Kimga aytay dardimni?
Shom payti. Yog‘ayotgan laylak qor yangi yoqilgan fonarlar atrofida aylanar, erinibgina otlarning ustiga, odamlarning yelkalariga va telpaklariga qo‘nib oqartirar edi. Izvoshning kursisida bukchayib qimir etmay o‘tirgan Iona Potapovning hamma yog‘i oppoq, xuddi arvohga o‘xshaydi. Agar ustiga katta qor uyumi bosib tushganida ham qoqib tashlamaydiganday ko‘rinadi… Uning oti ham qordan oppoq oqarib tek turar edi. Ot o‘zining harakatsizligi, oriq gavdasi va ingichka, chillakday oyoqlari bilan hatto yaqindan qaraganda ham qand-nondan yasalgan «toychoq»qa o‘xshab ko‘rinadi. Har holda u ham xayolga botgan bo‘lsa kerak. Chunki o‘rgangan dalasidan, omochidan ayrilib, alomat chiroqlar yongan, to‘xtovsiz taraq-turuq, yugurib yurgan odamlardan iborat bir joyga kelib qolganidan keyin xayol surmay iloji yo‘q.
Iona bilan oti anchadan beri shu yerdan qo‘zg‘almay turib qoldi. Garchi saroydan peshindan ilgari chiqqan bo‘lsa ham haligacha hech bir kira qiluvchi odam topilmadi. Mana, kech kirib, shaharni qorong‘ulik bosmoqda. Oqarib turgan fonarlar endi charaqlab, porlab ketdi. Ko‘chaning g‘ovur-g‘ovuri borgan sari avj oldi, Ionaning qulog‘iga:
— Izvoshchi, Viborgskiyga, — degan ovoz eshitildi.
Iona seskanib qor bilan chaplashib qolgan kipriklari orasidan qarab shinel va quloqchin kiygan bir harbiy odamni ko‘rdi.
— Viborgskiyga! — deb takrorladi harbiy, — nima balo, uxlayapsanmi? Viborgskiyga deyapman!
Iona rozi bo‘lib, otning tizginini tortgan edi, uning ustini va o‘zining yelkasini qoplagan qor to‘kildi…
Harbiy kishi chanaga o‘tirdi. Izvoshchi chuh deb o‘rnidan sal ko‘tarildi-da, g‘ozga o‘xshab bo‘ynini cho‘zib, kerak bo‘lmasa ham, odati bo‘yicha qamchini aylantirdi. Ot ham bo‘ynini cho‘zdi va chillakday oyoqlarini maymashtirib arang joyidan qo‘zg‘oldi…
Iona endi yo‘lga tushishi bilanoq qorong‘uda u yoqdan bu yoqqa o‘tib turgan odamlar orasidan birovning:
— Qayoqqa yurayotibsan! O‘ngdan yursang-chi! — degan tovushi eshitildi.
— Izvosh minishni bilasanmi o‘zing! O‘ngdan yur! — deb koyib berdi izvoshdagi harbiy kishi ham.
Bir foetonning kucheri uni so‘kib o‘tib ketdi. Ko‘chaning u yuzidan bu yuziga o‘tayotib otning tumshug‘iga o‘zini urib olgan qandaydir kishi xo‘mrayib, yengidagi qorni qoqdi. Iona nina ustida o‘tirganday betoqat, go‘yo bu yerga nima uchun, qanday qilib kelib qolganini o‘zi ham tushuna olmayotganday atrofga alanglab qarar edi.
— Muncha ham ablah odamlar ekan! — deb hazil qildi harbiy. — Hammasi ham xuddi maslahatlashib qo‘yganday, sening otingga yo aravangga urilishadi-ya
Iona orqasiga qayrilib qaradi-da, lablarini qimirlatdi… U bir narsa aytmoqchi bo‘ldi-yu, ovozi chiqmadi, xirilladi.
— Nima? — dedi harbiy.
Iona lablarini qiyshaytirib kulimsiradi va butun kuchini to‘plab tovushi boricha gapirdi:
— Afandim, men sizga aytsam… shu hafta ichi o‘g‘lim o‘ldi.
