Genri tamaddixonasining eshigi ochildi. Ikkita odam kirib peshtaxta yoniga qo‘yilgan stullarga o‘tirishdi.
– Nima istaydilar? – deb so‘radi Jorj.
– O‘zim ham bilmayman, – dedi ulardan bittasi. – El, sen nima xohlaysan?
– Bilmayman, – deya javob qildi El. – Nima olishgayam hayronman.
Ko‘chada qorong‘ilik quyuqlashgach, deraza ortidagi fonus yondi. Hozirgina kirib kelgan kimsalar taomnomani ko‘zdan kechirishardi. Peshtaxta kunjagida turgan Nik Adams ulardan ko‘z uzmasdi. Ular yemakxonaga kirib kelishganda u o‘sha yerda Jorj bilan gaplashib turgan edi.
– Menga olma qaylasi va kartoshka bo‘tqasi bilan dudlangan cho‘chqa go‘shti beraqol, – dedi birinchisi.
– Dudlangan go‘sht tayyor emas hali.
– Taomnomada nima qilib turibdi tayyor bo‘lmasa?
– Kechki ovqatning ro‘yxati bu, – deb izoh berdi Jorj. – Oltiga tayyor bo‘ladi.
Jorj peshtaxta tepasidagi osma soatga qaradi.
– Endi besh bo‘pti.
– Qara yaxshilab, beshdan yigirmata o‘tibdi, – dedi ikkinchisi.
– Soatimiz yigirma daqiqa oldinda.
– Ming la’nat o‘sha soatingga, – dedi birinchisi. – Yeyishga boshqa nimang bor?
– Har xil buterbrodlar bor, – dedi Jorj. – Quymoqli dudlangan cho‘chqa go‘shti, qovrilgan buyrak, bifshtekslar…
– Bo‘lmasa, menga oq qaylali tovuqqa yashil no‘xat bilan kartoshka bo‘tqasi qo‘shib keltiraqol.
– Buyam oltidan boshlab.
– Nima so‘rasam – hammasi oltidan keyin… Qoidalaringdan o‘rgildim senlarning.
– Qovrilgan tuxum bilan dudlangan go‘sht oling, tuxumga iylab qovrilgan biqin go‘shti ham bor, buyrak…
– Bo‘pti, tuxum bilan qovrilgan go‘sht olib kel, – dedi El. Uning boshida dekchasimon telpak, egniga tomog‘iga qadar tugmalangan qora palto kiyib olgandi. Yuzi etsiz, rangpargina, lablarini qimtib o‘tirardi. Qo‘lida qo‘lqop, bo‘ynida ipak sharf.
– Menga bo‘lsa, qovrilgan tuxum bilan dudlangan cho‘chqa yog‘i, – dedi boshqasi. Ikkovi ham bir xilda bo‘ychan, afti-basharasi o‘xshamasa ham bir xilda kiyinib olishgan, shuning uchunmi, bir-biriga o‘xshashar, ikkovining ham egnida tor, uzun palto. Ular peshtaxtaga tirsaklarini qo‘yib xiyol oldinga egilgancha o‘tirishardi.
– Ichishga bormi biron nima? – deb so‘radi El.
– Limonad, qahva, gazli suv.
– Ichishga, deb so‘rayapman.
– Shu aytganlarim bor xolos.
– Juda dilkusho shaharcha ekanmi, El? – dedi boshqasi. – Aytgancha, nomi nima shaharchalaringning?
– Sammit.
– Eshitganmisan hech, Maks? – deb so‘radi El.
– Yo‘q.
– Kechki paytlarda nima qilishadi bu yerning odamlari? – deb so‘radi El.
– Ovqatlanishadi, – dedi Maks. – Hammalari bu yerga kelib dong‘i ketgan tansiq taomlardan yeyishadi, nima qilishardi boshqa.
– To‘g‘ri topdingiz, – dedi Jorj.
– Seningcha, men topdimmi? – so‘radi El.
– Ha.
– Es-hushing joyida ekan sening.
– Ehtimol.
– Yolg‘onni ham do‘ndirar ekansan-a? – dedi Maks. – Yolg‘on gapirayapti-yu, El?
– Galvars u, – dedi bunga javoban El. U Nikka yuzlandi. – Isming nima sening?
– Nik Adams.
– Bunisi narigisidan ham balo-ku, – dedi El. – Nima deding, Maks?
– Bu shaharda toza yig‘ilishgan ekan-da! – dedi Maks.
Jorj ikkita taqsimchada ovqat keltirdi, bittasida tuxum bilan qovrilgan dudlangan go‘sht va ikkinchisi tuxumda iylab qovrilgan cho‘chqa yog‘i. Keyin ularning yoniga ikki kishilik qilib suzilgan kartoshka bo‘tqasini keltirib qo‘ydi-da, oshxona darchasini qarsillatib yopdi.
– Siz nima so‘ragandingiz? – deya so‘radi Eldan.
– Esingdan chiqib qoldimi nimaligi?
– Quymoqli dudlangan go‘sht.
– Aqli balo demabmidim?! – dedi Maks. U o‘tirgan joyida cho‘zilib taqsimchani oldi. Ikkovi qo‘lqopini yechmasdan yeyishga tushdi. Jorj ularning ovqat yeyishini kuzatib turdi.
– Nega baqrayib qolding? – Maks Jorjga o‘girildi.
– Shunday o‘zim.
– Shunday, qanaqa shunday, nega bunaqa qarab qolding deyapman, gapir.
Jorj kulib yubordi.
– Kulma bunaqa, – dedi unga Maks. – Ko‘rib qoldingmi, kulasan?
– Xo‘p bo‘pti, kulmasam kulmabman, – dedi Jorj.
– Eshitdingmi, El? Bir og‘iz gapimni qaytarmadi-ya! – Maks Elga qaradi. – Zo‘r-a!
– Kallasi joyida, – dedi El.
Ular yana ovqatlanishni davom ettirishdi.
– Narigisining ismi nima ekan? – deb so‘radi El Maksdan.
– Hozir bilamiz-da, – dedi Maks va baland ovozda chaqirdi: – Hoy, aqli raso! Qani, peshtaxta ortiga o‘tib oshnangni yoniga borib tur-chi.
– Nima bo‘ldi? – deb so‘radi Nik.
– Hech nima bo‘lgani yo‘q.
– Qani, bo‘l, bo‘laqol tezroq, – dedi El. Nik peshtaxtaning orqasiga o‘tdi.
– Nima gap, nima bo‘ldi? – deb so‘radi Jorj.
– Ishing bo‘lmasin sening, – deya javob qildi El. – Ichkarida, oshxonada kim bor yana?
– Habash bor.
– Qanaqa habash?
– Oshpaz.
– Chaqir uni bu yoqqa.
– Nima qilasiz?
– Chaqir deyapman, senga!
– Qayerda ekaningizni bilasizmi?
– Sendan yaxshi bilaman, – dedi Maks degani. – Hali esimizni yeb qo‘yganimiz yo‘q, xavotir olma!
– Gaplaringdan shunaqaga o‘xshayapmiz, shekilli, – dedi El. – Bu mishiqi bilan adi-badi aytishib o‘tiribsanu boyadan beri. Hoy, menga qara, – dedi u Jorjga. – Chaqir bu yoqqa habashni. Bo‘l tez!
– Unda ishingiz bormi?
– Yo‘q. Aqling joyida-ku sening, dono. Qora habashda nima ishimiz bo‘lishi mumkin?
Jorj oshxona darchasini ochib chaqirdi.
– Sem! Bir daqiqaga bu yoqqa chiqqin.
Oshxona eshigi ochilib habash chiqib keldi.
– Nima gap? – deb so‘radi u.
Peshtaxta yonida o‘tirganlar uni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirishdi.
– Bo‘pti, mayli, qora tappi, mana bu yerga kelib tur, – dedi El.
Oshpaz peshbandini tortib-tortib, peshtaxta yonida o‘tirgan notanish odamlarga qaradi.
– Xo‘p bo‘ladi, ser, – dedi u.
El oyoqlari baland kursidan sirg‘alib tushdi.
– Men manavi ikkovi bilan oshxonaga kirib o‘tiraman, – dedi u. – Yur o‘chog‘ingning oldiga, qorayaloq. Sen ham, donolar donosi, yur.
Nik bilan oshpazni oldiga solib El oshxonaga kirib ketdi. Maks peshtaxta oldida, Jorjning ro‘parasida qoldi. U Jorjdan emas, peshtaxta tepasidagi uzun toshoynadan ko‘zini olmasdi. Bu yer ilgari tamaddixona ichidagi pivoxona bo‘lgan edi.
– Xo‘sh, – dedi Maks ko‘zgudan ko‘z uzmay turib. – Nega indamayapsan, dono?
– Maqsadingiz nima o‘zi?
– Eshitdingmi, El? – deya qichqirdi Maks. – Manavi nima maqsadda keldilaring, deb so‘rayapti. Bilgisi kelayotgan emish.
– Nega javob bermayapsan unga, aytaver to‘g‘risini, – oshxonadan Elning zardali ovozi keldi.
– Xo‘sh, maqsadimiz nima, seningcha?
– Men qaydan bilay.
– O‘ylab top-chi?!
Gaplashayotgan choqda Maks dam-badam ko‘zguga qarab qo‘yar edi.
– Sira topolmayapman.
– Eshitdingmi, El, nimaga kelganimizni sira topolmayotgan emish?
– Baqirmasang ham eshityapman gapingni, – deya javob qildi El ichkaridan. U ovqat uzatiladigan darchani ko‘tarib, pomidor qaylasidan bo‘shagan shishani tirab qo‘ydi. – Menga qara, senga aytayapman, – dedi Jorjga qarata, – ozgina o‘ng tomonga surilgin. – Sen esa, Maks, sal chapga suril. – U xuddi suratga olayotgan suratkashdek ularni joylashtirgan bo‘ldi.
– Bir otamlashib qo‘yaylik, donolar donosi, – dedi Maks. – Qisqasi, seningcha, nima qilmoqchimiz biz?
Jorj churq etmadi.
– Bo‘lmasa eshit, o‘zim aytib beraman. Biz bitta shvedni o‘ldirish uchun keldik. Ole Andreson degan novcha shvedni taniysanmi?
– Taniyman.
– U har kuni kechki payt shu yerda ovqatlanadimi?
– Goho-goho kelib qoladi, ovqatlanishga.
– Roppa-rosa oltida keladimi?
– Agar keladigan bo‘lsa.
– Xo‘p. Buni o‘zimiz ham yaxshi bilamiz, – dedi Maks. – Boshqa narsalar haqida gaplashaylik. Kinoga borib turasanmi?
– Kamdan-kam boraman.
– Tez-tez borib tursang yomon bo‘lmasdi. Bilasanmi nega? Kino aynan senga o‘xshaganlar uchun ishlanadi.
– Nega Ole Andresonni o‘ldirmoqchi bo‘layapsizlar? Nima yomonlik qildi sizlarga?
– Hozircha hech narsa qilgani yo‘q. U bizni tanimaydi. Bir marta ham ko‘rmagan.
– Bir marta ko‘radi xolos, – oshxonadan ilova qildi El.
– Qisqasi, nega o‘ldirmoqchisizlar, sababi bormi? – deb so‘radi Jorj yana.
– Bitta tanishimiz iltimos qildi. Do‘stning gapini yerda qoldirish yaxshi emas, endi tushungandirsan?
– Tilingni tiy, – dedi El oshxonadan. – Shunaqayam og‘zi bo‘sh bo‘ladimi odam.
– Suhbatdoshni zeriktirmay o‘tiribman-da, to‘g‘rimi, donolar donosi?
– Og‘zing bo‘sh judayam, – deya takrorladi El. – Menikilar o‘zini zeriktirmayotibdi, qara, yonma-yon yotishibdi, qo‘l-oyoqlari bog‘langan, xuddi monastir maktabida saboq olayotgan dugonalardek.
– Sen monastir maktabini ko‘rganmisan?
– Ko‘rgan bo‘lsam kerak.
– Yahudiylarnikini ko‘rgansan, bilding!
Jorj soatiga qarab qo‘ydi.
– Agar bitta-yarimtasi kirib qolsa, oshpaz ketgan deysan, mabodo, bu kor qilmasa, oshxonaga kirib o‘zing biron nima tayyorlab berasan, tushundingmi? Aqllisan-ku o‘zing.
– Tushundim, – deb javob qildi Jorj. – Keyin-chi, keyin bizni nima qilasizlar?
– Vaziyatga qarab hal qilamiz, – dedi Maks. – Oldindan bir narsa deyish qiyin.
Jorj soatiga ko‘z tashladi. Oltidan o‘n besh daqiqa o‘tgandi. Ko‘cha eshik ochildi. Tramvay haydovchi kirdi.
– Horma, Jorj, qalay ishlar? – dedi u. – Ovqatlansak bo‘ladimi?
– Sem ketgandi, – dedi Jorj. – Yarim soatda keladi.
– Nachora, boshqa yerga borib ko‘rarman, – dedi tramvay haydovchi.
Jorj soatiga qaradi. Oltidan yigirma daqiqa o‘tibdi.
– Yasha, azamat, – dedi Maks. – Qoyilman fahmingga.
– G‘ing desa, peshonasidan darcha ochib qo‘yishimni biladi-da, – dedi El oshxonadan.
– Yo‘q, buning uchun emas. O‘zi zo‘r yigit. U menga manzur.
Besh daqiqa kam yettida Jorj:
– U endi kelmaydi, – dedi.
Shu orada tamaddixonaga yana ikki kishi kirdi. Bittasi o‘zim bilan olib ketishga, deb taom so‘ragan edi, Jorj cho‘chqa yog‘i bilan tuxum qovurib bergani oshxonaga kirib ketdi. Qarasa, El boshidagi telpagini ensasiga surib darcha oldidagi kursida o‘tiribdi, kesma miltig‘i deraza tokchasida yotardi. Nik bilan oshpaz orqama-orqa qilib bog‘lab qo‘yilgancha kunjakda yotishardi. Ikkovining og‘ziga sochiq tiqib qo‘yilgandi. Jorj taomni pishirib, zarqog‘ozga o‘rab xaltaga soldi-da, oshxonadan chiqdi. Xo‘randa haqini to‘lab olib ketdi.
– Xudo farosatdan siqmagani sezilib turibdi – bilmagan narsasi yo‘g‘-a, – dedi Maks. – Ovqat pishiradi, muomalani ham qotiradi, qoyil. Uylansang, xotinchangning joni kiradi.
– Balki shundaydir, – dedi Jorj. – Siz kutayotgan Ole Andreson kelmasa kerak.
– Yana o‘n daqiqa kutamiz, – dedi Maks.
Maks goh ko‘zguga, goh soatiga qarab o‘tirdi. Soat millari yettini ko‘rsatardi. Yana besh daqiqa o‘tdi.
– Ketdik, El, – dedi Maks. – Kutishdan foyda yo‘q. Kelmaydi baribir.
– Yana besh daqiqa kutaylik-chi, – dedi oshxonadan El.
Shu besh daqiqa ichida yana bir xo‘randa keldi, Jorj unga oshpaz kasal bo‘lib qoldi, dedi.
– Tobi qochgan bo‘lsa darrov boshqasini topmaysizmi? – dedi xo‘randa. – Tamaddixonami bu yo boshqa joymi?
U chiqib ketdi.
– Ketdik, El, – dedi Maks.
– Mana bu ikkovi bilan habashni nima qilamiz.
– Nima qilardik, hech narsa.
– Seningcha, hech narsa qilmaganimiz ma’qulmi?
– Albatta. Bu yerda hech narsa qilolmaysan ham.
– Shu menga yoqmayapti, rosti, – dedi El. – Noto‘g‘ri ish bo‘layapti. Senam bulbuli go‘yodek sayrading rosa.
– Hech narsa qilmaydi, parvo qilma, – dedi Maks. – Loaqal, ozgina ko‘ngilxushlik ham qilish kerak-ku.
– Shunday bo‘lsa ham, ko‘p narsani gullab qo‘yding, ochig‘i, – dedi El. U oshxonadan chiqib keldi. Kesma miltig‘i belidan pastroqda, uzun paltosining ostida do‘ppayib turardi. U qo‘lqopli qo‘li bilan paltosining etagidan pastga tortib qo‘ydi.
– Bo‘pti, xayr, donolar donosi, – dedi u Jorjga. – Omading bor ekan.
– To‘g‘ri aytayapti u, – dedi Maks. – Shu omadingni poygada sinab ko‘rsang bo‘lardi.
Ular ko‘chaga chiqishdi. Jorj derazadan to fonus yonidan o‘tib muyulishda burilishgunga qadar ortlaridan qarab turdi. Qora kostyum bilan gavdalariga yopishib turgan tor paltolarida ular bir juft estrada raqqoslariga o‘xshar edi.
Jorj oshxonaga kirib, Nik bilan oshpazning qo‘l-oyog‘ini yechdi.
– Yetar, chidayolmayman, – dedi Sem. – O‘lay agar alam qilayapti.
Nik o‘rnidan turdi. Uning og‘ziga shu choqqacha bir marta bo‘lsin sochiq tiqishmagan edi.
– Menga qara, – dedi u. – Padariga ming la’nat, bu qanaqasi, a? – U hozirgina ro‘y bergan hodisani pisand qilmayotgandek tutmoqchi bo‘lardi o‘zini.
– Ular Ole Andresonni o‘ldirish uchun kelishgan ekan, – dedi Jorj. – Ovqatlangani kelib qolsa, otib tashlashmoqchi edi.
– Ole Andresonni-ya?
– Ha.
Habash boshmaldog‘i bilan miyiqlarini silab qo‘ydi.
– Daf bo‘lishdimi? – deb so‘radi u.
– Ha, – dedi Jorj, – daf bo‘lishdi.
– Judayam ko‘ngilsiz ish bo‘layapti-da, – dedi habash. – Meni aytdi dersiz, juda ko‘ngilsiz ish.
– Menga qara, – dedi Jorj Nik sari yuzlanib. – Ole Andresonning oldiga borib kelasanmi?
– Mayli.
– Esing bormi, aralashma bu ishga, – dedi Sem. – Nariroq yurganing ma’qul bu g‘avg‘odan.
– Agar borging kelmasa, borma, – dedi Jorj.
– Oqibati yaxshi bo‘lmaydi, – dedi Sem. – Ko‘nglim sezayapti, aralashma.
– Albatta, boraman, – dedi Nik Jorjga qarab. – Qayerda turadi u?
Oshpaz yuzini burdi.
– Kelib-kelib, yosh bolani tiqasanmi shunaqa ishga, – deya to‘ng‘illadi habash.
– U Girshning jihozlangan uyida yashaydi, – deya javob qildi Jorj.
– Xo‘p, men ketdim.
Ko‘chada chiroq daraxtlarning yalang‘och shoxlari aro yo‘lkani yoritardi. Nik tramvay izlari yoqalab ketdi, keyingi fonus yonidan tor ko‘chaga burildi. Muyulishdan to‘rtinchi uyda Girshning jihozlangan xonalari joylashgan edi. Nik zinadan chiqib qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Eshikni ayol kishi ochdi.
– Ole Andreson shu yerda turadimi?
– Unda ishingiz bormi?
– Ha, uydami o‘zi?
Nik ayolning ortidan zina orqali yuqoriga ko‘tarildi va uzun yo‘lakning oxirigacha bordi. Ayol eshikni taqillatdi.
– Kim u?
– Sizni so‘rab kelishibdi, janob Andreson, – dedi ayol.
– Bu men – Nik Adamsman.
– Kiring.
Nik eshikni ochib ichkariga kirdi. Ole Andreson kiyimini yechmasdan karavotda yotardi. Bir zamonlar u og‘ir vaznli bokschi bo‘lgan, yotgan karavoti uning gavdasiga kichiklik qilardi. Boshi ostiga ikkita yostiq qo‘yib olgandi. U Nikka qaramadi ham.
– Nima ish bilan kelding? – deb so‘radi u.
– Men Genrining tamaddixonasida edim, – dedi Nik. – Ikki kishi kelib, men bilan oshpazning qo‘l-oyog‘imizni bog‘lab tashlashdi, keyin sizni o‘ldirishga kelganlarini aytishdi.
Bu xabar ahmoqona bir aljirashga o‘xshab chiqdi. Ole Andreson indamadi.
– Ular bizni oshxonaga qamab qo‘yishdi, – deya davom etdi Nik. – Siz ovqatlangani kelganingizda ular sizni otib tashlashmoqchi edi.
Ole Andreson devordan ko‘z uzmasdan churq etmay yotaverdi.
– Sizga shuni aytib qo‘yishim uchun Jorj yubordi meni.
– Har holda, biron chorasini topish amri mahol, – dedi Ole Andreson.
– Ularning ko‘rinishi qanaqa ekanini tasvirlab beraymi?
– Menga kerakmas ularning qanaqaligi, – dedi Ole Andreson. U hamon devorga qarab yotardi. – Ogohlantirgani kelganing uchun kattakon rahmat.
– Arzimaydi.
Nik karavotda yotgan gavdali odamdan sira ko‘zini ololmasdi.
– Politsiyaga borib aytish kerakdir balki?
– Kerak emas, – dedi Ole Andreson. – Foydasi yo‘q baribir.
– Sizga biron yordamim tegishi mumkinmi?
– Yo‘q. Hech kim yordam berolmaydi.
– Balki oddiy hazildir bu?
– Yo‘q. Oddiy hazil emas.
Ole Andreson yonboshiga o‘girildi.
– Hamma gap shundaki, – dedi u devorga tikilib turib, – men o‘zimni sira qo‘lga ololmay yotibman, ko‘chaga chiqolmasdan, kun bo‘yi mana shu ahvol – yotganim-yotgan.
– Shahardan chiqib ketsangiz bo‘larmidi?
– Yo‘q, – dedi Ole Andreson. – Ulardan qochib yurish jonimga tegdi. – U haliyam devorga qarab yotardi. – Endi kech, g‘isht qolipdan ko‘chdi.
– Biron yo‘lini qilib tinchitishning iloji yo‘qmi?
– Yo‘q, endi kech. – U o‘sha-o‘sha jonsiz ovozda gapirardi. – Hech narsa qilib bo‘lmaydi. Hozircha yota turaman, o‘zimni qo‘lga olgan kunimoq ko‘chaga chiqib ketaman.
– Mayli, menga javob, Jorj kutib qolgandir, – dedi Nik.
– Yaxshi bor, – dedi Ole Andreson. – U Nikning ko‘zlariga qaramasdi. – Rahmat, kelganing uchun.
Nik chiqib ketdi. U eshikni yopayotgan chog‘da kiyimlarini yechmay, devorga o‘girilib yotgan Ole Andresonga yana bir bor nazar soldi.
– Ertayu kech xonadan chiqmaydi, – dedi ayol pastga tushganlarida. – Tobi yo‘qmi deb ming xayollarga boraman. Unga, janob Andreson, ko‘chaga chiqib bir aylanib kelsangiz bo‘lardi, havo biram yaxshiki, desamam befoyda, o‘jarlik qilib yotaveradi.
– Uydan chiqqisi yo‘q uning.
– Tobi kelmayapti, shekilli, – dedi ayol. – Achinarkansan kishi, u shunaqayam yaxshi odamki. Bir zamonlar u bokschi bo‘lgan, bilasiz-a?
– Bilaman.
– Yuz-ko‘zi aytib turibdi, uning qanaqaligini, – dedi ayol. Ular ko‘cha eshik oldida gaplashib turishardi. – Shunaqayam xushmuomala.
– Mayli, yaxshi qoling, Girsh xonim, – dedi Nik.
– Men Girsh xonim emasman, – dedi ayol. – Girsh xonim uyning bekasi. Men bu yerda xizmatchiman xolos. Ismim Bell.
– Xayr, Bell xonim, – dedi Nik.
– Xayr, – dedi ayol.
Nik qorong‘i tor ko‘cha orqali muyulishdagi fonus oldiga bordi, so‘ng tramvay izi yoqalab tamaddixona tomon ketdi. Jorj peshtaxta ortida turardi.
– Oleni ko‘rdingmi?
– Ko‘rdim, – dedi Nik. – U xonasidan chiqmay yotibdi.
Nikning ovozini eshitib oshpaz oshxona eshigini qiya ochdi.
– Menga keragiyam, qizig‘iyam yo‘q bu gaplarning, – dedi u va eshikni qarsillatib yopdi.
– Hamma gapni aytdingmi unga?
– Albatta, aytdim. O‘zining ham xabari bor ekan.
– Nima qilmoqchi endi?
– Hech nima.
– Uni o‘ldirishadi.
– Ehtimol, o‘ldirishar.
– Chikagoda bironta janjalga aralashib kelganga o‘xshaydi.
– Bo‘lishi mumkin.
– Juda chatoq bo‘pti.
– Chatoq ham gapmi, rasvo ish.
Ular jim bo‘lib qolishdi. Jorj sochiq olib peshtaxtani artdi.
– Nima qilgan bo‘lishi mumkin, seningcha?
– Lafzida turmagandir, balki. Bunaqa ish uchun ular kechirishmaydi.
– Men bu shahardan bosh olib ketaman, – dedi Nik.
– To‘g‘ri qilasan, – dedi Jorj. – Bu yerda tinch yashab bo‘lmaydi.
– Sira miyamdan ketmayapti, ajali yetganini bila turib o‘sha uyda qanaqa yotibdi, hayronman. O‘ylashga qo‘rqadi odam.
– Sen esa o‘ylama, – dedi Jorj.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 12-son