Rojdestvinskaya monastiriga yaqin joyda kichkinagina bir maydon bo‘lib, uni Trubnoy yoki qisqa qilib Truba deb ataydilar, har yakshanba kuni unda bozor bo‘ladi. Xuddi g‘alvirdagi qisqichbaqaga o‘xshab yuzlab po‘stinlar, chakmonlar, mo‘yna shapkalar, tsilindrlar g‘imirlab turadi. Bahor chog‘ini eslatib, har xil ovoz bilan qushlar sayraydi. Agar quyosh chaqnab tursa va ko‘k yuzida bulut ko‘rinmasa, qushlarning sayrashi va pichan hidi kuchliroq seziladi, bu bahor xotirasi kishi fikrini uyg‘otib, uni uzoqlarga olib ketadi. Maydonchaning bir chetida qatorlashib aravalar turibdi. Aravalardagi narsalar pichan ham emas, karam ham emas, lo‘ya ham emas, bulbullar, sa’valar, maynalar, krasavkalar, to‘rg‘aylar, qora va kulrang tusli drozdlar, chittaklar, snigirlardir. Bularning hammasi, qo‘lda yasalgan yomon-yumon qafaslarning ichida sakraydi, erkin yurgan chumchuqlarga rashk bilan qaraydi va churqillaydi. Maynalar bir miridan, sa’valar qimmatroq. Ulardan boshqa parrandalarning narxlari aniq emas.
— To‘rg‘ay necha puldan?
Sotuvchi to‘rg‘ayning narxi qanchadanligini o‘zi ham bilmaydi. U bo‘ynini qashiydi va xaridorning ko‘rinishiga qarab, bir so‘mdanmi yoki uch tiyindanmi, ish qilib, xudo nimani diliga solsa, o‘shani so‘raydi. Narxi qimmat qushlar ham bor. Bulg‘anch bir xodachada, tusi aynigan va dumi yulingan qari drozd qo‘nib turibdi. U basavlat, kekkaygan, xuddi iste’foga chiqqan generalga o‘xshash sustkash. U o‘zining erksizligiga allaqachon parvo qilmay qo‘ygan va ko‘m-ko‘k osmonga ko‘pdan beri loqayd qaraydigan bo‘lib qolgan. Ana shunday beparvoligi uchun u ham aqlli qush sanalsa kerak. Uni qirq tiyindan arzonga sotib bo‘lmaydi. Qushlarning yonida loyda shaloplab, tiqilishib, modali palto kiygan gimnaziya o‘quvchilari, masterovoylar, yigitchalar, eskirib ketgan, shapkalari to‘zib baayni sichqon kemirganday dabdalasi chiqqan shimlarini qaytarib olgan ishqivozlar yurishibdi. Yoshlarga va masterovoylarga parrandalarning urg‘ochisi o‘rniga erkagini, yoshlari o‘rniga qarisini sotadilar… Ularning bunga aqllari yetmaydi. Ammo ishqivozlarni aldab bo‘lmaydi. Ishqivozlar qushlarni uzoqdanoq bilishadi.
Ishqivozlardan biri bir sa’vaning og‘zini ochib ko‘rib va dumining patlarini sanab:
— Bu yaxshi parranda emas ekan, — deydi. — Hozir bu sayrayapti, nima bo‘pti? Ulfatlarning orasida men ham ashula aytaman-da. Yo‘q og‘ayni, sen, ulfatlarsiz, sayrab ko‘r-chi; agar sayray olsang, bitta o‘zing sayragin… Sen hov anavi jim o‘tirganni ber. Indamasini ber! Indamayotganida gap bor-da…
Parranda ortgan aravalarning orasida boshqa xil hayvonlar yuklagan aravalar ham chiqib qoladi. Ularda siz quyonlarni, uy quyonlarini, tipratikonlarni, dengiz svinkalarini, sassiq qo‘zanlarni ko‘rasiz. Quyon o‘tirib olib, alamidan poxol chaynaydi. Dengiz svinkalari sovuqdan qaltiraydi. Tipratikonlar esa, o‘z tikonlarining ostidan odamlarga qiziqsinib mo‘ralaydi.
— Men bir joyda o‘qigan edim, — deydi, o‘ngigan paltoli, pochta idorasining amaldori, hech kimga nazar-e’tibor etmay va quyonga mehr bilan qarab, — qandaydir bir olimning mushugi, sichqoni, qiyg‘iri va chumchug‘i, hammasi bitta kosada ovqat yeyar ekan.
