— Qurmag‘urning o‘ziyam juda katta olim-da.
— Nima, birorta zo‘rroq kashfiyot qilganmi?
— Shu ham savol bo‘ldimi? Shuni so‘rab o‘tirganingizga hayronman. Avomni avom desak, tuppa-tuzuk ziyolilarimiz ham ilmu fanga qiziqmas ekan-da. Bu olim adabiyot tarixiga oid kitoblarda shu vaqtga qadar noto‘g‘ri talqin etib kelingan bir sanani aniqlab berdi.
— Xo‘sh, qanday sana shu vaqtga qadar noto‘g‘ri talqin etib kelingan ekan?
— Un to‘rtinchi asrda o‘tgan shoir Sharmandiy bor-ku…
— Eshitmagan ekanman.
— Bilasiz, katta devoni ham bor. Nomi ko‘p tazkiralarda tilga olingan.
— Xo‘sh, xo‘sh?
— Adabiyot tarixiga doir kitoblarning hammasida mana shu shoir Sharmandiy may oyining to‘rtinchi kuni tug‘ilgan, deb yozib kelinardi. Ustoz esa bu zotning to‘rtinchi mayda tug‘ilmaganligini isbotlab berdilar.
— Qiziq, qanday qilib?
— Olti yuz sahifalik kitob yozdilar.
— Shu bilan isbotlab berdimi?
— Albatta yo‘q! Bunday muhim muammoni bir jild kitobda hal etib bo‘ladimi? Qitobning birinchi jildi masalaning muqaddimasi, xolos.
— Bu nima deganingiz?
— Aytmoqchimanki, birinchi jildda ustoz Sharmandiy to‘rtinchi mayda tug‘ilmaganini xabar qiladilar.
— Innaykeyin?
— Innaykeyin, u kishi asarning ikkinchimi, uchinchimi yoki to‘rtinchimi—xullas, keyingi biror jildida to‘rtinchi may deb ko‘rsatilishi noto‘g‘ri ekanligini isbotlab beradilar. Keyin beshinchi va oltinchi jildlarga kelib, Sharmandiyning aniq tug‘ilgan kunini aytib beradilar.
— Hammasi necha jild bo‘ladi?
— Hali ma’lum emas. Endi bitta jildni yozib tugatdilar. Shuning o‘ziga o‘n besh yil vaqtlari ketdi.
— Voy-bo‘, o‘n besh yil deysizmi?
— Buning hech hayron qoladigan joyi yo‘q. Fan sohasidan batamom bexabar ekansiz, ko‘rinib turibdi.
— Bunaqada kitobning qolgan qismlarini qachon yozib tugatadi?
— Ustoz hozir oltmish to‘rt yoshdalar. Xudo umr bersa, yana o‘n besh-yigirma yildan so‘ng ikkinchi jildni yozib tugatishlari mumkin.
— Xudo ko‘rsatmasinu, lekin mabodo…
— U taqdirda boshqa olimlar kelgan joyidan ishni davom ettirib ketishadi.
— Bir narsa so‘rasam aybga buyurmaysizmi? Meni juda qiziqtirib qo‘ydingiz. Shu Sharmandiy degan shoiringiz mayning to‘rtinchisida bo‘lmasa, qaysi kuni tug‘ilgan ekan?
— Ha, balli, adabiyotimiz tarixiga aniqlik kiritishni talab qilayotgan narsa ham shu! Sharmandiy may oyining to‘rtinchisida emas, balki uchinchidan to‘rtinchiga o‘tar kechasi tug‘ilgan ekan. Aniqrog‘i, u soat o‘n ikkiga qadar dunyoga kelgan ekan, demak, u uchinchi may kuni tug‘ilgan bo‘ladi-da. Lekin adabiyot tarixchilarining hammasi ham bu masalada xatoga yo‘l qo‘yib, uni to‘rtinchi mayda tug‘ilgan, deb kelgan.
— Bori shumi?
— Iya, bu hali kammi sizga? Nima, qadimda yashagan bir shoirning tug‘ilgan kunini aniqlab berish oson ish deb o‘ylaysizmi?
— Axir olim bu gapni ikki-uch satrda aytib qo‘ya qolsa bo‘lmasmidi? Shunga ham olti yuz betlik kitob yozish shartmi?!
— Ana xolos, axir u buni ikki-uch yo‘l, qilib aytadigan bo‘lsa, olim bilan sening o‘rtangda qanday farq qoladi? Hammaga ma’lum bo‘lgan narsani hech kim tushunmaydigan qilib yozish, besh og‘iz gapni besh yuz betga cho‘zish qo‘lidan keladigan odamga olim deyiladi. Ha, xuddi shundoq. Olim bilan avomning farqi ham shunda.
— Unaqa bo‘lsa, shoir Sharmandiy may oyining to‘rtinchisida emas, uchinchisida tug‘ilganini siz qayerdan bila qoldingiz? Kitobdanmi?
— Shu ham gap bo‘ldimi? Olimning kitobini o‘qigan bilan tushunib bo‘ladimi. Ilm shu qadar tubsiz narsaki…
— Bunisi to‘g‘riku-ya, lekin siz qayerdan bildingiz?
— Kitobdan emas, albatta. Buni menga u kishining o‘zlari aytganlar. Bu yog‘ini so‘rasangiz, bunaqa kitoblar odamlarning o‘qishi uchun yozilmaydi.
— Unday bo‘lsa nega bosib chiqarishadi?
— Fan haqida zarracha tushunchangiz yo‘qligi ma’lum bo‘lib turibdi. Hozir tushuntirib beraman. Aytaylik, birorta asar kitobxonga ma’qul kelib, qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadigan bo‘lsa, bunaqa asarning qimmati yo‘qoladi deyavering. Shuning uchun ham olimlar o‘zlari yozgan kitoblarning qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yurishini emas, balki javonda chang bosib yotishini yaxshi ko‘rishadi. Ha, kitob qaichalik kam o‘qilsa yoki mutlaqo o‘qilmasa, u qanchalik kam tushunilsa yoki mutlaqo tushunilmasa, muallifning obro‘si shunchalik baland bo‘ladi.
— Ochig‘ini aytsam, hayron qoldim-ku!
— Iya, nimasiga hayron qolasiz? Birov tushunmaydigan qilib yozish oson deb o‘ylaysiz shekilli! Mana, qarang, hozir ikkovimiz bir necha soatdan buyon valaqlashib o‘tiribmiz, bir-birimizni bemalol tushunyapmiz. To‘g‘rimi? Qani, mard bo‘lsangiz, hech tushunmaydigan qilib besh minutcha gapirib ko‘ring-chi! Qo‘lingizdan keladimi shu ish?
— Qiyin gap.
— Qiyin emas, iloji yo‘q. Mana endi siz besh minut gap sotishni emas, besh yuz sahifa kitob yozish qanaqaligini o‘ylab ko‘ring. Tag‘in yoziladigan narsa bema’ni valdirashdan iborat bo‘lmasligi kerak. To‘g‘ri, ayrim jinnilar bir necha soatlab, hatto kun bo‘yi surunkasiga javrab yurishadi ham. Lekin bularni hech kim olim demaydi. Olim bilan jinnining farqi nimada? Olim besh yuz sahifalik asar yozadigan bo‘lsa, uni hech kim tushunmaydi, lekin sen bundan bittayam na imloviy, na lug‘aviy xato topasan. Uning hamma yog‘i silliq, mantiqli bo‘ladi. Jinnining esa bu ish qo‘lidan kelmaydi.
— Bir narsani bilmoqchi edim. Shoir Sharmandiy to‘rtinchi mayda emas, balki uchinchidan to‘rtinchiga o‘tar kechasi dunyoga kelganligini ustoz qanday isbotlab beradi?
— Isbotlab o‘tirmaydi ham. Gap bundoq: Sharmandiy o‘zining devondagi bir she’rida: «Men dunyoga kechagi kun bilan bugunni qutlab kelganman», degan ekan. O‘zi aniq aytib turibdi, to‘g‘rimi? Kechagi kun bilan bugunni qay paytda qutlash mumkin? Kechasi soat o‘n ikkidami? E’tibor qiling, «qutlagach» emas, «qutlab» deyapti-ya. Demak, u hali qutlamagan bo‘ladi. Binobarin, tungi soat o‘n ikkiga ehtimol besh soat, ehtimol ikki minut vaqt qolgan bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, Sharmandiy to‘rtinchi mayda emas, uchinchi mayda tug‘ilgan ekan.
— Xo‘p, azizim, gaplaringga qo‘shilaman, lekin buni isbotlab berishning nima keragi bor ekan, shunisiga hayronman.
— Buning keragi yo‘q deb o‘ylaysanmi? Mana, masalan, deylik, birorta olim chiqib, uch jildlik asar yozadi-da, Sharmandiy, aytaylik, may oyining uchinchi kuni soat o‘n biru o‘ttiz minutda tug‘ilganligini isbotlab beradi. Ikkinchi bir olim Sharmandiy soat o‘n biru, o‘ttiz minutda emas, balki o‘n biru o‘ttiz besh minutda dunyoga kelganligini aytish uchun besh jilddan iborat kitob yozib tashlaydi. Qarabsanki, shoir Sharmandiyning qaysi joy va qaysi soatda dunyoga kelganligi aniq bo‘lib qoladi.
— Kechirasiz, yana tushuna olmay turibman. Xo‘p, yaxshi, Sharmandiy may oyining uchinchisida bo‘lmasa, to‘rtinchisida, soat o‘n biru o‘ttiz minutda bo‘lmasa, o‘n biru o‘ttiz besh minutda tug‘ilgan bo‘la qolsin, lekin buning qanday nafi bor?
— Voy oshiam-ey, siz nima deb o‘ylaysiz? Agar shunaqa bo‘lmasa adabiyot tarixi ham bo‘lmaydi-ku! Bir olim chiqib «uchinchi mayda» desa, ikkinchisi turib «yo‘q, to‘rtinchi mayda» deydi, qarabsanki, ikki o‘rtada bahs ko‘tariladi. Ikkovidan qaysi biri tushunib bo‘lmaydigan narsalarni ko‘proq yozsa, o‘shanisi kattaroq olim ekanligini ko‘rsatib qo‘yadi.
— Aqlim yetmayapti, buning amaliy foydasi nima o‘zi?
— Iya, zap gaplarni aytasiz-da. Axir buning orqasida qancha-qancha odam xuddi xamirdan qil sug‘urgandek osongina professor, kandidat bo‘lib oladi-ku. Lekin ular kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlaydigan odam, degan nom olishadi. Jonlari huzur-halovatda, o‘zlari izzatda bo‘lishadi, ismi shariflari avlodlar tilida qoladi. Bu yog‘ini so‘rasang, agar shu olimlarimiz bo‘lmaganda biz ko‘p narsalardan, chunonchi, Sharmandiy qaysi kun va qaysi soatda dunyoga kelganligidan bexabar o‘tib ketgan bo‘lardik. Odamzod shu
tariqa olg‘a qarab boradi. Biror olim biror narsani aytib qoladi. Ikkinchisi «undoq emas, bundoq» deb unga qarshi chiqadi. Oralarida bahs ko‘tariladi. Shunda uchinchi bir olim bahsga aralashadi. Biz yashayotgan dunyo shu tariqa olg‘a qarab odimlaydi.
Juda oqil gap! Bundoq o‘ylab qarasang, chindan ham agar olimlar bo‘lmaganida bittayam haqiqatni bilmay o‘tib ketgan bo‘larkanmiz. Olimlar bo‘lmaganida hech narsaga aqlimiz yetmay o‘tib ketarkanmiz. Hatto shoir Sharmandiy qachon tug‘ilganligi ham biz uchun qorong‘i bo‘lib qolarkan. Xayriyat, bu dunyoda olimlar bor ekan, bo‘lmasa holimiz nima kechardi?!
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi