Yoz yakshanbalaridan birida, oqshom soat beshlarda, Volodya degan o‘n yetti yoshli xunuk, kasalmand, qo‘rqoq o‘smir bola Shumixinalar chorvog‘idagi shiyponda zerikib o‘tirar, uchta g‘amgin o‘y uning tinchini buzar edi: birinchidan, o‘rtaga, ya’ni dushanba kuni, matematikadan imtihon berishi kerak; yozma masalani hal qilib berolmasa, maktabdan chiharishlarini biladi, chunki oltinchi sinfda ikki yil qolgan. Buning ustiga, algebradan yillik bahosi 23/4. Ikkinchidan, o‘zlarini oq suyak deb da’vo qiluvchi badavlat Shumixinalarnikida turishi izzati nafsiga hamma vaqt tegib keladi. Uning nazarida, m-me Shumixina va jiyani uning o‘ziga ham, mamaniga ham kambag‘al qarindoshlariga va sig‘inib tirikchilik qiluvchilarga qaraganday qarashadi, uning mamanini hurmat qilishmaydi, hatto undan kulishadi. U bir kun m-me Shumixinaning ayvonida bo‘lasi Anna Fedorovnaga aytgan gapini bexosdan eshitib qoldi. M-me Shumixina: «maman hali ham o‘ziga oro berib, yasharib yuradi. Karta o‘ynab yutqazib qo‘ysa, hech to‘lamaydi, bironning botinkasi bilan tamakisiga juda ham o‘ch-da» degan edi. Volodya Shumixinalarnikiga bormagin deb har kun mamaniga yalinsa ham, boylarnikida mamanning obro‘yi ikki chaqaligini aytsa, dalillar keltirsa, dag‘al gaplar qilsa ham, lekin umrida ikki boylikni — o‘ziniki bilan erinikini sovurgan, hamisha olimaqom odamlar oraaiga suqilib kiradigan, yengiltak, maymana mamani Volodyaning mulohazalariga tushunmas edi. Shu sababli, Volodya mamanni u jirkanch chorvoqqa haftada ikki marta boshlab kelishga majbur edi.
Uchinchidan, yigit bechora o‘zi uchun tamom yangi bo‘lgan taajjub, yoqimsiz bir hisdan hech qutilolmaydi… Nazarida, Shumixinaning bo‘lasi va mehmoni Anna Fedorovnani yaxshi ko‘rib qolganday bo‘lib yuradi. Anna Fedorovna bir yerda tinib o‘tirolmaydigan, ovozi yo‘g‘ondan kelgan, o‘ttiz yoshlarda, sog‘lom, baquvvat, pushtirang yelkalari yumaloq, iyagi ham yumaloq, seret, yupqa lablaridan tabassum arimagan qiziq tabiatli boy juvon. U chiroyli ham emas, yosh ham emas — buni Volodya juda yaxshi biladi; shunday bo‘lsa ham u negadir Anna Fedorovna to‘g‘risida o‘ylashdan, Anna Fedorovna kroket o‘ynayotib yumaloq yelkalarini qisganda yoki silliq baqbaqasini qimirlatganda yo bo‘lmasa zinalarda yugura-yugura, kula-kula o‘zini kresloga tashlab ko‘zlarini qisganda, og‘ir-og‘ir nafas olib, shu bilan ko‘kragi dimlik va torlik qilayotganini bildirganda unga qarab qolishdan o‘zini tiyolmas edi. Anna Fedorovnaning eri bor edi. Eri savlatli bir arxitektor. U haftada bir marta chorvoqqa chiqib, to‘yib uxlab oladida, yana shaharga qaytib ketadi. Volodyadagi g‘alati his o‘sha arxitektorni sababsiz yomon ko‘rib qolishidan boshlandi; arxitektor har safar shaharga qaytib ketganda u suyunadigan bo‘ldi.
Mana hozir, shiyponda, ertaga bo‘ladigan imtihon bilan mamanini o‘ylab o‘tirib, Nyutani (Anna Fedorovnani Shumixinalar shunday deb atashar edi) juda ham ko‘rgisi, kulgilarini, ko‘ylagining shitirini eshitgisi keldi… Bu istak u romanlardan bilgan va har kun kechqurun yota turib orzu qilgan toza, shoirona muhabbatga o‘xshamas, qandaydir taajjub, tushunib bo‘lmaydigan istak edi; bu istakdan juda ham noma’qul, xarom ish qilib qo‘yib, keyin tan berish juda og‘ir bo‘lgan bir narsaday uyalib, qo‘rqib yurar edi…
— Bu sevgi emas, — deyar edi o‘ziga u. — O‘ttiz yashar bir juvonga hech kim oshiq bo‘lmaydi… Bu shunchaki bir havascha… Ha, havascha…
U ana shu havaschani o‘ylaganda, o‘zining surbet qo‘rqoqligi, muylovlarining yo‘qligi, betidagi sepkillari, qiyiq ko‘zlari esiga tushib ketadi. Xayolida o‘zini Nyutaning yoniga keltirib qo‘yadi — bu xil juft aqlga sira to‘g‘ri kelmaydiganday tuyiladi; ana shundan keyin o‘zini chiroyli, dadil, so‘zga chaqqon, eng oxirgi moda bilan kiyingan qilib tasavvur etishga shoshiladi…
Shirin xayollar avjiga mingan va o‘zi shiyponning qorong‘i burchida ikki bukilib, yerga qarab o‘tirgan paytda yengil oyoq sharpasi eiditildi. Xiyobonda birov shoshmasdan kelayotgan edi. Hademay dupur jimidi, kiraverishda oq narsa yilt etib ko‘rindi. Keyin:
— Hech kim bormi bu yerda? — degan ayol tovushi eshitildi.