— Shunday bo‘lishi ham mumkin, janoblari. Chunki mushuk kaltaklangan, qiyg‘irning dumi butunlay yulib olingan bo‘lsa kerak. Bunda hech qanday olimlik yo‘q, taqsirim. Mening otaxonimning mushugi bor edi. Men sizga aytsam, u bodiring yeyardi. U qamchi bilan ikki hafta, mulla bo‘lgunicha savaladi. Quyonni, agar ursang, gugurtni ham yoqadigan bo‘ladi. Siz nimaga taajjublanasiz? Taajjublanadigan joyi yo‘q! Gugurt donasini og‘ziga soladi-da, chiq etkazib chaqadi!.. Hayvon ham odamning xuddi o‘zi. Odamzod tayoq yesa dono bo‘ladi, jonivorlar ham shundaqa.
Uzun chakmon kiygan odamlar xo‘roz va o‘rdakni qo‘ltiqlab, yig‘inning ichida u yoqqa bu yoqqa o‘tar edi. Parrandalar hammasi ozg‘in, och. Boshining parlari to‘kilgan jo‘jalar, xunuk boshini katakning ichidan tashqariga chiqarib, loydan nimadir cho‘qiydi. Kaptar ko‘targan o‘g‘il bolalar yuzingizga tikilib qarashadi va kaptarga ishqivozligingizni bilishga tirishadi.
— Ha-a! Sizga gapirishning hojati yo‘q! — deb qichqiradi kimdir achchig‘lanib. — Siz oldin ko‘ring, keyin gapiring! Bu kaptarmi? Kaptar emas, burgut-ku!
Novcha, oriq, ikki chakkasidan soqol qo‘ygan, mo‘ylovi qirilgan, ko‘rinishicha xizmatkorga o‘xshash, kasalvand va mast bir kishi oppoq qorday serjun laychani sotmoqda. Bu qari laycha g‘ingshib turibdi.
— Bekam bu iflosni sotib kelgin deb buyurdi, deydi xizmatkor, jirkanish bilan kulimsirab, — Qariganda sinib qoldi, yegani narsasi yo‘q, mana endi itlarini ham, mushuklarini ham sotyapti. Yig‘lab, ularning iflos tumshug‘ini o‘padi, o‘zi bo‘lsa, muhtojlikdan sotadi. Xudo haqi, gaplarim rost! Sotib olinglar, janoblar! Kofe olishga pul kerak bo‘lib qoldi.
Ammo hech kim kulmaydi. Yonida turgan bitta o‘g‘il bola bir ko‘zini qisib, unga rahmi kelib, jiddiy boqadi.
Hammadan ham baliq sotiladigan qator ajoyib. O‘ntacha mujik tizilib turibdi. Ularning har qaysisining oldida bittadan chelak, chelakning ichi to‘s-to‘polon do‘zax. Chelakdagi ko‘kimtir, bo‘tana suvda tovon baliqlar, ilon baliqlar, chavoq baliqlar, shiliq qurtlar, it baliqlar, ilon quyruqlar g‘ij-bij. Oyoqlari sindirilgan katta-katta daryo qo‘ng‘izlari, chelakning torgina yuzida, tovon baliqlarning ustiga tirmashib chiqib va it baliqlarning ustidan irg‘ib o‘tib, u yoqdan bu yoqqa yuradi. It baliqlar qo‘ng‘izlarning ustiga, ilon quyruqlarning ustiga chiqishadi. Joni qattiq mahluqlar! To‘q zangori yiltiroq baliqlarning narxi qimmatroq bo‘lib, imtiyozdan foydalanadilar: ular suzib bo‘lmaydigan maxsus bankachalarga solib qo‘yilgan. Bankachalarning ichi, har holda, u qadar tor emas…
— Tovon baliqning dimog‘i baland! Janoblari, bu qurib ketkur tovon baliqning joni qattiq. Chelakka solib bir yil qo‘ysang ham, bari bir, tirik turaveradi. Bu baliqlarni tutganimga bir hafta bo‘ldi. Taqsir, bularni Perervadan ushlaganman, o‘sha yerdan piyoda ko‘tarib keldim. Tovon baliqlar ikki tiyindan, ilon baliqlar uch tiyindan, qurib ketkur chavoqchalarning o‘ntasi yarim tanga! Qani, chavoqdan bir mirilik beraymi? Chuvalchanglardan olmaysizmi?
