Elis Manro. Taqdirga tavakkal (hikoya)

1965 yil iyun oyida Torrans-xaus maktabida o‘quv yili yakunlanishi bilan Juliyet ketish taraddudiga tushib qoldi. Negaki, u kasal bo‘lib qolgan o‘qituvchi ayolning o‘rnida vaqtincha ishlab turgan edi. Ayol sog‘ayib ketdi. Buning ustiga doimiy yashash uchun biron boshpana topilmadi. Juliyet uyga qaytishdan oldin, o‘zi aytganidek, uzoqmi-yaqinmi biron yerga borib, aylanib kelishga, aniqrog‘i, dengiz qirg‘og‘ining yuqori hududida yashaydigan tanishinikiga borishga qaror qildi.
Bundan bir oycha oldin o‘qituvchilar orasida yagona dugonasi, yosh jihatidan o‘ziga ancha yaqin bo‘lgan Xuanita bilan birgalikda “Muhabbatim, Xerosima” nomli eski kinofilmni ko‘rib qaytishar ekan, Xuanita:
– Film qahramoni kabi men ham xotini bor kishini, o‘quvchimning otasini sevaman, – deb qoldi.
Juliyet ham o‘zining shunday holatda ekanligidan nolib ketdi.
– Ammo, – dedi Juliyet, – o‘z hislarimni yuzaga chiqarish uchun kurashishga jur’at eta olmadim. Chunki uning xotini es-hushini yo‘qotgan, fojiyaviy bir holatda yotardi.
– Sevgilimning xotini es-hushini yo‘qotgan bo‘lsa koshki edi, – dedi unga javoban Xuanita. – Yo‘q, o‘ta serg‘ayrat, obro‘li ayol. Meni osongina ishdan haydatishi mumkin.
Oradan ko‘p o‘tmay, go‘yo o‘sha kungi xotiraning davomidek, kutilmaganda undan xat keladi. Kimdir cho‘ntagida uzoq vaqt olib yurgandek, g‘ijimlangan xatjildning ustiga: “Torrans-xaus, 1482, Mark-strit, Vankuver, Britaniya Kolumbiyasi. O‘qituvchi Juliyetga”, deb yozilgan edi. Direktor ayol:
– Bu sizga bo‘lsa kerak, – deya xatni Juliyetga berar ekan, – Qiziq, familiya yozilmagan, – deb qo‘ydi.
“Qimmatli Juliyet!
Qaysi maktabda ishlashing yodimdan ko‘tarilibdi. O‘tgan kuni mutlaqo kutilmagan bir damda esimga kelib qoldi va bu g‘oyibdan ishora bo‘lsa kerak, degan o‘y bilan xat yozishga qaror qildim. Sen, ishing o‘zingga yoqmay qolib, o‘quv yili tugamasdan maktabni tashlab ketmagan bo‘lsang kerak, degan fikrdaman. Demak, hamon o‘sha yerda ishlayapsan. Darvoqe, sen boshlagan ishini oxiriga yetkazmay tashlab qo‘yadiganlardan emassan.
Qalay, g‘arbiy sohildagi ob-havo ma’qul bo‘ldimi? Agar, Vankuverda havo seryomg‘ir ekan, deb o‘ylasang, uni ikki baravariga ko‘paytirsang, bizda nimalar bo‘layotganligini tasavvur qila olasan.
Men ikkovimizning kechasi nastaringa qarab o‘tirganimizni tez-tez eslab turaman. E’tibor beryapsanmi, “tun guli” deb yozdim, chunki kecha yarimlab qoldi, allaqachon yotib uxlash kerak edi.
Enning ahvoli hamon o‘shanday. Yaqinda ish yuzasidan safarga borib qaytganimda, ahvoli ancha og‘irlashgandek bo‘lib ko‘rindi. Undan oldin esa, har kuni ko‘rib turganim uchunmi, buni sezmas edim.
Ha, o‘g‘lim borligini senga aytmagan ekanman. Yoshi o‘n birda. Onam bilan birga turadi. Qaytishimda uni ko‘rgani yo‘l-yo‘lakay Rejaynda to‘xtab o‘tdim.U ham ancha o‘zgarib qolibdi…
Xullas, maktabingning nomi esimga kelib qolganidan xursand bo‘lib ketdim. Ammo ismi sharifingni hech qachon eslay olmasam kerak, degan xavfdaman. Xatni xatjildga solib, yelimlab qo‘yaman. Esimga kelib qolar, degan umiddan voz kechgim yo‘q.

“Men seni tez-tez eslab turaman.
Men seni tez-tez eslab turaman.
Men seni tez-tez eslab turaman”.

…Juliyet Vankuver markazidan Taqa ko‘rfazining sol to‘xtaydigan joyiga olib borib qo‘yadigan avtobusda ketib borardi. U yerdan qit’a yarimorolini kesib o‘tish, so‘ng yana solda qit’adagi shaharchaga borishi kerak. Xat yozgan odam o‘sha yerda, Kit ko‘rfazida yashaydi. Chor-atrof manzarasi tez o‘zgarib, Taqaga yetmasdanoq yovvoyi tabiat qo‘yniga sho‘ng‘ib ketishdi. U o‘quv yilining butun choragi davomida, sal kun yorishishi bilan sohildagi, teatr sahnasining orqa devorini eslatuvchi, tog‘u toshlardan iborat manzara namoyon bo‘ladigan bog‘ va maysazorlar orasida yashaydi. Bu yerlarda alp atirguli, dafna va nayzabarg singari o‘simliklarning hisobi yo‘q. Taqaga yetib borishga ulgurmay chor tarafdan o‘rmon o‘rab oldi. Shunchaki dov-daraxtlar emas, chinakam o‘rmon va yana o‘rmon… Undan keyin esa suv, qoyalar, qop-qora daraxtlar, suv o‘tlari-yu zamburug‘lar. Ba’zida mo‘risidan tutun chiqayotgan, bir tomonga qiyshayib turgan eski uy ko‘rinib qoladi. Hovlida, avtogaraj yoki biron omborxona, yerto‘la bo‘lmaganidan, yog‘och-o‘tin, ko‘hna ro‘zg‘or buyumlari qalashib yotar, singan yoki hali yaroqli bo‘lgan velosiped, avtomashinaning zanglab qolgan ehtiyot qismlari ko‘zga tashlanadi.
Avtobus to‘xtab o‘tadigan shaharchalar aholi yashaydigan manzilga o‘xshamas, allaqanday ko‘rimsiz, u yer-bu yerda, asosan qandaydir firmalarga qarashli pastak binolar o‘rmonlardagi uychalar singari bir-biriga qapishib turar, bu yerlarda ham turli-tuman eski narsalar qalashib yotardi. Qishloqni kesib o‘tadigan toshyo‘lni hisobga olmaganda, tartibga keltirilgan rosmana yo‘lu yo‘lkalar ham yo‘q. Kattaroq, ko‘rkamroq binoyu pochta yoki boshqa ma’muriy idora ko‘rinmas, xaridorlarni o‘ziga jalb qila oladigan darajada bejirim bezatilgan magazinlar ham anqoning urug‘i, urushda halok bo‘lgan jangchilarning haykallari, suv ichiladigan favvoralaru gulzor xiyobonlar ham yo‘q. Ba’zida ko‘rimsiz qahvaxonani eslatadigan mehmonxona, maktab yoki kasalxona uchun qurilgan pastak, beo‘xshov imoratlarni ko‘rish mumkin…
Juliyet ana shunday manzaralarni tomosha qilib borar ekan, o‘qtin-o‘qtin o‘ziga: “To‘g‘ri qilyapmanmi?” degan shubhali savolni berardi.

“Men seni tez-tez eslab turaman.
Men seni tez-tez eslab turaman.
Men seni tez-tez eslab turaman”.

Odatda bunday gaplar o‘z-o‘zini tinchlantirish yoki o‘zgalarni umidvor qilib qo‘yish uchun aytiladi.
Bu Kit ko‘rfazida mehmonxona yoki sayohatchilar qo‘nib o‘tadigan bironta oromgoh bo‘lsa kerak. Ha, to‘g‘ri o‘sha yerga boradi. Katta chamadonini maktabda qoldirgan, keyinchalik olib ketadi. Hozir yelkasiga osib olgan sumkasidan boshqa bisoti yo‘q, shu bois hech kim unga e’tibor bermaydi. Bir kecha o‘sha yerda tunaydi. Balki o‘sha yerdan telefon qilar. Lekin nima deydi? Maktabdagi o‘qituvchi dugonamning chorbog‘iga keldim, deydimi? U chorbog‘ qayerda? O‘rmon qo‘ynida. Xuanita bu yerda, baland poshnali tuflini kamdan-kam oyog‘idan yechadigan, odatdagi Xuanitaga sira o‘xshamaydigan, tabiat qo‘ynida bemalol yashay oladigan jasur ayollardan. O‘sha uy Kit ko‘rfazidan olis emas ekan. Xullas, bu yerda mehmon bo‘la turib, bahonada…

… Qoyalar, daraxtlar, suv va qor. Yarim yil oldin Rojdestvo bilan Yangi yil oralig‘ida ertalab poyezdda ketayotganida bularning bari derazadan biri ikkinchisi bilan muttasil almashib Juliyetning ko‘z o‘ngidan o‘tardi. Ulkan qoyalar ba’zida oldinga intilayotgandek vahimali, ba’zida esa yumaloq xarsangdek silliq, to‘q kulrang, ayrim hollarda batamom qora bo‘lib ko‘rinardi. Daraxtlar asosan kedr, archa va yil bo‘yi yam-yashil bo‘lib o‘sadigan qarag‘aydan iborat. Qora qarag‘ayning eng tepasida jajji archalardek o‘sib chiqqan bejirim qo‘shimcha shoxlar alohida ajralib turardi… nayzabarg bo‘lmagan mirzaterak, tilog‘och, qandag‘och daraxtlari esa yalang‘och, so‘lg‘in va zaif ko‘rinardi. Ba’zida po‘sti ola-bula daraxtlar ham uchrab qoladi. Qoyalar cho‘qqisini qor burkagan, shamol yeladigan tarafiga esa yax bo‘lib yopishgan. Katta-kichik ko‘llarning yuzi yupqa, bir tekis muz bog‘lagan, ayrim joylarda yalpi muzlar oraliqlarida hosil bo‘lgan jilg‘alarda suv shitob bilan pastlikka qarab oqar edi.
Juliyetning tizzasida ochiq kitob turar, lekin uni o‘qimasdi. U deraza ortida namoyon bo‘layotgan manzaralardan ko‘z uzolmas, bir-biriga jipslashtirib qo‘yilgan ikkita kursida o‘tirar, yonidagi, shuningdek, ro‘paradagi kursilar bo‘sh edi. Juliyet kechasi o‘sha kursilardan o‘ziga yotadigan joy hozirlagan edi. Hozir ham u yer-bu yerda yerga tekkudek osilib turgan, brezentga o‘xshash matodan tikilgan adyollardan allaqanday nim hid hosil bo‘lgan. Vagon nazoratchisi ivirsib yurar, ayni paytda jihozlarni tartibga keltirish bilan mashg‘ul edi. Vagonning u yoki bu tomonidagi eshik ochilguday bo‘lsa, qishki sof havo esib qolardi. Oshxonadagilar qaytib kira boshladi-yu, navbatdagi yo‘lovchilar ovqatlangani chiqib ketishdi.

Juliyet yaqindagina yigirma bir yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, halitdan mumtoz filologiya bo‘yicha bakalavr va magistrlik darajalariga erishgan. Hatto dissertatsiya yozishga ham tayyorgarlik ko‘ra boshlagan edi. Ammo birmuncha tanaffus qilish niyatida, Vankuverdagi qizlarning xususiy maktabida dars bera boshladi. Uning pedagogik bilimi yo‘q. Shu bois kutilmaganda Vankuver maktabida o‘qituvchilik qilish imkoniyati paydo bo‘lib qolganidan g‘oyat xursand edi. To‘g‘ri, maosh katta emas, ammo ko‘p yillar davomida arzimagan stipendiya olib kelgan Juliyet shunga ham jon-jon deb rozi bo‘ldi.
Juliyet malla soch, uzun bo‘yli, oq tanli va nozik qiz.U ko‘proq bama’ni o‘quvchi qizni eslatadi. Boshini tik ko‘tarib yurar, engagi bo‘liq, og‘zi katta, lablari yupqa, burni xiyol ko‘tarilgan, ko‘zlari odamga tik boqadigan dadil, u yoki bu sababdan tez-tez bo‘zarib turadigan yuzi yumaloq. Universtitet professorlari uni astoydil yaxshi ko‘rishardi. Ular ayni hozirgi zamonda kimdir qadimiy tillarni o‘rganishga bel bog‘laganligidan, yana g‘oyat qobiliyatli bo‘lganligidan mamnun, shu bilan birga tashvishda edilar. Gap shundaki, bu shaxs ayol kishi.U turmushga chiqqudek bo‘lsa… – bu tabiiy, chunki qaddi-qomatiyu chiroyi hech kimnikidan kam emas, buning ustiga doim stipendiyalar sovrindori bo‘lib kelayotgan qiz bola… ha, erga tegib ketgudek bo‘lsa, ularning barchasi chippakka chiqishi hech gapmas.
Xullas, maktabda o‘qituvchilik qilish imkoniyati paydo bo‘lganida hamma bir og‘izdan ma’qullagan, katta hayot yo‘liga chiqib olasan, haqiqiy hayotni o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan, deb maslahat berishgan edi. O‘zi tug‘ilib, katta bo‘lgan shaharchada uning qobiliyatiga oqsoqlik yoki ortiqcha barmoqqa o‘xshagan notabiiy bir narsa sifatida qarashar, uning tikuv mashinasiga befarqligi yoki biron tugunni eplab o‘ray olmasligi, ba’zan ich ko‘ylagining ko‘rinib turishiga e’tibor bermasligi kabi nuqsonlarini eslashar, oxiri nima bo‘larkin, deb qo‘yishar edi. Shunday fikr hatto u bilan g‘ururlanadigan ota-onasini ham tashvishga solardi. Onasi, tabiiy, qizining istiqboli porloq bo‘lishini istar, shu bois uni pianino chalishni, konkida uchishni o‘rganishga majbur qilar edi. Juliyet unisida ham, bunisida ham istar-istamas mashq qilar, shuning uchun bo‘lsa kerak, yaxshiroq natijaga erisha olmasdi. Otasi uning hayotda o‘z o‘rnini topib olishini orzu qilardi. “O‘z o‘rningni topib olishing kerak, aks holda odamlar turmushingni jahannamga aylantirib qo‘yishlari mumkin”, deb qayta-qayta takrorlardi. Ammo otasining o‘zi ham, onasi ham o‘z o‘rinlarini topishmagan. Shunday bo‘lsa-da, o‘zlarini bebaxt deb bilishmas, faqat Juliyetning omadi kelmay qolishidan xavfsirashar edi.
Juliyet kollejga o‘qishga kirganidan keyin: “O‘z o‘rnimni topdim. Mening o‘rnim mumtoz filologiyada. Hamma ishlarim ko‘ngildagidek ketyapti”, – deb xursand bo‘lgan edi.
O‘qituvchilar ham xuddi shunday fikrda bo‘lib, uning yutuqlaridan mamnun, shu bilan birga, oxiri nima bo‘larkin, degan tashvishda edilar…
U ayni paytda poyezdda ketayotib nima haqida o‘ylamasin, o‘zini baxtli his etardi.
“Tayga”. Juliyet deraza ortida namoyon bo‘layotgan manzaralarni shunday atash to‘g‘rimikan, deb o‘ylab qoldi. Xayolida o‘zini rus romanlarida tasvirlangan kechalarda bo‘rilar uvullab kezadigan, o‘z qismatini shu yerda topadigan, notanish, vahimali, g‘aroyib bir o‘lka sari ketayotgan yosh qahramon deb his etayotgan bo‘lishi ham mumkin.
Bir payt yaqinlashib kelayotgan soyaga, so‘ng oyoqlarga ko‘zi tushib qoldi-yu, boshini ko‘tarib qaradi. Ro‘parasida xom teridan tikilgan popukli poyabzal, sariq shim, to‘q-qizil hoshiyali sariq-jigarrang kurtka, ko‘k ko‘ylak kiygan, bo‘yniga to‘q-qizil rangdagi galstuk taqib olgan bir kishi turardi. Yoshi ellikdan oshgan bo‘lsa kerak. Siyrak malla sochi, – nahot bo‘yatgan bo‘lsa, – boshiga yopishib qolgandek, – baroq qoshlari esa nisbatan qoraroq ko‘rinardi.
– Bu joy band emasmi? – so‘radi u.
– Yo‘q.
Hech kim band qilmagan bo‘lsa, u nima ham deyishi mumkin,
Ko‘rinishi xunuk. Ammo Juliyetning o‘sha vaqtdagi fikricha, bu yoshda ko‘pgina erkaklarning xunuk bo‘lishi tabiiy. Lekin hozir bunaqa demagan bo‘lardi.
Yangi yo‘lovchining qoshlari chimirilib, namlangan tiniq ko‘zlari, go‘yo birgalikda xursandchilik qilishga chorlayotgandek, kattalashib Juliyetga qarab turardi. U Juliyetning qarshisiga joylashib olib:
– Odamni qiziqtiradigan biron narsa ko‘rinmaydi, – dedi.
Juliyet boshini qimirlatib qo‘ygach:
– Uzoqqa ketyapsizmi? – deb so‘radi.
– Vankuverga.
– Men ham o‘sha yerga ketyapman. Mamlakat bo‘ylab sayohat qilmoqchiman. Ko‘rib qo‘ygan yaxshi-da, a, nima deysiz?
– To‘g‘ri qilasiz.
– Siz ham poyezdga Torontoda chiqdingizmi? Men o‘sha yerdanman. Bir umr o‘sha yerda yashaganman. Siz ham Torontodanmisiz?
Juliyet o‘rtadagi sukutni cho‘zishga harakat qilib:
– Yo‘q, – deya javob berdi-yu, yana kitobga qadaldi. Ammo yaxshi tarbiya ko‘rgani uchunmi, qandaydir bir tuyg‘u ustun kelib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharchaning nomiyu uning qayerdaligini, kattaroq shahardan qanchilik olis-yaqinligini, shuningdek, Guron ko‘li va Jorjiya ko‘rfaziga nisbatan qaysi tomonda joylashganini gapirib berdi.
– Xolavachcham, – dedi yo‘lovchi, – Kollingvudda yashaydi. Yaxshi joylar. U yerda bir necha marta mehmon bo‘lganman. Siz ham menga o‘xshab yakka o‘zingiz ketyapsizmi?
U gapirar ekan, kaftlarini tez-tez bir-biriga ishqalab qo‘yardi.
Juliyet:
– Ha, – deb javob berdi-yu, ichida: “Bo‘ldi, yetar”, deb qo‘ydi.
– Men birinchi marta bunaqa olis safarga ketyapman. Buning ustiga yakka o‘zim…
Juliyet javob bermay jimgina o‘tiraverdi.
– Yakka o‘zingiz kitob o‘qib o‘tirganingizni ko‘rib, balki u ham olisga, yolg‘iz o‘zi ketayotgan bo‘lsa, hamsuhbat bo‘lib qolarmiz, deb o‘yladim.
Lekin u Juliyetning didiga yoqmadi. Ba’zida so‘qqabosh, beso‘naqay erkaklar o‘zlariga o‘xshab uning ham omadi kelmagan, degan o‘y bilan Juliyetning oldiga dadil kelishadi. Bu boshqa gap. Yangi yo‘lovchiga ayol kishi emas, o‘zi aytganidek, do‘stlashadigan erkak kishi kerak.
Juliyet chetdan qaraganda, ko‘plarga o‘zining g‘ayritabiiy ko‘rinishligini biladi. Qisman to‘g‘ri. Ayrim odamlar uning e’tiborini, vaqtini, hatto qalbini rom qilish niyatida suykalishini necha bor kuzatgan.
Hamisha yonimda bo‘l, xushmuomila bo‘l, kabi muomilaga kichikkina shaharchada, ayniqsa, qizlar yotoqxonasida yashab turib o‘rganish mumkin. Juliyet unga bir qarab qo‘ydi, lekin jilmaymadi. Yo‘lovchining yuzida negadir xavotirlanish alomati paydo bo‘ldi.
– Kitobingiz yaxshi shekilli. Nima haqida ekan?
Juliyet kitob aql bovar qilmaydigan narsalarga ixlos qo‘ygan qadimiy yunonlar, umuman Qadimgi Yunoniston haqida ekanini gapirib o‘tirgisi kelmadi. Qadimiy yunonlar tilidan dars bermasa bo‘lardi. Mana, endi “Qadimgi Yunonistonda fikrlash tarixi”ni o‘rganishi lozim. Shu bois Doddning maqolalarida bayon etilgan qanday fikrlardan foydalanish mumkinligini anglash uchun kitobni qaytadan o‘qib chiqishga qaror qilgan edi.
– Ha, yaxshi kitob, – dedi u gapni qisqa qilib. – O‘qib chiqishim kerak. Yaxshisi, kuzatish vagoniga chiqa qolay. – U o‘rnidan turib, eshik tomon yurar ekan, ichida qayoqqa chiqib ketayoganimni aytmasam bo‘lar ekan, deb qo‘ydi. Bu holda u yana bironta savol bilan orqasidan ergashishi ham hech gapmas. Serbar oynalar bilan qoplangan maxsus kuzatuv vagoni sovuq bo‘lishi tabiiy.
Sviterini olsa bo‘larkan. Ammo endi orqaga qaytib o‘tirmaydi-ku.
Poyezdning oxiriga tirkalgan kuzatuv vagonidan ko‘rinib turgan manzaralar unga unchalik yoqmadi. Chunki qator vagonlardan iborat butun bir poyezd oldindagi manzaralarni to‘sib, hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi. Balki gap bunda ham emasdir. Uning a’zoyi-badani halitdan sovuqqa uyusha boshladi. Lekin bundan afsuslanmadi. Yangi yo‘lovchi shilimshiqday yopishib olishi ham mumkin. Tanishish niyatida ismini aytib qo‘lini cho‘zsa, u ham noiloj qo‘lini uzatishga majbur bo‘ladi. Uning hamsuhbat bo‘lish haqidagi so‘zni qanday talaffuz qilganini esladi. Kuzatuv vagoniga o‘tib to‘g‘ri qilibdi.
Vagonda undan boshqa yana ikki kishi – alohida-alohida o‘tirishgan ikki keksa ayol bor edi. Bir payt Juliyet yuzini qor qoplayotgan mo‘jazgina ko‘lni kesib o‘tayotgan kattakon bo‘rini ko‘rib qoldi. Ayollar ham unga e’tibor berishgan ekan. Ammo na unisidan, na bunisidan sado chiqdi. Juliyet hayron bo‘lib, o‘zini noqulay his qila boshladi. Bo‘ri poyezdga e’tibor ham bermadi, sarosimaga tushmadi, qadamini ham tezlashtirmadi, bamaylixotir ketaverdi. Uzun, kumushrang junini oq kul bosgandek. Shunaqada ko‘zga ko‘p tashlanmayman, deb o‘ylaganmi? Juliyet bo‘riga qarab turar ekan, yana bir yo‘lovchi – erkak kishi kirib kelib, uning yon tomoniga o‘tirdi. Uning ham qo‘lida kitob bor edi. Keyin yana bir juft qariya – jussasi kichik, lekin tetikkina kampir va xansirab nafas olayotgan, yo‘g‘on gavdali, novcha, beso‘naqay chol kirib keldi.
– Bu yer sovuq ekan, – dedi qariya joylashib o‘tirib olgach.
– Kurtkangni olib kelib beraymi?
– Keragi yo‘q, qo‘yaver.
– Menga qiyinmas.
– Qo‘yaver, muzlab qolmasman.
Bir nafasdan so‘ng ayol:
– Bu yerda manzara yaxshi ekan, – deb qo‘ydi. – Qariya javob bermadi. Kampir yana bir karra: – Hamma yoq kaftdek ko‘rinib turibdi, – deya maqtagan bo‘ldi.
– Ko‘radigan nima bor ekan?
– Tez orada tog‘larni kesib o‘tamiz. Ana o‘shanda ajoyib manzaralar boshlanadi. Nonushta senga ma’qul bo‘ldimi?
