I
Sohilda laycha ergashtirgan bir xonim paydo bo‘libdi, deyishardi. Yaltaga kelganiga ikki hafta bo‘lgan va bu yerga odatlanib qolgan Dmitriy Dmitrich Gurov ham kelgan kishilarga qiziqa boshladi. U Verna pavilonida o‘tirganida sohildan o‘rta bo‘y, sarg‘ish soch, boshiga beret kiygan yoshgina xonim o‘tganini; uning ketidan oq baroq laycha yugurib ketayotganini ko‘rib qoldi.
Bundan keyin Gurov bu xonimni shahar bog‘ida va skverda kuniga bir necha marta ko‘rdi. Uning bir o‘zi beret kiyib, oq baroq laychasini ergashtirib yurar edi; uni hech kim tanimas, laycha ergashtirgan xonim deb atashar edi.
«Agar bu yerda uning eri va tanishlari bo‘lmasa, — tanishib qo‘yish zarar qilmas edi!» deb o‘yladi Gurov.
Gurov hali qirqqa kirmagan bo‘lsa ham, o‘n ikki yashar qizi va gimnaziyada o‘qiydigan ikki o‘g‘li bor edi. Uni studentlik chog‘ida, ikkinchi kursda o‘qiyotgandayoq uylantirib qo‘yishgan edi, endi xotini o‘zidan bir yarim baravar kattaga o‘xshardi. Xotini novcha, qora qosh, to‘g‘ri, sipo, sersavlat va o‘zining ta’biri bilan aytganda, aqlli ayol edi. U ko‘p o‘qir, xatida ’ ni yozmas, erini Dmitriy emas, Dimitriy derdi. Gurov esa, uni dilida kaltafahm, farosatsiz, xunuk deb o‘ylar, undan hayiqar va uyida turgisi kelmas, xotiniga allaqachonlar xiyonat qilgan, tez-tez boshqa ayollar bilan yurar, ehtimol, shu sababdan, xotinlarga yomon nazar bilan qarar va uning oldida xotinlar to‘g‘risida gaplashganlarida u xotinlarni:
— Zoti pastlar, — deb atar edi.
U, men ko‘p achchiq tajribalarni boshdan kechirganimdan, xotinlarni qanday atasam ham bo‘laveradi deb o‘ylar, ammo o‘zi shu «zoti pastlar» bo‘lmasa, ikki kun ham turolmas edi. Erkaklarning orasida u qovusholmas, zerikar, munosabati sovub, indamas bo‘lib qolardi, ayollar orasida esa, o‘zini erkin his etar, nimalar haqida gaplashish, o‘zini qanday tutush kerakligini bilar va ular bilan hatto indashmay o‘tirish unga oson edi. Unda ayollarni o‘ziga tortadigan qandaydir mehrigiyo bor edi, buni u bilar va o‘zini ham qandaydir kuch ular tomon tortar edi.
Boshqa xotinlar bilan bo‘ladigan har qanday yaqin munosabat dastlab kishining hayotida shirin bir yangilik, kishiga yoqimli va yengil hodisaday tuyulsa ham, o‘zini bilgan kishilar uchun, ayniqsa og‘ir tabiat, jur’atsiz moskvaliklar uchun g‘oyatda mushkul bir muommodek ko‘rinsa ham, bu piravordiga borib, kishiga ortiqcha yuk bo‘lib qolishini Gurov o‘zining turmushida ko‘p marta boshdan kechirgan tajribalaridan, haqiqatan achchiq tajribalaridan allaqachonlar bilar edi. Ammo quling o‘rgilsin xonimlarni ko‘rganda bu tajribalar negadir unutilar, aysh-ishratni istab qolar, hamma narsa qulay va zavqli tuyulardi.
Bir kun kechqurun u bog‘da ovqatlanib o‘tirganida o‘sha beret kiygan xonim uning yonidagi stolga o‘tirish uchun sekin-asta kelaverdi. Uning qiyofasi, yurishi, kiyimi, prichyoskasi tuzuk odamlardan ekanini, eri borligini, Yaltaga birinchi marta, yolg‘iz o‘zi kelgani va zerikib yurganini ko‘rsatar edi… Bu yerdagilarning axloqi buzuqligi haqida to‘qilgan hikoyalarning ko‘p joyi noto‘g‘ri edi. Gurov esa ulardan hazar qiladi, ammo bu hikoyalarni qo‘llaridan kelsa o‘zlari gunoh qilishdan qaytmaydigan kishilar tomonidan to‘qilganini ham bilar edi. Biroq haligi xonim undan uch qadam naridagi stolga kelib o‘tirgach, g‘alabani osongina qo‘lga kiritish, tog‘ tomonlarga sayr qilish, o‘sha tez va birpaslik munosabatlar haqidagi, oti va familiyasini bilmasa ham osongina qo‘lga kiradigan noma’lum xotinlar bilan oshiq-ma’shuq bo‘lish haqidagi ishtiyoqni qo‘zg‘ovchi bu hikoyalar uning xayolidan o‘taverdi.
U laychani aldab chaqirdi. Laycha oldiga kelishi bilan barmog‘ini o‘qtalib uni qo‘rqitdi. Laycha irilladi. Gurov uni yana qo‘rqitdi.
Xonim unga nazar tashladi va darrov yerga qaradi. Xonim unga:
— U qopmaydi, — dedi-da, qizarib ketdi.
— Unga suyak bersam maylimi? — deb so‘radi Gurov va xonim ijozat ishorasi bilan boshini qimirlatgach, Gurov muloyimlik bilan so‘radi: — Yaltaga qadam ranjiyda qilganlariga ko‘p bo‘ldimi?
— Besh kuncha.
— Mening kelganimga ikki haftacha bo‘lyapti.
Ular bir oz jim qolishdi.
— Vaqt tez o‘tyapti, lekin bu yer zerikadigan joy ekan! — dedi xonim, unga qaramasdan.
— Bu yer zerikadigan joy ekan deyish, shunchaki, odat bo‘lib qolgan gaplar. Belevdami yoki Jizdradami yashaydigan kimsa, o‘z yurtida zerikmaydi-yu, bu yerga kelgandan keyin esa: «Oh, zerikyapman! Oh, chang ekan!» deydi. Unaqalar Grenadadan kelganday kalondimog‘ bo‘ladi.
