Kechasi soat birlar chamasi. Qari qiz — akusherka Marya Petrovna Koshkinaning eshigi oldida boshiga tsilindr va ustiga kapyushonli shinel kiygan baland bo‘yli bir janob to‘xtaydi. Kuzning qorong‘i kechasida uning na yuzi, na qo‘llarini ko‘rib bo‘lmas, ammo yo‘talib qo‘yishidan va qo‘ng‘iroq ipini siltab tortishidai uning yoshi ulug‘, tuppa-tuzuk, basavlat odam ekanligi bilinib turadi. Uchinchi qo‘ng‘iroqdan keyin eshik ochiladi va Marya Petrovnaning o‘zi ko‘rinadi. U oq yubka ustidan yelkasiga erkaklar paltosini tashlab olgan. Uning qo‘lidagi yashil qalpoqli kichkina chiroq shu’lasida uyquli, sepkil toshgan yuzi, tomirlari bilinib turgan bo‘yni va boshiga kiyib olgan chepets ostidan chiqib turgan siyrak sariq sochlari yashil tusda ko‘rinadi.
— Akusherkani ko‘rsam bo‘ladimi? — deb so‘raydi janob.
— Men akusherka bo‘laman, nima ishingiz bor edi?
Janob dahlizga kiradi. Shunda Marya Petrovna baland bo‘yli, qaddi-qomati kelishgan, yoshi o‘tib qolgan bo‘lsa-da hali chiroyli, jiddiy yuzli, baroq bakenbardli kishini ko‘radi.
— Men kollejskiy asessor Kiryakov bo‘laman, — deydi u. — Sizni xotinim oldiga borishingizni so‘rab kelgan edim. Lekin, o‘tinaman, tezroq bo‘ling.
— Xo‘p bo‘ladi, — deb ko‘nadi akusherka — Hozir kiyinib chiqaman, siz, malol kelmasa, meni zalda kutib tursangiz.
Qiryakov shinelini yechib, zalga kiradi. Lampaning yashil xira shu’lasi yamoq tushgan oq jildli arzon mebelga, ko‘rimsiz gullarga, pechak gul chirmashib o‘sgan poyachalarga tushadi. Geran gul va karbolka hidi anqiydi. Devor soat xuddi begona kishidan uyalgandek qo‘rqa-pisa chiqillaydi.
— Tayyorman! — deydi besh minutdan keyin kiynib, yuvinib va tetik bo‘lib zalga chiqqan Marya Petrovna. Yuring, ketdik!
— Darvoqi, tezroq borish kerak… — deydi Kiryakov. — Aytganday, so‘raganning aybi yo‘q: xizmat haqingizda necha pul olasiz?
— To‘g‘risini aytsam, bilmayman… — deydi tortinchoqlik bilan jilmayib Marya Petrovna. — Qancha bersangiz ham mayli…
— Yo‘q, bunaqa gapni men yomon ko‘raman, — deydi Kiryakov, tek turganicha akusherkaga sovuq nazar tashlab. — Shart puldan yaxshi — hisobli do‘st ajralmas. Sizning haqingiz menga, mening haqim sizga kerak emas. Keyinchalik mayda-chuyda gap chiqmasligi uchun avvaldan kelishib qo‘yganimiz ma’qul.
— To‘g‘risini aytsam, bilmayman… Aniq bahosi yo‘q.
— O‘zim mehnatkash odamman, shuning uchun boshqalar mehnatini qadrlashga odatlanganman. Adolatsizlikni yomon ko‘raman. Agar men sizga kam to‘lab qo‘ysam yoki siz mendan ortiqcha haq talab qilsangiz, mening uchun, baribir, yaxshi bo‘lmaydi. Shuning uchun sizdan xizmat haqingizni aniq aytishingizni talab qilaman.
— Axir, xizmat haqi ham har xil bo‘ladi-da!
— Hm!.. Ikkilanayotganingiz sababini bilolmayapman. Shuning uchun yaxshisi narxini o‘zim belgilab qo‘ya qolay. Sizga ikki so‘m berishim mumkin.
— Yo‘g‘-e, nima deyapsiz!.. — deydi Marya Petrovna qizarib va orqaga tisarilib. — Hatto men nomus qilaman… Ikki so‘m olgandan ko‘ra, yaxshisi, tekinga xizmat qilaman. Mayli, besh so‘m beraqoling…
— Ikki so‘mdan bir tiyin ham ortiq berolmayman. Menga sizning haqingiz kerak emas, lekin ortiqcha to‘lash niyatim ham yo‘q.
— Ixtiyor sizda, ammo men ikki so‘mga bormayman.
— Ammo qonunga muvofiq bosh tortishga haqqingiz yo‘q.
— Mayli, istasangiz tekinga boraman.
— Tekinga borishingizni istamayman. Har qanday mehnatga ham haq to‘lanishi kerak. O‘zim mehnatkash odamman va tushunaman.
— Men ikki so‘mga borolmayman… — deydi muloyimlik bilan Marya Petrovna. — Istasangiz tekinga…
— Unday bo‘lsa afsuski, sizni bekorga bezovta qilibman, kechirishingizni so‘rayman.
— Rostini aytsam, siz… — deydi akusherka Kiryakovni dahlizga kuzata turib — Agar xo‘p desangiz, mayli uch so‘mga boraman.
Kiryakov qovog‘ini soladi va polga qattiq tikilgan holda rosa ikki minut o‘ylaydi, keyin qat’iy ravishda «yo‘q» deydi va ko‘chaga chiqadi. Hayron bo‘lib, uyalib qolgan akusherka uning orqasidan eshikni berkitib oladi va yotoqxonasiga kiradi.
«Chiroyli, basavlat odam-ku, lekin juda g‘alati-ya, menga nima…» deb o‘ylaydi u, o‘rniga yotarkan.
Ammo oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas, yana qo‘ng‘iroq chalinadi; u o‘rnidan turadi va dahlizda yaia o‘sha Kiryakovni ko‘radi.
— Bu qanaqa tartibsizlik! — deydi Qiryakov — Na aptekadagilar, na mirshablar, na qorovullar, bironga odam akusherkalarning adresini bilmaydi-ya. Tavba, shunday qilib men sizning shartingizga ko‘nishga majbur bo‘lib qoldim. Men sizga uch so‘m beraman, ammo… shuni aytib qo‘yayki, men xizmatkor yollaganimda va umuman birovning xizmatidan foydalanganimda avval shartlashib qo‘yaman, ya’ni haq to‘lash vaqtida: yana biroz qo‘shing, choy puli bering va hakoza degan so‘zlar bo‘lmasin. Har kim o‘z haqini olishi kerak.
Marya Petrovna u bilan oz vaqt gaplashgan bo‘lsa-da, lekin u darrov joniga tekkanini, uning bir qolipdagi so‘zlari qalbiga og‘ir tosh bo‘lib cho‘kayotganini his qiladi. Akusherka kiyinadi va u bilan birga ko‘chaga chiqadi. Havo tinch, ammo sovuq va shunday bulutliki, fonar chiroqlari arang ko‘rinadi. Oyoq osti chilp-chilp loy… Akusherka atrofga qaraydi, biroq izvosh ko‘rinmaydi…
— Uzoq emas, shekilli? — deb so‘rardi u.
— Uzoq emas, — deb bo‘g‘iq ovoz bilan javob beradi Kiryakov.
Ular birinchi ko‘chani, ikkinchisini, uchinchisini bosib o‘tishadi… Kiryakov qadam tashlarkan, hatto uning yurishida ham jiddiylik va basavlatlik alomatlari bilinib turadi.
— Havo muncha ham yomon aynimasa-ya! — deydi unga akusherka.
Ammo u sipolik bilan indamaydi va kaloshi yedirilib ketmasligi uchun kuchining boricha tekis tosh yo‘ldan yurishga tirishadi. Nihoyat, uzoq yo‘l yurgandan keyin akusherka bir uyning dahliziga kiradi; bu yerdan katta, yaxshigina jihozlangan zal ko‘rinib turadi. Xonalarda, hatto tug‘adigan xotin yotgan yotoqxonada ham bironta boshqa kishi yo‘q… Odatda tug‘adigan joyda hamma vaqt behisob ko‘p bo‘ladigan qarindosh-urug‘lar va kampirlar bu yerda ko‘rinmaydi. Faqat yuzidan bema’nilik va qo‘rqoqlik aks etib turgan oshpaz ayol oyog‘i kuygan tovuqdek u yoqdan bu yoqqa zir yuguradi. Qattiq ingrash ovozlari eshitiladi.
Oradan uch soat o‘tadi. Marya Petrovna tug‘adigan xotinning krovatiga o‘tirib, allanimalar deb shivirlaydi. Ha demay ikkala ayol ham bir-biri bilan durustgina tanishib olishadi, har to‘g‘rida gaplashishadi, oh-voh qilishadi…
— Gapirish sizga mumkin emas! — dendi akusherka tashvishlanib, o‘zi esa ust-ustiga savol beraveradi.
Mana eshik ochiladi va sekin, sipolik bilan yotoqxonaga Kiryakovning o‘zi kirib keladi. U stulga o‘tiradi va bakenbardini silaydi. Jimlik cho‘kadi… Marya Petrovna uning chiroyli, ammo yog‘ochdek hissiz yuziga qo‘rqib nazar tashlaydi va uning gap boshlashini kutib turadi. Ammo u hamon jim o‘tiradi va allanimalar to‘g‘risida xayol suradi. Yuragi qisilib ketgan akusherka o‘zi so‘z boshlashga tirishadi va odatda bola tug‘ilgan joyda gapiriladigan iboralarni takrorlaydi:
— Mana endi, xudoga shukur, bu dunyoda bitta odam ko‘paydi!
— Ha, albatta yaxshi, — deydi Kiryakov, yuzining yog‘ochdek hissiz ifodasini saqlab, — shunisi ham borki, ikkinchi tomondan qaraganda, ortiqcha bolang bo‘lishi uchun ortiqcha pulning ham bo‘lishi kerak. Bola qorni to‘q va usti boshi butun bo‘lib tug‘ilmaydi.
Ko‘zi yorigan xotinning yuzida, bu dunyoga hech kimdan ruxsatsiz yoki behudaga bola tuqqandek, iymaiish aks etadi. Kiryakov uh tortib o‘rnidan turadi va sipolik bilan uydan chiqib ketadi.
— Eringiz juda g‘alati-yayu… — deydi akusherka tuqqan xotinga. — Shunday sipoki, kulmaydi ham.
Tuqqan xotin erining hamma vaqt shunday ekanligini so‘zlaydi. U vijdonli, adolatli, aqlli, tejab-tergaydigan odam, ammo bularning hammasi shunday g‘alati darajadaki, hatto har qanday odamni ham diqqi nafas qilib yuboradi. Qarindosh-urug‘lari undan bezib ketishdi, xizmatkorning ketib qolganiga bir oydan ko‘proq bo‘ldi, tanish-bilishlari, do‘stlari yo‘q. Xotin bola-chaqalari bosgan har qadami uchun hamma vaqt qo‘rquv ostida yashaydi. U urishmaydi, qichqirmaydi. Uning fazilatlari kamchiliklariga qaraganda ancha ko‘proq, ammo u uydan chiqib ketgan vaqtda hamma o‘zini sog‘lom va yengil his qiladi. Nima uchun bunday ekanini tuqqan xotinning o‘zi ham tushuna olmaydi.
Tog‘oralarni yaxshilab tozalash va ularni omborga olib borib qo‘yish kerak, — deydi Kiryakov yana yotoqxonaga kirib. — Mana bu shishalarni ham berkitib qo‘yinglar: kerak bo‘ladi.
Uning gaplari sodda va odatdagi gaplar bo‘lsa-da, lekin akusherka negadir esankirab qolganini sezadi. U, bu odamdan qo‘rqib qoladi va har safar uning oyoq tovushini eshitganda cho‘chib tushadi. U ertalab uyiga ketishga taraddudlanib turgan paytda, Kiryakovning kichik o‘g‘li oshxonada choy ichib o‘tirganini ko‘radi. Uning ranggi oppoq, sochi olingan gimnazist edi. Kiryakov o‘g‘lining qarshisida turib, o‘zining salmoqli va bir xil ohangdagi ovozi bilan gapiradi:
— Sen ovqat yeyishni bilasan, ishlashni ham bilishing kerak. Mana sen hozir yutib yubording, ammo ehtimol shu bir yutum ovqatning pulga kelishini o‘ylamagandirsan, pul esa mehnat bilan topiladi. Sen ovqat yegin, ammo o‘ylagin…
Akusherka bolaning beparvo yuziga nazar tashlaydi va unga havo og‘irlashib ketayotgandek, yana birozdan keyin bu g‘alati odamning shu yerda turishiga chidolmay devorlar ham qulab tushadigandek bo‘lib tuyiladi. Qo‘rqqanidan esankiragan Marya Petrovna bu odamga nisbatan qalbida kuchli nafrat uyg‘ongan holda tugunlarini oladi va shoshganicha ko‘chaga chiqadi.
Yarim yo‘lga kelganda u o‘zining uch so‘m mehnat haqini olishni unutganini eslaydi, ammo biroz to‘xtab va o‘ylab turib, qo‘lini siltaydi-da, yo‘lida davom etadi.
K. Po‘latov tarjimasi