Nadyaning otasi ham, onasi ham, xolasi ham uyda yo‘q. Ular kichkina bo‘z ot minib yuradigan ofitsernikiga cho‘qintirish marosimiga ketganlar. Grisha, Anya, Alyosha, Sonya va oshpaz xotinning o‘g‘li Andrey, mehmonga ketganlarning qaytishini kutib, yemakxonadagi ovqat stoli atrofida loto o‘ynab o‘tiribdi. Insof bilan aytganda, bularning uxlash paytlari allaqachon kelgan edi; lekin cho‘qintirilgan chaqaloqning qanaqaligini, ziyofat qanday bo‘lganligini onalaridan so‘ramay uxlab bo‘ladimi? Ustiga raqamlar, yong‘oq po‘choqlar, qog‘oz parchalar, siniq shishalar sochilib yotgan stol osma chiroq tagida olachipor bo‘lib ko‘rinadi. Har bir o‘ynovchining oldida ikkitadan karta, raqamlar ustiga qo‘yiladigan shisha siniqlari uyilib yotadi. Stol o‘rtasida esa besh tiyin chaqasi bilan likopcha oqarib turibdi. Likopcha yonida bir-ikki tishlangan olma, qaychi va yong‘oq po‘choqlari solinadigan tarelka bor. Bolalar pul tikib o‘ynayotirlar. Har o‘yin bir tiyin. Sharti: kim g‘irramchilik qilsa o‘yindan haydaladi. Yemakxonada o‘ynovchilardan boshqa hech kim yo‘q. Enaga Agafya Ivanovna pastda, oshxonada, oshpaz xotinga kiyim bichishni o‘rgatyapti; bolalarning akasi, V sinf o‘quvchisi Vasya zerikkanidan, mehmonxonadagi divanda cho‘zilib yotibdi.
Bolalar qiziqib o‘ynayotirlar. Hammadan ko‘ra Grisha qiziqib ketgan. U bir tuki qoldirilmay qirilgan taqir bosh, lo‘ppi bet, negrlarnikiga o‘xshash do‘rdoq lab, to‘qqiz yoshli kichkina bola. Hozir tayyorlov sinfida o‘qiydi, shuning uchun katta va eng aqlli bola hisoblanadi. Loto o‘ynasa faqat pulga o‘ynaydi. Likopchada tiyinlar bo‘lmasa, allaqachon uxlab yotgan bo‘lardi. Uning quralay ko‘zlari hamma vaqt birovlarning kartalari ustida yugurib yuradi. Yutqazib qo‘yamanmi degan vahima, hasad va sochlari qiriq-taqir boshini to‘ldirib yotgan moliya mulohazalari tinch o‘tirishiga, fikrini bir yerga to‘plashiga imkon bermaydi. Ignaga o‘tirib olgan kishiday bezovtalanadi. Yutib olguday bo‘lsa-chi? — Pulga och ko‘zlik bilan chang soladi-da, darrov cho‘ntagiga suqadi. Uning iyagi uzunchoq, bama’ni ko‘zlari xushchaqchaq, sakkiz yoshlar chamasidagi singlisi Anya ham, birov yutib olmasaydi deb, vahima bosib o‘tiradi. U goh qizaradi, goh bo‘zaradi, o‘ynovchilarga ziyrak ko‘zlarini tikib qaraydi. Uni qiziqtirgan narsa tiyinlar emas. O‘yinda omadi kelsa bas, izzati-nafsi shu bilan qanoatlanadi. Sonya degan olti yoshli ikkinchi singlisi esa lotoga qiziqib o‘ynaydi; uning yuzi faqat sog‘lom bolalarda, qimmatbaho qo‘g‘irchoqlarda va chiroyli suratlardagi kabi shirmoyday. Chehrasidan mehr-shafqat quyilib turadi. Kim yutsa ham, baribir, xoxolab kuladi, chapak chalib yuboradi. Alyosha soqqaga o‘xshash yum-yumaloq, shirin bola; u harsillaydi, pishillaydi, ko‘zlari chanog‘idan chiqquday bo‘lib kartalar ustida yuguradi. Unda manfaatparastlik ham, izzati-nafs ham yo‘q. Stoldan quvib yuborishmayapti, olib borib yotqizib qo‘yishmayapti — shunisiga shukur. Aftini ko‘rgan kishi yuvosh bola ekan deydi-yu, lekin ichi g‘urmushlab turadi. Uni faqat loto o‘ynash uchun o‘tiribdi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, o‘yin paytida chiqishi muqarrar bo‘lgan janjalni tomosha qilish uchun o‘tiryabdi. Birov birovni urib yuborsa, yo so‘kib tashlasa bormi, juda mazza qiladi-da. Allaqachon bir yerga borib kelishi kerak edi-yu, lekin, tashqariga chiqib ketsam shishalarim bilan tiyinlarimni o‘g‘irlab qo‘yishadi, degan vahima bilan o‘tirgan yeridan qimirlamaydi. U faqat bir raqamlarini va nol bilan tugayditan sonlarnigina biladi, shuning uchun boshqa raqamlarni uning o‘rniga Anya bosib turadi. Lotobozlarning beshinchisi — oshpaz xotinning chit ko‘ylak kiyib, ko‘kragiga mis krest osib olgan qoramag‘iz, ranggi zahil o‘g‘li Andrey — qimir etmay, raqamlarga qarab turibdi. Yutuqqa ham, boshqalarning muvaffaqiyatiga ham parvosiz qaraydi, chunki uning butun fikri o‘yin hisobida, o‘yinning oddiy falsafasida; dunyoda har xil raqamlar muncha ko‘p ekan, nega aralashib, chatoqlashib ketmas ekan, deb hayron bo‘ladi u.
Sonya bilan Alyoshadan boshqa raqamlarni baland ovoz bilan hamma navbatma-navbat aytib turadi. Sonlar bir xil bo‘lgani uchun, o‘yin jarayonida juda ko‘p terminlar va kulgili laqablar paydo bo‘ladi. Masalan, lotobozlar yettini — ilgak, o‘n birni — qo‘sh tayoq, yetmish yettini — qo‘sh ilgak, to‘qsonni — yo‘qsan va shunga o‘xshash laqablar bilan ataydilar. Uyin tobora qizib boradi.
Grisha otasining shapkasidan sariq g‘o‘lachalarni chiqara yotib qichqiradi:
— O‘ttiz ikki! O‘n yetti! Ilgak! Yigirma sakkiz — yo‘llar tekkiz!
Anya Andreyning yigirma sakkizni yopolmay qolganini ko‘radi. Boshqa mahal bo‘lsa, yopmading, deb aytardi, lekin hozir aytolmaydi, nimagaki likopchada tiyinlar bilan birga izzati-nafsi ham yotibdi; shuning uchun Anya xursand.
— Yigirma uch! — deb Grisha qichqirishini davom qiladi, — Qo‘sh ilgak! To‘qqiz!
— Suvarak, suvarak! — deb qichqirib yuboradi Sonya, stol ustida chopib ketayotgan suvarakni ko‘rsatib. — Viy!
— Urma, — deydi Alyosha do‘ng‘illab. — Ehtimol, bolalari bordir…
Sonya, chopib ketayotgan suvarakdan ko‘zlarini uzmay, uning bolalarini o‘ylaydi: suvarakchalari biram kichkinadir!..
Grisha, Anyaning katagi ikkitagina qolganiga so‘yinib, qichqirishini davom qiladi:
— Qirq uch! Bir! Olti!
Sonya g‘amza bilan ko‘zlarini o‘ynatib va xoxolab turib:
— Tamom! Men yutdim! — deydi.
Lotobozlarning basharalari burishadi. Grisha bo‘lsa, Sonyaga nafrat bilan qarab:
— Tekshirib ko‘rish kerak, — deydi.
Grisha katta va eng aqlli bola; u bu huquqidan hamisha foydalanib keladi, shuning uchun aytgani — aytgan, degani — degan. Shunday qilib, Sonyaning kartalarini xo‘p sinchiklab tekshirishadi, axir Sonyaning g‘irramlik qilmagani aniqlanib, boshqa o‘yinchilarga alam qilib qoladi. Ana shundan keyin yangi o‘yin boshlanadi.
— Kecha bir bemaza narsani ko‘rdim, — deydi Anya, o‘zicha gapirayotgan kishiday. — Filipp Filippich qovog‘ini ag‘daruvdi, ko‘zi qizarib, ajinanikiga o‘xshash, vahimali bo‘lib ketdi.
— Men ham ko‘rdim, — deydi Grisha. — Sakkiz! Biz bilan o‘qiydigan bitta bola qulog‘ini qimirlatadi. Yigirma yetti!
Andrey, ko‘zlarini kartadan ko‘tarib Grishaga qaraydi-da, o‘ylanib turib:
— Men ham qulog‘imni qimirlataman-da… — deydi.
— Qani, qimirlatib boq-chi!
Andrey ko‘zlarini, lablarini, barmoqlarini qimirlatadi; shunga qarab, qulog‘im ham qimirlayapti, deb o‘ylaydi. Hamma kulib yuboradi.
— Yomon kishi o‘sha Filipp Filippich, — deb Sonya xo‘rsinadi. — Kecha yotog‘imizga so‘ppayib kirib keldi, men ich ko‘ylakda turuvdim… biram uyalib ketdimki!
— Yutdim! — deb Grisha birdan qichqiradi-yu, likopchadagi pulga chang soladi. — Mana, yutdim! Xohlasanglar, qaranglar!
Oshpaz xotinning bolasi oppoq oqarib ketadi, ko‘zlari jovdirab:
— Bo‘lmasa, endi men o‘ynayolmas ekanman-da, — deydi pichirlab.
— Nimaga?
— Haligi… haligi, pulim qolmadi.
— Pulsiz o‘ynash mumkin emas! — deydi Grisha.
Andrey yana cho‘ntaklarini kavlab ko‘radi. Non uvog‘i bilan g‘ajilgan qalamdan boshqa hech nima topilmagandan keyin lablarini buradi-da, xo‘rligi kelib, ko‘zlarini pirpiratadi: yig‘lab yuborguday bo‘lib turadi…
— Sen uchun men qo‘yaman, — deydi Sonya, Andreyning xo‘rligi kelayotganiga toqat qilolmay. — Biroq, keyin qaytarib berasan.
O‘rtaga pullar tashlangach, yana o‘yin boshlanib ketadi.
— Allaqayerda zang urishyapti, — deydi Anya, ko‘zlarini olaytirib.
Hamma o‘yinni to‘xtatib, qorong‘i derazaga angrayib qoladi. Qorong‘ida chiroq shu’lasigina yiltillab ko‘rinadi.
— Senga shunday eshitilgandir.
— Kechasi faqat go‘ristonda zang urishadi… — deydi Andrey.
— Go‘ristonda zang urishib nima qiladi?
— Cherkovga o‘g‘rilar kirmasin deb. O‘g‘rilar zangdan qo‘rqishar ekan.
— Voy, o‘g‘rilar cherkovda nima qilishadi? — deb so‘raydi Sonya.
— Nima qilishardi — qorovullarni o‘ldirishadi-da!
Hamma bir on jim bo‘lib qoladi, bir-biriga qarab cho‘qinishadi; bir ozdan keyin yana o‘yin davom qiladi. Bu safar Andrey yutadi.
— G‘irramlik qildi! — deb Alyosha hech nimadan hech nima yo‘q do‘ng‘illaydi.
— Yolg‘on aytasan, g‘irramlik qilganim yo‘q!
Andrey bo‘zaradi, og‘zi qiyshayadi, keyin Alyoshaning boshiga bir musht tushiradi! Alyoshaning g‘azabi qaynaydi, ko‘zlari chanog‘idan chiqayozadi, o‘rnidan sapchib turadi va stolga bir tizzasini qo‘yib chiqadi-yu, Grishaning betiga u ham shapati tortib yuboradi! Ikkovi bir-biriga yana bittadan shapati urib, yig‘lab yuborishadi. Bunday janjallarni yomon ko‘radigan Sonya ham yig‘laydi. Yemakxona hademay turli ovozdagi yig‘ilar bilan to‘ladi. Lekin bu hol o‘yinga xotima berdi, o‘yin to‘xtadi deb o‘ylamang tag‘in. Besh minut o‘tmasdan, bolalar yana xoxolashib kulishadi, totuv gaplashib o‘tirishadi. Yuzlari yoshli bo‘lsa ham, lekin bu iljayib kulishlariga halal bermaydi. Alyosha janjal chiqqani uchun ancha xursand ham bo‘ladi.
Emakxonaga V sinf o‘quvchisi Vasya kiradi. Afti uyqudan turgan, hafsalasi pir bo‘lgan kishiga o‘xshaydi.
U Grishaning chaqalari jiringlab turgan cho‘ntaklarini ushlab-ushlab qo‘yganligini ko‘rib: «Bu qanday yaramas narsa-ya! — deb o‘ylaydi. — Yosh bolalarga pul berib bo‘ladimi! Bularni qimor o‘ynatib qo‘yganlari nimasi? Ana tarbiya-yu! Na qadar yaramas narsa!»
Lekin bolalar shunday shirin o‘ynab o‘tirishardiki, Vasyaning o‘zi ham o‘ynagisi, omadini sinab ko‘rgisi kelib ketadi.
— Shoshmanglar, men ham o‘ynayman, — deydi u.
— Bir tiyin qo‘y!
U cho‘ntaklariti kavlab turib:
— Hozir, — deydi. — Menda mayda chaqa yo‘q, bir so‘mligim bor, mana. Men bir so‘m qo‘yaman.
— Yo‘q, yo‘q, yo‘q… bir tiyin qo‘y!
— Ahmoqlar-ey, bir so‘m bir tiyindan ko‘p-ku! — deb bo‘g‘iladi gimnaziya o‘quvchisi. — Mayli, kim yutsa, oshig‘ini qaytaradi.
— Yo‘q, bo‘lmaydi! Qoch!
V sinf o‘quvchisi, yelkalarini qisadi-da, xizmatkorlardan chaqa so‘ragani oshxonaga kirib ketadi, lekin u yerda ham bir tiyin topilmaydi. Oshxonadan quruq qaytib kelib, endi Grishaga xarxasha kiladi:
— Bulmasa, mayda qilib ber; buning uchun haq ham tulay. Xohlamaysanmi? Xup bo‘lmasa, o‘n tiyiningni bir so‘mga sot.
Grisha: «Qilivirlik qilib meni aldamayotganmikan?» deb Vasyaga gumonsirab qaraydi. Keyin cho‘ntagini changallab turib:
— Xohlamayman, — deydi.
Vasyaning jahli chiqadi. Lotobozlarni ahmoqlar qovoq boshlar deb koyiydi.
— Vasya, kel sen uchun men qo‘yaman, o‘tir, — deydi Sonya.
Gimnaziya o‘quvchisi o‘tirib, oldiga ikkita karta ochib qo‘yadi. Anya raqamlarni ayta boshlaydi. Xuddi shu paytda Grisha hayajonli tovush bilan qichqirib yuboradi:
— Bir tiyinim tushib ketdi! Shoshmanglar!
Osma chiroqni oladilar, tushgan tiyinni qidirib stol tagiga kiradilar, paypaslab borib tupuklarni yong‘oq po‘choqlarni ushlab oladilar, kallalarini stolga uradilar-u, lekin yo‘qolgan tiyinni topolmaydilar. Yana boshqatdan axtarishga kirishadilar; Vasya chiroqni Grishaning qulidan tortib olib joyiga ilib qo‘ymaguncha qidiradilar. Chiroq olingandan keyin Grisha o‘zi yolg‘iz qorong‘ida qidiradi.
Mana, yo‘qolgan tiyin axir topildi. Lotobozlar stol tevaragiga o‘tirib, o‘yinni endi boshlamoqchi bo‘lib turganlarida, Alyosha:
— Ie, Sonya uxlab qolipti-ku! — deydi.
Sonya, qo‘ng‘ir sochli boshchasini qo‘liga ko‘yib, xuddi bir soatdan beri uxlayotgan kishiday, shirin uxlab yotardi. Boshqalar tiyin qidirib ketganda, u ana shunday dang qotib uxlab qolgan edi.
— Yur, oyimning joyiga borib yot, — deydi Anya uni yemakxonadan olib chiqib ketayotib. — Yur!
Sonyani hamma bolalar birgalashib olib chiqadilar; ana shundan besh minut o‘tar-o‘tmas oyilarining joyi ajoyib bir tomoshagohga aylanadi. Sonya uxlayapti. Yonida Alesha xurrak tortayapti. Grisha bilan Alyosha ham ularning oyoqlariga boshlarini qo‘yib, uyquni urishyapti. Aytmoqchi, oshpazning o‘g‘li ham shu yerda cho‘zilib yotibdi. Yangi o‘yingacha qimmatini yo‘qotib qo‘ygan tiyinlar tevarakda to‘kilib qolibdi. Tinch uxlanglar, bolalar!
Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi