Aziz Nesin. Sigaret qutisidagi arz-dodlar (hikoya)

Biz qishloq baqqolining katalak do‘konchasi oldida to‘xtadik. Shisha idishga lampa moy quydirib olayotgan ayol ham, baqqol ham bizni ko‘rib miyig‘ida kulib qo‘ydi.
— Rashid og‘a sizlarni kutib o‘tiribdi, — dedi baqqol bizga qarab. — Huv yuqoridagi qahvaxonaga boraveringlar. Manavi tepalikdan o‘tib, o‘ng qo‘lga burilasizlar.
Ikkovining kulgisi g‘alati tuyuldi; bu kulgi ham piching, ham ta’naga o‘xshab ketardi.
Hayron bo‘lib so‘radim:
— Rashid og‘a deganingiz kim o‘zi?
— Tezroq bora qolinglar. Ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘tiribdi. Borganda bilasizlar.
U ko‘rsatgan tepalikka chiqqan edik, uzoqdan qahvaxona ko‘rindi. Shu payt oldimizga bir bola chopqillab keldi-yu: «Rashid buvam kutib o‘tiribdilar», — deganicha iziga qaytdi.
Qiziq, nima gap ekan o‘zi? To‘g‘ri qahvaxonaga qarab yurdik. Odam bilan liq to‘lgan qahvaxonaga kirib, o‘tirganlarga salom berdik. Qahvaxo‘rlar bizni ko‘rib, bir kulib qo‘yishdi. Yana o‘sha istehzo aralash kulgi…
— Rashid og‘a kim bo‘ladi?
— Ha, menman…
Devorga taqab qo‘yilgan uzun kursi ustida chordana qurib o‘tirgan paxmoq soqol, istarasi issiqqina bir dehqon shunday dedi-yu, o‘rnidan turib, biz tomon yurdi.
— Xush kelibsizlar!
— Xush ko‘rdik. Rashid og‘a siz bo‘lasizmi?
— Ha, menman.
— Bizni kutayotgan emishsiz, yo‘lda kimni ko‘rsak shunaqa deydi. Kutayotganingiz rostmi?
— Qani, o‘tiringlar, o‘tiringlar. Kutayotganimiz to‘g‘ri-yu, lekin sizlarni emas. Ustingizdagi shahar kiyimini ko‘rib, sizlarni o‘shalar deb o‘ylashibdi. Biror narsa ichasizlarmi?
Bittadan ayron so‘radik. Keyin mashinamiz yo‘lda buzilib qolganligini, piyoda kelayotganimizda duch kelgan kishi: «Sizlarni Rashid og‘a kutib o‘tiribdi», deganini aytdik. Rashid og‘a qahvaxonani to‘ldirib o‘tirgan dehhonlarga qarab:
— Biz kutgan odamlar bular emas. O‘tgan yili ko‘rmaganmidingiz ularni? — dedi.
— Ha, ko‘rganmiz, ko‘rsak albatta taniymiz. Bular emas, — deb javob qildi bir necha kishi.
— O‘zi nima gap, Rashid og‘a, kimni kutyapsizlar?
Rashid og‘a oldimizga bir tuguncha keltirib qo‘ydi. So‘ngra uni avaylab ochib, ichidan to‘rt dona bo‘sh sigaret qutisi oldi.
— Biz mana shu qutilarning egalarini kutib o‘tiribmiz, — dedi u sigaret qutilarini bizga uzatar ekan. — Omonat narsa bo‘lgani uchun saqlab qo‘yibmiz.
Qutilarning ikkitasi «Enije», qolganlari esa «Gelenjak» va «Bo‘g‘oz ichi» sigaretlaridan bo‘shagan ekan. Rashid og‘a ulashayotganida menga tekkan «Gelenjak» qutisiga razm solib qarasam, allaqanday ilon izi yozuvlarga, turli-tuman belgi va raqamlarga ko‘zim tushdi.
— Bu nima o‘zi, Rashid og‘a? — so‘radim choldan.
— Bular bizning arz-dodlarimiz bo‘ladi.
— Qanaqa arz-dodlar?
— Bizning arz-dodlarimiz. Hozir odat bo‘lib qolgan, yurtda saylov yaqinlashdi deguncha baraka topkur ulug‘larimiz qishloqma-qishloq yurib, dehhonning arz-dodini eshitadigan bo‘lib qolganlar.
Tunov yili shunaqa bo‘ldi. Ular qishlog‘imizga kelib, kimning nima arzi bo‘lsa, aytaversin, deyishdi. Tumonat odam yig‘ildi. Ular to‘rt kishi ekan, aptambildan tushib kelishdi. Ichlaridan bittasi xaloyiqqa xitob qildi: «Og‘alar, shu vaqtgacha hech kim sizlarning arzlaringizga quloq solmagan edi. Demokratiya — xalqning diliga quloq solish degan gap. Shunga ko‘ra, biz bugun huzuringizga keldik. Kimning dilida nima gapi bo‘lsa, bitaversin, qulog‘imiz sizda».
Mana, sizga arz kerak bo‘lsa, deb dilimizdagini to‘kib soldik. Bizlar gapirib turibmiz, ular yozib olishyapti.
— Afandim, bezgak tinkamizni quritib yubordi, shundan qutqaring bizni! — degan edik, ular darrov yozib olishdi.
— Yolg‘iz o‘zim besh sinf bolasini o‘qitib yuribman, qishloqqa o‘qituvchi yuboringlar! — Muallimning bu gapini ham to‘rttalasi barobar yozib olishdi.
Xullas, ular ketma-ket sigaret tutatib, biz nima desak, shuni yozib olishaverdi. «Hozircha bunga imkon yo‘q, to‘xtab turinglar», degan gapni eshitmadik. Men yonimda turgan muallimning qulog‘iga shivirlab: «Bularga negadir ko‘nglim chopmayapti», — deb qo‘ydim. Chindan ham ko‘zimga g‘alatiroq ko‘rinishardi. Nimaiki aytmaylik, hammasiga birpasda rozi bo‘lishaverdi.
Ularni bir sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim.
— Ilohim kam bo‘lmanglar, — dedim ularga qarab, — hamma dardlarimizni yozib oldinglar, rahmat. Endi oxirgi iltimosimiz bor: qishloqqa poyezd yo‘li tushsa devdik.
Sigaret qutisining orqasiga buni ham yozib qo‘yishdi.
Qosh qoraydi. Mehmonlardan ikkitasi qo‘lidagi qutilarni tashlab yubordi. Darrov borib yerdan oldim-da, cho‘ntakka soldim. Qahvaxonadan chiqib ketishayotganida uloqtirilgan uchinchi qutini ham yonimga soldim. Ular aptambilga minishdi. G‘izillab yurib ketgan aptambil orqasidan qo‘l silkib turuvdik, yana allanarsa uloqtirilganini ko‘rib qoldim. Yugurib borib qarasam, sigaret qutisi ekan, darrov oldim. O‘sha to‘rtta sigaret qutisi shu bo‘ladi. Endi tushungan bo‘lsangiz kerak. Bizning jamiki arz-dodlarimiz shu qutilarga yozilgan. Yaqinda xabar keldi, bu yil ham arz tinglagani kelisharmish. Shularni kutib yotibmiz.
Qutilarni qo‘lga oldim. «Enije» qutisining ustiga olti marta «Shukriya! Shukriya!», bir marta «Shuk» deb yozilibdi. Yana yonma-yon tushgan uch yulduzu, bir qayiq surati. Katta va kichik qilib bir talay uchburchak va to‘rtburchak shakllari solingan. «Bo‘g‘oz ichi» qutisining ustida mana shu yozuvlarni ko‘rdim: «Qaynag‘amning o‘rtog‘i haqida iltimos qilish… Vofibeyni durustroq ishga joylashtirib qo‘yish… Kuyovni Italiyaga ketayotgan delegatsiyaga kiritish… Aks holda, iste’fo beradi, degan gapni tarqatish… Uch yuz ming mojarosi… Raqqosa, raqqosa» (besh joyda qaytarilgan)… Sakkizta yurak rasmi.
«Gelenjak» qutisiga kattakon ko‘z surati solingan bo‘lib, ichiga qimor soqqasi chizilgan. «Bo‘ladi, juda yaxshi, bo‘ladi, juda yaxshi» degan so‘zlar goh yozma, goh bosma harflar bilan besh-o‘n marta yozib qo‘yilgan.
— Ana kelishyapti!
— Kelishyapti!
Qahvaxonaga jon kirgandek bo‘ldi. Uning oldida to‘xtagan mashinadan uch kishi tushdi.
— Marhabo, og‘alar! — dedi ulardan biri.
— Assalomu alaykum, vatandoshlar! — dedi ikkinchisi.
— Hormang birodarlar! — dedi uchinchisi.
Dehqonlar hozirgina bizni qandoq kutib olishgan bo‘lsa, ularni ham shu kulgi bilan qarshi olishdi.
Kelganlarning ikkitasi Rashid og‘aning yoniga, uchinchisi nariroqdagi uzun kursiga o‘tirdi. Ular o‘ng qo‘llarini ko‘krakka qo‘yib, qahvaxonadagilar bilan birma bir so‘rashib chiqishdi.
— O‘tgan yildan beri ko‘rishmadik, qalaysizlar og‘alar? — so‘radi ichida semizrog‘i.
Hamma uchun Rashid og‘a javob berdi:
— Rahmat, yaxshimiz. O‘zlaringizdan so‘rasak?
— Biz ham yaxshimiz. Ilgarigidan durustmiz. Sizlar ham ilgarigidan durustga o‘xshaysizlar. Hammangiz quvnoq ko‘rinasiz. Ilohim vaqtingiz chog‘ bo‘laversin.
— Og‘alar! — xitob qildi ularning ichida yoshi eng kichigi, — demokratiya — xalqning diliga quloq solish demakdir. — U «Gelenjak» sigaretini cho‘ntakdan olib, labiga qistirdi. Qahvaxonachi otashkurakda unga cho‘g‘ tutdi. — Biz sizlardan olgan ilhom bilan ishlaymiz. Mana, yana huzuringizga keldik. Hech tortinmay, dilingizda bor gaplarni aytavering… Sizlar aytgan narsalarga quloq solish bizning burchimizdir. Ko‘ngilda nima muddao bo‘lsa, barini andisha qilmay aytaveringlar!
Oldiniga atrof suv quygandek jim bo‘ldi-yu, keyin shivir-shivir gap boshlandi.
— Avvalo, shu bezgak dastidan dod, — gap boshladi tik turgan dehqonlardan biri. — Yostig‘imizni quritib ketyapti. Botqoq joylarni quritish kerak, dori sepgan bilan bo‘lmayapti.
Uchovi ham bu gapni sigaret qutisiga yozib oldi. Shu payt Rashid og‘a yonidagining yozuviga tikildi:
— Kechirasiz, afandim, noto‘g‘ri yozib olganga o‘xshaysiz?
«Bo‘g‘oz ichi» sigaret qutisini qoralab o‘tirgan odam yozgan narsasini darrov o‘chirib tashladi-da, shosha-pisha yangidan chiziq tortdi.
— Nega endi? — so‘radi «Gelenjak» qutisining egasi. — Axir botqoqning quritilishi…
— Darvoqe, ko‘zimga yanglish ko‘ringanga o‘xshaydi, — Rashid og‘a shu gapni aytdi-yu, yonidagi tugunchani tizzasiga qo‘yib, ichidan «Gelenjak» sigaret qutisini oldi, keyin uning ustidagi aji-buji chiziqlarni egasiga ko‘rsatdi. — O‘tgan yili ham bezgak deganimizda shunaqa yozgan ekansiz.
Qahvaxonada «gur» etib kulgi ko‘tarildi.
Boshqa bir dehqon arz qildi:
— Muallim so‘raymiz, qishloqda muallim yetishmaydi.
— Yetishmaydi! — dedi «Enije» qutisining egasi.
— Noto‘g‘ri yozding, afandim, — dedi Rashid og‘a tugunchadan o‘tgan yilgi «Enije» qutisini olib ko‘rsatib. — O‘tgan yili muallimimiz shu haqda gapirganda sen «Shukriya! Shukriya!» deb yozgan eding.
Mehmonlar sigaret qutilarini birin-ketin cho‘ntakka solishdi.
— Ovora bo‘lib yozib o‘tirmanglar, hamma gap bu yerda bor. Manavi chiziqlar pabrikaniki, manavi oltita yurak esa poyezdniki bo‘ladi, — dedi Rashid og‘a qo‘lidagi qutilarni ularga uzatar ekan. — Manavi quti bugun kelmagan janobniki.
Boyagi semiz odamning jahli chiqdi:
— Bular nimasi?
— Nima bo‘lardi, arz-dodlar-da. Ammo siznikimi yoki biznikimi, bunisini bilolmayman.
Ular o‘rinlaridan turib, chiqib ketishayotganida chol yana gap qotdi:
— Shukriyaning ishini unutmanglar. Uch yuz ming-a. Tag‘in buning ustiga, yulduz bilan qayiqning rasmi-ya…
Hamma qahvaxonadan chiqib mashina tomon yurdi.
Oldinda borayotgan uch kishidan birini yo‘tal tutdi:
— Sigaretni tashlash kerak.
Ikkinchisi unga qo‘shildi.
— Meniyam mazamni qochiryapti.
— To‘g‘ri, tashlamasa bo‘lmaydi, zarari tegyapti, — qo‘shib qo‘ydi uchinchisi.
Uchovi mashinaga o‘tirib jo‘nab qoldi. Dehqonlar esa hamon qotib-qotib kulishardi.

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi