Fyodor Dostoyevskiy. Kulgili odamning tushi (hikoya)

I

Men kulgili odamman. Endi ular meni g‘irt jinni deb atashadi. Agar men rostdan ham jinni bo‘lib qolganimda-ku, bu yangi nomdan arpa bo‘yi o‘sar edim. Lekin, afsuski, endi men ularga parvo qilmayman, endi ularning barchasi men uchun aziz — hattoki ustimdan kulgan chog‘larida ham, to‘g‘risi, shunda ularni yanayam yaxshi ko‘rib ketaman. Ularga qarab turib meni g‘am bosadi-da, bo‘lmasa, ularga qo‘shilib kulgan bo‘lardim. O‘z turqi-tarovatim kulgili bo‘lganligidan emas, yo‘q, ularni suyganimdan! Meni shuning uchun g‘am bosadiki, ular haqiqatni bilishmaydi — men bo‘lsam bilaman. Oh, haqiqatni yolg‘iz o‘zing bil sang, naqadar og‘ir-a! Lekin ular buni tushunmay di. Yo‘q, tushunishmaydi.
Bir vaqtlar men kulgili bo‘lib tuyulganimdan juda-juda o‘kinardim. Kulgili bo‘lib tuyulmasdim, chindan ham kulgili edim. Kim bilsin, balki men tug‘ilganimdan buyon shundaydirman, balki olti-etti yoshimdanoq shundayligimni bilgandirman. Keyin maktabda, undan so‘ng dorilfununda o‘qidim. Ammo, nachora, qancha ko‘p o‘qisam, shuncha ko‘p uqdim-ki, kulgili odam ekanman. Go‘yo universitetda o‘qitiladigan barcha fanlar bu jin urgur sifatimni isbotlash va uqtirish uchungina yaratilgandek edi. Hayotda ham yo‘lim xuddi o‘qishdagidek bo‘ldi. Yillar o‘ta borgan sayin o‘zimning masxaraomuz qiyofam to‘g‘risidagi fikr miyamga qo‘rg‘oshindek quyilaverdi. Kas ham, nokas ham mening ustimdan kulardi. Ammo ularning fahmi yetmas ediki, kulgili ekanligimni eng ko‘p biladigan kishi bitta bo‘lsa, o‘sha men o‘zim edim. Menga alam qiladigan joyi ham shu ediki, ular buni bilmasdi. Lekin bunga o‘zim aybdorman. Men azaldan nihoyatda mag‘rur edim, boshimni kessalar ham, biror kishi oldida o‘z aybimga iqror bo‘lishni istamasdim. Mag‘rurligim yil sayin gazak olib boraverdi. Mabodo shayton yo‘ldan urib, biror kishi oldida buni tan olib qo‘yguday bo‘lsam bormi, chamamda, o‘sha kuniyoq peshonamga to‘pponcha tirab, miyamni dalva-dalva qilib tashlardim. O, o‘smirlik chog‘larim, bir kuni bardoshim tugaydi-yu, o‘rtoqlarim oldida buni tan olib qo‘yaman, deb qanchalik ezilardim-a. Lekin o‘zimning bu sifatimni yildan-yil ko‘proq anglay borgan bo‘lsam-da, ulg‘aygach, negadir unga biroz beparvo qaraydigan bo‘ldim. Ha, chindan ham «negadir», chunki men uning boisini hali ham bilmayman. Ehtimol, bunga ichimdagi bir o‘zgarish sabab bo‘lgandir. O‘sha paytlarda mening yuragimni butun borlig‘imdan ko‘ra yuksakroq bir e’tiqod yuzasidan dahshatli g‘ussa qoplagandi. Men dunyoda hamisha hamma narsa baribir-ku degan fikrga ishonib qolgan edim. Men buni, eh-he, allaqachon sezganman, lekin bultur kutilmaganda unga tamoman imon keltirdim. Birdan olamning budu nobudi men uchun baribir ekanligini, dunyoni suv bossa, to‘pig‘imga chiqmasligini butun borlig‘im bilan tuydim. So‘ng yon-verimda hech nima yo‘qligini his qildim. Dastlab xayolimga: «Oldin qancha ko‘p narsa bor edi-ya», degan fikr keldi. So‘ng oldin ham hech nima bo‘lmagan-u, faqat menga bordek tuyulganligini fahmladim. Sekin-sekin men bundan keyin ham hech qachon hech nima bo‘lmasligiga ishonch hosil qildim. Shunda men birdaniga odamlardan og‘rinmaydigan, ularning bor-yo‘qligini ham payqamaydigan bo‘ldim. Bu hatto arzimas mayda-chuydalarda ham ko‘rinib qoldi. Masalan, men ko‘chadan o‘tayotib odamlarga urilib ketaverardim. Yo‘q, bu o‘ychanligimdan emas edi, men unda o‘ylashni butunlay bas qilgan edim. Menga shunchaki hamma narsa baribir edi. Dunyodan osuda bo‘lib, biror muammoni hal etsam-ku, xudoga shukronalar o‘qirdim-a, lekin men hech vaqoni hal etmadim. Esiz, bir dunyo masala bor edi-ya. Ammo menga baribir bo‘lib qoldi va jamiki jumboqlar mendan uzoqlashdi-ketdi.
Buni qarangki, shundan keyin men haqiqatga yetishdim. Men unga bultur uchinchi noyabr kuni yetishgan bo‘lsam, undan keyingi hayotimning har bir soniyasini ham xotirlay olaman. O‘shanda zim-ziyo kecha edi. Men soat o‘nga yaqin uyga qaytdim. Esimda, hatto tabiatning o‘zida ham bundan ortiq zulumot bo‘lishi mumkin emas, deb o‘yladim. Yomg‘ir tun bo‘yi yog‘di, bu — sovuq, bexosiyat, hatto qandaydir vahimali, odamlarga ro‘y-rost yomonlik sog‘ingan yomg‘ir edi, ha, men buni yaxshi eslayman. Soat o‘n birlarda esa yomg‘ir birdan tindi, atrofni bo‘g‘iq rutubat qopladi, havo namchil, sovuq edi. Ko‘chadagi har bir toshdan ham, jinko‘chalarning uch-uchlaridan ham og‘ir bug‘ ko‘tarilardi. Shu paytda hamma chiroqlar o‘chib qolsa qanday soz bo‘lardi-ya. Chiroqlar borligi ko‘ngilni xira qiladi, chunki ular shunday bir rasvo manzarani yoritib turadi-da. Shu kuni men tuz totmadim hisob, oqshom tushgandan boshlab bir injenerning yonida o‘tirdim. Uning oldida yana ikki oshnasi bor edi. Men bir og‘iz ham gapirmadim, aftidan, ularning joniga ham tegdim. Ular qandaydir behayo gap aytdilar, birdan nimadandir tutaqib ketdilar. Lekin men sezib turgan edimki, ularga ham baribir, qizishganlari esa shunchaki. Men buni ochiq aytib qo‘ya qoldim: «Janoblar, — deyman, — axir, sizlarga baribir-ku». Ular xafa bo‘lishmadi, faqat birgalashib mening ustimdan kulishdi. Sababi, men buni ta’na-tanbehsiz, shunchaki menga baribir bo‘lgani uchun aytgandim. Menga baribirligini ko‘rib, ular xursand bo‘lishdi.
Men ko‘chada chiroq to‘g‘risida o‘ylab, osmonga tikilgandim. Osmon tim qorong‘i, lekin bu zulumotda parokanda bulutlarni, ular oralig‘ida tubsiz qora dog‘larni aniq ilg‘ash mumkin edi. Birdan bu dog‘larning birida miltillagan yulduzchani ko‘rib qoldim. Unga zehn solib uzoq tikildim. Tikildim-u, endi shu kecha o‘zimni o‘ldiraman, deb qasam ichdim. Men ikki oy oldin bu haqda qat’iy qarorga kelib, nochor ahvolimga qaramay ajoyib to‘pponcha sotib olgan va uni o‘sha kuniyoq o‘qlab qo‘ygan edim. Mana, allaqachon ikki oy ham o‘tdi. To‘pponcha bo‘lsa hanuz g‘ilofida. Menga shu qadar baribir ediki, axiyri bunchalik baribir bo‘lmagan bir daqiqani poylagim keldi, lekin negaligini bilmayman. Har kecha uyga kelib, «o‘zimni otaman» deb o‘ylardim, lekin o‘sha daqiqani poylardim. Mana, endi u mitti yulduz menda bir fikr uyg‘otdi, shuning uchun ham: «albatta shu kecha o‘z boshimga yetishim kerak», — deb o‘yladim. Qiziq, bu yulduzcha nega menda fikr uyg‘otdiykin?
Men samoga tikilgan payt bir qizcha nogoh tirsagimdan ushladi. Ko‘chalar allaqachon huvillab qolgan, hech kimsa ko‘rinmasdi. Uzoqroqda izvoshchi foytunida uxlab yotardi. Qizcha sakkiz yoshlarda, boshida — durracha, egnida — bir qavatgina ko‘ylak, hamma yog‘i shalabbo edi. Ayniqsa, uning ilviragan ho‘l boshmoqlari xotiramga muhrlanib qoldi. Birdan u tirsagimdan ilkis tortib, meni allaqayoqqa sudray boshladi. U yig‘layotgani yo‘q, ammo qandaydir so‘zlarni uzuq-yuluq aytib chinqirar edi. So‘zlarining yarmi ichida qolar, chunki u dag‘-dag qaltirardi. Nimadandir dahshatga tushib, jon holatda: «Onajon! Onajonim!» — deb qichqirardi. Men unga o‘girilgan bo‘ldim, lekin churq etmay o‘z yo‘limga ketaverdim. Qizcha bo‘lsa yugurgilar, meni siltab tortar, uning ovozida qattiq qo‘rqqan bolaning holatiga xos ayanchli ingroq bor edi. Bu ingroq tovushning nimaligini men bilardim. Qizcha so‘zlarni chala-yarim aytsa-da, men qayerdadir uning onasi jon berayotganligini yoxud bir falokatga yo‘liqishgan-u, u onasiga kimnidir yordamga chaqirish yoki nimadir topish uchun yuragini hovuchlab yugurganligini darrov fahmladim. Lekin men unga ergashmadim, aksincha, miyamda «uni haydab yuborsam-chi» degan fikr o‘rmaladi. Avval unga, mirshabni top, dedim. Ammo u birdan qo‘lchalarini qovushtirdi, yig‘lamsirab, bo‘g‘riqib yonimda yuraverdi, sira izimdan qolmadi. Oxiri men yer tepib unga baqirdim. U «Barin, barin!..» deb iltijo qildi-yu, so‘ng birdan meni tashlab yo‘lning narigi betiga yugurdi. U yerda ham bir yo‘lovchi ko‘rindi, aftidan, qizcha endi unga yolvorardi.
Men o‘zimning beshinchi qavatdagi ijaramga ko‘tarildim. Mening xonam nochorgina jihozlangan, o‘zi ham katalakday, derazalari chordoqnikiday yoysimon. Mening bor bisotim — klyonka qoplangan divan, ustiga kitob taxlangan stol, ikkita kursi va daqqiyunusdan qolgan-u, lekin rohatijon, suyanchig‘i baland kreslo. Men kelib o‘tirdim, shamni yoqdim-u, o‘ylashga tushdim. Qo‘shni «xona»da, parda devor ortida bugun uchinchi kunki g‘ala-g‘ovur tinmaydi. U yerda iste’fodagi kapitan yashaydi. Bu yerda kapitan bilan besholtita sayoq oshnasi yig‘ilib aroq ichishadi, titilib ketgan eski qartada shtoss o‘ynashadi. Kecha kechqurun to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi, ikkitasi bir-birining sochidan changallab to‘rt tomonga sudradi. Xo‘jayin xotin arz qilib kirmoqchi bo‘ldi-yu, jur’at etmadi: u kapitandan o‘lguday qo‘rqardi. Bu xonadonda yana polkdan kelgan qilqanoqday xotin shu yerda kasal orttirgan uchta bolasi bilan yashaydi. Xotin ham, bolalari ham kapitandan qo‘rqib, jon hovuchlab turishadi, kechasi bilan qaltirab cho‘qinib chiqishadi. Bolalarning kichkinasini qo‘rqinchdan tutqanoq ham tutgandi.
Bilishimcha, kapitan Nevskiyda yo‘lovchilarni to‘xtatib, choychaqa undiradi. Chunki endi uni xizmatga olishmaydi. Ammo kiziqki — qiziq bo‘lmasa, aytarmidim — bir oydan beri qo‘shni yashab, kapitan biror marta ham mening g‘ashimga tegmadi. Men, albatta, tanishishdan o‘zimni olib qochdim, lekin meni birinchi ko‘rgandayoq uning ham yuragi siqilgandek bo‘ldi. Biroq ular parda ortida qancha shovqin solishmasin, necha kishilashib o‘tirishmasin, menga baribir. Men tun bo‘yi o‘tirib chiqaman, lekin o‘lay agarki, ularning biror so‘zi qulog‘imga kirsa. Ha, ularni shunchalik unutib yuboraman. Bo‘lmasa, men tuni bilan mijja qoqmay chiqaman-ku, bunga ham allaqachon bir yil bo‘ldi. Kechalari kresloda mixlanganday o‘tiraman, hech ish qilmayman, kitob-pitobni esa faqat kunduzlari o‘qiyman, o‘tiraman, hatto o‘ylamayman ham, miyamda o‘zicha qandaydir xayollar daydiydi, men ularni o‘z holiga tashlab qo‘yaman. Shamim tunda yonib ado bo‘ladi.
Men tinchgina kresloga cho‘kdim, to‘pponchani chiqarib oldimga qo‘ydim. Uni qo‘yayotib o‘zimdan: «Shundaymi?» — deb so‘radim va zarracha ikkilanmay javob berdim: «Ha, shunday!», ya’ni o‘zimni otaman! Har qalay, shu kecha o‘zimni otsam kerak — men buni bilardim, lekin ungacha qancha o‘tirishimni bilmasdim. Agar o‘sha qizcha bo‘lmaganda, shubhasiz, hozir mening kunim bitgan bo‘lardi.

II

Qarang-a, menga hamma narsa baribir edi-yu, lekin, masalan, og‘riqni sezardim. Birov meni turtib o‘tsin-chi, og‘riqni sezmasmidim. Ma’naviy jihatdan ham xuddi shunday: juda ayanchli voqea yuz bersa, men albatta hali baribirchilikka berilmagan vaqtimdagidek unga achingan bo‘lardim. Boya ham qizchaga rahmim keldi. Men-ku unga yordam berardim, ammo… Xo‘sh, nega unga yordam bermadim? Bunga o‘sha payt miyamga kelgan bir fikr sabab bo‘ldi. Qizcha meni tortib chaqirgan vaqt oldimda bir jumboq ko‘ndalang bo‘ldi, men uni yecholmadim. Aslida-ku u arzimas savol, lekin mening jahlim chiqdi. O‘zimning: «modomiki shu kechayoq o‘z boshimga yetaman, deb qasd qilgan ekanman, endi menga dunyoning boru yo‘qligi har doimgidan ko‘ra ham baribirroq bo‘lishi kerak emasmi?» — degan xulosamdan jahlim chiqdi. Qiziq, nega birdan menga baribir emasligini, qizchaga rahmim kelayotganligini his etdim. Ha, men aniq eslayman, qizchaga dildan achindim, hatto bundan g‘alati bir og‘riq ham tuydim. To‘g‘ri, men u paytdagi oniy kechinmalarimni bundan ortiq ifodalay olmayman, ammo bu kayfiyat uyga kelganimdan keyin ham davom etdi, men ko‘pdan beri birinchi marta qattiq ta’sirlangan edim. Miyamga fikrlar quyila boshladi. Men shunga amin bo‘ldimki, toki inson ekanman, toki bir xasga aylanmagan ekanman yashayman, demakki, hali azob chekishim, g‘azablanishim, o‘z qilmishlarimdan uyalishim mumkin. Mayli. Lekin men o‘zimni, deylik, ikki soatdan keyin o‘ldiradigan bo‘lsam, unda bu qizcha bilan, o‘z qilmishimning to‘g‘ri-noto‘g‘riligi bilan necha pullik ishim bor?! Men nulga aylanaman, ha, mutlaq nulga aylanaman. Nahotki hoziroq butkul yo‘qlikka aylanmog‘im va dunyoning ham barbod bo‘lmog‘ini anglab turganligim u qizchaga achinishimga va o‘z qilmishimdan uyalishimga zarracha ta’sir ko‘rsatmasa? Axir, men «Hozir faqat rahm qilmaslik emas, inson zoti o‘ziga ravo ko‘rmaydigan tubanlik ham qo‘limdan keladi, chunki men uchun olam hozir bor-u, ikki soatdan keyin yo‘q», — deb o‘ylaganim uchun ham bechora go‘dakka qarab atay yer tepindim, atay yirtqichga o‘xshab bo‘kirdim-ku. Xo‘sh, siz shuning uchun baqirganimga ishonmaysizmi? Men endi bunga ishonib qoldim. Tassavurimcha, go‘yo endi hayot ham, dunyo ham menga qarab qolgan edi. Go‘yo hattoki dunyoning o‘zi yolg‘iz men uchun yaratilgan: men o‘zimni otdimmi, dunyo ham oxiratga yuz tutadi, hech bo‘lmaganda — men uchun. Mendan keyin balki chindan ham hech kim uchun hech nima bo‘lmas. Lekin buni aytmaganda ham, mening ongim so‘ngan zahot butun olam yo‘qlikka aylanadi, ongimning bir sharpasi, zarrasi sifatida so‘nadi-ku. Ehtimol, bu yorug‘ olam, bu guj-g‘uj odamlar yolg‘iz mening o‘zimdan iboratdir. Esimda, kresloga o‘tirib xayolga cho‘markanman, men bir-biriga uyqashib kelayotgan bu yangi masalalarni butkul boshqa tomonga burib, tamomila yangi fikrni o‘ylab topdim. Masalan, mening tasavvurimda shunday bir holat gavdalandi. Deylik, men oldin Oyda yoki Marsda yashagan, u yerda qandaydir bema’ni, yaramas ish qilgan, buning uchun bosirinqi tushdagidan battar qo‘rqitilgan va sharmanda qilingan, keyin yerga tushib ham ularni unutolmagan bo‘lsam, bundan tashqari, endi zinhor ortga qaytolmasligimni bilsam, o‘shanda oyga tikilib, «E, menga baribir emasmi?!» — deya olarmidim? Men qilmishimdan uyalgan bo‘larmidim yoki yo‘qmi? Aslida-ku hozir bu savollar arzimas va ortiqcha. Chunki to‘pponcha shundoq oldimda turibdi. Bu kecha u otilishi muqarrarligini men butun vujudim bilan sezardim. Ammo fikrlar qonimni qaynatdi, men telbanamo bo‘lib qoldim. Nimanidir oldindan hal etmay turib o‘lolmaydigan holatga yetdim. Gapning qisqasi, shu qizcha meni o‘limdan xalos etdi, chunki men o‘yimga yetolmay, o‘q otilishini keyinga surdim, kapitannikida ham sharpalar tina bordi. Ular qartavozlikni tugatdilar, uxlashga tutindilar, lekin hozircha guvurlab, yoqar-yoqmas so‘kinardilar. Shu joyga yetganda, men birdan uxlab qolibman, taajjub, shu choqqacha hech qachon kresloda uyqum eltmagan edi. Uxlaganimni o‘zim ham sezmay qolibman. Tush, ma’lumki, juda g‘alati hodisa, nimalarnidir favqulodda tiniq, eng mayda tafsilotlarigacha farqlaysiz, boshqa narsalar, masalan, makonlar va zamonlar ustidan bemalol sakrab o‘tasiz. Tushlarni aql emas, istak, bosh emas, yurak harakatga keltiradi. Shunday bo‘lsa-da, mening aqlim tushda shunday ayyorona narsalarni to‘qib chiqaradiki… Tushingga shunday voqealar ham kiradiki, aslo ularning tagiga yetolmaysan. Mening akam besh yil burun dunyodan o‘tgan. Men uni goho tushimda ko‘raman: u mening ishlarimga bosh qo‘shadi, ikkalamiz ham berilib ketamiz, ammo men shu paytning o‘zida, butun tush davomida akamning vafot qilganligi va dafn etilganligini tamoman bilib, eslab turaman.
Axir, taajjublanmay bo‘ladimi, marhum odam mening yonimda yugurib-elib yursa. Nega aqlim bunga yo‘l qo‘yadi? Mayli, bularni qo‘ya turay. Bugungi tushimdan gapiray. Ha, o‘shanda shu tushni ko‘rdim, mening uchinchi noyabrdagi tushim! Ammo uning faqat tush ekanligi meni ranjitadi. Axir, u meni haqiqatdan ogoh etgandan keyin, tushmi-o‘ngmi, baribir emasmi?! Haqiqatni bir bor idrok etganingizdan keyin uning aynan shu ekanligini, boshqasi yo‘q va bo‘lishi mumkin emasligini tushmi-o‘ngmi bilib turasiz-ku. Mayli, tush bo‘laqolsin, qaytaga yaxshi. Axir, sizning ko‘klarga ko‘tarib maqtagan shu hayotingizni men bittagina o‘q bilan yo‘q qilmoqchi edim, mening tushim, tushim esa — o, u meni yangicha, ulug‘vor, qudratli hayotdan ogoh etdi!
Tinglang.

III

Boya aytganimday deyarli sezdirmay, hatto o‘sha o‘ylarimda davom eta turib ko‘zim ilinibdi. Tushimda to‘pponchani olibman, o‘tirgan ko‘yi uni to‘ppa-to‘gri yuragimga qadabman, ha, boshimga emas, yuragimga! Men, axir, o‘qni boshimga, boshimning ham o‘ng chakkasiga otishga qaror qilgandim-da. To‘pponchani ko‘ksimga qadab, bir-ikki soniya kutdim, shu choq birdan shamim, stolim, ro‘paradagi devorim joyidan siljib tebrana boshladi. Men talmovsirab jon-jahdim bilan tepkini bosdim.
Tushda ba’zan tepadan qulaysiz yoki sizni so‘yadilar, uradilar. Lekin bunda hech qanday og‘riq sezmaysiz, faqat u yer-bu yeringizni haqiqatan karavotga urib olsangizgina, joningiz og‘riydi va ko‘pincha og‘riqdan uyg‘onib ketasiz. Mening tushimda ham shunday bo‘ldi — og‘riq-pog‘riqni sezmadim, biroq, nazarimda, o‘q otilishi bilan butun borlig‘im larzaga tushdi-yu, so‘ng birdan hammasi so‘ndi, gir atrofimni qorong‘ilik qopladi. Men go‘yo ko‘r va gung bo‘lib qolgan edim. Qarabsizki, allaqanday qattiq narsaning ustida uzala tushib yotibman, hech vaqoni ko‘rmayman, qimir etolmayman. Atrofimdan o‘tib-qaytishadi, baqirib-chaqirishadi, kapitan do‘rillaydi, xo‘jabeka chinqiradi, Shu payt birdan g‘ala-g‘ovur tindi, olam sukunatga cho‘mdi. Mana, endi meni yopiq tobutda olib ketayotirlar. Men tobutim qanday chayqalayotganini sezyapman, bu haqda o‘ylab ketyapman. Daf’atan bir o‘y meni ilk bora larzaga soldi: axir, men o‘lganman, butunlay o‘lganman-ku, men buni bilaman, ko‘zdan va harakatdan qolganim bilan sezib va fikrlab turibman. Biroq ko‘p o‘tmay men bunga ko‘nikaman va odatda tushda bo‘lganidek voqelikni munozarasiz qabul qila boshlayman.