Volodya tovushni tanidi-yu, yuragi dukillab, boshini ko‘tardi.
Nyuta shiyponga kiraturib:
— Kim bor? — deb so‘radi, — Voy, sizmisiz, Volodya? Nima qilib o‘tiribsiz? O‘ylayapsizmi? Odam degan hadeb o‘ylayveradimi? Nuqul o‘ylaganingiz o‘ylagan… Bundaqa qilaversangiz jinni bo‘lib qolasiz-ku!
Volodya o‘rnidan turdi-da, o‘zini yo‘qotib, Nyutaga qaradi. U hozir cho‘milib kelayotgan edi. Yelkalarida choyshab bilan paxmoq sochiq; boshidagi oq shoyi ro‘moli tagidan chiqib turgan ho‘l sochlari peshonasiga yopishib qolgan. Ho‘li tamom qurimagan badanidan muzday suv va xushbo‘y sovun hidi kelib turibdi. Tez yurib kelgani uchun halloslaydi. Ko‘ylagining yuqorigi tugmasi qadalmagan ekan, yigitcha uning bo‘yni bilan ko‘kragini ko‘rib turdi.
Nyuta Volodyaga ko‘zini yugurtirib:
— Nimaga indamaysiz? — deb so‘radi. — Siz bilan xotin kishi gaplashayotganda indamay turib olishingiz odobsizlik bo‘ladi. Buzoqning o‘zginasiz-da, Volodya! Nuqul o‘tirganingiz o‘tirgan, churq etmaysiz, bamisoli faylasufday, yalang o‘ylaysiz! Hech tirik odamga o‘xshamaysiz, o‘tingiz yo‘q! O‘lay agar, juda bemazasiz… Sizdaqa yoshlar yayrab-yashnashi, irg‘ishlab o‘ynashi, og‘zi tinmay so‘zlashi, xotinlarga parvona bo‘lishi, ko‘ngil berishi kerak.
Volodya, momiqday oq, yumshoq qo‘l ushlab turgan choyshabdan ko‘zlarini uzmay, o‘ylar edi…
— Indamaganini! — deb Nyuta hayron qoldi. — Juda ham g‘alati-ya!.. Hoy, menga qarang, mundog‘ erkakka o‘xshasangiz-chi! Loaqal iljayib qo‘ying-a! Fu, ro‘dapo faylasuf! — deb kuldi u. — Hoy, Volodya, nega bundaqa buzoqligingizni bilasizmi? Xotinlarga ergashmaganingiz uchun shundaqa buzoqsiz. Nimaga ergashmaysiz? To‘g‘ri, bu yerda oyimqizlar yo‘q, lekin juvonlar orqasidan tushsangiz birov bir nima deydimi? Mana, masalan, mening orqamdan tushsangiz bo‘lmaydimi?
Volodya Nyutaning so‘zlarini eshitar, ahvoli tang bo‘lib, og‘ir bir o‘y ichida chekkasini qashilar edi.
Nyuta uning qo‘lini chekkasidan turtib yuborib:
— Faqat takabbur odamlargina birovga indamay, tanho yurishni yaxshi ko‘radi, — dedi, so‘zini davom qildirib, — Siz o‘shanaqa takabbursiz, Volodya! Nimaga yer ostidan tumtayib qaraysiz? Kallangizni ko‘taring, turqingizni ko‘ray axir! Voy o‘lay, buzoqning o‘zi-ya!
Volodya gapirishga jazm qildi. Kulimsiramoqchi bo‘lib, pastki labini qimirlatdi, ko‘zlarini pirpiratib, qulini yana chekkasiga olib bordi.
— Men… men sizni yaxshi ko‘raman! — deb aytdi Volodya.
Nyuta hayron bo‘lib, qoshlarini chimirdi, keyin kulib yubordi.
Opera ashulachilari bemaza narsani eshitganlarida ko‘ylaganlariga o‘xshatib:
— Voy, qanday so‘zlarni eshityapman!? — deb kuyladi. — Nima? Yana bir marta ayting? Ayting, ayting…
— Men… men sizni yaxshi ko‘raman! — dedi Volodya yana bir marta.
Hech narsani fahm etmasdan, hech narsani o‘ylamasdan, irodasining sira ham ishtiroki bo‘lmasdan, Nyuta sari yarim odim tashladi-da, juvonni bilagidan mahkam ushladi. Ko‘zlari xiralandi, yosh oldi, butun olam cho‘miladigan joy hidi kelib turgan kattakon paxmoq sochiqqa aylandi.
— Yasha, yasha! degan sado aralash sho‘x kulgi eshitdi yigitcha. Nega indamaysiz? Men gapirishingizni xohlayman! Gapiring!
Volodya qo‘lini ushlashga qarshilik qilmayotganini ko‘rib, Nyutaning kulib turgan ko‘zlariga qaradi. Keyin ikki qo‘li bilan juvonni belidan noqulay quchoqladi, ammo panjalari juvon yag‘rinida qovushib qoldi. Volodya uni belidan quchoqlab turar, u esa, qo‘llarini yelkalari ustidan orqasiga qayirib, tirsaklaridagi chuqurchalarini ko‘z-ko‘z qilib, ro‘mol tagidagi sochlarini tuzatar, xotirjam bir tovush bilan gapirar edi.
— Shunaqa, Volodya, chaqqon, mehribon, dilkash bo‘lish kerak. Xotinlar bilan mahramlik qilgandagina ana shundaqa bo‘la oladi kishi. Lekin yuzingiz biram badhaybat, zaharki… Ko‘proq gapirish, kulish kerak… Shundaqa, Volodya, tumtayib yurish yaramaydi, hali yoshsiz faylasuflik qilishga ulgurasiz. Bo‘ldi, qo‘yvoring ketaman, qo‘yvoring, voy!
U belini osongina qutqardi-da, allaqanday ashulani aytib, shiypondan chiqib ketdi. Volodya bir o‘zi qoldi. U sochlarini silab, kulimsiradi. Keyin, u burchakdan bu burchakka uch martacha yurib, skameykaga o‘tirdi, o‘tirib bo‘lib yana bir marta kulimsiradi. Yer yorilsa yerga kirib ketguday bo‘lib uyaladi. Odam bolasining uyalishi shu qadar qattiq, shu qadar kuchli bo‘lishiga o‘zi ham hayron qoladi. Uyalganidan kulimsirar, qovushmagan so‘zlarni shivirlar, qo‘llarini turli alpozda o‘ynatar edi.
Shu topda o‘ziga xuddi yosh boladay muomala qilganlari uchun uyalar, o‘zining yuraksizligi uchun, ayniqsa yosh jihatidan ham, tashqi qiyofa jihatidan ham, ijtimoiy vaziyati jihatidan ham, o‘ziga tuyilishicha, hech qanday haqi bo‘lmaganiga qaramay, tuppa-tuzuk juvonni belidan quchoqlab olishga botingani uchun uyalar edi.
U sakrab o‘rnidan turdi, shiypondan chiqib, tevaragiga qaramasdan uydan uzoqqa, bog‘ ichkarisiga kirib ketdi.
«Oh, tezroq bu yerdan jo‘nab ketsam edi! E xudo, tezroq ketay-da!» deb o‘ylar edi u, boshini changallab.
Volodya maman bilan tushib ketadigan poyezd soat sakkiz-u qirq minutda jo‘nar edi. Poyezdning jo‘nashiga hali uch soatcha bor, lekin Volodya mamanni kutmasdanoq, hozirning o‘zidayoq jon-jon deb standiyaga chiqib ketgan bo‘lardi.
U soat yettidan oshganda uyga qaytdi. Butun avzoyida: «Nima bo‘lsa bo‘lar» degan gap mana men deb turar edi. Hech nimani pisand qilmasdan dadil kirishga, ro‘yirost tik qarashga, baland tovush bilan gapirishga jazm qilgan edi.
U ayvondan, katta zaldan o‘tib borib, nafasini rostlab olish uchun mehmonxonada to‘xtadi. Yondagi yemakxonada choy ichib o‘tirganlarning gurungi bu yerda bemalol eshitilib turardi.
Volodya quloq soldi.
— Yolg‘on aytsam o‘lay agar! — deyar edi Nyuta. — Ko‘rib turgan ko‘zlarimga o‘zim ham ishonmay qoldim. Menga muhabbatini aytib, belimdan quchoqlab olsa bo‘ladimi! Voy o‘lay, bolangizni taniyolmay qolibman. Tavba, g‘alati odati bor ekan! Meni yaxshi ko‘rib qolganini aytayotganda, bamisoli cherkassga o‘xshash, yuzi yirtqich tusiga kirib qoldi.
Maman uzundan-uzoq kulib:
— Nahotki! — deb yubordi. — Nahotki! Xuddi otasyaning o‘zi bo‘pti-ya!
Volodya yugurganicha tashqariga chiqib ketdi. U yerda qo‘llarini siltadi, g‘azabi qaynab osmonga qaradi-da: «Shunaqa gapni qanday bir-biriga aytishadi-ya! Ovozlarini baralla qo‘yib, o‘zlarini beparvo tutib turib gapirishganlarini… Maman ham kuldi… Maman! Nima uchun menga shunaqa ona berding, e xudo? Nima uchun?» deb qiynalar edi.
Lekin boshiga osmon ag‘darilib tushsa ham uyga kirishi kerak edi. U xiyobonda uch marta aylandi-da, o‘zini ancha bosib olib, uyga kirdi.
— Nega vaqtida kelib choy ichmaysiz? — deb zug‘um bilan so‘radi m-me Shumixina.
— Kechirasiz, men… men jo‘nashim kerak, — dedi u g‘udranib, ko‘zlarini yerdan olmay. — Maman soat sakkiz bo‘ldi!
Maman pinagini buzmay:
— Uzing jo‘nayver, jonimni qoqay, — dedi. — Men Lililarnikida yotib qolaman. Yaxshi bor, jon qarog‘im… Aytmoqchi, kel, cho‘qintirib qo‘yay…
U o‘g‘lini cho‘qintirdi-da, Nyutaga qarab:
— Lermontovga picha o‘xshab ketadi, a?.. — dedi frantsuz tilida.
Volodya naridan-beri xayrlashdi, hech kimning yuziga qaramasdan yemakxonadan chiqib ketdi. O‘n minutdan so‘ng esa o‘zini stantsiya yo‘lida ko‘rib, nihoyat xursand bo‘ldi. Endi yuragi ham o‘ynamas, o‘zi ham uyalmas, endi yengil va erkin nafas olar edi.
Stantsiyaga yarim chaqirim qolganda, yo‘l bo‘yidagi toshga o‘tirdi-da, temir yo‘l ko‘tarmasi orqasiga yarmidan ko‘pi tushib keggan oftobni tomosha qila boshladi. Stantsiyaning u yer bu yerida chiroqlar ham yoqilgan, xiragina yonib turgan bir yashil chiroq miltillab o‘tgan bo‘lsa ham, hali poyezddan darak yo‘q, asta-sekin kech kirmoqda edi; Volodya uni qimirlamay o‘tirib tomosha qilar, bundan lazzatlanar edi. Shiypon g‘ira-shirasi, oyoq tovushi, cho‘miladigan joy hidi, kulgi, beldan quchish — bularning hammasi ko‘z oldida ravshan gavdalandi; endi bular boyagiday qo‘rqinchli va ahamiyatli tuyilmas edi…
«Hech kim yo‘q… Belidan quchoqlab olganimda, qo‘limni itarib tashlamay kulib turaverdi-ku, — deb o‘ylardi u. — Demak, unga yoqqan, yoqmasa xafa bo‘lar edi…»
Boya shiyponda dadilroq harakat qilmagani endi Volodyaga alam qilib qoldi. Shunday bema’ni ahvolda ketayotganiga afsus yedi. Agar o‘shanday hodisa yana bir marta yuz bersami, endi dadilroq harakat qilar, torpinib-qimtinib o‘tirmagan bo‘lardi, shunday qilishiga ishonar edi.
Unaqa hodisaning takrorlanishi qiyin emas. Shumixinalar kechki ovqatdan keyin boqqa chiqishib, uzoq sayr qilishadi. Agar Volodya Nyuta bilan xilvatroq joyga aylapgani borsa, hodisa takrorlandi degan so‘z-da!
«Hozir qaytaman-u, ertaga sahar poyezdga tushib ketaman… — deb o‘yladi u. — Poyezdga yetolmay qoldim, deb qo‘ya qolaman-da».
Shunday qilib, u qaytib ketdi… m-me Shumixina, maman, Nyuga, yana bir jiyan ayvonda karta o‘ynab o‘tirishgan edi. Volodya poyezdga kechikib qoldim, deb aytganda u ertangi imtihonga yetib borolmacmikan, deb xavotirga tushib qolishdi, keyin barvaqtroq turib jo‘nash to‘g‘risida maslahat berishdi. Ular karta o‘ynayotganlarida Volodya bir chetda Nyutaga suqlanib, uni kutib o‘tirdi… Miyasida plan ham tayyor edi: xilvat joyni topib turib Nyutaning yoniga boradi, qo‘lini ushlaydi, keyin quchoqqa oladi; gapirib o‘tirishning hojati yo‘q; gapsiz ham ikkovi maqsadga tushunib oladi.
Lekin kechki ovqatdan keyin xonimlar sayr qilgani chkqishmadi — o‘yinlarini davom qildirishdi. Kechasi soat birga dovur o‘ynab, keyin uxlagani tarqalishdi.
Volodya ko‘rpaga kiraturib: «Juda bema’ni ish bo‘ldiku! — dedi alam qilib. — Mayli, ertaga ko‘raman… Yana shiyponga boraman, mayli…»
Uxlashga harakat qilmadi u, aksincha, ko‘rpada tizzalarini quchoqlab, o‘ylanib o‘tirdi. Imtihon to‘g‘risida miyasiga kelgan fikrlar ko‘nglini behuzur qilar, endi o‘zini gimnaziyadan chiqarilgan hisoblab, buning hech qanday yomonligi yo‘q deb bilar edi. Qaytaga, yaxshi, juda ham yaxshi deb hisoblardi. Ertaga qushday ozod bo‘ladi, el qatori kiyinadi, ochiqchasiga chekadi, xohlaganda bu yerga kelib, Nyutaga ishqivozlik qiladi; u vaqt gimnaziya talabasi emas, «yigitcha» bo‘lib qoladi. Martaba, kelajak deb ataladigan boshqa narsalar o‘z yo‘li bilan bo‘laveradi. Volodya ixtiyor qilgan xizmatiga kiradi, telegrafchi bo‘ladi yoinki dorixonaga kirib ishlaydi, u yerda ham martabasi ko‘tarilmay qolmaydi!.. Nima, Dunyoda amal degan narsa ozmi? ..
Bir soat o‘tdi, ikki soat o‘tdi, u bo‘lsa o‘tirib olib o‘ylayverdi… Soat ikkidan oshib, tong yorisha boshlaganda eshik sekin g‘itillab ochildi-da uyga maman kirib keldi. U esnab turib:
— Voy, uyg‘oqmisan? — deb ajablandi. — Uxla, uxla, hozir chiqib ketaman… Doriga kiruvdim…
— Nima qilasiz?
— Lili bechoraning yana tobi qochib qoldi. Uxla, bolam, ertaga imtihoning bor…
U kichkina shkafdan ichiga allanarsalar solingan shishachani oldi-da, deraza yoniga keltirib, xatini o‘qidi, keyin chiqib ketdi.
Volodya bir minutdan so‘ng:
— Marya Leontevna, bu dori emas! — degan ayol tovushini eshitdi. — Bu landish, Lili morfinni so‘rovdi. O‘g‘lingiz uxlayaptimi? Ayting, topib beradi…
U Nyutaning tovushi edi. Volodya birdan sovuqotib ketdi. Darhol shimini kiydi-yu, yelkasiga shinelini tashlab, eshikka keldi.
— Uqdingizmi? Morfin! — deb Nyuta shivirlar edi. — Lotincha yozilgan bo‘lsa kerak. Volodyani uyg‘oting, topib beradi…
Maman eshikni ochuvdi, Volodya Nyutani ko‘rdi. Cho‘milgani borgandagi ko‘ylagi egnida edi. Sochlari taralmagan, yelkalariga to‘kilib turgan yuzida uyqu asari, rangi xira yorug‘da shirmoyi tusda edi.
— Ana, Volodya uyg‘oq ekan, — dedi u. — Volodya, kichkina shkafni qarab morfinni topib bering, baraka topkur. Lilining dastidan o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim… Turish-turmushi harxasha.
Maman allanima deb ming‘illadi, keyin bir esnab olib, ketdi.
— Qarasangizchi, nimaga serrayib turibsiz? — dedi Nyuta.
Volodya kichkina shkafga bordi, tiz to‘kib olib, dori solingan qutichalar bilan shishalarni qaray boshladi. Qo‘llari qaltirar, yuragi bilan qornida esa xuddi sovuq to‘lqin yugurayotganday bir his bor edi.
Efirni, karbol kislotasini, har xil ko‘katlarni luzumi bo‘lmasa ham qaltiroq qo‘llari bilan ushlar, natijada ular to‘kilar, hidlari nafasini bo‘g‘ib, boshini aylantirardi.
«Maman ketdi shekilli. Soz buldi… Juda soz buldi!..» deb o‘ylardi.
— Bo‘lay dedingizmi? — deb so‘radi Nyuta, ovozini cho‘zib.
— Hozir… mana shu morfinga o‘xshaydi, — dedi Volodya, shishalardan biridagi «morph…» so‘zini o‘qib. — Marhamat!
Nyuta, bir oyog‘ini yo‘lakka, ikkinchisini uyga qo‘yib, ostonada sochlarini tarab turar, lekin sochlari juda qalin, uzun bo‘lgani uchun darrov tarala qolmas edi. Nyuta qo‘llari bilan sochlarini tarasa, ko‘zlari bilan Volodyaga suzilib qarardi. Allaqachon oqarib qolgan bo‘lsa ham, hali oftob nurlari bilan yoritilmagan osmondan uyga g‘ira-shira yorug‘ tushib turar edi; ana shu zaif yorug‘da, keng ko‘ylakda, uyquli chehrada, sochlari parishon Nyuta Volodyaga malohatli, tannoz bo‘lib ko‘rindi… Jigaridan urgan Volodya ana shu qomati kelishgan juvonni shiyponda quchoqlaganini eslashdan bunyodga kelgan zavq va butun vujudini dag‘illatayotg‘an titroq bilan dorini beraturib:
— Muncha ham… — dedi.
— Nima?
Nyuta uyga kirdi.
— Nima dedingiz? — deb, kulimsirab so‘radi.
Volodya esa indamas, undan ko‘zlarini uzmas edi. Keyin shiypondagiday qilib qo‘lini ushladi… Nyuta unga kulimsirab qarar, «nima qilar ekan» deb kutar edi.
— Men sizni yaxshi ko‘raman… — dedi Volodya.
Nyuta kulimsirashini to‘xtatdi, keyin picha o‘ylanib turgach:
— To‘xtang, birov kelyapti shekilli, — dediyu eshik tomon borayotib: — Voy bu gimnaziya talabalari-ey! — deb aytdi. Keyin, eshikdan yo‘lakka moralab, xabar qildi: — Yo‘q, hech kim ko‘rinmaydi…
U yana qaytib keldi…
Qeyin uy, Nyuta, tong, o‘zi — bularning hammasi Volodyaning nazarida, bir-biriga qo‘shilib, shu vaqtgacha ko‘rilmagan g‘ayri tabiiy, g‘oyat totli baxt hissiga aylanib ketdi; bunday baxt uchun butun hayotini baxsh etishi, uning yo‘lida umr bo‘yi qiynalib o‘tishga rozi bo‘lishi mumkin edi. Biroq atigi yarim minut o‘tdi-yu, bu hislarning hammasi birdan g‘oyib bo‘ldi. Volodyaning ko‘zlari oldida jirkanch ifoda buzib yuborgan xunuk, yumaloq bashara namoyon bo‘ldi. Ana shundan keyin o‘zi ham bo‘lib o‘tgan hodisa birdan ko‘nglini aynitganini sezdi.
Nyuta Volodyadan jirkanib turib:
— Bo‘ldi, chiqib ketaman, — dedi. — Voy o‘lay, odam degan ham shunaqa xunuk, bedavo bo‘ladimi!.. Fi, iflos o‘rdakcha!
Uning uzun sochlari, keng ko‘ylagi, bosgan qadami, ovozi endi Volodyaga biram rasvo ko‘rinib ketdiki!..
Nyuta chiqib ketgandan keyin: «Iflos o‘rdakcha… — deb o‘ylana boshladi u. — Chindan ham men iflosmanmi… hamma qilgan ishlarim iflos…»
Tashqarida kun chiqar, qushlar sayrar edi; bog‘da bog‘bon do‘par-do‘pir yurgani, zambil g‘altak g‘ijirlagani bahuzur eshitilardi… Bir ozdan so‘ng sigirlarning ma’rashi, podachining sivizg‘asi quloqqa chalindi. Quyosh nurlari, tashqaridan kelib turgan ovozlar dunyoning allaqayerida toza, go‘zal, shoirona hayot borligini xabar qilar edi. Lekin qayerda u hayot? Uni Volodyaga mamani ham, tevaragidagi odamlar ham hech vaqt aytgan emaslar.
Malay uni ertalabki poyezdga uyg‘otganda, o‘zini uxlab yotganga solib oldi…
«Hammasining ham padariga la’nat!» deb o‘yladi u.
Volodya soat o‘ndan oshganda o‘rnidan turdi. Oyna oldida sochlarini tararkan, uyqusiz o‘tkazilgan kechadan so‘ng rangi o‘chgan xunuk basharasini ko‘rib:
«Chindan ham… iflos o‘rdakcha» deb o‘yladi.
Maman uni imtihon berishga ketmaganini ko‘rib esxonasi chiqib ketganda:
— Uxlab qolibman, maman… Mayli, xavotir bo‘lmang, doktordan shahodatnoma eltib beraman — dedi u.
M-me Shumixina bilan Nyuta soat o‘n ikkida uyg‘ondi. Volodya uyqudan turgan m-me Shumixinaning derazasini taraqlatib ochganigi, uning qo‘pol ovoziga Nyutaning jaranglagan kulgi bilan javob qilganini eshitdi. Volodya eshik ochilib, mehmonxonadan jiyanlar va hamxo‘rak bo‘lib yashovchilar (bular to‘pida maman ham) nonushta qilishga ketayotganlarini, Nyutaning yuvilib, kulib turgan yuzi barq urganini, hozirgina kelgan arxitektorning qora qoshlari bilan soqoli Nyutaning yuziga tutashib ketguday bo‘lib o‘tganini ko‘rdi.
Nyuta maloroscha kiyinib olibdi; kiyimi hech yarashmas, beso‘naqay qilib yuboribdi; arxitektor nuqul odobsiz, pardasiz so‘zlar bilan oliftachilik qiladi. Nonushtaga berilgan kotletga o‘lguday piyoz solishibdi — Volodyaga shunday tuyildi. Innaykeyin, Nyuta ham jo‘rttaga xoxolab kulayotganday va kechasi bo‘lib o‘tgan gap o‘zini xech xijolatga solmaganini, iflos o‘rdakchaning ham shu yerdaligini taqir sezmayotganini bildirish uchungina Volodya tomonga qarab-qarab qo‘yayotganday tuyildi.
Volodya soat uchdan oshganda maman bilan stantsiyaga jo‘nadi. Tabiatni xira qiladigan xotiralar, uyqusiz o‘tkazilgan kecha, gimnaziyadan chiqarilish, vijdon azobi — bularning hammasi endi unda og‘ir, xunuk g‘azab uyg‘ota boshladi. U mamanning oriq betiga kichkina burniga, Nyuta hadya qilgan plashchiga qarab do‘ng‘illaydi:
— Nimaga upa qo‘yasiz? Yoshingizga yarashmagan qiliq! O‘zingizga yalang zeb berasiz, yutqazasiz-u to‘lamaysiz, birovning tamakisini chekasiz!.. Jirkanch bu! Sizni yomon ko‘raman… yomon ko‘raman!
U onasini haqorat qilar, onasi esa qo‘rqqanidan ko‘zlarini jovdiratib, qo‘llarini siltar, vahimaga tushib shivirlar edi:
— Voy, senga nima bo‘ldi? Voy sho‘rim qursin! Kucher eshitadi! Jim axir, kucher eshitadi deyapman! Hamma gaping eshitiladi!
— Yomon ko‘raman… Yomon ko‘raman! — deyaverdi u, nafasi bo‘g‘ilib. — Axloqslz, vijdonsiz xotinsiz… Manovi plashchni kiya ko‘rmang! Eshitayapsizmi? Bo‘lmasa mayda-mayda qilib yirtib tashlayman…
— Hay, bolam, esingni yedingmi? Kucher eshitadi-ya! — deb yig‘lab yubordi.
— Otamning dunyosi qani? O‘zingizning pullaringiz qani? Hammasini sovurdingiz! Men kambag‘alligimdan uyalmayman, sizdaqa onam borligidan uyalaman… O‘rtoqlarim sizdan gap ochishsa, hamisha qizarib ketaman.
Poyezd bilan borilganda shahar ikki stantsiya edi; ular poyezdga tushib ketishdi. Volodya yo‘l bo‘yi vagon dahlizida dag‘-dag‘ titrab turdi, vagon ichiga kirgisi kelmadi — u yerda yomon ko‘rgan onasi o‘tirar edi. U o‘zidan, konduktorlardan, parovoz tutunidan, titrayotganining sababchisi deb bilgani sovuqdan nafratlanar edi. U ichidan qanchalik ezilib, qanchalik xunob bo‘lsa, bu yorug‘ dunyoning allaqayerida, allaqanday odamlarda toza, olijanob, rohatbaxsh va muhabbat, shafqat to‘la go‘zal, sho‘x, yayroq hayot borligini kuchliroq seza bordi… U kuchli bir his bilan bu narsalar orzusiga shu qadar berilib ketdiki, yo‘lovchilardan biri uning aftiga qarab:
— Tishingiz og‘riyaptimi, deyman, a? — deb so‘radi.
Maman shaharda Volodya bilan Marya Petrovnanikida yashar edi. Bu dvoryan xonim ijara olgan kattakon uyiga o‘zi ham odam qo‘yar edi; shulardan ikki xonasini ijaraga olgan: krovat qo‘yilib, devoriga tilla romli ikkita surat osilgan, derazali xonada mamanning o‘zi, yondosh, kichkina, qorong‘i xonada esa Volodya turardi. Kichik xonada bittagina divan bor, bunda Volodya yotib yuradi; bu yerda divandan boshqa hech qanaqa mebel yo‘q. Xonada ko‘ylaklar solingan savatlar, shlyapa qutilari, har xil ikir-chikirlar uyib tashlangan; bu ikir-chikirlarni maman negadir saqlab kelardi. Volodya darslarini onasining xonasida yo bo‘lmasa «umumxona»da tayyorlaydi. Bu katta uyda turuvchilar tushki ovqat mahalida va kechki paytlarda yig‘iladigan kattakon xonani «umumxona» deb atashardi.
Volodya uyga keldi-yu, divanga yotib, titrog‘ini bosish uchun, ustiga odeyal yopib oldi. Shlyapa qutilari, savatchalar, ikir-chikirlar uning o‘z uyi yo‘qligini, mamandan, mehmonlaridan, hozir «umumxona»dan kelib turgan tovushlardan yashiringudek boshpanasi yo‘qligini eslatib turardi. Burchakka uloqtirib tashlangan kitoblar va jilidi esa topshirilmagan imtihonni esga solardi… Hech o‘rni bo‘lmasa ham, negadir Menton esiga tushib ketdi. O‘ yetti yoshida marhum otasi bilan birga o‘sha yerda turgan edi. Innaykeyin Biarrits, qumda birga quvishib o‘ynashgan yana ikkita ingliz qizcha ham yodiga tushdi… O‘sha mahalda osmon bilan dengizning tusi qandayligini, o‘zining yayrab-yashnashi va o‘ynab-kulishi qay darajadaligini ko‘z oldiga keltirmoqchi bo‘ldi-yu, lekin keltirolmadi. Ingliz qizchalar xayolida tirik ko‘rindi, qolgan narsalar esa aralash-quralash bo‘lib, tartibsiz qorishib ketdi…
Volodya: «Yo‘q, bu yer sovuq ekan» deb o‘yladi-da, o‘rnidan turib shinelini kiydi, keyin «umumxona»ga chiqib ketdi.
«Umumxona»da choy ichib o‘tirishgan edi. Samovar tevaragida: maman, muzika o‘qituvchisi, ya’ni atrofi toshbaqa kosasidan yasalgan pensneli kampir va atir fabrikasida xizmat qiluvchi Avgustin Mixaylich degan semiz keksa frantsuz o‘tirgan edi.