— Him… nimadan o‘ldi?
Iona butun gavdasi bilan o‘girilib, o‘tirgan odamga qaradi-da:
— Kim biladi deysiz! Isitmadan bo‘lsa kerak… Uch kungina kasalxonada yotdi-yu, o‘ldi… Xudoning xohishi-da.
— Otingni bur, iblis! — dedi qorong‘ulikdan birov, — esingni yedingmi! Ko‘zingga qarasang o‘lasanmi!
— Hayda-hayda… — dedi harbiy, — bu ahvolda ertaga ham yetolmaymiz. Tezroq hayda!
Izvoshchi yana bo‘ynini cho‘zib o‘rnidan sal ko‘tarildida, qamchini aylantirdi. So‘ngra bir necha marta orqasiga o‘girilib qaradi, lekin o‘tirib borayotgan odam uning so‘zlarini eshitgisi kelmadi shekillik, ko‘zlarini yumib olgan edi. Viborgskiyda bir mayxona yonida to‘xtab uni tushirdi. O‘zi yana bukchaydi, jim o‘tirib qoldi… Yog‘ayotgan laylak qordan uning va otining usti yana oppoq tusga kirdi. Oradan bir-ikki soat chamasi vaqt o‘tdi…
Qattiq-qattiq qadam tashlab, so‘kishib trotuardan uchta yosh yigit kelmoqda, ularning ikkitasi oriq va novcha, uchinchisi bukir va pakana edi.
— Izvoshchi, bizni politseyskiy ko‘prigiga eltib qo‘y! — dedi bukir xirillagan tovush bilan, — uch kishi… Bittangaga!
Iona chuh deb tizginni silkitdi. Bittanga, albatta arziydigan narx emas, lekin unga hozir narxning ahamiyati yo‘q edi… Bir so‘mmi, besh tiyinmi — baribir, ishqilib odam bo‘lsa bas… yigitlar itarishib, so‘kishib uning yoniga keldilar-da, so‘ng uchchalovi birdan chanaga tashlandilar. So‘ngra kim o‘tirib boradi-yu, qaysi bittasi tikka turib ketadi, degan masala ustida tortish boshlandi… Uzoq vaqt janjallashganlaridan keyin bukirning bo‘yi pakana bo‘lgani uchun uning turib ketishi kerak degan qarorga keldilar.
Bukir Ionaning orqasida tik turarkan, xirillagan tovush bilan:
— Qani hayda! — dedi, uning nafasi Ionaning bo‘yniga urib turardi. — Voy-bo‘y, telpagingni qara, og‘ayni! Butun Peterburgni axtarsang ham bunaqa -rasvo telpakni qidirib topolmaysan…
— Hi-hi-hi… — deb kuldi Iona, — bori-da…
— Qani bo‘lmasa, tezroq haydachi! Yo bo‘lganing shumi? A? Gardaningga solsam-chi!
— Boshim yorilib ketguday bo‘lib og‘riyapti… — dedi o‘tirgan novcha yigitning biri, — kecha Dukmasovnikida to‘rt shisha konyakni Vaska ikkalamiz ichib qo‘yibmiz.
— Hech tushunolmayman-da. Yolg‘on gapning nima keragi bor! — deb koyidi ikkinchi novcha. — O‘lguday yolg‘onchisan-da.
— Xudo ursin, rost aytayapman…
— Bu rost gaping ham xuddi bit yo‘taladi deganga o‘xshagan rostlardan-da.
— He! — deb yana kuldi Iona, — juda xushchaqchaq yigitlar ekansizlar-ku!
