Tog‘amni negadir jinim yoqtirmasdi. Chunki u o‘taketgan xasis odam edi. Savdo-sotiq bilan shug‘ullanishi, mol-mulki yetarli bo‘lishiga qaramay, nochorgina turmush kechirar va hamma narsadan nolib yurardi. Odamlar uni bechorahol, butun boyligi ham shu kichikkina uy va katalakdek do‘kondan iborat bo‘lsa kerak deb o‘ylardilar…
Tog‘am hech vaqt mashinaga chiqmasdi. Arzon matolardan tikilgan liboslar kiyib yurar, uy xarajatlarida ham ziqnalik qilardi. Agar u og‘ir dardga duchor bo‘lmaganida bunchalik badavlat va puldor ekanligini xayolimga ham keltirmasdim. Kasallanib, doktorlaru dori uchun pulni bargi xazondek socha boshlagach, kosa tagida nim kosa borligi ma’lum bo‘ldi.
Tog‘amning kasalligi ham ishi kabi sirli edi. Dastlabki kunlari naq kindigining ostida og‘riq turdi. Doktorlar qanchalik tekshirishmasin, kasalini aniqlay olishmasdi. Albatta tog‘amning o‘zi ham qaysi joyi og‘riyotganligini tuzukroq tushuntirolmas, mujmal dardini ta’riflashdan ojiz edi. U shunday derdi:
— Go‘yo qornimning ichiga o‘n-o‘n beshta itu mushuk qamalganu ular bir-biriga chang solib, o‘zaro g‘ajishayotganday…
Albatta, doktorlar tog‘amning gaplariga kulishar, uni masxara qilishardi. To‘g‘ri-da, odamning qorni chiqindilar qutisi emaski, unga itu mushuklar yig‘ilib, bir-biriga chang solsa… Koshki edi tog‘amning dardi chindanam shu bo‘lsa. Bu kasalni davolash juda oson ko‘chardi. Munitsipalitet xodimlaridan birini chaqirsak bas, bir parcha zaharlangan go‘sht bilan itu mushuklarni daf qilib, tog‘amning dardiga darmon bo‘lardi.
Shaharda tog‘am huzuriga bormagan birorta ham shifokor qolmagandi. Ammo ularning hech qaysisi uning kasalini aniqlay olmadi. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, mamlakatimizga chet ellik bir professor kelganini eshitib qoldik. Tog‘am bilan birga uning huzuriga bordik. U diqqat bilan tekshirib ko‘rgach, shunday dedi :
— Bu kishi saraton bo‘lgan… O‘simta — me’dada, uning qoringa hech bir aloqasi yo‘q.
Shundan keyin u qorinning ichki tuzilishi, me’da, ichak-chavoqlar, o‘t pufagi, yo‘g‘on ichak va ingichka ichak, jigar, buyrak va hokazolar haqida yarim soatcha va’z o‘qidi. Maktabda o‘n bir yil o‘qigan bo‘lsam ham, to‘g‘risi, uning gaplaridan hech vaqoni tushunmadim. Ikki-uch yil eski maktabga qatnagan tog‘am haqida aytib o‘tirmasak ham bo‘ladi.
Janob professor ilmiy va’zlari so‘ngida shunday dedilar:
— Tog‘angizning me’dalari osilib qolgan. Eng oxirgi muddatdan ham uch soatcha o‘tibdi. Tezda operatsiya qilish kerak…
Tog‘amni darhol kasalxonaga yetkazdik. Ikki-uch kundan keyin u operatsiya qilindi. Amaliyot paytida doktorga yordamlashgan assistent menga bu haqda shunday hikoya qilib berdi:
— Professor tog‘angizning qornini yorib, oshqozonini ko‘rdi. U tamomila sog‘lom ekan. Doktorning o‘zi ham taajjub bilan hozirgacha qancha-qancha operatsiyalar qilganligini, ammo bunday sog‘lom me’dani ko‘rmaganligini tan oldi. Lekin qorinni yorib qo‘ygan, olingan pulni halollash lozim edi. Me’daning yarmini shartta kesib tashlashga majbur bo‘ldi. Men unga “jon professor, me’da sog‘lom bo‘lsa, nega uning yarmini kesasiz?” deb har qancha e’tiroz bildirmay, quloq solmadi. Bunga javoban nima deydi deng:
— Ha, me’da hozircha sog‘lom va nuqsonsiz. Ammo operatsiya qilmasak, kelgusida albatta saraton bo‘ladi, — deydi.
