Branislav Nushich. Muhabbat dardining davosi (hajviya)

Do‘stim Pero bir qizni sevib qolibdi. Qarang, tuppa-tuzuk yurgan odam birdan sevib qolgan emish. Bunga qarshi emasman, ammo uning oqibati menga qimmatga tushishini bilardim.

Xuddi kutilganidek do‘stim Pero oldimga telbalarcha yugurib kelib, qo‘limni qisdi-da: “Xullas, falon-pismadon”, – dedi.

Uning gaplarini eshitar ekanman, xavotirlana boshladim, chunki Peroning veksellariga men qo‘l qo‘yaman. Oshiq-ma’shuqalar esa veksellarga pul to‘lash kunini osongina unutib qo‘yishlari tabiiy. Shuning uchun ular o‘rniga mening to‘lashimga to‘g‘ri keladi – uning oyligi kamligidan, unda har bir oshiq uchun zarur bo‘lgan – shimini dazmollatib olish, ust-boshning ko‘kragiga qadaladigan atirgulni sotib olish, dastro‘molchalariga atir sepish va boshqa shu kabilar uchun hatto o‘n para[1] ham pul topilmaydi.

Shu sababli men uni muhabbat asoratidan qutqarib qolish yo‘lini axtarishga kirishdim. Ya’ni ishq dardini davolash uchun malham surishtira boshladim. Ba’zilar muhabbat ta’sirida Peroning tanasida hosil bo‘lgan issiqni tushirish uchun xantallar qo‘llashni; boshqalar – yurakni yog‘ bosib, bamaylixotir bo‘lishi uchun yumaloq kotletga yerqalampirini qo‘shib yedirishni, undan so‘ng ko‘proq pivo ichirishni; uchinchilari esa – boshni davolashni oyoqdan boshlash lozim deb, har kecha oyoqni sovuq suvda ushlab turishni tavsiya etdilar.

Hammaning aytganini qilib ko‘rdik, foyda bermadi. Pero barcha sinovlardan “muvafaqqiyatli” o‘tdi – sevgi-muhabbat haqida “falon-pismadon”larini sira qoldirmadi.

Uning battar o‘jarligi tutib, o‘sha qizga uylanmasa, pichandek qurib, chivinday bo‘lib qolmaguniga qadar biror narsa tanovul qilmasligini aytdi.

– Shunda, do‘stim, – qaltiragan ovozda qo‘shib qo‘ydi u, – sen meni burga singari ezib o‘ldirsang, katta yordam qilgan bo‘lasan.

Uning aytganlariga rozi bo‘ldim, ya’ni u haqiqatan ham qurib qoladigan bo‘lsa, men uni burga singari ezib o‘ldiraman, deya so‘z berdim.

Eng yomoni, oshiqlik kasali tobora zo‘rayib boraverdi. Men bundan qattiq xavotirda edim. Har bir oshig‘u beqaror singari u boshida kuniga bir marotaba chuqur xo‘rsinib qo‘yar edi. Bir-ikki kun o‘tgach, xuddi tabib tavsiya qilgandek, kuniga uch marotaba, ya’ni ertalab, tushlik va kechki taomdan bir soat oldin chuqur xo‘rsinadigan bo‘ldi. Bir necha kundan so‘ng xo‘rsinishlari hiqichoqqa aylandi.

– Do‘stim… hiq… u haqida hiq… surish… hiq… tir… hiq… u kim… hiq… o‘zi, – xullas, bechora shunday so‘zlaydigan bo‘lib qoldi. Uning so‘zlari va bildirmoqchi bo‘lgan fikrlarini men boshqalarga tarjima qilib beradigan bo‘ldim. “Sen mendan kim sovchilikka boradi, deb so‘ramoqchimisan?” – desam, “Hiq… ha…” – deydi.

Xullas, endi uni birinchi galda hiqichoqdan davolash kerak edi. Buning uchun odamlar bilan maslahatlashdim, ularning aytganlariga amal qildik. E, nimalarni qilib ko‘rmadik? Qandni sirkaga eritib berdim, ketma-ketiga besh piyola suv ichirib ham, cherkov duolaridan o‘qitib ham ko‘rdim, lekin o‘lgur sira ketmadi.

Birovlar hiqichoqning eng yaxshi davosi – yaxshilab qo‘rqitish ekanini aytishdi. Qo‘rqitdim… Foydasi bo‘lmadi. Qo‘lda katta pichoq bilan bir necha marotaba Peroning xonasiga yugurib kirdim – yordam bermadi. Uning hiqichog‘i tutishi bilan uy egasi bo‘lgan ayolning ko‘ylagini kiyib, ijara pulini talab qila boshladim. Pero esa ijara pulidan besh oylik qarz edi.

– Qachon ijara pulini to‘laysan, qachon? – deb necha marotaba qo‘rqitmoqchi bo‘ldim, u qo‘rqmadi, ahvol eskicha qolaverdi.

Bir-ikki marotaba hovlida yashirinib olib, ovozim boricha: “Sud ijrochisi keldi!” – deb baqirdim, uni jin ham urmadi. O‘zim ham hayronman, chunki bundan cho‘chimaydigan odamning o‘zi yo‘q.

Xullas, o‘ylay-o‘ylab qo‘rqitishning bir chorasini topgandek bo‘ldim. Avval uyimga ketdim-da, bir soatdan so‘ng qaytib kelib, Peroga xotirjam va sovuqqonlik bilan dedim:

– Bilasanmi, sevib qolgan qizing haqida surishtirib ko‘rdim. Qizni juda maqtashdi, lekin uning sep-sidirg‘asi yo‘q ekanini ham aytishdi.

Bu gaplarimdan do‘stim qattiq qo‘rqib ketib, ranglari o‘chdi, lekin shu zahotiyoq hiqichoqdan ham, muhabbat dardidan ham birvarakayiga qutuldi-qo‘ydi.

Rus tilidan Muhsin G‘aniyev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 10-son

___________________

[1] Para – o‘sha davr Serbiyada iste’molda bo‘lgan mayda pul.