Anton Chexov. Qaynana — advokat (hikoya)

Bu ish bir kun ertalab Mishel Puziryovning Liza Mamuninaga uylanganiga rosa bir oy bo‘lgach ro‘y berdi. Mishel ertalabki qahvani ichib, ishiga ketmoqchi bo‘lib, shlyapasini qidirib ko‘z yugurtirayotgan chog‘da, uning kabinetiga qaynanasi kirib keldi.
— Sizning besh minutgina vaqtingizni olaman, Mishel, — dedi, qaynana. — Qovog‘ingizni solmang, do‘stim… Bilaman, kuyovlar qaynanalar bilan gaplashishni yomon ko‘rishadi. Lekin, biz bir-birimizni anglaymiz, shekilli, Mishel. Biz qaynana-yu kuyov emas, aqlli odamlarmiz… Gapimiz-gapimizga to‘g‘ri keladi… Shunday-ku, a?
Qaynana va kuyov divanga o‘tirishdi.
— Xizmatingizga tayyorman, ona!
— Siz aqlli odamsiz, Mishel, juda aqllisiz; men ham… befahm emasman… Bir-birimizni yaxshi tushunarmiz deb o‘ylayman… Men ko‘pdan beri siz bilan so‘zlashmoqchi bo‘lib yurgan edim, o‘g‘lim. Butun… butun muqaddas narsalar haqi, rostini ayting, qizimni nima qilmoqchisiz?
Quyov baqrayib qoldi.
— Men, bilasizmi, roziman… Mayli! Nega rozi bo‘lmas ekanman! Ilm yaxshi narsa, adabiyotdan xabarsiz qolish yaramaydi… She’riyat-da! Uni tushunaman! Xotin kishi o‘qigan bo‘lishi yaxshi. Mening o‘zim ham shunday tarbiya ko‘rganman, bilaman… Lekin farishtam, bunchalik haddan oshirishning nima hojati bor?
— Masalan? Men uncha tushunolmay turibman…
— Men, sizning Lizamga qilayotgan muomalangizni tushunmayman! Siz unga uylandingiz; lekin u sizning xotiningizmi, umr yo‘ldoshingizmi? U — sizning qurboningiz! Ilm, haligi kitoblar, turli nazariyalar… Bularning hammasi juda yaxshi narsalar, lekin do‘stim, siz shuni ham yodingizdan chiqarmangki, u mening qizim bo‘ladi! Men bunday ishga yo‘l qo‘ymayman! U mening joni-tanim axir! Siz uni o‘ldirayapsiz! Qarang, to‘y bo‘lganiga bir oy bo‘lmasdan ozib, cho‘pday bo‘lib qoldi-ya! Ertadan kechgacha kitobga tikilib o‘tiradi, bema’ni jurnallarni o‘qiydi! Qandaydir qog‘ozlarni ko‘chirib yozadi! Axir shu xotinlarning ishimi? Siz uni hechqayoqqa olib bormaysiz, mundoq o‘ynab-kulsin demaysiz-a! Odamga qo‘shilmaydi, tantsalarga bormaydi! Shunday ham bo‘ladimi! Hali biron marta balga borgani yo‘q-a, biron marta!
— Biron marta bormagan bo‘lsa, o‘zi xohlamagan. Uning o‘zi bilan so‘zlashib ko‘ringchi… Ballaringiz, tantsalaringiz haqidagi fikrni bilasiz-qo‘yasiz. Yo‘q, onajon! Sizlarning takasaltangligingizni u xushlamaydi! Agar u ertadan kechgacha kitobga tikilsa yoki ish ustida o‘tirsa ishoning, buning uchun hechkim uning mulohazasiga halal berayotgani yo‘q… Men uni shuning uchun yaxshi ko‘raman-da… Shuning uchun hurmat bilan qulluq qilaman va iltimos qilaman, minba’d bizning oramizga tushmang. Agar biror narsa aytish kerak bo‘lsa, Lizaning o‘zi ham aytadi…
— Shundaymi? Siz hali uning ko‘ngilchanglik kilayotganini, dami ichida ekanini bilmas ekansiz-da? Muhabbat uning tilini bog‘lab qo‘ygan! Men bo‘lmasam, siz unga bo‘yinturuq kiygazardingiz, afandim! Ha! Siz rahmsiz, zolimsiz! Marhamat qilib, bugundan boshlab bu xulqingizni o‘zgartiring!
— Hech o‘zgartmayman!
— Shundaymi? Keragi ham yo‘q! Ixtiyoringiz! Liza aytmasa siz bilan so‘zlashib ham o‘tirmasdim! O‘shanga ichim achiydi! O‘sha, sen gapirib ko‘r, deb yalinganidan keluvdim!
— Yo‘q, endi bunisi yolg‘on!.. Bo‘lmagan gap… Bo‘yningizga olib qo‘yaqoling…
— Yolg‘on? Unday bo‘lsa, mana ko‘rchi toshbag‘ir! Qaynana sakrab turdi, eshikning bandini yulqib tortdi. Eshik ochilib ketdi va Mishel o‘zining Lizasini ko‘rdi. U ostonada qo‘llarini ushlab, piq-piq yig‘lab turgandi. Uning chiroylik chehrasini ko‘z yoshlari tutib ketgandi. Mishel irg‘ib turib, uning yoniga bordi-da:
— Eshitdingmi? Qani tushuntir bo‘lmasa, onang qizining kim ekanini bilib qo‘ysin! — dedi.
— Onam… Onam… to‘g‘ri aytadilar, — dedi Liza o‘pkasini tutolmay. — Men bu turmushga toqat qilolmayman… Siqilib ketdim…
— Hmm… Hali shundaqami? Qiziq… Xo‘sh nega bu to‘g‘rida men bilan o‘zing gaplashmading?
— O‘zim… O‘zimmi… Achchig‘ing keladi deb…
— Axir o‘zing doimo bekorchilikka qarshi muhokama yuritar eding-ku! Seni mulohazang uchungina yaxshi ko‘raman: atrofimdagi odamlarning hayotidan bezorman degan eding-ku? Men ham seni shuning uchun yaxshi ko‘rgan edim-da! To‘ygacha sen bema’ni, ovoragarchilik bilan kechiriladigan hayotdan nafratlanarding, yomon ko‘rarding-ku! Nega birdaniga bunday o‘zgarib qolding?
— U vaqtlarda, aytsam meni olmaysan, deb qo‘rqqan edim… Jonim Mishel! Bugun Mariya Petrovnanikiga balga boraylik. — Liza o‘zini erining quchog‘iga tashladi.
— Mana ko‘rdingizmi! Endi ishongandirsiz! — deb qaynana kerilganicha kabinetdan chiqib ketdi…
— Eh, ahmoq! — dedi, Mishel ingrab.
— Kim ahmoq? — dedi Liza.
— Yanglishgan odam!..

Zumrad tarjimasi