I
Erkak uyiga erta qaytdi. Ulovdan tushiboq, nimqorong‘i xoll bo‘ylab ish kabineti tomon shoshdi. Qo‘lini ko‘tarib, unga bir nima demoqchi bo‘lgan kotibasiga e’tibor bermay stuliga o‘tirdi. Chunki stolda yotgan maktubning birinchi so‘zlarini o‘qishga ulgurgan edi: “Stafforshayr, Fayf touns…” Maktubning “Qayerdan” so‘ziga ham, “Qayerga” so‘ziga ham bir xil manzil ko‘rsatilgandi. Uning fikri-xayoli shunda edi. Katta stolida o‘tirgancha, besabrlik bilan xatni o‘qishga tutindi. Keyin birdan yonida turgan oltinrang aqiq siyohdonga tikilib qoldi. Siyohdonni Uels qiroli va qirolichasi erkakning baxt to‘yiga sovg‘a qilishgandi. Konvert chala-chulpa yopishtirilganidan erkakning asabiy titrayotgan barmoqlari uni tezda ochdi.
“Qadrli Kloud, nihoyat alvido aytish fursati yetdi…” Erkak o‘qishdan to‘xtadi. Ko‘ksini qo‘rquv bilan changalladi, shifokorning “darhol operatsiya qilishimiz lozim”, degan gapini esladi. Hayajon bilan to‘rtinchi varaqning so‘ngidagi imzoga nazar tashladi: “Chin yurakdan, Gertruda”.
Eshikdan kotiba mo‘raladi.
– Men bir-ikkita shaxsiy maktub yozishim kerak, – dedi erkak unga qarab. – Meni yolg‘iz qoldir, kerak bo‘lsang qo‘ng‘iroq qilaman.
– Xo‘p, janob. Plashingizni ilib qo‘yaymi?
– Yo‘q, shart emas.
Xodima ehtiyotkorlik bilan eshikni yopdi.
“…fursati yetdi. Ortiq chiday olmayman. Kloud, men Italiyaga ketayapman. Florentsiyadagi villada yashayman, meni bezovta qilmaysan deb umid qilaman. Do‘stlarimizga o‘zing ma’lum qilarsan. Avval Bergrevlarga aytishdan boshla. Ishonamanki, ular meni tushunishadi, eng to‘g‘ri yo‘l – shu…”
Erkakning nazarida xat ajrashish haqidagi arizaga o‘xshab ketdi, vujudida og‘riq sezdi.
“Bir-ikki kunda bundan hamma xabar topadi, lekin yana bir necha kundan keyin mojaroni unutib yuborishadi. Senga bor gapni to‘liq tushuntirib berolmayman. Qisqasi, biz bir-birimizga mos emasmiz, Kloud. O‘n yillik turmushimiz buni isbotladi, aslida olti-etti yil oldin tushungandim buni. O‘tgan yillar ichida sen hayotimga nuqta qo‘ymoqchi bo‘lding, meni o‘ldirding…”
“Uni o‘ldirdim?!” Erkak hayrat va aybsizlik hissi bilan shivirladi.
“Sen o‘z hayoting bilan yashar eding. Men-chi, meni kim o‘ylaydi? Oxirgi besh yil ichida men juda keksaydim, yashashga kuchim qolmadi. Sabrim ham tugadi. Men bu jirkanch Fayf tounsda ortiq yasholmayman”.
Erkak uni bir necha marta Adley ko‘chasida yashashga undagan. Lekin uni Stafforshayrda umrbod qolishga majbur qilmagandi-ku!
“Sen bilan ham yasholmayman. Bu – achchiq haqiqat. Sen mening asablarimni ado qilding, o‘zingning shoshma-shosharliging, jiddiyliging bilan ado qilding. Esiz asablarim! Sen esa buni tushunmading, chunki juda band eding. Meni yasama sevgiga qanoat qilib yashay oladi, deb o‘ylading, to‘g‘rimi? Sen doimo band bo‘ladigan siyosiy tushlik va diniy nonushtalar aro…”
Erkak seskanib ketdi. “Yo‘q” dedi keyin labini tishlarkan, o‘zini qo‘lga olishga harakat qilib.
“Senga azob berayapman. Men johilman. Meni kechirib bo‘lmaydi! Odamlar hozir indashmaydi. O‘tmishda ayollar qanday soddadil bo‘lishgan, eh… Buni bilaman. Lekin senga aytishga majbur edim. Sen o‘ta jiddiy odamsan, Kloud, men esa unday emasman. Shunday tug‘ilganmiz. Sen mendan yaxshiroqsan, yoki men sendan yaxshiman, demoqchimasman. Biz shunchaki biri-biriga o‘xshamagan ikki olammiz, xolos. Baxtsizligimiz shundaki, sen meni tushunolmaysan, bunga uquving yo‘q. Har holda, bugun ertalabki voqeadan so‘ng…”
Voqea? Qaysi voqeani aytayapti? Erkak hech nimani eslay olmadi. Faqat xotiniga: “Xatlarni o‘qiyotganimda xalaqit berma”, degani esida. Lekin muloyim gapirgandi-ku. Shunda xotini stoldan turib ketdi. Erkak u nonushta qilib bo‘lganini uchun turib ketdi, deb o‘ylagandi.
“…tushundimki… umuman, bugundan boshlab seni boshqa bezovta qilmaslikka ahd qildim.”
Ha, demak, o‘sha voqeaga ekan. “Bunchayam yosh bolaga o‘xshaydi-ya?” – deb o‘yladi erkak.
“…Xayr. Sen halol, vijdonli, to‘g‘riso‘z va juda aqlli odamsan, hayotda hali ko‘p yaxshi ishlar qilishingga ishonaman. Biroq ortiq darajada mas’uliyatlisan. Senga oson bo‘lishi uchun bir ish qildim – xotiningdan xalos etdim. Endi sen menga muhtoj emassan. Senga faqat bir qo‘g‘irchoq kerak, u bilan har kuni “xayrli tong, azizim” va “xayrli tun, yolg‘izim” deyish uchungina yashaysan. Men sensiz yashay olamanmi, deb o‘zimga savol berdim. Qisqasi, o‘ylay-o‘ylay hammasi tugadi, deyish uchun maktub yozishga kirishdim. Endi istaganingni qil. Men ozodman. Senga omad va yana ko‘p yaxshi tilaklar bildiraman. To‘g‘ri ish qilayotganimga ishonganim uchun shu maktubni qoldirayapman.
Chin yurakdan, Gertruda”.
Qog‘ozlar erkakning qo‘lidan tushib ketdi, lekin u darhol varaqlarni yig‘ib oldi-da, qayta o‘qib chiqdi. So‘ng odatiy ehtiyotkorligi bilan maktubni yana konvertga joyladi. G‘ayrishuuriy bir holda uni qayta yelimladi va konvertni siyohdonga tirab qo‘ydi. Keyin uning “Qayerga” deb yozilgan yeriga tikilib o‘tiraverdi: “Hurmatli janob Kloud Malpasga”. Ayol uning ismini katta-katta harflar bilan yozgandi. Xuddi achchiq qilgandek. Hatto xat chetiga “shaxsiy” deb yozishni ham lozim topmabdi.
Erkakning boshi aylanib yiqilayozdi…
Oxiri o‘zini qo‘lga olib, deraza tomon yurdi. Uyi yuqori qavatda joylashganidan Fayf tounsning har bir burchagigacha bemalol tomosha qilsa bo‘lardi. Uni odamlar katta yer egasi, to‘rt ming ishchining boshqaruvchisi, yettita ko‘mir va ikkita temir konining sohibi, yuksak e’tiqodli shaxs, Knaypning mayori, Futbol assotsiatsiyasi prezidenti, umuman qisqacha qilib, Sir Kloud deb atashar edi.
Kloud derazadan tashqariga umid bilan tikildi. Bugungi mojaro! Erkak barmoqlarini qisirlatib qo‘ydi. Gertruda uni tashlab ketdi! Kloud uning hayotini barbod qilganmish. Nahotki, shunday qilgan bo‘lsa? Balki… chindan ham xotiniga yetarlicha vaqt ajratmagandir… Ayollar, ayniqsa, Gertrudaga o‘xshaganlar ta’sirchan, sipo bo‘lishadi, biroq birdan “portlashadi”.
U nafasini rostlab, kiyinish xonasiga kirdi-da, divanga cho‘kdi.
Ayoli sabrli edi – erkak buni yaxshi biladi. Turmushlarining ilk oylari qanday masrur, orzularga to‘la damlar edi-ya! Endi-chi?
Erkak o‘z kabinetidan kelayotgan qadam tovushlariga quloq tutdi. Ish kabineti va kiyinish xonasi orasidagi eshik qiya ochiq edi. Erkak asta nazar tashladi: Gertruda! Qaytib kelibdi. Nega?
…Ayol kabinetga kirgach, asta stolga yaqinlashdi va unga behol suyandi. Stol ustini timirskilab, o‘zining xatini topdi. “Demak, hali o‘qimabdi”, – o‘yladi u tin olib.
Erkak bo‘g‘ilib ketdi-yu, beixtiyor yo‘talib yubordi.
– Kim bor bu yerda? – ayol xavotirlanib so‘radi. – Bu senmi, Kloud?
– Ha, – dedi erkak yengil nafas olarkan.
– Qaytishingga hali erta edi-ku!
– Mazam qochdi, charchabman, shunga qaytib keldim. Biroz dam olmoqchiydim. Bosh og‘rig‘imga biror nima qilolmaysanmi? Yo ta’til olsammikin?
Erkak uning xatni yashirib, o‘zining kiyinish xonasiga kirib ketishini kuzatib qoldi.
– Oh, bechora Kloud! – derdi ayol uning peshonasini uqalarkan.
Erkak Gertrudaning safarga chiqqanda kiyadigan libosiga qarab qo‘ydi.
– Biz sayohatga chiqishimiz kerak, – dedi Kloud shikasta tovushda.
Ayolining peshonasini silab o‘tirishidan erkak bugungi mojaroni unutgandek bo‘ldi. Go‘yo u og‘ir va tuganmas kasallikdan uyg‘ongandek, o‘zini tetik his etdi.
II
– Endi hammasi yaxshi bo‘ladi, degin? – so‘radi Lord Bergrev o‘sha kuni kechki taomdan so‘ng. – Qaytib kelibdi-da?
Lord Bergrev Gertrudaning jiyani edi. U dam olish kunlari xotini bilan Shorashayrdan Kloudlarning uyiga mehmon bo‘lib kelardi. Erkaklar chekish xonasida gaplashib o‘tirardilar. Lordning sochlari kulrang, yuzi to‘rtburchak, o‘zi ancha yosh ko‘rinardi.
– Ha, Garri, shunaqa bo‘ldi. Sezganingdek, men xatni o‘z o‘rniga qo‘ygandim, u qaytib kelganda maktubning ochilganini sezmadi.
– O‘zini hech nima bo‘lmagandek tutgani yaxshi bo‘libdi, – dedi Lord viskidan ho‘plar ekan. – Ovqatlanayotganda orangizda bir gap o‘tganini sezgandim. Lekin… bu sen sabablimi, deb o‘ylabman. Aslida undan o‘tgan ekan-da…
Kloud unga gina bilan qarab qo‘ydi.
– Men hatto kasal bo‘lib qoldim. Yaxshiyamki, u qaytib keldi.
– Eng yaxshisi, sizlar biror yerga borib dam olib qaytinglar. Sir boy berma, bir necha kunga ketamiz, de. Keyin dam olishni yana birozga cho‘zarsan. Axir u Italiyaga ketaman, degan ekan-ku. Ana, Italiyaga jo‘nanglar. Olti oy menimcha, yetarli.
– Ishim nima bo‘ladi?
– Hech qanaqa ish yo‘q bu yerda! – Lordning jahli chiqdi. – Fayf touns mensiz kunini ko‘rolmaydi deb o‘ylaysanmi? Faqat ishlash uchun tug‘ilmagansan-ku. Ahmoqona nutqlaring bilan oilangdan ayrilishing mumkin edi. Endi ishbilarmon, aqlli, uddaburon odamni unut, sen bugundan boshlab puli va vaqti yetarli bo‘lgan, imkoniyatdan unumli foydalanishi kerak bo‘lgan odamsan.
– Fikringga qo‘shilmayman, – dedi Kloud boshini qimirlatib.
– Bilaman. Men o‘z yo‘limni o‘zim qurmaganman. Senga esa tan beraman, albatta, Gertruda masalasini aytmaganda. Sen bu borada nohaqsan – ulkan rejalaring seni jarlikka olib keldi. Erkak oila davrasida hamma narsani ham gapiravermaydi, ayniqsa, ishini. Xullas, uni olgin-da, uzoqlarga ket. Ayoling seni qaytadan sevib qolishiga harakat qil.
– Menmi? Men harakat qilamanmi? Yo‘q, men unga bor gapni aytishim kerak.
– Yana nimani aytmoqchisan?
– Xatni o‘qiganimni-da. Axir bugun uni birinchi marta aldadim. O‘zimni hech nimadan bexabardek tutdim. Men oramizga yolg‘on aralashishini istamayman. Bu to‘g‘ri emas…
Lord achchig‘idan o‘rnidan turdi:
– Kloud! Ahmoq bo‘lma. Sen oddiy bir masalani katta mojaro deb tushunayapsan. Axir, endi Gertruda bilan tinchgina hayot kechirishing mumkin. Muhimi, u qaytib keldi. Sen esa tentakona o‘ylaring bilan hamma narsani yanada chigallashtirmoqchisan. Hozir bu yolg‘on juda kerak. Har kun tongda uyg‘onib, atrofingga yaxshilab qara: o‘sha yolg‘on o‘rtangizda turibdimi? Endi o‘sha yolg‘on senga ko‘mak beradi. O‘tmishni unut, kelajakni o‘yla. Tushunyapsanmi meni?
III
Xuddi shu paytda Bergrev xonim bilan Gertruda kiyinish xonasida dardlashib o‘tirishardi.
– Ha, – dedi Gertruda. – Menimcha, Kloud ketishim bilan uyga qaytgan. O‘ylaganimdan ikki soat avvalroq qaytibdi. Yaxshiyamki, to‘g‘ri kiyinish xonasiga kirib ketibdi. O‘sha payt asablarim juda toliqqandi, tushunyapsanmi, Minni? Qisqasi, men Kolinga ortga qaytamiz, deb buyurdim. Kloud xatimni o‘qimasidan burun yetib kelishim kerak edi. Xizmatkorimiz hayron bo‘ldi, lekin uyga burildi. Kira solib, maktubni oldim, shu paytda Kloudning uyda ekanligini sezib qoldim. Xatni yashirib qo‘ydim. Oh! Hayotimda hali hech o‘z istagimga qarshi bormagandim. Bechoraginamning mazasi qochib turgan ekan. Juda charchabdi, yuzida qon yo‘q, endi men ketolmayman. Uni tashlab ketolmayman! Sayohatga chiqaylik, degandan keyin o‘ylab qoldim: hammasini boshidan boshlab ko‘rsak bo‘lmasmikin? Ha, boshidan…
Oraga jimlik cho‘kdi.
– O‘zi xatingda nima deganding? – Bergrev xonim so‘radi.
– Senga hozir o‘qib beraman. – Ayol shunday deb yashirgan joyidan xatni chiqardi va o‘qiy boshladi. “Men ortiq bu jirkanch Fayf tounsda yasholmayman”, degan jumlaga kelganda ayol to‘xtab qoldi.
– Davom etaver… – xonim qistadi.
– Yo‘q, – Gertruda xatni olovga tashladi. – Gap shundaki, – ayol xonimning stuliga yaqinlashdi. – Ahmoqona ish bo‘ldi. Hech o‘ylamagandim… hozir esa hammasi o‘zgargandek tuyulyapti.
– Nega yig‘layapsan, azizam?
– Nimalar qilib qo‘yishim mumkin edi, a? Xato qildim. Agar… agar xatimni o‘qiganidami, meni hech qachon kechirmasdi! Umid ba’zan baxtga yetaklaydi…
– Gertruda! – tashqaridan Kloudning tetik ovozi eshitildi.
– Endi bizga ruxsat, – dedi Bergrev xonim o‘rnidan turib. – Soat bir bo‘libdi. Lordim ham uxlab qolay degandir…
Gertruda xonimni o‘pib, eshikkacha kuzatib qo‘ydi.
Kloud eshik yonida ayoliga mehr ila tikilib turardi…
Ingliz tilidan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 3-son