– Tuxumlar me’yoriga yetmabdi, yaxshi pishmabdi.
Kampir:
– Bilaman, – deya uning fikrini tasdiqladi. – Oshxonaga borib o‘zim pishirsammi, deb ham o‘ylagan edim.
– Kambuzga, demoqchisan-da.
– Men kambuz kemalarda bo‘ladi, deb o‘ylagan edim.
Juliyet va uning yon tomonida o‘tirgan erkak kishi baravar boshlarini kitobdan ko‘tarishdi. Nigohlar hech qanday ma’no ifoda etmagan holda uchrashdi. Bir necha soniyadan keyin esa poyezd yurishini sekinlashtirib, to‘xtadi. Ular atrofga qarashdi. Poyezd o‘rmon orasidagi bir qishloqchada to‘xtagan edi. Bir tomonda to‘q qizil rangga bo‘yalgan bekatxona binosi, ikkinchi tomonda temiryo‘l ishchilarining xuddi o‘sha rangdagi uy va baraklari ko‘rinib turardi. Radiodan to‘xtam o‘n daqiqa davom etishini e’lon qilishdi.
Juliyet tashqariga ko‘z tashladi. Qordan tozalangan bekat maydonida oyoqlarining chigilini yozish uchun poyezddan tushgan kishilarni ko‘rib, uning o‘zida ham shunday istak paydo bo‘ldi. Ammo paltosi o‘z vagonida qolgan edi.
Uning yonida o‘tirgan kishi o‘rnidan turib, vagondan pastga tushib ketdi. Eshik ochilib, gup etib sovuq shabada kirdi. Keksa kishi:
– Nimaga to‘xtab qoldik? Bu yerning nomi nima? – deb so‘radi. Xotini bekatning nomini o‘qish uchun deraza bo‘ylab oldinga yurdi, ammo biron yerda yozuv ko‘zga tashlanmadi.
Juliyet menad qabilalari haqidagi maqolani o‘qir edi. Doddning yozishicha, ular o‘z marosimlarini qishning o‘rtalarida kechalari o‘tkazishar ekan. Ana shunday marosimlardan birida ayollar Parnas tog‘ining tepasida turgan paytlarida kuchli bo‘ron boshlanib qoladi. Ayollarga ko‘mak berish uchun qutqaruv guruhi jo‘natiladi. Ularni muzlab, taxtadek qotib qolgan kiyimlarda pastga olib tushishadi. Ayollar aqldan ozadigan darajada bo‘lsalar-da, qutqaruvchilarning ko‘magidan foydalanishga muvaffaq bo‘lishgan. Juliyetga bu voqea, bugungi kun ko‘zi bilan qaraganda, ayni zamonda tabiiydek bo‘lib ko‘rindi. Ammo o‘quvchilar bu holatni to‘g‘ri baholay olisharmikan? Qaydam?..
Poyezdning jilishiga hushtak chalinib, vagonga kirayotgan shabada barham topdi. Poyezd qiynalibroq yurib, boshqa yo‘lga o‘tib oldi. Juliyet atrofga yana bir karra nazar tashlash uchun boshini ko‘tarib, parovozning muyilish orqasida ko‘zdan g‘oyib bo‘layotganini ko‘rdi.
To‘satdan barcha vagonlar silkinib, ularning vagoni chayqalib ketdi. Poyezd keskin ravishda to‘xtadi.
Yo‘lovchilar poyezdning yurishini kutib, joylarida o‘tiraverishdi, hech kim hech narsa demadi. Hatto arzimagan narsadan norozilik bildiradigan keksa yo‘lovchi ham miq etmay o‘tirardi. Oradan bir necha daqiqa o‘tdi.Eshiklar ochilib-yopila boshladi. Erkaklarning vahimali norozi ovozlari, yana kimningdir, vagon nazoratchisi bo‘lsa kerak – amrona ovozi eshitildi. Lekin uning nima deyayotganini anglab bo‘lmasdi.
Juliyet o‘rnidan turib, oldindagi vagonlarning tomlariga qaragancha vagonning peshiga qarab yurar ekan, qor kechib chopib ketayotgan kishilarga ko‘zi tushdi.
Har qaysi alohida o‘tirgan ayollardan biri uning yoniga kelib turdi.
– Shunaqa bir falokat bo‘lishini yuragim sezgan edi, – dedi u. – Ha, bekatda turganimizdayoq sezganman buni. Hatto, joyimizdan jilmasak kerak, degan o‘yda edim. Nimadir sodir bo‘ladi, degan xavotir bor edi menda.
Ikkinchi ayol ham yaqinlashib, ularning orqasiga borib turdi.
– Balki, vahima qiladigan hech narsa bo‘lmagandir, – gapga qo‘shildi u. – Yo‘lga biron shox-pox tushib qolgan bo‘lishi mumkin.
Birinchi ayol:
– Parovozning oldiga mahsus moslama o‘rnatilgan, – deya e’tiroz bildirgan bo‘ldi.
– Balki…
Har ikkala ayolning gap-so‘zlarida shimoliy angliya talaffuzi sezilib turar, muomalalarida esa notanish yoki hozirgina tanishgan kishilarga xos nazokat sezilmas edi. Juliyet ularga sinchiklab qarab, opa-singillar bo‘lishi mumkin, degan o‘yga bordi. Ular birga ketayotgan bo‘lsa-da, negadir, alohida o‘tirardi. Balki, arazlashib qolgandir.
Bir payt vagon nazoratchisi kirib:
– Iltimos, bezovta bo‘lmanglar. Vahima qiladigan hech narsa bo‘lgani yo‘q, – deya yo‘lovchilarni tinchitgan bo‘ldi. – Bironta to‘siqqa duch kelgan bo‘lsak kerak. Ozroq to‘xtab qolganimiz uchun uzr so‘raymiz. Imkoniyat bo‘lishi bilan jilamiz. Hozir esa ozgina sabr qilib turishimizga to‘g‘ri keladi. Boshlig‘imizning aytishicha, bir necha daqiqadan so‘ng bepul qahva beriladi.
Juliyet pastga tushish maqsadida uning ortidan yurdi-yu, o‘zida ayollarning salomatligi bilan bog‘liq shaxsiy muammo paydo bo‘lganligini sezib qoldi. Endi, haligina zo‘rg‘a qutilgan odami o‘tiribdimi-yo‘qmi, zudlik bilan o‘z joyiga qaytib, sumkasini olib chiqishi lozim. Odamlar poyezdning bir tomonidagi derazalarga qapishib olgan, ba’zilar go‘yo hozir eshik ochiladigandek, yo‘lakdagi maydonchada turishar edi. Juliyet vagonlar oralab shoshib ketib borar ekan, so‘rab-surishtirishga vaqti yo‘q, ammo zaruratxona tomon borar ekan: “Ayiq bo‘lsa kerak yoki bug‘umi, sigirmi?” degan so‘zlarni eshitib qoldi. Yo‘lovchilar: “O‘rmonda sigir nima qiladi? Nahot hamma ayiqlar ham uyquga ketmagan bo‘lsa. Yo, allaqanday mast odam temir yo‘l o‘rtasida uxlab qolganmikin”, deya hayron bo‘lishmoqda edi. Yo‘lovchilar vagon-restoranda, dasturxonlari yig‘ib olingan stollar atrofida o‘tirib tekin qahva ichishardi.
Juliyet o‘z vagoniga qaytib kirganida o‘z joyi ham, ro‘paradagi o‘rin ham bo‘sh edi.U sumkasini olib, zaruratxonaga shoshildi. Qizlarda bo‘ladigan bu holat joniga tekkan edi. Bir marta hatto uch soatli muhim hujjatni yozib topshirishga qattiq xalal bergan edi, chunki imtihon qoidasi bo‘yicha, tashqariga chiqish mumkin emasdi…
Juliyet o‘z joyiga qaytib kelganida yon tarafda to‘rt-besh yoshlardagi o‘g‘il bola rangli qalamlar bilan yupqa kitobchadagi suratlardan birini bo‘yab o‘tirardi. Uning onasi Juliyetga bepul qahva haqida gapirib ketdi:
– Bepul bo‘lsa-da, o‘zimiz olib kelishimiz kerak, shekilli. Men borib kelgunimcha o‘g‘limga qarab turolmaysizmi?
Ammo bolakay rasmdan boshini ko‘tarmagan holda:
– U bilan qolishni istamayman, –deb e’tiroz bildirdi.
– Keling, – dedi Juliyet, – men borib kela qolay.
Lekin ayni shu damda qahva olib yuriladigan aravachani itarib oshxona xodimi kirib keldi.
– Ana, – dedi ayol. – Men bekorga bezovta bo‘libman. – Poyezd bosgan kishining qanaqa odamligini bildingizmi?
Juliyet boshini sarak-sarak qilib, yo‘q, degan ma’noni bildirdi.
– Egnida hatto paltosi ham yo‘q ekan. Uning poyezddan tushib, oldinga o‘tib ketganini kimdir ko‘rgan ekan. Lekin uni nima qilmoqchi bo‘lganligini hech kim bilmaydi. Shunchaki parovozni aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan shekilli, mashinist esa uni ko‘rmagan, bosgandan keyingina bilib qolgan.
Bolakaying onasi tomonda o‘tirgan erkak kishi derazaga qarab olib:
– Ana, qaytib kelishyapti, – dedi.
Boshqa yo‘lovchilar ham o‘rinlaridan turib, deraza tomon yuz tutishdi. Bolakay ham dast o‘rnidan turib derazaga qapishgan edi, onasi:
– Sen o‘z ishingni qilaver! Qara, qanaqa chaplashtirib yuboribsan! – deya tanbeh bergan bo‘ldi, so‘ng Juliyetga o‘girildi. – Yo‘q. Bunaqa narsalarni ko‘rishga toqatim yo‘q.
Juliyet ham o‘rnidan turib, derazadan pastga qaradi-yu, bekatxona tomon yugurib ketayotgan bir guruh kishilarni ko‘rdi, xolos. Ba’zilari paltolarini yechib, ulardan ikkitasi ko‘tarib ketayotgan zambilning ustiga tashladi.
Juliyetning orqasida turgan kishi o‘z joyida qolgan ayolga o‘girilib:
– Hech narsa ko‘rinmaydi, – dedi. – Ustini berkitib qo‘yishibdi.
Boshlarini quyi egib o‘tib ketayotgan kishilarning hammasi ham temiryo‘lchilar emas. Ulardan biri kuzatuv vagonida Juliyetning yonida o‘tirgan kishi edi.
Yana o‘n-o‘n besh daqiqadan so‘ng poyezd joyidan jildi. Muyulishda poyezdning u tomonida ham, bu tomonida ham qon izi ko‘rinmadi. Ammo toptalib ketgan bir bo‘yracha yerda qor uyumi hosil bo‘lgan edi. Orqada o‘tirgan erkak kishi yana o‘rnidan turib:
– Voqea xuddi mana shu yerda sodir bo‘lgan, – dedi-da, yana biron narsa ko‘rinib qolarmikin, degan niyatda pastga qaradi.
Poyezd oradan o‘tgan qo‘shimcha vaqtning o‘rnini to‘ldirish maqsadida yurishni tezlashtirish o‘rniga hatto oldingiga nisbatan ancha sekin yurib borardi. Balki navbatdagi burilish orqasida yana biron narsa chiqib qolmasmikin, degan xavfdadir. Kim biladi. Bosh kuzatuvchi vagonni oralab birinchi navbatdagi xo‘randalarni tushlikka chorlab o‘tib ketdi. Uning ortidan bir guruh yo‘lovchilar birin-ketin chiqa boshlashdi. Juliyetning yonidan o‘tib ketayotgan ayollardan biri suhbatdoshidan:
– Rostdanmi? – deb so‘radi.
U esa sekingina:
– Shunaqa, – dedi. – Jiqqa qonmish!
– Qo‘y, gapirma.
Oradan bir muncha vaqt o‘tib, ovqatlangani chiqib ketgan guruh qaytib kirgach, yo‘lakda kuzatuv vagonidagi kishi paydo bo‘ldi. Juliyet uni pastda qor kechib, o‘ralashib yurgan kishilar orasida ham ko‘rgan edi. Juliyet ildam uning oldiga borib:
– Kechirasiz, – deya murojaat qildi, – sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim.
– Xo‘sh, qulog‘im sizda?
– Siz shifokormisiz? O‘sha odamni ko‘rdingizmi?
– Yo‘q, shifokor emasman. Lekin bu sohada bir muncha tajribam bor. Poyezdimizda biron shifokor bo‘lmagani uchun…
– Yoshi nechada ekan?
– Bilolmadim. Har qalay yosh emas.
– Ko‘k ko‘ylakdamidi? Malla soch…
U Juliyetning savoliga javob berish o‘rniga:
– Siz uni tanirmidingiz? – deb so‘radi, so‘ng: – Vagon kuzatuvchisiga aytish kerak, – deb qo‘shib qo‘ydi.
– Yo‘q, tanimayman.
– Unda, uzr, – deb, eshikni itarib ochib, chiqib ketdi.

Dahshatlisi shuki, jiqqa qon!
Afsuski, Juliyet o‘z xatosini, haligina bo‘lib o‘tgan fojiaviy voqeani hech qachon hech kimga ayta olmaydi. Negaki, kimga aytmasin, uni hissiz, toshbag‘ir bir kimsa, deb o‘ylashi turgan gap. Anglashilmovchilik nimadan kelib chiqqanligi, o‘ziga-o‘zi suiqasd qilgan kishining majaqlangan gavdasi – biri ikkinchisiga bog‘liq bo‘lmasa-da, birini eslasa, ikkinchisi ko‘z oldiga kelib turishi aniq. Xullas, bu haqda hech qachon hech qimga aytmaslikka qaror qildi-yu, ayni paytda kimgadir biron narsa aytib berishni istab qoldi va yondaftarini ochib, ota-onasiga xat yoza boshladi:
“…Biz hali Manitoboy bilan oraliqdagi chegaraga yaqinlashib qolgan edik. Ko‘pgina yo‘lovchilar deraza ortida hamon bir xildagi manzaralar ko‘rinayotganidan shikoyat qilayotgan edilar. Bugun ertalab shimoliy o‘rmonda atrofdagi barcha narsalar temiryo‘llarga xos miskin qizil rangga bo‘yalgan, allaqanday yarim xaroba bekatda to‘xtadik. Men poyezd ortidagi eng so‘ngi vagon – atrofni tomosha qilib ketish uchun mo‘ljallangan maxsus vagonda sovqotib o‘tirardim. Odatda bunday vagonlar yaxshi isitilmas, o‘tin-ko‘mirni tejashar edi. Men esa vagonimga borib, sviterimni kiyib kelishga erinardim. U yerda o‘n-o‘n besh daqiqacha turib qoldik, so‘ng poyezd yana yurib ketdi-yu, oldinda muyulishda ketayotgan paravozga ko‘zim tushdi va ayni shu soniyalarda qo‘rqinchli silkinish sodir bo‘ldi…”
Ular, jumladan, ota-onasi hamisha uyga qiziqarli voqelar to‘g‘risidagi xabarlarni keltirishga harakat qilishardi. Buning uchun voqeanigina emas, u yoki bu voqeada o‘zining tutgan o‘rnini bir muncha o‘zgartirishga, ba’zi narsalarni qo‘shib-chatib gapirishga to‘g‘ri kelardi. Har qalay Juliyetning shaxsiy hayoti maktabda o‘tgan kezlarda u shunday fikrda edi. Buning uchun o‘zini bir chekkada turib kuzatuvchi, aql-idroki yuqori bo‘lgan shaxs deb faraz qilishi lozim bo‘lardi. Endi u, uydan hamisha olisda yurar ekan, bunday munosabat shartli ravishda tabiiy bir holga aylangan .
Ammo “qo‘rqinchli silkinish” deb yozdi-yu, bu yog‘ini davom ettira olmasligini sezib qoldi.
U yana derazaga o‘girilib, o‘zini chalg‘itmoqchi bo‘ldi. Manzara hamon o‘sha bo‘lsa-da, nazarida, birmuncha o‘zgarishlar paydo bo‘lgandek. Ular yuz mil masofani bosib o‘tishmagan bo‘lsalar-da, ob-havo o‘zgarib, iliq harorat paydo bo‘lgandek. Ko‘l yuzini muz qoplagan, atrofi yax bilan o‘ralgan. Qorayib turgan suv, momoqaldiroqdan darak beruvchi bulutlar ostidagi qora qoyalar atrofni yana ham qorong‘i qilib ko‘rsatar edi. Tabiat manzaralarini kuzatish ham joniga tegdi, shekilli, yana Doddni qo‘liga olib,to‘g‘ri kelgan joydan varaqlashga tutindi. Baribir emasmi, axir ilgari ham o‘qigan-ku. Har uch-to‘rt betda o‘sha vaqtda tagiga chizib qo‘yilgan matnlar bor. U paytda bu matnlar uning e’tiborini o‘ziga tortgan bo‘lsa, endi o‘qib ko‘rib, ularning unchalik jozibali emasligiga etibor berdi…
Juliyetning qo‘lidagi kitob sirg‘alib yerga tushdi, ko‘zlari asta yumilib, tush ko‘ra boshladi: u allaqanday bolalar bilan birgalikda ko‘l ustida yurib keta boshlabdi. Ular qadam bosgan joylarda yax darz ketib, bari bir xil hajmdagi besh qirrali shakllar hosil bo‘lar, ko‘l ana shu yax bilan qoplangan polga aylanar, bolalar bular nima deb so‘rashar emish…
U uyg‘onib, ko‘zini ochganida ro‘parasida o‘sha, hali o‘zini savolga tutgan odam o‘tirardi.
– Kirsam uxlayotgan ekansiz, – dedi u jilmayib.
Kampirlarga o‘xshab boshini ko‘ksiga egib, og‘zining bir chekkasidan so‘lakayi oqib uxlabdi. Endi esa yana zudlik bilan zaruratxonaga borish zaruriyati paydo bo‘lgan edi. Shu bois ne sababdan shoshayotganligini sezdirmaslikka harakat qilgancha:
– Kechirasiz, – dedi-da sumkasini olib, chiqib ketdi.
Juliyet zarur choralarni ko‘rib, yuvinib, sochlarini tarab, qaytib kirganida boyagi odam hamon o‘z joyida o‘tirar ekan, undan kechirim so‘ramoqchi bo‘lganini ma’lum qildi:
– Hali menga savol berganingizda siz bilan qo‘pol muomala qilganimni anglab qoldim.
– Shunday, – deya uning gapini tasdiqladi Juliyet.
– To‘g‘ri aytgan ekansiz, – dedi u. – Siz uni to‘g‘ri ta’riflab bergan ekansiz.
Bu so‘zlarni u shunchaki bir tortiq sifatida aytayotgani yo‘q, bu uning uchun oddiy bir ish edi. Agar Juliyet javob berishni istamasa, sira ham xafa bo‘lmay o‘rnidan turib, chiqib ketgan bo‘lardi, chunki bu yerga nima maqsadda kirgan bo‘lsa, unga erishib bo‘lgan edi.
Juliyet uyalganidan ko‘zlari namlandi. Bu kutilmagan holat shunchalik tez sodir bo‘ldiki, yuzini o‘girishga ham ulgurmadi.
– Hechqisi yo‘q, – dedi u.
Juliyet darhol boshini qimirlatib, yengil nafas olar ekan, bechorahol bir holatda sumkasidan ro‘molcha olib, burnini artdi.
– Bari joyida, – dedi so‘ng va nima bo‘lganligini: o‘sha odamning, bu joy band emasmi deb so‘ragani, qanday o‘tirgani, o‘zining derazaga qarab o‘tiravergani, bu ham me’dasiga tegib, kitob o‘qimoqchi yoqi o‘zini kitob o‘qiyotgan qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lganini, xullas, Juliyet o‘rnidan turib ketmagunga qadar suhbatni davom ettirish maqsadida bo‘lgani – bari-barini batafsil aytib berdi.
– Ha, – dedi yana suhbatdoshi, – erkaklar ayollarni gapga solishni xush ko‘rishadi,
– Bu gapingiz to‘g‘ri.
– Chunki ularning ko‘ngilchangligini bilishadi-da.
Juliyet o‘sha odamning xatti-harakatlariga boshqacha tus bermoqchi bo‘ldi shekilli:
– Kim bilandir gurunglashib ketishni ko‘ngli tusagan bo‘lsa kerak, – deya taxmin qildi. – Sergap suhbatdosh kerak bo‘lgan unga. Men buni endi angladim. Men, bundoq qaraganda, johil bo‘lib ko‘rinmasam-da, aslida shunaqa odam ekanman… Agar unga jindek yon bosib, suhbatlashib o‘tirganimda bunday fojia yuz bermagan bo‘larmidi…Egnidagi barcha kiyim-bosh, kechagina magazindan olingan bo‘lsa kerak, suv yangi edi. Safarga chiqish arafasida ataylab olingan bo‘lsa kerak. Balki og‘ir ruhiy holatga tushib qolgan bo‘lsa, biron joyga borib, ovunib kelish maqsadida yo‘lga chiqqandir. Axir bu yangi kishilar bilan tanishib. do‘st-birodar orttirishning eng yaxshi usuli-ku. Yaqinroq joyga ketayotgan bo‘lsa koshki edi, yo‘q, u aynan Vankuverga ketayotgan edi. Demak, bir necha kun davomida menga hamroh bo‘lishi ham mumkin edi.
– Ha, albatta.
– Rostdan shunday bo‘lishi turgan gap.
–Ha, odamning ishi yurishmasa qiyin, – dedi suhbatdosh xiyol jilmayib. – Birinchi marta bir kimsaga tanbeh bermoqchi bo‘lgan ekansiz-u, o‘sha ham o‘zini poyezdning tagiga tashlabdi.
Juliyet endi o‘zini oqlamoqchi bo‘lib:
– Balki, bu sabrkosasi to‘lib ketganidandir, – dedi. – Shunday bo‘lishi ham mumkin-ku.
– Nachora. Endi ehtiyot bo‘lib ish tutishingizga to‘g‘ri keladi. Kelajakda, demoqchiman.
Juliyet boshini ko‘tarib, unga tikildi:
– Sizning nazaringizda men bu ishning jiddiyligini bir muncha oshirib yuborgandek ko‘rinyapman, shunday emasmi? – Ayni shu damda kutilmagan g‘alati bir holat sodir bo‘ldi: dahani silkinib, xaxolab kulib yuboray dedi. – Balki men birmuncha oshirib yuborgandirman, – dedi.
– Xiyol, – deb qo‘ydi hamrohi.
– Pashshadan fil yasayapti, deb o‘ylayapsizmi?
– Bu tabiiy.
– Lekin buni xato deb o‘ylasangiz kerak? – U kulgidan o‘zini arang tutib turardi. O‘z aybiga iqror bo‘lish – bu o‘z nuqsonlarini tan olish deb o‘ylasangiz kerak?
– Nimayam deb o‘ylardim, – dedi u. – Bularning bari arzimagan ikir-chikir. Ha, hali hayotingizda sodir bo‘ladigan boshqa voqealarga nisbatan mayda gap bo‘lib ko‘rinishi aniq. O‘zingizni nimalar uchundir aybdor his etadigan narsalar ham bo‘lishi mumkin.
– Odamlar o‘zidan kichik yoshdagilarga hamisha shunaqa deyishmaydimi? Mana, ko‘rasan, ma’lum vaqt o‘tgandan keyin sen ham bunday o‘ylamaydigan bo‘lib qolasan, deyishadi-ku. Go‘yo yoshlar jiddiy hissiyotlarga qodir ham emasdek.
– Hissiyot, deysizmi? Men esa hayotiy tajriba haqida gapirayapman.
– Axir, aybingga iqror bo‘lishdan hech qanday foyda yo‘q, deb o‘zingiz aytyapsiz-ku. Boshqalar ham tez-tez gapirib turishadi. Shu to‘g‘rimi?
– Siz o‘zingiz nima deb o‘ylaysiz?
Ular bu to‘g‘rida ancha vaqt baland ovozda gaplashib o‘tirishdi. Atrofdagi odamlar ularga hayron tikilishar, hatto ensalari qotayotganini bildirishar edi…
Bir payt suhbatdosh qahva ichish uchun lyuks vagonga o‘tishni taklif qilib qoldi. Juliyet bajonidil rozi bo‘ldi, negaki, qorni ochiqqan, tushlik qilish vaqti ham o‘tib ketgan edi. Bu yerda quritilgan o‘rama nonu yong‘oqdan o‘zga biron narsa yo‘q, shu bois ularni ishtaha bilan kavshay boshladilar. Suhbat mavzusi ham o‘zgardi. Endi ular o‘zlari haqida gaplasha boshladilar. Uning ismi Erik Porteos, Vankuverning shimoliy qismida, janubiy sohilda – Kit ko‘rfazi deb nom olgan joyda yashar ekan. Ammo hozir to‘g‘ri o‘sha yerga emas, anchadan beri ko‘rishmagan bir kishi bilan diydor ko‘rishish maqsadida Rejaynga ketayotgan ekan. Kasbi – baliqchi. Krevetka balig‘ini ovlar ekan. Juliyet uning, tibbiyot sohasida bir muncha tajribaga egaman, degan so‘zlarini eslatdi.
– Unchalik emas, – dedi u. – Ozgina shug‘ullanganman. Kimsasiz o‘rmonda yoki dengizda birgalikda ishlayotgan kishilar yoki o‘zingiz bilan har xil holatlar sodir bo‘lib qolishi mumkin.
Uylangan. Xotinining ismi – Eni ekan.
– Sakkiz yil oldin, –dedi yana Erik, – Eni avtohalokatga uchrab, bir necha hafta kasalxonada hushsiz yotdi, so‘ng hushiga kelib, uyga qaytdi. Ammo bir umrga shol bo‘lib qoldi. Yurolmaydi, ovqatni ham o‘zi yeya olmaydi. Hatto gapirish va atrofda nima bo‘layotganini idrok etish qobiliyatini ham yo‘qotgan. Men va uni parvarish qilayotgan enaga ayolni taniydigandek… O‘sha ayol bo‘lmaganida men uni uyimda olib turolmagan bo‘lardim.
… Eni unchalik hushlamagan bo‘lsa-da, eri bilan birga mehmonga boradi va barvaqt dasturxondan turib, yolg‘iz o‘zi uyga qaytishga qaror qiladi. Yo‘lda mast-alas yoshlar ketayotgan mashina uni bosib ketadi…
– Bilasizmi, bu haqda birovlarga gapirsangiz, – dedi Erik, – ular albatta: “dahshat!”, “qanday fojia!” deyishadi.
Juliyet ham xuddi shu ma’noda bir nima demoqchi bo‘lib turgan edi.
– Boshqa nima ham deyish mumkin?
– Ha, to‘g‘ri aytasiz, albatta. Ammo bu odamlar o‘ylaganlariga nisbatan ancha murakkab.
Darvoqe, Eni uchun bu fojia edimi?.. Erik uchun esa yana bir fojiali tomoni shundan iboratki, u bunga va boshqa ko‘p holatlarga ko‘nikishi, umrbod ko‘nikib borishi lozim bo‘lgan, bir umr davom etadigan fojia edi bu.
Juliyetning erkaklar bilan yaqin munosabatlari faqat uning tasavvurida kechardi. Bir juft kinoartistlar: “Don Juan”dagi jasoratli, qahri qattiq qahramon emas, har jihatdan yoqimli, xushovoz artist va Shekspir tasvirlagan, kinoda esa Lorens Olive ijro etgan Genrix Beshinchi.
Bularning bari kulgili, g‘arib tasavvurlar, lekin bu bilan kimning nima ishi bor? Voqelik hayotda esa kamsitilish, ko‘ngil qolish, umidsizlik… Juliyet bularning barini tezroq yuragidan chiqarib tashlash va unutishga harakat qilardi.
U yana bir narsani: maktabda o‘tkaziladigan kechalarda yigitchalar unchalik nazarga ilmaydigan guruhdagi qizlar safida turib, qaysi bola raqsga taklif etar ekan, deb kutishdek noxush holatlarni ham ko‘p marta boshidan kechirgan. Uning bo‘yi boshqa qizlarnikiga nisbatan bir muncha baland. Balki bu ham bir sabab bo‘lgandir, chunki bo‘yi o‘zidan novcha bo‘lgan qizni quchib, raqsga tushishni hamma ham xush ko‘ravermaydi-da. Kollejda esa o‘ziga yoqmaydigan yigitchalar bilan uchrashuv paytlarida o‘zini xushchaqchaq va erkin qilib ko‘rsatishga harakat qilgan kezlardagi o‘ksinish holatlari unga tinchlik bermasdi. O‘tgan yili o‘zining ilmiy rahbarinikiga mehmonga kelgan jiyani uning nomusiga tekkan edi. Yo‘q, zo‘rlamadi, Juliyetning o‘zi moyillik bildirdi. Bu ham mayli-ya, alam qiladigan joyi, yigitcha uyga qaytayotgan paytda dabdurustdan: “Sen mening didimga to‘g‘ri kelmas ekansan”, – dedi. Juliyet o‘zini shu daraja kamsitilgan, tahqirlangan his qildiki,hatto unga javob tariqasida biron narsa deya olmadi.
U hech qachon o‘zini ma’lum bir kishining yoki biron o‘qituvchining sevgilisiman, deb hatto xayoliga keltirgan emas. Aslini olganda, u yoshi o‘zidan katta bo‘lgan erkaklarni umuman yoqtirmasdi.
Bu yo‘lovchining yoshi nechada ekan? Aytishiga qaraganda, bundan kamida sakkiz yil,balki ikki-uch yil avval uylangan. Bundan kelib chiqadiki, o‘ttiz besh, nari borsa, o‘ttiz olti yoshlarda. Manglayiga oq oralagan qoramtir sochlari jingalak, yuzi halovatli, ajin tushgan peshanasi keng, sergak boqadigan qoracha ko‘zlari katta-katta. Chuqurchasi bor yumaloq engahi xiyol ko‘tarilgan. Sal egilgan yelkalari baquvvat. Bo‘yi Juliyetnikidan baland emas.
Juliyet unga o‘zining nima ish qilishi, Torrans-xaus maktabining qanday atalishi, o‘zining haqiqiy o‘qituvchi emasligi, faqat lotin va qadimiy yunon tili bo‘yicha mutaxassis bo‘lgani uchun uni jon-jon deb ishga qabul qilishganlarini gapirib berdi. Kasbining hozir kamyob ekanligini ham ta’kidlab qo‘ydi.
– Siz nima uchun bu sohani tanlagansiz?
– Boshqalardan ajralib turish uchun bo‘lsa kerak, –deb Juliyet kuldi-yu, so‘ng yigitlarga, umuman, erkaklarga, ularning hafsalasini pir qilmaslik uchun, o‘z kasbi to‘g‘risida gapirmaslikka allaqachon qat’iy qaror qilib qo‘yganligini aytdi. – Ha, – dedi yana, – umumun, bu soha menga yoqadi. Qadimgi dunyo tarixini yaxshi ko‘raman. Rost aytyapman.
Ular kechki ovqatni birgalikda tanovul qildilar. Bir qadahdan vino ichishdi, so‘ng kuzatish vagoniga borib, nim qorong‘i joyda o‘tirishdi. Juliyet bu safar sviterini o‘zi bilan olib yurishni unutmagan edi.
– Odamlar, kechasi bu yerdan hech narsa ko‘rinmaydi, deb o‘ylashlari turgan gap, – dedi bir payt Erik. – Lekin, qarang, havo ochiq, osmon to‘la behisob yulduzlar charaqlab turibdi.
Rostdan ham tun yorug‘ edi. Hali oy ko‘ringanicha yo‘q, son-sonoqsiz xira, yorqin yulduzlar esa jam bo‘lib, osmon yuzini qoplagan. Ish faoliyati dengiz bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday kishi kabi Erikning ham yulduzli osmon xaritasiga aqli yetardi. Juliyet esa faqat Yetti og‘ayni yulduzlar turkuminigina topa oldi.
– Ana shundan boshlaymiz, – dedi Erik. – Yetti og‘ayni yulduzlarning biqinida turgan ikkita yulduzni ko‘ryapsizmi? Ro‘parasida – qo‘llari bor, topdingizmi? Bular ko‘rsatkichlar. Shular bo‘ylab boraversangiz, Shimol yulduziga borib yetasiz. Va hokazo…
Uning sabog‘i Juliyetga hush yoqardi. Nihoyat, o‘rgatish navbati Juliyetga keldi. Erik yulduzlarning nomlarini yaxshi bilar, lekin bu nomlarning kelib chiqish tarixini bilmas edi.
Juliyet Orionning ko‘zini Oynopion qanday ko‘r qilib qo‘yganligi, keyin Orion ko‘zlarini quyoshga toblab, shifo topganligini gapirib berdi. Orion g‘oyat go‘zal bo‘lganligi uchun Oynopion unga xasad kilib ko‘r qilib qo‘yadi. Orionga Gefest ko‘mak beradi. Oqibat natijada u, ya’ni Orion Artemidaning o‘qidan halok bo‘ladi-yu, yulduzlar turkumiga aylanadi. Odatda shunday bo‘lgan: e’tiborga loyiq biron kimsa falokatga uchrasa, u biron turkumga aylangan.
– Kassiopeya qayerda?
Erik aniq ko‘rinmay turgan “W” harfiga o‘xshash shaklni ko‘rsatdi.
– O‘tirgan ayolga o‘xshatishadi.
– Bu ham go‘zallikdan, – dedi Juliyet.
– Nima, go‘zallik xavfli bo‘lganmi?
– Bo‘lganda qandoq! Kassiopeya Efiopiya qirolining xotini, Andromedaning onasi bo‘lgan. U o‘z go‘zalligi bilan maqtanib, faxrlanib yurgan. Bu takabburligi uchun uni osmonga surgun qilishgan. – Shu tob Juliyet osmonga qaradi. – Qayerdadir Andromeda ham bo‘lishi kerak, to‘g‘rimi? – dedi u.
– Bu galaktika. Umuman olganda, uni bugun ko‘rish mumkin. Ha, asbobsiz ko‘rish mumkin bo‘lgan eng olis yulduz u.
Erik hatto qaysi tomonga qarash lozimligini ko‘rsatgan damlarda ham Juliyetga biron marta qo‘l tekkizmadi. To‘g‘ri-da, u xotinli odam bo‘lsa.
– Xo‘sh, Andromeda kim ?
– U qoyaga zanjirband qilib qo‘yilgan edi, –deya javob berdi Juliyet. – Uni Persey qutqarishga muvaffaq bo‘lgan.

* * *

Kit ko‘rfazi.
Uzundan-uzun qirg‘oq – kemalar to‘xtaydigan bandargoh. Bir nechta katta kema, benzin quyadigan bo‘lma, derazasiga avtobus bekati va pochta idorasining shu yerda joylashganligini ma’lum qiluvchi e’lon yopishtirilgan magazin. Magazinning yonida turgan mashina derazasiga qing‘ir-qiyshiq harflar bilan “Taksi” deb yozib qo‘yilgan. Juliyet avtobusdan tushgan joyida qimirlamay turib qoldi. Avtobus tezda jilib ketdi. Taksining signali chalinib, haydovchi mashinadan tushdi va uning yoniga kelib:
– Yakka-yolg‘iz turibsiz. Qayoqqa bormoqchisiz? – deb so‘radi.
– Kechirasiz, – dedi Juliyet. – Bu yerda sayyohlar to‘xtaydigan biron oromgoh bormi?
Haydovchining javobidan ma’lum bo‘ldiki, hech qanaqa mehmonxona yo‘q.
– Biron kimsaning ijaraga yotoq joyi berish-bermasligini ham bilmayman, – dedi taksichi bir zum o‘ylanib turib. – Lekin so‘rab ko‘rishim mumkin. Nima, bu yerda biron tanishingiz yo‘qmi?
Bu savolga javoban Erikning ismini aytishdan o‘zga chora qolmagan edi.
– Juda soz, – dedi haydovchi yengil tortgandek bo‘lib. – O‘tiring, g‘izillab ikki daqiqada olib borib qo‘yaman. Faqat, afsus, kech qoldingiz. Kecha yerga qo‘yishdi.
Juliyet, bu nima degani ekan, deb o‘yladi-yu, so‘rab o‘tirmadi. Taksichi o‘z joyiga o‘tirar ekan:
– Qayg‘uli hol, albatta, – deb qo‘ydi. – Balki kuzatish marosimiga yetib borarsiz. Dafn marosimiga tumonat odam yig‘ildi. Vaqtida yo‘lga chiqa olmabsiz-da.
– Ha, – deb qo‘ya qoldi Juliyet.
– Men “kuzatish” deb noto‘g‘ri aytdim, shekilli. Kuzatish dafn etishga qadar bo‘ladi, shundaymi? Undan keyin bo‘ladigan rasm-rusmlarning nima deyilishini bilmayman. Istasangiz, qabristonga o‘tib kelishimiz mumkin. Uzoq emas. Ko‘rasiz. Gullar, gulchambarlar.

Dengizning yonboshidagi katta tosh yo‘ldan chekkaga burilib, o‘ydim-chuqur, iflos yo‘ldan chorak milcha yurilsa, barcha dinga e’tiqod qiluvchilarning umumiy qabristoniga borilar ekan… Devorga yaqin yerda so‘lib qolgan xilma-xil tabiiy va turli rangdagi sun’iy gullarga burkangan, tepasiga kichikkina yog‘och xoch o‘rnatilgan tuproq uyumi – yangi qabr alohida ajralib turardi. Shuningdek, butun qabriston bo‘ylab ola-bula tasmalar yoyilib yotardi. Taksichi mashina g‘ildiraklarining izlariga ishora qilib, kecha bu yerga juda ko‘p mashina kelganligini aytdi, so‘ng:
– Kelganlarning yarmisi marhumni tiriklik paytida umuman ko‘rishmagan, – dedi. – Bari Erikning hurmatini qilib kelishgan. Uni hamma taniydi.
Ular yana mashinaga o‘tirib, orqaga qayta boshladilar. Lekin asosiy yo‘lga chiqishmadi. Juliyet Erikning uyiga borish fikridan qaytgan-ligini, umuman, hech kimnikiga bormoqchi emasligini, magazinning oldida turib, avtobus poylamoqchi bo‘lganligini, ochig‘ini aytganda, adashganligini, dafn marosimiga borgisi yo‘qligini aytmoqchi bo‘ldi. Ammo jur’at eta olmadi.
Ular u yer-bu yerda qad ko‘targan uylarni ortda qoldirib, tor, ilon izi yo‘ldan ketib borishardi. Har safar u yoki bu uy oldida mashina to‘xtamasa, Juliyet yengil tortardi.
– Mana bu kutilmagan hol! – dedi bir payt xaydovchi. – Ularning bari qayoqqa g‘oyib bo‘ldi ekan? Yarim soat oldin bu yerdan o‘tib ketayotganimda oltita mashina turgan edi. Hozir esa hatto Erikning yuk mashinasi ham ko‘rinmaydi. Marosim tugagan shekilli. Kechirasiz, men noo‘rin gapirib yubordim.
– Hech kim bo‘lmasa, – dedi Juliyet bir muncha jonlanib, – orqamga qaytib ketaveraman.
– Yo‘g‘-e, tashvishlanmang. Aylo shu yerda bo‘lishi kerak. Ana u yerda turgan velosiped o‘shaniki. Aylo bilan tanishmisiz? Erikka yordam berib yurgan o‘sha. – Haydovchi mashinadan tushib, Juliyet o‘tirgan tomondagi eshikni ochdi.
Juliyet mashinadan tushib ulgurmasdan malla ko‘ppak vovullagancha u tomon yugurib kela boshladi. Uning orqasida, ayvonda paydo bo‘lgan ayolning:
– Tinchlan! Pet, tinchlan! – deya qichqirgani eshitildi.
Haydovchi Juliyet uzatgan pulni cho‘ntagiga sola turib, u ham:
– Bas qil, Pet! – deb qo‘ydi.
– Qo‘rqmang, tegmaydi, – deganicha ayol ularga peshvoz chiqdi. – Kuchukcha u, – deb qo‘shib qo‘ydi.
Juliyet ichida, bu ko‘ppak bir sakrashda har qanday odamni yerga ag‘anatishi mumkin-u, tag‘in “kuchukcha” emish, deb qo‘ydi. Ayni shu chog‘da yana bir malla it paydo bo‘ldi-yu, vovullash avjiga chiqdi.
– Pet! Korki! O‘tir! – deb qichqirganicha ayol zinadan chopib pastga tushdi. – Qo‘rqqaningizni bilishsa, – dedi Juliyetga yaqinlashib, – battar qilishadi.
– Qo‘rqayotganim yo‘q, – dedi Juliyet va turgan yerida bir sakrab tushdi, chunki, malla it tumshug‘ini uning qo‘liga tekkizishga ulgurgan edi.
– Qani, yuring, – dedi ayol, so‘ng itlarga o‘girilib: – Ovozlaringni o‘chiringlar! Bo‘lmasa boshlaringni uzib olaman! – deb do‘q qilgan bo‘ldi. – Dafn qachonligini aniq bilmaganmidingiz? – so‘radi qizdan.
Juliyet go‘yo kechirim so‘rayotgandek bosh chayqab qo‘ydi va o‘z ismini aytdi.
– Mening ismim Aylo, – dedi ayol.
Ular bir-birlarining qo‘llarini siqib ko‘rishdilar.
Aylo oqish-sarg‘ish sochi yelkasiga yoyilib tushgan, baland bo‘yli, qotma,elkalari keng, baquvvat, gavdali ayol. Ovozi kuchli, dadil. Ayrim so‘zlarni g‘alatiroq talaffuz qilardi. Qiziq, bu qanaqa talaffuz ekan: nemischami, gollandchami yo skandinaviya tilidagi talaffuzmi? Aylo uni oshxonaga boshlab kirib:
– Mana bu yerga o‘tiring, – dedi joy ko‘rsatib. – Hamma yoq besaranjom. Hozir qahva quyib beraman.
Baland shiftga qadar ko‘tarilgan derazali oshxona yop-yorug‘ edi. Hamma stol va boshqa joylarda qator-qator terilgan likopchalar, stakanlar, kastryulkayu boshqa idish-tovoqlar qalashib yotardi. Pet bilan Korki ham shu yerga kirib, Aylo oldilariga qo‘ygan ovqatni yalay boshladilar.
Oshxonadan ikkinchi qavatdagi mehmonxonaga olib chiqadigan ikkita keng zina bo‘lib, ochiq eshikdan polda yotgan katta-katta yostiqlar ko‘rinib turardi.
Aylo stullardan birini u tomon tortib:
– O‘tiring! – deb ishora qildi. – Qahvani iching, ovqatdan yeng.
– Rahmat, qornim to‘q, – dedi Juliyet.
– Tortinmang. Qahvani hozirgina qaynatgan edim. O‘zim ham ichaman. Bu yerlarni yig‘ishtirishim kerak. Shuncha narsa yeyilmay qoldi.
U Juliyetning oldiga qahva bilan bir bo‘lak yashil rangdagi dirildoqli pirog keltirib qo‘ydi.
– Yeb ko‘ring, balki sizga yoqar, – dedi .
– A’lo!
– Hammayoqni yig‘ishtirib, tartibga keltirib qo‘ygan edim. Keyin dafn marosimi boshlanib ketdi. Undan so‘ng yana yig‘ishtirish kerak.
Uning ovozida o‘kinch sezilib turardi.
– Qahvani ichib bo‘lgach, sizga yordam berishim mumkin, – dedi Juliyet.
– Yo‘-o‘q, keragi yo‘q, – dedi Aylo unga javoban. – Men bu yerda qaysi narsa qayerda turishligini besh qo‘ldek bilaman.
U shoshmasdan harakat qilar, barcha ishlari rejali va puxta edi. (Bunday ayollarga boshqa kishining ko‘magi zarur emas, ular buni istashmaydi ham. Darvoqe, sening kimligingni ham darrov payqab olishadi.) U stakanlaru likopchalarni, boshqa asboblarni artib, ularni javon va polda turgan yashiklarga taxlab qo‘ydi, so‘ng tovalarni, shuningdek, itlardan tortib olingan manqalni sovunli toza suvga solib qo‘yib, birin-ketin yuvib, artib, joylashtirdi. Stollarni artgan nam lattalarni xuddi tovuqning boshini uzgandek burab suvini siqib, dorga osib qo‘ydi. U ish jarayonida Juliyet bilan o‘xtin-o‘xtin gaplashib turishga ham ulgurardi.
– Enining dugonasimisiz? Uni ko‘pdan beri taniysizmi?
– Yo‘q.
– O‘zim ham shunaqa bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Unga dugona bo‘lish uchun ancha yoshsiz. Bo‘lmasa nima uchun uning dafn marosimiga kelmoqchi bo‘ldingiz?
– Men dafn marosimiga kelganim yo‘q. Bundan xabarim ham yo‘q. – Juliyet o‘zini go‘yo do‘stlari ko‘p, u esa mehmonma-mehmon yuradigan, bu yerga ham tasodifan kelib qolgandek ko‘rsatishga harakat qilib. – Shunchaki mehmonga kelgan edim, – dedi.
Aylo unga javoban biron narsa demay kostryulkalarni tozalash bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bir necha daqiqadan keyingina:
– Siz Erikning yoniga kelgansiz. Ha, Erik shu yerda yashaydi, – dedi.
Juliyet esa, go‘yo bu savol mavzuni o‘zgartiradigandek:
– Siz-chi, siz ham shu yerda yashamaysizmi? – deb so‘radi.
– Yo‘q. Men tepalik bag‘ridagi uyda erim bilan birga turaman.
“Erim bilan” degan so‘zlar allaqanday g‘urur bilan aytilgandek bo‘lib tuyuldi.
Aylo Juliyetdan so‘rab o‘tirmay, avval uning finjoniga, keyin o‘ziga qahva quydi, so‘ng bir bo‘lak tagi qizg‘ish, tepasi pushti rangdagi murabboli pirog olib keldi.
– Yeb qo‘yish kerak, aks holda aynib qolib, isrof bo‘ladi. Sizga ham bir bo‘lak keltirib beraymi?
– Yo‘q, rahmat.
– Xullas, Erik yo‘lga ketgan, bugun kelmaydi. Kristanikiga ketgan. Siz uni taniysizmi?
Juliyet qimtinib, yo‘q, degan ma’noda bosh chayqadi.
– Siz yashaydigan joyda qandayu, bilmayman. Biz esa bu yerda bir-birimiz haqimizda hamma narsadan xabardormiz. Bir-birlarimizni yaxshi bilamiz. Vankuver, dedingiz, shekilli? – Juliyet, shunday, degan ma’noda boshini qimirlatib qo‘ydi. – Demak, shaharda yashaysiz… Erik xotiniga yaxshi qaradi, qo‘lidan kelganicha parvarish qildi. Lekin biron ayol ko‘maklashmasa, bir o‘zi eplay olmasdi, albatta. Tushungan bo‘lsangiz kerak? Men unga yordam berib turdim.
Juliyet mulohaza qilib o‘tirmay dabdurustdan:
– Buning evaziga haqini to‘lagan bo‘lsa kerak? – deb so‘radi.
– To‘lab turdi, albatta. Lekin bu mehnatgina emas. Bundan tashqari har jihatdan xotin kishining yordami kerak bo‘ladi. Gap nima haqida borayotganini tushunib turgan bo‘lsangiz kerak… Men bu narsani yoqtirmayman. Bu bema’nilikdan tashqari janjallarga sababchi bo‘ladi. Erik avval Sandra bilan aloqa qilib yurdi, keyin, u ko‘chib ketgach, Krista bilan yaqinlashib qoldi. Shuning uchunmi, kelishmovchiliklar bo‘lmadi. Sandraning bolalari bor, shu sababli biron kattaroq maktab bor joyda yashashga qaror qildi, xullas, bu yerdan ko‘chib ketdi. Krista esa rassom. Dengiz qirg‘og‘ida yotadigan ildizlardan turli xil qo‘g‘irchoqsimon buyumlar, shakllar – turli hayvonlar, parrandalar yasaydi. Ularni olis-yaqin joylarga olib borib, sotib keladi. Hech qachon bolasi bo‘lmagan. Biron yoqqa ko‘chib ketishni ham istamasa kerak. Erik sizga bu haqda gapirmaganmi?
– Yo‘q, gapirmagan.
– Demak, buni sizga men ma’lum qilyapman. – Yana qahva ichasizmi? Hali bor.
– Yo‘q, rahmat.
– Boshqa ichmaydigan bo‘lsangiz, finjonni yuvib qo‘ya qolay.
U chiqib ketayotib muzxonaning orqa tomonida cho‘zilib yotgan malla itni tepib turg‘azish uchun o‘ngga burilib:
– Yotaverasanmi, yalqov! Hozir uyga ketamiz, – dedi.
Juliyetga orqa qilib turgan holda nima bilandir mashg‘ul bo‘lgan Aylo:
– Soat sakkizdan o‘n daqiqa o‘tganda Vankuverga ketadigan avtobus bor, – dedi. – Men bilan birga biznikiga borsangiz, u yerga erim mashinasida olib borib qo‘yadi. Birgalikda ovqatlanamiz. Men velosipedda ketaman. Lekin sekin yuraman, orqada qolmaysiz. Uyim uzoq emas.
Juliyet o‘ylab o‘tirmay o‘rnidan turdi va sumkasini axtarib, u yoq-bu yoqqa alangladi, keyin boshqa kursiga o‘tib o‘tirdi.
– Men shu yerda qolmoqchiman, – dedi .
– Shu yerda qolasizmi?
– Og‘ir yukim yo‘q. Avtobusga piyoda ketaveraman.
– U yerga qanday borishni bilmaysiz-ku. Erik kelmaydi, tushinyapsizmi? Bugun kelmaydi.
– Buning ahamiyati yo‘q.
Aylo yelkasini qisib qo‘yib, itga o‘girildi:
– Tur, tur o‘rningdan, – dedi, so‘ng Juliyetga qaramasdan – Korki shu yerda qoladi, – deb qo‘shib qo‘ydi.
– Shu yerda qolsinmi yo tashqaridami?
– Tashqarida bo‘lsa yaxshi bo‘lardi.
– Unda bog‘lab qo‘yaman, tag‘in ortimdan ergashib yurmasin.
Juliyet indamadi.
– Tashqariga chiqilganda eshik qulflanib qoladi. Shuning uchun eshikka chiqib qayta kirmoqchi bo‘lsangiz, mana bu yerni bosib qo‘ying. Agar umuman ketadigan bo‘lsangiz, unga tegmang. Tushunarlimi?
– Ha, tushundim.
– Ilgari eshiklarimizni umuman qulflamas edik, endi… Begonalar ko‘payib ketdi.

* * *

Ular yulduzlarga qarab bo‘lganlaridan keyin poyezd Vinnipegda qisqa muddatga to‘xtadi. Ular aylanib yurish uchun pastga tushishdi. Qattiq sovuq shamol esgani sababli, gaplashish emas, hatto nafas olish qiyin edi. Poyezdga qaytib chiqishdi-da, to‘g‘ri barga o‘tishdi. Erik konyak buyurdi.
– Isinamiz, keyin yaxshi uxlaysan, – dedi.
Uning o‘zi esa uxlamoqchi emasdi. Bunda ma’ni yo‘q, negaki, erta tongda Rejiyn bekatida poyezdan tushishi kerak.
Ular bardan chiqib, barcha joylarda to‘shaklar yozilgan vagonlar oralab, har ikki tarafga osilgan to‘q yashil rang pardalar hosil qilgan yo‘laklarda Juliyetning vagoni tomon ketib borishardi. Har bir vagonning o‘z nomi bor. Juliyetning vagoni Miramichi deb ataladi. O‘sha vagonga yetganlarida ikkita vagon o‘rtasidagi maydonchada Erik eshikni ochmoqchi bo‘lib qo‘l cho‘zgan edi.
– Mana shunisi, – deb shipshidi Juliyet.
– Undoq bo‘lsa shu yerda xayrlashamiz, – deb eshik dastasidan qo‘lini oldi. Ayni shu damda poyezd chayqalib ketdi. Juliyet muvozanatni saqlash uchun Erik tomon egildi. Bundan foydalangan Erik uni bag‘riga bosib, yuzidan o‘pib, so‘ng yelkalarini silay boshladi.
Juliyet uning quchog‘idan chiqmoqchi bo‘lib, shoshib:
– Teginmang! – dedi.
– Darvoqe, – deya Erik kulib, yana uning bo‘ynidan yengilgina o‘pib qo‘ydi, so‘ng quchog‘idan bo‘shatib, eshikni ochdi.
Ular ikki tomoniga pardalar tutilgan yo‘lakdan birga borishdi. Juliyet o‘z joyini topgach, undan bo‘sa yoki hech bo‘lmaganda, kiftiga qo‘lini qo‘yib xayrlashishini kutdi. Yo‘q. Erik, go‘yo ular tasodifan uchrashib qolgandek, jimgina ortiga o‘girilib, chiqib ketdi.
Endi u nima deb o‘ylaydi? Yunon afsonalari to‘g‘risida ko‘p narsa bilaman, deb maqtanib, butun bir kecha davomida meni laqilatib o‘tirdi va nihoyat u bilan xayrlashgan chog‘imda, “teginmang” deb g‘ingshib qoldi, demaydimi. To‘g‘ri, u bunaqa deb o‘ylaydigan kishiga o‘xshamaydi. Lekin, baribir, Juliyet xuddi shunday tasavvur etardi. U ancha vaqtgacha uxlay olmadi, poyezd Rejaynda to‘xtagandan keyingina uyquga ketdi.

* * *

Yolg‘iz o‘zi qolgan Juliyet endi uyni ko‘zdan kechirib chiqishi mumkin edi, lekin bunday qilmadi. Ayloning batamom ketib bo‘lganligiga to‘la ishonch hosil qilishi uchun kamida yigirma daqiqa vaqt ketdi. Aylo uning bu yerda nima bilan mashg‘ul bo‘layotganligini tekishirish uchun yoki esidan chiqarib qoldirgan biron buyumini olib ketish uchun qaytib kelib qolishidan xavotirlanmasdi.. Bordi-yu, Juliyetni o‘g‘ri deb xovfsirasa, uni allaqachon haydab chiqargan bo‘lardi. Aylo, qayerda, ayniqsa oshxonada, nima ish qilmasin, sezilarli iz qoldiradigan ayollardan. Juliyet deraza rahida turgan tuvakchalardagi ziravor o‘simliklardan tortib, sabzavot to‘g‘raladigan taxtakachu poldagi yalt-yult qilib turgan linolumgacha – nimaga e’tibor bermasin, ularga Ayvoning qo‘li tekkanligi sezilib turardi.
Bir payt Juliyetning xayolidan Aylo ko‘tarildi-yu, uning o‘rnini Krista egalladi. Demak, Erikning yaxshi ko‘radigan ayoli bor. Juliyet uni Ayloga nisbatan yoshroq, kelishgan deb tasavvur qila boshladi. Tosi keng yelkali, qo‘llari baquvvat, oq oralamagan nim malla sochlari uzun, ko‘kragi lorsillagan ayol.
Qiziq, Juliyet kutilmaganda yana ikki ayol – Axilles va Agamemnonning mashuqalari bo‘lmish Briseida va Xriseidalarni eslab qoldi. Ularning har ikkalasini go‘zal chehralar deb atashgan.
Agar Krista ularga nisbatan dag‘alroq bo‘lsa, Erikni mensimasligi mumkinmi? Lekin Juliyet hozir yo‘lga chiqib, avtobusga o‘tirgudek bo‘lsa, buni qayoqdan biladi?
Xullas, u boshidanoq bu yerdan ketmaslikka qaror qilgan, shekilli. Ha, shunaqaga o‘xshaydi. Endi Aylo yo‘qligida o‘z xohishiyu maqsadini bemalol tahlil qilishi mumkin. Nihoyat, o‘rnidan turib, qahva qaynatdi, uni Aylo bir chekkaga chiqarib qo‘ygan finjonga emas, krujkaga quydi.
U kuchli hayajonda bo‘lgani uchun o‘zining ochligini sezmasdi. Shunday bo‘lsa-da, xotirlash marosimiga mehmonlar olib kelishgan bo‘lsa kerak, qatorlashib turgan bir necha xil shishalarni ko‘zdan kechira boshladi. Sherri-brendi va nokdan tayorlangan shnaps, “Tia Mariya” likyori va shirin vermut. Shishalar ochilgan, lekin, bu yerlarda unchalik qadrlanmasa kerak, deyarlik ichilmagan… Aylo eshik orqasiga terib qo‘ygan djin va viski, pivo va vino shishalari esa bo‘shatilgan. Juliyet qahvaning ustiga “Tia Mariya”dan ozgina quyib, bir qo‘liga finjon, ikkinchi qo‘liga shishani olib, zinalar orqali tepadagi katta mehmonxonaga ko‘tarildi.
Hozir kunlar ayni uzaygan palla. Bu yerning qishin-yozin yam-yashil bo‘lib gurkirab turadigan daraxtlar botib borayotgan quyosh nurlarini to‘sib turar, shu bois mehmonxonadagi xira yorug‘lik quyuqlashib borardi. Polga ishlov berilmagan, chorburchak faneralar ustiga eskirib, patlari to‘kilib ketgan gilamlar betartib yozilgan, bir-biriga mos kelmaydigan xilma-xil buyumlar bilan didsiz jihozlangan. U yer-bu yerda bir nechta yostiq tartibsiz yotibdi. Ular orasida charm g‘ilof kiydirilgan yostiqchalar alohida ko‘zga tashlanadi. Qora charm qoplangan kattakon oromkursi. Ustiga eski quroq adyol yopilgan taxta-karavot, daqqiyunusdan qolgan ko‘hna televizor, kitoblar emas, bir dasta “Neyshnl jiografik” jurnali va yana allaqanday jurnallar taxlab qo‘yilgan taxta tokchalar… Xullas, xona betartib edi.
Aylo bu xonani tartibga keltirishga ulgurmagan, shekilli. Gilamlar ustida u yer-bu yerda, kuldon ag‘darilib ketgan bo‘lsa kerak, tamaki kullari ko‘zga tashlanib turibdi. Shuningdek, non ushoqlari va boshqa chiqindilar sochilib yotibdi. Juliyet changtortqichni topib, ishga kirishmoqchi bo‘ldi, ammo bir zum o‘ylanib turib, bu fikridan qaytdi va yumshoq kursiga o‘tirib, krujkadagi qahvaga kamaygan sari “Tia Mariyadan” quyib icha boshladi.
Bu qirg‘oqda unga ma’qul bo‘ladigan biron narsa ko‘rmadi. Daraxtlar o‘ta baland va jips o‘sar hamda birini ikkinchisidan ajratib turgan o‘ziga xos biron belgi yo‘q, shunchaki o‘rmon, vassalom. Tog‘lar esa haddan tashqari ko‘lami keng va g‘ayritabiiydek ko‘rinar, Jorjiya bo‘g‘ozida uchrab turadigan orollar esa haddan tashqari ko‘zga tashlanadigan yorqin manzaraga ega. Mana bu, shiftlari bir tomonga egib qurilgan, poli yo‘nilmagan taxtalar bilan qoplangan ikkita xonadan iborat uy ham – bari allaqanday ma’yus va g‘arib ko‘rindi.
It o‘qtin-o‘qtin hech qanday zaruriyatsiz uvlab qo‘yardi. Balki uyga kirib, Juliyetning yonida bo‘lishni xohlayotgandir. Ammo Juliyetlar hech qachon it boqishmagan. It balki adashib kelib qolgan bug‘imi, ayiqmi yoki puma (Amerika yovvoyi mushugi)ga vovullayotgandir. Vankuver gazetalaridan birida xuddi mana shu joylardan birida puma bir chaqaloqni g‘ajib tashlaganligi to‘g‘risida yozishgan edi. Uydan chiqishing bilan yirtqich hayvonlarga ro‘para bo‘ladigan bunaqa joyda yashash xavfli bo‘lsa kerak?
Bebaho, nodir boylikka ega bo‘lgan kishilar kam. Sen ana shunday imkoniyatga ega bo‘lsang, uni qo‘ldan chiqarmasliging lozim. Uni kimdir sendan tortib olishiga, nima bo‘lganda ham yo‘l qo‘ymasliging kerak.
Juliyet qahvaga qo‘shib ichayotgan “Tia Mariya” ta’sirida o‘zini erkin va betashvish, shuningdek, tetik va dadil xis eta boshladi. Hatto, Erikni ko‘rishim shart emas, degan fikrni dilidan o‘tkazdi. Erta tongda bu yerdan chiqib, g‘oyib bo‘ladi.
U o‘rnidan turib, vannaxonaga kirib chiqdi, so‘ng taxta-karavotga yotib, quroq adyolni ustiga tortdi. Shu qadar uyqusi kelgan ediki, hatto Korkining adyolga ilashib qolgan junlariga e’tibor ham bermadi, it hidini ham sezmadi.
Juliyet uyg‘onganida oshxonadagi soat oltidan qirq daqiqa o‘tganligini ko‘rsatib turgan bo‘lsa-da, allaqachon tong otib,hammayoq yorishib qolgan edi. Boshi qattiq og‘rirdi. Vannaxonada aspirin xapdorisini ko‘rgan edi. Undan bir yo‘la ikki donasini ichib, yuvindi, sumkasidan tishcho‘tkasini olib, tishlarini tozaladi, sochlarini tarab, o‘ziga oro bergan bo‘ldi. Ana shundan keyin yangitdan qahva qaynatib, bir bo‘lak non yeyishga tutindi. U oshxona stoli oldida, deraza ro‘parasida o‘tirardi.
Oftob bosh ko‘targan, daraxtlar orasidan sizib o‘tayotgan sarg‘ish nur parchalari yertut daraxtlarining silliq tanalarini qoplab ulgurgan edi. Korki yana vovullay boshladi. Uzoq akilladi, hovliga yuk mashinasi kirib kelgandan keyingina ovozi o‘chdi.
Juliyet yuk mashinasi eshigining sharaqlab ochilgani, itga gapirayotgan kishining ovozini eshitdi-yu, uni qo‘rquv qamrab, hatto qayergadir yashirinmoqchi bo‘ldi. Eshik ochilib, ostonada Erik paydo bo‘ldi. Juliyet esa ko‘zlarini yerdan ko‘tara olmas, barmoqlari tizzalari ustida chalishib, qotib qolgan edi.
– Sen shu yerdamisan?
Erik, bu qadar dadillikdan hayratlangandek, zavqlanib kuldi. U qulochini yozar ekan, Juliyetga go‘yo xonaga shamol yelib kirib, uni bosh ko‘tarishga majbur qilgandek bo‘lib tuyuldi.
U bundan yarim yil oldin hatto dunyoda shunday odam borligini bilmas edi. Poyezdning g‘ildiraklari tagida halok bo‘lgan kishi yarim yil oldin hali tirik edi, balki safarga ketishga hozirlik ko‘rib, kiyim-kechak tanlab yurgan bo‘lishi ham mumkin.
– Sen shu yerdamisan?!
Uning ovozida hokimlik ohangi sezilardi. Juliyet o‘rnidan turdi. Ro‘parasida yoshi uning xotirasida saqlanib qolganiga nisbatan ancha katta, gavdali odam turardi. Erik unga boshdan-oyoq sinovchan qarab olib, olg‘a yurdi. Buni ko‘rgan Juliyet o‘zida yengillik, baxtiyorlik his etdi. Naqadar g‘aroyib bu! Dahshatga o‘xshaydi.
Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Erik hozirgina o‘zi ifoda etgan darajada ajablanmagan. Aylo kecha kechga yaqin Juliyet degan allaqanday qizning kelganligi to‘g‘risida uni ogohlantirib qo‘yish uchun qo‘ng‘iroq qilib, u ketdimi-yo‘qmi, xabar olish kerak, degan edi. Erik bu xabardan qanchalik xursand bo‘lganidan o‘zi ham hayron edi. Lekin o‘sha zahoti yo‘lga otlanmadi, Kristaga bu haqda gapirib ham o‘tirmadi..
Juliyet bularning barini keyingi haftalar, oylar davomida bilib oldi. Ba’zi ma’lumotlar tasodifan oshkor bo‘lib qolar, ayrimlari esa uning so‘rab-surishtirishlariga javob tariqasida ma’lum bo‘lardi.
Krista Ayloga mutlaqo o‘xshamasdi. Juliyet faraz qilgandek, yo‘g‘on gavdali emas, xipcha, nozikkina, qorasoch ayol ekan. Gapga usta, zukko, ba’zan xushchaqchaq, ba’zan – tund. Mag‘lubiyat hissi ahyon-ahyonda tegajog‘lik qilib aytilgan istehzoli piching sifatida yuzaga chiqib tursa-da, Krista kelajakda Juliyetning yaqin dugonasi va tayanchi bo‘lib qolsa ajabmas.

Rus tilidan Muhammad Xayrullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 7-son