Xonim kulib yubordi. So‘ngra, ular notanish kishilardek, indamasdan ovqatlarini yedilar; ovqatdan keyin esa, yonma-yon borishdi, ular o‘rtasida yengil-elpi hazil gaplar boshlandi, bu erkin va mamnun kishilar qayerga borsalar ham, nimalar to‘g‘risida gaplashsalar ham, ular uchun baribir edi. Ular birga sayr qilishdi va dengizning tusi g‘alatiligi haqida gaplashdi; dengiz suvi och binafsha tusda, mayin, yoqimli bo‘lib, oy nuri uning yuzida jilvalanib turar edi. Bular kunduzi issiq bo‘lganidan kechqurun dim bo‘ladi deyishdi. Gurov o‘zining moskvalik ekanini, filolog bo‘lsa ham, bankda xizmat qilishini; bir vaqtlar xususiy operada ashula aytishga hozirlanib yurib, keyin bu ishni tashlab yuborganini, Moskvada ikkita hovlisi borligini aytdi… U xonimning Peterburgda o‘sganligini, ammo S. degan joyga erga tekkanini, o‘sha yerda ikki yildan beri turishini, Yaltada yana bir oy turajagini, uning ketidan balki eri ham kelishini, u ham dam olmoqchi ekanini xonimdan eshitdi. U erining qayerda — guberna idorasida ishlaydimi, yoki guberna zemstvo idorasida ishlaydimi, buni aniq aytolmaydi, buning uchun o‘zi ham kuldi. Gurov yana, uning Anna Sergeevna deb atalishini ham bilib oldi.
Shundan keyin Gurov o‘z nomeriga borganda shu xonim haqida u bilan ertaga uchrashsam kerak deb o‘yladi. Shunday bo‘lishi kerak. U o‘ringa yotar ekan, o‘z qizi singari, bu xonimning ham yaqindagina institutda o‘qib yurganini esladi. Uning kulishlarida, notanish kishilar bilan gaplashishida hali ancha xomligini xayolidan kechirdi. Odamlar uning ketidan ergashadi, unga qarashadi, u bilan
faqat birgina yashirin maqsadni ko‘zlab gaplashadi, buni uning o‘zi sezmasligi mumkin emas, uning mana shunday sharoitda yakka o‘zi yurishi, balki uning hayotida birinchi marta bo‘lgan hodisadir. Gurov uning ingichka nozik bo‘ynini, chiroyli ko‘kish ko‘zlarini esladi.
«Uning ahvoli parishonroq ko‘rinadi» deb o‘yladi-da, ko‘zi uyquga ketdi.
II
Tanishuvdan keyin ikki hafta o‘tdi. Bayram kuni edi. Uyning ichi dim, tashqarida esa, shamoldan tuproq buralib-buralib uchar, shlyapalarni uchirib ketar edi. Kishi kun bo‘yi suv ichkisi keladi. Gurov ham tez-tez pavilonga kirar va Anna Sergeevnani goh siropli suv ichishga, goh morojniy yeyishga taklif etar edi. Orom oladigan joy yo‘q edi.
Kechqurun, havo sal tinchigach, ular paroxodning kelishini ko‘rish uchun pristanga borishdi. Pristanda sayr qilib yurganlar ko‘p edi, ular guldastalar ko‘tarib, kimnidir kutib olish uchun to‘planishgan edi. Bu yerda Yalta odamlarining kiyinishidagi ikki xususiyat ravshan ko‘rinib turar edi: keksa xotinlar yoshlar singari kiyingan edilar, generallar ham anchagina bor edi.
Dengiz to‘lqinlangani uchun paroxod kech, quyosh botgandan keyin keldi va qirg‘oqqa kelib to‘xtashdan oldin uzoq vaqt burildi. Anna Sergeevna, xuddi tanishlarini axtarayotgan kishiday, dastali ko‘zoynak bilan paroxodga va passajirlarga qarardi, Gurovga qarab gapirganda esa, uning ko‘zlari yarqirab ketar edi. Anna Sergeevna ko‘p gapirar, uning bergan savollari uzuq-uzuq va nima to‘g‘rida so‘raganini o‘sha zahotiyoq unutar edi; so‘ngra u dastali ko‘zoynagini olomon orasiga tushirib, yo‘qotib qo‘ydi.
Yasangan-tusangan olomon tarqalib, pristanda hech kim qolmadi. Shamol butunlay tindi. Gurov bilan Anna Sergeevna esa, paroxoddan yana biror kishi chiqib qolmasmikin, deganday kutib turardilar. Anna Sergeevna indamas, Gurovga qaramay, gul hidlab turardi.
— Kechqurun havo yaxshi bo‘lib qoldi, — dedi Gurov. — Endi qayerga boramiz? Biror joyga bormaymizmi?
Anna Sergeevna javob bermadi.
Shunda Gurov unga tikilib boqdi-da, birdan uni quchoqlab oldi va lablaridan o‘pdi. Uning dimog‘iga gulning yoqimli hidi urdi va birov ko‘rib qolmadimi? — deb qo‘rqib, u yoq bu yoqqa alangladi.
— Yuring, siznikiga boramiz, — dedi sekin Gurov.
Ular ikkisi tez-tez yurib ketishdi.
Anna Sergeevnaning nomeri dim, nomerni yapon magazinidan sotib olingan atirning o‘tkir hidi tutib ketgan edi. Gurov shu paytda uni ko‘zdan kechirar ekan: «Kishi o‘z hayotida kimlar bilan uchrashmaydi?» deb o‘yladi. O‘tmishdan uning xotirasida beg‘am, ochiq ko‘ngilli, ishq-muhabbatdan shod bo‘lgan xotinlar to‘g‘risidagi, garchi qisqa vaqt bo‘lsa-da, o‘zidan minnatdor bo‘lgan xotinlar to‘g‘risidagi esdaliklar saqlanib qolgan edi. Yana uning xotirida ortiqcha gaplar aytib, noz-firoq, asabiylik bilan yuzaki sevuvchi, go‘yo sevgi ham, ehtiros ham emas, bulardan ham yuqoriroq bir narsani ifodalovchi, o‘zining xotini kabi tuyg‘u bilan sevuvchi xotinlar to‘g‘risidagi xotiralar, hamda o‘zlari juda go‘zal bo‘lsalar-da, istaralari sovuq, aftlari birdan yirtqichlarnikiga o‘xshab ketadigan, turmushdan ortiq narsalar talab qiluvchi, yoshlari ham bir joyga borib qolgan, injiq, to‘pos, hukmronlikni yaxshi ko‘radigan ikki-uchta xotinlar to‘g‘risidagi xotiralar, Gurovning ulardan ko‘ngli sovuganda, ularning go‘zalligi o‘zida nafrat qo‘zg‘ovchi, ularning kiyimidagi uqalar uning ko‘ziga tukka o‘xshab ko‘rinuvchi xotiralar esida qolgan edi.
Ammo bu joyda ham o‘sha jasoratsizligini, yoshlikda tajribasizlik orqasida qiladigan xomligini ko‘rsatib, noqulay holatda qoldi; go‘yo birov kelib eshikni qoqqandagidek sarosimalik yuz berdi. «Laycha ergashtirgan xonim» deb atalgan Anna Sergeevna bo‘lib o‘tgan ishlarga o‘zgacha, juda ham jiddiy qaradi, o‘zi uchun tubanlik deb hisoblaganday bo‘ldi, bu ishni g‘alati va o‘rinsiz deganday edi. Anna Sergeevnaning rangi o‘chgan, chehrasi o‘zgargan, uzun sochlari yuzida parishonhol osilib, xuddi qadimgi suratlardagi gunohkor ayoldek ma’yuslik bilan o‘ylanib turardi.
— Yaxshi emas! — dedi u. — Avvalo siz endi meni hurmat qilmaysiz.
Nomerda stol ustida tarvuz turgan edi. Gurov undan bir tilim kesib olib, ohista yedi. Yarim soatcha indashmay o‘tirishdi.
Anna Sergeevna jozibador, uning soddaligi, ko‘pni ko‘rmagan pok xotin ekanligi bilinib turar edi; stolning ustida yonib turgan bittagina sham nuri uning yuzini arang yoritar, ammo uning yuragi bezovtaligi sezilib turar edi.
— Nimaga seni hurmat qilmay qo‘yar ekanman? — deb so‘radi Gurov. — Sen nima deyayotganingni o‘zing bilmaysan.
— Meni xudo kechirsin! — dedi u va uning ko‘zlari yoshga jiq to‘ldi. — Bu dahshatli.
— Sen o‘zingni oqlayotganga o‘xshaysan.
— Men nima bilan o‘zimni oqlay? Men yomon, yaramas xotinman, men o‘zimdan nafratlanaman, o‘zimni oqlashni o‘ylamayman ham. Men erimni aldamadim, o‘zimni aldadim. Men uni hozirgina emas, ko‘p vaqtdan beri aldayapman. Erim balki vijdonli, yaxshi kishidir, lekin u malayda! Men uning u yerda nima qilishini, qanday ishlashini bilmayman, yolg‘iz uning malayligini bilaman, xolos. Unga tekkanimda yigirma yoshda edim, turmushning qandayligiga juda qiziqar edim, yaxshiroq narsaga erishuvni istar edim; men o‘zim-o‘zimga, bundan boshqacha turmush ham bor-ku, der edim. Turmush ko‘rishni istar edim. Turmush ko‘rishni… Havas meni azoblar edi…. siz buni tushunmaysiz, ammo, xudo haqi, ortiq o‘zimni tutolmadim. Menga bir narsa bo‘layotganday tuyuldi, erimga kasalman dedim-da, bu yoqqa qarab jo‘nadim… Bu yerda doim gangib, jinnilarday yurgan edim… Mana endi men razil, yaramas xotin bo‘lib qoldim, mendan har kim jirxanishi mumkin.
Bu xil gaplar Gurovga yoqmas, bunday soddadillik, kutilmagan va o‘rinsiz afsuslanish uning g‘ashiga tegar edi; agar Anna Sergeevna ko‘ziga yosh olmaganda, hazil yoki ustomonlik qilyapti, deb o‘ylash mumkin edi.
— Men tushunmayapman, — dedi u, sekingina. — Nima demoqchisan? U yuzini Gurovning ko‘kragiga qo‘yib yashirdi va unga yopishdi.
— Gaplarimga ishoning, yolborib so‘rayman sizdan… — dedi u. — Men halol, pok hayotni sevaman, gunoh ish mening uchun razolat, nima qilayotganimni o‘zim bilmayman. Buni oddiy xalq: shayton yo‘ldan ozdirdi, deb aytadi. Shu tobda men ham, o‘zimni shayton yo‘ldan ozdirdi desam bo‘ladi.
— Bas, bo‘ldi endi… — deb g‘o‘ldiradi Gurov.
Gurov uning qo‘rqib baqrayib qolgan ko‘zlariga qaradi, uni o‘pdi, sekin va erkalatib gapirdi. Anna Sergeevna sekin-asta tinchlandi, chehrasi ochildi, ikkilari ham kulishdi.
Ular tashqariga chiqqanlarida sohilda hech kim ko‘rinmas edi, sarv daraxtlariga chulg‘angan shahar butunlay jimjit, ammo dengiz hamon shovullar va qirg‘oqqa kelib urilar, bitta barkas (katta qayiq) to‘lqindan lapanglar va uning ustidagi chiroqcha lipillab turar edi.
Bir izvoshchini topib, Oreandaga jo‘nashdi.
— Men hozir pastdagi yo‘lakda familiyangni bilib oldim: doskaga fon Diderits deb yozib qo‘yibdi, — dedi Gurov. — Ering nemismi?
— Yo‘q, uning bobosi nemis bo‘lsa kerak, o‘zi pravoslav mazhabida.
Ular Oreandada, cherkovning oldidagi bir skameykada pastga, dengizga qarab, jim o‘tirishdi. Yalta tong paytidagi tuman orasida arang ko‘rinar, tog‘ cho‘qqilarida oppoq bulutlar jim turar edi. Daraxtlarning barglari qimirlamas, saratonlar chirillar, dengizning pastdan eshitilayotgan bir xildagi bo‘g‘iq ovozi bizni kutayotgan o‘limdan, abadiy uyqudan xabar berar edi. Bu joyda Yalta ham, Oreanda ham bo‘lmagan zamonlarda pastda dengiz ana shunday shuvullab turgan; u hozir shuvullayapti va bizdan keyin ham o‘shanday beparvo va bo‘g‘iq ovoz bilan shuvullay beradi. Har birimizning abadiy barhayot bo‘lishimiz, yer yuzida hayotning tinmay harakatda bo‘luvi, to‘xtovsiz voyaga yetib turuvi balki mana shu mangulikda va hayotga, o‘limga beparvo qarashda bo‘lsa kerak. Tong paytida juda go‘zal ko‘ringan, ertaklardagina eshitiladigan ana shunday ajoyib dengiz, tog‘, bulutlar, keng osmon manzaralariga mahliyo bo‘lgan, yosh xotinning yonida o‘tirgan Gurov, agar yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, bu dunyodagi hamma narsa haqiqatan go‘zal deb o‘ylar edi, uning nazarida biz turmushning oliy maqsadlarini, o‘zimizning insonlik qadri qimmatimizni unutgan vaqtimizda o‘zimiz o‘ylagan va qilgan narsalargina yomon edi.
Birov yaqin kelib, ularga bir qaradi-yu, yana qaytib ketdi; u qorovul bo‘lsa kerak. Bu holat ham unga sirli va gashtli bo‘lib tuyuldi. Feodosiyadan jo‘nab, tong yorug‘ida chirog‘siz yetib kelgan paroxod ko‘rindi.
Jim o‘tirgan Anna Sergeevna:
— Ko‘katlarga shudring tushibdi, — dedi.
— Ha, endi ketsak ham bo‘ladi.
Ular shaharga qaytishdi.
Shundan keyin ular har kuni tush paytida sohilda uchrashib turdilar, nonushtani, tushlikni birga qilar, birgalikda sayr etar, dengizdan zavq, bahra olardilar. Anna Sergeevna uyqum buzulyapti, yuragim hovliqyapti deb zorlanar, goh rashk bilan, goh Gurov meni unchalik hurmat qilmasmikan deb xavotirlanib bir xil savol beraverar edi. Ko‘pincha skverda, yoki bog‘da xilvat joylarda o‘tirganlarida, Gurov birdan uni quchoqlab ehtiros bilan o‘par edi. Huzur-halovat, kuppa kunduz kuni, birov ko‘rib qolmasin deb alanglab, xavotir olib o‘pishar, kunning isiqligi, dengiz havosi hamda shod, yasangan, to‘q kishilarning doimo ko‘z oldidan o‘tib turishi Gurovga nihoyatda qattiq ta’sir etdi; u Anna Sergeevnaga siz judayam go‘zalsiz, dildorsiz der, ehtirosdan o‘zini tutib turolmas, undan bir qadam ham ajralmas edi; Anna Sergeevna esa, ko‘pincha o‘ylanib qolar va Gurovga siz meni hurmat qilmassiz, sevmassiz, bir yaramas xotin deb qararsiz, shuni ochiq ayting deb, o‘tinaverar edi. Ular har kuni kechqurun shahardan tashqariga biror joyga, Oreandaga yoki sharsharaga ketishar va bearmon sayr etishar, har safargi taassurotlari ajoyib va g‘aroyib bo‘lardi.
Anna Sergeevnaning erini keladi deb kutishardi, Ammo undan xat kelib qoldi, xatda ko‘zim og‘rib qoldi, o‘zing tezroq yetib kel, deb yozgan. Shuning uchun Anna Sergeevna ketishga shoshildi.
— Yaxshi bo‘ldi, men ketaman, — dedi u Gurovga, — Taqdir shu.
Anna Sergeevna aravada jo‘nadi, uni Gurov kuzatib bordi. Ular kun bo‘yi yo‘l yurishdi. Anna Sergeevna kurer poyezdining vagoniga kirib o‘tirdi; mana, ikkinchi zang ham urildi. Shunda Anna Sergeevna aytdi:
— Menga qarang, sizni yana bir ko‘rib qolay… Keling, tag‘in bir qarab, diydoringizga to‘yib olay. Mana shunday.
U yig‘lamas, ammo g‘amgin, xuddi kasalday edi. Yuzlari uchib-uchib turar edi.
— Sizni sira esdan chiqarmayman, — dedi Anna Sergeevna. — Sizni xudoga topshirdim, yaxshi qoling. Meni yaxshi nom bilan eslang. Biz umrbod xayrlashyapmiz, shunday bo‘lishi kerak, chunki aslida bizning uchrashmasligimiz lozim edi. Yaxshi qoling, xudoga topshirdim.
Poyezd tez yurib ketdi, ko‘p o‘tmay uging chirog‘lari ham ko‘rinmay qoldi, birpasdan keyin shov-shuv ham eshitilmay qoldi, bu Gurovni hushiga keltirish, uning shirin xayollarini qochirish uchun ataylab qilingandek edi. Gurov platformada bir o‘zi qoldi va u uzoq qorong‘ilikka ko‘z tikar ekan, chigirtkalarning chirillashini va telefon simlarining g‘o‘ng‘illashini xuddi uyqudan endi turgan kishiday eshitdi. U o‘z hayotimda yana bir sarguzasht yoki mojaro bo‘lib o‘tdi, u ham tamom bo‘lib faqat xotira qoldi, deb o‘ylar edi… Uning dili g‘ash, homush va bir oz afsuslanar edi; endi sira ham ko‘rishmas bo‘lib ketgan bu yosh xotinning undan ko‘ngli to‘lmagan edi. Gurov esa u bilan xushmuomala, samimiy munosabatda bo‘lsa ham, yoshi undan qariyb ikki baravar katta bo‘lgan bu baxtiyor erkakning unga qilgan muomalalari, gap-so‘z va erkalatishlarida, salgina istehzo, andak takabburlik sezilib turar edi. Anna Sergeevna har vaqt uni yaxshi, tenggi yo‘q olijanob inson deb atar edi; aftidan, Gurov, unga boshqacha bo‘lib ko‘ringan, demak, Gurov uni beixtiyor aldab yurgan edi…
Stantsiyada kuzning hidi kelib qolgan, kechqurun salqin bo‘ldi.
«Mening ham shimolga jo‘naydigan vaqtim keldi, — deb o‘yladi Gurov, platformadan ketayotib. — Vaqt keldi!»
III
Moskvada, uning uyida, hamma narsa qishdagidek edi; pechlar yoqilar, bolalar gimnaziyaga jo‘nashga tayyorlanar va choy ichgan vaqtlarda hali qorong‘i bo‘lar, shuning uchun enaga bir oz vaqt chiroqni yoqib qo‘yar edi. Qattiq sovuqlar ham boshlangan edi. Yangi qor yoqqan chog‘da birinchi marta chanaga tushib yurganda oppoq yerni, oppoq tomlarni tomosha qilish juda zavqli bo‘ladi, kishi yengil va yaxshi nafas oladi, ana shu vaqtda kishining yoshlik chog‘lari esiga tushadi. Qirov tushib oqargan qari arg‘uvon va qayin daraxtlari kishining ko‘ziga yoqimli ko‘rinadi, ular sarv va xurmo daraxtlaridan ko‘ra ko‘ngilga yaqinroq bo‘lib, bularning oldida kishi dengiz va tog‘larni o‘ylagisi ham kelmaydi.
Gurov moskvalik edi. U Moyekvaga yaxshi vaqtda, sovuq kunlarda yetib keldi. U issiq po‘stinini va qo‘lqopini kiyib, Petrovkani bir aylanib kelgandan keyin va shanba kuni kechqurun qo‘ng‘iroqlarning tovushini eshitgandan so‘ng, yaqinda qilib kelgan sayohatining va borib ko‘rib kelgan joylarning zavqlarini dilidan chiqarib yubordi. U sekin-asta Moskva hayotiga ko‘nikib ketdi. Har kuni uchtadan gazeta o‘qib tashlasa ham, printsip uchun Moskva gazetalarini o‘qimayman derdi. Endi u restoranlar, klublar, mehmondorchiliklar, yubileylarga borgisi kelib turar, o‘z uyiga mashhur advokatlar va artistlarning kelib turishlarini, doktorlar klubida professor bilan karta o‘ynashni yoqtirar edi. Endi u bir skovorodka selyankani bemalol yeb qo‘yaveradigam bo‘lgan edi…
U, biror oy o‘ggach, Anna Sergeevna ham esimdan chiqib ketar, boshqa xotinlardek, goh-goh yoqimli tabassum bilan tushimdagina ko‘rinib qolar deb o‘ylardi. Bir oydan ko‘proq vaqt o‘tdi, qahraton qish kirdi, ammo Anna Sergeevna u bilan kechagina ajralishganday xotirida turar edi. U tobora ko‘proq eslaydigan bo‘lib qoldi. Kechqurungi jimjitlik paytida uning kabinetiga dars tayyorlayotgan bolalarning ovozi kirsa ham, restoranda o‘tirganda romans yoki organ tovushini eshitsa ham, yoki pech o‘chog‘idan bo‘ronning guvullagan tovushi kelsa ham pristanda yuz bergai alomatlar, erta bilangi tumanlar, Feodosiyadan kelgan paroxod, o‘pishishlar uning xotirida jonlanar edi. U ancha vaqt xona ichida u yoqdan bu yoqqa yurdi-da, ko‘rganlarini esladi, jilmaydi, keyin eslagan narsalari orzuga aylandi, va boshdan kechirganlari, xayolida, bundan keyin ko‘radiganlari bilan qorishib ketdi. Anna Sergeevna uning tushiga kirmas, u qayerda yursa soya kabi ergashib yurardi. U ko‘zini yumishi bilan ko‘z oldiga Anna Sergeevna kelar, go‘zallashib, yosharib, noziklashib ketganday edi. Gurovning o‘zi ham, o‘ziga Yaltadagidan ko‘ra yaxshiroqdek tuyular edi. Kechqurunlari Anna Sergeevna kitob jovonidan, pechkadan, burchakdan unga qarab turgandek, uning nafasi va kiyimining mayin shildirashi eshitilgandek bo‘lar edi. Ko‘chada yurganda esa, xotinlarni ko‘zdan kechirar va unga o‘xshaydigani yo‘qmi ekan, deb axtarar edi…
O‘z xotiralarini biror kishiga aytib, yuragini bo‘shatgisi kelar edi. Uydagilarga o‘zining ishq-muhabbatini gapirib bo‘lmas, ko‘chada esa, kimga aytishni bilmas edi. Qo‘shnilariga ham, bankdagilarga ham aytib bo‘lmas edi. Nima to‘g‘rida ham gapirsin! U vaqtda sevib qolganmidi? Anna Sergeevna bilan bo‘lgan munosabatida, biror go‘zal, yoqimli yoki ibratli va yoki biror ajoyib narsa bo‘lganmidi? Nihoyat, u qandaydir muhabbat to‘g‘risida, xotinlar to‘g‘risida gapirib ketdi va hech kim buning fahmiga yetmadi, uning xotinigina o‘zining qora qoshlarini chimirib:
— Dimitriy, oliftachilik senga sira ham yarashmas ekan, — dedi.
U bir kuni kechasi o‘z sherigi bilan doktorlar klubidan chiqib kelayotganida, o‘zini bosa olmay:
— Menga qarang, Yaltada men qanday nozanin bilan tanishganimni bilsangiz edi! — dedi.
Amaldor chanaga o‘tirib jo‘nadi va birdan qayrilib qarab:
— Dmitriy Dmitrich! — deb qichqirdi.
— Nima deysiz?
— Hali siz to‘g‘ri aytgan ekansiz. Osetrina hidlanib qolgan ekan.
Bu beozor so‘zlar, negadir birdaniga Gurovning jahlini chiqarib yubordi, uni tahqirlaganday bo‘lib tuyuldi. Qanday yovvoyi fe’l-muomala, qanday odamlar! Qanday bemaza tunlar, qanday maza-matrasiz kunlar! Berilib o‘tirib karta o‘ynashlar, mechkaylik, ichkilikxo‘rlik, doimo bir xil gaplar. Behuda ishlar va hamon bir turli gap-so‘zlar vaqtning, kuch-quvvatning yaxshiroq qismini olib qo‘yadi-da, nihoyat ozgina, arzimas, samarasiz vaqt qoladi, biror joyga ketib ham, qochib ham bo‘lmaydi, kishi baayni jinnixonada o‘tirganday, yoki mahbuslar rotasiga tushib qolganday!
Gurov tun bo‘yi uxlamadi, g‘azablandi va kuni bilan boshi og‘rib yurdi, bundan keyingi kechalarda ham uyqusi behuzur bo‘ldi, o‘rnida o‘yga botib o‘tirar, yoki uyning u burchidan bu burchiga yurib chiqar edi. Bolalar uning ko‘ngliga tegdi, bankdan ham zerikdi, hech qayerga borishni va biror to‘g‘rida gapirishni xohlamas edi.
U dekabrda bayram kunlari safarga otlandi va xotiniga men bir yigitning ishi to‘g‘risida harakat qilish uchun Peterburgga ketyapman dedi-da, S. ga jo‘nadi. Nechun? Buni uning o‘zi ham yaxshi bilmas edi. U Anna Sergeevna bilan ko‘rishish va mumkin bo‘lsa, bundan keyin u bilan uchrashib turish haqida so‘zlashmoqchi edi.
U erta bilan S. ga yetib bordi va mehmonxonaga kirib yaxshi bir nomerga joylashdi. Nomerning butun poliga kul rang salloti adovut to‘shalgan edi. Stolning ustida esa, changga botgan kul rang siyohdon turar edi. Siyohdonga, shlyapali qo‘lini ko‘targan, ammo kallasi uzilib tushgan otli chavandoz o‘rnatilgan edi. Mehmonxona shveytsari unga kerakli ma’lumotni berdi: fon Diderits mehmonxonaga yaqin joyda, Staro-Goncharnaya ko‘chada, o‘zining xususiy uyida turadi, turmushi yaxshi, badavlat, otlari bor, u butun shaharga taniqli. Shveytsar o‘zini Drdrits deb talaffuz etar edi.
Gurov asta yurib, Staro-Goncharnaya ko‘chasiga bordi va uning uyini qidirib topdi. Uyning ro‘parasida kul rang, tepasiga nayza qadalgan uzun devor bor edi.
— Tozayam rasvo devor ekanmi? — dedi Gurov o‘zicha goh derazaga, goh devorga qarab.
U bugun ishga borilmaydigan kun, balki eri ham uydadir, deb o‘yladi. Bunday bo‘lmaganda ham birdan uyga kirish nojo‘ya ish bo‘ladi, u xijolatda qoladi. Agar unga xat jo‘natilsa, balki erining qo‘liga tushib qolar, unda ishning pachavasi chiqadi. Yaxshisi o‘zining chiqishini kutish kerak. Shunday deb, u ko‘chada, devorning yonida yurar va uning chiqib qolishini kutar edi. U, darvozadan ichkariga bir gadoy kirganini va unga itlar tarmashganini ko‘rdi, oradan biror soat o‘tgandan keyin royal tovushi keldi, royalning ovozi past edi. Anna Sergeevna chalayotgan bo‘lsa kerak. Birdan uyning ko‘cha eshigi ochildi-da, undan qandaydir bir kampir chiqdi, uning ketidan o‘sha oq laycha ham yugurib chiqdi. Gurov laychani chaqirgisi keldi-yu, ammo birdan yuragi o‘ynab ketdi, va hayajonlanganidan, laychaning nomi esiga kelmadi.
U hamon yurar va kul rang devor uning ko‘ziga tobora yomon ko‘rinar edi. Anna Sergeevna meni esdan chiqargandir, balki boshqalar bilan vaqtchog‘liq qilayotgandir, ertadan kechgacha shu la’nati devorni ko‘ra berib to‘ygan bu yosh xotin shunday qilishga ham majbur bo‘lgandir deb o‘ylanib, ko‘ngli g‘ash bo‘ldi. U nomerga qaytib keldi-da, nima qilishini bilmay divanda o‘tirib qoldi, keyin obed qildi, undan keyin yotib uzoq uxladi.
«Bu ishlarning hammasi bema’nigarchilik, ortiqcha tashvish ekan, — deb o‘yladi u, uyg‘onib va qop-qora derazaga qarab; kech kirib qolgan edi. — Uyquga to‘yib olibman. Endi qanday qilib tong ottiraman?»
U, xuddi kasalxonaning arzon baho odeyaliga o‘xshagan odeyalga o‘ralib, o‘tirdi va alamidan:
«Laycha ergashtirgan xonim qayda-yu, sen qayda… sarguzasht deb ovora bo‘lma… ana endi o‘tiraver bu yerda» deb o‘zini-o‘zi kalaka qildi.
Ertalab u vokzalga tushganida, katta harflar bilan: birinchi marta «Geysha» qo‘yiladi, deb yozilgan afishani ko‘rgan edi. O‘sha esiga keldi-da, teatrga bordi.
«Birinchi kuni qo‘yiladigan tomoshadan u qolmasa kerak» deb o‘yladi u.
Teatr odam bilan to‘la edi. Hamma guberna teatrlaridagidek, bunda ham, qandil chirog‘ning yuqori tomoni tuman bilan qoplangan, galyorkada o‘tirganlar g‘avur-g‘uvur qilar edi; o‘yin boshlanish oldida, birinchi qatorda, qo‘llarini orqalariga qo‘yib, bu yerning oliftalari turar edi; o‘sha yerdagi gubernator lojasida, birinchi o‘rinda, bo‘yniga mo‘yna dum solib olgan gubernator qizi o‘tirar edi, gubernatorning o‘zi kamtarlik qilib, porteraning orqasida ko‘rinmay o‘tirar, uning faqat qo‘llarigina ko‘rinar edi; parda chayqalib turar edi, orkestr sozini uzoq sozladi. Odamlar kirib, to joy-joyini topgunicha, Gurov olazarak bo‘lib turdi.
Anna Sergeevna ham kirdi. U uchinchi qatorga borib o‘tirdi. Gurov uni ko‘rarkan yuragi ezilib ketdi. U, dunyoda o‘ziga Anna Sergeevnadan ko‘ra yaqin, qimmatli va aziz kishi yo‘q ekanini shu payt ravshan tushundi; provintsiya odamlarining orasida ko‘rinmay ketgan, qo‘liga xunukkina dastali ko‘zoynak ushlagan bu kichkinagina ayol endi butun hayotining ma’nosi bo‘lib qoldi, uning qayg‘usi, shodligi, istagan birdan-bir quvonchi shu ayol edi; yomon orkestrning eski-tuski skripkalarining sadolari ostida u, Anna Sergeevnaning fazilatlarini ko‘nglidan o‘tkazdi, o‘yladi va xayol surdi.
Anna Sergeevna bilan birga chakkasiga kichkina baken qo‘ygan, juda novcha, engashibroq yuradigan bir yosh yigit ham kirib keldi va u bilan yonma-yon o‘tirdi; u har qadamda kallasini qimirlatar va tinmay ta’zim qilayotganga o‘xshar edi. Anna Sergeevna Yaltada, iztirob ichida malay deb atagan eri ehtimol shu kishi bo‘lsa. Haqiqatan ham, uning novcha qomatida, bakenlarida, boshining ozgina joyi yaltirashida, qandaydir malaylarga xos kamtarlik alomatlari sezilar, basharasi kulib turar, ko‘kragidagi ma’lumot belgisi malayning nomeriga o‘xshab turardi.
Birinchi antraktda eri papiros chekkani chiqib ketib, kresloda yolg‘iz o‘zi qoldi. Parterda o‘tirgan Gurov uning yoniga bordi va qaltiroq ovoz bilan zo‘rg‘a iljayib:
— Salom! — dedi.
Anna Sergeevna unga qaradi-yu, ranglari oqarib ketdi, so‘ngra, ko‘zlariga ishonmasdan qo‘rqinch bilan yana bir qaradi-da, hushdan ketib yiqilib tushmaslik uchun bo‘lsa kerak, o‘zini tutish uchun, qo‘lidagi yelpug‘ichini dastali ko‘zoynagiga qo‘shib turib qattiq qisdi. Ikkilari ham jim qolishdi. Anna Sergeevna o‘tirar, uning hayajonga kelganidan qo‘rqib, yoniga o‘tirishga botinmasdan, Gurov tikka turar edi. Sozlanayotgan skripka va nayning ovozi eshitilardi, hamma lojalarda o‘tirganlar qarayotgandek tuyulib, birdan qo‘rqinch paydo bo‘ldi. Anna Sergeevna o‘rnidan turdi-da, tashqariga qarab tez-tez yurib ketdi, uning ketidan Gurov ham ergashdi; ikkalalari ham koridorlarda goh yuqoriga chiqib, goh pastga tushib, zinapoyalarda kezardilar; sudya, muallim, udil mundirlarini kiygan, hammalari znachok taqqan allaqanday kishilar ularning ko‘z oldilaridan lip-lip o‘tib turar edi; xonimlar, veshelkalardagi po‘stinlar ham lip-lip o‘tib turardi, papiros qoldiqlarining hidini buruqsatib, shamol o‘tib turar edi. Yuragi taka-puka bo‘lib turgan Gurov esa:
«Ey xudo! Bu odamlarning va bu orkestrning nima keragi bor edi» deb o‘ylar edi.
Shu daqiqada, kechqurun stantsiyada Anna Sergeevnani kuzatib qolgani, endi ish tamom, u bilan hech qachon ko‘rishmaymiz, deb o‘ylagani birdan esiga keldi. Ammo ishning oxiri hali uzoq edi.
«Amfiteatrga kirish yo‘li» deb yozib qo‘yilgan, tor va qorong‘i zinapoyada Anna Sergeevna to‘xtadi.
— Meni judayam qo‘rqitib yubordingiz! — dedi u, og‘ir nafas olib, hamon rangi o‘chgan, esankiragan holda. — Oh, meni juda ham qo‘rqitib yubordingiz-a! Jon-ponim chiqib ketdi. Siz nimaga keldingiz? Nimaga? Nimaga keldingiz axir?
— Anna, o‘zingiz bilasiz, o‘zingiz bilasiz-ku… — dedi u past ovoz bilan, shoshilib. — Meni kechiring, o‘zingizga ma’lum…
Anna Sergeevna vahima ichida, unga muhabbat bilan qarar va uning diydorini xotirasida saqlab qolish uchun qattiq tikilib qarar edi.
— Men shundayam qiynalayotgan edim! — deb gapini davom ettirdi u, Gurovga quloq solmay. Men hamisha sizning to‘g‘ringizdagina o‘ylar edim, fikri-yodim sizda bo‘ldi. Men sizni esdan chiqarib yuborsam der edim, nimaga keldingiz axir, nimaga?
Yuqoridagi ravonda ikkita gimnazist papiros chekib, pastga qarab turar edi, ammo Gurov ularga e’tibor bermasdan Anna Sergeevnani o‘ziga tortib, uning yuzlaridan, qo‘llaridan o‘pardi.
— Nima qilganingiz bu, nima qilganingiz! — derdi u qo‘rqib va uni o‘zidan itarib. — Ikkovimiz ham esimizni yeb qo‘ydik. Bugunoq jo‘nab keting, hoziroq jo‘nang… Xudo haqi, Sizdan o‘tinaman… Ana, odamlar kelyapti!
Zinapoyadan kimdir chiqib kelayotgan edi.
— Siz jo‘nab ketishingiz kerak… — derdi hamon pichirlab Anna Sergeevna. — Eshityapsizmi, Dmitriy Dmitrich! Moskvaga oldingizga o‘zim boraman. Men hech qachon baxtli bo‘lgan emasman. Hozir ham baxtli emasman va hech qachon baxtli bo‘la olmayman, hech qachon! Endi siz ham meni ortiqcha qiynamang! Qasamyod qilib aytamanki, Moskvaga o‘zim boraman. Endi ajrashaylik! Azizim, mehribonim, qadrdonim, ajrashaylik endi!
Anna Sergeevna uning qo‘lini siqdi va unga qarab-qarab, tez pastga tushib ketdi, uning ko‘zlaridan, chindan ham baxtsiz ekanligi bilinib turar edi. Gurov bir oz vaqt diqqat bilan quloq solib turdi-da, hamma tinchigandan keyin, veshelkadan kiyimiyai oldi-yu, teatrdan chiqib ketdi.
IV
Anna Sergeevna ham Moskvaga uning oldiga kelib turadigan bo‘ldi. U har oyda ikki-uch marta S. dan jo‘nar va eriga, men o‘zimning xotinlar kasali haqida professor bilan maslahatlashish uchun ketyapman der, — eri goh ishonar, goh ishonmas edi. U Moskvaga kelganda «Slavyanskiy bazar»ga qo‘nar va o‘sha soatda Gurovga bir qizil shapkali odamni yuborar edi. Gurov uning oldiga kelar va bu voqeani Moskvada hech kim bilmas edi.
Qish kunlarining birida, ertalab Gurov yana uning oldiga jo‘nadi (xabar beruvchi kishi kechqurun uning uyiga borib, topolmagan edi). U bilan qizi ham borar, uni shu yo‘ldagi gimnaziyaga kuzatib qo‘ymoqchi edi. Laylak qor yog‘moqda.
— Hozir uch gradus issiq, shunday bo‘lsa ham qor tushyapti, — dedi qiziga Gurov — ammo bu issiq yerning ustida, xolos, atmosferaning yuqorigi qatlamida temperatura butunlay boshqacha.
— Dada, nimaga qishda momaqaldiroq bo‘lmaydi, a?
Gurov qiziga buning sababini ham tushuntirdi. U gapirishib borar edi-yu, lekin, Anna Sergeevnaning oldiga ketayotganini, bu sirdan hech bir kimsa xabari yo‘q, balki bundan keyin ham butunlay xabari bo‘lmaydi, deb o‘ylab borar edi. U ikki xil hayot kechirar edi: birisi oshkora hayot bo‘lib, buni kerak odamlar hammasi ko‘rgan va bilar edi, bu butunlay sun’iylikdan va ko‘zbo‘yamachilikdan iborat bo‘lib, tanishlari va do‘stlarining hayotiga batamom o‘xshar, ikkinchi hayot esa — xufya o‘tar edi. Uning hayotining mag‘zini tashkil etgan, o‘zi samimiyat bilan qaragan va o‘zini aldamagan, o‘zi uchun muhim, qiziq hamda zarur bo‘lgan narsalar, qandaydir ajib bir holatga ko‘ra, balki tasodifan bo‘lsa kerak, boshqalardan xufya o‘tar edi; lekin uning qalbakiligi, haqiqatni yashirish uchun o‘rangan niqobi, chunonchi uning bankda xizmat qilib turishi, klubdagi mubohasalari, xotinlarni «zoti pastlar» deb atashi, o‘z xotini bilan birga yubileylarga borishi, — bularning hammasi oshkora edi. U boshqalarni ham o‘ziday deb o‘ylar, ko‘rganlariga ishonmas, doimo, har bir kimsaning haqiqiy, eng qiziq hayoti tun pardasiga o‘xshagan parda orqasida yashirin o‘tib tursa kerak, deb faraz etar edi. Kishining har qanday shaxsiy hayoti sir tutiladi. Ehtimol, madaniy kishilarning ham, xufya shaxsiy maishatni hurmatlash kerakligini asabiylanib talab qilishlarining sababi, qisman, shu bo‘lsa.
Qizini gimnaziyaga kuzatgach, Gurov o‘zi «Slavyanskiy bazar»ga qarab yo‘l oldi. U pastki qavatda po‘stinini yechib, yuqoriga ko‘tarildi va eshikni sekingina tiqillatdi. Anna Sergeevna Gurov yaxshi ko‘rgan kulrang ko‘ylagini kiygan edi. Uni yo‘l ham, bundagi kutish ham toliqtirgan va kecha kechqurundan beri kutaverib rangi sarg‘ayib ketgan edi. Gurov kirishi bilanoq, uni ko‘rdi-yu, kulmay-netmay, birdan uning quchog‘iga o‘zini tashladi. Bular xuddi ikki yil ko‘rishmagan kishilarday, lablari lablariga yopishib, uzoq o‘pishib qoldilar.
— Qani, ayt-chi, ahvoling qanday? — deb so‘radi Gurov. — Qanday yangiliklar bor?
— Tura tur, hozir aytaman… Gapira olmayman.
U yig‘idan gapira olmas edi. Gurovdan yuzini o‘girib, ro‘molchasini ko‘zlariga qattiq bosib oldi. Gurov esa:
— Yig‘lasa yig‘lab olsin, men o‘tirib turay, — deb o‘yladi-da, kresloga o‘tirdi.
Keyin qo‘ng‘iroqni chaldi va choy keltirishni buyurdi. U choyni ichayotganida, Anna Sergeevna derazaga burilib olib, hamon yig‘lar edi… U o‘zlarining shunday g‘amgin hayot kechirishlaridan, xuddi o‘g‘rilardek birov bilib qolmasin deb xufya ish tutishlaridan hayajonlanib, qayg‘urib yig‘lar edi. Darhaqiqat, ularning hayotida huzur-halovat bormidi?
— Qani, bo‘lar endi! — dedi, Gurov.
Gurov bu ishq-muhabbat hali uzoq davom etishini aniq bilar va qachon tugashini bilmas edi. Anna Sergeevna unga tobora qattiq ko‘ngil qo‘yar, uni sidqidil bilan sevar edi. Shuning uchun unga bu ishlar bir kun borib to‘xtashi lozim, deb aytish nojo‘ya bo‘lar edi. Bunga Anna Sergeevna ishonmas edi.
Gurov yaqin bordi va uni erkalatish, unga tegishish uchun uning yelkasidan quchar ekan, shu onda oynada o‘z aksini ko‘rdi.
Uning sochlari oqara boshlagan edi. Keyingi yillarda shunchalik qarib, shunchalik xunuklashib ketgani o‘ziga qiziq tuyuldi. Uning qo‘li turgan yelka issiq va titrar edi. Gurov buning shunday issiq va go‘zal hayotiga, o‘z hayoti kabi, buning hayoti ham so‘la boshlashi yaqin qolganiga achindi. Xonim uning nimasini bunchalik yaxshi ko‘radi? U, xotinlarning ko‘ziga bo‘lakcha ko‘rinar edi. Ular uni o‘z ko‘zlariga umr bo‘yi orzu etib yurgan chin inson bo‘lib ko‘ringani uchun sevardilar; yanglishganlarini keyin bilsalar-da, hamon sevardilar. Ularning birortasi ham bundan baxtiyor bo‘lgan emas edi. Vaqt o‘ta berar, u xotinlar bilan tanishar, topishar, ajralishar, ammo birortasini ham sevmagan edi, har narsa bo‘lgan edi-yu, sevgi ro‘y bermagan edi.
Mana endi, Gurov sochlari oqargan choqdagina, o‘z umrida birinchi marta chinakam, yuraadan sevmoqda.
Anna Sergeevna bilan Gurov ikkalalari bir-birlarini juda yaqin, jonajon kishilarday, er-xotinlarday, qalin do‘stlarday sevardilar; bularning shunday mag‘iz-po‘st bo‘lib ketishlari, taqdiri azalda peshonalariga yozib qo‘yilgandek edi va Gurov o‘zining nega xotin olganidan hayron, u esa, nega erga tekkanidan hayron edi; bular xuddi uchib yurgan nari va moda qushlar bo‘lib, ikkalalarini ham tutib olib, ikki qafasga solib qo‘ygandek edi. Ular o‘tmishda bir-birlariga bo‘lgan munosabatlaridai uyaldilar, hozirgi nuqsonlarini kechirdilar va ularni o‘zgartib yuborgan ishq-muhabbat ekanini sezdilar.
Ilgari Gurov qayg‘uli damlarda har xil fikrlar bilan o‘zini yupatar, endi esa, bunday kezlarda fikr yurita olmas, qattiq rahmi kelar, samimiy va mehribon bo‘lishni istar edi…
— Yig‘ini qo‘y, jonginam, — dedi u. — Shuncha yig‘lading — yetar endi… Gaplashaylik, biror narsa o‘ylaylik.
So‘ngra ular uzoq maslahatlashdi, yashirinish, aldash, turli shaharda yashash, uzoq ko‘rishmay ketish zaruratidan qanday qutulish to‘g‘risida gaplashdi. Bu og‘ir kishandan qanday qutulib bo‘ladi?
— Qanday qilib? Qanday qilib? — dedi Gurov, o‘z boshini ushlab. — Qanday qilib?
Sal vaqt o‘tgach masala hal bo‘ladiganday va yangi, go‘zal hayot boshlanadiganday tuyuladi; biroq ishning oxiri hali juda uzoq ekani, eng murakkab va qiyin ishlar endigina boshlanayotgani ikkilariga ham ayon bo‘ldi.
S. Ibrohimov tarjimasi