardi, xayrli ishning erta-kechi yo‘q, urush maydoniga qachon kirganiyu qanday jang qilganiga qaramay, hukumat bo‘ynidagi qarz – harbiy unvon, uy-joy, ikki ma’shuqaga ega bo‘lgach, avvalgi odamlarning shiddatli nafasi kuchli girdobga aylandiyu bu yerda serizdihom joylar: baqqollik do‘konlari, kasalxona, ishratxona, elektrostantsiya qoldiqlarini qayta rostladi.
Katta shaharlardagi alamli muhabbat salqitlari boshi aylanib, xazon barglar girdobida biz tomonlarga qadami yetishi hamonoq, yog‘och kulbalarni barpo etdi, avvalida bu xilvat go‘shalardagi jaholat botqog‘iga botgan zulmat to‘shaklar kunjagi bir kechaga yashirin boshpanadek xizmat qilgan bo‘lsa, keyin notanish raftori buzuqlarning sershovqin ko‘chasiga va bora-bora butun qishloq fohishaxonaga aylandi.
Serqatnov yo‘ldagi o‘tovlar, yo‘lovchi qiyofasidagi erkaklar, soyabonlari ila yuzlarini to‘sib, bo‘xchasini boshida ko‘targan ayollar, notanish chehralar, musofirxona sayisxonasida ochlikdan eti ustaxoniga yopishgan xachirlar – bu to‘s-to‘polon orasida surgun qilinganlarning birinchiyu oxirgisi biz bo‘lganmiz va boz ustiga hammamiz bir dumalab katta amaldagi mansabdorlarga aylangan jo‘jaxo‘rozlar edik.
Xalq sillasini quritgan urushdan so‘ng unumdor Makondoga qadam qo‘yganimizda, bir kunmas-bir kun bu zaminga ham taraqqiyot otashnafasi yetib kelishi ehtimoli haqida elburutdan to‘n bichgandig-u, biroq kuchini chamalamagandik. Yopirilib kelayotgan oqim shiddatini his qilganimizda esa u ko‘pga qo‘shib bizni g‘arq qilishini ostonada qo‘l qovushtirib kutishu qirq yil qiron kelganda ham ajali yetgan o‘ladi, deya taqdirga tan berishdan bo‘lak chora qolmagandi. Mana, poyezdning ilk hushtagi yangradi. Xazonlar poyezd istiqboliga chiqdi, biroq ular og‘irlashib, kuchdan qolgandi, vaqt mahv etgan qovjiragan yaproqlar asta-sekin yerga qo‘nib, manglayiga bitilgan ko‘rgilik – chirishni boshdan kechirib, yerga singib ketdilar.
(Makondo, 1909 yil.)
1
Hayotimda ilk bora o‘lgan odamni ko‘rdim. Maktabga yubormay, egnimga bir joyimni achishtirayotgan ko‘m-ko‘k chiyduxoba kostyum-shim kiydirib, yasantirishdi. Shu uchun haftaning chorshanbasi menga bozor kuniga o‘xshab tuyulyapti. Biron buyumga urilib ketishdan hayiqqanidan hassasi bilan timirskilanib, o‘ziga yo‘l topib, sekin odimlayotgan shabko‘r, boz ustiga biroz oqsoq buvamning ortidan ergashib kelardik. Oyimning qo‘lidan tutib, mehmonxonadagi ko‘zgu qarshisidan o‘tayotganimda, o‘zimni boshdan-oyoq ko‘m-ko‘k ust-boshu bo‘ynimni qichishtirayotgan ohori to‘kilmagan oppoq bo‘yinbog‘da ko‘rdim. Chang bosgan toshoynadagi aksimga termilib: “Ha, bu men, tavba, bugun xuddi bozor kuniga o‘xshaydi-ya”, – dedim o‘zimga-o‘zim.
O‘lgan odam yotgan xonaga kirdik.
Diqqinafas to‘rt devor orasida bo‘g‘ilib qolish hech gapmas. Tashqarida garmsel g‘uvillashidan bo‘lak sas quloqqa chalinmaydi. Jazirama oftob shunchalar tobiga olganki, otashi go‘yo chiviqni eritishga tayyorday tuyulardi. Xonani eski sandiq isi tutib ketgandi. Tevarak-atrofga sinchiklab qaradim, biroq o‘lgan odamga ko‘zim tushmadi. Burchakdagi halqalarning birida belanchak osig‘liq. Xonadan axlatning qo‘lansa hidi burqsirdi. Kiyguligi yo‘q, to‘zib, ado bo‘lgan eski-tuski lash-lushlardandir, degan xayolga boruvdim, bil’aks ularda mutlaqo boshqacha hid o‘rnashgandi.
Ilgarilari o‘lgan odamlarni tasavvurimga shlyapadan ayro sig‘dirolmasdim. Hozir esa buning aksini ko‘rib turibman. Guvohi bo‘lganim: ular mo‘ysafid, jag‘i ro‘mol bilan tang‘ib qo‘yilarkan. Ochilib qolgan og‘iz, ko‘kimtir lablar orasidan sarg‘aygan aji-buji tishlar ko‘zga tashlanyapti. Qo‘llar arqonni tortishi hamon tishlar orasida qisilganidan shishib, yuzidan ham battar qoraygan bir parcha til yon tomon osilib yotibdi. Shu choqqacha o‘lgan odam jim uxlayotgan odamga o‘xshasa kerak, deb yurardim. Alhol ko‘z oldimda buning aksi namoyon: bedor, boz ustiga mushtlashuvdan so‘ng ham hovuri bosilmagan odamday ekan.
Oyim ham bozor kundagiga o‘xshab yasangan. U boshiga yuzini to‘sgan eski poxol shlyapani ilib, egniga bo‘yniyu bilagigacha yopiq, uzun yoqaliyu yengli qora ko‘ylagini kiygan. Bugun chorshanbaligi-chun bu kiyimda ko‘zimga oyimning istarasi sira issiq ko‘rinmas, negadir mutlaqo begonaday tuyulmoqda edi. Buvam tobutkashlar istiqboliga chiqib so‘rashayotganda, u men tomonga g‘alati qarab qo‘ydi, chamamda nimadir demoqchi edi-yu, tag‘in indamay qo‘ya qoldi. Derazaga orqasini o‘girgan oyim, garchi shundoq qo‘l cho‘zsam yetadigan joyda turganiga qaramay, bugun ilk bora ko‘z ilg‘amas darajada mendan olislagandek. U og‘ir-og‘ir nafas olar, shoshilinchda boshiga qo‘ndirgan shlyapasi ostidan titilib, tashqariga otilib chiqayotgan sochlarini yig‘ishtirishga urinardi. Buvam odamlarga tobutni o‘lik yotgan to‘shak oldiga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyingina murda uning ichiga sig‘ishiga ko‘zim yetdi. Tobutni ko‘tarib kirishganida, xayolimda u bu tana uchun g‘oyat kichkinalik qiladiganday edi.
Nega meni bu g‘arib xonadonga ergashtirib kelishdiykan, hayronman. Ilgari bu katta uyga sira qadam bosmaganman, u ko‘zimga kimsasiz xaroba bo‘lib ko‘ringan. Muyulishdagi uy atrofida esimni taniganimdan beri tirik jon qora berganini eslolmayman. Qishloqdagi hech zog‘ yashamaydigan yagona xonadon shu ekaniga amin edim. Onam: “Tushdan so‘ng maktabga bormaysan!” deganida, har doimgidek kutilmagan baxtdan boshim osmonga yetgani yo‘q, sababi u bu gapni mungli ohangda aytdi va indamay egnimga chiyduxoba kostyum-shimimni kiydirdi, buvamga ergashib, uyimizdan uch hovli naridagi uyga yetganimizdagina unda kimdir yashaganini angladim. O‘z uyimizdan chiqayotganimizda oyim: “Qulog‘ingga yaxshilab quyib ol, bola, do‘xtirning dafn marosimida mo‘min-qobilgina bo‘lib o‘tir!” deya qattiq tayinlagandi, demak, o‘sha do‘xtir deganlari bugun vafot etgan va u mana shu xarob kulbada umrguzaronlik qilgan ko‘rinadi.
Rostdan, ichkarida hech qanday murdaga ko‘zim tushmadi. Darvoza yonida buvamdan bo‘lak tik turgan odamning o‘zi yo‘q. U o‘tgan-ketgan tanish-bilishlar bilan so‘rashib, mezbonday hammani ichkariga manzirat qilardi. Bu xonadonda birov bordir devdim, biroq ostonaga qaraboq, yuragim orqaga tortdi. Uy huvillab qarovsiz yotgan zimiston, ovloq go‘shaning o‘zginasi. Issiq taffot boshimdan ayamay musht tushirganday bo‘ldi. Ko‘z oldim qorong‘ilashib, go‘yo qirg‘oq o‘pib, tag‘in ortiga qaytayotgan to‘lqin kabi dimog‘imga “gup” etib urilgan o‘tkiru o‘tirishib qolgan qo‘lansa hid otashi baland jazirama taffotga qorishib nafas olgani qo‘ymasdi. Oyim qo‘limdan tutgancha xona bo‘ylab yurgizdiyu burchakka, yoniga o‘tqazib qo‘ydi. Biroz vaqtdan keyin men buyumlarni ajrata boshladim. Bir mahal buvamga qarasam, u hassa yordamida ochilmaganidan shishib, xuddi yelimlanganday yopishib, qayishgan yog‘och deraza lo‘kidonini surishga urinyapti. Egnidagi yaktagi yog‘och tirqishlaridan ko‘tarilayotgan changdan oppoq oqarib qoldi. U ortiq kuchi qolmaganini aytganida, boshimni ko‘tardim, nigohim beixtiyor to‘shakka qadaldi, unda birov borday tuyuldi. Boshdan-oyoq qop-qora kiyimdagi erkak uzala tushib yotgan joyida qimirlamas, mutlaqo harakatsiz edi. Oyimga o‘girildim, u hamon jiddiy va begona, boshqa tomonga qarab xayol surardi. Oyoqlarim yer o‘pmay, havoda muallaq osilib turardi. Barmoqlarimni sonim ostiga qo‘yib, kaftimda siqqancha hech narsa haqida o‘ylamay, ularni o‘ynatib o‘tirishga qaror qildim. Haytovur oyimning gaplarini esladim: “Do‘xtirning dafn marosimida mo‘min-qobilgina bo‘lib o‘tir!” degan. Biqinimga sovuq narsa tekkanday bo‘ldi. Ortimga o‘girildim, ammo yog‘och devordan bo‘lak hech nima ko‘zga tashlanmadi, devor orasidan kimningdir tovushi eshitildi: “Oyoqlaringni o‘ynatma. To‘shakda yotgan odam o‘sha do‘xtirning xuddi o‘zginasi va u chindan ham jonsiz!”. Men o‘lgan odamga boshdan-oyoq razm soldim. U xotirjam uxlayotgan odam emas, balki chindan ham joni chiqqan murdaligiga fahmim yetdi.
O‘sha lahzadan boshlab, jonimni jabborga berib, bor kuchim bilan ortga qaramaslikka tirishardim, kimdir boshimdan mahkam tutib orqaga tortar, nigohim qayerga tushmasin, har joydan o‘lgan odamning do‘layib ketgan ko‘zlariyu ko‘kimtir yuzi ko‘rinish berardi.
Qiziq, negadir dafn marosimiga hech kim kelmadi – buvamu qo‘l ostida ishlaydigan to‘rt nafar guaxiro-hindudan bo‘lak… Ular og‘ir qopda ohak olib kelishdi va tobut ichiga sochib chiqishdi. Oyim hozirgidek g‘alatiyu parishonxotir o‘tirmaganida edi, buni so‘rab-bilib olardim. Qiziq, nima uchun tobutga ohak to‘kib chiqishdiykan? Erkaklardan biri ohakdan bo‘shagan qopni qoqqanida, oxirida undan ohakdan ko‘ra, ko‘proq qipiqqa o‘xshash sariq xashak sochildi. Hindular o‘lgan odamning oyoq-qo‘lidan tutishdi. O‘lik egnida kulrang ko‘ylak, ishtonbog‘i beliga mahkam tugilgan keng shim, qiziq, negadir bir, ya’ni faqat chap oyog‘idagina poyabzal bor edi, xolos. Adaning: “Bir oyoq hukmdoru ikkinchisi qul”, – degani shudir, balki. Poyabzalning ikkinchi poyi karavotning bir burchagida yotibdi. To‘shakda o‘lgan odam aziyat chekayotganday edi, tobutda sokinu osudalikka erishganday tuyuldi. Qovog‘idan qor yog‘ayotgan o‘lik yuzi o‘z o‘rnini topganidan bo‘lsa kerak, andak yorishib, yumshaganday, ishonch topganday o‘zgardi.
Buvam xona bo‘ylab aylanardi. U qo‘liga ilingan narsani tobut ichiga joylashtirardi. Uning xatti-harakatidan tuzuk-quruq biror nima anglamaganim bois, izoh berar, deya tag‘in oyimga ilinj bilan tikildim. U pinagini buzmay, tobutdagi o‘lgan odamga qaramaslikka zo‘r berib tirishardi. Men ham o‘girilmaslikni xohlayman, ammo qo‘limdan kelmasdi. Bu istak shunchalar ustun ediki, beixtiyor o‘likning qiyofasini o‘rganardim. Buvam tobutga qora muqovali yon daftarni qo‘yishi hamonoq, hindularga ishora qildi va uchovlon uning og‘zini yopishdi. Mana endi qushday yengil bo‘ldim, boshimni mahkam tutib, orqaga qarashga majbur qilgan qo‘llar sekin-asta qo‘yib yubordi.
Oyimga tikildim. U bu yerga kelganimizdan beri ilk bora menga qarab, zo‘rma-zo‘raki ma’nosiz iljaydi. Muyulish ortiga o‘tib ketayotgan poyezd hushtagi qulog‘imga chalindi. Tobut yotgan joyda bir nima qimirlaganday bo‘ldi. Hindulardan biri uning og‘zini ochgach, buvam ichiga unutib qoldirilgan o‘sha bir poy poyabzalni joylashtirdi. Tag‘in poyezd hushtak chaldi, biroq endi ovoz olislardan eshitildi, tuyqus “uch yarim”, degan fikr lip etib xayolimdan o‘tdi. Baayni shu chog‘ – poyezd hushtak chalib, Makondoni aylanib o‘tganida – bolalar juft-juft bo‘lib tizilib, tushdan keyingi birinchi darsga borishlarini esladim.
“Abram”, – deyman ichimda…
* * *
Men bolani ergashtirib, kelmasligim kerak edi. Tavba, o‘likning yuki tushadi, demabman ham. O‘ttizga yaqinlashayotganimga qaramay, o‘zim azaning yurakni ezadigan muhitiga arang chidayman-ku, bu ona suti og‘zidan ketmagan go‘dakkinadan nima gina. E Xudo, haliyam ertaroq bu bexosiyat ostonadan oyog‘imizni uzsak bo‘lardi-ya. O‘n yetti yil birov bilan bordi-keldi qilmay, qalbi mehr-muhabbat, odamgarchilikka o‘xshash tuyg‘ulardan mosuvo odamning uyida nafas olish og‘irligi bahonasi bilan otamga uzr-ma’zur aytib, ona-bola keta qolsakmikan? Otamni ko‘zim qiymaydi-da. Ehtimol, bu g‘ayrioddiy odamga qishloqda yakkash undan bo‘lak biror xayrixoh topilmas. Tushunuksiz xayrixohlik sharofati bilan bugun mana shu o‘lgan odam to‘rt devor orasida chirib ketishga mahkum etilmasdan odamga o‘xshab ko‘miladi.
Meni xavotirga solayotgani – bularning bari boshdan-oyoq xuddi kulgili hangomaga o‘xshab borayotganida. Boz ustiga bir daqiqadan keyin o‘lgan odamni so‘nggi manzilga kuzatish bahonasida tobut ko‘tarib, ostona hatlashimiz hamon bu izdihomga yig‘ilganlar achinishga o‘xshash tuyg‘uni emas, bil’aks, quvonchu qoniqish hissini tuymoqliklaridan qo‘rqaman. Makondoda otning qashqasiday ma’lumu mashhur qishloq ahli nafratiga sazovor, xalq qarg‘ishiga duchor, hamma yuz o‘girgan, tobutda chiriyotgan murdaga muruvvat ko‘rsatishga qaror qilgan uch odam – otasi, otasiga ergashgan qiziyu onasining ketidan qolmagan g‘o‘r bolasiga ayollar derazaga qo‘llarini tirab, qanday boqishlarini, so‘ng sazoyi qilishlarini elburutdan tasavvur qilayapman. Otamning mana shu qaysarligini deb, boshga balo orttirib olishimiz tayin, basharti ertaga o‘zimizni so‘nggi manzilga kuzatuvchi bir ko‘ngilli topilmasa, ajablanmasdim.
O‘zimam tuzuk emasman, otamdan qolar joyim yo‘q, undan o‘tib, go‘r bo‘larmidim, u meni ayamaganiday, men ham bolamni andisha qilmadim. Otam: “Men bilan birga borasan!” – deganida, haytovur “O‘g‘limni o‘zim bilan olib ketishim kerak!” – xayolimga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi, bu o‘zimni ojiz his qilmaslik uchun edi. Mana endi sentyabr jaziramasida shu xosiyatsiz uyning buzuq havosidan siqilib, dushmanlarning qahrli nigohiga nishon bo‘lgan mahkumlarday o‘tiribmiz. Otamga nima, xavotir olishiga hojat yo‘q, olamni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi. Aslini olganda, u umr bo‘yi odamlar fikrini bir pulga olmay, gap-so‘zlariga beparvo, yuragi nimani buyursa, ongi ma’qullaganini burch deya adog‘iga yetkazib, shu zayl ko‘ngil mayli ila umrguzaronlik qildi. Adashmasam, chamasi yigirma besh yil avval bu kimsa ilk bora uyimizga qadam bosganida yurish-turishiga qarab, otam eldan burun hali shunday kun keladiki, uning o‘ligi ko‘chada xor-zor bo‘ladi, qishloq ahli, hatto tanasini quzg‘unlarga yem qilishdan toymasliklarini xayolga cho‘mgan ko‘yi aytgandi. Ehtimol, u o‘shandayoq barchasini avvaldan ko‘rib-bilib, yaxshi-yomonini chamalab, og‘ir-engilini toroziga qo‘yib, vaqti-soati yetganida qanday yo‘l tutsa, to‘g‘ri bo‘lishini o‘ylab qo‘ygan, alhol yigirma yil o‘tib, shubhasiz, avvaldan ko‘ngliga tukkanini poyoniga yetkazishni burchi deb bilgani uchun ham qurbi yetsa, mayitni Makondo ko‘chalari bo‘ylab qo‘lida ko‘tarib yurishga tayyor.
O‘limdan xabarim bor-u, lekin otamning hech bir qolipga sig‘maydigan ushbu farzni ado etmoqlikni qachon bo‘yniga olganidan bexabarman, boz ustiga meni ham bu ishga bosh qo‘shishga majburlashga azmu qaror qilgani yetti uxlab tushimgayam kirmagan, biroq shuni bilamanki, shubhasiz, buni anglaganimdan ancha ilgari o‘ylab qo‘yganiga ko‘zim yetyapti. U: “Men bilan birga borasan!” deganida hali so‘zlar ma’nisini anglamay, barcha o‘z ma’vosida o‘lib-chirib yo kuyib kulga aylanishini istagan odamni hurmat-ehtirom ila qabrga qo‘yish qanchalar kulgiliyu sharmandali ekanini o‘ylab ham ko‘rmabman.
Qishloq ahli, nafaqat umid qiluvdi, balki shu kunni izo chekmay, vijdon azobisiz andishasizlarcha intiq kutar va hattoki, bir ajoyib kunda qishloqda to‘rt devor orasida ko‘mishlariga mahtal jasad xor-zor bo‘lishiga ishonchi komil, ustiga ustak biror kimsa uning o‘limidan xavotirga tushmasligi, ko‘z-yoshiyu diydiyo qilmasdan, aksincha, zoriqib kutilgan soat yetganidan yayrab, jirkanch tana o‘zining kul saroyida yetti olam qahri-g‘azabini qaynatar darajada sasib, bijg‘ib ketishiga amin edi.
Biz suvni ko‘rmay etik yechgan Makondoni bu baxtdan mosuvo etdik. “Hafsalasi pir bo‘lgan butun qishloq ahlining qayg‘uyu qahrga to‘la qalbi buni aslo mag‘lubiyat deb tan olmasdan, aksincha, farahbaxsh onlarning biroz muddat ortga surilishi deya qabul qilgay”, – miyamda charx urayotgan o‘ydan vujudimni vahm bosyapti.
Aslida bolamni uyda qoldirib, o‘n yildan buyon qishloq ahliyu tabib o‘rtasida gurkirab yonib, avjiga chiqsa chiqar, pasaymay kelayotgan dushmanlik olovi o‘chog‘iga bu go‘dakkinani ro‘para qilmasligim kerakmidi? Norasidamni ergashtirib, xato qildim. Bechora ta’ziyaga nega olib kelishganiyu bu ivirsigan xonada nima uchun o‘tirganining fahmiga bormaydiyam. Bolaginam o‘rindiqda kaftida sonini siqib, oyoqlarini o‘ynatganicha, uqtirilganday sukut saqlab, garangsib, atrofda ro‘y berayotganlar o‘ngmi-tushmi, aqli yetmay, birov bu dushvor boshqotirmani yechishga yordamlashishini kutayapti. Men esa tuyg‘ular olamiga ichkari kirishga qo‘ymayotgan o‘sha ko‘rinmas eshikni hech kim unga ochmasligiga amin bo‘lmoqchiman.
U menga qayta-qayta nazar tashladi, qop-qora ko‘ylakda va o‘z tuyg‘ularimdan berkinish niyatida boshimga ilgan keng soyabonli bu eski shlyapada ko‘ziga notanish, mutlaqo begonaday tuyulayotganimni sezib turibman.
Meme hayot bo‘lib, shu uyda yashaganidayam mayliydi. Odamlar jilla qursa uning hurmati uchun qayg‘usini yengillatgani kelganga yo‘yib, ro‘yxotir qilisharmidi? Bu ko‘rgilikdan Meme chuqur iztirobga botmasa-da, baribir o‘shanda hozirgidek ich-etimni itday tirnayotgan o‘ylardan biroz qutulgan yo bunchalik qayg‘urmagan, shu yo‘l bilan makondoliklar ko‘zini osongina shamg‘alat qilgan bo‘lardik, o‘shanda six ham kabob ham kuymasdi. Meme qariyb o‘n bir yil burun yerga kirdimi, osmonga uchdimi – yo‘q, dom-daraksiz ketgandi. Mana endi doktorni asfalasofilinga jo‘natib, hindu xotin qayerga ko‘milgani, jilla qursa suyaklari berkitilgan joyni bilish imkoniyatidan mahrummiz. Shu choqqacha qayerdaligi mavhum Meme hozir shu yerda bo‘lganidami, ehtimol, u olti yil bir yostiqqa bosh qo‘ygani hissiz eshagu dardsiz kesakdan farqi yo‘q – sovuq, qo‘rs, qo‘pol, qaysaru qahrli yostiqdoshiningmas, balki qishloqdoshlari tomoniga o‘tib olishi turgan gap edi, biroq, taassufki, u bu yerda yo‘q.
Muyulishdan poyezd hushtagi qulog‘imga chalinyapti. Soat “Uch yarim” bo‘ldi. Mana shu xosiyatsiz uyga qadalgan Makondoning qahrli nigohi nima jin urib, ichkarida kuymalanib yurgan biz uch jonsarakning niyatini anglolmay garang. U asta-sekin g‘azab otiga minmoqda. Xayolimga yelimday yopishgan o‘ydan qutulishga bor kuchim bilan tirishyapman. O‘zimcha uzzukun ventilyator oldida o‘tiradigan, ko‘rinishidan arvohga o‘xshash qotmayu qarimsiq Rebeka xonim qiyofasini xayolimda tasavvur qilaman. Derazani to‘sgan simto‘r ko‘lankasi uning yuzini qoraytirib ko‘rsatadi. Jaziramadan azoblanayotgan Rebeka jig‘ibiyron bo‘lib, parraklari bezovta yuragiday betinim aylanayotgan ventilyator tomon egiladi, qartaygan xonimni shu turishda chirigan tomirlari ila hayotga ilinib, tirik qolishga intilayotgan qari emanga qiyoslash mumkin, u olislab ketayotgan poyezd hushtagi ostida yashashga tashna ohangda shivirlardi: “Bari iblisning hiyla-nayrangi”.
Falaj Agida bo‘lsa, qallig‘ini bekatga dovur jo‘natib qaytayotgan Solitani kuzatarkan, kimsasiz qorong‘i burchakka biqinadiyu ro‘moli bilan yuzini yopadi. Bir zamonlar o‘zini to‘lqinlantirgan zavqu shavqini solga o‘tqazib, olislarga oqizgan, alaloqibat, zardobga aylangan undagi xurofot dardi so‘zlaydi: “Cho‘chqaday balchiqqa botib yurgandan ko‘ra, to‘shakka mixlangan yaxshi”.
Bu o‘ylardan qanday xalos bo‘lsam ekan? Hozir soat “uch yarim”ligini tezroq xayolimdan chiqarsam edi. Pochta tashuvchi xachirlar tuyoqlari ostidan yuqoriga o‘rlayotgan chang shamolda asta-sekin girdobday aylanardi, jonivorlar ortidan so‘nggi choshgoh soatlarini buzib, yangi gazeta sotib olgani ikki erkak izma-iz kelardi.
Katta, larzon qorni ustida duolar kitobini ochib qo‘ygan Anxel ota pinakka ketgan. U xachirlar dupur-dupurini eshityapti, uxlagani xalaqit qilayotgan chivinlarni haydarkan, goh-gohida: “Eh, yashshamagurlar, qonimga tashna qilib yuborishdi-ku-a?” – deya xunobi oshganidan g‘udurlab qo‘yadi.
Bunday fikrlar otamning boshini og‘ritayotgani yo‘q. Tavba, hammaning yodidan ko‘tarilgan bir poy poyabzalni qo‘yishga tobutning og‘zini qayta ochgani erinmadi, marhumga endi ularning boridan yo‘g‘i… O‘lganni orqasidan yomon gapirmaydilar-ku, ammo bu mijg‘ovni odamday ko‘mishga Makondoda yakkash undan bo‘lak kimam jur’at qilardi. Tobutni ko‘tarib tashqariga chiqishimiz bilan ko‘ziga qon quyilgan olomon ra’yiga qarshi borganimiz uchun toshbo‘ron qilsa, aslo yoqa ushlamayman. Qaniydi otam bu niyatidan qaytsa. Xosiyatsiz uy yaqinidan o‘tayotganda bardavom issiq, jazirama kunlarda erkagu ayollar tasavvurida birday jonlangan huzurbaxsh xayollar ro‘yobidan mahrum etishga jazm qilganimizning oxiri baxayr emas. “Ertami-kechmi alaloqibat biz bu hiddan sarmast bo‘lamiz”, – deyishardi ular ishonch bilan. Buni butun Makondo so‘zlar, qishloq etagidagi uydan tortib, narigi burchagidagi, hu o‘sha, oxirgi kulbasida yashaydiganlarning bari bir gapni to‘tiqushday betinim takrorlaydi.
Hozir soat uch yarim bo‘ldi. Senorita allaqachon boxabar. Senora Rebeka uni darhol ilg‘aydi va lahza o‘tmay, tinimsiz aylanayotgan ventilyator parraklari ostidan uzilib, simto‘rdan o‘zi ko‘rinmasa-da, sasi tashqariga otilib chiqadi: “Sinorita, bilasiz-ku, axir u iblis”. Ertaga maktabga o‘g‘lim emas, bil’aks mutlaqo boshqa bola boradi. U ulg‘ayadi, bir qancha bolalarning otasi bo‘ladi, nihoyat vaqt-soati yetib, joni uzilganida, bu qishloqda hech kim uni nasroniylarga xos tarzda so‘nggi manzilga kuzatishni farz, deya bo‘yniga ilmasa kerak.
Sarg‘ish itko‘zlari ayollarga yutib yuborishga tayyor yirtqichday boquvchi, kelib chiqishiyu qayerdanligi noma’lum kimsa bundan yigirma besh yil ilgari qo‘lida tavsifnoma ko‘tarib, otamga uchramaganida va shu qishloqda qolib ketmaganida edi, hozir tinchgina uyimda o‘tirardim-ku-ya. Tavba, go‘yo tavqila’nat deysiz va u tug‘ilmasimdanoq manglayimga bitilgan ko‘rinadi. Bu yozg‘iriq – mana shu otashi odamni o‘ldiradigan darajada issiq kabisa yilida, ayni o‘ttizga yaqinlashayotganimda, otam yonimga kelib: “Men bilan birga borasan!” – deb aytmaganiga dovur o‘zini ma’lum qilmagan. U hassasida xontaxtani chertib qo‘yarkan, hali so‘rashga ulgurmasimdan: “Azonda do‘xtir o‘zini osib qo‘yibdi, boshqa yo‘li yo‘q, uni so‘nggi manzilga kuzatamiz!” – deya og‘zimga urdi.
* * *
Hindular xonadan chiqib, mix qutiyu bolg‘a ko‘tarib kirishdi. Biroq tobutni mixlashga shaylanmaslaridan burun o‘lgan odam yotgan to‘shakka cho‘kdilar. Buvam ko‘rinishidan vazmin edi, lek bu vazminlikda tugal xotirjamlik sezilmasdi. Ruhi tobutdagi o‘lgan odam singari sokinlikka erishmagan, aksincha paytavasiga qurt tushgan odamday besabr va bezovtaligini berkitishga urinayotgani kunday ravshan. Unga itoatkorligu loqaydlik begona. Buvam oqsoqlanib, xona bo‘ylab aylanarkan, yerda yotgan narsalarni yig‘ishtirib, yon-atrofni tartibga keltiryapti.
Xonadagi chivinlar tobutdan uchib chiqqan chiqar, devdim. G‘o‘ng‘illagan ovoz qo‘shni uydagi ventilyator tovushi ekaniga amin edim, adashibman, bu tobut devoriga urilib, ichkariga intilayotgan chivinlarniki ekan. Ko‘zlarimni yumib, boshimni chayqayman. Buvam jomadonni ochib, qandaydir buyumlarni qo‘liga oldi, ular aynan nimaligini ko‘rolmay qoldim. To‘shak uzra to‘rt uchqun yaltirar, chekayotganlarning yuzi ko‘rinmasdi. Odam sillasini quritar darajadagi jazirama, mangulikka cho‘zilgan og‘ir lahzalar, chivinlarning betinim g‘uvillashi ostida kimdir: “Shunday o‘tiraverasanmi? Tobutda chivinlar bilan birga yotgan murdaday. Hozir bolasan, biroq shunday kun keladiki, seniyam mana shu o‘lik singari chivinlar izmiga topshirib, tobutga soladilaru og‘zini mahkamlaydilar”, – deganday bo‘ldi. Beixtiyor seskanib ketdim va oyog‘imdagi yaltiroq poyabzalga boqdim. “Ipi yechilib ketibdi-ku”, – deya ko‘nglimdan o‘tkazarkanman, nigohim oyimga qadaldi. U ham menga boshdan-oyoq razm solib, poyabzal ipini bog‘lab qo‘ygani egildi.
Oyimning boshidan o‘tkir naftalinu eski yog‘och sandiq hidi dimog‘imga urildi, bu ifor tag‘in menga tor tobut ichini eslatdi. Nafasim bo‘g‘ilib, damim ichimga qaytib ketdi. Bu yerdan tezroq quyoning rasmini chizib, juftakni rostlashni, issiq bo‘lsa-da, ko‘cha havosidan o‘pkamni to‘ldirib, to‘yib-to‘yib nafas olishni istayman va sinalgan usulimni qo‘llayman. Oyim qaddini rostlaganida, sekingina:
– Oyi! – deya titrab arang shivirladim.
– Ha, bolam, – so‘radi oyim beozorgina jilmayib.
Uning terlab-pishib ketgan yuziga boqib, jur’atsizlik bilan:
– Tashqariga chiqishim kerak, – dedim.
Oyim buvamni chaqirib, nimanidir tushuntirib ketdi. Ko‘zoynak ostidan kaminaga qadalgan qisiq ko‘zlarning o‘tkir nigohini sezaman.
– Hozir mumkin emas! – mendan ko‘z uzmay, qat’iy javob qildi u.
So‘nggi umidlarim uzilib, omadsizligimga loqayd holda tag‘in jimib qoldim. Voqealar rivoji arang emaklab o‘tayotgandek. Haytovur nimadir shiddat bilan lip etib, tezlashganday bo‘ladi-yu, tag‘in chumoliday odimlaydi. Oyim egilib, qulog‘imga shivirlaydi:
– O‘tib ketdimi?!
Biroq u shunday ohangda so‘radiki, o‘zimni xuddi gunohkordek his etdim. Qovoqlarim bo‘m-bo‘sh bo‘lishiga qaramay, oyimning savolidan og‘irlashib qolgan edi, qattiqqo‘lligiga javoban atay achchig‘imni yashirmasdan g‘azabimni sochdim:
– O‘tib ketgani yo‘q!
Bir ko‘nglim: “Qo‘lingni qorningga tira! Oyog‘ingni yerga ur! Dunyoni boshingga ko‘tar!” – dedi-yu, afsuski, oyog‘im havoda muallaq osilib turgani pand berdi-da, boz ustiga dafn marosimidaligimizni andisha qilib, beadablik bo‘lmasin uchun tag‘inam indamadim.
O‘lik yotgan xonada o‘lik sukunat hukmron, tashqaridan kirib kelganlarning tovushi bu sukunatni buzib yubordi. Biri buvam qo‘lida ishlaydiganlardan, u boshlab kelgan keng kanop shalvaru belidagi qalin kamariga qurol osgan odam esa nozir hamrohligida tashrif buyurgandi. Buvam unga peshvoz chiqdi. Yashil shalvardagi odam buvamga nimalarnidir so‘zlayotib, qorong‘ilikka o‘tib, tag‘in yo‘talib qo‘ydi va nozirga derazani ochishni buyurdi.
Yog‘och devorlar g‘oyat xarob, go‘yo kuldan yasalganga o‘xshardi. Nozir qo‘lidagi qo‘ndoq zarbidan lo‘kidon surilib, deraza ochilishiga ulgurmasidan burun devorlar qulab tushadi-yu, ko‘z ochib-yumguncha kul saroy ko‘kka sovuriladi, keyingi zarbadan so‘ng ochiq osmon ostida ust-boshimiz changga botgan, rang-ro‘yimizga gard yuqib, suvga tushgan mushukday bir ahvolda shumshayib qolishimizga iymonim komil edi, biroq chuchvarani xom sanagan ekanman, harnechuk kul saroy bus-butun qoldi. Derazalar lang ochilib, xonaga yorug‘lik tushdi. Oftobning zarrin nuri go‘yo qafasga itarib kiritilgan hurkak yovvoyi hayvon bolasi singari so‘lagini oqizganicha xonaga yugurib kirdi-yu, qayerga bosh suqishini bilolmay, devorlarga urildi, ularni timdalab yulib o‘tib, nihoyat eng bexavotir burchakka borib biqindi.
Derazalar ochilganda g‘alatiyu g‘ayritabiiy buyumlar qiyofasi ko‘rina boshladi. Onam chuqur “uh” tortib, xo‘rsinib qo‘yarkan:
– Shu yerdan uyimizni ko‘rishni istaysanmi? – deya men tomon qo‘lini cho‘zdi.
Oyimning panjalari orasidan Makondoga tikildim, negadir shu tobda o‘zimni olis sayyoradan kelgan o‘zga sayyoralikday sezdim. Salqin bodom soyasi ostidagi mo‘jazgina nuragan eski kulbamiz naqadar yiroq. Bu xayri barakasiz uyda o‘tirarkanman, go‘yo butun umrga o‘zimni shu o‘rindiqqa mixlanib, to‘rt devor orasida qamalgan bandiday his qildim, ko‘ngilga xushyoquvchi yashil dalalar olislashgan, go‘yo o‘sha kengliklarni endi hech qachon ko‘rolmaydigandek ruhimni tushkun kayfiyat qamrab oldi, ular ko‘zimga mutlaqo yot ko‘rinar, kechalari aloq-chaloq tushlar ko‘rib, alahsirab, dahshat ichra uyg‘onganimda, oyim hikoya qiladigan, yakkash tasviri ruhimga orom baxshida etuvchi ertakdagi so‘lim Susambildagi saroy shu tobda Makondodagi tinchu osuda kulbamizning o‘zi bo‘lib tuyulmoqda edi. Shu yaqin oradan parishonxotir Pepe hushtak chalib o‘tayotib, bizni payqamadiyam. Qo‘shni bolaning qiyofasi xuddi hozirgina sochini oldirganday mutlaqo o‘zgarib ketgandi.
Terdan jiqqa ho‘l ko‘ylagi tugmalari ko‘kragiga qadar ochiq alkald g‘oyat jiddiy qiyofada o‘rnidan turdi. U o‘ylab topgan bahonalaridan o‘zi hayratga tushib, men tomonga yaqinlashdi.
– Tana hali sovib ulgurmagandir, shunday ekan, o‘limini tasdiqlolmaymiz, – dedi u tugmalarini o‘tqazarkan, bamaylixotir tamaki tutatdi, keyin tobutga bepisand ko‘z qirini tashlab, xayolida o‘ylardi: “Mana endi kaminani hech kim qonunni buzganlikda ayblolmaydi”.
Unga yuzma-yuz kelib, bor kuch-g‘ayratimni nigohimga to‘pladim-da, ko‘zlariga tik boqib, tumtaroq o‘ylarining tubiga yetishga intildim. To‘qnashgan nigohlar tilga kirdi.
– Siz boshqalarga huzur-halovat baxshida etish uchun qonunni buzyapsiz, – deyman.
U shu gapni kutib turganday, javobni paysalga solmasdan og‘zimdan chiqqanini ilib olib:
– O‘zingizdan qolar gap yo‘q, ko‘pga qarshi borish – ahmoqlik, sizam bashariyat ra’yiga qarab, ish tutsangiz bo‘lardi. – dedi.
– Ko‘pni ko‘rgan, odamsiz-ku, axir, uning vafot etgani so‘qirga hassa-ku… – deyman asabim qo‘zib.
– To‘g‘ri, to‘g‘ri, lekin nima qilay, kamina qonunga bo‘ysunuvchi mansabdor bo‘lsa, bir parcha qog‘oz, jon xalos. O‘limini tasdiqlaguvchi yagona qonuniy hujjat, ya’ni doktor xulosasi kifoya, bir gap kam, olam guliston, ha, labbay? – deya tag‘in aravani quruq olib qochadi u.
Shashtimni sindirgani yo‘l qo‘ymayman:
– Mayli, qonun chegarasidan chiqolmas ekansiz, chaqira qoling doktoringizni, o‘sha ordona qolgur guvohnomani yozib bersin sizga!
U bu gapimdan jonlandi, boshini qimirlatarkan, g‘oyatda kamtaru sokin ohangda, ishonchu dadillikni yo‘qotmay, so‘zlashda davom etadi:
– Tushungan odamning sadag‘asi ketsang arziydi, mana bu boshqa gap.
Alkaldning javobini tinglarkanman, u aroqdan emas, qo‘rqoqligidan es-hushidan ayrilganini his qildim. O‘sha zahoti alkald qishloq ahlining nafratini battar olovlantirishini tushunib yetdim. Bu tuyg‘u bo‘ronli kechada yaradorlar mana shu ostonaga olib kelinib, uni qichqirib chorlashgan lahzadan boshlab, gij-gijlanib kelindi (u darvozani ochmay, ichkaridan chiqmay so‘zlagan).
– Doktor, iltimos, yaradorlarga yordam bering, deya eshigingizga bosh urib keldik… – odamlarning tavallolariga eshik qurg‘ur ochilay demasdi. – Bizga sizdan bo‘lak, hech kim yordam berolmaydi, bir odamgarchilik qiling.
Shuncha yalinib-yolvorishlar havoga uchdi (eshikni ochmagan) guvohlar so‘ziga qaraganda, u xona o‘rtasida sarg‘ish itko‘zlarini tashqariga yaqqol ko‘rsatib turgan chiroqni yuqoriga ko‘tarib:
– Men odamgarchilikdan chiqqanman, hammasini unutdim, hatto andishani ham, ularni boshqa joyga olib boring, – debdi yuragiga tosh bog‘lab. Ichkaridan tambalangan eshik lo‘kidoni o‘sha tun surilmadi (uy eshiklari o‘shandan buyon faqat bugun ochildi). Xalqning qahru g‘azabi o‘sib, tomir yoyib, maddalagan kasallikka, og‘ir dard Makondo yuragidagi so‘nmas nafratga aylandi. To‘rt devor ichida irib-chirib ketishini so‘rab, yo‘g‘rilgan qarg‘ishlar esa o‘sha tun hukm kabi yangradi va u umr oxiriga qadar makondoliklar ko‘kragiga shamol tegishiga aslo yo‘l qo‘ymagay.
Roppa-rosa o‘n yil u zaharlashlaridan qo‘rqib, jamoat joyidan suv ichmadi. Hindu xotin ila bir tanu bir jon bo‘lib, tomorqasida ter to‘kib yetishtirgan sabzavotlar bilan kun ko‘rardi. O‘n yil burun u Makondoga shafqat qilmaganiday, Makondo ham unga omonlik yo‘q, deya ikki oyog‘ini bir etikka tiqqan. Qishloqdagilarning kattasidan tortib, kichigigacha uning o‘limidan xabar topgan (qarisidan yoshigacha bu quvonchli xabardan terisiga sig‘maydi, yelkasidan tog‘ qulaganday yengillashib qolishgani aniq) va huzurbaxsh zavqni tuyishga hozirlanmoqda, ko‘pchilikning fikricha, ular bunga to‘la haqli. Makondoliklar doktor uyi unga aslida qabr bo‘lishini, unda chirib ketishini, faqat o‘sha kuni surilmagan lo‘kidonu ochilmagan eshik tufayligina xohlashayapti.
Ezgu niyatim – quturgan darg‘azab olomon yovuzligi oldida ojiz, xalq nafrati uni burchakka taqab, devorga mixlab qo‘yadiganga o‘xshaydi, hatto cherkov ham shashtimdan qaytarish yo‘lini topdi-ya.
Anxel ota:
– Oltmish yil e’tiqodsiz yashab, o‘zini osgan dahriyni ikki dunyo bir bo‘lganda ham bu tabarruk tuproqqa aslo qo‘ydirmayman! Ko‘p tixirlik qilavermang! Maslahatim: xalq ra’yiga qarshi bormasangiz, Xudo sizni yorlaqagay, hozir bir go‘rtortmas kofiru betavfiqni nasroniy kabi ko‘mishga jazm etishingiz, marhamat emas, balki kufr, gunohi azimdir, uni tuproq qabul qilmagay, – deya o‘z ta’sirini o‘tkazmoqchi bo‘ldi.
Men pinagimni buzmay:
– Muqaddas kitoblarda yozilganidek o‘tganlarni qabrga qo‘ymoqlik tiriklarning burchi. Burchni ado etmoqlik iymondandir, – dedim.
Anxel ota:
– To‘g‘ri-ku-ya, lekin bu vaziyatda uni ko‘mish bizning emas, hukumatning bo‘ynida! – deya vaj-taqal qilib, mayitni qabrga qo‘yishdan ochiqchasiga bosh tortdi.
Shuncha qarshilikka qaramay, baribir yarim yo‘ldan qaytmadim. O‘zim bilan birga uyimda o‘sib-ulg‘aygan to‘rt guaxironi ergashtirib keldim. Qizim Isabelniyam yonimda hamroh bo‘lishga majburladim. Shuningdek, Makondo ko‘chalaridan mana shu qo‘llarim bilan mayitni qabristongacha sudrab borishdan burun, bu kirdikorlar odatiy, ommaviy, eng yomoni, hamma tomondan ma’qullanib, ko‘zga tashlanadigan darajada ulkan shaklu shamoyil ola boshlayapti. Ha, bunaqasini faqat daqqiyunusda ko‘rishimga to‘g‘ri kelgan, Makondo har narsaga qodir. Basharti, ular oqsoqligim, pirovardida mamlakatning sof vijdonli, qarib qolgan palkovnigini andisha qilishmasa, harnechuk qizginamning ojizaligini ro‘yxotir qilib, omonlik berishar. Uni bu yerga o‘zimni o‘ylab olib kelmadim axir. O‘lganning xotirjamligi uchun bo‘lmagan taqdirda ham, ado etish – ham farz, ham qarz, deya bo‘ynimga olganimni oxiriga yetkazishni ko‘zladim, xolos. Isabelni qo‘rqqanimdan emas, balki oqibat yuzasidan chorladim. U esa bolasini yetakladi (men uni yaxshi tushunaman), mana endi uchovlon shu yerda so‘ppayib o‘tiribmiz, gardanimizga ilgan kechmish yuki Makondo tog‘laridan ham zalvarli.
Ichkariga kirishdan burun, uni shiftga osilgan holda ko‘rsam kerak, deb o‘ylovdim, biroq hindular, harqalay, chaqqonlik qilib qolishibdi, bo‘ynini arqondan ozod etib, bechoralar o‘likni ko‘mish bir soatdan ortiqqa cho‘zilmasa kerak, deya umid ila mayitni marosimga hozirlab, rasamadiga ko‘ra kafanlik kiydiribdilar ham. Marhumning xonasiga kirganimdan keyin tobutni olib kelishlarini kutgan bo‘lsam, qizimu nevaram atrofga obdan razm solib, rahmatlining ahmoqona qarorini izohlovchi jo‘yali javob bo‘ladigan ishora izlashganini sezdim. Yozuv stolida pala-partish sochilgan qog‘ozlarga qarab bo‘lmagay, biroq birortasi uning dasxati bilan yozilmagan. Mana, yigirma besh yil burun uyimizda kelgan kuni hay-hay demasa, Makondoni ham joylashtirsa bo‘ladigan qo‘lidagi o‘sha katta beso‘naqay jomadon. Shunday katta jomadonda atigi ikki dona ko‘ylak, unga tegishli bo‘lmagan sun’iy jag‘, zotan tishlari bus-butunligini hisobga olganda, buni taxmin qilmoq qiyinmasdi, kimningdir surati va mana shu muqovasi qora yon daftar. Men jomadonni tortib chiqardim, ichida chang bosib, eskirgan eski tamg‘ali qog‘ozlargayu quti tagida ishlatilmaganidan sarg‘aygan o‘sha sun’iy jag‘ga ko‘zim tushdi. Kichik stolda jin chiroq yonida hali taxiyu muhri buzilmagan gazetalar qalashib yotibdi. Men ularni ko‘zdan kechirdim. Uch oy avval yigirma sakkizinchi iyulga dovur olingan frantsuz tilidagi nashrlar. Bu yerda boshqa yilgi xuddi shunday o‘qilmagan gazetalari ham qalashgan, yigirma yettinchi yanvar, yigirma oltinchi noyabr… almisoqdan qolgan eng eski oktyabr yigirmasida chiqqan gazetalaram bor… “Ana xolos, odamlar ixlosi undan qaytib, tashqi olamdan uzilib, yakka moxovday yashay boshlashidan bir yil o‘tib, u umuman gazeta o‘qimagan chog‘idan. O‘sha paytlardayoq u vataniyu vatandoshlari bilan barcha rishtalarni uzgani aniq”, – xayolimda shunday o‘ylar charx uradi.
Odamlar tobutni ichkariga olib kirib, ichiga mayitni qo‘ydilar. U Atlantika sohillarida general-intendant lavozimini egallagan polkovnik Aureliano Buendianing yigirma besh yil burun urush davrida Panamada menga tavsiyanoma tariqasida yo‘llagan nomasini olib kelgan kun tag‘in yodimga tushdi. Titilib ado bo‘lgan jomadonni zulmatdan tortib chiqaramanu qolgan-qutgan lash-lushlariga yana bir bora nazar solaman. Jomadon bir burchakda og‘zi ochiq holda yotar, yigirma besh yil oldingi buyumlar hamon o‘z joyida. “Ikkita ko‘ylak, sun’iy jag‘, suratu qora muqovali yon daftar” hech nima o‘zgarmagan va bari kechagiday yodimda. Men ularni birma-bir terib, tobut og‘zi mixlanmasidan ilgari ichiga solib qo‘yapman. Surat ham qo‘l tekkizilmaganday – aslo joyidan siljimagan. Undagi nusxa boshdan-oyoq ordenlarga ko‘milgan harbiy edi. Suratni tobutga qo‘yishim bilan, sun’iy jag‘u qora muqovali yon daftarni ham joylashtirdim. Endi tobut og‘zini mixlab tashlashsayam bo‘ladi, deya odamlarga ishora qildim. “U tag‘in safarga hozirlanmoqda. Dorilfanodan dorilbaqoga rixlat qilish, ya’ni so‘nggi manzilga yetish oldidan burungi safar chog‘ida hamroh bo‘lgan buyumlarni olib ketish, menimcha, mantiqliroq, lekin bu dunyoda mantiqli nima bor o‘zi?” deb o‘ylayman. Mayitning orom topgan yuziga boqib, axiri u chin xotirjamlikka erishganini payqadim.
Xonaga razm solib, bir poy poyabzali qolib ketganiga ko‘zim tushdi. Odamlarimga bir imo qilgandim, baraka topgurlar tobut og‘zini darhol qayta ochishdi, ayni shu mahal poyezd hushtagi eshitildi, u ham Makondoni tark etayotir.
“Uch yarim” bo‘ldi deya xayolimdan o‘tkazdim. 1928 yil 12 sentyabr soat uch yarim. 1903 yilda adashmasam ayni mana shu lahzalarda u ilk marta biz bilan bir dasturxonga o‘tirib, o‘tsho‘rva keltirishlarini so‘ragandi. Adelaida mehmon izzatini joyiga qo‘yib:
– Qanaqasidan bo‘lsin, doktor? – deb so‘raganida:
U hayvonlarga xos vahimali, yo‘g‘on, quloqqa o‘rnashib qolguvchi yoqimsiz cho‘ziq manqa tovushda javob qilgandi:
– Qanaqasidan bo‘lardi, yanga, oddiy, eshaklar bosh tortmaydiganidan-da.
2
Gap shundaki, Meme bu yerda yo‘q, qayerdaligi tirik jonga ma’lum emas. Oxirgi marta biz u bilan o‘n bir yil avval ko‘rishganmiz. U kulbasi yonida sharob do‘konini ochib, ishini kengaytirdi, so‘ng asta-sekin qishloq ahlining ehtiyojlarini qondiruvchi turli oziq-ovqat, ro‘zg‘orga kerakli ul-bul narsalar bilan savdo qila boshladi. Sajiyasiga erinchoqlik yot Memening mehnatsevarligiyu tongdan tungacha tinim bilmasligi tufayli do‘konda hamma narsa saranjom-sarishta, ichkariyu tashqarisi yog‘ tushsa yalagudek toza-ozoda turar, boz ustiga barchaga beminnat xizmat qilardi, o‘sha vaqtlarda qishloqda to‘rttadan bittaning uyida ham yo‘q, nihoyatda kamchilu noyob “Dometik” tikuv mashinasi yakkash unga tegishli, savdodan bo‘shaganida chevarlikka ham vaqt topar va bariga birdek ulgurardi. Uddaburo, chaqqon Meme do‘konga tashrif buyuruvchilarni ham hindularga xos ochiq samimiyat bilan qarshi olar, bu bosiqligu hotamtoylik odamlar qalbidagi barcha shubha-gumonlarni tarqatib, qahru g‘azabini ko‘kka sovurib yuborardi.
U bizni tashlab ketmaguniga qadar ko‘rishib turardik. O‘limdan xabarim bor-u, biroq uyimizda o‘sib-ulg‘aygan qiz uzoq yillar ishonchli oqsoch, doktor esa hamisha hurmat-izzatga shoyon mehmonday qadrlanganiga qaramay, otamning ko‘ziga tuz sepib, ikkisi qachon oshiq-moshiqqa aylanganidan va opam deb e’zozlaganim boshi yostiqqa tekkanida bir bor ko‘rib qo‘yishga arzitmagan odamning ma’shuqasi bo‘lishga qanday rozi-rizolik bildirganiyu qishloq etagidagi uyga nima uchun ko‘chib o‘tganidan hali-hamon bexabarman. O‘gay onamning so‘zlariga qaraganda, doktordan sira yaxshilik chiqmaskan, “Zig‘ircha odamgarchiligi yo‘q”, degani degan. Memening tobi qochganida qasam ichib, otamni qizning dardi og‘ir emasligiga ishontirganmish. U tekshirib ko‘rish u yoqda tursin, hatto buni bemor betiga qaramay xulosa qilgan ekan. Meme shunchaki darmonsizlangan taqdirda ham sakkiz yil davomida yelib-yugurib og‘irini yengillatgan oqsoch xizmatini nazariga ilib, minnatdorchilik yuzasidan bir ko‘rib qo‘ysa ham haqi ketmasdi.
Voqealar rivojidan xabarim yo‘g‘-u, biroq bir kun saharmardonda Meme uyimizdan g‘oyib bo‘ldi, u ham. O‘gay onam doktorning xonasini qulflab qo‘yishni buyurdi va biz o‘n ikki yil burun, to‘y ko‘ylagini tikkan kunda bu mavzuga nuqta qo‘ydik.
Uyimizni tark etgan Memeni uch haftalardan so‘ng, tong chog‘i, cherkovdagi yakshanba ibodatida yaltir-yultir bezaklari ko‘zga tashlanadigan, yurganda etaklari shig‘irlaydigan uzun shohi ko‘ylakda va sigirga egar yarashmaganday sun’iy gullari kelishmagan keng ayvonli shlyapada ko‘rib qolib, o‘lay agar, tanimabman. Odmi usti-boshu uzukkun yalangoyoq yurishiga ko‘nikkanimdan, uni bu qiyofada ko‘rish menga erish tuyuldi. Garchi u oldingi qatorda oliy nasab ayollar safida tonggi ibodatni kibor xonimlarga taqlidan jiddiy qiyofada eshitayotgan bo‘lsa-da, hashamdor ko‘ylakdayam kimligi baribir shundoq sezilib turardi. Hindu xotin sajdaga bosh qo‘yib, jonini jabborga berib, barcha rasm-rusumlarni bajarishga harchand urinmasin, bularning bari unga shu qadar yot ediki, bechoraginaning bir-biriga yopishmagan, beo‘xshov harakatlarini qabul qilish – nasroniylikdan bexabar hindu oqsochni ko‘rishga odatlanmaganidan hang-mang bo‘lib qolgan tanish-bilishlariga, boz ustiga o‘ziga ham oson kechmayotganini sezish qiyin emasdi.
Men (o‘shanda o‘n uch yoshda edim) hayratdan yoqa ushladim, nima uchun Meme uyimizdan izsiz ketib, nega satang xonimlardek, ibodatga kiyiladigan ko‘ylakda emas, yoqasiyu ko‘kragidagi bezaklari ila yana ikki ayolning ko‘ylagini, hay-hay demasa uchinchisini ham bezashga yetgulik hashamdor libosda cherkovga kelganini aslo anglolmasdim. Ibodat adog‘iga yetishi hamonoq, erkagu ayollar darhol ikki qator bo‘lib tizilib, bo‘sag‘ada uning qadamini poylab, bayramona tarzda yasangan hindu ayolning istiqboliga chiqdilar, yig‘ilganlarning sukut saqlab turishidan qandaydir dahshatli voqea yuz berajagini taxmin qilish mumkin edi. Meme ostonada paydo bo‘ldi, qarshisida uni hoziroq sharmandasini chiqarishga hoziru nozir olomonni ko‘rib, ko‘zlarini chirt yumib oldi, tag‘in ochdi, ilojsizlikdan hafrang soyabonini yuziga tutdi. Baland poshnali poyabzalda arang qadam tashlab, ikki qator tizilgan erkagu ayollar to‘dasini yorib o‘tayotganida, kimdir uning yo‘lini to‘sdi va olomon uni o‘rab oldi. Meme qafasga solingan qushday tipirchilardi. Ayol hayratlanganidan nima qilarini bilmay boshi qotgan, qaddini tik tutib, kibr-la jilmayishga urindi, ammo tabassumi shu qadar soxta chiqdiki, yuzi bir tomonga qiyshayib qoldi. Meme soyabonini ochgani uchun otamni payqamagandi. Uyatdan yer yorilsayu yerga kirib ketsa, qo‘rquv ichida sichqonning ini ming tanga bo‘lib ko‘rinayotgan ilojsiz ojiza odamlar orasidan qutulib chiqish chorasini topolmasdi. Otam qo‘limdan mahkam tutdiyu o‘qday otilib, shu qadar epchillik bilan Memeni tortib chiqardiki, yig‘ilganlar, hatto nima yuz berganining fahmiga borishga ham ulgurmadilar. Otam boshqalar bilan hamfikr bo‘lmagan paytlaridagidek, o‘rtabiatiga mos qiyofasiga o‘ta jiddiy tus berib, dimoq-firoq bilan shaxdam odimladi.
Meme doktorning o‘ynashiga aylanganidan xabar topganimda oradan ancha vaqt o‘tgandi. U uyi yaqinida do‘kon ochib, avvalgiday savdo qilar, odamlarning gap-so‘zlariga parvoyi falak, go‘yo bozor kunidagi xunuk voqea hech qachon yuz bermaganiday kibor xonimlar kabi yasan-tusan qilib, ibodatga borardi. Ikki oy… ikki oy o‘tib, uni cherkovda qayta uchratmadim.
Men qora murti qayirib qo‘yilgan, sarg‘ish itko‘zlari ayol zotiga ikki yamlab, bir yutishga tayyor yirtqich kabi tikiluvchi doktorni yaxshi eslayman. O‘ylab qarasam, fotihadan qolgan arvohday, dasturxonga duo o‘qilganidan so‘ng o‘tiradigan sho‘rtumshuq, o‘tsho‘rvaga o‘ch odati bilan menga yovvoyi eshakni eslatuvchi bu odamga zinhor-bazinhor yaqinlashmagan ekanman. U yaradorlarga yordam berishdan bo‘yin tovlagan kechadan boshlab, atigi bir bora ham ko‘chada ko‘rinmadi. Do‘kon qishloq ahli doktorga hukm o‘qishidan burunroq yopildi. Meme savdoni to‘xtatganiga qaramay, yana bir necha oy shu uyda yashaganiga aminman. Aftidan, u ancha ilgari yo‘qolgan, harqalay daraxtda haqoratnoma paydo bo‘lmagunga qadar hech zog‘ga tirikligining issiq-sovug‘i yo‘q edi. Unga ko‘ra, doktor ma’shuqasini odamlar u orqali o‘zini zaharlab o‘ldirmasliklari yoxud mahv etmasliklaridan burun o‘ldirib, o‘z tomarqasida ko‘mganmish. Memeni o‘n bir yil oldin turmushga chiqayotgan paytlarda uchratdim. Kechga yaqin cherkovdan qaytayotganimda hindu xotin do‘kon ostonasiga chiqib, hazil ohangida: “Chabella, opa-singillik shu bo‘ldimi endi, menga bir so‘z demay, erga tegyapsanmi?” degandi.
* * *
– Mana, – dedim men. – U buni xuddi shunday qilgan.
Bugun pichoq bilan kesilgan arqonni tortib ko‘rarkanman, u hali bus-butun, anchagina pishiqligiga ishonch hosil qildim va odamlarim tanani bo‘shatish uchun kesgan sirtmoqni qayta shiftdagi to‘sindan o‘tkazib joyiga bog‘ladim. Gardanida necha begunohlar xuni bor, aybi zil-zambil odamni ko‘tarishga shundan boshqasi yaramasdi. Issiqdan terlab-pishib yuzi sholg‘omday qizargan alkald qo‘lidagi shlyapasi bilan yuzini yelpirkan, sarxush nigohini arqonga qadab:
– Shunday mayin chilvir qanday qilib, odam gavdasini ko‘tardiykin, bo‘lishi mumkin emas, – dedi.
Men esa:
– Ishonavering, bu chilvir uzoq yillar mana shu tanani belanchakda ko‘taraverib, ko‘nikib ketgan, – deya ko‘nglidagi shubhalarini tarqatishga urindim. U shlyapani qo‘limga tutqazib, kursiga chiqdiyu osilib turgan sirtmoqqa bosh suqdi. Alkald kursida turib, o‘ynab turgan arqonning uchiga ko‘z tikdi:
– Bo‘lishi mumkinmas, bu chilvir odam zotini ko‘tarmaydi.
Bundaylarni ko‘raverib, ko‘zim pishib ketganidan niyatini darhol angladim. U bu ahmoqgarchilikni ko‘mish marosimini uyushtirmaslik maqsadida qilayotgan edi.
Uning yuziga ishonch-la boqdim.
– U sizdan bir boshga kattaligini nazardan qochirdingiz, shekilli?
U tobutga razm solarkan:
– Shunday bo‘lgan taqdirda ham, uning aynan shu chilvirdan foydalanganiga ishonolmayapman.
Shubhasiz, alkaldning maqsadini tushunib turibman – vaqtni imkon boricha cho‘zish, chunki u yoki bu majburiyat bilan o‘zini bog‘lab qo‘ymoqchi emas. Xonada timirskilanib maqsadsiz izg‘ishi, hovliqmaligi – qo‘rqoqligidan darak berib turibdi. Six ham kuymasin, kabob ham deydiganlar xilidan, voy muloyimog‘rig‘-ey, marosimni o‘tkazishni ochiqcha man ham etolmaydi-ku-ya, biroq yo‘l bermayotgani ham uning ikki karra qo‘rqoqligini ko‘rsatyapti. U tobut oldida to‘xtab, men tomonga qayrildi:
– O‘lganiga ishonch hosil qilishim uchun, hech bo‘lmaganda mayitning qanday osilib turganini yana bir bor ko‘rishim kerak. – dedi u tomdan tarasha tushganday.
Bundayin bo‘lmag‘ur shartga ko‘ngan bo‘lardim. Odamlarimga bir imo qilsam bas, hayal o‘tmay, tobut og‘zi ochilib, mayitni qanday turgan bo‘lsa, o‘shanday o‘z joyiga osiltirib qo‘yishardi. Alhol bu yerda emas, uyda o‘tirishi kerak bo‘lgan bolani ayadim. Ustiga ustak, qarshimdagi janobga arqon egasini ko‘tara olishini isbotlash uchungina joyini topganidan xotirjamlik tuyib, foniy dunyoni tark etgan, o‘zini himoya qilolmay jonsiz tanani xo‘rlab, ruhini chirqiratish ko‘zimga g‘irt pastkashlik bo‘lib tuyuldi. Tirik ekanman, hech qachon bunday bo‘lmaydi. Men aniq va qat’iy javob berdim:
– Mabodo, shunday ahmoqona buyruqni qo‘l ostidagilariga buyuradi, deb o‘ylasangiz, bekorlarning beshtasini aytibsiz. O‘lganni shunchalar qiynash qo‘lingizdan kelar ekan, marhamat bu ish o‘zingizga siylov, ammo oqibatiga kallangiz bilan javob berasiz. Biroq bilib qo‘ying, uning qachon o‘lganiyu bunga qancha bo‘lgani bizga qorong‘i.
U qimir etmadi. Alkald tobut yonida tik turgan joyidan jilmay, bir menga, bir bolaga, bir Isabelga tikilib, so‘ng tag‘in tobutga nazar tashladi. Qo‘rqoq birinchi musht ko‘taradi, uning yuzi qorayib, chang solishga hozirlanganday, ko‘zlari do‘layib, aft-angori o‘zgarib ketdi. Alkald:
– Bu ishingizning oqibati aynan qayerga olib borishi mumkinligini tushunib turgan bo‘lsangiz, kerak deb umid qilaman! – dedi ovozini atay balandlatib.
Bu so‘zlar zamirida nima yotgani fahmiga yetib, aslo bo‘sh kelmayman:
– Xotirjam bo‘ling, yuki mening bo‘ynimda.
Bu gap dard ustiga chipqon bo‘ldi, rangi-ro‘yi gezarib, lablari titrar, tahdid ohangi ikki karra kuchaygandi:
– Aslini olganda, polkovnik, sizga savolni boshqacha qo‘yishim mumkin edi: bu odam kechqurun o‘zini osib qo‘yganidan qanday boxabar bo‘ldingiz?
U yonimga yaqinroq kelgunicha javob bergani shoshilmadim. Bor alamini shlyapasidan olayotganday qo‘lida g‘ijimlab, qarshimda to‘xtaganida, issiq nafasi burnimga urildi. Men pinagimniyam buzmadim:
– Bu savolni rasamadiga ko‘ra so‘rasangiz, men ham xonasi kelganida jonim bilan javob qilaman.
U o‘sha joyida qimir etmay turaverdi. Javobim uning-chun kutilmagan bo‘ldi-yu, biroq hayratga soldi deyolmayman.
– Shubhasiz, polkovnik, men sizdan bu savolni qoidasiga binoan so‘rayman.
Har bir savoliga dadil va tugal javob berishim lozim edi, u o‘zini harchand xotirjam tutishga, meni qo‘rqitishga urinib, gapni aylantirmasin, baribir metin irodamni bukkani ojizligini his qilganidan sabr kosasi to‘lib borardi.
– Odamlarim tanani arqondan bo‘shatdilar, qachon xayolingiz tovlab, bu yerga kelishingizni qo‘l qovushtirib kutib o‘tirolmasdim, axir, qadamingizning o‘zi to‘tiyo bo‘ldi-ku. Sizni ikki soat burun chaqirgandim. Atigi ikki ko‘chani bosib kelishingizga shuncha vaqt kerak bo‘libdi-da.
U gaplarimga jo‘yali javob topolmay, kalovlanib qoldi. Men esa alkald qarshisida hassamga suyanib, biroz oldinga egilgan kuyi so‘zlashda davom etdim.
– Ikkinchidan u mening birodarim.
Men hali gapimni tugatmasimdan u yuzimga tupugini sachratib, istehzo bilan masxaraomuz kulib yubordi.
– Bundan osoni yo‘g‘-a? – haytovur uning tabassumi darhol g‘oyib bo‘ldi. – Bundan chiqdi, siz uning o‘zini osmoqchi bo‘lganidan xabaringiz bor ekan-da-a! – deydi u dabdurustdan.
Er tagida ilon qimirlasa sezaman, u barini chuvalashtirib, oyog‘ini osmondan qilishga intilayotganini fahmlaganim bois, og‘ir-bosiq va xotirjam ohangda:
– Qulog‘ingiz og‘irmi, deyman, uning joniga qasd qilganidan xabar topishim bilan birinchi qilgan ishim sizga odam yuborish bo‘ldi, ya’ni bundan ikki soat burun, – dedim.
U go‘yo unga arz bilan emas, balki savol bilan murojaat qilganday oddiygina javob berdi:
– Men tushlik qilayotgandim.
– Xabarim bor, biroq xayolimda tushlik soatlari anchaga cho‘zilib ketganga o‘xshaydi, bafurja choshgohgacha dam olgan ko‘rinadilar, – deyman.
U endi so‘zlamoqqa gap topolmay qoldi. Noiloj alkald yon berdi. U bir bolaga, bir qarshisida o‘tirgan Isabelga, bir hindularga va tag‘in o‘zimga boshdan-oyoq razm soldi. Uning basharasi o‘zgardi. Qo‘lidagi qartalarini ochishga hozir qimorbozday, avvaldan o‘ylab yurganlarini amalga oshirishga va ko‘nglini yorishga jazm etgan ko‘rinadi. U menga orqasini o‘girib, nozir tomon yo‘naldi. Nozir chapdastlik bilan orqasiga o‘girildiyu xonani tark etdi.
Alkald ortiga qaytib, qo‘limdan tutdi:
– Polkovnik, siz bilan yakkama-yakka gaplashishim kerak. – Uning so‘zlashish ohangi mutlaqo o‘zgardi. Uyatdan yerga kirib ketgudek bo‘lib, arang murosa yo‘liga o‘tdi. Alkald bilan narigi xonaga o‘tarkanmiz, yelkamga birodarlarcha qoqib qo‘ydi, uning nima haqda so‘zlashmoqchi bo‘layotganini sezib turibman.
Yotoqxona qarshisidagi xona salqinu nurafshon. Chorbog‘dan tushayotgan oftob nuri xonani yoritib turgandi. Oyog‘i kuygan tovuqday besaranjom Alkaldning yuz qiyofasiga xos bezovta nigohidan niyatini uqyapman.
– Polkovnik, biz bu ishni boshqacha hal qilishimiz mumkin… – chaynalib so‘zlaydi u ayyorona iljayib. Gapining bismillosidan nima demoqchi bo‘layotganini ma’lum.
– Qancha? – deb so‘radim dangaliga.
Uning yuzi buqalamun terisiga o‘xshab o‘zgardiyu suyakni ko‘rgan itday yaltoqlanib, mutlaqo boshqa odamga aylandi-qoldi.
Meme bir lagan shirinligu bir vaqtlar onamdan yopishni o‘rganib, tayyorlagan yupqa patirini olib chiqdi. Soat to‘qqiz edi. Peshtaxta orqasida bir-birimizga baqamti o‘tirdik, mening sharafimga kamtarona dasturxon tuzaldi. Hindu xotinning yuzi yorishib, harchand hazil-huzil qilib so‘zlamasin, bu zo‘rma-zo‘raki soxta quvnoqlik ortida ulkan qayg‘u yashirinligi, xayollari o‘tmishning zulmat ko‘chalarida sargardon kezinishi sezilardi. Peshtaxta ostidagi jinchiroq yorug‘ida cherkovning yakshanba ibodatiga baland poshnayu serhasham ko‘ylakda kelgan Memedan ancha ulg‘aygan ayolni ko‘rib turardim. Kechmishni xotirlash uning uchun cheksiz azob edi. U xotiralarini varaqlayotib, uzoq yillar ko‘raverib, ko‘rishga odatlangan qiyofasi, shu vaqtga dovur o‘zgarmay kelayotgan yoshligi haqida o‘ylardim, faqat hozir o‘sha xotiralar to‘xtab qolgan nuqtasidan siljib yurib ketganida, uning kech bo‘lsa-da, biroq shiddat-la qariganini his qildim.
Meme o‘tgan asrning so‘nggi yillarida, urushdan burun xonadonimizdagi to‘kin-sochin hayot to‘g‘risida hazin tovushda, sokin bir maromda so‘zlardi. Meme oyimni ko‘pu xo‘p esladi, u haqda, ayniqsa, o‘sha kech men cherkovdan qaytayotganimda: “Chabella, menga bir og‘iz lom-mim demay, erga tegyapsanmi?”, – hazillashib so‘raganida tilidan qo‘ymadi. O‘sha vaqtlarda men oyimni qo‘msab, betinim o‘ylayotgan kezlar edi. “Umring o‘xshamasinu onaginangning o‘zisan”, – dedi Meme. Men esa uning gaplariga ishondim. Hindu ayolining bir-biriga qovushmagan poyintar-soyintar so‘zlardan manzum bichib-to‘qilgan dudmal hikoyasi haqiqatdan ko‘ra ko‘proq afsona yo cho‘pchakka yaqin, asliyatdan bir qadar uzoq bo‘lishiga qaramay, g‘oyat samimiyu sokin ohangda so‘zlagani bois o‘sha tun, hayotimdagi uzoq o‘tmishning unutilmas kechasiga aylagandi. U urush davridagi ota-onamning darbadarliklari, yo‘l azobi go‘r azobiga aylanib ulgurgani va u Makondoning barpo etilishiga tamal bo‘lib xizmat qilganini aytib berdi. Ota-onam urush asoratlaridan qochib, qo‘nim topish mumkin bo‘lgan tinch-osuda boshpanayu so‘lim makon qidirishgan, oltin junli qo‘y terisi haqida eshitib, uni izlab topish niyatida kelgindilar jamuljam bu joy sekin-asta so‘lim qishloqqa aylanibdi: qishloq ahlining ayrimi omonlik ilinjida manzilu mo‘ljalsiz hijrat qilib, shu yerlarga qadami yetgan qochoq, ayrimi taraqqiyot ta’siridan an’anayu diniy urf-odatini saqlab qolishni istovchi niyati xolis, ayrimi mol-holini boqishu boyish murodidagi umidvorlardanmish. Makondo ota-onam uchun o‘zlari orzu qilgandek butun borliq, chin jannatu so‘lim go‘sha edi. Ular bu yerda munosib joy topdilar, bir necha yil ichida uch otxonayu bir emas, ikki mehmonxonaga ega qasr qurdilar. Meme endi hikoyasiga shu qadar chuqur singib ketdiki, ikir-chikir tafsilotlaru eng g‘ayritabiiy voqealarni go‘yo kechagina boshdan kechirganday va hamon o‘sha zamonda yashayotgan odam kabi so‘ylab berardi. Tush ham o‘ngga aylanayotganday edi xayolimda. Bu ishda hech kim yo‘l azobidan bo‘lak uqubat chekmaganiga ishontirardi u. Hattoki otlar ham chaylada chivinlardan himoya qiladigan to‘r yopinchiq ostida yotar, bu otamning tentakligi yo puli oshib-toshib yotganidan emas, balki onam shunaqa mehribonu odamgarchilikni o‘rinlatadigan ayol bo‘lganidan ekan, u zabonsiz hayvonni ham odam o‘rnida ko‘rish kerak, deya hisoblarkan. Har safar dam olgani qulay joyda to‘xtaganlarida kiyimlar joylangan jomadonlar, tug‘ilmaslaridan burun o‘lib ketgan ota-bobolariga tegishli lash-lushlar, yaroqlilik muddati allaqachon o‘tib ketgan oshxonaning ashqol-dashqoli, avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotgan mehrobga qo‘yiladigan butu sanamlar, bor bud-shud ko‘ch-ko‘ronning bari avaylab yerga qo‘yilardi. Otlar, tovuqlar, bolalikdan ota-onamning qo‘lida ulg‘aygan to‘rt hindu-guaxiro (Memening o‘rtoqlari) go‘yo hayvon o‘rgatuvchisi bilan butun o‘lka bo‘ylab, darbadar yurgan haqiqiy ko‘chma tsirkning o‘zginasiga o‘xsharmish.
Meme hammasini haminqadar g‘ussaga botgan kuyi so‘ylardi. Menda esa vaqtning oldinga harakatlanishi uning uchun haqiqiy yo‘qotish bo‘lganday taassurot uyg‘otar, qalbining tub-tubidan otilib chiqayotgan bu xotiralar bulog‘i – Memega haqiqiy baxt suvini ichirgani, chaylayu to‘r yopinchiqqa o‘ralgan otlarni tomosha qilish chin bayramga aylanganini tuyganim qadar, ota-onamga bu sayohat haqiqiy jazoyu jahannam azobiday tuyulganini anglardim.
Keyin bari chappasiga ketibdi. Yangi tug‘ilgan Makondo qishlog‘iga o‘tgan asr oxirlarida urush huzur-halovatidan ayirib, xonavayron qilgan, biroq hali-hamon hashamat qoldiqlarini saqlab qolishga intilayotgan oila ko‘chib keldi. Hindu xotin qishloqqa oyimning qanday qadam bosganini eslaydi. Oyim ikkiqat, rang-ro‘yi qum o‘chgan, bezgak asoratidan ko‘zlarining osti qoraygan, boz ustiga oyoqlari shishganidan ayanchli ahvolda xachirga yonbosh o‘tqazilgan ko‘yi qishloqqa kirib kelganmish. Ehtimol, o‘shandayoq otam qalbiga shubha-gumon iloni o‘rmalab kirganu oyimdan umidini uzgandir, nima bo‘lganda ham u oxir-oqibat shu yerda langar tashlashga qaror qilgan va sargardonlikda qornida o‘sib, to‘lg‘oq onlari yaqinlashgani sayin uni sekin-asta o‘ldirib borayotgan chaqaloqning eson-omon dunyoga kelishini kutarkan.
Chiroq hindu xotin yuzining bir tomoninigina yoritib turardi. Keng yuzi, ot yoliga o‘xshash tekisu qalin sochlari bu diqqinafas kambar do‘konchada but yo arvoh tilga kirganda o‘tmish haqida qanday so‘zlasa, xuddi shunday hikoya qilardi. U bilan burun sira yaqin bo‘lmaganman, g‘olibo, o‘sha sirli tunda kutilmagan samimiy gurungdan so‘ng men qarindoshu qondoshlik rishtalaridan ham mustahkam rishtalar bilan bog‘langanimizni angladim.
Oraga cho‘kkan sukunatni uning yo‘tali buzdi. Ovoz hozir men otamu bolam bilan o‘tirgan xonadan kelayotgandi. Quruq, uzuq-yuluq, so‘ng uzluksiz yo‘tal egasini tanidim, uni hech kimniki bilan adashtirib bo‘lmasdi, u yotgan to‘shagining bu yoniga ag‘darilganini payqash mumkin edi. Meme darhol jimib qoldi, uning yuzini qop-qora bulut qopladi. Men u haqda butunlay unutgandim. Shuncha vaqtdan buyon (kech soat 10 lar atrofida) biz bu yerda o‘tirgan bo‘lsak, xayolimda Meme bilan yolg‘izdek edik. Hali qo‘l tekkizishga ulgurmagan shirinligu patir solingan tovoqchani tutib turgan qo‘limda og‘riq his qildim. Oldinga egilib, uning qulog‘iga sekingina:
– U uxlamaganmidi? – deya shivirladim.
Meme mutlaqo hayajonlanmay befarq javob qildi:
– Tonggacha uxlamaydi.
Kutilmaganda nega Meme oilamiz o‘tmishi to‘g‘risida bu qadar chuqur qayg‘uga botib, so‘zlayotganini tushunib yetdim. Hayot butkul o‘zgardi, Makondo dam olish kunlarida pulga bahs boylashib, garov o‘ynaladigan kichik gavjum shaharchaga aylanganda, yakkash Memegina o‘zining baxtli bolaligi xotiralariga qorishib yashardi. To‘rt devor orasida tuni bilan mijja qoqmay, kalamushday u yerdan-bu yerga g‘imirlab chiqadigan, hamon unutolmagan itko‘zlariyu yovvoyi yirtqich hayvon tovushiday yoqimsiz ovoz egasi bilan uning hayoti qayg‘uyu g‘amga botgan ko‘yi rangsiz o‘tardi. Bir zamonlar boshi yostiqqa tekkanida bir bora ko‘rib qo‘yishga arzitmagan, bir jonsarakligidan uyning u burchidan-bu burchigacha betinim sandiroqlab yuraverganidan har qanday og‘ir-bosiq ayolni ham jazavaga tushirishga qodir qayg‘uyu quvonch begona, hissiz erkak bilan yashayotganiga achinib ketdim.
Har safar ovozlarimiz balandlashganda, uning sarg‘ish itko‘zlari kattaroq ochilib, chaqnashini tasavvur qilarkanman, so‘zlashish qobiliyatimni qayta topganimdan keyin suhbatni boshqa tomonga burishga urindim.
– Savdo qalay? – so‘rayman undan.
Meme jilmaydi. Uning g‘amginu nursiz tubassumi tuyg‘u bilan emas, xuddi xontaxta ostiga yashirilgan, faqat ehtiyoj tug‘ilganidagina qo‘llash mumkinu deyarli kerak bo‘lmaganidan undan qanday foydalanishni unutgani uchun ham bechora shu lahzada uni noo‘rin ishlatib qo‘ydi. “Ha… mana…” – u mujmal javob qildiyu tag‘in mutlaqo begona odamday jimib qoldi. Memega tovoqni tutqazib ketishim kerakligini darhol fahmladim. U indamay o‘rnidan turib, tovoqni peshtaxta yoniga olib bordi. O‘sha yerdan menga qarab turib takrorladi: “Umring o‘xshamasin-u, oyingning xuddi o‘zginasisan” – dedi. Bilmadim, u chin aytdimi yo yolg‘on, harqalay suhbat chog‘ida men chiroqqa orqamni o‘girib o‘tirgandim, shu bois yuzimni aniq ko‘rganiga shubham bor. Biroq u tovoqni peshtaxta yoniga eltganida va chiroqqa yaqin kelib, yuzimga sinchiklab boqdiyu tag‘in: “Umring o‘xshamasin-u, oyingning xuddi o‘zginasisan”, – deya o‘tirib oldi.
Meme oyimni qanday Makondoga olib kelishgani to‘g‘risida so‘zlashda davom etdi. Onamni xachirdan tushirib, tebranma kursida yotqizib qo‘yishgan. U o‘sha yerda qimirlamay, oldiga qo‘yilganini ishtahasiz, arang yutardi. Ba’zan oyoqlaridan mador ketib, Azroil jonini sekin sug‘urib olayotgan mahal kun yarmiga qadar, tebranma kursida birov qo‘lidan sovigan nonushtani olib qo‘ymagunicha tutib turaverarkan. To‘qqiz oy davomida mahv etgan ajalning unsiz azoblari tufayli oy-kuni yaqinlashganda ayvondan yotoqxonagacha bo‘lgan masofani bosib o‘tolmay, o‘n ikki qadam yurmasdan yiqiladi va uni qo‘lda ko‘tarib ketishga to‘g‘ri keladi. Tebranma kursidan to‘shakka dovur bo‘lgan oraliq darbadar kechgan og‘ir kunlar mashaqqatidan achchiq edi, biroq u baribir bu hayotda zimmasiga yuklangan oxirgi vazifasini ado etadi.
Memening aytishicha, oyimning o‘limi otamni qayg‘uga botirgan ekan, biroq g‘am butkul mag‘lub etib, irodasini bukolmadi. “Shu erkakning uyini sarishtalaydigan xotini yo‘q”, desalar, hech kim ishonmaskan. Qaysidir kitobda suyukli odamini unutmasligu har kech eslash uchun xotirasiga rayhon o‘tqazish kerakligi to‘g‘risida o‘qib bilgach, u chorbog‘ devori oldida qatorlatib gul ektirdiyu bir yil o‘tib, ikkinchi marta o‘gay onam Adelaidaga uylanibdi.
Ba’zida Meme o‘pkasi to‘lib, yig‘lab yuborguday bo‘lardi. Biroq u o‘zini tiyib turar, chin pushmonlik tuyg‘usi ila gunohlarini yuvish mumkinligiga sidqidil ishonardi, axir u o‘z xohishi bilan baxtdan voz kechdi-ku. Keyin u jilmayib qo‘ydi va o‘rindiqning suyanchig‘iga suyanib, bir qadar uzoqlashganday tuyuldi. U qayg‘u bulutlarini quvib, quyoshning yorqin nurlari kabi nurafshon xotiralarini uyg‘ota olganidan baxtiyor edi, shu tobda Memening labida jilvanayotgan mehribon, mayin tabassumini tanidim. Besh yildan keyin otam dasturxon boshida ovqatlanayotgan mahal: “Polkovnik, hoy, polkovnik, sizni ostonada bir kelgindi yo‘qlayapti”, – deya bo‘yqizning bolalarcha soddadillik bilan yugurib kelib, xabarni yetkazganidan keyingi voqealar esa mutlaqo boshqa hikoya edi.
3
Bu biz o‘tgan asr oxirida Makondoga endi ko‘chib kelgan yillarda hali ibodatxona qurilishi boshlanmasdan burun yuz bergandi. Ibodatxona ortidan uzun ko‘cha o‘tgan, u yerda nomiga bo‘lsayam bitta daraxt ko‘rinmasdi. Kun choshgohdan oshgach, maktabdan qaytgan qishloq bolalari devor yonida o‘ynashardi. Ibodatxona bunyod qilinganidan so‘ng, devor oxirida yerga to‘rt simyog‘ochni qoqib qo‘ydilar, qoziqqa o‘xshab qolgan simyog‘och atrofini o‘rab, joyni omborxonaga aylantirsa bo‘larkan, xuddi shunday qildilar ham. To‘rt girdi o‘ralgan kulbada turli qurilish anjomlari saqlanardi.
Ibodatxonadagi ish yakunlangach, kimdir uning devoriga ohak surib, oqlab qo‘yibdi, tosh devordan iborat quruq omborxonaga odam yashaydiganday qilib eshik qurdilar. Bir yil o‘tib, bu joy ikki kishi yashashi mumkin bo‘lgan mo‘jazgina ikki xonali kulbaga aylandi-qoldi. Ichkaridan hali qurimagan ohak hidi kelardi. Ko‘ngilni yayratgan yagona, yoqimli pokiza tuyg‘ular ifori, birdamlik ruhi ayni shu yerda tirik edi. Devorlar oqlanganidan keyin hasharchilarning beminnat xizmat qilgan qo‘llari omborxonaning ichki qurilishini ham adog‘iga yetkazdi, ichkaridagi eshikka lo‘kidonni o‘rnatib, ko‘chaga qaragan eshikka qulf o‘rnatishdi.
Omborxona qorovulsiz, unga qorovul tayinlanmagandi. Hech kim bu mulkka egalik huquqini da’vo qilgani shoshilmasdi. Qishloqqa kelgan ilk ruhoniy Makondoning eng ko‘zga ko‘ringan o‘ziga to‘q oilalarning birinikida joylashdi. Keyin uni boshqa ibodatxonaga ko‘chirdilar. O‘sha vaqtda (g‘olibo bu hali birinchi ruhoniyning ketishidan ilgari bo‘lgandir) qorovulxonani qo‘lida emizikli bir go‘dagi bilan qandaydir ayol egallab olgandi. Ayol eshikni qay tariqa ochganiyu qaysi yo‘l bilan bu yerda qo‘nim topgani qishloqdagi tirik jonga ma’lum emas. Burchakda qora kosov, mixda esa kuvacha osilgandi. Devorlardagi ohakni yomg‘ir suvlari yuvib ketdi. Chorbog‘dagi toshlar sirtida yomg‘irdan qolgan loy qotib qolgandi. Ayol quyoshdan saqlanish-chun novdalardan soyabon to‘qidi va kulbaning girdini toklar bilan o‘rab, eshik teppasiga tumoru dumaloq non osib qo‘ydi.
1903 yilda ruhoniyning kelayotgani to‘g‘risidagi mish-mishlar to‘rt tomonga ovoza bo‘lganida ayol hamon o‘sha qorovulxonada yashardi. Makondoning yarim ahli din xizmatchisini orkestrning orombaxsh kuylari ostida kutib olgani markaziy ko‘chaga chiqdi. Daf’atan bir bola halloslab yugurib keldiyu ruhoniyning xachiri allaqachon muyulishga yetganini xabar qildi. Musiqachilar bir safga tizilib, kuyni boshlab yubordilar.
Vakil minbarga chiqib, ruhoniyni eson-omon yetib kelgani bilan tabriklab, nutq irod qilmoqlikka tayyorlanayotgan edi. Xachirga arqon bilan mahkam bog‘lab qo‘yilgan bu qadar katta jomadonni umri bino bo‘lib ko‘rmagan Makondo ahli uni orqalab kelayotgan notanishga ko‘zi tushgani hamonoq, mardonavor qadam tashlayotgan harbiylar qatori minbar vazifasini o‘tagan stoldan tushib, joyida tek qotgan notiqqacha hamma hang-mang bo‘lib qoldi. Garchi olis safarga chiqayotganda, hatto ruhoniylarning ham odiy odamlarday kiyinishi haqiqatga yaqin bo‘lishiga qaramay, biroq harbiylarga xos kiyingan qiyofasi sovuq odamni rido kiygan ruhoniyga o‘xshatish hech kimning xayoliga kelmadi.
Ha, bu o‘sha edi. Qishloqning u burchagidan tortib, bu burchagigacha yig‘ilgan kattayu kichik aylanma so‘qmoq bo‘ylab, kelayotgan eti ustuxoniga yopishgan qotma, oriq, oftobda qoraygan qoramag‘iz chuvak yuzi cho‘zinchoq, ust-boshi dalva-dalva, qo‘lida tutgulik siyohi qolmagan ilma-teshik soyabon ko‘targan g‘alati ruhoniydan ko‘z uzmasdi. Ibodatxonaga yaqinlashgani hamon, u birovdan qorovulxonani ko‘rsatib: “Bu nima?” deb so‘radi-yu, hali o‘ziga kelishga ulgurmagan odamning: “Cherkov ortidagi kulba, avliyo ota”, – deya g‘udranishidan biror nimani anglamay, to‘g‘ri qorovulxona tomon yo‘naldi. Ayol qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi, bola esa ichkarida qiya ochiq eshik ortida o‘ynardi. Ruhoniy tambalanmagan beso‘naqay jomadonini arqonidan bo‘shatib, xachirini ergashtirgancha hovli sahnidan o‘tdiyu toklar soyasiga bog‘ladi va imoratga boshdan-oyoq razm soldi. Keyin jomadonini ochib, ichidan to‘rbelanchakni olgach, xonaning u burchidan-bu burchiga qadar arqon tortdi, va to‘rbelanchagini ildi. Oyog‘idagi etiklarini yechishi hamonoq, ko‘zlarini katta-katta ochib, qo‘rquv ichra tikilib turgan bolaga e’tibor qilmasdan pinakka ketdi.
Ayol yuzidan nur yog‘ib turuvchi istarasi issiq dilkash odam emas, balki g‘alati ruhoniyni ko‘rib, nafaqat lol qoldi, balki kutilmagan mehmon tashrifidan noqulay ahvolga tushdi. U oyoq uchida yurib, lash-lushlarini yig‘ishtirgancha temir kosovu kuvachasini unutib, hovliga yig‘ma karavotini olib chiqib, to‘rt tomonga dor tortdi-da, kiyimlarini yoyib, to‘sib chiqdi. Bir soatdan so‘ng kelgindilar bilan shug‘ullanadigan oqsoqollar kengashi vakillari bir to‘da harbiycha yurishga taqlid qilayotgan o‘yinqaroq bolalar qurshovida orkestr ketidan ergashib, Makondo bo‘ylab savlat to‘kib yurib kelisharkan, ruhoniyni yolg‘izlikda topishdi. U belanchakda qornini yerga berib, yalangoyoq holda ust-boshini yechib yotardi. Bu odamning katta yo‘ldan qishloqqa kirib kelishi barchani tong qoldirganidan, undan qorovulxonada nima qilayotganini so‘rashga hech kimning aqli yetmadi. Aftidan hamma uni ikki yildan buyon he yo‘q-be yo‘q, birovning ruxsatsizu hech qanday hujjatsiz o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon bo‘lib, betashvish yashab kelayotgan ayolning qon-qarindoshi chiqar, endi bu kelgindi butun urug‘-aymog‘ini yig‘ib, omborxonani butkul egallab oladi, deb o‘ylashdi. Shu bois ayol mehmonni ruhoniyga yo‘yib, uyalganidan berkinganini, “qo‘rqqanidan yashirindi”ga chiqarishdi. Qulning aqli choshgohdan keyin kiradi, deganlariday, kelgindilarni joylashtirish bilan shug‘ullanadigan oqsoqollar kengashi avvaliga undan biror izoh so‘rashni ko‘ngliga keltirmay, kirib kelishiga indamadi, u esa hech kimning gurungini eshitishga ro‘yxushlik bermay, ostonadan kirganlarni “Kecha tuni bilan mijja qoqmaganman”, – deb sovuq muomala bilan qarshi oldi.
Yangi mezbonning ochiqcha sig‘ishtirmaganidan andak ko‘ngli og‘ringan qishloq oqsoqollar kengashi vakillari noroziliklarini yashirmay, asta-sekin tarqaldilar. Bu qadar g‘ayrioddiy ruhoniyni hali hech kim ko‘rmagandi. Ozg‘in tanasiga yarashmagan taqir boshi sigirning kallasidek katta, lab degani mutlaqo sezilmaydi, tug‘ilganida go‘yo og‘izsiz tug‘ilganu birov og‘iz o‘rniga o‘sha joyni qandaydir tirqish, pichoq bilan tirtib qo‘yganga o‘xshardi. Bu notanish yo‘lovchi hammaga kimnidir eslatardi, azonda bari oyday ravshanlashdi. Oyog‘iga kalish ilib, boshiga shlyapani qo‘ndirganicha palaxmonu qayroqlarni qiyratib, qochoqlarning so‘lim qishlog‘iga aylangan Makondo ko‘chalarini changitib yurgan davrlarini esladilar. Chollar sakson beshinchi yillarda uning fuqarolik urushidagi ishtirokini esladilar. U polkovniklikka erishgach, o‘n yetti yil adolatsiz hukumatga qarshi kurashgan qo‘rqmasu jasur, qaysaru o‘jar jangchi edi. U ortiga qaytmaguncha, qishloqdagilar u haqda boshqa bir og‘iz ham gap eshitishmagan, o‘ziyam xabar bermagandi. Uni cho‘qintirishayotganda berilgan ismni xotirlaydiganlar oz edi. Biroq qariyalarning aksariyati onasi bergan laqabni (u o‘zboshimchayu o‘jar edi) yaxshi xotirlashardi, urush paytlaridayam uni shunday chaqirishardi. O‘r… Bukrini go‘r tuzatadi, tabiatiga xos qaysarligi bois, umrining oxiriga dovur “O‘r, hoy, O‘r” deya uni nomgir qilardilar.
Bu odam ham o‘sha mahal, o‘sha soat va o‘sha ahvolda baayni O‘r Makondoga kirib kelgan kuni biznikiga tashrif buyurdi. U ham yetti pushti va qo‘lidan qanday ish kelishi noma’lum ruhoniy singari qishloqning dunyobexabar sodda, omi odamlari yig‘ilib, ilhaq kutgan katta ko‘chadan emas, hammani hayratda qoldirgan holda hech zog‘ning yetti uxlab tushiga ham kirmagan aylanma yo‘ldan keldi.
Qabuldan so‘ng, tushlik chog‘i uyga qaytdim. Dasturxonga o‘tirishimiz bilan Meme hovliqib kirib keldi-yu:
– Polkovnik, hoy, polkovnik, sizni bir kelgindi yo‘qlayapti, – dedi.
– Shu yerga chaqiraveringlar.
– U sizni qabulxonada kutyapti. Aytishicha, paysalga solib bo‘lmaydigan bir muhim yumushi bormish.
Adelaida Isabelni ovqatlantirishdan to‘xtadi (u hali unda besh yoshda edi) va mehmonga peshvoz chiqdi. Xotinim tashvish ichra ortiga qaytdi.
– U bir joyda o‘tirolmay, xonada xuddi oyog‘i kuygan tovuqday yuribdi. – dedi.
Chilchiroq yorug‘ida ayolim o‘z joyiga qanday qaytayotganini kuzatib turdim. Uning hayajonlanayotgani shundoqqina sezilib turardi. Mayda-chuyda yumushlaridan bo‘shab, tag‘in Isabelni ovqatlantirishga tushdi.
– Uni dasturxonga chaqirsang bo‘larmidi? – dedim har doimgi kabi xotirjam ovqatlanishga urinarkanman.
– Aslida shuning uchun chiquvdim. So‘rashganimga e’tiboram qilmadi, betinim u yoqdan-bu yoqqa yurib, xonani boshdan-oyoq sinchiklab ko‘zdan kechirarkan, javondagi burama balerina haykalchasidan ko‘z uzolmay qoldi. Salomimni eshitmadi-yov, deb o‘ylab, qayta so‘rashdim. U tag‘in alik olmay, balerinani olib, yozuv stoliga qo‘ydi-da, boshdan-oyoq sinchiklab, raqsga tushishini tomosha qildi, balki musiqa unga xalal bergandir, deb o‘yladim, ammo men igna emasman-ku, ko‘z ilg‘amasa, yozuv stoli oldida g‘o‘ddayib turaverdim. G‘alati odam ekan, u o‘yinchoqni bir necha bor burab, raqsini tomosha qilib, pinagini ham buzmay o‘tiraverdi.
Adelaida shu gaplarni aytarkan, Isabelni ovqatlantirishda davom etardi.
– O‘yinchoqqa andarmon bo‘lib, salomingni eshitmagandir.
– Bilmadim. Biroq birinchi marta so‘rashganimda hali musiqa yangramayotgandi, so‘ng u raqqosaga nazari tushgani hamon, javondan olib, xuddi uni ilgari ko‘rib-bilib ishlatganday kerak joyidan buradi-da, undan ko‘z uzmay hissiz kuzatdi, hatto miyig‘ida jilmayganiyam yo‘q, go‘yo uni raqs emas, balki faqat ishlash mexanizmi qiziqtirayotganday edi.
U hech qachon menga uyga kelganlar xatti-harakatlari to‘g‘risida bu qadar batafsil so‘zlamagandi. Garchi uyimizda kelim-ketim ko‘p, deyarli har kun tanish-bilishlardan biri mehmon bo‘lar, ular tunab qolishganida ham ortiqcha gap-so‘z eshitmaganman. Mehmonlar bemalol otini sayisxonaga bog‘lab, ovoz berib ichkariga xuddi o‘z uylariday kirib kelaverardilar.
– Biror yumush bilan kelgan yo birov omonatini topshirmoqchidir, e’tibor qilma, – dedim mehmonning beizzatligidan og‘ringan xotinimni tinchlantirib.
– Baribir g‘alati odam ekan, salom Xudoning qarzi, alik bandaning farzi emasmi, nima bo‘lgan taqdirdayam, kim bo‘lishidan qat’i nazar birovning eshigiga ishi tushib kelgan odam biroz kamtarroq bo‘lmaydimi? Musiqa tugasa, so‘rashar deb kutib tursam, raqqosa bir sakrab yana chiroyli harakatlar ila o‘yinni davom ettirganini ko‘rib, qiziqishini yashirmay, kursiga o‘tirmasdan egilib, unga sinchiklab razm soldi, keyin menga o‘yinchoq qancha vaqt o‘ynashini bilish uchungina murojaat qildi. Mehmon xonada borligimni ko‘ra-bila o‘zini bilmaslikka solganidan jahlim chiqqanidan xudbinligim tutib, to‘nimni teskari kiydimu qayta so‘rashmadim, rasamadiga ko‘ra sovuqqina jilmayib qo‘ydim. U katta sariq ko‘zlari bilan odamga boshdan-oyoq andisha qilmay, razm solarkan. Nihoyat mehmon o‘zidan ham sovuq tovushda va g‘oyat rasmiy ohangda:
– Polkovnikni ko‘rsam bo‘ladimi? Huzuriga muhim ish yuzasidan kelganman. – dedi. Tovushi ham g‘alatiyu siniq, so‘zlari tushunuksiz, go‘yo og‘zi mahkamlanganu so‘zlashga qiynaladigan odamday edi.
Qoshlari chimirilgan xotinim qizimni ovqatlantirar, men esa bu notanish qanday yumush bilan kelganini oldindan chamalayotgandim, biroq bu voqealar o‘sha kuni boshlanib, bugun nihoyasiga yetishini bilmagan ekanman.
– U xonada tinimsiz aylangani-aylangan, – takrorlardi Adelaida qizimning ovqatini yedirarkan. Bu notanish xotinimda shunday g‘alati bir taassurot qoldirgandiki, u g‘ayritabiiy bu odamni tezroq qabul qilib, muddaosini bilishimni istardi. Mening esa negadir narigi xonaga chiqishga yuragim dov bermayotgandi, dasturxon boshida o‘tirib, bamaylixotir ovqatlanardim.
Men unga qarab:
– Dasturxonga marhamat, o‘sha yerda bafurja gaplashib olarsiz, mehmon, – dedim. U gapimga javob berish tugul mutlaqo eshitmaganday, qovog‘ini solib, orqasini o‘girib oldi-da, tag‘in raqqosaga andarmon bo‘lib harbiylarga xos tarzda tek qotib turaverdi. Men oyog‘idagi qo‘nji uzun etigi, egnidagi maxsus kiyimiyu oxirgi tugmasigacha o‘tkazilgan ko‘ylagidan harbiy bo‘lsa kerak, degan xayolga boruvdim. U qo‘lida o‘yinchoqni olib, go‘yo chiqib turishimni kutib turgan odamday, javob bermay o‘tiravergani uchun so‘zlashga gap topmadim. Tavba, o‘lay-da ketay, odam deganam shunaqa bo‘larkanda-a. Qiziq, aft-angoridan uni kimgadir o‘xshatdim-u, ammo eslolmayapman.
– Biror jiddiy ish chiqqan-ov? – men unga sinovchan nazar tashladim.
– To‘g‘risini aytsam, bilmayman. U avval boshini egib, orqasini o‘girib turgani uchun yuzini yaxshi ko‘rolmagandim, biroq sizga uchrashmoqligini aytib, ko‘zimga tik boqqanida: “Xo‘jayinim bilan guvohlarsiz, yuzma-yuz gaplashmoqchimisiz?” – deb so‘raganimda qiyofasiga bir bora razm soldim. U bir kishiga judayam o‘xsharkan, uni birovga, to‘g‘rirog‘i, uning o‘ziyu faqat negadir o‘zligini yashirishga urinayotganini bir aytay dedim-u, tag‘in tilimni tiydim.
Uning gaplarini pinagimni buzmay, shamdonlarga tikilgan ko‘yi jimgina tinglab turdim. U bolani ovqatlantirishdan to‘xtab, menga tikildi:
– Olamni suv bossa, to‘pig‘ingizga chiqmaydigan odamsiz-da, lekin o‘rningizda bo‘lsam, allaqachon uning nega kelganini bilib qaytgan bo‘lardim. U topshiriq bilan kelganiga aminman. O‘zini ko‘rsatayotgani kabi emas, balki kimga o‘xshasa xuddi o‘shaning o‘zi. Harbiyligiga ishonchim komil. Mo‘ylovining uchi velosiped ruli misol yuqoriga qayirib qo‘yilgan, yuzi moy surilganday yaltillaydi. Qo‘nji uzun etikdagi odam o‘zini ko‘rsatayotgani kabi emas, bil’aks ko‘ringani, ya’ni aniq o‘shaligiga shubha qilmayman.
Bu gapni u beixtiyor hayrat ichra qat’iy ishonch bilan aytdi. Havo dimligidan nafas ololmay jig‘ibiyron bo‘lib borardim.
– Xo‘sh, kimga o‘xsharkan?
– To‘g‘risini aytsam…
Gapi og‘zida qoldi. Men:
– Yaxshi, u bilan dasturxonga duo o‘qiganimizdan keyin ko‘rishaman. – dedim sabr kosam to‘lib, suhbatga nuqta qo‘yarkanman.
– U qo‘g‘irchoqdan ko‘z uzmay, o‘yinchoqni qo‘lida tutib turganidayoq kimga o‘xshashini esladimu sizni bundan xabardor qilgani ortga qaytdim. Biroq eshikni ocharkanman, so‘nggi bor orqamga o‘girilganimda, uning kosasidan chiqqudek katta itko‘zlari oyog‘imga boqib turganini payqadim.
U shunday deya tilini tishlab qoldi va bolani ovqatlantirib bo‘lguncha miq etmadi. Yurakni ezadigan sukunatda faqat temir qoshiqlar ovozi eshitilardi, xolos. Dasturxonga duo o‘qishim bilan qo‘lsochiqni tovoq tagiga qo‘ydim.
Shu mahal xonadan taralayotgan burama o‘yinchoqning quvnoq musiqasi qulog‘imga chalindi.
4
Oshxonamizdagi suyanchig‘i yo‘q singan kursini buvam pechka yoniga olib, boshmoqlarini quritgani qo‘yadi.
Kecha xuddi shu mahal Tobias, Abram, Xilberto va men maktabdan chiqib, dalaga bordik. O‘zimiz bilan qushlarni otishga tosh, tuxumini terib olgani qalpog‘u buklama pichoq oldik. Yo‘lda men oshxonaning bir burchagiga tirkab qo‘yilgan kursini esladim. Bir vaqtlar unda mehmonlar o‘tirishardi, endi u o‘sha arvohga tegishli. U har tun kursiga o‘tirib, shlyapasini yechmay, o‘chgan o‘choq kulidan ko‘z uzmaydi.
Tobias va Xilberto ariqning eng qorong‘i burchagiga borib qolishdi. Ertalab maydalab yomg‘ir yoqqani uchun loy o‘tzorda oyoq toyib ketardi. Kimdir oramizdan hushtak chalib yubordi. Baland, keskin ovoz ko‘m-ko‘k tog‘ oralig‘ida xuddi bochka tubidan kelayotganday tuyuldi. Abram men bilan orqama-keyin borardi. U qo‘lida toshlarni, men esa buklama pichoqni tutib turardim.
Kutilmaganda tunuka tom tirqishidan xuddi tirik qushday patirlab, oftob nuri bargu o‘tlar yuzini siypalab o‘tdi.
– Ko‘rdingmi? – dedi Abram. Men oldinga boqdim va zovur oxirida Xilbertoyu Tobiasdan o‘zga tirik jonga ko‘zim tushmadi.
– Bu qush emas, – dedim. – Quyosh nuri-ku.
Qoramtir suvga oyoqlarini shaloplatib, sohil tomon yurib ketyapmiz. Birodarlarimga bir chetdan razm solaman, sachrayotgan suv go‘yo ular tanasini namlantirmayotganday tuyulardi.
– Bugun birorta ham o‘lja ko‘zga tashlanmayapti, tutolmasak kerak, – o‘zimdan chiqqan gapga, eng avvalo, o‘zim ishondim. Abram kulib yubordi. Uning ahmoqona kulgisi novadan sirg‘alib tushayotgan suvning shaloplagan tovushiga o‘xshardi. U kiyimlarini yechdi.
– Sen bo‘lmasang, sanamjon, chumchuq tutmasak, suv tubiga sho‘ng‘ib, qalpoqni baliqdan to‘ldiraman, nima deding? – so‘radi u.
Abram qarshimda yalang‘och holda sho‘ng‘ishga tayyor turar, u qo‘limdagi pichoqqa qo‘l cho‘zayotgandi. Men qo‘limni orqaga qilib turaverdim. Pichoqni kaftimda siqarkanman, uning mayinu tarang tig‘ini his qildim.
– Pichoqni unga bermayman, – deb o‘yladim ichimda va bu so‘zlar tilimga ko‘chdi. – Senga pichoqni bermayman. Menga kechagina sovg‘a qilishdi, uni bugun kun bo‘yi o‘ynagim kelyapti. Abram hamon qo‘lini cho‘zib turardi. Men unga shunday dedim: “Tixirlik qilaverma, hali bunga yoshlik qilasan”.
Abram meni tushundi. Do‘stlarim orasidan faqat u so‘zlarimni yaxshi anglaydi.
– Mayli, zorim boru zo‘rim yo‘q, bermasang berma, o‘zi to‘ymaganning salqiti harom, – dedi u biroz og‘rinib. – Narsalaringni yech, biz seni tosh ustida kutamiz. U suvga kalla tashladiyu go‘yo katta yaltiroq baliqday suzib ketdi, suv esa xuddi uning teginishidan suyuqlashib qolganday edi.
Qirg‘oqda qolib, issiq yerga yotib oldim. Men tag‘in pichoqni yoydim va Abramdan ko‘zimni olib, daraxtlarga, choshgohdan keyin otxona misol yonayotgan dahshatli, g‘aroyib, go‘zal shafaqqa tikildim.
– Tezroq, – deb qichqirdi u boshqa sohildan. Tobias toshning ustiga o‘tirib, hushtak chaldi.
– Bugun cho‘milmayman. Ertaga. – deb o‘yladim.
Abram qaytishda chakalakzorga o‘zini urdi. Uning ortidan borayotgandim:
– Bu yerga kelmaganing ma’qul. Bandman, – dedi.
Men so‘qmoqda yer bilan bitta bo‘lib yotgan xazonlar ustiga o‘tirib, samoda yolg‘iz qaldirg‘och qiyshiq yo‘l chizayotganidan ko‘z uzolmay qoldim.
– Bugun atigi bitta qaldirg‘och, – dedim men.
Abram anchagacha ovoz bermadi. U xuddi meni eshitmayotganday barglar orqasida jim o‘tirardi. Uning jimligi g‘oyat sirli edi. Uzoq sukunatdan so‘ng, u chuqur “uh” tortib:
– Qaldirg‘ochlar, – deya so‘z qotdi.
– Bugun negadir faqat bitta? – takrorladim. Abram hamon barglar orasida menga ko‘rinish beray demasdi. U tag‘in jimib qoldi, bu sukunatda tiq etgan tovush eshitilmasdi. Yurakni ezadigan, zerikarli sokinlik. Biroz vaqt o‘tgandan so‘ng u tag‘in tilga kirdi:
– Nega faqat bitta? Ha albatta.
Men indamay o‘tiraverdim. U o‘tlar orasida qimirlab qo‘ydi. Barglar shitirlashidan do‘stimning qayerdaligini bilish qiyin emasdi. Oraga tag‘in o‘lik sukunat cho‘kdi, Abram butunlay ketib qolganday tuyuldi. Keyin yana chuqur “uh” tortdiyu so‘radi:
– Nima deding?
– Bugun atigi bitta qaldirg‘och, – deya takrorladim va samoda qanotlari yoyilgan qushning chizayotgan aylanasiga boqdim. – U baland-balandlarga qadar ucha olarkan, – deya qo‘shib qo‘ydim.
Abram o‘sha ondayoq ovoz berdi.
– Balki shuning uchun bittadir, unga yetadigani topilmagan.
U barglar orasidan ishtonbog‘ini bog‘lab chiqdi. Men qaldirg‘och osmonda chizayotgan aylanasiga tikilib turganimda, u yuzimga tikilmasdan so‘zlarini eshitmaganday qayta so‘radi:
– Qaldirg‘ochlar xususida bir nima dedingmi?
Qaldirg‘ochning samodagi harakatiga andarmon bo‘lib, uzoq qolib ketdik. Makondoga qaytganimizda hamon samoda olov yonardi. Men uyga qarab yugurdim, oyimning so‘zlariga ko‘ra, hali dunyoga kelmasimdan burun, kuylagani bobomning oldiga kelib ketishni kanda qilmaydigan semiz, ko‘zi ojiz ayolu San-Xeronimolik egizaklar ila to‘qnashib ketdim.
Bugun tunda biz Xilbertoyu Tobiassiz tag‘in daryoga boramiz, deb o‘ylovdim. Chuchvarani xom sanagan ekanman. Men Abram bilan yolg‘iz borib, u suvga kalla tashlab yuzasiga qalqib chiqishiniyu uning badani oltin baliqning terisi singari yaltillab, suzishini tomosha qilishni istayman.
Basharti buvam uyga kelgan mehmon bilan suhbatlashgani qo‘shni xonaga chiqsa, hali-beri qaytmaydi, balki biz ungacha hammasiga ulgurarmiz. O‘shanda men Abram bilan daryoga boraman.
U uyimizda yashab qoldi. Men bunday injiq odamga hovli burchagidan xona ajratish katta xato bo‘lishini anglab, unga peshayvondagi ko‘chaga qaragan bir xonani taklif qildim. U eshikka e’lon osdi (uyimiz devorlarini qayta oqlamagunimizga qadar, egri-bugri harflar ila yozilgan e’lonning yozuv taxtasi uzoq yillar osilib turardi) bir hafta o‘tmay, keti uzilmaydigan mijozlarga kursi tashishdan bo‘shamay qoldik.
U Aureliano Buendianing xatini berganida suhbatimiz cho‘zilib ketdi. Adelaida uni uyimizga muhim ish bilan kelgan mansabdor harbiyga yoyib, dasturxonni bayramdagiday bezadi. Biz polkovnik Buendianing yetti oylik qiziyu tentaknamo to‘ng‘ichi to‘g‘risida chaqchaqlashdik. Gap-so‘zlaridan bu odam general intendantni juda yaxshi tanishini angladim, biroq shuni ham tushundimki, ishonchini suiiste’mol qilmoqligu nomidan shunchaki foydalanish uchun hurmati yuksakligini payqadim. Meme ichkariga dasturxon tuzalganini bildirganida xotinim mehmonni qabul qilgani qo‘liga nima ilgan bo‘lsa, shuni dasturxonga qo‘ygandir, deb o‘ylovdim. Biroq ne ko‘z bilan ko‘rayki, yangi yilu Rojdestvo bayramlarida tuzaladigan shohona dasturxon yozilib, xitoy chinnilarida suzilgan taomlarni ko‘rib, kutganimdan ortig‘i muhayyo bo‘lganidan hayratda edim.
Adelaida to‘yimizga qadar poytaxtdagi oilaviy yig‘inu ma’rakalarda kiyadigan tik yoqali duxoba ko‘ylagini kiyibdi. Uning oliy nasablarga xos nazokatli odatlari bor ediki, bu turmush qurganimizdan buyon oilamizdagi ba’zi tartib-qoidalarga bir muncha o‘z ta’sirini ham o‘tkazardi. Bo‘ynida ajdodlarimizga tegishli tumor yaltirar, mehmonxonadagi muhitu dasturxondagi to‘kislik singari u ham benuqson edi. Biz ichkariga kirganimizda mehmon o‘zining chang, aftodahol kiyimidan o‘ng‘aysizlandi, bir muddat kalovlanib, nima qilishni bilmay, xuddi bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilab qo‘yayotgan odamday ko‘ylagining yoqasiga qo‘l tekkizdi. Noqulay ahvolga tushishda o‘zim ham mehmondan qolishmagandim, Adelaida va bu shohona dasturxon uchun g‘oyatda oddiy kiyinganimni his qildim.
Laganlardagi go‘sht – uyda pishirilgan o‘rdak har doimgidan farqlanmasa-da, chilchiroqlar yorug‘ida xitoy chinnilarida yanada o‘zgacha qiyofa kasb etib turgandi. Xotinim mehmonning yolg‘izligini bilsa-da, uni mashhur harbiy arbobga yo‘yib, izzatiga dasturxonga sakkiz juft tovoq qo‘ygandi. Uyimdagi muhit hech qachon bu qadar soxta ko‘rinmagandi.
Magarda barini tabiiyu odatiy darajada chiroyli ko‘rsatishga qodir mohir qo‘llari (haqiqatdan g‘aroyibu g‘ayrioddiy darajada oppoq qo‘llari bor edi) bo‘lmaganda Adelaidaning ko‘rinishi g‘oyat darajada kulgili ko‘ringan bo‘lar edi. U dasturxonga o‘tirishga iymanib, ikkilanayotgan mahal men shoshib:
– Ayolim, ya’ni yangangiz, doktor, – dedim.
Adelaidaning oftobday charaqlab turgan yuzini darhol qora bulut qopladiyu rang-ro‘yi o‘zgarib, ta’bi namozshom bo‘ldi. Biroq shunga qaramay, u kibor xonimlarga xos tarzda qo‘lini uzatib, rasamadiga ko‘ra so‘rashdi.
Mehmon ham harbiylardek yurib kelib, shunchaki xo‘jako‘rsinga salomlashdi.
– Yaxshimisiz, yanga, – dedi u nomini nomgir qilishni ep ko‘rmay.
Adelaida bilan o‘lganning kunidan salomlashayotgan doktorning g‘alati va qo‘rsligini his qildim.
Mehmon atoyi Xudo, uni ishlatilmagan billur idishlaru xitoyning sara chinnilari ko‘zni qamashtirib turgan qismi, shohona dasturxon to‘riga o‘tqazib qo‘ydik, biroq asti qovog‘idan qor yog‘ib turgan mehmon go‘yo oppoq dasturxon ohorini buzib turgan sho‘rvaning dog‘iday taassurot uyg‘otardi.
Adelaida mayni qadahlarga quydi. Avvalgi hayajon o‘rnini endi tajanglik egallagan, hafsalasi pir bo‘lganidan zo‘r-bazo‘r iljayib turgan xotinimning chehrasiga boqib: “Hammasi hozircha o‘z holicha ketaversin-chi, ammo keyin o‘zingiz barini bir boshdan izohlaysiz”, – deyayotganini uqdim. U mayni quyib bo‘lganidan keyin, Meme ovqat suzilgan kosalarni keltirayotgandi, u kursiga yastanib o‘tirgan ko‘yi jilmayganicha:
– Yaxshi qiz, menga go‘sht sho‘rva o‘rniga, iltimos, o‘tsho‘rva olib kelsangiz, – dedi.
Meme joyida qotib qoldi. U qaqillab kulib yuborishdan o‘zini arang tiyib, Adelaidaga boqdi. Adelaida ham jilmaydiyu iymanibgina so‘radi:
– O‘tsho‘rva? Qanqasidan bo‘lsin, doktor?
O‘ziga xos cho‘ziq ovoz bilan:
– Qanaqasidan bo‘lardi, yanga, oddiysidan, eshaklar bosh tortmaydiganidan-da, – deya javob qilgandi.
5
Choshgohdan so‘ng Makondoliklar ayni pinakka ketadigan mahal bari adog‘iga yetar, balki. Alhol sirli, ko‘rinmas hasharotu qurt-qumursqalarning g‘imir-g‘imiri bir muddat tinchib, hatto tabiat harakatdan to‘xtaganday tuyuladi, butun koinot tartibsizlik chegarasida aylanayotganday go‘yo, jaziramadan nafas ololmay, uyg‘ongan ayollar issiqdan qahri jo‘shib: “Makondoda hali ham chorshanba” – deyishadi. Keyin butun Makondo ayollari o‘z burchaklariga biqinib olib, bir-birlarining quloqlariga shivir-shivir qiladilar.
Agar uydagi gap har doim tashqariga to‘g‘ri kelganda biz allaqachon tobut orqalab, qabristonga yetardik. Afsuski, har doim ham biz o‘ylaganimizday bo‘lavermaydi, bunaqada kechga dovur ham bu ish adog‘iga yetmasa kerak. Nafas olib bo‘lmaydigan darajada issiq havoda, shu vaqtgacha mayitni ko‘mib qaytgan, darvoza tagida o‘tirib, biz uch mardumni la’natlayotgan ayollar nazaridan tezroq panaroqqa qochish niyatida uyga tomon yo‘l olayotgan bo‘larmidik. Ko‘mish marosimini hech kim man etolmaydi. Hech bo‘lmaganda bu lattachaynar alkald qat’iyatli bo‘lganda ham go‘rga edi, alhol otam – o‘z yumushlariga qaytgan, bolam maktabda, men esa uyda muz solingan sharbatimni ichib o‘tirardim. Biroq barining oyog‘i osmondan bo‘ldi. Otam qat’iyati alkald shashtini sindirdi. Qishloq ahli shu mahal ko‘zimizga ko‘rinmayotgan bo‘lsa-da, uning qoni qaynayotgani, uzun, uzluksiz, ayovsiz ivir-shivir, qahrli qarashlar bizni ta’qib qilayotgani seziladi, garmsel ham odamlar qahri ko‘lankasiday hali u yon, hali bu yonga aylanib o‘tib, och bo‘riday uvillagani-uvillagan. Go‘yo qishloqda tirik jon qolmaganday, ko‘chada odam zoti ko‘rinmaydi, hammasi yuragiga tosh boylab, darchasini ichkaridan tambalagan. Xonada bir bola poyabzalidan ko‘z uzmay, jimgina o‘tiribdi, tevaragida bo‘layotgan voqealarni aqliga sig‘dirishga urinar, nigohini hali shiftga, hali gazetalarga, hali devorlarga qadab, jon-jahdi bilan qaramaslikka qanchalik tirishmasin, tili tishlangan, sarg‘ish ko‘zlari itday boqishdan butkul mahrum o‘lik ko‘zlariga ko‘zi tushganida nima qilishni bilmasdi. Bola murdaga tikilib, to‘rt tomoni mahkamlangan taxta tobut ostida qanday yotganini o‘zicha tasavvur qilar, tag‘in bari chuvalashib ko‘z oldida kursi, soy, sohildagi do‘stlari bilan kechgan iliq xotiralari gavdalanardi. Kun kelib u ulg‘ayadi, sepkillarga to‘la qo‘llari hozirgi kabi beozor beg‘ubor boladan ustarayu tig‘ tutishga moslashib, kunora soqol olishga qodir bilaklari kuchga to‘lgan baqquvvat erkakka aylanadiyu ko‘nglida: “Bugun-erta kelishsa kerak, axir Makondoda chorshanba”, degan fikr g‘ujg‘on o‘ynayveradi. Hademay, ular kelishadi, zax dahliz ostonasidagi kursida yastanib o‘tirgan qovog‘idan qor yog‘ayotgan qiyofalar qarshisidagi Rebeka xonimning huvillagan, kimsasiz, g‘arib kulbasi derazasidan ko‘z uzmay, oyoqlarini chalishtirib, tizzalarini quchoqlagancha, sigaralarining uchini tishlab, bir xilda to‘tiqushday sayraydilar. U doim qo‘ygan buyumlarining joyini unutib, besaranjom yuradi, alhol ventilyatorni yoqish xotirasidan ko‘tarilgan, derazalari yopiq uyda betinim sarson aylangani-aylangan, bu sargashta kampir asabiy, darg‘azab, bepushtligi hosilasi – yolg‘izlikka mahkum kunlarini qarg‘agani qarg‘agan, u hali o‘lmagan, so‘nggi soatlarini kutib yashayapti. U xonalarning eshigini ochib-yopib, choshgohdan keyin soat uch marta bong urishini sabrsizlik bilan kutyapti. Bola qo‘lini tushirib, o‘rindig‘ida bir qimirlab, tag‘in avvalgiday qulay o‘tirib olgunicha, ayol tikuv mashinasida so‘nggi chokni tikib, boshini ko‘tarishga ketadigan vaqtdan ko‘ra, ikki baravar oz vaqt sarf bo‘ladi. Bola to‘g‘riga parishonxotir tikilib turganida, ayol tikuv mashinasini ostona burchagiga taqab qo‘yadi, ikki erkak esa bamaylixotir sigaralari uchini tishlagancha gurunglashishar, notavon Ageda jonsiz tizzalarini umid-la tag‘in bir karra qimirlatishga urinardi, to‘rt devor orasida jaziramadan qiynalayotgan sinora Rebeka: “Makondoda bugun chorshanba. Iblisni qabrga qo‘yishning ayni mavridi”, – deya bidirlagani-bidirlagan. Bola tag‘in qimirladi, u yuz berayotganlarni idrok etishga, o‘zgarishlarga ko‘nikishga urinardi. Nimadir qimirlasa vaqt oqimi haytovur oldinga qarab ildamlayotganini payqaysan. Ungacha bu mutlaqo bilinmaydi. Terdan jiqqa ho‘l ko‘ylak, dim havo, yurakni siquvchi mangulikka qadar cho‘zilgan arosatdagi lahzalar va mana shu tili tishlangan o‘lik. Murda uchun bola qimirladi nimayu qimirlamadi nima, vaqt o‘tdi nimayu to‘xtab qoldi nima, endi hech narsaning ahamiyati yo‘q, sodir bo‘layotganlardan bexabar tobutda cho‘zilib yotibdi. Dorilbaqoga yo‘l olgan ruhning jonsiz tanasi abil-sabil bo‘layotgan mahal (bola tag‘in qo‘lini qimirlatdi) falaj Ageda yotgan joyida arang u yog‘idan-bu yog‘iga ag‘anadi, senora Rebeka tebranma kursisida yastanib, soatdan ko‘z uzmay turardi, o‘tishi qiyin bo‘layotgan soniyalarda Ageda bo‘ynidagi marjonini qimirlatarkan: “Agarda yura olganimda Anxel ota yoniga borgan bo‘lardim”, – deya xayolidan o‘tkazardi. Bolaning qo‘li pastga tushdi, erkaklar ayvonda o‘tirib: “Hozir chindan ham soat uch yarim bo‘ldimi?” , – deya soatlariga nazar tashlab qo‘yishdi. Qo‘llar joyida qotadi. Soat millari keyingi daqiqaga o‘tish uchun o‘rtadagi sohilda to‘xtab qolgandek go‘yo, Ageda qo‘llarining yangi harakatlarini kutyapti, u qulochini keng yoyib: “Avliyo ota, avliyo ota!”, deydi umid bilan. Anxel ota dahshatli tushdan qo‘rqib uyg‘ongan boladay bir muddat alahlab, Agedaga ko‘zi tushdi-yu: “Haqiqiy mo‘jiza ishonchdir” , – deya g‘udrandi va tag‘in bu yog‘iga ag‘anab, choshgohdan keyingi uyquning qolgan yeridan davom ettirarkan: “Ageda, hozir qalblarini tozalashga tashnalar uchun istagini qondirmoqlikning vaqti emas, bemahal chaqirma!”, – deydi. Biroq qo‘llar tushishga ulgurmayin, xonaga avliyo ota kirdi va bari shu onda chuvalashganday, senora Rebekaning soati bolaning sekin harakati, bevaning besabrligi orasida adashib qolganday, nihoyat millar o‘z sohiliga kelib urilgan ulkan to‘lqinlarday keyingi daqiqa adog‘iga yetishi bilan viqoru salobat ila bong urib: “Soat roppa-rosa ikkidan qirq besh daqiqa o‘tdi” – deya e’lon qildi. Otam: “Vaqt oqimiga qarshi suzayotgan odam, vaqt oralig‘ida adashib qolishi hech gap emas,” deya aytgani-aytgan. Hozir biz shunday, yo‘lni yo‘qotgan odamday garangsib turibmiz.
– Osmonlarda uchib yuribsan hali, qizim, – deydi otam xayollarim tubiga yetishga urinarkan.
– Ota, ko‘nglim g‘ash, nimadir yuz beradi-yov. – deyman xavotirimni yashirmay.
– Ko‘nglingga olmasang, hech nima bo‘lmaydi, iymonim komil, hozir ko‘pgina xonadonlarda sut ichida guruch aylanib pishayapti, hech kimning biz bilan ishi yo‘q, xotirjam bo‘l, – deydi aslida esa ichini it tirnardi o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi.
Tobutning qopqog‘i yopilishi bilan o‘lgan odamning yuzi esimdan chiqmayapti. U shunchalar xotiramga muhrlanib qoldiki, devorga qarab turib, uning sovuq, dahshatli, ochig‘u cho‘kik sarg‘ish itko‘zlarini va tishlangan tilini unutolmayapman. Eslasam, butun vujudimni vahm bosyapti. Shim pochasi oyog‘imni qichitgani-qichitgan.
Buvam onamning yoniga cho‘kdi. Qo‘shni xonadan qaytgach, kursini tortib, oyimga yaqin joyda oqsoq oyog‘ini cho‘zib, jim, o‘ychan o‘tiribdi. Buvam kutyapti. Oyim ham… O‘lgan odamning to‘shagida bamaylixotir o‘tirib, sigara chekayotgan hindular ham kutyaptilar.
Magar ko‘zlarimni boylab, qo‘limdan tutib, butun Makondoni aylantirib, boshqa uylarga va tag‘in shu xonaga olib kirishsa, son-sanoqsiz xonalar orasidan bu hidni darhol tanigan bo‘lardim.
Ushbu xonadagi axlatu eski sandiqlardagi naftalin hidini hech qachon unutolmasam kerak, garchi bu yerda menu Abram yashirinib, tag‘in Tobiasgayam joy qoladigan darajadagi kattagina antiqa jomadon bo‘lsa ham. Xonalar hididan ajrata olish qobiliyatiga egaman.
O‘tgan yili Ada qo‘limdan tutib, meni tizzasiga o‘tqazgandi. Ko‘zlarimni yumib, kipriklarim orasidan chehrasini ko‘rib turibman. Kaminani tizzasida tebratib, mehr-la alla aytayotganidagi ayolning sokin qiyofasi g‘ira-shira ma’lum. Ko‘zim ilinay-ilinay deganda tag‘in o‘sha hid.
Uyda menga notanish iforning o‘zi yo‘q. Peshayvonda yolg‘iz qolganimda ko‘zlarimni yumib, qo‘llarimni oldinga cho‘zib yuraman. O‘zim haqimda o‘ylayman: “Buvamning xonasidan mayu malham hidi keladi”. Qo‘llarimni cho‘zib, tag‘in oldinga odimlayman. Xayolimda oyim xonasiga yaqinlashaman. Uning xonasidan yangi qartalaru xushbo‘y atirlarga qorishiq naftalin anqiydi. Xuddi ko‘nglimdan o‘tkazganimday, qo‘shiq aytayotgan oyim xonasidan yangi qartalar isi dimog‘imga urildi. Ustiga ustak atiru naftalin iforini tuyaman. Uning xonasi oldidan chapga burilganimda aniq bilaman ochilmagan derazalaru yuvilgan kiyimlar hidi keladi. Tag‘in yana uch qadam yurdim, notanish is, joyimda tosh qotdim, ko‘zlarimni ochmasimdan Adaning ovozi qulog‘imga chalinadi: “Bolajonim, nega ko‘zlaringni yumib yuribsan?”
O‘sha tun uxlashdan burun hali hech qachon hech qaysi xonadan tuymagan hiddan hamon o‘zimga kelolmayman. Rayhon gulining kuchli, o‘tkir ifori. Men ko‘zlarimni ochib, baland muattar bo‘ydan mast bo‘lgan ko‘yi: “Siz ham sezayapsizmi?”, deb so‘radim. Ada menga bir ko‘z qirini tashladiyu nigohini olib qochdi. Savolimni tag‘in takrorladim: “Siz ham sezyapsizmi? Qayerdandir rayhon isi kelayapti”. “Ha chindan ham rayhon ifori, u to‘qqiz yil burun mana shu devorlar yaqinida xushbo‘y hid taratib, ochilib yotardi”. Men qaddimni rostladimu o‘tirib oldim.
– Ammo gul tuplari ko‘rinmayapti-ku, – dedim.
– Hozir chindan ham yo‘q, biroq to‘qqiz yil avval sen tug‘ilgan vaqtlarda rayhon hovlini to‘ldirib turardi. Issiq jazirama kechalarda u xuddi hozirgidek muattar hid taratardi.
Men uning yelkasiga bosh qo‘yib, og‘ziga angrayib qarab qolgandim.
– Biroq bu mening tug‘ilishimga qadar bo‘lgan-ku, – dedim.
– Qish qattiq kelganida gullarni sovuq urib ketdi, so‘ng ularni ildizi bilan kovlab tashlashga to‘g‘ri keldi.
Tunda boshqa iforlarni kesib tashlaguvchi bu o‘tkir hid yo‘qolmasdi. Adaga:
– Bu haqda menga gapirib bering, – deb oyoq tirab oldim.
U jim turib, oy yorug‘ida ohaklangan devorga termilib dedi:
– Rayhon qanday gulliginiyu undan taralayotgan hid nega bu qadar o‘tkiru muattarligini anglab yetadigan kun ulg‘ayganingda keladi.
Men tushunmadim, lekin birov bag‘riga bosganday, kutilmaganda seskanib ketdim.
– Hm, – dedim.
– Rayhon tobutida tinch yotolmagan bezovta ruhga o‘xshab, tunlari kezinadi.
Men uning yelkasiga suyanib, sukut saqlab turardim va hamon o‘zimni chalg‘itishga urinardim, pechka yonidagi buvam paypoqlariyu boshmoqlarini quritadigan eski kursi to‘g‘risida xayolimdan o‘tdi. Oshxonada shlyapasini yechmay, o‘chib qolgan o‘choq kuliga tikilib o‘tiradigan kimsa bezovta ruh ekanini tushundim. Bir zum to‘xtab, turib dedim:
– Balki bu o‘sha oshxonadagi arvohdir-a?
Ada menga ko‘zlarini chaqchaytirib boqdi va so‘radi:
– Qanaqa arvoh?
– Buvam paypog‘iyu boshmog‘ini qo‘yib quritadigan kursi bor-ku, unda arvoh o‘tirganini ko‘rdim.
– Yo‘g‘-ey, kursi paypog‘u boshmoqlarni quritishdan bo‘lak boshqasiga yaramaydi, unda arvoh nima qilsin.
Bu o‘tgan yilda yuz bergandi. Endi barining oyog‘i osmondan bo‘lib ketdi, qorong‘ida ko‘zlarimni qisib, qarashim ham shart emas. Tun cho‘kkaniga qaramay, arvoh ko‘zlarining tubiga qadar ko‘rinadi. Bu haqda oyimga aytmoqchi bo‘luvdim-u, biroq u buvamga aytadi, deb indamay qo‘ya qoldim.
– Bunga nima deysiz?
– Xavotirlanishga hojat yo‘q, Makondoda hammayoq tinch, tinch oqayotgan suvdan sokin, o‘ylaymanki, har bir xonadonda hozir sutda guruch bir maromda aylanib pishyapti.
6
Avvalida u yettigacha uxlardi. Oshxonaga tugmalari yuqorisigacha o‘tqazilgan, kir yenglari tirsagiga dovur shimarilgan, yoqasiz ko‘ylakda, yuqorisi ko‘kragiga qadar baland ko‘tarilgan shimlarda, rangi uniqib, yirtilib-titilib ado bo‘lgan eski kamarini taqib kirib kelardi. Eti yo‘qligidan shimi tushib ketadiganday tuyulardi. Biroq qiyofasidagi harbiylarga xos jiddiyatu viqor, tinmasakligu jonsaraklik, toliqish nimaligini bilmaydigan hali unga, hali bunga qiziqib bajarishga urinadigan kimsaga ozg‘inligi aslo yot ko‘rinmas, bari tabiiydek edi. Shom mahali u qora qahva ichar, tashqariga chiqib, o‘tgan-qaytgan bilan loqayd so‘rashib, tag‘in xonasiga qaytardi.
U uyimizda sakkiz yil yashadi, kutilmagan va g‘alati odatlari boshqalarda hurmatdan ko‘ra, qo‘rquv uyg‘otadigan bu odam Makondoning eng yaxshi doktori edi.
Banan shirkatiyu temir yo‘l qurilishiga dovur u qishloqdagi yagona qo‘li yengil edi. Xonasidagi kursilar o‘sha kunlardan xotira. Shirkat ishchilariga tibbiy xizmatni tashkil qilganidan keyin Makondoda doktorning huzuriga keluvchilarning bari ostonasidan oyog‘ini uzib, boz ustiga unikiga olib boradigan yo‘lni unutib qo‘ydilar. U o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi, biroq bu haqda birovga miq etgan emas. U avvalgidek eshigini ko‘chaga qaratib, katta ochib qo‘yar, charm kursida kun bo‘yi huzuriga shifo istab keluvchilarni kutardi, biroq uni it ham yo‘qlamagach, eshigini mahkam berkitib, lo‘kidonni ichkaridan surib qo‘yib, yakdillikka yuz tutgancha, belanchagida xayolga mustag‘raq bo‘lgancha kunni tunga ulardi.
O‘sha kezlarda Meme uning xonasiga nonushtaga bananu apelsinlarni olib borib berishni odat qilgandi. U mevalarni yerdi-da, po‘chog‘ini burchakka otardi, hindu ayol bo‘lsa, shanba kunlari xonasini beminnat tozalab, yuvib saranjom-sarishtalardi. Yurish-turishidan bu odamning kimligi ma’lum edi, mabodo Meme bir hafta xonasini yig‘ishtirmasa, haqiqiy molxonaga aylanishi turgan gap edi, unga esa bari bir edi.
Endi u tayinli biror ish qilmasdi. Soatlab belanchagida cho‘zilib tebranganicha xayol surib yotishi mumkin edi. Qiya ochiq eshikdan xona ichi g‘ira-shira ko‘rinar, ozg‘in hissiz qiyofa, taralmagan sochlaru bemorlarnikiday sarg‘ish itko‘zlaridan, shubhasiz, kurashdan chekingan odamning cheksiz qayg‘usi jismiyu ruhiga qattiq azob berayotganini sezish qiyin emasdi.
Avvalida Adelaida uning biznikida yashashiga ko‘nikib, hatto bu qarorimga chindanam xayrixohday ko‘rindi. Biroq tushlik mahali hamma qatori bir dasturxonga o‘tirishdan bo‘yin tovlab, fotihadan qolgan arvohday, duo o‘qilganidan keyin ovqatlanishi ayolimning sabr kosasini to‘ldirib yuborardi.
– Savob uchun bir kosa ovqatni kuchukka ham tutadilar, biroq bu odamga uyimizdan joy berib, Xudoga shak keltiryapmiz, axir, u naq ajina, iblisning o‘zginasi, – derdi u tap tortmay.
Men unga qiziqish, havas yo savob uchun emas, balki rahmim kelganidan madad qo‘lini cho‘zgim kelardi (chunki bu g‘ayritabiiy odamga boshqa birovning shafqat qilishi amri mahol edi).
– Musofirga marhamatliroq bo‘lish kerak. U dunyoda yolg‘iz va kimsasiz, boz ustiga ko‘magimizga muhtoj. – deya xotinimni shashtidan tushirardim.
Temir yo‘l ishga tushdi. Makondoning qiyofasi o‘zgarib, yangi odamlar paydo bo‘ldi, kinoteatr va shunga o‘xshash ko‘ngilochar joylar ko‘paydi. Hamma bir ishning etagidan tutgan, yakkash ugina bekor. U odamoviday uyidan chiqmay yashardi, bir kun nonushtaga hamma dasturxonga yig‘ilgan payt keldi-da, sevinchdan terisiga sig‘mayotgan odam kabi samimiy ohangda: “Makondoni yorqin kelajak kutyapti”, – deya elburutdan bashorat qildi. O‘shanda undan ilk bora bunday gapni eshitib turgandim. “Hammasi o‘tib ketadi-yu, biroq barcha taraqqiyot quliga aylanishga ulguradi”, – deb qo‘shib qo‘ydi u.
Keyingi oydan u namozshomlari ko‘chaga chiqishni odat qildi. Kechgacha sartaroshxona oldida mijozlar davrasida salqin havodan to‘yib-to‘yib nafas olishlari uchun qo‘yilgan o‘rindiqqa o‘tirardi.
Shirkat doktorlari uni tirikchiligidan mahrum etmoqlikdan yiroq edilar. 1907 yilda makondodaliklar doktorning borligini xotirasidan faromush aylab, ostonaga istab kelishni kanda qilganda, o‘ziyam bemor kutishdan mutlaqo umidini uzgan mahal, banan shirkatidan qandaydir bir “aqlli” doktor tabibning davolashga ijozat beradigan maxsus hujjati bo‘lishi kerakligini alkald miyasiga quyibdi. Dushanba kuni maydonning to‘rt tomonida farmoyish paydo bo‘ldi. Men unga farmoyishga amal qilmoqlik shartligini aytuvdim.
– Nima keragi bor, polkovnik, men bu ishni qilmayotganimga ming yil bo‘ldi, – dedi u pinagini buzmay.
Shu-shu men uning hujjati bor yo yo‘qligini bilolmadim. Boz ustiga chindanam frantsuzligi, hech qachon tilga olmagan yaqinlari bormi yo yo‘qmi, kelib chiqishi kim, bular bari menga qorong‘iligicha qoldi. Bir necha haftalardan keyin alkald va yordamchisi uyimga odamlarni davolashga haq-huquq beradigan hujjatlarni talab qilib kelishganida u xonasidan chiqishni istamadi. O‘sha vaqtda o‘ylab qarasam besh yil bir tom ostida yashab, bir dasturxonda o‘tirib, hatto isminiyam bilmas ekanmiz.
Uyimizdagi chiqish eshigi tashqariga qaragan xonaning nega hech ochilmasligini ayni o‘n yettiga kirganimda, Meme bilan do‘konida gurunglashib qolgan tunda bilishim kerak bo‘lgan ekan. Doktor tejab-tergab yiqqanlariga (u uyimizda yashagan paytlarida pulini hech narsaga sarf qilmagan, yiqqani nafaqat uy, balki Meme uchun uyi yaqinida do‘koncha ochib berishga ham yetgan ekan) muyulishdagi uyni sotib olib, o‘ziga tegishli narsalari to‘r belanchak, dori-darmon terib qo‘yiladigan xontaxtani olib chiqib ketganidan keyin, onam xonaning eshigiga katta qulf urib, qayta ochgani ruxsat bermagan. Xuddi doktordan qolgan lash-lushlarning bari u yotgan to‘shakkacha onam nazdida bir baloga yo‘liqqan, la’natlanganday tuyulardi.
Esimni taniy boshlaganimda tambalangan xona e’tiborimni torta boshladi. Qovun pishig‘i mahalida (Meme va doktor uyimizni tark etganidan besh yil o‘tib) kelgusi yilning boshidan Martin bilan o‘sha yerga ko‘chib o‘tishini orzu qilayotgandim-da. Turmushga chiqqanimdan keyin bo‘lajak umr yo‘ldoshim bilan o‘sha xonada yashashni tasavvur qilarkanman, uyimizning eng so‘lim xonasiga aylantirmoqchiydim va bu haqda onamga sekin-asta yotig‘i bilan tushuntirib, gap orasida xonani ochish kerakligiga bir-ikki shama qilib ham qo‘ydim. Kelin ko‘ylagimni tikishga qo‘l urganimizga qadar menga hali hech kim doktor, xonadonimizda mulkiga aylangan xona to‘g‘risida og‘iz ochmagan, zero uyimizda tirik bor jon borki, uning borligini eslamasdi ham.
Menga besh yildan so‘ng erga tegish taqdir qildi. Bolalik voqealarning bari esimda yo‘g‘-u, biroq g‘ira-shira xotiralar, ba’zi narsalar to‘g‘risida mujmal qarashlarim bor edi. Xullas kalom, to‘yimga hozirlik ko‘rilayotgan vaqtda ko‘p narsalar men uchun sirligicha qolgandi. Turmushga chiqishimdan bir yil burun ham Martin orzularimda go‘yo sarobga o‘xshab tuyulardi. Men uning shunchaki faqat tushlarimga kirib chiqadigan alp bahodirning ko‘lankasi emas, balki qoniyu joni bor odamligiga ishonch hosil qilmog‘im kerak edi. Biroq yurak yutib, onamga rejalarim to‘g‘risida og‘iz ochib so‘zlolmasdim. “Qulfni olib tashlayman, derazaning oldiga stol qo‘yaman, uy burchagiga karavotni joylashtiraman. Ayvonga chinnigullarni tuvagi bilan keltiraman. Shiftga qalampirmunchoqlarni ilib chiqaman”. Taassufki, bularning bari xayol, taqdirimga bitilgan kimsa bilan kechadigan abadiy berk xonadagi lahzalar shirin orzulardagina tirik edi, xolos. Ko‘z oldimda tasvirlanadigan tasavvurlarda yashaydigan, qo‘l cho‘zganimda sirg‘alib chiqib g‘oyib bo‘ladigan, to‘rt tugmali charm kamzulini chap yelkasiga tashlagan qurch yelkalari keng, qop-qora mo‘ylovli yigit sharpasi ko‘rinish berib turardi.
Iyul oxirida u biznikida mehmon bo‘ldi. Ular kun bo‘yi uyda otam xonasida qandaydir sirli, menga mavhumligicha qolgan moliyaviy masalani muhokama qilishardi. Namozshom Martin va men, onam hamrohligida dalaga aylanishga chiqdik. Qaytishda botayotgan quyoshning g‘ira-shira yorug‘ligi tushayotgan mahal, u yonimda birga odimlar, garchi shundoq qo‘l cho‘zsam yetadigan joyda bo‘lishiga qaramay, ko‘zimga sarobday ko‘rinar, barmog‘im tegishi hamonoq tumanday tarqab ketadiganga o‘xshardi. Uni tasavvurim mahsuli deb bilar, borligiga to‘la ishonchim bo‘lmagani uchun, o‘gay onamga: “Men o‘sha xonani tozalab, Martinga tayyorlab beraman”, – deb aytolmasdim.
To‘yimdan bir yil muqaddam unga turmushga chiqaman, degan o‘yning o‘zi haqiqatga yaqin emasdek edi. Men u bilan fevralda chaqaloq Palokemadoni xotirlash marosimida tanishuvdim. Qishloq qizlari to‘planib, qo‘shiq aytib, chapak chalishdangina huzurlanardik. Makondoda kinoteatr, ommaviy grammafon va boshqa ko‘ngilochar joylar bor edi, biroq otam-onam qiz bolaning u yerga borishiga qarshi edilar, “Bu ermak qalang‘i-qasang‘ilar uchun”, – derdilar.
Fevralda kunduz kunlari havo isib borardi. Tushlikdan so‘ng otam dam olar, biz onam bilan peshayvonda kashta tikardik. U o‘rnidan turib, boshidan sharillatib suv quyayotgan mahal, ishni bir burchakka yig‘ishtirib qo‘yardik. Fevralda kechqurunlari sovuq bo‘lar, qishloqda marhum chaqaloqlarni xotirlab, ayollarning kuylayotgan hazin, dardli nolalari quloqqa chalinardi.
O‘sha oqshom biz chaqaloq Palokemadoni xotirlash marosimiga yig‘ilganimizda, Meme Oroskoning xudodod ovozi hammanikidan chiroyli va yoqimli eshitildi. U juda ozg‘in, qo‘pol, qahri qattiqday tuyular, biroq qo‘shiq kuylayotganda shirinu shirali tovushi uni hammadan go‘zal ko‘rsatardi. Ilk bora tin olganmizda Garsia Xenoneva: “Daraxt ortida bir notanish yigit o‘tiribdi” – dedi. Menimcha, shu kuni hech kim Remedios Oroskoday maromiga yetkazib, qo‘shiq kuylay olmagandi. “Ustidagi kalta kamzuli o‘ziga nihoyatda yarashgan, – deydi Garsia Xenoneva. – U tun bo‘yi betinim so‘zladi va barcha angraygancha uni tingladi. Yigit kamzuli tugmasini yechib, oyog‘ini chalishtirib o‘tirganida, poyabzalining ipi va paypog‘i ko‘zga tashlandi”. Meme Orosko hali-hamon kuylar, biz esa chapak chalib: “Kel unga turmushga chiqamiz!” – deya hazil-huzil qilardik.
Uyga qaytganimdan keyin qiyofasini eslaganimda, bu so‘zlar orasida hech qanday bog‘liqlik ko‘rmadim va ular haqiqatga yaqin emasdi. Martin bilan bog‘liq xotiralarim xuddi birovning cho‘pchagi, go‘yo bemavrid vafot etgan chaqaloq ruhini shodlash uchun o‘qiladigan qo‘shiq kabi o‘tkinchi tuyulardi. Ortimizdagi ayollar qonimizga tashna qilib yubordilar. O‘laksaxo‘r qushlarga o‘xshab, biz tomon uzun bo‘ynilarini cho‘zib, kulgani qo‘ymay, jiddiy qiyofada tergashardi. Kiraverishdagi zax dahlizda boshiga qora ro‘mol yopingan ayol qahva qaynashini kutardi. Kutilmaganda oraga erkak kishining yo‘g‘on tovushi qo‘shildi. U qanday to‘g‘ri kelsa shunday ayqash-uyqash kuylar, so‘zlari poyintar-soyintar, bir-biriga mutlaqo yopishmasdi, nihoyat eplolmaganini ichdan tan oldi, shekilli, jimib qoldi. Veva Garsia meni yelkasi bilan turtib, yon tomonga qarashga ishora qildi. Yosh, xushbichimu xushqomat, soqoli qirtishlangan yuzi archilgan tuxumday silliq, yelkalari keng, to‘rt tugmali charm kamzuli esa o‘ziga g‘oyat yarashgan. Notanish yigit mendan ko‘z uzmaydi.
Martinning qaytishi haqidagi gap-so‘zlar qulog‘imga chalinishi hamon, xayolimda uyimizdagi eng tinch go‘sha – o‘sha tambalangan xonani unga mo‘ljalladim-u, lekin timsolini ko‘z oldimga keltirolmasdim. Men o‘zimga “Martin, Martin, Martin”, deya betinim takrorlashga va shuurimga nomini singdirishga harchand intilmay, haqiqiy qiyofasi, ichki dunyosini tasvirlashga qilgan harakatlarim behuda ketar, bo‘lajak umr yo‘ldoshim siymosiga intilishu havas o‘z ma’nisini yo‘qotardi.
Biz qo‘shiqni tugatishimiz bilan u qarshimda turgan quruq piyolani oldi. “Qahva quyqasida taqdiringizni o‘qidim”. Men uyalib, boshqa qizlar qatori chiqish eshigi tomon yo‘naldim, ortimdan har qanday qizning es-hushini o‘g‘irlaydigan darajada yoqimli, ayyor, yumshoq, ohanrabo tovushini eshitdim: “Osmonga tikilib, yetti yulduzni sanang va o‘sha tun meni tushingizda ko‘rgaysiz”. Ostonada mo‘jaz tobutda chaqaloq Palokemado yotibdi. Uning yuziga guruch sepilgan, og‘ziga esa atirgul qo‘yilgandi, dunyoga kelib, hali hayot ne’matining neligini anglamagan, uni tatimoqchi bo‘lgan-u, biroq ta’mini bilolmay, ochiq ketgan ko‘zlariga tayoqcha tiralgandi. Fevral bolani so‘nggi bora ojiz nafasi ila kuydirayotgandi, xonada esa issiqda bukilib qolgan rayhonu xushbo‘y binafshaning og‘ir ifori taralardi. Mana shu gullarning o‘tkir hidi va o‘lik sukunat hukmron xonaga ta’sirli yagona ovoz yorib kirdi: “Esingizdan chiqmasin. Faqat yetti yulduz, undan oshib ketmasin”.
Iyulda u biznikida mehmon bo‘ldi. Unga katta gultuvaklarga suyanib so‘zlash yoqardi. “Men hech ko‘zlaringga boqmadim. Bu esa qarshingdagi erkak sevib qolishdan qo‘rqishning sirli belgisi”, – dedi u. Chindanam men uning ko‘zlarini sira eslolmayman. Iyulda, hatto dekabrda turmushga chiqayotgan odam ko‘zlarining rangi qandayligini aytolmasdim. Shuningdek, olti oy burun fevral chog‘i kun yarmidagi sukunatda bir juft mingoyoq bir-biriga buralib, hammomda oyoqostida uxlab yotar, guldan-gulga qo‘nib yurgan bolarilar quruq qaytayotganidan jig‘ibiyron, u bo‘lsa po‘rim kamzulida kerilib: “Siz betinim men haqimda o‘ylaysiz. Ruhiningiz jo bo‘lgan qo‘g‘irchoqni xonamning mehrobiga ilib, ko‘zlariga nina sanchib qo‘yganman”, deya takrorlagani-takrorlagan. Bu haqda Xenoveva Garsiaga og‘iz ochganimda u ustimdan qotib-qotib kuldi: “Soddasan-da, soddasan, bu bo‘lmag‘ur irim-sirimlarga erkaklar hindular cho‘pchagi deb qaraydi”, – dedi.
Mart adog‘ida u otamning xonasida soatlab o‘tirib, menga hamon mavhum sirli ishning muhimligini uqtirardi. Turmushga chiqqan kunimdan – o‘n bir yil, qaytgunicha o‘g‘limizga yaxshi qarashimni tayinlab, poyezdning derazasidan xayrlashgan kundan – to‘qqiz yil o‘tdi. Oldinda to‘qqiz yil… men u haqda biror xabar eshitmagan to‘qqiz yil bor edi… Martin bilan shubhali safar to‘g‘risida til biriktirgan otam betinim kuyovining qaytishidan so‘zlaydi. Chaqaloq Palokemadoni xotirlash marosimidagi ilk uchrashuvimizda u ko‘zimga qanday sirli ko‘ringan bo‘lsa, hozir ham hech narsa o‘zgarmagan, men uchun hamisha shunday bo‘lib qolavergan, hatto uch yil birga yashab, erimning aslida qanday odamligini bilolmadim. O‘sha tun u to‘rt tugmali kamzulining cho‘ntagiga qo‘lini suqib, mehmonxona eshigi oldida turardi. “Endi tinimsiz men haqimda o‘ylaysiz, ruhingiz jo bo‘lgan qo‘g‘irchoqning ko‘zlariga nina sanchib qo‘ydim”, dedi u. Uning ta’sirli, yoqimli, sirli ovozi xuddi chin haqiqatni so‘zlayotganday, biroq bu haqiqatda g‘alatiyu g‘ayritabiiy nimadir bor edi. Xenovevaning gaplari har na shubhalardan bir muddat xalos qilardi: “Bari hindularning bo‘lmag‘ur uydirmalari”. Kesakdan o‘t chiqdi, pismiq qiz o‘lgur uch oy o‘tib, he yo‘q-be yo‘q qo‘g‘irchoq teatrining direktori bilan qochib ketdi. “Makondoda jilla qursa bir kishi men haqqimda o‘ylashi va har daqiqa xotirlashi haqidagi o‘ylar ko‘ngilga taskin beradi”, izsiz g‘oyib bo‘lgan Martin so‘zlari qulog‘im ostida hamon jaranglaydi. Xenoneva Martinga tikilib, aftini bujmaytirgani bujmaytirgan edi.
– Uf! jonga tegdi, buning egnidagi to‘rt tugmali kamzuli chirib ketsa ham yechmaydiganga o‘xshaydi, – derdi mensimay.
7
Garchand tabiatidagi g‘alatiligiyu loqaydligini yashirishga, o‘zini odamoxun va samimiy ko‘rsatishga urinmasin, u baribir qishloqda begona edi, balki aksini istagandir. Makondoliklar orasida yashasa-da, qalban odamlardan olisda o‘z xotiralari olamida vijdon azobiga giriftor, tuzatib bo‘lmas xatolari xayollariga g‘arq bo‘lgan ko‘yi umrguzaronlik qilardi. Unga odamlar go‘yo qorong‘ilikda yashab, haytovur yorug‘likka chiqib ko‘nikolmay, oyoqlarida tik turolmaganidan atrofdagilardan hurkayotgan hayvonchaga qaraganday qarashardi.
U sartaroshxonadan qaytar va tun cho‘kkanida o‘z xonasiga biqinib olardi. Kechki ovqatdan voz kechganiga ancha bo‘ldi, uydagilar avvaliga uni kech qaytganida charchab, o‘z xonasiga kirib cho‘zilishi bilan ertalabga qadar uxlasa kerak, deya taxmin qilishardi. Men esa kechalari uning botiniy dunyosida o‘tmishdagi yovuz ruh bilan bugungisi chinakkam barqarorlikka yetgani murosaga kelolmay, savdoyi qaysarlik ila kurash olib borayotganini va bu ikki ruhning sirli siydam kurashi vujudini butkul holdan toydirib, ich-etini kuydirib yuborishini tushundim. Ikki yog‘iy orasida arosatda qolgan bechora tana to butkul oyoqdan qolib, to‘shakka yiqulgunicha betinim yurib chiqishini bildim.
Doktordagi o‘zgarishni men qo‘njli qo‘lqop kiyish odatini kanda qilgan kun kiyimlarini almashtirib, atir sepib o‘ziga qarab, yurishni boshlaganidan sezdim. Tishimni-tishimga bosib, og‘ir fe’liga arang bardosh berib yurganimda tuyg‘ularim o‘rnini rahm-shafqat egalladi. Ko‘chalarda sang‘igan yangi qiyofasi emas, balki uyga qaytganidan keyin xonasiga qamalib, tag‘in avvalgi holiga qaytishi, poyabzalini tozalab, kiygulik siyohi qolmaganidan titilib ado bo‘lgan paypog‘ini yuvayotganidagi aftodahol yuzi tasavvurimda gavdalanib, rahmimni keltirardi. Odatda doktorning tengdoshlari tinib-tinchib, ruhiy kamolotga erishgan bo‘ladi, ular uchun bu mayda-chuyda yumushlarni uyini to‘ldirib yurgan bolalari yo xotini bajaradi, u bo‘lsa poyabzalini tozalaganidan keyin, lash-lushlarini oyoqostidan ko‘zdan panaroqqa olib qo‘yish kabi mayda-chuyda yumushlargacha o‘zi qilishini o‘ylasam, ezilib ketardim. To‘g‘risi, u har tun ust-boshini dazmolsiz tekislardi, tirnoqqa zor, Yaratgan bu tomondan qisgani yetmaganday, yonida suyanadigani, g‘am-qayg‘usini bo‘lishadigan dardkashi yo‘qligidan qalbi o‘ksik va azobda edi.
Qishloq ahli undagi o‘zgarishni payqab, darhol sartarosh qizini suyib qolganga chiqardilar. Mish-mishlar nechog‘lik asosli edi bilmadim-u, lek g‘iybatlar menga uni qiynayotgan yolg‘izlik uqubati, hech kimga kerak bo‘lmay yashash hissi va alamzadaligi nechog‘lik og‘irligini payqashga yordam berdi.
Har kun u kundan-kun po‘rim kiyinib, sartaroshxonaga borardi. Qoplama yoqali ko‘ylak, yenglaridagi zarhal tugmalar, toza dazmollangan shim, shimning tugmasini burun ham yopmagan kamar. Shu turishda u ust-boshi kamtarona abadiy omadsiz kuyovga, sho‘rpeshona jazmanga, gulsiz bulbul, unsiz bulbul bo‘lib, birinchi uchrashuvga gul ko‘tarib borishga aqli yetmagan befarosat yigitga o‘xshardi.
1909 yil boshida doktor haqda shunday gaplar yurardi, biroq bu bo‘lmag‘ur ig‘voga yagona asos, uning har kun kiyinib-taranib sartaroshxona ostonasida o‘tgan-ketgan bilan picha gurung berganidan bo‘lak, sartarosh qizi ila jilla qursa bir bora uchrashganini dalillovchi pichoqqa ilinadigan atigi bitta jo‘yali isbot yo‘q edi. Mish-mishlarda qandaydir yovuz niyat borday tuyuldi. Makondoda sartarosh qizi yil bo‘yi qandaydir ruh ta’qibiga yo‘liqib, esi kirdi-chiqdi bo‘lib, turmushga chiqmasligidan barcha xabardor edi. Ko‘rinmas oshiq, qizga kesak otar, xumchadagi suvni o‘ynatar, sartaroshxonadagi ko‘zguni qoraga bo‘yab qo‘yar va ojizani shunday urardiki, bechoraginaning yuzi ko‘karib shishib ketardi. O‘jar ruhga qilingan choralar bari ko‘kka sovruldi, cherkovdagi qurbonlik marosimi, ilohiy suv muolajasi, alas qilishu jodu oldirish, tinimsiz duo o‘qitishlarning birortasi kor qilmadi. Axiri, sartaroshning xotini yengildi, so‘nggi chora – qizini yotoqxonaga qamab, oyoqostiga kelin-kuyovlar o‘zidan ko‘paysin, deya guruch sepib, xonani yasatdi, qilinadigan irim-sirimlarni o‘rinlatib, ko‘rinmas, tilsiz kuyovga qizini uzatdi. Ularga asal oyi uyushtirganidan keyin Makondoda, hatto erkaklar sartarosh qizining homiladorligiga ishonishdi. Biroq bir yil o‘tar-o‘tmas, uning ruhdan yengil bo‘lishi kabi dahshatli voqeadan umid uzib, ortiq kutmay ham qo‘yishdi, biroq tinib-tinchimas odamlar g‘iybatlari, haytovur boshqa yo‘nalish oldi: doktor va sartarosh qizi haqida qishloqda duv-duv gap tarqaldi, biroq tutqunlikdagi asira oshiqlaridan birini baxtiyor qilishidan burun o‘zi kulga aylanishi tayinligini ular yaxshi bilishardi.
Shu bois bu gap-so‘zlar tagida kimningdir yovuz maqsadi bor, deb taxmin qilayotgandim. 1909 yil oxirida u hali sartaroshxonaga qatnab yurganida, odamlar yaqinlashayotgan to‘ydan shivirlashar, biroq birov qizning etagi unga tekkani tugul, yonidan o‘tgani to‘g‘risida biror tayinli gap aytolmasdi.
O‘n uch yil burun oftobi jag‘-jag‘, ya’ni bugungiday quyosh tikkaga olib, ayamay qizdiradigan sentyabr kunida onam bilan xolis niyatlar bilan to‘y ko‘ylagini tikishga bel bog‘ladik. Har kun tushdan keyin otam uxlagani kirganida, biz onayu qiz gultuvaklar qatorlatib terilgan peshayvonga o‘tirib, undan-bundan chaqchaqlashib, ko‘ylak tikkani o‘tirardik. Sentyabr doim shunday edi, o‘n uch yil avval ham, daqqiyunusda ham. To‘y tor oilaviy davrada o‘tkazilishi oldindan bichib qo‘yilgandi (bu otamning qarori edi), shunday bo‘lsa-da, biz hafsala bilan to‘y ko‘ylagini erinmay, g‘oyat antiqa va chiroyli bezaklar bilan tikishga bel bog‘lagandik, shoshadigan joyimiz yo‘q, to‘ygacha hali bor edi. Tikishdan ko‘ra gurunglashishga ko‘p vaqt ketardi. Fikr-zikrim o‘sha xonada, onamga qanday qilib, Martinga mos joyligini qanday tushuntirsam ekan-a, deya juft-toq qilardim. Nihoyat yurak yutib, bu haqda og‘iz ochdim.
Onam mehr bilan bitay deb qolgan ko‘ylakning orqasini o‘girib, jazirama sentyabr osmoniday musaffo, harir shleyfni yelkasiga qadayotgandi.
– Yo‘q, – dedi u qat’iy, ta’bi namozshom bo‘lganini yashirmay, sakkiz yil burungi xotiralari sanjobida qovog‘idan qor yog‘ib, so‘zlashda davom etdi: – Xudo ko‘rsatmasin, biror kimsa o‘sha xonada yashamasin-ey, Xudoyi Xudovando, illo, billo men o‘sha kunlarni ko‘rmay ketay.
Martin iyulda qaytib kelib, biznikida turdi. U gultuvaklar terilgan tokchaga tirsagini tirab, suyanganicha atrofni tomosha qilishni yoqtirardi. “Men Makondoda butun umr qolgan bo‘lardim”, deya takror-takror aytishni xush ko‘rardi. Kechga yaqin onam bilan dalaga bordik. Qishloqda chiroqlar yonishiga oz qolganida kech tushayotgan mahal qaytdik. “Sen bo‘lmasang ham Makondoda baribir umrguzaronlik qilardim”, dedi u. Ovozining ohangidan bu so‘zlarni samimiy aytayotgani sezilardi.
Doktor uyimizni tark etganiga besh yil bo‘lib qolgandi. Biz peshayvonda o‘tirib, ko‘ylak tikayotganimizda o‘gay onamga ilk marotaba Martinga mos xona haqida so‘zladim va u ilk marotaba o‘zini hayratga solgan doktorning g‘alati tabiati haqida yorildi.
– Besh yil avval, – deya hikoyasini boshladi u – odamlardan o‘zini olib qochib, hurkak yovvoyi hayvonday yashardi. Ha, haqiqiy odam ko‘rmagan yovvoyi, qaysar, o‘txo‘r eshak. Agar u butun qishloq ahlining qulog‘iga lag‘mon ilib, ko‘rinmas, ruhdan homilador bo‘lib qolganiga laqqa ishontirgan pismiq sartarosh qiziga uylanganida, balki bularning bari sodir ham bo‘lmasdi. Biroq u birdan sartaroshxonadan oyog‘ini uzdi-qo‘ydi, oxirgi daqiqada niyatini o‘zgartirdi, ammo bu tuban istaklarining yangi bosqichi edi. Odamlar nafratiga duchor bu yovvoyi eshakning shuncha ishdan keyin ham uyimizda yashashiga imkon berib, tag‘in bu bilan bag‘rikenglik va odamgarchilikka to‘g‘ri kelishiga boshqalarni ishontirishu ko‘ndirish yakkash otangning qo‘lidan keladi. U Memeni domiga ilintirib, uydan olib ketishgacha borib yetdi. Shunda ham otang yanglishganini tan olgan emas, qaysar-da qaysar.
– Bulardan bexabar ekanman. – dedim.
Bog‘da chigirtkalarning chirillashi quloqni qomatga keltirardi. Onam ishidan chalg‘imay, bir maromda ko‘ylakka zeb berib, ko‘kragiga marjon qadardi. Ustiga-ustak bir maromdayu bir ohangda hikoya qilardi:
– U sartaroshxonadan qaytgan so‘nggi oqshom, biz ovqatlanishga yig‘ilgandik (undan bo‘lak, u umuman dasturxonga o‘tirmasdi) Meme ovqat suzdi. Uning rangi qum o‘chgan. “Senga nima bo‘ldi, Meme?” – so‘radim hovliqib. “Hech nima bo‘lgani yo‘q, xonim”, deb ko‘zlarini olib qochdi. Shunday deyishiga qaramay, chiroq yorug‘ida u yoqdan-bu yoqqa o‘tib qaytayotganida yuzidan betobligini sezdim. “Xudoyim, Meme senga nima bo‘ldi, tobing yo‘q-ku!” – dedim. Dasturxon boshida u o‘zini amallab tutib turdi. Oshxonaga patnisni olib borayotganida otang: “Mazangiz bo‘lmasa, damingizni ola qoling”, – dedi. Uning ovozi chiqmadi, bil’aks patnisdagi idish-tovoqlar taraqlab yerga tushib, chilparchin sinayotganini eshitdik. Meme devorga suyanib qoldi. Otang xavotirlanib yugurib o‘rnidan turdiyu shu zahoti doktor huzuriga yugurdi. Sakkiz yil ichida hali biror marotaba unga ishimiz tushib, tinchini buzmovdik. Memeni xonasiga olib borib, bilganimcha, spirt surib, eshikka ko‘z tikib turdim. Biroq hadeganda ulardan darak bo‘lmadi, Isabel, bilmasang bilib qo‘y, u sakkiz yil xonasini tozalab, zaharmargiga bir kosa ovqat tutib, ko‘rpa-to‘shagini yuvgan qiz xizmatini nazariga ilmay, boshi yostiqqa tekkanida kelib, bir nazar ko‘rishdan bosh tortdi. Sakkiz yillik boshpana, non-namak, qon-qarindoshday ko‘rganimiz andishasi bo‘lmadi. O‘zini bilgan odam, yegan og‘iz uyalar, deb shuncha yil yegan-ichganini oqlash uchun ham iltimosimizni yerda qoldirmasdi. “Yo‘q” deyishga qanday yuzi chidadi, hayronman. Doktor haqida o‘ylasam, negadir Yaratgan egam bizga uni jazo tariqasida yuborgan, deb o‘ylab qolaman, bu bilan hammaga ishonish kerakmasligini uqtirmoqchi bo‘lganga o‘xshaydi. Yaxshilik qil suvga ot, bilsa baliq, bilmasa xoliq, deb shunga aytsalar kerak… Mayli, oqibat olamdan ko‘tarilganiga ming yil bo‘ldi, deylik, biroq bemorga yordam berish, jonini saqlab qolish doktorning burchi, manglayiga bitilgan qismati emasmi, Meme o‘lardi (harholda biz shunday deb o‘ylagandik), uning esa parvoyi falak, olamni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi, xonasiga qamalib olgan.
Otang yolg‘iz qaytdi: “Unga spirt surib qo‘yinglar, ammo og‘riq qoldiruvchi malham bermanglar”, – doktorning bud-shud tayinli gapi shu ekan, so‘zlashda davom etardi onam. – Otang bu gapi bilan yuzimga tarsaki tushirganday bo‘ldi. Bilib-bilmay qilgan muolajalarimizdan Memening ahvoli biroz yaxshilangandi. Jahl otiga minib, hovurimni bosolmadim. “Ha, albatta spirt bilan! Allaqachon qildik, o‘zimizam bilamiz, buning-chun doktor bo‘lish yo doktor bo‘la turib, birovga tiriktovon bo‘lib yashash shart emas”. Otang darg‘azabligimni sezib, aqlga tayandi, xotirjamligu donishmandlik ila javob qildi: “Hay-hay, onasi, sal vazmin bo‘ling. Shaytonga hay, daryoga qilgan yaxshilikni biyobondan topasiz, barini keyin tushunasiz”, – oldindan ko‘rib-bilib qo‘ygan bashoratchiday dadil so‘zladi u.
O‘sha tun tashvishlarini qayta tuyayotgan onamning ovoz ohangida cheksiz nafrat sezilar, Memega qarashdan bo‘yin tovlagan doktordan butunlay ixlosi qaytgani shundoq ko‘rinib turardi. Jazirama sentyabr kunida hammayoqni olmaning yoqimli ifori tutib ketgandi.
– Ko‘p o‘tmay, bozor kuni kibor oyimchalarga taqlidan saxt-sumbati kelishmay, yasan-tusan qilgan Memening cherkovda paydo bo‘lishi g‘oyat kulgili edi. – dedi u. – Ayniqsa, qo‘ng‘iroqchali soyaboni esimdan chiqmaydi. Meme, Meme… Bu qiz Xudoning jazosi bo‘ldi. Biz uni go‘dakligida, ota-onasi boqolmay, tirik yetim qilib tashlab ketganda, ochlikdan o‘lib qolmasin uchun qaramog‘imizga oluvdik, asrab-avaylab, ko‘pdan kam qilmay o‘stirdik, unga nomimizni berdik, u bizga to‘ng‘ichimizday gap edi, biroq eskilar bilib aytarkan, yetim bola boqquncha, yetim qo‘zi boqish kerak, deb. Ertasiga ertalab unga barcha lash-lushlarini yig‘ib, bo‘xchalarini tashigani hindu yordamlashishini kutib o‘tirgan vaqtda ostonada to‘qnash kelib qoldim. Mutlaqo boshqa odamga aylanib qolgan, qahrli qiyofasidan (hozir ham kechagiday yodimda) otang bilan qandaydir jiddiy masala xususida gaplashayotganga o‘xshardi. Chabella, u hammasini bichib-to‘qib qo‘yibdi, suvni ko‘rmay etik yechgan ovsar, menga bir og‘iz ham aytishni lozim topmaganini qara, xuddi men hech kim, devorda chizib qo‘yilgan jonsiz surat, odammas, uning uchun onayam emas ekanman. Uyimizda sodir bo‘layotganlariga aqlim yetmay, asl mohiyatini so‘ragani og‘iz ochgan ham edimki, otang gapirgani qo‘ymay: “Memedan hech nima so‘rama. U biznikidan ketyapti, balki biroz vaqtdan so‘ng qaytar”, – shu gap bilan og‘zimga urdi. Men o‘zidan qayoqqa otlanganini so‘rovdim, uning qilig‘i oqsochnikidan oshib tushdi, u indamay ortiga o‘girildi-da, ketvordi. Haykalday turgan joyimda tosh qotdim.
Ikki kundan keyin, – deydi u, – men haligi so‘xtasi sovuq ham biznikidan Meme ketgan tongda ipni uzganini va buni bildirishga fursat topolmay, xayr-xo‘shni nasiya qilib, g‘oyib bo‘lganini eshitdim. Tavba, odam degani ham shunaqa bo‘ladimi, sakkiz yil bir hovlida turib, rahmat, demay ketish, bu qanaqasi, shundaylarni ko‘rganingda qanday qilib yoqa ushlamaysan. Menimcha, o‘g‘rilargina xonadoningga ana shunday kirib keladi va ishonchingni qozonishi hamon seni g‘aflatda qoldirib, uyingni ship-shiydam qilib, pusib tark etadilar. Men otang Memega yordam ko‘rsatishdan bo‘yin tovlagani uchun uni uydan haydagandir devdim. Biroq bu haqda otangdan so‘raganimda: “Bu uzun hikoya, keyin bafurja gaplashamiz”, –quruqqina javob berdi qo‘ydi. Besh yildirki, bu mavzuda og‘iz ochgani yo‘q.
Otangga o‘xshagan ko‘ngli bo‘sh odamgayu boshboshdoqlik hukmron biznikidek uydagina har kim miyasiga kelganini qilishi va shunga o‘xshagan voqea yuz berishi tayin edi. Makondoda Memening cherkovga yasan-tusan qilib, kibor xonimlarga o‘xshab kelgani yashin tezligida tarqaldi, otang esa o‘sha kun uyalmay-netmay, uning qo‘lidan tutib olomon orasidan olib chiqayotgan mahal avvaliga hech narsaga aqlim yetmay garangsib turdim, o‘zimga kelganimdan keyin yer yorilmadiyu kirib ketmadim. Ana xolos, o‘sha kun bizning Meme uzoqqa emas, balki qishloq muyulishidagi uyda doktor bilan yashayotganligidan boxabar bo‘ldim. Hayvonlarga o‘xshamay ketsin, nikohsiz, harom-xarish yashashdan or qilmaganini qara, kesakdan o‘t chiqqarkanda, Meme taqvodor bo‘lmaganida mayliydi. Otangga: “Kun kelib, Tangri Memeni ayni shu gunohi uchun jazolaydi, axir, bu yaratganga xush yoqmaydi”, – dedim, ammo o‘shanda ham u qovog‘ini o‘yib, mum tishlab oldi. Uzoq yillar davomida odamlardan yordamini ayamadi. Sinalmagan toyning sirtidan o‘tma, deydilar, otang gapimga kirmay, hamisha xato qiladi. Birodarim, deya qo‘lini cho‘zgani uni el orasida sharmanda qilib, pand berib ketadi. Garchand odamzoddan ixlosi qaytganiga qaramay, hamon hayotga qarashlari o‘zgarmagan, xotirjamligi zarracha tark etmagan.
Men bo‘lsam bari shunday tugaganiga va doktor uyimizdan ko‘chib ketganiga xursand edim. Agar o‘sha kechadagi voqealar yuz bermaganida, u hoziram o‘sha xonada yashab yurardi. Xudoga shukrki, beso‘naqay jomadoniga lash-lushlarini joylab, shu darvozadan qayta turqini ko‘rsatmaydigan bo‘lib ketganidan boshim osmonga yetdi. Borar eshigingni qattiq yopma, deyishadi, u esa hammasiga tupurib ketdi, bu kunni men sakkiz yil kutgandim va u xuddi men aytganday yuz berdi, otang esa tilini tishlab qoldi.
Ikki haftalardan keyin Meme o‘sha muyulishdagi uy yonida do‘kon ochdi, boz ustiga tikuv mashinalik ham bo‘lib oldi. U yangi “Domestik” mashinasini biznikida yashab, yiqqan pullariga xarid qilgan. Men uchun bu haqorat edi, otangga xuddi shunday dedim. Biroq u so‘zlarimga indamadi. Otangning sabr-toqatliligi, hurfikrliligi, rahmdilligi men uchun telbalikdan boshqa narsa emasdi, xonadonimiz sha’nini yerga urib bo‘lsa-da, ularning oyoqqa turishga yordam berganidan ko‘ngli xotirjam edi, nazarimda. Uning xotirjam yuziga tikilib, jahlim chiqqanidan: “Siz e’tiqodingizdagi barcha yuksak narsalarni cho‘chqalarga yedirib bo‘ldingiz”, – dedim. Otang indamadi, biroq “Vaqti-soati bilan barini anglaysan” – deya gapini qisqa qildi.
8
Bir kitobda aytilganidek, dekabr xuddi kutilmagan bahor kabi kirib keldi. U bilan birga Martin ham. U bizning uyimizda tushdan keyin qo‘lida charm sakvoyaj, egnida o‘sha to‘rt tugmali kamzul, bu safar u toza, dazmollanganidan tep-tekis edi. Menga hech nima demay, to‘g‘ri otamning xonasiga o‘tib ketdi. To‘yimiz kuni iyulga belgilangandi. Biroq ikki kundan so‘ng otam onamni chaqirib: “Dushanba kuni to‘y!” debdi. O‘sha kun esa shanba edi.
Ko‘ylagim bitay deb qoluvdi. Martin kun bo‘yi otam bilan suhbatlashar, dasturxon boshida nonushta mahali ham, tushlik chog‘i ham, kechki ovqat vaqtidayam taassurotlaridan so‘ylashdan charchamasdi. Bo‘lajak umr yo‘ldoshimni mutlaqo bilmasdim. Hali u bilan biror marta yolg‘iz qolib suhbatlashmaganman. Biroq otam ikkalasini qalin do‘stlik, birodarlik rishtalari bog‘lab turar, otam uning orqasiga ko‘rpacha solib, shunday berilib, maqtab so‘zlardiki, xuddi men emas, o‘zi unga turmushga chiqayotganday tuyulardi.
Garchi to‘y bugun-erta o‘tishi ma’lum bo‘lsa-da, men unga nisbatan hech nima his qilmasdim, qalbim bo‘m-bo‘sh edi. Ko‘z oldimni kulrang tuman qamrab olar, ichidan yo‘l-yo‘lakay to‘rt tugmali kamzulining tugmalarini tinimsiz yechib-o‘tqazib Martin chiqib kelar, qandaydir ma’noli ishoralar qilar, biroq bu ma’noli ishoralarni tushunish tugul, yuzini ham tuzuk-quruq ko‘rolmasdim. Bozor kuni u biz bilan ovqatlandi. O‘gay onam dasturxon boshida ikkimizning joyimizni shunday belgilagandiki, Martin mendan uch kursi narida otamning yonida o‘tirardi. Biz onam bilan bir-ikki og‘iz luqma tashlab qo‘yganimizni hisobga olmaganda, asosan otam va Martin faqat ish xususida gurunglashardilar. Uch kursi narida men bir yil o‘tib, bolamning otasiga aylanadigan odamni ko‘rib turardim, biroq bizni loaqal yuzaki bo‘lsa-da, do‘stlik rishtalariyam bog‘lamasdi.
Bozor kuni kechga o‘gay oyimning yotog‘ida to‘y ko‘ylagimni kiyib ko‘rdim. Ko‘zgudagi oppoq harir ko‘ylakda emas, balki bulutlarga burkangan rangpar aksimdan ko‘z uzmay, o‘z-o‘zimga go‘yo onamning ruhiga o‘xshab tuyulardim. Garchi: “Bu men Isabel, egnimda esa oppoq bulut emas, balki to‘y ko‘ylagi, ertaga tong saharda turmushga chiqaman”, – deb qayta-qayta ta’kidlasam-da, oyimning ruhi tanamga o‘rnashib, qiyofasi menda qayta tirilganday bo‘lar, eng qizig‘i, o‘zimni tanimayotgandim. Meme menga u haqda shu uy oldida bundan bir necha kun burun so‘zlab beruvdi. Aytishicha, u meni yorug‘ dunyoga keltiriboq, joni uzilgan, to‘y ko‘ylagida tanasini kelinchaklarday yasatib, tobutga qo‘yishgan ekan. Ko‘zguga tikilsam, ko‘z oldimda qaro zax yerda mog‘orlab ketgan tobut ichra chirib ado bo‘lgan kelinlik ko‘ylagidagi oyimning suyaklarini ko‘rardim. Oynadagi mening aksim emasdi. Oyim o‘z olamidan qo‘l cho‘zib, meni kelin ko‘ylakda ko‘rish, bir bora qiyo boqgani va to‘yimni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani qayta tirilib kelganga o‘xshardi. Ortimda yotoqxonaning o‘rtasida g‘amga botgan otam hayratu havasni yashirmay jiddiy qiyofada: “Bu ko‘ylakda quyib qo‘yganday, uning o‘zisan”, dedi.
O‘sha tun hayotimdagi ilk, so‘nggi va yagona muhabbat nomasini oldim. Bu kinotasmaning orqasiga qirib yozilgan Martinning maktubi edi. Unda “Bugun borishga ulgurmayman, bir qoshiq qonimdan keching. Polkovnikka kelishilgan ish qariyb bitganini aytib qo‘ysangiz, bugun shu sabab deb kelolmayapman. Siz juda ham qo‘rqayapsizmi? M” Bu noma menda g‘alati tuyg‘ularni uyg‘otdi, bo‘g‘zimga alam qadalib, yotog‘imga kirib ketdim, bir necha soatdan keyin onam uyg‘otganida hali hamon alam tarqalmagan, osmonda qora bulutlar suzib yurar, qovog‘i ochilmaganini tuyardim.
Aslini olganda, chindan uyg‘ongunimga qadar, ko‘p vaqt o‘tib ketdi. Men kelin ko‘ylakda mushki anbar ifori anqib turgan ochiq nam havodan to‘yib-to‘yib nafas olardim. Xuddi uzoq yo‘lga chiqqanu horib-charchagan odamday toliqdim. Vakillar mehmonxonada to‘rt soatdan buyon kutishardi. Men barini tanirdim, biroq ayni damda yasan-tusan qilib, katta soyabonli shlyapalardagi ayollaru qimmat kostyumlardagi erkaklar mutlaqo begona, o‘zi shundog‘am dim mehmonxonada ularning bema’ni safsatalari bor havoni so‘rib olayotganday tuyular, damim ortga qaytib, bari hushimdan ayiradigan darajaga kelgandi.
Cherkov gavjum emasdi. Qandaydir ayollar ortlariga o‘girilib, markaziy yo‘lak tomondan kirib kelishimni kuzatisharkan qurbonlikka atalgan qo‘zichoqqa qaraganday qarashardi. Qaysar, ozg‘in, bu sukunat hukmron dahshatli tunda yagona o‘tkir odam – aytgani-aytgan, degani degan jiddiy qiyofali shaxs qo‘limdan tutganicha zinalardan tushib, meni Martinga topshirdi. Martin faqat kalta qilib, sochini qirqtirmaganini aytmaganda ilk uchrashuvimizdagi kabi xotirjam jilmayib turar, u bu bilan menga munosib yagona, tengsiz erkakligini namoyon etmoqchi bo‘layotganday edi.
O‘sha tong vakillar dasturxon boshiga yig‘ilib, rasamadiga ko‘ra, o‘tirib, nonushta qilayotgan mahal mening umr yo‘ldoshim tashqariga chiqdiyu choshgohdan keyingina qaytdi. Ota-onam g‘alati holatimni sezmaganlikka olishardi. Ular o‘rnatilgan tartiblarga ko‘ra, bu dushanba boshqalariga mutlaqo o‘xshamasligini bilintirmaslikka intilardilar. Egnimdagi ko‘ylagimni yechib, javonning burchagiga tiqib qo‘yarkanman: “Bir kun onamga kerak bo‘lganiday, menga ham kafanlikka yarar”, deya ko‘nglimdan o‘tkazdim.
Xayoliy kuyov choshgohdan keyin qaytib, tushlik qilganini ma’lum qildi. Iliq dekabr kunida u sochini kaltalatib, ichkariga kirishini ko‘rishim hamonoq ko‘z oldimda xiralashdi. Martin oldimda o‘tirar, bir muncha vaqt indamay sukut saqlardik. Hayotimda ilk marotaba men tun cho‘kishidan qo‘rqdim. O‘z qo‘rquvimni nima bilandir bilintirib qo‘yganimdanmi, u sekin egilib qulog‘imga shivirladi: “Nima haqda o‘ylayapsan?”. Bir begonaning “sen”lashidan yuragimning ostidan bir nima “chirt” etib uzilganday bo‘ldi. Men xuddi to‘lg‘oq tutib, tug‘olmay, qiynalayotgan ayolday qizarib-bo‘zarib turgan osmonga boqib: “Yomg‘ir yog‘sa qaniydi, deyapman”, – dedim.
Peshayvonda so‘nggi bor suhbatlashganimizda havo g‘ayrioddiy darajada issiq edi. U sartaroshxonadan butkul oyog‘ini uzib, xonasiga qamalib olgan vaqtlar. Uyimizdan ketishdan avval, u meni peshayvonga chorladi. O‘sha so‘nggi tunda doktorga baqamti o‘tirdim, kamdan-kam hollardagi kabi u menga ko‘nglini yordi. Tun – bu cheksiz do‘zaxda yagona tiriklikdan dalolat berguvchi obihayotning jilolanishi, tabiatning haqiqiy mo‘jizasi edi. Avvaliga biz terga botib, issiqdan nafas olishga qiynalgancha jim turdik. U yulduzlarga boqib, yozdan bahra olayotgan odamday qarshimda sukut saqlar, go‘yo dim tun havosi uni gapirish qobiliyatidan ham butkul mahrum etgan. Biz qarama-qarshi mana shunday tebranma kursilarda o‘z xayollarimizga g‘arq, parishonxotir o‘tirardik. Kutilmaganda chaqmoqning yilt etganiniyu uning ma’yus bir tomonga boshini ekkanini ko‘rib qoldim. Yolg‘izlik, yuragidagi boshboshdoqlik azoblari tinka-madorini quritgan, unga ham yashash oson emasdi. Hayot sahnasida u o‘zini qanchalar loqaydu badqovoq ko‘rsatishga urinmasin, bundan, eng avvalo, ruhi qiynalayotgani sezilardi. Ilgari ilg‘amagan rishtalar meni unga bog‘lab turarkan, ba’zan qalbimdagi tuyg‘ular doktorning fe’liga o‘xshab o‘zgarardi. Biroq, shuni angladimki, shubhasiz, bu g‘ayritabiiy odamni o‘ziga xos tarzda yaxshi ko‘rarkanman. Men qandaydir sirli kuchni, uning qorong‘i xonadan ham qorong‘iroq, zulmat bosgan qalbini, ruhiyu vujudini azoblayotgan yolg‘izlik dardini his etardim, o‘sha daqiqadan boshlab, men uni o‘z himoyamga olishga qaror qildim. U qarshimda singan, yengilgan, ezilgan qiyofada o‘tirardi. Biroq u o‘tkir nigohini menga qadaganida adashgan, arosatdagi yolg‘izligida qayta topilgan ishonchni ilk bora ko‘rib turadim. Men anglab-anglamay undan:
– Doktor, Xudoga ishonasizmi? – deya so‘radim.
U ko‘zlarimga tik boqdi. Sochlari yuzlariga tegib turar, ko‘zlari chaqinday chaqnar, yuzida tashvishu hayajon aks etgandi. Uning ovozi avvalgiday yirtqich hayvonlarnikiday cho‘ziq va dahshatli chiqdi:
– Bu savol menga ilk marotaba berilyapti.
– O‘z-o‘zingizdan so‘rab ko‘rganmisiz hech?
U tashvishga tushganini namoyon etmaslikka urinardi. Garchi u savolimni “Kosa tagida nim kosaday” tagdor tushungan bo‘lsa-da, qiziqish uyg‘otgan emas va bundan zarracha tashvishga tushmadi.
– Bu haqda muhokamayu mushohada yuritish mushkul, – dedi u.
– Bunday tunda sovuqdan dildirash biroz erish tuyuladi, shunday emasmi? Agar bir odam to‘g‘riyu tekis yo‘l qolib, hammadan oldinda dala oralab, boshqalarni ham, o‘zini ham qiynab egatlardan hatlab yursa, uning g‘ayritabiiy qiliqlaridan hayratdan yoqa ushlaydilar-ku shunday emasmi?
U darhol javob berdi. Chigirtkalar tovushi, xotinim xotirasiga atab, o‘tqazilgan rayhon ifori borliqqa qandaydir ma’no, tiriklik baxshida etib turardi. Buyuk odam zulmat tunda yolg‘iz tantana qilardi.
– Yo‘q, polkovnik, bu meni sirayam tashvishga solayotgani yo‘q. – Xayolimda u olmayu rayhon hididan huzurlanayotgandi. – Meni boshqa masala mushohadaga chorlaydi, masalan, ko‘zlarimga dadil ishonch bilan boqib, zulmat ichra egatlardan hatlab borayotgan odam kimligini yaxshi bilaman, dedingiz.
– Hammamiz, avvalo, ruhimizni qutqarishga urinayotgan xom sut emgan bandalarmiz, doktor va mohiyat ham aslida shunda, – men kutilganidan va keragidan ortiq chuqurlashdim. – siz Xudoni eshitmaysiz va borligiga ishonmaydigan kofirsiz, – dedim.
U endi o‘zini bosib olgandi, shu sabab, xotirjam ortiqcha hayajonga berilmay javob qildi:
– Ishoning, polkovnik kimu kim, ammo men kofir emasman. Hamma gap shundaki, Xudoning bor, yo yo‘qligi haqidagi o‘y meni tashvishga solmaydi, bu haqda bosh qotirmaslikka harakat qilaman, xolos.
Bilmadim nega, biroq men uning xuddi shunday javob qilishini avvaldan sezganday edim. “Bu odam, haq yo‘lidan adashgan”, – o‘yladim uning qaysidir kitobda o‘qigan iborasini takror tinglarkanman. Orombaxsh tun ifori ikkimizniyam mast qildi. Ayni damda xayolimda barcha qiyofalar jamuljam bu izdahomning markazida turganday edim.
Panjaralar ortida qizalog‘im va Adelaida tomonidan payhon qilingan chamanzor yotardi. Olma ifori kechalari nafas olgani yordam berar, har tong zavq ulashib, ko‘ngilga orom bag‘ishlardi, muattar bo‘ydan g‘amu tashvishlar unutilardi. Rayhon isi esa boshqacha, u Isabel yoshidagi qizlarga xush yoqadi, uning iforida o‘z onasining hayoti davom etayotganga o‘xshaydi. Barglar orasidan eshitilayotgan chigirtkalarning ovozi borgan sari quloqni qomatga keltiradi, yomg‘irdan keyin egatlarni begona o‘tlardan tozalab, yagana qilishni unutganimiz uchun hasharotlarning kuni tuqqandi. U qarshimda terlagan peshonasini ro‘molchasi ila betinim artar, yuzi oy nurida yaltirar, bu esa g‘ayritabiiyu g‘aroyib ko‘rinayotgandi.
U biroz tin oldi:
– Nega bu savolni berayapsiz?
– Shunchaki xayolimga kelib qoldi-da, – javob berdim. – Balki uzoq yillardan buyon sizga o‘xashagan odam bu borada nima derkin, degan istak ustunlik qilgandir.
Men ham terlagan yuzimni artdim.
– Yolg‘izlikdan qiynalayotganingiz meni tashvishga solayotgani uchundir, ehtimol. – uning javobini kutmay davom etdim. U qarshimda mungli, xarob, ruhan yolg‘izu siniq ahvolda turardi. Men Makondoni, uning telbanamo odamlariyu savdoyi qiliqlarini esladim. To‘yu ma’rakalarda, bayramlarda xuddi kul sepganday, pulni ayamay sochib, ma’nosiz zavqlanishlari esimga tushdi, bu bema’ni odatlardan nafratlanardim, bularning bari nafsni qondirishdan bo‘lak narsa emas. Bundan nafratlanar, bu botqoqqa botib, g‘arqu oson bo‘lmaslikka tirishardim. Shu tobda uning hayoti ko‘zimga ana shu pullar kabi behuda sovurilayotganday, mabodo yana shunday davom etaversa, uning tanasi ham mana shu yolg‘izlikda chirib ketishini hozirdan his qildim.
– Doktor, uylanish haqida hech o‘ylamaganmisiz? – deb so‘rovdim hamki, u xuddi shu savolni kutib turgan odamday handahan:
– Qizingizni joningizdan ortiq suyasiz-a, polkovnik? – savolga-savol bilan murojaat qildi u.
Tabiiyki, men hamma otalar kabi unga shamolni ham ravo ko‘rmasligimni aytdim. U davom etardi:
– Tabiiy. Biroq siz boshqacha odamsiz. Bu uyni o‘z qo‘lingiz ila qurganingiz uchunam, boshqalardan farqli o‘laroq, undagi har bitta mix siz uchun qadrli. Men o‘zingiz eshik derazalarni to‘g‘rilab yurganingizni ko‘raman, zotan bir og‘iz so‘zingiz kifoya, uyda bu ishni qilishga qodir odam yetarlicha, ularga ishonmaganingizdan emas, balki bu o‘zingizga yoqqanidan yumushlarni qilishdan erinmasligingizni tushunaman. Men uchun baxt bu biror ish bilan mashg‘ul bo‘lmoq, ya’ni “Dilba yoru, dast ba kor” deydiganlardansiz. Uyingizda biror ishkal chiqarib, sizga yumush topib beradigan odamdan minnatdor bo‘lasiz, polkovnik.
– Tarki odat amri mahol, – dedim uning nima haqida so‘zlamoqchi bo‘layotganini tushunganday, – sut bilan kirgan jon bilan chiqar, aytishlaricha, onam bir joyda bekor o‘tirolmaydigan ayol bo‘lgan ekan.
U boshini qimirlatib, gapim ma’qul kelganligini bildirdi. Biroq u o‘z fikrini, bafurja tinchlik-xotirjamlik bilan singdirishga urinardi.
– Bekorchidan Xudo bezor, – dedi u. – Havas qilsa arziydigan odat. Boz ustiga haqiqiy baxt, agar u bu hayotda bor bo‘lsa, ana shunda deb bilaman. Shuning uchun sizda shunday uy va shunday qiz bor.
Men bu bilan u nimaga shama qilayotganidan bexabar edim. Lekin tushunmasam ham so‘radim:
– O‘zingizchi, doktor, siz ham menikiga o‘xshagan qiz o‘stirishingiz mumkin?
– Menmi … yo‘q, polkovnik, – dedi u kulib, biroq o‘sha daqiqaning o‘zida jiddiy tortdi. – Mening bolalarim aslo siznikidek bo‘lmaydi.
Uning samimiy so‘zlayotganiga zarracha shubha qilmadim, biroq bu jiddiy vaziyat meni dahshatga sola boshlagandi. “U achinishdan boshqasiga loyiq emas. Chindan bu odamni ham himoya qilish kerak”, – deya o‘ylardim.
– Doktor, O‘r haqida eshitganmisiz hech?
U bosh chayqadi.
– O‘r bu – kelgindi ruhoniy. Uning Ruhoniyligi bir tomonu hammaga el, chin insoniyligi bir tomon. Sizni u bilan tanishtirib qo‘yishim kerak. – dedim.
– Ha ha, mayli – kutilmaganda muhim gap yodiga tushganday shoshilib so‘zladi u. – Gapingizning ma’nisiga ko‘ra, ruhoniy bo‘la turib, bolalari bor desangiz?
– Hozir meni bu o‘ylantirmayapti, – javob qildim men. – Odamlar uni yaxshi ko‘rishadi, bilasizmi, nega u o‘zi haqida bo‘lgan-bo‘lmagan gaplarni bichib-to‘qishlariga indamaydi. Mana, sizga tirik misol, doktor. O‘r munofiq ham emas, avliyo ham. U chin erkak, rasamadiga ko‘ra, erkak kishi qanday yo‘l tutishi mumkin bo‘lsa, xuddi shunday vazifasini sidqidil ado etayotgan haqiqiy erkak.
U meni diqqat bilan xotirjam tinglardi. Uning sariq itko‘zlari ko‘zimga tik boqib turardi.
– Bu yaxshi, – dedi u.
– O‘ylaymanki, O‘r bora-bora avliyoga aylansa kerak. – samimiy so‘zlashda davom etdim. – Makondomizda hali hech kim hech qachon bunaqasini ko‘rmagandi. Dastlab, biz unga ishondik, zotan u o‘zimiznikiga aylangandi, chollar uning bolalarga qo‘shilib, qushlarni ovlagani borib, shataloq otib yurgan kezlarini hamon eslaydilar. Urush vaqtida u mardonavor jang qilgan va u polkovnik darajasiga yetishgan. Urush faxriysining qo‘li qon, deya qadrlamaydilar, biroq ruhoniyning el orasida hurmati bor. Boz ustiga biz injil o‘rniga “Bristol asarlar to‘plami”ni o‘qib berishlariga ko‘nikdik.
U jilmaydi. Aftidan bu hikoya unga ham ilk kunlarda bizga zavqliyu kulgili tuyulgani kabi tuyulmoqda edi.
– Qiziq, – dedi u.
– O‘r shunaqa. U odamlarni boricha qabul qiladi. G‘alayonlarga o‘z ilmiy qarashlari bor. U ular haqida har bozor kuni so‘zlab beradi. Shu sabab uning va’zlari Injildagi matnlarga emas, balki “Bristol asarlar to‘plami”ga asoslangan.
U kulib, hamma gaplarimni zavqlanib tingladi. Menam ancha jonlanib qoldim.
– Biroq bir gap bor, doktor, – dedim men. – O‘rning qachon Makondoga kelgani sizga ma’lummi?
U bosh chayqab qo‘ydi.
– Tasodifni qarangki, u ham siz Makondoga kirib kelgan kunda paydo bo‘lgandi. Eng qizig‘i, mabodo katta akangiz dunyoda bor bo‘lsa, garov o‘ynashim mumkinki, u xuddi O‘rning o‘zginasiga o‘xshardi. Tashqi ko‘rinishini nazarda tutyapman.
Hamsuhbatim endi boshqa narsa haqida o‘ylashi mumkin emasdi. Uning suvga tushgan bo‘lka nonday bo‘shashib, yumshab qolganidan niyatimni ochiq bildiradigan vaqt yetganini angladim.
– Xullas, doktor, – dedim men. O‘rning yoniga boring va dunyo siz o‘ylayotganingiz hamda sizga ko‘rinayotgani kabi xarob emasligini anglaysiz.
U ortiqcha tixirlik qilmay, ruhoniy ila ko‘rishishga mayl bildirdi.
9
Xona eshigiga osilgan qulf qandaydir fayzsiz, hay-hay, demasa yutib yuboraman, deydigan darajada sovuq edi. Adelaida uni doktor Meme bilan birga yashayotganini bilgan kuni osib qo‘ydi. Men uning biznikida turishiga izn bergan kunimdan boshlab, xotinim uni uydan haydab chiqarishga sabotu matonat ila tinimsiz kurash olib borgani va u ko‘chib chiqqan kunni g‘alaba onlarining tantanasiga yoydi. Oradan o‘n yetti yil o‘tdi hamki, o‘sha qulf hali hamon o‘sha xonani qo‘riqlaydi.
Basharti mening sakkiz yil davomida o‘zgarmagan qarorim odamlarga va yaratganga xush kelmagan ekan, buning uchun beriladigan jazoni paymonam to‘lishidan ancha burun tortdim. Hayotligimda odamgarchilik hamda iymondan deb bilganlarim gunoh bo‘lsa, aftidan buning badalini to‘lash manglayimga bitilgan ekan. Qulf zanglamasidan oldin ostonada qo‘lida men haqiqiyligini to‘la aniqlashga ulgurmagan bir to‘da loyihalar ila paydo bo‘lgan Martin yakkayu yagona qizimga uylanish niyatida edi. U biznikiga to‘rt tugmali kamzulida atrofdagilarni hayratlantirib, g‘ayrati jo‘sh urgan yosh burgut misoli kirib keldi. Bundan o‘n bir yil ilgari u Isabelga uylandi. U men majburiyatlarini bo‘ynimga olib, imzolagan hujjatlarni portfelga solib, boyligim ila ta’minlanadigan bitimni tasdiqlashi bilan ortga qaytishga va’da bergan kundan to‘qqiz yil o‘tib ketdi. To‘qqiz yil o‘tgan bo‘lsa hamki, uning ishonchimga kirib, ko‘zlarimni shamg‘alat qilib, niyatiga erishgan qallob deya o‘ylashga haqqim yo‘q.
Sakkiz yillik tajriba havoga uchdi-ya. Agar Adelaida qarshilik qilmaganida o‘sha xonani Martin egallagan bo‘lardi. U bu safar qaysarlik ila qarshilik ko‘rsatdi. Bu masalada xotinim bilan tortishish befoydaligini angladim, u o‘lsa-o‘ladiki, kerak bo‘lsa kelin-kuyovlarni sayisxonaga joylashtirishi mumkinki, faqat o‘sha xonaga emas. Bu safar bu ishning mohiyatini aniq-taniq ko‘rib turardim. Shu bilan birga men sakkiz yil mobaynida kechikkan g‘alabani tan olmoqlikka majbur edim. Martinga ishonib, ikkimiz ham adashdik, bu umumiy xatoga kiradi, bunda hech kim g‘olib ham, mag‘lub ham emas. Biroq peshonaga bitilganidan qochib qutulib bo‘lmagay, “Almanax”larda yozilgani kabi tashqi ta’sirlar, borliq voqea-hodisalar o‘z vaqtida, kerak paytda biz istasak ham, istamasak ham bari bir paydo bo‘laveradi.
Memega hayot yo‘lini tanlab, o‘ziga zarur bilganini qilishi mumkinligini, buning uchun uyimizniyam tark etishiga qarshi emasligimni bildirganimda, Adelaida meni ko‘ngli bo‘shlikda va bo‘shanglikda aybladi (men doim shunday qilardim) men aytganimdan qolmay, so‘zimni o‘tkazishga, ishlarimni xohishimcha bajarishga intilardim. Voqealar chappasiga aylanayotganidan ichimdan zil ketsa-da, ojizligimni sezdirmasdim. Ba’zan o‘z uyimda go‘yo men emas, qandaydir sirli kuch hukmronlik qilar, u hayotimizni shunday yo‘lga to‘g‘rilab qo‘yardiki, go‘yo uning qo‘lida ojiz o‘yinchoqqa o‘xshab ko‘rinardim. Bari tabiiy, navbatma-navbat xuddi shunday bo‘lishi kerakday davom etardi.
Hayal o‘tmay, Meme may do‘kon ochdi (aslida bu meni u qadar ham hayron qoldirgani ham yo‘q, chunki sajiyasiga bekorchilik yot ayol, haddan tashqari injiq mahalliy doktorning o‘ynashi oxir-oqibat may do‘kon ochishi tabiiy edi). Men tushundimki, u biznikida yashagan davrda vaqtini havoga sovurmagan ekan, qog‘oz pullarini ko‘paytirib, hatto kutilganidan ham ortiqroq boylik yig‘a olganiga aqlim yetdi, kerakli mablag‘ni to‘plagunicha ularga qo‘l uchini ham tekkizmagan.
Meme do‘kon ochib, u bilan birga yashayotganiga qaramay, ayolga to‘la ishonch bildirmagan. Biror marta bo‘lsa hamki, uni ko‘zdan qochirmasdan, do‘kon ortida xuddi yov istehkomni qamal qilgan yog‘iydan ayolning xatti-harakatlarini kuzatardi. U tashqaridan biror nima sotib olmasdi, uyida tomorqasida yetishtirilgan sabzavotlar ila oziqlanardi, dastlabki oylarda Meme o‘zi uchun go‘sht xarid qilardi, bir yil o‘tib, u bu odatidan voz kechdi, balki, bu odam bilan yaqin aloqalar uniyam oxir-oqibat vegetarianga aylantirgandir, ehtimol. Ular o‘z olamlarida o‘ralashib, xuddi shunday yashayotgandilar, to boshqarmadagilar Memening tanasini izlab, tomorqani ag‘dar-to‘ntar qilishmagunga qadar.
U to‘rbelanchagida tebranganicha yolg‘izligi bilan qo‘shmazor bo‘lib, o‘z yog‘ida o‘zi qovurilib yotgandir, deb o‘ylashgandi. Hali hech kimning tiriklar dunyosiga qaytishi yetti uxlab tushiga kirmagan mahal, bu yakdillikda u o‘limidan avval ichki botiniy dunyosida Xudoga bo‘lgan ishonchi ustun kelib, yuqori cho‘qqiga yetishini bilardim. Ertami kechmi, u baribir bu surgundan ozodlikka, zulmatdan yaxdilikka chiqishi tayin, biroq yarim hayotini Xudosiz o‘tkazgan odamni qamchinu qayish bilan ham, yo ko‘ziga qo‘rg‘oshin quyish, yoki tilini kesib, tuz bosish, yo bo‘lmasam, otashga kuydirish kabi zo‘rlovlar ham birinchi uchraganga dardini doston qilgani majbur etolmagan, hattoki muhabbat alangasi ham bunda o‘z ta’sirini o‘tkazolmagan bo‘lardi. Taassufki, o‘limidan biroz oldinroq ko‘zlari ochildi.
Bu vaqt bir kunmas bir kun yetib kelajagini Memenining tobi qochib qolgan kuni, undan xonasiga iltimos bilan kirganimdayoq bilganman. Ularning munosabati chuqurlashmasidan avvalroq bilganimda, ikkisining nikohsiz yashashiga ko‘nmagan bo‘larmidim? Shunday bo‘lishi tayin edi. Taqdirlar kitobida yangi bob ochilganining fahmiga borganimda, bu ishimga munkir kelgan bo‘lardim.
U belanchakda emas, balki to‘shakda yorug‘lik qayerdan ko‘p tushayotgan bo‘lsa, shu yerga qarab yotardi. Xonasida elektr lampasi bo‘lsa ham u undan sira foydalanmas, shamlar bilan kifoyalanib qo‘ya qolardi. U nim qorong‘i xonaga ko‘zlarini o‘rgatib, yolg‘iz ukkiday o‘tirardi. Men ichkariga kirganimda joyidan qo‘zg‘olmadi, biroq ichkariga qadam qo‘yganimda, u xonada yakka emasligini sezdi. O‘shanda men:
– Doktor, agar sizga malol kelmasa, mazasi qochgan hindu qizimizni ko‘rib qo‘ysangiz, devdim.
U o‘rnidan yugurib turdiyu karavotiga tikka o‘tirib oldi. Bir necha muddat burun u xonaga kirganimda kimdir ichkarilaganini sezdi-yu, biroq bu boshqa birov emas, aynan menligimga aqli keyin yetdi. Aftidan bu taassurotlar mutlaqo har xil edi, chunki u qiyofasini darhol o‘zgartirdi, sochlarini to‘g‘rilab, o‘rnidan qo‘zg‘almay qarab turardi.
– Adelaidaning aytishicha, uni ko‘rib qo‘ymasangiz bo‘lmaydiganga o‘xshayapti.
U joyidan qimir etmadi ham, hayvonga xos cho‘ziq va yoqimsiz manqa tovushi bilan:
– Bunga hojat yo‘q. Gap shundaki, u homilador. – dedi va keyin o‘rnidan turiboq yuzimga tik boqib, so‘zlashda davom etdi. – Meme ancha yillardan beri men bilan birga yotadi.
To‘g‘risini aytmog‘im kerakki, bundan hayratga tushmadim. Men bundan uyalmadim ham, hatto miyamda bari ayqash-uyqash ham bo‘lgan emas, boz ustiga negadir jahlim ham chiqmadi, faqat uning oshkora tan olishi haddan ortiq beadablik va bu barcha chegaralardan o‘tib tushganday tuyulgani uchun g‘azabimni qo‘zg‘atgandir. Men negadir hissiz edim, boisini o‘zimam bilmayman. Men joyimda qotib turardim, butun tanam harakatsiz uning kavshanadigan hayvonikiday cho‘ziq va yoqimsiz tovushidan joyimda tosh qotgandim. Oraga uzoq sukunat cho‘kkan, u birinchi qadamni qo‘yishimni kutar va hamon to‘shagida qimir etmay o‘tirardi, bu jimlikdan uning nima demoqchiligini anglardim. Biroq uyalishga kech edi.
– Vaziyatni tushunib to‘g‘ri baholayapsiz, deya umid qilaman, doktor. –Shundan boshqa tayinli bir gap aytmoqlikka ojiz edim.
– Odamzod – ongli mavjudot. U yetti o‘ylab bir kesishi kerak, demoqchisiz-a, polkovnik? Tavakkal qilayotgan paytdayoq barini oldindan biladi. O‘yindan o‘t chiqdimi, demak barining jilovi qo‘ldan chiqqan.
Bu kinoyalar tanish edi. Ammo bu bilan niyatini anglay olmasdim. Odatda u shunday sirli so‘zlardiki, bu jumboqda kalavaning uchini topmoqligu asl maqsadini anglamoqlik mushkul edi. Kursini surib, qarshisiga cho‘kdim. U o‘rnidan turib, shimining kamarini o‘tqazib, to‘g‘rilab oldi. Keyin tag‘in hech nima bo‘lmaganday davom etdi:
– Men ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ygandim, chunki u ikkinchi marta ikkiqat bo‘lyapti. Birinchi marta bir yarim yil avval edi. Biroq hech kim undagi o‘zgarishni sezgan emas.
U ortiqcha his-tuyg‘ularga berilmay so‘zlar, shu tobda odam emas, eshakdan farqi yo‘q edi, so‘zlari sovuqdan sovuq edi. O‘rnidan turib, xona bo‘ylab yurarkan, qorong‘ida qadam tovushlarini eshitib turadim.
– Birinchi marta u hamma narsaga rozi edi. Hozir esa aqlini tanigan. Ikki oy oldin tag‘in bo‘yida bo‘lib qolganini aytganida, men unga kechqurun kelsa, birinchi safargi doridan berishimni aytgandim. U bugun emas, erta devdi. Oshxonaga qahva ichgani kiriboq, bu haqda eslatgandim, kelmasligini aytib qoldi.
U tag‘in to‘shagiga yaqin keldi, biroq o‘tirmadi, ko‘zimga tik boqishga yuzi chidamaganidanmi, ortimda u xona bo‘ylab, tinmay yurgani-yurgan edi. Uning so‘zlarini tinglab turardim, xayolimda go‘yoki belanchakda tebranib so‘ylayotganga o‘xshardi. Bu nuqtda hayajon begona, ishonch singib ketgandi. Gapini bo‘lish bema’nilik. Shu vaj men faqat tingladim.
– Baribir ikki kun o‘tib u keldi, – dedi u. Men hammasini hozirlagandim. Unga o‘tirib turishni buyurdim, o‘zim esa idish olib kelishga bordim. Biroq “Ich” deganimda u bosh tortdi va tushundimki, bu safar uni bu ishga ko‘ndirib bo‘lmagay. U menga tik boqib: “Men ichmayman, bunisini o‘ldirmayman…” dedi
Bir doktorning doktor bo‘la turib, odamlar hayotini saqlab qolish o‘rniga, dunyoga kelmagan go‘dakning umr shamchirog‘ini so‘ndirishga jazm qilgani – ulkan shafqatsizlik bo‘lib tuyuldi va jahlimni chiqarib yubordi. Axiyri, o‘zimni tutib turolmadim:
– Doktor, bolaning uvoli tutishidan qo‘rqmaysizmi? Sizning…. bu … ishingiz… hayvon bu qadar vahshiy bo‘lmaydi-yov. Axir, bu jinoyat-ku, siz ikki karra jinoyatga qo‘l urgansiz… va mening uyimda… farzandimday aziz qizni yo‘ldan urish… boz ustiga uni homilani tushirishga majburlash… bu vahshiylik… Tirnoqqa zor bo‘lasiz, bu harakatingizni hech nima oqlamaydi.
– Men axir qo‘limdan kelganini qildim, polkovnik. Boshqasiga ilojsizman. Buning fahmiga borishim bilan sizga uchrashdim va shu kunlarda gaplashmoqqa shaylangandim.
– Hozirgi vaziyatni yumshatuvchi boshqa yo‘llar ham bor, niyat xolis bo‘lsa, manzil bir qadam, doktor. Uyimizdagi qonun-qoidalardan xabaringiz bor, oshing halol bo‘lsa ko‘chada ye, deganlar, – dedim sekin yotig‘i bilan tushuntirarkanman.
– Sizga tashvish tug‘dirishni istamayman, polkovnik, ishoning. Hindu qizni o‘zim bilan muyulishdagi uyga olib ketaman. Baribir u bo‘sh yotibdi.
– Odamlar ko‘z o‘ngida nikohsiz yashash, doktor, – qonim qaynadi – Taqvodor qishloq ahli oldida ochiq-oydin bunday ish qilish aslida nima ekanini bilasizmi?
U qarshimda o‘tirishga qaror qildi, shekilli, qo‘llarini tizzalariga tiraganicha ko‘zini lo‘q qilib, nigohini menga tikdi. Uning ovoz ohangi sovuq edi, faqat biroz o‘zgarib, darg‘azabligi sezilardi.
– Polkovnik, sizga ma’qul va noqulaylik tug‘dirmaydigan yagona yo‘lni aytayapman, boshqa yo‘lu manzilni, chorayu usulni bilmayman, shunda ham sizni o‘yladim. Aks holda bola meniki emas, deya munkir kelaman.
– Meme bola siznikiligini aytadi, – menam bo‘sh kelmadim. Uning gaplashish ohanggi meni shunga majbur qildi.
Biroq u hamma-hammasini yig‘ishtirib, qat’iy va shafqatsiz javob qildi:
– Polkovnik, xotiringiz jam bo‘lsin. Meme o‘lsa-o‘ladiki, bu gapni aytmaydi. Shunday ekan, yagona yo‘li men ko‘ch-ko‘ronimni yig‘ishtiraman, ertagayoq muyulishdagi uyga ko‘chib, Memeni o‘zim bilan birga olib ketamanu, sizni tashvishdan qutqaraman! Istamasangiz, marhamat katta ko‘cha, polkovnik.
Meme bolaning otasi u ekanini aytolmasligini ro‘kach qilgan doktorning so‘zlari meni chindan ham boshi berk ko‘chaga olib kirdi. Bu ishonch ostida chuqur asos bordek ko‘rindi.
– Bu qanaqasi, doktor, bunday ohangda so‘zlashishga haqqingiz yo‘q, biz Memega o‘z qizimizga ishongandek ishonamiz va iymoningiz komil bo‘lsinki, qizimizni aslo yolg‘izlatib qo‘ymaymiz.
– Siz men bilgan narsalarni bilganingizda edi, doktor, bunday demasdingiz. Qo‘polligim uchun kechiring, biroq qandaydir hinduni o‘z qizingiz bilan qiyoslab uni haqorat qilyapsiz.
– Sizda bunday so‘zlashga hech qanday asos yo‘q.
Lekin u alam va qat’iy ishonch bilan so‘zladi:
– Yo‘q bor. U bolaning otasi aynan men ekanimni aytolmasligiga yetarlicha asos bor, buni o‘ziyam biladi.– U boshini egdi va chuqur tin oldi. – Kechqurunlari Meme uydan chiqib qayerlarga borishini bilganingizda edi, mendan hatto uni birga olib ket degani yuzingiz chidamagan bo‘lardi. Hozirgi vaziyatda barcha og‘irlik mening bo‘ynimda, polkovnik. Bola uyingizda tug‘ilguday bo‘lsa, keyin ko‘rasiz tomoshani, sizni tashvishdan qutqazmoqchiman, xolos.
Shunda men u Meme bilan cherkovning yaqinigayam yo‘lamasligini tushundim. Hammasidan oxirgi gaplarni eshitish og‘ir bo‘ldi, bir hisobda u haq edi, agar bola mening uyimda otasiz tug‘ilsa, bu qishloqda qanday bosh ko‘tarib yuraman. Uning qo‘lida zo‘r qartalari bor. Bu safar ularning atigi bittasi ham mening vijdonimni mahv etishga qodir edi.
– Mayli, siz aytgancha bo‘la qolsin, doktor, – tilga kirdim axiri taslim bo‘lib, sulh shartlarini qabul qilmoqlikka ko‘narkanman. – Bugunoq muyulishdagi uyni ko‘chib chiqishingizga hozirlashlarining harakatini qilaman. Lekin shuni bilib qo‘ying, boshqa bu uyda qorangizni ham ko‘rishni istamayman. Ishonchimu sizga bo‘lgan hurmatimning barini poymol qildingiz, tuzimni yeb, tuzlig‘imga tupurdingiz. Polkovnik Aureliano Buendia bularning baridan boxabar bo‘lganida edi, bu qilmishlaringiz badalini burningizdan tortib chiqargan bo‘lardiku-ya, yo rab, bu zamonda o‘zi birovga ishonib bo‘larmikin?! Nachora, boshga tushganni ko‘z ko‘radi.
Men bu so‘zlarimdan jahli chiqib yoqalashar, deya kutdim, titrab qaqshab, alamimdan nima qilarimni bilmayman, zotan o‘zim mushtlashib barining xumoridan chiqmoqchi edim, biroq u shunday so‘zladiki, men vijdon azobida qoldim.
– Ko‘pni ko‘rgan, tushungan odamsiz, polkovnik. – dedi u. – Siznikida uzoq qoldim, sizga tirik tovonga aylanib qolganimni bilaman, mehmondorchilik keragidan ortiq cho‘zildiyu mehmon izzati tugadi, biroq buni yuzimga solish shart emasdi.
Doktor shu gapni aytib, o‘rnidan turganida, g‘olibligini tan olmay ilojim yo‘q edi. Uning yuzida sakkiz yillik mehmondorchilik uchun chuqur minnatdorchilik bildira olganidan qoniqish hissi aks etgandi. Aksincha, o‘sha tun o‘sha vaziyatda yuzi qora men bo‘lib qoluvdim. Uning sariq ko‘zlariga boqishdan uyalaman, shuncha yil qilgan-qilmaganimni bir tiyin qilib, minnat qilganimdan uyalib ketdim, qaniydi yer yorilsayu kirib ketsam, deb ko‘zlarimni yashirgani joy topolmayman, meni nima jin urdi hayronman. Endi mana shu gunohimni deb, umrimning oxiriga qadar vijdon azobiga giriftorman. U ko‘nglida zarracha g‘arazli niyat keltirmasidan:
– Ha, aytgancha, Memeni spirt bilan yaxshilab artib qo‘yinglar, biroq og‘riq qoldiruvchi dori bermaganingiz ma’qul, – dedi.
10
Buvam onamning oldiga bordi. Bechoraning ko‘rnishidan holdan toygani shundoq sezilardi. Kursida faqat ko‘ylagu shlyapa, ichida oyimning bor-yo‘qligi aslo bilinmaydi. Buvam uning joyida qimir etmay turganidan tashvishlanib, “Uyg‘on, qizaloq”, – dedi ko‘zi oldidan hassasini aylantirarkan. Oyim ko‘zlarini pirpiratdi, qayerlardadir uchib yurgan ruhi tanasiga qayta kirganday bo‘ldi. “Nima haqida o‘ylayapsan?” – so‘radi bobom. Oyim o‘lganning kunidan jilmayib: “O‘r haqida”, deya javob qildi.
Buvam uning yoniga cho‘kdi. Hassasiga ikki qo‘lini qo‘yib, so‘ng iyagiga tiradi. “Tasodifni qara, men ham ayni o‘sha haqda o‘ylayotgandim!”
Ularga bu so‘zlarning ma’nisi tushunarli edi. Ota-bola bir-birlariga qarab gurunglashardilar. Oyim bugun boshqacha, hassasiga suyangan buvam ham o‘ychan. Ular xuddi Abram ikkimiz Lukretsiyaning yoniga ahil-inoq bo‘lib borganimizday bir-birlariga shunday yaqin.
Men Abramga “Tik-tak”, deya ishora qilaman. Abram, odatdagiday, kaminadan uch qadam oldinda borardi. U ortiga o‘girilmay:
– Hali erta, sal kechroq, – deya javob berdi.
– Hozir ayni vaqti, boraylik, bo‘yin tovlama!
Abram yuzimga qaramay, ahmoqlarga o‘xshab kuladi, ovozi xuddi quvurdan otilayotgan suv tovushiga o‘xshaydi. Quvurdan tag‘in sas keladi:
– Soat beshlarda, maylimi? Bir necha qadam yugurib, qo‘shib qo‘yadi. –Agar biz hozir ketsak, uydagilar xavotirdan yorilib o‘lishadi.
– Besh nihoyatda kech, borgunimizcha vaqt o‘tgan bo‘ladi. Hayit o‘tgandan keyin, bording nimayu bormading nima. – Ikki oyog‘imni bir etikka tiqib olaman men.
Abram tang ahvolda qoldi, ko‘ngli bo‘sh bola-da, ra’yimni qaytarishga beti chidamaydi.
– Mayli, unda ketdik, – yugurishga tushib ketdi u.
Lukretsiyani ko‘rish uchun daraxtlari qalin shox-shabbali besh ko‘chadan va ariqchalardan kechish kerak. Ovoz chiqarmay, yashil echkiemalardan manzum to‘sin orqali o‘tiladi. Abram yorqin quyosh nurlari ostida o‘qday uchib borayapti, uning ortidan esa itlar galasi qolmaydi. Keyin u to‘xtaydi. Uning qarshisida esa deraza. Biz “Lekretsiya”, deya qizni uyg‘otib yuborishga cho‘chiganday, sekin shivirlab chaqiramiz. Biroq u uyg‘oq, uxlamay o‘z to‘shagida oyoqyalang to‘pig‘igacha yopib olgan ohori to‘kilmagan ko‘ylakda o‘tirardi.
Shivirlagan tovushimizni eshitgan Lukretsiya ko‘zlarini ko‘tarib, xonaga ko‘z yugurtiradi, yapaloqqushniki kabi katta ko‘zlarini derazaga qadab, bizga lo‘q qilib qarab turibdi. Uning og‘zi ochilib, mitti tishlari ko‘rindi… Boshi aylana, sochi o‘g‘il bolalarnikiday taqir qilib olingan. U o‘rtaga chiqib, kulishdan to‘xtadi va egilib eshikka qaradi. Qizning qo‘llari to‘pig‘iga tegdiyu ko‘ylagining etagi sekin-asta yuqoriga ko‘tarilaverdi. Abram bilan derazadan ko‘z uzmaymiz. U tez-tez nafas olar, chanqagan odamday quruqshagan lablarini yalab qo‘yar, qadalib qolgan katta ko‘zlari esa yonardi. Uning oppoq marmarday yaltirayotgan qorni va undan yuqorisini ham ko‘ramiz. Lukretsiya yuzini ko‘ylagi bilan yopib, qarshimizda tik turib, oyog‘ini polga shu qadar qattiq tirab olardiki, natijada oyog‘ining uchigacha titrab turgani seziladi. Kutilmaganda u ko‘ylagini yechib, chaqinday chaqnab turgan ko‘zlarini o‘ynatganicha, ko‘rsatkich barmog‘ini cho‘zib shundayin baqirdiki, ovozi butun uyni tutib ketdi. Eshik ochilib, ichkaridan ayol yugurib chiqib keldi va: “Hey, ona suti og‘zidan ketmagan, zumrashalar, qani tez tuyoqlaringni shiqillatib qollaring-chi, bo‘lmasa, onangga aytib beraman!”
Biz anchadan buyon Lukretsiyani ko‘rgani bormabmiz. Bugun dalalar oralab daryo bo‘yiga o‘tamiz. Agar bular bari erta tugasa, Abram meni kutib turadi. Biroq buvam joyidan qo‘zg‘alay demaydi. U hassasiga iyagini tirab, onamning yonida haykalday tosh qotgan. Men undan ko‘z uzmay turibman, balki u mening nigohimni sezayotgandir va chuqur xo‘rsinib, g‘amgin ovozi bilan: “O‘r barini xipchin bilan savalab bo‘lsa-da, dafn marosimiga olib kelardiku-ya”, – dedi.
Shundan so‘ng u o‘rnidan turib, tag‘in tobutga yaqinlashdi.
Bu xonada ikkinchi marta bo‘lishim. O‘n yil burun qanday bo‘lsa, xuddi shundayligicha turibdi. U o‘n yil avval hayotiga qo‘l silkib, Meme bilan shu uyga ko‘chib o‘tganidan beri, hech narsaga qo‘lining uchini tekkizmagan ko‘rinadi. Gazetalar o‘sha joyida turar, stol ustidagi buyumlar siljimagan. Odam qo‘li unga tegmasa, o‘zi oyoq chiqarib yurib ketolmaydi-ku. Xuddi kechagina O‘r ikkovlon hukumat va bu odam o‘rtasida sulh tuzib, tinchlik o‘rnatgani elchi bo‘lib kelgandaymiz.
O‘sha kunga qadar banan kompaniyasi qishloqqa ergashtirib kelgan ifloslar bizni siqib suvimizni chiqardi. 1915 yilda gullayotgan Makondo salqitlarigacha kuyib kulga aylandiyu har tomonga sochilib ketdi. Sahroga o‘xshab sarg‘ayib qolgan qishloqdagi pana-pastqam uylarda rohat-farog‘at baxsh etgan o‘tmish xotiralaridan kecholmay, bugunning xosiyatsizligidan azoblanayotgan alamzada xalq bor. Kelajakda esa zulmatga cho‘mgan dahshatli saylov tunidan bo‘lak hech nima kutib turmasdi, yorug‘ kundan darak yo‘q.
Bir kun tunda o‘sha xosiyatsiz kechadan olti oy burun kimdir tuhmat toshlari yog‘dirilgan haqoratnomani shu uy eshigiga yopishtirib ketibdi. Uzoq vaqt – to so‘nggi fevral shamollari qora harflarni yuvib, qog‘ozini yirtib yubormagunigacha – u bilan hech kim qiziqmagandi. 1918 yilda saylovlarning yaqinlashuvi hukumatdan saylovchilarni o‘z ta’sirida tutib turish kerakligini talab qilardi, kimdir yangi hukumatga qishloqda tarki dunyo qilgan zohid yashashini, uning o‘ligiyam-tirigiyam ma’lum emas, mabodo o‘lgan bo‘lsa, vafotini tasdiqlash kerakligini shipshipdi. Ustiga-ustak hukumatdagilarga u bilan burun birga yashagan hindu ayol vino do‘konini ochganiniyu u o‘sha paytlarda Makondoda gullab-yashnaganini ham yashirib o‘tirmabdi. Biroq bir kuni (hech kim o‘sha sanayu yilni aniq eslolmaydi) do‘kon ochilmabdi. Odamlar Meme hali hamon doktor bilan birga avvalgiday tarki dunyo qilib, tomorqada o‘stirilgan sabzavotu mevalarni yeb kun ko‘rishadi, deya xiyol qilib yurishardi. Biroq muyulishdagi haqoratnomada doktor ma’shuqasini qishloq ahli ayoli orqali uni zaharlab qo‘ymasliklaridan qo‘rqqanidan vahshiylarcha o‘ldirib, tomorqasiga ko‘mgani yozilgandi. Biroq o‘sha paytlarda hech kimda doktorni oshkora ayblashga jo‘yali asos yo‘q edi. Menimcha, hukumat ishonchli odamlardan iborat qo‘riqlash xizmatiyu politsiyani birlashtirmaguniga qadar bu hech kimning yetti uxlab tushiga kirmagan. Buni qarangki, haqoratnoma bilan bog‘liq eski hikoyani avvaldan o‘ylab, birdan Memening murdasini topish ilinjida butun tomorqayu tashlandiq, ko‘zdan pana joylarni kovlab tashlashdi. Biroq hech nima topisholmadi.
Aks holda doktorni uyidan sudrab chiqishgan, turgan gapki, maydon o‘rtasida hukumat sharafiga yana bir qurbonlik keltirilgan bo‘lur edilar. Bu ishga O‘r aralashdi. U doktordan jo‘yali javob olishiga shubha qilmay, menikiga kelib, birga borishni taklif qildi.
Biz uyning orqa eshigidan kirdik, to‘rbelanchakda cho‘zilib, aftodahol yotgan odamga, to‘g‘rirog‘i, undan qolgan salqitga ko‘zim tushdi. Dunyoda bundan dahshatliroq narsa bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, kimligiyu zoti noma’lum kelgindining xonadagi buyumlarga qo‘shilib, chang bosib yotgani vahimaga solardi. Uning sochlari oppoq qorday oqargan ochiq qolgan sarg‘ish ko‘zlarida uyimizda yashab yurgan davrlaridagi kabi hali hamon yengilmagan kuch uqubati zohir edi. Hozir unga qo‘l tekkizsam, ko‘zimga somonga o‘xshab titilib ketadiganday tuyuldi. Uning mo‘ylovi kaltalangan, qaychi yordamida siyraklashgan jun ostidan iyagi ko‘zga tashlanardi. Bir nuqtaga qadalgan ochiq ko‘zlaridan uni hali oyog‘idan joni chiqib ulgurmagan chalajon odamga o‘xshatdim.
Kutilmaganda u tilga kirdi, ovozi ilk marta xonadonimizga tashrif buyurganidagi kabi yovvoyi, cho‘ziq va manqa chiqdi. U boshqa aytar gapi yo‘qligini bildirdi. Tushunishimcha, u bizni politsiya uyiga so‘roqsizu ruxsatsiz kirib, bog‘ni ag‘dar-to‘ntar qilganidan boxabar deb o‘ylayotgandi. Biroq bu inkor emas, balki g‘amga botgan, xo‘rlangan odam iqroriyu shikoyati edi.
Meme qayerda, degan savolga izohi, bolalar o‘ylab topgan cho‘pchakka o‘xshar, biroq u ishonchli ohangda gapirdi. Meme ketdi, tamom vassalom. U do‘konni yopganidan keyin bu uydan butkul ko‘ngli qolibdi. Meme hech kim bilan bordi-keldi qilmasdi, to‘g‘rirog‘i tashqi olamdan u kabi uzilib qolgandi. Bir mahal qarasa, u lash-lushlarini yig‘ishtirib, tugunlayotganini ko‘ribdi-yu, biroq bir og‘iz “yo‘l bo‘lsin” demabdiyam. Hindu xotin ham indamay, baland poshnali poyabzalda qo‘liga bo‘xchasini tugib, egniga ohori to‘kilmagan kiyimlarini kiyib, xayr-xo‘shlashmasdan eshik tomon yo‘naldi. “Men o‘rnimdan turdim-u, – dedi u. – qutidagi qolgan-qutgan pullarni olib qo‘liga tutqazdim”.
Men undan “Bunga qancha bo‘ldi, doktor?” deb so‘radim.
“Sochlarimga qarab bilavering. Chunki oxirgi marta u sochlarimni kaltalagandi”.
O‘r mehmondorchilikda deyarli og‘iz ochmadi. U xonaga kirib, o‘n besh yildan buyon tanishmagan odamini ko‘rib, hangu mang edi. Menga (doktor avvalgidan ham ko‘ra ko‘proq mo‘ylovini kaltalatgandi) bu ikkalasining ikki tomchi suvday, bir-biriga naqadar o‘xshashligi sezildi. Tabiatan ikki dunyo, biroq bir qorindan talashib tushgan ekizak deysiz. Birining yoshi kattaroq ko‘rinar, ozg‘in, tinka madori qurigan edi. Biroq ikkisining yuz tuzilishiyu yuzidagi chiziqlarigacha bir xil, hatto qondosh aka-ukalar ham bu ikki yot kimsalar o‘xshashligidan yoqa tutib qolishi tayin edi. Men oqshom chog‘i ayvonda o‘tirib, birga suhbatlashgan kechani esladim.
– Bu o‘sha, men sizga so‘zlagan O‘r, doktor. Bir vaqtlar uning huzuriga borib, tanishishga va’da beruvdingiz.
U ruhoniyga tikildiyu jilmaydi:
– Esimda. Bilmadim nimaga, biroq bu ish va’daligicha qolib ketdi. – U boshdan-oyoq unga razm soldi va to O‘r unga qarab:
– Xayrli ishning erta-kechi yo‘q. Siz bilan jon deb do‘stlashardim, birodar, – deb aytmagunicha ko‘z uzmay turdi.
Bu g‘alati odam huzurida O‘r bir muddat ishonchini yo‘qotganday tuyuldi. U “Bristol almanaxi”ni o‘qiganida cherkovning ustunlarigacha gumburlab ketadigan baland ovozining salobatini yo‘qotganday, sekin-sekin talmovsirab, biroz iymanib so‘zladi.
Bu ularning ilk uchrashuvi edi, boz ustiga oxirgisi ham. Doktor yaradorlarga yordam berishdan bo‘yin tovlagan kechadan shu bugunga qadar yashab kelayotganining yagona sababchisi ham bu O‘r edi, u o‘rtaga tushmaganida olomon o‘sha tundayoq, muyulishdagi uyning kulini ko‘kka sovurib, uni burda-burda qilib tashlagan bo‘lardi.
Biz ketishga chog‘landik, haytovur, undan anchadan beri so‘ramoqchi bo‘lgan bir gap esimga tushdi. Men O‘rga doktorning yonida bir muddat qolishimni, u esa vaqt yo‘qotmay, bu yerdagi gaplardan hukumatni xabardor qilishini iltimos qildim. Yolg‘iz qolganimizda men undan so‘radim:
– Aytingchi, doktor, bolani nima qildingiz?
Uning yuzi biroz o‘zgardi va hayratini yashirib ham o‘tirmadi.
– Qanaqa bola, polkovnik?
– Meme va sizning bolangiz-da. Axir, u uyimizdan ketganida ikki qat edi-ku.
U g‘oyat xotirjam, ortiqcha hayajonlarga berilmay so‘zlardi:
– Ha homilador edi-ya. To‘g‘ri, siz haqsiz, polkovnik. Men buni allaqachon unitibman…
Otam o‘z xayollariga cho‘mib o‘tirarkan kutilmaganda: “O‘r bo‘lganida-ku, hammasini kattasidan tortib kichigigacha xivich bilan savalab, bo‘lsayam burnidan sudrab kirardiku-ya”. Harchand xotirjam tutishga urinmasin, ko‘zlari tashvishli. Mangulikka cho‘zilgan kutish soatlari (hozir adashmasam soat uch)da meni otamdan ko‘ra, bolamning o‘ychanligi xavotirga solayapti, parishonxotir, xayollari yovvoyi kaptarday qayerlardadir uchib yuribdi, uning hech narsa so‘ramay, shunday sovug‘u befarq o‘tirishi xuddi otasini eslatadi. Bugun chorshanba, bolaginam xayolimda tag‘in to‘qqiz yilga kattarib qolganday ko‘rinar, u otasi poyezd derazasidan boqib, bir umrga g‘oyib bo‘lgan kundagiday bir marta qo‘l silikib qo‘ydi. Agar bolam otasiga tortsa, shuncha yil o‘zimni qurbon qilganim ko‘kka sovuriladi. Haqiqiy erkak bo‘lib, voyaga yetishini tilab, duo o‘qiyman, nahot tavallolarim bari sahv ketsa? Nasliga tortsa, nima qilaman.
Besh yil burun bu meni sira tashvishga solgan emas, biroq qishloqqa orqasida egizagi bilan olti sag‘irini ergashtirib, Xenoveva Garsia qaytganidan beri unda otasini ko‘rayapman. Xenoveva ancha semirib, qarib qolgandi. Ko‘zlarining ostidagi xaltachalari osilib turar, ichidagi yuziga urgan turqi sovuqqa o‘xshardi. Oppoq boshmoqlariyu qo‘sh etaklarini hilpiratib, qishloqni to‘ldirib yurar, soxta baxtini o‘zicha ko‘z-ko‘z qilardi. Xenovevaning qo‘g‘irchoq teatri direktori bilan qochib ketganidan xabarim bor edi, negadir olti bolasiga qarasam, qalbimda g‘alati hislar paydo bo‘lar, ularning harakatlarini kuzata turib, ko‘nglim hech iyimas, bir-biriga o‘xshash bu bolachalar bir xilda onalariday qo‘sh etaklaru oppoq boshmoqlarda yuradilar. Xenovevaning tizginsiz, sarkash baxti, garchi u aksini ko‘rsatishga urinsa-da, allaqachon parokanda bo‘lgan, aslida mustahkam narsaning o‘zi yo‘q, bu baxt go‘yo poydevori yo‘q imorat, ipsiz tizilib turgan marjonga o‘xshar, bir marta qattiqroq puflasa muvozanatini yo‘qotishi elburutdan ma’lum edi. Qishloqqa shaharga xos soxta havoni olib kirgan ayolning raftoriga qarasam, negadir to‘dani buzgan begona buzoq, to‘g‘rirog‘i, qishloqqa shaharlik bo‘lib qaytgan echki ko‘z o‘ngimda gavdalanardi. Teatr qo‘g‘irchoqlariga xos soxta harakatlari ko‘nglimga chuqur qayg‘u olib kirar, yoshlikning bema’ni sho‘xligi, deya boy berilgan umrga achinish tuyg‘usini uyg‘otar, garchi Makondolik bo‘lsa-da, hayot tarzi mutlaqo bu yerga yot edi.
Uni ko‘rib, o‘tmishni esladim. U esa ma’yus tortib, bolamga tikilgancha: – To‘rt tugmali bashoratchi qayerda? – deb so‘radi.
Men qisqagina javob berdim.
– Ketdi.
– Senga esa faqat shuginani qoldirib ketdimi?
Men quruqqina “Ha”deya javob qildim.
Xenoveva odobsizlarcha qah-qah otib kuldi.
– Buni qara-ya, shunchalar ham lapashang bo‘ladimi? Besh yilda atigi bitta. Men bo‘lsam uni deb esimni yo‘qotib yuribman tag‘in. Agar xotirlash marosimida u bilan yaqinroq tanishganimda, qasam ichib aytishim mumkinki, uni sendan tortib olardim. Biroq u paytlarda Xudotars qiz edim-da.
U xayrlasharkan, tag‘in bolamga bir bora nazar tashladi va dedi: “Qasam ichib aytishim mumkinki, otasining xuddi o‘zi, faqat to‘rt tugmali kamzul yetishmaydi, xolos”. O‘sha kundan beriki, bolamga qarasam, otasi ko‘zimga ko‘rinib ketyapti, Xenoveva xuddi menga kinna solib qo‘yganday. U boshini yelkasiga egib, stol ustiga kaftlari bilan shapatilarkan: “Sen bo‘lmaganingda ham bir umrga Makondoda qolardim”, derdi. Bolam xuddi shunday qiladi, ba’zan u hozir shu so‘zni aytib yuboradiganday tuyuladi. Yonimda o‘tirib, otasiday oftobda qizargan qizil burniga tegib qo‘ydi. “Og‘riyaptimi, o‘g‘lim?” – so‘rayman tashvishlanib. Shunchaki, burni ko‘zoynakni tutib tura oladimi-yo‘qmi, deya tekshirib ko‘rayotganini aytadi. Bo‘ynidagi bo‘yinbog‘ini yecharkanman: “Bu haqda qayg‘urmasang ham bo‘ladi. Uyga qaytganimizdan keyin o‘zim seni cho‘miltirib qo‘yaman, bugungi charchog‘ing chiqib, ko‘rmaganday bo‘lib ketasan”, – deyman. “Kataure” hindularning kattasiga shunday deya murojaat qilayotgan otamga boqdim. O‘z ismini eshitgan Kataure boshini ko‘tarib, uyqusiragan ko‘zlari ila otamga tikildi. U uni chaqirishidan muddaosini aytishga ulgurmay qoldi, qadam tovushlari eshitildi va ichkariga alkald kirib keldi.
11
Bugungi kun dahshatning o‘zginasi bo‘ldi. Garchi bu kunga hozirlik ko‘rayotganimga qaramay, doktorning o‘limi bari bir meni dovdiratib qo‘ydi. Uni ko‘mish shunchalar qiyin kechadi va bu oilamni tashvishga qo‘yadi, deb sira o‘ylamovdim. Dafn marosimida kimdir yonimda bo‘lishi kerak edi, men bu, shubhasiz, xotinimligiga ishonchim komil edi. Uch yil burun betob bo‘lib, boshim yostiqqa tekkanida, u yozuv stolidagi buyumlarimni titkilab, burama raqqosani topib oldi. Bu o‘yinchoq haqida butkul unutib yuboruvdik. Kalitini burab, uning raqsga tushishiga mahliyo edik, u ba’zi xotiralarni yodga soldi. Adelaida raqqosaga qarab, chuqur xayolga cho‘mdi.
– Kimni xotirlayapsan? – so‘radi u.
Qayg‘uga botiradigan g‘amgin musiqaga raqsga tushayotgan raqqosadan ko‘z uzmasam-da, kimni nazarda tutayotganini bilib turuvdim.
– Unga nima bo‘ldiykin? – so‘radi o‘ylanib. Shu tobda xotinimning ko‘z oldidan xotiralar kino tasmaday betinim aylanib o‘tayotgani aniq.
– U muyulishdagi uyda yashaydi, – dedim men. – Faqat suratigina qolgan, yaqin orada o‘limxabar keladi, biz uni qabrga qo‘yishimiz kerak, bu bizning bo‘ynimizdagi qarz, onasi.
Adelaida indamadi, uning vujudini meniki kabi o‘tmishning shirin xotiralari qamrab olgandi.
– Qiziq, har doim u uyimizga kirib kelgan kecha sen uni kim bilandir adashtirib yubording, deya o‘ylayman, shuni bilgim keladi. Uni o‘sha deb o‘ylab, shohona dasturxon ham tuzaganing yodimda.
Adelaida jilmayib javob berdi:
– Qo‘ying, shu haqda gaplashmaylik. U burchakda raqqosani qo‘lida tutib turganida kimga o‘xshatganimni aytsam kulib yuborishingiz aniq, – ayolim shunday deya yigirma to‘rt yil oldin u o‘tirgan burchakni ko‘rsatdi.
Men o‘sha kun yarashib, kelishib oldik, deb o‘yladim va u azador libosda shu bugun qaftalimda turishiga umid qiluvdim. Biroq o‘sha o‘yinchoq qutidan qayta o‘rin egallashi bilan, sehrli musiqa ham o‘z kuchini yo‘qotdi. Adelaida o‘z-o‘zini tiriklayin ko‘mib boryapti. U o‘z xonasidagi burchakka biqinib olib, tunu kun ibodat bilan mashg‘ul. “Faqat sizning kallangizga shunday bo‘lmag‘ur firklar keladi. Endi bir kami shu Xudo urgan “go‘rso‘xta”ni tuproqqa qo‘yishimiz qoluvdi. O‘shayam odam bo‘ldi-yu. Yaxshidan bog‘, yomondan dog‘. Buningizning turgan-bitgani kulfat. Boshimni qotirmang”.
– Uning oldida qarzdorman, xotin, qarzimni uzishim kerak. – yuragida rahm-shafqat uyg‘otishga intildim.
– Qanaqa qarz, aslida u bizdan qarz. Agar u hayotingizni saqlab qolgan bo‘lsa, bu sakkiz yil uyimizda yegan-ichgani bilan baravvar. – deya kursini gullar tomonga qaratib qo‘ydi.
Adashmasam, hozir ham u o‘sha yerda bo‘g‘zidagi achchiq alamini unutolmay o‘tiribdi. U bilan san-manga borish befoyda, shuning uchun taskin bermay, ortimga qaytdim.
– Mayli bormasang borma, zorim boru zo‘rim yo‘q. Men Isabelni olib ketaman. – dedim.
U indamadi. Biz chiqayotganimizda Adelaida hamon yashin urgan odamday joyida tek qotib o‘tirardi. Uni tinchlantirgani:
– Mayli bor, qaytgunimizcha ibodatingni qila qol, chala qolib ketmasin. – dedim.
– Xayolimgayam keltirmayman. Iblisni ko‘mgani ostonasiga borayotganingizda, bu uyda men qilgan ibodatlar bir pul. Qiyomat qoyim bo‘lgunga qadar joyimdan qo‘zg‘olmayman. Ungacha hasharotu qurt-qumursqalar bu kursini yeb bitirishmasa agar! – uning ovoz ohangida g‘azab bor edi.
Tanish qadam tovushini eshitib, otam sergak tortdi. U Kataurega nimadir demoqchi edi-yu, tag‘in dami ichiga tushib ketdi, xuddi aytmoqchi bo‘lgan gapini unutganday edi. U o‘rnidan turdi, har doimgiday, oqsoq oyog‘i aytganini qilavermay, pand beradi, bechoraning hassasi bo‘lmasa, ahvoli havas qilgulik emas, uch yil burun yorilgan ko‘zadan sizib oqqan sharbatga oyog‘i toyib yuztuban yiqilib, shunday ahvolga tushdi. Otam shunchalar o‘ng‘aysiz yiqilganki, voqeani kuzatib turgan yagona odam, ya’ni beshikdagi bola qo‘rqqanidan chinqirib yig‘lab yuborgan.
O‘shandan beri uni oqsoq oyog‘i qiynaydi, oyog‘ini bukolmay, do‘zax azoblariga arang chidayotganini sezib turaman. Yodimda o‘sha paytlarda biz u o‘zini o‘nglolmasa kerak, degan xayolga boruvdik. Bugun u alkaldning qo‘lidan tutib o‘rnidan turishga intilib, oqsoq oyog‘ini qimirlatayotganiga qarab turib, uni qabrga qo‘yishga intilib, oqimga qarshi suzib, g‘arq bo‘lishdan qo‘rqmayotgani sababini endi tushunib turibman.
Otam qarzini uzmoqchi bo‘layotir. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, ayvonda yiqilib tushganida, xuddi Makondo tog‘laridan qulaganday bo‘lgan ekan, o‘shanda doktorlar: “Tayyorgarlikni ko‘raveringlar, yashab qolishidan umid yo‘q” deyishuvdi. Otam hushsiz yotganining beshinchi kunida Makondo ahli bir yil burun O‘rni so‘nggi manzilga ko‘zyosh to‘kkanicha, gullar ila cheksiz hurmatu ehtiromini namoyon qilgani kabi kuzatib, uni ham qabrga qo‘yishga hozirlik ko‘rayogandi. Otamning qonsiz yuziga boqib, taqdirga tan bergan kuyi yonida o‘tirardim, u alahlab chiqar va uyni boshiga ko‘tarib, kechalari 85-yillardagi urush voqealarini xotirlardi. Tushlarida uni egnidan yo‘lbars terisidan tikilgan va yirtqich tish-tirnoqlari ila bezatilgan mo‘yna tushmaydigan, oyog‘idagi qo‘nji uzun etigi yaltillab turadigan polkovnik Aureliano Buendiani betinim chaqirardi. ““Kimsiz?” degan so‘rovni u javobsiz qoldirdi, “Qayerdasiz?” u hamon jim edi, “Kim tomonda kurashayapsiz?” bu safar ham undan tayinli gap eshitmadilar. Shunda soqchi mash’alani notanishning yuziga tutdi va: “Jin ursin! Axir bu gertsog Malboro-ku”, – deb baqirib yubordi.”
Mana shu alahsirashni eshitgan doktorlar, bechora otaginamning boshidan sovuq suv quyishni buyurishdi. Chiqmagan jondan umid, ularning og‘zidan chiqqani biz uchun amri vojib. Ertasiga otamning ahvoli battar yomonlashdi. Doktorlar: “Endi umid yo‘q, qo‘limizdan kelganini qildik, dafn marosimiga hozirlik ko‘raveringlar”, – deya ostonadan oyoqlarini uzishdi.
Yotoqxonada ajal ko‘lankasi kezinib yurar, xonani o‘lik sukunat qamrab olgandi. Bu sirli o‘lim sukunati, menimcha, har bir jon talvasasidagi odam yonida izg‘isa kerak. Anxel ota bemor badanini zaytun moyi bilan moylaganidan keyin u butunlay qimirlamay qo‘ydi. So‘nggi nafasi tark etayotgan chalajon bemordan ko‘z uzmay turardik. Onam unga dori bergani qo‘zg‘aldi. Biz boshini ko‘tarib turdik, u otamning og‘zini arang ochib, qoshiqdagi dorini ichirdi. Shu payt ayvondan og‘ir qadam tovushlarini eshita boshladik. Onam go‘yo azroil yaqinlashayotganiday, qo‘rqqanidan shivirlab duo o‘qirdi: “Yo rab, nahot, oxirgi daqiqalar, nahot erimning paymonasi to‘lgan bo‘lsa-ya, rahming kelsin!” Biroq ortimizga o‘girilganimizda azroil emas, balki doktor turardi. U ostonada o‘tirib, bizdan ko‘z uzmasdi.
Qizimga: “Agar rahmatli O‘r tirik bo‘lganida-ku, barini xipchin bilan savalab bo‘lsa-da, shu yerga burnidan tortib, sudrab olib kelardiku-ya”, deb aytaman. Qishloqda odamlarning boshini qovushtiradigan bir odam topilmasa qiyin, ko‘nglimdan shularni o‘tkazarkanman, tobutga yaqinlashaman. “Doktor uyimizni tark etganidan beri, o‘z qobig‘imizga o‘zimiz o‘ralib qolib, behuda yashayotgandaymiz, yaxshimi-yomonmi, har bir odamning o‘z o‘rni bor ekan. Uyimizda o‘z hukmronligini o‘rnatgan Adelaidaning bid’atlari hududidan tashqariga chiqib ketolmay qolganimizni mana endi anglayapman.
To‘shakda o‘tirgan odamlarning hissiz chehrasiga boqdim. Tobutdagi zulmatu xonadagi yorug‘lik orasidagi masofani chamalayman, tavba, bir nafas – hayotu o‘lim orasidagi oraliq atigi bir qadam. Bu jonsabil odamning murdasi ko‘milsa, xayrli sanalgan ish Makondoning g‘alabaga bo‘lgan ishonchni mahv etib, qanchalar qayg‘uga botishini ko‘z oldimga keltiryapman. Endi alkald lafzida turib, ko‘mishga ruxsatnomani paysalga solmasa go‘rga edi. Tashqarida ham bu ishning qay tariqa adog‘iga yetishini kuzatayotganlar anchaligini bilaman. Qozonda shirguruch qaynatayotgani yodidan ko‘tarilgan ayollar ko‘zlarini derazadan uzmay, abil-sabil bo‘lgan bu mayitni qachon ko‘misharkin, deya ko‘z tikib turgani tayin. Ishonchim komil, tobut ko‘chaga chiqishi bilan ko‘ziga qon qaynagan olomon uning yo‘liga chiqib, qabrga qo‘yishga qarshilik qilish kabi pastkashlikkacha boradi, hech kim uni ayamaydi. Odamlarning urushga tashnaligi hamon so‘nmagan va bu saylov o‘tkazilgan bozor kunidan buyon olovlantirilgan. O‘z hayotiga o‘zi hukmron xalq hokimiyat jilovi qo‘limda, deb o‘ylab chuchvarani xom sanaganining fahmiga yetganidan, umidlari chilparchin singanidan beri alamzada. Biroq bularning bari oldindan bichib-to‘qib qo‘yilgandi, voqealar rivoji xuddi shunday yo‘lga qo‘yilgan. Ular shunday yo‘lga qo‘yilganki, bir ota-onadan tarqalgan odamlar oxir-oqibat bir-birini o‘ldirib, o‘zini-o‘zini yo‘q qilib yuboradi.
O‘n yil burun qo‘qqisdan inqiroz yuz berganida, hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, Makondoni saqlab qolishimiz mumkin edi. Xonavayron bo‘lgan banan kompaniyasining qoldiqlari yig‘ilganida-ku, u barini qaytadan boshlashgayu tiklashga yetib ortardiku-ya. Biroq odamlarni sabrsizlikka o‘rgatib, ularni o‘tmishu kelajakka bo‘lgan umidlaridan ayirdilar. U bugunini o‘ylaydigan, qorin g‘amidan bo‘lak qayg‘usi yo‘q manqurtga aylandi. Ko‘z oldimda odam emas, balki kul turganiga amin edim, u to‘rt tomonga sochilib bo‘ldi, uni yig‘ish va qayta odam shakl-shamoyiliga keltirish aslo mumkin emas. Bu kul Makondoga hammasini olib keldiyu tag‘in barini supurib ketdi. Undan so‘ng gullayotgan qoldiqlar orasida faqat bozor kuni, Makondodagi so‘nggi saylov boshboshdoqligi, to‘s-to‘polonlar, shisha idishda jim turgan lainning odam ichiga kirganidan keyin ko‘rsatgan qonli tomoshalari va noziru harbiylar tomonidan isyon bostirilgan o‘sha dahshatli kecha qoldi.
Basharti O‘r bugun hayot bo‘lganida o‘sha tun olomon isyonini bostirishga erishganidek, bugun mana shu odamni ko‘mishga Makondo ahlini kerak bo‘lsa qamchisi bilan o‘z uyidan quvib chiqarar, kattasidan tortib, kichigigacha dafn marosimiga yig‘ib kelardi. Ruhoniy odamlarni o‘z ta’sirida tutib tura olardi. U bundan to‘rt yil muqaddam, boshim yostiqqa tegib, o‘sal bo‘lganidan bir yil oldin o‘lganiga qaramay, qishloq ahli uni hamon qadrlaydi. Esimda, ruhini shodu xurram etish maqsadida O‘rni so‘nggi manzilga gullar bilan kuzatgan xalq burchini oxiriga qadar ado etuvdi.
Doktor uning dafn marosimida qatnashmagan qishloqdagi yagona odam edi. Iymon-insofli ruhoniy izmidan chiqmagan makondoliklar O‘rning hay-haylashidan o‘sha oqshom yovuz niyatidan kalta qaytgan. Doktor esa ruhoniy oldida hayotiga qarzdor qishloqdagi birdan-bir inson ekanini ham ro‘yxotir qilmadi. O‘sha qo‘rqinchli tunda maydonda qurollangan bir necha mast-alast vahshiylarning qonli to‘qnashuvlarida shahid ketgan murdalarni qo‘rquv ichra bitta qabrga birvarakayiga kafansiz ko‘mayotganlarida, haytovur muyulishda doktor yashayotgani kimningdir esiga tushib qoldi. Shunda chalajon yaradorlarni uning ostonasiga keltirib, quloqni qomatga keltiradigan ohangda baqirib-chaqirib:
– Doktor, yordam bering, iltimos, birodarlarimiz hayotini saqlab qoling. Bola-chaqasiga rahm aylang, boshqa doktorlarning qo‘li bo‘sh emas, –deya betinim yolvorib-o‘tinib so‘rashgan (chunki u eshikni ochmay, ichkaridan so‘zlagan).
U esa pinaginiyam buzmagan.
– Boshqasiga olib boring, bunda ilojsizman, sizga hech qanday yordamim tegmaydi.
– Hozir qishloqda yagona doktorsiz, shunga bir odamgarchilik qiling. Agar kerak bo‘lmaganingizda, eshingizga bosh urib kelmasdik.
U (bu gaplar uning yuragini iyitib yuborgan emas) jinchiroqni baland ko‘targanida, sarg‘ish itko‘zlari tashqaridagilarga yaqqol ko‘rinib turgan.
– Bu ishni qilmaganimga ming yillar bo‘ldi, oradan qancha suvlar oqib o‘tdi, hammasini unutganman, qo‘lim bari bir kelishmaydi, ularni boshqa joyga olib boravering. – Sichqonning ajali qistasa, mushuk bilan o‘ynasharkan, u ham qo‘zg‘algan xalq g‘azabidan hayiqmay, eshik lo‘kidonini surmadi. Ostonasida Makondoning yarador bir necha ayoliyu erkagi qora qoniga bo‘yalib, jon taslim qildi (o‘sha tundan buyon bu uyning eshiklari bugunga qadar mutlaqo tashqariga ochilgan emas). O‘sha kecha darg‘azab olomon ko‘ziga hech nima ko‘rinmasdi. Bu uyning kulini ko‘kka sovurib, egasini burda-burda qilishga shay edilar. Lek o‘sha lahzada Xudo qayerdandir O‘rni yetkazdi. Aytishlaricha, ostonaga yotib, uyni ostin-ustin qilib, yana bir odamning boshiga yetishmasin uy egasini jon-jahdi bilan himoya qilgan ekan. “Shu uyga tegmoqchi ekansizlar, avval mening o‘ligimni bosib o‘tishlaringga to‘g‘ri keladi. Shunchalik vahshiymisizlar, bo‘laqollaring bo‘lmasa!” – debdi u. U Anxel otaga o‘xshab, uzundan-uzoq maza-matrasiz ma’ruza o‘qimasdi. O‘r shundan boshqa gap aytmay, faqat qulochini keng yoyib, xochga o‘xshab turib olgan. Olomon esa ruhoniy qoniga qo‘lini botirishni istamay, ortiga qaytgan ekan. Xalq sal bo‘lsa-da, hovuridan tushgan, biroq baribir unga hukm o‘qib qo‘yilgandi, u o‘z ma’vosida irib-chirib ketmagunicha zinhor-bazinhor Makondo tuprog‘iga qo‘yilmagay.
Men to‘shak oldiga yaqinlasharkanman, o‘likxonaning eshigini rasamadiga ko‘ra, katta ochib qo‘yish kerak, deya ko‘nglimdan o‘tkazaman: “Alkald hali zamon qaytadi”. Mabodo u besh daqiqa ichida qaytmasa, mayitni ko‘chaga chiqaraman-da, hammaning ko‘z o‘ngida shundoq ostona tagiga ko‘mib yuboraman.
– Kataure, – hindularning kattasini chaqirishga ulgurmasimdan, qo‘shni xonadan alkald ovozi eshitildi.
Bilaman, u hozir to‘g‘ri yonimga keladi. Hassaga tayanib turgani intilaman, biroq oqsoq oyoq qurg‘ur pand beradi, muvozanatimni saqlolmay, yuztuban yiqilishimga oz qoldi. Basharti shunday bo‘lganida tobutga boshim urilgan va bu uydan xalq qarshilik ko‘rsatmasa, qo‘sh tobut chiqishi taqdir qilardi, biroq yaxshi odam o‘z uyida o‘ladi, hartugul peshonamga Xudo bir nima yozgan ekan, alkald meni tutib qoldi: “Xotirjam bo‘ling, polkovnik, garov boylashim mumkinki, bugun hech narsa sodir bo‘lmaydi”. Garchi u bu so‘zlarni o‘ziga taskin uchun aytayotsa-da unga ishonaman. “Har narsa sodir bo‘lishi mumkin”, deya ko‘nglimdan o‘tkazaman, u esa ko‘mish marosimi haqida uzundan-uzoq ma’ruza o‘qib, qo‘limga uni tuproqqa qo‘yish uchun ruxsatnomani tutqazdi. Hujjatga ko‘z ham yugurtirmay, to‘rt buklab shundoq qo‘ynimga urdimu: “Xudoga shukr, alaloqibat, bo‘lishi kerak bo‘lgani baribir yuz beradi. Qismatdan qochib bo‘lmaydi. Kelajak “Almanax”larda yozilgan”, – dedim.
Alkald hindularga yaqinlashib, eshikni ochib, tobutni olib chiqishni buyurdi. Hindular qo‘liga bolg‘ayu mix tutib, hafsala bilan kelib chiqishining tayini yo‘g‘, nom-nishoni noma’lum musofirni tobut ichiga abadiy mixlab tashlashlarini kuzatib turaman. So‘nggi bora men uni bundan uch yil burun o‘z to‘shagimda sog‘ayib oyoqqa turganimda ko‘rgandim. U qarib-qartaygan, tinka madori qurib, eti ustuxoniga yopishgan, ko‘zlari ichkarisiga botib-botib ketgandi. Yaxshimi-yomonmi, u baribir mening jonimni saqlab qolgan. O‘zi darmonsiz bo‘lishiga qaramay, meni oyoqqa qo‘yguniga dovur, daf’atan boshi yostiqqa tegishini istamas, tik oyoqda yurishi uchun kuchli bo‘lishga intilardi. U doim: “Oyoqni davolash kerak, hassaga tayanib qolasizmi, deya qo‘rqaman”, – deb suvni oldindan bog‘lab, meni bu taqdirga ko‘ndirishu ko‘niktirishga erishdi.
Ikki kun o‘tgach, qarzimni qanday uzishim mumkinligini so‘radim, u esa: “Polkovnik, buni qarz deb hisoblamayman. Ko‘nglingizga kelmasa bir iltimosim bor xolos, paymonam to‘lgan kun ko‘zimga tuproq sepsangiz. Quzg‘unlarga yem bo‘lmay, odamga o‘xshab ko‘milsam deyman”.
Og‘irlashib qolgan qadam tovushlari, mungli ko‘zlari, madori qurigan ozg‘in tanasi, o‘sha kungi iltimosi bilan qo‘limni boylab qo‘ygandagi ovoz ohanggiga ko‘ra, oldinda bab-baravar uch yil bo‘lishiga qaramay, bu odam allaqachon o‘lib bo‘lgan, ruhi allaqachon tanasidan chiqqanu yakkash etu suyak qolgandi, xolos. Bugun o‘sha tana dunyo azoblaridan qutuldi. Uning sarg‘ish itko‘zlaridagi mil-mil yonib turgan hayot olovini o‘chirmoqlikka arqonning hojati yo‘q edi, shunchaki bir bora puflasa, yetib ortardi. Men buni allaqachon, u Meme bilan muyulishdagi uyga ko‘chib o‘tmasidan burun, o‘sha kecha xonasida suhbatlashganimdayoq bilganman. Iltimosi meni hayratga solgan emas: “Buni so‘ramasangiz ham bo‘ladi, doktor. Tanamda jonim bor ekan, sizni qabrga qo‘yib, birodarimni ko‘mganday ko‘mardim, hatto hayotim evaziga bo‘lsa ham. Buyog‘idan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin”.
Uning sarg‘ish itko‘zlari ilk marotaba yumshadi va jilmaydi: “Hech qachon lafzingizdan qaytmasligingiz ma’lum, polkovnik, biroq bilib qo‘ying, o‘lgan odam meni ko‘molmaydi. Mendan burun omonatni topshirishni o‘ylamang”.
* * *
Mana endi bu sharmandalikni hech narsa to‘xtatib qololmaydi. Alkald otamga ko‘mishga ruxsatnomani topshirganida u: “Xudoga shukr, alaloqibat, bo‘lishi kerak bo‘lgani bari bir yuz beradi. Qismatdan qochib bo‘lmaydi. Kelajak “Almanaxlar”da bitilgan”, – dedi. U bu gapni shunchalar befarq holda, men tug‘ilmasimdan burun Makondoga qur’a tashlanib, o‘rnatilgan eski qonun-qoidalaru urf-odatlariga va iymon-e’tiqodiga sobit odamday aytdi. O‘shandan buyon hech bir ish o‘z yo‘lidan ketganmagan. Odamlar e’tiqodidan og‘ishdi. Hatto onamning metin irodasi bukilib, quvvati sop bo‘ldi. U bugun ayvondagi kursida o‘tirib, qahru g‘azabini yashirmay: “Qiyomat qoyim bo‘lmaguniga qadar, o‘rnimdan turmayman!”, – deganidayoq buni bildim.
Otam hamisha o‘z aytganidan qolmay, istagiga erishgan. Mana, hoziram u bu ishning fojiali oqibatlarini nazar-pisand qilmay, burch deya bilib, adog‘iga yetkazishga bel bog‘lagan. Hindulardan biri darvoza, biri tobut tomonga yo‘naldi. Ular yaqinlashayotganda menam o‘rnimdan turib, kursini panaroqqa tortdimu bolaginamning qo‘lidan mahkam tutdim. Eshik ochilganida hammaning ko‘z o‘ngida bo‘lishni istamayman.
Bola o‘ychan. O‘rnimdan qo‘zg‘alganimda u garangsib, aftimga tikilib turdi, tag‘in o‘z o‘ylariga g‘arq, hindular hatti-harakatidan ko‘z uzmaydi. Ulkan darvoza yurakka vahima solguvchi ovoz chiqarib, tashqariga ochildi, tashqarida oftob nurida changning yaltillashiyu ichkaridagi omonat jihozlarning g‘aribligi ko‘zga tashlandi. Xuddi tangri bu olamga foyda keltirishdan to‘xtagan shaharu qishloqlarning burchagidagi Makondo endi kerak emas, deyotganday edi.
Kutilmaganda ichkariga yorug‘likning yugurib kirishi bola ko‘zlarini shamg‘alat qildi (eshik ochilganida, uning qo‘li qaltiradi), boshini ko‘tarib, diqqat bilan tingladi. “Sizning ham qulog‘ingizga chalinayaptimi?” – so‘raydi u mendan. Shu on qo‘shni bog‘dan yapaloqqushning ovozi keldi. “Vaqti-soati yetdi, kutilgan daqiqalar kelgani uchun sayrayotgandir”, deyman. Mix qoqayotgan bolg‘aning tovushi eshik-derazalarni larzaga keltirdi.
Bolg‘a tobutga emas, go‘yo yuragimga mix qoqayotganday, butun vujudimni junjiktirayotgan ovozni eshitmaslikka intilyapman. Qalbimdagilarni yonimdagi go‘dakka bildirmay, derazadan tashqariga ko‘z tikdim. Tashqarida qurib-qovjirab chang bosib yotgan bodom daraxtlari g‘amga cho‘mgan ma’yus kelinchak kabi egilib turibdi. Ko‘rinmas kuchli shamol sekin-asta barining oyog‘ini osmondan qilib, bildirmasdan ado qilib borayotir, so‘lim go‘sha –bugun qup-quruq sahroga aylandi. Banan kompaniyasi siqib suvini chiqarganidan Makondo mana shunday xarob ahvolda. Uylarining shiftlarini pechak bosgan, devor tirqishlariga o‘rgimchaklar uya qo‘ygani-qo‘ygan. Kuppa-kunduzi yotoqxonaga kaltakesaklar o‘rmalab kirib kelaveradi. Bari biz daraxt o‘tqazishni kanda qilganimiz va noma’lum sirli ruh javondagi rojdestvo chinnisini sindirgani vaj, alaloqibat u javonda emas, xachirlar oxuriga aylanib, og‘ilxonaga qo‘yilganidan buyon bu qishloqdan xayri-barakaning qadami aridi. Eshik qayishib yopilmay qolgudek bo‘lsa, hafsala qilib uni to‘g‘rilaydigan qo‘l topilmaydi. Otamni qarilik yengib borayotir, oqsoqlanib yurayotgan kundan boshlab, kuchdan ham qoldi. Yoshlik quvvati go‘yo shu oyoqqa jam bo‘lganu undan mador ketgandan beri tanasini ham quvvat tark etgan. Mohir qo‘llari endi bunday ishlarga yaramaydi. Senora Rebeka tul qolgani yetmaganiday, ustiga-ustak qisirligidan nolib, ventilyator yonidan jilmaydi, qo‘li biror ishga bormasdan o‘tirgani-o‘tirgan. Ageda falajligiyu notavonligidan o‘kinganicha, Anxel otaning bid’atlari ila allaqachon o‘zini tiriklay ko‘mgan. Qorin g‘amidan boshqasi qiziqtirmaydigan Anxel ota esa tushlik chog‘i to‘yib qiyma sho‘rvani qoringa urishi bilan choshgohgacha orqasini o‘girib, yotishdan huzurlanadi. Qadimdan yakkash San-Xeronimolik egizaklarning “Sirli gadoy qiz” qo‘shig‘igina o‘zgarmay qolgan, mana yigirma yildirki, u eskirmaydi. Bir-biriga o‘xshaydigan kunlar sukunatini bu qishloqdan hech kim hech yerga ketmasa-da, kun bo‘yi poyezdning chorlaguvchi to‘rt hushtagi, tun oromini esa banan kompaniyasi Makondoga meros qoldirgan elektrostantsiyaning shovqini buzadi, xolos.
Men derazadan tashqariga boqib, o‘z uyimizga tikilaman. Onam uyga qaytishimizdan avval kuchli bo‘ron ko‘tarilib, Makondoni yer yuzidan supurib ketsa kerak, deya xiyol qilayotgandir. O‘shanda bu yerdan hamma narsa g‘oyib bo‘ladi, faqat bizdan bo‘lak, chunki biz shu muhitda ulg‘ayganmiz, ota-onam urush fojialaridan qochib, Makondoga kelganida bu qishloq chin jannat edi. Uning toza havosi ila o‘pkamizni to‘ldirib, to‘yib-to‘yib nafas olganmiz, taraqqiyotning soxta nafasi hali qalbimizda saqlanayotgan chin samimiy tuyg‘ularni o‘ldirishga muvaffaq bo‘lmagan. Bu tuproq va unda olamdan o‘tib ketganlar xotirasi uzilmas rishtalar ila chambarchas bog‘liq. Jamadonlar urush oxirlaganidan buyon hamon mana shunday yig‘ib qo‘yilgan ahvolda turadi, kim biladi, tag‘in urush boshlansa g‘aflatda qolmaylik. Dafn marosimidan qaytganimizda Makonda yer yuzidan g‘oyib bo‘lsa-da, uning kaltakesaklarga to‘la yotog‘i baribir hozirgidek bus-butun qolishiga aminman, faqat xotiralargina o‘chib ketadi. Yomon xotiralar izsiz g‘oyib bo‘lgani yaxshi.
Buvam o‘rnidan turdi, hassasiga tayanib, bo‘ynini qushga o‘xshab cho‘zganida ham ko‘zoynagi go‘yo yuzining bir bo‘lagiday joyidan siljimaydi. Menimcha, ko‘zoynak taqib yurolmasdim. Har bir harakatimdan bu matoh qulog‘imdan tushib ketaversa kerak. Shu haqda o‘ylarkanman, burnimga tegib qo‘ydim. Onam tashvishlanib: “Og‘riyaptimi?”, – deb so‘raydi. “Yo‘q, shunchaki, men ko‘zoynak taqib yurolmasam kerak”, – deb o‘ylayapman. U jilmayib, chuqur tin oldi. “Bolajonim-ey, terlab jiqqa ho‘l bo‘lib ketgandirsan?”, – deydi mehr bilan astoydil rahmi kelib. Chindanam bu qalin duxoba joma butun tanamni achishtirib tashladi. Terning yoqimsiz hididan ko‘nglim behuzur bo‘la boshlaganidan: “Ha”, – dedim. Oyim menga egilib: “Uyga qaytganimizda, o‘zim seni yuvintirib qo‘yaman, shunda yengil tortib qolasan”. “Kataure” – deya hindularning kattasini chorladi buvam…
Xuddi shu mahal orqa eshikdan tag‘in o‘sha qurollangan odam kirib keldi. U shlyapasini yechib, oyoq uchida qadam tashlab, go‘yo polkovnikni uyg‘otib yuborishdan cho‘chiganday sekin turtdi, aslida esa bu bilan buvamni qo‘rqitmoqchi edi. Kutilmagan tashqi ta’sirdan buvam muvozanatini yo‘qotib, qo‘lini cho‘zib tutib qolmaganida yiqilib tushishi tayin edi. Boshqalar chekishni tashlab, hamon to‘shakda tobutdan ko‘z uzmay turishibdi. Qurol ko‘targan odamni ko‘rishgan zahoti bir-birining qulog‘iga nimadir, deya shivirlashdi. Ulardan biri qo‘zg‘alib, qutidan bolg‘ayu mix oldi.
Buvam hamon qurolli odam bilan gurunglashardi. “Xavotirlanmang, polkovnik, bari tinch-osuda o‘tishiga kafilman”, – deydi haligi kishi. Buvam: “Kim biladi, yana nimalar sodir bo‘lishi mumkin”, – xotirjamligini yo‘qotmay so‘zlaydi. – Balki uni qabristonning tashqi tomonidan baland cho‘qqilarning chap tomoniga ko‘msakmikan, nima deysiz?”. U buvamga qandaydir qog‘ozni uzatarkan: “Hali ko‘rasiz, hammasi kutganingizdan a’lo darajada nihoyasiga yetadi”, – deydi u. Buvam bir qo‘li bilan hassaga tayanib, ikkinchisi bilan qog‘ozni oldi va uni qo‘yniga, tilla zanjirli soati osig‘liq turadigan kissasiga soldi. “Xudoga shukr, alaloqibat, bo‘lishi kerak bo‘lgani bari bir yuz beradi. Qismatdan qochib bo‘lmaydi. Kelajak “Almanaxlar”da bitilgan”. Bu so‘zlarni buvam g‘urur ila aytdi. “Derazaga qadalgan ko‘zlardan ko‘rqmang, qo‘lidan hech ish kelmaydi. Shunchaki qiziqishi ustun kelgan bekorchi gapsotar to‘rt-besh ayol, ularning esa bu qishloqda burnini suqmagan biror ish yo‘q”. Buvam bu gaplarni go‘yo eshitmaganday derazadan ko‘z uzmay, tashqariga qaraydi. Haligi odam hindularga yaqinlashib: “Tobutni mixlashingiz mumkin, darvozani katta ochinglar, ichkariga toza havo kirsin”, – deydi.
Odamlar harakatga keldilar. Biri tobut mixlagani, ikkinchisi darvozani ochishga qo‘zg‘aldi. Oyim ham o‘rnidan turdi. U terlab, rang-ro‘yi murdaday oqarib ketgan. Oyim darvozani ochishga borayotganlarga yo‘l berarkan, kursini ichkariroqqa tortib, qo‘limdan tutdi.
Avvaliga lo‘kidonni surishga urindilar, u zanglab ketganidan joyidan surilay demasdi. Ulardan biri bor kuchi ila darvozani tashqariga itardi, xona qisirlayotgan eski yog‘och va temirning tovushidan larzaga keldi va nihoyat darvoza tashqariga ochildi. Hali biz atrofda nima bo‘layotganiga aqlimiz yetmasdan burun xonaga ikki yuz yil tutqunlikda saqlanib, so‘ng erkinlikka erishgan qoramol to‘dasiday yorug‘lik shiddat bilan yopirilib kirdi va necha yillardan buyon oftob nurini ko‘rmagan buyumlar ko‘lankasi shoshib qolganidan tartibsiz harakatlanmoqda, ular xuddi quvonchday sakrayotgan bolakayga o‘xshaydi. Osmonda chaqmoq chaqqanday, odamlar bir seskanib tushishdi, agar bir-birlarining qo‘llaridan tutib turishmaganida, balki yiqilib tushgan bo‘lardilar.
Eshik ochilganida qayerdandir yapaloqqushning ovozi keldi. Mana endi tashqari ko‘rinyapti. Ko‘chada oppoq, issiq chang ko‘tarilgan. Bir necha erkaklar qo‘llarini orqaga qilib, biz tomonga o‘qrayib qarab turishibdi. Tag‘in yapaloqqushning tovushini oyimdan: “Siz ham eshitayapsizmi?”, – deb so‘raganimda, u vaqti-soati yetgani uchun qayta-qayta sayrayotgandir, – deb qo‘ya qoldi. Ada esa menga yapaloqqush o‘lgan odam hididan sayrashga tushadi, degandi. Endi shu haqda oyimga og‘iz ochmoqchi edim, tobut qopqog‘iga urilayotgan birinchi mix ovozi yangradi. Bolg‘a mixni oxirigacha yog‘ochga qadab, bir muddat tin oladi-da, tag‘in boshqasini uradi. U yog‘ochni ayamay, shunday olti joyidan yaralaydi, oyim bunga qarab turolmay, yuzini tashqariga burdi.
Bolg‘aning ovozi tinishi bilan jo‘r bo‘lib sayrayotgan yapaloqqushlarning sasi ko‘paygandan ko‘payib, kuchayib boraveradi. Buvam odamlarga imo qildi. Ular egilib, tobutni bir tomonga qiyshaytirib ko‘tarishdi. Shlyapadagi odam burchakda turib, buvamga betinim:
– Xotirjam bo‘ling, polkovnik, barining jilovi qo‘limda, – derdi, biroq bu bilan u ko‘proq o‘zini tinchlantirmoqchiday edi.
Buvam darg‘azab bo‘lib, alkald tomonga qayrildi, jangari xo‘rozday qizarib ketganiga qaramay, hamsuhbatiga indamadi. Burchakdagi odam esa unga va o‘ziga tag‘in taskin berdi:
– O‘ylaymanki, Makondoda ertaga bu haqda hech kim eslamaydi.
Xuddi shu payt qornimda titroq turdi. Mana endi chindanam tashqariga chiqmasam bo‘lmaydi, lekin, afsuski, kech edi. Odamlar oxirgi harakat bilan tobutni yerdan ko‘tardilar va u xuddi o‘lik kema ruhiday havoda muallaq suzib borardi.
“Boyqushlarning burni hid oldi-yov. Hozir hammasi jo‘r bo‘lib sayrashga tushadi”, deya ko‘nglimdan o‘tkazaman.
Rus tilidan Shahnoza Rahmonova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil 7-son