Baliqfurush qo‘lini paqirga tiqib, qo‘pol va qattiq panjalari bilan kattaligi barmoqday chavoqchalarni yoki tovon baliqlarni oladi. Chelaklarning yoniga iplar, qarmoqlar, cho‘rtan baliq ovlaydigan qarmoqlar yozib tashlangan, quyoshda tovlanib lola rang chuvalchanglar yotadi.
Qushi bor aravalarning va balig‘i bor chelaklarning yonida, boshiga mo‘yna shapka kiygan, temir bandli ko‘z oynak taqqan, oyoqlariga xuddi bronenosetsga o‘xshagan kalish kiyib olgan bir ishqivoz qari odam yuribdi. Shu yerdagilar bu odamni «nusxa» deb ataydi. Uning yonida bir tiyini bo‘lmasa ham, savdolashadi, hovliqadi, xaridorlarga maslahat beraverib bezor qiladi. U bir soatningichida butun quyonlarni, kaptarlarni va baliqlarni ko‘rib chiqadi, ularning nozik nuqtalarigacha qarab chiqadi va bu mahluqlarning har birining jinsini, zotini, yoshini va narxini aytadi. Yosh bolalarga o‘xshab, u, sa’vaning bolalariga, tovon baliqlarga va chavoqchalarga qiziqsinadi. Bordiyu u bilan drozd haqida gaplashib qolsangiz, u tentak sizga shunday narsalarni gapirib beradiki, uning aytganlarini hech bir kitobdan topolmaysiz. U sizga hayajonlanib, zavq bilan gapiradi, gapirganda ham, qo‘shimchasi bilan gapiradi, bu gaplardan xabaring yo‘q deb ta’na ham qiladi. Sa’vaning bolasi, snigirlar to‘g‘risida ko‘zlarini chaqchaytirib va qulochlarini yozib, tinmay gapiraveradi. Bu kishini Trubada faqat sovuq vaqtlarda ko‘rish mumkin, yoz faslida esa, Moskvadan tashqariga chiqib ketadi-da, allaqayerlarda, kurkurak chalib bedana ovlaydi, qarmoq solib baliq tutadi.
Mana, yana boshqa bir «nusxa» — juda novcha, juda oriq, qora ko‘z oynakli, soqol-murti qirilgan, kokardali shapka kiygan, qiyofasi eski vaqtdagi mirzalarga o‘xshash bir janob. Bu kishi ham ishqivozlardan; uning amali kichkina emas, gimnaziyada o‘qituvchi. Bu odam Trubaning doimiy ahllariga taniqli bo‘lib qolgan va unga hurmat bilan qaraydilar, ta’zim qiladilar va hatto unga «o‘zlari» degan iom ham topganlar. U Suxoreva yonida kitoblar titsa, Trubada yaxshi kaptarlarni qidiradi.
— Keling, keling! — deb qichqirishadi unga kaptarvozlar. — O‘qituvchi afandim, o‘zlari chin kaptarlarga qarab qo‘ysinlar! O‘zlari!
— O‘zlari! — deb qichqirishadi unga har tomondan.
— O‘zlari! — deb takrolaydi, bulvarning qaysi bir joyidan bir o‘g‘il bola.
Aftidan, bu nomga allaqachonlar ko‘nikib ketgan «o‘zlari» esa, o‘zini jiddiy vazmin tutgani holda, ikkala qo‘li bilan kaptarni ushlaydi-da, uni boshidan yuqoriroq ko‘tarib, qaraydi va qovog‘ini solib, xuddi fitnachilar yanglig‘, vajohatini yana ham jiddiyroq tusga kiritib oladi.
Moskvaning kichik bir qismini tashkil etgan bu yerda hayvonlar ham seviladi, ham azob tortadi. Shov-shuv va bezovtaliklar ichida o‘z umrini kechirayotgan Truba oldidagi bulvardan o‘tib ketayotgan ishli odamlar va dindorlarga esa, buncha olomon, buncha rang-barang shapkalar, kartuzlar va tsilindrlar nega to‘plangani, nimalarni gaplashib, nimalarni oldi-sotdi qilishi ma’lum emas.
S. Ibrohimov tarjimasi