Kech qolgan ovchilar tunash uchun Mironositskoye qishlog‘ining bir chetidagi oqsoqol Prokofiyning saroyiga tushdilar. Ular ikki kishi bo‘lib, bittasi veterinariya vrachi Ivan Ivanich, ikkinchisi esa gimnaziya muallimi Burkin edi. Ivan Ivanichning qo‘shaloq va qiziqqina bir familiyasi bo‘lib, o‘ziga yarashmagan bu familiya Chimsha-Gimalayskiy edi. Shuning uchun qam uni butun gubernada oti va otasining nomi bilan atashardi. U shaharga yaqin bir joyda ot zavodida yashar va toza havoda nafas olmoq uchun ovga chiqqan edi. Gimnaziya muallimi Burkin bo‘lsa, har yoz graf P.larnikida mehmon bo‘lar va ko‘pdan beri bu yerning o‘z kishisi bo‘lib ketgan edi.
Ular kechasi uxlamay chiqdilar. Novcha, oriq va uzun mo‘ylovli chol — Ivan Ivanich tashqarida, eshik oldida, oy yorug‘ida o‘tirib trubka chekar, Burkin bo‘lsa, ichkarida pichan ustida yotar va qorong‘ida ko‘rinmas edi!
Turli voqialarni gapirdilar. So‘z orasida, oqsoqolning xotini Mavraning baquvvat va eslikkina xotin ekani, butun umrida o‘z qishlog‘idan tashqariga chiqmagani, hech qachon shaharni ham, temir yo‘lni ham ko‘rmagani, so‘nggi o‘n yil ichida pech oldidan siljimasdan kechalarigina ko‘chaga chiqishini ham so‘zladilar.
— Buning hayron qoladigan nimasi bor! — dedi Burkin. — Bu dunyoda tabiatlari bir xil bo‘lgan va qisqichbaqa yoki shilliq qurt kabi bekinib, o‘z po‘stlari ichiga kirib yotishni sevgan kishilar oz emas. Balki bu bir atavizm hodisasidir, ya’ni odam bolalarining katta bobolari hali ijtimoiy hayvon bo‘lmagan va yakka o‘zi o‘z inida yashagan zamonlarga qaytishdir; balki odam bolasining xarakteridagi turli-tumanlikning bir ko‘rinishi shudir — kim biladi deysiz? Men tabiatshunos emasman va bu xil masalalarga aralashish mening ishim emas, men faqat shuni aytmoqchimanki, Mavra singari kishilarning uchrashi siyrak hodisa emas. Uzoqdan izlamaylik, mana, ikki oycha ilgari shahrimizda, grek tili muallimi Belikov degan bir o‘rtog‘im o‘ldi. Siz uning to‘g‘risida eshitgan chiqarsiz, albatta. U odam shu bilan tanilgan ediki, doim, hatto ob-havo juda yaxshi paytda ham, kalish kiyib, soyavon tutib va albatta issiq paxtali palto kiyib yurardi. Uning soyaboni ham g‘ilofda, soati ham kul rang charm g‘ilofda, qalam ochish uchun yonidan qalamtaroshini olganda, qalamtaroshning ham qinda ekanini ko‘rardingiz; yuzi ham g‘ilofga tushganday ko‘rinardi; chunki u, hamma vaqt yoqasini baland ko‘tarib, yuzini yoqasi bilan bekitardi. U qora ko‘zoynak taqar va fufayka kiyar, qulog‘iga paxta tiqib yurar va izvoshga tushganida soyabonni ko‘tarib qo‘yishni buyurardi. Xullas, bu kishida o‘zini bir g‘ilof ichiga olish, o‘zining yolg‘izligini ta’minlaydigan va tashqi ta’sirlardan qo‘riydigan bir g‘ilof yaratish yo‘lida doimiy va bo‘shashmas bir harakat borligi sezilib turardi. Voqelik uning g‘ashini keltirar, qo‘rqitar va doim tashvishga solardi; u o‘zining yuraksizligini, hozirgi holga bo‘lgan nafratini oqlash uchun bo‘lsa kerak, hamisha o‘tgan zamonni va hech bir sodir bo‘lmagan narsalarni maqtardi. Uning o‘qitadigan qadimgi tillari ham, to‘g‘risini aytganda, unga hozirgi hayotdan bekinish uchun kalish va soyabon vazifasini o‘tardi.
U totli bir ifoda bilan:
— O, grek tili naqadar ohangdor va chiroyli! — der va go‘yo o‘z so‘zlarining rostligini isbot etmoq uchun, ko‘zlarini suzib, barmoqlarini ko‘tarib turib: — Antropos! — deb qo‘yardi.
Belikov fikrlarini ham g‘ilof ichiga yashirishga tirishardi. U, biron narsani man’ qilib yozilgan farmoyishlar va gazeta maqolalarinigina ochiq anglardi. Farmoyishda maktab bolalariga kechasi soat to‘qqizdan so‘ng ko‘chaga chiqish man’ etilgan bo‘lsa, yoki bironta maqolada jismoniy sevgi taqiqlangan bo‘lsa, bu narsa unga oppa-ochiq va ravshan anglashilib turardi; man’ qilinganmi — bo‘ldi. Ijozatda esa uning uchun doim shubhali, chala aytilgan va chuchmal bir narsa yashirinib yotardi. Shaharda teatr to‘garagi, yoki qiroatxona, yo bo‘lmasa bufet ochishga ruxsat berilca, u boshini tebratib turib astagina:
— Bu, albatta, shundayku-ya, bu — yaxshi ish, lekin orqasidan bir falokat chiqmasin! — derdi.
Qay xilda bo‘lmasin qoidalarning buzilishi, ularga rioya qilinmasligi va ulardan bo‘yiy tovlashlar, garchi unga aloqasi bo‘lmasa ham, uni tashvishga solardi. Agar o‘rtoqlaridan birortasi ibodatga kechikib qolsa, yoki gimnaziya talabalarining biror sho‘xliklari yo bo‘lmasa bemahalda biror ofitser bilan biror murabbiyaning birga yurganini eshitib qolsa, hadeb xavotirlanar, bir falokat chiqmasin tag‘in deyaverardi. Pedagogika soveti yig‘ilishlarida esa, o‘zining ortiqcha ehtiyotkorligi, badgumonligi va g‘ilofli mulohazalari bilan tinkamizni quritardi. Mana, o‘g‘il va qizlar gimnaziyalarida yoshlar o‘zlarini yaxshi tuta olmaydilar, sinflarni boshlariga ko‘tarib shovqin-suron qiladilar, oh, ish qilib boshliqlar qulog‘iga yetmasa yaxshi edi; ish qilib bir falokat chiqmasinda; agar ikkinchi sinfdan Petrov, to‘rtinchi sinfdan Igorov haydalsa juda yaxshi bo‘lar edi, degan gaplarni aytaverardi. Nima bo‘lar edi dersiz? U o‘zining oh-vohlari, qayg‘u-hasratlari, sassiq ko‘zanga o‘xshash kichkinagina rangsiz yuzidagi qora ko‘zoynagi bilan hammamizni bosib turardi. Biz esa unga yon berib, Petrov va Yegorovlarning odob darsi bo‘yicha baholarini pasaytirib, o‘zlarini bir uyga qamab qo‘yar edik; axir borib Petrovni ham, Yegorovni ham haydadik. Uning qiziq bir odati bor edi, ya’ni bizning uylarimizga ko‘p qatnar edi. O‘qituvchilarnikidan birinikiga kelardi-da, jimgina o‘tirardi, go‘yo yashirincha allanarsani poylardi. Shu holda, indamasdan bir-ikki soat o‘tirib ketardi. Bu narsani uning o‘zi «do‘stlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lmoq» deb atardi. Bizning bilishimizcha, biznikiga kelib ketish, uning uchun ancha og‘ir edi, lekin bu narsani o‘zining o‘rtoqlik vazifasi, deb hisoblar edi. Biz, o‘qituvchilar undan qo‘rqar edik; hatto direktorning o‘zi ham qo‘rqardi. Bizning o‘qituvchilarimiz — fikr egasi, or-nomusli, Turgenev va Shchedrin kabi yozuvchilarning asarlarini o‘qib tarbiyalangan kishilar bo‘lsa-da, unga tob berolmadilar. Boshidan soyaboni va oyog‘idan kalishi tushmaydigan shu odam gimnaziyamizni o‘n besh yil mobaynida o‘z qo‘lida mahkam tutib keldi. Yolg‘iz gimnaziyanigina emas, butun bir shaharni!
Bizning xonimlarimiz, uning sezib qolishidan qo‘rqib shanba oqshomlari oilaviy tomoshalar qilmas, hatto ruhoniylar ham uning oldida bahuzur ovqatlanishdan va karta o‘ynashdan tortinadilar. Belikov singari odamlar ta’siri ostida so‘ngi o‘n-o‘n besh yil ichida bizning shahrimizda har narsadan cho‘chiydigan bo‘lib qolishdi. Dadilroq gapirishdan, xat berib, xat olishdan, oshnachilik qilishdan, kitob o‘qishdan, kambag‘allarga yordam berishdan, odamlarga savod o‘rgatishdan qo‘rqib qolishdi…
Ivan Ivanich allanima demoqchi bo‘lib, yo‘taldi, tamakisini chekib turib, oyga qaradi-da, keyin dona-dona qilib gapirdi:
— Fikr egalari bo‘lgan or-nomusli, Shchedrinni, Turgenev va Bokllarni o‘qigan kishilar ham shuvga bo‘yin egib, chidabdilar-ku… shunaqa bo‘ladi-da…
Burkin davom etdi:
— Belikov men turgan binoda bir qavatda yashar, eshigi eshigim to‘g‘risida edi. Biz tez-tez ko‘rishib turardik, men uning turmushini bilardim. Uyda ham o‘sha ahvolda edi: o‘sha chopon, o‘sha darparda, o‘sha ilgaklar, o‘sha turli-tuman taqiqlar, cheklashlar va «oh, bir falokat chiqib qolmasin tag‘in!» — degan vahimalar. Yovg‘on ovqat zararli, yog‘li ovqat esa bo‘lmaydi, chunki Belikov ovqat to‘g‘risida din amriga bo‘yin egmaydi, deydilar. Shuning uchun u sariyog‘da qovurilgan baliq yer ediki, bu din amriga ham to‘g‘ri, qashshoq ovqati ham emas. Odamlar badgumon bo‘lmasinlar deb xotin kishidan xizmatchi saqlamas edi. Balki bir zamonlar bir ofitserning xizmatida bo‘lib, naridan-beri qozon qaynatishni o‘rgangan Afanasiy nomli oltmish yashar, piyanista va telbaroq bir cholni oshpaz qilib olgan edi. Bu Afanasiy har vaqt, ikki qo‘lini qo‘ltig‘iga tiqib, deraza oldida turar va doim qattiq oh tortib:
— Shu zamonda ularning urug‘i tozayam ko‘paygan-da, — derdi.
Belikovning yotoqxonasi, kichkinagina yashikka o‘xshagan bo‘lib, krovatiga parda tutilgan edi. U boshini burkab uxlardi; holbuki havo juda issiq, dim yopiq eshikni shamol taqillatar, pechkadan gurullagan ovoz chiqar, oshxona tomondan vahimali sadolar kelib turardi. Uni ko‘rpaga burkanib yotgan joyda ham vahima bosardi. U bir falokat chiqmasa yaxshi edi — Afanasiy meni so‘yib qo‘ymasin, o‘g‘rilar urib ketmasin deb vahima qilar va tun bo‘yi qo‘rqinchli tushlar ko‘rib chiqardi. Ertalab gimnaziyaga birga kelayotganimizda rangi o‘chgan, qovog‘i soliq bo‘lardi; shu qadar obod va odam ko‘p gimnaziya unga qo‘rqinchli tuyulgani, butun borligini seskantirgani, butun vujudi bilan yolg‘izlikni sevgan bu kishiga men bilan, bir toifa kishi bilan, birga borish ham malol kelgani yaqqol sezilib turardi. U o‘zining shu badqovoqligiga ma’no berishga urinib:
— Bizning sinflarda shovqin-suron katta, bu sira yarashmaydigan hol, — derdi.
Mana shu grek tili muallimi, shu g‘ilof bandasi, men sizga aytsam, bir kun sal bo‘lmasa uylanay devdi.
Ivan Ivanich tezgina saroy tomonga qarab oldi-da:
— Hazildir! — dedi.
— Yo‘q, ishoning, bu g‘alati gap-u, lekin uylanishiga sal qolgani aniq. Bizga xoxollardan Mixail Savich Kovalenko degan bir odamni tarix va geografiya muallimi qilib tayinlagan edilar. U Varenka degan opasi bilan birga kelgan edi. U o‘zi yosh, novcha, qorachadan kelgan bir kishi bo‘lib, qo‘llari yo‘g‘on, gapirganda ham yo‘g‘on ovoz bilan gapirishi yuzidan ham bilinib turar, haqiqatan ham uning ovozi xumdan chiqqanday «gum-gum» qilib chiqardi… Opasi esa, ko‘p ham yosh emas, o‘ttizlarga borib qolgan, u ham novcha, qaddi-qomati kelishgan, qora qoshli, qizil yuzli, qisqasi shakardakkina bo‘lib, sho‘x, o‘ynoqi, hamma vaqt malorus ashulalarini aytib, qah-qah urib kulib yurar edi. Sal narsaga ham ovozi boricha xoxolab kular edi. Kovalenkolar bilan bizlar birinchi marta direktornikida, tug‘ilgan kuni sharafiga berilgan ziyofatda tuzukroq tanishganimiz xotirimda. Hatto ziyofatlarga ham vazifasi yuzasidan boruvchi, qovog‘i soliq, g‘oyat ko‘ngilsiz o‘qituvchilar orasida, birdaniga to‘lqinlar mavjida yangi Afrodita paydo bo‘ldi. Ikki qo‘lini beliga qo‘yib, xoxolab kulib, ashula aytdi, o‘ynadi… U «Shamol esadi» degan malorus ashulasini juda berilib aytdi, so‘ngra romanslar kuyladi, undan keyin yana qo‘shiqlar aytib berdi, qisqasi bizning hammamizni, hatto Belikovni ham o‘ziga maftun qildi.
Belikov uning oldiga borib o‘tirdi-da, shirin bir kulish bilan:
— Malorus tili mayinligi va yoqimli eshitilishi bilan qadimgi grek tilini eslatadi, — dedi.
Bu so‘z qizga yoqib tushdi, shundan so‘ng u ko‘nglidan chiqarib va ishonadigan qilib Belikovga Gadyach uyezdida o‘z qo‘rg‘oni borligini, u qo‘rg‘onda onasi yashashini va u yerda meva-cheva, qovun-tarvuzlar va oshqovoqlar behisob ko‘pligini so‘zlab berdi. Xoxollar oshqovoqni kovoq, qovoqni esa shinka deb aytishlarini, pomidor va baqlajon solib «nihoyatda shirin, nihoyat darajada mazali» sho‘rvalar pishirishlarini ham gapirdi.
Biz indamasdan quloq solib o‘tiraverdik. So‘ngra birdaniga hammamizning miyamizga bir fikr keldi.
Direktorning xotini mening qulog‘imga sekingina:
— Ikkovining boshini qo‘shib qo‘ysak yaxshi bo‘lar edi, — dedi.
Shu vaqtda hammamiz negadir Belikovning xotinsiz ekanini esladik va hozirgacha buni payqamasdan, uning hayotidagi shu muhim holatni butunlay nazarimizdan chetda qoldirib kelganimiz o‘zimizga ham g‘alati tuyuldi. Umuman bu odam xotin kishiga qanday qaraydi, bu odam shu muhim va zarur masalani o‘zi uchun qanday hal qiladi? Ilgari biz bu masalaga hech bir qiziqmas, har qanday ob-havoda oyog‘idan kalishini yechmaydigan, parda tutib uxlaydigan bu odamning seva olishi mumkinligini biz hayolimizga ham keltirmagan edik.
Direktorning xotini haligi fikrni izoh qildi:
— Bu odam allaqachonlar qirqdan oshgan, xotin bo‘lsa o‘ttizda, mening fikrimcha xotin yo‘q demas.
Bizning viloyatda odamlar zerikkanlarida nimalar qilmaydilar, qanday keraksiz va bo‘lmag‘ur ishlar bilan shug‘ullanmaydilar! Buning sababi shuki, kerakli ish butunlay qilinmaydi. Bo‘lmasa xotin olib umr kechirishini tasavvur qilish mumkin bo‘lmagan ana shu Belikovni uylantirishimizning nima keragi bor edi? Direktor xotini, inspektor xotini va boshqa butun gimnaziya xonimlari, xuddi, birdan hayot ma’nosini bilgandek jonlanib, hatto chehralari ham ochilib ketdi. Direktor xotini teatrda bir lojani sotib oldi, bir vaqt qarasak uning lojasida qo‘lida g‘alati bir yelpig‘ich, yuzi guldek ochilib, kulib-yayrab Varenka, uning yonida esa, uydan ombir bilan sug‘urib keltirilganday, kichkinagina, bujmaygan Belikov o‘tirardi. Bir kun men ziyofat bermoqchi bo‘ldim, xonimlarning hammasi Belikov bilan Varenkani chaqirishimni talab qildilar. Xullas, ish yurishib ketdi. Ma’lum bo‘ldiki, Varenka ham erga tegishga rozi ekan. Uning ukasinikida turishi uncha ham quvonchli emas, kuni bilan urishib, koyishar ekanlar. Mana bir ko‘rinish: ko‘chadan uzun bo‘yli va yo‘g‘on gavdali, bahaybat Kovalenko o‘tib boradi, ustida gullik ko‘ylak, shapkasining ostidan chiqib turgan sochlari peshonasiga tushib turadi; bir qo‘lida dasta kitob, yana bir qo‘lida yo‘g‘on serbutoq tayoq. Ketida opasi boradi, uning qo‘lida ham bir dasta kitob.
Opasi ovozini baland qo‘yib, ukasi bilan gap talashadi:
— Sen, Mixaylik, buni o‘qigan emassan. Men senga aytaman, ond ichib aytamanki, bu kitobni qo‘lingga ham olgan emassan.
Kovalenko tayog‘ini yerga urib, chuldirab:
— Men deymanki, o‘qiganman! — dedi.
— Yo xudoyim-e! Yo xudoyim-e! Nega jahling chiqadi, Minchik! Biz sen bilan muhim masala ustida gaplashayotirmiz-ku.
— Men senga deymanki, o‘qiganman, o‘qiganman! — dedi Kovalenko yana ham battar chuldirab.
Uyda esa begona odam kelguday bo‘lsa, darrov urish boshlanadi. Bu xil turmush jonga tegib, ko‘ngli ro‘zg‘or tusab qolgan shekilli, buning ustiga yosh masalasini ham e’tiborga olish kerak, endi er tanlaydigan vaqt o‘tgan, hozir kimga bo‘lsa ham, hatto grek tili muallimiga ham tegmay iloj yo‘q. Zotan ko‘p qizlarimiz uchun shu topda kimga tegishning ahamiyati yo‘q, er bo‘lsa bas. Har qalay Varenka bizning Belikovga ochiq mayl ko‘rsata boshladi.
Belikov-chi? U Kovalenkonikiga ham biznikiga qatnagani singari kelib turardi. Unikida ham indamasdan o‘tirardi. U indamay o‘tirar, Varenka bo‘lsa, unga «Shamol esadi»ni aytib berar, yo bo‘lmasa, o‘zining qora ko‘zlari bilan Belikovga o‘ychan qarar, yoki birdaniga:
— Xa-xa-xa, — deb kulardi.
Muhabbat ishlarida, ayniqsa uylanishda, ishontirishning roli katta. Hamma o‘rtoqlar va barcha xonimlar — hammamiz bir bo‘lib, Belikovga uning uylanmog‘i lozimligini, uning hayotida uylanmoqdan boshqa biror muhim narsa qolmaganini aytib, ishontirishga kirishdik, hammamiz birdan uni tabrikladik, eng jiddiy qiyofa bilan unga har turli bema’ni gaplarni aytdik, chunonchi uylanish juda muhim degan gaplarni qildik; buning ustiga Varenka ham chakki emas, kishining havasi keladigan suluv qiz edi; ulug‘ martabali statskiy sovetnikning qizi bo‘lib, o‘z hovli-joyi bor edi, hammadan muhimi Belikovga mehribonlik bilan va chin ko‘ngildan qaragan birdan-bir xotin edi. Mana shu sabablar tufayli uning boshi aylandi va u endi darhaqiqat uylanmasam bo‘lmas ekan, degan xulosaga keldi.
— Mana endi uning kalish bilan soyabonini tashlatish mumkin bo‘ladi, — deb qo‘ydi Ivan Ivanich.
— Ko‘ringki, shunday qilish mumkin bo‘lmadi. U Varenkaning suratini o‘z stoli ustiga qo‘yib, tez-tez menikiga kelib Varenkadan, oila hayotidan xamda uylanishning muhimligidan gapirar edi; tez-tez Kovalenkonikiga ham qatnab turardi, lekin bu bilan turish-turmushi hech bir o‘zgarmadi. Aksincha uylanishga jazm qilish unga yomon ta’sir qilib, ozib-to‘zib ketdi va o‘z g‘ilofiga yana battarroq kirib olgandek bo‘ldi.
Bir kuni u g‘ayri tabiiy bir kulish bilan:
— Varvara Savvishna menga yoqadi, har bir kishiga uylanmoq kerakligini bilaman, lekin… bu ishlar birdaniga bo‘lib qoldi. O‘ylab ko‘rish kerak-da, — deb qoldi.
— Nimasini o‘ylaysiz? — dedim unga. — Uylaning, vassalom.
— Yo‘q, uylanish hazil emas, bo‘yningga tushadigan vazifalarni, javobgarliklarni oldin taroziga solib xo‘p o‘lchab ko‘rmoq kerakki… orqasidan bir balosi chiqmasin. Bu narsa meni shu qadar tashvishga soladiki, kechalari uxlamay chiqaman. Gapning rostini aytsam, men qo‘rqaman ham: ukasi bilan ikkovining fikru xayollari boshqacharoq, ularning fikr yurgizishlari, bilsangiz bir oz g‘alati va xarakterlari ham juda o‘tkir. Uylanib qo‘yib biror hodisaga ilashib qolasan kishi.
Shunday qilib u, uylanish harakatida bo‘lmadi, direktor xotinini va hamma xonimlarimizni xijolat qilib, to‘yni keyinga suraverdi; hadeb bo‘yniga tushadigan vazifa va javobgarliklarni taroziga solardi, ikkinchi tomondan esa, har kun deyarli Varenka bilan birga sayr qilishardi. Ehtimol bu narsani o‘z mavqeiga munosib deb o‘ylagandir. So‘ngra ba’zan menikiga kelib, oila hayoti to‘g‘risida gaplashib o‘tirardi. Ehtimol, borib-borib, u to‘y harakatiga tushar — bizning oramizda bekorchilik va zerikishdan bo‘lib turadigan minglab keraksiz va noma’qul uylanishlardan bittasi ro‘y berar edi, lekin bu orada katta bir janjal — Kolossalischer Scandal chiqib qoldi! Shuni aytish kerakki, Varenkaning ukasi Kovalenko birinchi tanishgan kundan boshlab Belikovni yomon ko‘rib qolgan va uni ko‘rsa jahli chiqardi.
U bir kuni yelkasini qisib, bizga shunday dedi:
— Tushuna olmayman, sira tushuna olmayman, bu chaqimchi va bu xunuk basharani siz qanday hazm qila olasiz? E, afandilar, siz bu yerda qanday yashay olasizlar! Muhitingiz — nafasni bo‘g‘uvchi va sassiq bir muhit. Siz ham pedagoglar-u, muallimlarmisiz? Siz — amal bandalarisiz, sizning maktabingiz bilim manbai emas, molfurushlar do‘koni. Mirshablarning budkasi kabi har tarafdan sassiq hid chiqadi. Yo‘q, birodarlar, sizning yoningizda ko‘p tura olmayman, yaqinda o‘z qo‘rg‘onimga qaytib borib, qisqichbaqa ovlab, xoxol bolalarini o‘qitib yuraman. Ketaman men, siz bu yerda o‘sha munofiq maxluqingiz bilan yotavering!
U goh yo‘g‘on, goh ingichka tovush bilan ichagi uzilgudek bo‘lib kular va taajjub bilan:
— Nima qilib o‘tiradi menikida? Unga nima kerak? Baqrayib o‘tiraveradi, — derdi.
U hatto Belikovga «tekinxo‘r o‘rgimchak» degan nom qo‘yib olgan edi. Albatta, biz opasi Varenkaning shu «o‘rgimchak»ka tegish istagini sezdirmaslikka tirishar edik. Bir kun direktorimizning xotini unga opasini shunday bama’ni va hamma hurmat qiladigan Belikov singari odamga berish ma’qul bo‘lar degan mazmunda shama qilgan edi, u qovog‘ini solib:
— Bu mening ishim emas, opam xohlasa, zaharli ilonga tegsin, birovlarning ishlariga aralashishni yomon ko‘raman, — debdi.
Endi bu yog‘ini eshiting, bir hazilkash odam hajviy rasm solibdi, oyog‘ida kalish, shimining pochasi qaytarilgan, boshida soyavon — Belikov kelmoqda; u Varenkani qo‘ltiqlab olgan; rasm tagida «oshiq antropos» degan yozuv bor. Bu ko‘rinish juda ustalik bilan solingan. Rassom, bu rasm ustida bir necha kun ishlagan bo‘lsa kerakki, o‘g‘il va qizlar gimnaziyalarining hamma muallimlariga, seminariya muallimlariga, ma’murlarga, hammaga ana shu rasmdan bir nusxada tegdi. Belikovning o‘ziga ham tegdi. Bu rasm unga juda qattiq ta’sir qildi.
Birinchi may — yakshanba kuni edi, biz gimnaziya muallimlari bilan o‘quvchilar, gimnaziya oldida to‘planishib, hammamiz shahardan tashqariga, o‘rmonga piyoda bormoqchi bo‘ldik. Shunda Belikov ikkovimiz uydan birgalashib chiqdik, u ko‘karib ketgan, qovog‘idan qor yog‘ilar edi.
— Qanday yomon, yovuz odamlar bor dunyoda! — deb nolidi u va shu zahoti lablari pirpirab ketdi.
Unga hatto rahmim keldi. Ketayotsak, yonimizdan birdaniga velosiped mingan Kovalenko o‘tib qoldi. Uning ketidan velosiped mingan Varenka borardi, u qizargan, entikkan, lekin quvnoq, xushchaqchaq edi.
— Biz sizdan oldinroq borib turamiz! Shunday yaxshi, shunday soz havoki, asti qo‘yavering! — deb qichqirdi Varenka.
Shunday deb ikkalasi ham ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bizning Belikov basharasi ko‘kdan oqqa aylandi va o‘zi qotib qoldi. To‘xtab menga qaradi.
— Menga qarang, bu nima gap o‘zi? — deb so‘radi u mendan. — Ehtimol ko‘zimga shundoq ko‘rinayotgandir? Yo‘qsa, gimnaziya muallimlariga va ayol kishiga velosiped minib yurish yarashadimi?
— Yarashmasligi ham bormi? — dedim. — Qo‘yavering, minib rohat qilsinlar.
Mening beparvo gapirganimga hayron bo‘lib:
— Nechuk bunday bo‘lsin? — deb qichqirdi. — Bu nima deganingiz?
U shu qadar esankirab qolgan ediki, o‘rmonga borishdan voz kechib, uyga qaytib ketdi.
Ertasi, kun bo‘yi tajanglik bilan qo‘llarini ishqab va seskanib yurdi, uning aftidan mazasi ketganligi bilinib turardi. Umrida — hayotida birinchi o‘sha kuni darsni ham tashlab ketdi. Obed ham qilmadi. Kech kirgach, yoz havosidek iliq havo bo‘lishiga qaramasdan issiqqina kiyinib Kovalenkolarnikiga qarab ketdi. Varenka uyda yo‘q edi, ukasi bilan uchrashib qoldi.
— Marhamat, o‘tiring! — dedi Kovalenko, sovuq bir ovoz bilan va qovog‘ini soldi, yuzlaridan endigina uyqudan turgani ko‘rinardi. Kunduzgi obeddan so‘ng uxlab, endigina turgan bo‘lsa kerakki, kayfi joyida emas edi.
Belikov indamasdan o‘n minutcha o‘tirdi va shundan so‘ng gap boshladi:
— Men sizning yoningizga yuragimni bir oz bo‘shatay deb keldim. Men juda yomon, juda qattiq musibat tortayotirman. Allaqanday bir hazilkash odam, meni hamda bizning ikkovimizga juda yaqin bo‘lgan bir muhtaram xonimni kulgi qilib surat chizibdi. Bu ishda mening hech bir aybim yo‘qligiga sizni ishontirmoqni o‘z burchim deb bilaman. Bu xilda hazilning ro‘y berishi uchun mening tomonimdan hech qanday sabab sodir bo‘lgan emas, aksincha, men o‘zimni hamma vaqt odobli bir odamdek tutaman.
Kovalenko qovog‘ini solib, indamasdan o‘tirdi. Belikov yana bir oz jim qolgach, ohista va qayg‘uli ovoz bilan so‘zida davom etdi:
— Men sizga yana ba’zi bir so‘zlarni aytmoqchi edim. Men ko‘pdan beri xizmat qilaman, siz bo‘lsangiz xizmatni yaqindagina boshlagansiz, shuning uchun, o‘zingizdan katta o‘rtog‘ingiz sifatida sizni ogohlantirib qo‘yishni o‘z burchim deb bildim. Chunonchi siz velosiped mnnib yurar ekansiz, holbuki, bu yoshlarning tarbiyachisi bo‘lgan bir kishi uchun butunlay kelishmaydigan qiliq.
— Nega axir! — deb so‘radi Kovalenko yo‘g‘on ovoz bilan.
— Aytib o‘tirishga hojat ham bormi, Mixail Savvich, o‘zi ravshan emasmi?! Muallim velosiped minib yurgandan keyin, o‘quvchi nimalarni qilmaydi? O‘quvchilar odamning boshiga chiqib yuradigan bo‘ladilar! Modomiki, rasmiy farmoyish bilan ruxsat etilmagan ekan, yaramaydi. Kecha mening joni-ponim chiqib ketdi. Opangiz velosiped minib ketayotganini ko‘rib, ko‘zlarim tinib ketdi, ayol kishining yoki qiz bolaning velosiped minishi juda ham xunuk!
— Siz nima demoqchisiz?
— Men faqat sizni ogohlantirib qo‘ymoqchiman, Mixail Savvich. Siz yoshsiz, sizning istiqbolingiz hali oldinda, sizga juda ham ehtiyot bo‘lmoq kerak, holbuki, siz shu darajada beparvosizki, asti qo‘yavering! Siz gul tikilgan ko‘ylaklar kiyib, ko‘cha-ko‘yda hamma vaqt allaqanday kitoblar ko‘tarib yurasiz, endi mana — velosiped minishni ham chiqardingiz. Opangiz bilan velosipedda sayr qilib yurganingizni direktor bilib qolsa, nozirning qulog‘iga ham yetadi… Bundan yaxshi ish chiqadimi?
— Opam bilan velosipedda sayr qilib yurishimizning hech kimga dahli yo‘q! — dedi Kovalenko va qizarib ketdi. — Mening uy ishimga va oila masalalarimizga aralashadigan odamni men moxovga oshna qilib qo‘yaman.
Belikovning rangi o‘chib, o‘rnidan turdi.
— Siz men bilan shu yo‘sinda gaplashadigan bo‘lsangiz, men suhbatni davom ettira olmayman! — dedi u. — Sizdan o‘tnnamanki, mening huzurimda boshliqlar xususida bu xil so‘zlarni hech gapirmang. Siz hukumat ma’murlariga hurmat bilan qarashingiz kerak.
Kovalenko Belikovga jahl bilan qarab turib:
— Hukumat ma’murlari to‘g‘risida nima yomon gap gapirdim? — deb so‘radi. — O‘tinaman, meni tinch qo‘ying. Men vijdonli bir odamman va sizdek janob bilan gaplashishni xohlamayman. Men chaqimchilarni yomon ko‘raman.
Belikov tajang bo‘lib gangidi va yuzlarida dahshat alomatlari bo‘lgani holda, shoshilib kiyina boshladi. U, bu xil dag‘al gaplarni umrida birinchi eshitishi edi.
Dahlizdan zinaning ayvonchasiga chiqarkan:
— Nima desangiz deyavering, — dedi u, — sizga shunigina aytib qo‘ymog‘im kerak: ehtimol bizning suhbatimizni birorta odam eshitgandir, buning natijasida bizning so‘zlarimizga boshqa xil ma’no bermasliklari uchun hamda biror balo chiqib qolmasligi uchun men suhbatimizning mazmunini… eng muhim nuqtalarini direktor janoblariga ma’lum qilmog‘im lozim. Bu mening vazifam.
— Ma’lum qilaman? Bor, ma’lumotingni beraver!
Kovalenko uning yoqasidan ushlab pastga itarib yubordi, u kalishlarini tapirlatib zinadan quyiga dumalab ketdi. Zina baland va tik edi, lekin u, salomat tushib oldi; o‘rnidan turib, ko‘zoynagining butunligini bilmoqchi bo‘lib, burnini ushlab ko‘rdi. U zinadan pastga dumalab tushayotgan paytda ikkita xonim bilan birga Varenka kirib keldi. Ular pastda turib tomosha qilardilar. Belikov uchun hammadan yomoni ham shu edi. Bo‘yni ostida qolishi, ikki oyog‘idan ajralishi — bu xilda masxara bo‘lishdan yaxshiroq edi. Endi bu gap butun shaharga tarqaladi, direktorning, nozirning qulog‘iga borib yetadi. Oh, bir balo chiqmasin-da! Yangi hajviy rasmlar yasaladi va butun ish oqibatida xizmatdan iste’fo berib chiqishga buyurashadi…
U o‘rnidan turgan ediki, Varenka tanidi va uning odam kuladigan yuziga, g‘ijimlamgan paltosiga va kalishlariga qarab, ishning aslidan bexabar, u qoqilib yiqilgandir, deb o‘ylab, o‘zini to‘xtata olmasdan, butun binoni boshiga ko‘tarib kula boshladi:
— Xa-xa-xa!
Shu qah-qaha bilan hamma ish tamom bo‘ldi; uylanish ham, Belikovning dunyoda yashashi ham, Varenkaning nima deganini eshita olmadi va hech narsani ko‘rmay qoldi. Uyiga qaytgandan so‘ng, eng avval stol ustidagi portretni olib qo‘ydi, so‘ngra yotog‘iga kirib yotganicha o‘rnidan qaytib turmadi.
Uch ko‘ndan so‘ng mening oldimga Afanasiy kelib, xo‘jayinimning ahvoli og‘ir, doktor chaqirtirsammikin, deb so‘radi. Men Belikovni ko‘rgani bordim. U parda orqasida ko‘rpaga o‘ranib yotaverdi; bir narsa so‘rasang yo — «ha» yo «yo‘q» deb javob berardi, boshqa hech narsa demasdi. U yotadi, uning yonida xafa, qovog‘i soligagan Afanasiy yuradi va og‘ir-og‘ir uh tortadi; og‘zidan esa xuddi bochkadan chiqqanday burqsab aroq hidi keladi.
Bir oydan so‘ng Belikov o‘ldi. Uni hammamiz, ya’ni ikki gimnaziya bilan seminariya birgalashib ko‘mdik. Endi tobutda yotarkan, yuz ifodasi yumshoq, yoqimli va hatto bir darajada quvnoq bo‘lib, go‘yo axir kelib hech qachon ichidan chiqmaydigan g‘ilofga tushgani uchun sevingandek edi. Chindan ham maqsadiga yetgan edi! Xuddi uni hurmatlaganday — ko‘mish kuni havo aynib, yomg‘ir yoqqan va hammamiz kalish kiyib, soyabon ushlab chiqqan edik. Ko‘mish marosimiga Varenka ham ishtirok qildi va o‘likni go‘rga tushirilar ekan, qattiqqina yig‘ladi. Shundan men payqadimki, xoxol ayollari yo qah-qaha otib kular, yo qattiq yig‘lar ekanlar, o‘rta bir kayfiyat ularda bo‘lmas ekan.
Iqror bo‘lmog‘im kerakki, Belikov singari odamlarni ko‘mish ko‘p zavqli bir ishdir. Go‘ristondan qaytayotganimizda chehralarimiz ochiq emas va betakalluf edi, haligi zavq, ya’ni bolalik vaqtimizda, kattalar bir joyga ketib, uyda yolg‘iz o‘zimiz qolgach, bog‘chaga chiqib bir necha soat erkin-erkin chopishgan vaqtimizdagi kabi hislarni hech kim izhor qilishni istamas edi. Oh, erkinlik, erkinlik! U nasib bo‘lishi to‘g‘risidagi zaif bir umid, hatto bir shama ham qalbga madad beradi. Shunday emasmi!
Biz go‘ristondan kayfimiz chog‘ bo‘lib qaytdik. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, turmush yana o‘z iziga tushib oldi: yana o‘sha farmoyish bilan man’ qilinmagan, lekin tamoman ruxsat ham berilmagan ma’nisiz hayot boshlandn: hammasi aslicha qoldi. Chindan ham Belikovni ko‘mdik, lekin unga o‘xshagan g‘ilof bandalari yana qancha bor, yana qancha bo‘lajak!
— Gap shunda-da! — dedi Ivan Ivanich va trubkasini tortdi.
— Bunaqalardan yana qanchasi paydo bo‘ladi! — deb ta’kidladi Burkin.
Gimnaziya muallimi tashqariga chiqdi. Bu past bo‘yli, semiz, boshida bir tuki yo‘q, uzun qora soqoli beliga yetayozgan odam edi, u bilan birga ikkita it ham chiqdi.
U osmonga qarab turib:
— Oyni ayting, oyni! — dedi.
Yarim kecha bo‘lib qolgan edi. O‘ng tomonda butun qishloq ko‘rinar, uning uzun ko‘chasi besh chaqirimlarga cho‘zilib ketgan, hamma yoqda jimlik, chuqur uyquga tolgan: na bir harakat sezilar, na bir tovush eshitilar, hatto tabiatda bu qadar jimlik bo‘lishiga odamning ishongisi kelmas edi. Oydin kechada, sodda uylari, g‘aramlari, uyquga tolgan majnun tollari bilan qishloqning keng ko‘chasini ko‘rganda, kishining ko‘ngli ham taskin topadi, odamning ko‘ngli tun pardasida mehnatdan, tashvishdan va qayg‘u-hasratlardan bekinib olgach, o‘zining bu jimligida juda yuvosh, mungli va go‘zal bo‘ladi; yulduzlar ham unga mehribonlik bilan qaraganday, yer yuzida ortiq yovuzlik degan narsa qolmasdan, hamma saodatga to‘yganday tuyuladi. Qishloqning chap tomoni dala ufqlargacha cho‘zilgan, bu oydin dalada ham na bir harakat ko‘rinadi va na bir sado eshitiladi.
— Gap shunda-da! — deb takror qildi, Ivan Ivanich. — Biz shaharda — dim havoda va tiqilinchda yashashimiz, keraksiz qog‘ozlar yozib, karta o‘ynashlarimiz — bular ham bir g‘ilof emasmi? Butun umrimizni dangasa va takasaltang odamlar, esi past va o‘yindan boshqani bilmaydigan ayollar o‘rtasida o‘tkazishimiz, bo‘lar-bo‘lmas afsonalar gapirib, eshitishimiz, bu ham bir g‘ilof emasmi? Agar xohlasangiz yana bitta juda ibratli voqiani aytib beraman.
— Yo‘q, endi uxlash kerak, — dedi Burkin. — Ertaga qolsin!
Ikkalasi ham saroyga kirib, pichan ustiga yotdi. Ikkovi ham o‘ranib yotib, endi ko‘zlari uyquga ketgan ham ediki, birdaniga oyoq tovushi keldi… Saroy yonida allakim yurar edi! Bir oz yuradi-da, to‘xtaydi, bir oz o‘tgach, yana yura boshlaydi… Itlar huradi.
— Bu yurgan Mavra, — dedi Burkin.
Oyoq tovushi tindi.
Ivan Ivanich narigi yonboshiga aylanib yotib:
— Yolg‘on gapirganlarni eshitib va ko‘rib turish, — deb g‘o‘ldiradi, — shu yolg‘onga chidaganim uchun seni ahmoq deganlarini eshitish, ozor va haqoratlarga bardosh qilish, nomusli va erkin odamlar tomonida bo‘lganingni ochiq aytishga botina olmasliging, o‘zing ham yolg‘on gapirib, yolg‘ondan kulib turishing, butun bu hollarning bir burda non, issiqqina bir joy, bir chaqaga arzimaydigan allaqanday amal uchun bo‘lishi, chidab bo‘lmaydigan hol; yo‘q, bundan so‘ng bu xilda yashash mumkin emas!
— Siz endi, Ivan Ivanich, boshqa maqomga tushdingiz — dedi muallim. — Qo‘ying endi, uxlaylik.
O‘n minutdan so‘ng Burkin qattiq uyquga ketdi. Ivan Ivanich bo‘lsa hadeb u yonboshidan bu yonboshiga ag‘nab, uh tortardi. So‘ngra o‘rnidan turib yana tashqariga chiqdi va eshik oldiga o‘tirib, tamaki chekdi.
I. Razzoqov tarjimasi