QAMIShLI QUDUQ
Ot suvning isini olib pishqirdi. Qaychidek quloqlarini dikkaytirdi-da, kallasini o‘ngga o‘girib, jilovini tortqilay boshladi. Yo‘l chekkasidagi qamishzor orqasidan quduq devorlariga urila-urila yuqori tortilayotgan chelakning ovozi eshitildi.
Otliq nozikdan kelgan o‘n sakkiz yashar ko‘rkam yigit edi. Uning oyog‘ida oq piyma, boshida junlari tog‘oradagi suv misoli to‘lqinlanib yotgan qora telpak, egnida o‘ziga nihoyatda yarashgan po‘stin bor edi. U olis safarga otlangan jangchi qurolini yelkasiga osgan kabi dutorini yelkasiga tashlab olgan edi. Yigitni bir ko‘rgan odamning uni yana ko‘rgisi kelardi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, yigit hushro‘y yuzli, kelishgangina edi. Qirra burun, lablari yupqa ham nihoyatda bejirim. Ko‘rkam yuzi doim kulimsirab turganga o‘xshardi. Yugan tutgan barmoqlari uzun-uzun va chiroyli edi. Bu yigitcha, o‘zining endigina o‘n sakkiz yoshga to‘lgan bo‘lishiga qaramay, ahli Xorazm orasida Bola baxshi deb nom taratib ulgurgan edi. Uning asl ismini bilgan odamlar barmoq bilan sanarli edi. Bola baxshi o‘n yoshidan boshlab Xidir baxshining etagidan tutdi. Qo‘shiq va soz san’ati hamda suhbatini o‘zida kamarbasta qilgan keksa Xidir baxshi hech nimaga e’tibor bermaydigan inson edi. U qo‘shiq, soz va san’atdan boshqa kasb, o‘zidan bo‘lak baxshi bor degan fikrni xayoliga ham keltirmasdi.
Keksa baxshi bir kuni keng turkman qumtepalari, sahrolari orasidan chorlangan to‘yga ketayotib, ot ustida shunday fikrga keldi: «O‘lchab berilgan umrning ko‘pi ketib ozi qoldi. Men ham bir kuni bu dunyodan o‘tarman. Lekin men o‘zimdagi qo‘l yetmas noyob san’atni kimga qoldirib ketishim kerak? Uni men faqat Bola baxshiga qoldirishim kerak. Bu bola juda ixlosli o‘smirga o‘xshaydi. Qo‘li chaqqon, ovozi ham yoqimli. Balki bir necha yillardan so‘ng «Suvora»ni aytganda, eshitganlar unga: «Xidir baxshining xuddi o‘zi bo‘lib ayt!» deb xohish etarlar. Bu ham menga qo‘l yetmas haykal, yodgorlik bo‘lar. U mening foniy dunyoda qoldirib ketgan izim bo‘lar…»
Shu kundan boshlab, Xidir baxshi Bola baxshiga butun e’tiborini bera boshladi. Bola baxshi o‘n beshga chiqqanda, kun botgandan kechaning yarmigacha qo‘shiq aytadigan bo‘ldi. Uning yonboshida tog‘ning bir bo‘lagi kabi bo‘lib, ichidan xirgoyi qilib o‘tirgan Xidir baxshi avvallari uning dutorini sozlashda, qo‘shiqlarning ayrim baytlarini esga olishga yordam berardi. Avjga chiqqan joylarda sasini mayin qilib, Bola baxshiga jo‘r bo‘lardi. Biroq yosh o‘g‘lonning ixlosiga, uquviga, kun-kundan kamolotga yetib borayotganiga qarab boshi osmonga yetardi. Xidir baxshi vafotidan ikki kun oldin Bola baxshini huzuriga chaqirdi.
— O‘g‘lim, mening kunim bitganga o‘xshaydi. O‘g‘il o‘rnida o‘g‘il, qiz o‘rnida qizim bor. Lekin barcha hunarimni sen olib qolyapsan. Xudoyim, peshonang oq bo‘lsin, yo‘ling ochiq bo‘lsin. Omin… Mana… o‘g‘lim, shunday qilib senga oq fotiha berdim. Ammo bir topshirig‘im bor. Puldor, boy kishining uyida yaxshi aytib, kambag‘al, g‘aribnikida ko‘ngilsiz ashula aytma. Qaytanga, agar o‘ng‘ara olsang, teskarisini qil. Qolgan kam-ko‘st joylarini g‘ijjakchi tuzatadi. Uning odamlar bilan doimo qo‘rs muomalada bo‘lib, hech narsadan ko‘ngli to‘lmay yurganiga e’tibor berma. U o‘z hunarining ustasi, o‘zi yomon odam emas.
Ana shu voqeadan keyin bir necha yil o‘tdi. Ustozi vafotidan so‘ng el orasida qo‘shiq aytishdan Bola baxshi tortinib yurdi. Biroq ustozining xotirasiga, ruhlarining shod bo‘lishi uchun qo‘shiqni maromi va me’yoriga yetkazib aytish kerak degan niyatni ko‘ngliga tugdi. Hech qayerdan yordam kelmasligiga amin bo‘lib, bor kuchini beliga, qo‘liga va ovoziga berdi. Uni olib ham chiqdi. Endilikda uning tovushiga, soz chalishiga, o‘z kasbining ustasi ekanligiga shak keltiradigan odam qolmadi, hisob.
Baxshilar, xususan, el sevgan qo‘shiqchi baxshilar o‘z uylariga mehmon singari kelib ketadilar. Ularning butun vaqti el orasida o‘tadi. Bola baxshi bundan to‘rt kun burun uzoqdagi qishloqlarning biriga olib ketilgan edi. Hozir esa u o‘sha joydan qaytib kelayotgandi.
Otning betoqatlanayotganini ko‘rib, Bola baxshi jilovni tortdi-da, orqasiga o‘girildi.
— Yoshulli, otlar suvsiraganga o‘xshaydi. Keyin, yo‘limiz ham uzoq. Keling, otlarni sug‘oraylik-da, ichgan suvlarini bo‘yinlariga chiqmas qilib, choptirib ketaylik.
Orqadan kelayotgan otliq oltmish yoshdan oshgan, rapida yuzli, cho‘qqi soqol, novcha kishi bo‘lib, u hozir yo‘rg‘a otning ustida xuddi tikka turib kelayotgan chavandozga o‘xshar edi. U odam g‘ijjakchi edi.
Uning tovushi yo‘g‘on va xirillab chiqdi:
— Mayli, o‘g‘lim, unday bo‘lsa quduqqa yura qol.
Besh-o‘n qadam yurishgandan keying o‘ng tomondagi qamishzor tugab, Bola baxshi otining jilovini oldlaridagi quduqqa tomon burdi. Otning yurishi tezlashdi. Suvliqni tortqilay boshladi. Bola baxshi to quduqning boshiga kelguncha oti bilan ovora bo‘lib, tevarak-atrofiga qaramadi. Ot tumshug‘ining yarmini suvga to‘la novaga bosishi bilan otdan tushdi. Shundan keyingina quduqning boshiga nazar tashladi. Uning ko‘zlari qamashib ketdi. Ko‘ziga bir narsa o‘n bo‘lib ko‘rindi. U ko‘zlarini ochib-yumib, yana o‘sha tomonga diqqat bilan qaradi. Bu safar Bola baxshining ko‘ziga quduqning boshida qizil gullardan yasalgan guldasta ko‘rindi. «Bu nima bo‘ldi ekan-a? Qishning o‘rtasida ham guldasta bo‘lar ekan-da!» So‘ng cho‘ntagidan dastro‘molchasini olib, yuz-ko‘zlarini artdi. Shundan so‘ng boyagi guldasta uzun bo‘yli, chiroyli bir qizga aylandi-qoldi.
Bola baxshining og‘zi ochilib qoldi. O‘n yasharligidan boshlab uning bormagan qishlog‘i, ko‘rmagan odami yo‘q edi, desa mubolag‘a bo‘lmas. Ammo u ko‘rib turgan parivashga hech qachon duch kelmagan edi. Ko‘rgan, eshitgan go‘zalliklarning bir joyga jamlangan nuqtasining ustidan hech mahal chiqmagan edi. «Ofarin, senga!» deb, Bola baxshi qo‘lini belbog‘iga tiqdi. Qiz esa unga qiya boqib, barmog‘ini tishladi. Uning taqimiga tushib turgan yo‘g‘on, uzun sochlari boshi engashgan tomonga to‘lqin kabi tushib ketdi. Ustidagi ko‘k movutdan bezak berib tikilgan to‘ni Bola baxshining ko‘ziga har xil rangda jilvalanib ko‘rindi. Bola baxshi boshidanoq ojizlik qildi. Qizga tikka qarab, ko‘zdan kechira olmadi. Lekin bir muddat vaqt o‘tgach, voqeani butunlay o‘zgartirib yuborgan bir hodisa yuz berdi. Baxshi qizning ham yer ostidan uni kuzatayotganini payqab qoldi. Qizning shahlo ko‘zlarining tikilishlari baxshining yuragidan o‘q bo‘lib o‘tdi. Uning chala yarim harakatlangan kipriklari, qalin qora qoshlari Bola baxshiga qarab hujum qilganday tuyuldi. Asli yigitga dalda bo‘lgan narsalar ham shu bo‘ldi. U bor kuchini bir joyga jamlab, qizga boshqatdan qaradi. Qiz ustini qor bosib yotgan maydondagi quduq boshida ko‘karib turgan bir tup atirgulga o‘xshardi.
Yigit nima bo‘lsa-da, bir narsa deyishi kerak edi. Gap-so‘zsiz quduq boshida jim turish noqulay edi. U novni ko‘zdan kechirar ekan:
— Hoy chelagingni bersang otlarni sug‘orar edik. Novni bo‘shatishibdi, — dedi.
Qiz bir kulimsiradi-da, oldidagi to‘la chelakni yigitga tomon surib:
— Oling, keragingiz chelak bo‘lsin… — dedi.
Bola baxshi chelakni qanday qilib olganini, uning suvini novga qanday qilib to‘kkanini ham bilmadi. Ammo bir damda novni suvga to‘ldirdi. Keyin chelakni ham to‘ldirib, qizning oldiga qo‘ydi.
Qiz kuldi:
— O‘zim to‘ldirardim. Ozorga qo‘ydim sizni, — dedi.
Bu so‘zning ohangi yigitning eng nozik tomirlarigacha yetib, uni bir xil ko‘yga solib qo‘ydi. Ushbu so‘zlar pistasimon lablarning orasidan mehrga yo‘g‘rilib chiqdi. Agar yigit umri yetgancha shu so‘zlarni o‘sha ohangda tinglab o‘tkazishi kerak bo‘lsa, unga rozi bo‘lardi. Biroq barcha narsaning boshi va oxiri bo‘lgani singari, bu ajoyib daqiqalarning ham intihosi keldi. Kunchiqardagi, atrofi baland daraxtlar bilan o‘ralgan uyning oldida tashvishli harakat boshlandi. Qiz uni ko‘rib, lablarini bir tishladi-da, chelagini ko‘tarib, o‘sha uy tomon ketdi. U og‘ir qadamlar tashlar ekan, bir narsasini yo‘qotganday orqasiga o‘girilib, yana bir marta Bola baxshiga qaradi. Bola baxshi ham undan ko‘zini uzolmay, uzoq vaqt uning izidan qarab qoldi. So‘ngra otiga mindi. G‘ijjakchi ham ashula va musiqaning piri Oshiq Oydin kabi uning izidan tushdi.
Bola baxshi ancha vaqtgacha o‘ziga kela olmadi. Uning aqli-hushi, yuragi, butun vujudi chelakli qizning iziga tushib ketgan edi. «Uning boqishlari! Bu qizning noz-karashmasi dengiz suvi singari behisob bo‘lishi kerak. Shu nozlar, o‘sha nazarlar kimga nasib qilar ekan?! Qaysi baxtli inson shu nozu nazarlarning egasi bo‘larkan? Hoy, peshonasi sho‘r!» deb yigit manglayiga bir shapatiladi-da, egarga qiyshiq o‘tirib, orqasiga o‘girildi:
— Oqsoqol, boyagi qiz kimning farzandi bo‘lishi mumkin? Men-ku, tanimadim, balki siz bilarsiz?
G‘ijjakchi go‘yo birov eshitib qolmasin deganday ehtiyotlik bilan ikki tomoniga qarab oldi va sekingina dedi:
— Boyagi qiz, hov anovi daraxtzor bilan o‘ralgan uy egasi Qudratilla boyning qizi bo‘lishi kerak. Qudratilla boy degani shunday bir insofsiz odamki, qo‘lidan kelsa, el ustiga tushib turgan xudoning nurini ham tushirmasam deydi. Odam o‘ldirish, yo‘qotish ularga pashsha, chivin o‘ldirish va yo‘qotishday gap. O‘g‘illari talonchilik, bosqinchilik bilan shug‘ullanishadi. Qum ichida qanchadan-qancha karvonlarni talashmagan ular. Xullas, o‘g‘lim, dushmaning shular bo‘lmasin! Hozirgi qiz uning yolg‘iz qizi. Otini Tursunoy deydilar. Uni, eshitishimcha, yaqin orada erga berishmoqchi. Katta to‘y bo‘lishi kutilyapti. Baxshisi ham sen bo‘lasan. Anchadan beri yurt ichida shunday gurung bor…
Bu xabar Bola baxshini g‘am botqog‘iga botirdi. Uning chiroyli, bejirim peshonasi egarning qoshiga tegay-tegay deb ketardi. «Men ham, u qiz ham bir-birimizni tanimaymiz. Lekin qarashlarining ma’nosi boshqacha edi. U ich-ichidan va mehr bilan menga boqdi. Men bu qarashlardan «Men senikiman» degan ma’noni angladim. Bu nazarlarning boshqacha ma’nosi bo‘lishi mumkin emas. Eh, uning bilan yana bir marta uchrashib bo‘lsa edi».
