Abu Ali al-Muhassin at-Tanuhiy. Maroqli hikoyatlar

* * *

Quyidagi voqeani menga Talha ibn Ubaydulloh ibn Kannosh so‘zlab bergan:
— Bir kuni Sayf o‘d-Davlaning ulfatlari davrasida o‘tirardim. Do‘stona suhbat asnosida qandaydir bir odamni sudrab olib kelishdi. Amir nimadir deb, uni o‘limga buyurdi, hukmi darhol bajarildi..
Shunda amir bizga qarab, dedi:
— Naqadar adabsizlik! Saroyimdagi xulq-axloqning holiga voy! Ana odamgarchilik! Nahotki, birontangiz hukmdorlar haqidagi rivoyatlarni eshitmagansiz? Nahotki, ezgulikka ishonmaysiz? Yo sizga shunday tarbiya berishganmi?
Amir birontamizni nojo‘ya ishimizdan voqif bo‘lgan ko‘rinadi, shu bois bizga dashnom beryapti, deb o‘ylanib qoldik. So‘ng dedik:
— Biz husni xulqni janoblaridan o‘rganganmiz (biz amirga “janoblari” deb murojaat qilardik). Bu ta’nalarning boisi ne, bilolmay turibmiz. O‘zlari izohlab bersalar, ayni muddao bo‘lurdi…
Amir dedi:
— Nahot ko‘rmadingiz? Ko‘z oldingizda bir musulmonning qonini to‘kdim. Bir chekkasi — hokimiyatparastlik, qisman tuban siyosiy manfaat vajidan shunday hukm chiqardim. Oralaringizda biron-bir es-hushli odam so‘z olib, mahkumning bir qoshiq qonini kechishni mendan so‘rardi, deb umidvor edim. Uning aytganini qilardim ham. Bu ish mahkumga ham, umuman ahli fuqaroga ham odillik bo‘lurdi. Sizlar esa lom-mim demadingiz. Oqibatda bir insonni aziz jonidan judo etdim.
— Janoblarining muborak amrlariga monelik ko‘rgazishga yuragimiz betlamadi, — deb, o‘zimizni oqlamoqchi bo‘ldik. Amir esa yana so‘roqqa tutdi:
— Barakallo! Gap bir mo‘minning hayot-mamoti ustida borsa ham og‘iz ochmay o‘tiraveramiz, deng? O‘zingizni oqlay olmaysiz! Aslo! Biz shunday hollarda endi sukut saqlamaslikka amirga so‘z berdik. Ammo uning ko‘ngli tinchimaguniga qadar o‘zimizni oqlashda davom etdik.

* * *

Ko‘pgina kishilardan eshitganim mana bu hikoyani menga padari buzrukvorim so‘zlab berganlar:
— Abu Hanifadan fiqh ilmini o‘rgangan Abu Yusuf dastlab ancha kambag‘al odam bo‘lgan. Ustozidan erta-yu kech saboq olish bilan bandligi sababli tirikchiligi bazo‘r o‘tgan. Har kuni qosh qorayganda g‘arib kulbasiga qaytib, boriga qanoat qilib yashagan. Xotini boyoqish o‘zini va erini bir amallab boqish uchun ko‘p mashaqqatlar chekkan. Bu ahvol uzoq vaqt davom etgan. Nihoyat xotinining sabr kosasi to‘lib, bir kech Abu Yusuf saboqdan qaytib kelganida taom solingan tovoq o‘rniga qozonchani tutqazgan. Abu Yusuf tovoqni ochib qarasa, o‘zining xat bitilgan daftarlari. Hayron bo‘lib so‘raydi:
— Bu nimasi?
— Uzzu-kun shu daftarlarni xat yozib, to‘ldirdingiz, endi ularni kechlik o‘rnida ko‘raverasiz, — deb javob qiladi xotini.
Shunda Abu Yusuf yig‘lab yuboradi va noiloj o‘ringa cho‘ziladi. Ertasi kun barvaqt turib, ko‘chaga chiqib ketadi, yegulik bir nima topib kelib, so‘ng saboqqa yo‘l oladi. Abu Hanifa huzuriga ham kechikib boradi. Ustozining:
— Nega xayallab qolding, — degan savoliga javoban bor gapni ro‘yi-rost aytib beradi.
— Nega menga bir og‘iz aytmading, — so‘raydi ustozi, — albatta yordam bergan bo‘lurdim.
Abu Yusuf boshini egib turaveradi. Shunda ustozi deydi:
— Xafa bo‘lma! Boshing omon bo‘lsa, bu yiqqan bilimlaring seni albatta boqadi. Pista-bodomli halvolar yeysan hali!
Otamlarning aytishlariga qaraganda, Abu Yusuf shunday degan ekan:
— Ustozim karomat qilgan ekanlar. Horun ar-Rashid saroyida xizmat qila boshlagan paytlarim edi. Bir kuni dasturxonga pista-bodomli halvo keltirib qo‘yishdi. Uni totib ko‘rarkanman, Abu Hanifa hazratlarining so‘zlari yodimga tushdi. Ko‘zlarimga duv etib yosh keldi. Horun ar-Rashid janoblari buning sababini so‘radilar. Men boshimdan o‘tgan o‘sha voqeani hukmdorga so‘zlab berdim.

* * *

Bu hikoyani men Abul Husayn ibn Hishomdan eshitganman:
— Mazkur voqeani Abu Abdulloh Ahmad ibn Sa’d hikoya qilib bergan. U hoshimiylar qabilasi ozod qilib yuborgan qul bo‘lib, bir vaqtlar qozi Yusufning kotibi lavozimida ishlagan. Uning aytishicha, qozi Ismoil ibn Ishoq o‘z ustozlaridan eshitganki, Ofiyya-qozi xalifa al-Mahdiy tomonidan Bag‘dodning bir qasabasiga qozi etib tayinlanadi. U zo‘r ulamo, tabiatan zohid bir odam bo‘lgan. Bir kuni u o‘sha qasabada qozi bo‘lib turgan vaqtda al-Mahdiy saroyiga kelib, xalifaning bo‘sh vaqtini topib, huzuriga kiradi va qabul qilishini so‘raydi. Qozi hujjatlar saqlanadigan qutichani o‘zi bilan birga olib kelgandi. Qozi al-Mahdiydan izn so‘rab, deydi:
— Meni qozilik mansabidan xalos etib, manavi qutichani o‘zingiz ravo ko‘radigan kishiga topshirsangiz…
“Kattakon amaldorlardan birontasi qozini haqorat etgan yoxud huquqlariga dahl qilgan bo‘lsa kerak”, — deb o‘ylaydi xalifa va Ofiyyani shu mavzuda savolga tutadi.
— Siz olampanoh tilga olgan ishlar sodir bo‘lgani yo‘q, — deb javob qiladi qozi.
— U holda nechuk lavozimdan voz kechayotirsan, — so‘raydi hukmdor.
Shunda Ofiyya undan yana bir karra ijozat so‘rab, shunday deydi:
— Bir kuni huzurimga ikki da’vogar kirib keldi. Biri — sherozlik, yana biri isfahonlik ekan. Da’vo ishi bag‘oyat chigal edi. Ikkovi ham o‘z foydasiga ishlaydigan dalil — guvohlari bor ekanligini aytib, birma-bir sanar ediki, men ularni ipidan-ignasigacha ko‘rib chiqishim zarur edi. Shu boisdan pirovard hukmni chiqarishga shoshilmadim. Yo ulardan biri bitimga rozi bo‘ladi yoxud mojaroni hal etuvchi yechimni topaman, deb umid qilardim. Shu asnoda da’vogarlardan biri mening shirin xurmolarni xush ko‘rishimni bilib olgan ekan. Qayerda shunday xurmoni ko‘rsa, sotib ola boshlagan. Ayni pishiqchilik payti emasmi, u shunchalik ko‘p xurmoni sotib olganki, bu ish yolg‘iz amir al-mo‘mininning qo‘lidan kelsa kerak, deb o‘yladim, o‘zimcha. Umrim bino bo‘lib bunchalik ko‘p shirin xurmoni ko‘rmagandim. Da’vogar uyimning qorovulini o‘ziga og‘dirib olib, undan ham pulini ayamagan. Mening yo‘q deyishimga qaramay, mevalarni menga olib kelib tursin, deb shunday qilgan. Har gal xurmo to‘la laganni xonamga ko‘tarib kirganida men rad etib, mevalarni qaytarib olib borib berishni buyurar va qorovul aytganimni bekami-ko‘st bajarar edi.
Bugun o‘sha da’vogarlar yana huzurimga kelishdi. Ammo endi ular ko‘zimga teng ko‘rinmay qoldi. Tarozi bir tomonga oqqandek edi. Garchi tuhfalarini qabul qilgan bo‘lsam-da, da’vogarlardan biriga ko‘nglim moyilroq ekanini sezib qoldim. Tuhfalarini olib qolganim taqdirda natija ne bo‘lur edi? Bu holda imonimga zid ish qilib, avvalo o‘zimning, so‘ng boshqa bir bandaning oxiratini kuydirishim turgan gap. Shu sababga ko‘ra meni qozilik lavozimidan bo‘shatishingizni o‘tinib iltimos etaman.
Al-Mahdiy biroz o‘ylanib turadi-da, Ofiyyani qozilikdan xalos qiladi.

* * *

Kotib Abul Hasan Ali ibn Muhammad ibn Abu muhammad as-Sulhiy hikoya qiladi: — Men Misrda al-Kotin degan mashhur tabibni ko‘rganman. U oyiga ming dinor ishlardi, chunki hukmdorlar unga doimiy maosh tayin etgan, oddiy kishilar ham xizmatiga yarasha mukofotlashardi. Al-Qotin uyini shifoxonaga aylantirgan bo‘lib, shu yerda kambag‘allarni turfa taomlar, doru darmonlar bilan ta’minlab turar, parvarish qilar edi. Xullas, topgan pullarining hammasini savob ishlarga sarflardi. Bir kuni katta bir amaldorning farzandi hushidan ketib, yotib qoladi. Men ham (ismi sharifi hozir yodimda yo‘q) o‘sha kishining uyida edim. Darhol tabiblarni, jumladan al-Qotinni ham chaqirtirib kelishdi. Undan bo‘lak barcha tabiblar bemorning joni uziladi, deb o‘ylab, dafn marosimiga taraddud ko‘rishni maslahat berishdi. Al-Qotin esa bunday dedi:
— Bu bolani davolab ko‘rishga menga izn bersangiz. Tuzalsa — ayni muddao, tuzalmasa — Ollohning irodasi… Sizlar uni o‘ldiga chiqardingiz, shunday emasmi?
Qarindoshlari rozi bo‘lib, al-Qotin bilan tabiblarni yolg‘iz qoldirishdi. Al-Qotin xizmatkorlarni chaqirib, bozordan baquvvat qullarni yollab kelishni, hamda bir nechta pishiq qamchi keltirishni buyurdi. Darhol aytganlarini bajo etishdi. Al-Qotin bolani oyoq-qo‘lini cho‘zib, yotqizib qo‘ydi-da, qullardan biriga: “O‘n marta qamchi uring”, deb tayinladi. Shunday qilishdi. Tabib bolaning tomirini ushlab, yana o‘n karra qamchilashni buyurdi. Shundan so‘ng yana qon tomirni tekshirib, atrofini o‘rab turgan tabiblardan so‘radi: “Siz ham ko‘ring-chi, tomirini uryaptimi ekan?”. Ular al-Qotinning aytganini qilib: “Yo‘q”, deb javob berishdi. Al-Qotin muolajani davom ettirib, yana tabiblarga murojaat qildi: “Tomir uryapti, marhamat, tekshiring”. Tabiblar al-Qotinning so‘zlarini tasdiqlashdi: “Ha, tomir urmoqda, urganda ham tobora tezroq uryapti!” Bola yana o‘n karra qamchi yeganidan keyin, tomir urishi yana ham tezlashdi, tag‘in o‘n qamchi urilgandan keyin asta qimirlay boshladi. Shu ish yana bir marta takrorlangach esa bola qamchi zarbidan qichqirib yubordi. Shundan keyin uni qamchilamay qo‘yishdi. Bola birdan hammaning ko‘z o‘ngida o‘rnidan qo‘zg‘olib, o‘tirib oldi. U yer-bu yerini ushlab, og‘riqdan ingray boshladi. U hayotga qayta boshlagandi! Al-Qotin: “Ahvoling durustmi?” deb so‘radi. Bola qori ochganini aytdi. Al-Qotin tezda taom keltirishni buyurdi. Bola taomni yeb olgach, ancha o‘ziga keldi va biroz vaqt o‘tib, butkul tuzalib ketdi.
Shunda tabiblar al-Qotindan:
— Bunday g‘aroyib usulni kimdan o‘rgangansiz? — deb so‘rashdi.
Al-Qotinning javobi shunday bo‘ldi:
— Bir vaqt karvonga qo‘shilib, safarga chiqdim. Bir to‘da qurollangan badaviylar bizni kuzatib borishardi. Bir kuni ulardan biri otdan yomon yiqilib, hushidan ketdi. Hamma uni o‘lganga chiqardi. Ammo hamrohlarimizdan biri — keksa shayx badaviyning tanasiga shitob bilan qattiq-qattiq musht ura boshladi. To badaviy o‘ziga kelganiga qadar rosa mushtladi, o‘zi qop-qaro terga botib ketgan bo‘lsa-da, mushtlay berdi. Badaviy bir o‘limdan qaytdi. Shunda fahmladimki, jonsiz badan kuchli zarbalar ostida harorat paydo qilarkan, bu harorat bemor holatni yengadigan darajaga yetgunigacha ko‘tarila borarkan. Bolaning xuddi shunday ahvolga tushganini ko‘rib men o‘sha shayxning usulini esladim va Ollohga tavakkal, mazkur muolajani qo‘lladim.

* * *

Ushbu hikoyani menga Abul Husayn ibn Ayyosh so‘zlab bergan:
— Ishonchli bir odamdan eshitgandimki, Said ibn Mahlad Ismoil ibn Bulbulni ta’qib qilgan kezlarda Ismoil ko‘chaga ham chiqmay qo‘ygandi. Bundan tashqari u farzandli bo‘ladigan kun-soatni intiqib kutardi. Hatto hali tug‘ilmagan bolaning zoichasini tuzsin, deb, munajjimni ham chaqirib keltirdi. Ammo yaqinlaridan biri:
— Yulduzlarga qarab, taqdirni aniq bilib bo‘larkanmi? Shu atrofda bashoratchi badaviy bor, yaxshisi, o‘shanga odam yubor! Dunyoda unaqasi topilmasa kerak, — deb Ismoilga so‘zini o‘tkazdi. Shunday qilishdi. Bashoratchi kelgach, Ismoil uni savolga tutdi:
— Seni bu yerga nega chaqirtirdim, bilasanmi?
— Bilaman!
— Bilsang ayt!
— Tez orada farzandlik bo‘lasan, uning taqdirini mendan so‘rab bilmoqchisan, — dedi badaviy yon-veriga razm solib:
Ismoil badaviy huzuriga yo‘llagan kishisiga: “Nega chaqirtirganimizni aytmaysan”, deb tayinlagan edi. Bashoratchining javobini eshitib, hayratga tushdi, unga ixlosi ortdi. Yana so‘radi:
— O‘g‘il tug‘iladimi, qizmi?
— O‘g‘il! — dedi dadillik bilan badaviy yana atrofiga bir qarab qo‘yib.
Ismoil munajjimni suhbatga tortdi:
— Siz bu gapga ne deysiz?
— Badaviy tilidan jaholat so‘zlaydi, — dedi munajjim bashoratni rad qilib.
Shu payt Ismoilning boshiga qovoqari kelib qo‘ndi. Xizmatkor uni quvib, belbog‘i bilan urib, bir amallab o‘ldirdi. Badaviy o‘rnidan tura solib, Ismoilga xitob qildi:
— Ollohga qasamki, bir belbog‘lik kishidan belbog‘ vositasida xalos bo‘lding! Endi sen uning o‘rnini egallaysan! Bu bashoratim uchun mendan zo‘r mukofot qarzdorsan!
Badaviy shunday deb o‘yinga tushib ketdi. Ismoil uni to‘xtatmoqchi ham ediki, kimdir ichkaridan: “Chaqaloq muborak bo‘lsin”, deb qichqirdi.
— O‘g‘ilmi, qizmi? — shoshib so‘radi Ismoil.
— O‘g‘il! O‘g‘il!
Badaviyning bashorati rost bo‘lib chiqqandiki, endi Ismoil Said ibn Mahladning mahv bo‘lishiga ham umid qilsa bo‘laverardi. U badaviyni saxiylarcha taqdirlab, jo‘natib yubordi.
Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas al-Muvaffaq Ismoil ibn Bulbulga kishi yo‘llab, vazir etib tayinlanganini, Said ibn Mahladni esa uning qo‘liga topshirajagini ma’lum qildi.
Ismoil dushmanini to jon taslim etguniga qadar rosa qiynadi.
Ismoil ibn Bulbul dushmanini olib kelishgunigacha badaviyning bashoratini eslab, huzuriga chaqirtirdi. “Hamma bashoratlaring to‘g‘ri chiqdi. Shu ishlarni qayerdan bila qolding?” — deb so‘radi:
— Axir, odam zoti peshonasida nima yozilganini bilmaydi, hatto yulduzlar ham bu kabi voqealardan darak beravermaydi-ku!”
Badaviyning javobi shunday bo‘ldi:
— Bizning ahli qabila juda sezgir bo‘lishadi. Aytaylik, osmonda uchib yurgan qushlarni kuzatamiz, nimani ko‘rsak, o‘shaning ma’nosini topishga harakat qilamiz. Esingdami, bu yerga birinchi bor chaqirtirganingda, mendan buning sababini so‘rading. Men xonani bir ko‘zdan kechirib, suv sovutib, solib qo‘yiladigan ko‘zalarni ko‘rdim. Darrov shu xonadonda yashaydigan biron ayolning oy-kuni yaqin, deb o‘yladim. Keyin to‘satdan ko‘zalar ustiga nar chumchuq kelib qo‘ndi. O‘g‘il tug‘iladi, deb xayol qildim. So‘ng xuddi nasroniylar zunnoriga o‘xshash bir qovoqari boshingga kelib qo‘ndi. Bu — dushmanning belgisi edi. Men Said ibn Mahlad asli nasroniy, u seni yo‘q qilib yubormoqchi bo‘lgan g‘addor dushmaning ekanini yaxshi bilardim. Quling o‘shanda qovoqarining boshini yanchdi. Bu esa dushmaning ustidan qo‘ling baland kelishining alomati edi.
Ismoil badaviyni yana bir karra mukofotlab, ko‘nglini oldi.

* * *

Yana o‘sha do‘stim Abul al-Husayn ibn Ayyoshdan eshitganim hikoyani so‘zlab beraman, u gapni mana bunday boshlagan edi:
— Bir qadrdonim menga aytishicha, u al-Hayr degan joyga borayotib, badaviylar manziliga yaqin bir yerda otidan tushgan-da, qullari bilan bir dasturxon yozgan. Ular taomga o‘tirgan bir paytda bir badaviy kelib, qorni juda ochganini aytgan. Uni dasturxonga taklif etishib: “Bizdan qolgani — hammasi seniki”, deyishgan. Badaviy ular yoniga kelib o‘tirgan. Bir vaqt ular tepasidan bir qarg‘a qag‘illab uchib ketgan. Shunda badaviy o‘rnidan tura solib, qarg‘aga tosh otgan.
— Sen yolg‘on so‘zlading, Olloh dushmani, — deb qarg‘aga baqirgan.
— O‘zi nima gap? — deb so‘rashgan badaviydan.
— Ko‘rmaysizmi, bir gap aytib, g‘azabimni keltirdi. Go‘yo sizlar hozir meni o‘ldirmoqchi emishsiz. Yolg‘on! Axir sizlar qornimni to‘ydirishga va’da berdingiz-ku! Shunday emasmi? O‘zimcha badaviyni ahmoqqa chiqarib, ovqatlanib bo‘ldik-da, dasturxon ustidagi kattakon o‘tkir pichoqni olishni unutib, ichidagi qolgan-qutgan taomlari bilan birga o‘rab, badaviyning qo‘liga tutqazdik. Taomlarni yeb bo‘lganingdan keyin dasturxonni olib kelib ber, deb tayinladik. Badaviy bizdan xursand holda dasturxonni yelkasiga orqalab ko‘targan ham ediki, ichidagi o‘tkir pichoq naq ikki kuragining qoq o‘rtasiga sanchildi! Badaviy yerparchin bo‘lib yiqilarkan:
— La’nati qarg‘a! Bekor qag‘illamagan ekansan! Kunim bitdi! — deb baqirdi.
Nariroqdagi manzilda turgan badaviylar bu ishni bizdan ko‘rmasin, deb, dasturxonimizni ham olmay, otga minib, jo‘nab qoldik. Bizni tanib qolmasinlar, degan niyatda tezda karvonga borib qo‘shildik. Qoniga belanib yotgan badaviyni o‘z holiga tashlab ketishga majbur bo‘ldik. U omon qoldimi, yo‘qmi, bexabarmiz.

* * *

Mazkur hikoyani menga padari buzrukvorimiz so‘zlab berganlar:
— Abu Ibrohim degan bir do‘stim bor edi. U avval otamning, so‘ng mening xizmatimda bo‘lgan. U shohmotni jonidan yaxshi ko‘rardi, ba’zan biznikiga kelib, qullarim bilan allamahalgacha shohmot o‘ynardi. Odati shu ediki, yer tizzalab o‘tirib olib, ikki qo‘liga tiralib, donalarni surib o‘ynardi. Shunda bironta kishi Abu Ibrohimning yelkasiga ustma-ust bolish qo‘yib ketsa ham, to o‘yinni tugatmaguniga qadar joyidan qimirlamasdi. O‘yinni tamom qilgandan keyingina bolishlarni ustidan itqitib tashlab, qullarni so‘kishga tushardi.
Otam yuqoridagi hikoyaga qo‘shimcha tarzda yana bir voqeani aytib bergani yodimda:
— Yana bir shohmotboz do‘stim bo‘lardi, bir kuni uning uyiga yo‘l oldim. Asr namozi o‘qiladigan payt edi.
— Endi hech qayoqqa ketmaysan, — deb ta’kidladi u. — Kechgacha shu yerda qolasan! Shohmot o‘ynaymiz, zerikib qolsang, o‘tgan-ketgan voqealardan so‘zlashib o‘tiramiz. Kel, asr namozini kanda qilmaylik. Keyin xuftongacha shohmot o‘ynaymiz, bo‘ptimi?
Namozni ado etib bo‘lganimizdan so‘ng do‘stim uyga chiroq ko‘tarib kirdi. O‘yin boshlandi! Shunchalik berilib o‘ynabmizki, tun o‘tib, sahar yaqinlashib qolganini ham sezmabmiz! O‘zimiz ham rosa charchabmiz…
Bir payt azon tovushi kelganga o‘xshadi. Do‘stimga:
— Bomdodga chaqirishdi, xayr, men ketdim, — dedim.
U qullarini chaqirdi, ammo ulardan darak bo‘lmadi. Ikkovimiz o‘rnimizdan turib, qullarni uyg‘otdik. Ko‘chaga chiqdik. Qullar bizdan sal oldinda borishardi. Chindan ham muazzin bomdodga chorlayotgan ekan. Butun boshli bir tun o‘tib ketibdi-yu, biz shohmot qizig‘ida buni bilmay qolibmiz!
Ha, do‘stim shu qadar ehtiros bilan o‘ynardiki, mening bu haqdagi gaplarimga:
— Yo‘q, men sen aytganchalik shohmot jinnisi emasman. Ashaddiy ishqiboz shunday o‘ynaydiki, hatto o‘lim to‘shagida yotganida ham: “Lo iloha illollo!” deb kalima keltirgin desalar, harifiga: “Shoh! Ana endi mot bo‘lding! To‘rangni ishga solmay qo‘yaqol!” deb javob beradi, — derdi.
Men esa uning fikriga qo‘shilmay, o‘z gapimni ma’qullardim:
— Baribir, sendaqasi olamda topilmasa kerak! Mabodo bor bo‘lsa ham, sen uning darajasiga yetmaguningcha tinchimas eding. Do‘stim aytardiki, shohmot juda foydali o‘yin!
Masalan, shohmot harbiy mahorat sirlarini bilib olishda qo‘l keladi, aqli peshlaydi, har bir ishda mulohaza yuritishga, turfa voqea-hodisalarni bashorat etishga o‘rgatishi mumkin.
— Faqat shohmotga xos bir zo‘r xislat borki, — derdi do‘stim, — unga tan bermay ilojing yo‘q. Insonlar minglab yillardan buyon shohmot o‘ynasalar ham bir o‘yin hech vaqt boshqasini takrorlamaydi.

* * *

Ushbu hikoyani menga Abu Ishoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Muhammad (U at-Tabariy taxallusi bilan mashhur) aytib bergan:
— Sufiy Ja’far al-Huldiy boshqa bir sufiy al-Havvosdan eshitgani bir voqeni so‘zlab, shunday degan: “Men bir vaqt talay sufiylar bilan birga kemaga tushib, safarga otlandik. Dengizda ancha uzoqqa borib qolganimizda falokatga uchradik. Bir to‘damiz kemaning qolgan-qutgan parchalariga jon holatda yopishib, bir amallab qirg‘oqqa chiqib oldik. Tamomila notanish bir joyda bir necha kun yashab qolishimizga to‘g‘ri keldi. Yegulik hech vaqo yo‘q, ajal hademay bizni o‘z domiga tortishi muqarrarligiga ko‘zimiz yetdi. Shunda barchamiz jam bo‘lishib, quyidagi qarorga keldik: “O‘zimizni Olloh ixtiyoriga topshiraylik. Uning irodasi-la bu yerdan eson-omon chiqib, qaytadan hayot boshlasak, unga behisob shukronalar qilaylik. Birimiz hech qachon ro‘zani buzmaymiz deb, boshqamiz namozni aslo kanda qilmay o‘qiymiz deb, yana birimiz hech vaqt yolg‘onni tilga olmaymiz deb, qasam ichdik. Navbat menga kelganida: “Fil go‘shtini og‘ziga olmaganim bo‘lsin”, deb ahd etdim. “Shu ham gap bo‘ldi-yu!” deb menga dashnom berganlar, buni hazilga yo‘yganlar ham bo‘ldi. “Bu — hazil emas, — deb javob qildim, — sizlar gap boshlagan paytda Olloh yo‘lida nimadan voz kechsam ekan, deb rosa o‘yladim va shunday qarorga keldim. Siz nima desangiz deyavering, ammo men qasamimni buzmayman!” “Bunda bir gap bo‘lsa kerak”, deb qo‘yishdi sheriklarim.
Oradan bir oz vaqt o‘tib, yegulik topish maqsadida har tomonga tarqaldik. Ko‘p o‘tmay sheriklarim fil bolasiga duch kelib qolishdi. Uni darhol bir amallab tutib, o‘ldirib, go‘shtini ajratishdi va qovurishdi. Men bu ishlarga aralashmadim. Ovqat tayyor bo‘lgach, meni qovurdoqdan totib ko‘rishga chaqirishdi. “Bir soatgina burun Olloh yo‘lida qasam ichib, fil go‘shtini og‘zimga olmaslikka qaror qilgandim, — dedim men. — Qasam bo‘yicha ish tutsam, ochlikdan o‘lishim ham mumkin, chunki sizlar kabi men ham bir necha kundan beri hech narsa yemadim. O‘zimning ham ko‘nglim sust ketib turibdi. Ammo qasamimni buzmayman! O‘zingiz bahuzur tanovvul qilavering”. Shunday deb sheriklarimdan yiroqlashdim. Ular fil go‘shtiga qorinlari to‘ydi. Kech kirib, hamma o‘z joyiga borib yotdi. Men esa bir daraxtning ostida yonboshladim. Tunlarni odatda shu yerda o‘tkazardim. Oradan bir soatdan mo‘lroq vaqt o‘tdi. Biz kunduzi fil bolasini uchratgan joyda bahaybat bir fil paydo bo‘ldi. U bor ovoz-la o‘kirgan edi, bu dahshatli hayqirig‘i butun sahroni tutib ketdi. Fil har qayoqqa alanglab, bizni qidirgandek bo‘lardi. Kunimiz bitgan ko‘rinardi. Hammamiz shunday xayolda, dahshat ichra yerparchin bo‘lib yotib oldik. Fil sheriklarimizdan birining ustiga yaqinlashib, xartumini cho‘zdi-da, boshdan-oyoq iskab chiqdi. Keyin boshqalarning ham gavdasini bir-bir hidladi. Ana, u bir sherigimizning gavdasi uzra oyog‘ini ko‘tarib uni parchalab tashlamoqchi bo‘lgandek, bor kuchi bilan yerga bosib, ezg‘iladi. O‘lganiga amin bo‘lgach, boshqa hamma sheriklarimga ham shunday shafqatsiz “muomala” qildi. Mendan bo‘lak tirik jon qolmaguncha, shu ishni davom ettirdi. Men hech qayoqqa qochmay, Ollohdan najot tilab, tavba-istig‘for aylab, filning harakatlarini vahma aralash kuzatib o‘tirardim. Ana, u men tomon kela boshladi. Nima bo‘lsa, bo‘ldi deb chalqancha yotib oldim. Fil tepamga kelib, xuddi sheriklarim kabi meni ham boshdan-oyoq iskashga tushdi. Bir-ikki hidlab ko‘rib, birdan xartumi bilan belimni o‘rab oldi-da, osmonu falakka dast ko‘tardi. U meni boshqacha yo‘l bilan, ya’ni chilparchin qilib o‘ldirmoqchi, deb dahshatga tushdim. Ammo fil meni qo‘yib bormay, ustiga mindirib oldi! Uning ustida chayqalib o‘tirarkanman, bir oz o‘zimga kelib, tevarak-atrofga asta razm soldim. Ajalim muddati kam bo‘lsa-da, keyinroq surilgani uchun Ollohga shukrona aytdim. Hayrat aralash shu fursatni kutardim. Fil esa birdan shitob bilan yugurib ketdi! Shu yugurganicha tong g‘ira-shira yorishganiga dovur to‘xtamadi. Biroz tin olib, xartumini baland ko‘tardi. Ana endi ajalim yetdi, o‘yladim men. Ammo fil tushmagur meni xartumi bilan o‘rab, ohistagina yerga tushirib qo‘ydi. So‘ng kelgan tomonga qarab, mendan qochib qoldi! Ko‘zlarimga ishonmay, tek turib qoldim… Fil ko‘zdan yo‘qolgach, Ollohga ming bora shukr qilib, tahorat oldim-da, namoz o‘qidim. Keyin chor atrofimga qarab, kenggina bir yo‘l ustida turganimni ko‘rdim. Yo‘l bo‘ylab, bir-ikki farsax yurib, katta bir shahar chetidan chiqib qoldim. Sal yurgach, bu — hindlar yashaydigan shahar ekanini ko‘rdim. Ular menga ko‘zlari tushib, hayron bo‘lishar, bu yerga qanday qilib kelib qolganimni surishtirishar edi. Ularga ko‘rgan-kechirganlarimni qisqacha so‘zlab berdim, Aytishlaricha, boyagi fil meni ko‘tarib olgan holda bu shahar yoqasiga kelguniga naq bir necha kunlik masofani bosib o‘tgan emish.
