Aziz Nesin. Chegara ustidagi uy (hikoya)

Yangi uyga ko‘chib kelganimizning ikkinchi kuni edi. O‘ng tomonimizda bir qo‘shni bor. Yo‘limiz ularning uyi oldidan o‘tadi. Deraza yoniga o‘tirib olgan bir keksa kishi bizga qarab:
— Bu uyga ko‘chib kelmasangiz yaxshi bo‘lardi, — dedi.
Qariyaga jahl bilan e’tiroz bildirdim:
— Odatda, bir kirachi endi ko‘chib kelganida qo‘ni-qo‘shni kelib, yangi uy qutlug‘ bo‘lsin, deydilar. “Kelmasangiz yaxshi bo‘lardi” deganingiz nimasi? qo‘shniga ham shunday deydilarmi?
Qariya pinagini ham buzmadi:
— Mendan aytish, — dedi,— u uyga o‘g‘ri kiradi, shuning uchun gapirdim.
Qiziq, bizning uyga kiradi-yu, boshqalarnikiga kirmaydimi? Yuragim siqilib, sigaret olish uchun burchakdagi do‘konga kirdim.
— G‘alati odamlar bor-da, bilib-bilmay valdirayverishadi, dedim.
— Tinchlikmi? — dedi baqqol menga o‘girilib.
— Uyimizning yonida bir ezma chol bor. Uylarining yonidan o‘tayotsam, “Sizning uyingizga o‘g‘ri kiradi, ko‘chib kelmasangiz yaxshi bo‘lardi”, deydi-da.
— To‘g‘ri aytipti, — dedi baqqol, — ko‘chib kelmaganingiz yaxshi edi.
Lom-mim demay do‘kondan tashqariga chiqdim. O‘sha kuni oqshomgacha o‘zimni qo‘ygani joy topolmadim. Kechqurun chap tomonimizdagi qo‘shnilar tanishgani kirishdi. Yarim kechasi chiqib ketayotib:
— Bu uy yaxshi-yu, ammo o‘g‘ri kiradi, — deyishdi.
Bu gapni eshikdan chiqayotganda aytganlari uchun “nega bizning uyga kirgan o‘g‘ri siznikiga kirmaydi?” deb so‘rolmadim.
Yuragim siqilganini sezgan xotinim meni tinchlantirishga urindi:
— Qo‘yaver, hammasi bo‘lmagan gap. Hozir ijaraga beruvchilar uydan chiqarishning ming xil yo‘lini topganlar. Demak, bu ham bir yo‘li. Uyga o‘g‘ri kiradi deb qo‘rqitib, bizni uydan chiqarmoqchilar. Uyning ijara haqi arzon bo‘lganligi uchun yo o‘zlari ko‘chib kirishadi, yoki bir tanishlarini olib kelishadi.
Biroz xotirjam bo‘ldim. Ammo kechasi baribir ko‘zimga uyqu kelmadi. Uchrashuv tayinlagan odamday o‘g‘ri ana keladi, mana keladi deb kutib yotdim. Endi ko‘zim ilingan ekan, tiqirlagan tovushdan sakrab turib ketdim. Yostiqning ostidan to‘pponchamni olib:
— Qimirlama, bo‘lmasa otib tashlayman, — deya qorong‘ilikka qarab baqirdim. Uyga endi ko‘chib kelganligimiz uchun elektr tugmasini topolmay qoldim. Uni qidirib u devordan bu devorga yopishaman. Shu payt oyoqlarimga nimadir ilashdiyu gursillab yerga ag‘anadim. O‘g‘ri chalgan bo‘lsa kerak deb ham xayol qildim. Naq qornini mo‘ljallab o‘qlarni bo‘shatardim-u, ammo yiqilganimda o‘zim bir tomonga, to‘pponcha esa boshqa tomonga uchib ketgan ekan…
— Ha-ha-ha— qorong‘ilikdan etni jimirlatadigan qahqaha yuksaldi.
— Ablah, sen bilan sichqon-mushuk o‘yini o‘ynayapmizmi, mard bo‘lsang qarshimga chiq, — deya baqirdim.
— Har holda elektr tugmasini qidirayotgandingiz, shekilli. Eshikning o‘ng tomonida. Yangi ijarachilar hamisha uni topguncha shunday qiynali-
shadi.
Ovoz qorong‘ilikdan kelardi.
— Qo‘lga tushsang, nima qilishimni bilasanmi? — deya baqirdim.
— Bilmayman, — dedi qorong‘ilikdagi odam, — agar ruxsat etsangiz, elektrni yoqib, sizga yordam qilay.
Shu payt elektr tugmasining “chiq” etgan ovozi eshitildi, xona yorishdi. Men yiqilganda stolning tagiga kirib ketgan ekanman, xotinim esa karavotning ostiga berkinibdi. Qarshimda mendan ikki baravar qomatli, barvasta odam turar edi. Agar o‘rnimdan tursam, uni qo‘rqitolmasligimga ko‘zim yetdi. Yotgan joyimdan ovozimni yo‘g‘onlashtirib:
— Sen kimsan? — deya so‘radim.
— O‘g‘riman.
— Menga qara, boshimni qotirma. Sen o‘g‘ri emassan. Men o‘g‘riman deb bizni qo‘rqitib, uydan chiqarmoqchisan. Ko‘zimga bir qara-chi…
— O‘g‘rimanmi, yo‘qmi, hozir ko‘rasan, — dedi u. So‘ngra otasining uyiga kirgandek uyoq-buyoqni titib, kerakli narsalarni yig‘ishtirib ola boshladi. Bu ish orasida o‘zicha gapirib ham qo‘yardi:
— Demak siz bu xonani yotoqxona qilibsiz-da, oldingi ijarachilar bu yerni mehmonxona qilishgandi. Undan oldingilari esa…
— Menga qara, — dedim, — sen o‘g‘rilik qilayapsan, ammo men ustingdan shikoyat qilaman.
— Istasang otangga shikoyat qil, lekin mendan salom aytishni ham unutma.
— Ammo men politsiyaga borgunimcha sen qochib ketasan-da.
— Qochmayman.
— Baribir qochasan. Uyda bor-yo‘q narsani to‘plab juftakni rostlaysan. Shuning uchun avval seni bog‘lab, keyin politsiyaga boraman.
Shu payt xotinim bor ovozi bilan baqirdi:
— Yordam beringlar!..
Mahalla ahli go‘yo eshikning tagida poylab turgandek bir pasda uyni to‘ldirdilar. Qo‘shnilar beparvogina:
— E, bu uyga yana o‘g‘ri kiribdi-da, — deyishdi.
Ba’zilari esa:
— Ko‘raylik-chi qaysisi ekan, — deya bir-birlaridan so‘ray boshlashdi.
Qo‘shnilarning ichida o‘g‘rini taniganlar, u bilan hol-ahvol so‘rashganlar ham bo‘ldi. O‘g‘ri esa shovqin-suronga e’tibor ham bermay uyoq-buyoqni kavlashtirish bilan band edi.
— Qani qo‘shnilar, yordam beringlar, bu o‘g‘rini boylaylik. Borib politsiyaga xabar beraman, — dedim.
Qo‘shnilardan biri:
— Xohishingiz, ammo bekorga ovora bo‘layapsiz-da, — deb qoldi.
Qayerga ko‘chib kelib qoldik o‘zi, deya ensam qotdi. Xotinim kir yoyadigan iplarini olib keldi. O‘g‘ri ham hech qarshilik ko‘rsatmadi. Uning qo‘l-oyog‘ini yaxshilab bog‘lab, bir xonaga kiritib qo‘ydik. Ustidan qulfladik. Shu zahoti politsiya bo‘limiga chopdik. Xotinim barcha voqeani komissarga gapirib berdi. Komissar uyning adresini so‘radi. Aytdik.
— Ha, o‘sha uymi? — dedi.
— Ha, o‘sha uy, — dedim.
— Afsuski, biz u uyga aralasholmaymiz, chunki u bizning hududimizdan tashqarida, — dedi komissar.
— Xo‘sh, biz nima qilaylik? O‘g‘rini bekorga bog‘lab keldikmi?
— Bir uy yuqorida yashaganingizda bizning hududga kirardi. U paytda biz aralashardik.
— Yuqoridagi uy bo‘sh emas ekan-da, ne qilaylik, — dedi xotinim achinish bilan.
Ma’lum bo‘lishicha, bizning uyimiz ikki politsiya bo‘limi hududining naq chegarasida joylashgan ekan.
— Sizning uyingiz boshqa bo‘limga qaraydi, — dedi komissar.
U aytgan bo‘lim anchagina uzoq ekan. Biz u yerga borguncha tong otdi. Bo‘limdagilarga voqeani tushuntirdik. Uyimizning adresini so‘radilar. Aytdik.
— Ha… O‘sha uymi? — dedi bir politsiyachi.
— Ha, o‘sha uy, — dedim.
— Bir uy pastda bo‘lganida biz qarardik. Sizning uyingiz bizning hududdan tashqarida.
Shu payt xotinim tilga kirdi:
— Bechora odamni rosa qisib bog‘lagan edik, holi nima bo‘ldi ekan…
— Bizning uyimiz qaysi hududga kiradi, — deb so‘radim politsiyachidan.
— Sizning uyingiz jandarma hududiga kiradi, u yerga politsiya aralasha olmaydi. Siz jandarma bo‘limiga boring, — deb maslahat berdi politsiyachi.
Yana yo‘lga chiqdik.
— Kel, avval uyga borib, o‘g‘riga bir qaraylik, o‘ldimi-qoldimi? — dedi xotinim.
Chindan ham, qisib bog‘laganimiz uchun qoni aylanmay o‘lib qolsa, nima bo‘ladi? O‘g‘ri ushlaymiz deb, qotil bo‘lib qolmaylik.
Uyga bordik. O‘g‘ri qanday bog‘lagan bo‘lsak, shunday turardi.
— Qalaysan? — dedim.
— Yaxshiku-ya, ammo qornim ochdi, — dedi.
Xotinim o‘g‘riga ovqat uzatdi. Aksiga olib uyda faqat loviya bor ekan. O‘g‘ri esa loviya yemasmish. Xotinim qassobdan go‘sht olib kelib pishirdi. Uni o‘g‘rining oldiga qo‘yib, jandarma bo‘limiga shikoyat qilish uchun jo‘nadik. Borib bo‘lgan voqealarni tushuntirdik. Jandarma bo‘limi boshlig‘i uyning adresini so‘radi. Biz aytdik.
— Ha… U uymi? — dedi.
Bizning uyimiz hammaga otning qashqasidek ma’lum edi.
— Sizning uyingizga jandarma aralashmaydi, politsiya qaraydi, — dedi jandarma bo‘limi boshlig‘i.
— Nimalar deyapsiz, afandim, — deya e’tiroz bildirdim.— Politsiyaga borsak, jandarma qaraydi, deydi, jandarmaga kelsak, politsiya qaraydi, deysizlar. Axir, bizning uyga qaraydigan odam bormi?
Jandarma bo‘limi boshlig‘i bir xarita chiqardi.
— Qarang, — dedi u, — xaritani tushunasizmi? Bu 140-raqamli gorizontal chiziq. Bu yer suv bosimi minorasi. Bu yer esa 208-raqamli tepa. Jandarma hududi chegarasi mana shu yerdan o‘tadi. Agar siz o‘tirgan uy ikki metr shimoli g‘arbda qurilganida jandarma hududiga kirardi.
— Ie, bor-yo‘g‘i ikki metr ekan-ku. Nima qiladi bizning uyga ham qarasangiz?
— Nima qilishini siz emas, biz yaxshi bilamiz. (Xaritadan ko‘rsatdi.) Qarang, sizning uyingiz bu yerda. Jandarma bilan politsiya hududlarining naq chegarasi ustida. Tushundingizmi? Bizning hududga uyingizning hovlisidan ikki yarim metrcha kirgan, ammo o‘g‘rilik hovlida sodir etilmagan.
Yana politsiya bo‘limiga ketishdan boshqa chora qolmagan edi.
— Avval bir uyga borib, o‘g‘rini ko‘raylik. Xudo asrasin, u o‘lib-netib qolsa, boshimiz baloga qoladi-ya, — dedi xotinim tashvish bilan.
Uyga jo‘nadik. Borib o‘g‘riga:
— Qalaysan? — dedim.
— Ichim kuyib ketayapti, tezroq suv bering, — dedi u.
Suvni ichib bo‘lib tilga kirdi:
— Menga qarang. Siz mening erkimni bo‘g‘ayapsiz. Bunga haqqingiz yo‘q. Bu yerdan qutulsam, sizni sudga beraman.
— Xo‘sh, nima qilaylik, inim, — dedim unga. — Uyimizning qaysi hududga kirishini aniqlay olmadik. Shikoyatimizni qabul qilishmayapti. Shunday joyga ham uy qurishadimi? Naq chegaraning ustida tiklashipti.
— E… Men aytmadimmi? Siz meni qo‘yib yuboring. Bo‘lmasa, erkimni bo‘g‘ganingiz uchun mahkamaga bersam, ovorai sarson bo‘lasiz, — dedi o‘g‘ri.
— Kechqurungacha ruxsat ber, — dedim unga yalingandek. — Yana bir marta politsiyaga borib kelaylik…
— Istagan joyingizga boring. Bu ish nima bilan tugashini yaxshi bilamiz. Avval uyning qaysi mintaqaga kirishi hal etilishi kerak. Yo bo‘lmasa, hududlar chegarasi o‘zgartirilishi lozim. U paytgacha yetti qovun pishig‘i bor…
Yana politsiya bo‘limiga bordik. Komissar ham bir xarita ko‘rsatdi.
— Qarang, — dedi u, — jandarma hududi chegarasi bu yerda. Hovli jandarmaga qaraydi… Uyning bir qismi bizda, bir qismi jandarmada.
— Yotoqxona sizning mintaqangizga kirar ekan. O‘g‘rilik yotoqxonada bo‘ldi-ku, — dedim.
— To‘g‘ri, — dedi komissar, — ammo buni isbotlash lozim. Qolaversa, o‘g‘ri yotoqxonaga uchib kirmagandir, albatta, hovlidan kirgan. Hovli esa jandarma hududida…Albatta, bu birinchi voqea emas. Bu masala muhokama qilinayapti. Ko‘raylik-chi, uyingizni qaysi mintaqaga kiritishsa, shunga qarab ish yuritamiz.
Uyga qaytdik. O‘ng tomondagi qo‘shni uyning derazasidan yana o‘sha keksa kishi bizga gap qotdi:
— Hamdardlik bildiraman, uyingizga o‘g‘ri kiripti.
— Ha, kirdi, — dedim.
— U uyda hech bir ijarachi o‘tirmaydi, shuning uchun arzonga berishadi. Uy egasi o‘zi yashay olmaydi, xaridor ham topolmaydi. Uyini buzib, ikki metr ichkariga olmoqchi edi. O‘shanda to‘la bir mintaqaga kirar edi. Ammo sizni topgach, ijaraga beripti.
Cholning xotini ham gapga aralashdi:
— Albatta, ayb sizda emas, uy egasida. Uy qurayotganda suvi, elektri, gazi va tashqi ko‘rinishini o‘ylashadi-yu, qaysi hududga kirishini hech hisobga olishmaydi. Odam naq chegara ustida ham uy quradimi?
Bir yillik ijara haqini oldindan to‘laganimiz uchun hech qayerga ketolmasdik. Uyga kirdik. O‘g‘ri ham biz bilan dasturxonga o‘tirdi. Kechki ovqatni birgalikda tanovul qildik. So‘ngra u o‘rnidan turib, bizga yuzlandi:
— Hozircha siz bilan xayrlashaman. Albatta yana kelaman, — dedi.
Shundan beri to‘rt-besh o‘g‘ri uyimizning doimiy mehmonlariga aylandi. Mahallada ularni hamma taniydi. Hatto ular bilan hamkorlik ham qildik. Boshqa, notanish o‘g‘rilardan uyimizni birgalikda qo‘riqlayapmiz. Ko‘raylik-chi, nima bo‘lar ekan? Yo shartnomamiz bitguncha uyda olti o‘g‘ri bilan sakkiz kishi bo‘lib yashab turamiz, yoki bizning uyni biror mintaqaga kiritishar. U paytda o‘g‘rilarni topa olsak, mintaqasiga qaraydigan politsiya bo‘limiga shikoyat qilamiz. Bir-birimizga shu qadar o‘rgandikki, shikoyat ham ayb bo‘lsa kerak…Chunki uyning ayrim xarajatlarini ular ko‘tarishayapti.

Turkchadan Nosir Muhammad tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son