Hozirgina vokzaldan ovqatlanib va shirakayf bo‘lib olgan birinchi klass passajiri baxmal divanga cho‘zilib, huzur qilib kerishdi-yu, mudrab ketdi. Besh minutcha mudragandan keyin, xumor ko‘zlarini ochib, yonidagi passajirga tikilib qaradi-da, iljayib gap boshladi:
— Xudo rahmat qilg‘ur padarim ovqatdan so‘ng malay xotinga tovonlarini qashlatar edilar. Men ham aynan o‘sha kishiga tortganman, farqim shuki, men ovqatdan keyin tovon emas — tilimni qashlashga, miyamni qitiqlashga odatlanganman. Gunohkor banda bo‘lganim uchun qorin to‘ygandan keyin gap sotishni yaxshi ko‘raman. Gaplashib ketsak, janoblariga malol kelmasmikin?
— Bemalol… juda soz bo‘ladi, — deb rozilik bildiradi ikkinchi passajir.
— Qorinni yaxshilab to‘yg‘izgandan keyin salgina bahona topilsa kifoya: miyamga ajoyib fikrlar kela beradi. Masalan, haligi bufet oldida turgan ikki yosh yigitni ko‘rdingiz-a? Biri ikkinchisini: «Muborak bo‘lsin, shuhratingiz olamga tarqaldi, endi shonu sharaflarga sazovor bo‘lasiz» deb tabriklaganini eshitdingiz, a? Bular yo artist, yo pastarin gazetchi. Ha, kimligining ahamiyati yo‘q. Meni-chi, azizim, meni qiziqtirgan narsa haligi, sharaf, shuhrat degan so‘zlarning asl ma’nosi. Siz qanday tushunasiz? Masalan, Pushkin shuhratni: «Yuzdagi tirtiqni yashiradigan chiroylik yamoq» degan. Biz ham uni pushkincha, ya’ni bir qadar ob’ektiv ravishda tushunamiz; lekin to shu damgacha bu so‘zning ravshan mantiqiy ta’rifini hech kim aytib bermagan. Shuning ta’rifini topgan odamga men aytganini berar edim!
— Ta’rifi sizga nega bunchalik kerak bo‘lib qoldi?
— Bilasizmi… Agarda «shuhrat» degan so‘zning nimaligini bilib olsak, unga erishish yo‘llarini ham osongina topib olarmidik deyman-da! — dedi o‘ylanib turib birinchi klass passajiri. — Men sizga aytsam, azizim, bir zamonlar shuhrat qozonaman, nom chiqaraman deb urina berib, jigar-bag‘rim ezilib ketgan. Shuning ishqida jinni bo‘la yozganman. O‘qishimni ham, ishimni ham, bor-u yo‘g‘imni shuning yo‘liga tikkanman. Na uyquda halovat bor, na ovqatda; oqibat sog‘ligimdan ham ajradim. Lekin xolisanlillo o‘ylab ko‘rsam, odamzodning shuhratini chiqaradigan xislatlar menda bor edi. Birinchidan injener edim. To shu damgacha men Rossiyada yigirmaga yaqin hashamatli ko‘prik soldim; uchta katta shaharga vodoprovod qurdim; Rossiyada, Angliyada, Belgiyada ishladim… Ikkinchidan men o‘z kasbimga doir ko‘p maqolalar yozganman. Uchinchidan desangiz, azizim, bolalik chog‘imdan boshlab ximiyaga maylim zo‘r bo‘lgan; bo‘sh vaqtlarimda shu fan sohasida ko‘p shug‘ullanganman va ba’zi bir organik kislotalarni topish yo‘llarini kashf etganman; chet eldagi hamma ximiya darsliklarida mening nomimni ko‘ra olasiz. To‘xtovsiz xizmatlarim natijasida men «haqiqiy stats maslahatchi» degan nomga erishganman; xizmat varaqamga bironta dog‘ tushmagan. Endi qilgan ishlarimni birma-bir sanab vaqtingizni olib o‘tirmasdan, shuni aytib qo‘ya qolayki, ba’zi nomdor zotlardan ancha ko‘p xizmat qila olaman. Xo‘sh, natija nima? Mana, men qaridim, yoshimni yashab, oshimni oshadim desam mumkin; lekin nomim chiqmadi. Anavi chopib ketayotgan qora it nima-yu, men nima? Hech kimsa tanimaydi…
— Qayoqdan bilasiz? Ehtimol, sizni hamma tanir.
— Shundaymi?.. Mana, hozir sinab ko‘ramiz.
— Ayting-chi, siz biron joyda Krikunov degan familiyani eshitganmisiz?
Ulfati ko‘zini shipga tikib o‘ylanib turdi-da, kulib yuborib:
— Yo‘q, eshitganim yo‘q, — dedi.
— Mana, ko‘rdingizmi? .. Bu mening familiyam. Siz intelligent, ancha yoshga borgan odamsiz, lekin mening familiyamni mutlaqo eshitmagansiz; bu narsa haligi gaplarimni tasdiqlovchi kattakon bir dalil. Men bechora nomim chiqadi deb, boshqa ko‘chalarda yura beribman. Shuhratning dumidan mahkam tutib olaman deb, teskari kelib, qochirib yubora beribman. Endi o‘ylab ko‘rsam, shuhrat chiqarish yo‘llarini bilmagan ekanman.
— Yo‘llari qanaqa ekan?
— Bilmasam bu dardisarni! Siz mendan yana: «chorasi talantmi? donolikmi? ziyraklikmi?» deb so‘rarsiz. Yo‘q, mutlaqo bu narsalar emas, azizim. Men bilan yonma-yon o‘sgan va tezda nom chiqargan ba’zi odamlarni bilaman; ko‘pisi menga qaraganda qup-quruq bir nodon, aqli kalta va hatto, yaramas kishilar edi. Bular men qilgan ishning mingdan birini ham qila olmas, menga o‘xshab jon koyitmas, shuhrat topay deb urinmas, umuman talantsiz bir mahluqlar edi, xolos. Mana endi qarang! Ularning familiyasi gazeta sahifalaridan tushmaydi, suhbatlarda doimo tilga olinadi. Agarda zerikmagan bo‘lsangiz, men sizga misol bilan tushuntirib berayin. Bundan bir necha yil muqaddam men bir ko‘prik solmoq uchun K. shahriga borgan edim. Dunyoda munchalik odam zerikadigan rasvo shahar bo‘lmasa kerak deyman. Yaxshiki, xotinlar bor ekan, karta o‘yini — ish qilib ermak topilib turdi, yo‘qsa jinni bo‘lish hech gap emas. Ha, o‘tgan ish o‘tib ketdi, aytsam bo‘laveradi, bekorchilikdan bir ashulachi xotinni topib oldim. Uni ko‘rgan odam «oh-voh» qilardi, maqtardi, bilmadim, nimasi bor ekan?.. Meningcha maqtovga arzimaydigan, har qadamda uchraydigan bachkana, injiq, ochko‘z xotinlarning bittasi edi. Tag‘in, tentakligi ortiqcha deng. Ovqatni ham rosa tushirardi, rosa ichardi; kechqurungi soat beshgacha bemalol uxlardi. Bo‘lgani-turgani shu. Uni tannoz deyisharkan, noz-karashma unga bir kasb bo‘lib qolgan ekan; adabiyroq qilib atamoqchi bo‘lishsa, uni artistka yoki ashulachi xonim, deb aytishar ekan. Bir vaqtlar men teatrparast bo‘lganman; shuning uchunmi, artistlik nomiga keltirilgan bu isnodni ko‘rib, qattiq g‘azabim keldi. Artistka yoki ashulachi nomini olishga mutlaqo haqi yo‘q, talantsiz, farosatsiz bir maxluq edi u. Menimcha, ashulani ham rasvo qilib aytardi, uning butun «san’ati» oyog‘ini likillatishdan iborat bo‘lib, grim xonasiga erkaklar bexmalol kirib chiqaverardi: sharmu hayo degan narsani sira bilmasdi. U ko‘pincha chet tillardan tarjima qilingan vodevillarda o‘ynar, xususan ashulachi erkak tor kostyumini kiyib olib, o‘zini bozorga soladigan rollarni tanlab olardi. Esimga tushsa, ko‘nglim ayniydi. Endi bu yog‘ini eshiting. Ko‘prik bitdi; tantanali ravishda ochilish marosimi bo‘ldi: ibodat o‘qildi, nutqlar so‘zlandi, tabrik telegramma va hokazolar hammasi jo-bajo qilindi. Meni qarasangiz, ko‘prigim tevaragida charx urib, tipirchilayman xolos, suyunchimdan yuragim xovliqib, qinidan chiqib ketay deydi. Mehnatim singgan-da, axir! O‘tgan ish, maqtansam bo‘laveradi, o‘zi ham shunday ko‘prik bo‘libdiki, ko‘prik emas — ajoyib bir surat deng! Shahardagi kazo-kazolarning hammasi tomoshaga kelgan, odam liq: hovliqmay bo‘libsiz! Xaloyiq menga tikila berib, teshib yuboradigan bo‘ldi, qayerga berkinsam ekan? deb hovliqib qoldim deng… Qarasam, bekorga hovliqibman, azizim, shunday pushaymon yedimki! Amaldorlardan boshqa biron inson menga qaramaydi, odammisan, itmisan demaydi-ya! Hammasi daryo bo‘yida gala-gala tizilishib olgan, ko‘prikka molday qarashadi-yu, birontasi, bu ko‘prikni solgan odam kim, deb surishtirmaydi-ya! Ana o‘shandan beri shunaqa mo‘tabar zotlardan butunlay ko‘nglim qolib ketdi. Ha, mayli, gapimiz to‘xtamasin. Birdaniga xaloyiq tipirchilab qoldi; yuzlari iljaygan, bo‘ynini cho‘zgan, hamma yoqni shivir-shivir bosib ketdi. «Ha, ana endi meni ko‘rishdi» deb fahmlabman deng. Qarasam, o‘zimning ashulachim: bir gala beboshlarni ergashtirib olib, odamlar orasidan o‘tib kelyapti! Olomon ko‘zi bilan xuddi uni yeb qo‘ya qolsa! «Bu falonchi xonim… Go‘zalligini qarang! Suxsurning o‘zi-ya!» degan shovir-shuvur gaplarni qo‘ya berasiz endi… Shu asnoda «sholining ketidan kurmak suv ichibdi» deganday, meni ham ikkita go‘dak nusxa yigit ko‘rib qoldi deng; shu yerlik teatr havaskorlaridan bo‘lsa kerak. Menga bir qarab qo‘yishdi-da, bir-biriga: «ashulachi xonimning o‘ynashi mana shu odam» deb meni ko‘rsatib shivirlashdi-ya! Bunisiga nima deysiz? Yonimda tsilindr kiygan, soqoli olinmagan jinqarcha bir odam, oyoq qo‘ygani joy topilmaganday tipirlab turgan edi; u ham menga gap sota ketdi:
— Hu, anavi narigi qirg‘oqda kelayotgan xotinni taniysizmi? Falonchi xonim shu… Ovoz degan narsa mutlaqo bo‘lmasa ham, ustalik bilan ashula qila beradi.
— Ko‘prikni kim quribdi, bilmaysizmi? — deb jinqarchadan so‘radim.
— Bilmayman, — dedi u — Allaqanday bir injener deyishadi…
— Shahringizdagi saborni kim solgan? — deb so‘radim.
— Buni ham bilmayman.
So‘ngra men: Q. shahrida eng yaxshi pedagog kim, eng yaxshi arxitektor kim deb so‘radim. Jinqarcha bironta savolimga javob bera olmadi.
Nihoyat men undan:
— Shu ashulachining o‘ynashi kim ekan, bilmaysizmi? — deb so‘ragan edim, u darhol:
— Bilaman, Krikunov degan bir injener emish, — deb javob berdi.
Bunga nima deysiz, chidab bo‘ladimi, azizim? Ana undan so‘ng… Jarchi-yu bayonchilar allaqachon yo‘qolib ketgan, hozirgi zamonda faqat gazeta orqali nom chiqarish mumkin. Men ham, ibodat o‘qilib, ko‘prik ochilgan kunning ertasi, K. shahrida chiqadigan «Vestnik» gazetasini topib olib, axtara boshladim deng. Gazetaning to‘rt betini tikila berib, teshib yubora yozdim. Nihoyat, topdim. Ura!.. O‘qiy boshladim: «Kecha havo ayniqsa ajoyib edi. Yangi solingan ko‘prikning ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu marosimga juda ko‘p xaloyiq to‘plandi, gubernamizning boshlig‘i falonchi janobi oliylari tashrif qildilar, boshqa tamomi amaldorlar hozir bo‘ldilar». Eng oxirida esa: «K. shahrining erkatoyi, talantli artistkamiz, oidek sohibjamol falonchi xonim marosimga husn bo‘lib tushdilar. Xaloyiq uni gulduros olqishlar bilan kutib oldi. Sohibjamolning egnidagi kiyim falon-tugan… va hokazo». Mening haqimda bir og‘iz so‘z yo‘q! Yarim og‘iz deng! Ishonasizmi, uyat bo‘lsa ham alamiga chiday olmay yig‘lab yubordim…
Nihoyat, bu yer bir provintsiya, gina qiladigan joy emas, nimasiga xafa bo‘lasan? Nom chiqaraman desang — ilmiy markazlarga, poytaxtga borishing kerak, deb o‘zimni zo‘rg‘a bosib oldim. Xuddi o‘sha vaqtlarda konkursga atab yozilgan bir asarimni Piterga yuborgan edim. Konkurs muddati ham yaqinlashib qolgan edi, menga bahona topildi deng.
K. shahri bilan xayrlashib, Piterga jo‘nadim. K. bilan Piterning orasi ancha uzoq. Uzoq yo‘lga ermak kerak. Haligi ashulachini ergashtirdim-da, alohida bir kupe olib, yo‘lga tushdim. To kela-kelguncha ovqat-u shampanski-yu, taralla-yalla! Shu alfozda ilmiy markazga — poytaxtga yetdik. Piterga xuddi konkurs kuni kirib kelibman deng. Mening asarim birinchi mukofotga sazovor bulibdi. Ura! G‘alabani nishonlab, o‘sha kuni rosa bayram qildik. Ertasi kuni Nevskiy ko‘chasida ketayotib ko‘zim gazetaga ko‘zim tushdi. Hovliqib uch yarim tangalik har xil gazeta olibman deng. Yugurganimcha nomerimga keldimu, o‘zimni divanga tashladim va qaltiroq bosib o‘qiy boshladim. Bittasini qarab chiqdim, hech gap iuq! Ikkinchisini karayman yo‘q! Nihoyat, to‘rtinchi gazetada shunday xabarga ko‘zim tushdi: «Kecha kurer poyezdi bilan mashhur provintsional artistka falonchi xonim Piterburgga keldi. Janubning shifobaxsh havosi xonimga yaxshi ta’sir etganini mamnuniyat bilan qayd etmay o‘ta olmaymiz. Undagi husn-latofat, sahnabop qaddu qomat va go‘zallik…» U yog‘i yodimda yo‘q! Shundan ancha pastroqda, mayda harf bilan bosilgan xabarga ko‘zim tushdi. Unda «Kecha falon konkursda birinchi mukofot falon injenerga berildi». Shu xolos! O‘lganning ustiga ko‘mgan kilib, familiyamni ham chalkash yozishibdi. Krikunov emas, Kirkunov bo‘lib qolibman. Mana ilmiy markazingiz! Bu yog‘ini ham eshiting… Bir oydan so‘ng men Piterdan jo‘naydigan bo‘ldim. Hamma gazeta baravariga: «Monandi topilmas, xudodod talant, pariro‘y artistkamiz» deb jar sola boshladilar. Shunday qilib mening ma’shuqam hammaning og‘zida, endi ismi va otasining nomi ilan tilga olinadigan darajaga yetdi deng…
Oradan bir necha yil o‘tgach, men Moskvada buldim. Bu yerga kelishimga sabab, shahar boshlig‘ining menga o‘z qo‘li bilan yozib yuborgan xati bo‘ldi. Gap Moskva aholisi va gazetalari yuz yildan buyon qo‘zg‘ab yurgan bir masala ustida borar edi. Bo‘sh vaqtlarimdan foydalanib, shahardagi bir muzeyga iona tarzida beshta bepul lektsiya o‘qib berdim. Aytingchi, shu ishlarim hech bulmasa uch kungina nom chiqarishga arzimabdimi? Afsus! Bironta gazeta bir og‘iz so‘z yozmasa-ya! Yong‘in to‘g‘risida bor, operetta to‘g‘risida bor, uxlab qolgan amaldor, mast bo‘lgan savdogar — hammasi gazetada bor-ku, lekin men qilayotgan ishlar, proyektlar, lektsiyalar haqida churq etishmaydi! Moskvaliklarning odamshavandaligini qarang!.. Ko‘nkaga tushdim… Vagon liq to‘lgan: xonimlar, harbiylar, studentlar, gimnazistkalar — hammasidan bir juftdan bor. Men baland ovoz bilan atayin hammaga eshittirib yonimdagi odamdan gap so‘radim:
— Shahar dumasi falon ish yuzasida bir injenerni chaqirib kelibdi deyishadi; bilmadingizmi, o‘sha injenerning familiyasi nima ekan?
Yonimdagi odam kallasini chayqadi. Men boshqalarga nazar soldim: bironta «bilaman» degan odam ko‘rinmaydi.
Men odamlarga qarata yana gap qo‘zg‘ay berdim:
— Falon muzeyda allakim lektsiya o‘qiyotgan emish! Ajoyib lektsiya deyishadi.
Biror inson «churq» etmaydi. Lektsiya to‘g‘risida ko‘pchilik bexaoar bo‘lishi mumkin, lekin janobi xonimlar lektsiya u yoqda tursin, muzeyning qayerdaligini qam bilishmaydi. Birdaniga odamlar yopirilishib vagon derazalaridan mo‘ralay boshladilar. Bu nimasi? O‘zi nima gap?
— Qarang, anavini qarasangiz-chi! — deb yonimdagi odam meni turtkilaydi. — Anavi izvoshga tushayotgan qoracha yigitni ko‘ryapsizmi? Mashhur tez yurar King shu bo‘ladi…
Butun vagonni chug‘ur-chug‘ur bosib ketdi. Moskvada hammaning fikri tez yurar odamlarga band bo‘lgan bir payt ekan.
Yana ko‘p misollar keltirishim mumkin, lekin shunisi ham kifoya qilar deb o‘ylayman. Endi faraz qilaylik, men o‘z haqimda, ehtimol, katta ketayotgandirman, yanglishgan bo‘lishim mumkin. Balki, o‘zim bir maqtanchoq va noshud odamdirman… Yo‘q, unday emas. Men ko‘pgina alomat, talantli, mehnatsevar tengqurlarimning taqdirini bilaman; ko‘pisi benomu nishon o‘lib ketdi. Ana shu ajoyib rus dengizchilarini, kimyogarlarini, fizik va mexaniklarini, qishloq xo‘jalik xodimlarini, qani aytingchi, kim taniydi? Hatto, o‘qimishli kishilarimiz ham rus rassomlarini, haykaltaroshlarini, adabiyot xodimlarini bilisharmikin? Ayrim ishchan va talantli adabiyotshunoslar o‘ttiz-qirq yillab redaktsiya ostonalarini yalaydi, quchoq-quchoq qog‘ozlarni yozib to‘lg‘azadi, kamida yigirma marta yolg‘on xabar uchun sudlashadi, oqibat o‘z kulbasidan nariga bora olmay qarib chirib tamom bo‘ladi. To shu damgacha bironta yozuvchimiz asari bilan tanilganmi? Yo‘q. «Duelda o‘lgan, jinni bo‘lgan, Sibirga haydalgan, yoki kartada g‘irrom o‘ynagan» deb nomi tarqalgandan keyingina hamma taniydi.
Birinchi klass passajiri gapga shunchalik berilib ketgan ediki, hatto, sigarasi og‘zidan tushib ketdi; u joyidan qo‘zg‘alib, — Mana ahvol! — dedi g‘azablanib va yana so‘zida davom etdi. — Shunday ajoyib odamlar bu yoqda qolib, arzimagan ashulachilar, akrobat va masxarabozlarning nomi chiqadi, ularni chaqalovdan so‘rasangiz ham aitio beradi. Ahvol mana shu!
Eshik ochildi-da, guvullab shamol kirdi. Egniga plashch chakmon, boshiga tsilindr kiygan, ko‘k ko‘zoynak taqkan qovog‘i osilgan bir shaxs vagonda paydo bo‘ldi. Shaxs u yoq bu yoqqa qarab, xo‘mrayganicha o‘tib ketdi.
— Bilasizmi bu kim? — deb cho‘chib aytilgan ovoz vagonning u burchagidan eshitildi, — Bu — tulalik mashhur tovlamachi, falon bank masalasida yaqinda sudga tushdi.
— Mana sizga misol! — deb kulib yubordi birinchi klass passajiri. — Tulalik tovlamachini biladi, qani undan so‘rab ko‘ringchi: Semiradskiyni, Chaykovskiyni, yoki faylasuf Solovevni bilarmikin? Kallasini chayqamasa — betimga «tuf» deng, mana rasvogarchilik.
Uch minut chamasi jimjitlik davom etdi.
— Ruxsat etsangiz men ham sizga bir savol bersam, dedi ulfati tortinibgina, — Pushkov degan familiyani eshitganmisiz?
— Pushkov?.. Hm! Pushkov dedingizmi? Yo‘q eshitmaganman. Bu mening familiyam, — dedi ulfati qizarib — Demak, eshitmaganman deng!.. Men o‘ttiz besh yildan beri rus universitetlaridan birida professorlik qilaman… Fanlar akademiyasining a’zosiman… Nashr etilgan ko‘p kitoblarim bor…
Birinchi klass passajiri va ulfati bir-birovlariga tikilib qaradilar va xaxolab kula boshladilar.
O. Sharapov tarjimasi