Men bugun obed qilolmadim, oqsochni nonga yuborish kerak edi, — dedi maman.
— Dunyash! — deb chaqirdi frantsuz.
Dunyashni uy bekasi bir yoqqa yuborgan ekan.
— O, buning hechqisi yo‘q, — dedi frantsuz, og‘zi qulog‘iga yetgudek iljayib. — Nonga o‘zim boraman. O, bu hech gap emas!
U achchiq, sassiq sigarasini ko‘rinadiganroq joyga qo‘ydi-da, shlyapasini kiyib, chiqib ketdi. U ketgandan so‘ng maman Shumixinalarnikida mehmon bo‘lganini, uni yaxshi kutib olganlarini muzika o‘qituvchisiga so‘zladi.
— Lili Shumixina qarindoshim bo‘ladi-da… — dedi u. — Lilining marhum eri — general Shumixin — erimning bo‘lasi bo‘ladi. Lilining o‘zi baron Kolbning qizi — baronessa Kolb…
— Maman, yolg‘on aytdingiz! — dedi Volodya, g‘ashi kelib. — Nima qilasiz yolg‘on gapirib?
Maman, rost gapirayotganligini bilardi u; mamanning general Shumixin bilan baronessa Kolb haqida aytgan gapida bir og‘iz ham yolg‘on yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham Volodya uni yolg‘on gapiryapti deb bildi. Yolg‘on uning gap maqomida, yuz ifodasida, qarashlarida, hamma narsasida sezilib turar edi.
Volodya yana bir qur:
— Yolg‘on gapiryapsiz! — dedi-da, stolga mushti bilan shunday qattiq urdiki, hamma idish sharaqlab, mamanning choyi chayqalib ketdi. — Generallar bilan baronessalar to‘g‘risida gapirib nima qilasiz? Bari gapingiz yolg‘on!
Muzika o‘qituvchisi shoshib qoldi, keyin o‘zini qo‘rqib ketganga solib, ro‘molchasiga yo‘taldi, maman bo‘lsa yig‘lab yubordi.
Volodya: «Qayerga borsam ekan?» deb o‘ylanib qoldi.
Ko‘chadan bo‘lsa shu topdagina kelgan; o‘rtoqlarining oldiga borgani uyaldi. O‘rni bo‘lmasa ham, ikkita ingliz qiz yana esiga tushdi… «Umumxona»da u burchakdan bu burchakka bir-ikki qur bopib keldi, keyin Avgustin Mixaylichning uyiga kirdi. Efir moyi bilan glitserin sovunning hidi dumog‘iga urdi. Stolga deraza tokchalariga, hatto stullarga ham har xil rangdagi suyuqliklar solingan hadsiz-hisobsiz mayda shishalar, stakanchalar, ryumkalar terib tashlangan edi. Volodya stoldan gazetani oldi, ochib sarlavhasini o‘qidi: «Figaro»… Gazetadan o‘tkir, yoqimli hid kelib turardi. Keyin stoldan to‘pponchani oldi…
Qo‘shni xonada muzika o‘qituvchisi:
— Qo‘ying, xafa bo‘lmang! — deb mamanga tasalli berar edi. — Hali yosh. Bu teng bolalar hamisha shunaqa — hadlaridan oshib ketishadi. Murosa qilmasa bo‘lmaydi.
— Yo‘q, Yevgeniya Andreevna, u juda yomon buzilib ketdi! — deyar edi maman, so‘zlarini cho‘zib. — Tanobini tortib qo‘yadigan bironta katta odam yo‘q. Aslida peshonam sho‘r ekan!
Volodya to‘pponchaning o‘q chiqadigan joyini og‘ziga soldi, tepkiga yo to‘sqiga o‘xshagan bir narsani piypaslab topib, barmog‘i bilan bosdi… Keyin bo‘rtib turgan yana bir narsani topib, uni ham bosdi. To‘pponchaning o‘q otilib chiqadigan joyini og‘zidan oldi, shinelining etagi bilan artib, qulfini qaradi; ilgari sira qurol ushlamagan edi…
— Mana bunisini ko‘tarib qo‘yish kerakka o‘xshaydi, — deb o‘zicha fahm qildi. — Ha, shunaqaga o‘xshaydi…
«Umumxona»ga Avgustin Mixaylich kirdi-da, xoxolab kulib, bir nimani ayta boshladi. Volodya to‘pponchaning o‘q otilib chiqadigan joyini yana og‘ziga suqdi, uni tishlari orasiga olib siqdi. Keyin allaqayerini barmog‘i bilan bosgan edi, otilib ketdi… Volodyaning gardaniga bir nima juda qattih zarb bilan uruvdi, stoldagi ryumkalar bilan mayda shishalar ustiga yuzi bilan yiqildi. Keyin marhum otasini ko‘rdi: otasi Mentonda bir xonimga aza qilib taqib yurgan serbar qora lentali tsilindrida keldi-yu, uni birdan quchoqlab oldi va shu kuyi ikkovi allaqanday qorong‘i, chuqur jarga quladi.
Keyin hamma narsa qorishib, yo‘q bo‘lib ketdi…
Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi