Elke Haydenrayh. Erika (hikoya)

ERIKA
yoxud hayotning sirli ma’nosi

Butun yil davomida xuddi telbalardek ishladim va o‘zimni Rojdestvo bayramidan oldin bo‘m-bo‘sh, kuyib kul bo‘lgan misoli, xuddi kimdir qattiq kaltaklagandek his qilardim. Ko‘p pul ishlab topganimga qaramasdan bu yil men uchun qo‘rqinchli bo‘ldi. Go‘yo yashashni unutdim shu yilda…Do‘stlarimni ham unutib qo‘ygandim, ta’tilga ham chiqmadim, yo‘l- yo‘lakay ovqatlanadigan odat chiqardim, salat, pitstsa yoki uydaligimda bir-ikkita tuxum qovurib televizor oldida o‘tirib olib yeb olardim. Ba’zida bir necha kun hech narsa tanovvul qilmasdan faqatgina vino, kofe va choy ichib, xuddi suvga tushgan mushukdek shalpayib yotardim. Menga kelgan xatlarni hatto ochib o‘qimasdim, telefonim jiringlaganida, go‘shakni ko‘tarish malol kelardi, orzusiz, jonsiz bir odam edim. Rojdestvo bayramidan bir necha kun oldin navbatdagi 16 soatlik ish kunidan keyin uyga qaytib, ust-boshimni gilamga tashlab, zo‘rg‘a nafas olayotganimda to‘satdan telefon jiringlab qoldi. Bu xuddi tiriklikning tashqaridan menga anglatishi mumkin bo‘lgan eng so‘nggi ishorasidek edi. “Ha” dedim, biroq ohangim xuddi “Yordam bering!” degandek edi.
Bu Frants edi, u menga Lugano shahridan qo‘ng‘iroq qilayotgandi. Frants bilan men bir necha yil burun bir qancha vaqt birga yashadik, keyin esa xuddi hech narsa bo‘lmagandek ajralishdik va ikkalamiz ham oilali bo‘ldik. Taqdir taqozosi bilan ikkalamizning ham turmushimiz bo‘lmadi, u Luganoda yashab qoldi, men esa Berlinda.
Frants Luganoda muxandis bo‘lib ishlay boshladi, biz bir-birimizga otkritkalar jo‘natib turdik. Ba’zan uning onasini uchratib qolardim, u go‘yo meni ko‘rganidan xursanddek va bizni birga bo‘lishimizni istagandek edi. U menga o‘g‘li haqida biroz gapirib bergandek bo‘lardi, biroq onalar o‘z farzandlari haqida hamma narsalarni ham bilaverishmaydi. U menga faqatgina Frantsning ahvoli yaxshi ekanligi, yaxshigina pul topayotgani, biroq o‘zi hali Luganoda bo‘lmaganligini aytib berdi.
“Salom, Betti,” dedi Frants telefonda menga Luganodan qo‘ng‘iroq qilib. Meni “Betti” deb chaqiradigan yagona odam ham u edi. Ismim Elizabet, ammo asl ismim bilan faqat onam chaqiradi. Otam Liza deb, maktabdagilar Elli, erim esa Lilli deb atardi. Ba’zida o‘zim ham asl ismim nima ekanligini bilmay chalkashib qolaman va o‘zimni o‘zim ikkinchi ismim Veronika deb atayman. Faqat Frants uchungina men Betti bo‘lib qolgandim… Chuqur nafas olib, etigimni yecharkanman “Eh, Frants” dedim.
– Ovozing yaxshi emas,- dedi u. -Tinchlikmi?
– O‘lganman, deb o‘ylagan edim. Chimdilab ko‘r-chi?!
– Buning uchun yaqinroq kelishing kerak,- dedi Frants, – aynan shuning uchun qo‘ng‘iroq qilayapman aslida…
Ko‘zlarimni yumdimda, ikkalamiz birga yashagan boloxonadagi uyimizni esladim. Frants kichraytirilgan sahna qurgan edi, sahnaning o‘zida bizning ikkita og‘maxon (g‘alla o‘simliklariga zarar yetkazuvchi inlarda yashaydigan kemiruvchi hayvon) Kayn va Abel yashashardi. Ular sahnaning kichkina balkonidan chiqib kelishardi.
Plastinka qo‘yib Donna Anna ariyasini maroq bilan eshitar va ko‘p spirtli ichimlik ichardik. O‘sha uychamizda ikkalamiz o‘z ishlarimizni bajarardik ham. U o‘zining sahna uchun tayyorlangan rasmlari ustida ishlar, men esa gazeta uchun maqolalar tayyorlardim. Ish davomida shunchalik ko‘p turli xildagi spirtli ichimliklarni, masalan archa urug‘i solingan aroq, vino, tekilla ichar edikki, hozir men nuqul, o‘sha paytlarda qanday qilib o‘rnimizdan turganimiz haqida o‘ylayman, kim, qachon bo‘shagan shishalarni tashlab kelgan, mushugimiz haqida g‘amxo‘rlik qilishga qachon vaqt topganmiz o‘shanda, bilmayman. Og‘maxonlardan biri keyinchalik kresloning charm qoplamasi va suyanchig‘i orasida tiqilib qolib o‘lib qolibdi, biz uni sasiy boshlaganidan keyingina sezib qoldik. O‘shanda biz hatto nonushtaga ham aroq ichishni boshlagan kezlarimiz edi. Shu voqeadan ta’sirlanib, uyda tartib- qoida o‘rnatmoqchi bo‘ldik. Vino soat 16 dan keyin, aroq soat 20 dan keyin, tekilla esa 10 dan keyin. Biroq bu tartib ham uzoq davom etmadi.
– Rojdestvo bayramiga menikiga Luganoga kelsang chi,- dedi Frants.
– Nega endi borishim kerak ekan?- dedim – u, ichimdan xursand bo‘ldim, ammo buni sezdirmaslikka harakat qilardim. – Nima mensiz yashay olmaysanmi?
– Sensiz juda zo‘r yashay olaman,- dedi Frants, – qaytib ketganingdan keyin qanchalik xursand bo‘lishimni bilasanmi?
– Men hali biror marta ham Luganoda bo‘lmaganman.
Lugano qanday o‘zi?- so‘radim undan, Dahshatlimi?
-Qo‘rqinchli,- javob berdi Frants.- Pechakgullar bilan o‘rab olingan , oldida palmalar bor eski uylar, sirenlarning yoqimsiz isi, hamma yoqda sambitgullarning badbo‘y hidi, dahshatli ko‘l, o‘rtasida qo‘rqinchli tepaliklari bilan . Shunday bo‘lsa-da o‘ylab ko‘rasanmi?
– O‘sha yerda bo‘lgan paytimda men bilan tortishishga va’da bersang, mayli, borganim bo‘lsin!
– Chin so‘zim, shunday qilaman.
– Ajoyib,- dedim men, ammo men allaqachon o‘lganimni unutma. Luganogacha yetib borishimga ishonmayman, o‘z uyimning oshxonasigacha yetib borolmayapman-ku.
– Milangacha samolyotda kelasan, undan keyin bir soat poezdda Luganogacha. Men seni kutib olaman.
– Yo‘q, meni kutib olma. Baxtim kulib boqib, samolyot qulab tushsa…kutganing zoe ketadi.
– Yaxshi fikr,- dedi Frants. -Men poezd shinalari tagiga katta bir daraxtni qulataman,sen o‘tirgan poezd ham yo‘lidan chiqib ketadi, bunga nima deysan?
-Zo‘r…- dedim men va to‘satdan yig‘lashga tushdim. Shu payt tomdan yiqilib halok bo‘lgan mushugimiz haqida o‘yladim, shunday bo‘lmasligi ham mumkin ediku… Mushugimiz tomlarda yurishga o‘rgangan edi, kichkina balkonimizdan men uni ko‘pincha baland mo‘ri oldida semiz kaptarlar o‘zlariga oshyon qilgan televizor antennasi oldida quyoshda toblanib turganini ko‘rardim. Bir kuni u mo‘rining girdobiga tushib qolib, o‘zini o‘nglay olmay qoladi va besh qavat pastga qulab tushdi. Qimirlamay pastda yotganini ko‘rganim zahoti o‘zim ham qimirlashga bemajol qoldim.
Nihoyat, Frants pastga tushib, uzoq vaqt qaytib kelmadi. Biz mushuk haqida boshqa gaplashmadik. O‘sha paytlarda nomigagina birga yashayotgandik. Bir – birimizga beadablik qilardik, suhbatlarimiz faqat pichingdan iborat edi, hurmatsizlik qilishdan nariga o‘tolmasdik. Har ikkimiz ham bundan azob chekardik, biroq bu holatni o‘zgartirishga qurbimiz yetmasdi.
– Borsam, sen meni tanimaysan,- dedim men. – Juda qarib, xunuklashganman, sochlarim butunlay oqarib ketgan.
Men iyagimni baland ko‘tarib o‘rnimdan turdimda, keyin muvozanatimni yo‘qotmasligim uchun yana o‘zimni kresloga otdim.
– Sen doim xunuk bo‘lgansan, buni senga aytgim kelmas edi. Men esa hamon o‘sha sen bilgan kelishgan yigitman.
– Yaxshi. Rojdestvodan bir kun oldin borsam kerak. Agar biror nima uchsa.
U xursand bo‘lgandek tuyuldi va men ham o‘zimni bir og‘ir yukdan xalos bo‘lgandek sezdim.
Ko‘zlarimni yumib yarim yoki bir soat qimirlamasdan kresloda o‘tirdim. Men yashaydigan uydagi boshqa kvartiralar eshiklarining ochib-yopilishini, erkaklar ovozini, tez-tez odimlab borayotgan qadam tovushlarini, quvurlardagi suv qaynaganidan keyin chiqaradigan davomli shovqinlarni tinglab yotdim. Luganoni yumaloqlangan qor ichidagi qizil tomli vohadek tasavvur qildim.
24 dekabr kuni erta tongdanoq bir- ikkita issiq kiyimlarimni, ko‘zoynagimni , muftamni (ayollarning qishda ikki yoqdan ikki qo‘lni tiqib yuradigan yengchasi) oldim. Bir juft mustahkam poyafzal, o‘chib ketgan atirgul nusxali eski qora bayram ko‘ylagimni, kitoblar va har gal sayohatga chiqsam menga hamrohlik qiluvchi budilnigimni sumkamga joylab, Frants uchun Elzas xantalini xarid qilish istagida eng yaxshi do‘konlardan biriga yo‘l oldim. U yerdagi bo‘limlardan birida xantallarning yuzdan ortiq turlari mavjud: shisha idishlarda ham, kichikroq plastik idishlarda ham, o‘tkirlari, nordonlari, shirinroq ta’mlilari, och sariq rangdan toki to‘q jigar ranglilarigacha, kremli hamda qumoqlanganlari. G‘arbning illatlarini o‘zida jamlagan shaharliklar Berlinning chidab bo‘lmas havoyi, mudroq, aldamchi kibrlari bilan birga xantalning yuzlab turi sotiladigan shu savdo markaziga oqib kirayotgan edi. Dunyo olov ichida qolgan bir paytda, zaminning qaysidir joylarida urush avjga mingan, odamlar och va bir- birlarini qonini to‘kayotgan bir paytda, millionlab odamlar qochoqlikda, boshpanasiz yurganlarida, qanchadan- qancha bolalar ko‘chalarda o‘lib ketishayotgan paytda, Berlin yuzlab xantal turlari ichidan o‘ziga ma’qulini tanlash bilan ovora, kechki ovqat dasturxoniga bundog‘rog‘i bo‘lsa nima bo‘pti?!
Men esa hali tanlab ulgurmadim. Aksincha xantal tanlash uchun liftdan yuqoriga ko‘tarilib, shu beadab kesatiq bilan gapiradigan odam uchun umrimning bemazmun kunlariyu, tunlarini birga o‘tkazgan odam uchun Elzasning kichik idishlarda sotiladigan xantalini sotib olgan bo‘lar edim, agarda birinchi qavatda turgan cho‘chqaga nigohim tushmaganida.ERIKA.
U xuddi odamdek ko‘rindi ko‘zimga, negaligini bilmaymanu, negadir uni “Erika” deb atagim keldi, miyamga kelgan dastlabki fikr shu edi. Cho‘chqa bamisoli inson edi, ismi Erika, biroq cho‘chqa. U deyarli odam bo‘yi bilan baravar .U och pushti yungli, mustahkam to‘q pushti oyoqlari, semiz boshli, biroz ochilgan og‘zi, yumshoq quloqlari, tasavvur qilib bo‘lmaydigan ishonch to‘la nigohida balqqan saxiylik, qiziquvchanlik, boshqa tomondan biroz quvlik sezilib turgan, xuddi “Qaerdan shuncha hayajon, bunday qilma, shunday bo‘lganda, kelib menga razm sol, men bor- yo‘g‘i bir pushti yungli cho‘chqa, biroq aminmanki, HAYoTning sirli ma’nosi menda” deya tangadekkina moviy ko‘zlarini sizga tikardi. Hech ikkilanmasdan kredit karta orqali cho‘chqa uchun 678 marka to‘ladim. Sumkamni orqamga osib oldim, Erikani esa ikki qo‘llab ushlab, qornimga tirab ko‘tarib olishimga to‘g‘ri keldi. U hayron qolarli darajada yengil edi, biroq behad semiz va barxatdek yumshoq edi. Erikaning oldi oyoqlarini yelkamga osiltirib, orqa oyoqlarini belimning o‘ng va chap tomonlariga qo‘yib oldim. Uning boshi ko‘m-ko‘k ko‘zlari bilan chap yelkam osha boqib turardi, sotuvchi ayol: “Yana bitta silasam maylimi?” dedi.
Ayol cho‘chqaning quloqlarini avaylab silab qo‘ydi.
Ko‘chada odamlar bizni ko‘rishgani zahoti bir tekis bo‘lib, yo‘l berishar, bizni o‘tkazib yuborishardi. Rojdestvodan oldin xarid qilishning so‘nggi soatlari bo‘lgani bois, odamlar xariddan to‘ygan, ancha horg‘in, tayyorgarlik ishlaridan asabiylashgan. Bayramdan keyingi kunda go‘yo havoga uchganday tuyulgan oilaviy byudjet inqirozi xavfidan qo‘rquv chulg‘ab olgan edi odamlarni. Shunga qaramay kim Erikani ko‘rsa, tabassum qilardi. Savdo markazi eshigi oldida turib, markaz eshigidan esib turgan issiq havoda isinayotgan gadoy bir qo‘li bilan yashirincha Erikaning orqasini silab qo‘ydi.
Ko‘chaga chiqib, taksi olmoqchi bo‘ldim. “Ey xudoyim, buncha chiroyli, bolangiz xursand bo‘ladigan bo‘pti!” dedi bir qari ayol va o‘ta ehtiyotkorlik bilan qo‘lini Erikaning boshiga qo‘ydi. Men 38 yoshli Frants ismli “bola”ning sovg‘alar stolidan mana shu cho‘chqaning joy olishi haqida o‘yladim. Taksichi boshini irg‘ab: “Ba’zi birovlar uchun shuncha pulga shuni sotib olish hech narsa emas” dedi ensasini qotirib. Men uni haydovchining yoniga o‘tqazib qo‘ydim. Uning oyoqlari o‘tirgichdan pastda turardi. U ko‘k ko‘zlari bilan Berlinning yo‘l harakatini kuzatar, kim o‘zar jangida g‘olib bo‘lmoq istagida yelayotgan mashinalarga mantiqsiz boqar edi. Erikaning orqasida o‘zimni xotirjam ham himoyalangan sezdim.
Taksi svetoforlar yoki tiqilinchda to‘xtashi lozim bo‘lganda, yonma-yon ketayotgan taksichilar ustimizdan kulib bizga qarab signal chalishar, kulishar, qo‘l silkitishar, uzoqdan bo‘sa hadya etishardi. Bu holat taksi haydovchisiga zavq bag‘ishlardi. “Ha”, deb ular tomonga bir qarab vaysab qo‘yardi, “Cho‘chqa transporti”, derdi u va boshqa haydovchilarni o‘ziga tortayotganidan maroqlanardi. “Bu qancha turarkan?” so‘radi u mendan, taksidan tushayotib pul to‘layotganimda, men: “Bilmayman, bu menga bayramga sovg‘a”, deb aldab qo‘ya qoldim, men unga narxini aytishga uyaldim.
Odatda sumkamni o‘zim bilan samolyot bortiga olardim, endi esa ikkovini – Erika va sumkam bilan bortga chiqishga ruxsat etilmaydi. Shuning uchun sumkamni samolyot yukxonasiga topshirdim. Erika samolyot bortidagi tor, to‘la yukxonalarga ham sig‘madi, shuning uchun birinchi marta ajralishimizga to‘g‘ri keldi. Styuardessa uni 1-klassdagi bo‘sh o‘ringa o‘tqazib qo‘ydi, kamarlarni taqdi va meni ogohlantirib ham qo‘ydi: “Janob” o‘zini yaxshi his etayapti”. “U “xonim”. Ismi Erika”, dedim. Styuardessa qiz menga muloyim va ma’nosiz boqib qo‘ydi va tez odimlab ketdi. Menga esa Erikaning yumshoq yungi, muloyim nigohi yetishmasdi. 1- va 2-klassni ajratib turuvchi pardalar tushirilganda, Erikani ko‘ra olmayotganimdan naq sarosimaga tushdim.
Ko‘zlarimni yumib bolaligimni, bolalar uyidagi dastlabki kunlarim haqida o‘yladim. Kasal o‘pkalarim tufayli men Borkumga jo‘natilgandim. O‘shanda 9 yosh edim, poezd oynasi oldida turib, yig‘layotganimda onamning oxirgi so‘zini eshitgandim: “Ahmoqlik qilmagin, boshqa bolalar baqirib yig‘lashmaydi, axir”.
“Ha, onajon, faqat suyukli bo‘lgan bolalargina yig‘lashadi va ular kamida to‘rt haftada bir marta ko‘risha olish imkoni bo‘lganida, onalari yengil nafas oladigan bolalargina yig‘laydilar. Mening yig‘im boisi esa bir kuni qaytib kelganimda, onam uyda bo‘lmasligi va bildirmasdan butun umrga qochib ketishi mumkinligiga ishonchim komilligida edi”.
Otam menga asal rangidek to‘q sariq yungli, jigarrang shisha ko‘zli ayiq jo‘natgandi. Uni Fritts deb atagandim hamda yuzlarimga mahkam bosib, to‘yib-to‘yib yig‘lar, uning yunglariga ko‘z yoshlarim va mishig‘imni oqizardim.
Erika bilan ham xuddi shunday qilmoqchi bo‘lgandim, biroq Erika 1-klassda uchib ketayapti. Onam bilan biror marta bo‘lsa-da xayrlashganimni, unga biror marta ham bayramlarda xush kayfiyat tilaganimni eslay olmayman. Shunday qilsam, onam bunga e’tibor bermagan ham bo‘larmidi. Mayli, hali ham bo‘lsa, onaizorimga Luganodan qo‘ng‘iroq qilishim mumkin.
Frankfurtda Erikani yana o‘zim qabul qilib oldim, Milanga uchayotgan samolyotning chet elliklar ro‘yxatdan o‘tadigan zaliga o‘tayotganimda Erikani mahkam bag‘rimga bosdim.
Charm qoplamali o‘rindiqlarda, xromli (xrom-och kulrang tusli qattiq ximiyaviy element) stullarda, jomadonlarda, pollarda, xullas hamma joyda navbatdagi uchish reysini kutayotgan charchagan odamlar joylashib olgan edilar: ular orasida sallali hindlar, yupqa, harir ro‘molli ayollar, sof paxtadan kiyim kiygan qora tanlilar, harbiy yaponlar, tekis boshli koreyaliklar, ozg‘in, mo‘ynali kamzul kiygan keksa hamda grotesk uslubida soch turmaklagan amerikalik ayollar, yegulik tanovvul qilib o‘tirgan, o‘qiyotgan, yig‘layotgan, uxlayotgan, onalari tizzasidagi, otalar qo‘lidagi, qo‘g‘irchoq yoki kichkina jomadonlar bilan kuymalashayotgan, vagonlar oynalari oldida turgan yoki vagondan vagonlarga o‘tish joyida o‘rnashib olgan bolalar, soqovdek jim va Rojdestvo ularga hech nima va’da qilmayotganidan g‘amgin bolalar ham bor.
Havo iliq va bo‘g‘iq edi, vagon yo‘lagi shovqin bilan to‘lib ketdi, hech kim xushchaqchaq yoki baxtiyor ko‘rinmasdi. Ilohiy tun (Rojdestvo bayramidan bir kun oldingi “Heilige Abend”) da qalb tubidagi tuyg‘ular yuzaga chiqadi va ayni shu damda hayotimda Erika paydo bo‘ldi. Odamlar uning och pushti qornini ko‘rishlari uchun men uni orqa tomonidan ushlab oldim, shu tariqa uning to‘rtta oyog‘i havoda muallaq qoldi. Uning quvnoq ko‘m-ko‘k shisha ko‘zlari butun zalni bir-necha daqiqa yuborganday bo‘ldi. Shivir-shivirlar, hiring-hiringlar tinchigandek bo‘ldi. Bolalar o‘rinlaridan turib olishdi, ota-onalari esa ularni turtardilar, bir-ikkita bola men tomonga yugurib keldi. Qo‘rquv to‘la tabassumlar quvnoq kulguga aylandi, go‘yo havoga jon kirdi, men tushunmaydigan dunyoning hamma tilida jajji bolalar va qizaloqlar bir xil gap aytishdi. “Oh, maylimi ushlab ko‘rsam?” Men bosh irg‘adim. Erikaning oyoqlarini mahkam siqdilar, yumaloq og‘izlarni aylantirib ko‘rdilar, quloqlarini sekin siladilar. Qo‘ng‘ir sochli bola Erikaning shisha ko‘zlaridan birini avaylab artib qo‘ydi, sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan kokilli jajji qora tanli qizaloq Erikani sekingina o‘pdi va yugurganicha ortiga qaytib, o‘zini onasining panasiga oldi.
Agar men shu yerda yig‘ilganlarga nazokat-la muhabbat, uyg‘unlik hamda sog‘inch, erkinlik va totuvlik haqida gapirsam, hech kim meni eshitmasdi ham. Shunday qilsam, albatta, ularga yoqmagan bo‘lardim, qorovul qo‘limdan tutib : “Ruxsat bering, sizni samolyotingizgacha kuzatib qo‘yay?” yoki “Marhamat qilib, avval bir finjon qahva ichib olsangiz” degan bo‘lardi.
Erika bu yerda mavjudligi ila hammani sehrlab qo‘ygandi go‘yo. Ulkan cho‘chqa nigohi va yumshoq pahmoqlari bilan odamlarga xush kayfiyat, yer yuziga esa ko‘proq tinchlik ulashayotgan edi.
Milanga uchadigan oxirgi samolyot kichik va qulay bo‘lib, Erika havo kemasi kapitani va uning jamoasi tomonidan bortda qizg‘in kutib olindi, yo‘lovchilar chapak chalib yuborishdi. Erika yonimdaligi uchunmi, sekin-asta meni tushkun kayfiyat tark etib borardi. Bor-yo‘g‘i bir necha soat ichida u hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi, agar Erika bo‘lmaganda, hech qachon butunlay notanish odamlar bilan, shuningdek, taksi haydovchisi bilan gaplashmagan bo‘lardim. Endi esa menga notanish odamlar menga jon bag‘ishlashmoqda, yuzlarimga tabassum qaytdi. Erika bilan qaerda bo‘lmay, hamma joyda odamlar kayfiyati ko‘tarildi, odamlar biz tomonga bir marta bo‘lsa ham nigoh tashlab qo‘yishdi.
Men o‘zim va Erika uchun ham qizil vino keltirishlarini aytdim, hech qanday sharhsiz buyurtma keltirildi va xushkayfiyatlik ila xizmat ko‘rsatildi. Alp tog‘lari ustidan o‘tayotib boshimni Erikaning yelkasiga qo‘ydim-u o‘zimni shunday yaxshi his etdimki, qani endi parvoz davom etaversa, deb o‘yladim, butun dunyo bo‘ylab ana shunday…
Milanda aeroport xizmatchilari ish tashlashibdi. Samolyotdan tushish uchun zinalar ham o‘rnatilmadi, avtobus ham yuborilmadi, samolyotdan sakrab tushishimizga to‘g‘ri keldi. Mening navbatim kelgandi, o‘ylab qoldim: avval o‘zim sakrab, Erikani biror yo‘lovchiga ishonib qoldirsammikan yoki uni pastga tashlashim bilanoq ketidan o‘zim sakrasammikan? Fikrlarimni pastda qulochlarini keng ochib turgan pasajjirlar bo‘lib yuborishdi. Men uni pastga uloqtirdim, u o‘sha zahotiyoq keng ochilgan qulochlarga borib tushdi, uni mahkam tutib olishdi, o‘pib ham qo‘yishdi va hatto maqtashdi ham. Bravo, bravo! Men ham sakradim-da, uni hammadan qizg‘anib tezda qaytarib oldim. O‘zimni e’tiborga tushgan bolasidan faxrlangan onadek edim. Yuklarimizni samolyot yukxonasidan o‘zimiz olib, bojxona binosigacha uzoq yurib kelishimiz shart edi. Yo‘lovchilar og‘ir yuklarini ko‘tarish uchun bir-birlariga qarashardilar. Yonimdagi qora tanli barvasta yigit o‘zining kattakon jomadoni bilan birga mening sumkamni ham ko‘tarib oldi. Hujjatlar uchun tutiladigan sumkachasini esa qo‘limga tutqazdi. O‘rtamizda Erika, yigit uning chap qo‘lidan, men esa o‘ngidan tutib olgandik. Shu tariqa biz qop-qora, ho‘l asfaltdan hammaning havasini keltirib yurib borardik. Axir Erika bilan yurishni har bir odam istayotgan edi-da, biroq bu barvasta yigit ularning ichidan eng dadili bo‘ldi. Shu payt negadir umrimning qolgan qismini shu qora tanli yigit bilan o‘tkazgim keldi. Erika o‘rtada bo‘lardi hozirgidek… U menga ismi-sharifi janob Vilson ekanligini, Rojdestvoni opasinikida oilasisiz – Milanda o‘tkazishini aytib qoldi. “Buncha ajoyib sovg‘a”, – dedi u Erika haqida, men esa uni kimgadir sovg‘a qilish haqida o‘ylab, dahshatga tushdim.
Italiyalik bojxonachilar menga qarab qo‘llarini silkib qo‘yishdi. Janob Vilson afsuslar bilan xayrlashdi-da, ryukzagimni osib qo‘ydi, ammo sumka bojxonachilarda qiziqish uyg‘otmadi ham. Ular cho‘chqani qo‘llari bilan sanchib ko‘rishar, hidlashar, aylantirib ko‘rishar, uzoq tekshirishar, biri qo‘yib ikkinchisi Erikani diqqat bilan tekshirishardi. Uni rentgen tekshiruviga qo‘ymoqchi bo‘lishganida, nafaqat men, balki boshqa yo‘lovchilar ham qarshilik ko‘rsatishdi: “Nahotki, bola uchun olingan bayram sovg‘asining qadri shu bo‘lsa?! Nihoyat, Danilo laqabli so‘laklari oqib turgan qari iskovuch it Erikani hidlab, undan giyohvand modda izlab ko‘rdi. Biz, nihoyat nazoratdan o‘tdik. Janob Vilson opasi bilan bizni kutib turgan ekan, u opasiga bizni ko‘rsatgan edi, opasi qo‘li bilan og‘zini yopganiga kulib qo‘ydi. Bir-birimizga qo‘l silkitib qo‘ydik. U ko‘zdan uzoqlashgach, men vokzalga ketadigan avtobusni qidira ketdim.
Avtobus haydovchisi hamma yoqda “Chekish ta’qiqlandi” degan yozuvlar bo‘lishiga qaramasdan chekardi. Biz baland, eski uyli ko‘chalar bo‘ylab yurdik, do‘konlar vitrinalari bayramona yasatilgan, turli rangdagi chiroqlar uylar oldidagi yalang‘och daraxtlarni yoritib turardi.
Avtobus uch marta yurmay qoldi, har gal haydovchi tushib, qaerlarnidir kavlashtirib qaytib joyiga o‘tirib, o‘t oldirdi, avtobus har qalay o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Men sumkamni o‘rindiqlarning tepasiga o‘rnatilgan yukxonalarga joylab, Erikani tizzamga oldim. Yonimdagi shimoliy afrikalik yigit o‘ta charchagan ko‘rinadi. O‘rindiqqa zo‘rg‘a joylashib oldi-da, oynadan o‘tib-qaytib turgan transport qatnovini kuzatib ketdi, biroq bir qo‘li bilan Erikani sekingina silab qo‘yganini sezdim. Boshqa yo‘lovchilar men tomonga tez-tez nazar tashlar, ba’zilari tabassum hadya etsalar, ba’zilari qoshlarini chimirib qo‘yardilar, boshqalari esa taajjublanib boshlarini irg‘ib qo‘ya qolardilar. Juda charchagan ekanman, Erikaning yelkasiga boshimni qo‘yib ko‘zim ilinibdi ammo vokzalga yetib kelgan edik avtobusdan tushishimiz lozim edi.
Milan vokzali katta, baland va juda eski, shu bilan birga o‘ta chiroyli, o‘ymakor yog‘ochli, mustahkam qadimiy oynavandlari zamonaviy uslub bilan uyg‘unlashib ketgan edi. Barcha katta shaharlar singari bu yerda ham odamlar oqimi katta, har qadamda ularning birortasiga yo qoqilib yoki urilib ketish mumkin. Erika ko‘m-ko‘k ko‘zlari bilan menga yo‘l ochib berar, biroz yurib, ortimga qarasam odamlar oqimi yana qo‘shilib ketardi.
Poezd tirband edi, ovqatlanish vagoni ham. U yoq – bu yoqqa o‘tishning ham hech iloji yo‘q edi. Turib ketishimga to‘g‘ri keldi, sumkam esa oyoqlarim tagida qolib ketgandi. Olti kishilik kupedan kimdir menga imladi: “Cho‘chqangizni bering, ushlab ketaman! Erika keksa ayolning tizzasidan joy oldi, ayol Erikaga boshdan – oyoq razm solib bo‘lgach, u tizzadan tizzaga, qo‘ldan qo‘lga o‘ta boshladi. Uni juda ham qizg‘anib, ishonmasdan kuzatib turardim.
Uylarning ayvonlarida rang-barang rojdestvo chiroqlari osilib turibdi. Negadir men o‘zimni to‘satdan g‘amgin his etdim, go‘yo tashlandiq bechoraman. Bu dunyoning iflosgarchiliklari va qashshoqligidan holdan toyganman, o‘zimga qaytgach Erikaning yumshoq, do‘mboq gardaniga yuzimni bosdim.
Bolaligimda rojdestvo bayramini nishonlamasdik, chunki onam cherkov va diniy bayramlarni xushlamas edi. Rojdestvo, archa daraxti, sovg‘alar biz uchun yo‘q edi. Bularning nima uchunligini bola uchun tushunish oson kechmaydi. Uyda, deraza oldida o‘tirib ko‘chada daraxtlarga osilgan rang-barang chiroqlarni kuzatib xo‘rligim kelardi.
Frants bilan esa har doim archa yasatardik, archaga turli xil bo‘lmag‘ur ashqol-dashqollarni: oshxona anjomlarini, sanchqichlarni, vinolar uchun maxsus ochqichlarni osib tashlardik, biroq albatta shamlar yoqardik, sovg‘alar ham bo‘lardi. Musiqa eshitardik, og‘maxonlarimiz uchun balkonga yegulik ham qo‘yardik. Bugun kechqurun-chi?! Frants va men birgalikda nima qilamiz? U balki nimadir pishirar, menda esa uning uchun Erika bor.
Hech bo‘lmasa shu bugun kinoyali hazillarimizdan voz kechib turarmiz? Biz haqiqatdan ham hamma narsa haqida, o‘rtamizda nima chin, nima yolg‘on bo‘lganini, kelajakdagi rejalarimiz hamda orzu-umidlarimiz haqida gaplasha olarmikanmiz? Men unga otam vafot etganini, o‘zimni o‘ta g‘amgin va tashlandiqdek his etayotganimni ayta olsam edi. Kasal ekanligimni, jarrohlik stoliga yotishim lozimligini, bundan nihoyatda qo‘rqayotganligimni aytgim kelardi. U ham menga o‘z ishi haqida, nima uchun shunchalik uzoqlarga qochib ketganligi haqida aytganda edi.
Suyukli ayoli bormikin? Frantsning hayotida ayollar hamisha bo‘lgan, hatto men bilan birga yashagan kezlarida ham. Biroq men rashkchilar xilidan emasdim, urush-janjal qilmasdim. Besh kunlik hayotda turli mashmashalarning nima keragi bor? Shularni o‘ylar ekanman, to‘satdan Frants yuzidagi ajinlar, meni tushunishi-yu, o‘tkir nigohini ko‘z oldimga keltirib qo‘rqib ketdim.
Poezd uzoqroq to‘xtab qoldi, demak, navbatdagi bojxona nazorati. Erikani diqqat bilan tekshirishdi. Bu – Xiasso bekti ekan, keyingisi – Lugano, peshonamdan sovuq ter chiqib ketdi. Erika bilan vidolashuvimga to‘g‘ri keladi, Frants uchun shunday qilmishim kerak, ammo u Erikani qadrlarmikan? Bugun tunda u bilan bo‘lishimni o‘ylab dahshatga tushdim. Birga yashagan so‘nggi kunlardagi ishqiy munosabatlarimiz majburiy munosabatlar edi. Natijada bunday zo‘rma-zo‘rakilikdan charchadik va shu tariqa do‘stlarcha ajralishdik.
Frantsni boshqa ko‘rmadim. Buni xohlamadim ham, biz hatto do‘st ham bo‘lib qololmadik. Ey Xudo, shuncha yo‘l bosib bu yerga kelmasligim kerak edi, yana ilohiy tunda, liq to‘la poezdda. O‘zim bilmagan shaharga, istehzoyu kinoyalari bilan jonimga tekkan bir odam oldiga ketayapman-a?
Hozirgi ahvolimda uning pichinglarini ko‘tara olarmikanman. Erika-chi? Bo‘yim baravar tilla bersa ham Erikani kelib-kelib Frantsga berib qo‘ya olmayman.
Poezd Luganoda to‘xtaganida, uni darrov ko‘rdim. U lampa ostida, egnida bashang palto, chekib turardi. Ko‘zlarini yumib olgan, yuzi oldingizdan ham ingichka tuyuldi menga. Bir muddat unga talpindim, ammo uning qarshiga borishimni, u meni bag‘riga olishini, uni o‘pishim haqida o‘ylaganimda, havo yetishmagandek bo‘ldi. Turgan joyimda qotib qoldim, yuzimni Erikaning mo‘ynasiga bosib olgandim, bekatda tushuvchilarga o‘tishlari uchun yo‘l berdim. Kupe deyarli bo‘shab qoldi. Frants perronda u yoqdan bu yoqqa meni izlardi. Men o‘tirgan kupe oynasi yoniga kelib, shunchaki qarab qo‘ydi-da, yana perronni kuzata boshladi. Qo‘llari cho‘ntagida, tamaki chekib turibdi.
“Frants!- o‘yladim men, – esingdami? Ilgarilari biz suyukliging yoningdaligini sezish mumkin, derdik. Kichkinagina qahvaxonada tanishgandik, men oxirgi semestrga pul topish uchun dam olish kunlari o‘sha yerda yordamchi ofitsiant bo‘lib ishlardim. Shunday kunlarning birida sen kelding va menyuga uzoq termulib qolding. Nihoyat, men yoningga kelib: “Men Lizaman, pishloqli pirog o‘tgan haftaniki, ammo olmalisini sizga tavsiya eta olaman” dedim. Sen menga ajablanib qarading-da, kutilmaganda: “Yaxshi, men pishloqlisidan yeyman“, – deding. Ikkalamiz ham kulib yubordik, sen esa: “Bu oradagi g‘uborni yuvish uchun bir usul-da”, – deding. Men: “Pishloqli pirog haqidagi gapimni bir kinoda eshitgan edim, menga yoquvdi, shuning uchun shunday dedim”, deb qo‘ydim.
“Sen esa menga yoqding”, – degan eding o‘shanda. O‘sha tundayoq og‘ushingda bo‘ldim – munosabatlarimiz juda tez va hech qanday qiyinchiliksiz boshlangandi”.
Va hozir ham xuddi o‘sha paytdagidek qaror qildim: poezddan tushmayman. Frantsni ko‘rgim kelmayapti. O‘tmishimizga qaytadan iliqlik kiritishdan ma’no yo‘qligini, bundan ikkalamiz ham faqatgina aziyat chekishimizni istamadim, shuningdek Erikadan judo bo‘lishni ham… Poezd yo‘lida davom etdi, Lugano vokzalidan qo‘zg‘olib qorong‘i tonelga kirdi, o‘zimga o‘zim pichirladim: “Bayram muborak!”
Men Frantsuzning jahli chiqib vokzal qahvaxonasida espresso ichib o‘tirganini tasavvur qildim. Keyin u balki Milanga qo‘ng‘iroq qilib samolyotning o‘z vaqtida Milanga qo‘ngan – qo‘nmaganini so‘rar, yana bir-ikkita poezdni kutar, keyin esa dengiz bo‘yidagi hashamatli uyiga qaytadi-da, qo‘ng‘iroq bo‘lishini yoki telegramma kelishini kutadi rostbifni (molning yolqin go‘shtidan qilingan qovurma) yakka o‘zi yeyishiga to‘g‘ri keladi, yolg‘iz o‘zi ichadi, so‘kinib derazadan tashqariga qaraydi va o‘ylaydi: “Betti meni aldashi mumkiin emas”.
Meni nima jin urganini bilmayman. Yana qancha yurishimni, qaerda tunab qolishimni ham bilmasdim, biroq menda Erika bor edi, men uni yonimda bo‘sh qolgan o‘rindiqqa o‘tqazib qo‘ygandim. Poezd kichik-kichik bekatlardan to‘xtatmasdan o‘tib borardi. Balki poezd mo‘‘jizali biror o‘lkada to‘xtar, o‘sha yerda tushib o‘z baxtimni toparman. Frants endi mendan go‘yo asrlarchalik uzoqda edi.
Poezd endi sekin yura boshladi. Chap tarafda vodiyda sanoat inshootini, o‘ng tomonda esa tepalikda baland kedr daraxtlari ostidagi chiroyli qadimiy villalarni ko‘rish mumkin. Bir binoga katta qilib “Santa Mariya instituti” deb yozib qo‘yilibdi, bu oliy dargoh zodagon oilalarning qizlari uchun bo‘lsa kerak. Poezd soat yettidan keyin Belinzona shahrida to‘xtadi. Bekatda tushib, Erika bilan deyarli odam yo‘q perronda turardim. Havo sovuq, ko‘z oldimda bir kabutar yerdan uvoqni tumshug‘iga ilib olishga urinardi-yu, buning uddasidan chiqa olmasdi, chunki tumshug‘iga saqich yopishib qolgandi. Vokzalni tark etarkanman, vokzal ro‘parasida joylashgan katta pushti rangli mehmonxonaga ko‘zim tushdi, “Albergo internatsionale”. Derazalari yopilgan, eshigida esa: “ishlamaydi”, degan yozuv bor edi. Sumkamni yelkamdan olib, Erikani mahkam bag‘rimga bosib, vokzal ko‘chasi bo‘ylab yura boshladim, xuddi boshqa vokzallar singari bu yerda ham butiklar, savdo uylari, jinsi sotadigan do‘konlar, sayohat byurolari, qo‘l soatlari, tamaki va gazeta-jurnallar sotiladigan do‘konlar ko‘zga tashlanadi. Ko‘chalarni birma-bir ko‘zdan kechirib, tunash uchun joy axtarardim, uchinchi ko‘chaga kirganimda baxtim kulib boqdi: “Montalbina pansioni”. Eshikda: “Ishlamaydi”, degani yozuv osig‘liq edi, biroq pardalar ortidan yonib turgan chiroq miltillar edi. Eshikni taqillatib ko‘rdim. ammo Erika tufayli menga eshikni ochishlariga ishonchim komil edi.
Darpardalardan biri ehtiyotkorona ko‘tarildi, deraza oldida bir erkakning semiz boshi ko‘rindi. Dumaloq ko‘zlari bilan menga qaradi-da, ko‘rsatkich barmog‘i bilan “Ishlamaydi” degan yozuvga ishora qildi. U kichkina, semiz og‘zini chuchchaytirib: “ishlamaydi” dedi. Men unga ma’noli qarab qo‘limdagi Erikani baland ko‘tardim. Erikaga o‘qrayib qarab qo‘ydi-da, pardani tushirib qo‘ydi. Ichkaridan uning nimanidir xo‘rillab ichayotgani eshitilib turardi. Birozdan keyin eshik ochildi. Oldimda bo‘yi menikidan unchalik baland bo‘lmagan, lekin haddan ziyod semiz kishi turardi. Dumaloq kallasi bilan yelkalari o‘rtasida bo‘yin sho‘rlik ko‘rinmasdi ham, oyoqlarini esa bechora ancha yillardan buyon yumaloq qorni sababli ko‘rmagan bo‘lsa kerak, semiz qo‘llari esa tanasi yonida aylangandek go‘yo.
“Yopilgan”, dedi u. Erikaga qarab “Bu nima o‘zi?” so‘radi. “ Cho‘chqa, biz bir kunga xona va kechki ovqat izlayapmiz” dedim unga javoban. “Cho‘chqa”, ming‘illadi u, silash uchun qo‘llarini uzatdi. “Uning ismi Erika”, – dedim dadillik bilan, semiz odam boshini irg‘ab, xuddi dunyoda bundan boshqa narsa yo‘qdek, mehr bilan: “Erika” dedi. “Iltimos, bizni ichkariga kiriting”, – dedim.- Meni hamda Erikani. Qaerga borishni bilmaymiz”. Shunday dedim-u, xona uchun pul to‘lay olishimga ishora qildim. Shunday derdim-u unga xona uchun pul to‘lay olishimga ishora qildim. “Bunaqasi ketmaydi”. Pansionat 15 yanvargacha yopilgan, men esa bor-yo‘g‘i oshpazman. Bu yerda hech kim yo‘q”. “Iltimos!” Bu so‘zni shunchalik yalingannamo aytdimki, negaligini o‘zim ham bilmay qoldim. Vokzalga qaytib borib, u yerdan Syurixga jo‘nab ketsam ham bo‘lardi, ammo holdan toygandim, buning ustiga sovqotdim. Keyin do‘mboq ham yumshoq Erika bilan kun bo‘yi baxtli bo‘lganimdan so‘ng bu semiz kishiga ishonsa bo‘ladigandek tuyuldi menga.
Kishi bir muddat termulib qoldi, bilaman ayni damda uning qalbida fikrlar tug‘yon urmoqda, buni uning yuzidan uqib olsa bo‘lardi. Yuzining rangi pushtidan to‘q qizilga aylandi, quloqlari xuddi binafsha rangdek edi. Nihoyat, qo‘llarini ko‘tarib, boshini irg‘adi, oyoqlari bilan eshikni kengroq ochdi-da, ichkariga kirishga ijozat berdi. Orqamdan eshikni yopishi bilanoq qorong‘i dahlizda qo‘limda Erika bilan turib qoldim va bu yangi yilda yana nimalar sodir bo‘lishini kutardim.
Semiz odam “chiroyli” oyoqlari bilan yerni tepib raqsga tushdi-da, hayron qolarli darajada kattakaon oshxonaning eshigini ochdi. Kaminga qalangan o‘t gurillab yonardi. Katta gaz plitasi , turli idish-tovoqlar, ashqol-dashqollar qo‘yilgan jovonlar – bir tomonda, boshqa tomonda – randalangan ulkan yog‘och stol-skameykasi bilan va bir nechta stullar. Stol ustida Salyami (pitstsa turi) solingan likop, bir shisha vino hamda Rikardo Sosiante kuylayotgan ko‘tarib yursa bo‘ladigan radio bor edi.
Semiz odam stol oldidan joy ko‘rsatdi va taraddud bilan turib oldi. Erikani yonimga qo‘yib,o‘tirdim. Oshpazning ham qorni to‘qqa o‘xshamasdi. “Erika”, dedi u yana va qo‘shib qo‘ydi: “Bunchalar katta cho‘chqani umrimda ko‘rmaganman”.
U deyarli bo‘shab qolgan likobchasini olib, pitstsaning oxirgi bo‘lagini og‘ziga soldi. “Endi esa chindan ovqat pishiramiz”, dedi u va fartugini taqdi. Qozonga suv solib, shkafdan makaronlarni oldi. Tovaga sous quydi, taxtakachda ko‘katlarni mayda qilib to‘g‘radi, oq nonni bo‘lakladi. Ishiga shunday berilib ketgan ediki, borligimni unutganday go‘yo . Faqat ba’zida Erikaga nigoh tashlab qo‘yar va uning ismini ming‘illab takrorlardi. Ishining o‘rtasida menga stakan tutqazdi va vino uzatdi. O‘zimga vinodan qo‘ydim, unga ham. To‘la stakanimni baland ko‘tarib, “Salyut” dedim men. U o‘girilib menga qaradi, jilmayib kichkina oppoq tishlarini ko‘rsatdi. Stakanini qo‘liga olib, meniki bilan urishtirdi va “Franko” – dedi. “Veronika”, dedim men, u esa qaytardi: “Veronika. E-Erika”.
Oyoqlarimni chalishtirib, issiqdan bahra olgancha, ko‘zlarimni yumdim. Frankoning ustalik bilan spagetti suzayotganini eshitib turardim, hozir esa radiodan Franchesko De Gregoriy Amerikaga yo‘l olgan kemadagi italiyalik bolakay haqidagi qo‘shig‘ini kuylayapti. Biroq u italiyalik Amerikani ko‘rmaydi, chunki u o‘t qalovchi, vazifasi kemaning ichida bo‘lishdir. O‘zimni himoyalangan, xatarsiz va juda yaxshi his qildim. “Alvido Frants! Salom, Franko!”
Franko oldimga sanchqi bilan likopni qo‘ydi. Bug‘ chiqib turgan idishni olib kelib, so‘radi: “Erika ovqat yemaydimi?” Yo‘q, dedim men. Itdek och qolgan odamdek ovqatga o‘zimizni urdik. “Rahmat, Franko”, dedim. Xuddi eski do‘stlardek qo‘limni bir lahza uning qo‘liga qo‘ydim. U bunga e’tibor bermadi ham. Erika men bilan Frankoning o‘rtasida o‘tirardi. Vino butilkasini Erikaning u yoq – bu yog‘idan olishimizga to‘g‘ri kelardi.Ikkinchi shishaga ham navbat keldi. U biroz nemischa gapirar, men esa italyancha, biz bir-birimizga bayram tunida nega shu oshxonagacha kelib qolganimizni tushuntirishga urinardik. Men samolyotdan qolib ketganim haqida aytib uni aldadim, u esa pansionat egalari ta’tilga ketishganini, uyiga borishni xohlamasligi bois shu yerga qarab turishga rozi bo‘lganini aytdi. Buning sababini so‘radim, oilasi bormi, qaerda yashaydi, o‘zi? Biroz tanaffusdan so‘ng Franko qayg‘uli o‘tmishini boshladi. U asli qishloqdan bo‘lib, shveytsariyalik emasligini, Kuzinodan kelganini, bu Italiyaning chekki bir qishlog‘i ekanligini, har kuni bu yerga qatnab ishlaganini, keyin uylanib rafiqasi hamda qizi bilan birga yashaganini, xotini uni tashlab ketganini, yangi yil oqshomidan bir necha kun oldin xotini bir sartaroshnikiga bolasi bilan ko‘chib o‘tganini, uyda yolg‘iz qolgisi kelmaganidan shu yerda ekanligini gapirib berdi. U Erikaga ikkilanib tikilar ekan, qichqirib yubordi: “Xotinim ham xuddi shunday do‘mboq, rangi ham shu kabi pushti, shunday go‘zal, muloyim edi!” deb Erikani silab qo‘ydi. Ko‘zlaridan tirkirab yosh oqardi.
Men esa turmushimdan ajrashganimni, butunlay yolg‘iz yashashimni, Luganoda hech kimim yo‘qligini, agar bu yerda qolishga izn bermaganida, uyimga qaytib ketishimni gapirardim.
“Sisi”, baqirdi u, yana bir shisha ichimlik bilan stakan keltirdi. “U osongina ketib qoldi-ya”, so‘kindi u. “Hatto unga ovqat pishirib bera olmaydigan sartarosh bilan ketib qoldi-ya!” U bizga kapuchino tayyorladi. Boshimni stolga qo‘yib radioni burab, yaxshi bir qo‘shiq topdim. Franko qo‘shiqdan ta’sirlanib ketdi, fartugi bilshan ko‘z yoshlarini artib, Erikani tizzasiga oldi.
“Xuddi shunday yumshoq edi u!”- baqirdi oshpaz,- qandoq yumshoq edi-ya… U bilan yaxshi munosabatda edim-ku. Kelib-kelib sartarosh bilan-a!” Semiz oshpaz yana yig‘ini boshladi, yuzini Erikaning quloqlariga bosdi. Juda charchaganimdan stulimni kaminga yaqinroq surdim. Vino to‘ldirilgan ryumkamni o‘zim bilan oldim va gulxan uchqunlariga tikildim, o‘sha paytda jon deb archaning shox-shabbalaridan olovga tashlagan bo‘lardim, shunda Rojdestvoning hidi kelgan bo‘larmidi.
“Dahshatli bayram bo‘ldi-da” dedim va bir bo‘lak yog‘ochni olovga otdim, Franko esa: “Erika” dedi-da, boshini uning qorniga qo‘yib yonboshladi.
Ko‘zimni ochsam, tongga yaqinlashib qolgan, kamindagi gulxan ham o‘chib bo‘lgan edi. Ryumka chil-chil sinib yerda yotar, o‘zim esa stulga osilib qolgan ekanman. Kun yorug‘i derazalardan mo‘ralay boshlabdi, semiz odam esa stol ustiga uzalla tushib yotib olgan, boshini Erikaga qo‘yib uxlab yotardi.
Sekin, sassiz o‘rnimdan turib, sumkamni oldim. Kalitni eshik og‘zida qoldirdim. Ko‘cha osuda ham bo‘m-bo‘sh edi, pansionatiga nigoh tashlar ekanman, “Xayr, Erika, sen uni ovut, buni eplay olasan!” dedim-da, vokzal tomonga yo‘l oldim.
Uyga, Berlinga yetib keldim. Frantsdan telegramma kelgan ekan: “Nima bo‘ldi?” Men ham unga telegramma jo‘natdim: “Hech narsa Xayr”. Onamga qo‘ng‘iroq qildim, u hatto uyda bo‘lmaganimni ham va bugun bayram ekanligini ham bilmabdi.

Hafiza Qo‘chqorova tarjimasi