Bola baxshi yana orqasiga qayrildi:
— Yoshulli, qiz haddan tashqari go‘zal ekan. U ojiza kimga nasib qilar ekan-a?! Yoki «qovunning shirinini chiyabo‘ri yeydi» deganlariday bo‘larmikin?
G‘ijjakchi o‘g‘lonning bu so‘zlaridan ko‘p ma’no chiqardi. Yigitning yuragidagi sirlarini qur’on oyatlarini o‘qiganday o‘qidi. Bu masalada o‘zining eng mehribon odamiga hech qanday yordam qilolmasligiga keksa g‘ijjakchi juda achindi. Boshini og‘ir chayqab:
— Bu shirin qovunni yeydigan odam chiyabo‘ridan ham iflos, — dedi.
Baxshi ko‘ksiga xanjar urilganday, tezlik bilan boshini suhbatdoshiga tomon burdi:
— Kim u?
Keksa g‘ijjakchi og‘ir o‘yga toldi. «Men baxshining jo‘shib turgan ko‘nglini hozir bosib tashlashim kerak. Bo‘lmasa undan qarashilmagan har narsani kutish mumkin. Qudratilla bilan tortishgan o‘zing bo‘lma, ey xudoyim…»
— Tursunoyni olmoqchi bo‘lgan odam Qudratillaboydan past odam emas. U ham kalla kesishni ish hisoblamaydigan razil, ablah kishi. O‘g‘lim, xudo degin. Senga ham atalgani bordir. Xudoning peshonangga yozganidan qutulib bo‘lmas. Shukur qil.
Bola baxshi g‘ijjakchining so‘zlariga yaxshi-yomon hech qanday javob bermadi. «Qiz meni tanigan bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa bunday nazar bilan boqmasdi. Nima bo‘lsa bo‘ldi deb, otli-yarog‘li uning izidan tushsammikin? Otimga mingashtirib, Axalga yoki Eron-Afg‘oniston tomonlarga bosh olib ketsammikin?! Ashula aytib oyog‘imga yiqsam, bor erk-huquqini qo‘limga olsam, men o‘ylaganlarimdan qaytmasdim. Lekin qizning yuragidagini bilib bo‘lmaydi. Balki bu qiz meni mazaxlash uchun bugun ko‘ngil torimni chertib ko‘rgan¬dir? Balki chini bilan shundaydir. Yana kim biladi? Bularni yolg‘iz xudodan boshqa biladigan yo‘q. U ham qo‘l yetmas baland joyda. Unga arzing, ohu nolang yetib borishi gumon. Qani, ko‘raylik-chi? Oxiri nima bilan tamom bo‘lar ekan?..»
Bola baxshi uylariga kelganda, besh-olti kundan beri o‘zining kelishiga qarab o‘tirgan turli odamlarni ko‘rdi. Ularning biri Qo‘pettog‘dan, yana biri Ko‘hna Urganchdan, boshqa birlari Qizilcha qal’a, Ko‘ktepa, Axal, Seraxs kabi uzoq manzillardan kelgan kishilar edi. Ular Bola baxshining o‘z to‘ylarida ashula, doston aytishlarini istab kelgan edilar. Bola baxshining esa o‘y-fikrlari to‘y-tomoshada emas edi.
QIZ YuRAGINING BAYoNI
Uzun bo‘yli, peshonasi keng, dumaloq oq yuzli Tursunoy Bola baxshining otini quduqqa tomon burganidayoq tanidi. Qiz uni qishloqlarida bo‘lgan to‘ylarda ashula aytganida bir necha bor ko‘rgan edi. Tengdosh dugonalari bilan qorong‘i joyda o‘tirib, erkak kishilarga ko‘rinmay, Bola baxshi aytgan ashulalarni tinglagandi. Tursunoy uni ilk bor ko‘rgan va ashulasini eshitgan vaqtdan boshlab o‘z yuragiga joylagan edi. Yuragiga kashtalab tikkan u surat vaqt o‘tishi bilan unniqmay, balki uning ranglari yanada tiniqlashgan va o‘tkirlashgan edi. Unga go‘yo kun-kundan jon kirayotganga o‘xshardi.
Tursunoy ruhi baland, shoirtabiat bir qiz edi. U otasi ko‘zining oqu qorasi edi. Uning o‘zidan katta uchta akasi bor edi. Shu tufayli ham u katta uyning erkatoyi edi. Uning aytgani aytgan, degani degan edi. Uyda hech kim, hech vaqt Tursunoyning ra’yini qaytargan emas. Qizning o‘zi ham qizlik chegarasidan chiqqan emasdi. Shu sababli ham xonadon sohiblari undan xotirjam edilar.
Uning boshqa qishloq qizlaridan go‘zallikda, so‘zamollikda, odamiylikda qanday farq qilishini kishi bir qarashda bilishi qiyin edi. Biroq u o‘z dugonalariga hech ham o‘xshamasdi. Uning qilgan ishlari, aytgan so‘zlari, dugonalariga bergan maslahatlari ham o‘ziga yarashardi va hamisha to‘g‘ri bo‘lib chiqardi. U shoira ham edi. Ko‘p alla qo‘shiqlarini o‘zi ijod qilib, o‘zi ijro etgan. Ularni kuylaganda dugonalari sehrlanib qolardi. Ashula eshitish, doston tinglash uning eng yaxshi ko‘rgan orzusi edi. Bu istak Tursunoyda Bola baxshini ilk marotaba tinglagan kundan boshlab yana ham avj olgandi. O‘sha kechasi Tursunoy doston boshlagunga qadar Bola baxshini yaxshilab kuzatdi. O‘rta yerda, baland uyulib yonayotgan olov boshida oydan bo‘linib tushganday o‘tirgan bu kelishgan yigit shoirona ko‘ngilli qizning aql-hushini olgandi. Bola baxshining dutor ustida o‘ynagan barmoqlari uzun va chiroyli edi. Junlari suv kabi to‘lqinlanib turgan qora telpagi bu yigitni ertaklar olamidan chiqib kelganga o‘xshatardi. Uning qo‘shiq aytishi qizni butunlay asir qildi. Qiz ham ashula eshitardi, ham keksalarning suhbatlariga quloq solardi: «Xidir baxshidan ham o‘zibdi». «Ha-da, shogird ustasidan o‘zmasa, hunar yo‘qolar emish deyishar edi, bu rost gap ekan»…
Vaqt bo‘ldi. Bola baxshi odamlarga qarab, dedi:
— Yurtdoshlarim, qaysi dostonni aytay?
— O‘zingga ma’qulini ayt, baxshi!
— Menga farqi yo‘q.
— Unda Go‘ro‘g‘lining Xirmon dalisini ayt!
— Mana senga Xirmon dali! — deb Bola baxshi doston aytishni boshladi.
Tun yarmidan o‘tib, doston o‘rtalariga yetganda qizning yuragida avvalo noma’lum, so‘ng aniq bir tuyg‘u paydo bo‘ldi. Qiz bu ajoyib yigitga, shirali, baland ovozli, tengi bo‘lmagan Bola baxshiga oshiq bo‘ldi. Endi u yangi dunyoning eshigini ochgan zaifaga o‘xshardi. Qizning oyoq olishi yengillashdi. Har tarafidan bahaybat qanotlar o‘sib chiqqanday bo‘ldi. U shu darajaga yetdiki, hatto Bola baxshini Xirmon dalidan ham qizg‘ana boshladi. Bu tuyg‘uning qayerdan kelganiga, qanday yo‘l bilan yuragini egallab olganiga qizning o‘zi ham tushunolmay qoldi. Keyinroq u buning sababini qidirib, oxiriga yetishni ham istamadi. Chunki endi bu o‘ylar ortiqcha edi. Qiz oshiq edi. Bu tuyg‘uni o‘tkir bir tig‘ bilan ham ajratib tashlash mumkin emasdi. Qiz taqdirga tan berdi.
O‘sha kechadan buyon yarim yildan ortiqroq vaqt o‘tdi. Bu tuyg‘u shu vaqtlar ichida bahor daryosi singari qirg‘og‘iga ulkan to‘lqinlar kabi urildi. Bu to‘lqinlar borgan sari kuchaydi. Qiz o‘tirishga joy topolmay, o‘z yog‘iga o‘zi qovurilardi. Bola baxshi shundan keyin ham bu qishloqda ikki marta ashula aytdi. Ularning ikkalasiga ham Tursunoy qatnashdi. Xilvatroq joyda o‘tirib dugonalari bilan ashula, doston eshitdi. Keyingi safar uylariga qaytib borayotganlarida tengdoshlari unga: «Sen juda ma’yus bo‘lib qoldingmi?» deyishdi. Qiz ularga «Hech ham», — deb javob berdi, xolos. Ammo o‘sha vaqtda uning ichini it tirnar edi. Uning ahvoli parishon edi. «U hamma narsadan bexabar, axir. Mening ahvolimdan uning xabari yo‘q. Bilganida ham uning qo‘lidan nima kelardi? Men boshqa odamning quchog‘iga kirmayman. Uning bilan ahvolimiz shunday bo‘lsa…» Tursunoy shunday deb, kalavaning uchuni butunlay yo‘qotdi. Qiz o‘zi tushgan o‘pqondan chiqadigan ilinj izlardi. Eng kichik ilinjlar ham undan qochardi.
Mana, hamma narsaning ustiga-ustak bugungi uchrashuv. Avvalo qiz bu uchrashuvni yaxshilikka yo‘ydi. U quduqning boshiga kelgan zahoti o‘zicha: «Eh, shu payt Bola baxshi otini sug‘orishga kelsa edi. Men uning siyratini ko‘rib, dardimni ozgina bo‘lsa-da, yengillatar edim. Balki ozroq bo‘lsa ham so‘zlasharmidik. Bir o‘zi bo‘lsa men unga o‘z ko‘nglimni ocharmidim», deb xayol qildi. Bu uchrashuvning qanday o‘tganini muhtaram o‘quvchilarimiz yuqorida bilib olishganlar.
Tursunoy chelagidagi suvlarini to‘kib-sochib, uyga olib kirdi. Uyning to‘rida ikki yildan buyon to‘shakdan turmay yotgan onasi:
— To‘polonlaring nimasi, qizim? Jin urdimi, seni? — dedi inqillab.
Ichi yonib, yuragi hapriqqan Tursunoy qaynab-toshgan qahr-g‘azabini bosib javob berdi:
— Onajon, kunduz kuni jin bo‘ladimi? Quduqning boshiga borsang, yo‘lovchidan ko‘pi yo‘q. Barchasi otini sug‘orish uchun chelak so‘raydi. Ularning otlari suvga qonguncha sovqotib turishga majbursan.
Umrining ko‘pi ketib, ozi qolgan keksa ayol u dunyoni eslab, qiziga deydi:
— Qizim, ayb bo‘ladi. Bunday dema. Yo‘lovchiga suv bermoq – savob.
Tursunoy eshikka tomon yo‘naldi. Lekin birdan hurkkan jayron singari to‘xtadi.
— Ona, menga boshqa ishingiz bo‘lmasa, yangamning yoniga boraman.
— Boraqol, qizim.
Tursunoy o‘rtancha akasining xotini Oqqiz bilan sirdosh dugona edi. Ular o‘rtalaridagi hech narsani yashirishmas edilar. Ikkalasi ham deyarli tengdosh edi. Tursunoy kelganida yangasi kashta tikib o‘tirgandi. U darrov ishini bir chekkaga qo‘ydi-da, o‘rnidan turib qayinsinglisini qarshi oldi. Oqqiz turmushga chiqqandan keyin yanada ochilib, go‘zallasha boshlagan yosh kelin edi. Tursunoy oldinlari kelganida yangasining qaddi-qomatiga havas bilan qarab, uni maqtar edi. Lekin bu safar uning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmadi. U ichkariga kira solib, shahlo ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kib, Oqqizni quchoqlab oldi. Oqqiz qo‘rqib ketdi. Qizni bag‘riga bosib, uning boshini siladi.
— Voy, jonim, nima bo‘ldi senga! Seni kim xafa qildi?
Tursunoy bir muddat gapirishga holi kelmadi. Chuqur xo‘rsinar ekan, dardi bir oz pasaygandan keyin, shunday dedi:
— U qishlog‘iga o‘tib ketdi.
Oqqiz ikki qo‘li bilan Tursunoyning yanoqlarini ushlab, uni o‘ziga qaratib dedi:
— Kim o‘tib ketdi? Qanaqa qishloqqa ketdi? Men hech narsaga tushunolmayapman.
Tursunoy uyqudan turganday bo‘lib, ko‘zlarini katta ochdi. Hovliqib ketdi. Birdaniga qizargan yuzi oldingi ko‘rinishga qaytdi.
— Voy, yangajon, men sizga hech nima demadimmi?..
Oqqizning esa nima voqea bo‘lganini bilgisi kelardi.
— Yo‘q, jonim, darrov ayt. Mening yuragim yorilay deyapti. Senga nima bo‘ldi? Balki mening yordamim kerakdir?
Tursunoy barmog‘ini tishlab, bir necha soniya jimgina yerga qarab turdi. Barcha bo‘lib o‘tgan voqealarni boshidan oxirigacha ko‘z oldiga keltirdi-da, tovusday tovlanib, yangasi bilan gilam ustiga o‘tirdi. Yana bir muddat jim qoldi. Shundan keyin sovuqqonlik bilan hammasini yangasiga gapirib berdi. Oqqizning ustiga sovuq suv quyilganday bo‘ldi.
— E, voy! Baxtim qaytdi, mening! Hoy, shunaqasi ham bo‘ladimi? Ota-onang, akalaring bunga aslo rozi bo‘lishmaydi. Ular bilsalar janjalning kattasi ko‘tariladi. Buning tagidan qonning isi kelyapti, jonim!
Tursunoy chiroyli mushtlarini tosh singari tugib, g‘azab bilan qoshlarini kerib, dedi:
— Menga ularning roziligi ham, janjallari ham kerak emas. Menga Bola baxshi kerak. Siz menga qanday yordam berishingiz mumkin? Hech bo‘lmasa mening fikrimni Bola baxshiga yetkaza olishga va’da berolasizmi? Yangajon, mening sizdan boshqa jonimni ishongan odamim yo‘q. Shuni yaxshilab bilib oling. Yonib turgan yuragimni o‘z qo‘lingiz bilan ezmang.
Oqqiz Tursunoy uchun shu paytda qo‘lidan kelsa kuchini ham, jonini ham ayamas edi. Uning ishini bitirib berolsa, quruqlikning tamom bo‘lgan yerigacha hatto piyoda borishgacha rozi edi. Ammo…
— Men sening ahvolingga tushunaman, jonim. Senday boshiga ish tushgan qizlar hayotda bo‘lgan. Biroq sen kimning, qanday odamning qizi ekanligingni unutma. Akalaringning kimligini esingdan chiqarma. Uni ham, seni ham ular domlariga tortarlar. Qadim zamonlarda ham oshiq-ma’shuqlarga yengilroq jazolar berilganligini bilasan. Esingdami, Tohirni sandiqqa solib, daryoga tashlashgan. Hozir o‘zing ko‘ryapsan, bunday ishlarga bosh og‘ritib o‘tirishmaydi. Borishadi-da, paq etib otib, orqalariga qayta qolishadi. Sen ana shularni esingdan chiqarma. Undan tashqari erta-indin to‘ying bo‘ladigan. Hozir sening bu kayfiyatingni bilsalar, seni ham, uni ham darhol yo‘qotishadi. Yaxshisi, sen boradigan eringga turmushga chiqqin-da, Bola baxshini ko‘nglingga tumor qilib osib ol. Shunday qilib yurganlar ham oz emas, dunyoda, — deb Oqqiz pastki lablarini tishlab, chekkaga qaradi. Bir narsalar yodiga tushib, uning bejirim ko‘zlari yoshga to‘ldi.
— Yangajon, ko‘ryapman, sizning menga ko‘magingiz yetmaydiganga o‘xshaydi.
Oqqiz keskin javob berdi:
— Yo‘q, azizam, bu fikringni boshingdan butunlay chiqar. Peshonangga yozilganiga rozi bo‘l. Men sening tanangga tig‘ tegishini xohlamayman.
Tursunoy umidlarining yarmi uzildi. Boltasining tig‘i toshga tegdi. Boshini quyi solib, yangasining yonidan chiqar ekan, o‘ylay boshladi. «Aytganlarining hammasi to‘g‘ri. Barchasi oydin. Boshqa yo‘l topish kerak. Boshqa yo‘lni izlashim lozim. Umidni qo‘ldan bermasligim darkor. Men boshqa yo‘lni, albatta, topaman.»
Tuni bilan qizning ko‘ziga uyqu kelmadi. «Eh, uni bugun ko‘rmagan bo‘lsam, shunchalik yonmas edim. Dardim hozirgisidan yengilroq bo‘lardi. Endi men nima qilishim kerak? Qayerga borishim, kimdan yordam olishim mumkin? Eng zo‘r tirgagim yangam edi. U bechora ham o‘z ahvolini aytdi. Uning deganlari to‘g‘ri. Boshqa yo‘l bo‘lmasa, hozirgi yo‘l bilan maqsadimga yetishim qiyin…»
Yonboshida yotgan semiz onasi atrofni larzaga solib xurrak otardi. Ba’zan dardiga chiday olmay ingranib qo‘yardi. Uni ko‘rib Tursunoyning jahli chiqardi: «Hoy, shunday ahvolda ham xurrak tortib uxlaydimi, kishi? Hoy, shu ahvolda ham ko‘zga uyqu kelar ekan-a?» Yosh, jo‘sh urib turgan ko‘ngilning hammani o‘z holatida bo‘lishi kerak, deb o‘ylashi tushunarli edi.
Qiz kechani uyqusiz o‘tkazdi. Erta bilan turdi-da, chelagini ko‘tarib, yana qamishzor etagidagi quduqqa tomon ketdi. Tunda qor yog‘magan edi. Shu sababli Bola baxshining quduq atrofidagi yurgan izlari aniq, oq qog‘ozga chizilgan suratday ko‘rinib turardi. Qiz oldin u izlarni sanab chiqdi. Bola baxshining otga minayotganda o‘ng oyog‘ining uchigacha bosilib qolgan izlari ham yaqqol ko‘rinib turardi. Shahloning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Badanlari qandaydir, yoqimli titrab ketdi. Shundan so‘ng qo‘rqinchli xo‘rlik bahaybat to‘qmoqday zalvori bilan qizning ustidan bosdi. U Bola baxshi ketgan tomonga, uning qishlog‘i tarafga yuzini o‘girdi. Qizning ahvoli shundan keyin yana ham og‘irlashdi. Birdaniga chelagini quduqning boshiga aylantirib urib, kunbotarga qarab qochib ketgisi keldi. Keyin yerga qo‘ngan lochinday pastga egilib, baxshining bosgan izlarining biriga to‘rt barmog‘ini tekkizib, birpas turdi, so‘ng to‘rt barmog‘ini peshonasiga surtdi. Barmoq uchlaridagi sovuqlik uni sal o‘ziga keltirdi. Shu payt yonboshidan oyoq tovushi eshitildi, qorning g‘arch-g‘urch bosilganini tuydi. Bola baxshi paydo bo‘ldimikin, degan umid bilan uyqusizlikdan qizargan ko‘zlarini tovush kelgan tomonga tikdi. Ustiga engashgan holda qo‘lida chelak ushlab turgan Oqqizni ko‘rdi. Tursunoy go‘yo yerning millionlarcha sirlaridan birini ochgan kabi tiniq va xotirjam ovozi bilan Oqqizga dedi:
— Mana, yangajon, uning bosgan izlari. Ha, kecha uning o‘zi shu yerda edi. Bugun uning faqat izi bor. Bu dardga men qanday chiday, yangajon, qanday chiday?
Oqqizning ilk bor dami ichiga tushdi. Hovliqqani uchun zo‘rg‘a o‘ziga keldi. Qizning qor ustidagi holatini ko‘rib, Oqqiz qayinsinglisini aqlidan ozdimikin, deb taxmin qildi. Oqqizni nihoyatda qo‘rqitgan holat uning yuqoridagi so‘zlarni aytgandagi ovozi edi. Sababi bu tovush Tursunoyning o‘sha holatdagi tovushiga mutlaqo o‘xshamasdi. Bu tovush Oqqizning fikriga ko‘ra, ohu fig‘oni va nochor ohangda bo‘lishi kerak edi. Aksincha, tovush nihoyatda tiniq va ishonchli ohangda jaranglagan edi.
— Jonim, bu qanaqa o‘tirish? — deb Oqqiz uning bilagidan ushlab, yuqori ko‘tardi.
— Men uning bosgan izlarini kuzatdim, — deb Tursunoy yana nazarini kunbotarga qaratdi. — Yangajon, men kechasi bilan o‘ylab chiqdim. Bu qiyin ahvoldan chiqadigan ilinj ko‘zladim. Lekin topgan narsam, olgan qal’am yo‘q. Ammo men yo‘lini topaman. Yangajon, yo‘lini topmasa bo‘lmaydi…
— Azizam, o‘ladigan tulki uyasiga qarab uvillar ekan. Hozirgi harakatlaring o‘shanga o‘xshaydi. Sen bu ketishingda ko‘ngilsiz bir baloning ustidan chiqadiganga o‘xshaysan… Men sening qo‘lingga tikan kirishiga ham rozi emasman, axir…
Oqqizning bu so‘zlari qanchalik to‘g‘riligini bilsa-da, qizga bu so‘zlar ma’qul bo‘lmadi.
— Yanga, bu yerda tulki, chiyabo‘ri degan so‘zlarning nima keragi bor? U so‘zlar sevgi so‘zining martabasini pastga tushiradi.
— Jonim, gunohimni o‘zing kechir. Mavridi keldi, deb aytdim-qo‘ydim-da. Baribir bu maqsadingdan voz kech, azizim. Uyni qonga bulg‘ama. O‘zingni xor etmagin.
Tursunoy shundan keyin yangasiga hech nima demadi. Bola baxshi bosgan izlarning biri yoniga bordi, pastga engashib, undan bir chimdim qor oldi va manglayiga surtdi. Uning ketgan yo‘nalishiga qarab chiroyli lablarini biroz qimtib, ichidan bir narsalar deb shivirladi. Keyin yuzini kunbotardan olmay:
— Bola baxshi, bilib qo‘y, o‘lsam yernikiman, tirik bo‘lsam faqat senikiman… – deb, chelagini suvga to‘ldirdi va uylari tomon jo‘nadi. Oqqiz ham uning iziga tushdi. Ikkalasi bir og‘iz so‘zlashmay, uyga kirib borishdi. Shu kundan boshlab, Tursunoy hech kim bilan gaplashmay qo‘ydi, hatto Oqqiz bilan ham gaplashishni to‘xtatdi. Qiz o‘sha damdan boshlab quduq boshida ichgan qasamini bajarishga kirishdi.
O‘n besh kun vaqt o‘tdi. Bu kunlar Tursunoy uchun o‘t bilan olovga qorishib o‘tdi. Ammo bu vaqt ichida hech qanday voqea sodir bo‘lmadi. Agar kunbotarning ko‘z ilg‘aydigan qismi oq qog‘oz, Tursunoyning nazari o‘q bo‘lgan bo‘lsa, unda ko‘z ilg‘aydigan qismda butun joy qolmagan edi.
O‘n oltinchi kuni oftob o‘z nurlarini socha-socha botishga yaqinlashib qolgandi. Shu payt kunbotardan oq eshak mingan, katta telpakli, yonboshi suvqovoqli bir qalandar ko‘rindi. Uning kelishi juda g‘alati edi. Yo‘lning ikki tomonidagi uylarning hech biriga qayrilmay to‘g‘ri Qudratilla boynikiga qarab kelardi. Uyning oldiga chiqib, o‘sha tomonga tikilib turgan Tursunoyning yuragi shig‘ etib ketdi. Bu qalandar go‘yo qiz tarafga kelayotganday tuyuldi. Qalandar ham kelib, uyning oldida eshagini to‘xtatdi.
— Yo, haq, balo daf! — deb eshagidan yerga tushdi. Qizning yuziga diqqat bilan tikildi.
YIGIT YuRAGINING BAYoNI
Qamishzor etagidagi quduq boshida Bola baxshining yuragiga sanchilgan o‘qning yarasi vaqt o‘tishi bilan bitib ketishi kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Yaraning dardi ortdi, ta’rifi kengaydi. Bola baxshini o‘tdan olib, suvga tashladi. «Odam nima uchun shunday yaratilgan ekan-a? Bir tomonga og‘ilsa yoki bir tomonga yiqilsa, uni darrov hal qilsa bo‘ladi. Aks holda bu yerda o‘ziga xos hech nima bo‘lgani ham yo‘q. U menga mehr bilan qaradi. Men ham shunday qildim. Bu narsa «Assalomu alaykum, vaalaykum assalom» deyilganday, birpasdan keyin esdan chiqib ketishi kerak edi. Lekin u qarashlar ko‘z o‘ngimdan hanuz ketmayapti?».
Yo‘rg‘a otning ustidagi pahlavon kelbatli g‘ijjakchi ko‘p yillardan buyon birga ishlashib yurgan yosh do‘stining ahvolini sezib kelardi. Shu quduqning boshiga yetgunlariga qadar Bola baxshi butun yo‘l davomida o‘ynab-kulib, hazil-huzul so‘zlarini aytib kelayotgan edi. O‘zi ham kulardi, Oshiq Oydin pir kabi salobatli g‘ijjakchini-da, kuldirardi. Lekin otlar sug‘orilib, yo‘lga tushganlaridan boshlab Bola baxshining tili tutildi. U quduqning boshidan ko‘zg‘alishi bilan g‘ijjakchidan o‘zining savollariga javob olgach, og‘ziga mum tishlaganday jim qoldi. Ko‘pni ko‘rgan g‘ijjakchi Bola baxshini bu yo‘ldan qaytarishni yuragiga tugib, taqdirga tan berganicha yo‘lida davom etib kelardi.
Ular yo‘l yurib, yo‘l yursa-da, mo‘l yurib, qishloqlariga yetdilar. Bola baxshi yo‘lning bo‘lingan joyida otining boshini tortdi. G‘ijjakchi o‘zi bilan tenglashgach, unga dedi:
— Baxshi og‘a, uyga boraylik. Non yeb, choy ichib, so‘ng qaytarsiz. Yo‘lda ancha charchadik ham.
G‘ijjakchi uning yuziga diqqat bilan tikildi-da:
— O‘g‘lim, ko‘p rahmat. Sog‘ bo‘l. Non-choyni hali ko‘p baham ko‘ramiz. O‘zing bilasan, uydan ketganimizga ikki haftadan ortiq vaqt o‘tdi. Men ham uydan xabar olay. Lekin, bolam, mendan ruxsatsiz qadam bosma! — dedi.
— Tushundim, yoshulli. Maslahatlashamiz…
O‘t-em yeb yurgan uyiga yaqinlashgan ot baland ovozda kishnadi. Bu ovozga Bola baxshining onasi yugurib tashqariga chiqdi. Uzun bo‘yli, boshiga qizil gulli ro‘mol o‘ragan, ustida qizg‘ish ko‘ylak, istarasi issiq ayol otning jilovidan tutdi-da, uning bosh-ko‘zlarini siladi.
— O‘g‘lim, sog‘-omon keldingmi? Xudoga shukr, ko‘rinishing joyida. Yo‘lda qiynalmabsan. Xudoga ming bora shukr, o‘g‘lim. Lekin shahding pastroq ko‘rinyapti. Yoki birortasi ko‘nglingga tegdimi? Onangdan yashirma, bolam, nima bo‘lsa aytaver…
Bola baxshi otdan yengillik bilan sakrab tushdi-da, onasining yuziga tikilib dedi:
— Yo‘q, onajon, mening ko‘nglimga tegmadilar. Aksincha, mening ko‘nglimni ko‘tardilar. Biroq… O‘zingiz sog‘-omon o‘tiribsizmi?
— Shukr, bolam, xudoga behisob shukr. Avvalo xudo, qolaversa, sening soyangda onang xor bo‘layotgani yo‘q. Ha, rizqing katta. To‘rt tomondan tinmay kelib turishibdi. Men esa sening qaytishingni kutaman. Ular esa seni mendan olib ketishga kelishadi. Baxshining qismati shu ekan, bolam. Nima bo‘lsa ham so‘ngi xayrli bo‘lsin.
— Onajon, qayg‘u qilmang. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Uyda odam bormi?
— Odamdan ko‘pi yo‘q, bolam. Mehmonxonaga boraver. Men otingni qantarib bog‘layman. Tanasi sovigach, o‘zing egarini olarsan.
Mehmonxonani to‘ldirib o‘tirgan odamlar Bola baxshini yo‘qotib topganday kutib olishdi. Keksa-yu, yosh uni kichik demasdan barchalari o‘rinlaridan turishdi. Sog‘liq-omonlik so‘rashish, hol-ahvolni bilish yarim soatga yaqin vaqtni oldi. Shundan keyin ovqat tortildi. Uzoq o‘tirib suhbatlashib, xotirjamlik bilan ovqat yeyishdi. So‘ngra kelgan odamlar navbatma-navbat o‘z chaqiriqlarini ayta boshladilar. Bu takliflarning hech birini rad etish mumkin emas edi. Bola baxshi ularning barchasini qabul qildi. Birdan uning yuragiga pichoq sanchilganday bo‘lib, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. Baxshi o‘zi boradigan bu to‘ylarga Tursunoyning oyog‘i yetmasligiga qattiq achindi. «Hay, ziyoni yo‘q. Men bu to‘ylarni tez o‘tkazib qaytaman. Keyin butunlay uning iziga tushaman».
Mehmonlar Bola baxshiga minnatdorchilik bildirib, birin-ketin manzillariga jo‘nashdi. So‘ngra baxshi uyda o‘ziga bog‘liq bo‘lgan yumushlarni bajara boshladi. Oqshom choyini mehmonxonada onasi bilan birga o‘tirib ichishdi.
— O‘g‘lim, qachon, qayerga boradigan bo‘lding?
— Indinga erta bilan Axal tomonlarga ketishim kerak. Uzog‘i bilan o‘n besh kunlardan keyin qaytib kelaman. O‘zim ham juda charchaganman.
— Voy, o‘g‘lim, yurtning dardiga yarab turganingga shukur qilgin.
— Unga ming bora shukur, onajon.
Onasi o‘g‘lining yuziga qarab, bir muddat o‘tirgach, botinib so‘radi:
— O‘g‘lim, kelganingda shahding pastroq edi. Onaning yuragi hamma narsani sezadi. Sen yo‘lda nimalarga duch kelding, bolam?
Bola baxshi biroz yerga qarab o‘tirdi. Nimalarnidir eslaganday bo‘lib, o‘yga toldi. Keyin asta boshini ko‘tardi.
— Aytaqol, bolam, aytaqol. Asl farzand onasidan sir tutmaydi.
— Aytsam, shunday gap, onajon. Mening boshimga ishq savdosi tushganga o‘xshaydi.
— Tilingdan aylanay, o‘g‘lim, — deb onasi ro‘molini qo‘liga oldi va sevinch ko‘z yoshlarini artdi. — Meni shu kunlarga yetkazgan xudoyimga ming bor shukurlar bo‘lsin. Dadang bechora bu so‘zingni eshitib bilmadi. Zarari yo‘q, farishtalar allaqachon bu xabarni unga yetkazgandirlar. Qani, bolam, ayt-chi, kimni yuragingga tugding. Harna oyog‘i izli-qutli bo‘lsin…
Bola baxshi Tursunoy borasida, uning boshqalarga o‘xshamagan go‘zalligi to‘g‘risida to‘lib-toshib gapirib berdi. Onasi o‘g‘lining so‘zlarini yuzlarini o‘zgartmay, quvonchli jilmayib tingladi. Lekin Tursunoyning nomi ilk bor tilga olinishi bilan bu sevgining oxiri voyligini, o‘g‘lini esa bu ishq savdosidan qaytarishning o‘ziga nihoyatda og‘ir tushishiga onaizor tushunib, unga nima desam ekan, deb aytadigan so‘zini o‘ylay boshladi. Bola baxshi so‘zini tamomladi. Umid bilan onasining yuziga boqdi.
Ana shunday masalalarda onaning o‘z bolasi ko‘nglini o‘ksitmaslikka harakat qilishini hamma biladi. Bola baxshining onasi ham hozir bolasini ranjitmaslikning ilojini topsa, o‘zini baxtiyor deb hisoblagan bo‘lardi. Ammo u qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘z istaganiga qarshi borishga majbur bo‘ldi.
— Bolam, aytganlaringni jonim bilan tingladim. Shu vaqtgacha uylanish haqida ro‘yxush bermasdan kelding. Bugun esa ko‘nglingni ochib o‘tirishing meni juda quvontirdi. Ammo menga aytish qanchalik qiyin bo‘lmasin, senga bir narsani aytmasam bo‘lmaydi. O‘g‘lim, bu ishq savdongning oxiri bo‘lmaydi.
— Nega, onajon? Nima sababdan oxiri bo‘lmaydi?
— Mening yurak-bag‘rimni poralama, o‘g‘lim. Qudratilla boy odam. Biz bo‘lsak g‘arib va yetimmiz. U qizini bizga bergandan ko‘ra yerga tiqishni ma’qul biladi.
Bola baxshining xo‘rligi kelib, tomog‘i to‘ldi. Birdaniga baxshini yetimlikning, g‘ariblik va tengsizlikning achchiq haqiqati changaliga oldi. Biroq ozgina yutinib o‘tirgandan so‘ng, dadil-dadil gapira boshladi:
— Ona, boylik bilan kambag‘allikdan tashqari, odamiylik, yurak amri degan narsalar ham bor, axir! Turmush, hayot degan tushunchalarning ma’nosi faqat kimning necha ming qo‘yi borligi bilan belgilanmasa kerak. Tovushim va qo‘limga ko‘z tegmasa, Tursunoyni och-nahor qo‘ymasman. Eski ko‘ylak kiydirmayman. Nega shularni Qudratilla boyga tushuntirib bo‘lmaydi. Kerak vaqti u meni uyi oldida uch kecha-kunduz ashula ayttirdi. Nima, endi Tursunoy bizga kerak bo‘lganida, nahotki u bunga qarshilik qilsa?! Odamlar bir-birlari bilan suyanishib yashashsa, qaytanga yaxshi bo‘lmaydimi?
O‘g‘lining haqiqat bilan yo‘g‘rilgan bu so‘zlari onaizorning bag‘ridan o‘q bo‘lib o‘tardi. Chunki yosh yurakning hayot to‘g‘risida o‘z ishonchi, o‘z tushunchasi bor edi. To‘g‘risi, shunday bo‘lishi ham kerak edi. Lekin turmush, hayot bu tushunchalarga osonlik bilan yo‘l bermas. Onaizorni azobga qo‘ygan narsa ham shu edi. «O‘g‘lim hali bola. Hanuz turmushdagi ko‘p achchiq-chuchuklarning ma’nosiga tushunavermaydi. Unga qarasang, barcha narsa o‘z-o‘zidan gullab ketaveradiganday…»
— O‘g‘lim, — deb chuqur xo‘rsinib gap boshladi ona, — Bolajonim, sening ko‘ngling uchun men qishloq oqsoqollarini jamlab, Qudratilla boyning huzuriga yuborib ko‘raman. Lekin oldindan aytib qo‘yay, bu ishimizdan biror narsa chiqishiga ko‘zim yetmaydi. Boy oqsoqollarimizni behurmat qilib, ularni itlariga talatib quvar. Men ularni kaftimda ko‘rganday ko‘rib turibman.
— Onajon, bunday niyat bilan odam yuborish nimaga kerak?
— Men bo‘ladigan gapni aytdim. Niyatimning qandayligini xudo biladi, sen ham bilasan.
— Oqsoqollarni qachon yubormoqchisiz?
— Sen va’da bergan joylaringdan qaytib kel. Men shunga qadar odamlarning boshini jamlayman. Ular ham osonlik bilan rozi bo‘lishmaydi. Nima bo‘lsa-da, men ularni sen kelgunga qadar rozi qilishga harakat qilaman.
Onasining ishonchsizligi baxshining shahdini qaytargan bo‘lsa-da, yoshullilarning boshini bir joyga biriktirmoqchi bo‘lgani ruhini ko‘tardi. Oldidagi qorong‘i kecha nurga to‘lganday bo‘ldi.
Yana bir kun uylarida bo‘lishib, ikkinchi kun tong saharda Bola baxshi sherigi bilan el xizmatiga otlanishdi. Keksa g‘ijjakchi bilan u ko‘p qishloqlarda bo‘lib, bir qancha katta to‘ylarni o‘tkazishdi. Ming-minglab pul to‘plab, ko‘pdan-ko‘p «sog‘ bo‘l»larni eshitib, o‘n to‘rt kun deganda qishloqlariga qaytib kelishdi.
Qishloq yoshullilari nomozjuma kuni to‘planishib, Qudratilla boynikiga borishga qaror qilishdi. Juma kunigacha yana uch kun bor edi.
Bola baxshi goh uyga kirar, goh tashqariga chiqardi. O‘tirishga qarori yetmasdi. Go‘yo ichini it talaganga o‘xshardi. U uzoq qishloqlarda bo‘lgan ikki haftasini faqat Tursunoyni o‘ylab o‘tkazgan edi. Keksa g‘ijjakchi Bola baxshining bu galgi ashula aytishlarini ko‘rib hayron qoldi. U ustozi Xidir baxshini emas, balki eng usta va manaman degan baxshilardan ham ashula aytishda o‘zgan edi. «Bu dardni» nomli qo‘shiqni kuylaganda, «Buning darajasiga yetadigan baxshi bo‘lmas-ov» deb, keksa g‘ijjakchi ham boshini chayqaganini bilmay qoldi.
U sevgi ta’sirida ochilgan gulday bo‘lib yurar ekan, kunning botishiga yaqin uy to‘riga o‘tib, oldiga bir choynak choy oldi. Choyni ichib bo‘lar-bo‘lmas, shoshilib tashqariga chiqdi-da, janub tomondagi kanalga tomon tez-tez yurib ketdi. Ko‘prikning ustiga chiqib, yashirincha ish qilayotgan odamday to‘rt tomoniga qarab oldi. Keyin kichkina kulbaning oldiga bordi. Qo‘lbola supaning ustida turgan belqovoqni ko‘rib, sovg‘a olgan boladay quvonib ketdi. Ichkaridan uzun oq soqolli, katta telpakli, baquvvat qalandar chiqdi. U Bola baxshini yo‘qotib topganday xursand bo‘lib qarshi oldi. Sog‘-omonlik so‘rashganlaridan so‘ng supaning ustiga o‘tirishdi.
Qalandarning ovozi tegirmon tovushi singari yo‘g‘on edi.
— O‘g‘lim, choy qaynataman. Hozir senga alohida xizmat etolmayman. Yangang tug‘ishganlarinikiga ketgan…
— Ko‘p yashang, qalandar og‘a! Hozir menga choy ham, non ham kerak emas. Menga faqat sizning o‘zingiz kerak edingiz. Yaxshi ham uyda ekansiz. Mening hol-ahvolimni so‘rang.
— Hol-ahvolingni, albatta, so‘raymiz, o‘g‘lim. Shoshiladigan joyimiz yo‘q. Qalay, borgan joylaringdan sog‘-omon qaytib keldingmi?
— Xudoga shukur, qalandar og‘a. Borgan joylarimizda obodonchilik ekan.
— Shunday bo‘lgani yaxshi, bolam. El-yurtda obodonchilik bo‘lsa, unga yana nima kerak? Lekin hozir seni boshqa bir narsa bezovta qilayotganga o‘xshaydi. Juda bezovtasan. Dilingda nima bo‘lsa, aytaver, o‘g‘lim. Eshitay, qo‘limdan kelsa, senga yordam beraman.
Bola baxshi butun diqqat-e’tiborini bir joyga jamladi.
— Yoshulli, men sizni xudoning yerdagi sevgan bandasi, aziz avliyosifat odam hisoblab yoningizga keldim. Siz menga yordam bermasangiz, boshqa ko‘maklashadigan odam yo‘q, — deb Bola baxshi boshidan o‘tkazganlarini hayajonlana-hayajonlana bir boshidan aytib berdi. Qalandar og‘iz ochmasdan, uning so‘zlarini jimgina tingladi. Baxshi so‘zini tamomlagandan keyin ham bir necha daqiqa yerga qarab o‘tirdi. Baxshining yuragida bir g‘ulg‘ula paydo bo‘ldi. U qalandarning ko‘ngliga tegdim, uni xafa qildim, deb o‘ylay boshladi. Shu sababli yolvorgansimon quyidagi so‘zlar bilan fikrini yakunladi:
— Qalandar og‘a, men balki sarobga tushib, yo‘q narsa bilan quvlashib yurgandirman. Balki Tursunoyning noz-karashmalari, menga boqishlari bo‘yi yetgan ayrim qizlarning qilayotgan navbatdagi o‘yinlaridan biri bo‘lishi mumkin. Men ana shu noma’lum ahvolni bilishim kerak. Ana shu yumushni ko‘nglingizga olmasangiz, sizdan boshqa odam bajara olmaydi. Mening aytadigan gap-so‘zim ana shu. Qolgan ish sizga bog‘liq.
Qalandar har bir so‘zni yo‘g‘on bo‘g‘zidan siqib chiqarganday, xirillab javob berdi:
— Bo‘ladi, o‘g‘lim, bo‘ladi. Indinga men senga u qizning javobini olib kelaman.
Bola baxshi qalandarni bag‘riga bosdi. Keyin belqovoqning ichiga bir hovuch kumush tanga tashladi.
QALANDAR BILAN YuZMA-YuZ
Quyosh botayotgan bir paytda Qudratilla boyning uyi oldiga kelib, eshakdan tushgan qalandarni Tursunoy iziga ergashtirib, beva-bechoralar uchun mo‘ljallangan mehmonxonaga olib bordi. So‘ngra onasining yoniga yugurdi:
— Ona, bir qalandar keldi. Unga qanday xizmat qilish kerak?
Uyning to‘rida uzoq xastalikdan shishib ketgan onasi yotgan joyida ingrana-ingrana bir ozdan so‘ng javob berdi:
— Qalandar xudoning aziz odami bo‘ladi. Balki uning duo-tumorlari mening dardimni yengillatar. Unga non-choy ber. Tunab qolmoqchi bo‘lsa, joy solib ber. Yotishdan oldin quyuq-suyuq ovqat beringlar. Ularga ma’qul bo‘lsang, armoning qolmaydi, bolam.
Tursunoy choy damlab, dasturxon olib kirganda qalandar yerga qarab, o‘yga cho‘mib o‘tirgandi. U qizning yuziga diqqat bilan tikildi-da:
— Qizim, uyingizda erkak odam ko‘rinmayapti. Boy ota biror joyga ketdilarmi? — deb so‘radi.
Qiz qalandardan ko‘rqmadi, uyalmadi. U uyda shunday tarbiyalangan va o‘rgatilgan edi.
— Otam akalarim bilan Xiva bozoriga qo‘y olib ketishdi. Ular ikki kundan keyin kelishadi.
— Sen Qudratilla boyning kichik qizi Tursunoymisan?
— Shunday, Qalandar og‘a.
— Hozir tashqarida bizning so‘zimizni eshitib turgan bormi?
Qizning yuragi tez-tez ura boshladi. Uning butun vujudida til bilan tasvirlab bo‘lmaydigan g‘alati holat yuzaga keldi. Badani titradi, barmoqlarining uchiga tikon sanchilganday bo‘ldi. Qiz qalandarning kunbotardan to‘g‘ri o‘zlarining uylariga kelishida qandaydir bir hayron qoladigan alomat bor-ov, deb fikr qilgan edi. Uning ko‘z o‘ngida darrov Bola baxshi namoyon bo‘ldi. Lekin el ichida yurgan bu qalandar bilan Bola baxshi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bo‘lishiga uning aqli yetmasdi. Baribir qiz qalandarning xavotirlanib turishidan unda qandaydir sir borligini sezdi. Tezlik bilan tevarak-atrofiga qaradi.
— Yo‘q, Qalandar og‘a. Eshitib turgan odam yo‘q. «Siringni tezroq ayta qolsang-chi», — degan ma’noda qalandarning yuziga umid bilan qaradi.
Qalandar qo‘zg‘alib qo‘ydi. Nigohini tizzasining pastiga qaratdi.
— Qizim, unda yaxshilab quloq sol. Men xudoning bir bandasi-ning yumushi bilan sening oldingga keldim.
— Ha, ha, qalandar og‘a, — deb Tursunoy oldinga surildi. — Aytavering, so‘zingizni…
— Aytadigan bo‘lsam, bunday. Bu narsa turmushda bo‘ladigan urf-odat. Shu sababli mening aytganlarimni uyalmasdan, puxta eshit. Qishlog‘imizda Bola baxshi degan bir yigit bor. Ana shu yigit meni sening yoningga yubordi. U sening ishqingda yonib, majnun bo‘lib yuribdi. «Bir necha kun oldin Qudratilla boyning qamishli qudug‘ining boshida bir parizod ko‘rdim. Shundan beri tinchimni yo‘qotdim. Kechalari uxlay olmayman, kunduz kunlari odamday o‘tira olmayman», deydi. «U qiz butunlay mening aqlu hushimni oldi», deydi. U yuragidagilarni yashirmay aytdi. «U parivash menga kulib boqdi. O‘zining noz-karashmalari bilan yuragimni poraladi», deydi. Meni sening oldingga yuborishining sababi shundan. U sening o‘sha jilmayishlaringning chin yoki hazilligini bilishni istaydi. Ko‘nglingning kimdaligini bilmoqchi. U bechora ishqingda devona bo‘lib yuribdi.
Agar o‘tirgan uylarining shiftida tandirning og‘zicha yangi oftob paydo bo‘lsa-da, qiz bunchalik quvonmasdi. Eng oldin Tursunoy qalandar ustiga o‘zini otib, uni quchoqlagisi, go‘shtdor betlaridan o‘pib olgisi keldi. Keyin katta telpagini olib, ko‘rpacha ustiga qo‘ygisi, oppoq sochlarini nozik barmoqlari bilan silagisi keldi. Qizning tili hech nima demasa-da, uning ko‘zlari, qarashlari uning yuragidagini yuzaga chiqarib turardi. Ammo uning qizlik sharm-hayosidan chiqishi aslo mumkin emasdi. Bunga Tursunoyning aqli, fahm-farosati yetardi.
Qizning ovozi ishonchli va qat’iy chiqdi:
— Qalandar og‘a, uni yuragimga ishonmasligining sababi nima ekan?
— Qiz yuragini bilish, ayniqsa, bir ko‘rganda bilish juda-juda mushkul, bolam. Bola baxshi shu yo‘l bilan ish ko‘rib juda to‘g‘ri qilyapti. Sen bundan xafa bo‘lma.
— Yo‘q, Qalandar og‘a, men undan xafa emasman. Biroq uning mening ahvolimdan bexabarligi qiynaydi meni. Siz, u sening ishqingda devona bo‘lib yuribdi, dedingiz. Men ham uning holatidaman. Eng yomoni dardimni tushunadigan, unga darmonu malham bo‘ladigan yaqinim yo‘q. Baxshi yoningizga borib, ichidagini sizga bayon qilgan bo‘lsa, mening bunday odamim yo‘q. Jonimni ishongan yolg‘iz bir yangam bor. U bechoraning ham qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Qani, endi o‘ylab ko‘ring-chi, kimning ahvoli qiyin ekan?
Qalandar bu qizning dilovarligiga, aqlli fikr yuritishiga qoyil qoldi. U hech mahal qiz bola bilan o‘tirib, bu tarzda suhbat qurmagan edi. Hozir uning uchun yangi bir dunyo ochilgandi.
— Unday bo‘lsa, qizim, men unga Tursunoyning yuragi faqat senda, uning yuragida boshqa odam uchun bir barmoqcha ham joy yo‘q ekan, deb aytaverayinmi?
— Shunday desangiz ham bo‘ladi. Ammo men uchun u aytganlaringiz kam, qalandar og‘a. Siz unga Tursunoy faqat sening noming va xayoling bilan yashayapti. Sensiz unga bir dam ham kerak emas, deng. Tirik bo‘lsam uniki, o‘lsam qora yernikiman deb aytdi, deng unga.
Tursunoy qalandarni butunlay, lol qoldirdi.
— Endi, bu ishlarning so‘ngi nima bo‘ladi? Bu to‘g‘rida ham qandaydir fikring bo‘lsa kerak? Balki, o‘zing biror yo‘lini topgandirsan?
— Qalandar og‘a, mening bu haqda o‘ylashimga vaqtim yo‘q. Men faqat uning to‘g‘risida o‘ylayman. O‘zi nima istasa, qanday yo‘l topsa, shuni qilaversin. Men barchasiga roziman. O‘l desa o‘laman. Arava yuborib, o‘ligimni olib ketaversin. Yasha desa, yashayman. Qochaylik desa, unga ham tayyorman. Uning biror mayliga qarshi emasligimni yetkazing.
Qalandar ichidan «ofarin» deb, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Endi, qizim, men turay.
— Siz bugun mehmon bo‘lib qolasiz, — deb Tursunoy e’tiroz bildirdi. — Avvalo o‘zingiz uchun ham qorong‘i kechada yiqilib, turtinib-surtinib yurish yaxshi emas. Keyin shunday xabar bilan kelganingiz uchun ham, sizni mehmon qilmasdan yubormayman.
Qiz shu so‘zlarni aytgandan keyin yelib-yugurib xizmat qila boshladi. Ketma-ket issiq choy olib keldi. Turli shirin taomlar tortdi. Xiva tuprog‘ida pishgan eng sara guruchlardan palov pishirdi. Yotishdan oldin qalandarga jundan yangi to‘qilgan to‘n sovg‘a qildi.
— Qalandar og‘a, siz erta bilan yo‘lga tushasiz. Mendan unga ko‘p salom ayting. Ko‘zim doimo uning yo‘lida ekanligini baxshiga tushuntiring. Endi esa menga oq fotiha bering. Deydilarki, xudoning eng aziz odami duosi yaratgan egamning qulog‘iga tez yetar emish.
Qalandardan oq fotiha olib, qiz xayrlashib chiqib ketdi.
Uyning ichida bir o‘zi qolgan qalandar hali ham Tursunoyning dadil harakatlariga, dono so‘zlariga lol qolardi. U xotin-qizlarda bunday xatti-harakatlarning borligiga aslo ishonmasdi. Uning o‘ylashicha, ayol sotib olingan buyum singari uyga olib kelinardi. Keyin u buyurilgan yumushlarni bajarish bilan shug‘ullanishi kerak edi. Ayolning ham so‘zlashishga, o‘ylashga uquvi bor, degan fikr qalandarning miyasiga hech ham o‘rnashmas edi. Shuning uchun ham Tursunoyning qiyofasi ko‘z oldida juda balandlarga ko‘tarildi.
Qalandar ertalab tong yorishgach, yo‘lga tushdi. Quyosh chiqib, kun tikkaga kelganda Bola baxshining uyi oldida:
— Yo, haq, balo daf! — degan tovush eshitildi. Bu ovozni eshitgan baxshi dovdirab, oldidagi yeguliklarni sochib, yugurib tashqariga chiqdi.
Ular hurmat bilan salomlashdilar. Qalandar:
— O‘g‘lim, qani, mening yonboshimda yur-chi. Sen bilan bo‘ladigan gap-so‘zimiz ko‘p, — dedi.
Bola baxshi:
— Balki, uyda so‘zlasharmiz. Onamning ishlari ko‘p. Ikkalamiz xotirjam o‘tirib so‘zlashaylik, — deb iltimos qildi.
Qalandar rozi bo‘lmagandan keyin ikkalasi janub tomondagi soy ko‘prigi tarafga yurib, suhbatlasha boshladilar. Qalandar bo‘lgan voqealarni birma-bir so‘zlab berdi. Yigitning xursandligini hech bir narsa bilan qiyoslab bo‘lmasdi. U hozir yetti qavat osmonning tepasida olg‘ir burgut kabi qanot qoqardi…
Shu kunning ertasi Bola baxshi ertalabdan o‘z tengqurlarini uyiga chaqirdi. Qo‘y so‘yishdi. Issiq nonlar yopildi. Qozonlarda turli taomlar pishirildi. Peshinga yaqin yetti-sakkizta qishloq oqsoqoli viqor bilan savlat to‘kib, baxshining uyiga kirib kelishdi.
Ovqat boshidagi suhbat faqat sovchilik to‘g‘risida bo‘ldi.
— Qudratilla boy qizini baxshidan yaxshi odamga bermaydi. Shuning uchun u bizni noumid qilolmaydi.
— Hey, boy og‘ziga siqqanini aytsin. Baxshining kuchi yetmasa, ko‘plab ko‘maklasharmiz. Boyni rozi qilsak bo‘ldi-da.
— Baxshining otasi ham yurtdan narsasini ayamadi. Biz ham uning o‘g‘li uchun borimizni ayamaymiz.
— Hoy, odamlar, yaxshi niyat bilan boraylik. Balki, ishimiz shunday ham bitar.
— Ish bitishi kerak. Savdomiz baroridan kelsin. Bola baxshi orqali nomi tillarga doston bo‘lgan qishlog‘imizning bu farzandi hech bir yigitdan kam emas.
