— Yur mushugim, – dedi Anton mushugiga, – tomning tagida nimalar borligini ko‘rib tushamiz.
Mushuk cho‘zilib qaddini rostladi va huzur qilib esnagan holda, bu kichik sayrga xohishi yo‘q emasligini bildirganday bo‘ldi. Anton tepadagi latta-puttalar va eski mebellar orasida qolib ketgan bahaybat, sirli yog‘och sandiqni ko‘pdan beri ochib ko‘rmoqchi bo‘lib yurgandi. Biroq bu ishi onasiga ma’qul bo‘lmasligi mumkinligidan xavotirlanardi. Shuning uchun unga bu haqda og‘iz ochmasdi. Tom tagiga chiqiladigan burama shakldagi yog‘och zinalar qadam bosilgani sayin g‘ichirlardi. Mushuk qiziqsinib iskalandi. Sichqonlarning hidi kelib qolishiga umid qilganday Anton ko‘zlari yarim qorong‘ilikga o‘rganguniga qadar kutib turdi-da, sinchkovlik bilan atrofga qaradi. Ko‘p o‘rgimchak to‘rlari, qovjiragan gullar va giyohlar vassalardan osilib turardi. Bu yerda bir temir stol bilan ustidagi marmariga darz ketgan mis stolcha bor edi.
“O‘sha sandiq ham shu yerda bo‘lishi kerak”, — pichirladi Anton va orqaga tisarildi. Oromi buzilgan bir ko‘rshapalak uxlash uchun o‘ziga boshqa joy qidirishga tushdi. Bundan g‘ashi kelgan mushuk xirilladi. Uchadigan jonivorni tutish, uning uchun oson emas edi-da. Nihoyat, Anton ko‘z ilg‘amas burchakda turgan sandiqni topdi. Qiyinchilik bilan uning og‘ir qopqog‘ini ko‘tardi. Undan qovjiragan gullarnikiga o‘xshash antiqa bo‘y taraldi. U yoqimsiz bo‘lmasa-da, Antonning nafas olishini qiyinlashtirdi.
“Nimadan qo‘rqaman? — o‘yladi Anton. – Bu eski narsalar solingan sandiqdan boshqa narsa emask-ku”.
U tutqichi itning boshi shaklida chiroyli qilib o‘yilgan hassani, patlar taqilgan katta shlyapani va uvadalanib qolgan kitobni ko‘rdi. Kitob unga tushunarsiz tilda edi. Anton uni darhol varaqlab ko‘rdi-da, umidsizlanib qoldi.
Bitta yozuvli qog‘oz yerga tushdi. Anton uni olib keyinroq bafurja ko‘rib chiqish niyatida shimining cho‘ntagiga tiqib qo‘ydi. Antonning mushugi bezovtalanganday bo‘lib, panjalarini yozdi. U tozalikni xush ko‘rardi. Chang, o‘rgimchak to‘rlari va ko‘rshapalaklar uning g‘ashini keltirardi. Buning ustiga u och qolgandi. “Miyau”, – dedi u sabrsizlik bilan.
“Hozir ketamiz”, — javob qildi Anton. U mushuk tilida ancha yaxshi gaplasha olardi.
Umuman olganda, Antonning qiladigan ishlari yetarli edi: mushukni ovqatlantirish, matematikadan vazifalarni bajarish, sabzavot sho‘rva ichish, Sibille bilan telefon orqali gaplashish, onasiga ko‘p gaplarni aytish va ayrim gaplarni undan sir tutish. Haligi yozuvli qog‘ozni olib qo‘ygandi.
Yarim kechada Anton uyg‘onib ketdi. U chiroq yoqiladigan joyni paypasladi. Oyoqlari uchida yotgan mushugi beixtiyor xirrillab qo‘ydi. Kechasi oromi buzilishiga u sira toqat qilolmasdi. Anton katta soatga qaradi. Yarim kecha. Deyarli hech qachon u yarim kechada uyg‘onmasdi. Qorni og‘rigan yoki isitmasi ko‘tarilgan hollardagina uning uyqusi buzilishi mumkin edi. Karavoti yonida jinsisi g‘ijimlangan holda turardi. Shu payt u esladi: yozuvli qog‘oz! Anton uni shimining cho‘ntagidan olib, qo‘li bilan tekisladi. Undagi qiya shakldagi eskicha yozuv ingichka va juda yo‘g‘on chiziqlardan iborat edi. Anton uni qiyinchilik bilan o‘qiy boshladi.
Osuda tun, uvillashlar eshitilar yiroqdan.
Tuman uzra ko‘tarilib, mo‘ralaydi oppoq oy.
Boyo‘g‘lilar emasmikan, g‘uldirashib jar solgan?
To odamsan, baribir bezovtasan ulardan.
Hozirgina chiqqan oy ham
Yoritolmas bu tunni.
O‘shalardan biri bo‘lib,
chaqnat ikki ko‘zingni.
Endi sening isming Lene,
Anton, Gudrun, Rolf emas,
tumshug‘ingni ko‘targin-da, g‘ichirlat tishlaringni
va bilgin-ki, shu zahoti bo‘lib qolding sen – bo‘ri.
Anton baland ovozda hijjaladi. Oyoqlari uchidagi mushugi uyg‘onib ketgandi. U tanasidagi tuklarini hurpaytirib, quloqlarini dikkaytirib olgandi.
Sehrli she’r, — dedi Anton. – Biroq u ta’sir qilmaskan. Aks holda men bo‘ri bo‘lib qolgan bo‘lardim.
Mushuk tinchlanganday bo‘ldi va yana Antonning oyoqlari uchida g‘ujanak bo‘lib yotib oldi. Anton chiroqni o‘chirdi. Oy nur sochib turardi, deraza oldidan oppoq bulutchalar suzib o‘tayotgandi.
— “Bu nima?” Anton karavotidan sakrab tushib, deraza oldiga bordi. Yer yuzini qalin tuman qoplagandi. “Tuman uzra ko‘tarilib, mo‘raladi oppoq oy”, — takrorladi Anton hayron bo‘lib. Keyin derazadan o‘girilib, karavoti tomon qadam tashladi.
Shu payt unga ko‘zi tushdi.
Bo‘ri xonaning o‘rtasida o‘tirgan holda, chaqnoq ko‘zlari bilan Antonga tikilib turardi. Katta baroq bo‘rining xonada ekanligi g‘alati hol edi. Undan qo‘rqmayotgani Antonga yanada g‘alati tuyuldi.
— Sen meni chaqirding-a, — dedi bo‘ri.
— Ataylab emas, — dedi Anton.
— Sehrli she’rni aytding-ku. Tegishli kunda, tegishli soatda.
— Bu tasodif edi, — dedi Anton.
— Tasodif bunaqa bo‘lmaydi, — javob qildi bo‘ri. – Yur, men bilan.
— Hosir-a, kechasi, boz ustiga tumandami? – so‘radi Anton.
— Ha, hozir, kechasi va tumanda, – dedi bo‘ri.
Anton jinsisini kiydi va shkafdan jemferini oldi. “Uyimizning darvozasi yopiq-ku”, — dedi u ikkilanib.
Biz uchun emas, — uqtirdi bo‘ri.
Bu tush bo‘lsa kerak, — o‘yladi Anton. – Yarim kechada kattakon bo‘ri bilan ketayotganim rost bo‘lishi mumkin emas. Bo‘ri qalin tuman oralab juda tez chopib keta boshladi.
— Sekinroq, men yetolmayapman! – hansiradi Anton.
— Menday yugur! – dedi bo‘ri. – Sen endi bizlarning birimiz ekanligingni xayolingga keltir.
Anton urinib ko‘rdi. Shu zahotiyoq u qiynalmasdan yugurib borayotganini his qildi.
“Qani endi soatlab shunday yuguradigan bo‘lsaydim”, — o‘yladi u.
“Keldik”. Bo‘ri bahaybat, keksa eman tagida to‘xtadi. “Bu madad maydoni”, — dedi u tantanali tarzda. Eman shitirladi, bo‘ri jim o‘tirib atrofga quloq soldi. Qayerdandir uvillashlar eshitildi. Anton bir oz sovqotdi.
— Endi men sening madadkor hayvoningman, — dedi bo‘ri. – Qachon senga kerak bo‘lsam, shu yerdan topasan.
— Madadkor hayvonim? – takrorladi Anton hayratlanib. – Bunaqasi bo‘lishi mumkinligini sira bilmas ekanman.
— Sen bilganlaringdan ko‘proq bilasan, — javob qildi bo‘ri. Yana olisdan uvillash eshitildi.
— Ular meni chaqirishyapti, — dedi bo‘ri. – Men ketishim kerak.
— Men esa uxlashim kerak”, — pichirladi Anton. Shunday deyishi bilan ko‘zlari yumildi.
Anton uyg‘onganida, quyosh chiqqandi. U atrofga alangladi. Yo‘q, u eman tagidagi maysalar ustiga emas, o‘z karavotida yotgan ekan. Oyoqlari uchida mushugi jimgina uxlayotgandi.
Antonning onasi xonaga kirdi. U Antonnig jinsisini va pastda sochilib yotgan bir nechta narsalarni yig‘ishtirib oldi.
— Shunday issiq havoda senga qalin jemfer nima uchun kerak bo‘lib qoldi?, — so‘radi u hayron bo‘lib.
— Tumanli kechalar uchun, — javob qildi Anton uyqusirab.
Onasi boshini silkitib jemferni yana shkafga tiqib qo‘ydi. {mospagebreak heading=Anton burini uchratgan kecha}
MUSOBAQA
“Bu musobaqalar bema’nilik”, deya hansiradi Anton. Yugurganida uning biqini og‘rib qolardi. “Nega doim kimdir boshqalardan tezroq yugurishi yoki balandroq sakrashi kerak?”
“O‘taketgan bema’nilik”, darhol ma’qulladi baqaloq Diyeter. U ancha ozgan bo‘lsa-da, balandlikka sakraganida baribir ortiqcha og‘irligi pand berardi.
“Ikkalasi bir–biriga mos tushgan, mazax qildi raqib jamoadagilardan biri. – Bittasi qopday sakraydi, boshqasi shilliq qurtday yuguradi”.
“Qop va Shilliq Qurt”, kulishib takrorladi yana bir nechtasi.
Qizarib ketgan Diyeter pastki labini tishladi.
“Xohlasam hammalaringdan o‘zib ketaman”.
Anton angrayib qaradi. “Haqiqatan ham, u shunday dedimi?” Go‘yo do‘sti shunchaki maqtanayotgandek tuyuldi unga.
Raqib jamoadagilar yana kulishdi. “Qani, bir korsatib qo‘y-chi, Shilliq Qurt!”
Sport o‘qituvchisining hushtagi churulladi. Anton o‘zini tush ko‘rayotganday his qildi va uyg‘onib ketgisi keldi.
Uzoqdan start o‘qi uzilganini eshitishi bilan u yo‘lakning bir chetidan g‘izillab yugurib ketdi. Uning yonidagi maysazordan yana kimdir yugurib borayotgandi. “Menday yugur. — Anton aniq eshitdi. – Sen bizlarning birimizsan”. Bu o‘sha tumanli kechadagi bo‘ri edi. Antonning madadkor hayvoni bo‘lishga va’da qilgan bo‘ri.
Anton yugurayotib qadamlarining tezligi qay holda o‘zgarayotganini his qildi. U hech qiynalmasdan yugurib borayotgandi. Anton endi har qanday qiyqiriqlarni ham, sport maydonidagi shovqinni ham eshitmayotgandi. Nihoyat, u marraga yetib keldi va raqib jamoadagilarning alamli yuzlariga hayron bo‘lib qaradi. Sport o‘qituvchisi unga qoyil qolganday qarab boshini silkitdi. Baqaloq Diyeter suyunib ketganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi, kimdir uning yelkasiga turtayotgandi.
“Biz yutganga o‘xshaymiz”, — dedi Anton ishonqiramay va atrofga nazar tashladi.
Ammo bo‘ri g‘oyib bo‘lgandi.
TELRAMUND BILAN SAYR
Antonning onasini ko‘rishga bir dugonasi kuchugi bilan kelgandi. Baland bo‘yli, qizil sochli bu ayolning ismi Gudrun edi. Sarg‘ish tukli, ko‘rshapalaklarnikiga o‘xshash uzun quloqli kuchukchaning oti Telramund ekan. Anton u yoqdan bu yoqqa otayotgan charm to‘pchani Telramund zavq bilan turtib-turtib keltirayotgandi. Mushuk kitob javoni ustida o‘tirgan joyidan ularga qarab mirilladi. “Buncha ziqnalik qilasan”, — dedi Anton unga ta’na qilib va qo‘lidagi to‘pchani yana uloqtirib yubordi. Telramund shalpang quloqlarini osiltirib shosha – pisha uning ketidan yugurdi.
“Boshqa joy yo‘qmi sizlarga?” – dedi Antonning onasi o‘ta qat’iy va baland ohangda. Anton to‘pchani ushlab turgan qo‘lini pastrga tushirdi, Telramund qo‘rqqanidan qotib qoldi. “Mayli, o‘ynayveringlar”, — dedi Antonning onasi bir ozdan so‘ng. “Asabim tez-tez buziladigan bo‘lib qolgan. Uyqum ham yomonlashgan”.
“Balki yotadigan joying yaxshi emasdir?” – dedi Gudrun.
Antonning onasi kuldi. “Har doimgi joyimda yotaman. Bundan ham yaxshiroq joy bo‘ladimi?”
“Erdan nur taralishi haqida hech eshitganmisan?” — so‘radi Gudrun.
“Ha, ammo men bunaqa gapga ishonmayman”, — javob qildi Antonning onasi .
“O‘zing bilasan, — dedi Gudrun. – Har holda men bir temir tayoqchali ayolni bilaman, u senga joying yaxshi yoki yomonligini aytib berishi mumkin. U giyohlardan foydalanish sirlarini ham biladi. Burungi zamonlarda bundaylarni jodugar deb atashgan”.
Anton quloq soldi. U jodugar bilan tanishishni ko‘pdan buyon orzu qilardi.
“Agar seni haqiqatan ham kamroq urushadigan qilib qo‘yadigan bo‘lsa, o‘sha jodugarni tezroq chaqirtirsak yaxshi bo‘lardi”, – dedi Anton.
“Ehtiyot bo‘l, u seni tyulenga (bu so‘z olmon tilida “dengiz to‘ng‘izchasi” degan ma’noga ega) aylantirib qo‘ymasin. Jodugarlarga bu hech narsa emas”.
“Mayli,- dedi Anton. – Shunday qilsa, maktabga bormaydigan bo‘lardim”.
Xonaga kiriladigan joydan taqir – tuqur eshitildi. Telramund Antonning etiklaridan birini sudrab keldi. Shundan keyin uning sport poyafzalini ham keltirdi.
“U sayr qilishga chiqmoqchi”, — dedi Gudrun.
Anton ikkinchi etigini ham oldi-da, Teltamundni sirtmog‘idan tortdi. “Yur Telramund, istirohat bog‘iga boramiz!”
Telramund akkilladi, vovvulladi va jo‘shib Antonga talpina boshladi. Mushuk uni kitoblar javoni ustida o‘tirgan joyidan nafrat bilan kuzatib turardi.
”Uni faqat sirtmoqda olib yur”, — dedi Gudrun qat’iy ohangda.
Anton tushunarsiz holda to‘ng‘illab qo‘ydi.
Istirohat bog‘iga kiraverishda, u Telramundni qo‘yib yubordi.
Istirohat bog‘i it zoti uchun sirli voqealar makoni ekan. Telramund shosha – pisha daraxtlarni, toshlarni, kurtaklarni hidlab chiqdi. Ahyon-ahyonda oyog‘ini ko‘tarib mavjud voqeliklarga ayrim qo‘shimchalar ham kiritib qo‘ydi.To‘satdan u tikilib qoldi. Istirohat bog‘idagi o‘rindiqda o‘tirgan bir keksa ayol kabutarlarni oziqlantirayotgandi. “Telramund!”— chaqirdi Anton. Biroq endi uni to‘xtatib bo‘lmasdi. U qattiq vovillab, o‘zini shosha-pisha yemish cho‘qiyotgan to‘daning o‘rtasiga tashlandi. Kabutarlar bir-birlariga urulishib, uchib ketishdi, bir bolakay chinqirib yubordi, keksa ayol esa ovozi boricha javrab qoldi.
Telramund qilgan ishidan mamnunday edi. U nariroqqa chopib borib lola jo‘yagini qaza boshladi. Yer nam va yumshoq edi, so‘nggi paytlarda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgandi. Bir uzun tukli itni sirtmoqlab olgan ayol Antonning yonida to‘xtadi.
“Buning zoti qanaqa?” – so‘radi u.
“Ko‘proq taksa (oyoqlari kalta, gavdasi uzun it), ozroq spaniyel (ovchi itning bir turi), ozgina mittibashara”, — dedi Anton barmoqda hisoblagan holda. — Siznikining-chi?”
“Sof afg‘on zot”, — javob berdi ayol.
“Zoti bittaginami? – so‘radi Anton hayratlanib. — Baribir chiroyli ekan”.
Ayol g‘alati qaradi va itini yetaklab tez-tez yurib ketdi.
Telramund lola jo‘yagida kovlagan chuquridan chiqib keldi. Endi u sarg‘ish emas, balki butunlay to‘q jigar tusda edi.
“Ey yermonqoziq, – dedi Anton koyib. — Buning uchun uyda yana gap eshitaman-ku”.
U sirtmoqni Telramundning bo‘ynidagi halqaga mahkam bog‘lab qo‘ydi.
“Bu iflos hayvonga yaqinlashma”, – Anton kimdir shunday deganini eshitib qoldi. Ayol itini jahd bilan Telramunddan chetlashtirishga urinayotgandi. Itning basharasi ajinli bo‘lib, ko‘zlari kirtaygan, boshi doka bilan o‘rab qo‘yilgan edi.
“Buning tishi og‘riyaptimi?” – so‘radi Anton qiziqib.
“Yo‘q quloqlari qirqilgan!” Ayol ketmoqchi bo‘ldi.
“Bu nima deganingiz?” – so‘radi Anton.
“Quloqlar…” Ayol bir oz jim turib qoldi. – Ular qisqartiriladi”.
“Quloqlar qanday qisqartiriladi?” – so‘radi Anton esankirab.
“Bu hayvonlar shifokorining ishi”, — dedi ayol.
Antonning jahli chiqdi. “Quloqlarni kesadilar demoqchimisiz?”
“Ha, shunday. Quloqlarni va dumni. Bokser (olmon buldogi) zotli itlar shunday qilinadi. Yuraqol, Bodo”. Ayol tisarilayotgan itini yetaklab ketdi.
Anton ularning ortidan angrayib qoldi.
“Biror nimani tushundingmi, Telramund?” – so‘radi u nihoyat.
Telramund shunday qattiq silkindiki, tanasiga o‘rnashib qolgan tuproq changi yuqoriga ko‘tarilib quloqlarini ko‘rintirmay qo‘ydi.
“Men ham”, — dedi Anton.
TEMIR TAYoQChALI AYoL
“Ko‘zlarimning osti qavarib qolibdi”. Antonning onasi o‘zining oynadagi aksiga xomush qarab turdi.
“Attang”. Anton shunchaki tashvishlanganday bo‘ldi.
“Yomon uxlayapman. Har kechasi uyg‘onib ketyapman, keyin sira uxlayolmayapman”.
“Unda nega jodugarni chaqirmayapsan?” – so‘radi Anton umidvorlik bilan. Antonning undan so‘raydigan muhim savoli bor edi, bunga o‘shandan boshqa hech kim javob berolmasligini bilardi.
“Temir tayoqchali ayolni nazarda tutyapsanmi? Ehtimol shunday qilib ko‘rarman. Uning telefon raqamlarini qayergadir yozib qo‘ygan bo‘lishim kerak”.
“Jodugarlarda telefon bo‘ladimi? – ajablandi Anton. Jodugarlar o‘rmon o‘rtasidagi xaroba hujrada yashamaydilarmi?”
“Bunisi unaqalardan emas, — uqtirdi Antonning onasi. – Bunisi Elizabet ko‘chasidagi 13-uyda yashaydi”. U shunday deya telefon raqamlarini terishga tushdi.
“Ertaga soat to‘rtda”, — dedi Antonning onasi go‘shakni qo‘yayotib.
Anton navbatdagi kuni soat to‘rtda albatta uyda bo‘lishi lozimligini xayolidan o‘tkazib qo‘ydi.
Soat roppa-rosa to‘rtda qo‘ng‘iroq chalindi. Anton shoshib borib eshikni ochdi-da, hayron bo‘lib tashqarida turgan ayolni ko‘zdan kechirdi. Ayol kul rang sochli, ko‘m-ko‘k kostyumli, qalin ko‘zoynakli ekan. U Anton o‘qiydigan maktabdagi ingliz tili o‘qituvchisiga o‘xshab ketardi. “Agar shu jodugar bo‘lsa, men tyulen bo‘lganim bo‘lsin. Yelkasida qora mushugi ham, qarg‘asi ham yo‘q ekan”.
Buning ustiga u hikmatli so‘zlar ham aytmaskan. U ikki qo‘lidagi ikkita egiluvchan tayoqchasi bilan xonani aylanib chiqdi. Temir tayoqchalar goh egilib, goh ko‘tarilib turardi. Hammasi shu ekan, xolos. Gohida ayol belgilash uchun pastga qog‘oz parchalarini qo‘yib chiqardi.
“Juda yomon, – dedi u nihoyat, keyin nurlar va suv havzalari haqida allanimalar dedi. – Karavotni darhol mana bu yerga o‘tkazishingizni maslahat beraman”.
U katta kiyim shkafi turgan joyga ishora qildi.
“Baribir buning hojati yo‘q-ku”, – dedi Antonning onasi.
Ayol kuldi. “Har kim boshida shunday deydi-da, keyin aynan shuning hojati borligiga ishonch hosil qiladi”.
Shundan so‘ng ayol Anton yotadigan joyni ham tekshirib chiqdi va u
juda yaxshi ekanligini aytdi. “Men baribir karavotimni boshqa joyga o‘tkazmagan bo‘lardim, — dedi Anton o‘jarlik bilan. Bunaqasiga sira ishonib bo‘lmaydi”.
Antonning onasi choy qaynatish uchun oshxonaga kirib ketdi. Anton jaketini oldi. U sayr qilib kelishga shaylanayotgandi.
“Bo‘ri bilan birga ketasanmi?” – so‘radi ayol to‘satdan.
Anton hayron bo‘lib unga qaradi. Eshitgani rostmikan?
“Uni ko‘ryapsizmi?” – so‘radi u esankirab.
“Ko‘ryapman deyishim balki to‘g‘ri bo‘lmas”, – dedi ayol.
“Hamma bolalarning madadkor hayvonlari bo‘ladimi?” – so‘radi u dangal. Shu savol uning xayolini ko‘pdan buyon band etib kelayotgandi.
“Har kim kezi kelganida bir yoki bir nechta madadkor hayvoniga duch keladi, – javob berdi ayol. — Biroq ayrimlar ulg‘ayganlari sari buni unutib qo‘yishadi. Ayrimlar esa madadkor hayvonlari bilan yetarlicha shug‘ullanmay qo‘yishadi. Tabiiyki, ular bundan xafa bo‘lib ketib qolishadi va qaytib kelmaydilar. Ayniqsa, bugungi bolalar juda mashg‘ul. Televizor ko‘rish, kino tomoshalari, komputer o‘yinlari ularning xayolini butunlay band etib qo‘ygan”.
“Bizda esa televizor yo‘q”, – dedi Anton. U mana shu sababdan xursand bo‘lishi mumkinligini aslo xayoliga keltirmagandi.
Anton ko‘pdan buyon bunchalik xush kayfiyatda bo‘lmagandi.
“Ketdik, bo‘ri, madadkor hayvonlarning eng zo‘ri”, – dedi u baland ovozda va zinapoya zinalarining har ikkitasini bir qilib sakray-sakray pastga tushib ketdi. Qo‘shni ayol boshini tebratib uning ortidan qarab qolganini sezmadi.
ANTON BILAN LABI ChO‘ZIQ AYIQ
Odatdagi kunlardan biri edi. Antonning mushugi uning qora, dumaloq yoqali jemferi ustida uxlab turgandi. Natijada jemfer kul rang tusga burkanib qolgandi. Anton jemferiga nazar tashladi-da, mushugining ustidagi tuklar hali ham borligiga hayron qoldi. U jemferi ustidagi mushuk tuklarini cho‘tka bilan tozalab tashlashga urindi. Bir ozdan so‘ng cho‘tka ham jemfer va mushukdagi kabi tuklarga burkandi. Shu ahvolda nonushta payti o‘tib ketdi. Buning ustiga u maktabiga o‘z vaqtida kela olmadi.
“Nega kechikding?” – so‘radi undan o‘qituvchi.
“O‘qituvchilar hamma narsani bilishga qiziqishi yomon-da, — xayolidan o‘tkazdi Anton. – Mushugim jemferimning ustida uxlagani uchun”, — dedi u mayusgina. Shunday deyishi bilan hamma kulib yuborgani unga g‘alati tuyuldi. Sibille ham kulgandi. Bu, haqiqatan ham, odatdagi kunlardan biri edi.
Anton maktabdan keyin uyga kelib qarasa, onasi bir qog‘ozchaga yozib ketgan ekan: “Bir joyga borib kelishim kerak, sabzavot sho‘rva muzlatgichda. Uni ichgan, maza qiladi. ko‘rishguncha”.
“O‘sha joyga borib kelish shart ekan-da”, — dedi Anton va sabzavot sho‘rvani gaz plitasi ustiga qo‘ydi.
Keyin Verner unga o‘qish uchun bergan kitobni mutolaa qila boshladi. Hindular kelgindilarning aravalardan qurilgan qal’asiga hujum qilayotganlarida, o‘tli yoylardan taralgan bo‘y Antonning dimog‘iga urilganday bo‘ldi. Aslida bu bo‘y o‘tli yoylarniki emas, balki sabzavot sho‘rvaniki edi. Kastryulchaning usti yopiq turgan bo‘lsa ham. Sho‘rva pishillab plita ustiga toshib ketib ko‘mirday qorayib qolayotgandi.
Anton uf tortib, plitani o‘chirdi-da, hayvonot bog‘i tomon yo‘l oldi. U mushugidan, sabzavot sho‘rvadan va ilk bor Sibilledan ham ranjigandi.
Dastlab Anton ancha vaqt maymunlar qafasi oldida turib qoldi.
Kichkina maymun kattalarining boshiga yong‘oqlar otib aybsizday qarab turardi-da, panjalarini bir-biriga urib zavqlanayotgandi. Har safar ular tinchib qolishlari bilan, u yana ularga bildirmay yong‘oq otayotgandi.
Anton mushugidan va sabzavot sho‘rvadan ranjiganini esidan chiqarib yubordi.
“Turqi sovuq ekan”, — Anton kimdir shunday deganini eshitdi. Bir qafas oldida yo‘g‘on oyoqli semiz ayol turardi. U yeyotgan nokning sharbati iyagidan kiyimiga oqib tushayotgandi. Uning yonida uzun, qizil burunli pakana erkak bor edi. Erkakning og‘zi chetida sigareti osilib turardi.
“Turqi, haqiqatan ham, sovuq ekan, — dedi u. – Bunaqasi hayvonot bog‘iga umuman qo‘yilmagani ma’qul edi”.
Nok yeyotgan ayol bilan qizil burunli erkak kulib yuborishdi. Erkakning og‘zidagi sigareti tushib ketdi. Ayol kulayotganida ham nok yeyish to‘xtamadi.
Ular boshqa joyga o‘tishgach, Anton qorong‘i qafasga qaradi. U bir g‘alati hayvonni ko‘rdi. Bu tumshug‘i boshqacharoq shakldagi ayiq edi. Terisining ko‘p joyida tuki yo‘q ekan. Bamisoli yaramay qolgan po‘stinday. “Labi cho‘ziq ayiq”, — o‘qidi Anton to‘siqqa ilib qo‘yilgan taxtachadan. — “Iltimos ovqatlantirmanglar!”
Labi cho‘ziq ayiq orqa oyoqlarida o‘tirib olgan holda, u yoqdan bu yoqqa tebranardi. Uning kichik ko‘zlarida xomushlik alomati bor edi. Anton yaqinroq bordi. Ayiq o‘kirdi. Bu tarjimada “O‘sha yerda tur”, degani edi.
Anton ayiqqa dedi: “Seni xunuk deganlarning o‘zlari bir oynaga qarab olishsa, yaxshi bo‘lardi”.
Ayiq tebranishdan to‘xtadi.
“Negadir hamma meni xunuk deydi”, – o‘kirdi u.
Anton ayiq tilini uncha bilmasa-da, uning nima deganini anglaganday bo‘ldi.
“Men ayiqlarni yaxshi ko‘raman, — dedi u, — buning ustiga sen juda ajoyib ayiq ekansan. Senday ayiqni hecham ko‘rmaganman”.
Ayiq bir panjasi bilan chap qulog‘ining ortini qashidi. Maqtovlar uni ancha xijolat qilib qo‘ygandi. U bunaqa munosabatni kutmagandi.
“Nima yeyishni xush ko‘rasan?” — so‘radi Anton.
Ayiq qafas tubidan so‘ligan ko‘katni olib, unga qarab turdi-da, yana joyiga tashladi.
“Ular senga ko‘kat bermayaptilarmi?” – so‘radi Anton ajablanib.
Ayiq yana qashiladi. Bu safar o‘ng qulog‘ining ortini. Shunchalik e’tibor qilinayotgani, uni haqiqatan ham xijolatlantirib qo‘yayotgandi.
U qafas ortidan tishlangan olmani oldi va Antonga uzatdi. “Juda xursandman, – dedi Anton, — biroq bu yerda ’Iltimos, ovqat bermanglar’, degan yozuv bor ekan”. Ayiq olmani yana joyiga tashladi. Anton panjara orasiga qo‘l tiqish mumkin emasligini bilardi. Hatto yaxshi niyat bilan ham.
“Bilasanmi nima, — dedi Anton, — men hozir borib, biror tuzukroq yegulik olib kelaman. Keyin uni senga berishi uchun boquvchingga beraman”.
Ayiq jim turib qoldi.
“Tez orada ko‘rishguncha”, – dedi Anton.
Anton uyiga kelishi bilan meva yoki sabzavot qidirishga tushdi. Nihoyat, u onasining bozor sumkasi ichidan bir tup ko‘k karam topib oldi. Anton darhol uni qo‘ltig‘iga tiqdi va hayvonot bog‘i tomon yugurib ketdi.
Anton surishtirib ayiq boquvchini topdi. U baland bo‘yli, keng yelkali bo‘lib, ko‘zlari kichkina, burni cho‘ziq, qo‘llari esa uzun va serjun edi.
“Xayrli kun”, – dedi Anton.
Erkak qaradi, ammo indamadi.
“Men bir hayvonga yegulik olib kelgandim”, – dedi Anton.
“Mumkin emas”, – to‘ng‘illadi erkak.
“Hech bo‘lmasa uni shu yerda qoldirsam, maylimi?” – so‘radi Anton.
“O‘zimizniki yetadi”, – to‘ng‘illadi erkak javob tarzida. U gapdon emasligi ko‘rinib turardi.
“Buni labi cho‘ziq ayiq uchun keltirdim”, – ta’kidladi Anton.
Boquvchi qaradi-da, — “Nima uchun”, — deb so‘radi. Uning ovozi ayiqnikiga o‘xshab ketdi.
“Men unga buni va’da qilgandim”, – dedi Anton.
“Kel”,– dedi boquvchi. Uning ovozi bu safar ham ayiqnikiday eshitildi.
Anton u bilan labi cho‘ziq ayiqning qafasi oldiga bordi. Ayiq panjara ortida uni orziqib kutganday edi. U Antonni ko‘rishi bilan darhol qaddini rostladi.
“Xursand bo‘lyapti”, – to‘ng‘illadi boquvchi. U Anton keltirgan karamni olib, yon tomondagi eshik orqali qafasga kirdi. Keyin samimiy tarzda ayiqning yelkasiga urib, unga karamni uzatdi. Ayiq ikki panjasi bilan ikki qulog‘ining ortini qashladi.
“Uyalma. Yeyaver”, – dedi Anton.
Keyin ayiq karamni panjalari o‘rtasiga olib, bir boshidan kemira boshladi.
“Yoqimli ishtaha”, – dedi Anton samimiy ohangda va ketishga shaylandi.
Ayiq karamni darhol chetga qo‘yib, panjara yaqiniga keldi.
Qafas ichida turgan boquvchi Antonga qarab to‘ng‘illadi: “U endi sening do‘sting bo‘lib qoldi. Kelib tur. U kutadi”. Boquvchining og‘zidan chiqqan eng uzun gap shu edi.
“Faqat ertaga emas, — dedi Anton. — Chunki tushdan keyin jismoniy tarbiya va rasmdan darslarim bor. Ertadan keyin kelishga harakat qilaman”.
“Bo‘pti”, — to‘ng‘illadi ayiq. Buni boquvchi aytgan bo‘lishi ham mumkin edi.
Anton juda mamnun holda uyiga qaytdi.
Endi u Sibilledan ranjiganini ham unutib yuborgandi. Ehtimol o‘shanda Sibillening o‘rnida o‘zi bo‘lganida ham o‘sha gapga kulib yuborgan bo‘lardi.
Anton uyiga kelib qarasa, onasi kelgan ekan. Onasi hovliqib dedi: “Men uni topa olmayapman”.
“Kimni?” — so‘radi Anton.
“Karamni”, — dedi onasi.
“Endi uni izlamay qo‘yaqol, — dedi Anton, — men olgandim”.
“Unday bo‘lsa marhamat qilib uni menga qaytarib ber, — dedi onasi. – Makaronni karamli salat bilan yeymiz”.
“Afsus, buning iloji yo‘q, — dedi Anton, — karam labi cho‘ziq ayiqda”.
“Labi cho‘ziq ayiqda degin, — dedi Antonning onasi. – Bizning ko‘kat labi cho‘ziq ayiqqa ozuqa bo‘larkan-da. Juda yaxshi. Balki unga makaronni ham olib borib berarsan?”
“Yo‘q, — dedi Anton, onasining baqirishi endi hech nimani hal qila olmasligini bilgan holda. — U yangi ko‘katni xush ko‘rarkan”.
“Men ham”, — dedi onasi battarroq baqirib.
“Ular uning ustidan kulayotgandilar-da”, – dedi Anton o‘zini oqlaganday bo‘lib.
“Yangi ko‘katning kulgi bo‘lishdan saqlaydigan xususiyati bormikan?” — so‘radi onasi. Uning ovozi yana o‘z holiga qaytgandi.
“Ayiqlarga shu ham madad bo‘lishi mumkin”, – dedi Anton yengil tortib.
Nihoyat ular makaronni ko‘katsiz yeydigan bo‘lishdi.
Anton bo‘lgan voqeani aytib berdi.
TANLOV
Antonning onasi yettinchi marta chashkaga choy quyib ichdi. Antonning mushugi bir chetda turib yumshoqqina tuxumni paqqos tushirayotgandi. Anton suli yormasining qutisi ustidagi yozuvni o‘qib chiqdi. Bu hech kimni shoshiltirib qo‘ymaydigan yakshanba kunining ertalabki mahali edi.
“Iltimos, menga suli yormasidan o‘n quti olib kel?” – dedi Anton to‘satdan.
“Nima uchun? – so‘radi Antonning onasi. – U shunchalik mazali ekanmi?”
“Yo‘q, — dedi Anton, — mazasi har doimgidek”.
“Aha”, — dedi onasi va kutib turdi.
“Velosiped yutib olish mumkin ekan, — dedi Anton, — o‘ninchi tezlikkacha haydaladiganidan, unga g‘ildiraklarining ustiga o‘rnatiladigan to‘g‘inlari ham qo‘shib berilarkan”.
“Xo‘sh, buning uchun nima qilish kerak ekan?”
“Har bir quti ustida bittadan marka bo‘larkan, shulardan yigirmatasini yig‘ib ochiq xat orqali jo‘natganlargina tanlovda qatnasha olarkan”.
“Seningcha, bu tanlovda necha kishi qatnashadi?” – so‘radi onasi Antondan.
“Bilmadim, — dedi Anton pinagini buzmay, — besh kishi bo‘lib qolishi ham mumkin. Chunki yutuqqa beshta velosiped qo‘yilarkan”.
“Unda minglab kishilar qatnashadi, — dedi Antonning onasi, – shuning uchun sening yutish imkoniyating haddan tashqari oz bo‘ladi”.
“Mayli-da, — qovog‘ini soldi Anton, — sira imkoniyatsizlikdan shu yaxshi. Menimcha, shuncha velosipedni sovg‘a qilmoqchi bo‘layotganlar juda saxiy kishilar bo‘lsa kerak”.
“Buning saxiylikka mutlaqo daxli yo‘q, — ularning maqsadi — shu yo‘l bilan suli yormasini xaridorgir qilib, iloji boricha ko‘proq daromad qilish”.
“Shunday qimmatbaho velosipedlarni sovg‘a qiladigan bo‘lsalar, ular qanday qilib ko‘proq daromad qilishlari mumkin?” – so‘radi Anton ishonqiramay.
“Chunki ular shu yo‘l bilan o‘sha velosipedlar narxidan bir necha barobar ko‘p pul ishlaydilar”.
“Axir, — bo‘sh kelmadi Anton, — ular bunga qancha kishi qatnashishi mumkinligini oldindan bilmaydilar-ku?”
“Ular ahmoqlar yetarli ekanligini juda yaxshi biladilar”, – dedi Antonning onasi.
Anton baribir fikridan qaytmadi. “Bordi-yu, shu tanlovda besh kishigina qatnashadigan bo‘lib qolsa, unda velosipedlarning bittasi menga tegadi, shunday emasmi?”
“Ammo beshtadan ko‘p kishi qatnashadi-da”. Antonning onasi sabrsizlandi.
“Sen qayerdan bilasan?” – so‘radi Anton.
Antonning onasi endi toqat qilolmay qolgandi. “Bo‘ldi endi, baribir keragidan ziyod suli yormasi sotib olish haqida bosh qotirmoqchi emasman”.
“Unda markalar yig‘ishim bir necha oyga cho‘zilib ketarkan”, – arazladi Anton.
“Xuddi shunday, o‘g‘lim”, – dedi Antonning onasi. U “o‘g‘lim” deganida ko‘pincha jahldor holda bo‘lardi.
Anton buni nohaqlik deb bildi. U indamaygina likobchasiga bir quti suli yormasini bo‘shatdi-da, uni alam bilan chaynab yuta boshladi.
Onasi unga bir oz noxush qarab turdi-da, dedi: “Bundan keyin shunchalik ko‘p yeydigan bo‘lsang, velosipedning ustiga chiqolmaydigan bo‘lib qolasan”.
“Velosipedim bo‘lsa, ozishga harakat qilaman”, – javob berdi Anton og‘zidagini chaynab.
Antonning mushugi qochib ketdi. U mojaroni nam panjalaridan ham battar yoqtirmasdi. Keyingi kuni Anton maktabiga borib, doskaga yozdi: “Lazzatli suli yormasi markalariga eski Mikki Maus jurnallarini almashaman”.
“Men ahmoq emasman, — dedi Tomas har doimgidek yoqimsiz ohangda, — o‘zim ham velosiped yutmoqchiman”.
“Men ham”, – baqirdi kimdir. “Men ham”, – dedi yana kimdir.
Sinfdagilarning deyarli hammasi lazzatli suli yormasi markalari yig‘ayotgan ekanlar. Sibille ham.
Anton bir lahza o‘zi bilan o‘zi kurashdi. Bu kurashdan yengib chiqqan Anton Sibillega dedi: “Mening markalarimni ham olaqol. Meniki ikkita bo‘lgandi”.
Sinf a’lochisi Verner ham shunday qildi. “Men ham senga markalarimni bermoqchiman, – dedi u Sibillega. Meniki to‘rtta”.
“To‘rtta? – dedi Sibille sevinchini yashirolmay. – Qoyilman senga”.
Anton shu zahotiyoq suli yormasidan, ayniqsa, uning lazzatli turidan nafratlana boshlaganini his qildi.
Oqshom payti Antonning onasi uyga lazzatli suli yormasidan uch quti olib keldi.
“Agar velosiped yuta olmasang, mendan xafa bo‘lma”, – dedi u yarashib olish niyatida. – Yoqimli ishtaha”.
Anton qutilarga nazar tashladi. “Suli yormasidan o‘zimni yomon his qilyapman, — dedi u, — velosiped yutishga ham qiziqmay qoldim”.
Antonning onasi esankirab qaradi. “Unda markalarni tashlab yuborsak bo‘larkan-da”.
“Yo‘q, — dedi Anton darhol, — ularni boshqa narsalarga almashtirish mumkin”.
“Qanaqa narsalarga?” – so‘radi Antonning onasi.
“Har qanaqa, — dedi Anton, — Mikki Maus jurnallariga, shilliq qurtlarga, saqichga, tyulenga…”
“Xo‘sh, sen markalaringni nimalarga almashtirmoqchisan?”
Shu payt Antonning xayolidan Sibillening Vernerga aytgan gapi o‘tdi: “Qoyilman senga”.
“Bilmadim”, — dedi u to‘g‘risini aytishga jur’at etolmay.
“Har holda, bu yerda tyulenlarni boqmasang kerak, shundaymi?” – so‘radi onasi hafsalasi pir bo‘lib.
“Yo‘q, — dedi Anton endi to‘g‘ri so‘zlab. – Tyulenlar haqida o‘ylayotganim yo‘q”.
Oxir oqibatda Sibille tugul Antonning boshqa sinfdoshlaridan birortasi ham velosiped yuta olmadi.
QORA YoPING‘IChLI ERKAK
Anton kitob do‘konining sarguzasht kitoblar bo‘limida kitob varaqlab ko‘rish bilan mashg‘ul edi. Keksa sotuvchi ayol unga baqrayib qarab turardi. U bolalarning kitoblarni varaqlab turishlarini xush ko‘rmasdi. Uning fikricha, bolalarning qo‘llari kir, pullari esa oz bo‘larkan. Anton bir g‘alati sarlavhali qalin kitobni qo‘liga oldi. Kitob “Yashil tosh siri”, deb atalgan ekan. Anton dastlab uning oxirini o‘qidi: “Juda kech. Ular juda kechikishgandi. Murda yashil toshni barmoqlari bilan qisib ushlagan holda yotardi”. Anton seskanib ketganidan “brrrr” deb qo‘ydi. U voqeaning yakuni murdaning qisilgan barmoqlarida nimadir borligi bilan emas, balki yaxshi natijalar bilan tugashini ma’qul ko‘rardi.
Bir erkak do‘konga kirib keldi. U juda baland bo‘yli, keng yelkali bo‘lib, enli qora yoping‘ichga o‘ranib olgandi.
“Qiziq, shunday issiq kunda ham shunaqa narsaga o‘ranib olibdi”, – deb o‘yladi Anton.
Sotuvchi ayol u bilan quyuq so‘rashdi. U qo‘li kir va puli ozlarga o‘xshamasdi-da.
“Janob, nima istaydilar?” – so‘radi ayol.
“Komikslar” (tagida matnchalari bo‘ladigan rasmli jurnallar), — dedi erkak qisqagina qilib.
Anton unga qaytadan nazar tashladi. ”Bular unga nima uchun kerak bo‘lib qoldiykan”, – o‘yladi u hayron bo‘lib. Sotuvchi ayolning ta’bi bir oz xiralashganday bo‘ldi. “Chapdagi ikkinchi javonda”, – dedi u. Haligi joy Antonning yonginasida edi. Erkak komikslarning birinchi jildini javondan olayotganida, Anton uning qo‘llari titrayotganini ko‘rdi. “Yashil tosh siri” endi Antonni umuman qiziqtirmay qo‘ydi. Uning butun e’tiborini qora yoping‘ichli erkakning sirli qiyofasi o‘ziga tortardi.
“Tushunarli, — o‘yladi Anton, — u ta’qib qilinayotganga o‘xshaydi”.
Komikslarning jildlaridan biri pastga tushib ketdi.
Uning tovushi butun do‘konga taraldi. Sotuvchi ayol jahd bilan qarab qo‘ydi. Anton kitobni olish uchun egildi, erkak ham egildi. Shu payt uning yoping‘ichi sirg‘alib tushdi. Anton erkakga tikilib qoldi.
“Supermen”, – dedi u hayratlanib. Erkakning yoping‘ichi ostidagi ko‘k-qizil tusdagi ichki kiyimidagi S yozuvi ko‘rinib turardi.
“Tss”, – dedi erkak va qo‘rqa-pisa atrofga qaradi.
“Nega o‘ranib olgansiz va nega qaltirayapsiz?” – so‘radi Anton.
“Endi uddalay olmayman”, – “uh” tortdi Supermen.
“Nimani?” – so‘radi Anton tushunolmay.
“Ixtirochilarim meni har ko‘yga solishadi. Men halokatga uchragan samolyotlarni ushlab olishim, zilzilalarni bartaraf qilishim, ba’zan esa sevgi tuzog‘iga ham tushib qolishim kerak”.
“Qiyin ekan”, – tasdiqladi Anton. U halokatga uchragan samolyuotlarni ushlab olmagan yoki biror marta zilzilani bartaraf etmagan bo‘lsa-da, sevib qolish qanchalik qiyin ekanligini bilardi.
“Nima uchun o‘zingizga boshqa kiyim sotib olmaysiz. Shunday qilsangiz, sizni hech kim tanimasligi mumkin, – maslahat berdi Anton. – Kasbingizni ham o‘zgartirib olsangiz yomon bo‘lmasdi. Hech bo‘lmasa, gazeta sotuvchi yoki kinoteatrda joy ko‘rsatuvchi bo‘ling”.
“Men o‘zimga kiyim sotib ololmayman, — dedi erkak. – Pulim yo‘q”.
“Pulingiz yo‘q?” – hayron bo‘ldi Anton.
“Ha, pulim yo‘q, — dedi Supermen xomush. – Voqealarda men doim qimmatbaho mashinalar minib, o‘zgalarga qimmat-qimmat sovg‘alar ulashib yuraman, ammo ixtirochilarim bular uchun pulni qayerdan olishimni menga ma’lum qilmaganlar. Balki eski jildlardan birida bu haqda biror nima yozilgandir, degan maqsadda jurnallarni ko‘rib chiqishga kelgandim. Ammo bu haqda biror nima deyilgan joyni topa olmayapman”.
“Nahotki”, – dedi Anton kuyunchaklik bilan.
“Ortiq xohlamayman, — xo‘rsindi Supermen. – Endi mana bu ko‘k-qizil kiyimimdan butunlay qutulmoqchiman. Buning ustiga bu kiyim mening yoshimga to‘g‘ri kelmaydi”.
“Ammo u sizga yarasharkan, – dedi Anton yupatib. U o‘ylab turib dedi: “Nima uchun siz bu ishdan boshqasiga o‘tib ketmayapsiz? Osonroqlari ham bordir?”
“Qaysiga o‘tsam ekan? – so‘radi Supermen. – Menga o‘xshaganlar qayerga sig‘ardi? “Qorqiz” qissasidagi mittivoylardan biri bo‘laymi? Yoki Vinnetu o‘rniga apachlarning ( hindu qabilasi) yangi sardori bo‘laymi?”
“Bular to‘g‘ri kelmaydi”, — dedi Anton.
Supermen burnini tortdi. “Shamollab qolganga o‘xshayman. Kecha muz dengizida kema halokatiga uchraganlarning bir necha yuztasini qutqarishimga to‘g‘ri kelgandi. Ro‘molchang bormi? Mening ixtirochilarim bu haqda ham o‘ylab ko‘rmagan ekanlar”.
Anton ozgina ishlatilgan qog‘ozli ro‘molchasini cho‘ntagidan chiqarib Supermenga berdi. U burnini qattiq qoqdi. Keksa sotuvchi ayol unga o‘qrayib qaradi.
Antonga esa o‘ylab-o‘ylab shunday dedi: “Gazetalarda ishga takliflar yozilgan joyi bo‘ladi. Balki o‘shalarda sizga mos keladigan yumush topilib qolar”.
“Sarguzashtlimi?” — so‘radi Supermen.
“Unaqasi kamroq, – tushuntirdi Anton, — lekin ishlar ko‘p”.
Supermen o‘zining qimmatbaho qo‘l soatiga qaradi. “Yaxshiyamki, yaratuvchilarim buni ham unutib qo‘yishmagan”.
“Esim qursin, — dedi u, — men hozir buzg‘inchilar izidan chiqarib yuboriladigan odamlar to‘la poyezdni qutqarib qolishim kerak”.
“Axir siz…”, — deyishgagina ulgurdi Anton.
“Tezroq o‘n yettinchi jildni och, — dedi Supermen hovliqib. – Hozir o‘sha yerda bo‘lishim kerak”.
Anton izladi. U o‘girilib qarasa, Supermen qo‘yib bo‘lgan ekan. 17-bob ochiq holda stol ustida turardi. Supermen baquvvat qo‘llari bilan temir yo‘l ko‘prigini ushlab turib, poyezdni o‘tkazib yubordi.
“Unga yordam berib bo‘lmaydi”, — o‘yladi Anton.
“Hozirgina kelgan janob qani?” — so‘radi sotuvchi ayol.
“O‘n yettinchi bobda”, — javob berdi Anton.
“Hech nima sotib olgani yo‘q, buning ustiga surbetlik ham qiladi, — pichirladi sotuvchi ayol va Supermenga oid voqeaning 17-jildini yopib qo‘ydi.
KIR YuVISh MAShINASI
“Sblubb”, — qildi kir yuvish mashinasi. Keyin esa “bluq-bluq”, “g‘ayt-g‘uyt” qildi-da, to‘xtab qoldi.
“Eshitdingmi?” — so‘radi Antonning onasi.
“Ha”, — dedi Anton va rasm chizishni davom ettirdi. U bir soatdan buyon mushugining suratini chizishga urinayotgandi. Biroq mushuk har safar mo‘ylovli zebraga o‘xshab qolayotgandi.
Antonnig onasi kir yuvish mashinasini silkitdi. “Hayvon”, — dedi u jahl bilan. Antonning mushugi xirilladi.
“Sengamas, mushugim, — dedi Anton mushugiga, — anavi kir yuvadigan oq hayvonga aytyapti”.
Antonning mushugi boshini yana old panjalari ustiga qo‘ydi. Suratlar uncha o‘xshamayotganini bilib turgan bo‘lsa-da, u o‘zini Antonga chizdirayotganidan mamnun edi.
Antonning onasi kir yuvish mashinasining tugmalarini burab chiqdi. Bo‘lmadi. Hatto oynali tuynugi ham ochilmay qolgandi. Antonning onasi nimadir deb pichirladi, Anton uni tushunmay qoldi. “Nima deding?” — so‘radi u qiziqib. “Hech nima, hech nima”, — dedi Antonning onasi dovdirab.
Qo‘ng‘iroq chalindi.
“Iltimos, ochib yubor, — dedi Antonning onasi, — bu tuz va shakar so‘rab turadigan qo‘shni ayol bo‘lsa kerak. U doim xuddi shunaqa paytda keladi”.
Anton eshikni ochdi va qaytib oshxonaga kirdi.
Antonning onasi « uff » tortdi va qo‘shni ayol uchun non qoldiqlarini bir qog‘oz xaltachaga sola boshladi. “Bu hol menga noqulay albatta”, — deya xijolat bo‘ldi qo‘shni ayol har doimgidek.
“Balki kir yuvish mashinasiga yaxshi « gapirib » ko‘rishimiz kerakdir, — dedi Anton onasiga, — uni silab, biz uchun qanchalik muhim ekanligini aytaylik-chi !”.
“Uni tashlab yuborganimiz ma’qul!”, – dedi Antonning onasi.
“Kir yuvish mashinangiz ishlamay qoldimi? – so‘radi qo‘shni ayol. – Ha, bu yangi chiqqanlaridan emas ekan-da. Buni bemalol tashlab yuborib, o‘rniga yangisini olsangiz bo‘larkan”, – dedi u o‘zicha aql o‘rgatib.
“Agar u shu gaplarni eshitayotgan bo‘lsa , — dedi Anton, — keyingi safar paxtali jemferlarimizni yuvayotganida bujmaytirib tashlaydi”.
“Mashina jonsiz narsa-da, — dedi qo‘shni ayol Antonga uqtirib. – Ular gapga tushunarmidi”.
Bu gap Antonga umuman yoqmaydigan ohangda aytildi. U o‘rnidan turib, kir yuvish mashinasining oldiga bordi va uning silliq sirtini ohista siladi. “Biz unga ko‘rsatib qo‘yamiz, — pichirladi Anton. – Endi meni uyaltirib qo‘yma. Aytganimni qilasan-a?” Keyin u dastur tugmachasini bosdi. Kir yuvish mashinasi sekin g‘iriladi va odatdagiday “bluq – bluq” qilib ishlay boshladi.
“Ishonib bo‘lmaydi”, — qichqirib yubordi Antonning onasi.
“Bu tasodif”, — dedi qo‘shni ayol va non qoldiqlarini olib xayrlashdi.
“Buni qanday tuzatding?” — so‘radi Antonning onasi.
“Bilmayman, — dedi Anton. – Shunchaki men uni ishlab turganday tasavvur qildim. Menimcha, uni dam oldirib turishimiz kerak”.
“Bo‘pti, — dedi Antonning onasi. – Keyingi haftada unga uch kun dam beramiz”.
Yana qo‘ng‘iroq chalindi. Eshik oldida haligi qo‘shni ayol entikib turardi.
“Biror nima esingizdan chiqib qolganmidi?” — so‘radi Antonning onasi.
“Yo‘q, – dedi qo‘shni ayol, — mening mikserim (meva va sabzavotni sharbatga aylantiradigan asbob) ham ishlamay qoldi”.
“Menikini olib turmoqchimisiz?” — so‘radi Antonning onasi.
“Ha… yo‘q’e … mikseringizni emas, — dedi qo‘shni ayol duduqlanib, — Antoningizni. U mikserim bilan “gaplashib” qo‘ysa maylimi?”
“Bu gal ham ta’sir qildimi?” – so‘radi Antonning onasi, Anton qaytib kelgach.
“Albatta, – dedi Anton. – Bir gap bilan ishlab ketdi”.
“Rostdanmi? – dedi Antonning onasi angrayib. – Nima deding?”
Anton kulgisi kelganidan gapirolmay turdi.
“Ulagichni rozetkaga ulashini aytdim”, — deya qiqirlab yubordi u nihoyat.
ANTON VA QORBOBO
Anton yana qo‘lqopchalarini izlashga tushdi. Ular ko‘m-ko‘k edi. Nihoyat u chapini topdi va suyunib ketdi. Chunki bir qo‘lini jaketining cho‘ntagiga tiqib yursa ham bo‘lardi-da.
“Men yangi yil tomoshalarini ko‘rishga ketyapman”, – ogohlantirdi u. Onasi indamay boshini qimirlatdi. U keyingi kungacha bir ishni qilib tugatishi kerak edi.
Anton ko‘cha bo‘ylab ketarkan, kul rang qor etiklariga chalpillab yopishib qolayotgandi.
“Quturgan qo‘y”, – dedi bir yoqimsiz ovoz. Yo‘l chetiga mashinasini sozlayotgan haydovchi shunday deb yo‘lda ketayotgan haydovchiga ta’na qilib qoldi. Unisi esa yon derazadan boshini chiqarib, – “Yangi yilingiz bilan!” – deya javob qildi-da, o‘tib ketdi. Birinchisi uning ortidan qarab qoldi. Shundan so‘ng u og‘zini sekin yopib, yuzini qattiq burushtirdi. Anton miyig‘ida kulib qo‘ydi va yo‘lini davom ettirdi.
“G‘arch-g‘urch”. Anton qor ustida etiklari bilan mana shunday tarzda qadam tashlab ketayotgandi. Ko‘cha eniga chiroqlar zanjiri tortilgandi. Peshtaxtalarga archalar, o‘yinchoqlar va qorbobolar qo‘yilgandi.
“Qayerga ketyapsan?” – so‘radi kimdir. U maktabda Antondan uch qator ortda o‘tiradigan Markus edi.
“Yangi yil tomoshalarini ko‘rishga, – dedi Anton, – senchi?”
“Pochtaga ketayotgandim, – javob berdi Markus, – onam pul jo‘natishga yubordi. Vaqti yo‘qligi uchun, u yangi yil arafasida do‘kondan chiqolmaskan”.
Markus kapyushonli kurtkasining cho‘ntagidan bir yashil konvert chiqardi.
“Anchagina pul”, – dedi u ta’kidlab.
“Biz pulimizni hech qayerga jo‘natmaymiz, balki xarajat qilamiz”, – dedi Anton. Pul uni uncha qiziqtirmasdi.
Markus yashil konvertni ehtiyotkorlik bilan joyiga solib qo‘ydi.
“Men universal do‘konga kiraman, – dedi Anton, – bu yil u yerga qorbobo kelgan.”
“Aslida bunaqalar kiyimlarini almashtirib olgan kishilar bo‘ladi, ularga buning uchun universal do‘kon pul to‘laydi”, – dedi Markus bepisand holda.
“Senga kim aytdi?” – so‘radi Anton.
“Dadam. Uning aytishicha, ular xaridorlar ko‘proq pul xarajat qilishlari uchun qo‘yilarkan”.
“Men pul xarajat qilolmayman, – dedi Anton, – chunki menda yo‘q”.
Shu payt universal do‘konda qorbobo shirinliklar va to‘rvachalar ulashayotgandi. Uning soqoli yopishtirilgan, egnida uzun, qizil choponi bor edi, peshonasidan ter to‘kilayotgandi. Universal do‘konda uzun chopon juda issiqlik qilayotgandi. Bir nechta bolachalar unga zo‘r ishtiyoq bilan qarab turishardi.
“Dadamning aytishicha, faqat nodon bolalargina qorboboga ishonisharkan”. Markusning ovozi e’tirozli ohangda chiqdi.
“U o‘sha nodon bolalarga qiziqarli tuyulsa kerak-da”, – dedi Anton o‘ylanib.
“Oxirgi qavatga chiqaylik, – undadi Markus, – u yerda komputer o‘yinlari bor”.
“Sen pul jo‘natishing kerak edi-ku?” – eslatdi Anton.
“Buni keyinroq ham qilsam ham bo‘ladi”, – dedi Markus va eskalatorga chiqdi.
To‘rtinchi qavatda avtomatlar ko‘p edi. Pippillagan, g‘izillagan va g‘uvillagan shovqinlar taralib turardi. Ekranlardagi oq pufakchalar bir tomondan ikkinchi tomonga uchib o‘tayotgandi; to‘siqlar ko‘tarilgach, nishonlar g‘oyib bo‘layotgandi. Faqat tugmachalar o‘z vaqtida bosilsa yoki buralsa bas. Yangi yil sharofati bilan bolalar bepul o‘ynash imkoniyatiga ega edilar. Ulardan ikkitasi bitta joy uchun talashib qolishdi. Xizmatchilardan biri pippillayotgan avtomatlar va chinqirayotgan bolalar o‘rtasida nima qilarini bilmay qolgandi. Markus avtomatlardan birini egallashga muvaffaq bo‘ldi. Hayajondan uning yuzi qizarib ketgandi. U juda yaxshi o‘ynadi. Anton ham shunday o‘ynashga harakat qildi. Ammo u tugmachalarni yo oldin, yo keyin bosib qo‘yayotgandi.
Keyin Anton ozgina nariroqqa o‘tib, kitoblar bolimiga kirdi va bir qalin kitobni qo‘liga oldi. Unda, – “Bolalar uchun yangi yilning katta kitobi”, – deb yozilgan ekan. Anton uni varaqladi. Keyin to‘xtab qoldi. Kitobdagi bir hikoya “Anton va qorbobo” deb atalgandi. Anton uni o‘qiy boshladi.
“Anton yana qo‘lqopchalarini izlashga tushdi. Ular ko‘m-ko‘k edi. Nihoyat u ulardan bittasini topdi va suyunib ketdi. Bitta qo‘lini jaketining cho‘ntagiga tiqib yursa ham bo‘lardi-da…”
“Anton”, – dedi bir g‘amgin ovoz. Kimdir uning bilagidan tortdi. Anton o‘qishdan to‘xtamadi.
“Men bu yerdaman. Bir hikoyaning ichidaman”, – dedi u hayajonlanib.
“Anton! Pulni yo‘qotib qo‘yibman!” Anton o‘girildi. Uning yonida Markus turardi.
Endi uning yuzi o‘yin paytidagiday qip-qizil emas, balki bo‘zarib ketgan edi.
“Nima deysan? Anton kitobni joyiga qo‘ydi. –Yaxshilab ko‘rchi”.
Markus kurtkasining hamma cho‘ntaklarini ag‘darib ko‘rdi. Yo‘q ekan. Uning bo‘zarib ketgan yuzida husnbuzarlari aniq ko‘rinib qolgandi. Ular avtomatlar yaqiniga borib, pastni ko‘zdan kechirib chiqishdi. Yo‘q ekan. Yashil konvert topilmadi.
“Yur, – dedi Anton, – biror joyga borib bafurja o‘ylab ko‘ramiz”.
Universal do‘konning ortida bir kichik istirohat bog‘i bo‘lib, uning ichida bir nechta yaproqsiz butalar bor edi. Bir nechta o‘tirg‘ichlar. Bitta daraxt. Antonning o‘ng qo‘li sovqotdi. U uni jaketining cho‘ntagiga tiqdi. Uning yonida Markus tishlarini qichirlatib turardi. Ular bir o‘tirg‘ichga o‘tirdilar.
“O‘ylab ko‘r-chi, – dedi Anton. Uni biror joyda cho‘ntagingdan chiqargandirsan”.
Markus boshini silkitdi.
“Qancha edi o‘zi?” – so‘radi Anton.
Markus javob berish o‘rniga, yig‘lay boshladi.
Kimdir ular o‘tirgan o‘tirg‘ichga o‘tirdi. Qalin etiklar, uzun, qizil chopon, oq soqol. Qorbobo.
“Siz universal do‘kondanmisiz?” – so‘radi Anton.
Qorbobo jilmayib boshini qimirlatdi. Anton unga sinchkovlik bilan qaradi. Haqiqatan ham buning sochi va soqoli boshqacha edi. Jilmayishi ham.
Markus hamon yig‘layotgandi.
“Uning puli yo‘qolib qoldi, – tushuntirdi Anton. – U uni onasining o‘rniga pochta orqali jo‘natishi kerak edi”.
Qorbobo boshini qimirlatdi. U choponining cho‘ntagidan ikkita to‘rvacha chiqardi va dedi: “Taskin bo‘lishi uchun”.
Anton pul yo‘qotmagan bo‘lsa ham, shu ikkita to‘rvachadan bittasini oldi.
“Yangi yillaringiz qutlug‘ bo‘lsin”, – dedi qorbobo va yo‘lga tushdi.
“Ochsangchi!” – Anton qovog‘ini solib tilla rang to‘rvachaga qarab qolgan Markusni shoshiltirdi.
“Barisi be’manilik”, – dey pichirladi Markus, ammo to‘rvachani ochdi. Uning ichidan bitta yassi quti chiqdi. Quti ichida bitta yashil konvert bor edi. Markus ishonqiramay unga tikildi, keyin uning ichidagi pulni sanadi. “To‘g‘ri”, – dedi u va qorbobo tomonga o‘girildi. Ammo endi u ko‘rinmay qolgandi.
Anton ham to‘rvachasini ochdi. Uning ichidan ko‘m-ko‘k qo‘lqopchasi chiqdi. O‘nggi.
“Tushundingmi?”, – so‘radi Markus.
Anton qo‘lqopchaga yaxshiroq qaradi. U uniki edi. Uni bosh barmoq yonidagi yamoqchali joyidan tanidi.
“Bu haligi universal do‘kondagi qorbobo bo‘lsa kerak, – dedi Markus, – demak konvertni o‘sha yerdan topib olgan. Ertaga unga minnatdorchilik izhor qilib qo‘yarman”.
Anton hech nima demadi. Ammo Markus bu qorboboni universal do‘kondan topa olmasligiga uning ishonchi komil edi.
QUSh TORTI
“Hamma eshitsin, yakshanba kuni menikida fashing (qishni kuzatish bayrami)ni nishonlaymiz!” — qichqirdi Gundi. Gundi qiz bola emasdi. Asli ismi Gundomar bo‘lgan Gundi jismoniy tarbiya bo‘yicha hammadan zo‘r edi. Sinfdagi shovqin-suron shodlikka ulanib ketdi. Gundi qo‘llarini ko‘tarib ishora qildi. U yana nimadir demoqchi ekanligi ko‘rinib turardi. Meni sira Gundi deb chaqirmanglar. Aks holda onamning jahli chiqadi. U meni hamma Gundomar deb chaqirishini xohlaydi”. Sinfdagilarning bari kulib yubordi, Gundomarning o‘zi ham.
“Sinfimizdagilarning hammasi yakshanba kuni Gundinikiga fashingni nishonlashga taklif etilgan. Y’ani Gundomarnikiga”, – bildirib qo‘ydi Anton onasiga. U hozirdanoq yangi ismga ko‘nikishga harakat qilayotgandi.
“Sinfingizdagilarning hammasi?” – hayron bo‘ldi Antonning onasi. “Uning oilasidagilarning asabi mustahkam bo‘lsa kerak-da. Qanday qiyofada bormoqchisan?”
“Bilmadim, — deya o‘ylab qoldi Anton, — balki sherif (politsiya boshlig‘i) qiyofasida borarman”.
“Yaxshi, — dedi onasi, — unda senga bitta yulduz va bitta chavandozlar shlyapasi ham kerak”.
“To‘pponcha-chi”, — qo‘shib qo‘ydi Anton.
“O‘yinchoq qurollarga munosabatim qanaqaligini bilasan-ku, – Antonning onasining kayfiyati yomonlashdi. – Yaqin kelajakda o‘shalar portlovchi minachalar sotadigan bo‘lishadi. Keyin ular yordamida qo‘g‘irchoqlar va o‘yinchoq ayiqchalar portlatib yuboriladigan bo‘ladi”.
“Juda oshirib yubording”, – dedi Anton. U qurolsiz kurashishga ham tayyor edi: baroq mushuklar uchun, Sibille uchun, uy ishlari kamaytirilishi uchun, gapiradigan daraxtlar uchun. Ammo to‘pponchasiz sherif bo‘ladigan bo‘lsa, ishonarli chiqmasdi.
“To‘pponchani o‘zim yig‘gan pulga sotib olsam-chi?” – so‘radi u.
“Unda konflikt (mojaro) chiqadi,” – dedi Antonning onasi. “Konflikt” so‘zi Anton uchun yangi edi. Shunday bo‘lsa-da, u onasining ohangidan, konflikning bo‘lmagani ma’qulligini tushundi.
Keyinroq Anton fashing kiyimlari va turli narsalar sotiladigan do‘konchaga bordi. Unga hech nima yoqmadi. Nihoyat u bir ajoyib qush niqobini ko‘rib qoldi va kiyib ko‘rdi. Ko‘zlari kichik tirqishlardan qarab turardi, og‘zi bilan burni esa katta sariq tumshuq ortidan ko‘rinmasdi. “Men antiqa qush bo‘lib boraman”, – ahd qildi Anton va so‘nggi paytlarda yig‘qan puliga bu niqobni sotib oldi.
Antonning onasi bundan juda mamnun bo‘ldi. U darhol bir eski qora matodan keng yengli ko‘ylak tikib berdi. Anton qo‘llarini yuqoriga va pastga harakatlantirganida, xuddi qanot qoqayotganday ko‘rinardi.
Anton yakshanba kuni Gundinikiga, yo‘q Gundamarnikiga borayotganida, kayfiyati juda xush edi. “Endi meni hech kim taniyolmasa kerak”, – o‘yladi u.
“Xayrli kun, Anton”, – dedi Gundining, yo‘q Gundomarning onasi uni ko‘rishi bilan.
Anton atrofga nazar tashladi. Bu did bilan jihozlangan juda go‘zal uy bo‘lib, uning tevaragida katta bog‘ bor edi. Uzun stolga pishiriqlar, tortlar, qaymoqli likobchalar, quymoqlar, pechenelar, kakao, hamda malina sharbatlari qo‘yilgandi. Gundining, yo‘q Gundomarning dadasi uydan chiqib ketgan ekan. Shuning uchun uning onasiga ikkita oq etakli ayol yordamlashayotgandi.
Anton tamaddi va ichish paytida yuzidagi qush niqobini xalaqit bermasligi uchun yuqoriga ko‘tarib qo‘yardi. Pishiriqlar va tortlar juda mazali edi-da. Keyinroq o‘yinlar tashkil etildi. Ular Antonga yosh bolalarnikiday tuyuldi. Ammo ulardan zo‘r yutuqlar yutish mumkin edi.
Anton ham shu o‘yinda ishtirok etib, Karl Mayning (hindular haqidagi qiziqarli kitoblar muallifi) bir jildini, rangli qalamlar, pechene shaklidagi o‘chirgich uchta Komik jurnallarini yutib oldi. O‘yin mobaynida u judayam isib ketdi, shuning uchun boqqa chiqiladigan kichkina eshikni izlab topdi. Anton u yerga chiqib bir oz qanotlarini qoqdi va o‘zini xuddi ucha oladiganday tasavvur qilib ko‘rdi.
“Sovuq”, — dedi bir ovoz.
“Hozir bahor bo‘lsaydi”, — javob berdi boshqasi.
Anton atrofga qaradi. Hech kim ko‘rinmadi.
“Bugun biror nima yedingmi?” — so‘radi birinchi ovoz.
“Yo‘q”, – javob berdi boshqasi mayusgina.
Aslida bu ovozlar yuqoridan keldi. Anton tepaga qaradi. Tepasidagi quruq shoxlarda ikkita qushcha o‘tirardi. “Men qushlar ovozini tushunyapman, — o‘yladi Anton hayratlanib, — niqobim tufayli bo‘lsa kerak”.
“Hoy qo‘shaloqlar”, – xitob qildi Anton. Aniqrog‘i, u ularni shunday deb chaqirmoqchi bo‘ldi. Uning tumshug‘idan “kroaks” degan sado chiqdi.
“Sen qanaqasan?” — so‘radi daraxtdagi ikkita qushchadan biri.
“Men haqiqiy emasman, shunday kiyinib olganman, xolos” – tushuntirdi Anton. Bu “kreks rak oak” tarzida eshitildi.
“Bizning tilimizda so‘zlashyapsan-ku, demak haqiqiy bo‘lsang kerak”, – dedi qushcha.
“Men ucholmayman”. Anton gapini tasdiqlash maqsadida, qora qanotli qo‘llarini qoqib ko‘rsatdi.
“O‘zi shunday bo‘ladi, — yupatdi qushcha. – Chunki sen juda katta ekansan. Demak, senga doim biznikidan ancha ko‘p ovqat kerak bo‘ladi. Hozir sen ham bizday ochsan, shundaymi?”
“Yo‘q, — dedi Anton xuddi ayb ish qilib qo‘yganday. – Men shuncha ko‘p ovqat yeb yuboribman-ki, bundan o‘zimni ancha yomon his qilyapman. Sizlarga ham biror yegulik olib kelib beraymi?”
“G‘alati savol!” Qushcha jon talvasasida qanotlarini qoqdi. “Kelinglar, kelinglar!”
“Men boshqalarni chaqirib kelaman”, – sayrab uchib ketdi ikkinchisi.
“Men hoziroq qaytaman”, — va’da qildi Anton. Bu “kra rida ra” tarzida eshitildi.
U tuzalgan stol oldiga bordi va o‘ylab qoldi. Mevali tort juda shirinlik qilardi, shokoladlisi yopishqoqroq edi, quymoqlarni esa yaxshi ushatib bo‘lmasdi. Nihoyat Anton bir chekkadagi qiyomsiz va kremsiz tortni ko‘rib qoldi va shuni oladigan bo‘ldi. Qo‘shni xonadan kulgi va shovqin-suron eshitilar. Yutuqlar egasini topib ketgan.
Anton hech kimga bildirmay boqqa kirdi. U haligi tortni o‘sha yerda ushatib, daraxt tagiga tashladi. Keyin mamnun holda uzoqroqda turib, tort ushoqlari atrofida to‘planayotgan qushlarni kuzatib turdi. “Kerk kekk kirk”, – dedi Anton xayrlashib. Bu “yoqimli ishtaha”, — degani edi. Keyin u yana uyga kirdi.
“Endi yong‘oqli tortimni ham bir ta’tib ko‘ringlar-chi, — dedi Gundining onasi haligi ikkita ayolga. – Faqat sakkizta tuxumdan tayyorlangan”.
“Attang, — o‘yladi Anton, — har holda men ushatgan tort bo‘lmasin-da”.
Afsus aynan o‘sha tort nazarda tutilgan ekan. Va Gundining onasi uni topishga qat’iy kirishganligi sezilib turardi.
“Balki, — o‘yladi Anton, — tortni qushlar maza qilib yeyishganini eshitsa, xursand bo‘lar”. Anton niqobini ko‘tardi va yong‘oqli tortga nima bo‘lganini aytdi. Gundining onasi xursand bo‘lmadi. U kulishga urindi-yu, biroq buni uncha uddalay olmadi.
Anton yaxshisi uyiga qaytishga qaror qildi. U hamma yutuqlarini yig‘ishtirdi va katta xona tomonga qarab qichqirdi: “Men ketyapman, Gundi”.
Hamma qotib qoldi. Gundomarning onasi chuqur nafas oldi. “U seni nima deb chaqirdi?” — so‘radi u qat’iy.
Gundomar bir lahza o‘ylanib qoldi va dedi: “Meni sinfimizdagilar Gundi deb atashadi. O‘zimga ham shu ma’qul”.
Anton uyiga qaytgach, onasi unga noxush qarab dedi: “Gundomarning onasi menga qo‘ng‘iroq qilgandi”.
“Ikkalangiz bir-biringizdan qolishmaysiz”, — o‘yladi Anton. Ammo hech nima demadi.
“Nima uchunligini bilarsan?” — so‘radi Antonning onasi.
Bu savol Antonni hecham tashvishlantimadi.
“Men ikkita qush gaplashayotganini eshitib qoldim, — tushuntirdi u, — ular och edi”.
Antonning onasi burnini tortdi. “O‘zim ham shunga o‘xshash hol yuz bergan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Endi senga chumchuqlar murojaat etadigan bo‘lsa, nonushta qiladigan pishiriqlarimizni ham ularga derazadan tashlarkansan-da. Qo‘y, yaxshisi unday qilma. Aks holda…”
“Bilaman, aks holda mojaro bo‘ladi”, — qo‘shib qo‘ydi Anton bo‘g‘iq ovozda. Bitta yong‘oqli tort uchun, chuncha tashvish”, – pichirladi u xonadan chiqayotib. Yaxshiyam buni onasi eshitmay qoldi.
MO‘MATALOQ
“Tomas bir haftadan buyon yo‘q”, – dedi o‘qituvchi. U sinf jurnalidagi kunlarni sanab chiqdi. “Nima uchun bundayligini biladiganlar bormi?”
Hech kim indamaydi.
“Nima, hech kim u bilan do‘st emasmi?”
Hech kim indamadi. Tomas hammani turtkilardi, sochlaridan tortardi, daftar bilan urardi. Yo‘q, hech kim Tomas bilan do‘st emas edi.
“Balki uning turar joyini biladiganlar bordir?”
“Bo‘pti, — o‘qituvchi toqatsizlandi. – Uning turar joyini devonxonadan ham bilib olish mumkin. Kimdir unikiga borib, nima bo`lganini bilib keladi”. Uning sinchkov nigohi sinfdagilarga qadaldi.
“Menga aytib qolmasin-da”, — o‘yladi Anton va matematika daftariga ko‘z yugurtirishga tushdi. Biror narsaga diqqat bilan qarab turganida, u o‘qituvchisining nazaridan chetda qolishi mumkinligini bilardi. Biroq bunday holda, “U meni ko‘rmasin, u meni ko‘rmasin…”, degan fikrni xayolidan o‘tkazishi kerak edi. Bu hol doim o‘z ta’sirini ko‘rsatardi.
“Anton, – dedi o‘qituvchi, — bu ishni senga topshiraman”.
“Rasvo bo‘ldi, — o‘yladi Anton. – Shu paytgacha hamma istagim ro‘yobga chiqardi-ya”.
“Nima uchun aynan men o‘sha ahmoqdan xabar olishga borishim kerak? – shikoyat qildi Anton uyiga kelib.
“Mayli, mayli, hechqisi yo‘q , boraqol, faqat kechga qolma”, — dedi Antonning onasi, bir varaq oq qog‘ozdan nigohini uzmay qalamni tishlab turgan holda. Antonning divan ustida uxlayotgan mushugi uyqusida panjalarini qimirlatib qo‘yardi. Anton uf tortdi. Buni hech kim eshitmadi. U g‘azablanib manzilgoh yozilgan qog‘ozga qaradi, uzoq emasmikan, degan ma’noda. Har holda u Tomasni maktab yo‘lida tez-tez uchratardi.
Baribir Anton anchagina yo‘l yurishiga to‘g‘ri keldi va nihoyat o‘sha uyni topgach battar g‘azablandi. Kul rang tusli, katta uyning atrofida bog‘i ham, derazalari oldida gullari ham yo‘q ekan.
“Uyi o‘ziga o‘xsharkan”, – o‘yladi Anton g‘azabga to‘lib. U chang bosgan taxtachalarga yozib qo‘yilgan nomlardan tegishlisini topib, qo‘ng‘iroq qildi.
Unga mujmal ovozlar hamda shoshilinch qadamlar eshitildi. Keyin bir lahza jimlik bo‘ldi. Anton yana bir marta qo‘ng‘iroq qildi. Kimdir aynan shuni kutib turganday darhol eshikni qiya ochib qaradi. Anton bir ayolning yuzini ko‘rib qoldi.
“Meni maktabdan yuborishdi, — tushuntirdi u. — Men Tomas bilan ko‘rishib, qachon maktabga borishini bilib ketishim kerak”.
Ayol boshini qattiq qimirlatdi. “U bilan ko‘risholmaysan. Maktabingdagilarga ayt, u bir necha kundan keyin boradi”. Shunday deb ayol eshikni Antonning burniga urguday qilib yopdi. Anton nima qilarini bilmay, bir oz shu yerda turib qoldi.
Yana qo‘ng‘iroq qilsinmi? Tomasga nima bo‘lganini bilolmadi-ku.
“Ketdimi?” Anton eshik ortidan kimdir so‘raganini eshitdi.
“Psssst!” — dedi boshqasi.
Anton o‘girilib o‘ychan qadam tashladi.
Bu yerda bir sir borga o‘xshardi. Bu hol unga Sibille bilan ko‘rishish uchun yaxshigina bahona bo‘ldi.
Sibille cho‘pli qizil-yashil qandni yalagan holda voqeani qiziqib eshitdi. “Balki uni birov o‘g‘irlab ketgandir, — dedi Anton. – Shuning uchun uning ota-onasi bu haqda hech kimga aytolmayotgandir”.
“O‘g‘irlab ketgan, — Sibille qat’iy ravishda bosh silkitdi. — Undaylarni o‘g‘irlagan kishi darhol qaytarib keladi. Buning evaziga pul ham talab qilmaydi.”
“To‘g‘ri aytasan”, — dedi Anton uning gapiga qo‘shilib. — Balki unga qizamiq chiqib qolgan bo‘lsa, qizil donachalaridan or qilib yurgandir”.
“Sen gaplashib turganingda ham cho‘pli qizil-yashil qandni yalayotganingni tushunolmayapman”, — shikoyat qildi Anton.
“Masalaning mohiyatini chuqur tushunish kerak edi-da”, — uqtirdi Sibille va cho‘pli qizil-yashil qandning qolganini tishlab-tishlab yutib yubordi.
“Tishing og‘rib qolmaydimi?” — so‘radi Anton.
“Og‘riydi”, — javob berdi Sibille.
“Ana”, — Anton Sibille cho‘pli qand yalamaydigan bo‘lganidan keyingina, unga uylanishini ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
Anton o‘sha xunuk kul rang uyga bir oz yetmasdan to‘xtadi. “Mana shu uy. – Uy yaqinida hech kim bo‘lmasa ham u pichirlab gapirdi. – Endi nima qilamiz?”
“Qo‘ng‘iroq qilamiz va tez yugurib borib anavi plakatning orqasiga yashirinamiz, — taklif qildi Sibille. – Ko‘ramiz, qani nima bo‘larkan”.
“Men hecham bunday qilib ko‘rmaganman, — to‘ng‘illadi Anton tashvishlanib. – Buni sezib qolishlari mumkin-ku”.
“Haqiqatni bilishimiz uchun shunday qilmasak bo‘lmaydi”, — tushuntirdi Sibille.
“Bo‘pti, — Antonning ovozi uncha dadil chiqmadi. — Kim qo‘ng‘iroq qiladi?”
“Sen, — dedi Sibille. — Fikr mendan chiqdi”.
Anton qo‘ng‘iroq qildi va darhol plakatning ortida turgan Sibillening yoniga yugurib bordi. Ular yashirinishgan joyidan uy eshigi bir oz ochilganini va bir lahzadan so‘ng yana yopilganini ko‘rishdi.
“Yana bir marta shunday qilib ko‘ramiz ”, — dedi Sibille.
“Xo‘p”, – uf tortdi Anton. Sibille ba’zan o‘ta tirishqoq bo‘lib ketardi.
“Yo‘q, endi men, – dedi Sibille. – Sen nafasingni rostlab olganing yo‘q”.
“Qoyil”, — dedi Anton Sibillening gapidan ruhlanib.
Bu safar eshik to‘liq ochildi. Bir ayol chiqib, ikkala tomonga qaradi va boshini silkitib yana uyga kirib ketdi.
“Endi navbat meniki”, – dedi Anton va yugurib ketdi. U qo‘ng‘iroq tugmachasini bosish uchun qo‘lini ko‘tarishi bilan eshik lang ochildi. Uning oldida Tomas turardi. Anton Tomasga tikilib qoldi. “Yuzingga nima bo‘ldi?” — so‘radi u qo‘rqib ketib. Tomasning o‘ng ko‘zi shishib ketgan atrofi ko‘k, yashil, sariq aralash tusda edi. Sibille yashiringan joyidan chiqib keldi. “O‘zingdan kattaning jig‘iga tegdingmi—so‘radi u qiziqib. – Kichikroq bo‘lganida, balki kuching yetgan bo‘lardi”.
“Qo‘l ko‘tarsa kerak”, — o‘yladi Anton. U Sibilleni himoya qilish yoki qochib qolish afzalligini beixtiyor xayolidan o‘tkazdi. Biroq Tomas turgan joyidan jilmadi va hech nima qilmadi.
“Shuning uchun maktabga bormaganmiding?” – dedi Anton duduqlanib va Tomasning rang-barang ko‘ziga ishora qildi.
“ Dadam bunaqa bo‘lib qolishini bilmagan ekan”, – dedi Tomas.
“Dadang? – so‘radi Anton qizishib. – U tez-tez shunday qilib turadimi?”
“Faqat ko‘proq ichganida. – Tomas ehtiyotkorlik bilan ko‘zini siypaladi. – Shunday paytlarda meni mo‘mataloq qilib qo‘yishi mumkin”.
“Mo‘mataloq?” — Anton va Sibille deyarli bir vaqtda so‘radilar.
“Buni mutaxassis shunday deb ataydi, — tushuntirdi Tomas. – Dastlab u siyoh rangda bo‘ladi”.
Uchalasi bir lahza jim turib qolishdi. “Sizlarni ichkariga kirita olmayman”, – dedi Tomas. – Hozir uyimiz o‘zimizga ham torlik qilib qolgan”.
“Ha, unda biz ketdik.” Anton Sibillega savolomuz qaradi. U esa indamay boshini quyi soldi.
“Mo‘mataloq bo‘lib qolganimni sinfdagilarga aytsangiz, miriqib kulishsa kerak”, – dedi Tomas o‘ta dardli ohangda.
“Bo‘lishi mumkin”, – dedi Anton. U Tomasdan doim hadiksirab yurganini ko‘z oldiga keltirdi. Endi esa Tomas undan va Sibilledan hayiqib turardi. G‘alati hol.
“Xo‘p, hozircha”, – dedi Tomas. U o‘girildi va orqasidan eshikni yopdi.
Bir necha kundan keyin Tomas maktabga keldi. Ko‘zi yana o‘z holiga qaytgan bo‘lsa-da, boshini ko‘tarolmay o‘z joyida jimgina o‘tirardi.
“Qalay, grippdan yaxshi qutuldingmi?” — so‘radi o‘qituvchi birinchi darsda samimiylik bilan.
Tomas boshini ko‘tardi va ishonqiramay sinfdagilarga nazar tashladi. Hech kim kulmadi. Keyin u Anton va Sibille tomonga qaradi-da, “ha, rahmat”, dedi.
GRIPPO
“Yon daftarim qani? – dedi Antonning onasi. – Hozirgina o‘zimda edi, endi topolmayapman.” U jahl bilan stol tortmalarini ochib yopdi. Yon daftarcha qolib ketgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamma narsaning tagini ko‘rib chiqdi. U qo‘lqoplarini hamda kurtkasi va paltosining cho‘ntaklarini paypaslab ko‘rdi.
“Uning ustiga Grippo o‘tirib olgan shekilli”, – to‘ng‘illadi Antonning onasi.
“Kim, qayerda o‘tiribdi? – so‘radi Anton qiziqib.
“Ax, mening buvim, ya’ni sening buvingning onasi biror nimani topolmay qolsa, doim shunday derdi”.
“Grippo” Antonga bu so‘z juda ajoyib tuyuldi. Onasi endi oshxona tomonga o‘tib izlayotgandi. U past ovozda kimnidir koyidi.
Anton uy vazifalarini bajarishga kirib ketdi. Maktab sumkasidan matematika kitobini, siyohli ruchkasini va bir nechta daftarlarini chiqardi. U matematika kitobini qo‘liga olmoqchi bo‘ldi, ammo uni qo‘ygan joyidan topolmay qoldi. “Nima bo‘lyapti o‘zi”, – o‘yladi Anton. Bugun matematika kitobi ham, yon daftar ham yo‘qolib qoldi. Haqiqatan ham bu o‘sha yaramas Gripponing ishi bo‘lsa kerak”.
“Bo‘lishi mumkinmi meni bilganlar,
amal-u nomimni zikr qilganlar?”
Antonga shu ovoz eshitildi. U atrofga qaradi. Hech kim yo‘q edi. Biroq endi uning matematika kitobi qo‘yilgan joyida turardi.
“Yo‘qolmasdan oldin bor bo‘lgan narsa,
albatta topilar izlab ko‘rilsa”, – sado berdi u.
“Grippo! – qichqirdi Anton. – Qayerda yashirinib olgansan? Men seni ko‘rmoqchiman”.
“Yashinday tezkorlik fazilatim bor,
meni ko‘rolmaysan, urinma zinhor”.
Antonning oldidagi daftarlari g‘oyib bo‘lib qoldi.
“Grippo! – qichqirdi Anton. Bu nima qilganing. Axir, men ertaga o‘qituvchimga, uy vazifalarimning ustiga Grippo o‘tirib olgandi, deya olmayman-ku”.
“Vazifalar zo‘r narsa,
bajaraver, berilsa”, – javob qildi ovoz quvnoq ohangda.
“U maktab nimaligini bilmaydi-da, aks holda vazifalar nimaligini tushunardi”, – o‘yladi Anton.
“Safsata sening fikring,
menga tanish maktabing”.
“U fikrni ham o‘qib olarkan”, – hayratlandi Anton.
Daftarlar yana stol ustida paydo bo‘lib qoldi.
“Rahmat, Grippo, – dedi Anton. – Ertaga men bilan maktabga bormaysanmi? Borsang, juda zo‘r bo‘lardi”.
“Taklifingga roziman,
sakkizgacha boraman”.
“Buni sabrsizlik bilan kutaman, – dedi Anton. Va u javobni kutdi. Ammo hamma yoq jimjit bo‘lib qoldi.
Keyingi kuni nonushta payti Anton Gripponi chaqirdi. Hech nima sodir bo‘lmadi. Choynak ham, bo‘tqa solingan likobcha ham, asalli idish ham yo‘qolib qolmadi. Anton noxushroq holda maktabiga jo‘nadi.
“Sen olgan bo‘lsang kerak, men uni hozirgina shu yerga qo‘ygandim”, – Anton sinfga kirmasidanoq kimdir shunday deganini eshitdi.
“Demak, – o‘yladi Anton. – U shu yerda ekan-da”.
“Mening matematika daftarim ham ko‘rinmayapti”. – qichqirdi Verner.
“Mening esa olmam!” – shikoyat qildi Diyeter.
“Ana xolos!” – o‘yladi Anton qoyil qolib.
O‘qituvchi sinfga kirdi. “Tinchlaninglar, – dedi u baland ovozda. Keyin yo‘qolgan chizg‘ichlar, daftarlar, olmalar va boshqa narsalar haqidagi shikoyatlarni eshitdi, keyin sabrsizlik bilan gapni boshqa tomonga burdi: “O‘zi sizlarda tartib-intizom yo‘q. Behuda gaplarni yig‘ishtiringlar. Yaxshisi, yechishim kerak bo‘lgan misollar haqida o‘ylanglar…” U qo‘li bilan stol chetidagi matematika kitobini paypaslay boshladi. “Bu bo‘lishi mumkin emas, – dedi u, – aniq bilaman…”
Sinfdagilarning ayrimlari qiqirlab kuldi.
“Tinchlaninglar deyapman, – takrorladi o‘qituvchi jahl bilan. – Qani, uyga berilgan mashqlarni tekshiraylik-chi”. U kurtkasining ko‘zoynak turadigan cho‘ntagiga qo‘lini tiqdi. “Bo‘lishi mumkin emas. Aqlim bovar qilmayapti”, – to‘ng‘illadi o‘qituvchi.
Bu safar sinfdagilarning hammasi kulib yubordi. O‘qituvchining boshi qotib qoldi. “Kulgili ish bo‘lgani yo‘q”, – dedi u va stol ustiga qarab hayron bo‘lib qoldi. Matematika kitobi yana joyida turardi.
“Mana ishlarimiz yaxshi tugadi,
endi boshqa sinfga navbat tegadi”.
Anton Gripponing shunday deganini eshitishi bilan atrofga qaradi. Buni undan boshqa hech kim eshitmaganday edi. O‘qituvchi ko‘zoynak burnining ustida ekanligini to‘satdan payqab qoldi. U boshini silkitib uni yechdi va yana joyiga taqib qo‘ydi. “Endi o‘ttizinchi betdagi yettinchi misolni yechishga o‘tamiz”, – dedi u shundan so‘ng.
Bu ham maktabdagi kunlardan biri edi.
BOBO
Anton istirohat bog‘iga kirdi va har doimgidek dastlab o‘rdaklar hovuzi oldiga bordi. O‘rdaklar juda band edilar. Ular bir oq sochli kishi qarshisida jon jahdlari bilan u yoqdan bu yoqqa suzishayotgandi. Qirg‘oqda o‘tirib olgan bu kishi qotgan uzun nonlaridan birini qo‘liga olib, o‘rdaklarni oziqlantirayotgandi. Ahyon-ahyonda uning o‘zi ham shu nondan tishlab yeb turgandi. Uning yonidagi maysa ustida bir eski ryukzak (orqaga ilib yuriladigan xalta) turardi. Anton yaqinroq bordi. U o‘rdaklar mayda nonlarni tumshuqlariga olgan holda suvda rosa uvitib, yutib yuborayotganlarini tomosha qilib turdi.
“Sengayam bir bo‘lak non beraymi?” – so‘radi oqsoch.
“O‘zim yeyishim uchunmi yoki o‘rdaklarga berishim uchunmi?” – bilmoqchi bo‘ldi Anton.
“Senga qaysi ma’qul bo‘lsa shu”. Chol nonning qolganini Anton bilan bo‘lib oldi. O‘rdaklarni oziqlantirishda ularning faqat chaqqonlari va olg‘irlari yemishni yulib ketavermasligiga e’tibor berib turilishi kerak edi.
“Sayr qilib yuribsizmi?”– so‘radi Anton ryukzakga ishora qilib.
“Yo‘q, uydan qochib yuribman”, – dedi chol.
“Nima-a-a?” – so‘radi Anton ishonqiramay.
“Xuddi shunday, uydan ketib qolganman”, – ta’kidladi chol taskin topganday bo‘lib.
“Kishi keksaygach boladay bo‘lib qolarkan. Har holda yoshlar shunday deb o‘ylashadi. Agar shu to‘g‘ri bo‘lsa, ikkalamiz tengqurmiz, desa bo‘ladi”. U Antonga qo‘lini uzatdi.
“Mening ismim Ervin”.
“Men esa Antonman. Kimlardansiz…”
“Sen degin…” – tuzatdi Ervin. Axir, tengqurlar bir – biri bilan sizlashmaydilar-ku”.
“Xo‘p, – deya gapini davom ettirdi Anton. – Sen kimlardan qochib yuribsan?”
“Qizimdan va uning eridan”.
“Nima, ular senga yomon munosabatda bo‘lishdimi?” – so‘radi Anton qiziqib.
“Yo‘q, unday emas. Chol miyig‘ida kulib qo‘ydi. – Ular menga doim, – ’sog‘lig‘ingni o‘yla, dada. Unday qilma, dada. Sen o‘zingni asrashing kerak. Bu sening yoshingga to‘g‘ri kelmaydi, dada’, – deyaverishadi. Shuning uchun bugun ryukzakimga narsalarimni solib ketvordim”.
“Xayrlashuv xati yoki shunga o‘xshash narsasizmi?” – so‘radi Anton kuyunib.
“Men ularga meni izlab ovora bo‘lmasliklari haqida ma’lumot qoldirdim”, – tushuntirdi Ervin xotirjamlik bilan va ryukzakini bog‘ladi. Non tugagandi.
“Ular xavotirlanishi mumkin”, – dedi Anton.
“Hamma narsaga aqli yetadi-ya, – to‘ng‘illadi Ervin . – Ehtiyot bo‘lmasang tez katta bo‘lib qolishing mumkin”.
Ervin ryukzakini orqaladi.
“Bir oz siz bilan birga yursam, maylimi? – so‘radi Anton. – Uyidan qochgan kishini hech uchratmaganman”.
“Mayli, – dedi Ervin. – Lekin mendan oyoq kiyimimni kiyib olishimni talab qilmasang bo‘ldi”. Ervin o‘zining yengil poyafzalini ryukzakiga bog‘lab olgandi.
Ular daryo bo‘yiga borishdi. Ervin ryukzakdan rasm daftarini chiqarib, qalam bilan chiza boshladi.
“Bu men-ku!” – qichqirib yubordi u Ervinning yelkasi ustidan qarab.
“Uni senga sovg‘a qilaman, – deya jilmaydi Ervin. – O‘zingni taniganing uchun”. Keyin u toza rasm qog‘ozlaridan kemachalar yasay boshladi. Ular haqiqiy san’at asarlariga o‘xshardi: tutun chiqaradigan quvurlari, boshqarish maydonlari va unga tegishli barcha jihozlari bilan. Ervin kemalarni daryoga qo‘yib yubora boshladi. Keyin ular qirg‘oqda o‘tirib kun botayotganida suv yuzida oppoq kemalar ulardan uzoqlashib ketayotgan oppoq kemalarchalarga qarab qolishdi.
“Nabiralaring bormi?” – so‘radi Anton kutilmaganda.
“Afsus yo‘q, – javob berdi Ervin. – Bobolaring bormi?”
“Afsus yo‘q, – dedi Anton. – Mening bitta mushugim, bitta qiz do‘stim, bitta onam va boshqa joyda yashaydigan dadam bor. Ammo bobom umuman yo‘q”.
“Unday emas, – dedi Ervin. – Endi bor desang ham bo‘ladi. Senday aqlli bolaning hech bo‘lmaganda bitta aqlsiz bobosi bolishi kerak. Aks holda tez orada katta bo‘lib qolishing mumkin”.
“Bunga onam nima derkin?” – ikkilandi Anton.
“Xohlasam, o‘zimni yaxshiroq tutaman, – dedi Ervin jiddiy ohangda. – Kerak bo‘lsa, oyoq kiyimlarimni ham kiyib yuradigan bo‘laman”.
“Endi men uyga qaytishim kerak, – dedi Anton. – Kech bo‘lib qoldi”.
“Endi uydan qochib yurishimdan ham voz kechsam kerak , – dedi Ervin o‘ychan holda. – Chunki senday nabiraga ega bo‘lish mendan juda mas’uliyatli bolishni taqozo etadi”.
Ervin o‘zi chizgan rasmining orqasiga ismi-sharifini hamda telefon raqamlarini yozib qoydi. “Senga bobo kerak bo‘lsa, menga qo‘ng‘iroq qil”, – dedi u.
“Shu paytgacha qayerda eding? – so‘radi Antonning onasi jahl bilan. – Xavotirlanishimni bilasan-ku”.
“Men bobo topdim, – dedi Anton. – U rasm chizishni va qog‘ozdan kemachalar yasashni bilarkan. Oyoq yalang yurishni juda yoqtirarkan.Va u aynan bugun uyidan qochib ketmoqchi bo‘lgan ekan”.
“Ey, xayolparast, – dedi Antonning onasi. – sen har kuni biror gap topmasang ko‘ngling joyiga tushmaydi”.
.Anton indamay rasmni stol ustiga qo‘ydi.
“Juda zo‘r ekan, – dedi Antonning onasi hayron bo‘lib. – Qani, bir boshidan so‘zlab ber-chi”.
“Qiziq, – xayolidan o‘tkazdi Anton, nima uchun kattalar bo‘lgan voqealarni uydirmalardan afzal ko‘rishadi.
Shunday qilib u voqeani batafsil so‘zlay boshladi.
KASANDRA
Anton nonushta qilib o‘tirgandi.
“Mushugim, – chaqirdi u. – Bu yoqqa kel, nom topishga yordamlashasan!”
Anton nihoyat mushugiga nom topishga ahd qilgandi. U o‘ziga ma’qul nomlarni bir qog‘ozga yozdi va ularni mushugiga birin-ketin ovoz chiqarib o‘qib bera boshladi. Har holda tanlanadigan nom uning o‘ziga ham ma’qul bo‘lishi kerak edi-da. Nomlar yozilgan uzundan-uzun ro‘yxatlarning bir nechtasini u shu paytgacha rad etgandi.
Mushuk kelib stol ustiga o‘tirdi va Antonga diqqat bilan termulib turdi.
“Stol ustida o‘tirma, – dedi Anton. – Onam urishadi”.
Mushuk boshini quyi soldi. U buni bilardi. Anton unga achinganday bo‘ldi. “Ha bo‘pti, o‘tirsang-o‘tir”. Mushuk Antonga qarab turaverdi. Anton uni haydamasligini juda yaxshi bilardi. Doim shunday bo‘lgan.
Anton o‘qidi: “Matilde”. Mushuk esnadi. “Nastasya”. Mushuk bir pashsha ortidan qarab qoldi. “Go‘zal. Qirolicha. Birinchi Raqam”. Mushuk maqtovlarga sira o‘ch emasligi ko‘rinib turardi. “Yo‘lbars Lilli. Mautsdibauts. Uzunmo‘ylov”. Mushuk qulog‘ini ham qimirlatmadi. “Felitsitas, Yesika, Klarisa”. Mushuk boshini qimirlatib, stoldan sakrab tushdi va divan burchagidagi uxlaydigan joyiga borib yotib oldi.
Anton uh tortdi. U bu safargi takliflarini ham taqdim etib bo‘lgandi. Buning ustiga maktabga boriladigan vaqt ham bo‘lib qolgandi.
Anton yugurib ketdi. Navbatdagi burilishda u qo‘qqisdan kimgadir urilib ketdi. Bu Tomas edi. “ Kechirasan”, – hansiradi Anton.
“Hechqisi yo‘q”, – dedi Tomas samimiy tarzda.
Anton bu safar ham hayron qoldi. Mo‘mataloq voqeasidan keyin Tomas umuman boshqacha munosabatda bo‘lib qolgandi. Nafaqat unga, balki Sibillega nisbatan ham. Shunaqa.
Birinchi dars har doimgidan qiziqarli o‘tdi. O‘qituvchi qadimiy yunonlar haqida gapirib berdi. Kim kim bilan va nima maqsadda jang qilganini. Ular ancha puxta bo‘lishgan ekan. Biror kattaroq ishga kirishishlaridan oldin, oqibati qanday bo‘lishi mumkinligini bashoratchi ayoldan so‘rab bilib olarkanlar. Bu taqdir haqida ob-havoni oldindan bilib olishday hol ekan.
Anton sinf ishidan oldin u haqida bashoratchi ayoldan so‘rab bilib olishni ko‘z oldiga keltirdi. Hozirgina ularga so‘zlab berilgan bashoratchi ayolning ismi Kasandra ekan. U uzun, to‘zigan sochli, nigohlari o‘tkir bo‘lgan qora kiyimli ayolni tasavvur qildi. Uning oldida yarqirab turgan billur sharini ham. “Belgilar mos kelmayapti”, – derdi u qat’iy ohangda. Shundan so‘ng maktabga bormasa bo‘lardi, uy vazifalarini bajarishga ham hojat qolmasdi.
Tushlik paytida Anton onasidan so‘radi: “Birorta bashoratchi ayolni taniysanmi?” U shunday dedi-da, o‘ychan holda ovqatini kovladi.
“Kimni?” – so‘radi Antonning onasi hayron bo‘lib.
“Haligi oldindan ayta oladigan ayolni”.
“Ha, – dedi Antonning onasi. – O‘zim ham senga oldindan aytishim mumkin-ki, agar ovqatingni tezroq yemasang, sovib qoladi”.
Anton sanchqi bilan olgan ovqatini yana joyiga qo‘ydi. O‘sha Kasandra qila olganini boshqalar ham qilishi mumkin demoqchimisan?”
Darhol mushukda allaqanday o‘zgarish sodir bo‘ladi. U shu paytgacha divan burchaqidagi joyida jimgina uxlab yotgandi. Endi esa birdan o‘rnidan turib, qaddini rostladi-da, Antonga ma’noli qarab qoldi.
“Mushukga nima bo‘ldi?” – hayratlandi Antonning onasi.
“Balki nomingni Kasandra qo‘yarmizlar?” – so‘radi Anton bu nomni urg‘u bilan talaffuz qilgan holda. Mushuk divandan sakrab tushib, Antonning oyoqlariga suykaldi va uning gapiga ko‘nganday bo‘lib qaradi.
“Bizning oilamizda ham bitta bashoratchi bo‘larkan-da”, – dedi Antonning onasi kinoya bilan.
“Kasandra”. Anton haligi nomni ehtiyotkorlik bilan yana bir marta takrorladi. Mushuk baland va Antonga tushunarli holda mirilladi: “Ha, nihoyat topding”.
SARDOR
“Yozef Blumrix qaytib kelibdi”, – dedi Antonning onasi.
“Kim?” – so‘radi Anton.
“Bir yozuvchi. U qarshimizdagi uyda turadi”.
“Hmm”, – deb qo‘ydi Anton. Yozuvchilar uni uncha qiziqtirmasdi.
“U Amerikada yashagan, – gapini davom ettirdi Antonning onasi. – Hopi hindulari yurtida. Ular uni o‘z qabilalariga qabul qilishgan. Faxrli sardor sifatida bo‘lsa kerak. Hozir u ular haqida kitob yozayotgan ekan”.
Anton diqqat bilan eshitdi. Hindular sardori bilan tanishishni u ko‘pdan buyon orzu qilardi.
Janob Blumrix qanday kishi ekanligini bilish, Antonni qiziqtirib qo‘ydi. U ro‘paradagi uyni kuzata boshladi. U yerda bir keksa, semizroq ayol yashardi. Tabiiyki, u Yozef Blumrix emas edi. Uch farzandli yosh er-xotin. Ularni ham gumon qilib bo‘lmasdi. Yolg‘iz yashaydigan, oddiy kiyinadigan va uyidan kam chiqadigan mo‘ysafid. “Faxrli hindu bo‘lishga hecham yaramaydi”, – o‘yladi Anton. Baland bo‘yli, qorachadan kelgan uzun oq sochli erkak Antonning e’tiborini boshqalardan ko‘proq o‘ziga tortdi. Uning kiyinishi ham boshqacha bo‘lib, har qanday ob-havo sharoitida, hatto havo juda issiq bo‘lgan paytlarda ham, bo‘yniga rang-barang tusli uzun sharf o‘rab yurardi.
“Shu bo‘lsa kerak, – xulosa qildi Anton. – Hoziroq borib u bilan tanishaman”.
Ammo bu uncha oson emas edi. Ko‘chada biror begona kishidan yo‘lni yoki soatni so‘rash mumkin.Nima bo‘lganda ham undan hindular yurtidagi hayoti haqida so‘rash noqulay edi.
Shu payt Antonga bir tasodif qo‘l keldi. Bu tasodifga xat tashuvchi sababchi bo‘ldi.
Anton uy ostonasidagi temir qutichadan pochtani olayotganida, bir nechta zerikarli yashil konvertlar va reklama qog‘ozlarining ichida bitta juda qiziqarli xatni ko‘rib qoldi. Xorij markalari, ko‘p muhrlar va yuboruvchining manzili ko‘rsatilgan joyda SShA yozuvi bor edi. “Bizga Amerikadan kim yozgan ekan?” – hayron bo‘ldi Anton. Shundan so‘ng u konvert ustidagi yozuvga qaradi. “Mister Yozef Blumrix”. Xat tashuvchi pochtani tarqatishda adashganligi ayon bo‘ldi.
Anton darhol ro‘paradagi uy tomonga yugurib bordi. U eshiklardagi taxtachalarga yozib qo‘yilgan nomlarni o‘qib chiqdi. Matelar, Froydiglar, Komarek va u izlagan yozuv – Y. Blumrix. Anton qo‘ng‘iroq qildi. Bir lahzadan so‘ng eshik ochildi. Bu o‘sha oddiygina kiyinib yuradigan mo‘ysafid edi. Anton o‘ta hayron qolganidan, unga xatni berib qo‘yishni unutayozgandi.
“Bu Sizmi?” – so‘radi Anton uncha sevinmagan holda.
“Xuddi shunday, – javob berdi janob Blumrix samimiy tarzda. – Bu men. O‘zingchi?” Anton hayratlanishdan to‘xtadi. “Xat bizning pochta qutimizda ekan, – tushuntirdi u. – Men Antonman”.
“Rahmat, Anton”. Janob Blumrix konvertni olib, unga nazar tashladi-da, eshikni yopmoqchi bo‘ldi.
Anton joyidan jilmay unga qarab turardi.
“Nimadir demoqchimisan?” – so‘radi janob Blumrix.
“Ha”, – dedi Anton va savolni qanday boshlash haqida o‘ylab qoldi.
“Esim qursin, – deya janob Blumrix kurtkasining cho‘ntagini paypaslab pul chiqardi va, – xizmating uchun”, – deb uni Antonga uzatdi.
Anton boshini silkitdi.
“Unda nima?” Endi janob Blumrix nima qilarini bilmay qolgandi.
“Siz haqiqatan ham hindular sardorimisiz?” – so‘radi Anton gapini qanday boshlash haqida bir qarorga kela olmagan holda. Shunday bo‘lsa-da, janob Blumrix tasodifan berilgan savoldan esankirab qolmadi.
“Ichkariga kir”, – dedi u.
Anton qiziqsinib atrofiga qaradi. Kitoblar va qog‘ozlar tagida qolib ketgan stol. Ko‘p gilamlar, biroq ular boshqalarnikidagi singari pastga to‘shalgan emas, balki devorlarga ilingandi. Bir kichikroq stol ustida ko‘p suratlar va rangli bog‘ichlar bilan bog‘langan uzun nay turardi. “Tinchlik nayi shu bo‘lsa kerak”, – o‘yladi Anton. Suratlarda janob Blumrix pat bezakli bir hindu yonida tasvirlangandi.
“Zo‘r-ku”, – dedi Anton zavqlanib.
“Bu sardor Oqayiq”, – tushuntirdi janob Blumrix.
“Haqiqatan ham shunaqa ekan, – dedi Anton. U janob Blumrixga sinchkovlik bilan qaradi. – Sizni men sira hindular sardoriga o‘xshatmagan bo‘1ardim”.
“Men faqat faxriyman, xolos”, – jilmaydi janob Blumrix. Buning evaziga men bir ish bajarishni o‘z zimmamga olganman”.
“Qanday ish? – so‘radi Anton. – Faxriy sardor nima qilishi kerak?”
“Men Hopilarning murojaatnomasini qog‘ozga ko‘chiryapman”, – javob berdi janob Blumrix. – Hindular zaminimizning o‘tmishi va kelajagi haqida qadimiy bilimlarga ega. Ularning fikricha, endi o‘sha bilimlar biz oq tanlilarga ham yetkazilishi lozim payti kelgan”.
“Shu gaplar kitobingizda bormi?” – so‘radi Anton.
“Shu gaplar kitobimda bor”, – ta’kidladi janob Blumrix.
“Bu kitob bolalar uchunmi?” – bilmoqchi bo‘ldi Anton.
“Menimcha, yo‘q. – Janob Blumrix boshini qimirlatdi. – Uni tushunish qiyinroq”.
“Afsus, – dedi Anton. – Men tushunish qiyin bo‘lgan kitoblarni yoqritmayman. Menga qiziqarli va sarguzashtlarga boy kitoblar yoqadi”.
“Men bolalar uchun kitob yozish haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman”, – dedi janob Blumrix.
“Ammo o‘ylab ko‘rsangiz yaxshi bo‘lardi, – dedi Anton. – Kattalar ham bunga e’tiroz bildirmasdilar”.
“Men bir hindu ayol o‘z bolalariga aytib bergan hikoyani eshitgandim, – dedi janob Blumrix. – Senga shuni aytib beraymi?”
“Mayli”, – dedi Anton. U qo‘ng‘ir baxmalli, suyanchig‘i quloqsimon shakldagi pastqam kresloga o‘tirib oldi.
Va Janob Blumrix hikoyani boshladi.
YAHU
“Bu hindularning uzoq zamolardan qolgan rivoyati. Uning qancha uzoq zamonga borib taqalishini, hech kim aniq bilmaydi . O‘shanda osmon shunchalik pastga osilib turgan emish-ki , yo‘lda yurish ham qiyin bo‘lgan ekan. Ayrim joylarda u shunchalik pastlashib olganmish-ki, hushyor bo‘lmagan kishi unga boshini urib olarkan. Bunday sharoitda kim hushyor bo‘lib turishga majbur bo‘lgan .-Albatta hindu ahli. Ko‘plar o‘zlariga ozor berayotgan osmonni o‘sha paytda so‘zlashilgan tilda allanimalar deb haqoratlashgan va uni yana unga tegib ketgunlariga qadar unutganday bo‘lib yurgan.
Daryo bo‘yidagi bir qishloqda Patli Yoy degan yigit yashagan. Zilol suvlarda ovqat bo‘lishga tayyor holdagi baliqlar mo‘l bo‘lgan. Mevali daraxtlar kishilarni o‘z ne’matlaridan doim bahramand qilib turishgan. Giyohlar esa o‘zlarining dorivorlik quvvatini taqdim etishga muntazir bo‘lganlar. Kishi ulardan faqat me’yoriga yarasha so‘rab olishi va hech qachon keragidan ko‘p olmasligi lozim bo‘lgan.Umuman olganda, Patli Yoy yashagan davrda hammaning hayoti osoyishtagina kechgan.
Osmon tahdid sola boshlaganiga qadar.
Patli Yoy 236 marta – u sanab yurgan – boshini osmonga urib olganidan keyin, o‘z tilida bir yomon so‘z aytadi. Keyin u bunday holda yashab bo‘lmasligiga iqror bo‘ladi. Natijada, u ko‘ngildagidek balandlikdagi joyni izlab topishga ahd qiladi. Yigit yo‘lga chiqishidan oldin tabibdan yaxshi maslahatlar, onasidan esa quritilgan baliqlar oladi. So‘ngra toychog‘i Pintoga minib, yo‘lga tushadi. Shu ahvolda keta-ketguncha u oldinga egilib boraveradi, chunki ot choptirib ketayotganida pastlashib qolgan osmon unga tegib ketishi mumkin bo‘lgan.
Patli Yoy ko‘p qabilalar va xalqlar tomonga boradi. Ularning barchasi turli urf-odatga, til va shevalarga ega bo‘lsalar-da, hammasini bitta umumiy muammo tashvishlantirib qo‘ygandi: pastlashayotgan osmon.
’Umumiy muammo birgalikda hal qilinishi kerak’, – Patli Yoy shunday xulosaga kelgan. O‘sha paytdagi kishilar juda sodda bo‘lishgan. Shuni nazarda tutib u barcha tillarda bir xil ma’noga ega bo‘lgan so‘zni topgan. ’Yahu’, – ekan bu so‘z va u ’birgalikda’, – degan ma’noni bildirarkan.
Keyin voqea shunday etgan. Bir kuni aniq belgilangan paytda hamma tegishli xabarni eshitish uchun shaylanib turgan.
’Yahu’, – deyishgan ular barchasi birgalikda va pastlashib qolgan osmonni yuqoriga itarishgan. ’Yahu’ shunday kuchli jaranglagan-ki, uni dunyoning hamma yerida eshitish mumkin bo‘lgan. Shundan so‘ng osmon yana o‘zining yuqoridagi joyiga ko‘tarilgan – bunga ayni paytda ham har kimning o‘zi bemalol ishonch hosil qilishi mumkin”.
Janob Blumrix ozgina jim turdi. Anton esa hikoya tugagani, tugamaganini bilmay qoldi.
“Osmon-ku o‘sha paytlardan buyon hech kimni tashvishga solayotgani yo‘q, – dedi janob Blumrix gapini davom ettirib. – Savlatli kishilar ham boshlarini hatto bulutlarga urib olishayotgani yo‘q. Ammo zamin-chi. ’Ona zamin’, – uni hindular shunday atashadi. Daryolardagi suvlar o‘sha paytlardagiday toza emas. Giyohlar dorivorlik quvvatiga ega bo‘lishi mumkinligini deyarli unutib qo‘yganmiz. Buning ustiga hamma yerda daraxtlarga qirg‘in kelmoqda. Biz birgina sabab tufayli, ya’ni qurbimiz yetgani uchun, narsalar kashf qildik, ammo ular qanday oqibatlarga olib kelishlari mumkinligi haqida sira o‘ylab ko‘rmadik. Ko‘pincha oddiygina masalalarni hal qilishqa fahm-farosatimiz yetmay qolyapti. Endi yana hammamiz birgalikda ’yahu’ deyishimiz lozim bo‘lgan payt keldi”.
Janob Blumrix bir lahza jim turdi va Antonga qaradi. “Hindular bu rivoyat orqali nima demoqchi bo‘lganliklarini tushundingmi?”
“Menimcha ha”,- Anton shunday deya o‘ylanib qoldi. – Ammo men nima qila olishim mumkin? Men bittaginaman-ku”.
“Yoq, – dedi janob Blumrix. – Sen bittadan ko‘psan”.
Anton o‘rnidan turdi. “Yahu”, – dedi u ishonqiramay.
“Yahu”, – javob berdi janob Blumrix.
ZAMON GARDIShI
“To‘xtab qolibdi”, – dedi Antonning onasi tutaqib.
“Kim, qayerda to‘xtab qolibdi?”, – so‘radi Anton.
“Soatim, – javob berdi Antonning onasi. – Uni soatsozga olib borasanmi?”
“Doim men ekan-da”. Anton noliganday bo‘ldi. Aslida uning o‘zi ko‘pdan buyon keksa soatsozning oldiga bormoqchi bo‘lib yurgandi.
“Kechga qolma, kechki ovqat tayyor bo‘lyapti”, – baqirib qoldi onasi uning ketidan.
Anton ustaxona peshtaxtasi oldida to‘xtadi. Keksa soatsoz o‘sha yerdagi soatlarning yurishini ko‘zdan kechirayotgandi.
“Xayrli tun, – dedi Anton. – Men tuzattirishga soat olib keluvdim”.
Devorlardagi soatlar chiqqillab, tiqqillab, ku-kulab turardi.
Anton devorlardan biriga osib qo‘yilgan bir taxtachaga tikilib qoldi. Unda titroq qo‘l bilan yozilgani bilinib turgan shunday yozuv bor edi: “Zamonga sayohat, borish va qaytish. Har bir zamonga qilinadigan sayohat mas’uliyati har kimning o‘ziga yuklatiladi”.
“Zamonga sayohat nima?”- so‘radi Anton. U nomi aytib turganidek, boshqa zamonga sayohat qilish”.
“Qaysi zamonga ?”- so‘radi Anton.
“Masalan, kechagi kunga. Yoki o‘rta asrlardagi ritsarlar huzuriga.Yoki kelajak asrga. Zamon o‘tib ketmaydi, qaytib ham kelmaydi.U doim sayohatchi bilan birga bo‘ladi”.
“Tushunmayapman”, – dedi Anton.
“Tushunmayotganing uchun ham sen bunga ishonmaysan”, – deya jilmaydi soatsoz vaziyatni anglagan holda.
“Men o‘zim tushunmagan narsalarga ko‘proq ishonaman, – e’tiroz bildirdi Anton. – Axir, bu qiziq-ku. Shuning uchun men zamonga sayohat qilib ko‘rsam bo‘larmikan? Faqat kechki ovqatga kechikib qolmasam bo‘ldi”.
“Zamonga sayohat qilish xatarli, – dedi soatsoz. – men zamonga sayohatdan qaytilmagan ikkita holni bilaman. Biri, yanglishmasam, o‘tgan asrda, ikkinchisi esa tosh davrida yuz bergan”.
“Balki ularga o‘sha yerlar yoqib qolgandir?”- faraz qildi Anton.
Soatsoz boshini qimirlatdi. “Yo‘q, ular qanday qaytishni bilmay qolishgan. Ular hikmatli so‘zlarni unutib qo‘ygan bo‘lishlari mumkin. Yoki boshqa zamondan biror nima olib kelishga uringandirlar. Ammo sira unday qilish kerakmas, eshityapsanmi, sira”.
“Tushunyapman, – dedi Anton. – Men albatta qaytib kelishni xohlayman. Onam ataylab xushbo‘y pudding (guruch va boshqa yormalardan tvorog va mevalar qo‘shib tovada pishiriladigan pishiriq) pishirayotgandi. Iloji bo‘lsa, men zamonga qisqagina sayohat qilib ko‘rmoqchiman. Darrov tosh davriga emas”.
“Qisqagina degin, – dedi soatsoz o‘ychan holda. – Xo‘p, sen aytgancha bo‘laqolsin. Yur men bilan.” U oynali eshikka, – “Hozir kelaman”, – deb yozilgan taxtachani ilib qo‘ydi.
Do‘kon ortidagi qorong‘i xonada ham ko‘p soatlar bor edi. Yorug‘ qilib yoritilgan ish stoli ustida murvatlar va temirli ehtiyot qismlar yotardi. Anton orqa tomoniga qarashi bilan xiraroq yoritilgan bu devorda ilingan katta gardishni ko‘rdi. Uning qora qoplamasi ustida bittagina mili bor edi.
“Men seni yigirma daqiqa oldingi zamonga yuboraman”, – dedi keksa soatsoz.
“Yigirma daqiqa oldingi?” – ajablandi Anton. Bu hol sarguzashtdan darak bermayotganday tuyuldi unga.
“Ko‘prog‘i xatarli bo‘lishi mumkin”, – uqtirdi chol. U gardish milini ozgina orqaga burdi. Anton aylana boshlagan gardishga qarab turdi.
“Baland, pastmi – kechami, erta,
bir lahzada bo‘lar mangulik.
Xohlaganlar ko‘rishi mumkin,
hech nima o‘tmaydi – vaqt ham shuningdek”.
Anton soatsoz shunday deganini eshitdi. “Oson ekan, – o‘yladi u. – Har holda maktabda yodlatiladigan uzundan-uzun she’rlarday emas-da”.
Atrofdagi soatlarning chiqqillashi go‘yo jo‘r bo‘lib kuylanayotgan kuyday yangrayotgandi. Antonni uyqu bosganday bo‘ldi.
“To‘xtab qolibdi”, – dedi Antonning onasi tutaqib.
“Bilaman”, – dedi Anton.
“Qayerdan bila qolding? – hayratlandi Antonning onasi. – O‘zim buni hozirgina ko‘rdim-ku”.
“Soatni soatsozga olib borishimni aytmagandingmi?” – so‘radi Anton ikkilanib.
“Aytganim yo‘q, – tushuntirdi onasi. – Lekin bu fikring menga ma’qul. Bor, tezda boraqol”.
“Doim men ekan-da”, – noliganday bo‘ldi Anton.
“Kechga qolma, kechki ovqat tayyor bo‘lyapti”, – baqirib qoldi onasi uning ketidan.
Anton o‘zini shu kuni soatsoznikiga yana bir marta borib qolganday his qildi. Oynali eshikka, – “Hozir kelaman”, – degan yozuvli taxtacha ilingandi. Anton nima qilarini bilmay uning oldida turib qoldi. U kutib turishni ham, uyga qaytishni ham bilmay qolgandi…
Gardish sekingina to‘xtadi. Anton hayron bo‘lib atrofga qaradi. “Eshikni ochsangiz-chi, – dedi u. – Anchadan buyon kutib turibman, axir”.
Keksa soatsoz kuldi. “Tashvishlanma, sen ikkita bo‘lib qolganing yo‘q”.
“Unday bo‘lsa yaxshi”, – dedi Anton. – Ikkita bo‘lib qolganimda, xushbo‘y pudding ham yetmay qolardi”.
Soatsoz Anton olib kelgan soatni ingichka asbob bilan sekingina ochdi. Anton shu payt uning qo‘li titrayotganini ko‘rdi. “Buni bir oz kutishingga to‘g‘ri keladi, – dedi u. – Uni ertadan keyin olib ketishing mumkin”.
“Siz zamonga ko‘p sayohat qilasizmi?” – so‘radi Anton.
“Juda ko‘p, – javob qildi chol. – Ba’zan shuni o‘ylab qolaman…”
“Nimani?”– so‘radi Anton, chunki chol gapini davom ettirmay qo‘ygandi.
“Biz yashaydigan zamondagilar keksalarga toqat qilolmay qolganlar. Hamisha va hamma joyda shunday bo‘lgan emas. Shuning uchun men ba’zan o‘tmishga sayohat qilib, xitoyliklar huzurida qolib ketish haqida o‘ylab qolaman. Yoki hindular qabilasida”. Antonga o‘zining titroq qo‘llarini ko‘rsatib kuldi va dedi: Hech bo‘lmasa, tinchlik nayini ushlab turishga qurbim yetar”.
“Unda Sizga oq yo‘l tilayman”, – dedi Anton va xayrlashdi. Onasi kechki ovqat bilan kutib turgani uning esiga tushib qoldi.
Ikki kundan keyin Anton yana soatsozning ustaxonasi oldiga kelib, turib qoldi. Eshikka yozuvli taxtacha ilingandi: “Noaniq zamonga sayohatga ketgan”.
Anton yon tomondagi novvoyxonaga kirdi. “Soatsoz qachon qaytib kelishini bilasizmi? – so‘radi u. Unga soatimizni tuzatishga bergandik”.
“Ha, bu sen ekansan-da”, – dedi oq etakli semiz ayol. – U uni ketishidan oldin bizga tayinlab ketgandi”. U Antonga bitta kichkina to‘rvachani uzatdi.
“Uning o‘zi qayerdaligini bilasizmi?” – bilmoqchi bo‘ldi Anton.
“Buni hech kim bilmaydi, – dedi ayol. – Agar mendan so‘raydigan bo‘lsang, chol so‘nngi paytlarda parishonxotir bo‘lib qolgandi. Hamma narsani joyida qoldirib, eshigiga, – `Noaniq zamonga sayohatga ketgan`, – deb yozilgan taxtachani ilib qoyardi-da, ko‘rinmay qolardi”.
“Noaniq zamonga, – o‘yladi Anton. – Bunaqasi yo‘q edi-ku”. Keyin u ko‘knor urug‘i sepilgan nonchadan ikkita xarid qildi va o‘ychan holda uyi tomon yo‘l oldi. To‘rvachada onasining qo‘l soati bor edi. Endi u har doimgidek chiqqillab to‘g‘ri yurayotgandi.
Anton to‘rvacha ichiga qarasa, unda yana bir narsa bor ekan: oq qog‘ozcha. Undagi titroq qo‘l bilan yozilgani bilinib turgan, ammo o‘qisa bo‘ladigan yozuvda shunday deyilgandi: “Men o‘zimga judayam yoqadigan zamonga tushib qoldim. Endi shunda qolmoqchiman. Senga omad tilayman, Anton”.
Antonning onasi xonaga kirdi. “Soatni tuzattirish qanchaga tushdi?” – so‘radi u.
“Hech qanchaga”, – dedi Anton.
“Keksalik-da, – dedi Antonning onasi. – U qaytganidan keyin pulini berib qo‘yishimiz kerak”.
Anton indamaygina oq qog‘ozchani yashirib qo‘ydi. Chunki agar u aytib beradigan bo‘lsa, onasi ham, boshqa birov ham baribir bu voqeaga ishonmasligini bilardi.
ChAYQOV BOZORI
Anton chayqov bozoriga bordi. U yerda bahor nafasi, pufakchali kuyadori hamda qars-qurs kartoshka hidi ufurib turardi.Tiqilinchda odam yurishi qiyin edi. Bir sotuvchi balandparvoz so‘zlar aytib, o‘z mollarini reklama qilayotgandi. Bu yerda juda zo‘r narsalar bor edi. Karnayli eski sharmanka, Morze telegraf apparatlari, durbinlar, avtosignal qismlari, o‘yinchoq soatlar, chinni yuzli qo‘g‘irchoqlar, bir qo‘lli o‘yinchoq ayiqlar. Anton gohida olomondan chetga chiqib, ba’zi narsalarni ushlab-ushlab ko‘rdi va yana joyiga qo‘ydi. Narxini esa so‘ramadi. Chunki o‘zi yoqtirgan narsani sotib olishi uchun, baribir puli yetmasligini bilardi.
Anton bir yog‘och do‘konda sotilayotgan qars–qurs kartoshkadan bir to‘rvacha sotib olishi, olmasligini o‘ylab turganida, bir narsani ko‘rib qoldi. U to‘xtab turgani uchun, o‘tib qaytayotganlarning yo‘lini to‘sib qo‘ygandi. Bu keksa soatsozning do‘konidagi zamonga sayohat qilish uchun ishlatiladigan sirli gardish edi.
“Bu g‘alati narsa nima?” – so‘radi u sotuvchidan vazmin holda.
“Bilmadim, – dedi u. – Devor bezagi bo‘lsa kerak”. Anton savol berayotganida, o‘zini o‘sha narsaga nisbatan iloji boricha befarqday tutishga urindi: “Qancha deyapsiz bu narsani?”
Sotuvchi yelkasini qisdi va Anton uchun ham baland bo‘lmagan narxni aytdi. Ammo buni olishi uchun, u qars-qurs kartoshkadan voz kechishi kerak edi.
“Bo‘pti, men uni olaman” – dedi Anton va qo‘lidagi chaqalarni aniq sanab berdi. Keyin u zamon gardishini avaylabgina qo‘ltiqlagan holda yo‘lga tushdi.
“Buning nima?” – so‘radi Antonning onasi, u uyiga qaytgach.
“Chayqov bozoridagi kishining aytishicha, devor bezagi ekan”, – dedi Anton rostgo‘ylik bilan.
“G‘alati bezak”, – pichirladi Antonning onasi. Uning kayfiyati yomon edi. Anton dadasi bilan birga o‘tkazishi kerak bo‘lgan kunlarda, u mana shunday ahvolga tushib qolardi.
“Tayyorlanib turarkansan, dadang seni soat o‘n ikkida olib ketarkan”, – dedi u.
Anton zamon gardishini qo‘liga olib, nimadir deb pichirladi-da, o‘z xonasiga kirib ketdi. Axir, ota-onasi bir-biri bilan kelisha olmasa, u nima ham qila olardi.
Anton asboblar qutisidan bir mix oldi va uni ozgina qiyinchilik bilan devorga qoqdi. Keyin u gardishni o‘ziga ma’qul joyga ilib qo‘ydi va ko‘zini uzmay unga qarab turdi. “Bu haqiqatan ham keksa soatsozning zamon gardishimi? Balki u ishlamay qolgandir.” U buni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Dadasi uni olib ketishga kelgunicha, shunga ulgurishi kerak edi.
Mushuk Kasandra notanish narsani shubha ostiga olganday hidlab ko‘ra boshladi. Anton gardish milini ozgina orqaga burdi. Gardish aylana boshladi. Mushuk tezlashayotgan aylanma harakatlarni pinagini buzmay kuzatib turdi. Anton gardishning o‘rtasiga qaradi. “Soatsoz aytgan hikmatli so‘zlar qanday edi-ya?”
“Baland, pastmi – kechami, erta,
bir lahzada bo‘lar mangulik.
Xohlaganlar ko‘rishi mumkin,
hech nima o‘tmaydi – vaqt ham shuningdek”.
Anton baland va aniq ohangda shunday dedi. Biroq hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmadi.
Anton hafsalasi pir bo‘lib atrofga qaradi. U hamon o‘z xonasida edi. Ammo uning yon atrofida unga mutlaqo tegishli bo‘lmagan bir uyum narsalar turardi. “Kasandra qayerda qoldi?” Shu payt bir eshik ochildi va undan Antonning ota-onasi ichkariga kirishdi. Ular Antonga e’tiborsiz holda, uning yonginasidan o‘tib ketishdi. Antonning karavoti o‘rnida g‘ildiraklar turardi, ularning yonida bir katta savat bor edi. Usti ko‘kimtir mato bilan qoplangan bu savatning ichida murg‘akkina bola yotardi. “Menimcha, Anton menga o‘xshaydi”, – dedi Antonning dadasi so‘yinib.
“Demak, bu men ekanman”, – o‘yladi Anton. Chaqaloq yuzini burishtirib chinqira boshladi.
“Bu yerdagi Antonlardan biri ortiqchalik qilyapti, – o‘yladi Anton. – Men haqiqiy yoshimda bo‘lib qolishimni istayman”.
U zamonga sayohat qilish uchun aytiladigan hikmatli so‘zlarni xayolidan kechirdi. U o‘sha so‘zlarni xayolidan kechirib tugatishi bilan aylanishi susayib to‘xtagan zamon gardishining oldida o‘tirib qoldi.
Anton dadasi uni tashqaridan chaqirayotganini eshitdi.
“Meni o‘zingga o‘xshatasanmi?” – so‘radi undan Anton.
“Bu haqda umuman o‘ylab ko‘rmaganman” – javob berdi Antonning dadasi xijolatlanganday bo‘lib.
“Kattalar o‘zi shunaqa-da, hamma narsani unutib yuborishadi. Hatto bir-birini qachondir yoqtirishganini ham”.
ANTONNING DADASI
Anton shaharni aylanayotganida, o‘zini xuddi “xaridorlik o‘yini” o‘ynab yurgandek his qildi. U xayolida go‘yo bir boyvachcha edi va ko‘ngliga yoqqan narsani sotib olayotgandi: uch kilo yumshoq karamel, hayvonlar do‘konidan ikkita mushuk, uchta it, yettita to‘tiqushcha, Sibille uchun qip-qizil baxmaldan yasalgan kattakon to‘ng‘iz.
Shu payt Anton ko‘chaning narigi betidan ketayotgan dadasini ko‘rib qoldi. U chaqirmoqchi bo‘lib qarasa, dadasi yolg‘iz emas ekan. Yonidagi ayol uning qo‘lidan mahkam ushlab olgandi. “Uni qo‘yib yubor, u mening dadam”, – pichirladi Anton qizg‘anib va ularning ketiga tushdi. Dadasi bilan o‘sha begona ayol oyna ortidagi peshtaxtalarga qarab qolganlarida, Anton yurishdan to‘xtadi. Shu payt Antonning dadasi nimanidir sezganday orqasiga o‘girildi. Ammo Anton tezda bir uy ostonasiga kirib yashirindi. Shundan so‘ng ular ikkalasi bir qahvaxonaga kirib ketishdi.
Anton tashqarida o‘ylab qoldi-da, bir ozdan so‘ng eshik oynasidan astagina mo‘raladi. Ha, ular shu yerda o‘tirardilar. Ayol qo‘lini Antonning dadasining qo‘li ustiga qo‘ydi. Buni ko‘rgan Antonning xayoliga bir fikr keldi. U eshikni ochdi-da, to‘ppa-to‘g‘ri dadasining oldiga keldi.
“Anton! – qichqirdi Antonning dadasi. – Sen bu yerda nima qilib yuribsan?”
“Seni izlab yuribman”, – dedi Anton.
“Nima uchun? – Antonning dadasi birdan xavotirga tushib qoldi. – Onang yubordimi?”
Anton boshini quyi soldi. U endi uyga har doimgidek kech kelmasliging kerakligini aytib qo‘yishimni tayinlab yubordi”.
“Nima-a-a”, – dedi Antonning dadasi tushunolmay.
“Sen ajrashgan emasmisan?” – so‘radi Antonning dadasining yonida o‘tirgan ayol.
“Ajrashganman”,– tushuntirdi Antonning dadasi xijolatlanib.
“Unaqaga o‘xshamayapti, – dedi ayol. – Uyingga yana kechikib borishingga men sababchi bo‘lib qolmay”.
U paltosini oldi va ketdi.
Antonning dadasi hech nimani tushunolmay uning orqasidan qarab qoldi.
“Bu nima qilganing?” – dedi u nihoyat Antonga.
“U menga yoqmadi”, – pichirladi Anton.
“Menga yoqsa bo‘ldi-da”, – uqtirdi Antonning dadasi.
Anton o‘girilib ketmoqchi bo‘ldi.
“To‘xta, ketmaysan! – qichqirdi Antonning dadasi. – Endi qahvasini bir o‘zi ichadi, deb o‘ylayapsanmi?”
Anton issiq shokolad buyurtma qildi. Antonning dadasi qahva keltirtirdi. Ikkalasi ham indamaygina chashkalaridagini aralashtirishdi. Antonning dadasi aksirdi.
“Endi, – o‘yladi Anton. – Nihoyat endi u menga nima uchun ko‘plab dadalar singari o‘z oilasi bilan yashamasligini tushuntirib beradi”.
Antonning dadasi yana aksirdi.
“Biror nima desangchi”, – o‘yladi Anton iltijo qilganday.
“Bu yerdagi pirojniylar juda yaxshi. Bittasini yeb ko‘r”, – dedi Antonning dadasi nihoyat.
Anton indamaygina boshini silkitdi.
KATTA SAYoHAT
Anton ko‘pdan beri qulay imkoniyat kutib yurgandi. Nihoyat u katta zamonga sayohat qilmoqchi edi. Bir necha daqiqa yoki yillargagina emas. Biroq buning uchun u yolg‘iz qolishi kerak edi. Shunday ishlar bor-ki, ularni amalga oshirishga aksariyat hollarda onalar xalaqit berishadi.
“Bugun biror joyga borishing kerakmi?” – so‘radi Anton tushki ovqat paytida umidvorlik bilan.
“Yo‘q, yo‘q”, – tinchlantirganday bo‘ldi Antonning onasi. Aslida u savolning tub ma’nosini tushunmagandi.
Keyin telefon jiringlab qoldi.
Antonning onasi go‘shakni joyishi bilan shosha-pisha qog‘ozlarni sumkagasiga sola boshladi.
“Uzr, ketishimga to‘g‘ri kelib qoldi, – dedi u Antonga. – Endi tushdan keyingi vaqtimning hammasi o‘sha yerda o‘tadiganga o‘xshaydi”.
“Hechqisi yo‘q”, – dedi Anton sevinchini yashirishga urunib.
Anton yolg‘iz qolgach, karavotining tagidan safar anjomlarini oldi: bitta olma, bir nechta yassi shokoladlarni oziq-ovqat sifatida, gugurt, eski cho‘ntak pichog‘ini, bir o‘ram arqon, cho‘ntak fonusini hamda zamonga sayohatning hikmatli so‘zlari yozilgan qog‘ozni. Anton o‘sha hikmatli so‘zlarni yoddan bilsa-da, qog‘ozni har ehtimolga qarshi o‘zi bilan birga olib ketishni lozim topgandi. U orqasiga ilib olish uchun, hamma narsani matoli xaltachaga joylashtirdi. Chunki ikki qo‘li bo‘sh bo‘lishini xohlardi. Kasandra ham darhol bir marta yegulik ovqat va toza suv bilan ta’minlandi. Zamonga qilinadigan bunaqa sayohat qancha davom etishi mumkinligini bilib bo‘lmasdi-da.
Anton zamon gardisining oldiga o‘tiridi va ishonchsizroq ohangda hikmatli so‘zlarni aytdi. Keyin u yana ozgina kutib turdi-da, gardish milini ancha orqaga burib yubordi. Gardish sekin g‘uvillab aylana boshladi.
Bu safar Anton uyqusiramadi. U o‘zini bir qop – qorong‘i chuqur jar oldida turganday his qildi. “Yo‘q!” – deya qichqirdi u va pastga tushib ketdi.
Tushib ketaverdi, tushib ketaverdi, tushib ketaverdi.
“Zamonga sayohat qilish xatarli”, – keksa soatsozning shu gapi uning qulog‘iga chalindi.
Agar bu yerdan bir amallab chiqib olsam, – xayolidan o‘tkazdi Anton, – hech qanaqa zamonga sayohat qilmayman”. U tushish tezligi yuqoriligidan biror nimani o‘ylashga ham ulgurolmay qoldi.
Tarap, tarap, tarap. Anton qo‘rqib ketdi. U sarosimaga tushib atrofga qaradi. U bir bahaybat eman daraxti tanasiga suyanib o‘tirgan ekan, ro‘parasidan tosh yotqizilgan ko‘cha o‘tgandi.
Anton oyoqlarining barmoqlarini astagina qimirlatib ko‘rdi. Ular qimirladi. Keyin esa qo‘llarining barmoqlarini harakatlantirdi. Hammasi joyida edi. U sekin o‘rnidan turdi. Hech qayeri og‘rimadi. Demak, yiqilganida unga hech qanday shikast yetmagan ekan. Shundan so‘ng anjomlari solingan xaltani paypaslab ko‘rdi. U ham joyida edi.
Tarap, tarap yana takrorlandi. Antonning oldidan bir otliq o‘tib ketdi. Otning taqasi yerdagi toshlarga tegib tovush chiqarayotgan ekan. Bir kichkina, kul rang tusli uy oldiga kelgach, otliq sakrab pastga tushdi.
Uy! Bu uyni u qayerda ko‘rgandi? U o‘ylab qoldi. Bu kichkina uy Anton yashagan ko‘chada edi. Anton uni aniq esladi. Uning eshigi yonida, – “Madaniyat yodgorligi”, – degan yozuvli ko‘k-oq taxtacha ilingandi. U o‘zi yashagan uyni hech qayerdan topolmadi. Uy hali ancha yangi edi-da. Anton tasavvur qilib ko‘rishga harakat qildi. U taxminan o‘zi tushgan joyda bo‘lishi kerak edi. Bunday holda xushmanza keksa emanning bu yerda bo‘lmasligi achinarli bo‘lardi.
“Demak, meni hozircha yo‘q bo‘lgan mushuk hali qurib bitirilmagan uyda kutayotgan ekan-da”, – o‘yladi Anton. Bu tushunarsiz hol edi. Shuning uchun Anton bu to‘g‘rida sira o‘ylamaslikka qaror qildi.
Yana otliqlar o‘tib ketishdi, uzun ko‘ylakli ayollar sayr qilishib va do‘konlarga kirib-chiqib yurishardi, kichkina bolalar ko‘chada o‘ynayotgandilar. Yon atrofda mashina, mototsikl, tramvay yo‘q edi. Haligi tovushlar eshitilmay qolgandi. Faqat otning axlati atrofida o‘ralashib qolgan chumchuqlarning chug‘urlashlari quloqqa chalinayotgandi.
Anton nima qilishi kerakligini o‘yladi. Maktabiga boriladigan yo‘l oxirida maktabi ham yo‘q bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikr uning xayolidan o‘tdi. Bu fikr unga ma’qul bo‘lgani uchun, u o‘sha tomonga yura boshladi.
Tomi baland nishabli kichkina qo‘ng‘ir uy kelajakda madaniyat yodgorligi bo‘lishiga ishonib bo‘lmasdi. Uning eshigi tepasida, – “Taqa qoqish va aravalarni sozlash ustaxonasi”, – deyilgan yozuv bor edi. Anton shu uy ichkarisida bir bo‘lak cho‘g‘li temirni ter to‘kib bolta bilan urayotgan semiz erkakni ko‘rdi. Uy oldida bir ot o‘ziga taqa qoqilishini kutib turardi. Anton yassi shokoladning qog‘ozini ochdi va uning yarmini kaftiga qo‘yib otga uzatdi. Ot yassi shokoladni zo‘r ishtaha bilan paqqos tushirdi. Anton unga qolgan yarmini ham berdi. Uning o‘zi umuman och qolmagandi. “Qaysi zamonda ekanligimni bilmadim-u, lekin bu menga juda yoqyapti, – o‘yladi Anton. – Hamma yoq osoyishtagina ekan”.
“Ey, do‘zax maxluqi! Yo‘qol, shaytonvachcha!” – o‘shqirdi bir ovoz.
Anton hadiksirab bir qora mushuk ketidan dastlab yog‘och tuflisini, keyin esa toshlarni otib qolgan kampirga qarab qoldi. Mushuk qochib bir devorning qop-qorong‘i oralig‘iga kirib ketdi.
“Bu yoqqa kel, mushuk, – dedi Anton. – U vaysayveradi. Mendan esa qo‘rqmasang ham bo‘ladi”.
“U yerda gaplashayotgan kim?”- so‘radi bir sovuq ovoz.
Anton yuqoriga qaradi. Maxsus kiyimli erkak turardi.
“Siz kimsiz?” – so‘radi Anton.
“Shahar qo‘riqchisi. Ko‘rib turibsan-ku”, – dedi erkak qovog‘ini solib.
“U yerda kim bilan gaplashayotganding? – Qani, ayt!”
“Bunga uning nima daxli bor, – o‘yladi Anton. Biroq u maxsus kiyimli kishining jahlini chiqarib yubormaslikka harakat qildi. – Bir qora mushuk bilan”, – javob berdi u va mushukni izlash uchun, cho‘ntak fonusini yoqdi.
“Shaytonchiroq!” – qichqirdi erkak va darhol undan o‘zini orqaga tortdi.
“Yo‘q, cho‘ntak fonusi”, – tushuntirdi Anton va fonusni qayta-qayta yoqib o‘chirdi.
“Jodugarlik, – qichqirdi shahar qo‘riqchiligidagi erkak va Antonning qo‘lidan ushladi. – Sening joying qamoqda”.
Anton undan o‘z vaqtida qutulishga harakat qildi va iloji boricha tez yugurib qochib ketdi. Bu ahmoqona zamon edi. Undagi odamlar qora mushuklarni ham, cho‘ntak fonuslarini ham yomon ko‘rardilar.
Antonga uning ortidan ta’qib qilib kelayotgan kishining qadam tovushlari eshitilidi. U navbatdagi tor ko‘chaga burilib qarasa, ko‘chaning oxiri berk ekan. Uning oldida baland devor bor edi. Anton og‘ir nafas oldi. U qamoqqa tushishni xohlamasdi! Buning ustiga biqini ham og‘rib qolgandi. Shu payt uning yonidagi tor eshik qiya ochildi va Anton darhol qop-qorong‘i joyga tortib olindi.
“Pssssst!” – dedi kimdir.
Anton tashqaridagi qadam tovushlari va ovozlarni eshitdi. Shahar qo‘riqchiligidagi kishi boshqalarni ham yordamga chaqirganga o‘xshardi.
“Shu yerda bo‘lishi kerak, – u kimdir shunday deganini eshitdi. – Hamma yoqni tintinglar!”
Antonning ko‘zlari sekin qorong‘ilikga o‘rgandi. Uning yonida qisqartirilgan kul rang soqolli hamda ko‘zlaridan mehr taralib turgan bir kishi turardi. “Kel, – dedi u Antonga sekingina. – Sen yashirinishing kerak”.
“Nima uchun? – so‘radi Anton. – Bu yerdagilarning hammasi jinnimi yo ularga biror nima bo‘lib qolganmi?”
Sen qora mushuk bilan gaplashding. Shuning o‘zi seni jodugarlikda ayblashlari uchun kifoya. Kelaqol, tezroq”.
Erkak Antonni o‘zi tomonga tortdi. Ular bir necha qadam pastga tushishdi, keyin uzun yo‘lakdan yurib, ko‘rinmay turgan yog‘och eshikdan ichkariga kirishdi. Bu g‘alati, ammo juda xushbo‘y hid taralib turgan katta xona edi. Shipning hamma joyida quritilgan giyohlar osig‘liq turardi. Bir uzun stol ustida turli likoblar, qadahlar, o‘lchov idishlari turardi. Biroq Antonni hammasidan ham ko‘proq hayratlantirgan narsa qora mushuklar edi. Antonning hisobiga ko‘ra ular yettitadan kam emas edi.
“Ular mayib bo‘lib qolishsa, mening oldimga kelishadi, – uqtirdi erkak. Ularga kimdir men davolash san’atidan xabardor ekanligimni bildirib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Va men ularni shaytonvachchalar deb haqorat qilmasligimni ham”.
“Qora mushuk bilan gaplashgan kishi rostdan ham qamaladimi?” – so‘radi Anton. Bu hol hamon uning aqliga sig‘mayotgandi.
Erkak boshini quyi soldi. “Mushuk qora tukli, odam esa qizil sochli bo‘lmasligi kerak. Va kishi juda ko‘p narsani bilishi ham man etiladi. Biz ikkimiz mana shunday g‘alati zamonda yashayapmiz”.
“Faqat Siz, – tuzatdi Anton. – Men boshqa zamonda yashayman”.
“Nega unday deyapsan?” – so‘radi erkak.
Anton qo‘lida ushlab turgan cho‘ntak fonusini yoqdi. Erkak undan fonusni oldi-da, unga bir lahza tikilib turdi va dedi: “Sen qayerdan kelib qolding?”
“Boshqa zamondan, – dedi Anton. – Men o‘tgan zamonga ozgina sayohat qilgandim”. Shunday qilib u zamon gardishi bilan bog‘liq voqeani batafsil aytib berdi.
Erkak fonusni yoqib ko‘rdi va jiddiy ohangda dedi: “Demak, sizlar mana shu singari zararsiz narsalar ixtiro etarkansizlar. Unda sen iloji boricha tezroq qaytib ketganing ma’qul. Chunki bu zamon sen uchun juda xatarli”.
Qayerdandir qiy-chuv eshitildi. “Ochinglar, tez ochinglar!”
“Ular eshik oldida turishibdi, – dedi erkak. – Agar seni bu yerdan topib olsalar, ikkalamizga ham yomon bo‘ladi”.
“Bo‘pti, endi qaytaman, – dedi Anton. – Bu zamon rosa jonimga tegib ketdi”.
Erkak Antonga yarqirab turgan billurni uzatdi.
“Bu senga esdalik uchun”.
Anton billurni qo‘liga oldi. Uning yassi sirti va burchaklari dilga zavq bag‘ishlardi. Antonda shunday bir tuyg‘u paydo bo‘ldi-ki, go‘yo qandaydir mo‘jizaviy quvvat shu billurdan unga o‘tayotganday edi.
“Menga mumkin emas-da, – dedi u e’tiroz bildirib. – Agar men bu zamondan biror nima olib ketadigan bo‘lsam, undan qaytib ketolmay qolaman”.
“Unda men o‘zim bir yo‘lini qilib, uni senga yuborishga harakat qilaman”, – dedi erkak. – Men zamonga sayohat qilolmayman. Bu yerda ayrim tadqiqot ishlarini amalga oshirishim kerak…”
Taqillatish va qiyqiriqlar kuchaydi.
“Endi eshikni ochmasam bo‘lamaydi”, – dedi erkak.
Hikmatli so‘zlar! “Kecha, erta, baland, past, – boshladi Anton. – Unday emas shekilli”. Kimdir eshikni yana taqillatdi. Anton hikmatli so‘zlar yozilgan qog‘ozni orqaga ilib yuradigan xaltachadan olmoqchi bo‘ldi.
“Narsalarim! Ularni o‘sha yerda qoldiribman-ku! – qichqirdi Anton. – Hikmatli so‘zlarni ham unutib qo‘yganga o‘xshayman”.
Taqillatish yanada kuchaydi. Mushuklar allaqachon yashirinib olishgandi.
“Xavotirlanma, – dedi erkak qat’iy ohangda. – Sen uni bilasan”.
Anton chuqur nafas oldi.
“Baland, pastmi – kechami, erta,
bir lahzada bo‘lar mangulik.
Xohlaganlar ko‘rishi mumkin,
hech nima o‘tmaydi – vaqt ham shuningdek”.
Oxirgi so‘z aytilishi bilan Antonning atrofi qorong‘ilashdi va qorong‘iligicha qoldi.
“Endi qachon qaytarkanman? – o‘yladi Anton. – Tezroq o‘zimning zamonimga qaytgim kelyapti!”
Qorong‘ilik hamon hukm surardi. “Endi hecham zamonga sayohat qlmayman”, – ahd qildi Anton. Shundan so‘ng u ko‘zlari yumuq bo‘lgani uchun qorong‘ilikda qolganday bo‘lganini angladi. U ko‘zlarini ochib qarasa, kun yorishib turgan tushdan keyingi payt ekan. Mushuk uyg‘onib ketdi, cho‘zilib qaddini rostladi va xotirjamgina esnadi. Anton cho‘ntak fonusini qo‘lida ushlab turardi. Anjomlarining qolgani boshqa zamonning qaysidir joyida qolib ketgandi.
“Uhhh, – dedi Anton, – hayriyat bu safar ham hammasi yaxshilik bilan tugadi”.
U devordan zamon gardishini oldi va uni karavotning tagiga tiqib tashladi. Eng to‘riga.
BILLUR
Anton maktabdan qaytganida qorong‘ilashib qolgandi. Sovuq shamol esayotgandi. Anton kurtkasining yoqasini ko‘tardi va qo‘llarini cho‘ntaklariga tiqib oldi. U qo‘lqoplarini yana yo‘qotib qo‘ygandi. Keksa soatsozning ustaxonasi oldidan o‘tayotganida, ichkarida chiroq yonayotganiga ko‘zi tushdi. “Soatsoz qaytib kelganmikan?” Anton eshikni ochishga urindi, ammo u yopiq edi. Endi eshikda boshqa yozuvli taxtacha ilingan turardi. “Vaqtincha yopiq. Sozlash ishlari qabul qilinmaydi”.
“Qulfbuzarlar kirib olgan emasmikan? Zamon gardishi ham sirli holda chayqov bozoriga chiqib qolgandi. Har holda qulfbuzarlar chiroqni yoqib qo‘ymagan bo‘lardilar. Hech bo‘lmasa, cho‘ntak fonusidan foydalanardilar”.
Anton eshikni taqillatdi. Bir zumdan so‘ng ustaxona ortidagi xonadan bir kishi chiqib keldi. Bu soatsoz edi. U Antonning tanib eshikni ochdi.
“Shu yerda ekansiz-ku! – baqirib yubordi Anton suyinib. – Qanday bo‘ldi?” Keyin u soatsozning tashvishli yuziga nazar tashladi.
“Biror nima bo‘ldimi?” – so‘radi u.
Soatsoz uh tortdi. “Men katta xato qilib qo‘ydim. Oxirgi marta zamonga sayohat qilganimda, zamon gardishini ham o‘zim bilan olib ketishim kerak edi. Shuning uchun ataylab qaytib kelgandim, biroq u joyida emas ekan. Tushunyapsanmi: uni men ixtiro qilganman. Demak, uning javobgarligi ham mening zimmamda. Chunki har kim o‘z ixtirosi uchun o‘zi javobgar”. U stol yoniga o‘tirdi va dedi: “Buning ustiga endi qaytib kelolmayman. Boshqa zamonga judayam o‘rganib qoldim”.
“Meni shu yerda kutib turing! Xo‘pmi? Men hoziroq qaytib kelaman”, – dedi Anton.
“Yaxshi, – boshini quyi soldi soatsoz. – Sen kelganingcha men ikkalamizga choy qaynatib turaman”.
Anton uyiga yugurib bordi va karavotining tagidan zamon gardishini chiqardi.
Anton qaytib kelgach, soatsoz ikki chashka choyni stolga qo‘ydi. Anton ham indamaygina zamon gardishini stolga qo‘ydi. Keyin u uni qay holda va qayerdan topganini aytib berdi.
“Zamonga sayohat qildingmi?” – so‘radi soatsoz vahimaga tushib.
“Ozgina, xolos, – tinchlantirdi Anton. – Endi hech qachon unday qilmayman: hech qachon. Ochig‘ini aytsam, bu narsadan qutulayotganimdan o‘zim ham juda xursandman”.
“Bu safar men uni olib ketaman, – dedi soatsoz. – Ammo buning evaziga senga esdalik uchun bir narsa bermoqchiman”. U ko‘p qutilarning ichini titkilab, nihoyat izlagan narsasini topganday bo‘ldi.
“Ajdodlarimdan biri olim va tabib bo‘lgan. Shunisi hayratlanarli-ki, o‘shanda ular uni jodugarlikda ayblamaganlar. Mana bu narsa unga tegishli, endi esa seniki bo‘ladi. U Antonga oq billurni uzatdi. Antonning barmoqlari muzdek sirt va burchaklar ustida yopildi. U undan o‘ziga qandaydir g‘ayritabiiy quvvat o‘tayotganini his qildi.
Anton hecham ikkilanmadi: bu o‘sha billur edi.
Nemis tilidan Odiljon Safarov tarjimasi.