Tun. Xonadagi sukunatni devor soatining bir maromdagi chiqillashi betinim zarbalaydi. Shundanmi yoki bugun mazasi qochdimi, haytovur, Jo‘ldo‘shbekning uyqusi kelmaydi. Qaydadir uzoqda avtobus bir gurilladi-da, xuddi o‘pqonga tushib ketganday shu zahoti tinchidi-qoldi. Tashqarida shamol qo‘zg‘alib, derazaga urildi, tomda birov yurganday bo‘ldi. A’zoyi badani hilviragan Jo‘ldo‘shbekning ko‘nglini notayin g‘ussa g‘ijimlaydi. U og‘ir xo‘rsinib o‘ng tomoniga ag‘darildi-da, ko‘zini yumdi.
Shu chog‘ g‘amgusor bir tovush yangradi:
— Hayhot, Jo‘ldo‘shbek, ne bo‘ldi, xo‘rsinasan? Biror yering og‘riyaptimi? Yo ishda biron ko‘ngilsizlik ro‘y berdimi?
Hushyor tortgan Jo‘ldo‘shbek yalt etib qarasa, ro‘parasida farishta turibdi. Barmoqlari chaqaloqnikiday qisqa va oppoq. Sochlari patila-patila, chehrasi mohitobon. Nigohi munis. Kalta oppoq qanotlari bor.
Jo‘ldo‘shbek tavoze bilan unga jilmaydi.
— Hech yerim og‘rimaydi. Ishim ham joyida, farishtam.
— Nafsilambirini aytganda, sen azaldan o‘ziga puxta yigit eding. Xo‘rsinig‘ingni eshitib yetib keldim-da. Tani-sihating yaxshi, ishing joyida bo‘lsa, nega uh tortasan?
— E-e farishtam, bani odam shunday tashvishchan bo‘lar ekan. O‘y-tashvishlarimning qaybirini aytayin. Boz ustiga, yarim kechada Sizni andarmon qilamanmi…
— Aslo, Jo‘ldo‘shbek. Charchash bizga yot. A’molimiz shunday. Jafokashga imdod berish, yo‘ldan ozayotganlarni to‘g‘ri yo‘lga solmoq — bizning vazifamiz. Xullasi, xohishimiz — odamlarga ezgulik.
— Gapingiz haq, farishtam. Va lekin mening g‘ussam dushvor.
— Ateistman deysan, Jo‘ldo‘shbek. Va shuningdek, anjumanlarda: “Xudo yo‘q, materiya birlamchi”, deb baralla so‘zlaysan, boshingga ish tushganda esa, doimo xudoga yolborasan. Qudrati ulug‘, karami keng parvardigor ixlosingni inobatga olib, gunohlaringdan o‘tib, barcha tilaklaringni jo-bajo aylagan.
— Gaplaringiz o‘rinli, farishtam. Biroq barcha tilaklaringni bajo ayladi deganingizda g‘alizlik bor. Hali ko‘p niyatlarimga yetganimcha yo‘q.
— Iya: Unday dema. Jami orzularing ro‘yobga chiqdi. Xo‘sh… u holda sen inkor etayotgan hoyu-havaslarni hisoblab berayin.
Jo‘ldo‘shbek indamay farishtaning og‘ziga qaradi.
— Qirg‘in-barot urush payti. U vaqtlar sen aqlini tanib qolgan dastyor bola eding. Ota-onangdan ayrilib, qarindoshing Boybekning uyidan boshpana topgansan. O‘shanda yaratganga bu xilda yalinar eding-ku: “Ey xudo, zamon o‘zgarib, bug‘doy nonga to‘yar kun bormikin?” O‘sha tilaging ro‘yobga chiqmadimi?
— Ha-ha, shu xilda yolborgan kunlarim bo‘lgan, farishtam. U vaqtlar uzoqni ko‘rmagan bola ekanmiz-da.
— Haq, u kez bola edingiz. Qorindan boshqa g‘am yo‘q edi. Ba’zida-chi, ba’daz, o‘ninchi sinfni bitirib, institut ostonasida imtihondan o‘tib student bo‘la olsam, Sizdan mingdan-ming minnatdorman, degansan. Bu tilaging bajo bo‘lmadimi?
— U payt aqlimiz quyilmagan bo‘z bola edik-da.
— Institutni bitirar chog‘ing xudoga iltijo qilganing yodingdami? Mo‘ylovi sabza urgan yigirma to‘rt yashar yigit eding-ku.
— Farishtam, nelar deyapsiz? Unda men materialistik falsafani chandon o‘zlashtirib olgan mahalim edi. Bundan tashqari, aspiranturaga kirmoqchi edim. Men o‘shanda qanday xudoga topinayin.
— Men farishtaman. Odamzot yaralib, u o‘z holicha tirikchilik qila boshlagandan buyon intilganim ezgulik. Riyo rizqni yo‘qotadi. Farishtalar yolg‘on so‘zlarmidi. Har bir imtihon oldidan xudoga tavallo qilar eding. Shu sabab, imtihonlardan a’lo o‘tding, kafedra a’zolari qo‘lingni qisishdi, aspiranturaga qabul qilishdi. To‘g‘ri, boya aytganingdek, ateizm bo‘yicha dissertatsiya yoqlamoqchi bo‘lding. To‘rt yil o‘tgach, keksa-yosh olimlar anjumanida dissertatsiya yoqlading. Bay-bay, ilgari seni hech shu taxlit ko‘rgan emas edim. Dissertatsiya yoqlar kuning tun bo‘yi ko‘z yummading. “Ey xudo taolo, madadkor bo‘l. Ikki dunyoda unutmayman. Qo‘llar bo‘lsang, shu gal qo‘lla. Ikkinchi marta kufronalik qilmayman”, — deding… Zal to‘la odam. Ilmiy kotib so‘z berganda, yo‘rg‘alab kafedraga chiqding. Qo‘ling titrab, ovozing bo‘g‘ilib bir oz turding. Ichingda kalima keltirib, materiyaning birlamchiligi haqida gap boshlading. Qadim zamonlardan Marksgacha o‘tgan faylasuflarning dunyoqarashlariga to‘xtalding-da, dinning kelib chiqishi, xudo degan tushunchaning aniq va mavhum ma’nolarini tahlil qilding. Shunday qilib, “Xudo yo‘q. U ming yillardan buyon xalq ongini zaharlab, ijtimoiy taraqqiyotga g‘ov bo‘lib kelgan”, — deding. Zalda o‘tirganlar qarsak chalib olqishladilar. O‘sha kuni sen falsafa fanlari nomzodi degan unvonga sazovor bo‘lding.
— To‘g‘ri, — dedi Jo‘ldo‘shbek bosh irg‘ab.
— Ko‘rdingmi, Jo‘ldo‘shbek, xudoning ana shunday qudrati ulug‘, karami keng. Qanchalar tahqirlasang ham, u sendan yaxshilikni darig‘ tutmadi. Hozir ham xudoning atrofida qo‘rg‘onlashib o‘tirgan edik. Sening xo‘rsinganingni eshitib, “Borib ko‘r-chi, — dedi menga parvardigori olam. — Yarim kechada oh urib azob chekayotgan qay bandam ekan? Kelib ko‘rsam, sen ekansan. Ne bo‘ldi, Jo‘ldo‘shbek? Bu xil g‘aming yo‘q edi-ku. Orzulagan saodatlariga sen kabi kim yetibdi. Mana dang‘illama uy. Pulni esa dastalab olyapsan. Oilali bo‘lding. Munchoqdek ikki bolang chopqillab yuribdi. Yana senga ne kerak?”
— E-e, farishtam, nimalar deyapsan? Baribir men baxtsizman. Bir payt o‘ylamay qo‘ygan qadamimning kasrini tortyapman. Hamma ishni aql bilan qilar edim. Oxirgi… ishda yanglishdim.
— Evoh, ayta qol, qay ishda yanglishibsan? — dedi farishta. — Balki tuzatarmiz.
“Tuzatarmiz” deganidan Jo‘ldo‘shbek suyunib ketdi.
— Farishtam, qay til bilan so‘zlayin… Rafiqam yomon chiqib qoldi. Qisqa qilib aytganda, o‘zimga yoqmaydi. Endigina o‘ttiz bahorni ko‘rdim. Oldinda qancha umr bor, bilmayman. Butun umrim shu xotin bilan o‘tadimi? Yo…
Farishta taajjublandi.
— To‘xta, to‘xta, Jo‘ldo‘shbek. Bu xotin bilan ko‘ngil qo‘yib qovushgan eding-ku. U qiz tarang qilib uyidan chiqmaganda, oh urib: “Ey xudo, shu qiz yorim bo‘lsa, ikki dunyoda shukronalik keltiraman”, deb eding. Darding bo‘lak, shekilli. Haligi laborant juvonga ko‘z olaytiryapsan, chog‘i, unga ishqibozsan-a? Ikkovingizni bir-ikki bor restoranda ko‘rgan edim.
— Farishtam, yigitning jonini kirgizadigan juvon ekan. Rafiqamga yoshlik qilib uylanib qo‘yibman. Xudodan oxirgi marta so‘rayman, agar chin bandam desa, bu gal ham rahm aylasin. Aslo armonim qolmaydi.
— Yaxshi, — dedi farishta Jo‘ldo‘shbekka. — Bu so‘nggi o‘tinchingmi? Mayli, shafelik qilib ko‘rayin. Zoraki, bu gal ham shafqat aylasa. Lekin kelishib olaylik. Sen juda parishonxotir ekansan. Keyin tonib yurmagin. Shuning uchun bu o‘tinchingni yozma ravishda izhor etsang. Tushunyapsanmi? Bizga ham hujjat kerak.
— Yozma ravishda dedingizmi?
— Ha. Xudo taologa ariza yoz. Unda iltimosingni muxtasar bayon et.
— Arizani qay xilda yozsamikin? — dedi Jo‘ldo‘shbek o‘ylanib.
— Qanday bo‘lar edi. Odatdagidek. Masalan, ta’til so‘rab yoki avans pul zarur bo‘lganda, qay tarzda yozar eding?
Jo‘ldo‘shbek o‘rnidan turib, stulga o‘tirdi-da, ariza yoza boshladi. Har bir harfni shoshmay ravon chizadi: “…O‘n sakkiz ming olamni yaratgan, har bir narsani ko‘rib turgan shafqatli xudo taologa.
Olim Jo‘ldo‘shbek Jo‘lbo‘ldiyevdan ariza”, — deb yozdi-da, bir sidra ko‘zdan kechirib, taraddudlandi va “olim” degan so‘zni o‘chirib tashlab, davom ettirdi: “Qudrati beqiyos xudo, senga ariza yozishimning sababi qo‘yidagicha: yostiqdoshim yomon chiqib qoldi. Har kuni tergab urishadi. Men kabi olim kuyovidan faxrlanish o‘rniga, ba’zida og‘aynilar bilan ulfatchilik qilib kelsam, yechintirib divanga yotqizib issiq qahva berish o‘rniga, piqillab yig‘lab kayfiyatimni buzadi: “Sen xohlagan joyda, istagan kishing bilan yurasan. Hayhotday uyda qamalib kechalar o‘zim yolg‘iz qolaman”. Xotinimning nodonligini ko‘ring. Keng uyning kelini bo‘lib o‘tirganiga suyunmaydimi? Bugina emas. Yor-birodar yoki qishloqdan qarindosh-urug‘lar mehmon bo‘lib kelishganda, kamsitganday meni dastyorlikka soladi: “Jo‘ldo‘shbek, do‘konga chiqib kel. Gazga qo‘yilgan suv qaynadimikin, qara-chi!” Uning qilmishlarini sanab chiqishga so‘z yetmaydi, Tangrim, adolat qiling. Hammasini yozib boshingizni qotirmoqchi emasman. O‘zingiz ko‘rib turibsiz-ku, axir. Sizdan so‘rovim: ushbu xotindan meni xorij eting, biron yaxshi ayolga yo‘liqtiring. Umrim harom bo‘lmasin. Siz axir insonga bir martagina umr berasiz. Bu mening so‘nggi iltijoyim.
Sizning sadoqatli bandangiz — Jo‘ldo‘shbek Jo‘lbo‘ldiyev”.
Jo‘ldo‘shbek arizani yozib bo‘lgach, uni bir sidra o‘qib chiqdi-da, farishtaga yalinchoq boqdi.
— Yozib bo‘ldingmi?
— Yozib bo‘ldim. Lutf eting, farishtam.
Farishta arizani lip etib oldi-da, shuvillaganicha arshi a’loga uchib ketdi. Qandayin javob bo‘lar ekan, deb Jo‘ldo‘shbek ne o‘ylarga bormadi. Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmadi, bir vaqt qo‘lida arizani tutganicha farishta uchib keldi.
Jo‘ldo‘shbek hovliqqanicha o‘rnidan turdi.
— Qanday? Xursandchilikmi?
— Arizangni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Alloh taologa eltdim. Darhol o‘qib chiqib, ul hazrat tagiga yozib qo‘ydilar. O‘zing o‘qib boq-chi.
Jo‘ldo‘shbek shoshilib ovoz chiqarib o‘qidi: “Bandai azizim, olim Jo‘ldo‘shbek Jo‘lbo‘ldiyevga. To‘g‘ri, orzuga ayb yo‘q. Va lekin istig‘for qilg‘il. Jamiy erkaklar kiroyi yor deb intilasizlar. Gar sizlarga faqat yaxshi xotinlarnigina nasib etsam, yomon xotinlarni kimga buyuraman. Yomon bo‘lsa ham, peshonangga shu qiz jufti haloling bitilgan. Totuv yashashga harakat qilgil. Xudo taolo”…
Og‘zini ochganicha lol turib qolgan Jo‘ldo‘shbekka farishta ma’noli boqdi.
— Tushunarlimi? Taqdirga tan ber. Bundan buyon ahil bo‘linglar, — deya samo sari yo‘l oldi.
Shu chog‘ kimdir Jo‘ldo‘shbekning biqiniga turtdi. Qarasa, qarshisida shayton turibdi. Dumi uzun, echkinikiday burama shoxli. Basharasi odamga o‘xshash-u, irjayishi biram qutsiz. U qiyshanglab kuldi-da:
— Jo‘ldo‘shbek, yaratgan egaming bilan farishtang senga ko‘mak berdimi? Yaxshisi, menga quloq os: ilgarigiday yeb-ichib, o‘ynab-kulib yuraver. Odam bolasi bir marta dunyoga keladi. Xi-xi-xu-xu… Biqiniga qattiq zarba yegan Jo‘ldo‘shbek sakrab o‘rnidan turdi. Ko‘zini ochsa, xotini turibdi, ko‘zlari yoshli.
— Jo‘ldo‘shbek, turmaysanmi, tur. Bugun ham mast bo‘lib kelding. Bu odatingni qachon tashlaysan? Nega qiynaysan meni? Turib, nonushtangni qil. Men bolalarni bog‘chaga olib ketyapman.
Jo‘ldo‘shbek yostiqdoshini o‘ziga tortdi, boshini siladi-da:
— Yig‘lamagin, jonim! — dedi. — Bolalarni bog‘chaga men o‘zim olib boraman…
Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 7-son