Maslahat uzoqqa cho‘zildi. Yoshullilarning barchasi umidni qo‘ldan bermay, o‘z fikrlarini aytishdi. Bola baxshining onasi ham qo‘lidan kelgan xizmatni ayamadi. Nihoyat, erta bilan yo‘lga tushishga qaror qilishib, hammalari uy-uylariga tarqalishdi.
Odamlar ketgandan so‘ng Bola baxshining yuragi siqilib, bezovtalana boshladi. U jimgina o‘tirib, bo‘lgan gap-so‘zlarning hammasini eshitdi. Yoshullilarning fikr-mulohazalari unga ma’qul bo‘ldi. Birdaniga u Qudratilla boy rozi bo‘lar, borgan bu keksalarning so‘zini qaytarolmas degan xulosaga ham keldi. Ammo sekin-asta noma’lum bir g‘am uning yuragini g‘ijimlay boshladi. «Agar boy rozi bo‘lmasa, borgan odamlarni iziga qaytarib yuborsa, unda nima qilish kerak? Qiz men nima desam shunga rozi ekan. Bu yaxshi narsa. Lekin bu ishni qanday qilib amalga oshirish kerak? Olib qochish kerakmi? Qayerga olib borish kerak? Men Qudratilla boyning qizini olib qochib keldim, desam, kim meni uyiga kiritadi? Yoki vatanni butunlay tark etib, uzoq yurtlarga ketsammikin? Unda mening orqamda qolganlarning taqdiri qanday bo‘ladi. Onamning sochidan sudrab, uni el-yurt ichida masxara qilishmaydimi? Yaxshisi, men yoshullilarning olib keladigan xabariga qaray-chi? Agar ular yaxshi xabar olib kelmasalar, unda oldin onamni Axalga ketayotgan karvonga qo‘shib yuboraman. Keyin Tursunoyni olib, uning orqasidan boraman…»
Bu, albatta, yoshlikning botirona o‘y-fikrlari edi. Onani notanish yerlarga qanday yuborish kerak? Kimnikiga bor deb jo‘natish kerak? Onasi u yerda kunini qanday ko‘radi? Agar olib qochish o‘ngidan kelmasa, so‘ngi nima bo‘ladi? Ham onasidan, ham qizdan ayrilib o‘tiraveradimi? Bola baxshi hozir bular to‘g‘risida o‘ylamasdi. Uning miyasida Tursunoydan boshqa uchun joy yo‘q edi. Ayniqsa, qalandarning keltirgan xabaridan so‘ng u nima olib, nima qo‘yganini ham bilmasdi.
Bola baxshi qosh qoraygandan keyin yo‘lga tushdi. Hamma uyquga ketgan payt boyning uyi tevaragiga borib, hovlini uzoqroqdan kuzata boshladi. Atrofi daraxtzor bo‘lgan katta hovli oy yorug‘ida uzoqdan kunduzgiday ko‘rinib turardi. Lekin uy oldida hech kim ko‘rinmasdi. Milt etgan chiroq nuri ko‘zga ilinmasdi. Bola baxshi ancha vaqt uy atrofini kuzatgach: «Voh, shu vaqt uni bir ko‘rsam edi, uning bilan ozgina so‘zlashib bilsam edi» deb, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, qishlog‘iga qaytdi.
SOVChILAR
Qudratilla boy o‘g‘illari bilan Xiva bozoridan qaytib keldi. Kelgan kunining ertasi hech qayerga bormadi. Bolalari ham o‘z uylarida bo‘lishdi. Boy peshin payti boshiga uchta, oyog‘iga ikkita yostiq qo‘yib, mehmonxonaning to‘rida chalqancha yotardi. Shu vaqt katta o‘g‘li kirib:
— Ota, besh-o‘nta otliq yoshulli biznikiga kelayapti. Ularga nima deb javob aytishim kerak?– dedi.
Boy tirsagiga suyandi-da:
— Otlimi, eshaklimi? — deb so‘radi otasi.
— Barchasi otli.
— Unday bo‘lsa, kelaversinlar, — deb boy yotgan joyidan turdi.
«Ey xudo, bular kimlar ekan-a? Nima uchun bunday to‘da bo‘lib kelayaptilar. Yoki da’vo-janjal chiqdimikin?» deb, Qudratilla boy o‘yga toldi. Sovchilikka kelishdimikin, degan o‘y uning kallasiga kelmasdi. U yana o‘ylay boshladi: «Odamlarning orasidagi urush-janjallar tugamaydi. Hammasi bir-birini yeyishga tayyor. Bularning boshqa joyga bormay, shu yerga kelib turganlariga ham shukur…»
Xivada savdosi pishib, ko‘ngli shod bo‘lib qaytgan Qudratilla boy kelganlarni ochiq chehra bilan kutib oldi. Darrov dasturxon yozildi, qaynoq ko‘k choylar keltirildi. Bola baxshining qishlog‘idan kelganlar boyning bu holatini ko‘rib bemalol o‘tirishdi. Boy bu kishilarni, bu kishilar ham boyni yaxshi tanishardi. Shu sababli choy boshida barchaga ma’lum bo‘lgan narsalar to‘g‘risida, yer-suv, yerdan hosil olish, bahorgi ekin ekishga tayyorgarlik haqida gaplashishdi. Bir vaqt ovqat olib kelishdi. Shirin taomlardan qorinlari to‘ygach, qo‘llarini yuvishdi, tishlari orasiga kirgan ovqat qoldiqlarini tozalashib o‘tirar ekanlar, kelgan yoshullilarning gapga chechanrog‘i o‘rtaga tushgan jimlikni buzdi:
— Qudratilla boy, kech kiryapti. Sen endi bizlarning xabarimizni olsang yaxshi bo‘lardi.
Boy ochiq chehra bilan javob berdi:
— Nimaga shoshilyapsizlar? Bugun yotib ketarsizlar. Hozir qish vaqti bo‘lsa, yotib qolgan shoshilinch ishlaringiz bo‘lmasa.
— Ko‘p rahmat, boy og‘a, — deb boyagi so‘zga chechan odam javob berdi. — Qilgan xizmatingizga rozi bo‘ling. Biz ham ertaroq bola-chaqaning oldiga boraylik.
Boy yana dedi:
— Men quruq manzirat qilayotganim yo‘q.
Bu so‘zga hammalari birday javob berdilar:
— Xudo yorlaqasin, boy. Quruq manzirat emasligini bilib o‘tiribmiz. Ko‘p sog‘ bo‘ling.
— Unda o‘zlaringiz xabarlaringizni aytaveringlar.
Gapga chechan oqsoqol so‘zni uzoqlardan boshlab, ancha yaxshi gaplarni aytdi. So‘ng u muloyimlik bilan asosiy masalani bayon qila boshladi:
— Boy og‘a, so‘zimizni muxtasar qilib aytsak, biz siz bilan qarindosh bo‘lish uchun keldik. O‘zingizga ma’lum, bizning Bola baxshimiz hunari bilan yurtga o‘zini tanitgan yigit. Bo‘y-bastda, obro‘da, o‘z ishiga ustalikda, xudoga shukur, uning oldiga tushadigan odam yo‘q. Odobi, ikromi undan yaxshi. Bizni sizning oldingizga yuborganda, boy og‘aga borib ayting, eshigida qul bo‘lish kerak bo‘lsa, men tayyorman. Uning obro‘sini doimo yurtga yoyish kerak bo‘lsa, unga ham tayyorman. Qalin masalasida bo‘lsa, ko‘nglidagini aytsin. Bir qadam orqaga chekinsam, otamning o‘g‘li emasman, deydi. O‘zingiz bilasiz, uning otasi ham yurt ichida taniqlik, obro‘li inson edi. Xullas, u faqirning umri qisqa ekan, yolg‘iz o‘g‘lining shu darajaga yetganini ko‘rib bilmadi… Ana, boy og‘a, bizning bor bo‘lgan yumushimiz shundan iborat. So‘zimizni tinglaganingiz, izzat-hurmat qilganingiz uchun mingdan-ming minnatdormiz.
Boy yerga qaraganicha, ovoz chiqarmay jimgina o‘tirardi. Uy ichiga suv sepilganday bo‘ldi.
Bu mahal Tursunoy orqa tarafdagi uylar o‘rtasida suruvidan adashgan kiyikday bo‘lib, aniq bir joyda o‘tirolmay, ish qilganday kuymanib yurardi. U kunbotar tomondan kelgan yoshullilarning nima maqsadda kelganliklarini darrov fahmladi. Uning butun vujudi quloqqa aylanib, odamlar o‘tirgan mehmonxonaga qaratildi. Qiz u tomondan kulgi yoki g‘azabli qichqiriq tovushi eshitilarmikin degan xavotirda edi. Lekin u kutgan narsalarning birortasi bo‘lmasligi qizni hayron qoldirdi. Ayniqsa, g‘azabli qichqiriqlarning eshitilmasligi uning yuragida umid uchqunlarini uyg‘otdi. Xivadan savdosi pishib, ko‘ngildagidek bo‘lib kelgan otasining birdan rozi bo‘lishi ham mumkin, degan o‘y uni ozgina xotirjam qildi. «Rozi bo‘lishsa juda yaxshi, bo‘lishmasa endi men orqaga qaytmayman. Bo‘ladigan ish bo‘lishi kerak!» deb quduq boshida qilgan qasamini esladi. Bu orada ikki tomonga qatnab, mehmonlarga xizmat qilib yurgan eng kichik akasi qizning yoniga kelib to‘xtadi.
— Nima qilib yuribsan?
— Ko‘rmayapsizmi, idish-tovoqlarni yuvyapman.
— Ularni nima qilasan?
— It hursa, og‘ziga qopqoq qilaman.
Tursunoy bilan kichik akasi o‘rtasidagi gap-so‘z doimo ana shunday mehrli hazil-huzul bilan, bir-biriga teskari javob berishlar bilan o‘tardi.
Akasi aftini bujmaytirib, tirjaydi:
— Anovilarning nima uchun kelganini bilasanmi?
Akasining bunday tirjayishi qizning a’zoyi-badanini titratib yubordi. U Bola baxshi odamlariga beriladigan javobning qanday bo‘lishini fahmladi. Shunday bo‘lsa-da, mardlik bilan o‘zini tutib, javob berdi:
— Mening kelgan-ketgan bilan ishim yo‘q!
Akasi o‘sha holatini o‘zgartmay, bepisand gapirdi:
— Bola baxshi degan bir sho‘rtumshuq bu qari-qartanglarni yig‘ib, uyalmasdan otamning huzuriga yuboribdi. Bilasanmi, nimaga? Qudachilikka… Ha, ha, ha…
Tursunoy kichik akasi bilan bir-biriga mehrli aka-singilligini yuqoriroqda eslatgandik. Hozir, shu paytda, qiz manman, boshqalarni nazar-pisand qilmaydigan olchoq akasining bo‘yniga og‘irroq bir narsa bilan urishdan o‘zini zo‘rg‘a tiydi. U tishlarini qattiq qisib, tovushini ham chiqarmadi. Ish qilayotgan kishi bo‘lib turdi. Akasi ish bilan o‘z yo‘liga ketdi. Qiz akasining orqasidan ko‘zini olaytirib qaradi. «Mayli, istaganlaringizni qiling. Yo‘lingizdan qolmang. Biz ham o‘z bilganimizdan qolmaymiz». Endi uning qo‘li ishdan butunlay sovidi. Ustini oppoq qor bosib yotgan keng maydon ham hozir uning ko‘ziga tor hujra bo‘lib ko‘rindi. Katta ola mushugi kelib, «miyov» dedi. Qizning qo‘liga suykaldi. Tursunoyning ko‘ziga yosh to‘ldi. «Mushukkinam, sovqotdingmi? Och qoldingmi?» deb, uning orqasini siladi… «Sen qolasan. Tez vaqt ichida bir o‘zing yakka qolasan. Meni ko‘rishga zor bo‘lasan. Sening holingdan kim xabar oladi? Kim seni mushukcham deb erkalaydi? Meni hech qachon yodingdan chiqarma. Meni doimo eslab turgin» deganda, ko‘zlaridan marjon-marjon ko‘z yoshlar beixtiyor yuzidan dumalab tusha boshladi.
…Boyning yerga qarab o‘tirishi uzoq davom etdi. Uyda o‘tirganlar bu jimjitlikni buzishga jur’at qilolmadilar. Qudratilla boy nihoyat, chala yo‘talib, tevarak-atrofga ko‘z yugurtirib chiqqach, keskin ohangda shunday dedi:
— Mening baxshi-paxshiga uzatadigan farzandim yo‘q. Agar bor yumushingiz shu bo‘lsa, unda qanday kelgan bo‘lsangiz, shunday qaytaveringlar. Baxshiga ikki narsani ayting: birinchidan, u qarindosh bo‘lmoqchi bo‘lgan odamini o‘zi tengi odamlar orasidan qidirsin. Ikkinchi aytmoqchi bo‘lgan so‘zim, men kelgusi oyning o‘rtalarida nabiramning soch to‘yini o‘tkazmoqchiman. Ana shu to‘yda u uch kun ashula aytib berishi kerak. Kelgusi oyda u hech qanaqa to‘yga bormasin. Yurt kezib, to‘y o‘tkazib topadigan daromadini o‘zim beraman. Mening so‘zim tamom, vassalom.
Butun bir katta qishloqning ishini to‘g‘ri yo‘lga solib yurgan yoshullilar yuzlariga urilganday bo‘lib, uydan chiqdilar. Otlariga minishdi. Ketib borishar ekan, ularning ishlari pishmaganligi uchun manglaylari egarning qoshiga tegay-tegay deb ketardi. Qishloqqa kelganlarida ular jonsiz odamga o‘xshab qolgandilar.
O‘shandan besh kun o‘tgach, Bola baxshi boshqa kunlarga nisbatan ertaroq uyg‘ondi. Kechasi bir tanishidan olib kelgan ko‘rimsiz cho‘ltoq otni shoshib-pishib egarladi. Uch qavat to‘n kiyib, uning ustidan esa eskiroq yupqa to‘n kiydi. Rangini bilib bo‘lmaydigan eski telpakni boshiga qo‘ndirdi-da, onasining yoniga bordi.
— Onajon, qalay, bo‘ladimi?
— Kam-ko‘sti yo‘q, bolam. Ehtiyot bo‘lgin.
— G‘am chekmang, onajon. Ammo meni so‘rab kelganlarga ishonchliroq bahona topib, xafa qilmasdan orqasiga qaytaring.
— Xo‘p, bolam, xo‘p.
Tursunoy bilan ilk bor uchrashgan vaqtni mo‘ljallab, Bola baxshi qamishli quduq taraf otini haydadi. U bugun Tursunoy bilan qamishli quduqning boshida uchrashishni, hech bo‘lmaganida u bilan bir-ikki og‘iz so‘zlashmoqni yuragiga tukkan edi. Uning barcha harakatlari, o‘zini tutishlari dadil edi.
U ayni vaqtda quduqning boshiga keldi. Nova bo‘sh edi. Quduqning chelagi ham ko‘rinmasdi. Bola baxshi ko‘zlarini Qudratilla boyning hovlisidan olmay, quduq atrofida aylana boshladi. Bu paytda tovuqlarga don berib yurgan qiz quduqqa tomon qaradi. Uning yuragi gursillab ura boshladi. Qiz bu otliqning kun botardan kelishini ko‘rgan zahoti suvga borishni niyat qilgandi. U hozir suvga bemalol borishi mumkin edi. Chunki uyda otasi va akalari yo‘q edi. Shuning uchun ham qiz qo‘lidagi bir hovuch jo‘xorini tovuqlari o‘rtasiga shoshib sepaladi-da, chelagini olib, quduqqa tomon tez-tez yurdi. Yo‘lning o‘rtasiga kelganda, u Bola baxshini tanidi. Qiz quduq boshiga kelganda, Bola baxshi uni shunday so‘zlar bilan qarshi oldi:
— Tursunoy, parilarning sultoni, ko‘zimning quvonchi. Hozir uzoq turishga vaqt yo‘q. Sen mening o‘yimda-fikrimda, butun turish-turmushimdasan. Yaxshilab quloq sol. Men sensiz yashay olmayman. Seni olib qochishga ham, sen bilan qo‘l ushlashib o‘lishga ham roziman.
U qizning o‘z yoniga qo‘ygan chelagini oldi-da, suv tortishni boshladi. Bu harakatlari bilan hech kimning diqqatini o‘ziga tortmay, otashin so‘zlarini davom ettirdi.
— Otang meni o‘ziga munosib ko‘rmadi. Buni bilasan. Menga ish buyuribdi. Men bu xizmatni astoydil, sen uchun joyiga yetkazib bajaraman. Mendan yaxshilik qolsin. Endi gap bunday: Onamni Axalga jo‘nataman. Otangning to‘yi tamom bo‘lgach, xudoning yaxshi bir kuni, tun yarimda bir joyda uchrashamiz. Shu joydan seni otimga mingashtirib, yurtdan qochib ketaman. Agar, Tursunoy, jonim, sen shunga rozi bo‘lsang, menga aniq so‘zingni ayt. Men sening shu so‘zing bilan nafas olay.
Tursunoy Bola baxshining so‘zlarini eshitmasdi. Eski-tuski kiyimning ichida kulga ko‘milgan gavharday bo‘lib turgan bu yigit uning bor es-hushini olgandi. Qiz bir kosa sharob ichganday mast edi. U simobday titrab turishicha, baxshining xushro‘y barmoqlaridan, farishtaday chiroyli yuzidan, kelishgan qaddi-qomatidan ko‘zini ololmasdi. Agar hozir undan oting kim deb so‘ralsa, Tursunoy unga to‘g‘ri javob berolmasdi. U hozir g‘aflat uyqusida yotgan parizodga o‘xshardi. Baxshining: «Men sening shu so‘zing bilan nafas olay», deyishi uni hushiga keltirdi.
— Baxshi, siz uchun o‘limga ham, yurtdan chiqib ketishga ham roziman. Men tufayli qo‘lingiz bog‘liq bo‘lmasin. Mening so‘zim so‘zdir, ey yigit! — dedi qiz.
— Tilingga qurbon bo‘lay, — deb baxshi chelakni suvga to‘ldirib, qizning oldiga qo‘ydi. So‘ngra uning ko‘zlariga, olma kabi qizarib turgan yonoqlariga, bilakdan yo‘g‘on soch o‘rimlariga, qayrilma qoshlariga shunday mehr bilan tikildiki, qiz bu qarashlarga dosh berolmay yerga qaradi.
Yigit bu fursatdan foydalanib:
— Oldingi safar chalaroq ko‘rgan ekanman. Sening yeru ko‘kda tenging yo‘q ekan. Xudoyim seni menga ko‘p ko‘rmasin! – U shu yerga kelganda bir to‘xtadi-da, keyin yana yutina-yutina so‘zini davom ettirdi. — Endi men ketay. Bunday ortiq turish xavfli.
Qiz sevinganidan gangib qolgan boshini zo‘rg‘a ko‘tarib, Bola baxshiga qaradi:
— Yana bir oz turing… Uyda hech kim yo‘q.
— Men sening oldingda itday yotishga ming marta roziman. Lekin hozir mumkin emas.
Bola baxshi armon bilan o‘kinar ekan:
Xitoyi barmoqli ul nozik qo‘ldan,
Tutsam o‘ldirarlar, tutmasam o‘lam…–
satrlarini qo‘shiq qilib aytdi. Uning ovozi asta chiqsa ham, lekin temirga urilgan kumushday toza, sof va tiniq edi. Bu satrlar qizning bag‘rini pora-pora qildi. Ko‘zlariga yosh keldi. Tursunoy ko‘zlarini artib, yana qarayman degunicha Bola baxshi otiga minib, qishlog‘i tomon ketdi.
Tursunoy ertasiga o‘rnidan turolmadi. Uning a’zoyi badani o‘t bilan olovday edi. Bir kechada lablarini yara bosdi. Hushi ham go‘yo o‘zida emasga o‘xshardi…
HIKOYaNING OXIRI
Soch to‘yiga besh kun qolganda Tursunoy o‘rnidan turdi. U nihoyatda qattiq hastalangan edi. Qiz o‘zini go‘yo yerga aylantirib urilganday his qilar edi. Boshi aylanar, ko‘zlarining oldi qorong‘ilashardi. Qulog‘ida esa Bola baxshining aytgan qo‘shiq satrlari jaranglab turardi. It hursa, mushuk miyovlasa, hatto birortasi baland ovoz bilan gapirsa-da, Tursunoyning jahli chiqardi. U tovushlar qo‘shiq ohanglarini eshitishga, undan huzurlanishga xalaqit berardi. Uning qulog‘iga begona tovushlar eshitilmagan sayin qizning ahvoli yaxshilanib borardi.
Bu uchrashuv qizda o‘ziga xos bir taassurot qoldirdi. U bu uchrashuvda yigitni xohlagancha ko‘zdan kechirdi. Bola baxshining bo‘y-bastida zig‘ircha kamchilik topmadi. Aksincha, oldingi ilk bor ko‘rishganidan ham Bola baxshi qizga ming marta kelishgan, mehrli va qadrli ko‘rindi. Undan tashqari qizga yoqqan narsa Bola baxshining ochiq so‘zligi, tiniq fikrliligi, Tursunoyni o‘z tarafiga o‘tkazib olgan odamday unga ishonib so‘zlashlari bo‘ldi Ana shu narsalar qizning ko‘z o‘ngidan hech ketmasdi. Shular sababli Tursunoy doimo ho‘ngrab yig‘lashga tayyor turardi. Uning tomog‘i hamisha yig‘i-sig‘iga lim-lim to‘la edi.
Qiz ham o‘z tarafidan to‘yga tayyorgarlikni boshladi. U kunduz kuni odamlarning ko‘z oldida baxshining ashulalarini eshitish uchun dugonalaridan ajralib oldinga chiqa olmaydi. Chunki minglarcha ko‘z qizga tikilib tursa, uning qo‘lidan nima ham kelardi, deysiz. Kechasi, qorong‘i bo‘lganda bu ishni amalga oshirish mumkin. U o‘shanda baxshini qorong‘i joyda turgancha uzoqdan ham, yaqindan ham tinglashi mumkin. Lekin buning uchun baxshi o‘tiradigan joyni aniq belgilab olish kerak. Qo‘ylar turadigan og‘ilxona juda o‘ng‘ay joyda qurilgan edi. Qiz baxshining o‘tiradigan joyini taxmin qilib, uni og‘ilxonadan xotirjam ko‘rib o‘tiradigan qilib bir nechta teshik yasadi. Keyin bahorda o‘tiradigan ayvonning chala suvalgan yupqa devorining bir nechta joyini teshdi. Qizning ko‘ngli xotirjam bo‘ldi. U endi baxshini og‘ilxonadan ham, ayvondan ham bemalol ko‘rib, uning mehrli qiyofasini kuzata oladi. Qizga kechqurungi to‘ydan boshqa hech narsa kerak emas edi. Tursunoy bu yumushlarni bajarib bo‘lgach, nimagadir tugunlarni, ulardagi ko‘ylaklarini ko‘zdan kechira boshladi. Yoqasiga bezakdor naqshlar berib, turli matolardan tikilgan xilma-xil ko‘ylaklarini navbat bilan kiyib ko‘rdi. Yangi yasalgan taqinchoqlarini bo‘yniga, do‘ppisiga taqdi. Lekin ikkita ko‘ylakdan boshqasini tugunlab, joyiga qo‘ydi. Tanlab olgan ikkita ko‘ylagini alohida joyladi.
Qiz tevarak-atrofida bo‘layotgan voqealarga, to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotganlarga befarq va nihoyatda g‘amgin edi. U o‘zini ojiz sezardi. Qiz go‘yo butun dunyo bilan mangu xayrlashmoqchi bo‘lgan insonga o‘xshardi. Qo‘li sira ishga bormasdi. Aslida undan ish talab qilayotgan odam ham yo‘q edi. Qiz noxushlangandan beri Oqqiz qo‘l bilan oyoqqa aylangandi. U Tursunoyning qo‘lini issiq suvdan sovuq suvga urdirmaslikka harakat qilardi. Non yopish, kir yuvish, sigir sog‘ish kabi ishlarni boyning boshqa kelinlari bajarishardi. Oqqiz ba’zan-ba’zan qizning nozik torlarini chertib ko‘rishga harakat qilardi. Bu bilan u qizni so‘zlatib, ozgina bo‘lsa-da, dardini yengillatishga ko‘maklasharman deb o‘ylardi. Lekin qiz muz qotgan toshday Bola baxshi haqida emas, balki oddiy narsalar to‘g‘risida ham Oqqizning yonida gapirmasdi. Oqqiz ham hech kimga hech nima demagan bo‘lsa-da, Tursunoyning o‘zini tutishidan xavfsirardi. «U aqldan ozdimikin? Kundan-kunga yomonlashib borayotganga o‘xshaydi. Nima qilsam ekan-a? Onasiga yoki erimga aytsammikin? Ular nega shu paytgacha indamay yurgan eding, deb meni azoblasalar nima qilaman? Ey xudoyim-ey, o‘zing shu qizga mehribonlik qilgaysan. U bechorani yomon ishlarga boshlamagaysan…»
To‘y yaqinlashgan sayin Tursunoyning ahvoli og‘irlasha boshladi. Ba’zi paytlar badanida bitmas-tuganmas kuch paydo bo‘lib, o‘zini qo‘yishga joy topolmay qolsa, ba’zan esa tanasidagi quvvatni kimdir bir narsa bilan sug‘urib olganday qo‘l-oyog‘ini ko‘tarishga ham kuchi yetmay, sulayib qolardi. Kuch kelgan paytlari Bola baxshini otining sirtiga olib, qizning o‘zi uni yurtdan olib chiqishga ham tayyor bo‘lardi. Kuchi qochgan paytlari barcha narsadan umidini uzardi. Yorug‘ jahon uning ko‘ziga qorong‘i makonga o‘xshab ko‘rinardi. Bunday holda uzoq yashash esa aslo mumkin emasdi…
1910 yilning 7 yanvar kuni havo qattiq sovuq bo‘ldi. Hamma yerni qalin qor bosdi. Daraxtlar ustlaridagi qorlarni ko‘tarolmay, egilib qolishdi. Daraxt shoxlaridagi qushlar muzlab, kesakday tizza bo‘yi kelgan qorning ustiga dumalab tushardi. Qoramollar ilon ko‘rganday junlarini dikkaytirib, devor yo uylarning yonboshlariga g‘aram qilib qo‘yilgan beda, yantoq, jo‘xori g‘aramlariga yonboshlarini tirab turishardi. Odamlar, bola-chaqa iloji boricha tashqariga chiqmaslikka harakat qilar edilar.
