QATNAShChILAR:
J ye n n a r o Yovine
A m a l i ya – uning xotini
M a r i ya R o z a r i ya – ularning qizi
A m ye d i o – ularning o‘g‘li
E r r i k o X u sh r o‘ y
P ye p p ye D o m k r a t
R i k k a r d o Spaziano – hisobchi
F ye d ye r i k o
D o k t o r
P a s k u a l i n o – bo‘yoqchi
P o p
Ch a p p a – karabinerlar brigadiri
A y g‘ o q ch i l a r
A d ye l a i d a S k ya n o
A s s u n t a – Adelaidaning jiyani
D o n n a P ye p p ye n ye l l a
T ye r ye z a
Margareta
Birinchi parda voqealari Ikkinchi jahon urushining
ikkinchi yili oxirlarida;
boshqa pardalarning voqealari esa ingliz – amerika
qo‘shinlari kelganidan keyin
Neapolda kechadi.
BIRINChI PARDA
Donna Amaliyaning birinchi qavatdagi keng, ivirsigan va is bosgan xonasi. Sahnaning to‘rida – arksimon yo‘lakda ko‘chaga chiqish uchun oynavand eshik o‘rnatilgan. Tomoshabinlardan o‘ng tarafda – yana eshik. Uning qarshisida – tomoshabinlardan so‘l tarafda yo‘nilmagan taxtalardan yasalgan yana bir eshik bor. Unga tajribasiz odamning g‘aliz bir xatida: “Hovliga chiqish” deb yozib qo‘yilgan. Sahnaning o‘ng tarafidagi uzoq burchakda qo‘lga tushgan narsalardan omonat qilib yasalgan yog‘och to‘siq to‘rtburchakli tor hujra hosil qilgan. Hujrachadagi mo‘jazgina to‘shak va nochor xobxonaning boshqa anjomlari ko‘rinib turibdi. Sahnada albatta bo‘lishi lozim bo‘lgan narsalar: so‘l tarafda misdan yasalgan, qorayib-yashil tortib ketgan ikki kishilik karovot; kiyim-kechak turadigan hamda kiyim-kechak ilinadigan javonlar; ularning ustida avliyolarning haykalchalari, shishadan yasalgan qalpoqlar; qo‘polgina stol va siniq stullar. Qolgan mebellarni o‘tgan asrning didsiz yo‘sinida rejissyorning o‘zi tanlaydi va shu tarzda joylashtiradiki, diqqat-e’tibor mudom “yashirin qahvahona” ochgan katta oila tortayotgan noqulaylik va torlikda bo‘ladi. Stolning ustida katta-kichik qahva quyiladigan chashkalar, gullar va idishlar chayiladigan jom turadi. Erta tong. Sahnaning to‘ridagi oynavand eshikdan ko‘cha va qarama-qarshi uyning pastki qavatidagi yopg‘ichlari bekitilgan ikki derazasi ko‘rinadi. Bu tor ko‘chada yashaydigan xo‘dojo‘ylar tomonidan o‘rnatilgan Madonna del Karminening marmar haykalchasi derazalar o‘rtasidagi tokchada turibdi. Haykalcha oldida kichik lampacha yiltirab yonadi.
Voqealar urushning ikkinchi (1942) yili oxirlarida kechayapti. Sahna o‘rtasidagi stol yonida Mariya Rozariya turibdi. Egnida arzongina ko‘ylak. U kir qahva idishlarni yuvib-chayib, stol ustiga terib qo‘yyapti. Ko‘chadan janjallashayotgan odamlarning tushunuksiz baqiriq-chaqiriqlari eshitiladi. Asta-sekin janjal avjiga chiqib, ba’zi bir tovushlarni va baqirishlarni tushunsa bo‘ladigan darajaga yetadi. Goho Amaliya Yovinening tovushi boshqalar ovozidan balandroq, avjliroq eshitiladi. So‘l tarafdagi eshikdan hozirgina uyqudan uyg‘ongan Amedio kiradi. Esnab kerishgancha, erinibgina sahnaning to‘riga qarab yuradi. Yigirma beshlarga kirgan bu oriq, qorachadan kelgan, istarasi issiq yigit chaqqongina ko‘rinsa ham, baquvvat emas. Egnida u yer-bu yeriga yamoq tekkan, dag‘al jundan to‘qilgan, zang rangli ilma-teshik sviter. O‘ng qo‘lida lattani eslatuvchi sochiq.
A m ye d i o (singlisiga). Ozroq qahva ichsak mumkinmi?
M a r i ya R o z a r i ya. Uni avval tayyorlash kerak.
A m ye d i o. Elaymi?
M a r i ya R o z a r i ya. (“hali uzoq kutib turasan” degan ohangda). Kechadan qolgan qahva quyqasini qaynatsa ham bo‘laveradi.
A m ye d i o (norozi). E, bu nima degani! Ertalab ham qahva icholmasang! Kunimiz itning kunidan battar!
Mariya Rozariya javob bermaydi.
Onam qayerda?
M a r i ya R o z a r i ya. Ketdi.
A m ye d i o. Otam-chi?
M a r i ya R o z a r i ya. Uyg‘ongani yo‘q.
Hujrachadan antiqa – xirillashga o‘xshash ovoz quloqqa chalinadi, so‘ng Jennaroning bo‘shashgan, uyqudan xirqi tortgan ovozi eshitiladi: “Uyg‘onganman, uyg‘onganman… Soat beshda onalaring uyg‘otdi. Bu uyda to‘yib uxlagani qo‘yishadimi…” Ko‘chadagi janjal yanada avjiga chiqadi. Ayniqsa, Amaliyaning ovozi baralla eshitiladi.
J ye n n a r o (hujradan). Voy-bo‘y!.. Eshitayapsizmi?.. Cherkovdagi xordan ham o‘tdi-ku!
A m ye d i o (Mariya Rozariyaga). Onammi?
M a r i a R o z a r i ya. Ha. Donna Vichentsa bilan gaplashayaptilar.
J ye n n a r o. Gaplashayaptilar?.. Hozir onam uni yamlamay yutib qo‘yadi-ku!
A m ye d i o. Bu alg‘ov-dalg‘ov o‘tgan haftadagi voqea tufaylimi?
M a r i ya R o z a r i ya. Donna Vichentsa surbet, yolg‘onchi, g‘alamis ayol. U uymizga kirganda onam uni qahva bilan mehmon qilardi, hatto maymunbashara qiziga eski paltomi, aynimagan tuxummi – bir balolar hadya etardi… Tavba, onam ba’zan yer tagida ilon qimirlasa biladi, ba’zan qo‘yniga kirgan ilonga ham parvo qilmaydi… Donna Vichentsa bizga qahva sotadigan odam bilan tanishib olibdi. Endi qahvani olibsotar unga tashiyapti… Donna Vichentsa qahvaxonamiz yaqinida o‘zinikini ochgani yetmaganday, ustiga ustak bir chashka qahvani ikki yarim liraga sotayapti. Bizdan yarim lira arzon.
J ye n n a r o (hujradan). “Gran kafe Italiya” “Gambrinus” bilan raqobat qilayapti.
M a r i ya R o z a r i ya (unga e’tibor bermay). Yana hammaga, bizning qahvamizni qalbaki, deb gap tarqatib yuribdi.
J ye n n a r o (hujradan). Shoshma… Nega ”bizning” ekan, sizlarning qahva. Men bu ishga bosh qo‘shmaganman. Sizlarning qilmishlaring deb, politsiyani, karbinerlaru fashistlarni qaltirab kutib o‘tirishga toqatim yo‘q…
M a r i ya R o z a r i ya. Qo‘ysangiz-chi!.. Sizning gapingizga kirganimizda, ochdan o‘lib ketardik!
J ye n n a r o Boshqacharoq ayt – halol yashardik de…
M a r i o R o z a r i ya. Nima, qahva sotish halollik emasmi?
A m ye d i o Biz bu ishni qilmasak, qiladiganning soni mingta!.. Mana, Vichentsa ham qahvaxona ochibdi.
J ye n n a r o O‘tgan hafta Ponte di Molada bir odam to‘rtinchi qavatdan o‘zini tashlabdi…
A m ye d i o Osmondan tushganday gapirasiz?
J ye n n a r o Sen ham o‘zingni tashlasang bo‘lardi.
A m ye d i o Ota, siz ba’zi narsalarni umuman tushunmaysiz… Siz o‘tgan asr odamisiz.
Mariya Rozariya akasiga: “Dadamga e’tibor berma” deganday imo-ishora qiladi.
Ammo otam baribir to‘g‘ri aytadi.
J ye n n a r o To‘g‘ri aytayapman, shundaymi? Senga singling: “Otamni ham eshitib o‘tirasanmi…”, deb ishora qildi. Chunki men jonlaringdan bezor qilganman, hech narsa tushunmayman… Bechora bolalar… Ado bo‘lgan avlod… (Biroz sukunat). Men sendan bir narsa so‘rayman… Qahvaning piyolasini uch liradan sotasiz. Sizlarga olib keladigan olibsotar uni qayerdan oladi? U bu ishi bilan kasalxonalardagi bemorlarni qahvadan mahrum qilib qo‘ymaydimi?
A m ye d i o Dada, jim bo‘ling… Doim qayoqdagi gaplarni gapirasiz. Hozirgi gapingizni-ku chaqaloq ham tiliga olmaydi… O‘g‘ri mollarni to‘ppa-to‘g‘ri kattalarning uyidan sotishadi. Kecha yetmish liradan besh kilo qahvani kim keltirdi? Fashistlar ofitseri! Hatto onam ham biror ishkalchi emasmi deb, cho‘chib ketdi. Siz bo‘lsa “mahrum qiladi” deysiz… Agar tepadagilarda vijdon bo‘lganda edi, eng yaramas odam ham siz bilan men so‘zlashganday gaplasholmasdi. Ammo namuna ko‘rsatadigan zotlar bir to‘da qalloblar ekanligini sezganidan keyin odamlar nima deydi? “Haqiqatni bilib qo‘y” deydi… “Senlar yorilguncha qorinlaringga tiqasizlar, men ochdan o‘laymi?” deydi. “Senlar o‘g‘irlayapsan? Men o‘g‘irlamay qarab turaymi!” deydi. “Hamma iloji yetgancha kun ko‘radi-da!” deydi!
J ye n n a r o Yo‘q, men bu uyda yashar ekanman, sen o‘g‘irlik qilmaysan.
A m ye d i o Men kezi kelganda aytayapman…
Ko‘chadagi suron deyarli tingan.
Qahva ichib, biror narsa tamaddi qilib olay-chi. (Kiyim osiladigan javondan ustiga likob to‘ntarilgan tova, qoshiq va bir burda qotgan non oladi).
M a r i ya R o z a r i ya unga yomon qarab qo‘yadi.
(Buni sezib, keskin tarzda) Nega bunday qaraysan? Bu kecha o‘zimdan qolgan makaron.
M a r i ya R o z a r i ya Senga hech narsa deyotganim yo‘q!
A m ye d i o (Stol yoniga kelib o‘tirgach, ovqat yeyishga hozirlanadi, ammo likobni ko‘tarib, tova yo‘qligini ko‘radi). Mening makaronim qani?
M a r i ya R o z a r i ya. Qayerdan bilaman?
A m ye d i o (g‘azabda). Kecha kechqurun, ertalab yeyish uchun ataylab qoldirgan edim… (Jennaroning hujrasi tarafga shubha bilan qaraydi.) Kim yedi? Ota, siz yedingizmi?
J ye n n a r o. Makaron meniki emas edimi?
A m ye d i o (ilojsizlikda). Bu uydan oxiri ketaman deb aytganman!.. Ketaman!.. Bunaqa ovqatlanishda o‘lib ketish hech gap emas! (J ye n n a r oga). Kecha o‘zingizning ovqatingizni yegan edingiz-ku!
J ye n n a r o (o‘zining haqligiga imoni komil bo‘lib). Mendan nima istaysan? Esimda yo‘q. Meniki… Seniki… Har kim iloji boricha kun ko‘radi!
A m ye d i o. Tushunmayapman… Siz kechasi ham ovqatlanasizmi?.. Ovqatlanish uchun maxsus uyg‘onasizmi?
J ye n n a r o (g‘ashi kelib). Qanaqa xira bolasan! Qancha umr ko‘rishga hozirlik ko‘rayapsan? Ha, men maxsus uyg‘onaman! Bu kecha qanday rohat qilib uyg‘onganimni bilsang edi… Sen trevogani eshitmadingmi? Ikki yarim soat yerto‘lada o‘tirdim. Sovuqdan qaqshab, uyga keldim… qornim ochligidan ko‘z yumolmadim… Javonda ozgina makaron borligi esimga tushdi: kimniki ekanligini qayerdan bilay? Mening ham xuddi shunday makaronim bor edi!
A m ye d i o. Xuddi shunday! Mana hozir ishga borishim kerak. Och ketaveramanmi? (Jahli chiqib.) Mening ovqatimga qo‘l tekkizishlarini istamayman! Jin ursin! (Stolga musht uradi.) Kim bu ishni qilayotgani endi tushunarli! Men birovning ovqatiga teginayotganim yo‘q-ku! Hozir hamma narsani maydalab tashlayman!
Hujraning pardasi ko‘tarilib, shimga tiqilmagan ko‘ylakda, yelka tasmalari osilib yotgan Jennaro chiqib keladi. U elliklarga kirgan; go‘shtsiz yuzi suyakka yopishgan, ammo ko‘rinishi yo‘qchilikni va azob-uqubatni ko‘rgan har qanday toza odamniki kabi yorug‘.
J ye n n a r o. Bo‘ldi, bas qil. Nimalar deb laqillayapsan. Men haqiqatan ham eslay olmayman. Sen bo‘lsa, naq doston qilib o‘tiribsan!
A m ye d i o. Doston qilaman. Men ochman, axir!
J ye n n a r o. Makaron mana shunchagina edi… (qanchaligini qo‘li bilan ko‘rsatadi.)
A m ye d i o. Yo‘q, likob liq to‘la edi! (Keskin harakatlar bilan liq to‘la ekanligini ko‘rsatadi.)
Jennaro bu orada burda nonni olib, kemirishga tutinadi. Amedio uni otasining qo‘lidan yulib oladi.
Mening nonim!
J ye n n a r o (ta’biridan adashib). Seniki bo‘lsa, ola qol… Mana, farzandning mehru muhabbati!
A m ye d i o. Nima, siz makaronimni otalik mehri bilan yeb qo‘ydingizmi? Mana, nondan qolgani! (Burda nonni kimgadir namoyish qiladi.) Ko‘rdingizmi? Bu burda non bilan tushlikkacha kun o‘tkazishning o‘zi bo‘ladimi? (So‘ng avvaldan o‘ylangan qaror esiga tushganday.) Yo‘q, ketaman, ketaman bu uydan! (Jahl bilan eshik tarafga yo‘nalar ekan.) Bu yerga biror narsani yashirib ham bo‘lmaydi!
J ye n n a r o (biroz ranjigan ko‘yi). U haq… Ammo hech narsa tushunmayapman… (Hujrasiga kiradi.)
Eshik ortida tovushlar. Amaliyaning ovozi: “Kechirasiz donna Peppenella, sizga aytmaganmidim?” Peppenellaning ovozi: “Siz juda to‘g‘ri ish qildingiz!”
Mariya Rozariya o‘ngdagi eshikka kirib ketadi. Shu payt ko‘cha tarafdan Amaliya, uning ortidan Peppenella kiradi. Amaliya – o‘ttiz sakkizlarga kirgan, hali ham chiroyli. Uning gapirish tarzi, ohangi va harakatlaridan bu ayol fe’lining dadilligi va hammani boshqarishni xush ko‘rishi shundoq ko‘rinib turibdi. Kiyimlari oddiy, ortiqchalik yo‘q. Faqat toza ipakli paypog‘i unga maqtanchoqlik yot emasligidan darak berib turadi. Ziyrak ko‘zlari hamma narsaga e’tibor qiladi va hamma narsani ko‘radi. Rasm bo‘lgan qonun-qoida mezonlarini buzishiga to‘g‘ri kelganda ham, o‘ziga hisobot berib turadi. Bu ayol ishga tegishli har bir narsada xasis va yon bermas; o‘zining noroziligini biror-bir iltifotli so‘z bilan yashirib tursa ham, kinoyali qarashi bilan teskari fikrni bildirib turadi. Hozir u hayajonlangan, g‘azablangan kayfiyatda.
A m a l i ya. Bu ayol uyimdan nari ketmasdi… Mendan qancha yaxshilik ko‘rdi! (Ta’kidli kinoya bilan sanay boshlaydi.) Goh yangi tuxum… goh pishgan go‘sht tuyuri… goh likobcha to‘la makaron… Xudo shohid, arzimagan yemishning narxi osmonda, buning ustiga uni topishning o‘zi bo‘lsa ekan! (O‘zining saxiyligiga o‘zi istig‘for keltirib.) Qiziga bir yarim metr movut… (Mariya Rozariyaga). Quyqa qaynadimi, yo‘qmi?
Eshik ortidan Mariya Rozariyaning ovozi: “Hozir qaynadi!”
Ma, qahvani ol! (Donna Peppenellaga, undan qutulish uchun keskin ohangda.) Donna Peppenella, shoshmay turing!.
P ye p p ye n ye l l a (G‘aribgina kiyingan, yoshi o‘tinqiragan ayol. Itoatkorona xushomadda so‘zlaydi). Tashvishlanmang, tashvishlanmang. (O‘rnidan qo‘zg‘olmaydi.)
A m a l i ya (ikki kishilik karavot matrasini ko‘tarib, kanop ip bilan bog‘langan paketni olgach, Peppenellaga uzatdi). Kecha so‘raganingiz, yarim kilo un… Sizdan qirq lira.
P ye p p ye n ye l l a (ko‘zlari ola-kula bo‘lib). Bir kilo unning narxi sakson lira bo‘ldimi? Yana o‘n liraga qimmatlashdimi?
A m a l i ya. Xohlasangiz oling, xohlamasangiz – ana, katta ko‘cha! Agar o‘sha odam kelsa, siz uchun yana topib qo‘yaman… Sizga yaxshilik qilib, balolarga duch kelishdan toymasamu… O‘zi bundan hemiri orttirmayman, chunki bunday ishlarning menga qizig‘i yo‘q.
J ye n n a r o (Hujradan bosh chiqarib). Bilib qo‘ysam bo‘ladimi, bu qallobliklarga nimaga aralashib yuribsan?.. Un kerak odam o‘zi izlasin!.. (P ye p p ye n ye l l aga.) Nima, o‘zingiz topolmaysizmi?
P ye p p ye n ye l l a (alam bilan). Sizga nima desam ekan? Biz un topolmayapmiz.
J ye n n a r o. Topolmasangiz, bu yerga un deb kelaverar ekansiz-da! Bizning tegirmonimiz bormi? Yoki eshigimizga makaron fabrikasi deb yozib qo‘yilibdimi? (Xotiniga.) Sen bo‘lsa, o‘z gapingdan qolmaysan. Bu ishda hech vaqo ishlab ololmaysan, chunki uyimizda savdo bilan shug‘ullanishlariga men yo‘l qo‘ymayman.
P ye p p ye n ye l l a. Xotiningiz ko‘ngilchan… Menga ozroq un kerakligini eshitib, topib keltirdi… (Idrab qolgan sumkachadan pul olib, Amaliyaga uzatar ekan, unga nafrat bilan qaraydi.) Mana, sizga qirq lira.
Jennaro hujraga g‘oyib bo‘ladi.
A m a l i ya (Peppenellaning yomon qarashini sezib, kam bo‘lmagan nazarda unga qaraydi). Katta rahmat.
P ye p p ye n ye l l a (sumkachasini bekitarkan, o‘z-o‘ziga gapirganday). Agar yarim kilo loviya uchratib qolsangiz…
A m a l i ya (keskin zarda bilan). Endi yo‘q, qimmatli donna Peppenella!.. (Birdan muomalaliroq bo‘lish esiga tushib qolib.) Un keltirgan o‘sha odam, ikki kilo loviya keltiraman deb yo‘q bo‘lib ketdi… Agar kelsa…
P ye p p ye n ye l l a (itoatkorona). Bizni nazarga olib qo‘yarsiz…
A m a l i ya. Xo‘p, faqat kelsa… Endi ustamasi bo‘ladi…
P ye p p ye n ye l l a (uf tortib). Na iloj, ustamasi bilan ham olaveraman-da! (Amaliyaga teshguday bo‘lib tikilar ekan.) Yaxshi qoling!..
A m a l i ya (yashirin tahdidni sezib, o‘ng yengini shimarar ekan). Yaxshi boring!..
P ye p p ye n ye l l a (tashqariga yo‘nalarkan). Salomat bo‘ling, don Jennaro!
J ye n n a r o (hujrasidan, quruqqina). Marhamat ko‘rsatib, boshqa kelmasangiz ham bo‘laveradi!
P ye p p ye n ye l l a (ketarkan, alam bilan). Albatta, siz haqsiz…
Mariya Rozariya kiradi.
M a r i ya R o z a r i ya (ostonada to‘xtab). Qahva…
A m a l i ya (matrasni ko‘tarib, tuyilgan qahva paketini olib, qiziga beradi). Mana, ol.
Mariya Rozariya ketmoqchi bo‘ladi, ammo onasi uni chaqiradi.
Bu yoqqa kel… Boshqa hech qachon…
M a r i ya R o z a r i ya yaqinlashadi.
(dag‘allik bilan) …kechasi sandiraqlab yurma! (qizning yuziga tezkorlik bilan shapaloq tushiradi va keskin burilib, o‘z ishi bilan ovora bo‘ladi.)
M a r i ya R o z a r i ya (yuzini kafti bilan ushlab turarkan; u onasining qilmishidan uncha hayron qolmagan, aftidan, bu oddiy hol bo‘lsa kerak, ovozi qa’tiy va g‘azabli). “Roma”ga ikki dugonam bilan kinoga tushgandik…
A m a l i ya (e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan, lekin avjni pasaytirib). Bormaslik kerak edi. (O‘zi bilan o‘zi gaplashganday). Hamma joy qop-qorong‘u, sen bo‘lsang birdan o‘n beshta o‘tganda uyga kelding… qo‘shnilar nima deydi? Kecha bir mahal bo‘lgani uchun, indamadim… O‘zingni tutib yurmasang, teringni shilib olaman! Bor, qahva tayyorla, hademay mijozlar keladi.
Nafsoniyatiga tekkan, ozroq g‘azablangan Mariya Rozariya chiqib ketadi.
J ye n n a r o (hujrasidan chiqadi. U hanuz o‘zini tartibga keltirib ulgurmagan, ko‘ylagi shimiga tiqilmasdan turibdi. Keyingi sahnada esa soqolini olmoqchi bo‘lib, hujra devoriga osig‘liq kichkina oyna qarshisida yuziga sovun uradi). Bu qurg‘ur qizlar!.. Yoshlardan bir zum ham ko‘z uzmay, nazorat qilib turish lozim!
Amaliya javob bermaydi. Matras tagidan xaltacha oladi-da, undan bir burchakda turgan xumchaga loviya ag‘daradi. Jennaro buni payqamaydi.
A m a l i ya (tashqaridagi qiziga). Qahvani tayyorlaganingdan so‘ng, mana bu loviyani qaynat… (Tashqariga qarab yuradi va kirib kelayotgan Mariya Rozariyaga xurmachani tutqazadi. Qiz chiqib ketadi.)
J ye n n a r o. Demak, loviyamiz bor ekan-da?
Amaliya javob bermaydi.
Men so‘rayapman!
Ko‘chadan Adelaidaning ovozi eshitiladi: “Assu, ikkita o‘tin yoqib qo‘y, biroz yovg‘on sho‘rpa pishiramiz…” Adeliada kiradi. U ko‘rinashdan oddiygina, o‘rta yoshli, ayyor, sergap ayol. Uning qo‘lida yeguliklar bilan to‘la, ko‘katlar ko‘rinib turgan xo‘jalik sumkasi.
A d ye l a i d a. Donna A m a l i ya, men Rituchchini maktabga kuzatib qo‘ydim, injiqlik qilmagani uchun yo‘l-yo‘lakay shirinliklar ham sotib olib berdim… Qanday yaxshi qizalog‘ingiz bor! Bir antiqa fikr yuritadi!
Chilangar-gazchining kiyimida o‘ng tarafdan Amadio kiradi va javondan cho‘tkani olib, o‘zi bilan olib kirgan furajkani tozalay boshlaydi. U Adelaidaning so‘nggi so‘zlarini eshitgan va singilchasining maqtalayotganidan xursand.
U o‘zini xuddi katta odamday tutadi! Yoshi nechada?
A m ye d i o (gapga aralalashib). Beshga kirdi!
A d ye l a i d a (mayin). Huddi kampirsholarday odobli! Fikrlashini aytmaysizmi? Qanday toza gapiradi! Men ataylab: “Kimni yaxshi ko‘rasan?” deb so‘radim. U menga: “Onamni”, deydi.
J ye n n a r o. U haqiqatdan ham onasini yaxshi ko‘radi.
A d ye l a i d a. “Otangni-chi” desam, ”U ahmoq”, deydi. Shunaqa toza gapiradi, shunaqa toza gapiradi… “Re”ni shunaqa o‘rniga keltirib aytadiki… (Gapini Amaliya bilan davom ettiradi.)
Adeliadaning gaplaridan achchig‘i chiqqan Jennaro unga, shuningdek, bu ayolning laqillashlari xush yoqqanini fahmlab, xotini va o‘g‘liga jahl bilan qaraydi.
J ye n n a r o (ozgina sukutdan so‘ng, aytayotgan gaplarining ishonchli chiqayotganiga o‘zi ham ishonmay). Men qizaloqning gapini jiddiy qabul qilmayman. Hali yoshi beshda bo‘lsa… O‘rgildim uning gapidan! (Amedioga, og‘rinib.) Sizlar unga har xil gapni o‘rgatavermanglar.
A m ye d i o. Biz unga o‘rgatayapmizmi? O‘zi ko‘chada eshitadi.
J ye n n a r o (sabrini yo‘qota borib). Yo‘q, sen o‘rgatayapsan! Uyda har balo deb laqillaysan, qizlar esa takrorlab turishaveradi.
A m ye d i o. Men? Aqlingizni yeb qo‘yibsiz!
J ye n n a r o. Mayli, agar sizlarga shu yoqsa…
A m ye d i o. Xuddi shunday!
J ye n n a r o. Sizlar bilan gaplashishni ham istamayman!..
A m ye d i o. Nega bo‘lmasa, gaplashayapsiz?
J ye n n a r o (o‘zining xatosini anglab). Chunki doim gaplashmaslik esimdan chiqib qoladi.
A d ye l i a d a (totuvlikka chaqirgan ohangda). Don Jennaro, siz bunga ahamiyat bermang… (qizaloqni nazarda tutib) Farishtaning og‘zidan chiqqan gaplar… (qizaloqning gapi va harakatlariga taqlid qilib, kuylaydi). “Otam – ahmoq! Otam – ahmoq!”
J ye n n a r o (achchiqlanib). Yo‘q, u bu gaplarni ko‘chadan eshitgani yo‘q. Unga onasi o‘rgatayapti.
A m a l i ya erining shamasini tushunmayotganday qiyofada, yelka qisib qo‘yadi.
Ammo otasi ahmoq emas! To‘g‘ri, ba’zan poyintar-soyintar gapirib qo‘yadi… Chunki o‘n to‘rtinchi yilgi jahon urushidan qaytganidan keyin boshiga bir balo bo‘ldi!.. Bir narsa qilaman deyman – esimdan chiqadi. Bir narsa o‘ylayman, besh daqiqadan so‘ng nimaligi xotiramdan ko‘tariladi… Mana, Amedioning makaronini ham o‘zimniki deb yeb qo‘yibman…
A m ye d i o (o‘sha kinoyali ohangda). A m ye d i o esa och qoldi!
Federiko kiradi. U Amedioning do‘sti – chilangar-gazchi. Qo‘ltig‘ida nonushta o‘ralgan tuguncha.
F ye d ye r i k o. Amedio, ketdikmi?
A m ye d i o. Shoshma, bir qultum qahva ichib olay.
F ye d ye r i k o. Men ichib kelyapman. (Amaliyaga ma’nodor qarab.) Vichentsa… Bilasizmi, donna Amaliya Vichentsa qahva uchun yarim lira kam olayapti.
A m a l i ya (Federikoning gapi qattiq tekkani uchun, sovuq ohangda). Vichentsanikidan qahva icha qoling.
F ye d ye r i k o. Lekin sizning qahvangiz totli… Men unga ham shunday dedim.. (Atrofdagilarga gapi yoqmaganini sezgach, o‘rtadagi sovuqlikni ko‘tarish uchun Jennaroga gap qotadi.) Soqol olayapsizmi, don J ye n n a r o?
J ye n n a r o (sovuqqon). Yo‘q! qadoqlarni kesayapman! Nima, soqol olayotganimni ko‘rmayapsizmi? So‘raganingizni qarang! G‘irt bema’ni savol berdingiz! Bekorga kuch sarflab gapirgandan ko‘ra, gap so‘rashlarini kutib o‘tirsangiz bo‘lardi!
F ye d ye r i k o. Yaxshi, ayb menda. (Hazil aralash.) Don Jenna, nima deysiz? Hayotimizni qachondir epaqaga keltirolamizmi?
J ye n n a r o. Senga hazil bo‘lsa!.. Agar vazir bo‘lsam, bilmayman qaysi soha bo‘yicha, chunki bu muammo qaysi vazirlikning izmida ekanligini tushunmayman, ammo ko‘z ochib yumguncha yechib tashlar edim!
F ye d ye r i k o (ermakka unga olov berib). Xo‘sh, mol yetishmasligiga nima sabab deb o‘ylaysiz?
J ye n n a r o. Mol yetib ortadi! Un, yog‘, pishloq, kiyim, poyabzal – hamma narsa bor! (Ishonch bilan xulosa qiladi.) Yetishmaydi deganlari – eski qo‘shiq.
F ye d ye r i k o. Bu gapni qanday tushunsa bo‘ladi?
J ye n n a r o (yuziga sovun urarkan). Sen juda yoshsan – eslay olmaysan… Hozir avvalgi urushdagidek ahvol takrorlanayapti. O‘shanda ham hech narsa topib bo‘lmasdi, narx-navo osmonga chiqqandi, tovar izidan qurigandi… Seningcha, nima uchun urushni qo‘zg‘aydilar?
F ye d ye r i k o. Xo‘sh, nima uchun?
J ye n n a r o. Molni yashirib qo‘yish uchun!
Hamma uni qo‘llab kuladi.
(Berilib, soqol olishni unutguncha.) Belgilab qo‘yilgan baholar-chi? Hozir bu oddiy ish bo‘lib tuyilayapti! Men senga aytsam, belgilab qo‘yilgan baho hamisha odamlarni xonavayron qiladi. Bir qarasang, nomi chiroyli: belgilangan narx. Go‘yo sening mavqeing ham belgilab qo‘yilganday. Qaydan!.. Hamma kasofatning boshi – belgilab qo‘yilgan narx! Hukumat narxni belgilab qo‘yib, chakana va ulgurji savdogarlarni hiyla-nayrangga undaydi… Nayrangbozlik boshlanadi… (So‘nggi so‘zlariga “o‘g‘irlik” ma’nosiga ishora berguvchi qo‘l harakatlarini qo‘shadi.) Bechora iste’molchiga esa uchta yo‘l qoldirishadi: yo ochdan o‘lish, yo gadolik qilish, yo qamoqqa tushish…
Quvnoq qo‘llab-quvvatlashlar.
Mening rejam, qonunimning loyihasi, agar menga bog‘liq bo‘lganda…
Ko‘chadan Erriko Xushro‘y va Peppe Domkrat kiradilar. Bu ikki haydovchi yigit avtoulov qatnovi taqiqlangani uchun bekorchilikni kasb qilib yuribdi. Ikkovi ham bir ahvolda kiyingan. Erriko Xushro‘yning laqabini uning tashqi ko‘rinishi ham aytib turibdi. Neapol ko‘chalarining didiga mos husnu qomati bor. U o‘ttiz beshlarga kirgan, baquvvat, qoracha sochlari jingalak, ko‘zlari o‘ynab turuvchi, harakatchan yigit. Ishtiyoq bilan ko‘ngildan chiqarib, lekin atrofdagilarga homiylik ko‘rsatganday kuladi. Yoqimtoygina qallob – “qo‘lidan hamma ish keladigan yigit”. Peppi Domkrat – dag‘alroq va u qadar ayyor emas, ammo kuchli: keng ko‘krak, bo‘yni ho‘kiznikiday, g‘ildirakni yechish lozim bo‘lganda, avtomobilni bir yelkasida ko‘taradi. Shuning uchun ham u Domkrat laqabini olgan. Qo‘llarini deyarli harakatlantirmay gapiradi. Ko‘proq eshitadi va eshitganini jimgina hazm qiladi. Sekin yuradi. Sekin gapiradi.
E r r i k o. Salom!
Alik olishlar eshitiladi.
Don Jenna, bizni ham qonun loyihasi bilan tanishtiring!
J ye n n a r o (quruq). Qahva ichgani keldilaringmi? Ichinglar–da, ishlaringga ravona bo‘linglar!
P ye p p ye. Nega endi biz eshitishimiz mumkin emas?
A m a l i ya (betoqatlik bilan, tashqariga qarab). Qahvang tayyor bo‘ldimi?
Mariya Rozaliyaning ovozi: “Yana ikki daqiqa!”
E r r i k o (Jennaroga). Xo‘sh, eshitamizmi?
J ye n n a r o. Endi… mening qonunimning loyihasi… (Qisqacha tushuntira boshlaydi.) Gap tovarning yetishmasligida… Men: tovarlar yetarli, ammo belgilangan narxlar ularning g‘oyib bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda, deb ta’kidlayman… Bilasizmi… Belgilangan narxlar – murakkab narsa… Uni birdaniga, tong sahardan, mana bunday laqqillab tushuntirish qiyin… Yo‘q! Bu la’nati belgilangan narxlarni anglamoq uchun qancha yillaru qancha oylar kerak… Belgilangan narx nima, u qanday qo‘llaniladi… Agar biror kimsa u haqda kitob yozmoqchi bo‘lsa butun dunyoning va bor olamning siyohi kamlik qilardi…
E r r i k o. Qisqaroq… mumkinmasmi?
J ye n n a r o. Xalaqit berma. Gapirayapman-ku.
P ye p p ye. Don Jenna toqatim toq bo‘layapti. Siz xafa bo‘lmang, ammo kimdir uzoq gapirsa, jonimga tegadi-da, ketamanu qolaman.
J ye n n a r o. Birov ushlab turgani yo‘q. Keta qol!
E r r i k o (Peppega). Eshitaylik endi!.. Davom eting, Don Jenna.
J ye n n a r o. Xullas, bu izlanishlarga qancha-qancha yillarni sarflash lozim. Sizlarning qimmatli vaqtlaringizni olmaslik hamda Peppe Domkratning joniga tegmaslik uchun, qisqacha tushuntirishga harakat qilaman, holbuki, men yozuvchi emasman va siyosatga tishim o‘tmaydi; ammo odamlarning musibatlariyu noroziliklari menday sho‘rpeshona fuqaroni va o‘tgan urushda Vatanga sidqidildan xizmat qilgan askarni bu yo‘lga qadam qo‘yishga o‘rgatdi! Mana, askarlikdan bo‘shatilganim haqida qog‘oz! (Jennaro qog‘ozni keltirish uchun qo‘zg‘aladi, ammo uni “sizga ishonamiz”, “hech kim shubha qilayotgani yo‘q”, “xudo haqi” degan ma’nolarni berguvchi imo-ishoralar bilan to‘xtatishadi.) Demak… Belgilangan narxlar… Menimcha, belgilangan narxlar faqat ularni yaratgan odamlarning manfaatlari yo‘lida yaratilgan… Ular faqat yozishni biladilar. O‘zlarining foydalariyu bizning zararimiz uchungina professorlik qiyofasiga kirganlar. Ma’naviy va moddiy zarar; avvalambor ma’naviy, so‘ng moddiy… Hozir tushuntiraman… Belgilangan narxlar amalda ”Yashashni bilmasang, oyoq tagida o‘ralashma, men senga qanday yashashni o‘rgatib qo‘yaman” degan ma’noni bildiradi. Ammo biz, ya’ni xalq yashashni bilmasligimiz yolg‘on… Xalq savodsiz, ongsiz, yetilmagan degan gaplarni ular o‘z foydalari uchun o‘ylab topganlar… O‘zlari esa hamma jilovlarni qo‘llariga olib, asta-asta xo‘jayin bo‘lib oladilar. Professorlik qiyofasiga bu safar fashistlar kirdilar… (Birdan to‘xtab qoladi; qo‘rqib, hammaga.) Yigitlar, tashqariga qaranglar… Eshitib qolishsa, bu gaplarim uchun sog‘ qo‘yishmaydi.
E r r i k o. Don Jenna, gapiravering. Professorlar hali uxlab yotibdi…
J ye n n a r o. Ammo ularning malaylari bor.
F ye d ye r i k o (Sahnaning to‘riga borib, tashqariga qaraydi). Gapiravering, gapiravering… Tashqarida hech kim yo‘q…
P ye p p ye (asabiy.) Qay ahvolga tushganimizni Madonnaning o‘zi ko‘rib turibdi. Ortiq bunday yashab bo‘lmaydi!
J ye n n a r o. Biz… Nimaga to‘xtagan edik?.. Ha, jilovni qo‘llariga kiritib, ular xo‘jayin bo‘lib olishmoqda. Xo‘jayinlar bu ishlarni bizga yaxshilik qilish uchungina amalga oshirayotganlarini – avval manefest, so‘ng nutq, qo‘rqitish, qonun, buyruq, qurol bilan uqtirayaptilar… Odamlarni shu ahvolga solganlarki… xuddi hozir sizu bizday (bunday so‘zlarni gapirilganda saqlanishi lozim bo‘lgan hozirgiday qurquv aralash ehtiyotkorlikni ko‘zda tutib.) hatto gapirishdan ham qo‘rqadi!
Hamma ma’qullaydi.
A d ye l a i d a. Parvardigori olam! Og‘zimizni bekitib qo‘yishdi-ya!
J ye n n a r o. Xalq va professorlar hamma ishni bir-birlariga qarama-qarshi qiladilar. Professorlar o‘z choralarini ko‘radilar, xalq o‘z choralarini o‘ylab topadi. Va asta-asta hech narsa senga tegishli emasligini – bu ko‘chalar, saroylar, uylar, bog‘larda ham sening haqing yo‘qligini anglab borasan. Hamma narsa – professorlarning mulki. Ular hamma narsadan xohlagancha huzurlanib foydalanadilar, sen esa so‘qir toshga ham teginolmaysan. Xuddi mana shunday sharoitda urush boshlanadi. “Urushni kim boshladi? – Xalq!” – deydi professorlar. “Urushni kim e’lon qildi? – Professorlar!” – deydi xalq. Agar urushda yutqazilsa, xalq yutqazgan bo‘lib chiqadi. Yutsa, professorlar yutgan bo‘ladi. Bu gaplarning suhbatimizga nima aloqasi bor, deb so‘rashlaring mumkin. Bor! Chunki belgilangan narx – xalqni yerga urishning bir shakliki, u odamlarni qaramlikda va mutelikda ushlab turadi. Mening qonunim loyihasi bo‘yincha, hamma zimmasiga qandaydir bir mas’uliyat oladi. Agar bu mas’uliyatlar bir joyga jam etilsa, izzat-hurmatu azobu-uqubat, foydayu ziyon, o‘limu hayot teng bo‘linadigan Yagona Ulkan Mas’uliyat paydo bo‘ladi. O‘shanda men yetilganmanu, xalq yetilmagan, degan gaplarga o‘rin qolmaydi.
Hamma Jennaroni diqqat bilan eshitmoqda, hamma tushunganday, faqat…
P ye p p ye (chin ko‘ngildan). Don Jenna, men hech narsa tushunmadim…
J ye n n a r o. Agar sen tushunganingda, bunaqa kunga qolib o‘tirmagan bo‘lar edik.
A m a l i ya (u butun suhbat davomida gapga aralashmay, o‘z ishi bilan andarmon, ammo hozir erini chalg‘itish uchun gap tashlaydi.) Soqol olishni tugat-da, kiyin!
Jennaro yana iyagiga sovun ura boshlaydi.
P ye p p ye. Don Jenna, benzinsiz yuradigan mashina xususida biror narsa o‘ylab topmadingizmi?
J ye n n a r o (hazil aralash). Bu endi boshqa qonun loyihasi. Har bir avtomobilning to‘qqiz shofyori bo‘ladi: bittasi rulda, qolgani motorning o‘rnida, mashinani itaradi.
Hamma kuladi. Ko‘chadan Rikardo kiradi.
R i k k a r d o (U badavlat xizmatchi. Kamtarin, lekin o‘z qadrini biladi. Boshdan-oyoq qora kiyimda, penne taqqan. Qo‘lida gazeta, uni doim o‘qishga harakat qiladi). Xayrli kun!
Hamma hurmat bilan alik oladi.
A m a l i ya. Xayrli kun, sinor. Bir daqiqadan keyin qahva tayyor bo‘ladi. Yangi qahvadan tayyorlangan.
R i k k a r d o. Rahmat, rahmat.. Bu kecha mijja qoqmadim. Boshim yorilguday og‘riyapti… Xotinim trevoga sirenasining chinqirig‘ini eshitsa, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Bolalar bilan bir yarim soat yerto‘lada o‘tirib, bir mahal qaytdik. Uyqu qayerda! Xotinim bechora qaltiragani qaltiragan, tishi tishiga tegmaydi…
P ye p p ye. Ha, rosa bomba tashlashdi.
R i k k a r d o (gazetani ko‘rsatib). Margarita chorbog‘i yonida ikki uyni, Kapodimontda qandaydir bir imoratni vayron qilishibdi.
P ye p p ye. Ha, tramvay deposining qarshisida!
E r r i k o. Ular (osmonni ko‘rsatarkan, bombardimonchi samolyotlarni ko‘zda tutib) rosa avjiga chiqarib, bombardimon qilishni boshladi.
O‘ng tarafdan, ulkan qahva idishni ko‘targancha, Mariya Rozariya kiradi.
A m a l i ya (Amedioga). Eshiklarni yopib, tashqaridan kuzatib tur!
Amedio onasining aytganini bajaradi. Amaliya hammaga qahva quyadi. Hamma qahvani ichib bo‘lgach, pul to‘laydi.
E r r i k o (tilini taqqillatib). Tabriklayman, donna Amalya! Bugun qahva ajoyib!
J ye n n a r o (soqol olayotib Federiko bilan gaplashayotgan gapining xulosasini aytadi). To‘ppa-to‘g‘ri! Bu gap yana bir qonun loyihasi bo‘lishi mumkin!
P ye p p ye. Bu kecha qo‘rquvdan o‘lib qolayozdim!
A d ye l a i d a. Men bo‘lsa, sirenaning ovozini eshitgandan, hamma narsani tashlayman-da, mana buni (cho‘ntagidan tasbeh olib ko‘rsatadi) olib, bombapana yerto‘laga chopaman!
J ye n n a r o. Mening a’zoyi badanim uvishib, qornim shunday og‘riy boshlaydiki, to‘g‘ri hojatxonaga yugurishdan boshqa choram qolmaydi. Qo‘rqoqligimni tan olaman… Sirenani eshitdimmi… yuguraman…
P ye p p ye (Rikkardoga). Sinor, siz nima deysiz? Bu urush qachon tugaydi?
R i k k a r d o. E, kim biladi…
P ye p p ye. Yanada kuchliroq bombardimon bo‘larmish, shaharlarimizni vayron etmoqchi emishlar… Nima deb o‘ylaysiz, sinor, bizning hammamizni yo‘q qilishadimi?
E r r i k o. Yanada kuchliroq bombardimon qiladi deysanmi?
F ye d ye r i k o. Bizni yo‘q qilarmish!
A d ye l a i d a. Ular zahar tashlaydi, degan gaplar ham yuribdi.
J ye n n a r o (soqoli olingan yuzini artar ekan, boshqalar baravarida) Bizni yo‘q qilarmish?
P ye p p ye. Bu mardona urush emas. Axir, oilaning nima daxli bor, uyning nima daxli bor?
R i k k a r d o (gazetada bir joyni nuqab). Mana qaranglar, ulug‘ yoshdagilarni ham armiyaga chaqirish e’lon qilinibdi!
A d ye l a i d a. O, Madonna della Libera!
A m a l i ya. Nima deb o‘ylaysiz, sinor? Zahiradagilarni ham chaqiradimi? O‘g‘lim Amedio uchun juda tashvishdaman. Nima deb o‘ylaysiz?
R i k k a r d o. E… Kim biladi!
J ye n n a r o (g‘azabga to‘lib, qariyb jirkangan ko‘yi Rikkardoga qaraydi). Nega hech narsa bilmaysiz, sinor? Yana gazeta ham o‘qiysiz!.. Odam tinchlantirishingizni so‘rayapti, shunchaki bo‘lsa ham, ko‘nglini ko‘taring.
R i k k a r d o (hamdardlik bilan, yumshoq ovozda). Sizni mamnun etmoq uchun, endi bomba tashlashmaydi, armiyaga chaqirishmaydi, yana avtomobillarda bemalol yurishga ruxsat berishadi, deyishim lozim edimi? Bu gaplarni men qayerdan topay?
J ye n n a r o. To‘g‘ri… Ammo siz qora kostyumdasiz…
R i k k a r d o (qiziqqonlik bilan). Nima bo‘pti? qora kiygan odam, sizningcha, urush qachon tugashiniyu qachon bomba tashlanib, qachon tashlanmasligini biladimi?
J ye n n a r o (kutilmagan hurmatda, janjalni silliqlash uchun) Yo‘q… Har holda idorada… yuqoridagilar bilan gaplashib turasiz…
R i k k a r d o (qo‘rquvini yashirish uchun, dadillik bilan). Hech kim bilan gaplashmayman. Hech narsa bilmayman.
P ye p p ye (Errikoga). Yaxshi… Ketdik… Bu sinor hech kim bilan gaplashgisi kelmayapti. Kim bilsin, bizni kim deb o‘ylayapti. (Rikkardoga.) To‘g‘ri qilasiz. Bunday zamonda tilni tishlab yurgan yaxshi.
A d ye l a i d a. Xuddi shunday. Bizning nima ishimiz bor? Bizga hech ham daxli yo‘q.
P ye p p ye. Salomat bo‘linglar! Sen ham ketasanmi, Fedri?
F ye d ye r i k o. Ha. Ketdik Amedio.
A m ye d i o (u hozir ko‘chadan kirgan). Menga qachon bir qultum qahva berasizlar? (Shoshib ichadi. So‘ng hammaga murojaat etadi.) Salomat bo‘linglar! (U Federiko va Peppe bilan nimanidir so‘zlashib chiqib ketadi.)
Erriko ko‘chada to‘xtab chekadi, kutilmagan xatardan xavotirga tushayotgan odamday, atrofga alanglaydi.
A d ye l a i d a (xayrlasharkan). Hali ko‘rishamiz, donna Amaliya. Men borib ishyoqmas jiyanimni uyg‘otishim kerak.
J ye n n a r o (hujrasiga kirar ekan, Rikkardoga). Biz bilan gaplashsangiz bo‘laveradi. Ishonchli odamlarmiz. Biz ham xuddi sizday fikrlaymiz. (Hujraga kiradi.)
R i k k a r d o (ovozini pasaytirib, ehtiyotkorlik ila). Donna Amaliya, yog‘ topoldingizmi?
A m a l i ya. Keyinroq keling. Bir odam va’da bergan edi… Bilasizmi, ba’zan bo‘ladiganday… qimmatroq oladigan xaridor chiqib qolsa, u o‘shaning etagini tutib ketaveradi… Ammo olib kelsa, yog‘ sizniki. Bilasiz, biz yog‘ iste’mol qilmaymiz. Birinchidan, bizga yoqmaydi, ikkinchidan… u juda qimmat… Xarid qilishga kimning ham kuchi yetadi…
R i k k a r d o (kesatib). Ha, yog‘ sotib, siz bir chaqa ham foyda ko‘rmaysiz!
A m a l i ya (og‘ir olib, lekin yuqoridagi ohangdan chiqmay). Sinor… Agar bunday gaplarni gapirsangiz, munosabatlarni davom ettirolmayman… Bolalaringiz borligi tufayli sizga yordam berib keldim. Ammo o‘zim foydamni o‘ylaganim yo‘q! Agar o‘ylagan bo‘lsam, madonna, mayli…
Shu payt Jennaro hujradan chiqadi. U kiyingan – galstuk taqqan, jiletda. Stulning orqasiga osib qo‘yilgan pidjagini olgani sahnaning to‘riga yuradi. Amaliya qo‘llarini baland ko‘targan – tor ko‘chada o‘rnatilgan madonna haykali qarshisida nima deb qasam ichishini bilmay turibdi. U biroz ikkilanib turgach, ko‘zi eriga tushadi-da, birdan xitob qiladi.
Mayli, madonna erimga qaytib nazar solishni nasib ko‘rmasin!
Jennaro to‘xtaydi va xotinining qasamini eshitgan joyda bir zum toshday qotib turadi. So‘ng itoatkorlik royishida tushuniksiz nimalarnidir g‘udurlab, xotinining qasamidan noroziligi bilinib turgan ko‘yi, pidjagini olib, hujrasiga kirib ketadi. Bu payt Amaliya matras tagidan tugunlarni olib, Rikkardoga uzatadi.
Mana bu so‘raganingiz qant. Bu shokalad. (Uchinchi tugunchani ko‘rsatib.) Bu tugunchada oq undan qilingan vermishel bor… Buning hammasi… (Hisoblashga urinib, ammo o‘zini ichida hisoblay olmayotgan qilib ko‘rsatib.) Shoshmang… haligi odam keltirgan qog‘oz bor; halizamon u pul so‘rab kelib qoladi. (Javon ichini paypaslab, qog‘oz oladi, o‘zini o‘qiyotganga soladi.) Ikki kilo qand… Bir kilo kakao… O‘n quti vermishel… Ha, o‘tgan haftadan qolgan qarzlar… Hammasi bo‘lib… rosa uch ming besh yuz lira!
R i k k a r d o (Ranggi oqaradi; bir lahza dovdirab turadi. O‘zini tutib olgach, tilyog‘lamalik bilan) Bilasizmi, donna Amaliya!.. (u o‘zinning nochorligidan xijolatda va gapiga xushmuomalalik ohangini bermoqchi.) Hozirgi paytda qo‘limda pul yo‘g‘roq. Xotinim kasal yotdi… qanchaga tushgani bir menga ayon… Uchta bolamiz… (Ma’yus tortib.) Oyning oxirida birdan sochim oqaradi. Maosh o‘sha-o‘sha… Bu qimmatchilikda yig‘ib qo‘ygan uch-to‘rt so‘mimiz shamolga uchganday g‘oyib bo‘ldi… Bilsangiz, shu kunlarda…
A m a l i ya (Rikkardoning qo‘llaridan tugunlarni olar ekan, beparvogina). Har qalay sizning ko‘chmas mulkingiz bor…
R i k k a r d o. Hozirgi yashab turgan uycham… Men uni bankdan qarz ko‘tarib, sotib olgan edim; yillab bosh ko‘tarmay ishlab va eng zarur narsalardan ham voz kechib… Yana Manokavalloda ham ikkita kvartiram bor… Bilasizmi, ularning ijarasidan qancha olaman? Biridan oyiga ikki yuz, yana biridan uch yuz… Sotishga ko‘zim qiymaydi… Bolalarimni nasibasidan judo qilishga jur’at qilolmayman. (Peshonasini artadi, so‘ng qurbonlikka borayotgan odam qat’iyatida cho‘ntagidan lentalar bilan chiroyli qilib o‘ralgan kichkina quticha oladi. Uni ehtiyotkor bir mehrda ochadi.) Mana, xotinimning sirg‘asini olib keldim. Biladiganlar bahosini besh ming lira deb baholadi…
A m a l i ya (Befarqligini ko‘rsatish uchun sochini tuzatar ekan). Bir juftmi?
R i k k a r d o (xavotirlanib) Yo‘q. Bir donasi. Ikkinchisini garovga qo‘yganman. (Uyalib yerga qaraydi.)
A m a l i ya. Mayli… bir dona bo‘lsa ham… qoldiring. Haligi odamga ko‘rsataman. U shundan rozi bo‘lsa kerak.
R i k k a r d o. Uch ming besh yuz qarzim bor edi… Bir yarim ming qoladi. Qolganini o‘zingiz yashirib qo‘ying…
A m a l i ya. Qolsa… (qutichani olib ko‘ksiga yashiradi.)
R i k k a r d o. Menga, marhamat etib, oziq-ovqat beradilarmi?
A m a l i ya (unga xushmuomalalik bilan tugunlarni tutqazadi). Bo‘lmasa-chi… Ha, ertaga biroz sigir go‘shti keladi… Sizga bir kilocha olib qo‘yaman…
R i k k a r d o. Unday bo‘lsa, ertagacha… (U tugunlarni o‘zi bilan keltirgan charm portfelga joylab, ustidan gazeta bilan o‘raydi.)
A m a l i ya. Yangi tuxum zarurmasmi?
R i k k a r d o. Bor bo‘lsa… Bolalar uchun, bilasiz…
A m a l i ya. Ertaga topishga harakat qilaman…
R i k k a r d o. Rahmat va ko‘rishguncha!.. (Ketadi.)
J ye n n a r o (hujrasidan chiqadi. U kiyingan. Borib shlyapasini devorga qoqilgan mixdan oladi. Nimadir haqida og‘ir o‘ylar surarkan, sahnaning o‘ng tarafiga o‘tib o‘tiradi.) Bir narsani tushundim, Amaliya … Menga bekor ertaklar aytib berayapsan… Biz bir piyola qahva uchun xatarga to‘la, hozir qamoqqa olishlarini kutib, hayot kecharayotganimiz yo‘q… Ertadan kechgacha uyimizda begonalarni ko‘raman… Yog‘, guruch, oq un, loviya… Amaliya…
A m a l i ya (gapni bo‘lish uchun ildam ohangda). Bu narsalar meniki emas deb, senga necha bor aytganman… Menga mol olib kelishadi, men esa u-bu tanishlarimga ko‘mak beraman, xolos…
J ye n n a r o. Shunchaki, chiroyli ko‘zlari uchunmi?
A m a l i ya (qichqirib). Men bu ishdan hech qanaqa foyda ko‘rmayman!
J ye n n a r o (u ham qichqirib). Unday bo‘lsa, biz qanday qilib kun ko‘rayapmiz? Tushuntir, qanday mo‘jiza tufayli? Kartoshkaga qorin to‘ydirayapmizmi? Kim ishonadi? Bu gapga faqat beimon odamgina ishonishi mumkin… Kartoshkaga kun ko‘rayotgan emishmiz… Allaqachon qurigan gavaraga aylanib qolgan bo‘lardik… Men moyana olayotganim yo‘q, chunki asta-asta hamma tramvaylarni to‘xtatib qo‘yishdi… “Uchinchi”ni ham, “Beshinchi” ham… “O‘n oltichi”ni ham… Ishdan bo‘shatish, kutish… Tramvaychilarning yarmi ishsiz…
A m a l i ya. Unda biz nima qilishimiz kerak?
J ye n n a r o. Sen meni gapirgani qo‘ymaysan… Bir narsani tushundim deb aytdim-ku… Hozir esimdan chiqdi… Aynan hozir… (Esga tushirmoq uchun to‘xtab, qattiq o‘yga toladi, so‘ng birdan) Ha kartochka… kartochka… Agar kartoshkaga kun ko‘ra olmasang… (Yana esidan chiqarib qo‘yadi, o‘ylab topmoqchi bo‘lib qiynaladi, nimanidir pichirlaydi.) Dengizning avliyo homiylari, tushundim… Bu la’nati olibsotar bozorsiz ham odamlar yashash uchun nima qilmoqlari kerakligini tushundim… (Esiga tushib.) Ha!.. Agar kartoshka bilan yashay olmasang, bu olibsotar bozorga borish kerak! Qamashadi deb, qamoqqa tushaman deb, titrab-qaltirab yashamoq kerak! (Gapining mantig‘i qaylarga olib ketayotganini anglamaydi; muqarrarlikka yon berib, kutilmagan yumshoq bir tarzda gapini tugatadi.) Amaliya, juda ehtiyot bo‘lishimiz darkor… (Ketishga chog‘lanib,qo‘zg‘aladi.)
A m a l i ya. Nima qilmoqchisan, ketasanmi?
J ye n n a r o. Ko‘chada biroz laqillab kelaman… Toza hovodan nafas olmasam… Bu kecha yerto‘lada sovuqdan rosa qaltiradim… Nam suyagimgacha o‘tib ketdi… Kerak bo‘lsam, chaqirarsizlar…
E r r i k o (bo‘lib o‘tgan gap-so‘zni eshitib, bilib turibdi. U ostonada Jennaroni to‘xtatadi.) Shoshmay turing… O‘tgan kecha ikki tsentner qahva keltirgan edim…
J ye n n a r o (qo‘rqib ketib). Ikki tsentner?..
E r r i k o (ko‘chaga qarab olgach). Ha… Donna Amaliya marhamat ko‘rgazib, uni… (“Yashirib qo‘yganini” harakat bilan ko‘rsatadi.)
J ye n n a r o (ta’na bilan). Don Erri, biz endi nobud bo‘lamiz! Meni oxiri qamoqqa o‘tirg‘izasiz… Axir men… Siz so‘qqaboshsiz, men oilali odamman… Albatta, bunday og‘ir paytda bir-birimizga yordam darkor bo‘lsa, yaxshi, yordam beraylik… Ammo siz hamma narsani bu yoqqa sudrab kelayapsiz… Bir marta, mayli, ikki marta… Don Erri, men qo‘rqaman… Ularga surgun qilish, qamoqda yo‘q qilish hech gap emas. Hatto kim haq, kim nohaqligini surishtirib ham o‘tirmaydilar… (U hokimiyatni ko‘zda tutib gapirayapti. Sukunat. Peshonasini artib, atrofga alanglaydi. So‘ng Amaliyaga) qahvani qayerga yashirding?
A m a l i ya. Karavotga. Pastki ko‘rpani qahva bilan to‘ldirib qo‘ydim.
J ye n n a r o (karavotning yoniga kelib, ko‘rpalarni paypaslab ko‘radi). Parvardigorning o‘zi saqlasin! Karavotning tagida ham nimadir bor… un, yog‘, pishloq… (Birdan esiga tushib) Don Erri hali keltirgan pishlog‘ingizni… tezroq sotib yuborsa, bo‘lmaydimi?.. Kechasi hididan uxlab bo‘lmayapti.
E r r i k o. Don Jenna, ozgina sabr qiling. Shu pishloq tufayli o‘zi ko‘radiganimni ko‘rdim!
J ye n n a r o (qat’iy). Ehtimol oldi-sotdisida ozroq yo‘qotarsiz… Ammo sog‘liqqa foyda… Bilasiz, kechasi salqin bo‘layapti, eshikni bekitsang, hiddan dimiqib qolasan. Xudo haqi, kechasi ba’zan sirena ovozini eshitib, “najot ham bor ekan-ku” deb yuborasan.
E r r i k o. Qaytarib aytaman, ozgina sabr…
J ye n n a r o (suhbatning boshiga qaytib, karavotni ko‘rsatar ekan). Qant, un… cho‘chqa yog‘i… Bus-butun ulgurji ombori! (Yana tashqariga yo‘naladi.)
E r r i k o (qat’iy). Shuning uchun uzoqqa ketib qolmang. Agar bir gap bo‘lib qolsa, bularni (“yashirish lozim” degan ishora qiladi.) bir yoqlik qilish kerak.
J ye n n a r o. Yana parvardigorning ra’yiga qarshi borishga to‘g‘ri keladi. Mayli, mehnat qilamiz… Ammo, don Erri, hamma molingizni uyimdan olib keting… (Xotiniga.) Huv, burchakda turaman… Agar trevoga bo‘lsa, meni o‘ylamanglar… Hamma o‘zini o‘ylaydi, parvardigor hammani… Biror gap bo‘lsa, topib olishadi… (Ketadi.)
A m a l i ya. Men sizga qancha berishim kerak?
E r r i k o (galstugini to‘g‘rilarkan, nazokat bilan). Tashvish tortmang.
A m a l i ya (unga tikilib). Bu nimasi? Pullaringizni menga sovg‘a qilyapsizmi?
E r r i k o. Bunday sovg‘alar qilish imkoniyati hozircha menda yo‘q… Ammo sizga hayotimni ham berardim… Biroq qo‘lingizdan pul olishni istamayman. Sotilgandan so‘ng, tushumni hisoblab ko‘rasiz. Foydaning hammasi sizniki…
A m a l i ya (va’da qilingan foydadan ko‘ra, Erriko gaplarining ohangiga maftun bo‘lib). Nima keragi bor… Foydasining yarmi sizniki… (Olmos ko‘zli sirg‘a qutisini chiqarib.) Mana bu sirg‘aga qarang.
Erriko biladigan odam nazari bilan sirg‘ani yoruqqa solib qaraydi.
E r r i k o. Yomon emas.
A m a l i ya. Qancha turadi deb o‘ylaysiz?
E r r i k o. Unisini ham ko‘rsating.
A m a l i ya. Unisi yo‘q… Garovxonada…
E r r i k o. Unisini ham sotib olib, ikkalasining ko‘zi ham olmosmi, yo‘qmi – tekshirib qarash kerak ekan… Garov qog‘ozi bormi?
A m a l i ya. Afsus!.. Yo‘q… Shoshmang, bugun qanday kun?
E r r i k o. Dushanba.
A m a l i ya (ishonch bilan). Payshanbada, albatta, topib qo‘yaman.
E r r i k o. Juda yaxshi. Ikkalasini ham sotib olgandan keyin, narxini qo‘yaveramiz!
A m a l i ya. To‘rt-besh ming lira turadimi?
E r r i k o. Turadi… qahvani ichki matrasning tagiga tiqdingizmi?
A m a l i ya (karavot yoniga kelib, ko‘rpani ko‘tarib ko‘rsatadi). Mana, qarang. Borligi bilinmaydi… O‘ziyam rosa urindik… Matrasga ikkita molniya tikishga to‘g‘ri keldi. Lozim bo‘lganda, “shir” etkizib ochamanu, keragicha olaveraman… Qo‘l tiqasanu…
Bu payt Erriko Amaliyaning ortidan keladi-da, uning qo‘llarini ohista silab, mahkam ushlaydi.
…olasan. (dastini muloyimlik bilan ajratib, Errikoning qo‘llarni nariga surib qo‘yadi.)
E r r i k o (qa’tiy). Kerak bo‘lganda, yana qo‘l tiqasan! (Amaliyani quchoqlab, o‘pmoqchi bo‘ladi.)
A m a l i ya (Yigitning quchog‘idan sirg‘alib chiqarkan, qo‘zg‘alib ketgan erkakning ahvolini tushunib.) Don Erre… qo‘ysangiz-chi!.. Siz avval bunday emas edingiz…
E r r i k o (biroz tushganday, ammo Amaliyani qo‘yib yubormay). Donna Amaliya, meni afv etasiz!.. Siz meni kechirmaguncha, qo‘yib yubormayman.
A m a l i ya. Mayli, hech qisi yo‘q… Hamma ham tirik jon!..
E r r i k o. Rahmat, donna Amaliya, rahmat… (Ayolning qo‘lini qayta-qayta o‘padi.)
Sahnaning o‘ng tarafidan kirib kelgan Mariya Rozariya bu holni qo‘llarini beliga tirab, norozi bir qiyofada kuzatadi. Erriko qizni ko‘rib qoladi, Amaliyadan o‘zini tortib, beparvohol tarzga kiradi. Amaliya Errikoning o‘zini tutishdagi o‘zgarishlarni sezib, beixtiyor o‘griladi va qiziga ko‘zi tushadi. U dovdiraydi, ammo bir pasda o‘ziga kelib, sochlarini tuzatadi-da, qiziga o‘qrayib qaraydi.
A m a l i ya. Senga nima kerak?
M a r i ya R o z a r i ya (kinoya bilan, sovuqqina). Loviyaga bir bosh sarimsoq kerak.
A m a l i ya. Nima, o‘zing ololmaysanmi?
M a r i ya R o z a r i ya.Tugadi.
A m a l i ya. Donna Jovaninadan ol.
M a r i ya R o z a r i ya (sekin tashqariga chiqa boshlaydi. Ostonada to‘xtaydi, so‘ng qa’tiylik bilan). Bugun kechqurun kinoga boraman. (Ketadi.)
A m a l i ya (Errikoga ta’na bilan). Ko‘rdingizmi?.. Xudo biladi, bu qizaloqning boshida nima bor…
Ko‘chadan “Men uning tumshug‘ini yoraman!” degan Amedioning serhayajon ovozi eshitiladi. Uni “qo‘yaver!.. Mayda-chuyda ish… qo‘yaver!..”, deb tinchlantirayotgan Adelaidaning ovozi ham eshitilib turibdi. Amedio kiradi, uning ortidan Adelaida ko‘rinadi. U ostonada to‘xtaydi.
A m ye d i o (ko‘chadagilarga). Sizlarga ko‘rsatib qo‘yaman!..
A m a l i ya. Nima bo‘ldi, Amedio? Nega bu vaqtda bu yerda yuribsan?
A m ye d i o. Palyuchellaning jiyani bor-ku… Etikdo‘z Edijioning qizini olib qochgan jiyani… Biz u bilan do‘stmiz. U menga bir soat oldin donna Vichentsanikiga qahva ichgani kirganini aytdi… Vichentsa siz bilan janjal qilganidan biroz keyin… Donna Adeliada ham o‘sha joyda ekan… Donna Adelaida, siz gapirib bering…
A d ye l a i d a (Amaliyaning yoniga kelarkan, xushomad bilan, ammo olovga o‘t bermaslikka harakat qilib). Donna Vichentsa siz haqingizda ozroq gapirdi… (Sahnaning o‘rtasiga turib olib, voqeani aniq ko‘rsatish uchun, Vichentsaning ovoziga va harakatlariga taqlid qiladi.) “Buni qarang-a! Faqat u patent olibdimi? Faqat u qahva sotar ekanmi? Men qahva bilan savdo qilmasam, u ham qilmaydi!.. Unday… Bunday… Uning tanishlari bo‘lsa, mening ham tanishlarim bor!.. Agar bugunoq uni bir baloga duchor etmasam, Vichentsa ismimni boshqa qo‘yaman!..” Keyin shol ro‘molini yelkasiga tashladi-da, uyini qulflab, yugurganicha ketdi.
A m ye d i o. Albatta, u karbonerlar brigadiriga chaqqani ketgan.
A m a l i ya (tashqi sokinlikni saqlab). Mayli, bilasanmi, hozir sen nima qilasan… Uyni tintuv etgani kelishsa…
A m ye d i o. Bilaman… Men sizlarni xabardor qildim.
A m a l i ya. Yaxshi ish qilding. Bor, otangni aytib kel. Hu, muyilishda turibdi.
A m ye d i o (ko‘chaga yugurib chiqib, chaqiradi). Ota!… Uyga keling! Ha, uyga!.. (Amaliyaga) Sichqondum donna Fortunataning uyi yonida turibdi. Agar u trubka cheksa, karbonerlar ko‘chaga burilgan bo‘ladi.
A m a l i ya. Sen uyda bo‘lib tur!
M a r i ya R o z a r i ya (ostonadan). Mana, bitta sarimsoq. Ikki lira…
A m a l i ya. Yaxshi. Endi sochlaringni yoy-da, boshingga sharfingni tashlab ol… (qutini surib, qora shol ro‘molini oladi-da, yelkasiga tashlaydi).
M a r i ya R o z a r i ya. Hozir deganingiz qachon?
A m a l i ya (keskin). Hozir deganim, hozir! Ertaga emas! Tezroq bo‘l!
M a r i ya R o z a r i ya (sharfni olib, o‘ng tarafga yuradi). Kerak bo‘lsam, chaqirarsizlar (Ketadi.)
A m ye d i o (ko‘chani ko‘rsatib). Men ko‘chada bo‘laman. Sichqondum trubka cheksa, sizlarni xabardor qilaman… (qorovullik qilish uchun eshikdan chiqib turadi.)
Jennaro kiradi.
J ye n n a r o (hech narsadan xabari yo‘q.) Nima bo‘ldi, a?
A m a l i ya. (e’tirozlarga o‘rin qoldirmaydigan jiddiy ovozda). Hozirlik ko‘r!
J ye n n a r o (voqealar keskin tus olganini tushunib, qo‘rquvda). Yo‘g‘-e? Ana xolos! (Errikoga.) Don Erri, sizga nima degan edim… Hammamiz qamalamiz! (Shoshgancha, hujrasiga qarab yuradi.)
A m a l i ya (hayajonlanib, Amedioga). Suvoqchi Paskulino bilan Popni aytib kel.
A m ye d i o. Bu yoqqa kelishda uyiga kirib, ikkalasini ham aytib keldim.
E r r i k o (u bexavotir va bunday paytlarda o‘zini qanday tutishni biladi. Amaliyaga). Donna Amaliya, xavotir olmang!.. (Ko‘tarinki ohangda.) Men ketmayman! Sizlarnng taqdiringiz – mening taqdirim. (Ko‘rsatib.) Men, mana, bu yerda o‘tiraman. Xo‘sh… qarindoshlaringman!
A m ye d i o. Sichqondum trubka chekdi!
J ye n n a r o (hujradan bosh chiqarib). Trubka chekdi!
A m ye d i o. Iflos donna Vichentsa aytganini qildi! (Tashqariga mo‘ralab, yengil tortadi.) Xayriyat! Suvoqchi Paskualino va Pop kelayapti.
IKKINChI PARDA
Rikkardo bir zum sarosimalanib turadi, so‘ng go‘yo o‘ziga o‘zi gapirganday davom etadi.
R i k k a r d o. Kvartirani o‘zgartirish… Aytishga oson… Ilgarilari osongina ish edi… Yangi kvartiraga ko‘chib o‘tish tashvish ham uyg‘otmasdi… Chunki ko‘rimsiz, xaroba uyga ham bemalol ko‘chib borilardi. Chunki ko‘chada ham o‘zini uyidagiday his qilinardi. (Baxtiyor kunlarini eslagan kabi.) Bir vaqtlar… kechqurun uyingdan chiqarding… Atrofda sokin, beozor odamlar… Ular senga kulib qarashadi… Salomlashadi… Hamma bir-biriga do‘st… Agar ozgina ko‘nglingni yozging kelsa, bir chaqa ham sarflamasdan, oynavand do‘konlarni tomosha qilasan… Hasad yo‘q… Xafagarchilik yo‘q… Qaraysan: do‘konda chiroyli bir mol turadi. Imkoniyati darajasida pul yig‘asan-da, sotib olasan… Kvartirani almashtirish… Hozir uyingdan tashqariga qadam bossang, nima qilaringni bilmay qolasan. Xuddi boshqa mamlakatga tushib qolgandaysan…
E r r i k o (ta’sirlanib). Albatta, bu… mening ishim emas… Agar donna Amaliya istasa…
R i k k a r d o (ruhlanib). Donna Amaliya, bu yerda o‘n ming yetti yuz lir. Bolalarim haqi, oling! Bilsangiz edi, bugun… bugun… Mayli, bu gapni, oru nomusimni yerga urib bo‘lsa ham, aytaman… bugun bolalarim och qolishadi…
Erriko Amaliyaga qaraydi. Amaliya ham Errikoga qaraydi. Hayron bo‘lib qaraydi, chunki yigitning ko‘zlarida Rikkardoga hamdardlik borligini ko‘radi.
A m a l i ya. Kechirasiz… Aytganlaringiz, chiroyli gaplar, xolos… (Amaliyaning ko‘ziga tikilgancha, uning ko‘nglini yumshatishga urinayotgan Errikoga – e’tiroz qoldirmaydigan tarzda.) Sen, yaxshisi, aralashma. (Qat’iylik bilan o‘rnidan turadi.) Pulni olishni bilasiz… Endi esa, kvartirangizni bosib olganimni aytib, da’vo qilasiz… Nima, men kvartira uchun to‘lamaganmidim?
Rikkardo Amaliyaning dod-voyidan qo‘rqib, uni tinchlantirishga urinadi.
Biz och qolganimizda uyingizga borganmidik? (Qasoskorona ishonch bilan.) Mening bolalarim ochlikdan azob chekishmagan edimi? Siz issiq joyda ishlab, ko‘chalarda sayru sayohat etganda, oynavand do‘konlarni tomosha qilib yurganda, biz ikki bo‘lak pomidor solingan, yovg‘on no‘xat qipig‘ini toqat bilan yeb o‘tirganmiz. (Yanada baland qichqiriqqa o‘tib.) Sizga achinsam ham, aytib qo‘yay: endi avvalgi ikki kvartirangiz ham, hozir yashab turgan uyingiz ham meniki!.. Ellik ming lirni esa, marhamat qilib, advokat orqali oling. Agar hozirgi uyingiz qorningiz to‘q damlarni esga solgani uchun aziz tuyilsa, ijara pulini to‘lang-da, yashayvering! To‘lash qo‘lingizdan kelmasa, ana, katta ko‘cha! Endi bizni tinch qo‘ying, ishimiz ko‘p… (Rikkardoni tashqariga itarib.) Bo‘shatib qo‘ying uyni, bo‘shating!.. Boring, hisobchi! Boring!.. Yurish foydali!
R i k k a r d o (xo‘rlangan, ammo o‘zini tutib, odob bilan so‘zlashga harakat qiladi.) Yaxshi… Faqat achchig‘ingiz chiqmasin! Ketaman… Kvartira izlayman… Bo‘shataman… Ertalab advokatga boraman-da, ishni bitkazamiz… (Boshiga tushgan tashvishlardan va hozirgi haqoratlardan o‘zini yo‘qotib qo‘yib, nimalarnidir pichirlagancha, tashqariga yo‘naladi. Ostonada to‘xtab, o‘ngga buriladi, ammo xato qilganini sezib, chapga yo‘naladi.)
A m a l i ya (ko‘ngli joyiga tushib). Uf! O‘ylaymanki, endi nima bo‘lganini tushunib yetdi! (Errikoga, bo‘lingan gapga qaytib) Shunday qilib, zargarga uchrashdim deng…
E r r i k o. Ha… O‘tgan oyda olganim bir juft qimmatbaho toshni almashtirdim… Ustiga to‘rt yuz ming to‘ladim-da, mana bu ikki olmosni xarid qildim… (Yupqa qog‘ozga o‘ralgan bir juft olmosni ko‘rsatadi.)
A m a l i ya (ko‘zlarini uzolmay). Qanday go‘zal!..
E r r i k o. Toza olmos… Nuqsoni yo‘q.
Amaliya ko‘chaga qarab qo‘yadi. So‘ng karavotning o‘ng tarafidagi poldan kafel plitasini avaylab ko‘tarib, qimmatbaho javohirot solingan xaltacha oladi.
A m a l i ya. Doim xavotirdaman… (Xaltachani ochadi-da, haligi olmoslarni ham solgach, yana avaylab joyiga qo‘yadi. Plitani pol bilan bir tekis qilib o‘rnatadi. Yana tashqariga qaraydi. Yengil tortib.) Shunday qilib, bu olmoslar meniki!..
E r r i k o (o‘rnidan turib eshikning yoniga keladi va ko‘chadagi harakatga parishonlikda qaraydi). Bo‘lish boshlandi. (Amaliyaga qarab yuradi-da, sahnaning o‘rtasida to‘xtaydi. Alam bilan). Mening hissamni hissangizga qo‘shish sizga og‘ir bo‘lgani uchun…
A m a l i ya (oldindan o‘ylab qo‘ygani – jiddiy suhbatga tayyorlanib). Xushro‘y, quloq soling!.. Bilasiz, siz menga yoqasiz va sizni juda hurmat qilaman. Ba’zan ehtirosli ko‘zlaringizni to‘ldirib qarab turganingizni ko‘rsam, sizga shunday talpinamanki, Yaratgandan bu orzum haqiqatga aylanishini so‘rab tilovatlar qilaman. Men bu istaklarim uchun yuzimga tarsakilar urishga tayyorman, ammo…
Erriko g‘amgin tortib, ko‘zlarini yerga qadaydi.
Amaliy do‘stligimiz… yuk mashinalarda bu yerga olib keltirganingiz mollarni sotishim… bizga yaxshigina foyda keltirdi. Xudoga shukur! (Xulosa yasab.) Yolg‘on gapirib nima qilaman? Har holda yoshi yetgan qizim bor… Jennaro-chi?
E r r i k o. Mana, bir yildan oshdi, don Jennarodan biror darak eshitganingiz yo‘q. Xudo saqlasinu, agar tirik bo‘lsa, qayerda ekanligi xabarini yetkazishning biror-bir yo‘lini, albatta, topolgan bo‘lar edi. Bunaqa bombardimonlardan keyin, endi uning izini ham topish mahol. Jennaroni nemislar haydab ketdi… Nega uni nemislar haydab ketdi? Yo‘lda bunaqa dardisar ularga nima kerak? Yo‘llarda esa otishma… Bombalar, daydi o‘qlar… Ishoning menga, don Jennaro o‘lgan!
A m a l i ya (javonning tortmasidan xat olib, Xushro‘yga ko‘rsatadi). Buni ko‘ryapsizmi? Jennaroga jo‘natilgan… Uch kun avval keldi… Biror xabar bormi, deb ochib ko‘rdim… Bu xat Jennaro bilan yaqin orada birga bo‘lgan bir odamdan… U Jennaroga salom yo‘llab, hol-ahvolini bildiradi… Muhr noaniq – qayerdan kelganini o‘qish qiyin… Jennaro, demak, uyimizning manzilini bu odamga yozib bergan… Men qayerga boraman? Kimdan so‘rayman? U tirik, tirik, tirik! Agar borligini bildirolmagan bo‘lsa, demak, iloji bo‘lmagan… Bilasizmi, Jennaro hamma vaqt ko‘z oldimda mana shunday turadi…
E r r i k o (hovridan tushgan, gangigan). Siz uchun bayram bo‘lishi ravshan…
A m a l i ya (aftoda ohangda). Ham quvonch, ham qayg‘u. Chunki siz, albatta, tushunasiz… Boshlanadi: “Bu qanday savdo-sotiq? Bu ishni qilish mumkin, bunisini mumkin emas…” Xullas, oyoq-qo‘lim bog‘lanadi.
E r r i k o (Ayolning ko‘zlariga tik qarab, unga yaqin keladi. Qariyb ta’nali ohangda). Albatta…
A m a l i ya. “Bu xatarli… Ehtiyot bo‘lish kerak…”
E r r i k o. Boshqa… sababi yo‘qmi?
A m a l i ya. Barcha sababga ko‘ra ham.
E r r i k o (Amaliyaning esiga aniq bergan va’dasini tushirarkan). Men uchun xafa bo‘layotganingiz yo‘q, shundaymi? To‘g‘rimi? Yo‘q, men uchun emas!
A m a l i ya (soxta gapirishga endi kuchi yetmay, yigitning ko‘zlariga tik qaraydi, uning qo‘llarini mahkam ushlab, hayajonlanib shivirlaydi). Sen uchun ham! Sen uchun ham!..
Erriko uni bor kuchi bilan quchoqlaydi, lablarini sekin lablariga bosib, uzoq o‘padi. Shu payt Pop kirib keladi, jiletining cho‘ntaklarini kavlay boshlaydi, so‘ng ichkariga yo‘naladi. Ammo oshiq-ma’shuqlarni ko‘rib, orqaga qaytadi va ostonada ularga orqa o‘girib turadi. Notanish odam kiradi.
N o t a n i sh. Qahva!
P o p (uni dag‘allik bilan to‘xtatib, teskari o‘girgach, ortidan itarib borarkan). Savdo vaqtincha to‘xtatilgan. Muyulishdagi uyga boring. Boring! Boring!..
Notanish odam norozilikda allanimalarni g‘udurlab ketadi. Amaliya va Erriko Popning ovozini eshitib, dovdirab bir-birlaridan nari boradilar. Amaliya chapdagi eshikka kirib ketadi.
E r r i k o (jahli chiqib,norozi ohangda). Senga nima kerak?
P o p (cho‘ntaklarini kavlashtirar ekan). Gugurtim ichkarida qolibdi.
E r r i k o (dag‘allik bilan). Bor, ol!
P o p (Errikoni yumshatish uchun jilmayib). Qo‘ysang-chi… Gugurtni boshimga uramanmi? (Errikoni jahldan tushirolmaganini sezgach.) Mayli… Olsam, ola qolay… (Errikoga ko‘z ostidan qarab oladi-da, o‘ng tarafdagi eshikka kirib ketadi.)
Amedio kiradi.
A m ye d i o (Errikoga). Men bilan gaplashmoqchi edingizmi?
E r r i k o. Bu yoqqa qara, bola… Men ko‘chada tug‘ilganman va hayotni sendan yaxshi bilaman…
A m ye d i o (dovdirab). Nima demoqchisiz?
E r r i k o. Bir ajoyib damda barcha yurishlaringga nuqta qo‘yib, sendan ko‘ra ko‘proq ko‘radigan, eshitadigan va tushunadigan odamning so‘zlariga quloq tutgin demoqchiman. Xatarli yo‘ldan ketayapsan…
A m ye d i o. Qanaqa yo‘ldan?
E r r i k o. Peppe Domkrat bilan do‘stligingni yig‘ishtirib qo‘yishing kerak. Sen hali bolakaysan va shunday nodonliklar qilib qo‘yishing mumkinki, natijada, ozodlikdan mahrum qilinishing hech gapmas. Uni nega “Peppe Domkrat” deyishlarini bilasanmi?
A m ye d i o (o‘zini go‘llikka solib). Nega?
E r r i k o (kinoya bilan). Nima, bilmaysanmi? Shuning uchunki, u kechalari qarovsiz qoldirilgan mashinalarning atrofida izg‘ib yuradi, paytini topadi-da, ressoriga yelkasini tirab ko‘taradi… (E’tirozga o‘rin qoldirmay.) Sen esa g‘ildiraklarni yechib olasan!
A m ye d i o (qat’iylik bilan rad etib). Men?!
E r r i k o. Tushunmadingmi? Hozir, hozir aniqroq tushuntiraman. (Eshikda ko‘ringan Amaliyaga.) Biz biroz sayr qilib kelamiz. (Amedioning qo‘ltig‘idan oladi va qariyb kuch bilan olib keta boshlaydi.)
A m ye d i o. Don Erri, bu yerda qandaydir anglashilmovchilik bor…
E r r i k o. Yur-yur…
Ketadilar. Qariyb shu paytda sahnaning to‘ridagi ko‘chada Mariya Rozariya ko‘rinadi. U jimgina o‘ng tarafga yo‘naladi. Stol ustiga sumkachasini qo‘yib, onasiga qarab oladi. Qo‘llarini bir-biriga o‘rab, g‘ashni keltiradigan bir jilmayishda, beso‘z va beharakat turadi. O‘ngdagi eshikdan Pop chiqadi va ko‘chaga yo‘naladi.
A m a l i ya (qizining harakatini diqqat bilan kuzatadi. Kutilmagan bir voqea bo‘lganini anglaydi va kinoya bilan so‘raydi). Erta qaytibsan?
M a r i ya R o z a r i ya (bepisand). Kuyov yigit tuyog‘ini shiqillatib, qochib qoldi.
A m a l i ya (qariyb quvonib). Shundaymi? Senga nima! Boshqasini topasan.
M a r i ya R o z a r i ya (sovuqqonlik bilan). Kimni xohlasam, kimni yoqtirsam, o‘shani topaman. O‘zim topaman. Siz o‘z ishlaringiz bilan shug‘ullanavering!
A m a l i ya (hazil ohangda). Voy, bechora! Tinmay gapirarding! Sayohat! Amerika!.. Amerikaning senga ko‘zi uchib turgan edimi…
M a r i ya R o z a r i ya. Men bebaxtlikka uchradim… Axir, faqat gapirib yurganim yo‘q, yuragimni ham bergandim… Siz esa meni tuzukroq tergasangiz bo‘lar edi! Endi bekorga baqirayapsiz, baribir hech narsani tuzatib bo‘lmaydi…
A m a l i ya. Hech narsani tuzatib bo‘lmaydi? Nimalar qilib qo‘yding?
M a r i ya R o z a r i ya (aybni onasiga ag‘darishi mumkinligiga u qadar ishonmaganligi sababdanmi, qizg‘inlik bilan). Menga avvalroq ko‘z-quloq bo‘lish kerak edi! Kechqurunlari dugonalarim bilan ketayotganimda, quvonish o‘rniga, tergashingiz darkor edi. Ko‘chada yurishim sizga qulayligi uchun ham miq etmadingiz… Pulning ortidan, foydaning ortidan yuguravermasdan… meni ham o‘ylash kerak edi…
A m a l i ya (dovdirab, o‘zini oqlagan bir tarzda). Seni o‘ylamaganim haqida gapirishga qanday jur’at etasan? Nima qilgan bo‘lsam, shu uy uchun, senlar uchun…
M a r i ya R o z a r i ya (kinoyali). Siz? Meni o‘ylashga qachon vaqtingiz bor edi? Qachon? Xushro‘yingiz haqida kim o‘ylardi? Menmi?
A m a l i ya (g‘azabini arang tutib). Gapingni qara!.. Senga yana bir bor tushuntiraman… Xushro‘y bilan ikkalamiz oldi-sotdida hamkormiz… Bu ishning senga aloqasi yo‘q. (Birdan o‘zini yo‘qotib, jahl bilan) Men o‘zimga o‘zim qarashni udda qilaman, tushundingmi? Yaxshisi, o‘zingdan gapir… Gapir… (Sahna to‘riga borib, eshikni yopadi.) Qachon?.. Qayerda?
M a r i ya R o z a r i ya (xuddi onasi tengiday, uning ko‘ziga tap tortmay boqib, baqiradi). Shu yerda!.. Uni shu yerga boshlab kelganman! Xushro‘y bilan sayru sayohat qilib, bazmu jamshid qilib yurganlaringda!..
A m a l i ya (tasavvur qilolmay). Shu yerda? Mening uyimda?.. Rasvo bo‘lmay ket! Bu gapni onangning ko‘ziga tik qarab aytishdan uyalmaysanmi?! Sen meni ona deyishga loyiq emassan!.. Seni oyoqlarim tagida ezib tashlayman!.. Majaqlab tashlayman!..
M a r i ya R o z a r i ya (past tushmay). Xushro‘yni ham chaqiring! U ham meni sizga qo‘shilib majaqlasin!.. Siz unga bu huquqni ham berib qo‘yibsiz!
A m a l i ya (ko‘chadagilar eshitmasligi uchun, o‘zini arang tutib). Suyuqoyoq! Ha, suyuqoyoqsan!..
M a r i ya R o z a r i ya (barmog‘i bilan onasini ko‘rsatib). Xuddi sizday! Sizning o‘zingizday!..
A m a l i ya (o‘zini yo‘qotib). O‘ldiraman seni! O‘ldiraman!.. (qizining ustiga g‘azab bilan yuradi, Mariya onasining vajohatini ko‘rib, o‘ng tarafdagi eshikka yuguradi. Amaliya uni ta’qib qilab, quvadi).
Sahna ortida janjal yanada avjlanadi. Mariya Rozariya onasining mushtlariga chap berayotgani bilinib turibdi. Bu orada tor ko‘chada harakat boshlanadi: ovozlar quloqqa chalinadi. “E, o‘sha! O‘sha!..”, “Salom…”, “Nihoyat …”, “Don Jenna, assalomu alaykum!”, “Ana, Don Jennaro!” degan xitoblar eshitiladi. Tor ko‘chani, bayram kunlariday, ovozlar bosadi. Bir ovoz qolganlaridan alohida ajralib eshitiladi: “Don Jenna, bu yerda hammamiz sizni o‘lgan deb yurgan edik”. Jennaroning hayajonli ovozi yangraydi: “Mana, mana, tirikman! Qaytib keldim!”. Hayajonli salomlashishlar va tabriklar xori tinmaydi. Shu payt ko‘chadan juda muhim va kutilmagan xabarni aytadigan odamday Adelaida kiradi. Hech kim yo‘qligini ko‘rgach, chaqiradi.
A d ye l a i d a. Donna Amaliya! Donna Amaliya!
A m a l i ya (ko‘chadagi shovqindan va Adelaidaning kutilmagan g‘ayrioddiy ovozidan xavotir olib). Nima bo‘ldi?
A d ye l a i d a. Eringiz!
Jennaro kiradi.
J ye n n a r o (Hammani – so‘lga, o‘ngga; yuqoriga – balkonlarga qarab qutlar ekan). Rahmat! Hammalaringga rahmat! Keyin aytib beraman!.. Keyin aytib beraman…
Uning egnida yirtilgan, sho‘rlab ketgan kiyim: boshida Italiya askarining furajkasi, shimi Amerikaniki, pidjakning o‘rniga – nemis askarining ola-bula (kamuflyaj) yopinchig‘i. Jennaro juda oriqlab ketgan. Charchoq, ammo o‘z oilasi va uyiga yetganidan yuzi quvonchdan charaqlab turibdi. Uning yelkasida askarning yelkaqopiga o‘xshash bir balolar tiqilgan xalta, qo‘lida dekcha (qozoncha) vazifasini bajaruvchi qo‘lbola sim ushlag‘ichli banka. U ostonadan kiradi-da, atrofga bir qur nazar tashlaydi. Hayratlanadi. Hashamdor kiyimdagi xotiniga ko‘zi tushgach esa battar hayron qoladi. Jennaro xotinini tanimaydi. Adashib boshqa eshikka kirganman, deb o‘ylab, kechirim so‘raydi.
J ye n n a r o. Kechirasiz, sinora… (qaytib jo‘naydi.)
A d ye l a i d a (uni quvib yetib). Adashmadingiz, don Jenna! Kiravering!.. Mana, bu uyingiz… Ana, xotiningiz… Ko‘rayapsizmi?
Jennaro kirishga jur’at qilolmay turadi, so‘ng ishonchsizlik bilan qadam tashlaydi. Uyidagi hasham uni garangsitib qo‘ygan. Jennaroning ko‘zlari Amaliyaning ko‘zlari bilan uchrashadi. Jennaro hayajon va qo‘rquvga to‘lgan. Amaliya esa bir so‘z aytolmay, tosh kabi qotib turibdi. U erining qanchalar azob-uqubat chekkanini tashqi ko‘rinishidan anglab yetgan.
A m a l i ya (arang shivirlab). Jennaro… (Uning bu so‘zida xitob ham, hayrat ham, erkalash ham, oddiy insoniy tushunish ham bor.)
J ye n n a r o (uni tanimagani uchun kechirim so‘raganday, cho‘chibgina). Amaliya… Kechirasan… Ammo… (Xotini tomonga bir necha qadam tashlaydi. Uning yuzi g‘ussadan allatovur bo‘lib ketgan. U nimanidir gapirgisi, yig‘lagisi, behad quvongisi keladi, ammo u faqat bir so‘zni aytoladi.) Amaliya…
Eru xotin bir-birlariga tashlanadilar va mehrda o‘rtanib quchoqlashadilar.
J ye n n a r o (hayajonda). Abadiyat kechganday, Amaliya…
Amaliya o‘ksib yig‘layapti, Jennaro ko‘z yoshlarini artayapti.
Abadiyat kechganday…
Sukunat. Amaliya birinchi bo‘lib o‘ziga keladi.
A m a l i ya Xush kelibsan!.. O‘tir, hordiq chiqar… Menga aytib ber… Qayerlarda eding?
J ye n n a r o (o‘zining dahshatli sarguzashtini yana qayta boshdan kechirayotganday). Xo‘sh, Amaliya… Hammasini shundoq aytib beraymi? Ko‘rganlarimni, boshdan kechirganlarimni aytib beraversam, bir yil ham yetmaydi. Biz ayro tushgan o‘n uch-o‘n to‘rt oyning mashaqqatlarini yozib chiqishga tog‘day qog‘oz uyumi ham kamlik qiladi. Hammasi bu yerimda (ko‘zlarini ko‘rsatib) turibdi, Amaliya. Ko‘zimning oldida… Boshimga chiqmaydigan bo‘lib o‘rnashgan… Nimadan gap boshlashni ham bilmayman… (Ko‘ngli ochiqlik bilan kuladi.) Ammo hozir hammasini, hammasini unutgandayman… Uyimiz… sen… do‘stlar… (Peshonasini ishqab.) Jimlik, sukunat… (Kutilmagan qat’iyatda, ruhi ko‘tarilib.) Yaxshisi, sizlar haqingizda, uy haqida gaplashamiz… Amedio qalay?.. Rituchchi?.. Mariya?..
A m a l i ya. Rituchchining tobi yo‘q.
J ye n n a r o (tashvishlanib). Nima bo‘ldi?
A m a l i ya (sokin). Hech narsa… Ozgina issig‘i bor… Bolalarda bo‘lib turadi…
J ye n n a r o. Qizginam… (Amaliyaga.) O‘sha yerdami? (Amaliyaning tasdig‘idan keyin, chapdagi eshikka kirib ketadi).
A d ye l a i d a (shu paytgacha u Jennarodan ko‘z uzmay turgan edi). Bechora don Jennaro… Ozib-to‘zib ketibdi… Parvardigor! Parvardigor! Men ketdim, donna Amaliya! Keyinroq kirarman… (Tashqariga chiqarkan, tor ko‘chadagi Madonna haykaliga murojaat qiladi.) O Madonna! O‘zing panohingda asra!
A m a l i ya (o‘ngdagi eshikka qarab). Mariya… Bu yoqqa kel.. Otang keldi!
Ko‘z yoshlarini artib va sochlarini tuzatib, Amaliya chiqadi.
M a r i ya R o z a r i ya (parishon). Otam keldi…
A m a l i ya (nafratlanib). Bunday ahvolda ko‘rinma… Unga ahvolingni gapirib ham o‘tirma… Bechoraga bir balo bo‘lib qolmasin…
Ko‘chadan Amedio yugurib kiradi.
A m ye d i o (hayajonlanib). Otamni kelgan, deyishayapti?
J ye n n a r o (orti bilan ohista yurib chiqarkan, chapdagi xonaga qarab so‘zlaydi). Amaliya, uning issig‘i baland… Nafas olishi menga yoqmayapti… (Amaliyaga o‘girilarkan, Amedioga ko‘zi tushgach, so‘zi bo‘g‘zida qotadi).
A m ye d i o. Ota!
Quchoqlashadilar.
J ye n n a r o. Amede… (Bag‘riga qayta bosib.) Mo‘jiza!
A m ye d i o. Qaytganingiz qanday yaxshi bo‘ldi…
J ye n n a r o (Bir chetda go‘yo qo‘rqqan kabi turgan qiziga ko‘zi tushadi. Uning yugurib kelishini kutib biroz turadi; axiyri ta’nakor ohangli hayronlikda, Mariyaga). Mari, nahotki, otangni ko‘rmayotgan bo‘lsang?
Mariya Rozariya toqati tugab, yugurib keladi-da, otasining quchog‘iga kiradi. Jennaroning bag‘rida ikki farzandi – baxtiyor damlarni boshdan kechirayapti. U juda qattiq hayajonlangan, undan quvonch barq urib turibdi.
Agar bilsalaring edi, bilsalaring edi… Hali gapirib beraman… (Furajkasini yechadi, yelkasidan xaltasini oladi-da, o‘zining hujrasi tarafga yuradi va uni topolmay sarosimada to‘xtab qoladi. Biroz ranjiganday, Amaliyaga.) Mening… xonam qani?
A m a l i ya (o‘zini oqlashga urinib, ammo eriga hurmat ila). Xonang, Jenne..
J ye n n a r o. Uni ham sotib yubordilaringmi?
A m a l i ya. Sen yo‘q eding…
J ye n n a r o. To‘g‘ri, men yo‘q edim… (Beixtiyor o‘zi yashagan va hozir tamom o‘zgargan burchakka qarab turadi. So‘ng ko‘nikkanday) Ozgina ichim achishdi… (Uzoq sukunat. U jihozlarga va yangi narsalarga bir-bir qarab chiqarkan, ma’qullab Amaliyaga qarab-qarab qo‘yadi.) Albatta… Juda chiroyli bo‘pti!.. Juda!..
A m ye d i o. Lekin… Ota, qayerda edingiz?
J ye n n a r o (samimiy). Bilmayman. Qayerda bo‘lganimni aytaman desam ham, aytolmayman… O‘tiringlar… (Furajkasini, xaltani va dekchani sahna to‘ridagi stolga qo‘yadi va farzandlari bilan Amaliyaning qarshisiga o‘tiradi.) Xo‘sh… Nima desam ekan? Qirg‘oqdagi uch yuz metrlik masofada odamlarni evakuatsiya qilish haqida buyruq berildi. Bir yarim soat o‘tar-o‘tmas bir zog‘ ham qolmasligi darkor edi… (Amaliyaga.) Esingdami? Chamadonu tugun ko‘targan xalq…
A m a l i ya (o‘sha manzarani eslab). Bo‘lmasa-chi…
J ye n n a r o. O‘shanda qamoqxonaning yonidan o‘tib ketayapman, deng. O‘n kilo olma va to‘rt kilo non orqalab, Frattamajoredan qaytayapman. O‘n to‘rt kilometrdan… O‘n to‘rt kilo yukni orqalab… qanday charchaganimni xudoning o‘zi biladi… Xullas, yarim yo‘lda dengizdan bombardimon bo‘lishini aytib qolishdi. “Yuguringlar! Yerto‘laga yuguringlar! Dengizdan bombardimon qilishadi!”, “Amerika kemalari!”, “Boshbapanaga chopinglar!” Esimga sen, bolalarim tushdi… Qanday qilib bombapanada o‘tiraman? Qayerdan bomba tashlashsa, tashlay berishmaydimi? Dengizdanmi, yerdanmi, osmondanmi, yerning tagidanmi… Uyga borishim kerak… To‘xtamay ketaverdim… Yelkamda o‘n to‘rt kilo yuk… Tashlamayman-ku… Yo‘lga esa to‘rt tarafdan otib turishibdi. Xuddi do‘zaxning o‘zi. Tomlarga, do‘konlarga, tarnovlarga o‘qlar yog‘ilayapti… Odamlar qochishga tushgan… Pulemyotlar… Nemislar… Atrofda murdalar yotibdi… Shu to‘polonda kimdir meni tirsagi bilan urib yubordi. Yiqildim. Nonu olmalar sochilib ketdi. Yerga boshim bilan tushdim, mana bu joyim (qansharini ko‘rsatib) shundoq shilinib ketdi… Esimda, qo‘lim qonga botgan… (U chap qo‘lini, hali ham qonga botib turganday ko‘tarib, ko‘rsatadi.) Eshitib yotibman: hanuz otishayapti… (Yuki esiga tushib.) Bilmadim, o‘sha olmalarni kim yegan?.. (Sukunat.) Hushimga kelib, u-bu narsani anglay boshlaganimda, kimdir meni yerga mahkam bosganicha, bo‘g‘ayotganday edi… Ovozlar, odamlarning baqir-chaqiri… qimirlashga urinaman – qimirlay olmayman… Oyoqlarim borday, ammo harakatga kelmaydi… Men bombapananing vayronasi tagida qolganmanu, ustimda odamlar yotibdi, degan xayolga bordim… (Eski taxmin yangi taxmin bilan almashadi.) Yaqinlashib kelayotgan poyezdning shovqini… Avval uzoqdan… so‘ng yaqinlashgandan yaqinlashib… Yotgan joyim esa qayoqqadir yugurib ketayapti… Shunda yaxshiroq anglash uchun ko‘zlarimni yumib oldim… “Poyezdmi?” G‘ildiraklarning shaqqillashi… Poyezd! Yorug‘ bir paydo bo‘ladi, bir g‘oyib… yana paydo bo‘ladi… qancha vaqt shu tarzda kechdi?.. Bilmayman… Keyin sukunat… Asta-asta o‘zimni erkinroq his qila boshladim. Hatto qimirlash ham mumkin… Yanada yorug‘ ko‘paydi… yanada havo mo‘lroq… Nafas olish mumkin… Odamlar qo‘zg‘alib qoldi… Poyezddan tusha boshladilar… Men ham tushdim… qayerda edim? Qaysi mamlakatda? Mutlaqo bilmayman. Dala lazaretida yaralarimni bog‘lashdi, ikki kundan keyin esa nemisning serjanti, qo‘limdan nima kelishini so‘rab qoldi. Qo‘rqqanimdan kallam ishlab ketdi: “Agar tramvaychiman, desam…” (Nemis serjantining ovoziga taqlid qiliq qilib) “Bu yerda tramvay yo‘q… Sen ham darkor emassan!” deb qolishidan cho‘chidim. Axir… (Avtomatning otishiga o‘xshatib.) Ta-ta-ta-ta… dunyoda yo‘qsan…
A m ye d i o (natsistlarni ko‘zda tutib). Ular bunday ishlarga ustasi farang!
J ye n n a r o. Atrofga qarab oldim-da, “yukchiman, tosh tashiyman”, dedim. Tosh!.. (Qanday og‘ir ishni bajargani gapidan bilinib.) Men qancha toshlarni ko‘targanimni bilsang edi, Amaliya! Ovqatsiz, suvsiz, portlayotgan bombalarni oralab… Men o‘sha serjantga negadir yoqib qoldim. Oldimga gaplashgani tez-tez keladi. Nimalarnidir gapiradi. Tushunmayman. Faqat “ha” deyman. Ma’qullab bosh silkiyman… Shunday qilib, uch oy o‘tdi… Bir nechta neapollik bilan gapni biriktirib, qochdik. Qochib ketayapmiz… Birdan bittasi “Muqaddas Madonna! Bizga otishayapti”, deb qoldi. “Otaversinlar, – dedim, – o‘lganimiz yaxshi!” Amaliya, u yerda ba’zan o‘lim yaxshi ko‘rinadi. Faqat kechalari yuramiz, qishloqdan qishloqqa o‘tamiz… (Jim qoladi. Keyin o‘sha damlarni ko‘z oldiga keltirganday, bir nuqtaga tikilgancha.) Aravada, poyezdning zinasida… Piyoda… Piyoda… qanday azob, Amaliya!.. Qirg‘inlar, vayrona shaharlar, izg‘igan bolalar… O‘ldirilganlar qancha!.. Bizlardan ham, ulardan ham… Nimalarni ko‘rmadim!.. (Boshdan o‘tganlarni ko‘z oldiga keltirib, tamom ezilgan alfozda.) O‘lganlarning esa hammasi bir xil… (Sukunat. Fikratu ruhida qanday o‘zgarishlar paydo bo‘lganini bildirish uchunmi, yanada hayajonli ohangda.) Amaliya… boshqa odam bo‘lib qaytib keldim. Avvalgi urushdan qaytganimda, menga nima bo‘lgani esingdami? Tayyor jinni edim, ko‘ringan bilan janjal qilaverardim…
Amaliya tasdiqlaydi.
Bu safar tamom boshqachaman. Bu urush emas, Amaliya, boshqa narsa… Biz tushunib yetmaydigan narsa… Mana, men ellik ikkiga kirdim, ammo endi o‘zimni haqiqatan erkak deb his qilayapman. (Amedioga, tizzasiga urib.) Bu urushdan yaxshi odam bo‘lib qaytishayapti… Birovga ozor bermaydigan… (Amaliyaga, ogohlantirganday.) Birovga yomonlik qilmaylik, Amaliya… Zarracha yomonlik qilmaylik… (Uyiga qaytish, xotiralar, yaqinlari bilan uchrashuv, eng muhimi, bu fojialar oldida o‘zining hech kimmasligini his qilish – boshidan o‘tgan jami voqealar uni jismoniy tanglikka olib kelgan; u ho‘ngrab yig‘laydi.)
A m a l i ya (tashvishga tushib va o‘z odatining aksiga ko‘ra hayajonlanib). Bo‘ldi!.. Bo‘ldi, Jennaro…
A m ye d i o (Ovutib). Ota…
J ye n n a r o (bo‘shashganidan uyalib, o‘zini tutib oladi, yuzida nimtabassum paydo bo‘ladi). Shu-da endi… (Hikoyasiga qaytib.) Keyin… (Boshdan kechirganlari shu qadar ko‘pki, Jennaro bu turishida, ularning eng muhimlarini na umumlashtirishga, na tahlil qilishga kuchi yetadi.) Hozir… (Taraddudlanib.) Boshim negadir bo‘m-bo‘sh… Xullas, qishloqlar ortda qoldi… (Xotirasining ipini topib.) Bir odam bilan tanishib qoldim… Xo‘sh… Eshitinglar… Ikkalamiz tashlandiq molxonada tunab yurdik. Ertalab men biror joyda biror ish topish ilinjida jo‘nayman, oqshomda qaytib kelaman… E’tibor bersam, haligi odam tashqariga hech ham chiqmaydi… Eski shox-shabbalarning uyumi ichida o‘ziga in qilib olgan… Kechalari gapirib chiqadi. (Tanishining xirillagan va qo‘rqib ketgan ovoziga taqlid qiladi.) “Ana, ular! Yordam beringlar! Qo‘yvoringlar! Meni qo‘yvoringlar…” Seskanib ketaman… Amaliya, u yahudiy edi…
A m a l i ya (hamdardlik bilan). Bechora!..
J ye n n a r o. U bechora yahudiy edi. Molxonada birga yashayotganimizga ikki oy o‘tgandan keyin iqror bo‘ldi… Kechqurun qaytaman. Ba’zan nonu pishloq, ba’zan nonu meva, ba’zan faqat meva… Birga yeymiz… Biz aka-ukaday edik. (O‘sha g‘alati kunlarning bir tafsilotini eslab, jilmayadi.) Eng dahashatlisi, uning “meni sotib qo‘yadi”, degan xayolidan keyin boshlandi… (Yana jiddiy.) Uning rangi oqarib ketgan, qizargan ko‘zi qinidan chiqadiganday… Menga aqldan ozganday tuyilardi… Bir kun ertalab u yoqamdan ushladi… (So‘l qo‘li bilan yoqasini ushlaydi. O‘ng qo‘li bilan gapiga mos harakat qilarkan, o‘sha odamga yana taqlid qilib.) “Sen meni sotasan!..” (O‘zining ovozida.) “Yo‘q, sotmayman…” (Yana do‘stiga taqlid qilib.) “Sen hayotimni ularga topshirmoqchisan…” (O‘zining ovozida.) “Bu gap xayolimga ham kelgani yo‘q… Men uyga qaytmoqchiman…” (Do‘stining ovozida.) “Meni ularga topshirma… ularga topshirib qo‘yma…” U yig‘ladi… Norg‘ul, sochlariga oq oralagan… Katta bo‘lib qolgan farzandlari bor… Ularning suratlari yonida… qanday vahshiylik! Shunchalik tuban tushdikmi?… Buning uchun hali ko‘p narsa qurbon beramiz… Amaliya, u hozir ham ko‘z oldimda… qo‘llarimni tutib olgan… qo‘llarimni o‘padi… (Yana yahudiyga taqlid qiladi.) “Meni sotma…” (Do‘stiga javob berganday.) “Nahotki, sen bunday ish qo‘limdan keladi deb o‘ylasang?..” (Amaliyaga.) Uni rosa ishontirmoqchi bo‘ldim… (Do‘stiga murojaat qiliyotganday.) “Avvalambor, men imonli odamman, agar Xudo joningni omon saqlab, Neapolga borsang, surishtirib ko‘rishing mumkin…” Nima desam ham, befoyda… Kallasiga quyib olgan… Keyin yana qishloqma-qishloq o‘tib kelaverdik… Qanday qilib, frontdan o‘tganimizni ham bilmaymiz… Boshqacha harbiy kiyimdagi askarlarni ko‘rganimizdan so‘ng ishondik… qanday quvonganimizni aytib bo‘lmaydi! Quchoqlashamiz deng, o‘pishamiz deng!.. Xuddi tug‘ishgan aka-ukaday… Unga o‘z manzilimni yozib berdim-da: “Boshingga nima ish tushsa, yordamga tayyorman”, dedim.
A m a l i ya (boyagi xat esiga tushib). Ehtimol, bu xat o‘sha odamdandir… (Stol ustida yotgan xatni olib, Jennaroga uzatadi.)
J ye n n a r o (xatni olib ko‘rgach, quvonib). Albatta… O‘sha! Xudoga shukur! Sog‘u salomat! (O‘qiydi.) “Muhtaram sinor Jennaro. O‘ylaymanki, yaqinlaringiz bilan axiyri diydor ko‘rishgansiz. Sizga alangali salomlar yo‘llayman va sizni chin qalbdan tabriklayman” (Xotiniga.) Unutmapti… (O‘qiydi.) “Bolalaringiz va xotiningiz, qay qismatni boshlaridan kechirgan bo‘lmasinlar, ishonchim komilki, sizga va siz chekkan uqubatlarga munosib bo‘ladilar…”
Amaliya hayajonlanadi va sochlarini tuzatgan bo‘lib, bu holni yashirishga harakat qiladi.
“Sizning barcha tashvishlaringizga visol hayajonlari mukofot bo‘lishini tilayman. Men o‘zimni yaxshi his qilayapman…”
A m ye d i o (xat oxiriga yetayotganini fahmlab, sabrsizlik bilan). Xullas, ota, ko‘p azob chekibsiz…
J ye n n a r o. Gapirma… Gapirma… Hali hech narsani so‘zlab berganim yo‘q… Aytaversam…
A m ye d i o. Endi uydasiz, biz bilan birga… O‘tgan ishlarni ko‘p o‘ylamang.
J ye n n a r o. “Ko‘p o‘ylama”? Aytishga oson. Bu ko‘rguliklarni kim ham unuta olardi!
A m ye d i o (engiltaklik bilan). Qo‘ysangiz-chi, ota… Endi siz uchun ko‘rguliklar nihoyasiga yetdi.
J ye n n a r o (ishonch bilan). Yo‘q. Adashayapsan. Men ko‘rganlarimni sen ko‘rmagansan… Urush tugagani yo‘q…
A m ye d i o. Biz bu yerda tinchgina hayot kechira boshladik.
J ye n n a r o (xursand bo‘lib). Ko‘rayapman… Ko‘rayapman… O, necha marta o‘limdan qutulib qoldim! Amaliya, naq bir bahya qoldi… Pompedagi Madonnaga, albatta, sham qo‘yishim kerak… (O‘rnidan turib, quvonib atrofga nazar tashlar ekan.) Agar o‘lganimda, mana bu qo‘g‘irchoqday qilib qayta qurilgan uyni ko‘rolmay ketardim, mana bu mebellarni ham, zebo qizim Mariyani ham… Amedioni ham… Sen bu chiroyli ko‘ylakda… haqiqiy sinoraning naq o‘zisan!.. (Amaliyaning sirg‘alari, oltin taqinchoqlariga ko‘zi tushib bir daqiqa o‘ylanib qoladi. Amaliya beixtiyor taqinchoqlarini ko‘rsatmaslikka urinadi.) Ko‘rsat-chi, Amaliya… (Hayratga tushib.) Nahotki, olmos bo‘lsa?
A m a l i ya (ularning bahosini go‘yoki tushirishga harakat qilib). Ha… Olmos…
J ye n n a r o (qovog‘i uyiladi. Boshida turfa fikrlar, ammo u ba’zi miyadan chiqmayotganlarini nariga surishga harakat qilayapti. Uzoq sukunat. Beixtiyor Mariyaga shubha bilan qaraydi. Qiz ko‘zlarini yerga oladi. Jiddiy va sinovchan ohangda gap boshlaydi). Hm… Menga ba’zi bir narsalarni tushuntirib ber, Amaliya…
A m a l i ya (soxta kulgi bilan). Nimani bilishni istaysan, Jennaro? Biz biroz oyoqqa turib oldik… Amedio ishlayapti, yaxshigina topayapti… Men ozmi-ko‘pmi savdo qilib turibman…
J ye n n a r o (xavotirda). Yana murda bo‘lishimga to‘g‘ri keladimi?
A m a l i ya (vaziyatdan chiqib ketish uchun ering haziliga odatdan ko‘ra ko‘proq kuladi). Yo‘q… Nima deyapsan, Jennaro.
J ye n n a r o. Meni murda bo‘lishga majbur qilmanglar. Nazarimda, bu ish yomonlik alomati… (Eslab.) Eng qaltis damlarda, doim to‘rt tarafimda sham yonib turganini ko‘rdim… “Ha, o‘sha qilmishim menga bebaxtlik keltirdi”, deb o‘ylardim.
A m a l i ya (uni tinchlantirib). Xavotir olma. Hozir hamma narsa o‘zgardi. Amerikaliklar, angliyaliklar…
J ye n n a r o (Anglo-amerikaliklar urush paytida bergan va’dalarini amalga oshira boshlagan bo‘lsalar kerak, degan fikrdan biroz orom topadi). Tushunaman… Bizga yordam berishayapti… Inglizlaru amerikaliklar yordam beramiz, deyishgandi-ku! Demak, so‘zlarida turishibdi-da… (O‘zgacha ohangda.) Xo‘sh, sening savdong qanaqa savdo?
A m ye d i o. Ular Xushro‘y bilan kompaniya tashkil etishdi.
A m a l i ya (sarosimalanib, norozi ohangda). Ha… Biz jamiyat tashkil qildik. U yuk mashanasida… mol olib keladi…
J ye n n a r o. Olib keladi… Transport jamiyati… Ha, yuk mashinasini amerikaliklar bersa kerak…
A m a l i ya (achchiq alam bilan). Ha, berishadi… (Engil kinoya aralash.) Ularga borasan-da, “menga bir-ikki yuk mashinasi kerak edi”, deysan – shundoq berishadi…
J ye n n a r o. Yordam berishlarini ko‘p gapirganlar. Va’dalari ustidan chiqibdi-da! Ho‘kizni shoxidan, imonli odamni lafzidan bilasan, deganlari haq rost… Amedio, sen nima qilayapsan?
A m ye d i o (qisqa qilib). Men… Avtomashinalar bilan shug‘ullanaman… (Otasining e’tibor berayotganidan g‘ururlanib.) Agar mashinani ko‘rsam… Holati yaxshi bo‘lsa… Im-m-m… sotib olaman… Oldi-sotdi…
Jennaroga bu gaplari yoqinqiramaganini sezgan Amedio gapni boshqa yoqqa buradi.
(Kulib.) Mariya Rozariya sizga sovg‘a tayyorlab qo‘ydi… Amerikaga ketayapti. Amerikalik askarga turmushga chiqayapti.
Mariya Rozariya otasiga qarashga botinolmay, avvalgidek qovog‘ini solib, Amaliya esa ignaning ustida o‘tirganday turishibdi.
J ye n n a r o (hayratda, quvongan, xafa ham tortgan). Sen? Meni tashlab ketyapsanmi? Bunaqa bo‘lishi mumkin emas… Bir ko‘zsiz yashash mumkindir… Lekin otasiz… (Qizini mehr bilan quchadi, qiz yuzlarini kaftlari bilan berkitib, to‘liqib yig‘lay boshlaydi. Jennaro esa, Mariya ota uyni tashlab ketayotgani uchun yig‘layapti deb o‘ylaydi.) Yig‘lama, men hamisha sen bilanman… Hech yoqqa qo‘yib yubormayman… Seni o‘zim neapollik yigitga turmushga beraman… O‘z hamshaharingga…
Shoshib Erriko kiradi.
E r r i k o. Amaliya… (Jennaroga ko‘zi tushadi, nima qilish lozimligini tez anglaydi va kerakli ohangni topishga harakat qilib, gapirishga tushadi). E-e!.. Qarang!.. Don Jennaro ham shu yerda-ku!…
J ye n n a r o (eski qadrdonini ko‘rganidan quvonib). Salom, Xushro‘y!
Quchoqlashadilar.
Yarim soat oldin keldim… Keyin hikoya qilib beraman… Butun boshli roman!.. Xotinim bilan transport jamiyati tuzibsizlar deb eshitdim… Ish yaxshi ketayotgan emish… Tabriklayman…
E r r i k o (biroz sarosimalikda Amaliyaga qarab olib). Qo‘yavering… Yaqinda donna Amaliya siz haqingizda gapirib bergan edi… Hamisha ko‘z oldida ekanligingizni, sizni har daqiqa kutishini… Siz esa ayni paytida keldingiz… Chunki bugun oqshom tug‘ilgan kunimni nishonlaymiz… Donna Amaliya so‘qqaboshligimga rahmi kelib, marhamat ko‘rgazdi-da, uyingizga taklif qildi… Faqat o‘zimiznikilar…
J ye n n a r o (ma’qullab). Juda yaxshi bo‘pti!.. Siz yolg‘izsiz… Bunaqa noxush zamonda yig‘ilib, birga o‘tirib, chaqchaqlashmoq yomon emas… Hozir juda og‘ir zamon… Men bo‘lgan o‘lkalarda, hozirgacha zambaraklar gumbirlab turibdi!.. Qasam ichib aytaman, eshik “qars” etsa ham yuragim shuvullab ketadi… Qarang, shu kunda…
E r r i k o (uni bo‘lib). Qo‘ying, don Jennaro, bu haqda endi ko‘p o‘ylayvermang… Hozir do‘stlar kelishadi. Ozroq o‘yin-kulgi qilamiz!..
J ye n n a r o. O‘yin-kulgi? Hazillashayapsizmi? (Atrofdagilarni chin voqelikka chaqirayotganday.) Urush tugagani yo‘q…
E r r i k o. Ta’mirdan keyin uy sizga yoqayaptimi?
J ye n n a r o (shunchaki). Chiroyli, chiroyli…
Mariya Rozariya chapdagi eshikka kirib ketadi.
Choyshab yopilgan katta tovani ko‘targan Pop ko‘chadan kiradi.
P o p (izzat-hurmat bilan). Mana, uloq go‘shti… (Jennaroga ko‘zi tushadi, hayratda.) Don Jennaro… Omon-esonmisiz?
J ye n n a r o (to‘lqinlanib, quvonib). Pop! Tirik bormisan? “Pop qanday kun ko‘rayotgan ekan”, deb hamisha o‘ylab yurdim.
P o p. Tirikman. Mo‘jiza…
E r r i k o (tovani ko‘rsatib). Don Jenna, mana bu kartoshka bilan qovrilgan uloq, hali aytganim bazmi jamshid uchun…
J ye n n a r o (taomning ishtahaochar bo‘yini hidlarkan). Kartoshka bilan qovrilgan uloq! Zo‘r!.. (Eslab.) U yoqda, shimolda, bunaqa taom uchun bir-birimizni o‘ldirishga tayyor edik… (Suhbatni o‘zi uchun aziz mavzuga burmoqchi bo‘ladi.) Qanday zamonlar… Qanday zamonlar… Tasavvur qiling: biz dala o‘rtasidagi chuqurga yashirindik, atrofda granatalar portlayapti, zambaraklar gumbirlayapti… Do‘zaxning o‘zi, don Erriko… Yetti odammiz, yonimizda o‘q tegib o‘lgan ikki murda… Nonsiz, suvsiz uch kun o‘tirdik… (Qizishib.) Birdan…
P o p (ko‘chani kuzatib, ostonada turganicha). Ana, shirin qalampir va baqlajon qovurdog‘ini ham keltirishayapti!
Ikkita tova ko‘targan odam kiradi.
Ortimdan yur!
O‘ngdagi eshikka kirib ketadilar.
J ye n n a r o. Juda ajoyib! Mo‘l-ko‘l tushlik desa ham bo‘ladi! (Bo‘lingan suhbatni davom ettirib.) Nima deyotgan edim?.. Chuqurda yotibmiz, chunki atrofda granatalar portlayapti, zambaraklar gumbirlayapti…
Amaliya ignada o‘tirganday, Amedio esa soatiga qaraydi. Garchi boshqa narsa haqida o‘ylayotgan bo‘lsa ham, faqat Erriko o‘zini eshitayotgan kabi tutadi.
Birdan…
A m a l i ya (notabiiy mehr bilan). Jennaro, shoshma… sen keyin… keyinroq gapirib berasan… Hozir stolni bezash kerak…
J ye n n a r o. Gapim cho‘zilmaydi.
A m a l i ya. Kechki ovqatdan so‘ng… Hozir odamlar kela boshlaydi…
E r r i k o. Do‘stlar jam bo‘lgandan so‘ng…
J ye n n a r o. Unday bo‘lsa, yuvinib olay, hammayog‘im chang.
E r r i k o. To‘ppa-to‘g‘ri!
J ye n n a r o (so‘ldagi eshikka yo‘nalar ekan). Keyin hammasini gapirib beraman… Don Erri… Ko‘rganlarimni gapirib bersam, sochlaringiz tikka turadi… E, avvalgi urush bir hazil ekan… (Ketadi.)
Amaliya eshik ortiga kelib o‘tirib olgan, Errikoga qarashga botinolmay turibdi. Assunta kiradi.
A s s u n t a. Donna Amaliya, yordam kerak emasmi?
A m a l i ya. Yaxshi bo‘lardi… Ish ko‘pligidan boshim aylanib qoldi… Stolni tuzash kerak…
A s s u n t a. Bir og‘iz gapingiz…
Amaliya tortmadan dasturxon olib, Assuntaga beradi. Assunta uni stolga yozishga hozirlik ko‘radi. Amedio unga yordam beradi. Stolni uzaytirish uchun yoniga kichikroq stol qo‘shadi. U katta stolga uncha mos kelmaydi.
Xolam hozirlik ko‘rayapti. Chiroyli yangi ko‘ylagini kiydi. U ham baloday pul topayapti… Pul topishni biladi… Men esa kiyinmayman ham… Azadorman… Ustimdagi bo‘laveradi…
Amedio nimadir keltirish uchun o‘ngdagi eshikka kirib ketadi.
(Ogohlantirgan kabi.) Donna Amaliya… don Jennaroni keldi, deyishayapti, to‘g‘rimi?.. Xolam aytdi… Juda oriqlab ketgan emish. Biz xolam bilan tashvishdamiz… Endi, donna Amaliya, nima bo‘ladi?.. Xushro‘yni… haligi… bilib qolsa… (“Nima ro‘y beradi?” deganday harakat qiladi.) Chunki endi Xushro‘y… bu yerda, albatta, bo‘lmasa kerak-da!..
E r r i k o (keskin bo‘lib). Kim bo‘lmaydi?
A s s u n t a. Hech kim…
E r r i k o (jahl bilan). Doim mening ishimga burningni tiqasan.
A s s u n t a (tavba qilib). O‘z-o‘zidan shunaqa bo‘lib qoladi…
Amedio idishlarni ko‘tarib chiqadi. Assunta bilan birga dasturxon tuzasha boshlaydi. Amaliya Assuntaning gaplaridan ranjigannamo chapdagi eshikka kirib ketadi. Peppe va Federiko, uning ortidan boshqa erkak va ayollar – mehmonga taklif qilinganlar kiradilar. Ular Errikoning yonida to‘xtab qizg‘in tabriklaydilar. Erkaklar qora kostyumda, ayollar esa g‘ijimlangan kundalik ko‘ylaklari ustidan hashamdor mo‘yna yopinchiqlar tashlab olganlar. Hammasi qimmatbaho taqinchoqlarni boshdan-oyoq taqib olganlar va uni ko‘z-ko‘z qilib turadilar. Birozdan so‘ng Amaliya bayram libosida chiqib keladi. Odamlar guldastalar, gulsavatlar va boshqa sovg‘a-salomlar ham keltirganlar. Pop paydo bo‘ladi-da, stolni va atrofni gullar va sovg‘alar bilan bezay boshlaydi. Kecha “qahramon”i – barcha bilan kulib so‘rashayotgan va sovg‘alar uchun o‘ziga xos tavoze bilan tashakkur bildirayotgan Xushro‘yning tevaragida bayram ruhi paydo bo‘ladi. Xonada quvonchli kayfiyat hukm surayapti.
P ye p p ye. Biz hammamiz sizni munosib taqdirlash uchun yig‘ildik.
E r r i k o. Rahmat. Ammo bu o‘tirish mening tug‘ilgan kunim uchun emas. Kun tartibini tamomon o‘zgartirib yubordik. Bu tantana qaytib kelgan don Jennaroning sharafiga…
F ye d ye r i k o. Ha, eshitdim…
P ye p p ye (eshikdan kirib kelayotgan Jennaroga ko‘zi tushib). Qaranglar, ana u! (Jennaroga quchoq ochib, peshvoz chiqadi.) Don Jennaro, salom!
J ye n n a r o. Salom, Peppe… (uni quvonib kutib olgan mehmonlar sari yuradi. Quchoqlashishlar, qo‘l olishlar…)
P ye p p ye. Shu paytgacha nima qilib yurdingiz…
J ye n n a r o. Hozir gapirmaymiz. Men uydaman. Garchi mo‘jizaday tuyulsa ham, uydaman. (Mehmonlarning hashamdor libosiga ko‘zi tushadi va boshqalarning kiyinishi oldida juda xunuk ko‘ringan o‘zining kurtkasini ushlab qo‘yadi. Odamlarning ko‘rinishi uni hadikli sarosimaga solgan. O‘zini oqlaganday.) Jin ursin! Qanday dabdaba! Afsus, kiyimim aftoda… Sizning davrangizga loyiq emasman.. Buni, qarang… (kurtkasini ko‘rsatib.) Xuddi polkning jangovar bayrog‘iday to‘zigan… Agar uning tili bo‘lganda edi… (suhbatga chog‘lanib.) Tasavvur qiling, biz dala o‘rtasidagi chuqurga yashiringanmiz… Atrofda granatalar portlayapti, zambaraklar gumbirlayapti… (Gapi qanday ta’sir qilayotganini bilish uchun atrofga qaraydi. Mehmonlar o‘zlari bilan o‘zlari ovora, faqat ikki-uchtasi odob yuzasidan bosh qimirlatib turishibdi.) Uch kun ovqatsiz, bir qultum suvsiz… Yetti kishi, ikki murda… Birdan…
F ye d ye r i k o. Mayli, don Jennaro, u g‘amgin kunlarni eslab o‘tirmang… Endi siz oramizdasiz, hammasini unutishga yordam beramiz….
A d ye l a i d a. Siz ko‘proq yeb-ichishingiz kerak, juda oriqsiz…
F ye d ye r i k o. Haqiqatan!.. Xuddi shunday!.. (Hazillashib.) Don Jennaro, bu yangi qonun loyihasi…
Hamma kuladi. Pop chiqib ketadi.
P ye p p ye (Jennaroni qutlayotgan guruhdan ajralib chiqib, stolni tuzashni tugatgan Amedioni chap tomonga boshlaydi. Alanglab.) Xo‘sh?
A m ye d i o. Yomonmas.
P ye p p ye. Bu nimasi?..
A m ye d i o. Qamoqqa tushishni istamayman. Xushro‘y rosa aql o‘rgatdi. Mana, otam ham qaytib keldi.
P ye p p ye (avrab). Qo‘ysang-chi… Bugungi ish juda oson. Muhandis mashinasini kechasi Nevadagi torko‘chaga qo‘yadi. Mashinani qo‘riqlaydigan yigit bilan kelishib qo‘ydim. Uni oyoq-qo‘li bog‘langan, og‘ziga ro‘mol tiqilgan holda topishadi…
J ye n n a r o (hammani chin ko‘ngildan dasturxonga taklif qilar ekan.) O‘tiringlar… O‘tiringlar!.. Uyim sizlarning ixtiyoringizda.
Hamma tashakkurlar ila joylasha boshlaydi. Chapdagi eshikdan Amaliya, ortidan Mariya Rozariya ko‘rinadi. Amaliyaning egnida kulrang tulki terisidan yopinchiq. Mariya Rozariya bir chetga chiqib turadi.
A m a l i ya. Xayrli kech!
H a m m a (undan hayratga tushib). Xayrli kech, donna Amaliya.
P ye p p ye (donna Amaliyaning libosini ko‘zda tutib). Zo‘r!
A d ye l a i d a. Uy sohibamiz naqadar chiroyli!
Boshqalar ham maqtov so‘zlarini zavq-shavq bilan aytadilar.
A m a l i ya (hayrat so‘zlaridan hayajonlanib va o‘zining fe’li kengligi tufayli maqtanib). Assu, Popga ayt, yeguliklarni beraverishsin!
Assunta o‘ng eshik tarafga imo qiladi.
(Hammaga.) O‘tiringlar!
Mehmonlar shodmon tarzda dasturxon tevaragiga o‘tira boshlaydilar. Bu manzaradan karaxtlangan Jennero yasan-tusan xotiniga hurkibgina qaraydi.
A d ye l a i d a. Don Jenna, o‘tiring!
J ye n n a r o. Ha, hayot haqiqatan ham kino. O‘zimni oralaringda ko‘rib tursam ham. Ko‘zlarimga ishongim kelmayapti… (o‘tiradi.)
E r r i k o. Haqiqatan ham oramizdasiz…
J ye n n a r o. Chunki biz u yoqda qiynaldik… Ochlik ham qo‘rqinchli emas, tashnalik ham… Umidsizlik yomon… Keyin… o‘lim xavfi… (Yana hikoya qilishga chog‘lanib.) Bilasizmi, biz dala o‘rtasidagi chuqurga yashiringanmiz… Atrofda granatalar portlayapti, zambaraklar gumbirlayapti… Birdan yuk mashinasi…
E r r i k o (muhim narsa esiga tushganday). Aytganday… Kechirasiz, don Jenne, esimdan chiqib qoladi… (Federikoga.) Fedri, bir yuk mashinasi sotiladi… Ertaga bir ko‘rib qo‘y… Yurishi uchun ruxsatnomasi bor… Agar qiziqsang…
F ye d ye r i k o. Nimaga qiziqtirmas ekan? Ertaga uchrashib olish haqida hoziroq kelishamiz… Pepe Domkrat ham keladi…
E r r i k o (“Katta ish emas”, degan kabi). Gap ikki yuz foiz haqida ketayapti.
F ye d ye r i k o. Nima bo‘pti! Sayru tomoshaga yetadi…
J ye n n a r o (ularning suhbati tugashini kutib turibdi va tanaffus bo‘lar-bo‘lmas uzilgan gapini davom ettiradi). Shunday qilib… Dalada… chuqurning ichida yotibmiz… Atrofda granatalar portlayapti…
P ye p p ye (o‘sha ohangda). Zambaraklar gumbirlayapti…
H a m m a (toqatsizlikda, ammo do‘stona). Don Jenna…
F ye d ye r i k o (tovani ko‘tarib olgan, tantanavor). Mana, uloqcha! (Stolga, Amaliyaning qarshisiga qo‘yadi.)
P ye p p ye. Don Jenna, bu taomni zahar qilmoq yaxshimas!
A s s u n t a. Sog‘ligingizni asrang… Axir, endi hammasi tugadi…
J ye n n a r o. Siz nimalar deyapsiz? Nima tugadi?
E r r i k o. Mayli, o‘zingiz bilasiz… Qani, ovqatga qaranglar! Ko‘ngilsizliklar haqida esa o‘ylamaymiz!..
Amaliya mo‘ynali yopinchig‘ini yelkasidan olib, tovadagi go‘shtni maydalashga tushadi. Pop o‘ngdagi eshikka kirib ketadi. Hamma yeb-ichish, suhbatu gurung bilan ovora.
J ye n n a r o (odamlarga qarab, o‘yga toladi. Uni bir yengib bo‘lmas hasrat bosib kelgan. O‘rnidan turadi). Amaliya, men ozroq Rituchchining yonida bo‘laman. (Chapdagi eshikka qarab yuradi.)
E r r i k o (hayron qolib). Don Jenna, nima bo‘ldi? Ketayapsizmi?
H a m m a (hafsalasi pir bo‘lib). Don Jenna…
J ye n n a r o. Men qizchamning yonida bo‘laman. Issig‘i baland.
A m a l i ya (nomigagina). O‘zim borardim…
J ye n n a r o. Yo‘q-yo‘q… Sen shu yerda bo‘l… Men och emasman… Faqat charchadim… Sen dasturxon atrofida bo‘l… (Ta’kidlab.) Shunday bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi… (Yuradi.)
M a r i ya R o z a r i ya (o‘rnidan dast turib, otasiga yetib olarkan, qat’iy). Men siz bilan boraman, ota!..
Jennaro uning qo‘lidan ushlab oladi.
A d ye l a i d a (o‘rnidan turib Jennaroning yoniga kelar ekan). Don Jennaro, yaxshi emas… Bilaman, siz boshingizdan o‘tkazgan azoblar taassurotida… Qo‘rquvingiz ketgani yo‘q. Ammo tinchlaning… Bu yerda endi osoyishtalik… Hammasi tugadi…
J ye n n a r o (ishonch bilan). Yo‘q! Siz adashayapsiz!.. Urush tugagani yo‘q… Hech narsa tugagan emas! (Yana tashqariga qarab bir necha qadam qo‘yadi.)
Adelaida biroz uyalinqirab stol yoniga qaytadi. Jennaro qiziga nimadir demoqchi bo‘ladi, ammo u yerdan ko‘z uzmay turganini payqaydi. Jennaro bir zum sarosimada, ammo hali hech narsani fahmlagani yo‘q. Allaqanday sezgi bilan nimadir noxush narsa ro‘y berganini his qilib, ma’yus tortadi. Qizini o‘ziga tortib, undan ishora bilan: “Senga nima bo‘ldi?” – deb so‘raydi. Qizi: “Hech narsa”, deydi beun. Chiqib ketadilar.
Pop chap tarafdan tantana bilan ikki shisha sharob ko‘tarib kiradi.
P o p. Mana, sharob ham keldi!
Mehmonlar xursand. Hozir stolni tark etgan Jennaro haqida, ishlaru tamaddilar to‘g‘risida gaplasharkan, hamma o‘zini ovqatga uradi.
UChINChI PARDA
Ertangi kun. Dekoratsiya o‘sha-o‘sha – ikkinchi pardadagiday. Tor ko‘chadagi Madonna qarshisida chiroqlar yonib turibdi. Brigadir Chappa o‘rtadagi stol yonida o‘tiribdi. Jennaro sahna to‘rida yurib turadi va ahyon-ahyon tor ko‘chaga qarab qo‘yadi.
Ch a p p a (sukunatdan so‘ng). Uyingizda tintuv o‘tkazganimdan buyon, hamisha sizni bir qadar mehr bilan xotirlayman. Bu yerda bo‘lmaganingizda ham, bir necha bor kelib, surishtirdim. Shu tufayli hozir ham huzuringizdaman. Juda achinarli hol… Mening ham bolalarim bor: xudoyim uchtasini bergan. Men ham odamman, boshqalarning ahvolini tushunaman. Qayerda firibgarlik boru qayerda sizday odamlarga duch kelganimni anglayman…
J ye n n a r o (Chappaning samimiyligiga ishonib, minnatdorchilik ila uning gapini bo‘lar ekan). Tushunaman, brigadir, tushunaman va sizga minnatdorchilik bildiraman. O‘g‘lim Amedio haqida aytganlaringizni boshqa paytda eshitsam, aqldan ozib, bilmadim, nima qilgan bo‘lar edim. Ammo hozir nima qila olaman? Uydan haydaymanmi? Qizim nima deydi? Xotinim-chi? Mening xotinim ularga yaxshi ona bo‘la olmadi…
Ch a p p a. O‘g‘lingiz haqida hamma gapni hali aytganim yo‘q… (Kutilmagan qattiqlik bilan.) Bugun o‘g‘lingizni hibsga olishimga to‘g‘ri keladi…
J ye n n a r o (itoatkorlikda). Na ilojimiz bor! Agar u shunga loyiq bo‘lsa…
Ch a p p a. Odamlarim anchadan buyon o‘g‘lingiz va Peppe Domkratdan ko‘z uzmay yurishibdi. Don Jenne, bu ikkovi ko‘ngliga kelganini qilishayapti! Mashinani bir daqiqaga yolg‘iz qo‘yish mumkin emas! O‘girilsang bo‘ldi – mashina yo‘q… Bu Peppe Domkrat degani shunaqa chaqqon: birpasda mashina tagiga kirib, yelkasi bilan dast ko‘taradi. Bu ishni qanday qiladi, aqlim yetmaydi… So‘ng birpasda gaykalarni bo‘shatib, mashinani yelkada ko‘tarib turgancha, balonni yechib olishadi… Bugun ular yana bir ishga qo‘l urishgan, ammo biz ham ko‘z-quloq bo‘lib turibmiz… Ular Neva tor ko‘chasidagi bir mashinani ko‘z ostiga olib qo‘yganlar… Istasam, ularni jinoyat ustida qo‘lga tushirib, Domkratni va o‘g‘lingizni kishanband qilaman…
J ye n n a r o (sovuqqina, behis). Kishanband qilavering…
Ch a p p a (uning ohangidan hayratda). Hibsga olaymi?
J ye n n a r o (o‘sha ohangda). Agar jinoyat ustida qo‘lga tushirsangiz, hibsga olavering.
Eshikdan Assunta ko‘rinadi.
A s s u n t a (besabrlikda). Donna Amaliya keldimi?
Je n n a r o. Yo‘q.
A s s u n t a (hafsalasi pir bo‘lib). Amedio ham yo‘qmi?
J ye n n a r o. Yo‘q.
A s s u n t a. Ular qachon kelisharkan? Doktor kutib turibdi.
Chapdagi eshikdan doktor, uning ortidan Adelaida kiradi.
D o k t o r (yosh, muomalali va nazokatli. Sipo, uringan, lekin toza kiyimda). Hech kim kelmadimi?
J ye n n a r o. Hozircha hech kim, doktor.
D o k t o r (toqatsizlanib). Xudoyim-ey, men sizlarga aytgandim-ku… Bilib qo‘ying, qizaloqning ahvoli haqiqatan ham og‘ir…
A d ye l a i d a (falakka qo‘l cho‘zib). Avliyo Anna!
A s s u n t a (xolasining yonida turib, “Ave Mariya”ni rohibalarning mumtoz ohangida o‘qiy boshlaydi). Ave Maria, gratia plena, Dominus tecum, Benedicta tu in mulierdus…
Ularning duolari asta-sekin pichirlashga o‘tadi.
D o k t o r (ikka ayolga qarab). Haqiqatan og‘ir! Eng yomoni, vrach oxirgi daqiqada chaqirilgani uchun bu hol ro‘y bergan.
A d ye l a i d a. Yo, Avliyo Anna!
Assunta “Ave Mariya”ni qaytadan o‘qiy boshlaydi.
D o k t o r (ayollarning ishiga achinib qarab). Mana!.. Mana shu sizlarning la’nati rasm-rusumlaringiz… Yana qanday qilib, omon yurganlaringga hayronman!..
A s s u n t a (chin ko‘ngildan). Nimaga ekanligini bilmaysizmi? Biz vrachlarni yomonlik alomati deb bilamiz.
D o k t o r (og‘rinib). E, o‘lib ketaveringlar! Meni esa, oxirgi daqiqada bunday ishga aralashtirmanglar! “Yomon alomat!” Yuzimga bu gapni aytganing juda yoqdi-da. “Yomon alomat” hozir senga nima deyishini bilasanmi? Mana bu bechora qizaloqning umri sanoqli qoldi!
A d ye l a i d a. Yo Jabroil!
Assunta yana duo o‘qishga tushib ketadi.
(Duo o‘qishni bo‘lib, maxfiy aytilayotganday.) Avliyo Rita, Avliyo Rita, isming bu qizchaning ham ismi… Avliyo Rita!.. (Assunta bilan “Ave Mariya”ni o‘qishga tushib ketadi.)
D o k t o r. Jannatdan avliyolarni bekorga chorlayapsiz. Bunaqa berilib duolar o‘qishingiz, sizning pok insonligingizni ko‘rsatadi, xolos. E’tiqod – yaxshi narsa! Ammo, hozirgi ahvolda, men tavsiya qilgan dorilarni yetkazib kelishmasa, qizaloq vafot etadi.
A d ye l a i d a (achchiqlanib). Doktor, nimaga bu farishta qizchaga falokatni chorlayapsiz!
A s s u n t a. Ana, ko‘rayapsiz, yana biz nohaqmiz…
D o k t o r. Vrachlar – “yomonlik alomati”mi?
A d ye l a i d a (uni ovutib). Yo‘q… Kim bilsin, boshqalar: “Umid qilamiz, oxirgi so‘z aytilmagan…” deyishadi.
D o k t o r. Yo‘q. So‘nggi so‘z aytildi. Ma’lumotingiz uchun, bu gapni men aytdim. Umid qilamiz, albatta… Hech qachon umidni yo‘qotmaslik kerak… Agar dorini topib kelishsa, yuzdan to‘qson to‘qqiz foiz umid borkim, qizaloq tuzalib ketadi.
A d ye l a i d a. Yo, puzelikkalik avliyo Antoniy!
Ayollar yana duo o‘qishadi. So‘ng chapdagi eshikka kirib ketadilar.
D o k t o r (soatiga qarab). Vaqt o‘tib ketayapti!
Ch a p p a. Bu dorini topish shuncha qiyinmi?
D o k t o r. Hm-m… qiyin… Hozir hamma narsani topish qiyin… Yana shu paytda… Kunduz kun bo‘lsa ham, bir balo edi… Hozir dori oltin bahosida… Topsang, qora bozordan topasan. Mayli, yana biroz kutib turaman.
J ye n n a r o. Bizni kechirasiz, doktor.
D o k t o r. Hechqisi yo‘q. Ruxsat bering… (Chapdagi eshikka kirib ketadi.)
J ye n n a r o (alam bilan). Topilsa, chayqov bozordan topiladi. “Shu dorini topmasangiz, qizingiz vafot etadi”, deb doktor aytgandan keyin, onasining ahvolini ko‘rsangiz edi… Endi Neapol oralab, yugurib yuribdi. Topadimi? Kim bilsin? Doktor “faqat qora bozorda topiladi”, deb aytganda, xotinimning rangi murdanikiday oqarib ketdi.
Amedio ko‘chadan pishnab, yugurib kiradi. Chappani ko‘rib, sarosimalanadi, ammo o‘zini qo‘lga oladi.
A m ye d i o (Jennaroga). Hech joyda yo‘q. Faqat ikki-uch dorixona ochiq, ammo ularda ham dori yo‘q. Furchellada ham, Pallunettoda ham, Kavonda ham bo‘ldim. Har bir uyga kirib so‘rab chiqdim – hech vaqo yo‘q. “Ertaga… Topilib qolsa…” deyishadi.
Pop kiradi.
P o p (nafasi tiqilib). Birpas o‘tiray! Oyog‘imda oyoq qolmadi! (To‘g‘ri kelgan stulga o‘tiradi.)
Chapdagi eshikdan Doktor chiqadi.
D o k t or (yangi kelganlarga). Topdilaringmi?
P o p (Doktorga olib kelgan dorilarini ko‘rsatib). Doktor, mana buni topdim, bori shu… Yaramaydimi?
D o k t o r. Agar o‘sha bo‘lsa, yaraydi. (Dorini ko‘rib.) Bu dori qichimadan…
P o p. Yaramaydimi?
D o k t o r (g‘ashi kelib). Bu yoqqa qarang, nodonligingiz jonimga tegayapti!
P o p (unga yana bir dori shishani tutqazib). Qarang, bu yarab qolar…
D o k t o r (doriga bir qarab olib). Bu emizikli ayollarning sutini ushlab turishga yordam beradi.
P o p (sarosimada). Obbo! (Qutidagi dorini ko‘rsatib.) Bunisi-chi?
D o k t o r. Bu ham emas. (Birdan achchig‘i chiqib.) Nima balolarni ko‘tarib kelding! Axir, senga qog‘ozga yozib bergan edim-ku! Qog‘ozda yo‘q narsani nega ko‘tarib kelasan?
P o p (ovutib). Achchiqlanmang, doktor. Hozir urushdan avvalgi mo‘l-ko‘lchilik yo‘q. Doktorlar tarafidan ham ozgina ko‘ngilchanlik kerak. (Qutidagi dorini o‘jarlik bilan ko‘rsatib.) Yaxshilab qarang, ehtimol, mana buni ishlatib ko‘rarsiz…
D o k t o r. Ey, odam! Hozir ko‘chaga otib yuboraman! “Ishlatib ko‘rasiz…” Bu senga koptok o‘ynatishmi? (Cho‘ntagidan ruchka olib, bloknotiga yozadi.) Yana bir urinib ko‘r… (Varaqni yirtib beradi.) Bir hamkasbim bor. O‘shanga bor-chi… Balki unda bordir. Manzilini yozdim…
P o p (qog‘ozni olar ekan). Uzoqmi?
D o k t o r. Yugursang, borish-kelishi o‘n daqiqa… O‘v!.. Keraksiz narsani ko‘tarib kelsang, yuzingga otib yuboraman.
P o p. Xo‘p.
D o k t o r. Tez borib kel. (Chapdagi eshikka kirib ketadi.)
A m ye d i o. (U bu suhbat davomida goh Chappaga, goh otasiga, goh soatiga, goh tor ko‘chaga qarab, bezovtalanib turibdi. Ketishga jur’at qilolmayapti, ammo nimadir uni ko‘chaga tortqilayapti. Oxiri ketishga qaror qiladi. Xijolatomuz tirjayib). Onam topgandir. U, albatta, olib keladi… Ozgina sabr qilsak… Ota, siz shu yerda bo‘lasizmi? Men Turreto ko‘chasiga g‘izillab, borib kelaman.
Chappa Jennaroga pinhona qarab oladi.
J ye n n a r o (hech narsa bilmaganday). Agar juda zarurati bo‘ladigan bo‘lsa…
A m ye d i o (otasining ichidagini anglamay, hatto jur’atlanib). Bir kechiktirib bo‘lmaydigan ish… Shunday yugurib borib-kelaman.
J ye n n a r o (Gapni aylantirib). Bilasizmi, nimani o‘ylayapman, brigadir? Shu kunlarda vazifangizni bajarish uchun tinmay ishlashingizga to‘g‘ri kelayapti. (Amedioga.) Shoshayapsanmi?
A m ye d i o (dovdirab). Yo‘q.
J ye n n a r o (Chappaga). Qarang. (O‘g‘liga.) O‘tir.
Amedio karaxtlangan, beixtiyor o‘tiradi.
J ye n n a r o (gapini davom ettirib). …Chunki urush paytidagi tartibsizliklar tufayli jinoyatchilik o‘sadi… Olibsotarlar, firibgarlar, kontrabandachilar… Soxta ruxsatnomalar bilan yurish, soxta hujjatlar… Avtomobil o‘g‘rilari…
Kutilmagan gapdan Amedio seskanib ketadi.
Murda qiyofasida yotganimda aytgan bir gapingiz hech yodimdan chiqmaydi: “Senday o‘likka qo‘l ko‘tarish gunohingdan ham kattaroq gunohdir”. Ba’zi bir narsalar kechiriladi… Shu sababdan ham qo‘llarimga kishan urmagansiz… Tushunarli… Chunki tirik odamlar, tirik xalq nimadir qilib o‘zini himoya qilmog‘i zarur. Ishini uddalagan firibgarga: “Mayli, meni ahmoq qilding, ammo yashashimga imkoniyat berding”, deysan. Hatto: “Chaqqon yigit”, deb maqtab ham qo‘yasan. Soxta hujjatlar bilan yuk mashinasida shahar oralab yurish uchun ham jasoratu hiyla-nayrang kerak. To‘g‘ri, keyin qoyil qolishadi: “Uddaburon, ushlaganini kesadi, yuk tashishini qarang!..” U yoqdan-bu yoqqa qatnab turgan shu yuk mashinalari tufayli qanchadan-qancha odamlarning qorni to‘q yuribdi. U o‘zining jonini tikayapti, qaysi bir burchakda o‘q yeb qolishi ham hech gap emas… Fohishalik? Xo‘sh, nimasi ajablanarli, brigadir… Urush bechoralikni olib kelmaydimi? Bechoralik ochlikni yetaklab keladi. Ochlik nimani keltiradi? Ana, endi ko‘chaga chiqaver… Birov kambag‘allikdan, birov ochlikdan, birov nodonlikdan, birov laqmaligidan… Ammo bularning hammasi o‘tib ketadi. Barcha urushlarda shunaqa bo‘lgan… Odamlar jazolarini tortganlar… Urush uchun hamma to‘lov to‘lagan… Ammo o‘g‘rilar… Yo‘q, o‘g‘rilik kechirilmaydi! To‘g‘rimi, brigadir?
Chappa “fikringizga qo‘shilaman” deganday bosh silkiydi.
Urush tufayli odam o‘g‘ri bo‘lmaydi. Albatta, hamma gunohni urushning ustiga ag‘darsa bo‘laveradi. Ammo o‘g‘ri – tug‘ilgandan o‘g‘ri bo‘ladi! Unga: “Sen neapolliksan”, deb ham aytib bo‘lmaydi. Yoki rimlik, milanlik deb… O‘g‘ri bu – o‘g‘ri. Otasi ham, onasi ham yo‘q. Bizning yurtimizda unga o‘rin yo‘q. Axir, urushdan avval o‘g‘rilar bekorga okean ortiga ketishmagan!..
A m ye d i o (hali ham tushunmay, hayron qolib). Ota, nega bu gaplarni menga aytayapsiz?
J ye n n a r o (Chappaning rejasini zarra oshkor qilishni istamasdan, ammo o‘g‘lini ham yo‘ldan qaytarmoqqa urinib). Chunki… Chunki bizning shahrimiz yomon nom chiqargan… Nima qilamiz?.. Baxtsizlik… “Neapolliklar” deyishsa, hushyor tortiladi. Hamma zamonlarda shunday bo‘lgan. Agar boshqa bir shaharda o‘g‘rilik yuz bersa ham, kulgi uchun, “Neapolda bo‘ldi” deyishadi. (O‘sha hazilkashlarga taqlid qilib.) “Eshitmadingizmi? Neapolda bor yuki bilan paroxod yo‘qolibdi!..” Aslida, bu gaplar noo‘rin emasmi, brigadir?.. Axir, bunday bo‘lishi mumkin emas. Odamlar faqat bu gapga o‘zlarini ishongan ko‘rsatadilar, xolos. Qanday qilib, paroxod yo‘qolishi mumkin? Nima, u qopchiqmi? Agar bu gap to‘g‘ri bo‘lsa ham, yana bir dalil keltiraman… Agar paroxod yo‘qolgan bo‘lsa, mantiqan bu ishni amalga oshirish uchun neapollik o‘g‘ri neapollik bo‘lmagan boshqa bir o‘g‘ri bilan til biriktirgan bo‘ladi. Yuk mashinalari boshqa gap… Chunki ular yuk mashinasi-da!.. Yuzlab yuk mashinalar izidan yo‘qolganmish… Shuning uchun (o‘g‘liga) sen boshqalarga yaxshi namuna bo‘lishing lozim. Shu qadar yaxshi bo‘lishing kerakki, agar bir joyda Neapol haqida yomon gapirishayotgan bo‘lsalar, sen toza vijdon bilan: “Ha, Neapolda o‘g‘ri bor, ammo dunyoning hamma joyida bo‘lgani kabi, u yerda pokiza odamlar ham ko‘p”, deb ayta olgin!
Ch a p p a. Xuddi shunday.
A m ye d i o (otasining gapini ma’qullab). Albatta… Mayli, ota, men ketdim…
J ye n n a r o (“Sen jazoga loyiqsan” degan yashirin alamda). Bor!
Chappa aralashgisi keladi, ammo o‘zini tiyadi.
Ro‘molchang bormi?
A m ye d i o (cho‘ntagini kavlashtirib, topadi). Ha…
J ye n n a r o. Palto ham kiyib ol.
A m ye d i o (battar hayratlanib). Ota, nima uchun?
J ye n n a r o. Chunki kechqurun sovuq bo‘ladi. Ehtimol… sen ushlanib qolarsan?
A m ye d i o. Yo‘q, ushlanmayman. Agar shuni istayotgan bo‘lsangiz… (Kiyim javondan paltoni olib, qo‘liga tashlaydi.) Tezda kelaman, ota. (Ketadi.)
J ye n n a r o (biroz sukutdan keyin, tamom bo‘lgan alfozda). Salomat bo‘ling, brigadir. Rahmat…
Ch a p p a (qo‘zg‘alib). Xayr, don Jennaro. Qizingiz tuzalib ketsin. (Amedioning izidan ketayotganday, sekin yurib chiqadi.)
Sukunat. Jennaro og‘ir o‘ylar qurshovida, uni bo‘lajak bebaxtliklar o‘rtayotganday… Chap tomondagi eshikdan Mariya Rozariya kiradi. U tamom o‘zgacha: odmigina kiyingan, yuz ifodasi jiddiy; u javonga borib, chashka oladi-da, jimgina chiqib ketadi. Bu orada ko‘chadan sigaretini burqsitib, sekin va ehtiyotkorlik bilan Peppe Domkrat kiradi. Kimnidir izlab alanglaydi-da, Jennaroga ko‘zi tushadi.
P ye p p ye. Xayrli kech, don Jennaro!
Jennaro javob bermaydi.
Amedio uydami?
J ye n n a r o (sovuqlik bilan). Hozirgina ketdi.
P ye p p ye. U men bilan uchrashgani ketgan! (Soatiga qarab.) Sal erta jo‘nabdi. (Ohangi o‘zgarib.) Qizcha qalay?
J ye n n a r o. Xudoga shukur!
P ye p p ye. Men ham o‘zimni juda yomon his qilayapman… Don Jennaro, qadrdonim, mana bu yelkam og‘riganidan, qimirlata olmayapman… (O‘ng yelkasini azobda qimirlatadi.)
J ye n n a r o (go‘yo hamdardlik bildirayotganday). O‘ng yelkami?
P ye p p ye. Ha.
J ye n n a r o (birdan). Bu – avtomobil.
P ye p p ye (dong qotib, ammo noto‘g‘ri eshitganday). Qanaqasiga?
J ye n n a r o. Yelkangiz og‘riyaptimi?
P ye p p ye. Xuddi shunday!
J ye n n a r o. O‘ng yelkami?..
P ye p p ye. Ha-da!
J ye n n a r o. Bu – avtomobil.
P ye p p ye (tashvishlanib). Demak, to‘g‘ri eshitibman… Ammo kechirasiz, avtomobilning nima daxli bor?
J ye n n a r o (gapning ishorasini pinhon tutuvchi, ammo ma’noli nazar tashlaydi. Bu lahzalik qarash Peppeni yanada bezovtalantiradi). Ehtimol, siz avtomobil haydarsiz, o‘ng tarafdagi oyna esa, hamisha ochiq yuradi.
P ye p p ye (engil tortib). E-e!.. Yo‘q-yo‘q-yo‘q-yo‘q. Bundan emas. Bu yerda gap… Bilasizmi, Don Jennaro, pul topish mashaqqat… Mehnat qilasan… Men o‘g‘lingiz bilan hamkorlik qilaman, ammo bugun kechqurun ozroq dam olaylik deb aytmoqchiman.
J ye n n a r o. Albatta! Dam olish kerak!.. (Ma’noli qilib.) Biror… ikki yilga!
P ye p p ye. Ha! Ikki yil! Shunday qilish kerak. Juda to‘g‘ri bo‘ladi! Bilasizmi, don Jennaro, (orzulanib) xilvat bir joyda yashagilarim keladi.
Jennaro ma’qullab, bosh silkiydi.
Hech kimni ko‘rmasang, hech kimni eshitmasang… Qanday tushuntirsam?… Frantsiskan rohiblariga o‘xshab…
J ye n n a r o. Shunday… Monastirday joy bo‘lishi kerak…
P ye p p ye. Xuddi shunday! Hashamsiz, oddiy: bir xona, torgina uycha…
J ye n n a r o (to‘ldirib)… hujra!
P ye p p ye. Xuddi shunday: hujra! (Yolg‘izlikning totidan bahra olayotganday) Kimdir senga xizmat qilib tursa, ovqat olib kelsa…
J ye n n a r o. …hamma vaqt aniq bir paytda. Betashvish, yugur-yugursiz… “Ertaga nima bo‘ladi”, deb o‘ylamasang. U yerda ertang haqida o‘ylaydigan odamlar ham bo‘lsa. Ishonchli odamlar.
P ye p p ye. Pul olishsa ham mayli…
J ye n n a r o. Pul kerak bo‘lmaydi. Beminnat xizmat qanday yaxshi. Panjarali mahkam derazalar.
P ye p p ye (xijolat tortib). Yo‘q, panjaraning menga hojati yo‘q.
J ye n n a r o. Ammo juda darkor!
P ye p p ye. Kechirasiz, nega darkor?
J ye n n a r o. Nega darkor emas? Kechirasiz, xilvat joyda yashamoqchi edingiz, shekilli…
Peppe tasdiqlab bosh qimirlatadi.
Jinoyatchilik avj olgan bunaqa zamonda kim sizga yaxshilik tilaydiyu kim yomonlik – qayerdan bilasiz?
P ye p p ye. To‘g‘ri aytayapsiz.
J ye n n a r o. Unday bo‘lsa, panjara kerak.
P ye p p ye. Mayli, bo‘lsa, bo‘la qolsin!..
J ye n n a r o. Albatta.
P ye p p ye (ketish uchun qo‘zg‘alarkan, o‘ng yelkasini ushlab qo‘yadi). Yo hazrati Iso! Haqiqatan ham o‘ng yelkamni qimirlatolmayapman. (Aniq qarorga kelib.) Amedioga kechda, albatta, aytaman.
J ye n n a r o. Oxirgi marta yana bir harakat qilib ko‘rsangiz, shu kechasiyoq tomosha boshlanadi.
P ye p p ye. Shunday. Salomat bo‘ling, don Jenna. (Tashqariga yo‘l oladi.)
J ye n n a r o. Hujraga tushib qolsangiz, sizdan habar olib turaman.
P ye p p ye (mehribon ko‘rinib ketayotgan Jennaro ohangida). Men panjaraning ortida, siz ko‘chada…
J ye n n a r o. Sizga apelsinlar va sigaretlar eltaman.
P ye p p ye. Men kelishingizni kutib o‘tiraman…
J ye n n a r o. Baribir o‘g‘limga boraman-ku, yo‘l-yo‘lakay siz bilan ham ko‘rishib o‘taman.
Peppe ketadi. Tor ko‘chaning qarshi tarafidan Erriko chiqib keladi.
E r r i k o (ozgina horigan va hayajonlangan. Jennaroga ko‘zi tushgach, samimiy hamdardlik bildiradi). Xayrli kech! Rituchchining sog‘ligi qalay?
Jennaro javob bermaydi.
Popni ko‘rib qoldim. U menga qizaloqning hamon issig‘i balandligini aytdi.
Jennaro yana javob bermaydi.
Bu dorini men ham rosa izladim. (Qog‘ozni ko‘rsatib.) Mana, bu yerda nomi yozilgan, ammo topolmadim. Ehtimol, ertaga… (Jennaroning o‘zini bunaqa tutishi uni hayron qoldiradi, nima deyishini bilmaydi, ammo o‘zini eplab oladi. Unga hatto ko‘z qirini ham tashlamayotgan Jennaroning qarshisiga – stolning nariga tarafiga o‘tiradi.) Yaxshi bo‘lmadi… Ayniqsa, siz kelganingizda… Donna Amaliya tashlab qo‘ygani yo‘q… Ba’zan qanday bo‘lishini bilasiz-ku… Bolalar kutilmaganda shunaqa og‘rib turadi, deyishadi… Ko‘p ham tashvish tortavermang… Bu – go‘dak, ko‘rarsiz, birpasda oyoqqa turib ketadi. (Yana jimlik.) Donna Amaliya ta’naga loyiq emas. U oilasi uchun jonini ham ayamaydi. (Sukunat.) Siz yo‘g‘ingizda, donna Amaliya oilani qanday qadrlashiga hammamiz ishondik. Donna haqida kim bir yomon gap aytsa, iflos odam bo‘ladi. Siz unga quloq solmang. Men do‘stingizman, to‘g‘risini aytaman.
Jennaro o‘zini tutib turish uchun shiftlarni tomosha qilyapti.
Ba’zan o‘g‘lingizga ham otalarcha nasihat qilishga jur’at qildim. Bu ishni chin yurakdan ado etdim. Siz yo‘q edingiz. (Jennaroning jim turishi uni juda ham toqatsizlantiradi. Ovozi allaqanday hayajonlanib chiqadi. U endi Jennaro bilan emas, o‘zi bilan, o‘zining vijdoni bilan suhbatlashayotganday.) Uyda yolg‘iz ayol. Er yo‘q. Albatta, tushunasiz… Mening bu uyga tez-tez kelib turishimni ko‘rishgan, har qanday o‘ylarga borishgandir… (Samimiy va o‘z qadr-qimmatini yerga urmay.) Ammo hozir chin so‘zimni aytaman – donna Amaliya sizni doim hurmat qilgan va hurmat qiladi. (Sukunat.) Bugun ertalab ham men bilan sovuq muomala qildingiz. Buni fahmladim. Hozir esa, siz bilan gaplashib olgani, ataylab qaytib keldim. Biz yosh bolalar emasmizku? Don Jennaro, agar kimdir sizdan kechirim so‘rashi lozim bo‘lsa, u men bo‘laman. Ammo Amaliyadan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin.
Erriko Xushro‘y ayni shu gapnigina aytmoqchi edi. Endi u yengil tortgan. Sukunat.
Bu kecha men Kalabriyaga ketaman… Kechasi ba’zan, yo‘lda nimalar ro‘y berishini – tirik qolasanmi, yo‘qmi, bilmaysan… Men xohlagandim… Bugun ertalabdagi muomalangizni nazarda tutib… (Jennaro u bilan yarashmoqni istamayotganini ko‘rib, ketish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aladi.) Agar sizga biror bir foydam tegsa… (Jo‘nab.) Qizingiz tuzalib ketishini chin ko‘ngildan tilayman… Xayrli kech… (Yana bir necha qadam tashlaydi, burilmasdan, qariyb to‘lqinlanib.) Yana bir bor xayrli tun… (Tor ko‘chaga chiqib chapga ketadi.)
Biroz vaqt o‘tib, Pop kiradi.
P o p (chapdagi eshik tomon yurar ekan). Don Jenna, chakki emas! Mana, yana bir quti dori topdim!.. Hozir doktorga ko‘rsataman. (Kirib ketadi.)
Amaliya kiradi. Qiynalgan, bu falokat uni tamom o‘zgartirgan. Birinchi bor u tomoshabin ko‘z oldida ona qiyofasida ko‘rinish beradi. Hatto qariganday… O‘zini boshqacha tutishga istagi ham, kuchi ham yo‘q; hech narsani yashirishni ham xohlamaydi. Dardu g‘amga to‘lib, stolning yonida – o‘rtada o‘tiradi.
A m a l i ya. Hech joyda yo‘q! Yo‘q! Yo‘q! Hammadan so‘rab ko‘rdim! Butun Neapolni aylanib chiqdim! Yo‘q! Borini ham yashirib qo‘yishgan! (Ilojsizlikda.) Qanaqa vijdonsizlik! Dori bilan chayqov qilish! Odamning hayotini saqlab qoladigan dori bilan!.. (Azobda, dod solganday.) Nima, mening qizim o‘lib ketaveradimi? Ular dorining narxini oshirish uchun yashirib qo‘yishgan! Bu qanday ablahlik! (O‘rnidan shart turib, chapdagi eshikka kirib ketadi.)
Jennaro ortidan qarab qoladi. Ko‘chadan Rikkardo kiradi.
R i k k a r d o (u plashda, plashning etagidan tungi pijamaning pochasi ko‘rinib turibdi. Hamdardlik bilan). Ruxsat bering. Xayrli kech. Qizingizga dori kerak, deb aytishdi. Nazarimda, o‘sha dori bizda bor… (Kichik bir quti ko‘rsatadi.) Mana, shumi?
J ye n n a r o (hayajonlanib). Marhamat, o‘tiring. (O‘rnidan turib, chapdagi eshik tarafga.) Doktor, bir daqiqaga qarab yuboring!
D o k t o r (sahna ortidan). Hozir. (Chiqib.) Nima bo‘ldi?
J ye n n a r o. Bu sinor yonimizda yashaydi. U siz so‘rayotgan dori menda bor deyapti. Qarang-chi, o‘shamikan?
D o k t o r (Rikkardoga). Ko‘rsating qani… (Ko‘rgach.) Xuddi o‘zi. O‘zi!
R i k k a r d o. U bizda tasodifan saqlanib qolgan… Olti oy muqaddam mening qizim ham shunaqa kasal bilan og‘rigan edi…
D o k t o r. Omadimiz bor ekan. Bering…
R i k k a r d o. Yo‘q, bu dorini faqat sinora Amaliyaga beraman.
J ye n n a r o. Amaliya! Bu yoqqa chiq. Hisobchi seni so‘rayapti.
Amaliya chiqadi. Ortidan kelayotgan Pop to‘xtab, yig‘ilganlarga savol nazari bilan qaraydi.
R i k k a r d o (Amaliyaga, hayajonsiz, o‘ch olishni o‘ylamay, zaharxandasiz). Donna Amaliya, doktor qizingizga tavsiya qilgan dori menda bor. (Ko‘rsatib.) Mana u.
A m a l i ya (hayronlikda, lekin past tushmay). Qancha so‘raysiz?
R i k k a r d o (hamdardlikda, sokin). Siz menga nimani qaytarib berasiz?
Amaliya unga yana qanday gaplar eshitishini kutib, g‘amgin qarab turibdi.
Mening bor mol-mulkim hozir sizniki! Bor-yo‘g‘imni tortib olgansiz… Uylarimni, xotinimning narsalarini, kiyim-kechakni… Oilaviy qimmatbaho narsalarni…
Amaliya boshini egadi.
Och qizlarim uchun bir hovuchgina guruchni ming lir berib, yalinib-yolvorib olganman… Endi gap sizning qizingiz haqida ketayapti…
A m a l i ya (uni insonparvarlikka chaqirib, qariyb ta’na ohangida). Bu, axir, dori-ku…
Jennaro ularning suhbatidan yashirinayotgan kabi sahna o‘rtasiga asta yurib boradi. Doktor esa goh Amaliyaga, goh Rikkardoga qarab, suhbatni kuzatib turibdi. Pop cho‘ntaklaridan nimanidir izlayotgan kabi urinib, o‘zini befarq ko‘rsatishning payida.
R i k k a r d o. Qo‘shilaman. To‘g‘ri aytayapsiz, ba’zan dorisiz o‘lib ham ketishadi. Ovqatsiz-chi, donna Amaliya, tirik qoladimi?
Amaliya biror so‘z aytishga jur’at qilolmay qotib turibdi.
Agar men so‘nggi ko‘ylagimni ham sotmaganimda, bolalarimni asrab qololmasdim. Ko‘rayapsiz, ertami, kechmi, har qanday odam qo‘shnisining eshigini taqillatar ekan. Bilib turibman, hozir menga xohlagan narsamni berishga tayyorsiz… Bolamiz kasal bo‘lganda, men bir hovuch yorma izlab izg‘iganimday, siz ham Neapol bo‘ylab sarson yugurganingizni ko‘rib, xursand bo‘lganim yo‘q… Hozir ham “to‘rt tarafga choping, ovoralikda eshikma-eshik, uyma-uy yuring” deyotganim yo‘q… Men hech qachon bunday demayman! Faqat inson bir-biriga hamisha yordam qo‘lini cho‘zib turishi lozimligini tushunib qo‘yishingizni istayman, xolos. (Doktorga qutichani uzatib.) Mana, doktor. Donna Amaliya tushunib yetdi, deb umid qilaman. Qizaloq tuzalib ketsin!.. Xayrli kech. (Ketadi.)
Amaliya shoshqin ishorat bilan Doktorni bemor qoshiga borishga undaydi.
P o p (bo‘ynini qashlab). Ana, bunisiga qoyil!
J ye n n a r o (to‘lqinlanib ketgan, o‘zini to‘xtatolmayapti. Ammo boshqa narsalar haqida gapirishga harakat qiladi). Sen-chi? Sen chayqovchilik bilan shug‘ullanmaganmisan? Qancha millioning bor?
P o p. E-e… Millionlar menda qayerdan bo‘lsin! (Hozirgina bo‘lib o‘tgan gaplarni eslab va o‘zining toza odamligini o‘ziga isbot qilishga tushganday.) Bir pomidorni non bilan yesam, o‘zimni qirol his qilaman. Ha, bir vaqtlar qandaydir ishlarga qo‘l urmoqchi bo‘lganman, ammo voz kechishga to‘g‘ri kelgan… (O‘ziga, o‘zining baxtiga ishonmay.) Bir marta suvoqchi Paskualino bilan ellik kilo anjirqoqi sotib oldik. “Biroz kutamiz. Narxi ko‘tarilgandan keyin sotarmiz…” deb o‘yladik… Qadrdonim don Jennaro, nima bo‘ldi deng? Hammasi qurtlab ketdi! Yuvib, quritdik. Yarmi sichqonlarga yem bo‘ldi, yarmi chirib ado bo‘ldi. Albatta, biror ish qilsa bo‘lardi… Ammo menga nima keragi bor? Ayniqsa, hozir… Xotinim bombaning tagida qolgandan keyin… Don Jennaro, juda ham dahshatli bo‘ldi… (Dahshatli onlarni ko‘z oldiga keltirib.) Biz bombapanada xuddi siz bilan menday turibmiz… Bombalar portlayapti, biz janjallashayapmiz… “Odamlar eshitadi, jim bo‘l!” deyman. U bo‘lsa… (Xotinining tinmay bidirlaganiga taqlid qilib.) Ta-ta-ta… ti-ti-ti. Birdan u o‘tirgan tarafdagi devor qulab tushdi… Bir lahzada, don Jennaro. “Bu yerdan chiqsak, gaplashamiz”, deganicha… Rahmatli qiynalmasdan, birpasda jon berdi. Yaxshi o‘lim, don Jenna… Menday so‘qqaboshga savdo-sotiqning nima keragi bor?
J ye n n a r o (u Popning boshdan o‘tkazganlarini eshitgani yo‘q, ilgari hujrasi bo‘lgan burchakka qarab turibdi). Ertaga bir hojatimni chiqar. Biroz ertaroq kel. Hujramni tiklaymiz. Taxtalarini nima qildilaring? Tashlab yubordilaringmi? Yoqdilaringmi?
P o p. Nima deyapsiz? Taxtalar turibdi. Buzganimizda Paskualening yerto‘lasiga eltib, o‘zim taxlab qo‘yganman. O‘sha joyda turibdi.
J ye n n a r o. Ertaga hujrani tiklaymiz. (U Popga ko‘rsatmalar berib, past ovozda gapirishda davom etadi.)
Chapdagi eshikdan Doktor, ortidan Amaliya, Adelaida va Assunta chiqadi.
D o k t o r. Xo‘p, men ketdim. Endi bu kechaning tugashini kutish kerak. Qizaloq kasallikning avj xurujidan o‘tib oladi. Erta tongda kelaman. Meni yaxshi xabarlar bilan kutib olasiz, deb o‘ylayman. Xayrli tun!
A d ye l a i d a. Xayrli tun!
A s s u n t a. Xayrli tun!
Doktor ketadi. Jennaro va Pop u bilan ishora qilib xayrlashadi. Amaliya, g‘amda ado bo‘lganicha, shol ro‘molga o‘ranib, stol yoniga o‘tiradi. Sovuq qotayapti. Oqibat, bu daqiqalarning mas’uliyatini, o‘zining aybdorligini his qilgan.
A d ye l a i d a (Amaliyaning ahvolini sezib, uning yoniga keladi-da, xushso‘zlar ayta boshlaydi). Endi hammasi yaxshi bo‘ladi. Tinchlaning. Dori topilmaganidan, Doktor ham asabiylashgandi, mana qarang, qanday xush kayfiyatda ketdi?
Amaliya unga minnatdorchilik bilan qaraydi. Bu so‘zlar uni tinchlantiryapti.
Biz ketaylik. Bir gap bo‘lsa, chaqirarsiz.
A s s u n t a. Xayrli tun!
Xola-jiyan jimgina chiqib ketadilar. Pop eshik ortida – tor ko‘chada o‘tirib oladi. Jennaro xotinidan ko‘z uzmasdan, tik turibdi. Amaliya uning bu nazarini sezib, zardasi qaynaydi.
A m a l i ya. Nega bunday qarayapsan? Men hamma odam qo‘l urgan ishni qildim. Yugurdim-eldim, ustomonlik qildim… O‘zimni himoya qildim… Nega menga tikilganing tikilganu, bir nima demaysan? Ertalabdan buyon qaraysan, miq etmaysan? Nimada meni ayblayapsan? Qanaqa g‘iybatlar eshitding?
J ye n n a r o (nima bo‘lsa ham vaj-karsonlarni eshitishdan qochib). Nega jimman? Gapirishimni istayapsanmi? Gapiraman. Pop, baraka topgur, boraver, ertaga ko‘rishamiz.
P o p (o‘rnidan qo‘zg‘alib). Xayrli tun! (Jo‘naydi.)
J ye n n a r o. Iltimosim esingdan chiqmasin.
P o p (ko‘chadan). Xo‘p. (Ketadi.)
J ye n n a r o (oynavand eshikni yopadi-da, sekin xotinining yoniga keladi. Gapni nimadan boshlashni bilmaydi; kasal qizaloq yotgan xonaga bir qarab oladi-da, so‘zlashga jur’at qiladi). Amaliya, bilmayman nega, ammo mana shu kasal yotgan qizaloq, meni butun mamlakatimiz haqida o‘ylashga majbur qiladi. Qaytib kelayotib, oilamizni qurbon bo‘lgan; omon qolgan bo‘lsa, imonu e’tiqodda yashayotgandir deb o‘ylagandim. Nima uchun bunday o‘yladim? Chunki men urushdan qaytayotgan edim. Bu yerda esa, urush haqida hatto eshitishni ham istashmaydi. Avvalgi urushdan qaytganimda, hamma meni mehmonga chaqirgandi: birov u yoqqa, birov bu yoqqa… Jangovor damlar haqida eshitgani, mardona jasoratlardan bilgani taklif qilishardi… Hamma bilganlarimni so‘zlab berganimdan keyin, shu darajaga borib yetgandiki, talablarni qondirish uchun nimalarnidir o‘ylab topishga yoxud boshqa askarlar boshidan kechirganlarini o‘zimniki qilib so‘zlab berishga majbur bo‘lardim. Chunki xalq to‘plangan, ko‘zlari yonib eshitishyapti, bolalar… (O‘sha paytdagi tinglovchilarning jo‘shqin tashabbuskorligiga taqlid etib.) “Askar, gapir! Italiya askari, so‘zla!” Endi esa urush haqida hech kimning eshitgisi ham kelmaydi. Buning sababi shundaki… Yo‘q, sening aybing yo‘q, axir, urushni sen boshlamagansan… Buning sababi shundaki, pul odamlarning boshini aylantirib tashladi… (Tushungannamo.) Avval qo‘lingga ozgina pul tushdi, so‘ng yuz minglab, millionlab… (Javonning qutisini ochadi, undan bir-ikki mingtalik olib, Amaliyaga ko‘rsatadi.) Mana, qara… Sen ularni oz-ozdan ko‘rgansan va men qaytib kelgach, ularning hammasini ko‘rgan chog‘imdagi anglashni boshingdan kechirib ulgurmagansan… Menga bu uyum qog‘ozlar aqldan ozishday, hazilday tuyuladi. (Pullarni Amaliyaning qarshisiga – stol ustiga socharkan.) E’tibor ber, Amaliya, ularga qo‘lim tegsa, yuragim qattiq urmaydi. Axir, mingtaliklarni ko‘rganda, u jonholatda tipirchilashi kerak-ku!.. (Sukunat.) Senga nima deyin? Agar bu yerda yashaganimda, ehtimol, men ham boshimni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lar edim… yoki kecha bemor singlisi karavoti yonida menga borini aytib, tavba-tazarru etgan qizimga nima deyin? Qo‘lidan ushlagancha, ko‘chaga olib chiqib, “Fohishalikka boraver! ” deyinmi? Axir, qancha otalar shu tarzda qizlarini ko‘chaga haydaganlar. Faqat Neapolda emas. Dunyodagi hamma mamlakatlarda. Agar yaxshi ona bo‘lolmagan bo‘lsang, Amaliya, seni nima qilishim mumkin? O‘ldiraymi? Yo‘q qilaymi? (Tobora hayajonlanib va dono tortib.) Axir, bu dunyoda ro‘y berayotgan fojialar ozmi? Yuragimizni o‘rtayotgan azalar kammi?.. Amedio-chi?.. O‘g‘ri bo‘lgan Amedio-chi?
Ko‘zini bo‘shliqqa tikib o‘tirgan Amaliya seskanib ketadi. Jennaroning har bir so‘zi unda oynadagiday aks berayapti.
Amedio o‘g‘ri bo‘ldi. O‘g‘ling o‘g‘rilik qiladi! U haqida… o‘ylayotganim yo‘q, endi u haqida boshqalar tashvish tortadi… (Amaliyaning hayajonlanayotganini u fahmlab turibdi. Unga achinib.) Endi meni tushundingmi? Men esa, shu yerda bo‘lishim lozimligini angladim. Oilaga halokat qancha xatar solsa, ota mas’uliyatni bo‘yniga shu qadar ko‘proq olmog‘i darkor. (Xayoli bemor qiziga ko‘chadi. U yotgan chapdagi eshikni ko‘rsatib.) Agar hamma shu eshikka kirolsa edi… Hamma vijdonning ko‘ziga tik qaray olsa edi… Endi esa, kutish kerak… Kutishdan boshqa choramiz yo‘q… Doktor nima dedi? Bu tunni o‘tkazib olsak bo‘ldi. (Sahna ortiga boradi. Sof havo kiritayotganday, oynavand eshikni asta ochib qo‘yadi.)
A m a l i ya (hasratda ado bo‘lgan, go‘yo bosinqirashdan uyg‘ongan kabi yig‘layapti). Nima bo‘ldi?.. O‘zi nima bo‘ldi?..
J ye n n a r o (ko‘chada ham eshitiladigan baland ovozda). Urush bo‘ldi, Amaliya! Urush!
A m a l i ya (o‘zini yo‘qotib qo‘ygan). Nima bo‘ldi?.. Nimalar bo‘ldi…
Mariya Rozariya chapdagi eshikdan chiqadi. Qo‘lida kosa va qoshiqcha. U “hovli”cha tomonga ketadi.
J ye n n a r o. Mari, menga ozroq qahva isitgin…
Mariya Rozariya javob bermasdan, o‘ngdagi kichik stolning yoniga borib, spirt lampasini yoqadi. Ustiga kichik qahva idishini qo‘yadi.
A m a l i ya (oddiy, lekin baxtli kunlarni eslab). Ertalab bozorga borardim… Amedio Rituchchini maktabga kuzatib, ishga ketardi… Uyga qaytib kelib, tushlik tayyorladim… O‘zi nima bo‘ldi?.. Kechqurun hammamiz stol atrofiga jam bo‘lib, ovqatlanishdan oldin, duo o‘qirdik… O‘zi nima bo‘ldi?.. (Beun yig‘laydi.)
Amedio sekin kirib keladi. Hamma unga qaraydi.
A m ye d i o (tashvishlanib). Rituchchi qalay?
J ye n n a r o (u stol yonida o‘tiribdi. O‘g‘lining ovozini eshitib, seskanib tushadi. Yuzi yorishadi. Yig‘lagisi keladi, ammo o‘zini tutib). Dori topildi. (O‘zini mahkam tutib o‘rnidan turadi.) Doktor barcha chorani ko‘rdi. Faqat bu tunni o‘tkazib olsak bo‘ldi. (So‘ng soxtaroq chiqqan beparvolik bilan so‘raydi.)
Sen-chi? Uchrashuvga bormadingmi?
A m ye d i o (hadiksirab). Yo‘q. Rituchchining tobi yo‘qligini o‘ylab, qaytdim. Bunaqa yurish yaxshi emas, deb o‘yladim.
J ye n n a r o (engil ta’na bilan). Ha, yaxshi emas. Kel, meni o‘pib qo‘y.
Amedio otasini mahkam quchib, o‘padi.
Bor, singlingning yonida ozroq bo‘l. Uning hali ham issig‘i bor.
A m ye d i o. Xo‘p bo‘ladi, ota. (Yo‘naladi.)
J ye n n a r o (uni to‘xtatib). Ertaga Rituchchi o‘ziga kelib qolsa, seni gaz kompaniyasiga eltib, ishga joylab qo‘yaman.
A m ye d i o (qat’iy). Xo‘p bo‘ladi, ota. (Chapdagi eshikka kirib ketadi.)
Mariya Rozariya otasiga qahva tutadi. Jennaro unga mehr bilan boqadi. Jennaro qizining ko‘zlaridan, u ham otasini kechirim o‘pichi ila o‘pgisi kelayotgani bilib turibdi. Jennaro qizini bag‘riga bosib, peshonasidan o‘padi. Mariya Rozariya o‘zini ozodlikka chiqqanday his qilib, quvonchli hayajonda chapdagi eshikka kirib ketadi. Jennaro qahva ichmoqchi bo‘ladi, ammo g‘am-g‘ussada ado bo‘lib turgan Amaliyani ko‘rgach, to‘xtaydi.
J ye n n a r o (xotinining yoniga kelib, samimiyat va hamdardlik ila). Ma… bir qultum qahva ichib ol… (Unga chashkani tutadi. Amaliya chashkani bajonidil oladi va eriga: “Qanday qilib hammasini tuzatamiz? Qanday qilib yana vijdonli odamlar qatoriga qo‘shilamiz? Qachon?” degan azobli savollarda qaraydi. Jennaro xotinining savollarini tushunib turibdi va unga donishmandlarga xos javob beradi.) Kutish lozim, Amaliya. Tunni o‘tkazib olmoq darkor. (U bu gaplarni aytib, xotinining yoniga o‘tiradi. Ular xuddi yaxshi kunlarni ishonib kutayotganday.)
PARDA
(Tamom)
Rus tilidan Usmon Azim tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 6-7-sonlar