— Ming la’nat!.. — deb qo‘ydi bukir. — Chol o‘lgir, tuzukroq haydaysanmi yo yo‘qmi? Shu ham yurishmi? Qamchi ursang-chi! Ur, la’natini! — Iona orqasida tipirchilab turgan bukirning gavdasini sezib, xirillab chiqayotgan tovushini eshitdi. O‘ziga xitoban aytilayotgan so‘kinishlarni eshitadi va yaqinida odamlarni ko‘rib yuragidagi yolg‘izlik sezgisi biroz yo‘qolganday bo‘ladi. Bukir tutoqib, zo‘r berib kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kar va to yo‘tali tutib qolguncha so‘kinardi. O‘tirgan yigitlar qandaydir bir Nadejda Petrovna degan xotin haqida so‘zlashib borardilar. Iona ularga qarab qo‘ydi. Ularning qisqagina sukut qilgan vaqtlarini poylab turib yana o‘girilib qaradi-da, sekingina:
— Shu hafta ichi, haligi o‘g‘lim o‘ldi! — deb g‘o‘ldirab qo‘ydi.
— Hammamiz ham o‘lamiz-da… — dedi bukir yo‘taldan so‘ng, lablarini arta turib, — qani, tezroq yur, hayda! Afandilar, men ortiq toqat qilolmayman, bu ahvolda qachon yetamiz?
— Ha, sen yelkasiga turtib, madad berib tur-da!
— O‘lat tekkan chol eshityapsanmi? Bo‘yning uziladiya! — dedi bukir. — Senlarni ayagan kishi piyoda qoladi!.. Eshityapsanmi? Yo bizlarning so‘zimizni pisand qilmayapsanmi?
Iona bularning noroziligini yaxshi bilsa ham:
— Hi… juda ham xushchaqchaq ekansizlar, xudoyim umrlaringizni uzun qilsin! — deb kuldi.
— Xotining bormi? — deb so‘radi o‘tirgan novcha izvoshchidan.
— Menimi? Hi-hi… Xushchaqchaq afandilar… Endi mening bittagina xotinim bor — qora yer… Hi-hi… Go‘r! Mana, o‘g‘lim o‘lib, men tirik qoldim… Ajal menga kelib, yanglishib o‘g‘limni olib ketdi.
Iona o‘g‘lining qanday qilib vafot qilganini so‘zlab bermoqchi bo‘lib orqasiga o‘girilgan edi hamki, bukir yengil nafas olib, xudoga shukur, yetdik, deb qoldi. Iona bittangani olib, sayoq yigitlar kirib ketgan qorong‘u yo‘lakka uzoq vaqt tikilib turdi. Yana u tanho qoldi, yana sukunat… Salgina ko‘nglidan ko‘tarilgan yolg‘izlik alami qayta boshdan kuch olib uning yuragini siqa boshladi. Iona hayajonli va alamli ko‘zlari bilan ko‘chaning ikki tomonida oqayotgan xaloyiqqa boqdi. U yoq bu yoqqa o‘tib turgan shu minglarcha odamdan uning dard-hasratiga quloq soladigan biron kishi topilmasmikin? Lekin o‘tkinchilar na uning o‘zini, na ko‘nglidagi alamini payqamay o‘tib ketmoqdalar. Hasrat shunday zo‘r va cheksiz. Agar Ionaning yuragi yorilsa-yu, ichidagi cheksiz, poyonsiz dardi-hasrati oqib chiqsa bormi, yer yuzini tutib ketardi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, u ko‘zga ko‘rinmaydi, shunday kichkinagina joyga o‘rnashib olganki, agar kunduz chiroq yoqib izlasang ham topolmaysan…
Iona chipta xalta ko‘tarib borayotgan qorovulni ko‘rib qolib, u bilan gaplashishga jazm qildi.
— Azizim, soat necha bo‘ldi ekan?
— To‘qqizdan oshdi. Nega bu yerda to‘xtading? Jo‘na!
Iona izvoshini bir necha qadam nariroq oldi va endi odamlarga murojaat qilishni behuda deb bilib, yana bukchayganicha xayolga botdi… Lekin oradan besh minutcha o‘tar-o‘tmas qattiq sanchiq turgan odamday qaddini rostlab, boshini ko‘tardi va otning jilovini tortdi… Uning toqati toq bo‘lib:
«Saroyga borayin, — dedi u, — saroyga!»
Oti ham xuddi uning maqsadiga tushunganday yo‘rg‘alab ketdi. Bir yarim soatlardan keyin Iona kattakon iflos pechka yonida o‘tirardi. Pechka ustida, polda, skameykalarda odamlar xurrak tortib uxlamoqdalar. Uy dim… Iona uxlab yotganlarga qarab qashindi va bunchalik erta qaytganiga achindi…
«Em puli ham ishlay olmadim, — deb o‘yladi Iona, — shuning uchun ham ko‘nglim g‘ash. Uddaburro odamning o‘zi ham, oti ham to‘q, hamma vaqt xotirjam bo‘ladi…»
Bir burchakda uxlab yotgan yosh izvoshchi o‘rnidan turib, uyquli ko‘zlari bilan suv to‘la chelakka yopishdi.
— Cho‘lladingmi? — dedi Iona.
— Ha, suv ichgim keldi!
— Him… Osh bo‘lsin… Mening o‘g‘lim o‘ldi uka… Eshitdingmi? Shu hafta ichi, kasalxonada… Mana muammo!
Iona o‘zining so‘zlari yigitga ta’sir qilganini bilmoqchi bo‘lib unga qaradi, lekin hech nima ko‘rolmadi. Chol og‘ir xo‘rsinib, qashindi… Yosh yigit qanchalik chanqog‘ini bosgisi kelsa, buning xuddi shunchalik so‘zlagisi kelardi. O‘g‘lining o‘lganiga bir hafta bo‘lib qolsa ham, hali biron odamga dardini, hasratini tuzukkina aytolgani yo‘q. Ipidan ignasigacha so‘zlasa. O‘g‘lining qanday kasal bo‘lganini, dard tortib qanday azoblanganini, o‘lim oldida aytgan so‘zlarini va qanday qilib jon berganini so‘zlab bergisi bor… Undan keyin uning janozasi, ko‘mish marosimi qanday o‘tganini, marhumning kiyimi uchun kasalxonaga borilganini batafsil so‘zlab bergisi keladi. Undan tashqari qishloqda Anisiya degan qizi qolgan… Uning to‘g‘risida ham so‘zlamoq kerak… Xullas u gapiraman desa gap ko‘p; tinglovchi oh-voh qilib achinib eshitishi kerak. Bu haqda xotinlar bilan hasratlashish yaxshiroq bo‘ladi. Ular esi pastroq bo‘lsa ham, bu to‘g‘rida ikki og‘iz so‘zlasang darrov ko‘z yoshi qiladilar.
«Otdan xabar olaychi, — deb o‘yladi Iona, — uyqu bir gap bo‘lar… Hali xo‘b uxlarmiz ham…»
U kiyimini kiyib otxonaga qarab ketarkan, beda, yem, ob-havo haqida o‘yladi. U yolg‘iz qolgan chog‘larida o‘g‘lini o‘ylolmadi… Uning haqida birov bilangina so‘zlashsa tuzuk. O‘zi yolg‘iz o‘ylashi, uni ko‘z oldiga keltirishi juda og‘ir.
— Kavshayapsanmi? — deydi u, otning yonib turgan ko‘zlariga qarab, — chayna-chayna… Yemga yetarlik pul ishlayolmaganimizdan keyin pichan yeb turamiz-da… Ha… Endi izvosh haydashga keksayib qolibman… O‘rnimga… O‘g‘lim haydasa… U haqiqiy izvoshchi edi… O‘sha o‘lmasa bo‘lar edi…
Iona uzoq jim bo‘lib, so‘ng davom etdi:
— Shunaqa ekan, uka!.. Kuzma Ionichdan ham ayrilib qoldik… Bizlarni tashlab… o‘ldi ketdi, chakki qildi… Mana, chunonchi sening quluning bor, sen uning tuqqan onasisan… Chunonchi, o‘sha quluning birdaniga seni dog‘u hasratga qo‘yib o‘lsa-yu, ketsa… kishi achinadi, a?
Ot quloq solganday uning qo‘llarini hidlab, kurt-kurt xashak chaynaydi…
Iona berilib ketib, ko‘nglidagi hamma hasratini unga aytib berdi…
Zumrad tarjimasi