Biroq bugun to‘yning birinchi kuni edi. Hamma oyoq ustida turishi, Qudratilla boyning xizmatini astoydil bajarishi kerak edi. Shunday ham bo‘ldi. Oftob chiqishi bilan to‘rt tarafdan otda, eshakda, piyoda odamlar, bola-chaqa — barchasi bizga tanish bo‘lgan hovli tomon kela boshladilar. Ular non yopish, qo‘y so‘yish, o‘choq o‘rnatish, baxshi qo‘shiq aytadigan keng maydonni tayyorlashga kirishdilar. Hovli oldidagi maydonga bir necha ming odam sig‘ardi. Avval o‘sha yerni tekislab chiqishdi. Keyin supurib-sidirib qordan tozalashdi. O‘rtasini mo‘ljallab yer o‘choq qazdilar. Qiz esa baxshining o‘tiradigan yerini bilganidan keyin o‘zi yasagan teshiklarni tekshirib ko‘rdi. Ixlos bilan qilingan ish joyiga tushgan edi.
Quyosh chiqib, daraxtlar bo‘yidan baland ko‘tarilgach, yaxshi bezatilgan saman otning ustida olg‘ir lochinday bo‘lib Bola baxshi ham yetib keldi. G‘ijjakchisi ham yonida edi.
Baxshi bu fursatni har damgidan ham zo‘r zoriqish bilan kutgan edi. U oldinlari qizning qishloqlariga yaqin yerlarda qo‘shiq aytishni istagan bo‘lsa, endi Bola baxshi Tursunoyning uyida ashula aytishga kelgandi. Biroq baxshi Qudratilla boyning rad javobini esidan chiqarmagandi. Boyning yoqasidan tutib, uni yer bilan yakson qilishga ham tayyor edi. Ammo bu to‘yda bor hunarini ayamay qo‘shiq aytishni diliga tukkandi. Baxshi bugun uzoq qish kechasi bilan Tursunoyning yonida ashula aytishi, uning har bir so‘zi esa qizning qulog‘ida jaranglashi kerak edi. Bu baxshi uchun katta baxt edi. Ana shu baxt ham unga kuch-quvvat berardi. Bola baxshi kelib, hech narsa bo‘lmaganday Qudratilla boy bilan ixlos-la salomlashdi. To‘y bilan boyni qutladi. Boy ham go‘yo hech nima bo‘lmaganday sog‘liq-omonlik so‘radi va uni baxshi uchun maxsus tayyorlab qo‘yilgan uyga taklif etdi. Olov yoqilib, dasturxon yozildi. Dastyorlar darrov choy-non olib kelishdi.
Peshinga yaqin kutilgan mehmonlarning barchasi keldi. Uy oldidagi maydon odamga liq to‘ldi. O‘rtaga olov yoqilgandan so‘ng u yerga baxshini chaqirishdi. Bola baxshi burgutday to‘rt tomonga qarab g‘ijjakchisini ergashtirib, unga atalgan joyga borib o‘tirdi. Qo‘shiq aytish boshlandi. Kunduzgi ashula shunchaki nomiga aytilgan qo‘shiqqa o‘xshardi. Uni odamlar tinglashardi, lekin kechqurungi ashula singari diqqat bilan eshitishmasdi. Yig‘ilganlar o‘zaro suhbatlashardi, u-bu ishlari to‘g‘risida tashvish qilib yurishardi. Baxshi esa faqat uni diqqat bilan ko‘rinmasdan tinglab o‘tirgan aziz insoniga yetkazish uchun har bir so‘ziga alohida ma’no yuklab kuylar edi. Bola baxshi ikki soatcha ashula aytgach, pahlavonlar kurash tushishdi, ot choptirildi, mehmonlar mehmonxonalarga bo‘lindi. Kechqurungi ashula kun botgandan sal keyin boshlandi.
Kunduz kuni mehmonxonalarda dam olgan mehmonlar o‘zlari tushgan uy egalari bilan to‘yxonaga kelib, oldindan belgilab qo‘yilgan yerga joylashdilar. Quchoq-quchoq saksovul ko‘tarib olgan yigitlar o‘tinlarni lovullab turgan olovning ustiga tashlashardi. Kichkina choy idishlarning soni ellikdan oshdi. Ular birpasda qaynardi. Damlangan choylar ketma-ket mehmonlarga berilardi. Baxshi ham qo‘shiq aytishni boshladi.
Avvalo past ohang soz bilan yo‘g‘rilib, odamlar orasiga suvning qumga singishi singari tarqala boshladi. Vaqt o‘tishi bilan dutor va g‘ijjakchining torlari baland yangrab, Bola baxshining ovozi yana yuksakliklarga ko‘tarila boshladi. Ikki soatcha ashula aytilgach, bir basavlat yoshulli o‘rtaga chiqib, baxshining oldiga katta oy suratli ro‘molini yoyib qo‘ydi.
Baxshiga pul tashlash boshlandi:
— Omon o‘g‘li Qoracha to‘rt chervon!
— Qurbon burun bir bo‘taloqli tuya!
— Ahmad sariq bir qo‘zili qo‘y!
— Safar yog‘lining o‘g‘li o‘n botmon bug‘doy!
— Durdi alasha besh chervon! — deb aytilgan so‘zlar ashula, qo‘shiq satrlarining orasidan eshitilib turdi. Bola baxshi jo‘shib qo‘shiq aytardi, yoshullining tovushi ham uzilmasdan davom etib turdi.
Tursunoy oldin og‘ilxonaga bordi. O‘zi yasagan teshiklardan Bola baxshining dutor chalayotgan nozik, kelishgan barmoqlarini, suvday to‘lqinlanib turgan telpagini, qizning nigoxini o‘ziga tortib turgan chiroyli qiyofasini uzoq kuzatdi. Qiz baxshini kuzatar ekan, yuragi tez-tez urardi. U goh o‘tirar, goh o‘rnidan turib ketardi. Keyin u bahorgi ayvonga chiqib, baxshini yaqinroq masofadan eshita boshladi. Tevarak-atrofidagi dugonalarining ayrimlari qizning holatini ko‘rib, hayron qolishardi. Lekin uning o‘ziga hech narsa deyishmasdi. Uning atrofidagi boshqa qizlar esa Bola baxshining kelishgan qomati va chiroyli qiyofasiga oshiq bo‘lishib, Tursunoyni ham, boshqa narsalarni ham esidan chiqarishgan edi.
Baxshiga sovg‘a-salom berayotganlarning nomini aytib yurgan gavdali oqsoqolning ovozi kamroq eshitila boshladi. Keyin butunlay eshitilmay qoldi. Shu vaqt baxshiga choy tutib, boshqa xizmatlarni ham bajarib yurgan yoshulli odamlarga qarab:
— Dostonga o‘tilsa, qanday qaraysizlar? – dedi.
— Juda yaxshi taklif!
— Rozimiz, doston eshitaylik!
— Qaysi dostonni eshitishni istaysizlar?
— Baxshining o‘zi aytaqolsin!
— Men xizmatingizdaman. Qanday dostonni xohlasangiz, o‘shani aytaman.
Ko‘pchilik orasidan:
— Najab o‘g‘lon! Najab o‘g‘lon!.. — degan tovushlar eshitildi.
— Odamlar, tinglang unda Najab o‘g‘lonni! — deb Bola baxshi dostonni boshladi.
Yig‘ilgan xaloyiqning ko‘zi, qulog‘i, butun vujudi o‘rtada yangi tug‘ilgan oy singari tevaragiga go‘zal qo‘shiq, yoqimli ohanglar orqali «nur» tarqatayotgan Bola baxshiga qaratildi. Shu atrofda Tursunoyning ham qo‘shiq eshitib o‘tirganini his qilgan baxshining kuylashini hech nima bilan qiyos qilib bo‘lmasdi. Muxlislarning ko‘pchiligi doimo tinglab yurgan baxshilarida qandaydir bir ko‘tarilish paydo bo‘lganini sezdilar. So‘zlashmay bir-birlarining yuzlariga ma’noli qarab oldilar. Baxshi esa jo‘shib kuylardi. U qizishib, baland ohanglarda qo‘shiq aytardi.
Qizning tinchligi buzildi. U uyga kirdi-da, tugunlarning ichiga solmay, alohida qo‘ygan ikki ko‘ylagini olib, qo‘ltig‘iga qisdi. Keyin esa bahorgi ayvonga qaytib keldi. So‘ngra kelin-qizlarning orasidan Oqqizni topib, bir chekkaga tortdi.
— Yangajon, yaxshi-yomon gap aytishgan bo‘lsak, ko‘nglingizga olmang.
Oqqiz ilon chaqqanday sakrab tushdi:
— Bu nima deganing, jonim?
— Eh, yuragim qisib boryapti. Yangamni bir ko‘ray dedim-da.
Oqqiz bu javobga ishonmadi:
— To‘g‘risini gapir, jonim. Meni aldama.
Tursunoy g‘amgin jilmaydi:
— Men sizni aldamayman, yangajon. Sizni yaxshi ko‘raman. Mening aytganlarimga ishonavering. Mayli, endi siz ishlaringiz bilan bo‘lavering. Men biroz baxshini tinglayman,
Oqqiz g‘amgin ohangda dedi:
— Jonim, shu baxshi boshingga yetmasa bo‘ldi, sening!
— Yetmaydi, yangajon. U yaxshi odam…
Qiz yana ayvonga keldi. Birpas baxshining kuylashiga quloq solib turdi. Birdan uning vujudi yengillashdi. Fikrlari oydinlashdi. Ruhi ko‘tarildi.
Xuddi shu payt Bola baxshi ham dostonning o‘rtasidan o‘tdi. U g‘ijjakchiga imo qildi-da, uni qo‘shiqqa jo‘r etib, «Bu dardni» degan qo‘shiqni aytishga kirishdi. Yig‘ilganlarni yoqimli, ammo g‘alati bir kayfiyat chulg‘ab oldi. Lekin hech kimdan sado chiqmasdi. Hech kim gap nimadaligiga tushunmasdi.
Baxshi boshidanoq qiyoslab bo‘lmaydigan baland, shirali ovoz bilan shu satrlarni muxlislariga baxsh eta boshladi:
Sayr ayladim, kezdim ishqing tog‘idan,
Ne balodir, kim chekar, bas, bu dardni?
Ishq tog‘in ossalar ko‘kning bo‘ynidan,
Ko‘k titraydi, ko‘tarolmas bu dardni.
Tursunoy bir-ikki qadam oldinga surildi. Dugonalarini qo‘llari bilan bir chetga surib, yana uch-to‘rt qadam oldinga yurdi.
Bola baxshi qo‘shiqning ikkinchi to‘rtligiga o‘tdi:
Ishq asar etmasa yonmas chiroqlar,
Ishqqa tushsa, bo‘ri ingrar, qush yig‘lar.
Egilar haybatli, quvvatli tog‘lar,
Toshlar erir, cheka bilmas bu dardni.
Odamlar nima bo‘lsa-da, biror hodisaning yuz berishidan xavotir qilganday sergak torta boshladilar. Chunki baxshining bu xildagi qo‘shiq aytishi kutilmagan bir holat edi. Bola baxshi boshqarib bo‘lmaydigan asov otning ustida o‘tirgandek o‘z ixtiyorini qo‘ldan chiqazgan edi. «Hech bo‘lmasa, dostonning orasida o‘z sevgimni yana bir bor anglatay» degan maqsad bilan u yurt ichida asrlar davomida urf bo‘lib kelayotgan chegaradan chiqdi. Uning maqsadi ushbu qo‘shiqni aytib, o‘z xayolida Tursunoy bilan gaplashgisi, so‘ngra dostonni davom ettirmoqchi edi.
Baxshi shu choqqacha ko‘rilmagan ko‘tarinkilik bilan:
Kimdir ishqning yukin tortgan mardona! –
deb, qo‘shiqning uchinchi bandini boshlaganda, bahorgi ayvon tarafdan:
— Men shu ishqning yukin tortgan mardona! – degan ayol kishining tiniq ovozi eshitildi. Bu tovush quloqlariga yetgan keng maydondagi odamlarning yelkalariga igna sanchilganday, jimirlab ketdi. Shu payt bahorgi ayvon tomondan qizil olov singari bir qiz o‘rtaga chiqdi. U hech kimga va hech tarafga qaramasdan to‘g‘ri Bola baxshining yoniga keldi:
— Men shu ishqning yukin tortgan mardona! – deb, qizil gulday yal-yal yashnab o‘zini baxshining bag‘riga tashladi. Kishilar duv etib o‘rinlaridan turishib, baxshi tomonga surildilar. O‘sha onning o‘zida:
— Qo‘llaringdan nima keldi, haromzodalar! — degan qichqiriq xaloyiqning tepasida yangradi.
Bu tovush Qudratilla boyning o‘g‘illariga qarata nafrat bilan barala aytilgan haqoratomuz sas edi. Ketma-ket uch marta o‘q ovozi eshitildi. O‘qlar Bola baxshining oldidagi choynak-piyolani, qo‘lidagi dutorini g‘ijjakchining g‘ijjagini tilka-pora qildi. Odamlar boyning o‘g‘illarini tutib, qo‘llaridan miltiqlarini oldilar. Kunbotar tomondan eshitilgan miltiq ovozi ikki odamni yarador qildi. Uni ham darhol tutishdi. Kishilar baxshi bilan qiz halok bo‘lgan bo‘lsa kerak deb, afsus qilishib, bir-birlarini turtishib, oldinga intilishdi. Biroq Bola baxshi bilan Tursunoy bir-birining qo‘llarini tutishib, xaloyiq oldida bayroq kabi bo‘y-bastida tikka turishardi.
Turkmanchadan Masharif Safarov tarjimasi