Anton Chexov. Dushmanlar (hikoya)

Zemstvo doktori Kirilovning Andrey degan olti yashar yolg‘iz o‘g‘li bor edi; ana shu bola sentyabrning qorong‘i kechalaridan birida, soat to‘qqizdan oshganda, bo‘g‘ma kasalidan o‘lib qoldi. Doktorning xotini o‘lib yotgan bola krovatchasi yoniga tiz cho‘kib, bola g‘am-u dog‘i bilan kuyib-yona boshlaganda, dahliz qo‘ng‘irog‘i qattiq jarangladi.
Bo‘g‘ma yuqib qolmasin deb, xizmatkorlarning hammasi ertalab uydan chiqarib yuborilgan edi, shuning uchun Kirilovning o‘zi eshikni ochgani bordi: uning egnida syurtuk yo‘q, jiletkasining tugmalari yechiq, ho‘l yuzi va karbolka kuydirgan qo‘llari artilmagan. Dahliz qorong‘i edi; shu sababli kirgan kishining faqat o‘rta bo‘yi, oq bo‘yin ro‘moli va kattakon, nihoyatda oqarib ketgan yuzidan boshqa hech nimasini farq qilib bo‘lmasidi. Yuzi shunchalik bo‘z, shunchalik qonsiz ediki, u kirgandan keyin dahliz yorishibroq ketganga o‘xshadi…
Kirgan kishi:
— Doktor uyidami? — deb shoshib so‘ragan edi, Kirilov:
— Uyda, men bo‘laman, — deb javob qildi. — Nima ishingiz bor edi?
Kirgan kishi suyunib:
— Ha, sizmisiz? Benihoyat shodman! — dedi-da, qorong‘ida paypaslab, doktorning qo‘lini qidira ketdi, topgandan keyin esa qo‘llari orasiga olib mahkam qisdi. — Benihoyat… benihoyat shodman! Biz siz bilan tanishmiz!.. Men Aboginman… sizni yozda, Gnuchevnikida ko‘rib baxtiyor bo‘lgan edim. Sizni uyingizdan topganim uchun benihoyat shod bo‘ldim… Xudo xayringizni bersin, hozir men bilan birga borsangiz… Xotinim qaltis og‘rib qoldi, qattiq yotipti… Kolyaska olib keldim… Kirgan kishining ovozi va harakatlaridan qattiq bezovta ekani bilinib turardi. Yong‘indan yoki quturgan itdan qo‘rqib ketgan kishiday halloslab nafas olar, qaltiroq tovush bilan bidirlab gapirar, so‘zlarida qandaydir samimiylik va bolalarcha cho‘chimallik yangrar edi. Yuragi chiqqan va shoshib qolgan odam singari, u ham kalta-kulta, kesik-uziq gapirar va ishga hech aloqasi bo‘lmagan ko‘p ortiqcha so‘zlar ishlatar edi.
— Sizni uydan topolmasmikanman, deb qo‘rqqan edim, — deydi u so‘zini davom ettirib. — Uyingizga yetib kelgunimcha jonim halqumimga keldi. Kiyimlaringizni kiying, ha, jadal bo‘ling, xudo xayringizni bersin… Darvoqi ish bunday bo‘ldi. Biznikiga Papchinskiy degani keldi, Aleksandr Semyonovich-chi, o‘zingiz taniysiz uni… Suhbat qurdik… keyin o‘tirib choy ichdik; shu mahal xotinim birdan dodlab yubordi-yu, yuragini changallab, stulning orqasiga suyanib qoldi. Ko‘tar-ko‘tar bilan krovatga keltirib yotqizdik, innaykeyin… chekkalarini nashatir spirt bilan ishqadim, betiga suv sepdim… Qimirlamaydi, o‘likday yotipti… Anevrizm oqibati emasmikan deb qo‘rqaman… Yuring… Otasi ham shu kasal bilan o‘lgan edi!..
Kirilov xuddi rus tiliga tushunmaydigan odamday, indamay turib eshitdi.
Abogin Papchinskiy bilan xotinining otasi to‘g‘risida yana gap ochib, uning qo‘lini qorong‘ida yana qidira boshlaganda, doktor kallasini siltadi-yu, ruhi tushib ketgan kishi singari har bir so‘zni cho‘zib:
— Kechiring, men borolmayman… — dedi. — Bundan besh minut oldin… o‘g‘lim o‘ldi…
— Yo‘g‘-e? — deya pichirladi Abogin, bir qadam orqaga tashlab turib. — E xudo, bemavrid kelibman-u! Tavba, qanaqa qora kun bo‘ldi bugun… e tavba! Tasodifni qarang… go‘yo jo‘rttaga bo‘lgandek.
Abogin eshik dastasini ushladi-yu, o‘yga cho‘mib, boshini solintirdi. Ketaverishini ham, doktorga yalinishini ham bilmay, ikkilanib qolgan bo‘lsa kerak. Oxiri Kirilovni yengidan ushlab:
— Menga qarang, — dedi u, kuyinib,— sizning ahvolingizga men ham yaxshi tushunaman! Xudo ko‘rib turipti: shunday paytda sizning rahmingizni keltirishga tirishayotganim uchun o‘zim ham uyatda qoldim, nochor bo‘lsam nima qilay? O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: hozir kimga borib yalinaman? Bu atrofda sizdan bo‘lak doktor bo‘lmasa… Xudo haqi, yuring! O‘zimni qaratgani qistayotganim yo‘q… Kasal men emasman!
O‘rtaga jimlik tushdi. Kirilov Aboginga orqasini o‘girib oldi; picha turgandan keyin sekin-sekin yurib, dahlizdan zalga o‘tdi. Oyoqlarini noto‘g‘ri tashlashiga, beparvo yurishiga va zalda o‘chiq turgan chiroqning baroq qalpog‘ini qanday e’tibor bilan tuzatib, stolda yotgan qalin kitobni ochib ko‘rishiga qarab bir nima deyiladigan bo‘lsa, unda shu topda na biron niyat, na biron istak va ia miyasini mashg‘ul qilayotgan biron o‘y bor edi, hatto dahlizda begona odam turgani esidan chiqib qolgan bo‘lsa ham ajab emasdi. Zaldagi g‘ira-shira yorug‘ va u yerdagi jimjitlik uning xomushligini oshirganga o‘xshardi. Zaldan kabinetiga chiqib ketayotib, o‘ng oyog‘ini me’yoridan ortiq ko‘tarib bosdi, eshik kesakisini tusmollab-qidirib qoldi; shu choq vujudida, bamisoli birovning uyiga kirib qolganday yoki umrida birinchi marta mast bo‘lgan-u, mana endi o‘zining yangi vaziyatiga hayronlik bilan o‘rganayotganday apil-tapil harakat qilardi. Kabinetning bir devoriga va u yerdagi kitob javonlariga yorug‘ tushib turardi; bu yorug‘ kabinetdan yotoqxonaga o‘tiladigan va qiya ochib qo‘yilgan eshikdan karbolka hamda efirning dumoqqa uriladigan hidi bilan birga kirmoqda edi… Doktor stol yonidagi kresloga o‘zini tashladi; yorug‘ tushib turgan kitoblariga birpas uyqusirab tikildi, keyin o‘rnidan turib, yotoqxonaga yo‘llandi.
Yotoqxonada esa jimlik hukm suradi. U yerdagi har bir ikir-chikir yaqindagina bo‘lib o‘tgan bo‘rondan, horg‘inlikdan darak berar, endi esa ularning hammasi dam olib yotardi. Taburetkadagi mayda shishalar, qutichalar, bankalar orasida siqilib turgan sham va komod ustidagi kattakon chiroq yog‘dusiga cho‘mib yotadi. Krovatda, derazaning yonida ko‘zlari ochiq bola yotar, yuzida ajablanish alomati bor edi. Bola qimirlamasa ham, ochiq ko‘zlari har on qorayib, ichiga cho‘kib borayotganday tuyilardi. Onasi qo‘llarini bola ko‘ksiga qo‘yib, yuzini ko‘rpa qatlariga yashirgan holda krovat oldida tiz cho‘kib turardi. U ham, bola singari, qimirlamas, lekin bukilib qolgan qaddi-qomatida va qo‘llarida qanchadan qancha jonli harakat bor! Madordan ketgan vujudiga orom berish uchun zo‘rg‘a topgan o‘ng‘ay va oromli holatini buzib qo‘yishdan qo‘rqqanday, butun gavdasini krovatga qapishtirib olgan edi. Adiyollar, latta-luttalar, tog‘oralar, poldagi ko‘lob, hamma yoqda ivirsib yotgan kistochkalar, qoshiqchalar, ohak suvi quyilgan oq shisha, odamning nafasini qaytaruvchi og‘ir havo — bularning hammasi qimir etmay turadi va odamga bular ham uxlab qolganday ko‘rinadi.
Doktor xotinining yonida to‘xtadi, qo‘llarini shimining cho‘ntaklariga suqdi, keyin, boshini xiyol bir yonga egib turib, o‘g‘liga tikildi. Doktor yuzidan parvoyi falakday ko‘rinsa ham, soqolida yiltirab turgan yosh tomchilaridan hozirgina yig‘lagani ma’lum edi.
O‘lik to‘g‘risida gapirilganda ko‘ngilga keladigan sovuq vahimadan yotoqxonada asar yo‘q edi. Qotib qolgan umumiy vaziyatda, ona holatida, doktor yuzidagi beparvolikda odamni o‘ziga jalb qiladigan, yurakni ezadigan bir narsa, inson alamining payqalar-payqalmas, nozik chiroyi bor ediki, bu chiroyni yaqin orada seza olmaydilar va tasvir qila bilmaydilar, uni yolg‘iz muzikagina aks etdira bilsa ajab emas. Badhaybat jimlikda ham chiroy borligi oshkor edi; Kirilov ham, xotini ham tovush chiqarmas, yig‘lamas, judolik qayg‘usidan tashqari, o‘z holatlaridagi butun lirizmni ham anglayotganday: bir mahallar yoshlik choqlari o‘tib ketgani singari, hozir ham ularning bolalik bo‘lish huquqlari mana shu bola bilan birga abadiy ketayotganday edi! Doktor qirq to‘rt yoshga kirdi, soch-soqollari oqardi, qari kishiga o‘xshab qoldi; ranggi zahil, kasalvand xotini bo‘lsa o‘ttiz beshda. Andrey faqat yolg‘iz bolagina emas, shu bilan birga oxirgi bola ham edi.
Doktorning tabiati xotininikiga tamoman teskari; u yuragi ezilib, qayg‘uga cho‘mib turgan paytda bir yerda tek o‘tirolmaydigan odamlar xilidan. Shuning uchun xotini yonida nari borsa besh minut turdi-yu, o‘ng oyog‘ini haddan ziyod ko‘tarib bosib, yotoqxonadan mu’jazgina bir bo‘lmaga kirdi; deyarlik uning yarmini keng, kattakon divan egallab olgan edi, keyin bu xonadan oshxonaga o‘tib ketdi. Pechka bilan oshpaz xotin krovati orasida picha gangib yurgandan keyin, egilib, darcha orqali dahlizga chiqdi. U yerda yana oq bo‘yin ro‘mol va qonsiz yuzni ko‘rdi.
Abogin eshik tutqichiga qo‘l yugurtirib, chuqur tin oldi:
— Xayriyat-e! Qani endi, ketdik!
Doktor seskanib tushdi, yalt etib Aboginga qaradi-yu, voqeani esladi…
— Menga qarang: borishga ilojim yo‘q, deb boya aytdim-ku sizga! — dedi u, tetiklanib. — G‘alati-ya!
— Doktor, men ham juda esimni yeb qo‘yganim yo‘q, ahvolingizga yaxshi tushunib turibman… achinaman sizga! — dedi Abogin yalinchoqlik bilan, qo‘lini bo‘yin ro‘moliga qo‘yib turib. — Axir men o‘zimning g‘amimni yeyayotganim yo‘q-ku… Xotinim o‘lim to‘shagida yotipti-ya! Agar uning faryodini eshitib, o‘lik tusiga kirib qolgan yuzini ko‘rgan bo‘lsangiz, nima uchun oyog‘imni bunaqa tirab turib olganimga darrov tushunardingiz! E xudo, men sizni kiyinib chiqqani ketdi, deb o‘ylabman! Doktor, vaqtimiz ziq axir! O‘tinaman sizdan, yuring!
Kirilov har bir so‘zni chertib:
— Bora olmayman! — dedi-da, zalga qarab yurib ketdi. Abogin orqadan borib, doktorni yengidan ushladi.
— Bilib turibman: boshingizda og‘ir qayg‘u bor, lekin men sizni tish og‘rig‘ini davolashga yo ekspert o‘tkazishga chaqirib kelganim yo‘q-ku, men sizni bir insonni o‘limdan qutqazib qolishingizni so‘rab keldim! — deb Abogin gadoydek yalinardi. — Bu hayot har qanday shaxsiy qayg‘udan yuqori turadi axir! Qani, men sizdan mardlik, jasurlik ko‘rsatishinptzni iltimos qilaman! Insonparvarlik xotiri uchun ko‘rsating!
— Insonparvarlik nima-yu, ikki uchli tayoq nima, — dedi tajang bo‘lib Kirilov. — Men ham ana o‘sha insonparvarlik xotiri uchun olib ketmasligingizni iltimos qilaman. Juda g‘alati-ya, tavba! Yiqilib qolguday bo‘lib zo‘rg‘a turibman-u, siz bo‘lsangiz, insonparvarlikni pesh qilib, meni qo‘rqitmoqchi bo‘lasiz! Shu topda men hech nimaga yaramayman… o‘ldirsangiz ham hech qayoqqa bormayman, bundan tashqari xotinimni kimga tashlab ketaman? Yo‘q, yo‘q…
Kirilov, panjalarini silkitib, orqaga tislandi-da, so‘zini qo‘rqa-pusa davom qildirdi:
— Aslo… aslo so‘ramang ham! Meni kechiring… Qonunlar majmuasining 13 tomiga muvofiq borishga majburman, meni sudrab bo‘lsa ham olib ketishga haqingiz bor… Marhamat, sudrang, lekin… men hech nimaga yaramayman… Aqalli gapirishga ham qodir emasman… Kechiring…
— Menga bunaqa gaplarni bekor aytyapsiz, doktor! — dedi Abogin, yana doktorni yengidan tutib. — Qo‘ying, o‘sha o‘n uchinchi tomni xudo ko‘tarsin! Borsang ham barasan, bormasang ham borasan, deb sizni zo‘rlashga haqim yo‘q. Xohlasangiz — borasiz, xohlamasangiz — ixtiyoringiz. Lekin men ixtiyoringizga emas, hissiyotingizga murojaat qilyapman. Yoshgina juvon o‘lib ketyapti! Shu topdagina «o‘g‘lim o‘ldi» dedingiz, shunday bo‘lgandan keyin mening dog‘i-hasratimni siz tushunmay kim tushunadi?
Aboginning tovushi hayajondan titrardi; yana shu titrash ohangida u aytayotgan so‘zlardagidan ko‘proq dalil bor edi; Abogin astoydil gapirar, lekin u qancha ajoyib gaplar gapirmasin, hammasi soxta, jonsiz, bo‘yoqlari o‘rinsiz chiqar, u bir vaqtda ham doktor uyining havosini buzayotganday, ham qaydadir uzilayotgan ayolni haqorat qilayotganday tuyilardi. Buni Aboginning o‘zi ham sezar, shuning uchun, gapimni tushunmay qolishmasin degan xavfga borib, so‘z kuchi bilan yenga olmasa, so‘z ohangi bilan yengish niyatida tovushini iloji boricha yumshoq va muloyim chiqarishga zo‘r berib harakat qilardi. Gap degan narsa har qancha chiroyli va chuqur ma’noli bo‘lganda ham, faqat beparvo odamlargagina ta’sir qila oladi, ammo baxtli yo baxtsiz odamlarni hamma vaqt ham qanoatlantiravermaydi; shu sababdan baxtiyorlik yoki baxtsizlikning yuksak ifodasi ko‘pincha sukut bo‘ladi; oshiqlar bir-birlarining hislariga sukut kezlarida yaxshiroq tushunadilar; qabr ustida yonib-kuyib aytiladigan so‘z faqat begonalarga ta’sir qiladi, o‘lgan kishining bevasi va bolalariga esa quruq safsata bo‘lib eshitiladi xolos.
Kirilov churq etmay tikka turardi. Abogin doktorlarning olijanob vazifalari, fidokorliklari va boshqa burchlari haqida yana bir necha og‘iz so‘z aytgandan keyin Qirilov qovog‘ini osiltirib so‘radi:
— Uyingiz uzoqmi?
