Kutilmaganda tuman quyuqlashdi. Vikol Antim adir uzra, do‘ngliklar osha o‘rlab, sekin-sekin ishkomlar va tor ko‘chalarni ham egallayotgan och ko‘kish tumanning bostirib kelishini derazadan tomosha qilib turardi. Yog‘ochdan ishlangan eski, lekin hali baquvvat minbar bilan teshik-tirqishlari, g‘adir-budur yerlari yaxshilab suvalgan, biroq hali bo‘yalmagan eshik orasida u yoqdan-bu yoqqa yuraverib charchadimi, deraza tokchasiga kaftlarini qo‘ygancha hovli-bog‘laru tomlar osha uzoq-uzoqlardan ko‘zini uzolmasdi. Lekin shu payt nigohi qo‘llarini cho‘ntagiga suqib, darvoza yonida turgan Kroykuga tushdi. Kroyku anchadan beri o‘sha yerda turgan bo‘lsa kerak, simyog‘ochga suyangancha borliqni qoplayotgan oqish-nim ko‘kish tuman mana hozir o‘zini ham bag‘riga olishini kutayotganga o‘xshardi. Agar bu g‘aroyib manzarani yakka o‘zi emas, yana kimdir alohida kayfiyat va xayolot izmida tomosha qilayotganini bilsa, quvonib ketishini o‘ylagan Vikol Antim derazani ochib: “Kroyku! Hoy, Kroyku!” deya chaqirmoqchi ham bo‘ldi. Shunday qilsa unga xayrixoh ekanini bildirgan bo‘lardi. Lekin u chog‘landi, xolos, o‘sha zahoti niyatidan qaytdi, holbuki, sinfda undan boshqa hech zog‘ yo‘q, yolg‘iz o‘zi, diqqati oshib, nima qilarini bilmaganidan tuman qoplagan mavzelarni tomosha qilayotgan edi; bugun oxirgi kun ekaniga ishonchi komil bo‘lgani bilan ich-ichida ertadan umid qilayotgandi. Fayzli ishkomlarni ko‘zdan kechirayotib, Bashaliga hammasini aniqlashtiradi va shu bilan ko‘ngilsiz ishlarga chek qo‘yiladi-yu, ularni sinflariga qaytarib yuboradi, degan o‘y kechayotgandi. Mana shunday qarama-qarshi xayollar og‘ushida u hatto deraza tutqichini burab tortdi, allanechuk g‘iyqillagan tovush eshitildi, shu lahzalarda u nima sababdan yengil tortganini angladi. Zotan, Kroyku xayolidan kechgan sarguzashtlarini bemalol aytishi mumkin bo‘lgan yagona inson edi, ehtimol, shuning uchun biroz yengil tortgan bo‘lsa ajab emas. Vikol Antimga “xayolidan kechgan sarguzashtlari” degan so‘zlar moyday yoqib, kulimsirab qo‘ydi. Juda o‘rinli, chindanam sarguzasht – boshqacha ta’riflash mumkin emas. Bunga ko‘p bo‘lgani yo‘q, uch kun avval yuz berdi.
O‘shanda Antuza uni izlab topganida, u na’matak butalari ostida cho‘nqayib o‘tirardi. Qiz tovush chiqarmay, sassiz yurib kelayotgan chog‘da uning sovuqdan titrab, ihrab-sihrayotganini eshitib qolgandi. Vikol Antim almisoqdan qolgan, yarim vayrona kulbaga bir ilinj bilan, umidvor bo‘lib ana-hozir mo‘jiza yuz beradi-yu, chiroq yonadi va uning qiynalishlariga barham beradi, degandek mo‘ltirab o‘tirar, kim, qanaqasiga barham beradi – bilmas, lekin mana shu xayolning o‘ziyoq, sovuq azbaroyi, suyak-suyagiga qadar o‘tib ketgani, qiynalayotgani uchunmi najotbaxsh quvvat kasb etayotgandi. Chiroq, tabiiyki, yonmadi, lekin najot farishtasining o‘zi tashrif buyurdi – uning orqa tarafida yengilgina qadam tovushlari eshitildi va u hali boshini ko‘tarib qarashga ulgurmay, qarshisida Antuza paydo bo‘ldi. Qiz bamisli shafqat hamshirasidek uning dardiga malham bo‘lish uchun kelganga o‘xshardi; aslida u Vikol Antim shunday sovuqda, yana yarim kechasi bu yerda nima qilib yuribdi, deya ajablanishi kerak edi, yo‘q, uning qiyofasida bunday ifodalar ko‘rinmas, bil’aks, ko‘proq achinish hissi zuhr etardi; Vikol Antim amallab turishga chog‘landi, lekin holi kelmay o‘tirib qoldi, to nafasini rostlab, yana uringunicha ikki-uch daqiqa o‘tdi. Titrog‘i hadeganda bosilmadi, oyoqlari, shimining keng pochasi shudringda jiqqa ho‘l bo‘lgan, boldiriga maysalar yopishgan, shimi og‘irlashib, yurish noqulay edi. U kaftlari bilan yuzini qayta-qayta ishqadi, lablarini qonatib yuborgudek qattiq tishladi. “Bu yerlar sovuq, shamollab qolish mumkin”, – dedi Antuza. Bu bilan u bizning bog‘imizda shunaqa sovuq, boshqa yerlarda unday sovuq emas, demoqchi bo‘layotganini Vikol Antim tushundi. Yelkalarini quchib, sovuqdan dildirab turar ekan, u o‘zini ojiz va hatto g‘aribu notavon va xo‘rlangan his etdi. Shu bilan birga, beixtiyor Antuzadan iloji boricha tezroq qutulishni xayol qildi, ana shunda Vladiyadan beshikast, hurmat-e’tiborini saqlagan holda qaytib keta olardi. Nazarida, ayni chog‘da yolg‘iz qishloq joniga oro kirishi mumkin edi. Aksiga olib Antuza ham ketmasdan turaverdi, buning ustiga, harakat qilsang – qiziysan, bu ahvolda sovuqdan qo‘l-oyog‘ing uvishib qoladi, deb donolik qilganiga balo bormi?! U qizning aytganlariga itoat etishni o‘zi uchun or, deb bilgan bo‘lsa ham, o‘tirib turishga harakat qildi, qo‘llarini ko‘tarib bir-ikki siltadi, a’zoyi badaniga issiqlik yugurgandek bo‘ldi.
“Agar uyga taklif qilmasam xafa bo‘lmaysanmi? – dedi Antuza qop-qorong‘i uyi tomonga ishora qilib. – Otam bilan singlim uxlashyapti, – deya hiringlab kuldi u. – Qolaversa, vaqt ham allamahal bo‘lib qoldi”.
Vikol Antim ensasi qotganini bildirmaslikka urinib, ayniqsa, sizlarnikiga kirish uchun kech bo‘ldi, dedi. Antuza unga o‘qrayib qaradi. “Voy ko‘nglimning ko‘chasi-ey! Shu ahvoldayam bir nima, deb sanchib olishingni qo‘ymaysan-a, aytganday, o‘zing ham xohlamayapsan-u, o‘lganingning kunidan turibsan indamay. – Qiz ko‘ngliga qattiq tegdim shekilli, deb o‘yladimi, muloyim ohangda: – Istasang bog‘imizni ko‘rsataman, bo‘ptimi?” – dedi. O‘sha zahoti taklifini o‘zgartirib takrorladi: “To‘g‘rirog‘i, saltanatimizni, ko‘rsang, tushunib olasan, nega bunaqa deyotganimni”.
“Men tarix o‘qituvchisiman, saltanat nimaligining farqiga boraman, qo‘rqma. Xo‘p, nima taklif qilmoqchisan?”
“Ortimdan yurishingni, bir so‘z bilan aytganda, menga itoat etishingni”. Shunday dedi-da, Antuza devorni barmoq uchlari bilan paypaslagancha imorat yoqalab yo‘lga tushdi. Vikol Antim uy kunjagiga yetib borganida birdan to‘xtab qoldi, bir nimalar esiga tushib bezovta bo‘ldi, bir paytlar tanish bo‘lgan narsalarni ko‘rganda odam qanday ahvolga tushsa, u xuddi shu ko‘yga tushdi, biroq hech narsani aniq eslolmay turardi. Buni ko‘rgan Antuza ham hayron bo‘lib to‘xtadi. “Nega to‘xtab qolding? Nima bo‘ldi?” Vikol Antim qo‘l siltadi: “Shoshmay tur, bir nimaning hidi kelyapti, biram ajoyibki, sezyapsanmi? Javdar, ha-ha, javdar hidi… bo‘ldi”. Antuza qotib-qotib kula boshladi. U og‘zini kafti bilan to‘sib, arang o‘zini bosdi-da, bir nimalarga ishora qilgandek dedi: “Ha, muhtaram ustoz, javdar, quritilgan javdar, sen xuddi tanish yerga kelib qolgandek bo‘layapsan, to‘g‘rimi, a?” U Antuzaning nima demoqchi bo‘lganini sezdi-yu, lekin indamadi. Chuqur-chuqur nafas olib, huzurlandi, shu asno sovuq badanini tark etganini sezdi.
“Yozda chimzorda yurishni yaxshi ko‘raman, yumshoq, nam qandaydir…”
“Oyoqyalangmi? – Vikol Antim bog‘ etagida ko‘zga chalinayotgan ko‘lankani endi aniq ilg‘adi. – Nega oyoqyalang? Men hech qachon oyoqyalang yurmayman, agar yursam, maysalarning namligini ham, yumshoqligini ham his qilolmayman”.
Vikol Antim kunduzi o‘zi kelgan yerni aniqlash uchun atrofga ko‘z yugurtirdi, omborxona, molxonani ko‘rdi, lekin hozir qandaydir kunduzgidan boshqacharoq, Antuzaning gap-so‘zlari ham poyintar-soyintar tuyuldi. U ketishini ham, qolishini ham bilmay ikkilanar, nima sababdan Antuza o‘zini qidirib bu boqqa kelganini tushunolmasdi. “U yerda nima bor?” deb so‘radi u bog‘ etagida yorishgan nurli chiziqlarni ko‘rsatib.
Antuza ilgarilab borardi. Vikol Antim qizning ortidan xarsangtoshlar va shamolda sinib tushgan daraxt shoxlari oralab o‘tib borishini kuzatib turar ekan, uning ilk uchrashuv chog‘idagi harakatlari, nozik qomati, erkin egilib, yengil qadam tashlashlari esiga tushdi-yu, vujudiga totli titroq taraldi; xuddi o‘ynoqi shabadalar bag‘ishlagan halovat va huzurni tuydi va beixtiyor: “Odam yuksak qoyalarga ko‘tarilayotganda yoki dengiz yoqasida shunday tuyg‘ularni his qilsa kerak,” – deya xayol qildi.
U qizni ko‘zdan qochirmaslik uchun qadamini tezlatdi, dam-badam toshgami yoki konserva bankasigami qoqilib borar ekan, birdan, taxminan bir-ikki metr cho‘kkan, eski, yarim vayrona uyning bo‘g‘otidan tushayotgan zaifgina oqish-ko‘kimtir nur qurshovida qolishdi. Xaroba uy devorlarini yerga qoqilgan xodalar tutib turardi. Tom ustini ikki enlik yo‘sin va mox qatlami qoplagandi. Nur ana o‘sha yerdan, qo‘rg‘onga o‘xshab qurilgan imoratning tomida chirmashib o‘sgan giyohlar orasidan o‘tib kelardi.
“Nima bu?” – deb so‘radi Vikol Antim tomog‘i qirilib.
Antuza qaynoq nafasi uning yuziga urilgudek darajada yaqin keldi-da:
“Bizning uyimiz bu. Dastlab shu yerda yashaganmiz. Men tug‘ilganimda ko‘chib ketgan ekanmiz. Bu yerga kirish man etilgan. Bosib qolishi mumkin. Mening buvalarim shu uyda yashashgan. Shu uyni asrab qolish uchun otamning ko‘p narsadan voz kechishiga to‘g‘ri kelgan, qara, atrofida hech vaqo o‘smaydi”, deb shivirladi.
Vikol Antim atrofni sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqdi. Darhaqiqat, yaqin o‘rtada yer tap-taqir, bamisli yo‘sinning ukpar iplaridan to‘qilgan sholcha to‘shab qo‘yilgandek. U Antuzadan: “Nega bu yerda hech narsa o‘smaydi?” – deb so‘rashga chog‘landi. Biroq qiz hikoyasini davom ettirayotganini ko‘rib jim bo‘ldi. “Nazarimda, oilamiz a’zolaridan birinchi bo‘lib uy buzilishi mumkin deb, men bashorat qilgan bo‘lsam kerak. Nega hech narsa ekishmasligining sababi, uy judayam eski, chirib ketgan. Almisoqdan qolgan uy. Sen nima deb o‘ylaysan?”
Vikol Antim o‘ylab o‘tirmasdan shartta javob berdi: “Eskilikka eski, ko‘rinib turibdi, lekin boshqa sabablari ham bor, siz, Adamlar (u qizning familiyasini zo‘rg‘a aytdi) boshqachasiz, Vladiyaning odamlariga o‘xshamaysiz, men uy chirib ketgani uchun atrofida hech vaqo o‘smaydi, desang chippa-chin ishonib ketaverishim mumkin. Ehtimol, har xil xavotir va irim-sirimlar tufaylidir!”
“Bilmayman, bu haqda o‘ylab ham ko‘rmaganman. Uy buzilib ketishi mumkinligi tasavvurimga ham sig‘masdi bir paytlar. Tavba, nega buni menga aytayapsan? Senga nima qizig‘i bor buning? Bizning qarindosh-urug‘imiz bo‘lmasang. Buning ustiga, vladiyalik ham emassan – qidirsam, bir bog‘langan yering yo‘q. Sen nima-yu, deraza oldidagi kampir nima – ikkoving bir xilsan”.
“Kimni aytayapsan, K.F.nimi? – Antuzaning gap-so‘zlari uni ajablantirish tugul hamiyatiga tegdi. Shu paytgacha hech kim uni K.F. bilan tenglashtirmagan edi, bor-yo‘g‘i o‘sha kampir bilan birga yashaydi. – Balki gapingda jon bordir. Yoki shunchaki aytayapsanmi?” – “Ko‘pchilik kampirning shaxsiga qiziqadi, lekin hamma o‘zicha xulosa chiqaradi. Menga ishonmaysanmi? Balki gapimga kularsan, ammo men emas, o‘sha K.F.ing kasofat”.
Vikol Antim Antuzani bir turtdi: “Nima deding? Qaytar, kasofat deyapsanmi?! Qaydan olding bu gapni? Kasofat emish!” – U shaytonlagandek pishqirib kular, ham jahli chiqardi.
Antuza uning qilig‘iga indamay qarab turdi-da, o‘zicha izoh bergan bo‘ldi: “Men o‘ylab topganim yo‘q bu so‘zni, uning ma’nosini ham aniq aytib berolmayman, ochig‘i, muallim Kroyku shunday dedi, o‘z qulog‘im bilan eshitdim, muhandis Bashaliga ham bor edi o‘sha yerda”.
Vikol Antim qiziqsinib uni savolga tutdi: “Nima, sen ham o‘sha yerdamiding? O‘zing aytayapsan-ku o‘z qulog‘im bilan eshitdim, deb”.
Antuza unga qaradi. Yarim cho‘kkan uy bo‘g‘otidan tushayotgan g‘ira-shira yorug‘da u yanada go‘zalroq ko‘rinardi. “Men u yerda emasdim, lekin eshitdim”. Vikol Antim jim turdi-da: “Obbo!.. Bo‘pti, istasang yur, uyga kiramiz?! Ichkari issiq bo‘lsa kerak…” dedi.
U sovuq yemayotgan edi, shunchaki o‘ynab aytdi.
Antuza javob qaytarmadi. U Vikol Antim tunuka bilan qoplangan vazmin eshikni zo‘r berib ochayotganda ham qimir etmadi; ortidan qizning kelmayotganini sezgan Vikol Antim to‘xtadi. U qorong‘ilik qo‘ynida hech narsani ilg‘amadi. Dimog‘iga rutubat isi kelib urildi. U ko‘zim o‘rganar, deb biroz kutdi, yuz yil ichida birorta odam bu ostonani hatlab o‘tmagan bo‘lsa kerak, deya ko‘nglidan o‘tkazdi. U xiyol oldinga engashgan ko‘yi, ichkari kirishga yuragi betlamay ostonada turar, Antuza esa, undan biron nimani so‘rashga ham, itarib yuborishga ham botinolmasdi. Ichkarida yo chindanam hech narsa ko‘rinmasdi, yo uning ko‘zi ilg‘amayotgandi. Vikol Antim orqaga qaytib, qizni nariga itarib, bo‘g‘ot chekkasidan osilib tushgan yo‘sinning bir tutamini yulib oldi. Antuza indamay uni kuzatib turdi. Muallim qat’iy bir qarorga kelgan, shekilli, orqa-oldiga qaramay, chirmashib yotgan yo‘sindan yana bir tutam yuldi, Antuza unga xalal bermadi. Vikol Antim nur taratayotgan bir dasta o‘t-o‘lanni boshi uzra baland ko‘tarib, shaxdam qadam tashlagancha ichkariga kirdi. Lekin bu zulmat og‘ushida yolg‘iz bir dasta nimjon yo‘sinni g‘ijimlab olgan qo‘llaridan boshqa hech narsani ko‘rmadi.
Antuza turgan yerida qotib qoldi. Yo‘lakda ortiga o‘girilib qaragan Vikol Antim lipillayotgan oqish-ko‘kish yog‘du ichida qizni yonboshdan aniq ko‘rdi va Kroyku to‘g‘ri aytgan ekan, deb o‘yladi: u qizning qadriga yetmagan ekan. Zim-ziyo uy kimsasiz edi. Muallim qaytib chiqdi. Ortidan shuvillab tuproq to‘kildi, chirigan taxtalar g‘ijirladi. “Ketdikmi?” – dedi u. Antuza bosh silkib tasdiqlab, bog‘ ichkarisiga eltadigan yo‘lka orqali qadam bosdi.
Tong otay deb qoldi. Subhidam shudringi qoplagan maysalar jiqqa ho‘l. Antuza churq etmay yurib borardi. U ortiga qaramay, gaplarini eshityaptimi, yo‘qmi, ahamiyat ham bermay, bir nimalarni hikoya qilar edi.
“Xullas, hozir sen ko‘rgan uy otam – Adam Mansentsiuga Vladiyada el qatori yashashi uchun monelik qilardi”.
“El qatori yashashga, deganingni qanday tushunsa bo‘ladi?” – so‘radi Vikol Antim. Uning niyati faqat savoliga javob olish emas, aslida, qoniqarli javob ham kutmayotgandi, Antuzaning ko‘zlaridan ba’zi narsalarni uqib olish edi. “Qanday tushunsang tushunaver. Uning ko‘ngliga qarardik, chunki u ham bir inson bo‘lib, xotirjam, emin-erkin yashashni istardi, biz ham. K.F. bilan birga biz, Adamlar vladiyaliklarning hech biriga o‘xshamaymiz. Muhandis Bashaliga ham, Konagu ham, muallim Kroyku ham, sen ham, – shu yerga kelganda qiz bir zum ikkilanib qoldi. – Ha-ha, sen ham bizning qanaqa odamlar ekanimizni, bu yerdagilardan mutlaqo farq qilishimizni juda yaxshi bilasizlar. Yolg‘iz K.F. norozilik tug‘dirishi, hammaga qarshi borishi mumkin, biz esa faqat bir narsani – bizni tinch qo‘yishlarini istaymiz. Nega tinch yashashimiz ularga, senga yoqmaydi? Buni aslida sendan so‘ramoqchi emasdim. Chunki sen bu yerga yaqinda kelgansan…”
Uning ortida turgan Vikol Antim tutaqib baqirayozdi:
– Hamma tinchligini ko‘zlaydi! Sizlarning Vladiyangizda birov bilan birovning ishi yo‘q, o‘lib ketsayam mayli!
Antuza unga tikilib qoldi, nazarida oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmayotgandek, maysalarni his qilmayotgandek tuyuldi. Atrof tikanli butalar bilan qalin o‘ralgan, bamisli bog‘ni o‘tkir tikanlari bilan bo‘g‘ib tashlashga chog‘langanga o‘xshardi. Qiz Vikol Antimga yuzlandi: “Sen-chi, sen ham bizni tinch qo‘yasanmi? Meniyam o‘z holimga qo‘yasanmi?” U yigitning ko‘zlariga kiprik qoqmay tik boqdi. Uning ko‘zlari terlagan shisha tugmalardek xira yiltirardi. Vikol Antim g‘ing demadi, u nima deyishni bilmasdi. Qiz so‘zida davom etdi: “Dastlab men bizning ortimizdan ayg‘oqchilik qilib yuribsan, deb o‘ylovdim. Ochig‘i, bu men uchun kutilmagan voqea edi, muhandis ham, boshqasi ham bunday qilishmagandi, pirovardida, bu sening… tashabbusing bo‘lsa kerak, deb ishondim, balki muallim Kroykuning gapi bilan shunday qilayotgandirsan? Qisqasi, biz rosa qiynaldik”. Vikol Antim mushkul ahvoldan qutulish uchun qizning so‘zlarini tasdiqladi: “Albatta qiyin bo‘lgan sizlarga, tushunaman. Lekin hech kim ortingizdan xufiyona kuzatib yurmagan, bu anglashilmovchilikdan boshqa narsa emas”.
“Yuqoriga chiqamizmi, tog‘ tepasiga chiqish har kimga ham nasib qilavermaydi”.
“Ha, aerodromga borar ekanmiz-da” – dedi Vikol Antim o‘zining bu yerlarga unchalik begona emasligini bildirib qo‘yish uchun.
Antuza xoxolab kuldi:
“Qoyil! Sen uni o‘z ko‘zing bilan ko‘rib ishonch hosil qilmoqchisan, chunki shu paytgacha borligiga ishonmagansan, to‘g‘rimi? Sening tabiatingda bor shu narsa – hech nimaga ishonmaysan”.
Vikol Antim “Yo‘q!” deb qisqa javob berdi. U anchadan buyon biladigan narsasini ko‘zi bilan ko‘rib, qo‘li bilan ushlab ko‘rmoqchi edi, xolos. Demak, u shubhalanmayapti. Ishongan narsasini ko‘rishga intilish insonga xos odat.
Antuza tikanli butalar orasidan keng, uzun ko‘ylagi shox-shabbalarga ilashib o‘tib borar, Vikol Antim esa qizdan bir qadam ham orqada qolib ketmaslikka tirishib, yugurgudek bo‘lardi. Tog‘ tepasidan oppoq tuman quyiga yoyilib tushib kelardi. Vikol Antim yo‘talini bosishga urinar, nafasi qaytib, bo‘g‘ilgudek bo‘lardi. Ko‘kragi og‘rib, tomog‘i achishardi.
“Meni qanday qilib topding? Hamma uxlayotgan bo‘lsa, qop-qorong‘i edi, yarim kechasi meni topib kelganingga hayronman”.
“Undan ko‘ra sen boshqa narsani, bog‘imizga kelishingga nega rozi bo‘lganim haqida so‘rasang bo‘lardi. Hamma gap ana shunda, bilsang. Sening qayerdaliging menga ma’lum edi. Ko‘zimni bog‘lab qo‘ysalar ham seni topib olardim. Shunchalar titrab-qaltirar edingki, besh qadam naridan eshitilardi ingrashing. Ko‘rgan odamning senga rahmi kelmay iloji yo‘q edi. – Qiz yalt etib unga qaradi. – Ha, ha, shunday, ahvoling tang edi, shuning uchun topib keldim. Odamlarni tushunish oson emas, buning uchun qancha vaqt kerak… Kechasi o‘lib qolishing mumkin edi, rost, holbuki, buni anglaganing yo‘q haliyam. To‘g‘ri, ahvoling og‘ir ekanining isboti bo‘lolmaydi bu. Vladiyada yashayotganimga yigirma yildan oshdi, lekin bunaqa jinnilik qilgan odamni hech uchratganim yo‘q”.
Vikol Antim tirjaydi: “Qo‘ysang-chi, shamollashdan odam o‘larkanmi, bo‘pti, boshqa gaping yo‘qmi?.. – U tushuntirib o‘tirish befoydaligiga ishonch hosil qilgan odamdek qo‘l siltadi. – Bog‘da shamollashdan ko‘ra boshqa narsadan o‘lish osonroq”.
Endi Antuza unga boshqacharoq – hissiz ko‘zlarini lo‘q qilib qaradi. Silovsin o‘ljasiga mana shunday qarasa kerak. “Mansentsiu Adam bog‘ida kechasi shamollashdan ko‘ra boshqa narsadan o‘lish osonroq, – deya takrorladi Antuza unga emas, xuddi yana boshqa birovga gapirayotgandek sovuqqina qilib. – Bo‘pti, bu yoqqa yur, tepalikka chiqamiz, bu juda og‘ir, yo‘q, og‘ir deb noto‘g‘ri aytdim, qiyin”. Yigit yaqinlashib kelganda qo‘shimcha qildi: “Quyosh chiqqunicha yetib olamiz. Aytishlaricha, quyosh chiqqach, ko‘p narsalar holsiz bo‘lib qolarkan”. – “Nimalar?” – “Bilmayman, agar ulgursak, hech nima yo‘qotmaymiz. Mening buvim Vladiyadan bu yerga qochib kelgan ekan; u tush ko‘ribdi, tushida barmoqlari orasidan barg o‘sib chiqqanmish, shu sabab joyidan sira siljiyolmas emish. U tarvaqaylagan barmoqlari bilan quyosh tig‘ida turibdi-yu, barmoqlaridan oqayotgan qon yaproqlarga tushayotganmish. Bu tushni u yomon alomatga yo‘yib, shu eski uyga qochib kelgan, deyishadi. O‘shandan keyin uzumzor butkul qurib qolgan. Agar uzum novdalari ostonadan chiqib ketsa, qurib qolar ekan. Bu bir necha yil avval bo‘lgan. O‘shanda qurib qolgan novdalarni yoqsa yonmagan. Otam bir necha bor yoqishga urinib ham ko‘rgan. Gaplarim bema’ni tuyulayotgandir senga, lekin rost. Chindan shunday bo‘lgan”.
“Boqqa kelishimga nega yo‘l qo‘yding? – Vikol Antim qizga bergan savolini takrorladi, sababi bu savol o‘rinli va ayni paytda unga qo‘l kelishi mumkin edi. – Balki, keting deyishing kerakmidi?”
“Tog‘ tepasiga chiqib olaylik – aytaman”. Shundan keyin uning bir tekis nafas olishi eshitildi. Vikol Antim qalin o‘sgan butalar oralab, ehtiyotkorlik bilan yuqoriga chiqa boshladi.
Kun chiqdi. Lekin quyuq tuman qizarayotgan ufqni to‘sib qo‘ygandi. Zaifgina, titroq tun yog‘dusi o‘rnini tobora o‘tkir tong nuri egallab borardi.
“Cho‘qqiga chiqmasdan avval senga muhim bir gapni aytmoqchiman”.
Antuza ortiga o‘girildi: u paripaykarlardek suluv edi. “Gapiraqol, eshitaman”. – Yigit to‘xtab unga o‘ychan tikilib qoldi. “Biz boshqa uchrashmaylik, demoqchi edim. Har birimizning hayot yo‘limiz bo‘lakcha. Taqdirmi, tasodifmi – ikkimiz uchrashdik. Lekin yo‘llarimiz hech qachon tutashmasligini unutmasligimiz kerak…”
Vikol Antim birdan o‘zini xavf ostida qolgandek yoki tuzoqqa tushgandek his etdi, bundan qutulishning yagona yo‘li yolg‘on gapirish ekanini tushundi. U noqulay vaziyatdan chiqmoqchi bo‘lib yana nimadir dedi va Antuzaning javobiga ko‘p narsa bog‘liq bo‘lgani uchun jimgina kutdi. Qiz esa ko‘zlarini yumib chuqur xo‘rsindi, uning bu bilan nima demoqchi ekanini Vikol Antim tushunmadi. “To‘g‘ri, bizning yo‘llarimiz boshqa-boshqa, – Antuza shunday dedi-da, yigitning yelkasini chimchilab qo‘ydi. – Bu muallim Kroykuning gapi”.
Vikol Antim quvonib ketdi va shartta: “Qachon aytgandi?” – deb so‘radi. “Nima ahamiyati bor? Muhimi, u bunga ishonadi, shunga imoni komil. Sezmaganmisan?” – Antuza shunday deb yo‘lida davom etdi.
“Antuza, iloji bo‘lsa, meni unut, eshitdingmi?”
U so‘zlari qizga yetib borishini istar, biroq Antuza ancha uzoqlashib ketgan, uning ko‘ngli Vikol Antimga qorong‘iligicha qolgandi. O‘rtalarida paydo bo‘lgan yaqinlik, kuchli mayl uning yuragiga g‘ulg‘ula solar, hammadan ham buning oqibatini o‘ylab yuragi orqaga tortib ketardi.
U Antuza tugul, nima uchundir hatto Vladiyaga aloqador narsaga bog‘lanib qolishni ham istamasdi. Antuza o‘zga olam farzandidek tuyulardi unga. Qanday qilib bo‘lmasin, o‘zini oqlashga sababu bahonalar izlardi. Vikol Antim tishini tishiga bosib, qizga yetib olish uchun qadamini jadallatdi. Qizning ko‘lankasi asta yorishayotgan ufqqa singib borardi. Birdan Antuzaning ko‘lankasi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi-yu, yigit shoshib qoldi, yuguray desa oyoqlari og‘irlashib, arang qadam bosayapti. Xayriyat, qiz u to‘xtagan yerdan ikki qadam naridagi chimda yotardi, Vikol Antim horg‘in jilmayib, qizning tepasiga bordi. Oppoq tong yorishdi. Uning qarshisida mavjlanayotgan qizg‘ish dengiz, do‘ngliklar, dasht yastanib yotar, zero, bularning bari Vladiyani qurshab olgan edi. “Aerodromni ko‘rayapsanmi? Uni o‘nqir-cho‘nqiridan tanib oldingmi?” “O‘nqir-cho‘nqir” degan so‘z uning g‘ashini keltirdi, lekin aynan shu so‘z bu yerlarga mos tushardi. Hammayoq o‘ydim-chuqur, burgan bilan allaqanday g‘alati o‘t-o‘lan bosib ketgan edi.
Havo birdan ilib, shamol turdi-da, daqiqa sayin kuchayib bordi.
“Bu yerda nega birdan shamol esayotganini bilasanmi?”
“Qoyil-e! So‘rashga boshqa narsa qurib qoptimi?” – dedi qiz kesatib.
Nima uchun bunday savolni berganini Antuza bilishini Vikol Antim sezdi. Unga o‘yin-ermak yoqar, birovning xijolat chekishidan zavqlanardi, tungi bog‘da ham shunday bo‘lgan edi. Yigit sovuqdan qaltirab o‘zini eplolmay o‘tirganlarini ko‘z oldiga keltirib o‘ng‘aysizlandi. Nogahon u qizning yonida tizzaladi, Antuzaning ko‘ngli uchun shunday qilganini yashirmadi va zum o‘tmay uning yelkasidan quchdi. Ajabo, qizning ostida ezilib yotgan maysalar qurib, qovjiragan edi, holbuki, gir aylana atrofda o‘sgan maysazor shudringdan jiqqa ho‘l. Antuza kiprik qoqmay yigitga tikilib qoldi va erka bir ohangda: “Muallim, muallim”, – dedi. Atrofga sukunat cho‘kdi va tepalikdagi maysazorda ikkovi bir-birlariga termilib qolishdi. Faqat shamol tinim bilmay chiyillardi. Vikol Antim entikdi… Bunchalar g‘alati, bunchalik ko‘ngilchan bo‘lishmasa bular!.. U yonginasida-ku, unga intizor bo‘lib termilyapti! Yigit qizning horg‘in yumilayotgan ko‘zlaridan, oppoq tomog‘idan ohista, mehr bilan o‘pdi. Antuza yana navozish va erka tabassum bilan shivirladi: “Muallim, muallim…” Vikol Antim unga qarab dong qotib qoldi, u bir nimani tushunolmasdi, ilgari bu haqda qayg‘urmasdi, hozir esa, mushkul vaziyatga tushib qolgandi.
“Nima deysan, Antuza?” – “Sen qachon qarama, dars o‘tayotgandek bo‘lasan. Hozir ham shunday, saboq berayotganga o‘xshaysan. O‘zing aytdingki, meni unut deb, achinganingdan, qiynalmasin deb aytding, endi o‘zing nima qilyapsan-a, muallim?” Vikol Antim hayratini yashirolmay chalqancha yotgan qizga tikilar, hech narsani tushunolmasdi. Axir Antuzaning o‘zi uni bu yerga, cho‘qqiga olib chiqdi, o‘zi chalqancha tushib maysazorda yotibdi, ko‘zlari suzilib termiladi… Vikol Antim kechqurungi vaziyatni ham tushunolmagandi, lekin hozir alam qildi. U qizning munavvar chehrasiga uzoq tikildi, keyinchalik yuzidagi har bir chizgini ko‘z oldiga keltirish uchun xotiriga chizib qo‘ymoqchidek yoki soddagina qilib aytganda, bir dasta gulni tomosha qilgandek, go‘yo shu bilan undan xalos bo‘ladigandek sinchiklab tikildi. Antuza ana shuni sezdi. U qizning manglayiga kaftini bosdi, peshonasi alanga-yu otash bo‘lib yonardi. Shuning uchun yon-veridagi maysalar qurib qolgan ekan-da! “Muallim, meni boshqa izlama! – qiz uning uzun, paxmoq sochlariga barmoqlarini suqdi. – Zarur bo‘lib qolsam, o‘zim kelaman yoningga”. Keyin uning qulog‘iga: “Kecha senga kerak bo‘lganim uchun kelgandim”, deyish uchungina bo‘ynidan quchib o‘ziga tortdi. So‘ngra yigitning qo‘ynidan sirg‘alib chiqdi-da, o‘rnidan turib ketdi. Vikol Antim hamon tizzalab o‘tirar va maysadan ko‘z uzmasdi: maysalar qurib-qovjiragan, bir-ikkita giyohning yashil poyasi ko‘zga tashlanardi. U o‘rnidan turganda boshi aylanib, ko‘zi tinib munkib ketdi. Keyin Antuzaga yuzlanib, boloxonador qilib so‘kkisi keldi-yu, kafti bilan iyagini ishqalab, jahl bilan yer tepdi.
Shamol hamon kuchaygandan kuchayib borardi. Antuza ketishga chog‘landi. Uning: “Pastga tushish kerak, shamolda qolamiz”, deganini Vikol Antim arang eshitdi. Shamol zabtidan qizning ko‘ylagi badaniga yopishib, qaddi-qomatini oshkora namoyish qilardi. Vikol Antim unga bir iltijo ila boqdi va kutilmaganda qichqirayozdi: “Oyoqlaring chiroyli ekan. Avval sen tush!” Antuza kulib yubordi va yelka qisdi. Tusha boshlaganida o‘girilib: “Agar oyoqlarga qarab hukm chiqaradigan bo‘lsak, birinchi bo‘lib sen tushishing kerak edi”, – dedi. Vikol Antim kula-kula qizga ko‘z qisib qo‘ydi-da, “Rostdan-a?” – deb so‘radi. Ular chakalakzor yonidan o‘tgan so‘qmoqda xayrlashishdi. Yigit katta ko‘cha tarafga, qiz esa yo‘sin qoplagan eski uyga qarab ketdi. Tasodifan Vikol Antim uning zavqdan porlagan ko‘zlarini ko‘rib qoldi. “Xudo haqqi, muallim, oyoqlaring chiroyli ekan. Demak, kelishdik, bog‘imizga kelma boshqa. Zarur bo‘lib qolsam, o‘zim oldingga boraman”. Vikol Antim tepalik yonbag‘ri bo‘ylab o‘n-o‘n besh qadam yurganini biladi, birdan qattiq og‘riqdan dodlab yuboray dedi. Avval chap oyog‘i, so‘ng o‘ng oyog‘i uvishib, u pastlikka sirg‘alib tusha boshladi. Katta ko‘cha yoqasiga qadar chanaga o‘xshab sirg‘alib tushdi, u yog‘iga emaklab bordi va yo‘l chetida bir soatdan ortiq yotdi, o‘tgan-ketganlar uni ko‘rib: “Hormasinlar, muhtaram muallim! Rosa maza qilgan ko‘rinasiz-ku, ko‘z tegmasin!” – deya mazax qilishdi. Ular bekorga bunday deyishmayotgan edi. U chindan ham kechasi bilan ziyofatda xurmachasi to‘lguncha ichib, “uchib” qolgan odamga o‘xshardi. “Kroykuga ba’zi narsalarni aytib berishga to‘g‘ri keladi”, – deya o‘yladi u va shu qaroridan ruhlanib hech nima bo‘lmagandek o‘rnidan turdi. Maktabga ketayotib, yo‘ldayoq tungi sarguzashtlarini aytib bersa, hech kim, hatto Kroyku ham ishonmasligi haqida xayol qildi. Lekin ko‘nglidagi gaplarni kimgadir to‘kib solmasa bo‘lmasdi. Antuzani kasofat demaganmidi Kroyku? U mana shu gapni dalil-isbot qilib olmoqchi bo‘lar, bu bilan o‘zini aldayotganini anglamasdi.
Biroq muhimi bu emasdi. Vikol Antim kechasi ro‘y bergan voqealarni va ko‘nglida uyg‘ongan his-tuyg‘ularni Kroykuga aytib bergisi kelar, lekin Antuza bilan oralarida bo‘lib o‘tgan gaplarni qanday aytib berishni bilmay qiynalardi. Chunki birovni ishontirmoqchi bo‘lgan odamning o‘zi aytayotgan gapiga ishonishi kerakligi unga ayon edi.
Vikol Antimning yuz-ko‘ziga muzdek havo urildi. Dimog‘ida qayin po‘stlog‘ining xushbo‘y isi bilan yong‘oq hidini tuydi. U tabiatshunoslik muallimini chaqirmadi, chunki derazaning ochilganini eshitib, muallimning o‘zi qo‘llarini cho‘ntagiga suqib, maktab tomon kelardi. Kroyku sinfga kirgach, Vikol Antim derazaga orqa qilib o‘tirib oldi va uning sokin yuziga razm solarkan deraza tirqishlaridan sovuq havo terlagan bo‘yni va ensasiga urilib, huzur baxsh etayotganini tuydi. Kroyku esa: “Derazani yopsang-chi. O‘tinni sen yormaysan-da, a?” deya po‘ng‘illadi. Vikol tarsillatib derazani yopdi. Xayolidan qorovul orqa-oldiga qaramay pechkaga qalayotgan terak va qayin tarashalari o‘tdi-yu, esnoq tutdi. So‘ng ko‘zlari yoshlanib boshini silkitdi, uning xayollari parokanda bo‘lib to‘zg‘ib ketgan, holbuki, boyagina Antuza haqida gap ochishga shaylanib turgandi. Vikol Antim ichida o‘ylab qo‘ygan gaplarini emas, balki Kroyku eshitsa, esankirab qoladigan narsalar haqida gapirmoqchi edi.
“Muhtaram muallim! O‘zingizdan qolar gap yo‘q, erta-indin bizni ishga ko‘mib tashlaydilar, – u yelkasi osha tashqaridagi tumanga ishora qildi. – Alvido, shodu xurram bekorchilik!” Kroyku partaga o‘tirdi. Uning oyog‘i yerga tegar-tegmas osilib turar, qoshlarini chimirib, Vikol Antimga xo‘mrayib qaradi. Shu tafayli Vikol: “Bilasanmi, Antuza…” deya gap boshlashga ikkilanib qoldi. Lekin, baribir, oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas xuddi shunday gap boshladi-yu, o‘z ovozidan o‘zi qo‘rqib ketdi: “Bilasanmi, Antuza meni uchrashuvga taklif qildi, bir necha kun bo‘ldi bunga”. Kroyku unga indamay tikilib turardi. Nima bo‘lganda ham bu misli ko‘rilmagan yangilik edi! Vikol Antim gapini davom ettirar ekan, derazani yanayam zichlab yopdi. U tabiatshunoslik muallimiga orqa o‘girib turar ekan, Kroykuning o‘zidan ko‘z uzmayotganini sezar, bu unga yoqardi. Demak, yanglishmagan ekan, mo‘ljali to‘g‘ri chiqdi. U Kroyku ko‘zini olib qochishga ulgursin uchun shoshilmay o‘girildi. “Bunaqa uchrashuvni talabalik chog‘imda ham orzu qilmagandim”. Kroyku ahyon-ahyon quruqshagan lablarini yalab, Vikolning ko‘zlariga tik qarar, gaplariga ishonmas, lekin nima maqsadda bunaqa gaplarni aytayotganini aniqlamoqchi bo‘lardi. “To‘g‘rirog‘i, bu uchrashuv emasdi. Uning o‘zi meni izlab keldi. Men ishlayotgandim, poytaxtlik bir amaldorga xat yozayotgandim. Antuza derazani taqillatib qoldi. Ochdim, u derazadan oshib tushdi – derazadan! – ishonasanmi, tonggacha menikida qoldi. Aniqrog‘i, ertasiga kechga yaqin ketdi. Kechqurun kelsam ketib qopti”.
U Kroykuning “Xo‘sh, keyin-chi?” deyishini kutib jim bo‘lib qoldi. Lekin Kroyku quruqshagan lablarini yalashdan nari o‘tmadi. Balki uning biron yeri og‘riyotgandir?! Vikol Antim xijolat chekayotganini bildirmaslik va yanayam sovuqqonroq ko‘rinishi uchun partalar yoqalab u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladi. “Ha-ya, esim qursin, – dedi u xuddi bir nima yodiga tushgandek, – kechasi bilan gaplashishga vaqt topolmabmiz. Bunaqasini ko‘rmaganman yigit bo‘lib, – deya qotib-qotib kuldi. – Beqiyos tashrif!”
Kroykuning rangi bo‘zarib ketdi. Unga bu gaplar kutilmaganda yomon ta’sir qildi. Vikol Antim uning past ovozda, dona-dona qilib: “Qanday tiling bordi bularni aytishga?!” deganini eshitdi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 12-son