Mana, meni qabrga qo‘yib, ustimga tuproq ham tortadilar. Hamma ketadi, men yolg‘iz qolaman, tamomila yolg‘iz, qimir etmayman. O‘zimning qabrga qo‘yilishimni oldin qachonki tasavvur qilgan bo‘lsam, qabr ko‘z oldimga namlik va sovuqlik sezgilari bilan uyqashib kelar edi. Hozir ham qattiq sovqotayotganimni his etdim, ayniqsa oyog‘imning uchlari achchiq dildirardi, ammo bo‘lak hech nimani sezolmadim. Qiziqki, men hech nimani kutmay, «o‘lik odam nimani ham kutishi mumkin?» degan fikrga ko‘nib yotardim. Faqat zax kishini ezar edi. Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmayman, bir-ikki soatmi, bir necha kunmi, nogoh chap ko‘zimga tobut tepasidan bir tomchi chakki tomdi, keyin yana, yana… har daqiqada tomib turdi. Birdan ichimda achchiq norozilik uyg‘onib, yuragim sancha boshladi. «Bu o‘sha jarohatim, — xayolimdan kechdi, — o‘q teshib o‘tkan joy…» Tepamdan esa daqiqa sayin yumuq ko‘zlarim ustiga chakka tomchilayverdi. Shunda men birdan faryod qildim, yo‘q, ovoz chiqarib emas (o‘likda ovoz nima qilsin?!), butun borligim bilan menga bu ko‘rgulikni yuborgan qodir Egamga faryod qildim:
— Ey, Sen, kim bo‘lsang ham, agar borliging chin bo‘lsa va agar taxti farmoningda bulardan ko‘ra oqilroq biror nima mavjud bo‘lsa, amr et, o‘shal ijoding ko‘z oldimda namoyon bo‘lsin! Mabodo sen mendan o‘z jonimga qasd qilganim uchun shu jirkanch va bema’ni ko‘rguliklar bilan qasos olmoqchi bo‘lsang, bilib qo‘y: hech qachon, hech qanday jabru jafo, hatto u million yillab cho‘zilganda ham, mening og‘ir sukut ichida tuyadigan nafratim bilan tenglasholmaydi!..
Men faryod chekdim-u, tindim. Tamomiy sukunat qariyb bir daqiqa davom etdi, bu orada hatto bir tomchi chakki ham tomib ulgurdi, lekin men bilar va aniq ishonar edimki, hozir hammasi o‘zgarishi kerak. Shu choq birdan qabrimda darz paydo bo‘ldi. Yoki uni qazib ochishdimi, bunisini bilmayman, lekin allaqanday qora, notanish mavjudot meni ko‘tarib ketdi va biz fazoda ko‘z ochdik. Men birdan o‘zimga keldim. Yarim kecha edi, bunaqa zim-ziyo tunni umrimda birinchi ko‘rishim. Biz fazo bo‘ylab yerdan, eh-he, juda olislarga uchdik. Men o‘zimni olib uchayotgan mahluqdan hech nimani so‘ramadim, faqat yuragim g‘ururga to‘lib nimadir bo‘lishini kutdim. Men «qo‘rqmayman» deb o‘zimni ishontirdim va bu ishonchdan ham zavq, ham osoyish topdim. Qancha vaqt uchganimizni na eslayman, na tasavvur eta olaman. Tushda o‘zi shunaqa bo‘ladi-ku, makonlar va zamonlar osha, borliq va tafakkur qonunlari osha sakrab uchasiz, faqat ko‘nglingiz tortgan nuqtalargagina to‘xtalasiz. Men birdan qorong‘ilik ichra yolg‘iz yulduzchani ko‘rib qoldim. «Bu Siriusmi?» — dedim to‘satdan o‘zimni tutolmay, chunki men hech nimani so‘ramaslikka qaror qilgan edim-da. «Yo‘q, bu — sen uyga qaytayotib, bulutlar ichida ko‘rganing o‘sha yulduzcha» — javob qildi hamrohim. Qarasam, uning qiyofasi odamga o‘xshaydi. Taajjub, negadir bu mahluqni jinim suymadi, hatto undan nafratlandim. Men tamoman yo‘qlikka aylanishni kutgandim va naq yuragimga o‘q uzgandim. Endi bo‘lsa mana buning qo‘lidaman. Albatta, uning odam emasligi ayon, lekin u mavjud, yashayapti. «Demak, bundan chiqdi, o‘lgandan keyin hayot bor ekan-da» — tushga xos yuzaki fikr yuritdim men. Lekin yuragim sergak edi. «Agar qaytadan mavjud bo‘lish, kimningdir amri vojibi bilan yashash kerak bo‘lsa, — ko‘nglimdan kechirdim men, — meni mag‘lub etishlari va xo‘rlashlarini istamayman». Men kamsitilganligim tan olingan savoldan o‘zimni tiyolmay, birdan hamrohimga so‘z qotdim: «Sendan qo‘rqayotganimni bilib turibsan, shuning uchun meni ko‘rgani ko‘zing yo‘q». Men xo‘rlanganimni his qilib, yuragimda nina sanchgandek og‘riq sezdim. Hamrohim javob bermadi. Men shuni sezdimki, bu mahluq mendan nafratlanayotgani ham, mening ustimdan kulayotgani ham, hatto menga rahmi kelayotgani ham yo‘q, bu safarimizda qandaydir noayon, sirli, faqat menga aloqador qandaydir maqsad bor. Men battar vahimaga tusha boshladim. Qandaydir kuch bir so‘z aytmay, ammo qiynoq bilan meni mum tishlagan yo‘ldoshimning kimligidan ogoh etdi va mening bag‘rimni tilib o‘tdi. Biz tim qorong‘i, noma’lum kengliklar bo‘ylab uchdik. Men anchadan beri yulduzlarga tikilmay qo‘ygandim. Ammo falak avroqida nurlari ming-million yillardan so‘ng yerga yetib keladigan shunday sitoralar borligini bilardim. Balki biz bu kengliklarni endi ortda qoldirib ketgandirmiz. Men qattiq qayg‘u ichida nimanidir kutar edim. Birdan qadrdon va oliy darajada o‘ziga chorlovchi bir tuyg‘u meni larzaga soldi: men birdan o‘zimizning tabarruk quyoshimizni ko‘rib qoldim. Bu lam’ai a’zam yerimizni atrofidan gir aylantirayotgan quyoshimiz bo‘lishi mumkin emasligini, biz undan cheksiz uzoqlashib ketganimizni bilardim, ammo men butun borlig‘im bilan shuni angladimki, bu xuddi o‘zimiznikiga o‘xshagan quyosh, uning egizagi yoki aynan takrori. Mening yuragimda laziz, da’vatkor tuyg‘u sado berdi. Ko‘z ochib ko‘rganim o‘sha nurning qadrdon shu’lalari mening qalbimda jilolandi va unga qaytadan jon ato etdi, men o‘limimdan so‘ng ilk bor o‘sha jonajon hayotning nafasini tuydim.
— Agar bu quyosh bo‘lsa, xuddi o‘zimiznikiga o‘xshagan quyosh bo‘lsa, unda yer qani? — deya qichqirdim men. Yo‘ldoshim menga boqib quyuq qorong‘ilik ichida nur sochib turgan yulduzchaga ishora qildi. Biz to‘g‘ri o‘shanga qarab uchdik.
— Nahotki koinotda shunday aynan takrorlar bor, nahotki tabiatning qonuni shunday bo‘lsa?.. Agar u yulduzcha yer bo‘lsa, nahotki u ham xuddi o‘zimiznikiga o‘xshash baxtsiz, bechora, lekin aziz va hamisha suyukli yer? Nahotki u ham yerimiz kabi hattoki eng badkirdor farzandlarida ham azobli bir muhabbat uyg‘otadi? — Men o‘zim tark etgan ona-erimizga nisbatan asov, otashin muhabbatimdan titrab nido qildim. O‘zim ranjitgan g‘arib qizchaning qiyofasi bir zum ko‘z oldimdan o‘tdi.
— Shoshilma, hammasini ko‘rasan, — dedi mening hamrohim qandaydir hazin ovoz bilan. Biz tezda sayyoraga yaqinlashdik. U mening ko‘z oldimda ulkanlashdi, men hademay okeanni, Yevropa chegaralarini ajratdim va birdan qalbimda qandaydir ulug‘, muqaddas rashk tuyg‘usi alanga oldi. «Ajabo, shunchalik ham aynan takror bo‘lishi mumkinmi?! Buning nima keragi bor?! Men faqat o‘zim tark etgan yerni, men, noshukur banda, yuragimga o‘q uzib hayotimni so‘ndirgan payt bag‘ir qonim tomgan o‘sha yernigina sevaman va seva olaman! Men jonimga qasd qildim, lekin hech qachon, hech qachon ona-erimizga muhabbatim so‘ngan emas, balki o‘sha xosiyatsiz tunda ham unga alvido ayta turib uni har qachongidan ortiqroq sevgandirman. Bu yangi zaminda ham azob-uqubat bormikin? Biz o‘z yerimizda faqat azob bilangina, azob orqaligina chinakam mehr-muhabbatga noil bo‘lamiz. Biz boshqacha sevolmaymiz, boshqacha muhabbatni bilmaymiz ham. Men sevmoq uchun azob chekishni istayman. Menga hozir o‘zim tark etgan o‘sha yerdan boshqasi kerakmas, men faqat o‘shanigina qo‘msayman, o‘zga hech qayerdagi hayotni xohlamayman va qabul qilmayman».
Lekin u mahal allaqachon yo‘ldoshim meni xoli qoldirgan edi. Men bo‘lsam o‘zim ham sezmagan holda nurlarga belangan kunda jannatmonand zaminda ko‘z ochdim. Nazarimda, o‘z yerimizdagi Grek arxipelagining orollaridan birida yoki materikning shu arxipelagga yondosh allaqanday bir burchagida turgandim. O, hamma narsa o‘zimizdagiga o‘xshar, ammo faqat chor atrofda bayram nafasi ufurar, ulug‘, muqaddas, uzoq ko‘z tikib erishilgan ruhi kezar edi. Farahbaxsh moviy dengiz qirg‘oqlarga sokin urilardi va oshkora, deyarli ongli mehr bilan ulardan o‘pich olardi. Bo‘ychan xushmanzara daraxtlar butun jozibasini ko‘z-ko‘z etar, ularning sonsiz yaproqlari esa meni osoyishta, yoqimli shovullash bilan qarshi olar, go‘yo menga mehr izhor etar edi. O‘t-o‘lanlar tiniq, dilxush ranglarga burkanib yashnar edi. Qushlar gala-gala bo‘lib havoda sayr etishar, mendan cho‘chimay qo‘lu yelkalarimga qo‘nishar, nozik, popuk patlari bilan meni shodon urib o‘tishar edi. Va, nihoyat, men baxtga qorilgan bu zaminning odamlarini ko‘rdim. Ular yonimga kelishdi, meni qurshab olishdi, kuchib o‘pa boshlashdi. Oftob farzandlari, quyosh bolalari — o, ular qanchalar go‘zal edi! Men o‘z yerimiz odamlarida hech qachon bu qadar komil go‘zallikni ko‘rmagan edim. Faqat bolalarimizda hali ruhiga gard qo‘nmagan paytlarda kuchsizgina bo‘lsa-da, bu go‘zallikning uchqunlarini uchratish mumkin. Bu baxtiyor odamlarning chehralari tiniq nur sochib porlaydi. Ularning yuz-ko‘zlaridan aql nuri yog‘ilib turadi, ammo bu yuzlar quvonchga to‘la; bu odamlarning ovozida, so‘zlarida bolalarcha zavq jaranglaydi. O, men bir qarashdayoq hammasini, hammasini tushundim, bu — ayblaru gunohlar bilan bulg‘anmagan yer edi, unda ham odamlar, ammo gunohsiz odamlar yashardi, ular butun bashariyatning diniy rivoyatlarida yozilganidek, bizning gunohga botmagan ajdodlarimiz davron surgan jannatmonand ma’voda yashardilar. Faqat bir farqi-bunda butun zamin yaxlit jannatdan, jannatning o‘zidangina iborat edi. Bu odamlar shodon jilmayib meni qurshab oldilar va o‘zlari bilan olib ketdilar. Ularning har biri meni xotirjam etgisi kelardi. O, ular mendan hech nimani so‘rab o‘tirishmadi, ammo hammasi allaqachon hamma gapni bilgandek edi, har holda menga shunday tuyuldi. Ular mening yuzimdan uqubat nuqsini tezroq sidirib tashlashni istardilar.

IV

Mayli, bu faqat tush bo‘la qolsin, lekin ularning mehribonligini qarang. Men bu mehrning haroratini manguga eslab qoldim, hozir ham o‘sha yoqdan mehr yog‘ilayotganday tuyuldi. Men ularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, kimligini bildim, ularga mehr qo‘ydim va keyinchalik ular uchun azob chekdim. O, men ularni juda ko‘p tomonlardan tushunolmasligimni o‘sha paytdayoq angladim. Men zamonaviy rus progressisti sifatida, badxulq peterburglik sifatida bir narsaga hayron qolardim: ular shunchalik ko‘p narsani bilsalar-da, biznikiga o‘xshagan ilm-fanga ega emas edilar. Tezda shunga aqlim yetdiki, ularning bilimida biznikiga o‘xshamaydigan ajib samimiyat bor, ular suv ichadigan bilim chashmalari ham, ularning intilishlari ham butunlay bo‘lakcha. Bu zamin odamlari ortiqcha hoyu havasga berilmay, osuda yashardilar, hayotni idrok etishga ham bizchalik intilmasdilar, chunki ularning hayoti shusiz ham bekam-ko‘st edi. Lekin ularning bilimlari bizning fanimizga nisbatan teranroq va yuksakroq edi, zero, bizning fanimiz hayot o‘zi nima ekanligini tushunishga intiladi, boshqalarga qanday yashashni o‘rgatish uchun uni idrok etmoqchi bo‘ladi. Ular bo‘lsa qanday yashashni ilm-fansiz ham bilardilar, men buni fahmladim, ammo ularning bilimlarini tushunolmadim. Ular menga o‘z daraxtlarini ko‘rsatdilar, lekin dov-daraxtlarga shunchalik muhabbat bilan qarash menga yot edi, ular go‘yo o‘zlariga monand mavjudotlar bilan so‘zlashayotganga o‘xshardilar. Bu odamlar daraxtlar bilan gaplashardilar, desam ham, ehtimolki, xato bo‘lmas. Ha, chindan ham ular bir-birlarining tillariga tushunardilar. Ular butun tabiatga, masalan, hayvonot olamiga ham xuddi shunday qarardilar, ular bilan inoq yashardilar. Ular ko‘kka ishora qilib, menga yulduzlar haqida nimadir dedilar, men tushunolmadim, ammo shu chog‘ ularning dillari yulduzlar bilan tutashganligiga ishonchim komil. O, bu odamlar meni o‘z qalblariga oshno etolmadilar, ammo meni shusiz ham suydilar. Ular meni tushunolmasliklariga ko‘zim yetdi, shuning uchun yerimiz haqida miq etib og‘iz ochmadim. Men faqat hammaning ko‘z o‘ngida ularning yerini o‘pdim va ularga sajda qildim. Ular mening sig‘inishimga iymanmay yo‘l qo‘yib berdilar, chunki ularning qalbi shunday ulug‘ sevgiga moyil edi. Mehrimga qanday javob qaytarishlarini sevinch bilan idrok etgan holda goh ko‘zlarim jiqqa yoshga to‘lib, ularning oyoqlarini o‘psam, ular men uchun iztirob chekmadilar. Goho men taajjublanib o‘zimdan so‘rardim: qanday qilib ular mendek bir telbani biror marta ham ranjitmadilar, mendek bir kishida rashk va hasad tuyg‘ularini uyg‘otmadilar? Qanday qilib mendek bir maqtanchoq va yolg‘onchi odam ularning oldida hech biri bilmaydigan bilimlarim bilan maqtanmadim, hech bo‘lmasa, suyganimdan ularni qoyil qoldirishga harakat qilmadim?
Ular xuddi go‘daklardek tinib-tinchimas, quvnoq odamlar edilar. O‘zlarining so‘lim daraxtzor va o‘rmonzorlarida kezib, munis qo‘shiqlar aytardilar, daraxtlar mevasi, o‘rmonlar asali va mehribon jonivorlarning suti bilan yengil ovqatlanardilar. O‘z yemishlari va kiyim-boshlari uchun bizdek o‘lib-tirilib mehnat qilmasdilar. Ularda ham ishq-muhabbat bor edi, bundan farzandlar tug‘ilardi. Lekin men ularda bizda hammani zaharlagan, insoniyat botayotgan barcha gunohlarning yagona manbai bo‘lgan shafqatsiz ishratparastlikning izini ham ko‘rmadim. Ular go‘dak dunyoga kelganda, bazmi jamshidimizga yangi a’zo qo‘shildi, deb sevinchga to‘lardilar. Ular o‘rtasida achchiq-tiziq gap, rashku hasad yo‘q edi, bularning nimaligini bilishmasdi ham. Har bir tug‘ilgan go‘dak barchaning farzandi sanalardi, chunki ular yagona oila bo‘lib yashardilar. Garchand ularda ham o‘lim barhaq bo‘lsa-da, kasallik yo‘q edi. Ularning qariyalari vidolashish uchun davra qurgan odamlarning yorug‘ tabassumlari ostida ularga oq fotiha berib tinchgina kulimsiragancha uyquga ketganday jon taslim qilardilar. Bunda qayg‘u ham, ko‘z yoshi ham yo‘q, faqat hayajon bo‘lib jo‘sh urgan mehr bor edi, xolos. O‘ylash mumkinki, ular marhumlari bilan ham dillashardilar, ularning yaqinligini o‘lim ham buzolmasdi. Men mangu hayot haqidagi fikrlarini so‘raganimda, ular menga hayron boqdilar, aftidan, ular mangu hayotga shu darajada ishonar edilarki, so‘rab o‘tirish ham ularga g‘alati tuyulardi. Ularda sajdagohlar yo‘q edi. Axir, qaysi dargohga sig‘inishsin?! Ularda bir butun Koinot bilan qandaydir qimmatli, jonli, chambarchas birlik bor edi. Ularda din ham yo‘q edi, faqat bir narsani aniq bilishardiki, qachonki ularning quvonchlari zaminidagi tabiatning sarhadlariga yetsa, jamiki tiriklar va o‘liklar uchun yaxlit olam bilan uyg‘unlashishning chegaralari yanada kengayadi. Ular bu ajib lahzani quvonch bilan kutardilar. Lekin uni oshiqmay, betoqat bo‘lmay, intiqmay, hozirdanoq uning sehriga mast bo‘lib va buni bir-birlariga izhor etib kutardilar.
Oqshomlari uyqu oldida ular bir tanu bir jon bo‘lib qo‘shiqlar aytishni xush ko‘rardilar. Bu qo‘shiqlarga oxirlagan kunning jami taassurotlarini to‘kib solardilar, uni ulug‘lardilar, u bilan xayrlashardilar. Ular tabiatni, yerni, dengizu o‘rmonlarni kuylardilar. Ular bir-birlari sha’niga qo‘shiq aytishni sevardilar, xuddi bolalarga o‘xshab bir-birlarini maqtardilar. Bular — juda oddiy qo‘shiqlar edi, ammo yurakdan otilib chiqardi va yuraklarga titroq solardi. Nafaqat qo‘shiqlari, balki butun hayotlari bir-birlarining mehriga qonish bilan o‘tardi. Ular bir-birlariga batamom va yoppasiga maftun edilar. Boshqa tantanavor va ko‘tarinki qo‘shiqlarni men mutlaqo tushunmadim. So‘zlarini tushunib turib, ular zamiridagi ma’noni uqolmadim. Mening aqlim bunga ojiz edi, ammo qalbim ularga beso‘roq kirib bordi va butunlay berilib qoldi. Men bular barini payg‘ambarday oldindan sezganman, bu quvonch va shon-shuhrat yerdayoq goho chidab bo‘lmas darajaga yetgan da’vatkor qayg‘u bo‘lib menga ta’sir etgandi, ularni va ular dovrug‘ini xayolim tushlarida va aqlim orzularida oldindan tuygandim, men o‘z yerimizda ko‘pincha botayotgan quyoshni ko‘z yoshisiz kuzatolmasdim — bular barini men ularga qayta-qayta aytib berdim. Mening o‘z odamlarimizga nafratimda doimo qandaydir andux bo‘lardi: nega men ularni sevmay turib yomon ko‘rolmayman, nega men ularni avf etmay ketolmayman, mabodo sevsam ham, nafratsiz sevolmayman, deb hasrat chekardim. Ular meni tingladilar, lekin men aytganlarni tasavvur qilolmadilar, ammo men gapirganimga pushaymon bo‘lmadim. Bildimki, ular o‘zim tark etgan elga sog‘inchimning butun kuchini a’lo darajada tushunardilar. Ha, ular menga munis, mehribon nigohlarini tikkan chog‘lari men ham o‘shalarday begunoh va rostgo‘y bo‘lib qolganimni sezdim, ammo men ularni tushunolmaganimdan nadomat chekmadim. Bu hayotning mukammalligini his etgan sari nafas olishim qiyinlashdi va men ularga unsiz tilovat qildim.
O, endi hamma mening ko‘zimga qarab turib kuladi va tushda bunchalik tafsilotlarni ko‘rish mumkin emas, tushingda ul-bulni ko‘rgandirsan-u, qolganini uyg‘onib o‘zing to‘qigansan, deb meni ishontira boshlaydi. Agar men ularga: ehtimol, haqiqatan shunday bo‘lgandir, deguday bo‘lsam bormi — oh xudoyim-a, ular qanday kulgi ko‘tarardilar va bu maynavozchilikdan o‘zlari qancha zavq olardilar. Ha, albatta, men ko‘rgan tushimning taassuroti bilan mag‘lub bo‘lib qolardim, mening zada, pajmurda yuragimda faqat shu hisgina omon qolgan bo‘lardi. Ammo ko‘rgan tushimning haqiqiy manzaralari, shakllari shu darajada uyg‘unlik kasb etgan, shu darajada dilbar, go‘zal va haqqoniy ediki, men uyg‘onib ularni o‘zimizning nochor so‘zlarimiz bilan ifoda etmoqqa ojiz edim, ular o‘z-o‘zidan miyamda boshqacharoq tus olishi tayin edi, men haqiqatan ham taassurotlarni o‘zimdan qo‘shib-chatib yozishim mumkin, ayniqsa, ularni qancha bo‘lmasin, yetkazishga, buning ustiga tezroq yetkazishga jon-dildan oshiqayotgan paytimda. Ammo men qanday qilib ularning yuz berganiga ishonmay? Ular balki men aytganimdan ko‘ra ming marta a’loroq, nurliroq, quvonchliroq bo‘lgandir? Kelingki, uni tush ham deylik, biroq tamomila uydirma bo‘lishi mumkin emas. O, bilasizmi, men sizga bir sirni aytaman: bular bari, ehtimolki, hech qanaqa tush emasdir. Chunki bu yerda shunday ravshan voqealar yuz berdiki, bunday haqiqatlar ikki dunyoda tushda xayolga kelishi mumkin emas. Mayli, bu tushni qalbimning bir ijodi deylik, lekin ko‘nglimning o‘zi keyin men yetishgan haqiqatni yuzaga keltira olarmidi? Qanday qilib men shunday ulug‘vor haqiqatni ichimdan to‘qib chiqarishim mumkin? Qanday qilib mening shu maydakash yuragim va shu injiq, arzimas aqlim haqiqatni shunday chuqur inkishof etish darajasiga ko‘tarildi? O, mana bu so‘nggi voqea esa sizning hukmingizga havola: men shu vaqtgacha bir narsani yashirgandim, endi haqiqatni oxirigacha aytaman. Gap shundaki, men — yaramas — ularning barini yo‘ldan ozdirdim.

V

Ha, oqibat shu bo‘ldiki, men ularning barini nahsga botirdim. Qanday qilib bu xil voqea yuz berishi mumkinligini bilmayman, biroq uni juda yaxshi eslayman. Tushim ming yilliklarni o‘zida qamrab olgan bo‘lsa ham, mening xotiramda bir gina yaxlit bir taassurot qoldirdi. Faqat shuni bilamanki, jami gunohlarning asl sababchisi men edim. Bir irkit kana kabi, butun boshli mamla katlarni zaharlovchi vabo tarqatkich gard kabi men shu qadar begunoh va baxtli bir zaminni bulg‘adim. Ular aldashni o‘rgandilar, yolg‘onga ruju qo‘ydilar va uning mazasini bilib oldilar. O, ehtimolki, bu hech qanday g‘arazsiz, oddiy hazildan, erkalikdan, yengil-elpi sevgidan, arzimas zarradan boshlangandir, lekin bu yolg‘on zarrasi ularning qalbiga kirib oldi-yu, sohibga yoqib tushdi. Keyin tezda ishratparastlik, ishratparastlikdan rashk, rashkdan shafqatsizlik tug‘ildi. O, aniq aytolmayman-u, ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘zga yer odamining birinchi qoni to‘kildi: ular taajjubda qoldilar, dahshatga tushdilar va bir-birlaridan yuz o‘girib turli tomonlarga tarqala boshladilar… Ittifoqlar, uyushmalar paydo bo‘ldi, lekin ular bir-biriga qarshi edi. Ta’na-malomatlar dunyoga keldi. Ular o‘z qilmishlaridan uyalishni o‘rgandilar va bu uyat tuyg‘usini ezgulikka yo‘ydilar. Sha’n, nomus degan tushunchalar paydo bo‘ldi. Har bir uyushma o‘z bayrog‘ini tikdi. Ulardan hayvonlar ham ozor ko‘rdi, yog‘iylashib o‘rmonlarga qochdi. Bo‘linish, yakkalanib olish uchun, shaxs uchun, meniki-yu, seniki uchun tinimsiz kurashlar boshlandi. Ular anvoyi tillarda gaplasha boshladilar. Shu tariqa, g‘am-anduh nimaligini bildilar va uni sevib qoldilar, uqubatni qo‘msadilar. Faqat zahmat chekibgina haqiqatga yetish mumkin, dedilar. Shunda ularda ham biz tushungan ilm-fan paydo bo‘ldi. Ular vahshiy bo‘lib ketganlaridan so‘ng birodarlik va insoniylik to‘g‘risida gapira boshladilar va bu g‘oyalarning nimaligini idrok etdilar. Jinoyatchiga aylanganlarida, adolatni o‘ylab chiqardilar, uni himoya qilish maqsadida, o‘zlari uchun butun boshli qonunlar o‘ylab chiqardilar va bosh kesuvchi mashinalarni ularga posbon qilib qo‘ydilar. Ular o‘zlari boy bergan hayot tarzini elas-elas eslardilar, qachonlardir begunoh va baxtiyor bo‘lganlariga ko‘pincha ishongilari ham kelmasdi. Ular moziyda shunchalik baxtli bo‘lganliklarini xom xayol deb o‘ylardilar va uning ustidan kulardilar. Uni hatto butun shakl-shamoyili bilan tuzukroq tasavvur ham qilolmasdilar, lekin qiziq joyi shundaki, kechmish saodatga ishonchni yo‘qotib, uni ertak deb o‘ylash barobarida ular qaytadan beg‘ubor va baxtiyor bo‘lishni shunday orzu qildilarki, o‘z orzulariga bandi bo‘lib unga ilohiy tus berdilar, shu intilish yo‘lida ibodatxonalar tikladilar. O‘z g‘oyalari va orzularining ro‘yobga chiqmasligiga ishonib turib, ko‘z yoshlari bilan uni ilohiylashtirdilar, unga sajdalar qildilar. Lekin o‘sha mas’ud va mas’um damlarga qaytish imkoni tug‘ilib, kimdir: “Unga qaytishni istaysizmi?” — deb so‘rasa, ular, shubhasiz, bosh tortgan bo‘lardilar.
Ular menga: «Ha, biz yolg‘onchimiz, zolim va adolatsizmiz, biz buni bilamiz, o‘z holimizga yig‘laymiz, buning uchun azob chekamiz. Ehtimolki, biz o‘zimizni oxiratda barchamizni so‘roqqa tutuvchi hakamdan ko‘ra qattiqroq jazolarmiz. Lekin bizda ilm-fan bor, biz uning yordamida qaytadan haqiqatni izlaymiz, biroq endi uni ongli ravishda qabul qilamiz. Bilim tuyg‘udan yuksakroq, hayotni anglash hayotning o‘zidan yuksakroq! Ilm bizga donolik baxsh etadi, donolik qonunlarni kashf qiladi, baxt qonunlarini bilish esa baxtning o‘zidan oliyroq!», — dedilar. Bu gaplardan keyin ularning har biri o‘zini battarroq yomon ko‘rib ketdi, boshqacha yo‘l tutish ularning qo‘lidan kelmasdi. Har kim o‘z shaxsiga shu darajada berildiki, butun kuchi bilan boshqalar shaxsini yerga urishga intildi, balki hayotini ham shunga qurbon qildi.
Qullik paydo bo‘ldi, odamlar hatto o‘z erki bilan qul bo‘la boshlashdi. Kuchsizlar kuchlilarga bajonidil itoat etdilar, chunki yana ham kuchsizlarni ezishda kuchlilar ularga yordam berardilar. Ular orasidan ruhoniylar yetishib chiqdi, ko‘z yoshlar bilan xalqqa yuzlanib, ularning mag‘rurliklari, me’yorni, uyg‘unlikni yo‘qotib qo‘yishgani, sharm-hayoni unutishgani haqida va’z-nasihat o‘qidilar. Odamlar esa ularni masxara qilishdi yoki toshlar bilan urishdi. Muqaddas qon sajdagohlar ostonasiga to‘kildi. Ammo oradan olam haqida jiddiy bosh qotiradiganlar ham yetishib chiqdi. Ular, odamlar shunday birlashsaki, o‘zlarini barchadan ortiq sevganlari holda boshqalarga ham halal yetkazmasalar, shu asosda hamma ixtiyoriy jamiyat bo‘lib yashasa, deya o‘yladilar. Bu g‘oya tufayli butun boshli urushlar kelib chikdi. Kurashayotganlarning barchasi ilm-fan, tafakkur va o‘z-o‘zini asrash tuyg‘usi axiyri insonlarni totuv va ongli jamiyat bo‘lib yashashga majbur etadi, deb ishondi. Shu sababli ham o‘z yo‘lining tantanasiga halaqit bermasin uchun «dono»lar «nodon»larni, mazkur g‘oyani tushunmaydiganlarni tezroq yanchib tashlashga intildilar. Lekin insondagi o‘z-o‘zini asrash tuyg‘usi ham tezda kuchsizlanib qoldi. «Bo‘lsa, hammasi bo‘lsin, bo‘lmasa, hech nima bo‘lmasin» deguvchi mag‘rur zo‘ravonlar va ishratparastlar paydo bo‘ldi. Ular maqsadlariga erishish uchun razillikka qo‘l urdilar, muddaolariga yetolmasalar o‘z jonlariga qasd qildilar. Arzimas bu dunyoda abadiy orom olish uchun yo‘qlikka, o‘z-o‘zini yemirishga da’vat etuvchi diniy oqimlar yuzaga keldi. Nihoyat, bu odamlar ma’nisiz mehnatdan tolishdi, ularning yuziga azob-uqubat alomatlari qalqib chiqdi, ular «azob-uqubat — bu go‘zallik, faqat undagina chinakam fikr bor» deb olamga bong urdilar. Ular azob-uqubatni qo‘shiqqa solib kuyladilar. Men nadomat chekib ularning orasida yurdim, ularning holiga yig‘ladim va ularga, ehtimolki, hali yuzlariga azob nuqsi urmagan, begunoh va go‘zal bo‘lgan paytlaridagidan ortiqroq mehr qo‘ydim. Men gunohga botgan bu tuproqni oldingidan ko‘proq sevib qoldim. Sababi — unda g‘am-anduh paydo bo‘ldi. Evoh, men g‘am-alamni azaldan yaxshi ko‘rardim, lekin faqat o‘zim uchun. Ularga esa rahmim kelib yig‘lardim. Men umidsizlikka tushib, o‘zimni ayblab va la’natlab, ularga yuzlandim: «Bular hammasini men, yolg‘iz mening o‘zim qildim, sizlarga fahshni, marazni, yolg‘onni men, men olib keldim». Yana ularga: «Meni xochga parchinlab qo‘yinglar», — deb yalindim va xochni qanday yasashni o‘rgatdim. Men o‘zimni o‘ldirolmasdim, bunga qurbim yetmasdi, men ular qo‘lidan jabr ko‘rishni, bu qiynoqlarda qonim so‘nggi tomchisigacha to‘kilib bitishini istardim. Ammo ular nuqul mening ustimdan kulardilar. Oxiri ular ham meni telbaga chiqardilar. Biroq ular meni oqladilar, mendan faqat o‘zlariga kerakli narsalarnigina olganlarini, bu voqealar ro‘y bermasligi mumkin emasligini aytdilar. Oxiri men ularga xavf tug‘dirayotganimni, agar tilimni tiymasam, jinnixonaga qamab qo‘yajaklarini ma’lum qildilar. Shunda qayg‘u-alam yuragimni chunonam siqdiki, men, hozir o‘laman, deb o‘yladim va shu choq, shu choq uyg‘onib ketdim.
Hali, tong oqarmagan, soat oltilar edi. Men o‘sha kreslomda uyg‘ondim. Sham yonib ado bo‘libdi, kapitanning uyidagilar ham uxlashibdi, hamma yoq suv quygandek osuda. Men favqulodda bir taajjub bilan o‘rnimdan otilib turdim. Men hali hech qachon bunaqa alahlamagan, hali biror marta kreslomda, masalan, shunday uxlab qolmagan edim. Shu choq, turib endigina o‘zimga kelgan payt birdan to‘pponchamga ko‘zim tushdi — tap-tayyor, o‘qlangan. Lekin men bir lahzaga uni o‘zimdan chetga surib qo‘ydim. O, endi men yashashim kerak, yashashim! Men qo‘llarimni ko‘tarib mangu Haqiqatga nido qildim, yo‘q, nido qilmadim, yig‘ladim. Vujudimni cheksiz bir hayajon qamradi. Ha, men endi yashashim va targ‘ib etishim kerak! Targ‘ib etish haqida men shu ondayoq, bir umrga ahd qildim. Lekin nimani? Haqiqatni! Axir, men uni, uning butun shon-shavkatini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim.
Men o‘shandan beri targ‘ibotdan to‘xtamayman. Bundan tashqari, ustimdan kuladiganlarni boshqalardan ko‘proq sevaman. Nega bunday — menga noayon. Mayli, shunday bo‘laversin. Odamlar aytishicha, men hali ham adashib yurgan emishman, ya’ni ular: «Hali ham adashib yurgan bo‘lsang, bu yog‘i nima bo‘ladi?» — demoqchi. Tayin gapki, men hali ko‘p adashaman, u yog‘i balki bundan ham battar bo‘lar. Albatta, qay yo‘sinda, qanday so‘zlar va misollar bilan targ‘ib etishni o‘rganguncha, men hali ko‘p yanglishaman, chunki bu oson ish emas. Men-ku u haqiqatlarning hammasini kundek ravshan ko‘rib turibman, lekin, baribir, kim ham yanglishmaydi, deysiz. Yana shunisi borki, aslida mutafakkirdan tortib ashaddiy qaroqchigacha hamma ham bir manzilga boradi, yoki hech bo‘lmasa intiladi, faqat turli yo‘llar bilan. Bu — eski haqiqat. Faqat yangiligi shundaki, men endi butunlay yo‘ldan ozib ketishim mumkin emas. Chunki men haqiqatni ko‘rdim, men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim va bildimki, odamlar yerda yashash qobiliyatini yo‘qotmay turib kamolatga va baxtga yetishishi mumkin. Men razillik odamlarning tabiiy holati ekanligiga ishonolmayman, ishonishni istamayman ham. Ular esa aynan mana shu ishonchimdan kuladilar. Axir, qanday qilib men bunga ishonmay, men uni aql bilan kashf etganim yo‘q, balki ro‘y-rost ko‘rdim-ku, uning jonli surati mening yuragimni manguga fayziyob etdi-ku. Men uni shunday mukammal bir butunlikda ko‘rdimki — uning odamlar orasida tantana qilishi mumkin emasligiga ishonolmayman. Shunday ekan, men qanday qilib butunlay yanglishib ketishim mumkin?! Albatta, vaqti bilan u yon-bu yonga sal-pal og‘ib ketishim mumkin, lekin bu hol uzoq davom etmaydi. Ko‘rganlarimning jonli surati doimo mening bilan birga bo‘ladi va meni hamisha to‘g‘ri yo‘lga boshlab turadi. O, men endi bardamman, sog‘lomman, kerak bo‘lsa, mingga ham kirishim mumkin. Bilasizmi, men avvaliga ularni yo‘ldan ozdirganimni yashirmoqchi bo‘ldim, ammo bu mening xatoim edi, men bitta xatoga ham yo‘l qo‘yib ulgurdim. Biroq Haqiqat yolg‘onga toyib ketayotganimni mening qulog‘imga shipshidi, meni xatodan asrab, to‘g‘ri yo‘lga soldi.
Xo‘sh, qanday qilib jannat yaratish kerak — men buni bilmayman, chunki so‘z bilan ifodalab berolmayman. O‘sha tushdan so‘ng men so‘zlarimni, hech bo‘lmasa, ularning eng zarurlarini unutib qo‘ydim. Bu ham mayli. Men baribir yo‘lga tushaman va horish nimaligini unutib ularga barchasini so‘zlab beraman, zero, yaxshi bayon etib berolmasam-da, har holda men uni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Mana bu masxaravozlar esa tushunmaydi, «Tush ko‘rgan, telba, alahlagan, gallyutsinatsiya!» — deydi. Eh! Axir, shu ham aqldanmi? Tag‘in ular ko‘kragiga uradi-ya. Tush emish. Xo‘sh, tush nima o‘zi? Bizning hayotimizchi, tush emasmi? Nima desangiz, deng; mayli, bular hech qachon amalga oshmasin, jannat hech qachon yaralmasin, men baribir targ‘ib qilaveraman. Lekin aslida bu juda oddiy narsa: bir kun, bir soatning o‘zida hamma ishlar joyida bo‘lishi mumkin. Muhimi — o‘zgalarni ham o‘zingizdek seva olish! Ko‘rdingizmi, eng muhim narsa nima ekan! Bor-yo‘g‘i shu, boshqa hech nima kerakmas: nari yog‘iga qanday yo‘l tutishni o‘sha zahotiyoq o‘zingiz topib olasiz. Gap orasida aytishim kerakki, bular hammasi eski haqiqat. Uni million emas, billion martalab takrorlaganlar, o‘qiganlar, lekin ular amalga oshmadi. «Hayotni anglash hayotning o‘zidan, baxt qonunlarini anglash baxtning o‘zidan oliyroq» — mana shu fikr bilan kurashish kerak. Men kurashaman ham. Faqat agar hamma xohlasa, shu zahotiyoq barchasi o‘nglanadi.
U kichkina qizchani men izlab topdim… Mayli, men ketdim! Men ketdim!

Rus tilidan Mirzaahmad Olimov tarjimasi.
“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 2-son