— Chog‘imda o‘n uch yo o‘n chaqirim atrofida bo‘lsa kerak. Otlarim juda bopta, doktor! Chin vijdonim bilan va’da beraman: bir soat ichida olib borib, tag‘in olib kelib ham qo‘yaman. Hammasiga faqat bir soatgina vaqt ketadi!
So‘nggi so‘zlar doktorga insonparvarlik yoki olijanoblikni ro‘kach qilishdan kuchliroq ta’sir qildi. O‘ylab ko‘rib, chuqur tin oldi-da:
— Xo‘p, ketdik bo‘lmasa! — dedi.
Doktor shoshib, lekin oyoqlarini endi to‘g‘ri bosib kabinetiga kirib ketdi-da, hayallamay, uzun syurtyuk kiyib chiqdi. Abogin o‘zida yo‘q suyunib, doktor tevaragida parvona bo‘lar, oyoqlarini bir-biriga shap-shup urib, mulozamat qilardi; u doktorga paltosini knygizib, tashqariga birga chiqdi.
Tashqari qorong‘i bo‘lsa ham, lekin dahlizdan yorug‘roq edi. Doktorning xiyol egilgan baland qomati, echki soqoli va burgutnikiga o‘xshagan burni tashqari qorong‘isida ko‘zga ravshan chalinib turardi. Aboginning esa, oqarib ketgan yuzidan tashqari, endi kattakon boshi va uning cho‘qqisiga qo‘ndirib olgan kichkina studentcha shapkasi ham ko‘rina boshladi. Bo‘yin ro‘moli faqat oldidagina oqarib turar, orqa tomonida esa, uzun sochlar tagiga ko‘milib ketardi. U doktorni kolyaskaga o‘tqazayotib:
— Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, shuncha olijanoblik qilayotibsiz, men ham qaytarmay qo‘ymayman, — dedi g‘o‘ldirab. — Ko‘z ochib-yumguncha yetib boramiz. Hoy, Luka, tasaddug‘ing ketay, chabdast hayda! Tez bo‘l! — dedi.
Kucher otlarni tez haydab bordi. Avval kasalxona hovlisi bo‘ylab cho‘zilib ketgan ko‘rimsiz, xunuk uylar qatorlashib o‘tdi; hamma yoq qop-qorong‘i; faqat hovlining to‘rida, bog‘cha daraxtlari orqasida, allakimning derazasidan yorug‘ tushib turar, kasalxona korpusining yuqorigi qavatida ham yana uchta deraza havodan yorug‘roq bo‘lib ko‘rinar edi. Keyin kolyaska zulmat ichiga kirib ketdi; endi bu yerlardan qo‘ziqorin hidi kelar, daraxtlar shitirlashi eshitilardi; arava g‘ildiraklarining taraq-turuqi uyg‘otib yuborgan qarg‘alar, doktorning o‘g‘li o‘lib, Aboginning xotini betobligini bilganday, shoxdan shoxga uchib, dod sola boshladilar. Mana endi yakka-dukka daraxtlar, butalar lip-lip o‘ta boshladi; katta-katta qora soyalar ostida yuzi xo‘mrayganday bo‘lib ko‘ringan hovuz bir yilt etib qo‘ydi; ana shundan keyin kolyaska tekis yo‘lda g‘irillab ketdi. Qarg‘alarning qag‘illashlari uzoq orqada elas-elas eshitilib turdi, keyin hademay butunlay yo‘q bo‘lib ham ketdi.
Kirilov bilan Abogin yo‘l bo‘yi qariyb so‘zlashmay borishdi. Abogin bir qur chuqur tin olib, do‘ng‘illadi:
— Odamni judayam qiynab tashlaydi bunaqa ahvol! Yaqin odamingdan ayrilish xavfi tug‘ildimi — bo‘ldi: bir mehringga o‘n mehr qo‘shiladi.
Kolyaska soydan sekin-asta o‘tib ketayotganda, Kirilov, xuddi suvning chayqalishidan qo‘rqib ketganday, seskanib tushdi-da, o‘tirgan yerida bezovtalanib:
— Hoy, menga javob bering,— dedi mungli ohang-da. — Siznikiga keyin boraman, avval xotinimning yoniga feldsherni yuboray. Xotinim yolg‘iz qoldi!
Abogin indamay o‘tiraverdi. Kolyaska toshlarga urilib, chayqalib yurib qumli qirg‘oqdan tekis yo‘lga chiqdi-da, g‘irillaganicha ketdi, Kirilov betoqat bo‘lib tipirchilar, tevaragiga jovdirar edi. Orqada, yulduzlarning g‘ira-shira yorug‘ida, zulmatga tutashib ketgan tollar va uni oralab borgan yo‘l ko‘rinadi. O‘ng tomon xuddi osmon singari tekis va poyonsiz sayxonlik; bu sayxonlik torf botqoqligi bo‘lsa kerak, uning uzoq-uzoqlarida, u yer bu-erda ora-sira o‘t yiltillab qo‘yadi. Chap tomon — yo‘lga yondosh bo‘lib cho‘zilib ketgan adir; mayda butalari bilan baroq bo‘lib ko‘rinadi; adir ustida esa xiyol tuman bosgan qizil yarimoy bulut parchalari qurshovida qimir etmay turadi; bulut parchalari oyni qochib ketmasin deb tevaragida qo‘riqlab yurganga o‘xshaydi.
Butun tabiatda allaqanday umidsizlik, xastalik seziladi; yer qorong‘i uyga o‘zi yolg‘iz kirib olib, o‘tmishini o‘ylamaslikka tirishgan tushkun ayolga o‘xshab, ko‘klam va yozni eslab yotar, kelishi muqarrar bo‘lgan qishni ruhi tushib kutar edi. Qayoqqa qarasang ham, hamma yoqda tabiat qorong‘i, tagsiz, sovuq chuqurga o‘xshab ko‘rinadi, u chuqurdan Kirilov ham, Abogin ham va qizil yarim oy ham chiqa olmaydiganday tuyilardi…
Kolyaska manzilga yaqinlashgan sari Aboginning bezovtaligi ham ortib bordi: qimirlar, sapchib turib ketar, kucher yelkasidan cho‘zilib oldinga qarardi. Nihoyat, kolyaska chiroyli qilib yo‘l-yo‘l mato qoplangan eshik oldida to‘xtaganda, u ikkinchi qavatdagi yorug‘ derazalarni ko‘rganda, nafasi tiqila boshlagani eshitildi. U doktor bilan dahlizga kirayotganda hayajonlanib, qo‘llarini bir-biriga ishqab turib:
— Biron voqea yuz berguday bo‘lsa… yuragim yorilib o‘laman, — dedi. Keyin, uydan hech qanday tovush kelmaganini eshitib, qo‘shib qo‘ydi: — Hech qanaqa olag‘ovur yo‘q, demak, hozircha hammayoq joyida.
Dahlizda na biron tovush eshitilar, na biron sharpa sezilar, chiroqlari charaqlab turganiga qaramay, butun uy uxlab yotganga o‘xshardi. Shu damgacha qorong‘ida yurgan doktor bilan Abogin endi bir-birini aniq ko‘ra bilardi. Doktorning bo‘yi novcha, orqasi picha chiqqan, kiyimlari kelishmagan, yuzi xunuk; negrlarniki singari do‘rdoq lablarida, burgutnikiga o‘xshagan burnida, bo‘shashib, loqayd qarashida allaqanday yoqimsiz, sovuq, dag‘al ifoda bor edi. Sochlari taralmagan boshi, cho‘kik chekkalari, iyagi ko‘rinib turgan siyrak echki soqoliga barvaqt tushgan oq, terisining zahilligi, parvosiz, o‘xshovsiz harakatlari — bularning hammasi shunchalik dag‘alki, bu dag‘allikni ko‘rgan kishi: bu odam ko‘p muhtojlik tortgan, peshonasi sho‘r bo‘lgan, hayotdan ham, odamlardan ham to‘ygan ekan, degan fikrga keladi. Uning quruq gavdasiga razm solinsa, shu odamning ham xotini bo‘lganiga, bolasiga kuyib yig‘laganiga xayron qolinadi. Abogin bo‘lsa butunlay boshqa bichimdagi odam. U g‘o‘labir, sersavlat, sochlari oqish, boshi katta, yuz ne’mati yirik bo‘lsa ham, lekin mayin, eng so‘nggi modaga binoan chiroyli kiyingan. Qomati, tugmalari siqib qadalgan syurtugi, yoli va chehrasi unda olijanoblikka, kuch va quvvatga o‘xshagan bir narsa borligini sezdirib turadi; yurganda boshini tik tutib, ko‘kragini chiqarib yuradi; gapirganda — kishiga yoqadigan o‘rtamiyona tovush bilan gapiradi, bo‘yin ro‘molini olayotganda yoki sochlarini tuzatayotganda qilgan harakatlari nozik, xotinlar harakatiga o‘xshab ketadigan darajada chiroylik. Ustki kiyimlarini yecha turib, bolalarga xos bir xadik bilan ranggi o‘chib, zinaning yuqorisiga alanglab qaradi; shu qilig‘i ham uning sarv qomatiga, butun vujudini to‘ldirib turgan to‘qlik, salomatlik va xudbinlikka putur yetkazmadi. Abogin zinadan chiqib borayotib:
— Hech kim yo‘q, hech qanday tovush ham eshitilmaydi, — dedi. — To‘polon yo‘q, xudoga shukur!
U doktorni dahlizdan katta zalga olib o‘tdi; zalda royal qorayib ko‘rinar, oq jild tutib qo‘yilgan qandil osilib turardi; bu yerdan ikkovi mo‘jazgina mehmonxonaga o‘tdi; bu chiroyli, nihoyatda rohatbaxsh mehmonxona kishiga juda ham huzur beradigan xiragina pushti yog‘du ichida edi.
— Xo‘p, siz shu yerda o‘tirib turing, doktor, men… men hozir kelaman, — dedi u. — Men kirib, doktor keldi, deb aytib qo‘yay.
Kirilov yolg‘iz qoldi. Mehmonxonaning hashamati, kishiga huzur beradigan g‘ira-shira yorug‘, birovning — tanimagan bir kishining uyiga kelib qolishi, bu hodisalarning hammasi oldi-qochdi bir xarakterda bo‘lishi unda hech qanaqa taassurot uyg‘otmaganga o‘xshardi. U karbolka kuydirgan qo‘lini kresloda tomosha qilib o‘tirardi. Cho‘g‘day yarqirab turgan abajur bilan violonchel qutisiga ko‘zi bir tushdi-yu, keyin soat tiqillab turgan tomonga qiya boqib, Aboginning o‘ziga o‘xshash sersavlat, to‘q bo‘ri qurchog‘ini ko‘rdi.
Hammayoq jimjit edi… Qo‘shni xonalarning birida, uzoqda, allakim qattiq: «a!» deb yubordi, oynaband eshik jarangladi; u javon eshigi bo‘lsa ham ajab emasidi; keyin yana hamma yoq jim bo‘lib qoldi. Kirilov besh minutcha kutgandan keyin, ko‘zlari tomosha qilishdan to‘xtadi-da, Abogin kirib ketgan eshikka qaradi.
Eshik ostonasida Abogin turardi, lekin u boya chiqib ketgan Abogin emas edi. Undagi to‘qlik va nozik go‘zallik alomatlaridan asar qolmagan; yuzi, qo‘llari, angori yomon qo‘rqishdanmi yo qattiq jismoniy og‘riqdanmi jirkanch tus olgan. Burni, lablari, murtlari, yuzidagi barcha chiziqlari qimirlar, go‘yo yuzidan uzilib tushishga harakat qilayotganday tuyilar, ko‘zlari esa ayni og‘riqdan kulayotganga o‘xshab ko‘rinar edi…
Abogin og‘ir odimlar bilan uy o‘rtasiga lorsillab keldi, qaddi bukildi, oh tortdi, keyin mushtlarini silkitib turib baqirdi:
— Aldab ketipti! — «ti» bo‘g‘inini kuchining boricha baqirib aytdi. — Aldab ketipti! Ketib qolipti! O‘zini yolg‘ondan kasalga solgan-u o‘sha masxaraboz Papchinskiy bilan qochib ketish uchungina meni doktorga yuborgan! E xudo!
Abogin doktor tomonga gurs etib bir qadam tashladi-da, oppoq, yumshoq mushtlarini uning yuziga keltirib turib silkitdi va shu alpozda so‘zini davom qildi:
— Ketib qolipti! Aldab ketipti! Nimaga aldaydi, a?! E xudo! E sho‘rim qursin! Bu iflos nayrangbozlik, bu yaramas qilvirilik, bu iblis o‘yini, ilon o‘yini nima kerak ekan, a? Nima yomonlik qiluvdim unga? Ketib qolipti!
Aboginning ko‘zlaridan yosh sachrab chiqdi. U bir oyog‘i ustida aylanib, mehmonxonada u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. U hozir egnidagi kalta syurtugi va oyoqlarini jussasiga qovushmaydigan darajada ingichka qilib ko‘rsatib turgan tor moda shimi, nihoyatda zo‘r kallasi va yolday tushib yotgan sochlari uni juda ham sherga o‘xshatardi. Doktorning shu topgacha parvoyi falak bo‘lib turgan yuzida qiziqish alomati paydo bo‘ldi. O‘rnidan turib, Aboginni ko‘zdan kechirdi.
— Qani axir siz aytgan kasal? — deb so‘radi u.
— Kasal! Kasal! — deb baqirdi Abogin, ham kulib, ham yig‘lab va hamon mushtini silkitib turib. — Kasal qayda! La’nati u! Odam emas, odam qiyofasidagi tuban maxluq! Shunday qabihlikni shayton ham o‘ylab topolmaydi! Qochib ketish uchun, bir masxaraboz bilan, nodon nayrangboz bilan, bir iflos bilan qochib ketish uchun meni aldab jo‘natgan ekan! Yo rabbiy, koshkiydi bundan ko‘ra o‘lib qola qolgan bo‘lsa! Yo‘q, chiday olmayman! Aslo chiday olmayman!
Doktor qaddini rostladi. Ko‘zlari pirpiradi, jiqqa yoshga to‘ldi, echki soqoli iyagi bilan birga chayqala boshladi. Keyin hayronlik ichida jovdirab:
— Shoshmang, axir bu qanday gap bo‘ldi? — deb so‘radi. — Mening bolam o‘ldi, xotinim qayg‘uga cho‘mdi, butun boshli uyda bir o‘zi qoldi… o‘zim bo‘lsam oyoqda zo‘rg‘a turibman: uch kecha uxlamadim… Bunisi nima endi? Meni shaloq bir komediyada o‘ynashga, yana qo‘g‘irchoq rolini o‘ynashga majbur qilayotirlar! Tushunolmay… tushunolmay qoldim!
Abogin bir mushtini ochdi, changalida ezilib yotgan xatni yerga otib urdi-da, yanchib o‘ldirgisi kelgan hasharotni bosayotganday, uni depsab tashladi. Keyin bir mushtini o‘z tumshug‘i yaqinida silkitib va oyog‘ining qadog‘ini birov bosib olganday, yuzini burishtirib, g‘ijinib turib gapira boshladi:
— Ko‘zim ko‘r bo‘lib qolgan ekan… sira sezmagan ekanman! Har kun kelib yurar ekan, payqamabman, — bugun ham karetada kelipti, — sezmabman! «Nimaga karetada keladi?» deb o‘ylamabman! Qovoqbosh!
— Tushunolmay… tushunolmay qoldim! — deb doktor g‘o‘dirladi. — Axir bu qanaqa gap? Axir bu inson shaxsini masxara qilish, inson dardu alamlarini poymol qilish degan gap-ku! Bu hech aqlga sig‘maydigan gap! .. Bundaqasini umrimda birinchi marta ko‘ryapman.
Doktor, o‘zining juda yomon xo‘rlanganini endi payqay boshlagan kishidek yelkalarini hayron bo‘lib qisib, qo‘llarini yozdi-da, nima deyarini, nima qilarini bilmay, majoli qurib, kresloga o‘tirib qoldi.