Nihoyat men hindlar bilan xayrlashib, yana talay shaharlarni bosib o‘tib, eson-omon uyimga yetib oldim. Ollohga shukronalar aytib, ma’raka o‘tkazdim.
Abu Muhammad al-Muhallabiy uyida ziyofat bergan chog‘larida ulfatlari bilan yozilib so‘zlashib o‘tirishni juda xush ko‘rar, o‘zi ham g‘oyat so‘zamol odam edi. Atrofga ko‘pgina ulamolar, adiblar va yaqin kishilarini bir yerda jamuljam etib, qiziq-qiziq hikoyalar, latifalar aytib berardi.
Bir kuni dasturxonga qovurilgan bulduruq go‘shtini olib- kelib qo‘yishdi. Shunda al-Muhallabiy dedi:
— Amir safdoshlaridan biri ar-Rasibiy aytib bergan qiziq voqea esimga tushdi. Ijozatingiz bilan sizni bahramand etsam.
Ar-Rasibiy uyida tushlik qilardik. Ziyofatga bir ko‘p mehmonlar tashrif buyurgan, ular orasida ar-Rasibiyga qarashli viloyat bilan chegaradosh yer-mulklarning sohibi — kurd qabilalarining sardori ham bor edi. Bu odam ilgari qaroqchilik bilan shug‘ullangan, keyinchalik ar-Rasibiydan uzrxohlik qilib, uning yaqin kishisiga aylangan edi. Ziyofat davomida bulduruq go‘shtini tortishdi. Shunda ar-Rasibiy qovurilgan go‘shtdan bir parchasini kurdning oldiga tashladi. O‘sha vaqtlarda zamona zo‘rlari o‘z qo‘l ostidagi yaqinlariga shunday “iltifot” ko‘rgazishardi. Kurd go‘shtini o‘z oldiga olib qo‘yib, ohista kula boshladi. Ar-Rasibiy, hayron bo‘lib, sardordan kulgisining sababini so‘radi.
Kurd javob qildi:
— Boshimdan kechgan bir voqea bulduruk go‘shtini ko‘rib, yodimga keluvdi, kulishimning sababi shu.
Ar-Rasibiy: “Aytib ber”, deb buyurdi. Kurd hikoyasini boshladi:
— Qaroqchilik qilib yurgan kunlarimdan birida ingichka tog‘ yo‘lidan o‘tib borayotgan kishilarni kuzatib turardim. Qaybirining yo‘lini to‘ssam ekan, deb xayol surarkanman, men tomon bir odam kelayotganini ko‘rdim. Uning oldida kutilmaganda paydo bo‘lib, to‘xtashni buyurdim. Menga qarshilik ko‘rsatishga holi qolmaganligini sezdim. To shipshiydon qilgunimga qadar indamay turib berdi. Yechinishni buyurib edim, darhol aytganimni bajo qildi. Va shu holda ketishga otlandi. Yo‘lda u biron-bir odamni uchratib, yordam so‘rashidan qo‘rqar edim, shu bois uni shu ondayoq bir yoqli qilish niyatida boshi ustida qilichimni yalang‘ochladim. Shu payt u tilga kirib, dedi: “Yana mendan nima istaysan? Bor-yo‘g‘imni tortib olib, yana qilichingni qinidan chiqarganing nimasi!”.
So‘zlariga quloq ham solib o‘tirmay, qo‘llarini bog‘ladim. Endi boshiga qilich solmoqchi bo‘lib turuvdim, u tog‘ cho‘qqisida turgan bulduruqni ko‘rib qoldi va jon holatda unga bor ovoz-la xitob qildi: “Ey bulduruq! O‘zing ko‘rib turibsan! Meni yovuzlarcha o‘ldirishmoqchi! Qiyomatda Olloh oldida guvohlik qilursan!”.
U yana nimalardir demoqchi edi, ammo men bo‘yniga qilich solib, ishni saranjom etdim. Shu topgacha bu voqeani eslamagandim, manavi bulduruk go‘shtini ko‘rib, yodimga tushdi va beixtiyor kulib yubordim…
Shunda ar-Rasibiyning g‘azabi qo‘zg‘ab, tusi o‘zgardi va kurdga qarab baqirdi:
— Ey mal’un! Shuni bilki, buldurukning guvohligi bu dunyoda ham o‘tadi va sen ehtimol o‘sha qushchadan ancha burun, ya’ni shu bugunoq Olloh huzuriga junaysen! Qaroqchiligingni kechirib yuborgandim, ammo bir begunoh qonini to‘kkan ekansan, Olloh buni aslo kechirmagay! Mana hozir, ayni bizning ko‘z o‘ngimizda o‘sha qilgan jinoyatingni beixtiyor bo‘yningga oldingki, bu ham Ollohning irodasi!
Ar-Rasibiy shunday deb, quliga buyurdi:
— Manavi qotilning boshini kes!
Qul xo‘jasining vajohatidan qo‘rqib, buyruqni bajarishga shoshildi. Ziyofatda o‘tirganlar ham o‘rinlaridan tura solib, kurdning boshiga qilich ura ketishdi. Har kim uning naq bo‘ynini nishonga olishga tirishardi. Nihoyat, kurdning boshi yerga dumalab tushdi. Qullar jasadni sudrab, tashqariga olib chiqib ketishdi. Ar-Rasibiy ziyofati davom etdi.

* * *

Basraning mashhur tujjorlaridan biri bo‘lmish Abul Xasan Muhammad ibn Ishoq ibn Abbos an-Najjor /u xurmo savdosi bilan shug‘ullanardi/ aytib bergan quyidagi hikoyadan meni ham bahramand qilishgan:
— Aytishlaricha, an-Najjor uzoq umr ko‘rib, turfa rivoyat va hikoyatlarni kotibga aytib turib yozdirgan ekan, ammo bunisini kishilar og‘zidan eshitganman. “Bizning qasabada bir odam yashirdi. Bir kuni u ko‘chadan o‘tayotib, notanish, ko‘zi ko‘r gadoyga sadaqa bermoqchi bo‘lgan, ammo bir darham o‘rniga bir dinor berib yuborgan. Gadoy ham buni bir dirham deb uylab, mijozi bo‘lmish boqqolga boyagi tangani uzatgan. /U qarzdor edi/. Gadoy shu dirhamdan qarz qismini olib qolib, qaytimini boqqoldan so‘ragan. Boqqol gadoy bergan tangani qo‘liga olib ko‘rib, hayron bo‘lgan.:
— Bu tangani kimdan olding?
— Menga uni kecha falonchi sadaqa qildi.
— Sen buni dirham deb o‘ylasang kerak, shundaymi? Aslida dindor ekan.
Boqqol shunday deb, tangani gadoyga qaytib bergan.
Gadoy ertasiga sadaqa bergan kishining uyini topib borgan va dinorni qo‘liga tutqazib, shunday degan:
— Menga bir dirham o‘rniga bir dinor sadaqa qilib, adashgan ko‘rinasiz. Shu bois bu sadaqangizni qabul qilolmayman.
Bu odam ham mardlik ko‘rsatgan:
— Shu dinorni senga tuhfa qilganim bo‘lsin, — degan u. — Bundan keyin har haftaning dushanba kuni shu yerga kelib turgil. Halolliging evaziga seni quruq qaytarmasman.
O‘sha vaqtdan buyon gadoy har oyning birinchi kuni shu uyga kelib, sadaqa olib ketadigan bo‘lgan.
An-Najjorning aytishicha, bu gadoy Qur’onni yod olgan bo‘lib, uni yetti xil qiroat bilan qoidasini keltirib o‘qiy olgan. Tuni bilan Qur’on o‘qib chiqadigan paytlari ham bo‘lgan. U kambag‘alligi tufayligina kunduzlari tilanchilik qilgan. Ko‘pincha sufiylarning she’rlarini o‘qib, sadaqa so‘ragan, ammo boshqa gadoylar singari Qur’on oyatlarini o‘qib, tilanchilik qilmagan. an-Najjor buning sababini so‘raganida, gadoy:
— Men muqaddas oyatlarni o‘qib umuman tilanchilik qilmaganman, — deb javob bergan.

IZOHLAR

Abu HANIFA/699-767/ — ulug‘ faqih, hanafiylar mazhabining asoschisi.
Abu YuSUF/731-798/ — mashhur faqih, Abu Hanifaning shogirdi.
Al-MUVAFFAQ/901 yilda vafot etgan/ — xalifa, al-Mu’tamidning birodari.
Dinor — oltin tanga, 4,25-4,55 gramm vaznga ega.
Dirham — kumush tanga, vazni 3,12 gramm atrofida.
Muiz ad-Davla/967 yilda vafot etgan/ 945 yilda Bag‘dod xukmdori.
Ar-RASIBIY — Ali ibn Ahmad /913 yilda vafot etgan/ amir.
Said ibn MAHLAD/889 yilda vafot etgan/ amir, al-Mavaffaqning kotibi.
Ismoil ibn BULBUL—al-Muvaffaqning vaziri.
Farsah — olti – sakkiz chaqirim masofa.
Al-HAVVOS Ibrohim /903 yilda vafot etgan/ — sufiylar shayxi.
Horun ar-RAShID — abbosiylardan chiqqan xalifa, 786-809 yillarda hukmronlik qilgan.

Ilhom Sultonov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 12-son