Chon Myong Kvan. Frenk (hikoya)

1

Gapning po‘skallasini aytganda: men Frenk bilan umuman uchrashmaganman. Hatto asl koreyscha ismini ham bilmayman. Tasavvurim erimning u haqida aytib bergan gaplari doirasidagina edi. Ular bolalik chog‘larida yonma-yon uyda yashashgan, karate to‘garagiga birga qatnashgan va yoshlari ulg‘aygach ham yelkama-elka bo‘lishgan. Frenk bundan yigirma yil avval Kanadaga ko‘chib ketdi va kichikroq avtomobil ehtiyot qismlari magazinini boshqarmoqda. U qaynotamning opasining o‘g‘li bo‘lib, Kanadaga ko‘chib ketgach ismini Frenk deb o‘zgartirib olgan edi. Bu mening Frenk haqida bor bilganlarim.
Ular ikkovlashib yelkalariga gitarani ilib, parkka tez-tez borib turishar, o‘zlariga sho‘xlik qilayotgan qizlarga e’tibor berishmasdi. Parkda qo‘shiq kuylashib, barzangi yigitlar bilan kurash tushishardi. Nishonga o‘q otishda va kurashda Frenk doimo yutganligini erim og‘zidan bol tomib hikoya qilib berardi: ”Shunday oshnam bor mening…”
Ko‘pincha erim xotirlaydigan yoshlik chog‘lari haqidagi hikoyalarni tinglab, Frenkni bo‘ydoqlarning eng barnosi yoki chiroyli aytganda “yigitning guli”, deb xayol qilardim. Frenk juda baquvvat bo‘lib, aytishlaricha, kurashda hech qachon yengilmagan ekan. Erim Frenk bilan birga tushgan suratini menga ko‘p ko‘rsatgan. Frenk harbiy xizmatni o‘tash uchun dengiz kuchlari flotiga ketishidan avval olingan rangsizgina suratda erim va Frenk bokschilarga o‘xshab maykachang bo‘lib, mushtlarini bir-biriga birlashtirgancha kulib turibdi. Erimning bo‘yi sal balandroq bo‘lib, qorachadan kelgan, qandaydir o‘ziga tortib turgan yigitcha Frenk edi. Ko‘rinishidan endigina yigitlikka qadam qo‘ygan paytlari bo‘lsa kerakki, mo‘ylovlari sabza ura boshlagan.
Ba’zan shu suratni ko‘rsatib:
– Siz ham shunaqa ozg‘in bo‘lganmisiz? – deb erim bilan xazillashib qo‘yaman.
– Ko‘rib turib so‘rashingni qara-yu, – deydi u. – Yoshligimda jangovor kinolarga xavas qilib, devorga ikki oyog‘imni tirab chiqishni o‘rgangandim.
U o‘sha suratga tushganidan to meni uchratguniga qadar naq yigirma kilogrammga semirgan bo‘lsa, to‘yimizdan to hozirga qadar yana yigirma kilogrammga “tosh bosadigan” bo‘ldi deb xisoblash mukin. Bir yuz sakson santimetrlik bo‘yiga 100 kilogrammdan ortiq vazni biroz qo‘rqinchli tuyulishi mumkin, lekin mening nazarimda u darajada to‘nka emas. U mexribon va anchagina xissiyotli ham. Televizorda serial ko‘rib, ba’zida ta’sirlanib ko‘zyosh ham to‘kib turadi va xatto aktyorlarga taqlid qilib xursand qilib turadi.
O‘shanda iqtisodiy qiyinchilik atalmish rassom odamlar taqdiriga yo‘qchilik va yetishmovchilik degan rasmlarni chizayotgan damlar edi. Erim ishsiz bo‘lib qoldi. Uning oltita texnik sertifikati borligi tufayli avvaliga bundan unchalik xavotir olmadim. Chunki ish joyi albatta topilishiga ishonardim. Lekin vaqt o‘tar,lekin xadeganda ish topilmasdi. Bir qancha joylarga xujjat topshirib ko‘rdi, tanish-bilishlaridan surishtirdi. Barcha joydan deyarli bir xil javob kelardi:”Hozir axvolimiz yaxshimas. Bo‘sh joy yo‘q!”.
Erim sanoat kollejini tamomlagach, shu soxa bo‘yicha institutni ham bitirgan. Soch quritadigan moslama ishlab chiqaradigan korxonada ishlab yurgan chog‘larida meni uchratgandi. Men o‘shanda sport buyumlari savdosi bilan shug‘ullanadigan supermarketda ishlardim. Bir kuni u do‘konimizga kiyim olgani kirgandi. Lekin unga to‘g‘ri keladigan kiyim topilmadi. “Keyingi safar kelsangiz topib qo‘yaman”,deb kuzatdim. Boshqa safar kelganida u meni uchrashuvga taklif qildi. O‘shanda unga birorta kiyim ham mos kelmaganligi butun supermarketda shov-shuv bo‘lgandi. Uning soddadil va kamtarligi semizligini bekitib ketgandi. To‘yimizdan keyin u ikki marta ish joyini o‘zgartirdi. Avvaliga soqol qiradigan asbob chiqaradigan korxonada ishladi, so‘ngra guruch qaynatadigan elektron qozon korxonasida ishladi. U ishsiz bo‘lib qolgan vaqtda o‘g‘limiz boshlang‘ich maktabda o‘qirdi. Aksiga olib, muammolarimiz qalashib ketdi: o‘g‘limizning o‘qishiga to‘lanadigan shartnoma pulidan tortib har oyda to‘lab boriladigan kvartira qarzlarigacha kundan kunga o‘sib borardi. Buyoqda men ham uyda ishsiz o‘tiribman. Uxlab yotganimda xuddi boshimni ichidan bir maxluq kemirib kelayotgandek cho‘chib uyg‘onaman.  
Bir qancha joylarga bosh suqib ko‘rgach savdo markaziga ishga joylashdim. Turmush qurishimdan avval supermarketda ishlaganligim qo‘l keldi,chamamda. Maoshim qoniqarli bo‘lganligidan hech bo‘lmasa yeb-ichish va kiyim bilan ta’minlay olardim. “Erim ham tez orada ishga joylashsa, hammasi iziga tushib ketadi”,o‘yladim.  Ammo oradan shuncha oy o‘tib ketdiki, erim xaliyam uyda ko‘ksini yerga berib yotardi. Mundoq qarasam, erim ishga joylashish haqida bosh qotirayotgani ham yo‘q. Jaxl chiqmasdan iloj yo‘q. Zaxrimni totib ko‘rgan erim yana ish izlashga tushdi. Axvolimiz battar abgorlashib borayotganligini er kishi xis qilmasa ayol nima ham qila olardi?   
Nixoyat, kunlardan bir kuni hayotimizga Frenk kirib keldi. Yarimkechaga yaqin ishimni tugatib, suvga bosib tuzlangan karamga o‘xshab bo‘shashib ketgan tanamni zo‘rg‘a ko‘tarib uyga keldim. Erim bo‘zchining mokisidek uyoqdan buyoqqa qatnab turibdi. Aftidan, meni kutayotgan edi. Stulga cho‘kishim bilan u sabrsizlanib ichidagini to‘kdi.
Aytishicha, bugun Frenk qo‘ng‘iroq qilibdi. Ishlari joyidaligiyu, juda semirib ketayotganligidan tashvishda ekanliginiyam qistirib o‘tibdi. Naq bir yuz yigirma kilogrammni urib qo‘yibdi! Erimdan ishlari qanday ketayotganligini qayta-qayta so‘rabdi. Soddaginam:”Vaznim yuzdan oshdi!”,debdi va semizlikdan tunlari uyqusi qochib, ishtaxasi ham kamligini qo‘shib qo‘yibdi. Frenk esa kulibdi. Taskin bergan bo‘libdi va “Ish bor”,debdi, “Kanadadan Koreyaga dengiz qisqichbaqasi va uning yog‘ini eksport qilish biznesini yo‘lga qo‘ymoqchiman”. Erimning “Pulim yo‘q. Men senga biznes sherik bo‘lolmasam kerak”, degan javobiga:”Xavotirlanma: o‘zim pul tikaman bu ishga. Senga jo‘natiladigan molni olib, Koreyada sotishni amalga oshirsang bas. Bu ham sherikchilikka kiradi, oshna”,debdi.
Erim gapini tugatishi bilan umrimda biron marta qisqichbaqa yeb ko‘rmaganligim yodimga kelib:
-Koreyada sotilarmikan-a qisqichbaqa yog‘i?-dedim ko‘zlarimni bir nuqtaga tikib.
-Bu nima deganing? Biz yemasligimiz – butun Koreyadagilar yemaydi degani emasku, –  gapimni cho‘rt kesdi erim. – Bir xaftada hech bo‘lmasa bir marta qisqichbaqali taom yeydigan oilalar bor. Har kuni yeydiganlar ham topiladi.
-Shunchalik mazalimi?- dedim qiziqsinib.
Ertasi kuni er-xotin ikkovlashib o‘g‘ilchamizni yetaklagancha qisqichbaqali taom tatib ko‘rgani gavjum kafelardan biriga bordik. Insof bilan aytganda, mazali ekan. Biroq narxi cho‘ntagimni andak xafa qildi: bir oylik maoshimning yarmini to‘lab chiqdim. O‘sha kunning o‘zidayoq erim qisqichbaqali taom tayyorlaydigan kafelaru savdo kompaniyalaridan surishtiruvni boshladi. Har kuni Frenk bilan qo‘ng‘iroqlasharkan, qolgan yarim maoshim xalqaro telefon so‘zlashuvlariga ketdi.
Oradan bir oy o‘tgach u:”Kanadaga borib kelmasam bo‘lmaydi”ga tushib qoldi. Oilaviy sharotimiz nochorlashib qolganligini ro‘kach qilgan qaytariqlarimga qaramasdan shaxsan borib qisqichbaqa narxi va boshqa mayda-chuydalarni xal qilish kerakligini tushuntirdi. “Bu telefon orqali bitadigan ish emas! Baxonada Frenkni ko‘rib ham kelaman. Yana qachon uchrashamiz u bilan?”-deya gapiga nuqta qo‘ydi.
Endi erimning samalyot chiptasini xal qilishimiz zarur edi. Oxirgi so‘zlashuvlarida Frenk samalyot chiptasini xal qilib berishga va’da bergan bo‘lsa ham erimning g‘ururi yo‘l qo‘ymadi.  Har xolda biznes uchun bir tiyin  qo‘shmaydigan  erimga dengiz qisqichbaqasi  biznesini ochib bermoqchi bo‘layotgan odamdan  samalyot chiptasigacha olib berishni iltimos qilish tasavvurga  sig‘maydigan  g‘irt tentaklik bo‘lardi.
Baliq ovi buyumlari savdosi bilan shug‘ullanadigan akamdan qarz ko‘tarishdan boshqa ilojim qolmagandi. Telefon go‘shagini ko‘targan akam iltimosimni diqqat bilan eshitgach:
-Oxirgi paytlarda bozorim o‘lgan,singilginam. Haridor yo‘q… Hayronman: odamlar baliq ovlashga qiziqmay qo‘yishgan chog‘i  –  deya nolish bilan so‘z oldi. Men erimning biznes rejasi haqida batafsil gapirib berdim va qarzni uch oy ichida qaytarib berishga va’da berdim. Akam ko‘nishdan boshqa chorasi qolmagandi.
Go‘shakni ilib yonimda turgan erimga xushxabarni aytishim bilan erim chapak chalib yubordi:
-Xudoga shukur, yaxshi bo‘ldi. Endi Kanadadan qisqichbaqani olib kelsak bas.
U maktabga ilk qadam qo‘yayotgan boladay sabrsizlik bilan Kanadaga borish tayyorgarligini boshlab yuborgandi. Hayotida birinchi marta xorijga borayotgan erim sayoxat kitobchasi va qishlik buyumlari sotib oldi. (Frenkning aytishicha, Kanada Koreyaga qaraganda ancha sovuqmish. Yengil kiyimda borsa muzlab qolish hech gapmasmish.)” Kanadada sigaret juda qimmat” degan mishmishni eshitgan erim besh quti Koreya sigaretini olishni ham unutmadi, har ehtimolga qarshi dori-darmonlardan ham harid qildi. Xattoki ayollar uchun krem ham chetda qolmabdi.
-Buni nima qilasiz?- so‘radim hayratlanib.
-O‘zim ham bilmayman. Tiqilinchda olibman…
Hamma narsa tayyor. Kanadaga samalyot chiptasi buyurtma berilsa bas. Lekin hisobimizda bir tiyin ham qolmabdi. Yana akamning telefon raqamini terishga to‘g‘ri keldi. Yana o‘sha nola eshitildi. U odamlar nima uchun baliq ovlashni chetga surib qo‘yishganligi sababini aniqlaganini qo‘shib qo‘ydi:
-Akvalangda suv ostiga sho‘ng‘ish modaga kirdi!
Shuning uchun do‘konida baliq ovi jixozlari bilan birga suv ostida zavqlanish uchun zarur bo‘lgan buyumlarni ham sotmoqchiligini, bunaqa narsalar o‘ylaganidan ham qimmatroq ekanligini qistirib o‘tdi. Erimning gaplarini to‘tiqushdek takrorlab turaverdim:
-Kanadadan qisqichbaqa kelsa bo‘lgani – hammasi yaxshi bo‘ladi…
Chuqur uf tortgan akam yoz mavsumi boshlangunga qadar uch oy ichida qaytarib berishni shart qilib qarz berishga rozi bo‘ldi.
Xullas, Kanadaga chipta buyurtma berilib, tayyorgarlik deyarli nihoyasiga yetdi. Bu vaqt ichida erim ingliz tili so‘zlashgich kitobini sotib oldi va zerikkan paytlarida uni varaqlab qo‘yardi. Har ehtimolga qarshi ingliz tilini o‘rganib qo‘yish zarar qilmas. (Yolg‘iz ko‘chaga chiqqanda koreyschalab gapirmaydiku).
Kitobni o‘g‘ilchamizga berib qo‘yar, u esa erimni savolga tutardi:
-“Xursandman” so‘zi qanday aytiladi?
-Hau…Hau… Hau…
-Shahar xokimiyati qayerda? deb so‘rangchi.
-Shahar xokimiyati? U xaligi… Xokimiyati? Sal yordamlashib yubor.
-Shahar xokimiyati “Sitixol” bo‘ladi. Uyog‘ini topingchi…
-Ha, “Sitixol”…To‘g‘ri. Bo‘ldi-bo‘ldi,topdim. Shahar xokimiyati “Sitixol” bo‘lsa xaligi… anaqa…
Ingliz tilidan tayyorgarlik har kuni shunday davom etardi.
Erim Kanadaga uchadigan kun ham keldi. Men uni kuzatish uchun ishdan qololmasdim. Shuning uchun ertalab xayrlashib, oq yo‘l tiladimu ishga yugurdim. U:
-Aeroportda telefon qilaman, – dedi va yengilgina quchdi.
Ish topish qiyin bo‘lgan paytlarda kechikish yaxshi emas – savdo markazimizga qushdek uchib keldim. Yetib kelishim bilan erimdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi:
-Qora ko‘zoynagimni topolmayapman. Mabodo tashlab yubormaganmiding? –dedi  erim o‘zini xotirjam tutishga urinyotgandek tutib.
-Kichik papkangizga solib qo‘yganman. Yaxshilab qidiring, – dedim ovozimni pasaytirib.
Shu tarzda u ayeroportga yetib borguniga qadar yetti marta qo‘ng‘iroq qildi. Aeroportdan turib esa meni ikki marta bezovta qildi. Bir safar samalyot chiptasini topolmayotganligini aytgan bo‘lsa, ikkinchisida Frenkning telefon raqami yozilgan bloknotini qidirayotganini aytdi. Haridorlarning yoqtirmagandek g‘alati qarashlaridan ming  istixola qilib,  telefonim har jiringlaganda yuragim qinidan chiqib ketgudek bo‘laverdi.
-Yaxshilab, shohsmasdan qarang. Hammasi joyida bo‘lishi kerak,- dedim men qaynab kelayotgan zardamni ichimga arang yutib.
Nixoyat samalyot chiptasi u kirib chiqqan xojatxonadan chiqdi. Bloknot esa topilmadi.
-Hechqisi yo‘q. Frenk ayeroportga kutib olgani chiqaman degan… – dedi erim sal xotirjam tortib. – Har ehtimolga qarshi Frenkning raqamini uydagi daftarimga ham yozib qo‘yganman. Topolmasam, Torontoga borgach senga telefon qilib ko‘chirib olarman. Xavotirlanma!
Men esa go‘shakni qo‘ygach, erim Kanadaga borib qisqichbaqa yog‘ini olib kelishiga ishonqiramay qaray boshladim…
Uning keyingi qo‘ng‘irog‘i chog‘ida men shirin tushlar og‘ushida edim. Sanoqsiz qisqichbaqalar men tomonga suzib kelyapti. Birdan ular yog‘ga aylandi. Xursandligimdan chapak chalib yuboribman. Qisqichbaqa yog‘i orasidan telefon jiringlashi eshitildi. Ko‘zimni ochdimu telefon ovozi tushimda eshitildimi yoki o‘ngimdami  biroz karaxt yotdim.  Bosh tarafimdagi telefon asabiy jiringlardi.  Asta yonboshimdagi soatga qaradim: tonggi to‘rt. Erim chiqqan samalyot osmonu falakka ko‘tarilganiga roppa-rosa o‘n yetti soat bo‘lgandi.
Go‘shakni olishim bilanoq shovqin-suron orasidan erimning  talmovsiragan ovozi  eshitildi:
-Azizam, Kanadaga qo‘nganimga uch soat bo‘ldi. Hozir ayeroportdan telefon qilyapman. Frenk bilan xali ko‘rishmadim, – dedi ikkilanibgina.
-Ie,bu nimasi?-dedim hayratimni yashirolmay.
-O‘zim ham hayronman. Tezda uydagi telefon daftaridan Frenkning telefon raqamini aytib yubor,- dedi erim yutoqib. Uyqum xali to‘liq ochilmay turtinib-surtinib telefon daftarini axtara boshladim. Oxiri topdim va sinchiklab qaradim:F-r-e-n-k… Raqamlarni adashtirib yubormaslik uchun donalab aytdim.
-Bo‘ldi,raxmat,- dedi erim salgina xotirjam tortib.-Uyqungni buzganim uchun uzr,azizam.
Ammo men bamaylixotir uxlay olmadim. Uyoqqa ag‘anab,buyoqqa ag‘anab tong ottirdim…
Ertalab ishga keldimu sotuvchilar taxtasiga kirishim bilan qo‘l telefonim musiqasi yangradi. Tabiiyki, erim edi.
-Frenk bilan uchrashdingizmi?-birinchi savolim shu bo‘ldi.
-Yo‘q… Bir necha marta qo‘ng‘iroq qilishimga qaramay  go‘shakni hech kim olmadi. Biror gap bo‘lganga o‘xshaydi, – dedi u astoydil xavotirlanib. – Balki u uyimizga telefon qilib qolar. Meni ayeroportning 13-chiqish yo‘lakchasida kutib turganligimni aytib qo‘y.
Suxbatimiz shu bilan tugadi. O‘ylab qarasam, Frenk mening qo‘l telefon raqamimni bilmasdi. Demak, u uy telefonimizga qo‘ng‘iroq qilishi kerak. Turfa xayollarga berilib ketibman. Sotuvchi xodim xayolini bir joyga jamlab ishlamasa qiyin ekan: bir haridorning  maydalab kesilgan baliqlarini paketga solib berarkanman qo‘limdan tushirib yubordim. Kunbo‘yi peshtaxta oldidan baliq xidi anqib turdi:o‘tgan-ketgan burnini jiyirib o‘tishi hammasidan oshib tushdi. Ish tugashi bilan o‘g‘limni maktabdan oldimu uyga uchdim. Buni qarangki, uyga kirib kelishim bilan telefon jiringladi. Notanish erkak ovoz berdi. U o‘zini Frenk deb tanishtirdi. Men avvaliga bu kishi Frenk ekanligiga ishonolmadim. Chunki erim ta’riflagan Frenkni bunaqa dovdirab, xuddi pashshadek g‘o‘ng‘illab gapiradi deb o‘ylamasdim. U erim keladigan kunni adashtirib yuborganligini aytdi va uni topolmaganligini chaynalib qistirib o‘tdi.
-U sizni Toronto ayeroportining 13-chiqish yo‘lakchasida anchadan beri kutib o‘tiribdi,-dedim men. U uzr so‘radi va vaqt topib Kanadaga mexmonga borishimni so‘radi. Go‘shakni qo‘yarkanman,  xavotirim kamayish o‘rniga battar avj ola boshladi.  
Shundan so‘ng erim bilan muloqotni roppa-rosa bir xafta kutishimga to‘g‘ri keldi. Shu vaqt davomida erim Frenk bilan uchrashganligiyu, qisqichbaqa yog‘i biznesi rejasi qanday ketayotganligiga ham qiziqish,ham xavotir bilan qaragan bo‘lsam-da, o‘ta qimmatga tushadigan telefon aloqasi tufayli Kanadaga telefon qilishga jur’at etolmadim. Hammasi joyida bo‘lsa kerak,deya o‘zimni ovutamanu, boshqa tomondan ichimni xavotir yemiradi. Dam olish kunini ming bir xayolda o‘tkazdim. Oxiri sabrim chidamay dushanba ertalab Frenkka telefon qildim. Uzundan uzun gudok ketar, ammo hech kim go‘shakni ko‘tarmasdi. A, endi tushundim. Men Koreya va Kanada o‘rtasidagi vaqt farqini hisobga olmabmanku. Bir necha soatdan so‘ng yana telefonni qo‘limga oldim. Sabrim kosasidan toshishiga bir tomchi qolganida go‘shakni kimdir ko‘tardi va uyqusiragan holatda:
-Xel… Xeloo…,-dedi.
Men erimni darrov tanidim.
-Nimaga xabar bermaysiz?-dedim salom-aliksiz  g‘azabimni sochib.
U telefondan koreys tilidagi gapni eshitib yengil nafas olganligini sezdim:
-Meni kechir,azizam. O‘sha kuni Frenk bilan uchrashib, uning uyiga joylashdim. Uzoq yillik ayriliq chigilini yozish uchun tungi klubga bordik va ikki kun burnimizdan chiqquncha ichdik, – dedi u ayb ish qilib qo‘yib,dakki eshitishdan qo‘rqqan bolakaydek o‘zini oqlab. – Keyingi kuni esa ikkovlashib baliq oviga bordik. Endi ertaga qisqichbaqa yog‘i bo‘yicha gaplashamiz. Lekin bir muammo paydo bo‘lib qoldi,azizam.
-Qanday muammo?-,yuragim qinidan chiqib ketishiga bir baxya qoldi.
-Konsuyellaning juda jaxli chiqdi,-dedi erim ovozini pasaytirib.
-Konsuyellangiz kim?
-Konsuyella Frenkning xotini. Aniqroq aytganda, xotini emas. Nikohdan o‘tishmagan,xolos. Nima bo‘lganda ham Frenk bilan birga yashaydi. Frenk shu kunlarda men bilan bo‘lib unga kam e’tibor bo‘lib qolganligidan g‘azabda,chog‘i. Baliq oviga ham uni bexabar qoldirib ketgandik.
-U qiz koreysmi?
-Yo‘q. Meksikalik,-dedi u pichirlab va qo‘shib qo‘ydi – Lekin uning ham vazni yuz kilogrammdan osharkan.
Bir zum semiz ikki erkak va ayolning divanga o‘tirgancha televizor ko‘rishlarini ko‘z o‘ngimga keltirdim. Juda qiziq…
-Xo‘sh,muammo nimada?
-Frenk menga indamasa ham nigohlaridan shuni sezdim. Men Frenknikida turganligim Konsuyellaga yoqmayotganga o‘xshaydi. Bilasanku, bu yerda hayot umuman boshqacha.Shunga… erta-indin birorta bir mexmonxonaga ko‘chib o‘tsammikin, – erimning so‘nggi gaplari qulog‘imga kirmadi.
-Axir pul yo‘qku… – dedim nima deyishni bilmasdan.
-Xavotirlanma. Eng arzon joy topaman. Albatta Frenk mexmonxona haqini to‘lab beradikuya, lekin xadeb Frenkka yuklayverish ham noqulay.
Pul so‘zini eshitib peshonamdan ter chiqib ketdi:
-Qanchaga cho‘ziladi safaringiz?
-Iloji boricha tezlashtiraman. Hammasi yaxshi bo‘ladi,-dedi u gapini tamomlab. Oxirida qo‘pol talaffuzda “Gud nayt,haney”,deb qo‘shib qo‘ydi. Torontoda soat necha ekanki, menga xayrli tun tilayapti. Meni xamon pul vaximasi osmondagi qora bulutdek bosib kelardi.

2

Ertasi kuni savdo markazimiz tashkil etilganiga besh yil to‘lishi munosabati bilan arzon narx aksiyasini o‘tkazishni boshladik. Bunday paytlarda uy bekalari uzundan uzun navbatni tuzib qo‘yishadi. Bu degani ish vaqtim yana ikki soatga cho‘zilishini anglatardi. Ish tugashi bilan xorib-charchab yerga o‘tirib qoladigan holga kelardim. Xattoki, uyga qaytib  kiyimlarimni almashtirishga ulgurmasdanoq divanga bir zum tin olish uchun o‘tirib,shu bo‘yi uxlab qolgan chog‘larim ko‘paydi. Shunday kunlarda tong maxali qo‘ng‘iroq bo‘ldi. U salom-alikdan so‘ng quvnoq oxangda:
-Hozir mexmonxonada turibman. Kecha qisqichbaqa yog‘i narxini surishtirib ko‘rdik. Juda arzon ekan,azizam. Agar rejamiz amalga oshsa ikkalamiz hisoblab chiqqandan ham ko‘proq foyda qolarkan,-dedi va birdan ma’yus xolatda – Lekin mexmonxona sal qimmatroq ekan. Shunga ozroq pul jo‘nata olarmikinsan-a?!
-Ozrog‘ingiz qancha? – dedim sabrim chidamay.
-Hozircha yetti yuz dollar yetadi!
-Tushundim.
Go‘shakni ildimu yana uyquga ketdim va buni qarangki erimning iltimosini butkul yodimdan chiqaribman. Savdo markazimiz yonidagi bankda odamlar gavjumligini ko‘rib esimga tushdi. Yetti yuz dollar bizning pulimizda qancha bo‘lishini xayolimda taxminan hisoblab chiqdim. Voybo‘… Axir bu mening bir oylik maoshimga teng ekanku. Nailoj yana akamga bosh egib borishga to‘g‘ri keldi…
O‘sha kuni tushdan so‘ng Kanadaga pul jo‘natdim. Qanchalik ichim zil ketsa ham ishqilib oxiri baxayr bo‘lishidan umidvor edim. Shundan so‘ng bir xafta davomida erimdan xabar bo‘lmadi. Meni erim pulni oldimi-yo‘qmi, qisqichbaqa yog‘i qachon Koreyaga yetib keladi kabi savollar qiynasa ham Kanadaga telefon qilishga botinolmasdim. Qo‘ng‘iroq qilsam xuddiki yomon xabar eshitadigandek qo‘rquvga tushardim.
Arzon narx mavsumi tugashidan bir nech kun avval erimdan xabar keldi. Ovozida avvalgi quvnoqligidan asar ham qolmagan.
-Ishlar biroz kechikadiganga o‘xshayapti.
-Nima bo‘ldi?-hayratimni yashirolmadim.
-Frenkning muammolari chiqib qoldi.
-Qanaqa muammo?
-Ikki kun avval Konsuyella uydan chiqib ketdi.
-Nega?
-Ma’lum bo‘lishicha, Konsuyella boshqa yigit bilan don olishib yurarkan. U yigit Chilidan kelgan immigrant bo‘lib, qaysidir kollejda futbol murabbiyi ekan.
-Chili? Haritadagi maydoni ingichka uzun davlatdanmi?
-Ha-da. Ular bir yildan buyon yashirincha uchrashib yurisharkan. Frenk g‘aflatda qolibdi.  
-Xo‘sh endi nima bo‘ladi?-so‘radim yig‘lamoqdan beri bo‘lib.
-Kecha ikkovlon Frenkning qisqichbaqa yog‘i olishga yiqqan pullari va mashinasini olib Vankuverga qochishibdi.
-Nimaga…-dedim ko‘zyoshlarim ko‘zlarimga quyilib.
-Bugun ertalab Frenk ijaraga mashina olib Konsuyellani tutgani chiqib ketdi.
-Vankuvergami?
-Ha. Shuning uchun Frenk kelguniga qadar uning magaziniga ko‘z-quloq bo‘lib turarkanman. Xavotirlanma, Frenk ular qayerga ketishganligini taxminan bilarkan.
“Biroz kut”mish. Yo xudo,endi nima bo‘ladi. Bunday holatda qanday xotirjam bo‘lishim mumkin. Oyoqlarim tanamni ko‘tarishga kuchi yetmagandek xolsizlanib yerga o‘tirib qoldim. Xayolimda “Konsuyella…Frenk… Chili… Vankuver… Futbol murabbiyi… Qisqichbaqa yog‘i…”  kabi fikrlar charx urib aylanardi. O‘sha kuni tushimga yana qisqichbaqa  kiribdi. Lekin bir ko‘rindiyu qo‘llarim bilan tutaman deganimda dengiz tubiga g‘arq bo‘lib ketdi.
Oradan bir necha kun o‘tib erim yana pulga ehtiyoj sezib qoldi. Ilojsizlikdan tez kunlarda qaytarib berish sharti bilan hamkasblarimdan ming dollar (dollar va von kursiga o‘rganib qoldim) qarz ko‘tarib, Kanadaga jo‘natdim. Har safar qarz so‘raganimda jonim bo‘g‘zimga tiqilib qolar, qarzni qaytarishni o‘ylasam, yana yuragim zil ketardi. Bu orada Frenk Vankuverdan quruq qo‘l bilan qaytibdi: Konsuyelladan ham, chililik futbol murabiyidan ham nom-nishon yo‘qmish. Ammo Frenk erimni xotirjam qilibdi:”Hechqisi yo‘q.Qaytadan pul yig‘ib, albatta biznesimizni boshlaymiz. Dollar kursi tushib, qisqichbaqa narxi ham gox ko‘tarilib, gox tushib turibdi. Sal keyinroq sotib olganimiz ma’qul”, debdi. Ko‘ngilni sal xotirjam qiladigani shuki, Konsuyella Frenkni tashlab ketgach erimning mexmonxonada yashashiga xojat qolmadi – Frenknikiga ko‘chib o‘tdi. “Yonida turishim ruxiy dalda bo‘ladi”,dedi erim. Ammo Frenk bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizlikdan o‘ziga kelolmay har kuni tungi klubga borib ichib keladigan odat chiqaribdi. Tabiiyki, erim ham unga xamrohlik qiladi. Men har safar “Tezroq ishni bitkazish harakatini qiling,”deya zorlanardim. Ish men o‘ylagandan ham chigallashib ketdi. Frenk tungi klubda mastlikda  bir qoratanli yigit bilan janjallashib qolib, erimning aytishicha, raqibini “erga mixdek qoqib qo‘yibdi”. Harbiy xizmatni desant bo‘limida o‘tamaganmi – qora tanlini qimirlay olmaydigan holatga keltiribdi.  O‘sha joyning o‘zida Frenk politsiyaga, qoratanli esa kasalxonaga yo‘l olishibdi. Jarima to‘lab politsiyada qutulgan bo‘lsa ham muammo bu bilan tugab qolmadi. Frenkdan ta’zirini yegan qoratanli Los-Anjelesdan kelgan bo‘lib, giyoxvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanadigan to‘daga qarashli odam ekan. Bu voqeani eshitib to‘daboshi g‘azab otiga minibdi va ’’gunohkor’’ni topib jazosini berish uchun yugurdaklarini Torontoga yuboribdi. Ular shaharni ostin-ustun qilib yuboribdi. Frenk esa qisqichbaqa haqida o‘ylaydigan holatda emasdi.
-Kechir,azizam. Men ham bunday bo‘lishini kutmagandim. Balki Frenkni bir daqiqaga bo‘lsa-da yolg‘iz qoldirmaganimda bunday bo‘lmasmidi. Xojatxonaga borib kelgunimga qadar Frenk qoratanlini chilparchin qilib tashlabdi,-dedi erim va meni xotirjam qilish uchun gap o‘ylab topdi.- Xecham xavotir olma. Ular tez orada qaytib ketishadi. Topolmagach,aniq qaytib ketishadi. Bu yer Los-Anjelesga qaraganda ancha sovuq. Bilasanku, qoratanlilar sovuqqa bardoshsiz bo‘lishadi. Yaqinda ob-havo ma’lumotini ko‘rgandim:hafta oxiriga borib havo juda sovurkan.
Men qoratanlilar sovuqqa chidamli yoki yo‘qligi haqida o‘ylaydigan axvolda emasdim. Ular tezroq Los-Anjelesga qaytib ketishlarini so‘rab duo qilishdan boshqa ilojim yo‘q edi. Asablarim charchagan, ishda ham, uyda ham chexramni ocha olmasdim. Hatto bir safar haridor bilan gap talashishgacha bordim. Hamma mening o‘zgarib qolganimdan xayron. Yuzimni qo‘llarim bilan bekitib, xojatxonaga kirdim va eshikni ichkaridan yopib olib yum-yum yig‘ladim. Qisqichbaqa uyimizdagi baxtni asta-sekin parchalab chaynab tashlayotgandek tuyuldi.
Bu orada men Kanadaga ming dollardan ikki marta jo‘natishga ulgurdim. Qora tanli qaroqchilar esa xaliyam Torontoda och bo‘ridek izg‘ib yurishardi. Dard ustiga chipqon deganlaridek ularni safiga yana bittasi qo‘shilibdi:
-Azizam, ishlar pachava…,- deb qoldi erim odatiy qo‘ng‘iroqlarning birida.
-Ha, nima bo‘ldi?-men sovuq xabarlarga o‘rganib qolgandim. Shuning uchun bu gapni befarq qabul qildim.
-Los-Anjelesdan Frenk keldi!
-Frenk keldi? Torontoda emasmidi Frenk?-hayratlandim.
-Aaa… Bu Frenkni aytayotganim yo‘q. To‘daboshi Frenk.
-To‘daboshi Frenk?
-Bizni izlayotgan qaroqchilarning boshlig‘i ismi Frenk ekan. U bizning Frenk kaltaklagan qoratanlining tog‘asi ekan.
Frenk…Tog‘a… Men hech narsaga tushunolmadim.
-Xo‘sh, u nega kelibdi?
-Nega kelardi qasos olgani kelgan-da. U Los-Anjelesda shafqatsizligi bilan nom chiqargan ekan. Federal politsiya qora ro‘yxatida turarkan. Bir safar kolumbiyalik haridori giyoxvand haqini to‘lamasdan qochgan ekan, Boliviyagacha quvib borishibdi. Topib juda xunuk holatda o‘ldirishibdi.
Yo Xudoyim,o‘zing asra… Kanada va Koreyani qit’alar ajratib turibdi. Bir qit’a naridagi erining bunaqa gaplaridan qaysi koreys ayoli (nafaqat koreys, butun dunyodagi ayollar) qanday xotirjam bo‘la olardi.
-Endi nima qilasiz?-dedim yana yig‘lamsirab.
-Nima qilasiz,deyishini buning…-dedi erim ensasi qotib.- Hozir Frenk ikkimiz uydan bir qadam nariga chiqmasdan, mum tishlab o‘tiribmiz. Ovqatni ham uyimizga keltirib beradigan kafega buyurtma beryapmiz. Kecha Frenk uyning hamma tomoniga qulf ilib chiqdi. O‘sha to‘daboshi Frenk Los-Anjelesda koreyalik to‘da bilan o‘chakishib qolgan ekan. Koreyslar uni itdek xorlabdi. Shuning uchun u koreyslarni jini suymas ekan. Nima bo‘lganda ham Frenk boshqa shaharga yashirinishi lozimga o‘xshaydi.
Meni battar vaxima bosdi. Kallamda ming xil xayol labirintga kirib adashib qolgandak charx urib aylanardi.
-Qisqichbaqasiyam kerakmas, tezda chipta olingu Koreyaga qayting,-deya zorlandim.
-Hoziroq qaytardimu Frenkni bunday qiyin axvolda tashlab ketishga g‘ururim yo‘l qo‘ymaydi,-dedi erim jaxl qozonimga o‘t qalab.
-G‘ururmi-boshqami farqi yo‘q. Boshqa jo‘natadigan pulim ham yo‘q. Yo Koreyaga qayting, yoki o‘sha yoqlardagi qaroqchilarning o‘qiga uchib o‘ling,-dedim zardam qaynab va qarsillatib go‘shakni qo‘ydim.
Tushimga yana qisqichbaqalar kirdi. Bu safar kattaligi odamdek kelarmish. Negadir ular qora tusga kirgandi. Men tomonga yirtqich jonivordek bostirib kela boshladi . Xatto qo‘rquvga soladigan darajada uvillab qo‘ydi. Men qocha boshladim, ammo oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmas, qisqichbaqalar esa meni ta’qib etardi. Nafasim qisilib,qora terga botib uyg‘onib ketdim.
Erimning Kanadadagi sarguzashtlari poyoniga yetay demasdi. To‘daboshi Frenk boshchiligidagi qaroqchilar bizning Frenkni topish uchun xali hamon Toronto ko‘chalarida tentirardi. Erim va Frenk bu orada bir mexmonxonaga yashirinishdi. Ular asli kelib chiqishi koreyalik bo‘lgan xodim orqali yangiliklardan voqif bo‘lib turishdi. Bir kuni Frenk tong qorong‘usida mexmonxonadan chiqib, Ottavadagi do‘stining uyiga qochibdi. Frenk xavfsiz joyda bo‘lsa-da, Torontoda qolgan erim Frenk kabi semiz va ko‘zlari qisiq bo‘lgani uchun bemalol tashqariga chiqolmasdi. Men iqtisodiy tomondan qiynalayotgan bir paytda erim Torontoda Frenkning uyida yashirinib “vaqt o‘ldirish” bilan band edi. Biz to‘daboshi Frenkning ko‘ngli yumshab, Los-Anjelesga ketishini tilar, shundagina do‘stining uyida pusib yotgan bizning Frenk Torontoga qaytar va qisqichbaqa biznesini boshlardi.
Nixoyat yorug‘ xabar eshitadigan kunim ham yetib keldi. Ishonchli mexmonxona xizmatchisi erimga to‘daboshi Frenk qasosdan voz kechib, ortga qaytayotganligini yetkazibdi. Bu xabardan so‘ng bir necha kun erimdan darak bo‘lmadi. Men: “Balki qisqichbaqa narx-navosini surishtirib band bo‘lsa kerak”,deya o‘zimni ovutdim. Lekin bu xotirjamligimni erimning gaplari chil-chil sindirdi:
-To‘daboshi Frenk xaliyam Torontoda!
Erimning xufiyasi keltirgan xabariga ko‘ra, to‘daboshi mexmonxonada oddiy ofitsiant bo‘lib ishlaydigan asli shveysariyalik go‘zal Eyprilning nigohiga asir bo‘lib qolibdi. U yugurdaklarini Los-Anjelesga jo‘natib yuboribdiyu, o‘zi Yevropani eslatib yuboradigan Kanadada noma’lum muddat qoladigan bo‘libdi. Shafqatsiz to‘daboshi hamma narsani yig‘ishtirib, o‘zi bilmagan holda yaxshi tomonga o‘zgara boshlabdi. Bizning umidimiz endi Eyprildan edi –  u Los-Anjelesda yashashni xoxlashi kerak edi. Do‘stinikiga yashiringan bizning Frenkni unutib ham yuboribman. To‘daboshi Frenk… Bizning Frenk…
Buyog‘iga ham to‘daboshi Frenk va Eypril haqida ozgina so‘zlab bersam.
Erimning xufiyasi aytishicha, Eypril ota-onasi bilan yasharkan va tabiiyki, Eyprilning Los-Anjelesga ketishi uchun ularning roziligini olish talab etilardi. Otasi uzoq Yevropalik millatchilarga qarindosh shekillik, qizining qoratanli yigit bilan axd-paymon qilishganligidan g‘azablanibdi. Lekin uddaburon to‘daboshi bu muammoni xamirdan qil sug‘urgandek xal qilibdi: Eyprilning onasiga qimmatbaxo soat,otasiga esa Yaponiyadan keltirilgan golf o‘yini buyumlarini sovg‘a qilibdi. Millatchi otaning ham ko‘nglidagi muzlar eriy boshlabdi. To‘daboshi narxi oltmish ming dollarlik Kadillak avtomobilini sovg‘a qilgan kuni dasturxon ustida:
-Qoratanlilar odam emas. Ular xayvondan farqi bo‘lmaydi. Men qoratanlilarni yomon ko‘raman. Lekin Frenk bundan mustasno. Frenk qoratanli emas. Uning tashqi qiyofasi qora,xolos. Ichi oppoq. Shunday ekan qizimning u bilan baxtli bo‘lishiga ishonaman!-deb so‘nggi qarorini aytibdi.
Bizning umidlarimiz asta kurtak chiqara boshlagan va Frenk Ottavadan qaytishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda yana “qovun tushdi”:kimdir Eypril va to‘daboshi Frenkning marixuana chekayotganligini ko‘rib qolibdi. Buni eshitgan qizning ota-onasi Frenkning “ichi oq”ligiga shubxa bilan qaray boshlabdi. O‘lganni ustiga tepgandek, millatchi otaga sovg‘a qilingan Kadillak o‘g‘irlangan mashina ekan. Politsiyada so‘roqqa tutilgan ota yana g‘azab otiga minibdi. Kuchli bo‘ronga duch kelgandek umidlarimiz puchga chiqa boshladi.
Erim Kanadaga ketganligiga uch oy to‘layotgandi. Qiyin axvolda yurgan kunlarimning birida akam telefon qilib qoldi. U odatdagidek gaplarini uzundan uzun nolish bilan boshladi. Do‘koni uchun yangi maxsulotlar olib kelishi lozimligini aytarkan, menga bergan qarzini qaytarishimga ishora qildi.
-Kechiring,aka. Hozir qachon qaytara olishimni aytishim qiyin,-dedim labimni tishlab.
-Nega axir? Nega?-birdan akam asabiy baqirib yubordi.-Uch oy ichida qaytaraman degandingku.
-Ha,shunday degandim. Lekin… Ishlarimiz pachava…
-Nima bo‘ldi? Narsalar xali ham yetib kelmadimi?
-Kelmadi…Frenk xaliyam Torontoda ekan. U Los-Anjelesga qaytib ketsa bo‘ldi-edi…
-Frenk? Frenk kim o‘zi?-akam meni alaxsirayapti deb o‘yladi.
-Frenkmi? Yo Xudoyim, hammasini boshidan gapirib berishim kerak…

Shundan keyin ikki oy o‘tib erim qaytib keldi. Issiq va dim havoda terlatib kiyim badanga yopishib qoladigan yoz ham kirib kelgan edi. Men kutib olish uchun tong sahardan mashinamda ayeroportga qarab yo‘l oldim. Kanadadaligida erim naq o‘ttiz kilogrammga ozib,  bir qarashda tanib bo‘lmas qiyofaga kirgandi. Uni uzoqdan ko‘rdimu yig‘lab yuboray dedim. U ham ayni mening holatimda edi. Ko‘zlari qirtayib, juda charchaganligi bilinib turardi. Yo‘lda kelarkanmiz, ko‘zlarini yumib o‘yga tolgancha o‘tirar, damba-dam cho‘chib atrofga alanglardi.
Uyga yetib kelgach, u yuvinib ham o‘tirmasdan o‘zini divanga otdiyu uyquga ketdi. Lekin ikki soat ham uxlamasdanoq o‘rnidan turdi va uzun koridorli xonamizga chiqdi. Endi esiga kelgandek:
-O‘g‘lim qayerda?-deb so‘radi.
-To‘garakka tashlab keldim.
Hech narsaga tushunmagandek merovlanib bir zum o‘yga toldi. Vanna qabul qilib chiqqach, semirmasdan avvalgi davrlaridagi kiyimarini kiydi. Xayriyatki, mos tushdi. Oynaga qarab o‘zini tomosha qildi va yana atrofga qo‘rqqandek alanglab qo‘ydi. Shundan so‘ng ko‘ksimga boshini qo‘yib, yosh bola kabi yum-yum yig‘lay boshladi. Men nima qilishimni bilmasdan uning oq aralashgan sochlarini siladim. U o‘zini bosolmasdan silkinib yig‘larkan tinmasdan uzuq-yuluq tovushda kechirim so‘rardi. Beixtiyor mening ham ko‘zlarimga yosh shashqator bo‘ldi. U Kanadaga ketishidan oldin menga aytgan gaplari og‘zimdan chiqib ketdi:
-Xavotirlanmang. Hammasi yaxshi bo‘ladi!
Koreyaga qaytib kelganidan ikki oy o‘tibgina erim elektr pechkasi chiqaradigan zavodga  ishga joylashishga muvaffaq bo‘ldi. Ish topish ayni mushkul bo‘lgan kunlar edi. Ayni qish chillasida uzoq tanaffusdan keyin Frenkdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. U Ottavada yangi magazin ochibdi va o‘sha tomonga ko‘chib o‘tibdi. Qochib ketgan Konsuyellani butunlay unutibdi va xattoki yangi maxbuba topishga ham ulguribdi.Yangi sevgilisi braziliyalik bo‘lib, u ham yuz kilogram tosh bosarkan. Aytishicha, Konsuyellaga qaraganda semizroq bo‘lsa ham, har holda undan ko‘ra yoshroq va go‘zalroq ekan. Shuningdek, ismdoshi  to‘daboshi Frenk ham Los-Anjelesga qarab ravona bo‘libdi.
-Oxiri nima bilan tugadi?-so‘radi erim qiziqib.
-Bir kuni Eyprilning ota-onasini o‘lik holda topishibdi va bechora qiz yig‘lay-yig‘lay to‘daboshining ortidan ketdi,-dedi Frenk va qo‘shib qo‘ydi.-Hamma muammolarim xal bo‘ldi. Endi dengiz qisqichbaqasi biznesini boshlasak bo‘ladi. Qachon kelasan Kanadaga?
-Raxmat,oshna. Hozir ishlarim ko‘payib, bosh qashishga ham vaqtim yo‘q,-deya erim nozikkina rad etdi.
Frenk bir zum jim qoldi va:
-Tushundim. Vaqting bo‘lganda, xotining bilan albatta mexmonga kel,-dedi.
Kanadadan kelganidan buyon erimda anchagina o‘zgarishlarni ko‘rdim. Doim xazillashib,kulib turadigan yuziga hayot tashvishlari soya solgandek. Vaqt o‘tib borardi. Biz nihoyat akamdan olgan qarzimizdan ham qutuldik. U doimgidek nolishni boshladi:
-Ishlarim orqaga ketgan. Narsalar sotilmayapti. Odamlar nimalarga qiziqishlarini surishtirib yuribman.
Men supermarketda ishimni davom ettirdim. To‘xtovsiz yuguradigan futbolchi kabi ishlar, bolamga qarashga ham vaqtim bo‘lmasdi. Yaqinda erim maoshi baland kompaniyaga ishga kirdi va buni nishonlash uchun oilaviy to‘planib, dengiz qisqichbaqasidan taom tayyorlaydigan kafega bordik. Xanuz odamlar gavjum,atrofda bunday kafelar ko‘paya boshlaganligini endi ilg‘adim. Biz ovqatlanarkanmiz, to‘daboshi Frenkni esladik. Nima bo‘lganda ham Eypril bilan baxtli hayot kechirishsin. Brazliliyalik qiz esa o‘zimizning Frenkni tashlab ketmasligini tiladik. Yuzimizga sal tabassum qo‘ngandek bo‘ldi. Frenk, Toronto, Vankuver,Konsuyella,Chililik futbol murabbiyi, Boliviya,Kolumbiya,Eypril,Kadillak mashinasi… Ba’zilari bizni ranjitgan, ba’zilari esa yuragimizga umid bergan bu nomlarni eslarkanmiz qattiq kulib yubordik. Atrofdagi xo‘rrandalar bizga xayratlanib tikilishsa ham biz o‘zimizni kulgudan to‘xtatolmasdik.

Koreys tilidan Otabek Yo‘ldoshev tarjimasi