Tog‘amni yarimta oshqozon bilan uyiga olib keldik. Ammo avvalgi dardi uni yana bezovta qila boshladi. Tikilgan joylari hali tuzalmasdan boshqa bir ichki kasalliklar mutaxassisi huzuriga olib bordik. Bu doktorni shunchalar ta’riflashdiki, asti qo‘yaverasiz, hatto kasallarni o‘limidan 24 soat keyin ham tiriltira oladi, deyishdi mubolag‘a bilan. Mish-mishlar to‘g‘riga o‘xshab qoldi. Tog‘amni tekshirib ko‘rishi bilanoq buyraklari ishlamayotganligini aniqladi. Dard va bezovtaliklar sababi ham shu emish, hatto rentgen tasviriga ham hojat qolmadi.
— Tezda buyraklarni operatsiya qilish kerak, — dedi u qat’iy.
Tog‘ajonimizning qornini ikkinchi marta yorib ko‘rdilar. Bu vrach ham soppa-sog‘ buyraklarni ko‘rib, hayrat bilan shunday debdi:
— Bu qadar sog‘lom buyraklarni hech kim ko‘rgan emas. Bittasi ham bu kishiga yetib ortadi…
Assistenti bunga e’tiroz bildiribdi:
— Janob doktor! Soppa-sog‘ buyrakni olib tashlagani qanday qo‘lingiz boradi? Qarang, Grinvich soatiday ishlab turibdi-ya…
Ammo mutaxassis doktor bunga quloq solmabdi.
— Yaxshi yigit, — debdi u, — nahotki shuni ham tushunmasangiz. Agarda biz bu buyrakni kesib olmasak, bemor operatsiya qilganimizga ishonmaydi, pulimni bekorga olishibdi, deb o‘ylaydi. Qo‘limizda dalil bo‘lishi uchun bitta buyrakni, albatta, olishimiz kerak…
Xullas, tog‘amning bitta buyragini olib tashlashdi. Qolgan buyragi bilan uyiga qaytdi. Amaliyot paytida o‘lib qolmaganiga har kuni ming marta xudoga shukur qilardi. Hatto anchagina pul sarflab, kasalxonaning qorovulidan boshlig‘igacha gazeta orqali minnatdorchilik bildirib chiqdi.
Afsuski, operatsiya ham, doktorlarga tashakkur ham tog‘amning dardini yengillamadi. Og‘riq kundan-kunga zo‘rayib borardi. Tanishlarimizdan biri shunday deb qoldi:
— Men 16 marta operatsiya bo‘lganman. A’zoi badanimni burda-burda qilib, qaytadan tikkanlar. Ammo to Salim degan doktor huzuriga bormagunimcha dardimga darmon topolmadim. Faqat u meni qutqardi.
Tezda tog‘amni Salim doktorga olib bordik. Bo‘lgan voqealarni unga gapirib bergandik, istehzo bilan jilmayib dedi:
— Kasalingizni aniqlay olishmapti. Sizning ichaklaringiz tugulib qolgan!
Hammadan ko‘ra bu gap menga ma’qul keldi. Chunki tog‘am shu qadar xasis ediki, sarf-xarajat kamroq bo‘lishi uchun o‘z ichaklarini tugib qo‘yishdan ham toymasdi.
Tog‘amning qornini uchinchi marta yordilar… Doktor soppa-sog‘ ichaklarni ko‘rib, barmog‘ini tishlab qoldi. Amaliyot anjomlarini chetga uloqtirib, ichaklarni mahliyo bo‘lib tomosha qila boshladi. So‘ngra tahsin-ofarinlar bilan shunday dedi:
— Bu qanaqa ichaklar bo‘ldi-a? Umrim bino bo‘lib bunchalik uzun ichakni ko‘rmaganman. Go‘yo yetti kishiga yetadiganini tabiat saxovat bilan bu odamga ato etganday…
Doktor ichaklarda tugilib qolgan joyni topolmagach, shunday debdi:
— Qorinni ochdikmi, endi ozgina bo‘lsa ham ichakdan qirqib olaylik.
Garchi amaliyotdan keyin tog‘amning ichaklari oddiy odamlarniki bilan baravar bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, kasalligi battar zo‘raydi…
O‘sha kunlari gazetada bir e’lon o‘qib qoldik. Unda shunday deb yozilgandi: “Germaniyada tahsil olgan doktor… ko‘p yillar mobaynida u yerdagi … kasalxonasida bosh vrach o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, hozir vataniga qaytib, Anqarada xususiy shifoxona ochgan…”.
Tog‘amni ko‘p mashaqqatlar bilan Anqaraga olib bordik. Germaniyada tahsil olgan vrach barcha sarguzashtlarimizni eshitgach, biroz o‘ylab turdi-da, shunday dedi:
— Doktorlar bu kishining kasalini aniqlay olmapti. Tog‘angizning jigari og‘rigan…
Tog‘amning qorni yana bir marta yirtildi… Ammo uning jigari yosh sportchi qizning jigaridan ham sog‘lom ekan. Qorinni behudaga tikmaslik uchun ko‘richagini kesib olishdi.
Bu amaliyotdan keyin tog‘amning dardu azoblari yana zo‘raydi. Kimki “falon joyda yaxshi doktor bor ekan” desa, o‘sha zahoti yugurib ketardi. O‘nlab dori-darmonlar, necha-necha amaliyotlar joniga ora kirmadi, kasalligi kundan-kunga kuchayib boraverdi.
Pulni jonidan ham yaxshi ko‘radigan tog‘amdek bir odam qanday qilib shuncha xarajatga rozi bo‘lganligiga hozirgacha ajablanaman. Badanidagi barcha ichki a’zolar amaliyot qilingandi. Ikkita bo‘lgan a’zosidan bittasi qolgan, ba’zilari qisqargan, ortiqchalari esa kesib tashlangandi. Agar ilgari vazni 65 kilogramm bo‘lsa, a’zolarini olib tashlayverganlari sababli 38 kilogramm bo‘lib qolgandi. Shunday bo‘lsa ham hayotdan umid uzmas, kimki “falon joyda falon doktor bor” desa bas, shu zahoti yugurib ketardi. Bu safar u bir chet ellik doktor huzuriga bordi. U tog‘amning g‘aroyib sarguzashtlarini tinglab, achinish bilan dedi:
— Afsus, barcha a’zolaringizni behuda operatsiya qilishibdi. Sizning dardingiz tomoqdagi bodomchalar bilan bog‘liq.
Tog‘amning o‘rniga men e’tiroz bildirdim:
— Janob doktor, og‘riq naq kindikning ostida-ku, u qanday qilib bodomchalarga bog‘liq bo‘lsin?
Doktorning jahli chiqib ketdi. Asabiylik bilan javob berdi:
— Axir men doktorman, bilaman… Ukajon, bodomchalar aslida badandagi muhim a’zolardan biri. Ularning asosiy vazifasi barcha organlarning faoliyatini tartibga solib turishdir. Ayniqsa, tog‘angizning operatsiya qilinmagan a’zosi qolmagani uchun bodomchalarning ahamiyati oshib ketgan. Og‘riqlar sababi ham, shubhasiz, ana shu… Bodomchalarni olib tashlaymiz. Agar bu ham yordam bermasa, boshqa biror yo‘lini qidirib ko‘rarmiz!
Tog‘amning tomog‘idagi bodomchalarni ham olib tashlashdi. Ammo og‘riq yana yo‘qolmadi. Shubham to‘g‘ri chiqdi, kasallik sababi ularda emas ekan. Hadeb kesib tikaverganlari uchun tog‘amning badani baliqchilarning to‘riga o‘xshab qolgandi. Amaliyot paytida jarrohlik asboblarini ishlatishga ham ehtiyoj qolmagandi. Doktorlar tikilgan joylarni tortsalar bas, tog‘amning qorni dasturxonday ochilib qolardi!
Aslini olganda, bu tog‘am uchun foydali ham edi, chunki avvalgidek tig‘ zarbidan azob chekmasdi. Ba’zida esa qattiqroq yo‘talsa ham tikilgan joylari ochilib ketardi. U gohida alam bilan:
— Nega olloh taolo inson vujudini soddagina qilib yaratmagan ekan, — deb qolardi. Agar o‘shanday bo‘lganida doktorlar qo‘llarini odamning qorniga tiqishardi-yu, bor narsani tashqariga olib chiqishardi.
Tog‘am bechora telba-teskari gaplar ham aytadigan bo‘lib qolgandi.
Doktorlardan biri tog‘amning badanida amaliyot orqali pul ishlab oladigan hech vaqo qolmaganligini ko‘rib, shunday dedi:
— Sizdagi barcha dardu azoblar boisi bizlarning yaxshi ishlamasligimizda. Gavdangizda gormonlar miqdori kamayib ketgan, tezda davolash zarur. Gormonlar faoliyatini yaxshilash uchun jinsiy bezlardan birini olib tashlash kerak.
Men yana e’tiroz bildirgandim, tog‘amning o‘zi rozi bo‘lib dedi:
— Janob doktor, iloji bo‘lsa ikkalasini ham olib tashlang, bir yo‘la xotirjam bo‘lay.
Ammo doktor bunga rozi bo‘lmadi, faqat bittasini olib tashladi…
Afsuski, tog‘amning kasalligi bu bilan ham tuzalmadi. U asta-sekin umidsizlikka tusha boshladi:
— Endi o‘limdan boshqa chora yo‘q…
Ammo odamlar tinch qo‘yishmasdi. Har kuni unga yuzta yangi doktorni tanishtirishardi. Mening tashvishim esa kundan-kunga ortib borar, har safar tog‘amning yarimjon gavdasini ming mashaqqat bilan u xonadan bu xonaga ko‘tarib borardim.
Doktorlardan biri g‘alati fikrni aytib qoldi. U oldingi vrachlarning behuda operatsiyalaridan afsuslanish bilan anchagina oh-voh qilib turgach, shunday dedi:
— Tog‘angizning kasalligi sababi oyoqlari barmog‘ida paydo bo‘lgan qadoqlarda…
Men beixtiyor baqirib yubordim:
— Janob doktor, naq kindigining ostidagi og‘riq qanday qilib oyoqdagi qadoqlarga bog‘liq bo‘lsin?
Doktor xotirjamlik bilan javob berdi:
— Badandagi barcha a’zolar bir-biri bilan bog‘liq. Masalan, tishingiz og‘riganda butun gavdangizda og‘riq turmaydimi? Albatta boshdan-oyog‘ingizgacha zirqiratadi…
Mavzu ilmiy bo‘lgani uchun ortiqcha e’tiroz bildirishga o‘zimda jur’at topmadim. Janob doktor ham tog‘amning oyog‘idagi qadoqlarni kesib tashladi. Ammo bu amaliyot uning cho‘ntagiga keltirgan foydani hisoblamaganda, tog‘amning kasaliga zarracha ham ta’sir qilmadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligidan barcha vrachlar ro‘yxatini oldirib keldik. Tekshirib ko‘rganimizda tog‘am huzuriga bormagan faqat ikkita doktor qolganligi ma’lum bo‘ldi. Ulardan birini qidirib topdik. U tog‘amning kasalligi tarixini eshitgach, ko‘zlari olayib ketdi. Shuncha jarrohlik operatsiyasidan keyin tog‘am qanday tirik yurganligiga hayron bo‘lib qoldi. Afsuslanish bilan bosh chayqab dedi:
— Doktorlar noinsoflik qilishibdi. Ularning barcha ishi behuda bo‘lgan, og‘riqlar esa tishlaringiz bilan bog‘liq…
Chiqmagan jondan umid deganlaridek, tog‘amning barcha tishlarini sug‘urtirdik. Ammo foyda bermadi.
Endi tog‘am ovqat ham yeyolmay qolgandi. Ikki qo‘llab mahkam ushlab turmasak, osmonu falakka parvoz qilib ketishi ham hech gap emasdi.
Bir kuni tog‘am shunday deb qoldi:
— Barcha boyligimdan qolgan oxirgi pullarni birorta chet ellik vrachga xarj qilmoqchiman.
Tog‘am bilan Parijga yo‘l oldik. U yerda hech bir tanishimiz bo‘lmagani uchun ko‘chadagi e’lonlardan to‘g‘ri kelgan bir shifokorning adresini topib, huzuriga bordik. Parijlik vrach so‘zlarimizni diqqat bilan eshitdi. So‘ngra sinchkovlik bilan tekshirib chiqqach, dedi:
— Sizning hech bir kasalligingiz yo‘q. Barcha operatsiyalar noto‘g‘ri qilingan. Bundan keyin shimingizga kamarni qisib bog‘lamang. Yaxshisi, yelkaga osiladigan tasmalardan foydalaning…
Shu ishni qilgan edik, mo‘jiza ro‘y berib, tog‘amning barcha dardu azoblari bir zumda yo‘qoldi. Parijdan qaytganimizda u tamoman tuzalgan, ammo pullari ham tugagan edi. Endi asosiy kasalligi pulsizligi bo‘lib qolgandi. Barcha boyligini doktorlarga sarflaganini eslab, oh chekardi. Olti oydan keyin bu azoblardan manguga qutuldi. Pulsizlikdan o‘ldimi yoki ustma-ust operatsiyalar tufayli vujudining yarmi olib tashlanganligidan o‘ldimi, bilmadim. Ammo shuni aniq bilamanki, buncha amaliyotdan keyin biror bandaning tirik qolishi gumon.
Turkchadan Nosir Muhammad tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son