Jenisni o‘ldirishga qachon qaror qilganimni aniq ayta olmayman. Albatta, bu haqda bir necha oylar davomida o‘ylagandim, ammo aynan qachon orzularim puxta o‘ylab chiqilgan rejaga aylanganini eslay olmayman.
Ehtimol, bu Jenis menga indamay sotib olgan mo‘ynali po‘stin uchun hisob varag‘ini olib kelishganida yuz bergandir. Deyarli ikki ming dollar-yillik daromadimning beshdan bir qismini sarflashim lozim bo‘lgan bu matohga ko‘z tashlamoqchi bo‘lganimda esa u Beshinchi avenyudagi do‘konlarni aylanib charchagani uchun poezdda kelayotib po‘stinni unutib qoldirganini aytib meni o‘ldirayozgandi.
Balki bu ancha oldinroq, ishdan o‘lgudek charchab shahar markazidagi uyimizga qaytganimda Jenis Konnektikutdan uy sotib olganini aytganida bo‘lgandir. Biz endi Manxettendagi tosh devorlar ichida yashamas ekanmiz. Qishloqning toza havosi bizga kuch berar ekan. Bundan tashqari, har kuni odatdagidan bir soat erta turib tonggi poezdda ishga borishim men uchun judayam foydali ekan.
Balki hammasi o‘sha kuni, qishloqdagi uyimizda xarajatlarimizni hisob-kitob qilayotib keyingi yarim yilda bank kreditlarini miqdoridan oshirib yuborganimiz uchun to‘lagan jarimalarimiz yeyish-ichishimizga ketgan puldan ham ko‘payib ketganligini bilganimda boshlangandir. Bu haqda unga norozilik bildirganimda Jenis xotirjamlik bilan hamma aybni menga ag‘dargandi. Rostdan ham, u kutilmaganda sarflaydigan pullarni vaqtida topib berolmaganim uchun uni ayblash mumkinmi?
Balki gap unda emasdir. Balki bularning bariga Karen sababchidir.
Karen, oh Karen! Nihoyat mening lavozimim ko‘tarildi. Bu lavozim menga Jenisning xarajatlari uchun ko‘proq pul, shu bilan birga shaxsiy kabinet va kotiba berdi. Va bu kotiba Karen edi.
Umuman olganda, bu ancha g‘alati voqea. Uyda doimiy janjallar va asabiylashishlar manbai bo‘lgan xotin kutadi. Ishda esa aqlli, go‘zal, gaplashsang hayot tashvishlarini unuttiradigan kotiba. Men bora-bora ish ko‘payib ketganligini bahona qilib shaharda uzoqroq qolib ketadigan bo‘ldim va oxir-oqibat o‘sha narsa yuz berdi. Biz Karen bilan bir-birimizni sevib qoldik.
Bizning munosabatlarimiz rahbar va kotiba orasidagi ishqiy o‘yinga aylanishi ham mumkin edi. Ammo Karen sofdil qiz edi. Men Jenis bilan ajrashishim va Karenga uylanishim kerakligini tushundim.
Avvaliga ajrashish haqida o‘yladim. Men Jenisning bunga rozi bo‘lishiga shubha qilmasdim, chunki o‘sha paytlarda ajrashishlar urfga kirgan, Jenis esa zamon bilan hamnafas qadam tashlashga intilardi. Ammo keyin aliment esimga tushib qoldi. Ajrashishga nima sabab bo‘lmasin, huquqiy jihatdan men javobgar, Jenis esa da’vogar bo‘lardi. Bu esa aliment degani. Men Jenisning pulga nihoyatda o‘chligini juda yaxshi bilardim. Shundoq ham ikkimiz uchun zo‘rg‘a pul topardim. Bunga Karenni ham qo‘shing, qarabsizki yarim yilda men qarzdorlik botqog‘iga botishim tayin.
Yo‘q, ajrashish fikri shu zahoti chetga surildi va qanchadir vaqt bu muammoning yechimi yo‘qday tuyuldi. So‘ngra Jenis mashina sotib oldi va men ularning ikkalasi-Jenis ham, mashinasi ham Merit Parkuey atrofida majaqlanib ketishini Xudodan so‘radim. Ammo vaqt o‘tib borar va hech qanday baxtsiz hodisa yuz bermasdi.
Uyimizning devorlari g‘ishtli, ichi suvoq qilingan, demak, yong‘in ehtimoli juda kam edi. Poezdlar ba’zan relsdan chiqib ketadi, ammo Jenisning poezd halokatiga uchrab o‘lishiga umid qilishning o‘zi kulgili edi.
Oxir-oqibat hammasini o‘z zimmamga olishga majbur bo‘ldim. Jenis Karen bilan baxtli hayot kechirishimga to‘siq bo‘layotgan ekan, demak, bu to‘siqni olib tashlash kerak.
Vaqt o‘tgani sari bu fikr mustahkamlanib bordi, borgan sari kuchaydi va nihoyat men Karenga og‘iz ochdim. Avvaliga u bu taklifimdan qo‘rqib ketdi. Lekin Jenis tirik ekan, biz hech qachon turmush qura olmasligimiz haqida unga uzoq gapirganimdan keyin u mening rejamni qayg‘uli zaruriyat sifatida qabul qildi.
Endi «qachon» va «qanday qilib» degan masalani hal qilish kerak edi. Ixtiyorimda qotillikning to‘rt xil usuli bor edi: baxtsiz hodisa ko‘rinishidagi qotillik, o‘z joniga qasd qilish ko‘rinishidagi qotillik, tabiiy o‘lim ko‘rinishidagi qotillik va qotillik ko‘rinishidagi qotillik.
Baxtsiz hodisani darhol miyamdan chiqarib tashladim. Jenis uchun turli xil baxtsiz hodisalar haqida oylab bosh qotirgan va oxir-oqibat ularning hammasi ishonarsiz bo‘lib chiqishini tushungandim. Men ishonmagan narsaga politsiyaning ham ishonishi qiyin.
O‘z joniga qasd qilish borasida esa Jenisning barcha dugonalari bir ovozdan undan baxtli va o‘z hayotidan mamnun ayol bo‘lmagani, shuning uchun o‘zini o‘ldirishiga hech qanday asos yo‘q ekanligini aytishlariga shubha qilmasdim.
Tabiiy o‘lim haqida esa gap bo‘lishi mumkin emasdi.
Qotillik qilish qolgandi. Qotillik ko‘rinishidagi qotillik. Men shunga mos reja tuzishga kirishdim.
Imkoniyat mayning oxirgi chorshanbasida bo‘lishi mumkin edi. O‘sha haftaning payshanba va juma kunlari Chikagoda muhim majlis bo‘lishi rejalashtirilgandi. Majlis bizning eng yirik mijozlarimizdan birining reklama kampaniyasiga bag‘ishlangan va unda ishtirok etishim zarur edi. Endi Karen men bilan birga ketishini tashkillashtirishim kerak edi va bu qiyin bo‘lmadi. U menga yordamchi sifatida safarga birga chiqadigan bo‘ldi. Rejam asta-sekin pishib-etildi.
Reja quyidagicha edi: men soat uchda Chikagoga yo‘l oladigan va ertasiga ertalab 8:40da u yerga yetib boradigan poezdga chipta olaman. Karen har ikki chiptani o‘zi bilan oladi va poezdga o‘tiradi. Biz ikkalamiz ishxonadan tush payti birga chiqamiz va hammaning ko‘z o‘ngida markaziy shohbekatga yo‘l olamiz. Aslida esa, Karen markaziy shohbekatga ketgan paytda men 125-ko‘chadagi bekatga boraman va 12:55da Konnektikutga ketadigan poezdga o‘tirib, 2:10da u yerga yetib kelaman. Bu paytda men soxta mo‘ylov, ko‘zoynak taqib olgan, umrimda kiymagan shlyapa va palto kiyib olgan bo‘laman. Uyimiz bekatdan uncha uzoq emas. U yerga piyoda boraman. Jenisni ikki hafta ilgari Ist-Saydda noma’lum bir shaxsdan sotib olgan o‘ttiz ikkinchi kalibrli to‘pponcham bilan o‘ldirib, uyni ag‘dar-to‘ntar qilaman. So‘ngra soat beshdagi poezdda shaharga qaytaman, oqshomni biror yerda o‘tkazib, 00:45da Chikagoga uchadigan samolyotga o‘tiraman. 3:40da aeroportda bo‘laman, 8:40da esa Karenni temir yo‘l shohbekatida kutib olaman. Biz qaytish uchun olingan chiptalarni Nyu-Yorkka samolyotda qaytishimizni aytib, kassaga topshiramiz. Natijada mening qo‘limda temir yo‘l kompaniyasi tomonidan to‘ldirilgan rasmiy qog‘oz bo‘ladi. Mutlaq alibi. So‘ng, ko‘mish marosimlarini o‘tkazgach, Karenga uylanaman va biz bir umr baxtli hayot kechiramiz.
Shunday qilib, o‘sha kun keldi. Men chamadonimni olib ishga bordim. Tush payti biz Karen bilan ajralishdik va men yo‘l-yo‘lakay palto va shlyapa sotib olib, 125-ko‘chaga shoshildim. Chamadonni yuk saqlash kamerasida qoldirib, poezdga o‘tirdim va vagonlardan birining hojatxonasiga kirib soxta mo‘ylov bilan ko‘zoynak taqib chiqdim.
Soat 2:15da poezddan tushdim. Bekat odatda kunning bu vaqtida bo‘m-bo‘sh bo‘ladi. Yo‘lda birorta ham tanishimni uchratmadim. Men cho‘ntagimdagi to‘pponchaning og‘irligini his qilgancha asta uy eshigini ochdim.
Jenis mehmonxonada edi. U yangi, puli hali to‘liq to‘lanmagan divanda o‘tirar va hech shubhasiz, mening eshakdek ishlab topgan pulimni qanday qilib tez va samarali sarflash haqida maslahatlar berilgan ayollar jurnalini o‘qirdi.
Avvaliga u meni tanimadi. Faqat ko‘zoynak va shlyapamni olganimdan keyingina qichqirib yubordi:
-Buni qara-ya! Men bo‘lsam seni Chikagoda deb o‘ylabman.
-Men Chikagodaman,-dedim men mo‘ylovimni silab va pardalarni yopish uchun deraza tomonga qadam tashladim.
-Mo‘ylov nimaga kerak?-so‘radi u.-Umuman yarashmabdi.
Men unga o‘girildim va cho‘ntagimdan to‘pponchani chiqardim.
-Oshxonaga kir, Jenis.
Rejamga ko‘ra, talonchi orqa eshikdan oshxonaga kirgan, Jenis shovqinni eshitib u yerga mo‘ralagan va talonchi uni otib tashlagan bo‘lishi kerak edi.
U to‘pponchaga baqrayib qaradi, so‘ng ko‘zlarini katta-katta ochgancha yuzimga tikildi:
-Freddi, nima bo‘lyapti?..
-Oshxonaga kir, Jenis,-qaytardim men.
-Freddi,-dedi u jahl bilan,-bu yana sening hazillaringdan biri bo‘lsa…
-Men hazillashayotganim yo‘q, Jenis,-o‘shqirdim men.
Birdan uning ko‘zlari quvonchdan porladi va har doim navbatdagi xaridni mo‘ljallagan paytda qilganidek bolalarcha chapak chaldi.
-Freddi, azizim!-qichqirdi u.-Sen menga yangi idish yuvadigan mashina sotib olibsan-da!
U oshxonaga yugurgiladi. Hatto umrining oxirgi daqiqalarida ham u narsa sotib olish haqida o‘ylayotgandi.
Oshxonada u hayron bo‘lgancha menga o‘girildi:
-Idish yuvadigan mashina yo‘q-ku…
Men unga qarata o‘q uzdim. U chinqirishga og‘iz juftlagan paytda ikkinchi o‘q uni yiqitdi.
Naqd uch soniya jimjitlik hukm surdi. To‘rtinchi soniyada esa boshim ustida turgan eshik qo‘ng‘irog‘i sukunatni buzib jiringladi. Men dahshatdan qotib qoldim. Nima qilishni bilmasdim. Avvaliga «kelgan odam qo‘ng‘iroq chalaverib zerikib qaytib ketgunicha joyimda qotib turaversammikin» deb o‘yladim. Ammo keyin Jenisning mashinasi hovlida turganini, bu esa uning uyda ekanligini bildirishini o‘ylab fikrimdan qaytdim. Agar eshikni ochmasam, kelgan odam shubhalanib qo‘shnilarni yoki politsiyani yordamga chaqiradi va u holda bu yerdan chiqib ketolmayman. Shuning uchun men eshikni ochishga qaror qildim. Bu ko‘zoynak, soxta mo‘ylov va o‘zgargan ovozimda tuqqan onam ham meni tanimaydi. Men o‘zimni xususiy shifokor deb tanishtirishim va Jenis kasalligi uchun hech kimni qabul qila olmasligini aytishim mumkin.
Men bu haqda o‘ylagunimcha nafaqat dahshatdan qotib turgan odamni, balki tosh haykalni ham harakatga keltiradigan eshik qo‘ng‘irog‘i ikkinchi marta jiringladi. To‘pponchani shoshib-pishib cho‘ntagimga soldim va eshik oldiga bordim. Chuqur nafas olib va titrog‘imni sal bosib, eshikni qiya ochdim. Ostonada jigarrang portfel tutgan savdo agenti turardi. U g‘ijim kulrang kostyum, oq ko‘ylak kiyib, moviy galstuk taqib olgandi. U o‘ttiz ikki tishini ko‘rsatib iljaydi.
-Xayrli kun, ser. Uy bekasi bormi?
-U kasal,-javob qaytardim men ovozimga bo‘g‘iqlik berib.
-U holda, ser,-bidirladi u,-balki siz menga ikki daqiqa vaqt ajratarsiz, albatta agar band bo‘lmasangiz?
-Vaqtim yo‘q. Uzr.
-Lekin bu sizni qiziqtirishiga ishonchim komil, ser. Men tanishtirmoqchi bo‘lgan kompaniya farzandi bor har bir oilani o‘ylaydi.
-Mening bolam yo‘q.
-O!-Uning tabassumi yo‘qoldi, ammo shu zahoti yana paydo bo‘ldi.-Ammo mening kompaniyam faqat ota-onalarnigina o‘ylamaydi. Bir so‘z bilan aytganda, men «Universal entsiklopediya» nashriyotidanman. Men savdo agenti emasman. Gap shundaki, biz mahalliy bozordagi talabni o‘rganish bilan shug‘ullanyapmiz va…
-Kechirasiz. Bu meni qiziqtirmaydi,-uning so‘zini bo‘ldim.
-Lekin siz eng asosiysini bilmaysiz!-qaysarlik qildi u.
-Jin ursin!-Men «agar Jenisni ikki daqiqa oldin otib tashlamaganimda u mana shu «Universal entsiklopediya»ni sotib olgan bo‘lardi» deya o‘ylagancha eshikni qarsillatib yopdim.
Men ishimni oxiriga yetkazishim lozim edi. Butun uyni ag‘dar-to‘ntar qilish, chamadonlar, javonlardagi narsalarni sochib tashlashim kerak edi. So‘ng esa poezdimga qarab yuguraman.
Endigina yotoqxona tomon qadam tashlaganimda telefon jiringladi.
Men yana joyimda qotib qoldim. Javob beraymi yoki yo‘qmi? Bu safar ham javob berishga qaror qildim.
Go‘shakni ko‘tarib salomlashganimdan so‘ng qandaydir ayolning ovozi keldi:
-«Majill» kompaniyasining statistika bo‘limidan bezovta qilyapmiz. Ayni paytda televizor ko‘ryapsizmi?
Men go‘shakni qulog‘imga tutgancha qotib turardim.
-Ser?
-Yo‘q.-Go‘shakni joyiga qo‘ydim va yotoqxona tomon yo‘l oldim. Bu safar u yerga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Javon g‘aladonlarini birin-ketin sug‘urib oldim va polga ag‘dara boshladim. Barmoq izlarimga tupurgandim. O‘z uyimda mening barmoq izlarim bo‘lishi aniq-ku. Politsiya talonchi qo‘lqopda kirgan deb taxmin qilaveradi.
Uchinchi g‘aladonni ag‘darib, uch juft uzuk va bitta soatni cho‘ntagimga solgan paytimda yana eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
Uf tortgancha eshikni ochgani yugurdim.
Bu safar tashqarida bema’ni tabassum qilgancha semiz juvon turardi. Meni ko‘rib, u gap boshladi:
-Sal-lom! Men Terner xonimman, shtat protestantlik cherkovi foydasi uchun avtomobil lotereyasi sotyapman.
-Hech qanaqa lotereya kerakmas,-javob qaytardim men.
-Lekin bu avtomobil lotereyasi,-dedi u.
-Hech qanday avtomobilning keragi yo‘q,-dedim va eshikni yopdim. So‘ng yana eshikni ochib, qo‘shib qo‘ydim:-Mashinam bor.
Yotoqxonaga qaytarkanman, suhbat miyamda aylanardi. Gaplarim g‘alati chiqmadimi ishqilib? Balki asabiylashganim uchun menga shunaqa tuyulayotgandir?
Ahamiyati yo‘q. Birpasdan keyin bu yerni tark etaman va Nyu-York poezdida xotirjam ketaman.
Hayajondan birin-ketin ikkita sigaret chekdim va yana ishga kirishdim. Javon va stolni bir yoqli qilib, endi shkafga o‘tmoqchi bo‘lganimda telefon jiringladi.
Telefon qo‘ng‘irog‘ining ovozi bunchalik o‘tkir va quloqni qomatga keltiruvchi bo‘lishini ilgari tasavvurimga ham keltirmagan ekanman. Buning ustiga, uzoq va tez-tez jiringlaydi. E Xudo, men o‘rnimdan turib telefon oldiga yetib borgunimcha la’nati uch marta jiringlab ulgurdi.
Go‘shakni ko‘tarishim bilan erkak kishining ovozi yangradi:
-Salom, Endi!
-Endi?
U yana qaytardi:
-Salom, Endi!
Hammasi rejadagiday ketmayotgandi. Men so‘radim:
-Kim kerak?
U javob qaytardi:
-Endi.
-Raqam terishda adashibsiz,-dedim va go‘shakni qo‘ydim.
Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
Men bir sakrab tushdim va telefonni yerga tushirib yubordim. Telefonni joyiga qo‘ygunimcha eshik qo‘ng‘irog‘i yana chalindi.
Men eshik tomon tashlandim va ehtiyotkorlikni ham unutib katta ochdim.
Ro‘paramda sochlariga oq oralagan, yuzidan o‘ziga ishonch hissi bilinib turgan kishi turardi. U qora portfel ushlab olgandi.
-Janob Uit keldimi?
-Kim?!
-Janob Uit,-dedi u.-Keldimi?
-Unaqa odamni umrimda eshitmaganman,-dedim.-Adashibsiz.
-Nimayam qilardik,-dedi u,-u holda siz bilan o‘zim gaplashishimga to‘g‘ri keladi.-Men nima bo‘layotganini idrok qilgunimcha u yonimdan sirg‘alib o‘tdi va mehmonxonaga kirib u yoq-bu yoqqa alanglay ketdi.-Qoyil! Ajoyib mehmonxona!
-Ey, menga qarang…-so‘z boshladim men.
-Sempson,-dedi u.-«Universal entsiklopediya». Bekamiz ko‘rinmaydilar?
-U kasal,-javob qaytardim.-Unga sho‘rva tayyorlayapman. Tovuq… e-e-e… sho‘rva! Balki boshqa safar…
-Tushunaman,-dedi u va xuddi nimanidir o‘ylayotganday qovog‘ini uydi, so‘ng iljaydi:-Mayli, ser, siz sho‘rvangizni tayyorlashingiz mumkin. Men ungacha tanishtiruv uchun hamma narsani tayyorlab olaman.
Ko‘z ochib-yumguncha u divanga astoydil joylashib oldi. Og‘zimni ochmoqchi edim, u mendan ko‘ra chaqqonlik qildi va portfelini ochib, qo‘lini yelkasigacha tiqib ichidan bir taxlam qog‘oz chiqardi. Qog‘ozlardan biriga qora rangda katta harflarda «Qutuling!» deb yozilgandi. Yana biriga qizil rangda «Ehtiyot bo‘ling!» deb yozilgandi. Yana boshqasida «Urinib ko‘ring!» degan yozuv turardi.
Janob Sempson engashdi va harsillagancha qog‘ozlarni gilamga bir tekisda tera boshladi.
-Bu bizning yangi dasturimiz,-tushuntirdi u jilmaygancha va engashib imkoni boricha ko‘proq qog‘oz yoyishga kirishdi.
Men unga angraygancha qarab turardim.
U o‘tirgan divandan atigi besh fut narida, oshxonada xotinim Jenis jonsiz holda yotardi. Yotoqxona ag‘dar-to‘ntar qilib tashlangan edi. Meni shahardan olib ketadigan poezd ketishiga bir soatdan ozroq vaqt qolgandi. Buning ustiga, to‘pponchamni biror joydagi axlat qutisiga tashlashim kerak. Keyin esa Chikagoga uchaman va Karenni ko‘raman. Go‘zal Karenni. Sevgilim Karenni.
Mana bu la’nati laqma esa menga bema’ni entsiklopediyasini o‘tkazmoqchi!
Men xotirjamlik bilan dedim:
-Yo‘qoling.
U iljaygancha menga qaradi.
-Tushunmadim?
-Yo‘qoling,-qaytardim men.
U lablarini yig‘ishtirdi.
-Lekin, e-e-e… siz hali…
-Daf bo‘ling!-dedim bu safar balandroq ovozda. Qo‘lim bilan eshik tomonga ishora qildim.-Daf bo‘ling! Tuyog‘ingizni shiqillating!
U nimadir deyishga og‘iz juftladi.
-Yo‘qol!!!
Men uning qog‘ozlarini ezib-tepkilay boshladim. So‘ngra eshik tomonga yugurdim. Eshikni ochib, polda yotgan qog‘ozlarni quchog‘imga siqqanicha oldim va tashqariga uloqtirdim. Oyog‘im ostiga to‘kilgan qog‘ozlarni surib tashqariga chiqarib tashladim. Qo‘rquvdan rangi oqarib ketgan janob Sempson tashqariga yugurdi.
Eshikni yopdim va chuqur uf tortib sigaret tutashtirdim. Keyin yana bitta sigaret chekdim. Yaxshilab so‘kinib olgach, uchinchisini tutatdim.
Keyin esa yotoqxonaga o‘qdek uchib kirdim va zavq bilan kiyim shkafini pachoqlashga tushdim. Uni sindirgach, karavotga o‘tdim. To‘shak va choyshablarni burda-burda qilgach, xona o‘rtasiga o‘tdim-da qilgan mehnatimning «hosili»ni tomosha qildim.
Shu lahzada eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
-Agar bu yana janob Sempson bo‘lsa,-dedim o‘zimga o‘zim,-unga o‘zing yordam ber, ey Xudo!
Yana jiringlagan ovoz eshitildi. Menimcha, eshigimiz qo‘ng‘irog‘ining ovozi judayam baland edi. Qiziq, nima uchun buni ilgari payqamagan ekanman.
Eshikka yetib borgunimcha qo‘ng‘iroq yana bir marta jiringladi. Tashqarida turgan kimsaga baqirishdan o‘zimni zo‘rg‘a tutib qoldim. Eshik tutqichini ushlaganimda o‘zimni ancha bosib olgandim.
Yashil kiyimli jussasi kichkinagina qiz qo‘lida pishiriqlar solingan quti bilan turardi.
Shu lahzada men hayot judayam murakkab va shafqatsiz ekanligiga ishonch hosil qildim.
-Biz hamma narsani sotib oldik, qizalog‘im,-dedim va eshikni sekin yopdim.
Shu payt telefon jiringlab qoldi.
Men eshik kesakisiga suyangancha xayolga erk berdim. Bu menga yoqdi, lekin ayni paytda vaqt o‘tib borayotganini tushunib turardim. La’nati telefon tinmay jiringlardi. Go‘shakni ko‘tarmagunimcha u jiringlashdan to‘xtamaydi. Agar darhol olsam, la’natining ovozi o‘chadi.
Yaxshi fikr. Anchadan beri miyamga yaxshi fikr kelmay qo‘ygandi. Men borib go‘shakni ko‘tardim.
-Salom, qo‘shni!-qichqirdi allaqanday erkak.-Men «Kunlik ko‘ngilochar dastur»dan Deng O‘Tulman. Bosh qichqiruvchi bo‘lishni istaysanmi?
-Nima?
-Qo‘shni, nahotki hech narsadan xabaring yo‘q? Bu ajoyib radioo‘yin-ku! Hamma faqat shu haqda gapiryapti! Demak, agar sen hammadan baland qichqirsang….
U bir narsalar deb valaqlab ketdi, lekin men uni eshitmasdim. Go‘shakni qo‘yib qo‘ydim.
Men yana bitta sigaret chekmoqchi bo‘ldim, ammo vaqtida o‘zimni to‘xtatdim. Keyin esa o‘zimni bosib olishga, fikrimni bir joyga yig‘ishga va vaziyatni tahlil qilishga urindim.
Uyda mening og‘ir nafasimdan boshqa hech qanday tovush eshitilmasdi.
Bir oz o‘zimga kelgach, politsiya ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lishi kerak bo‘lgan manzaraga ko‘z tashladim. Oshxonada xotinimning jasadi, qolgan xonalar ostin-ustin qilib tashlangan. Endi oshxona eshigi qulfini buzsam bo‘ldi edi.
Bu yog‘iga rejamni amalga oshirishim uchun boshqa hech narsa to‘sqinlik qilolmasdi. Mutlaqo hech narsa.
Oshxonaga yetay deganimda kutilmaganda rejam amalga oshmayotganini tushunib qoldim. Hayotning o‘zi menga qarshi fitna tayyorlab qo‘yganini anglab yetdim. Va Jenisning hayoti dahshatli azob-uqubatdan iborat bo‘lganini, u pul sarflash orqali o‘zini bu azobdan chalg‘itganini shu paytgacha sezmaganimni tushundim.
Oshxona eshigi oldida atrofga quloq soldim va «eshik qo‘ng‘irog‘i yoki telefon jiringlab qolmasmikin» degan o‘yda birpas turib qoldim. Ammo hammayoq jimjit edi. Shunda eshikni ochdim.
Birdan ortimga o‘girildim. Ortimda qo‘lida chinni idish ushlagancha qo‘shni kampir turardi.
U menga hayratlanib qaradi, keyin esa nigohini oshxonada yotgan jasadga burdi. Uning ko‘zlari katta-katta ochildi, chinqirib yubordi, qo‘lidagi idishni tashlagancha ortiga burilib qochdi.
Uning chinqirig‘idan joyimda qotib qoldim. Men xuddi sehrlanganday uning qo‘lidan tushib ketgan idishga qarab turardim. Menga u yerga yetib borguncha xuddi soatlar o‘tayotganday tuyuldi. Idish nihoyat yerga tushib parcha-parcha bo‘lib ketdi.
Mening ham oyoqlarim bukildi va devorga suyangancha yerga o‘tirib qoldim.
Keyin esa joyimda o‘tirgancha hammasi tugashini kutdim. Bu paytda uyimga turli odamlar kelib-ketishdi-aholini ro‘yxatga olish xizmati xodimi va pochtachi; kirxona xizmatchisi va temir yo‘l kompaniyasi xodimi; kimyoviy tozalash xizmatidan va mahalliy merlikka nomzod; makulatura izlab yurgan bir guruh yoshlar; xayriya uchun pul yig‘ib yurgan qari ayol va kollejga kirish uchun pul to‘plash maqsadida jurnal sotib yurgan yigitcha; manzilda adashib qolgan besh-oltita yigit va politsiyachilar…
Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.