— Xo‘p, meni-ku yomon ko‘rib, boshqaga ko‘ngil beribsan, — otamdan nari, — lekin aldash nima kerak? Bunaqa razillik, xiyonat bilan makru hiyla ishlatish nima hojat? — deyar edi Abogin, yig‘lamsirab. — Nega bunday qilding? Nega, a? Men senga nima yomonlik qiluvdim? Menga qarang, doktor, — Abogin Kirilov yoniga kelib, kuyib-pishib gapirdi: — siz boshimga tushgan qayg‘uning g‘ayri ixtiyoriy shohidi bo‘ldingiz, shu uchun haqiqatni sizdan yashirmayman. Sizga qasamyod qilib aytamanki, men bu xotinni sevardim, ilohiy bir sevgi bilan, qulday sevar edim! Uning yo‘liga hamma narsamni tikdim: qarindosh-urug‘larim bilan yuz ko‘rmas bo‘ldim, ishimni va muzikani tashladim, shunday qiliqlarini kechirdimki, agar onam yo opam shu xil qiliq qilsa, men ularni aslo kechirmas edim… Er bo‘lib, biron marta olayib qaramadim… Olayish qayoqda! Nega meni aldaysan? «Nega sevmading?» demayman, yo‘q, «nega meni bunaqa razillik bilan aldab ketding?» deyman? Sevmas ekansan, ko‘nglicht yo‘q ekan, tikkasiga: «sevmayman»de qo‘y-da, bu to‘g‘rida qanday ish tutishimni o‘zing bilganingdan keyin…
Abogin ko‘zlarida jiqqa yosh, butun vujudida dag‘-dag‘ titroq bilan bor alamini doktorga ochib soldi. U ikkala qo‘lini ko‘ksiga bosib turib harorat bilan so‘zlar, o‘zining oilaviy sirini sira ikkilanmasdan ochib tashlar va bu sirlarni aytib, yuragini bo‘shatayotganiga sevinayotganday ko‘rinar edi. Shu taxlitda bir-ikki soat gapirsa, dardini aytib, yuragini bo‘shatsa, yengil tortishi shubhasiz edi. Kim biladi, agar doktor uning ohi-zoriga yaxshiroq quloq solsa, dardlariga hamdard bo‘lsa, balki, bema’nilikka yo‘l qo‘ymay, taqdiriga tan berib qo‘ya qolarmidi? Axir shunday hollar ko‘p bo‘ladi-ku… Lekin ish boshqacha bo‘ldi. Xo‘rlangan doktor Abogin gapirib turganda asga-sekin o‘zgarib bordi. Chehrasidagi parvosizlik bilan hayronlik alomatlari o‘z o‘rinlarini sekin-sekin achchiq alamga, nafrat va g‘azabga bo‘shatib beraverdi. Yuz chiziqlari yana ham dag‘al, bichimsiz va yoqimsiz tus ola bordi. Abogin monax xotinlarniki singari yuzi darrov ko‘zga tashlanmaydigan quruq, lekin so‘lim bir juvon suratini doktorning ko‘ziga yaqin keltirib turib:«Mana shunday dilbarni ko‘rgan kishi buning qo‘lidan aldov keladi deb o‘ylashi mumkinmi?» deb so‘raganda, doktor birdan sapchib tushdi, ko‘zlaridan o‘t chaqnadi, keyin dona-dona qilib gapirdi:
— Nima qilasiz menga bu gaplarni aytib? Aytmang, eshitmayman! Xohlamayman! — doktor shu so‘zlarni baqirib aytgandan keyin stolga gursillatib bir musht urdi. — Sizning kurakda turmaydigan sirlaringizning keragi yo‘q menga, padariga la’nat! Qo‘ying, bunaqa pardasiz gaplarni menga aytmang! Yo mening shuncha xo‘rlanganimni kam bilayapsizmi? Nima, men malaymanmi, ko‘nglim xushlaganicha xo‘rlayveraman, deb o‘ylaysizmi? A?
Abogin, hangu-mang bo‘lib, orqaga tisarildi. Doktor bo‘lsa, soqolini dildiratib, hamon baqirar edi:
— Meni bu yerga nega olib keldingiz? Agar siz jir boylaganingizdan xotin olib, jir boylaganingizdan qutirsangiz, oilangizda mashmasha qo‘zg‘asangiz, menda nima gunoh? Sizning eru xotinlik savdongiz bilan mening necha pullik ishim bor? Qo‘ying meni o‘z holimga! Ana katta ko‘cha: xohlasangiz — mushtkettini mashq qiling, xohlasangiz — odamparvarlik g‘oyalariga beriling, xohlasangiz chaling (violonchel solingan qutiga bir ko‘zini olaytirib qarab qo‘ydi): kontrabasda xohlaysizmi, trombonda xohlaysizmi, — chalavering, xohlasangiz — boquvdagi axta xo‘rozday jir bosing, lekin inson shaxsiyatini zinhor masxara qila ko‘rmang! Mabodo inson shaxsiyatini hurmat qilish qo‘lingizdan kelmasa, loaqal uni e’tiboringizdan soqit qiling!
— Shoshmang, bu nima deganingiz o‘zi? — dedi Abogin, qizarib-bo‘zarib.
— Bumi? Odamni o‘yinchoq qilish — pastlik va razillik deganim! Men vrachman; siz bo‘lsangiz atir va fahsh hidi anqib turmaydigan vrachlar va ishchilarni o‘zingizning malaylaringiz, tarbiyasiz odamlar deb hisoblaysiz! Menga desa hisoblayvering, lekin dard-alam ostida ezilib yotgan bir bechorani qo‘g‘irchoqqa aylantirmang, sizga hech kim bu huquqni bergan emas!
— Qaysi bet bilan menga shu gaplarni gapiryapsiz? — deb so‘radi Abogin, past bir tovush bilan; shu payt yuzining eti yana ucha boshladi, ammo bu safar achchig‘i qistaganidan uchayotgani aniq edi.
— Yo‘q, mening boshimga tushgan qayg‘uni bila turib, meni bu yerga nega olib keldingiz-u, nechun axloqsiz gaplarni eshitishga majbur qildingiz? — deb doktor baqirdi-da, gursillatib stolga yana bir musht urdi. — Birovning boshidagi qayg‘usini nega oyoq-osti qilasiz? Kim berdi sizga bu huquqni?
— Jinni bo‘psiz! — deb Abogin ham baqirdi. — Andishali odam bu xilda gap qilmaydi! O‘zim ham o‘lgiday bebaxtman, mana… mana…
— Bebaxtmish!—dedi doktor, nafrat bilan zaharxanda qilib. — Bu so‘zga til tegizmang, bunga sizning daxlingiz yo‘q! Vekselga pul topolmagan lapashanglar ham o‘zlarini bebaxt deb ataydilar. Jiri og‘irlik qilayotgan axta xo‘roz ham bebaxt emish! Sariq chaqaga ham arzimaydigan odamlar!
— Marhamatli janob, haddingizdan oshib ketdingiz! — deb chinqirdi Abogin. — Bunday so‘zlar uchun… kaltaklaydilar! Bildingizmi?
Abogin yon cho‘ntagiga shoshib qo‘l suqdi-da, kartmonini olib, ichidan ikkita qog‘oz pul chiqardi, keyin uni stolga irg‘itdi.
— Ana kelish haqingiz! — dedi-yu, burun kataklarini po‘killatib: — Haqingiz to‘landi! —deb qo‘shib qo‘ydi.
— Menga pulingiz kerak emas! — dedi doktor qichqirib, stoldagi pulni yerga turtib yubordi. — Haqorat qilganlik uchun pul bilan haq to‘lamaydilar!
Abogin bilan doktor yuzma-yuz turib olib, achchiq ustida bir-birini nohaq haqorat qilaverdi. Ular hech vaqt, hatto tushlarida ham shunchalik nohaq, qo‘rs va bema’ni gaplarni aytmagan bo‘lsalar kerak. Ikkovining ham xatti-harakati va so‘zlarida bebaxt odamning o‘jarligi bor va bu hol ravshan sezilib turar edi. Bebaxt odamlar juda o‘jar, zahar, noinsof, berahm bo‘ladilar. Ular bir-birlarining dard-u alamlariga nodon odamlardan ham kamroq tushunadilar. Bebaxtlik odamlarni biriktirmaydi, bir-biridan ayiradi; hatto boshlaridagi qayg‘u-alamning bir xilligi ularni yaqinlashtirishi kerakday bo‘lgan joylarda ham nohaqlik va berahmlik bir muncha to‘q odamlar orasidagidan ko‘proq qilinadi.
— Marhamat qilib, meni uyimga jo‘nating! — deb baqirdi doktor, nafasi tiqilib.
Abogin shartta qo‘ng‘iroq chaldi. Chaqirig‘iga hech kim kelmagandan keyin yana bir marta chalib, qo‘ng‘iroqni jahl bilan yerga otib urdi; qo‘ng‘iroq gilam ustiga paqillab tushib, jon berayotgan kishining ohiga o‘xshash mungli tovush chiqardi. Malay kirdi.
— Hammang qayoqqa daf bo‘lding, padar la’natilar?! — dedi xo‘jayin unga musht o‘xtalib. — Hozir qayerda eding? Borib ayt: manovi janobga kolyaska keltirishsin, menga kareta to‘g‘rilat!—Malay o‘girilib endi chiqib ketmoqchi bo‘lib turganda, xo‘jayin tag‘in qichqirdi:— Ertaga xoinlardan bittasi ham uyda qolmasin! Hammasi yo‘qolsin! Yangi odamlar olaman! Gazandalar!
Abogin bilan doktor, aravalarini kutib, indashmay turdi. Aboginning basharasi yana avvalgi to‘q va nafis tusiga kirdi. U bir nimaning fikri bilan band bo‘lsa kerak, boshini juda chiroyli silkitib qo‘yib, mehmonxonada yura boshladi. Hali jahlidan tushmagan bo‘lsa ham, lekin dushmanining shu yerdaligidan bexabarday bir qiyofa olishga tirishardi… Doktor bo‘lsa, Aboginga xunuk va oshkor bir iafrat bilan qattiq tikilib, tikka turardi; peshonasi sho‘r, qayg‘usi mo‘l odamlar to‘qlik va nafislikni ko‘rganda, unga doktorning Aboginga qaraganiga o‘xshatib qaraydi.
Bir ozdan keyin doktor kolyaskaga o‘tirib jo‘nadi; uning ko‘zlari hamon nafrat bilan qarar edi. Tashqari qorong‘i, bir soat bundan avvalgidan ham qorong‘iroq. Qizil yarim oy bo‘lsa allaqachon adir orqasiga o‘tib ketibdi; uni boya qo‘riqlashib yurgan qora bulutlar yulduzlar yonida qora dog‘ bo‘lib sochilib yotibdi. Qizil chiroqli kareta yo‘lda do‘pirlab kelib, doktordan o‘zib ketdi. Unda Abogin norozilik bildirgani, bema’nilik qilgani boryapti…
Doktor yo‘l bo‘yi xotini to‘g‘risida emas, Andrey to‘g‘risida ham emas, u hozirgina o‘zi tashlab chiqqan uyda yashovchi odamlar va Abogin to‘g‘risida o‘ylab bordi. Odam bolasiga yarashmaydigan berahmlik va nohaqlik bilan fikr yuritdi; Aboginni ham, uning xotinini ham, Papchinskiyni ham, dunyoda gasht qilib yashovchi va o‘zidan atir hidi sochuvchi odamlarni ham qoraladi, ulardan yo‘l bo‘yi jirkanib bordi, qalbi qattiq nafratlandi. Miyasida esa bu odamlar to‘g‘risida yomon fikr va bunga ishonch tug‘ildi.
Zamon o‘tadi, Kirilovning qayg‘u-alami ham unutiladi, lekin odam bolasining qalbiga yarashmagan bu nohaq ishonch unutilmaydi, doktorning o‘lgunicha miyasida qoladi.

Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi