Anor. Dada Qo‘rqut (kinoqissa)

* * *

Bag‘ri yam-yashil ulug‘ tog‘lar bundoq urushni ko‘rmagandi. Tubi teran tor daralar bunday qirg‘inni bilmagan edi.
Savash bir savash edi, maydon to‘la bosh edi. Shahboz-shahboz otlar yelar, taqasi qolardi. Qora po‘lat qilichlar chopilar, dami tezlanardi. Uch qirrali o‘tkir o‘qlar otilar, temirni teshardi.
Bu kun O‘g‘uz ellarining og‘ir kuni edi. O‘g‘uz o‘g‘lonlari bir-biriga qarshi ko‘tarilgan, do‘st do‘st bilan, aka uka bilan jang qilardi, og‘a inisidan, ota o‘g‘lidan ayrilgandi. Bu qonli balo O‘g‘uz elining boshiga qaydan kelgan edi? Aytgan bilan ado bo‘lmaydi. Qo‘yingki, yurt oqsoqoli, elning ulug‘ donishmandi Dada Qo‘rqut kelsin, qo‘bizini qo‘liga olsin, o‘tgan-ketganlardan aytsin, so‘z so‘ylasin, bo‘y bo‘ylasin, mard yigitlar boshiga tushgan kunlardan kuylasin.
…Dada Qo‘rqut ushbu dam na so‘z aytardi, na qo‘biz chalardi. Olti parli gurzilar, yalang‘och qilichlar, temir boshoqli o‘qlarning gali edi, otlar kishnar, bahodirlarning na’ralari Arshi a’loga o‘rlardi. So‘zni, qo‘bizni eshitadigan kim bor, tinglaydigan kim bor? Dada Qo‘rqut far­yod chekib O‘g‘uz o‘g‘lonlariga yuz tutar, qardoshlarini bu qonli qirg‘inni to‘xtatmoqqa chaqirar, ammo uning gapini oladigan, so‘ziga quloq soladigan zot yo‘q edi, Dada Qo‘rqutning so‘zini hech qachon ikki qilmagan yigitlarning bugun qoni qizigan, aqllari shoshgan edi.
Ikki yigit ot yeldirib yuzma-yuz keldilar. Otlari ko‘kka sapchidi. Bir yigit ikkinchisining belidan olib, boshi uzra azot ko‘tarib yerga urdi. Mag‘lub yigit ko‘kdan yerga chunon sekin, chunon og‘ir tushdiki, arqondan sirg‘alib tushgandek bo‘ldi. Ammo shu ondayoq uni mag‘lub etganning ham ajali yetdi. Vizillab kelgan bir o‘q uning ko‘ksiga sanchildi, u ham qo‘llarini qanotdek yozib otning bo‘ynidan quchib, ot belidan sirg‘alib tuproqqa tushdi. Bir daydi o‘q otga tegdi, ot ham yigitlarning qavatida cho‘zilib qoldi. Vazmin-vazmin, og‘ir-og‘ir quladilar, tipirchilay-tipirchilay tinchib qoldilar.
Boshqa jangchilar ham bir-birlarini qirib yotardilar. Bir-biriga qilich solgan kim, uchar otda uchib kelib yov boshiga kaltak solgan kim, kamon tortib o‘q otgan kim, kamand tashlab chavandozni egaridan qulatgan kim…
Jang maydoni g‘aroyib bir tusga kirgandi. Yigitlar ham, otlar ham birma-bir halok bo‘lib qular, qulaganlar toshdek qotib qolar edilar. Nidolar, na’ralar, otlar kishnashi siyrak tortib borardi. Oxiri hech kim qolmadi. Maydon to‘la losh edi, jasad edi – tosh losh, tosh jasad.
Jang so‘ngiga yetdi; endi bu maydon maydon emas, tosh haykallarga to‘lgan bir sahro edi, inson va ot haykallari turli hol, turli ahvolda toshga aylanib qolgan edi – o‘lganida qaysi holda bo‘lsa, shu holda.
Bu tosh haykallar oralab og‘ir-og‘ir, ezgin-ezgin bir chol o‘tib borardi, oq sochi oq soqoliga qo‘shilib ketgan bir pir. Keksa Dada Qo‘rqut qashqa ayg‘irini yetaklagancha maydondan kechib tepa boshiga chiqdi, o‘girilib ortiga boqdi. Maydon manzarasi ham endi biroz o‘zgargan, tosh haykallar umumiy qiyofalarini saqlab qolgan bo‘lsalar-da, aniq qiyofalarini yo‘qotgan edilar, endi bu ortiq inson, ot haykallari emas, ularni esga soluvchi g‘alati toshlar, g‘aroyib toshlar, cho‘qqaygan qoya parchalari edi. Hammayoq tosh uyumlari – qonli jangdan qolgani faqat shu edi! O‘g‘iz ellaridan qolgani shu edi, xolos! Faqat toshlar, faqat qoyalar… Na bir sas, na bir sado, na tirik jon, na bir inson…
Dada Qo‘rqut chuqur xo‘rsindi, achchiq-achchiq yig‘ladi, kuygan jigarini dog‘ladi, ayg‘irining jilovidan tutib yo‘lga tushdi, tog‘ oshdi, dara kechdi, yura-yura bir o‘rmon etagidan chiqdi. O‘rmonmisan, o‘rmon. Pista o‘rmoni edi bu o‘rmon, ham bir qabriston edi bu o‘rmon. Go‘yo pista daraxtlari qabrlarning ichidan bo‘y otgan edi. Qabrlar ustiga esa qo‘ylarning tosh haykallari qo‘yilgan edi. Go‘yo bu o‘rmonda kattakon suruv toshga do‘nib qolgan edi!
Dada Qo‘rqut bir o‘rmonga boqdi, bir tosh qo‘ylarga, bir qabrlarga boqdi, qo‘qqisdan bir ovoz eshitdi. Qayrilib qaradi, qora baxmal shalvor kiygan yosh bir yigit qabr qaziyotganini ko‘rdi.
– Hoy o‘g‘lon, – deya xitob qildi Dada Qo‘rqut unga, – nima kovlayapsan o‘zi?
O‘g‘lon Dada Qo‘rqutga ko‘z qirini tashladi. Uning yuzida, ko‘zlarida mash’um bir ifoda bor edi. U loqayd bir holda:
– Go‘r kovlayapman, Dada, – dedi.
– Kim uchun kovlayapsan bu go‘rni?
O‘g‘lon ayni o‘sha begonalik bilan:
– Sen uchun, Dada, – dedi.
Dada Qo‘rqut cho‘chib tushdi. Yigit unga parvo qilmay, o‘z ishida davom etdi.
Tuproq tashqariga otilgan sari, mozor yonidagi tepacha kattargan sari, qabr chuqurlashgan sari Dada Qo‘rqutni dahshat bosardi. U mung‘ayib, hayot-madori qurib qolgan edi. Bir ovoz eshitib boshini ko‘tardi. Daraxt tepasida chug‘urlab turgan qushlar ushoq-ushoq toshlar kabi butoqlardan yerga qulab tushdilar. Ularni otib-ovlagan kimsa yo‘q edi, birma-bir o‘zlari to‘kildilar, yer bilan bitta bo‘ldilar. Daraxtning o‘zi ham qurib bitdi. Yashil yaproqlari sarg‘ayib so‘ldi, bandidan uzilib tushdi, shamollarga qo‘shilib uchib ketdi. Daraxtning gullari varam bo‘lib, qovjiradi, butoqlar yalang‘och qoldi.

Chamanlarda bitgan o‘tlar gurkirarkan, bitmas bo‘ldi,
Buloqlardan oqqan suvlar guldirarkan, oqmas bo‘ldi,
Qanot qoqib uchgan qushlar birdaniga uchmas bo‘ldi,
Butoqlar ham uryon qoldi, kurtaklar gul ochmas bo‘ldi.

Dada Qo‘rqut qayga boqsa, o‘lim ko‘rdi, ajal ko‘rdi. O‘t-o‘lanlar orasidan vishillab chiqqan chipor ilon sudralib Dada Qo‘rqutning yoniga keldi, bosh ko‘tarib uni zaharlamoqchi bo‘ldi.
Dada Qo‘rqut uni ko‘rib hayallab o‘tirmay, darhol o‘zini chetga oldi, bir sakrab qashqa ayg‘iriga mindi. Ot ham ilondan qo‘rqib pishqirdi, yeridan yeldek qo‘zg‘alib, tog‘lar tomon uchib ketdi. Dada Qo‘rqutni o‘rmondan, mozordan, ajaldan qutqarib olib ketdi.
Ammo go‘r qaziyotgan o‘g‘lon ishini to‘xtatmadi, ko‘zdan yitgan chavandoz ortidan uzoq-uzoq boqdi, jilmayib qo‘yganicha go‘rni kovlay ketdi.
Dada Qo‘rqut ot choptirib quyidan yuksakka chiqdi, qishin-yozin qori-muzi erimagan Qaziliq tog‘idan oshdi, toshib-jo‘shib yotgan suvlardan sakradi, qir-adirlardan, daralardan oshib o‘tdi, boshqa bir iqlimdan kelib chiqdi.
Bu joy boshi-oxiri yo‘q bir daryoning qirg‘og‘i edi. Dengiz ko‘m-ko‘k edi, to‘lqinlari oppoq, mayin-mayin. Qirg‘oq bo‘m-bo‘sh, na ins bor edi, na jins. Dada Qo‘rqut otdan tushdi. Dengiz suvidan hovuchlab yuziga sepdi, quyoshga qarab jilmaydi, chehrasi ochildi. Qo‘qqisdan bir sas eshitib, quloq soldi. Qayrilib boqdi, qirg‘oqdan olisda bir qora ko‘rib, o‘sha tomon yurdi.
Borib ko‘rsaki, yashil baxmal shalvor kiygan bir kimsa yer kovlayapti.
Dada Qo‘rqut salom berdi, u alik olmadi.
– Nima kovlayapsan, hoy inson? – deb so‘radi.
– Senga go‘r kovlayapman, Dada, – deya o‘girilib unga boqdi.
Bu kimsaning qiyofasi boshqa edi. Yoshi, ko‘rinishi boshqa, ammo ko‘zlari o‘sha ko‘zlar edi, haligi o‘g‘lonning mash’um ko‘zlari.
Dada Qo‘rqut ortga chekindi, egilib go‘rga boqdi, bu go‘r narigi go‘rdan ancha chuqur, yonidagi tepacha narigi tepachadan ancha katta edi.
Dada Qo‘rqut ayg‘iriga sakrab minib, qamchi soldi. Ot uni bu yerdan uzoqlarga olib ketdi.
Qamishzordan, ot botsa chiqolmaydigan botqoqlardan, o‘rmonlardan uchib, ayqirib oqqan ko‘m-ko‘k suvlardan kechib o‘tdi. Yomg‘iru qorlarda qoldi. Nihoyat, oppoq bir o‘lkaga yetib keldi. To‘rt tomon faqat muz, faqat qor. Na bir inson sasi bor, na bir inson nafasi. Ot ham toliqdi, Dada Qo‘rqut ham.
Dada Qo‘rqut otdan tushdi, o‘ngga boqdi, so‘lga boqdi, qo‘qqisdan bir ovoz eshitdi. Bu qor sahrosining olis bir yerida bir qora ko‘rindi, allaqanday tovush eshitildi. Qalin kiyinib olgan qora charm kamzulli bir kimsa bolta bilan muz chopardi. Dada Qo‘rqut yondoshib bordi. U kimsa to‘xtab Dadaga boqdi.
– Oz qoldi, Dada, – dedi u, – bilasanki, kishilar uchun qabr chuquri tizza qadar bo‘lishi kerak. Oz qoldi…
Dada Qo‘rqut juda qo‘rqib ketdi: ko‘zlar o‘sha ko‘zlar edi, muz ostida qazilgan qabr ham ancha chuqur edi, tizza qadar bo‘lishiga hech qancha qolmagan edi.
Dada ayg‘irga minib, qichashga tushdi. Ot ham horg‘in edi, otliq ham.
Chopdilar, yo‘rg‘aladilar, bu iqlimdan ham uzoqlashib ketdilar. Oppoq cho‘lu taqirlar, yashil adirlar tugab bo‘ldi, sap-sariq bir sahro boshlandi.
Qum, qum, butun borliq qum, sap-sariq qum. Bir sahroki, na boshi bor, na oxiri. Dadaning tanglayi qurib qoldi.
Qashqa ayg‘irning og‘zi ko‘pikka to‘ldi. Barxanlarda ot surindi, qumga botdi, Dada Qo‘rqutni yerga otdi. Dada Qo‘rqut nafas rostladi, barxan tepasiga chiqdi, ko‘rsaki, bu tepaning naryog‘ida ham bir qabr qazilgan. Qabrni qazib bo‘layozgan odam – yarim yalang‘och bir qariya edi. U boshini ko‘tarib Dada Qo‘rqutga boqdi. Yoshi o‘tgan, sochi to‘kilib bitgan, lekin ko‘zlari o‘sha ko‘zlar edi.
Dada Qo‘rqut qushday uchib otiga mindi-da, yela ketdi. Qishin-yozin qori, muzi erimaydigan Qaziliq tog‘ining cho‘qqisidan etagiga tushdi, mundoq qarasa, avvalgi joyidan kelib chiqibdi. O‘sha pista o‘rmoni, o‘sha tosh qo‘ylar, o‘sha qabriston. Haligi o‘g‘lon yo‘q, o‘g‘lonni o‘g‘lon demoq mahol, u endi qaddi bukilgan chol edi – qabrni qazib bo‘lgan edi. Tizzasiga qadar qabr ichida edi. Dada Qo‘rqutni ko‘rib qabrdan chiqdi.
– Ha, Dada, – dedi, – yetib keldingmi? Ko‘rdingki, ajaldan qochib bo‘lmaydi. Go‘ring ham tayyor bo‘ldi. Qani, kel, kira qol!
Qabr qazgan chol o‘rmon ichiga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Dada Qo‘rqut otdan tushdi, endi o‘limdan qochgani madori qolmagan edi. Dada qabr boshidagi tepacha ustiga o‘tirdi. O‘t-o‘lanlar orasidan vishillab bir chipor ilon chiqdi, burala-burala Dada tomon surindi. Dada uni ko‘rdi, ammo qimir etmadi, tek qotdi. Damini ichiga yutdi, nima bo‘lishini kutdi.
Er o‘lik qushlarga to‘lgan, o‘tlar, chechaklar sarg‘ayib-so‘lgan, butoqlar yalang‘och, yaproqsiz qolgan, go‘yo butun olam o‘limga taslim bo‘lgan edi.
Davron – ajal davroni, maydon – Azroil maydoni edi.
Dada Qo‘rqut g‘amgin-g‘amgin u yoq-bu yoqqa boqdi, boshini quyi solib bir tosh qotgan qashqa ayg‘iriga, bir otning egariga bog‘langan qo‘biziga boqdi. Oyoqqa turdi, qo‘bizini qinidan oldi, ko‘ksiga bosganicha bir muddat jim qoldi. O‘tgan-ketganlar ko‘z oldidan kechdi. Yigitlar, jang-jadallar, tosh haykallar, tog‘ qoyalari, sahro qumlari, shakli-shamoyili yo‘q tosh uyumlari…
Ilon surina-surina Dada Qo‘rqutning yonginasiga kelgan, chaqib olishiga bir baxya qolgandi. Birdan Dada Qo‘rqut qo‘bizining torlariga barmoq urdi, qo‘bizi tilga kirdi, sozining sadolari ostida bir so‘z aytib turdi:
– Qani o‘shal eranlar? Dunyo manim deganlar? Ajal oldi, yer yashirdi, yana foniy dunyo qoldi! Kelimli-ketimli dunyo, oxiri o‘limli dunyo! Qari Qo‘rqut, o‘lar bo‘lding, shuni bil! Karvon ketdi, ortda qolding, shuni bil! Qancha uzoq yashasang ham, so‘ngi o‘lim, oxiri judolikdir.
Dada Qo‘rqut qo‘biz chaldi, uni chaqmoqchi bo‘lgan chipor ilon birdan to‘xtab qoldi, qo‘biz sadolari ostida ortga chekindi, surina-surina ko‘zdan yo‘qoldi.
Dada Qo‘rqut qo‘biz chaldi. Yerdan bir gala qush pir etib butoqlardan joy oldi. Chivir-chivir sayray ketdi.
Dada Qo‘rqut qo‘biz chaldi. Daraxtlar chechaklandi, yalang‘och butoqlar yaproqlandi, adirlarda o‘t-o‘lanlar bosh ko‘tardi, qurib qolgan chashmalarning ko‘zi sarin-sarin suvlarga to‘ldi. Mozor boshidagi tepachaning tuprog‘i ham to‘kila-to‘kila go‘rni to‘ldirdi.
Dada Qo‘rqut qo‘biz chaldi – hayot yangidan uyg‘ondi. Dada Qo‘rqutning o‘zi esa mozorini ham, o‘limini ham unutgan edi. U endi qo‘bizining torlaridan tug‘ilgan go‘zal bir dunyoda yashar edi – o‘tib ketganlarning, yigitlarning, jo‘mardlarning dunyosida. Dada Qo‘rqut qo‘biz chertar, qo‘biz sadolari ostida yigitlarning boshlariga tushgan savdolardan so‘z aytar edi, ko‘raylik-chi, ne deydi ekan?!
Dada Qo‘rqutning ovozi yangraydi:
– Kunlarning birida xonlar xoni Bayandurxon o‘rnidan erta turdi. Yuksak tog‘ning boshida gulxan yoqinglar, deb farmon berdi.
Yuksak tog‘ cho‘qqisida bir gulxan yonadi. Uzoq-uzoq tog‘larning boshida ham birin-ketin gulxanlar yonadi. Dada Qo‘rqutning ovozi yangraydi:
– O‘g‘uz elining bir odati bor edi. O‘g‘uz yigitlarini, xotinlarini to‘yga, tantanaga chaqirganda yuksak tog‘ning boshida bir gulxan yoqilar edi. Bu olovni ko‘rib, boshqa tog‘larda ham gulxan yoqardilar, butun elu yurt buning neligini bilar, yasanib-tusanib tantanaga kelardi. Agar ikkita gulxan yoqilsa, bilardilarki, elning boshida bir xatar bor, tahlika bor, yov bostirib kirishga tayyor, shunda yigitlar qurol-yarog‘ini qo‘lga olib darhol to‘planardi.
Yam-yashil bir adir, adirda alvon-alvon chodir, kapa, ko‘shk, o‘tovlar tikilgan, yashil chamanzorga rang-barang ipak gilamlar to‘shalgan edi.
To‘rt kishi silliq qayroqtosh bilan Qo‘bustondagi “Qavol tosh”ni chalar, ohanglar, sadolar ko‘kka yuksalar edi.
Boshqa bir tomonda gumbur-gumbur nog‘oralar gumburlar, karnaylar chalinar, surnaylar sadosi samolarga taralar edi.
Etti yerda qazilgan o‘choqlarning tutuni ko‘kni tutgan, yetmish yetti yerda sarin suvlar, ol sharoblar solingan, naqshinkor bordoqlar qo‘yilgan, kun shu’lasida yal-yal yongan mis tovoqlar, qozonlar tizilgan, qanoralarda nimta-nimta etlar osilgan edi.
Dada Qo‘rqutning ovozi yangraydi:
– Bayandurxon Shomdan keltirilgan chodir ayvonini adirga tiktirgan, ola chodirlari ko‘k yuzini yashirgan, minglab yerga ipak gilamlar soldirgan edi. Qo‘chqor eti tepa bo‘lib oshib yotar, sharoblar daryo bo‘lib toshib yotardi. Yilda bir marta Bayandurxon bayram qilib, O‘g‘uz yigitlarini qo‘noq etardi. Yigitlar bir-bir kelib otdan tushar, o‘tkir qubbali ulkan bir chodir oldiga kelishar, taxtda o‘tirgan Bayandurxonga salom etishar edilar. Bayandurxonning yonidan uning vaziri, otbashara Alp Aruz joy olgan edi. Alp Aruz ham boshqa O‘g‘uz bahodirlari kabi jasadi yirik, kelbati katta edi. To‘qson teridan tikilgan po‘stin to‘pig‘iga yetmas, to‘qqiz teridan tikilgan qalpog‘i qulog‘ini yopmas edi. Alp Aruz qo‘noqlarni turfa chodirlarga o‘tqazar edi. Chodirlar uch xil rangda edi: oq, qizil, qora.
O‘g‘uz yigitlaridan Boybura va Boybejon o‘tirishga birga keldilar. Otlaridan endilar. Bayandurxonga salom berdilar.
Aruz ularga peshvoz chiqdi.
– Boybejon, bu yoqqa o‘t, – deya Boybejonni oq chodirga o‘tqazdi. Boybura ham oq chodirga kirmoqchi bo‘lganida Aruz uning yo‘lini to‘sdi.
– Boybura, – dedi u, – sening o‘rning qora chodirda.
Qora chodirga echki terisi to‘shalgan, bu yerda hamma narsa tim qora edi: dasturxon ham, idish-tovoq ham. Xizmatkorlar ham qora libosda edilar (Oq chodirda hamma narsa oq, qizil chodirda hamma narsa qizil bo‘lgani kabi).
Boybura tutila-tutila:
– Aruz, – dedi, – meni nega bu yerga olib kirding?
Aruz dedi:
– Bayandurxonning buyrug‘i shu.
Boyburaning jahli chiqib:
– Bayandurxon mendan ne kamchilik ko‘rdi? – dedi. – Qilichimdanmi ko‘rdi, dasturxonimdanmi ko‘rdi? Mendan pastroq kishilarni oq chodirga, qizil chodirga o‘tqazdi, mening gunohim ne bo‘libdiki, qora chodirga jo‘natdi?
Aruz dedi:
– Bayandurxondan buyruq bo‘ldiki, o‘g‘li borni oq chodirga, qizi borni qizil chodirga o‘tqazing deb. Kimningki o‘g‘il-qizi yo‘q bo‘lsa, uni qora chodirga olib boring, qora echki terisini ostiga to‘shang, qora qo‘yning qovurmasini qarshisiga qo‘ying, yesa yesin, yemasa chiqib ketsin. O‘g‘il-qizi bo‘lmaganni Tangri qarg‘agan. Biz ham qarg‘aymiz.
Boybura o‘rnidan sapchib turdi, o‘z odamlariga yuzlanib dedi:
– Turing, yigitlarim, biz bu yerdan ketar bo‘ldik. Bu qora ayb yo mendan, yo xotinimdan.
Boybura va yigitlari qora chodirdan chiqdilar, narigi chodirlarda yeb-ichayotganlar ularga bo‘ylanib-bo‘ylanib boqdilar. Boybura esa hech kimga boqmas, hech kimga so‘z qotmas edi. Hech kim bilan xayrlashmadi, Aruzga yuzlanib:
– Aruz, – dedi, – bu alamimni men sendan olaman.
Boybura qamchisini havoda o‘ynatib otiga soldi, ot sapchib qo‘zg‘aldi. Yigitlari uning ortidan ot solishdi, otlar tuyog‘idan to‘zgan to‘zon ichida ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.

* * *

Boyburaning Bayot ovuli safoli bir manzil edi. Bir tomoni baland tog‘, bir tomoni daryo, bir tomoni cho‘l-chaman, bir tomoni o‘rmon. Chodirlar, kapalar, olachiqlar rang-barang edi. O‘choqlarning tutuni moviy osmonlarga o‘rlardi. Daryo qirg‘og‘ida yetti-sakkiz yoshli bolalar oshiq, bekinmachoq, musht ketdi o‘ynashardi.
Kapalardan birining oldida Bo‘g‘ozcha Fotima turardi. Uning yonida besh-olti bolakay ivirsir, ayol yana homilador edi.
Fotima qo‘lini beliga tiraganicha chinqirar edi:
– Hoy qizlar! Zulayho! Urida! O‘lib-yitgani ketganmidim? Yana shu xarobada yotamanmi? Nima bo‘lardi mening uyimga ham bir qarab qo‘ysangiz? O‘g‘ri it kirib uyning to‘s-to‘polonini chiqaribdi, bu yerni tovuqxonaga, molxonaga aylantiribdi-ku…
Boshqa olachiqdan bir ayol chiqib unga javob qaytarar, nimalardir deb javrar edi.
Tuyoq tovushlari eshitildi. Boybura va yigitlari ovulga kirib keldilar. Boybura chodiriga yetib, otdan endi, ichkari kirdi. Xotini Oyna Malak uni hayajonda ko‘rib tashvishga tushdi.
Boybura dedi:
– Xotin, bilasanmi, nelar bo‘ldi? Bayandurxonning otbashara vaziri Alp Aruz el ichida yuzimni yerga qaratdi. O‘g‘il-qizing yo‘q, seni Tangri qarg‘agan, biz ham qarg‘aymiz dedi. Ayb sendanmi, mendanmi? Nega taqdir bizga bir o‘g‘il bermaydi, nega? – Boyburaning yig‘lab yuborishiga bir baxya qoldi.
Oyna Malak:
– Menga g‘azab qilma, – dedi, – ranjib har xil gaplarni aytma. Na sening aybing bor, na mening. Qismatimiz shu ekan.
Oyna Malak ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Boybura chiday olmay chodirdan chiqdi. Og‘ir-vazmin yurib daryo bo‘yiga keldi, o‘ynab turgan bolalar qo‘rqib qochdilar. Boybura ularning ortidan g‘am-hasratda uzoq termilib qoldi. Tuyoq tovushlari uning g‘amgin fikrlarini bo‘lib yubordi. Yelib kelgan Boybejon otidan tushib, Boyburaning yoniga keldi.
– Boybura, – dedi u, – yuraging siqilmasin. Och ko‘rsang qornini to‘yg‘az, yalang‘och ko‘rsang ustiga kiyg‘az. Qarzdorning qarzini uz. Zora, bir duogo‘yning duosi ijobat bo‘lib, Tangri senga o‘g‘il bersa. Nasib etsa, Bayandurxonning keyingi ziyofatida bir o‘g‘ilning otasi bo‘lib, oq chodirda o‘tirasan. Tangri menga ham bir qiz bersa, ahdim shuki, sening o‘g‘lingga beshikkerti qilganim bo‘lsin.
Boybura bilan Boybejon quchoqlashdilar.

* * *

Oyna Malak yashirincha chodirdan chiqib Bo‘g‘ozcha Fotimaning kapasiga keldi.
Bo‘g‘ozcha Fotima tanovul qilib o‘tirardi. Yirik bir bosh piyozni ezib, dumaloqlab bir parcha non ustiga qo‘ygan, endi bu kattakon luqmani og‘ziga solib, ustidan barmog‘i bilan bo‘g‘ziga itarar, ichdan nafasi tiqilib kelardi. Oyna Malak unga hasratini aytardi. Fotima yeyishdan to‘xtamay uni eshitar, har zamon boshini kapaga suqqan bolalarning har biriga bir parcha non berib jo‘natardi.
Bo‘g‘ozcha Fotima og‘zidagi luqmani chaynay-chaynay dedi:
– Nima qilay? Bu qulab tushgur uyda un yo‘q, elak yo‘q. Tegirmonga ketgan tuyadan ham darak yo‘q. Bu xaroba ordona qolsin, erga tekkanimdan beri to‘yib non yemadim, ochilib kulmadim, oyog‘im boshmoq, yuzim yashmoq ko‘rmadi. Zora bu badbaxt erim o‘lsaydi, boshqasiga tegardim, baxtimga u qobil chiqarmidi…
Oyna Malak esa hamon o‘z dardini aytardi:
– Sho‘rlik shamdek erib, nomusdan yerga kirib bormoqda. Bilmadim, gunohimiz ne bo‘ldiki, Tangri bizni bir tirnoqqa zor etdi.
Fotima og‘zidagi luqmani yutarkan:
– E, ordona qolsin eriyam, bolasiyam, – dedi. – Mening to‘qqiz bolam bor, – qorniga ishora qildi, – manavi o‘ninchisi, hali yo‘lda, shuncha qilib men bir yorug‘ kun ko‘rdimmi?
…Boybura esa Boybejonning maslahatiga amal qilar, topgan-tutganini och-yalang‘ochga bo‘lib berardi. Qo‘ylar so‘yilib nimta-nimta qilinar, tepa-tepa et uyilar, mo‘l-ko‘l sut sog‘ilardi. Kishilar Boyburaning eshigiga quruq kelib, to‘lib qaytardi. Ammo er-xotinning murodi hech hosil bo‘lmas, bir-birlariga g‘ussa bilan boqar edilar.

* * *

Dada Qo‘rqut qo‘biz chalar, so‘zida davom etardi:
– Sizga kimdan aytay, Bakildan aytay, Bakil O‘g‘uz elining keshikchisi edi… Baland tog‘ning boshida maskan tutgan edi. Alinja qal’asidan, Ganjadan, Bardadan tortib Temir qopqa – Darbandgacha qorovullik bilan kun o‘tkazar, xush xabarni ham, noxush xabarni ham gulxan yoqib el-yurtga yetkazar edi.
Bakilning tog‘ boshidagi maskani. Tog‘ning eng yuksak cho‘qqilariga o‘tinlar terilgan, o‘choqlar qurilgan, lekin gulxan yoqilmagan. Bakil qurol-yarog‘ini olib, ovga hozirlanmoqda.
Dada Qo‘rqutning ovozi yangraydi:
– Bakil yigitlar ichida eng yaxshi ovchi edi. Ov qilganda na yoy tortardi, na o‘q otardi. Quvlay-quvlay jayronlarga yetar, yetganida kamonini jayron bo‘yniga kamand qilib otar, jayronni tutar, pichog‘ini olib qulog‘ini kertar, so‘ng kamanddan ozod etardi.
Bakil Dada Qo‘rqut aytganday qildi, jilmaydi, so‘ng otiga qamchi bosib, bir jayron to‘dasi ortidan tushdi. O‘sha usul bilan yana bir jayron tutdi, uning ham qulog‘ini kertdi-da, qo‘yib yubordi.

* * *

Boybura bilan Boybejon ovga chiqqandilar. Ular adirda qarshilaridan chiqib qolgan jayron suruvini quvardilar. Boybura nishon olib yoy tortdi, o‘q otdi, jayronni yaralab yerga qulatdi. Yelgancha jayron yoniga keldilar. O‘q jayronning beliga sanchilgan edi, ammo Boybura ko‘rsaki, jonivorning qulog‘i kertilgan. Uni Boybejonga ko‘rsatib:
– Ko‘ryapsanmi, Boybejon, – dedi, – bu Bakilning jayronlaridan ekan, u qulog‘ini kertib qo‘yib yuborgan.
– Buni Bakilga jo‘natish kerak, – dedi Boybejon, – uning halol moli.
– Shundoq bo‘la qolsin, – deya Boybura jayronni yigitlaridan biriga berdi. – Buni Bakilga eltib ber.
Shu payt boshqa chavandoz ot choptirib ularning yoniga keldi:
– Suyunchi ber, Boybura! – dedi u. – O‘g‘il ko‘rding!
…Chodirda endigina yengil bo‘lgan ona chehrasi – Oyna Malakning chehrasi horg‘in va baxtiyor edi. Uning yonida yerga bir uchoyoq va bir jom to‘la kul qo‘yilgan edi. Qadimgi inonchlarga ko‘ra shular bo‘lsa, ayol oson tug‘ar edi. Bo‘g‘ozcha Fotima jom ustiga toza latta tashladi. Oyna Malakning ko‘rpa-to‘shagiga, kiyim-kechagiga ignalar sanchdi – yomon ko‘zdan asrasin deb. So‘ngra Fotima shisha idishga piyoz soldi, eshik og‘ziga olib bordi. Oyna Malak bolishining ostiga bir parcha non va et tiqdi. Uchta piyozni kabob qilib tovoqqa qo‘ydi.
Boybura bilan Boybejon ot choptirib kelar ekanlar, qarshilaridan bir chavandoz chiqdi.
– Suyunchi ber, Boybejon, – dedi u, – ko‘zing oydin, qiz ko‘rding.
– Boybejon, o‘sha gapimiz – gap, – dedi Boybura, – qizing o‘g‘limga beshikkerti bo‘lgan.

* * *

Boyburaning qarshisida bir dasta yigit va uch nafar savdogar turardi. Boybura avval savdogarlarga so‘z qotdi:
– Tojirlar, – dedi u, – so‘zimni eshiting. Tole menga bir o‘g‘il berdi. Sizga bir dunyo mol beraman. Tadorik ko‘rib yo‘lga tushing, kechani kecha, kunduzni kunduz demay tog‘ oshing, suv keching, katta-katta shaharlardan o‘ting, dunyoning bu chekkasidan u chekkasiga keting. Rum eliga yeting. Mening o‘g‘lim ulg‘ayguncha unga munosib armug‘onlar olib qayting.
So‘ngra Boybura yigitlarga yuz tutdi:
– Siz esa, yigitlarim, Bakilning huzuriga yeting. Yuksak tog‘da gulxan qalasin, butun el-yurtimizga xabar aylasin. Hamma Boybura arslondek o‘g‘il ko‘rganidan ogoh bo‘lsin. Butun eranlar yig‘ilib kelsin, o‘g‘lim uchun katta ziyofat beraman.

* * *

…Yuksak tog‘da gulxan yonardi. Olis-olis tog‘larning boshida ham birin-ketin gulxanlar qalanardi.
Boybura katta ziyofat tuzagan edi. Tosh nog‘ora qoqilar, mushaklar oti­lardi. Qirq joyda qirq qozon qaynagan, qirq yerga qip-qizil gilamlar to‘shalgan, sakson yerga tilla bordoqlar tizilgan, qizil bodalar suzilgan edi. To‘qson yerga rang-barang chodirlar tikilgan edi – oq chodirlar, qizil chodirlar, qora chodirlar.
Boybura xotiniga aytardi:
– Xonlar xoni Bayandurni qizil chodirga o‘tqazaman – o‘g‘li yo‘q, qizi bor. Alp Aruzni qora chodirga olib kiraman – na o‘g‘li bor, na qizi. Uni Tangri qarg‘agan, biz ham qarg‘aymiz…
Oyna Malak dedi:
– Boybura, so‘zimni eshit. Podshoh – Tangrining ko‘lkasi. Podshohga osiy bo‘lgan kishining ishi o‘ng kelmaydi. Bayandurxon sening qo‘nog‘ing bo‘ladi, u seni ayamasa ham, sen uni ayagin. Uni yigitlar oldida kamsitib, qizil chodirga o‘tqazma.
Boybura xayolga toldi.
…Yigitlar bir-bir yetib kela boshlashdi. Boybura ularni xursand qarshi olar, turfa chodirlarga o‘tqazardi. Aruzga qora chodirni ko‘rsatdi. Na Boybura bir so‘z dedi, na Alp Aruz. Aruz qora chodirga kirdi, bu ayni Bayandurxonning ziyofatidagi qora chodirga mengzardi, yerga echki terisi to‘shalgan, idish-oyoq ham qop-qora, xizmatchilar ham tim qora libosda edilar. Aruz miq etmay o‘tirdi. U go‘yo muzlab qolgan edi, ammo birdan mo‘ylovlaridan qon siza boshladi. Alp Aruzning bir fe’li bor edi – jahli chiqqanda mo‘ylovlaridan qon toma boshlardi.
Ovulning narigi boshida Oyna Malak ayollarni qarshilardi. Ayollar ichida alvon ko‘ylak kiygan, injabel, sarvqomat, yosh va go‘zal bir qiz ham bor edi – Bayandurxonning qizi Burla Xotun. Burla Xotun nari borsa o‘n besh-o‘n olti yoshda edi. Burla Xotun narigi tomonga, yosh yigitlar yig‘ilgan yerga o‘qtin-o‘qtin o‘g‘rincha qarab qo‘yardi.
Dov yigitlar bir chekkada tik oyoqda turgancha gilamda o‘tirgan otalari, amakilarining suhbatiga quloq osardilar.
Bir tomonda maydon solingan, chilvir to‘siq ichiga olingan edi. Bir­ozdan so‘ng hammaning ko‘zi bu maydonga qadaldi – maydonga ko‘zlari qizargan bir buqa va bir nortuyani yetaklab chiqdilar. Bular jang uchun atay boqilgan jonivorlar edi. Uch kishi temir zanjir solingan buqaning o‘ng yonidan, uch kishi so‘l yonidan tutgan edi. Buqani maydon o‘rtasiga olib keldilar. Narigi tomondan olti kishi tuyani maydonga yetaklab kirdi.
Qo‘qqisdan buqa bir siltanib zanjirni uzdi va tuya sari emas, to‘siq tomon otildi. Maydondagilar vahmga tushib bir burchakka qisildilar. Buqa bir hamla bilan to‘siqni buzib, maydondan tashqari chiqdi. Odamlar bir-birining pinjiga suqildi. Buqa to‘g‘ri ayollar tomon yugurdi, u shox o‘qtalib alvon libosli Burla Xotunni nishonga olgan, to‘g‘ri qizning ustiga bostirib borardi. Qo‘rqib ketgan qiz olachiqqa suyanganicha toshdek qotib qolgan edi. Buqa unga yaqinlashib qoldi. Olomonning aqlu hushi yitgan, hammaning dami ichiga tushib ketgan edi. Shu payt o‘n olti-o‘n yetti yoshli yigit birdan sapchib o‘rnidan turdi, ko‘z ochib-yumguncha buqaning oldida paydo bo‘ldi, uning naq qanshariga bir musht tushirdi. Buqa turgan yerida mixlanib qoldi. So‘ng ortiga tislanib, shiddat bilan o‘g‘lonning ustiga otildi. Bu gal o‘g‘lon uning manglayiga musht tiradi. Endi har ikkisi ham turgan yerida mixlanib qolgan edi. Na buqa o‘g‘lonni sura olardi, na o‘g‘lon buqani. O‘g‘lonning tomirlari o‘qlog‘idek o‘ynab chiqdi. Buqa zo‘rlik qila boshladi. Birdan o‘g‘lon nimanidir mo‘ljallab, mushtini buqaning manglayidan shart tortdi-da, o‘zini bir chetga otdi. Buqa oyoqda tura olmay, to‘rt oyog‘i osmondan kelib qulab tushdi. O‘g‘lon fursatni boy bermay, darhol pichog‘ini chiqarib buqaning bo‘g‘ziga tortdi.
Yigit boshini ko‘tarib rang-ro‘yi oqarib ketgan alvon libosli Burla Xotunga jilmayib boqdi. Burla Xotun ham asta-sekin o‘ziga kelib, o‘g‘longa tabassum qildi.
– Ofarin, – dedi Bayandurxon, so‘ngra atrofidagi eranlarga yuz tutib ilova etdi: – Bu o‘g‘longa qilich bering, chopib yursin, kuchli ekan. Bedov ot bering, minib yursin, epchil ekan. Yelkasi burgutli po‘stin bering, dadil ekan. Dada Qo‘rqut kelib unga nom qo‘ysin.
…Dada Qo‘rqut Arslon inining boshida, Oqcha qoyaning qoshida tik oyoqda turibdi, uning qarshisida yosh o‘g‘lon bosh egib tiz cho‘kkan. Dada Qo‘rqut yigitga nom bermoqda:
– O‘g‘lim, maydonda jang qilding, jasorat ko‘rsatding, buqani o‘ldirib, g‘alaba qozonding. Umring hamisha zafarli bo‘lsin, hamisha g‘alaba qozon. Oting ham Qozon bo‘lsin. Otingni men berdim, umringni tole bersin!
Qo‘noqlar chapak chaldilar, bu otni ma’qul ko‘rdilar. Burla Xotun Qozonga, Qozon Burla Xotunga boqdi, yuraklariga ishq o‘ti tushdi.
Bayandurxon Boyburaga yuz tutib dedi:
– Boybura, taqdir nasib etsin, sening o‘g‘ilchang ham voyaga yetsin, mardlik ko‘rsatsin, tantana qilaylik. Dada Qo‘rqut unga ham ot qo‘ysin.
…Dada Qo‘rqut mozor yonida o‘tirib qo‘biz chertar, o‘z so‘zida davom etardi:
– Ot oyog‘i yugurik, baxshi tili chechan bo‘lur. Oy o‘tdi, yil o‘tdi. O‘g‘uz elida kim o‘ldi, kim dunyoga keldi. Bayandurxonning qizi, sarvqomat Burla Xotun Qozonga erga tegdi, katta to‘y qildilar, o‘ynab-kuldilar. Qozon bilan Burla Xotun Turol nomli o‘g‘il ko‘rishdi. Boybejon bu dunyodan o‘tdi, qora tuproqqa topshirildi. Boyburaning o‘g‘ilchasi ham voyaga yetdi, navqiron bir yigit bo‘ldi.
Boyburaning o‘n to‘rt-o‘n besh yoshli o‘g‘li Beyrak ot minib sayrga chiqqan. U olisdagi Ujatog‘ tomon ot solib bormoqda.
Ujatog‘ning nishabidan piyoda ketayotgan pahlavon kelbatli yosh ovchi Bakilning o‘g‘li Qoracha Cho‘pon bo‘ladi. Qoracha Cho‘pon haybatli yigit.
Dada Qo‘rqutning ovozi yangraydi:
– Ovchi Bakilning o‘g‘li Qoracha Cho‘pon sopqonining chilviri uchta echki junidan to‘qilgan, tosh joylanadigan suprasi uch yashar buqaning terisidan tikilgan edi. Har otganda o‘n ikki botmon tosh otar, otgan toshi yerga tushmasdi. Yerga tushsa ham zambarakning o‘qidek portlab ketardi. O‘rni o‘choqdek o‘yilib qolardi. Tosh tushgan yerda uch yilgacha o‘t bitmasdi. Qoracha Cho‘ponning achchig‘i chiqqanda kattakon bir toshni olib hovuchida siqar, kul qilib havoga sovurardi. Qoracha Cho‘ponning katta bir kaltagi bor edi. Uni sudrab yurganida yerdan omoch kabi darz ochardi.
Qoracha Cho‘pon kaltagini sudrab borar, yerda omochnikidek iz qolardi.
Qoracha Cho‘ponning g‘aroyib bir kelbati bor edi. Ortidan boqqan kishi shoxi tarvaqaylagan ulkan bir daraxt yurib ketyapti deb o‘ylardi, chunki u boshida kattakon o‘tin bog‘ini ko‘tarib borardi. U toshdan-toshga sakraganicha, qoyadan-qoyaga hatlaganicha Ujatog‘ning boshiga chiqdi. Bir chekkada o‘choq yasay boshladi. Otasi ovchi Bakil:
– O‘g‘lim, Cho‘pon, – dedi, – bu o‘tinni nima qilasan, nega bu yerga olib kelding?
– Boyburaning o‘g‘li bugun biznikiga mehmonga kelayotir. Bu o‘tindan o‘t yoqaman, kabob pishirib, do‘stimni qo‘noq qilaman, – dedi Qoracha Cho‘pon.
– Juda yaxshi, – o‘choqni chaqmoq toshi bilan yoqqin. Chaqmoq toshining o‘ti barakali bo‘ladi!
Boyburaning o‘g‘li yugura-yugura Ujatog‘ning boshiga, Qoracha Cho‘ponning yoniga ko‘tarildi.
…Xuddi shu paytda uzoq-uzoq yurtlardan bir tuya karvoni kelmoqda edi. Bu huv o‘sha savdogarlarning karvoni edi; uni bundan necha yillar avval Boybura Rum o‘lkasiga jo‘natgan edi. Karvon qadim shaharlar, qal’alar, xarobalar yonidan o‘tib borardi. Og‘ir yukli tuyalar tebrana-tebrana qadam tashlar, bozirgonlar ham horg‘in, uyqusiz edilar.
Boyburaning o‘g‘li bilan Qoracha Cho‘pon o‘choq boshida o‘tirib kabob yer, shirin-shirin suhbat qurardilar.
Karvon tor bir daraga tushgan, og‘ir-og‘ir olg‘a bosardi. Bu dara Qonli dara deb atalar, uning tubidan bir soy oqardi.
Bahaybat, ulkan bir kimsa tog‘ nishabida o‘tirgancha enkayib dara tubidagi soydan suv ichardi. Bu bahaybat azmonning basharasi juda xunuk va qo‘rqinchli edi, o‘zining ham faqat bitta ko‘zi bor edi – manglayining tepasida. Tepako‘z katta qaroqchi bo‘lib, yo‘l to‘sib karvon talardi. Tog‘dan yirik bir tosh dumalab keldi, Tepako‘z unga yelka tutdi, ko‘tarib bir chetga itqitdi.
Daradagi soyning ustiga kichik bir ko‘prik solingan edi. Karvon ko‘prik tomon ilgarilardi.
Soydan suv ichayotgan Tepako‘z qo‘ng‘iroqlar ovozini eshitib, bosh ko‘tarmay turib karvonni ko‘rdi, peshonasidagi yolg‘izgina ko‘zi bilan og‘ir yukli tuyalarga tikildi. Karvon ko‘prikka yetar-etmas, Tepako‘z dahshatli bir na’ra tortdi, bu na’radan tog‘u toshlar larzaga keldi.
– Hoy mayda odamchalar, – dedi Tepako‘z, – darhol to‘xtang, tuyalaringizning yukini tushiring.
– Buncha bahaybat odamsan? Seni ko‘rib ko‘rar ko‘zlarimiz ko‘rmas bo‘ldi, tutar qo‘llarimiz tutmas bo‘ldi, og‘zimiz muz, suyaklarimiz tuz bo‘ldi. Bizdan nima istaysan? – dedi keksa savdogar
– Hoy ahmoq! – dedi Tepako‘z. – Basharamga bir boqmaysanmi, go‘zal-go‘zal qizlarning, kelinchaklarning jonini ko‘p olganman. Oq soqol, qora soqol kimsalarning molini, jonini ko‘p olganman. Sizning ham molingizni, bor-yo‘g‘ingizni shilib olaman, joningizni sug‘urib olaman, etingizni qarg‘a-quzg‘unlarga yem qilaman, suyaklaringizni itlarimga g‘ajitaman. Qani, tez bo‘ling, yerga tushing, yukingizni mening mag‘oramga elting.
Tepako‘z katta bir qoyani qo‘porib tuyalar tomon irg‘itdi. Tuyalar hurkib ketdi. Bozirgonlar tuyalaridan tushib, yuklarini yecha boshladilar. Tepako‘z yuklarni o‘z mag‘orasiga eltishga amr qildi. Tog‘ning to‘shi ilma-teshik edi, mag‘oralar, g‘orlar yirtqich hayvon kabi og‘iz ochib turardi. Tepako‘zning mag‘orasi vahimali bir joy, bo‘m-bo‘sh bir saroy edi. Nimqorong‘i bu saroy kunjlarida katta-katta shamlar yonar, ularning shu’lalari mag‘ora devorlariga dahshatli ko‘lkalar solardi. Mag‘oraning shiftidan pastga osilgan, pastidan shiftga yuksalgan muz, ohak ustunlar g‘aroyib maxluqlarga mengzardi. Devorlarga yo‘l-yo‘l yo‘lbars terilari osilgan edi, har yer-har yerda suyaklar oqarib yotardi – inson suyaklari, hayvon suyaklari. Mag‘oraning o‘t-betida erigan shamlar qatlanib yotardi. Erigan sham shakllari shu qadar g‘aroyib ediki, ulardan biri og‘ushiga chaqalog‘ini olgan, boshiga ro‘mol solgan ayolni eslatardi. Devor bo‘yi cho‘zilgan katta-katta tosh ravoqlarda odam kallalari terib qo‘yilgan edi. Devorlarning yoriqlari bo‘lib, ularning orasida osilib turgan ko‘rshapalaklar chiyillashidan quloqlar qomatga kelardi. Mag‘oraga kirib kelgan savdogarlar qo‘rquvdan dir-dir titrar edilar. Tepako‘z egilib, yosh bir savdogarning qulog‘ini tishlab uzib oldi-da, chaynab-chaynab yutib yubordi. Savdogar dodlaganicha qoldi. Qulog‘ining o‘rnidan qon shovillab oqdi.
Tepako‘z quloqni chaynar ekan:
– Tez bo‘ling, imillamang, yuklarni oching, – der edi.
Savdogarlar titrab-qaqshab yuklarni ocha boshladilar.
Tepako‘z qimmatbaho mollar – ipak gazmollar, oltin-kumush, noyob toshlar, la’l-javohirlar, qurol-yarog‘larga boqar ekan, so‘lagi oqib ketdi.
– Voh, voh – deya bezakdor bir qilichni qo‘liga oldi, – shunday ajoyib qilichniki olib kelibsiz, u bilan o‘z boshingizni uzmog‘im kerak.
Savdogarlar keltirgan armug‘onlar ichida bir bo‘z ayg‘ir ham bor edi. U hali mag‘ora og‘zida, tuyalarning yonida edi. Tepako‘zning mollardan, qilichdan boshi gangib qolgan edi.
Yosh savdogar uning ko‘zini shamg‘alat qilib mag‘oradan qochib chiqdi, jahd bilan bo‘z ayg‘ir ustiga sakrab minib, qochmoqqa tushdi. Uning engil-boshi qonga belangan edi.

* * *

…Boyburaning o‘g‘li Qoracha Cho‘pon bilan quchoqlashib xayrlashdi, ot choptirib tog‘dan quyiga tushdi, bir adirdan chiqdi.
Yosh savdogar oz chopdi, ko‘p chopdi, haligi adirga yetdi, Boyburaning o‘g‘lini ko‘rib, uning yaqiniga bordi, salom berdi.
– Hoy azamat, – dedi Boyburaning o‘g‘li, – kimsan, qayerdan kelayotirsan, kim seni qonga beladi?
– Yigit, – dedi yosh savdogar, – biz savdogarlarmiz, necha yildirki, og‘alarim bilan bu yurtdan chiqib ketgandik. Olis-olis yurtlarni kezdik, qimmatbaho mollar oldik. Temir Qopqa – Darband yonida, Qonli darada bahaybat bir qaroqchi yo‘limizni to‘sdi, tanasi odam, lekin manglayida faqat bittagina ko‘zi bor. Molimizni, rizqimizni oldi, joningizni ham olaman, dedi. Qulog‘imni tishladi, chaynab yutdi, og‘alarimni asir oldi, men qochib bu yerga keldim. Yigit, yordam qil!
– Tush oldinga, yo‘l ko‘rsat, – dedi o‘g‘lon otini niqtar ekan.
– Yigit, – dedi savdogar, – u qaroqchi juda qudratli. Balki ortga qaytarsan? Sho‘rlik boshing kesilmasin, qizil qoning to‘kilmasin. Oq soqolli otang, oppoq sochli onang “voy, bolam” deb yig‘lab qolmasin.
– Bu voqeani menga aytmaganing yaxshi edi, aytdingmi, endi qaytmayman. Toki sen boshimda malomat, yuragimda hasrat bo‘lib qolmagaysan. Na iloj! O‘lsam yer quvonadi, qolsam el, – dedi o‘g‘lon.
Ular Qonli daraga yetib keldilar.
O‘g‘lon dara tubidan Tepako‘zga baqirdi:
– Hoy, Tepako‘z! Chiq bu yoqqa, jang qilamiz, yaxshi kishilarning jonini sening changalingdan qutqazgani keldim.
– O‘g‘lon, o‘g‘lon, hoy o‘g‘lon, haromzoda o‘g‘lon! – dedi Tepako‘z. – Qo‘l tekkizmasimdan jo‘nab qol bu yerdan!
– Ko‘p aljirama, it Tepako‘z. Alp yigit qo‘rqsa ayb bo‘ladi, beri chiq, urishamiz.
Tepako‘z na’ra tortib mag‘oradan chiqdi. Na’rasidan tog‘-toshlar larzaga keldi, yetti qoya yetti bora aks sado berdi, nishablikning tosh-kesagi o‘pirilib pastga quladi. Tepako‘z olti parli gurzisini olib o‘g‘lonning ustiga otildi.
O‘g‘lon qalqonini bosh uzra ko‘tarib gurziga qarshi tutdi. Tepako‘z o‘g‘lonning boshiga gurzi tushirdi. Qalqonga darz ketdi, o‘g‘longa jarohat yetdi, ammo yiqilmadi.
Tepako‘z qilichini sermadi, o‘g‘lon ham qilich soldi, rosa qilich-lashdilar, lekin bir-birlarini yenga olmadilar. Nayza olib urishdilar, buqa kabi surishdilar. Bel tutishib kurashdilar, nayzalar sindi, yer yorildi, biroq yana bir-birlarini yengolmadilar.
Tepako‘z yoyiga o‘q solib, nishon olib otdi, o‘g‘lonni yelkasidan yaraladi, alvon qoniga bo‘yadi. Tepako‘z qilich ko‘tarib o‘g‘lonning ustiga bostirib keldi, boshini tanasidan judo qilmoqchi bo‘ldi, o‘g‘lon sakrab o‘zini bir chetga oldi, kamandini kattakon bir daraxtning shoxiga tashladi-da, ipiga osilib soyning narigi tomoniga sakradi. Tepako‘z boshini burib yagona ko‘zi bilan unga qaraganda o‘g‘lon ipga osilib bir sakradi-da, soyning bu tomoniga o‘tib oldi. O‘g‘lon kamandga osilib goh u qirg‘oqqa, goh bu qirg‘oqqa sakrar, Tepako‘z esa yolg‘iz ko‘zi bilan uni ko‘rib ulgurmasdi. O‘g‘lon bu gal juda baland sakradi-da, havodan turib nishon olganicha Tepako‘zning ko‘ziga o‘q uzdi.
Tepako‘z ko‘zini ushlaganicha dodlab yubordi:
– Sho‘rlik ko‘zim, voy ko‘zim! Yolg‘iz ko‘zim, voy ko‘zim!
Ko‘r bo‘lib qolgan Tepako‘z olti parli gurzisini o‘ngu so‘l demay tushirar, uning shamolidan tuyalar qulab tushgudek bo‘lardi.
O‘g‘lon yugurib mag‘ora og‘ziga keldi, mag‘oraning bir kunjida g‘uj bo‘lib olgan savdogarlarni chaqirdi.
– Chiqinglar, – dedi u. – Endi Tepako‘z sizga ziyon yetkaza olmaydi.
Savdogarlar mag‘oradan chiqishdi. Keksa savdogar Tepako‘z ko‘tarayotgan dod-voydan titroqqa tushib:
– Hoy o‘g‘lon, – dedi, – axir mol-davlatimiz mag‘orada qoldi-ku.
– Hozir mol-davlatingizni ham olib chiqaman, – dedi-da, o‘g‘lon mag‘oraga kirib ketdi. Tepako‘z bu gapni eshitib qoldi.
– O‘g‘lon, – dedi u, – sen mening mag‘oramga kirding, endi mening qo‘limdan qutula olmaysan, jasadingni mag‘ora devoriga chalpak qilib yopaman!
Tepako‘z mag‘oraning ichiga kirib keldi. O‘g‘lon tosh ravoqlardagi inson kallalaridan birini olib Tepako‘zning qo‘liga tutdi. Tepako‘z buni o‘g‘lonning kallasi deb o‘ylab mahkam yopishdi. O‘g‘lon sirg‘alib mag‘oradan chiqdi, mollarni ham olib chiqdi.
– O‘g‘lon, qutulib qoldingmi? – deb so‘radi Tepako‘z.
– Qutuldim, – dedi o‘g‘lon.
Tepako‘z g‘azabdan yorilib ketgudek bo‘ldi, mag‘oraning ohak ustunlaridan birini quchoqlab olib chunon silkidiki, mag‘oraning devorlari larzaga keldi. Bu paytda o‘g‘lon va savdogarlar dara tubiga yetib olgan edilar. Go‘yo birdan zilzila qo‘pgandek bo‘ldi. Tepako‘zning mag‘orasi o‘z ustiga bosib tushgan edi. Qattiq bir o‘kirik yangradi, tog‘ning yarmi uchib tushdi. Tepako‘z tog‘-toshlar ostida qolib jon berdi.
Karvon Qonli darani kechib o‘tib sayhonlikka chiqdi. Keksa savdogar dedi:
– Mard o‘g‘lon! Sen jasorat ko‘rsatib, bizni o‘limdan saqlab qolding, kel endi, o‘zing yoqtirgan mollardan tanlab ol.
O‘g‘lon shoyi-ipaklarga, la’l-javohirlarga ko‘z qirini tashlab:
– Savdogarlar, – dedi, – mening dunyo moliga havasim yo‘q. Faqat bir manavi yoyni, mana bu gurzini, yana manavi bo‘z ayg‘irni bersangiz degandim.
Savdogarlar ikkilanib qoldilar. O‘g‘lon buni sezib:
– Nima bo‘ldi, ko‘p narsa so‘radimmi? – dedi.
– Yo‘q, yigit, – dedi keksa savdogar, – nimasi ko‘p bo‘lsin? Ammo bizning bir mushtariyimiz bor. Bu uch narsani o‘shaning o‘g‘liga armug‘on qilib eltayotgan edik.
– Kim o‘sha mushtariyingiz? – deb so‘radi o‘g‘lon.
– Bayot ovulidan Boybura bo‘ladi, – dedi ular, – o‘shaning o‘g‘liga eltayotgan edik.
O‘g‘lon jilmaydi, hech nima demasdan otiga qamchi bosib yelib ketdi. Savdogarlar uning ortidan boqib qolishar ekan:
– Yaxshi yigit ekan, insofli, muruvvatli yigit ekan, – dedilar.

* * *

…Karvon Boyburaning ovuliga yaqinlashmoqda edi.

* * *

…Boybura o‘z chodirida, o‘g‘li ham yonida edi. Savdogarlar kelganini eshitishgan, ularni kutmoqda edilar. Karvon ovulga kirib keldi. Savdogarlar bosh egib salom berdilar, ko‘rsalarki, ularni qutqazgan yigit Boyburaning o‘ng tomonida o‘tiribdi. Savdogarlar yugurib kelib o‘g‘lonning qo‘lidan o‘pa boshladilar. Boyburaning achchig‘i chiqib:
– Bu qanday gap, gumrohlar?! – dedi. – Ota turganda o‘g‘ilning qo‘lini o‘padilarmi?
– Bu yigit sening o‘g‘lingmi? – deb so‘radi keksa savdogar.
– Ha, mening o‘g‘lim.
– Unda, Boybura, avval uning qo‘lini o‘pganimiz uchun xafa bo‘lma. Agar sening o‘g‘ling bo‘lmaganida, biz molimizdan ham, jonimizdan ham ayrilardik. O‘g‘ling mardlik ko‘rsatib, bizni qutqarib qoldi.
– Bu o‘g‘longa endi ot qo‘ysa bo‘ladimi? – deb so‘radi Boybura.
– Albatta, allaqachon ot qo‘ymoq kerak edi, – deyishdi savdogarlar.
…Dada Qo‘rqut keldi.
– So‘zimni eshit, Boybura, – dedi u. – Sening o‘g‘ling elimizning tayanchi bo‘lsin. Buning oti bo‘z ayg‘irli Bamsi Beyrak bo‘lsin! Otini men berdim, umrini tole bersin…

* * *
Bayandurxon jon bermoqda edi. Alp Aruz, Omon, Qozon, Qorabutoq, Do‘ndar, Boybura, Beyrak va boshqa yigitlar uning boshida edilar. Bayandur to‘shagida cho‘zilib yotganicha og‘ir-og‘ir so‘zlar edi:
– Yigitlar, so‘zimni eshiting. Men bu dunyodan ketar bo‘ldim. Dunyodan to‘ymadim deb, xonlikdan qonmadim deb yig‘lamayman. Ot ustida, g‘anim bilan savashda emas, o‘z uyimda, o‘lan to‘shagimda o‘lmoqdaman deb yig‘lamayman. Yigitlar, shunisiga yig‘laymanki, o‘g‘ildan tayanchim, qardoshdan suyanchim yo‘q. Tangri meni qarg‘agan ekan, yigitlar, toj-taxtim uchun yig‘layman.
Alp Aruz, Qozon va boshqa yigitlar uning gaplarini zo‘rg‘a chidab ting­lardilar. Bayandurxon davom etdi:
– Yigitlar, gapimni eshiting, vasiyatimga yeting, men o‘lgandan keyin mamlakat buzilmasin, xonumon yiqilmasin, yog‘iylar elimizni boshsiz ko‘rib ustimizga yopirilib kelmasin. Mening toj-taxtimga bir alp yigit sohib bo‘lmog‘i kerak.
Alp Aruz uning so‘zlarini asabiy bir holda tinglab o‘tirardi. Bayandurxon gapini tugatar ekan:
– Toju taxtimni ko‘ragonim Salur o‘g‘li Qozonga vasiyat qilaman, – dedi.
Alp Aruzning mo‘ylovlaridan qon toma boshladi.
Bayandurxon ko‘zlarini yumdi. Qozon uning kaftiga bir tosh soldi. Bayandurxon so‘nggi kuchi bilan kaftidagi toshni siqib jon berdi.
Tosh nog‘ora chalindi. Yuksak tog‘ning tepasida Bakil ikkita gulxan qaladi. Tog‘dan-toqqa xabar ketdi. Cho‘qqilarda qo‘sha-qo‘sha gulxanlar lovullay boshladi.
Bayandurning janozasini o‘qib, tuproqqa topshirdilar. Ustiga tosh qo‘ydilar. Qabr uzra shamlar, chiroqlar yoqdilar.
Arslon inining boshida, Oqcha qoyaning qoshida yigitlar to‘planishgan edi. Qozon saman otning ustida yigitlar qarshisida turardi. Yigitlar ipak ayilni kamand qilib Qozonning bo‘yniga otdilar, uni otdan qulatdilar. Qozon yerda tipirchilay boshladi. Yigitlar ayilning uchlaridan ushlab qattiqroq tortdilar. Qozonning bo‘g‘ilib o‘lishiga oz qoldi. Ammo odat shunaqa – chidash kerak, bu xon saylash marosimi edi. Ayilni tortganlardan birining – Alp Aruzning ko‘zlarida shunaqangi bir kin-g‘azab bor ediki, chindan ham Qozonni shu zahotiyoq bo‘g‘ib o‘ldirishga tayyor edi. Beyrak esa, aksincha, bu marosimni yengil bir taassuf bilan ijro etardi. Nihoyat, yigitlar ayilni biroz bo‘shatib, Qozondan so‘radilar:
– Necha yil bizga xon bo‘lasan?
Qozon xirillaganicha:
– Manglayimga necha yil yozilgan bo‘lsa, shuncha, – dedi.
Ayilni Qozonning bo‘ynidan chiqarib oldilar. Uni namat ustiga o‘tqazib, boshlari uzra tutdilar-da, uch daf’a quyosh bo‘yi ko‘kka ko‘tardilar. Har davrada xaloyiq unga ta’zim qilar, tosh nog‘oraning ovozi bu marosimga jo‘r bo‘lar edi.
Qozonni Bayandurning taxtiga eltib o‘tqazdilar.
– Beyrak mening vazirim bo‘lsin, – dedi Qozon.
Bir chekkada bu manzarani kin-g‘azab bilan tomosha qilib turgan Alp Aruzning mo‘ylovlaridan tag‘in qon sizdi U shosha-pisha mo‘ylovlarini artdi.

* * *

Qorong‘i tushib qolganda Alp Aruz bir vayronada niqobli bir kishi bilan pichirlashar, u bilan nelarnidir sirlashar edi. Qora niqobli kishi bosh silkib rozilik berdi, o‘g‘rincha tablaga kirib, otlardan birining tuyog‘idagi taqalarni sug‘urib oldi, ularni ters qoqdi-da, otga minib, sassiz-sadosiz ovuldan yiroqlashdi. Yerda u minib ketgan otning tuyoq izlari ters qolgan, bu izlarni ko‘rgan kishi otliq ovuldan chiqib ketmagan, aksincha, ovulga kirib kelgan deb o‘ylar edi…
…Qipchoq Malik bosqinchi ko‘chmanchi qabilalardan birining boshlig‘i edi. Uning manzili yuksak tog‘lardagi qo‘l yetmas burgut inini eslatadigan qoyada joylashgan edi. Bu qabila kishilarining basharasi qo‘rqinchli edi. Egnilarida vahshiy hayvon terisidan po‘stin, boshlarida teri papoq, yuzlari tirtiq. Qipchoq Malikning aft-angori ham kertik edi.
Qipchoq Malikning taxti baland bir ayvonda joylashgan edi. Ayvon juda keng bo‘lib, bu Qipchoq Malikning ham taxti, ham yotog‘i edi. Bu taxt-ayvonda uning o‘zidan tashqari yana to‘qqiz nafar quralay ko‘zli, oy yuzli, o‘rma kokilli, qo‘llari bilagigacha xinoli go‘zallar ham bor edi. Qipchoq Malik ular bilan ko‘ngilxushlik qilardi. Qizlar unga tilla bodalarda ol sharob tutardilar. Qipchoq Malik hech qachon bu taxt-ayvonidan oyoq bosib tushmas, bu yerga ot ustida kelardi. Biror joyga ketmoqchi bo‘lsa ham otini naq ayvonga olib kelishar, u taxtidan to‘g‘ri otiga sakrab minib olardi. Quyida o‘ltirgan qabila jangchilari Qipchoq Malik otining tuyoqlari ostiga to‘shalishar, sardorlari ular orasidan o‘tib bo‘lmaguncha boshlarini yerdan ko‘tarmas edilar. Taxt-ayvon juda naqshinkor bo‘lib, ustunlar qimmatbaho toshlardan yasalgan, chekkalari tovus patlari bilan bezalgan edi. Ayvonning har yer-har yeriga shoxlar, gurzi ilonlarning po‘stlari osib tashlangan – bu qabila ilonga inonar, ilonga topinardi. Bosqin-chopqinlardan bo‘sh paytlarida Qipchoq Malikning bor-yo‘q qiladigan ishi ushbu taxt-ayvonda barcha jangchilarning ko‘z o‘ngida to‘qqiz mahbus qiz bilan yeb-ichish, ko‘ngilxushlik qilish edi.
Qora niqobli otliq chopib shu yerga, Qipchoq Malikning manziliga keldi. U yuzidan niqobini olmadi, kiyimini yechmadi, ammo poyabzalini yechdi – Qipchoq Malikning huzuriga faqat oyoq yalang kirilardi.
Qora niqobli otliq Qipchoq Malikka ta’zim qildi, bosh egib dedi:
– Hoy Qipchoq Malik! Nega o‘tiribsan?! Xonlar xoni Bayandurxon umrini senga bag‘ishladi, taxtini senga vasiyat qildi.
Qipchoq Malik quralay ko‘zli go‘zalning og‘ushidan zo‘rg‘a ayrilarkan, beparvolik bilan:
– Bilaman, – dedi. – Taxtu tojga otbashara Alp Aruz ko‘z tikkan edi, ammo unga Salur o‘g‘li Qozon sohib bo‘ldi. Aruz Qozondan alamini olmoqchi, mening huzurimga ham seni o‘sha jo‘natgan. Biroq Aruzga borib aytki, hali fursat yetgani yo‘q. Ilon tangrim menga yor bo‘lsa, Qozonni zabun qilaman, o‘chog‘ining kulini ko‘kka sovuraman, sho‘rlik boshini tanasidan judo etaman, qizil qoniga belayman, el-yurtini qirg‘inbarot qilaman. Uyur-uyur otlarini, qator-qator tuyalarini, suruv-suruv qo‘ylarini haydab kelaman. Suluv-suluv qiz-ayollarini huzurimga keltiraman, to‘shagimga solaman… Hali buning fursati keladi…
…Sarin-sarin tog‘ yellari esib, tog‘-toshlarning go‘zal ko‘ksiga kun tushganda Beyrak vaqtli o‘rnidan turgan, bo‘z ayg‘iriga minib ovga chiqqan edi. Qo‘qqisdan Beyrakning qarshisidan bir to‘da jayron chiqdi. Jayronlar qochdi, Beyrak quvdi, quva-quva kelib Qiz-Binafsha degan bir yaylovdan chiqib qoldi. Qarasa bu shunday joyki, gul gulga, chechak chechakka chirmashib yotibdi. Oqquvlar, turnalar, durrojlar, kakliklar chappor urib yuribdi. Sarin suvlar, o‘t-o‘lanlar, chamanlar… Bu go‘zal maskanda yam-yashil maysalar ustida bir qizil chodir tikilganini ko‘rdi.
– Yo Rab, bu chodir kimniki bo‘ldi ekan? – dedi Beyrak.
Xabari yo‘qki, bu chodir shahlo ko‘zli bir qizning chodiri. Beyrak buni bilmasdi, lekin jayronni quvlab, naq chodir yoniga kelganda otib qulatdi.
Bonuchechak chodirdan buni ko‘rib turgan edi. Enagasi Qisircha Yangaga:
– Enaga, – dedi, – bu yigit bizga mardligini ko‘rsatib qo‘ymoqchimi? Borib undan ulush so‘rab ko‘ring-chi, ne der ekan?
Qisircha Yanga chodirdan chiqib Beyrakka salom berdi:
– Hoy yigit, – dedi u, – bu jayrondan bizga ham ulush ber.
– Enajon, men ovchi emasman, – dedi Beyrak. – Bu jayronning hammasi senga qurbon. Ola qol. Lekin so‘raganning aybi yo‘q, bu chodir kimniki?
– Boybejonning qizi Bonuchechakniki.
Beyrakning qoni junbishga keldi, lekin odob ila ortiga qaytdi. Qisircha Yanga jayronni Bonuchechakka keltirdi. Bonuchechak:
– Bu yigit qanday yigit ekan? – deb so‘radi.
– Malikam, bu yigit bo‘z ayg‘irli jo‘mard yigit ekan, – dedi Qisircha Yanga.
– I-e, enajon! Otam rahmatlik menga, seni bo‘z ayg‘irli Beyrakka unashtirganman, deguvchi edi. Bu yigit o‘sha bo‘lmasin tag‘in? Chaqira qol, bir surishtirib ko‘raylik-chi.
Qisircha Yanga yigitni chaqirdi. Beyrak ichkari kirdi. Bonuchechak yuziga yashmoq tutib so‘rashga tushdi:
– Yigit, qayerdan kelayotirsan?
– Bayot ovulidan.
– Bayot ovulidan kimning farzandisan?
– Boyburaning o‘g‘li Bamsi Beyrak deganlari men bo‘laman.
– Bu yerlarga nima ish bilan, nega kelding, yigit?
– Boybejonning bir qizi bor ekan, o‘shani ko‘rgani keldim.
– U qiz senga ko‘rinish beradiganlardan emas, – dedi Bonuchechak. – Biroq men Bonuchechakning kanizagi bo‘laman. Kel, ikkalamiz poyga qilib ko‘raylik. Agar sening oting mening otimdan o‘zsa, unikidan ham o‘zadi. Sen bilan o‘q otishib ko‘raylik. Agar sening o‘qing menikidan oshsa, unikidan ham oshadi. Sen bilan bir kurashib ko‘raylik, agar meni yiqsang, uni ham yiqasan.
Ikkalasi otlanib maydonga chiqdi, ot chopishdi. Qizning oti Beyrak-ning otidan o‘zdi. O‘q otishdi, qizning o‘qi Beyraknikidan oshib ketdi.
Qiz dedi:
– Hoy yigit, shuni bilki, mening otimdan o‘zgan ot yo‘q, mening o‘qimdan oshgan o‘q yo‘q. Endi kel, kurashib ko‘raylik.
Beyrak otdan tushdi. Kurasha ketdilar. Ikki pahlavon bel ushladilar. Beyrak qizni ko‘tarib yerga urmoqchi bo‘lar, lekin qiz sirg‘alib chiqib ketar, qiz Beyrakni yiqitmoqchi bo‘lar, lekin Beyrak chap berib qutulardi.
Beyrak: “Bu qizdan yiqiladigan bo‘lsam, el-yurt ichida boshim malomatdan chiqmaydi”, – deb o‘yladi.
Epchillik bilan qizning to‘shiga yopishib qattiq siqdi, qiz kuchanib talpindi, bu gal Beyrak qizning inja belidan tutib, chalqanchasiga yerga yotqizdi, xanjarini chiqarib uning bo‘g‘ziga tiradi.
– Yigit, – dedi qiz, – Boybejonning qizi Bonuchechak men bo‘laman.
– Hoy xonim! – dedi Beyrak. – Yurtimizning qiz-ayollari ichida gap ochilib qolsa, sen turib maqtanarsan. Beyrakning otidan o‘zdim, o‘qidan oshirib o‘q otdim, deya meni sharmanda qilarsan. Shunday bo‘lishiga ko‘zim yetib, ko‘nglim sezib turibdi, seni o‘ldiraman!
Bonuchechak dedi:
– Hoy yigit. Maqtansa, er yigit, arslon yigit maqtansin! Ayolga maqtanish ayb bo‘ladi. Maqtangani bilan ayol er bo‘la olmaydi! Yumshoq to‘shak ichida sen bilan talashmadim, totli taomlar yeb so‘rashmadim, qizil chachvon ostidan so‘ylashmadim. Tez sevding, tez soviding. Yer shohid, ko‘k guvoh bo‘lsin, men sening munising, yoring bo‘lay, menga rahming kelsin!
Beyrak kuldi:
– Go‘zalim, inja belim, seni o‘ldirgani ko‘zim qiyarmidi! Jonimdan kechsam kechamanki, sendan kechmayman. Men faqat seni sinab ko‘rdim. – Shunday deya Beyrak qizdan uch bora bo‘sa oldi, barmog‘idagi tilla uzukni chiqarib qizning barmog‘iga soldi va: – O‘rtamizda bu nishon bo‘lsin, xonim, – dedi.
– Shundoq bo‘la qolsin, endi yo‘lga tushmog‘ing kerak, yigit, – dedi qiz.
– Na iloj, xonim, – dedi Beyrak. – Bosh ustiga.
Bonuchechak yerdan bir dasta o‘t terib Beyrakka uzatdi.
– Ol, – dedi. – Bu yovshan. Buni hidlaganingda meni esga ol.
…Beyrak otiga qamchi soldi. Bonuchechak uning ortidan termilib qoldi…
Beyrak otasi Boyburaning qarshisida turardi.
– Xo‘sh, o‘g‘lim, – dedi Boybura, – bugun el-yurtda nimalarni ko‘rding?
– Nimani ham ko‘rardim, otajon? O‘g‘li bor o‘g‘lini uylantirmoqda, qizi bor qizini chiqarmoqda.
– O‘g‘lim, balki seni ham uylantirmoq kerakdir?
– Siz ne desangiz shu, otajon.
– Kimning qizini olamiz senga?
– Ota, menga shunday bir qiz olib beringki, men o‘rnimdan turmasdan u tursin, men otimni minmasdan u minsin.
– O‘g‘lim, sen qiz emas, bir pahlavonni so‘rayapsanki, go‘yo uning ortidan yesang, ichsang, davron sursang.
– Ha, otajon, men shuni istayman. Siz bir noziknihol qizni olib bersangiz, yonidan yel o‘tganda yiqilib tushsa, uni nima qilaman?
– O‘g‘lim, unday bo‘lsa qiz topish sendan, mol-dunyo berish mendan.
– Topib bo‘ldim, ota.
– Kim ekan u?
– Boybejonning qizi – Bonuchechak.
Boybura xayolga cho‘mdi.
– Hoy o‘g‘lim, – dedi nihoyat u, – Bonuchechakni beshikligidayoq senga nishonlagan edik. Ammo Boybejon rahmatga ketdi, qizning ixtiyori akasi Ko‘charga qoldi. U esa g‘irt jinnining biri. Otini ham Dali Ko‘char deydilar. Singlimni erga bermayman, deb ont ichgan emish. Kimki qizni so‘rab borsa, o‘ldirar ekan.
– Unda nima qilamiz?
Boybura tag‘in fikrga cho‘mdi.
– Bu qizni kim so‘rab bora oladi? Borsa faqat Dada Qo‘rqut borishi mumkin… Zora, Dali Ko‘char Dada Qo‘rqutning qo‘bizini hurmat qilsa… Kel, bir Dada Qo‘rqut bilan maslahatlashib ko‘raylik.
– Modomiki meni jo‘natmoqchi ekansiz, mayli, boraman, – dedi Dada Qo‘rqut. – Ammo bilasizki, Dali Ko‘char kattani katta, kichikni kichik deydigan kimsa emas. Faqat menga ikkita yugurik ot keltiring. Quvlashma bo‘lsa, birini minaman, birini yetaklayman, shu tariqa jonimni qutqarib qolaman.
Dada Qo‘rqutning gapi ma’qul keldi. Ikki ot keltirdilar. Dada birini mindi, birini yetakladi, “xayr-xo‘sh” deya yo‘lga tushdi.
…Dali Ko‘char chodirining yonida qurib qolgan bir soyning o‘zani bor edi… Biroq Ko‘char bu suvsiz o‘zan ustiga bir ko‘prik qurdirgan edi, o‘tgan-qaytganni ana shu ko‘prikdan o‘tishga majbur qilar, o‘tganlardan o‘ttiz aqcha, o‘tmaganlardan ura-ura qirq aqcha olardi.
Hozir ham u bir savdogarni do‘pposlayotgan edi. Savdogar yig‘laganicha:
– Hoy yigit, nega axir bundoq qilasan, – derdi, – to‘p-to‘g‘ri yo‘l turib nega bu siniq ko‘prigingdan o‘tishga majbur etasan?
Dali Ko‘char baqirib berdi:
– Nimalar deyapsan, ahmoqdan to‘ragan ahmoq? Mendan dali, mendan kuchli er bormiki, menga qarshi chiqsa! Mening bahodirligim, mardligim Rumdan Shomgacha yetib borgan.
Yana keksa savdogarni do‘pposlar ekan:
– Ko‘prikdan o‘tmasangiz – jahannamga, lekin unda darrov qirq aqcha to‘lang, – der edi.
– Unda ayt-chi, ko‘prikdan o‘tsak necha aqcha olasan? – deb so‘radi savdogar.
– Ko‘prikdan o‘tsangiz o‘ttiz aqcha, – dedi Dali Ko‘char.
Savdogar aqchalarni Dali Ko‘charning kaftiga sanab tashladi va tuyala-rini ko‘prik ustiga boshladi.
Dali Ko‘char ularning ortidan boqib qahqaha urdi, so‘ng kattakon bir sharob bordog‘ini boshiga ko‘tardi, sharob uning mo‘ylovlariga, gardaniga, yelkasiga to‘kildi.
Shu payt Dada Qo‘rqut yetib keldi, otdan tushib, salom berdi.
Dali Ko‘char ichganicha ichib yotardi. Dada Qo‘rqutga ko‘zi tushib, sarxushlik bilan:
– Vaaleykum salom, – dedi.
Dali Ko‘char yana bir ichib olib, qichqirdi:
– Hoy amali ozgan, fe’li to‘zgan, qodir Olloh oq manglayiga qora yozgan sho‘rlik! Oyog‘i bor bu yerlarga kelolmas, og‘zi bor bu suvlardan icholmas edi. Senga nima bo‘ldi? Ajal quvlab keldimi? Bu yerlarda nima qilib yuribsan?
– Qarshidagi qora tog‘dan oshgani keldim, – dedi Dada Qo‘rqut. – Jo‘shib yotgan daryo suvini kechgani keldim. Keng etagingga, tor qo‘ltig‘ingga kirgani keldim. Oydan yorug‘, suvdan tiniq singling Bonuchechakni Bamsi Beyrakka so‘ragani keldim.
Dali Ko‘charning rangi-quti o‘chdi, bir muddat angrayganicha Dada Qo‘rqutga boqib turdi, so‘ng ilon chaqqan kabi o‘rnidan sakrab turib, bor ovozi bilan baqirdi:
– Hoy, tez bo‘ling, aytganimni bajo qiling, ayg‘irni yarog‘i bilan darhol olib keling.
Ayg‘ir va qurol-yarog‘ni keltirishgan zahoti Dali Ko‘char otga mindi, qilichini qinidan sug‘urdi. Dada Qo‘rqut ham fursatni boy bermay qochib qoldi. Dali Ko‘char uning ortidan quvlamoqqa tushdi. Dadaning ostidagi uchqur ayg‘ir horidi, Dada qo‘tir ayg‘irga sakradi. Dali Ko‘char Dadani quvlay-quvlay yetib oldi, uning boshi uzra qilich ko‘tarib, shart ikkiga bo‘lib yubormoqchi bo‘ldi.
– Chopadigan qo‘ling qurib qolsin, – dedi Dada Qo‘rqut.
Birdan Dali Ko‘charning qo‘li havoda muallaq qoldi.
– Voy-dod, yordam bering, – deya baqirdi Dali Ko‘char, – Dada, qo‘limni sog‘aytsang, singlimni Beyrakka beraman.
– Bo‘pti, – dedi Dada Qo‘rqut, – qo‘lingni tushir.
Dali Ko‘charning qo‘li asl holiga qaytdi. Qo‘lini tushirdi va so‘radi:
– Singlim uchun nima so‘rasam berasizmi?
– Beramiz, xo‘sh, nima so‘raysan?
– Mingta tuya keltiring… Mingta ayg‘ir keltiring… Mingta qo‘chqor ko‘rmagan qo‘y, mingta dumsiz, quloqsiz it keltiring. Ming dona burga keltiring.
– Nima, burga?
– Ha, burga! Ming dona. Agar aytganimdan bir dona kam keltirsangiz, hozir o‘ldirmadim, o‘shanda o‘ldiraman.

* * *

Dada Qo‘rqut qayrilib Boyburaning ovuliga yo‘l oldi.
Boybura so‘radi:
– Dada, o‘g‘lonmisan, qizmisan?
– O‘g‘lonman, – dedi Dada.
– Xo‘sh, Dali Ko‘charning qo‘lidan qanday qutulding?
– Ham qutulib qoldim, ham qizni olar bo‘ldim.
Dada Qo‘rqut Dali Ko‘charning shartlarini Boyburaga so‘zlab berdi. Avvaliga kuldilar, so‘ng Boybura fikrga toldi.
– Yaxshi, Dada, – dedi u, – boshqasini men hozir etsam, burgalarni o‘zing topasanmi?
– Topaman.

* * *

…Dali Ko‘charga uyur-uyur shahboz otlar, qator-qator nortuyalar, suruv-suruv qo‘y-qo‘chqorlar ketardi.
Dali Ko‘char ko‘prik yonida turib olib bordoqdan sharob ichganicha hammasini bir-bir sanamoqda edi.
– Uch o‘ttiz, besh o‘ttiz, o‘n o‘ttiz…
Nihoyat itlarni ham sanab bo‘ldi.
– Ming, – dedi va birdan Dada Qo‘rqutga yuzlanib: – Xo‘sh, Dada, – dedi, – mening burgalarim qani?
– O‘g‘lim Ko‘char, – dedi u, – burgalarning hammasini bir yerga yiqqanman, sanab ko‘r, tanlab ol, semizlarini olgin, oriqlari qolsin. Yur ortimdan.
Dada Qo‘rqut Ko‘charni bir og‘ilxonaga boshlab keldi.
– Yechin, – dedi u.
Dali Ko‘char shir yalang‘och bo‘lib yechindi. Dada Qo‘rqut uni og‘ilxonaga kiritib eshigini mahkamladi. Og‘ilxona liq to‘la burga edi. Burgalar Dali Ko‘charga yopirilishdi. Ko‘char qarasa, ish chatoq, dodlay boshladi:
– Voy-dod! Yordam! Dada, rahm qil, Xudo haqi, eshikni och, chiqib olay.
Dada Qo‘rqut tashqarida jilmayib turar, beparvolik bilan:
– O‘g‘lim Ko‘char, nega dod-voy solasan, – der edi, – so‘ragan burgalaring-da, axir! Sanab ko‘r, rosa ming dona! Balki senga yoqmagandir?! Semizlarini ajratib ol, oriqlari qolaversin.
Dali Ko‘char hamon qichqirardi:
– Voy, Dada, voy-dod, Dada! Buning semizini ham, orig‘ini ham Xudo ko‘tarsin. Meni bu yerdan qutqar, Dada, sho‘rlik boshim qurbon bo‘lsin senga. Dada, yordam ber!
Ko‘charning faryodi ko‘kka o‘rlardi. Dada Qo‘rqut eshikni ochdi. Yap-yalang‘och Ko‘char og‘ilxonadan tashqariga otilib chiqdi, a’zoyi badani shishgan, hatto yuz-ko‘zi ham ko‘rinmasdi. Dali Ko‘char Dadaning oyog‘iga yiqildi:
– Xudo haqi, meni qutqar, – dedi u. – Qo‘y-qo‘zilarimning hammasini senga qurbonlik qilaman.
– Yugur, o‘g‘lim, o‘zingni suvga ot, – dedi Dada Qo‘rqut.
Dali Ko‘char soy bo‘yiga yugurib bordi-da, o‘zini suvga otdi.

* * *

Dada Qo‘rqut yelib-yugurib Bayot ovuliga keldi. Olisdan:
– Suyunchi! Suyunchi! – deb qichqirar edi.
Boybura uning qarshisiga chiqib, otning qanshariga bitta tuxum urib sindirdi.
Boyburaning uyida to‘y tadorigi boshlandi.
Qizning uyiga jo‘natiladigan qo‘y-qo‘chqorlarning shoxiga qizil durra bog‘ladilar, tumshuqlariga, tuyoqlariga xino qo‘ydilar. Otlarning bo‘yniga popuk osdilar, tuyalarni bezab-bejadilar.
…Bonuchechak o‘z chodirida Beyrakka oq ko‘ylak tikmoqda edi…
…Bo‘g‘ozcha Fotima Beyrakning onasi Oyna Malakning, uch singlisi – Gunoy, Oysel va Gunelning sochlari, qo‘llari, oyoqlariga xino qo‘ymoqda edi.
…Qisircha Yanga Bonuchechakning sochlari, qo‘llari, oyoqlariga xino qo‘ymoqda, yonoqlariga upa-elik surmoqda, qosh-ko‘zlariga surma chekmoqda edi…
…Tong saharlab Beyrak o‘rtoqlari bilan Bayot ovulining yonidagi sayhonlikka chiqdi.
Yigit uylanayotganda o‘q otishi, o‘qi qayerga borib tushsa, kuyovlik chodirini o‘sha yerga tikishi kerak edi.
Beyrak ham kamon tortib, o‘q otdi. O‘q tushgan joyga chodir tikdi. Yigitlar chodirga kirishdi.
Beyrak safidagi yosh yigitlardan birining nomi Yalinchiq edi. U sirtdan kulib sevinsa ham, yuragi qon yig‘lardi. Qudalar Bonuchechaklarnikiga xil-xil liboslar olib kelishdi. Bonuchechak tikkan oq ko‘ylakni Beyrakka hadya qildilar. Beyrak chodiriga kirib, oq ko‘ylakni kiyib chiqdi. O‘rtoqlaridan biri:
– Muborak bo‘lsin, yaxshi kunlaringda kiyib yur, – dedi.
– Ayt-chi, nega ko‘zimga xafa ko‘rinasan? – deb so‘radi Beyrak.
– Nega ham xafa bo‘lmaylik, – dedi boshqa bir o‘rtog‘i. – Sen yangi ko‘ylak kiyding, biz esa hamon eski ko‘ylakda yuribmiz.
– Buning nimasiga xafa bo‘lasiz? – dedi Beyrak. – Bugun men kiyibman, ertaga sen kiy. Yetti kecha-etti kunduz to‘y bo‘ladi, har kuni bittangiz kiying, so‘ng birorta darvishga berib yuboramiz.
Etti kecha-etti kunduz to‘y bo‘ldi. Yigitlar Qo‘buston qoyatoshlariga solingan ho‘kiz, echki, kiyiklar tasvirini nishon olib o‘q otdilar, ot chopdilar, qilichbozlik qildilar, kurashdilar, o‘yin tushdilar. Har kuni Beyrakning oq ko‘ylagini boshqa bir yigit kiyar edi.
…Qiz-Binafsha yaylovida ham to‘y taraddudi edi. Bonuchechakka to‘y liboslarini kiygizmoqda edilar. Qisircha Yanga qiz qarshisiga ko‘zgu tutib turar, onasi uning boshiga qizil matodan salla bog‘lamoqda edi.

* * *

Ovul chekkasida bir vayrona bor edi. Kechasi oy yorug‘ida bu vayronada g‘aroyib ko‘lkalar paydo bo‘lardi. Unda daydi itlar izg‘ib yurar, boyqushlar nola qilardi. Vayronaning bir devori ostida ikki kishi pusib turardi. Ularni ko‘lkalaridan tanish mumkin edi: biri – Alp Aruz, ikkinchisi qora niqobli kishi edi.
– Demak, Qipchoq Malik shoshmayapti, fursat kelishini kutayotir, – dedi Alp Aruz. – Unda boshqa tadbir ko‘ramiz. Boyburd qal’asining xoqoni bilan savdolashamiz, qani, bo‘l, yugur. Porasorning Boyburd qal’asiga xabar olib bor. Xoqonga aytki, Dali Ko‘char singlisini uning jiyaniga va’da qilgan edi, endi so‘zidan qaytdi. Qizni bo‘z otli Beyrakka berdi. Ertaga kechqurun chodirga kiradilar. Aytki, Beyrakni o‘rtadan ko‘tarsalar, Qozonning beli sinadi. Uning suyangan orqa tog‘i Beyrak bo‘ladi.
Qora niqobli kishi sakrab otiga mindi. U ot choptirib borarkan, zinhor tuyoq tovushlari eshitilmas edi. Otliq zulmat og‘ushida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

* * *
Bonuchechak chodirida cho‘zilib yotar, chodirning ochiq eshigidan samoga, Karvonkush yulduziga boqar, yostig‘i yoniga yiqqan yovshan dastalarini hidlab qo‘yar, ko‘ziga uyqu inmasdi.
…Beyrak ham o‘z chodirida yovshan hidlar, Karvonkush yulduziga boqqanicha xayol surardi. Sekin-asta uni mudroq bosdi, ko‘zlari yumilib, uyquga ketdi.
Beyrakning chodiri kimsasiz, chek-chegarasi yo‘q cho‘lning o‘rtasida edi. Yetti yig‘och masofada na bir uchqun ko‘rinar, na bir tovush eshitilardi. Beyrakning bo‘z ayg‘iri olisda, yilqi ichida edi. Bo‘z ayg‘irning bir xislati bor edi, qachon yog‘iy hidini olsa, tuyoqlari bilan yer tepinar, to‘zoni ko‘kka chiqardi. Hozir ham u tuyoq tepinib yerning to‘zonini chiqardi, pishqirdi, kishnadi, biroq uning ovozini eshitadigan kishi yo‘q edi.
Kecha zulmatida sassiz-sadosiz kelgan sakkiz otliq jimgina otdan tushdi, atrofga qo‘rqa-pisa alanglab, chodirga yaqinlashdi. Yettovlon qo‘lda yo‘g‘on bir arqon bilan chodirga kirdi, biri tashqarida poyloqchi bo‘lib qoldi. Chodirdan bo‘g‘iq bir tovush eshitildi, birozdan so‘ng undan haligi yetti kishi chiqib keldi. Ular arqon bilan chandib bog‘langan, og‘ziga latta-putta tiqilgan Beyrakni chodirdan sudrab chiqib, otga o‘ngardilar. Otliqlar qanday pusib kelgan bo‘lsa, xuddi shunday sassiz-sadosiz g‘oyib bo‘ldilar. Yettovlon ketdi, biri esa shunda qoldi. Qolgan kimsa o‘sha qora niqobli kishi edi. Otliqlar uzoqlashib ketgandan so‘ng qora niqobli kishi qilichini yalang‘ochlab, cheksiz bir nafrat va g‘azab bilan chodirni chopishga tushdi, shunda ham g‘azab-hikkasi sovimagach, oti bilan chodir ustiga chiqib, ot tuyoqlari ostida chodirni yer bilan yakson qildi-da, so‘ng tun og‘ushiga otildi.

* * *

Qozonning devoniga yigitlar to‘plangan, Dada Qo‘rqut ham shu yerda edi.
– Dada, sen nima maslahat berasan? – dedi Qozon.
– Yer ostini ilon biladi, yer ustini inson, – dedi Dada Qo‘rqut. – Yigitlarni jo‘nat, to‘rt iqlimdan so‘rat. Beyrakning yo o‘lik, yo tirigidan xabar keltirsinlar.
– Omon kunchiqarga, Do‘ndar kunbotarga ketsin, – dedi Qozon. – Qorabutoq Olatog‘ning janubidan xabar keltirsin. Yalinchiq Qaziliq tog‘ining shimolidan xabar keltirsin. Beyrakning tirigidan xabar keltirganga mol-dunyo in’om etaman, o‘ligidan xabar keltirganga Bonuchechak nasib etadi.
Yigitlar otlanib, to‘rt tomonga yelib ketdilar.
Boshqalar intizor qoldi. Qozon xabar kutdi, Bonuchechakning ko‘zlari yo‘lga qadaldi, Beyrakning otasi, onasi, singillari to‘rt yo‘l kesishgan joyga chiqib turdilar.
Omon qaytdi, boshini sarak-sarak qilib:
– Beyrakni ko‘rdim degan kimsa bo‘lmadi, – dedi.
Do‘ndar qaytdi, ko‘zini yerga tikib:
– Izi-daragi yo‘q, – dedi.
Qorabutoq qaytib kelib:
– Beyrakdan nom-nishon topmadim, – dedi.
Yalinchiq yetib keldi, otdan tushib ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi.
– Sho‘rlik Beyrak, og‘ajonim, – dedi, – murod-maqsadiga yetolmagan o‘rtog‘im.
– Yalinchiq, qanday xabar olib kelding? – deb so‘radi Qozon.
– Qanday xabar bo‘lardi, xon Qozon? Bu xabarni keltirganimdan keltirmaganim yaxshi edi. Nomard dushman Beyrakni olib qochibdi, yo‘ldayoq jasadini tog‘dan uloqtirib, qarg‘a-quzg‘unga yem qilibdi.
– Buni qaydan bilding?
Yalinchiq yig‘lay-yig‘lay to‘rvasidan Beyrakning qizil qonga bo‘yalgan, Bonuchechak tikkan o‘sha ko‘ylagini chiqarib ko‘rsatdi.
– Bu Beyrakning ko‘ylagi, – dedi u. – Qaylig‘i tikkan edi.
– Biz buni tanimaymiz, – dedi Qozon. – Eltib qaylig‘iga bering, o‘zi tikkan, o‘zi biladi.
…Ko‘ylakni Bonuchechakka olib keldilar, Bonuchechak qizil qonga bo‘yalgan ko‘ylakni ko‘rgan zahoti zor-zor yig‘lashga tushdi:
– Voy shoh yigitim, voy shahboz yigitim, eshigimning to‘rasi, yigitlarning sarasi, yuzingga to‘yib boqolmadim, qayga ketding meni yolg‘iz tashlab, voy Beyrak!
…Bayot ovulida faryod qo‘pdi, Boybura sallasini olib yerga urdi, ko‘k kiyib, qora bog‘ladi, yoqasini yirtib, “o‘g‘lim, o‘g‘lim” deya ho‘ngir-ho‘ngir yig‘ladi. Oyna Malak sochlarini yuldi. Singillari: “Voy og‘am, jon og‘am! Murod-maqsadiga yetmay ketgan yolg‘iz og‘am”, deya o‘ksina-o‘ksina yig‘ladilar.
Beyrakning singillari oq liboslarini yechib, qora kiydilar. Qozonxon ham oq libosini yechib, qora kiydi, Beyrakning do‘st-o‘rtoqlari, butun O‘g‘uz yigitlari oq liboslarini yechib, qora kiydilar, umidlarini uzdilar. Beyrakka aza tutdilar.
Beyrakning onasi, singillari, Bonuchechak Beyrakning kiyimlarini o‘rtaga uyib marsiya aytdilar:
– Voy o‘g‘lim, voy og‘am, voy Beyrak! Oyday kelding, kunday botding. Ketgan og‘am, ketgan bolam, voy-voy!..
Beyrakning bo‘z otining quyrug‘ini kesdilar, ot ustiga Beyrakning kiyimlarini, qonli ko‘ylagini ortdilar, uning ustidan qora o‘rtik yopdilar, otni qop-qora qilib bezadilar. Beyrakning otasi, onasi, singillari, Bonuchechak otning oldiga tushib el-yurtni kezdilar, yer bilan yakson bo‘lgan chodir yoniga keldilar.
Oyna Malak dedi:
– Chodiri go‘ri bo‘lgan bolam, Tangri bir mozorni ham ko‘p ko‘rgan bolam.
Birdan bo‘z ayg‘ir pishqirganicha ustidagi kiyim-kechaklarni yer bilan bitta qildi, so‘ng qay tomongadir yelib ketdi. Uning ortidan tushmadilar. Ot chopa-chopa olislab, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

* * *

Xinoliq kentidagi Boyburd qal’asi baland tog‘lar og‘ushida, bulutdan ham yuksak bir yerda joylashgan edi. Tog‘ to‘shidagi burama yo‘ldan qal’a sari yetti otliq chiqib borardi. Otliqlarning oldida qo‘llari orqasiga bog‘langan, oyog‘iga kishan solingan bir piyoda ketardi. Bu Beyrak edi. Qal’aning temir darvozalari ochildi, otliqlar ichkari kirgach, temir darvozalar tag‘in yopildi…

* * *

Dada Qo‘rqut o‘z mozori boshida o‘ltirib qo‘biz chalmoqda.
– Beyrakning ahvoloti hali uzun, bu ahvolotning hali davomi bor.
Ammo endi kimdan aytay, Bakildan aytay…
Bakil kunlarning birida yana ovga chiqqan edi, Qozonxondan chopar keldi, Bakilni Qozonning devoniga da’vat qildi.
Bakil yoyi bilan tutgan jayronlarining quloqlarini kertmoqda edi, ovini ham ko‘tarib Qozonning devoniga keldi, jayronlarni Qozonga hadya qildi.
Qozon Bakilga qilich, cho‘qmor, bir yaxshi ot va yaxshi po‘stin berilsin deb amr etdi. Shu payt Do‘ndar kirib keldi. U ham ovdan qaytgan, jayron ovlagan edi. Ovlagan jayronini Bakilning oldiga qo‘ydi.
– Bakil, bu sening halol moling, – deya jayronning kertik quloqlarini ko‘rsatdi.
Yigitlar kulishdi.
– Bu hunar Bakilnikimi yo otiniki? – dedi Alp Aruz.
– Albatta, Bakilniki, – dedi Omon.
Etti yillik ol sharobning hovuri Qozonning boshiga urgan edi.
– Yo‘q, ot epchil bo‘lmasa, Bakil ham maqtana olmaydi. Bu hunar otniki, – dedi Qozon.
Bu gap Bakilga xush kelmadi. U o‘rnidan turdi, Qozonga yuzlanib:
– Yigitlar ichida bizning nomusimizni loyga qording, – dedi. Bakil Qozonning hadyalarini uning oldiga to‘kib, devondan chiqdi. Otini keltirdilar, minib uyiga qaytdi.
Xotini unga peshvoz chiqib:
– Begim, – dedi, – Qozonxonning devoniga shod ketib, xafa qaytdingiz, nima bo‘ldi?
– Qozonning bizdan nazari qolgan, – dedi Bakil. – Qozonxondan xafa bo‘ldim.
– Begim, unaqa demang, o‘zingizni bosing, – dedi xotini, – shoshib xulosa qilmang, ko‘ngil g‘ash bo‘lsa, sharob yozadi. Sharob iching. Siz ketib, Olatog‘ ov ko‘rmadi. Ovga chiqing, ko‘nglingiz yozilsin.
Bakil o‘ylab ko‘rsa, xotinining so‘zi, maslahati to‘g‘ri, darhol otlanib ovga chiqdi.
Ov ovladi, qush qushladi, birdan qarshisidan yarador bir jayron chiqdi. Bakil uning ortidan ot soldi. Jayron bir qoyadan o‘zini pastga otdi, Bakil otining jilovini to‘xtata olmay jayron ortidan jarga quladi. O‘ng oyog‘i qoyaga urilib sindi. Bakil shalvorining ostidan oyog‘ini qattiq siqib bog‘ladi. Oti uni ovulga olib keldi. O‘g‘li Qoracha Cho‘pon Bakilga peshvoz chiqdi. Qarasa, otasining rang-ro‘yi o‘chgan, sallasi osilib yelkasiga tushgan.
– Senga ne bo‘ldi, ota? – dedi Qoracha Cho‘pon.
– Biroz tobim yo‘q. O‘g‘lim, meni otdan tushir, to‘shagimga eltib yotqiz, – dedi Bakil.
Qoracha Cho‘pon otasini otdan tushirib, to‘shagiga eltib yotqizdi, chakmonini ustiga tashlab, eshikni yopdi.
Bakil oyog‘i singanini hech kimga bildirmadi, lekin kechasi to‘shagida oh-voy qilib ingrashga tushdi.
Xotini uning yoniga kelib:
– Begim, sizga nima bo‘ldi? Ahvolingiz qalay? Er o‘z qo‘ynida quchib yotgan jufti halolidan ham sir yashiradimi? – dedi.
– Otdan yiqildim, oyog‘im sindi, – dedi Bakil.
Xotini dod-voy qilib bu gapni singlisiga aytdi, singlisi borib qo‘shnisiga aytdi. O‘ttiz ikki tish orasidagi sir butun ovulga yoyildi.
…Qora niqobli kishi bu xabarni dushmanga yetkazdi.

* * *

Porasordagi Boyburd qal’asining xoqoni Qora Arslon ziyofatida sog‘da o‘ltirgan sog‘ beklar, so‘lda o‘ltirgan so‘l beklar taxtda o‘ltirgan xoqonning qo‘liga muntazir edilar. Qora Arslonning oldidagi mis laganda butunligicha o‘tda toblab pishirilgan bir to‘qli bor edi. Qora Arslon qo‘lidagi uzun xanjari bilan to‘qli etini bo‘laklarga bo‘lar va har bir bekka egallagan joyi va mavqeiga qarab bu etdan ulush ulashar edi. Qora Arslon va beklar ishtaha bilan yeyishga tushdilar. Xoqon eshik og‘asiga ishora qildi:
– Asirni olib keling.
Beyrakni ichkariga olib kirdilar. Uning ko‘zlari cho‘kib, tanib bo‘lmas qadar ozib-to‘zib qolgan, sochi o‘sib soqoliga tutashib ketgan edi. Beyrakning engil-boshi ham aftoda bir ahvolda: shalvori tizzasidan, ko‘ylagi tirsagidan yirtilib tushgan; bu g‘ariblik, asirlik nishonasi edi. Beyrakning qo‘llari bog‘langan edi. Og‘izlarini chilpillata-chilpillata to‘qli etini yeyayotgan beklarga boqishidan bilish mumkin ediki, u necha kundan beri och edi. Ammo u o‘zini dadil ko‘rsatar, dushmanlari qarshisida boshini tik tutib turardi.
Qora Arslon Beyrakka so‘z qotdi:
– Tepako‘z haromini zabun etgan, Bamsi Beyrak deb nom chiqargan yigit senmisan?
– Ha, menman!
– Bilasanmi seni nega olib qochdik? Sen bizniki bo‘lishingni istaymiz. O‘g‘uz elida nima ko‘rding? Cho‘l-sahroda yashashdan, qishloqdan yaylovga, yaylovdan qishloqqa ko‘chib yurishdan, ot ustida umr kechirishdan nima topding, yigit? Bu yerga kel, saroyda yashab qol, shoyi-ipak to‘shaklarda yot, lazzatli taomlardan tanovul et, go‘zal qizlar xizmatingda bo‘lsin. Yegin, ichgin, kayf chekib, safo qil. Lekin bitta shartimiz bor. Avval olti ming qo‘shin bilan O‘g‘uz eliga borasan, u tog‘larning, dala-dashtlarning yo‘lu so‘qmog‘ini sendan yaxshi biladigan kishi yo‘q. O‘g‘uz elini tor-mor etib qaytsang, senga beklikni beramiz, taxt-toj beramiz, oltin-zar baxsh etamiz, go‘zal qizlarni in’om qilamiz.
Beyrak bir muddat jim qoldi, ishtaha bilan et chaynayotgan beklarga boqdi, so‘ng og‘ir-vazmin so‘z boshladi:
– Dada Qo‘rqut aytardiki, “qora eshak boshiga yugan taqqaning bilan ot bo‘lmaydi. Mard yigit o‘z yurtiga yot bo‘lmaydi”. O‘z naslimni, o‘z ildizimni qirqmayman, o‘z uy-eshigim turganda begona eshikni qoqmayman… Qo‘lingga tushibmanmi, hoy olchoq, o‘ldir meni. Sol qilichingni, boshimni ol. Qilichingdan, xanjaringdan qo‘rqadigan joyim yo‘q.
Qora Arslon g‘azab bilan:
– Eltib zindonga soling buni, o‘zi yolvormaguncha chiqarmang. Zindonda irib-chirib ketsin, – dedi.
Beyrakni eltib tagi-tubi yo‘q qorong‘i bir zindonga tashladilar. Zindonning og‘ziga kattakon bir tegirmon toshi bostirdilar. Bir parcha nonini, bir qultum suvini tegirmon toshining teshigidan tushirar edilar…

* * *

Bir kuni Yalinchiq va Dali Ko‘char Qozonning devoniga keldilar, tiz cho‘kib, bosh egdilar. Yalinchiq dedi:
– Davlatli xonimizning umri uzun bo‘lsin! Beyrak yo‘qolganiga bir yil bo‘ldi. O‘zing, Beyrakning xabarini keltirganga Bonuchechak nasib bo‘ladi, deb va’da qilgan eding. Bu xabarni men olib keldim. Qizning akasi ham rozi. Endi maslahat senda qoldi.
Qozon Dali Ko‘charga yuz burdi, Dali Ko‘char bosh silkib Yalinchiqning so‘zlarini tasdiqlab turdi. Qozon Dali Ko‘chardan so‘radi:
– Xo‘sh, qizning o‘zi ne deydi?
– Qiz Beyrakning o‘limiga bir ishonib, bir ishonmaydi, – dedi Dali Ko‘char. – Muhlat so‘rayotir. Men bir yil kutaman, bir yilda kelmasa, ikki yil kutaman, ikki yilda kelmasa, uch yil kutaman. Uch yilda ham kelmasa, kimga bersangiz roziman, deydi.
– Shundoq bo‘la qolsin. Bir yil o‘tdi, yana bir yil o‘tsa, unashtirasan. So‘ng yana bir yil o‘tsa, to‘yini qilasan!
…Bayot ovulining yo‘l chekkasidagi bir tosh ustida beli bukilgan, ko‘zlari ko‘r bo‘lgan chol o‘tirardi. Bu Boybura edi. Qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi. Boybura boshini ko‘tardi. Ko‘r ko‘zlarini noma’lum bir nuqtaga qadadi.
– Hoy yo‘lovchi! Kimsan, qaydan kelib, qayga ketayotirsan? – dedi.
– Bu biz bo‘lamiz, Boybura, savdogarlarmiz, – dedi keksa savdogar. – Olis safarga ketayotirmiz. Yalinchiq bizni mol olib kelgani jo‘natmoqda. To‘yiga va’da olibdi.
– Savdogarlar, bir ehtimol, – dedi Boybura, – yaxshi niyat – yorti mol! Yuksak tog‘lardan o‘tsangiz, olis yurtlarga yetsangiz, o‘g‘ilginamning daragini bir so‘rab ko‘ring. Balki chekka bir iqlimda uning o‘lik-tirigini biladigan bordir.
– Arqayin bo‘l, Boybura, – dedi keksa savdogar, – qayga borsak Beyrakning daragini izlaymiz. Topsak topdik. Topmasak, Tangri berdi, Tangri oldi deysan-da, boshqa na ilojing bor?
Savdogarlar yo‘lga ravona bo‘lishdi, qo‘ng‘iroq sasi olislab borardi. Ko‘r ko‘zlarini qo‘ng‘iroq ovozlari ortidan tikib qolgan Boybura pichirladi:
– Qorong‘i ko‘zlarimning nuri-chirog‘i o‘g‘lim, uyimning suyangan tog‘i o‘g‘lim, qaydasan, bolam?..
* * *

Porasordagi Boyburd qal’asining chuqur zindonida yotgan Beyrakning ko‘zlari endi zulmatga ko‘nikib qolgan edi. Biroq bu yerda zindonning zax devorlaridan bo‘lak nimani ham ko‘rish mumkin? Beyrak g‘ujanak bo‘lib yotar edi. U zindonning tosh devorlarini siypalar ekan, birdan toshlardan birining nam ekanini sezdi, bu toshdan suv sizib turardi. Beyrak toshni tebratdi, tosh ko‘chib, o‘rnidan suv oqa boshladi. Beyrak yana bir necha toshni qo‘porgan edi, bir lahim ochildi. Bu lahim yer osti daryosidan chiqardi. Beyrak lahimdan surina-surina daryoga tushib suza boshladi, suv oqimi uni boshqa bir lahim og‘ziga olib keldi. Beyrak bu lahimdan surinib keng bir yerto‘laga chiqib oldi. Bu yer osti maqbarasi bo‘lib, unda yer ustidagi mozorlar kabi aynan bir xil qolipdagi qabr toshlari qo‘yilgan edi. Xoqonning qarindosh-urug‘lari shu yerga ko‘milgan edi. Beyrak qabrlarni tomosha qilarkan, oyoq tovushlari eshitildi, u bir burchakka yashirindi. Qarasa, xoqon Qora Arslonning xotini Despina Xotun bu yerga tushib kelib, qabrlardan birining oldiga bordi. Despina Xotun et, sut, xilma-xil lazzatli taomlar, sharob olib kelgan edi. Barchasini ushbu qabr oldiga terib qo‘ydi. So‘ng qabrga murojaat qilib:
– Bobojon, – dedi, – senga bugun qurbonlik qilingan qo‘zining o‘tda toblangan etini keltirdim, bu kecha tushimda emib yurgan qo‘zi go‘shtini istar emishsan. Yetti yillik sharob olib keldim. Sut-qaymoq keltirdim. Erta senga qovurilgan jo‘ja go‘shti olib kelaman. Ko‘ngling nima tilasa, tushimda aytaver, hammasini muhayyo qilaman. Toki sen hech narsaga zor qolmagaysan.
Despina Xotun egilib qabrni tavof qildi-da, sekingina chiqib ketdi. Beyrak yashiringan yeridan chiqib, avval taajjub bilan u yoq-bu yoqqa alangladi, so‘ng voqeani anglab, kuldi. Beyrak shuni tushunib yetdiki, bularning aqidasiga ko‘ra, marhumlar taom yer, sharob ichar ekanlar. Beyrak kula-kula boboyning yemaklarini ishtaha bilan tushirdi, sharobini ichdi, rosa to‘yib olgach, surina-surina o‘z zindoniga ketdi. Yuqoridan unga bir parcha non bilan bir qultum suv tushirdilar.

* * *

Ertasi kuni xuddi o‘sha vaqtda Beyrak yana o‘sha yo‘l bilan maqbaraga kelib yashirindi. Birozdan so‘ng Despina Xotun yemak-ichmak olib keldi. Qarasa, qabr ustida faqat suyak-sayoq va bo‘sh sharob bordog‘i turibdi, sevinib ketib:
– Bobojon, yeb-ichganing yaxshi bo‘libdi, ajoyib, – dedi. – Mening o‘z qo‘lim bilan tayyorlagan taomlarni xush ko‘rishingni aytarding-ku, axir. Endi bundan so‘ng hamisha o‘zim pishiraman, chunki xizmatkor-cho‘rilar hozirlagan taomlar yuragingga botmas, ye, ich, osh bo‘lsin.
…Despina Xotun yer yuziga yo‘l oldi.
…Beyrak ishtaha bilan taomlanishga tushdi.

* * *

Bir kuni Despina Xotun keltirgan sharob juda o‘tkir chiqdi. Beyrak mast bo‘lib, qabrning yonida yiqilib qoldi, ko‘zini ochganda tepasida turgan Despina Xotunni ko‘rdi. Ayol dahshatdan ola-kula bo‘lib ketgan ko‘zlarini unga tikkandi. Beyrak qarasa, xotinning qo‘rquvdan yuragi yorilib ketgudek, shuning uchun shosha-pisha:
– Qo‘rqma, xonim, – dedi, – men o‘lik emas, tirik odamman, xoqon eringning asiri Bamsi Beyrak bo‘laman.
Despina Xotun atrofda sochilib yotgan tovuq suyaklarini, bo‘sh bardoqni ko‘rib, hammasini tushunib yetdi.
– Bobomning ulushini senmi yeyayotgan? – deb so‘radi.
– Ha, xonim, – dedi Beyrak, – men yeyapman.
Despina Xotun ma’yus tortib:
– Ko‘pdan berimi? – deb so‘radi.
– Sen pishira boshlagan kundan.
Ayolning chehrasi shu qadar g‘amgin ediki, Beyrakning unga rahmi keldi.
– Xonim, – dedi u, – bobong o‘z yemaklarini menga beradi, qarib qolganman, tishlarim yo‘q, deydi. Sharob ham ichmaydi. Ammo asalni, qaymoqni hamisha o‘zi yeydi.
Despina Xotun biroz o‘ziga kelib:
– Haliyam insofli odam ekansan, – dedi, – hammasini qo‘lidan tortib olmas ekansan! Rostini ayt, qaysi dunyo yaxshi, bu yermi yoki yer yuzi?
– Nima desam ekan, bu yer ham yomon emas, – deya qabrlarni bir-bir ko‘rsata boshladi Beyrak, – bular menga yaxshi xizmat ko‘rsatadilar. Biri kiyim-kechagimni yuvadi, biri cho‘miltiradi, biri beliga mindirib aylantiradi.
Beyrak so‘zlagan sari Despina Xotun qabrlarga bir-bir boqarkan:
– Voy, kiyim-kechagingni xolam yuvadimi, tog‘am seni cho‘miltiradimi? – deya hayajonlanar edi. – Yo‘qsa, hoy yigit, seni beliga mindirib yuradigan mening keksa buvim ekan-da?
– Bo‘lmasam-chi, – dedi Beyrak, – o‘liklaringizning ichida undan yo‘rg‘asi yo‘q. Ko‘pincha men o‘shani minaman.
Despina Xotun boshini mushtlashga tushdi:
– Voy sening bo‘yning uzilsin, sizlarning dastingizdan na yer yuzida tirigimiz, na yer ostida o‘ligimiz qutula oladi!
Despina Xotun yugurganicha xoqonning huzuriga keldi.
– Karam qil, ulug‘ xoqon, – dedi u. – O‘g‘uzni zindondan chiqarib ol. Buvijonimning belini sindiradi u. Yer ostida buvijonimni minib yurar emish. Qolgan o‘liklarni o‘ziga xizmatkor qilib olibdi. Bobojonimga eltgan taomlarni tortib olib yer ekan. Uning dastidan na o‘ligimizga kun bor, na tirigimizga. Dinimiz haqi, chiqarib ol uni zindondan!..

* * *

Beyrak o‘z zindonida o‘tirar edi. Zindonchi pastga narvon tushirib, Beyrakni chaqirdi:
– Xondan yer yuziga chiqishing uchun amr bo‘ldi.
Beyrakni yer ustidagi zindonga soldilar. Zindonning tor derazasiga temir panjaralar parchinlangan edi.
Kech tushganda Beyrak bu panjaralar orasidan yulduzli osmonga boqar, yulduzlar orasidan Karvonkush yulduzini topib olardi.
…Bir juft shahlo ko‘z ham Karvonkush yulduziga boqardi. Yosh to‘la shahlo ko‘zlar. Bonuchechakning hasratli ko‘zlari. Bonuchechak Beyrakdan uzoq-uzoqlarda, baland-baland tog‘larning, jo‘shqin-toshqin suvlarning ortida, Qiz-Binafsha yaylovida, o‘z chodirida yotganicha yulduzli samodan Beyrakning yulduzini axtarar edi.
…Bayot ovulining bir chetida Boybura ham ko‘r ko‘zlarini yulduzli samoga tikkan edi.
…Oy yorug‘ida yo‘llardan bir karvon ketib borardi. Savdogarlar karvoni. Sekin-asta tong oqarib, oq bilan qora farqlanib bormoqda edi.
…Beyrak ham ko‘z yumgani yo‘q edi. Atrof yorishganda u zindonning tor panjarasidan mudhish bir manzarani ko‘rib qoldi: uzoqda, baland bir minora uchiga inson kallasi sanchib qo‘yilgan edi. Beyrak tor panjaraga yopishib, boshini yuqori cho‘zib qaradi va katta bir maydonni ko‘rdi. Maydonning to‘rt tomonida minoralar tiklangan va ulardan ko‘pchiligining uchiga inson kallalari sanchilgan edi.
Beyrak zindonchini chaqirib so‘radi:
– Anavi kallalar qaysi sho‘rliklarning kallasi? Nega u yerga sanchib qo‘yilgan?
Zindonchi javob berdi:
– Qora Arslon xoqonning dunyoda eng go‘zal bir qizi bor, otini sariq libosli Seljon Xotun deydilar. Kulli olamning yigitlari o‘sha qizga oshiq, har kuni eshigiga sovchi bo‘lib kelishadi. Xoqonning bir arsloni, bir qora buqasi, bir nortuyasi bor – har biri bir ajdahoga teng. Xoqon shart qo‘ygan: kim qizga talabgor bo‘lib chiqsa, o‘sha ajdaholar bilan kurashmog‘i kerak. Ularni yengib chiqqan kishi Seljonni oladi, yengilganning boshi dorda qoladi. Hali bu uch ajdahoni hech kim yenga olgani yo‘q. Anavi o‘ttiz ikki minoraga sanchilgan boshlar ham o‘ttiz ikki yigitning boshi, ulardan hech biri arslon bilan tuyani ko‘ra olgani yo‘q, hammasi birinchi jangdayoq buqaning shoxidan halok bo‘lishgan.
– Yosh-yosh yigitlarning bir qizni deb buqa shoxidan halok bo‘lishlari insofdanmi? – dedi Beyrak. – Bor, xoqoningga xabar qil, maydonga meni chiqarsin, men u ajdaholarni o‘ldirib, navqiron yigitlarning jonini saqlab qolaman.
Xoqonga xabar yetdi. Dovullar qoqildi, karnaylar chalindi. Beklar, a’yonlar, amirlar maydonga to‘planishdi. Xoqonning qizi sariq libosli Seljon Xotun alohida ko‘shkda o‘tirar edi. Yonida yetti nafar injabel qiz bor edi.
Beyrakni maydonga boshlab keldilar.
– Bu bahodirni onadan tug‘ilgandek yalang‘och qiling, – dedi xoqon.
Beyrak yechindi, tilla kamarini beliga bog‘ladi.
Qiz ko‘shkdan tomosha qilib turar edi. Beyrakni ko‘rganda kuyikkan g‘unajindek og‘zidan so‘lagi oqib ketdi, yigitga oshiq bo‘lib, yonidagi qizlarga dedi:
– Olloh otamning ko‘ngliga rahmu shafqat solsin. Unashtirib, meni shu yigitga bersin… Shunday yigitning hayvonlar dastidan halok bo‘lishi hayf emasmi, axir?
Zanjir bilan kishanlangan buqani maydonga yetaklab keldilar. Buqa tiz cho‘kib, shoxini marmar toshga urdi, tosh shisha kabi chil-chil bo‘lib ketdi.
Beyrak bir sog‘iga, bir so‘liga boqib dedi:
– Sariq libosli Seljon Xotun ko‘shkdan boqar, kimga boqsa ishq o‘tida yoqar, sariq libosli qiz ishqida hamma “oh” tortar…
Beyrak buqa tomon otildi. Buqaning zanjirini yechib, maydonga soldilar, jonivor olmos nayza kabi shoxlarini o‘qtalib Beyrak tomon yugurdi.
Beyrak buqaning qanshariga chunon bir musht tushirdiki, u cho‘nqayib qoldi, Beyrak uning qanshariga mushtini tirab, maydondan surib chiqardi, ko‘p kurashdilar, na buqa yengardi, na Beyrak. Buqa og‘zini ko‘pik bosdi. Beyrak buqa qarshisidan chetga sakradi. Buqa munkib qulab tushdi. Beyrak uning dumidan tutdi-da, uch karra aylantirib yerga urdi. Buqaning suyak­lari mayda-mayda bo‘lib ketdi. Beyrak uni bosib turib, bo‘g‘ziga pichoq tortdi. Boshini kesib olib, xonning oldiga eltib otdi.
Seljon Xotun sevinganicha o‘rnidan sapchib turdi.
– Bu yigitga ko‘zim tushdi, yuragimga ishq tushdi, – dedi.
– Hayvonlarning sarvari arslon bo‘ladi, – dedi xoqon, – u bilan ham o‘yin ko‘rsat.
Arslonni olib keldilar, u shunday bo‘kirdiki, maydonda qancha ot bo‘lsa, hammasi qon siyib yubordi.
– Bu sho‘rlik buqadan qutuldi, arslondan qanday qutular ekan? – dedi Seljon Xotun qizlarga qarata.
– Sariq libosli qiz ishqida arslondan qaytamanmi? – dedi Beyrak.
Arslon bostirib keldi. Beyrak nazoratchilardan birining yopinchig‘ini olib qo‘liga o‘radi-da, arslonning panjasiga uzatdi, so‘ng arslonning qanshariga bir musht tushirdi, arslon gangib qoldi. Beyrak uning belini sindirdi, loshini eltib xoqonning oldiga otdi.
– Bu yigitga ko‘zim tushdi, yuragimga ishq tushdi, – dedi Seljon Xotun qizlarga.
– Hayvonlarning podshohi tuya bo‘ladi. U bilan ham o‘yin ko‘rsat, – dedi xoqon.
Tuyani olib keldilar. Beyrak bir aylanib tuyaning chotiga kirdi, bir aylanib chotidan chiqdi. Ikki hayvon bilan kurashib holdan toygan, mastga o‘xshab gangib qolgan edi. Epini qilib tuyani yengolmasdi. Olti jallod Beyrakning boshiga kelib, qilich ko‘tarib turdi.
Tuya Beyrakni Seljon Xotun o‘tirgan ko‘shk ostiga siqib bordi. Beyrak yiqilib tushdi. Yotgan joyidan yuqoriga qarasa, Seljon Xotun unga ishora qilmoqda.
Seljon egilganicha Beyrakka pichirlab:
– Yigit, tuya tumshug‘idan zabun bo‘lishini bilmaysanmi? – dedi.
Beyrak so‘nggi kuchini to‘plab tuyaning tumshug‘iga yopishdi, tuya bo‘kirib yubordi, oyoqda tura olmay qulab tushdi. Beyrak uni bosib turganicha ikki yeridan bo‘g‘izladi, terisidan ikkita qayish kesib, xoqonning oldiga eltib tashladi.
– Qizimni shu yigitga berdim, – dedi xoqon.
– Uch hayvonni o‘ldirgani evaziga yakkayu yolg‘iz qizginamizni oladimi? – dedi Despina Xotun.
– Ha, – dedi xoqon, – xoqon bergan va’dasidan qaytmaydi, buning ustiga, bu yigit bizga qarindosh bo‘lsa, yo‘lga solishimiz oson bo‘ladi.
So‘ng Beyrakka yuzlanib:
– Yigit, – dedi, – Seljon Xotunni senga berdim.
– Menga sening qizing kerak emas, – dedi Beyrak. – Mening maqsadim jo‘mard yigitlarni sening ajdaholaringdan qutqarmoq edi. Meni o‘z elimda ko‘z ochib ko‘rgan, ko‘ngil berib sevgan qaylig‘im kutib turibdi.
Xoqon bu so‘zlardan qattiq g‘azabga kelib:
– Olib keting bu nonko‘rni, yana zindonga soling! – dedi.
Tunda Beyrak zindonning bir kunjida g‘ujanak bo‘lib yotar edi. Birdan zindonning og‘ir eshiklari ehtiyotkorlik bilan ochildi. Ichkariga jang libosini kiyib olgan bir kimsa kirib keldi. U qilichini yechib, devorga osdi, so‘ng kiyimlarini bir-bir yecha boshladi. Bu Seljon Xotun edi.
Seljon Beyrakning to‘shagiga kirdi. Beyrak o‘rnidan sakrab turdi, Seljonning qilichini olib yalang‘ochladi-da, qiz bilan o‘zining o‘rtasiga qo‘ydi.
– Qilichni olib qo‘y, yigit, – dedi Seljon, – murod ber, murod hosil qil.
– Yo‘q, xoqonning qizi, – dedi, – mening hasratim bor. Ikki yildirki, otangning mahbusiman. Otam, onam, qarindosh-urug‘im, shahlo ko‘zli yorimning hasratida qolganman.
– Hoy yigit, ular uzoqda, men esa yoningdaman. Ular seni allaqachon unutib yuborishgan, qaylig‘ing allaqachon erga tegib ketgan. Meni ol, ola ko‘rpa ostida talashaylik.
– Yer yorilib, yerga kiray, to‘zon bo‘lib sovrilay, o‘z qilichimda to‘g‘ralay, o‘z o‘qimga sanchilib o‘lay. O‘g‘il ko‘rmayin o‘tay, ko‘rsam ham o‘n kundan ortiq yashamasin, agar men ota-onamning yuzini ko‘rmay sen bilan bu to‘shakka kirsam.
Seljon Xotun turib kiyina boshladi.
– …Yaxshi, men ketaman, – dedi u, – ammo shuni bilki, sen bir umr bu qal’ada tutqun bo‘lib qolasan. Hech qachon ota-onangning, yoringning yuzini ko‘rmaysan. Ular uzoqda, men esa yoningdaman. Har kecha yoningga kelaman.
– Men ham har kecha o‘rtamizga qilich qo‘yib qo‘yaman.
– Nima qipti? Ko‘raylik-chi, kim kimdan ustun kelar ekan. Oxiri bir kecha bu qilichni qinidan chiqarmay qo‘yasan.

* * *

…Savdogarlar karvoni farsax-farsax yo‘l bosib borardi…

* * *

Dada Qo‘rqut o‘z mozorining yonida o‘tirib qo‘biz chertar, so‘z aytardi:
– Savdogarlarning o‘zi yo‘lda, Bonuchechakning ko‘zi yo‘lda, Beyrak Porasardagi Boyburd qal’asida tutqun, endi sizga kimdan aytay, Qozon o‘g‘li Turoldan aytay…
Qaziliq tog‘ining etagida alvon lolazorlar yastanib yotardi. O‘n olti-o‘n yetti yoshli Turol bu lolazordan lola terib yurardi. U o‘n to‘rt kunlik oydek ko‘rkam bir yigit edi. Tergan gullarini dasta qilib bog‘ladi, adirdan pastga enib, majnuntol ostidagi buloq tomon yurdi.
Majnuntol bulog‘ining boshiga qiz-kelinchaklar yig‘ilgan edi. Qizlardan bir nechasi bosh barmog‘iga ip bog‘lab olgan, suv ustidan bir necha bor sakrab o‘tgach, ipni kesib suvga otar edilar. Bu ularning tezroq er qilish niyatidagi irimlari edi.
Beyrakning singlisi Gunel ham buloq boshida edi, ammo u qizlardan bir chetda g‘amga cho‘mib o‘tirar, ko‘zasiga suv olish uchun navbat kutardi.
Bo‘g‘ozcha Fotima uning yoniga kelib:
– Gunel, – dedi, – onangning ahvoli qalay?
– Qanday bo‘lsin? Yig‘layverib uning ko‘zlari ham otamniki kabi ko‘r bo‘lib qoldi, – dedi Gunel.
– Taqdirga tadbir qilib bo‘lmas ekan. Beyrakning manglayiga shu bitgan ekan-da, – dedi Fotima xo‘rsinib. – Bilasanmi, shu kuzda Bonuchechakning muhlati tugaydi. Akasi uni Yalinchiqqa erga beradi.
Gunel indamadi, ammo ko‘ngli to‘lib kelib, ko‘zlaridan mo‘ltir-mo‘ltir yosh oqa boshladi, yuzini chetga burib ich-ichidan yig‘ladi. Fotima qizning yarasiga tuz sepganini sezib qoldi. Uzoqdan kelayotgan Turolni ko‘rib so‘zini o‘zgartirdi:
– Unga qara-ya, Gunel, – dedi, – Qozonxonning o‘g‘li Turol shu tomonga kelayotir.
Gunel bu gapdan cho‘chib ketgandek bo‘ldi, u ham qayrilib o‘sha tomonga qaradi.
Fotima ayyorona jilmayib:
– Boshqa mahal hech bu yerdan o‘tmas edi, – dedi. – Qachon sen buloqqa kelsang, yo‘lini shu yerdan soladi. Hoy qiz, nega qizarib ketding, yo oralaringda bir gap bormi? Rostini ayt, mening sochim shunaqa ishlarda oqargan. Nimasiga uyalasan, har bir qiz bir yigitniki-da. Ayniqsa, yigit shundoq ko‘rkam, navqiron bo‘lsa, o‘zi ham kimning o‘g‘li – Qozonxonning o‘g‘li. To‘g‘ri, otasiga aslo o‘xshamaydi, otasidek yag‘rindor emas, xuddi qizlarday uyatchan, ammo hali yoshgina bir yigit-da, nimani ham bilardi?
Gunel ko‘zasini suvga to‘ldirar ekan, Turol tomonga qarab-qarab qo‘yardi. Bo‘g‘ozcha Fotima rosa pishang berardi:
– Borsang-chi, sho‘rlikni ko‘p kuttirib qo‘yma…
Gunel ovulga qarab yurdi. Turol qizga yondoshib:
– Salom, Gunel, – deya lola dastasini unga uzatdi.
– Voy, buncha chiroyli bu lolalar! – dedi Gunel.
– Qaziliq tog‘ining yuqorisi lolazor bo‘lib yotibdi, – dedi Turol, – adir alvondek qizarib ketgan, ana u tomonga bir qara.
Gunel qayrilib boqdi, ammo tog‘ tomon o‘girilayotganda yuzlarini yashmoq bilan yaxshilab bekitdi, faqat ko‘zlari ochiq qoldi.
– Gunel, nega sen tog‘larga boqqanda hamisha yashmoq tortib, yuzingni yashirasan?
– Buni bizga onamiz o‘rgatgan, – dedi Gunel mayingina jilmayib, – onamizga esa buvimiz o‘git bergan. Aytishlaricha, Qaziliq tog‘i bizning – O‘g‘uz qiz-kelinlarining qaynatasi hisoblanar ekan. Shuning uchun ham bu toqqa boqqanda hamisha yuzimizni bekitamiz.
Turol ham jilmaydi. So‘ngra bir muddat jim qoldilar. Turolning manglayiga reza-reza ter tepchigan edi. Yuragida asrab yurgan gapi bo‘lib, uni aytmoqchi bo‘lar, lekin ayta olmasdi. Bayot ovuliga ham yetib kelishdi. Birdan Turol:
– Gunel, senga bir so‘zim bor, – dedi. – Baland-baland tog‘larim sening yayloving bo‘lsin. Gunel, mening ko‘z ochib ko‘rganim sen bo‘lasan, senga ko‘ngil berganman. Endi gap senda qolgan.
– Oh, Turol, – dedi Gunel. – Qo‘y, meni nomussiz kelin deguncha, nomussiz qiz desinlar, uyatsiz qiz deguncha, baxtiqaro qiz desinlar. Men qayda-yu, erga tegish qayda? Men ham, singillarim ham ahd qilganmiz: Beyrakning o‘lik-tirigini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmaguncha, biror yigitni sevar bo‘lsak, erga tegsak, bizni sariq ilon chaqsin.
Ovul ichiga kirdilar. Gunel Turolga lolalarni qaytarar ekan:
– Xafa bo‘lma, Turol, – dedi, – lolalar juda chiroyli ekan, lekin men bu gullar bilan azador uyimizga qanday qilib kiraman, ota-onamning, singillarimning yuziga qanday qarayman?
Gunel burilib ketdi. Turol uning ortidan g‘amgin boqib qoldi. O‘tovdan o‘ksik-o‘ksik yig‘i sasi kelardi.
…Yo‘l chekkasidagi tosh ustida Boybura o‘tirar, ko‘r ko‘zlari yo‘lga tikilgan edi…

* * *

…Qozon xonning devonida yigitlar saf-saf bo‘lib o‘tirgancha yeb-ichish bilan mashg‘ul edilar. Qozon yigitlariga g‘urur bilan tikilar, o‘ngga boqib jilmayar, so‘lga boqib shodlanar edi.
– O‘g‘lim Turol qani? – deya qo‘qqisdan so‘rab qoldi u.
Alp Aruz pinhona bir istehzo bilan:
– Boya uni Qaziliq tog‘ining etagida ko‘ribdilar, gul-chechak terib yurgan emish, – dedi.
Qozon tutilib qolib:
– Tangri menga o‘g‘il bermagan, o‘g‘il qiyofasida qiz bergan, – dedi.
Xuddi shu payt Turol kirib keldi, qo‘lida lola dastasi bor edi. Buni ko‘rib Qozonning qoshlari battarroq uyildi. Bu hol hech kimning nazaridan chetda qolmadi, Turol ham buni sezib xafa bo‘ldi.
– Qozon otam, – dedi u, – shod-xurram o‘tirgan eding, meni ko‘rib qoning qaynadi, sababi nedir, ayt menga, sho‘rlik boshim qurbon bo‘lsin, otam, senga.
– O‘g‘lim! – dedi Qozon, – Sog‘ tomonimga boqdim – inim Qorabutoqni ko‘rdim, bosh kesib, qon to‘kib nom qozongan. So‘l tomonimga boqdim – Alp Aruzni ko‘rdim, bosh kesib, qon to‘kib nom qozongan. Qarshimga boqdim – seni ko‘rdim, o‘n olti yoshga kirding, bosh kesganing, qon to‘kkaning yo‘q. Bu o‘tirganlarning har biri o‘tirgan joylariga, yegan yemaklariga qilichlari, o‘qlari bilan sazovor bo‘lganlar. Sen devonimga qachon istasang kelasan, yigitlarni bosib o‘tib xohlagan joyingga o‘tirasan, lekin qachon hunar ko‘rsatasan?
– Ota, – dedi Turol, – bosh kesib, qon to‘kish ham hunar bo‘ptimi?
– O‘g‘lim, gap qon to‘kishda emas. Gap shundaki, sen devonimda na eshikni mensiysan, na teshikni, hanuzgacha biror jasorat ko‘rsatganing yo‘q. Na ov ovlading, na qush qushlading, na yoy tortding, na o‘q otding. Ana, qo‘lingda ham qilich emas, gul-chechak. Agar ertaga men o‘lib-netsam, taxt-tojimni senga bermaydilar, axir. Orqa-oldinni o‘ylab, dard chekaman-da.
– Ayt-chi, hoy ota, – dedi Turol, – hunarni o‘g‘il otadan ko‘rib o‘rganadimi yoki ota o‘g‘lidan o‘rganadimi? Sen qachon meni ovga olib chiqding, qachon yoy tortish, o‘q otish, qilich chopishni o‘rgatding?
Qozon kaftini kaftiga urib qahqaha otdi va dedi:
– Yigitlar! Turol yaxshi aytdi. Rostdan ham yota-yota yonboshimiz og‘ridi, tura-tura belimiz quridi. Men bu o‘g‘lonni ovga olib chiqaman. Ov ovlaylik, qush qushlaylik, qaytib kelib birgalikda yeb-ichaylik.
– Balli, Qozon og‘am, bu yaxshi maslahat, – dedi Qorabutoq.
– Qozonxon, bu yaxshi maslahat, – dedi Omon.
– Qozon, bu yaxshi maslahatku-ya, – dedi Alp Aruz, – biroq to‘qqiz tuman yo‘lda Qipchoq Malikning lashkari turibdi, yurtni kimga topshirib ketasan?
– Qipchoq Malikning yurtimga bostirib kirgani haddi sig‘arkanmi? – dedi Qozon.
– O‘zing bilasan, – dedi Alp Aruz.
– Men bu yigitchani olib borib, o‘zim jang qilgan, nayza sanchgan, qilich chopgan joylarni ko‘rsataman. Keyinchalik unga asqotadi! – dedi Qozon.

* * *

Qozon bilan o‘g‘li Turol qurol-yarog‘larini olib otga mindilar. Burla Xotun chodirdan chiqib, “o‘g‘ilginamning birinchi ovga chiqishi”, deya unga xayr-duo berdi, otining ortidan bir kosa suv sepdi.
Qozon bilan Turolning ortidan bir juft ko‘z adovat, kin-nafrat bilan boqib turar edi, bu Alp Aruzning ko‘zlari.
Qozon bilan Turol ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Alp Aruz yigitlarga:
– Yigitlar, – dedi, – Qozon ovulidan chiqqanida uning devonida o‘tirib olib yeb-ichish bizga yarashmaydi. Keling, biz ham hammamiz o‘z ovulimizga ketaylik. Qozon bilan o‘g‘ilchasi ovdan qaytganida ularga peshvoz chiqaylik.
Yigitlarga bu so‘z ma’qul tushdi.

* * *

Alp Aruz vayronada qora niqobli chopar bilan gaplashmoqda edi.
– Otingni qushdek uchir. Yetti yig‘och yo‘lni yetti lahzada kech. Qipchoq Malikka xabar yetkaz. Qozon bilan o‘g‘ilchasi Surmalida, Darashmada ovda yuribdilar, ikkalasidan boshqa hech kim yo‘q, deb ayt. Tadbirini ko‘rsin. Boshqa bunday fursat kelmaydi, deb ayt.
…Qora niqobli otliq shamoldek yelib ketdi.
…Qozon bilan Turol anchagina ov qilgan edilar. Bir o‘rmon chekkasida, buloq bo‘yida manzil tutib, o‘choq qurib, kabob pishirgan edilar.
…Qozon bilan Turol kabob yeb, yetti yillik sharobdan ichmoqda edilar. Sharobning hovuri Qozonning boshiga chiqdi, ko‘zini uyqu oldi. O‘g‘uz yigitlari bir uxlaganda yetti kecha-kunduz uxlar edilar. Xullas, shunday qilib, Qozonning ko‘zini uyqu bosdi. U o‘g‘liga:
– O‘g‘lim, mening ko‘zimni uyqu bosdi. Biroz uxlab olay. Sen menga posbon bo‘lib tur! – dedi.
Qozon uyquga ketdi, xurragidan tog‘-toshni larza tutdi. Turol otasining atrofida aylanib yurdi. Birdan uning qo‘lidagi ov burguti havoga ko‘tarildi. Uchib borib o‘rmonning quyuq bir yeridagi daraxtga qo‘ndi. Ma’lum bo‘lishicha, Qipchoq Malik bu yerga bir qo‘riqxona qurdirgan, g‘oz, tustovuq, jayron, tovushqonlarni bir yerga to‘plab, tuzoqqa solgan ekan. Yosh bola buni qayerdan bilsin? Burgut ortidan u ham o‘rmon tomon yo‘l oldi. “Otam uyg‘onguncha parrandayu darranda ovlab kelaman, otam uyg‘onib ko‘rsin, quvonsin, shod bo‘lsin”, deya otini o‘rmon ichiga surdi. Turol o‘rmonga kirar-kirmas to‘rt tomondan ustiga to‘r otdilar, oltmish nafar qurol-yaroqli kishi qo‘liyu og‘zini bog‘ladi. Bo‘yniga, oyog‘iga kishan soldi. Oq badanidan qon chiqquncha savaladilar, qo‘li bog‘liq, bo‘yni bog‘liq yigitni oldlariga solib olib ketdilar. Turol tutqun tushdi.

* * *

Qora libosli, qurol-yarog‘li yog‘iylar qo‘qqisdan bosib bordilar. Qozon yotgan yerga keldilar. Qozon qattiq uyquga ketgan, xurragi yeru osmonni tutgan edi. Oltmish kishi baravariga Qozonning ustiga tashlandi, qo‘l-oyog‘ini chandib bog‘lashdi. Uni bir aravaga ortib, yana ustidan arqon tortib bog‘ladilar. Qozon uyg‘onish u yoqda tursin, tebranib ham qo‘ymadi, xurrak otib yotaverdi. Arava yo‘lga tushdi.

* * *

Qozonning ovulida hali hech kimsaning hech narsadan xabari yo‘q edi. Qizlardan biri olislardan ko‘tarilgan chang-to‘zonni ko‘rib Burla Xotunga dedi:
– Jayron to‘dasi o‘tmoqda, shekilli, ko‘targan chang-to‘zonini ko‘ring.
Burla Xotun u ko‘rsatgan tomonga boqib, xavotirda dedi:
– Jayron to‘zoni bo‘lsa, bir yo ikki bo‘lak bo‘lardi. Bu kelayotgan yog‘iyga o‘xshaydi.
To‘zon tarqadi. Kun bo‘lib shu’lalandi, dengiz bo‘lib chayqaldi, o‘rmon kabi qoraydi. Uzangisi it suratiga o‘xshash, namat bo‘rk kiygan, yuragi qora, quzg‘unbashara olti ming dushman suvoriysi Qozonning ovulini bosqin etdi.
Qozonning oq kigiz o‘tovlarini, chodir-olachiqlarini kesib-chopdilar, g‘ozbo‘yin qiz-kelinlarini chirqiratdilar. Tabla-tabla shahboz otlarini oldilar. Qator-qator nortuyalariga kamand soldilar. Mo‘l-ko‘l xazinasini, oltin-kumushlarini taladilar. Qirq nafar injabel qiz bilan sarvqomat Burla Xotun asir tushdi.

* * *

– Qozonning belini sindirdik, – dedi Qipchoq Malik.
Sho‘kli Malik:
– Qozonda bir alamimiz qoldi, – dedi.
– Qanday alamimiz qoldi?
– O‘g‘uzlarning Temir darvoza – Darbandda o‘n ikki ming qo‘yi bor. Ularni ham qo‘lga kiritsak, Qozonning alamidan chiqqan bo‘lardik.
– Olti yuzta otliq borib, o‘sha qo‘ylarni haydab kelsin, – dedi Qipchoq Malik.
Olti yuzta otliq Temir darvoza – Darbandga yo‘l oldi.
…Turol, qo‘llari bog‘liq, otlar oldida borardi.
…Qirqta injabel qiz ichida sarvqomat Burla Xotun tutqunlikda ketardi.
…Qozon aravada xurrak otib yotardi…
…Yuksak tog‘ning cho‘qqisida Qoracha Cho‘pon tosh ustida o‘ltirar edi. U qo‘qqisdan olislardagi chang-to‘zonni ko‘rdi. To‘zon ortib, dunyoni tutib yaqinlashib kelardi. Go‘yo samum-girdibod ko‘tarildi, tog‘-toshlarni qoplab oldi. Qoracha Cho‘pon otasi Bakilning yoniga keldi. Tamomila madori qochgan Bakil to‘shagida yuztuban yotardi.
– Ota, – dedi Qoracha Cho‘pon, – u yoqqa qara, bulut kabi bostirib kelayotgan bu nima bo‘ldi ekan? Olov kabi gurillab, yulduz kabi porillab kelayotgan bu nima bo‘ldi ekan, og‘iz ochib sharhu bayon qilgin menga, sho‘rlik boshim qurbon bo‘lsin, ota, senga.
Bakil tirsagiga tayanib turdi, uzoq-uzoqlarga tikildi, bu kelayotgan yog‘iy ekanini bildi.
– Beri kel, arslon o‘g‘lim! – dedi. – Dengizdek toshib kelayotgan bu balo yog‘iydir, o‘g‘lim!
– Yog‘iy deganlari nima, ota?
– O‘g‘lim, o‘g‘lim, hoy o‘g‘lim. Yog‘iy – Qipchoq Malik bo‘ladi, o‘g‘lim. Uning uch o‘q otsa biri ham xato ketmagan kamonchisi bor. Voh demasdan boshlar uzgan jallodi bor. Odam etidan qovurma qilgan oshpazi bor. Yog‘iy bizni yomon paytda g‘aflatda qoldirdi. Belimning kuch-quvvati bo‘lgan o‘g‘lim, bu yurtga ne balo keldi, boshimga ne savdo keldi? Ko‘pdan buyon O‘g‘uz yigitlaridan ayrilganimni, yiqilib oyog‘imni sindirganimni yog‘iy sezib qolgan, sening hali g‘o‘r ekaningni bilgan, meni yolg‘iz ko‘rib, quturganicha bostirib kelgan, bor, tog‘imizning tepasiga chiqib ikkita gulxan yoq, O‘g‘uz yigitlari bilsin, ogoh bo‘lsin. O‘zing darhol Qozonxonning huzuriga bor, qo‘lini o‘p, otam egilib qolgan, sillasi qurib qolgan deb ayt. Qozonxon yigitlarini to‘plasin, darhol menga yordamga kelsin, kelmasa, yog‘iy yurtimizni talon-toroj etadi, suruvlarimizni haydab ketadi, elimizni och-yalang‘och qoldiradi. Yurtimiz buzilib xarob bo‘ladi.
– Ota, nega behuda gaplarni so‘ylaysan, nega yuragimni dog‘laysan?! – dedi Qoracha Cho‘pon. – Gulxan yoqib yordam so‘raydigan yerim yo‘q. Qozon kim bo‘libdi? Uning qo‘lini o‘padigan joyim yo‘q. O‘zimga nima qilibdi… Kuch-quvvatimni ana shu kunga asragan edim, fursati keldi. Bilagimning kuchini, yuragimning o‘chini ana shu kunga asragan edim, muddati keldi. Arslon deya qozongan otimni ana shu kunga asragan edim, payti keldi.
Bakilning ko‘zlari yoshlandi:
– Bo‘y-bastingdan o‘rgilay, aytgan so‘zingga qurbon bo‘lay, o‘g‘lim, – dedi. – Bilagingga Tangrim kuch-qudrat ato etsin!
Qoracha Cho‘pon qo‘ylarini qo‘raga soldi, uch joyda tepa bo‘yi tosh uydi, palaxmonini qo‘liga oldi.
Olti yuz otliq yetib keldi, Cho‘ponga qarab baqirdi:
– Hoy Cho‘pon! Qozonxonning el-yurtini vayron etdik, mo‘l-ko‘l xazinasini qo‘lga kiritdik, bizniki bo‘ldi. Qirqta injabel qizi bilan Burla Xotunni asir etdik, bizniki bo‘ldi. Cho‘pon, sen ham pastga tush, boshing egib ta’zim qil, bizga mute bo‘l. O‘g‘iz elining qo‘ylarini ham haydab tush, seni o‘ldirmaymiz, Qipchoq Malikning huzuriga boshlab boramiz, u senga mol-dunyo beradi, o‘ziga amiroxur qilib oladi.
Qoracha Cho‘pon tog‘ tepasidan turib javob qildi:
– Ko‘p aljirayverma, ko‘ppak! Men birovning bo‘yinturug‘iga kirmayman. Keladiganing bo‘lsa, ko‘radiganini ko‘radi.
Yog‘iylar bu so‘zni eshitib, ot chopdilar, o‘q otdilar.
Qoracha Cho‘pon palaxmoniga katta-katta toshlarni solib otaverdi. Har otganda ikki-uch yog‘iyni qulataverdi. Yog‘iylarning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi.
Cho‘ponning toshi tugadi, endi palaxmoniga qo‘y demay, echki demay solib otaverdi, har otganda yog‘iyning to‘rt-beshini qulataverdi. Yog‘iylar ko‘ziga keng dunyo tor bo‘ldi. Bir tomondan kech tushdi, tevarak-atrof qorayib, ko‘z-ko‘zni ko‘rmas bo‘ldi. Endi Cho‘pon yog‘ochdan o‘q yo‘ndi, uchiga latta bog‘ladi, lattaga o‘t berib, yonar o‘qlarni tun zulmatida yog‘iy boshiga yomg‘irday yog‘dirdi.
Yog‘iylar zulmat og‘ushida pitirlashga tushdilar:
– Bu cho‘pon hammamizni qirib tugatadi. Jahannamga ketsin o‘zi ham, qo‘y-qo‘zisi ham, jonimiz borida qochib qolaylik.
Ular qochishga tushdilar.
Qoracha Cho‘pon ham yaralangan edi, chaqmoq chaqib, olov yoqdi, yopinchig‘idan bir parcha kesib olib jarohatiga bosdi va otasining yoniga keldi. Qarasa, otasi jon berayotir. Dushmanning daydi o‘qlaridan biri uchib kelib Bakilga tekkan ekan. Bakil so‘nggi kuchini to‘plab so‘zlardi:
– O‘g‘lim! Baland tog‘imning qoyasi bo‘lgan o‘g‘lim. Onangning bergan oq suti, otangning bergan qora noni haloling bo‘lsin. G‘ayrat qilding, hunar ko‘rsatding. Biroq endi gapimni eshit, so‘nggi o‘gitimni hech qachon unutma. Har qancha kuchli bo‘lsang-da, shuni bilginki, yolg‘iz qo‘ldan qars chiqmas. El kuchi – sel kuchi, deydilar. Men buni anglaganimcha o‘laman, sen buni anglaganingcha yasha, o‘g‘lim! Senga bu o‘choqlarni vasiyat qilib qoldiraman, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham ularni yoqib yur, O‘g‘uz yigitlariga xabar berib tur, sevinchingni, dardingni el bilan bo‘lishgin.
Bakilning ko‘ksidan so‘nggi nafasi chiqdi. Qoracha Cho‘pon uning ko‘zlarini bekitdi, ho‘ngrab yig‘ladi, dod-voy soldi, faryodi tog‘-toshlarga yetdi, aks sado bo‘lib qaytdi. Qoracha Cho‘pon:
– Qozon, Qozon, hoy Qozon! Qaylardasan, hoy Qozon? O‘likmisan, tirikmisan, bu ishlardan xabaring bormi? – deb dod solardi.

* * *

Arava aylanma yo‘llardan ko‘tarilayotganda birdan g‘ildiragi chiqib ketdi. Arava yonboshiga quladi, g‘ildiraklari g‘ichirlay-g‘ichirlay to‘xtab qoldi. Qozon osilib qoldi, ko‘zlarini ochdi, kerishmoqchi bo‘ldi, qarasa, qo‘l-oyog‘i bog‘langan, qahqaha otib kulib yubordi. Uni kuzatib borayotgan qurolli otliqlardan biri:
– Nega kulasan? – dedi.
– Hozirgina ajoyib bir tush ko‘rdim, tushimda chaqaloq ekanman, beshikda yotgan emishman. Demak, bu aravani beshik deb, sizlarni esa beshik tebratayotgan enagam deb bilgan ekanman-da.
– Yotgani yaxshi joy topibsan, – dedi otliq, – asir tushgan uxlab yotadimi, ablah?
– Xo‘sh, siz benavolar kim bo‘lasiz?
– Biz Qipchoq Malikning lashkari bo‘lamiz.
– Shunaqa de. Demak, meni uxlab yotgan yerimda qo‘lga olibsizlar-da?
– Shundoq.
– O‘g‘uz yigitlariga ne qazo kelsa uyqudan keladi. Uyg‘onib ketmaganimda, yetti kecha, yetti kunduz uxlar edim. Xo‘sh, endi meni qayga olib ketayotirsiz?
– Sening sho‘rlik boshingni Qipchoq Malikka armug‘on qilib olib ketayotirmiz.
Qozonxonning yodiga nimadir tushib, u yoq-bu yoqqa alangladi.
– Bo‘pti, lekin mening o‘g‘lim bor edi, unga nima bo‘ldi?
Otliqlar unga javob bermay, istehzo bilan boqdilar. Boyadan beri hazil-huzul bilan gaplashib kelayotgan Qozon birdan g‘azablanib:
– Nomardlar, nima qildingiz mening o‘g‘ilginamni?! – deya baqirdi. – Hozir hammangizni qirib tashlayman.
Otliqlar qo‘l-oyog‘i bog‘langan Qozonga boqdilar, uning ahvoli aytgan so‘zlariga ters ekanini ko‘rib, ustidan miriqib kuldilar.
Qozon yanada battarroq g‘azablanib:
– O‘g‘limning boshidan bitta tuki uzilgudek bo‘lsa, hammangizni o‘ldiraman! – dedi.
Otliqlardan biri istehzoli ishshayib:
– Sen o‘z boshingning g‘amida bo‘l, Qozon, – dedi, – Qipchoq Malik sening boshingni o‘g‘lingning boshi yoniga osadi.
– Nima?! – deya Qozon dahshatli bir na’ra tortdi, ko‘z ochib-yumguncha bir kuchanib qo‘liga bog‘langan arqonni uzdi, otliqlardan birini ot ustidan yulqib oldi, qilichini olib, uning otiga sakrab mindi-da, boshqa otliqlar tomon otildi. Otliqlar o‘zlarini yo‘qotib qo‘ydilar.
Qozon ikkisini yerga qulatib, boshiga cho‘qmor soldi, to‘rtinchi otliqqa yetib olib, yoqasiga chang solganicha:
– Qani mening o‘g‘lim? – deya baqirdi. – Ayt, yo‘qsa boshingni chumchuqdek uzib tashlayman.
Rang-quti o‘chib, tili kalimaga kelmay qolgan otliq:
– Qozon, qurboning bo‘lay, meni o‘ldirma, – dedi titrab-qaqshab, – o‘g‘ling sog‘-salomat.
– Unda o‘zi qayerda? – deya Qozon boshqa bir suvoriyning ustiga bosib bordi, bu suvoriy o‘zini yo‘qotib qo‘ymasdan, darhol bir yolg‘on uydirdi:
– Hoy xon, – dedi u, – yosh yigit qushyurak bo‘ladi. Bizni ko‘rib qo‘rqdi, onasining yoniga qochib ketdi.
Darhol boshqa suvoriylar ham:
– To‘g‘ri, – deyishdi, – bizni ko‘rgan zahoti shunday qochdiki, oyog‘i yerga tegmadi.
Qozon bu gapga ishondi.
– Omonlik! – dedi. – Tangri menga bir ko‘r o‘g‘il bergan! Borib uni onasining yonidan olayin, qilich bilan olti bo‘lakka bo‘lib, olti yo‘lning ayrilishiga solayin. Zinhor boshqa yo‘ldoshini tang ahvolda qoldirib qochmasin.
Qozonxon otiga qamchi bosdi, ancha joyga borgach, otini ortga burib, suvoriylarga dedi:
– Qipchoq Malik bilan mening hisob-kitobim keyinga qolsin!

* * *

Qozon otini niqtab yeldek yugurib ketdi, dara-tog‘lardan oshib, o‘z yurtiga yetdi.
Qarasa, yurti talon-toroj etilgan, chodirlar chopilgan, o‘choqlarning o‘ti o‘chgan, o‘t-o‘lanlar, daraxtlar kuyib kul bo‘lgan, to‘rt tomon ot tuyoqlari ostida toptalgan.
Bu holni ko‘rib Qozonning qiyiq qora ko‘zlari qonli yoshga to‘ldi, yuragi ezilib, ko‘ngli o‘rtanganicha dedi:
– Seni yog‘iy qaydan kelib vayron etdi, go‘zal yurtim? Qari onamning o‘tirgan o‘rni qolibdi, yigitlarim ot chopgan maydon qolibdi, qora matbaxda qurilgan o‘choq qolibdi. Kesilib-chopilgan, talanib vayron bo‘lgan go‘zal yurtim!
Qozon Ujatog‘ning etagiga kelib, Qoracha Cho‘ponni chaqirdi:
– Hoy Cho‘pon, mening ahli-ayolim shu yerdan o‘tmadimi, ko‘zing tushmadimi, tezroq ayta qol.
– O‘lganmiding, yitganmiding, Qozon? – dedi cho‘pon. – Qaylarda qolib ketding? Kecha emas, o‘tgan kun ahli-ayoling shundan o‘tdi. Sarvqomat Burla Xotun qirq injabel qiz bilan shundan o‘tdi! – dedi.
Cho‘ponning bu so‘zlarini eshitib Qozon oh tortdi, hushi boshidan uchdi, ko‘ziga keng dunyo tor bo‘lib ketdi.
– Og‘zing qurisin, Cho‘pon! Tiling chirisin, Cho‘pon!
– Meni nega qarg‘aysan, Qozon?! Olti yuz yog‘iy ustimga bostirib keldi. Uch yuzini o‘ldirdim, uch yerimdan yaralandim, oq soqolli otamni o‘ldirdilar. Yolg‘iz qoldim, biroq elning molidan bittasini ham yog‘iyga bermadim. Shumi mening gunohim? Saman otingni menga ber, qalqoningni menga ber, qora po‘lat qilichingni menga ber, yog‘iyning ustiga boraman, o‘lsam, otamning yo‘lida o‘laman, qolsam, uning xunini olaman, sening ham ahli ayolingni qutqarib kelaman.
– Bo‘lar-bo‘lmas gaplarni gapirma, Cho‘pon! O‘zimga nima bo‘libdiki, mening uyimni sen qutqarasan?!
Qozon otini qamchilab yo‘lga tushdi.
Qoracha Cho‘pon u chang ko‘tarib ketgan aylanma yo‘llarga boqdi, so‘ngra o‘zi ham otlanib, Qozonning ortidan chopdi. Qozon uni ko‘rmadi.
Dara oshganda Cho‘pon birdan to‘xtadi, ortiga qaytdi, Ujatog‘ning cho‘qqisiga chiqdi, otasi vasiyat qilgani kabi ikki gulxan o‘tin yig‘ib, chaqmoq toshi bilan o‘t qo‘ydi. Gulxanlar alanga oldi. Qoracha Cho‘pon yana Qozonning ortidan yugurib ketdi.

* * *

Qipchoq Malik o‘z taxt-ayvonida yeb-ichar, go‘zallar bilan ko‘ngil ochardi. Quyida uning odamlari o‘tirar, qo‘l-oyog‘i bog‘liq Turolning ustiga yopinchiq yopib, ostonaga yotqizib qo‘ygan edilar. Kirgan ham uni bosib o‘tardi, chiqqan ham.
Turol tishini tishiga bosib chidar, na ingrar, na dodlardi. Qipchoq Malik sharobni bir ko‘tarishda ichib, piyolani Turolning ustiga otdi. U rosa sarxush bo‘lgan, ko‘zlari qip-qizil qonga to‘lgan edi.
Yarimyalang‘och qizlardan biri uni quchdi, Qipchoq Malik qizni nari siltab, odamlariga yuzlandi:
– Bilasizmi, Qozondan qanday o‘ch olish kerak? – dedi u. – Qozonning xotini Burla Xotunni keltiring bu yerga, mening yonimga.
Turol bu so‘zlarni eshitib yotgan yerida talvasaga tushdi, keshikchilardan biri uning yuz-ko‘ziga qamchi tushira ketdi.

* * *

Burla Xotun qirq injabel qiz bilan zindonda edi. U ko‘z yoshlarini oqizgancha der edi:
– Qaydasan, Qozon, qaydasan, Turol? Bizning bu kunimizdan xabaringiz yo‘qmi? Qaylardasiz?
Zindonchi kirib:
– Hoy, Qozon bekning xotini qay biringiz bo‘lasiz? – deb so‘radi.
Sukunat cho‘kdi. Burla Xotun jim turar, xavotir bilan goh zindonchiga, goh qizlarga boqardi. Qizlardan biri:
– Men bo‘laman, – dedi. Xuddi shu payt boshqa bir qiz ham:
– Men bo‘laman, – dedi.
Zindonning turli burchaklaridan qirq ovoz yangradi:
– Men bo‘laman!
Zindonchi lol-hayron bo‘lib qolgan edi. Qizlar tobora baland ovozda:
– Men bo‘laman, men bo‘laman! – deya qichqirishardi.
Ularning baqir-chaqiri butun zindonni bosib ketdi. Zindonchi quloqlarini bekitib zindondan chiqdi.

* * *

Qipchoq Malik taxt-ayvonida zindonchining gapini eshitib piq-piq kuldi:
– Unda biz ham bir tadbir qilaylik, – dedi u, – Qozonning o‘g‘lini bu yerga olib keling.
Turolni yerdan turg‘azib Qipchoq Malikning oldiga olib bordilar. Qipchoq Malik kipriksiz ko‘zlarini Turolning qora ko‘zlari ich-ichiga tikib dedi:
– Qozon o‘g‘li Turol, eshit va bilib ol! Seni azob bilan o‘ldiraman, chormixga tortaman, dorga osaman, so‘ngra etingni qiyma-qiyma qilib to‘g‘ratib, qovurdoq pishirtiraman. Qovurdoqni qirq qizning oldiga qo‘ydiraman. Kim uni yesa, sening onang emas, kim yemasa, o‘sha sening onang bo‘ladi. Uni bu yerga kelib, ostonaga yotqizib, hammaga toptataman.
Turol turgan yerida u yoq-bu yoqqa siltandi, to‘rt tomonda uni tutib turgan kishilar arqonlarni yanada qattiqroq tortdilar, yigitning qo‘l-oyog‘i qizil qonga belandi.
– Ammo seni o‘ldirmasligim ham mumkin, – dedi Qipchoq Malik. – Zindonga borib onangga ayt, yashirinmay bu yoqqa chiqsin.

* * *

Turolni keltirib zindon eshigidan ichkariga otdilar. Burla Xotun qonga belangan o‘g‘lini ko‘rib qichqirmoqchi edi, lekin Turol darhol yuzini ters burib, bu tomondagi boshqa bir ayolga qaraganicha:
– Ona, tag‘in o‘zingni bildirib qo‘ymagin, – dedi.
Burla Xotun qizlar orasiga yashirindi.
Turol so‘zlay boshladi. Kimga gapirayotgani ayon bo‘lib qolmasligi uchun u bir-bir barcha qizlarga qarab so‘zlardi. Burla Xotun va boshqalar uni ko‘z yoshlarini to‘kkancha hayajon bilan tinglardilar. Turol bunday derdi:
– Ona, onajonim, bilasanmi, nimalar bo‘ldi? Yog‘iylar yomon gap qildilar. Turolni chormixga torting, etini qiyma-qiyma qilib qovurdoq pishiring, qirq qizning oldiga eltib qo‘ying, kim yemasa, o‘sha Qozonning xotini bo‘ladi, uni bizning huzurimizga olib keling, dedilar.
Burla Xotun dahshatdan qichqirib yubordi, biroq darhol boshqa qizlar ham qichqirib, yig‘lashga tushdilar.
Turol tag‘in boshqa qizlarga xitob qilganicha:
– Yig‘lama, ona, – dedi, – buni sen o‘zingni bildirib qo‘ymasliging uchun aytdim. Mening yonimga yaqinlashma, meni deb yig‘lama. Mayli, mening etimni qovurdoq qilsinlar. Hamma bir bo‘lak yesa, sen ikki bo‘lak yegin, toki seni bilmasinlar, sezib qolmasinlar. Qozonning obro‘sini yerga to‘kmasliging kerak.
Burla Xotun va qirq qiz ho‘ngrab yig‘ladilar, yonoqlarini timdaladilar, qora sochlarini yuldilar.
Burla Xotun:
– O‘g‘lim, o‘g‘lim, – degan zahoti boshqa qizlar ham “o‘g‘lim, o‘g‘lim” deya zor qaqshab yig‘ladilar. Qizlar Turolga marsiya kuylar, har bir qiz marsiyaning bir bandini aytar, Qipchoq Malikning odamlari har yangi bandni aytgan ayolni Burla Xotun deb bilishardi.
Shu tariqa Burla Xotun bu qizlar ichida o‘z musibatiga yig‘lash uchun imkon topgan edi.
Turol uchun qirq ayol yig‘lardi, go‘yoki uning qirq onasi bor – bitta haqiqiy onaning oh-fig‘onini o‘z oh-fig‘onlari ichiga yashirgan qirq ona. Ayollarning hammasi, ularning orasida Burla Xotun ham Turolni silab-siypardi.

O‘g‘lim, o‘g‘lim, oy o‘g‘lim,
O‘tovimning tayanchi, o‘g‘lim,
Qiz-kelinimning suyanchi, o‘g‘lim.
To‘qqiz oy qornimda ko‘targanim, o‘g‘lim,
O‘n oy deganda dunyoga keltirganim, o‘g‘lim,
Beshiklar tebratib o‘stirganim, o‘g‘lim!

Turol qirq ayolga xitoban:
– Onajon! – dedi. – Nega yig‘laysan, nega bo‘zlaysan? Nega yurak-bag‘rimni dog‘laysan? Nega o‘tmish kunlarni yodimga solasan? Arabi otlar bo‘lgan yerda bir qulun ham bo‘lmaydimi, axir? Qo‘ng‘ir tuyalar bo‘lgan joyda bir bo‘taloq ham bo‘lmaydimi, axir? Oppoq qo‘ylar bo‘lgan joyda bir qo‘zichoq ham bo‘lmaydimi, axir? Sen omon bo‘lgin, ona, otam omon bo‘lsin.
Xotinlar yana dod-faryod ko‘tarishdi.
Turol yog‘iylarga yuzlanib:
– So‘nggi bor onamning diydorini ko‘rdim, yuragimda armon qolmadi. Endi eltib meni chormixga tortavering, – dedi.
Ular hech narsaga tushunmay:
– Xo‘sh, qay biri sening onang? – deb so‘rashdi.
– Hammasi, – dedi Turol.
* * *

…Qozon otini shamoldek uchirib kelardi…
…Undan ancha orqada, lekin izidan qolmay Qoracha Cho‘pon yelib kelardi…
…Yuksak tog‘ tepasida ikki gulxan gurlardi. Qaydadir juda olis-olislarda, boshqa bir tog‘ cho‘qqisida ham ikki gulxan yona boshladi – Ujatog‘dan kelgan xabar boshqa joylarga ham yetgan edi.

* * *

Qipchoq Malikning qarorgohida tanasi yo‘g‘on, shoxlab ketgan bir daraxt bor edi, jallod sirtmoqni uning yo‘g‘on bir shoxiga solib, qattiq chandib bog‘ladi.
Boshqa bir jallod qo‘l-oyog‘i bog‘langan Turolni daraxt ostiga olib keldi.
– So‘nggi nafasimda qo‘bizimni olib keling, bir chalay, – dedi Turol.
Qipchoq Malik ruxsat berdi, qo‘bizni keltirdilar. Turol uni olib o‘pdi, qosh-ko‘ziga surtdi, so‘ng ko‘ksiga bosib chalishga, kuylashga tushdi:

Egari bo‘sh qolganida kishnab qolgan otim sho‘rlik!
O‘g‘lim deya yig‘lab qolgan onam sho‘rlik, otam sho‘rlik!
Yo‘qolib qolgan og‘asi, yoriga yig‘lagan singlim sho‘rlik!
Dunyoga hech qonmadim, yoshlikka hech to‘ymadim o‘zim sho‘rlik!

Taxt-ayvonidan quloq solib turgan Qipchoq Malik qahqaha urdi, boshqalar ham kulishdi. Zindon panjarasidan qarab turgan ayollar zor-zor yig‘lashdi.
…Endilikda necha-necha tog‘larning boshida, uzoq-uzoqlarda juft-juft gulxanlar yonmoqda edi. Butun elga xabar yetgan edi…
…Saman otning yoliga yotganicha ot choptirib borayotgan Qozon qo‘qqisdan jilovni tortdi. U Qipchoq Malik qarorgohiga yaqinlashib qolgan edi. Qozon u yoq-bu yoqqa alanglab, qurol-yarog‘ini hozirladi.
Qozon u yoq-bu yoqqa alanglar ekan, o‘zi kelgan yo‘lda bir chang-to‘zon ko‘tarilganini ko‘rdi. Yetib kelgan kimsani tanib, hayron bo‘ldi, bu – Qoracha Cho‘pon edi, Qozon unga qarab:
– Cho‘pon, sen nega kelding? – deb so‘radi.
– Senga tayanch bo‘lgani keldim, – dedi Cho‘pon.
– Cho‘pon, bo‘lmag‘ur gaplarni gapirma. Sen kimsanki, Qozonxonga tayanch bo‘lasan? Odamlar to‘yda-azada, Qozon o‘z ahli-ayolini qutqara olmadi, Cho‘pon unga yordam bergani bordi, deyishlarini istaysanmi? Tush otdan!
Cho‘pon jinday ranjidi, ammo Qozonxonning ra’yini qaytarolmay otdan tushdi.
– Qani, manavi daraxtning yoniga kel-chi, – dedi Qozon.
U Cho‘ponni yo‘g‘on bir daraxtga arqon bilan chirmab bog‘ladi.
– Nega bundoq qilding, hoy Qozon? – deb so‘radi Cho‘pon.
– Yog‘iy mening uyimni bosqin etgan, u bilan yolg‘iz o‘zim jang qilaman. Yog‘iyni yengsam, dushmanimni zabun etsam, kelib seni daraxtdan yechaman. Yo‘q, agar o‘lar bo‘lsam, shu yerda qolib qurt-qushlarga yem bo‘lasan! Ruxsatsiz birovning dushmaniga aralashish bizning elda ayb ekanligini o‘shanda bilasan.
Qozon otini niqtab nari ketdi.
…Jallod Turolning bo‘yniga sirtmoq soldi.
Qipchoq Malik ishora qildi, jallod Turolning qo‘bizini qo‘lidan olib yerga urdi, qo‘biz mayda-mayda bo‘ldi. Jallod arqonni tortdi, Turolning oyog‘i yerdan uzildi.
Zindon panjarasidan Burla Xotun:
– O‘g‘lim Turol! – deb qichqirdi. Qipchoq Malik va odamlari uni tanib qoldilar va bir-birlariga ma’noli-ma’noli qarab qo‘ydilar.
Xuddi shu payt daraxtning shoxi sinib, Turol yerga quladi. Shu tariqa omon qoldi.
Qipchoq Malik baqirdi:
– Qozonning xotini Burla Xotun anavi bo‘ladi – uzun bo‘yli xotin. Darhol uni yonimga olib keling. – So‘ngra jallodga Turolni ko‘rsatib: – Ishni ko‘p cho‘zmasdan, buning gardaniga qilich sol! – dedi.
Jallod qilichini azot ko‘tarib, Turolning gardaniga solmoqchi bo‘lgan ham ediki, qo‘qqisdan bir o‘q vizillab kelib, uning qo‘liga sanchildi, jallodning qilichi qo‘lidan tushdi.
…Tepalik ustida ot minib turgan Qozon ikkinchi o‘q bilan jallodni yerga qulatdi.
Qayrilib qarab Qozonni ko‘rgan yog‘iylar cho‘chib ketdilar. Birovi ot minishga, birovi qilich taqishga, birovi sovut kiyishga tutindi.
Ayvonda o‘tirgan Qipchoq Malik talvasaga tushib qoldi. U ayvon yoniga olib kelingan otiga minib oldi.
Qozon hayqirdi:
– Hey Qipchoq Malik! Xoindan to‘ragan xoin! Hozir senga nomardlikning oqibati ne bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman. Erkak bo‘lsang, maydonga chiq, qon qustirib, shirin joningdan judo qilaman. Men sening lashkaring ustiga yolg‘iz keldim. Hozir mening oldimga kelmasang, butun lashkaring bilib qo‘ysinki, sen erkak emas, chumchuqyuraksan.
Odamlari Qipchoq Malikka ko‘z qadab, uning qanday javob qilishini kutib turardilar.
Qipchoq Malik bu gaplarga parvo qilmay, qurol-yaroqlarini olib, to‘g‘ri Qozonning ustiga ot qo‘ydi.
Qozon o‘q otdi, Qipchoq Malik chap berdi, Qipchoq Malik o‘q otdi, Qozon chap berdi, o‘q tegmay o‘tib ketdi.
Gurzilashdilar, qilichlashdilar, bir-birlarini yenga olmasdilar. Daraxtga bog‘langan Qoracha Cho‘pon bu jangni chekkadan tomosha qilib turardi.
Qipchoq Malikning odamlari ham o‘z sardorlarining jangini kuzatar, qurollangan holda tayyor turardilar.

* * *

…Endilikda butun O‘g‘uz elining baland-baland joylarida juft-juft gulxanlar yonar edi. Jang ishorasini eshitgan yigitlar har tomondan gurros-gurros yelib kelardilar. Ammo ular hali Qozon bilan Qipchoq Malik jang qilayotgan joydan juda-juda olisda edilar.

* * *

Qozon bir zarba berib Qipchoq Malikni otdan qulatdi, qilich yalang‘ochlab uning ustiga otildi.
Qipchoq Malik gandiraklab ketdi, yiqilib tushishiga bir baxya qoldi. Biroq shu payt qarorgohdan otilgan o‘q Qozonning qovog‘ini tilib o‘tdi, oqqan qon uning ko‘zlarini bekitib qo‘ydi. Qozon hech narsani ko‘rolmay qoldi. Qipchoq Malik fursatdan foydalanib, uning boshiga gurzi tushirdi. Qozonning og‘zi-burnidan tirqirab qon keldi, qilich qo‘lidan tushdi. U yerga quladi va hushini yo‘qotdi. Yog‘iylar har tomondan Qozon tomon yugurdilar. Qipchoq Malik qora po‘lat qilichini qinidan sug‘urdi.

* * *

…O‘g‘uz yigitlari yelib borar, lekin hamon juda uzoqda edilar.

* * *

…Qoracha Cho‘pon Qozonning ahvolini ko‘rib turar, biroq daraxtga mahkam bog‘langan edi. Bu holida qo‘lidan nima ham kelardi? Qoracha Cho‘pon harchand urinsa-da, arqonni uza olmas, ammo yo‘g‘on daraxt larzon-larzon borib kelardi. Nihoyat, Qipchoq Malikning odamlari yerda cho‘zilib yotgan Qozon tomon yugurgan, Qipchoq Malik qilichini qinidan sug‘urgan bir paytda Qoracha Cho‘pon bir zo‘r berib daraxtni ildiz-pildizi bilan qo‘pordi.
Qozon tomon yugurib borayotgan kishilar cho‘chib ketib, birdan to‘xtab qoldilar va dahshatga tushib qadam-baqadam ortga tisarila boshladilar – ularning ustiga shoxlari tarvaqaylab ketgan ulkan bir daraxt bostirib kelmoqda edi.
Daraxtning shox-butoqlari, barglari orasida unga qattiq bog‘langan Qoracha Cho‘ponning gavdasi ko‘rinmas, yog‘iylarga go‘yo daraxtning o‘zi yurib kelayotgandek tuyular edi.
Qipchoq Malik esa hali yurib kelayotgan daraxtni ko‘rgani yo‘q edi. U o‘z qabilasining udumiga ko‘ra yerda cho‘zilib yotgan dushmanining tepasida qilich yalang‘ochlaganicha sakrab-o‘ynar, yovvoyi bir qo‘shiqni kuylardi.
Nihoyat, Qipchoq Malik raqsini tugatdi, Qozonning naq qansharini mo‘ljallab qilich tushirmoqchi edi hamki, haligi daraxtning shoxiga ilinib bir chetga uchib ketdi. Qoracha Cho‘pon daraxtni aylantirganicha Qipchoq Malikni savalar edi. Bu inson bilan daraxtning g‘aroyib yakkama-yakka jangi edi. Qipchoq Malik bir amallab otiga mindi-da, qarorgohi tomon qochib qoldi. Qoracha Cho‘pon bog‘langan daraxti bilan birga yarador Qozonning boshiga keldi. Boyadan beri oftob tig‘ida cho‘zilib yotgan Qozonning ustiga qo‘qqisdan daraxt ko‘lkasi tushdi. Cho‘pon hamon daraxtga bog‘liqligicha Qozonga soqchi bo‘lib turar, yengil shabada daraxt yaproqlarini o‘ynar edi.

* * *
…O‘g‘uz yigitlari hamon yelib borardilar.

* * *

Qipchoq Malikning odamlari o‘qlarining uchiga yonar lattalar bog‘lab daraxtga qarata ota boshladilar. Daraxt shoxlariga o‘t tushib, yo‘g‘on tanasi ham yonganicha, olov asta-sekin Qoracha Cho‘ponga yaqinlasha boshladi.
Ayni zamonda nayzali, qilich yalang‘ochlab olgan odamlar to‘rt tomondan Cho‘ponni, Qozonni qurshab olishgan, qurshov doirasi borgan sari torayib, siqilib borardi. Qoracha Cho‘pon daraxtni chir aylantirganicha beshlab, o‘nlab dushmanni yerga qulatar edi. Ammo o‘ziga ham o‘t tutashib, yona boshlagan edi.
Uzoqdan otlar kishnashi, yigitlarning na’ralari eshitildi. O‘g‘uz yigitlari yetib kelgan edilar.
Qorabutoq o‘ngdan kirdi, Do‘ndar so‘ldan kirdi. Qilichlar chopildi, o‘qlar otildi, nayzalar sanchildi, olti parli gurzilar ishga tushdi.
O‘g‘uz yigitlari hayqirgancha ot soldilar, nayzalashdilar, qilich soldilar. Yog‘iy parokanda bo‘lib ketdi. Go‘yo tor hovliga do‘l yoqqandek bo‘ldi. Darayu tepalarda yog‘iy qirilib yotdi, jasadiga quzg‘unlar qo‘ndi.
Qo‘l-oyog‘i banddan xalos bo‘lgan Qoracha Cho‘pon to‘g‘ri Qipchoq Malikning ustiga qarab ot soldi. U daraxt tanasidan cho‘qmor yasab olgan edi. Qipchoq Malik devor darvozasidan qarorgohiga qochib kirayotgan bir paytda Qoracha Cho‘pon uning boshiga shunday cho‘qmor tushirdiki, Qipchoq Malikning boshi to‘pdek dumalab yerga tushdi. Yog‘iylar mag‘lub bo‘lishdi. O‘g‘uz yigitlari qochgan dushman ortidan quvishga tushdilar. Omonlik tilaganini o‘ldirmadilar.
Qarorgohga kirib, Turolni, qirq injabel qiz bilan Burla Xotunni asirlikdan ozod etdilar va o‘z yurtlariga olib ketdilar.

* * *

…Boshi-ko‘zi bog‘langan Qozon ot ustida gerdayib o‘tirar edi. U so‘l tomonida borayotgan inisi Qorabutoqqa yuzlanib:
– Qorabutoq, – dedi, – negadir Aruz ko‘zga ko‘rinmaydimi?
– Xabar jo‘natgan edik, – dedi Qorabutoq, – u ovda yiqilib oyog‘im sindi, bora olmayman, deb javob qilibdi.
Ujatog‘ning etagiga kelib yetdilar. Qozon Qoracha Cho‘ponga dedi:
– Cho‘pon, tog‘ tepasiga chiq, gulxanlardan birini o‘chir, bittasi – to‘y-tantana, shod-xurramlik gulxani yonaversin. Barcha yigitlar ziyofatimizga yig‘ilsin, bayram qilaylik, Dada Qo‘rqut ham kelsin, bo‘y bo‘ylasin, so‘z so‘ylasin, o‘g‘uznoma aytsin.
Cho‘pon otini burib, tog‘ tepasiga chiqib ketdi.
Ujatog‘ining cho‘qqisidagi gulxanlardan biri so‘ndi, ikkinchisi gurlab yonaverdi.
Boshqa tog‘dagi gulxanlardan ham biri so‘ndi, uchinchi, to‘rtinchi tog‘larda ham shu hol takrorlandi.
Har bir tog‘ning boshida endilikda faqat bir gulxan yonar edi – bayram gulxani.
Bu gulxanlarga o‘z ovulidan nafrat bilan boqib turgan Alp Aruzning mo‘ylovlaridan qon tomar edi.
Qozonning Qilbosh degan do‘sti bor edi. Dunyo ko‘rgan, tadbirli kishi edi. Qilbosh ot choptirib Alp Aruz yoniga keldi.
– Aruz, – dedi u, – bayram gulxani yonayotganini ko‘rmayapsanmi? Nega Qozonning huzuriga tantanaga bormayapsan?
Alp Aruz g‘azabini zo‘rg‘a ichiga yutib:
– Hozirlik ko‘rmoqdaman, endi bormoqchi edim, – dedi.
– Bilasanmi, to‘yimiz azaga aylandi, – dedi Qilbosh, – Qipchoq Malikni endigina mag‘lub etgan edik hamki, narigi tomondan Sho‘klu Malik ustimizga hujum qilib qoldi. Qozonning uy-eshigini kunpayakun qildi, qizi, kelinini asir etib olib ketdi. Jarohatlari bitib ulgurmagan Qozonga qilich solib, yerga qulatdi. O‘lim changalida yotgan Qozon meni senga jo‘natdi, Aruz kelib menga madad bo‘lsin, dedi.
Sevinchdan Aruzning ko‘zlari chaqnab ketdi:
– Demak, shunaqa ishlar bo‘pti-da, – dedi u. – Qilbosh! Qozon yaxshi kunida o‘ziga vazir saylaganda, mol-dunyosini bo‘lishganda Aruzni mensimadi. Endi yomon kunida yordam so‘rabdi-da? Qozonning boshi balodan chiqmasin. Men Qozonga dushmanman, bugundan boshlab ochiq dushmanman, buni bilib qo‘ysin! – Alp Aruz qo‘llarini ko‘kka cho‘zdi. – Shukur senga, Tangrim, oxir-oqibat Qozonda alamim qolib ketmadi. Bu jarohatdan Qozonning tuzalib ketishi gumon.
Aruz o‘z chodirida mamnunlik bilan u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladi, kaftini kaftiga ishqadi. Qilbosh sekin chodirdan chiqib, otiga sakrab mindi, qamchisini havoga ko‘tarar ekan, Aruzga qarab qichqirdi:
– Hoy Aruz, ahmoq chol! Qozon sog‘-salomat, kayfiyati zo‘r, dimog‘i chog‘. Na ustiga dushman bostirib kelgan, na yaralangan, uch yuz oltmish olti yigit qavatida o‘tiribdi. Yeb-ichib, ko‘ngilxushlik qilmoqdalar. Yeb-ichish asnosida yigitlar seni eslab qolishdi. Men ularga, borib haqiqatni bilib kelaman, dedim. Men sening do‘st-dushmanligingni sinamoqchi edim. Qozonga dushman ekanligingni bilib oldim. Yaxshi qol! – deya otiga qamchi soldi-da, shamoldek yelib ketdi.
Aruz uning ortidan boqqanicha qoldi. Mo‘ylovlaridan qon oqa boshladi.

* * *

Savdogarlar karvoni hamon yo‘lda edi.

* * *

Porasorning Boyburd qal’asida Beyrak hamon zindonda yotardi. Har kecha jangchi libosidagi Seljon uning yoniga kirib kelar, yechinib, qilichini devorga ilardi. Beyrak ham har kecha qilichni devordan olib, qinidan sug‘urar va qiz bilan o‘zining o‘rtasiga qo‘yib qo‘yardi. Necha kecha-kunduz, necha oy shunday o‘tdi.
Bu kecha samo hamishagidan ko‘ra qoraroq, yulduzlar doimgidan ko‘ra uzoqroq, kuz shamoli avvalgidan ko‘ra cho‘ziqroq ingranar edi. Bu kecha ham Seljon jang libosida kirib keldi, yechinib, qilichini devorga ildi. Ammo bu kecha Beyrakning qo‘li devordagi qilichga cho‘zilmadi. Butun tun bo‘yi qilich o‘z qinida devorga osig‘ligicha qoldi.
…Tong otganda Seljon yo‘q, ammo zindonning eshigi lang ochiq turardi. Beyrak turib eshik og‘ziga keldi. Soqchi ham yo‘q edi. Beyrak zindondan qal’a hovlisiga chiqdi. Kezina-kezina oq minorali devorga yaqinlashdi, uzoqda qal’aning darvozasiga ko‘zi tushdi-da, unga yaqin bordi. Darvoza ham ochiq edi. Nayzali soqchilar nayzalarini chetga oldilar. Beyrak avvaliga taajjublandi, so‘ngra asta-sekin darvozadan o‘tib, qal’a tashqarisiga chiqdi. Bu tomon yalanglik, bepoyon cho‘l, endilikda u ozod edi. Beyrak ozodlikka chiqqaniga ishonmasdan atrofga boqdi, so‘ng bir juft ko‘z unga tikilib turganini his etib, boshini ko‘tardi. Qal’a ustidan, oq minoradan Seljon unga boqib turardi. Zindonning eshiklari, qal’a darvozalarini Beyrak uchun u ochtirgan edi. Beyrak endi hech yerga ketmasligini bilardi u. Beyrak ortga qayrildi-da, darvozadan ichkariga, qal’a ichiga qaytib kirdi.

* * *

…Savdogarlar yo‘l bosib borardi.
…Porasorning Boyburd qal’asida Beyrak qal’a ichini sayr etar, minora va shinaklar yonidan o‘tar, kim ko‘rinsa salom berib, alik olar, endi u bu yerning mahramiga aylangan edi. Yengi, tizzasi yirtiq liboslarini – musofirlik kiyimlarini yechib tashlab, odmi ust-bosh kiyib olgan edi. Biroq har uch kun-besh kunda bir oshib o‘tib bo‘lmaydigan bu qal’aning eng yuksak oq minorasiga chiqar, hasrat, sog‘inch, g‘ussa bilan yiroqlarga, yo‘qotib qo‘ygan diyori tomon termilardi.
Bir kuni Beyrak yana kezina-kezina qal’adan tashqari chiqdi, qal’a tagida bir tosh bor edi, shu toshning ustiga o‘tirdi. Bu yerdan burama yo‘llar ayon ko‘rinib turar edi. Endilikda bu yo‘ldan og‘ir bir karvon ko‘tarilib kelmoqda edi. Karvon Beyrak o‘tirgan yerga yetib keldi. Bu o‘sha savdogarlarning karvoni edi. Lekin na ular Beyrakni tanidilar, na Beyrak ularni – axir oradan qancha yillar o‘tib ketgan edi!
Ular salomlashdilar.
– Qayerlardan kelayotirsiz, savdogarlar? – deb so‘radi Beyrak.
– O‘g‘uz ellardan kelayotirmiz, – deb javob berishdi ular.
Beyrak dovdirab qolganini sezdirmaslik uchun yuzini yon tomonga o‘girdi, so‘ng o‘zini qo‘lga olib so‘radi:
– O‘g‘uz elidagi Salur Qozonni so‘rar bo‘lsam, sog‘-omon yuribdimi? Qorabutoqni, Do‘ndarni, Omonni, Qoracha Cho‘ponni so‘rar bo‘lsam, eson-omonmilar? Boyburaning xotinini, qizini so‘rar bo‘lsam, salomatmilar? Boybejonning qizi Bonuchechak yerdami yo go‘rdami?
– Salur o‘g‘li Qozonni, yigitlarini so‘rar bo‘lsang, sog‘-omondirlar, – dedi keksa savdogar. – Boyburani, xotinini, qizlarini so‘rar bo‘lsang, eson-omondirlar, Beyrakning hajrida oq liboslarini yechib, qora kiyishgan. Bonuchechakning yetti yo‘l ayrilishida yig‘lab o‘tirganini ko‘rdik. Beyragim deb bo‘zlab o‘tirganini ko‘rdik. Yigit, sen ham O‘g‘uzdan bo‘lmagin tag‘in, Boybura o‘g‘li Bamsi Beyrakning daragini biladigan kishi bo‘lib chiqmagin yana? – dedi.
– Yo‘q, savdogarlar, men O‘g‘uzdan emasman, Beyrakni ham ko‘rganim yo‘q. Men eli yo‘q, yurti yo‘q bir darbadarman. Ammo ortga qaytganda, O‘g‘uz eliga yetganda Beyrakning oq soqolli otasiga, oq sochli onasiga, singillariga, tag‘in Boybejonning qizi Bonuchechakka aytingki, Beyrakni ortiq kutmasinlar, endi Beyrak qaytmas bo‘ldi. Otasi ayg‘ir otini bo‘g‘izlab, oshini bersin, onasi, singillari ko‘k kiyib, qora bog‘lasinlar, Beyrakning oxirgi azasini tutsinlar, begona qizning boshqaga unashuviga ruxsat bersinlar, ko‘ngli kimga chopsa, kimni sevsa, o‘shanga tegsin, Beyrak borsa kelmasga ketibdi, deb aytinglar…
– Sho‘rlik Beyrak, – dedi keksa savdogar, – g‘urbat ellarda jon bergan Beyrak. – So‘ngra xurjunidan bir tuguncha chiqarib Beyrakka berdi. – Hoy musofir, nogoh yo‘ling tushib, Beyrakning qabriga duch kelsang, bu tugunchani o‘sha qabr ustiga bo‘shat. Bu yurtimizning tuprog‘i. Biz savdogarlarning umri begona yurtlarda o‘tadi, yurtimiz tuprog‘ini to‘rvada olib yuramiz, taqdir-da bu, agar birortamiz begona yurtda o‘lar bo‘lsak, qabrimizning ustiga o‘z yurtimiz tuprog‘idan bir siqim tashlaymiz. Ol buni, yaxshi qol.
Karvon olislab ketdi.
Beyrak karvonning ortidan uzoq termilib turdi, so‘ngra tuproq solingan tugunchani ochdi. Yuzini hovuchidagi tuproqqa bosib hidladi, hushidan ayrilgudek bo‘lib:
– Yovshan hidi, – deya pichirladi va birdan endi bu yerda ortiq qola olmasligini angladi. O‘rnidan sapchib turib, jinni kabi chopa ketdi. Qir-adirlardan, tog‘-toshlardan, o‘pqonlardan oshib o‘tdi.
Devor ustidan, oq minoradan qarab turgan Seljon Xotun Beyrakning qochib ketayotganini ko‘rdi. Yarador qush kabi tipirchilab qal’a ustidan qanot qoqib uchmoqchi bo‘ldi. Soqchilarni chaqirib, Beyrakni quvib tutishga, qaytarib kelishga amr etmoqchi bo‘ldi. Ammo u oxir-oqibat hammasi befoyda ekanligini anglab yetdi. Endi Beyrakni qaytarib bo‘lmas edi. Seljon Xotun cheksiz bir hasrat, iztirob bilan uzoqlasha-uzoqlasha ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan Beyrakning ortidan termilganicha qoldi.

* * *

Beyrak shu chopganicha daraning etagiga yetdi, u yoq-bu yoqqa alangladi. Yarim yig‘och masofada bir yilqi ko‘rdi. Shu payt yilqidan bir ot ayrilib chiqib u tomon yugurdi. Beyrak bo‘z ayg‘irini tanidi. Beyrak tutqun bo‘lgach, bo‘z ayg‘ir ham egasining hidini olib bu yerga kelgan edi. Qora Arslonning yilqisiga qo‘shilib, “ko‘ngilli” tutqun bo‘lgan edi.
Bo‘z ayg‘ir olisdan Beyrakning hidini olgan edi, chopib uning yoniga keldi, ikki oyog‘i bilan ko‘kka sapchib kishnab yubordi. Tumshug‘ini baland tutib, quloqlarini ding qilganicha egasining qarshisida qotib turdi. Beyrak uning bo‘ynidan quchoqladi. Ikki ko‘zidan o‘pdi-da, sakrab unga mindi.
– Otim demayman seni, inim deyman, inimdan ham yaqinim deyman, qani, chop, inim, meni yurtimga yetkaz! – dedi.
Ular shamoldek yelib ketdilar.

* * *

Qal’ada Beyrakning qochganidan xabar topdilar, qurollanib, otlarga mindilar, Beyrakning ortidan quvmoqchi bo‘ldilar, darvozaga yetib kelganlarida Seljon Xotun devor ustidagi arqonni tortdi, darvoza bekildi, otliqlar ichkarida qoldilar.

* * *

Beyrak esa bo‘z ayg‘irining ustida necha kecha, necha kunduz yo‘l bosib, O‘g‘uz eliga yetib keldi. Unga ilk duch kelgan kishi o‘zon bo‘ldi.
Beyrak o‘zonga:
– O‘zon, ovulma-ovul kezasan. Jo‘mardni ham, nomardni ham yaxshi bilasan. Elingizda hamisha qo‘biz chertgan, o‘lan aytgan o‘zon bo‘lsin! – dedi.
– Sog‘ bo‘l, yigit, – dedi o‘zon, – sening ham umring uzoq, manglaying yarqiroq bo‘lsin. Boshingni adashib kelgan balodan asrasin!
– O‘zon, qayga ketayotirsan?
– Yigit, to‘y-tantanaga ketayotirman.
– Kimning to‘yiga?
– Yortichiq o‘g‘li Yalinchiq Bamsi Beyrakning nishonlisi bo‘lmish Bonuchechakka uylanmoqda.
– Yalinchiq?
– Ha, o‘sha, – deya o‘zon bor voqeani Beyrakka so‘zlab berdi.
– O‘zon, qo‘bizingni menga berib tur. Otimni senga garovga qoldiraman. Qaytib kelgach, haqini berib, qaytarib olaman.
– Mayli, ovozim bo‘g‘ilmay, tovushim kesilmay turib bir otga ega bo‘ldim.
O‘zon qo‘bizini Beyrakka berdi, Beyrak yo‘lida davom etdi.
Ujatog‘ning etagiga yetganda u Qoracha Cho‘ponning yo‘l chekkasiga ancha tosh yig‘ib qo‘yganini, ustiga yana yig‘ib yotganini ko‘rdi. Beyrak Qoracha Cho‘ponni tanidi, ammo u Beyrakni tanimadi.
– Hoy Cho‘pon, – dedi Beyrak, – odatda odamlar tosh ko‘rsa, yo‘ldan chetga otar edi. Sen nega yo‘l bo‘yiga tosh to‘playapsan?
– Sen o‘zingni bil, – dedi Qoracha Cho‘pon, – mening ahvolimni qaydan ham bilarding?
– Ahvolingga nima bo‘pti?
– Mening Bamsi Beyrak degan bir do‘stim bor edi. Necha yildan beri uning o‘lik yo tirikligini hech kim bilmaydi. Yoritmasning o‘ng qo‘li Yortichiq o‘g‘li Yalinchiq Beyrakning o‘limidan xabar keltirdi. Beyrakka nishonlangan qizni unga bermoqdalar. Bu yerdan o‘tayotganlarida ularni toshbo‘ron qilish uchun bu toshlarni yig‘ayotirman. Bonuchechakdan qo‘lini tortsin, borib o‘z teng-to‘shini topsin.
– Omon bo‘lgin, Cho‘pon, – dedi Beyrak, – Beyrak bilan bo‘lishib yegan non-tuzing halol bo‘lsin.

* * *

Beyrak bu yerdan o‘tib o‘z ovuli – Bayot ovulining chekkasiga, majnuntol bulog‘ining boshiga yetib keldi. Qarasa, suv uchun kelgan singlisi Gunel buloq boshida o‘tiribdi.
“Voy Beyrak og‘am, to‘y-to‘ychig‘ini ko‘rolmay ketgan og‘am”, – deb yig‘lar edi Gunel.
Beyrakning ham ko‘ngli to‘lib, o‘rtanib ketdi. Ko‘zlaridan mo‘ldir-mo‘ldir yosh oqdi. Qo‘bizini olib chertganicha qizga bir so‘z aytdi, ko‘raylik-chi, ne deb so‘yladi ekan?
– Hoy qiz, – dedi, – nega yig‘lab, nega bo‘zlaysan?! Yuragim yondi, ko‘nglim o‘rtandi. Ne bo‘ldi, axir? Og‘ang o‘ldimi, yuraging qonga to‘ldimi? O‘lan aytib nega yig‘laysan, nega bo‘zlaysan, hoy qiz?
– Sozingni, so‘zingni bas qil, o‘zon, – dedi Gunel. – Men baxtiqaro qizga kerak emas taskin, o‘zon. Qoratog‘ni oshganingda, Beyrak otli bir yigitga rost kelmadingmi? Yakka-yolg‘iz og‘am ketdi, o‘zon, sening xabaring yo‘q, bag‘rim to‘la qon bo‘ldi, tog‘larim yakson bo‘ldi, bog‘larim payhon bo‘ldi, o‘zon, sening xabaring yo‘q. Sozu so‘zingni bas qil, o‘zon. Men baxtiqaro qizga kerak emas taskin, o‘zon. Elda to‘y-to‘ychiq bo‘lmoqda, to‘ydan qolma, bor, o‘zon.

* * *

Beyrak bu yerdan ham o‘tib o‘tovining yoniga keldi. Qarasa, singillari Oysel va Gunoy qora kiyganlaricha yig‘lab o‘tirishibdi.
– Hoy qizlar, – dedi Beyrak, – qipchada qatiqmi-qaymoqmi, qozonda ugrami-o‘mochmi, dasturxonda qora nonmi – yegulikdan nimangiz bor? Uch kundan beri yo‘l bosib kelaman, qornimni to‘ydirsangiz xursand bo‘laman, uch kun ichida sizlarni ham shod qilaman.
Gunoy taom keltirdi, Beyrakning qornini to‘ydirdi.
Beyrak dedi:
– Og‘angizning boshi-ko‘ziga sadaqa, eski bir ko‘ylak bo‘lsa, menga bering, to‘yga borayin, to‘yda menga ko‘ylak tushsa, keltirib sizga berayin.
Oysel borib Beyrakning ko‘ylagini keltirib berdi. Beyrak kiyib ko‘rdi, bo‘yi bo‘yiga, eni eniga, yengi qo‘liga mos keldi. Katta singlisi Oysel uni Beyrakka o‘xshatdi, qiyma qora ko‘zlari qonli yoshlarga to‘lib, dedi:
– Qiyma qorako‘zlaring ich-ichiga botib ketmasaydi, Beyrak og‘am derdim seni, oq tushgan soching yuzingni bekitmasaydi, bilaklaring ozib ketmasaydi, Beyrak og‘am derdim seni. Turishingdan, qarashingdan Beyrakka o‘xshatdim, o‘zon seni, uni eslatib sevintirding, o‘zon meni.
– Hoy o‘zon, – dedi Gunoy, – sen bu yerga qaydan ham kelding? Beyrak ketgandan beri biznikiga o‘zon kelgani yo‘q edi, ko‘ylak olgani yo‘q edi.
Beyrak: “Bu ko‘ylakda qizlar meni sal bo‘lmasa, tanib qolardilar. O‘g‘uz yigitlari ham tanib qolishlari mumkin. Hozircha tanimay turganlari yaxshi, avval do‘stim kim, dushmanim kimligini bilib olayin”, deb o‘yladim.
Ko‘ylakni yechib, qizga uloqtirar ekan, dedi:
– Sen ham, Beyrak ham ordona qolsin. Bir eski ko‘ylak berib, menga yuz minnat-malomat qildingiz.
U chiqib ketdi, borib tuyaning eski bir julini topdi, o‘rtasidan teshib, bo‘yniga suqdi, o‘zini tentakka solib, to‘yga kirib bordi.

* * *

To‘y boshlanib ketgan, tosh nog‘oralar qoqilar, karnaylar g‘at-g‘atlab chalinar, surnaylar ovozi yeru ko‘kni tutgan edi.
To‘y marosimi Qo‘buston qoyatoshlari yonida o‘tkazilmoqda edi. Qo‘buston qoyatoshlariga o‘yilgan ho‘kiz, echki, kiyik suratlari merganlar uchun nishon edi. Endilikda kattakon bir qoya yuzasiga chizilgan ho‘kiz suratini, suratning qoq o‘rtasiga mum bilan yopishtirilgan uzukni nishonga olib otmoqda edilar.
O‘zini jinniga solgan, g‘aroyib qiyofaga kirib olgan Beyrak bir chekkada turganicha merganlarning o‘q uzishini tomosha qila boshladi.
Qorabutoq o‘q uzgan edi, Beyrak:
– Bilagingga quvvat! – dedi.
Qozon o‘g‘li Turol otgan edi, Beyrak:
– Bilagingga quvvat! – dedi.
Omon, Do‘ndarlar o‘q uzishgan edi, Beyrak:
– Bilagingga quvvat! – dedi.
Navbat Yalinchiqqa yetdi. Yalinchiq otgan edi, Beyrak:
– Qo‘ling qurisin, barmoqlaring chirisin, – dedi. – Hoy to‘ng‘izdan to‘ragan to‘ng‘izvachcha, to‘ng‘iz ham ho‘kizga o‘q uzadimi?
Bu gapga yigitlar kulib yuborishdi, Yalinchiqning qattiq achchig‘i chiqib, g‘azab bilan:
– Hoy, tentak o‘zon, – dedi, – sen qaydan kelding o‘zi? Sen kim bo‘libsanki, menga bunaqangi so‘zlarni aytasan?
– Anavi yigitlarning qurboni bo‘lsang arziydi, – dedi Beyrak. – O‘q otishni bilmas ekansan, nega ularga bosh qo‘shib yuribsan? Yoyni ham shunaqa tortadilarmi, axir?
– Bo‘pti, hoy ahmoq, – dedi Yalinchiq, – kelib mening yoyimdan otib ko‘r, qani, qanday otar ekansan. Ota olmasang, seni o‘ldiraman.
Beyrak yoyni olib tortgan edi, u qabzasidan ikkiga bo‘linib ketdi, Beyrak singan yoyni Yalinchiq tomon otar ekan:
– Bu kamon taqir yerda to‘rg‘ay otishga yaraydi, xolos, – dedi.
Yalinchiq qattiq mulzam bo‘ldi, lekin sir boy bermay:
– Beyrakning bir yoyi bor, o‘shani olib keling, – dedi. U aytgan yoyni keltirdilar. Beyrak o‘z yoyini ko‘rib o‘rtanib ketdi, qo‘liga olib o‘par ekan:
– Yigitlar, – deya O‘g‘uz yigitlariga yuzlandi. – Sizning hurmatingiz haqi, yoy tortib, o‘q otaman.
Bir o‘q bilan uzukni urib, parcha-parcha qildi. Yigitlar buni ko‘rib, qarsak chaldilar, shod bo‘lib kuldilar. Bir chekkada, baland bir qoya ustida bularni tomosha qilib o‘tirgan Qozon Beyrakni yoniga chaqirdi. Beyrak uning oldiga borib, bosh egib, ta’zim qilganicha salom berdi.
– Hoy tentak o‘zon, – dedi Qozon, – yoy tortib otishing menga ma’qul keldi. Beyrak ketgandan beri hech kim uning yoyini torta olmagan edi. Sen buning uddasidan chiqding, tila tilagingni. Hashamdor o‘tov deysanmi, oltin-kumush, qo‘y-qo‘zi, tuya, ot deysanmi, so‘raganingni beraman.
– Sultonim, – dedi Beyrak, – sendan tilagim shuki, ruxsat bersang, taomlar pishayotgan joyga borsam, qornim och, bir to‘yib ovqat yesam.
– Tentak o‘zon, omading chopdi, – dedi Qozon kulib, so‘ng yigitlariga yuzlanib, – yigitlar, bugungi bekligimni shunga berdim, – dedi. – Qayga borsa borsin, nima qilsa qilsin.

* * *

Beyrak kelib qozonlarni ochdi, xizmatchilarni chaqirib:
– Bu ovqatlarni eltib yetim-esirlarga bo‘lib bering, – dedi. – Ayollar qayerda o‘tirishibdi, meni ularning yoniga boshlab boring.
Xizmatkorlardan biri Qozonning yoniga kelib:
– Sultonim, – dedi, – tentak o‘zon taomlarni yetim-esirlarga ulashdi. Endi esa qizlarning yoniga bormoqchi.
– Mayli, nimani istasa, qilaversin, qizlarning yoniga bormoqchi ekan, boraversin, – dedi Qozon.

* * *

Beyrak qizlar, ayollar o‘tirgan chodir yoniga keldi, surnaychi, nog‘orachilarni quvib yuborib:
– Mening o‘zim chalaman, – deya qo‘ynidan qo‘bizini chiqardi.
Beyrak ayollar o‘tirgan chodir eshigining og‘ziga cho‘k tushdi. Sarvqomat Burla Xotun bu holdan g‘azablanib:
– Hoy beodob! Taklifsiz qizlar, ayollar o‘tirgan yerga kelgani qanday hadding sig‘di? – dedi.
– Xonim, Qozonxondan menga ruxsat bo‘ldi. Hech kim meni hayday olmaydi, – dedi Beyrak.
– Modomiki, Qozondan ruxsat bo‘lgan ekan, o‘tiraqolsin, – dedi Burla Xotun ayollarga, so‘ngra Beyrakdan: – Xo‘sh, o‘zon, maqsading nima o‘zi? – deb so‘radi.
– Xonim, maqsadim shuki, men qo‘biz chalayin, erga tegayotgan qiz turib o‘ynasin.
Yuziga qizil chachvon tutgan Bonuchechak parda ortida bekinib o‘tirar edi. Ayollar pichirlasha boshladilar. Burla Xotun Qisircha Yangaga pichirlab:
– Qisircha Yanga, turib sen o‘ynay qol, – dedi, – tentak o‘zon qaydan ham tanib o‘tiribdi?
– Chal, tentak o‘zon! Chal, o‘ynayman, erga tegayotgan qiz men bo‘laman, – dedi Qisircha Yanga o‘rnidan turib.
Beyrak qo‘biz chalishga, Qisircha Yanga o‘ynamoqqa tushdi. Beyrak sozini chalib ayta boshladi:
– Uying ortidan tuyakashlar o‘zingga boqar, qaysi chuqurga ketdi deb izingga boqar, qaysi yondan kelar ekan deb yo‘lingga boqar, ko‘zlaridan mo‘ldir-mo‘ldir yoshlari oqar. Sen ularning yoniga bor, ularning murodini hosil et, o‘zing ham murodingga yet. Ichgan ontimdan enmayman, qisir tuyaga minmayman.
Ayollar yashmoqlari ostidan qiqir-qiqir kuldilar. Beyrak so‘zida davom etdi:
– Qisircha Yanga, sening bilan ishim yo‘q. Er qilayotgan qiz tursin, qo‘l yoyib o‘ynab bersin, men esa qo‘biz chalaman.
– Voy, bu tentakni jin ursin, ko‘zi bilan ko‘rgan kabi aytyapti-ya, – dedi Qisircha Yanga.
Ayollardan biri Bo‘g‘ozcha Fotimaga pichirladi:
– Tur, sen o‘yna.
Bo‘g‘ozcha Fotimaning yuziga tanimaydigan qilib chachvon soldilar.
– Chal, tentak o‘zon, men o‘ynayman, erga tegayotgan qiz men bo‘laman, – dedi Fotima o‘rtaga chiqib.
Beyrak qo‘bizini ting‘irlatganicha ayta ketdi:
– Uyingning orti daracha emasmi? Itingning oti Qoracha emasmi? Sening oting qirq o‘ynashli Bo‘g‘ozcha Fotima emasmi? Bor, joyingga o‘tir, o‘ynama, yo‘qsa, yana aybingni ochaman, obro‘ying to‘kiladi. Men seni yaxshi taniyman. Ichgan ontimdan enmayman, bo‘g‘oz baytalga minmayman, men sen bilan o‘ynamayman. Erga tegayotgan qiz o‘rnidan tursin, men qo‘biz chalaman, u qo‘l yozib o‘ynab bersin.
Bu gaplarni eshitib, Bo‘g‘ozcha Fotimaning qattiq jahli chiqib:
– Voy, bu tentak bir ishkal chiqaradi, bor-yo‘q aybimizni ochib tashlaydi, – dedi va Bonuchechakka yuzlandi: – Tur, hoy qiz! O‘ynasang o‘yna, o‘ynamasang, jahannamda o‘yna! Beyrakdan so‘ng boshingga shunday kunlar tushishini bilarmiding?
– Hoy qiz, tur, o‘yna! Hunaringni bir ko‘raylik-chi, – dedi Burla Xotan Bonuchechakka.
Bonuchechak o‘rnidan turdi, Beyrak bergan uzukni hech kim ko‘rmasin deya qo‘llarini yengi ichiga yashirganicha o‘rtaga chiqdi va:
– Erga tegayotgan qiz men bo‘laman, – dedi.
– To‘g‘ri, sen bo‘lasan, – dedi Beyrak, – lekin qo‘llaringni nega yashirasan, suvga borganingda muz olganmi, barmoqlaring sinib tushganmi? Qo‘llaring aybli bo‘lsa, aybini nega yashirasan? Aybi bor qiz, erga tegmoq senga aybdir!
– Hoy, tentak o‘zon, – dedi Bonuchechak dovdirab, – mening ne aybim borki, yolg‘ondan ayb taqasan?
Shunday deya oppoq bilaklarini ochdi, qo‘lini chiqardi. Uning barmog‘ida Beyrak bergan uzuk bor edi.
Beyrak uzukni tanib, dedi:
– Beyrak ketgach, Bombomtepa ustiga chiqdingmi, hoy qiz? Uzoq-uzoq yo‘llarga boqdingmi, hoy qiz? Qora sochingni yulib faryod chekdingmi, hoy qiz? Qora ko‘zingdan achchiq-achchiq yosh to‘kdingmi, hoy qiz? Kelgan-ketgandan Beyrak daragini so‘rab boqdingmi, hoy qiz?
Bonuchechak yig‘laganicha dedi:
– Yig‘ladim, o‘zon, bo‘zladim, o‘zon. Necha yillar ko‘zladim, o‘zon. Shahboz yigitim kelmas bo‘ldi… Bugun men erga tegmayapman, go‘rga tegyapman, o‘zon. Rahm et, o‘zon, yaramni yangilama.
– Hoy qiz, barmog‘ingdagi tilla uzukni senga kim bergan? Uni menga ber. Men uning alomatlarini bilaman, – dedi Beyrak.
– Yo‘q, tilla uzukning ko‘p alomati bor. Uni faqat menga bergan kishi biladi, sen bilmaysan.
Beyrak yana qo‘bizni chertib, dedi:
– Erta sahar bo‘z ayg‘irni minmadimmi? Uying yonida jayronlarni quvmadimmi? Sen meni yoningga chaqirmadingmi? Sen bilan maydonda ot chopishib, o‘q otishib, bel olmadimmi? Uch bor o‘pib, qattiq quchib, barmog‘ingga tilla uzuk solmadimmi? Sen sevgan Bamsi Beyrak men emasmanmi?
Bonuchechak chachvonini tushirdi, uning rangi qochgan, lablari pir-pir uchgan edi. Bir hayajon, bir iztirob, bir qo‘rquv bilan Beyrakning ajin tushgan yuzlariga, botib ketgan ko‘zlariga, oq tushgan soch-soqoliga boqdi, afsunlangan kabi u tomon ikki odim otdi. Beyrak qo‘lini u tomon uzatdi, kaftini ochdi – kaftlarida tuproqqa qorishgan yovshan bor edi. Yovshan hidi Bonuchechakning dimog‘iga urdi, Bonuchechak shivirlaganicha: “Yovshan hidi”, dedi va Beyrak tomon otildi, biroq qo‘qqisdan to‘xtab, chodirdan qochib chiqdi-da, otlardan biri tomon yugurdi.

* * *

Bonuchechak sakrab otga mindi, qamchi solib yela ketdi, to‘yga kelgan qo‘noqlar orasidan, maydonda o‘q otayotgan yigitlar ichidan unga hayron bo‘lib qarab turgan Qozon, Turol, Qorabutoq yonidan, sarxush bo‘lib cho‘zilib yotgan Dali Ko‘char ustidan, o‘zini yo‘qotib shoshib qolgan Yalinchiqning yonboshidan uchib o‘tdi, qir-adirlardan kechib, Bayot ovuliga yetdi.
Ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgan Boybura va uning xotini Oyna Malak hamishagi joylarida, ovul chekkasidagi tosh ustida o‘tirgan edilar. Bonuchechak ot yeldirib ularning yoniga yetdi, yetib borib yuganini tortdi. Ot ko‘kka sapchidi.
– Hoy qaynatam, qaynanam! Yiqilgan tog‘ingiz qayta tiklandi! Qurigan daryongiz suvga to‘ldi! So‘lgan daraxtingiz yaproq qildi! Dardida necha yil yig‘lagan o‘g‘lingiz Beyrak keldi! Qaynatam, qaynanam, suyunchisiga nima berasiz? – dedi Bonuchechak.
Boybura o‘rnidan sakrab turib:
– Tilingga qurbon bo‘lay, kelinjonim, yo‘llaringda jon beray, kelinjonim. Agar bu so‘zlaring yolg‘on bo‘lsa ham, iloho, rostga chiqsin, kelinjonim, – dedi.
Shu paytda yigitlar va Beyrak ham ot choptirgancha yetib keldilar.
– Suyunchi ber, Boybura, o‘g‘ling keldi, – dedi Qozon.
– Agar o‘g‘lim bo‘lsa, chimchilog‘ini qonatsin, qonini ko‘zimga surtsin. Ko‘zim ochilsa, o‘g‘lim Beyrakning kelgani rost bo‘ladi, – dedi Boybura.
Beyrak darhol chimchilog‘ini tilib, qonini otasining ko‘ziga surtdi, Boyburaning ko‘zlari yarq etib ochildi.
– O‘g‘lim, – dedi Boybura, – ko‘rar ko‘zimning nuri bo‘lgan o‘g‘lim, bilagimning kuch-madori bo‘lgan o‘g‘lim, uyimning tayanch tog‘i bo‘lgan o‘g‘lim!
– Qizu kelinimning bog‘i, bog‘boni bo‘lgan o‘g‘lim, – dedi Oyna Malik. Ota-onasi, singillari Beyrakni quchoqlab oldilar, kulib turib yig‘ladilar, yig‘lab turib kuldilar.
Qozon Bonuchechakka, Beyrakka qarab:
– Yaxshi, – dedi, – murodingizga yeting.
– Yo‘q, – dedi Beyrak, – hali yana bir ishim bor. Uni bajarmaguncha murodimga yetmayman. Yalinchiq qani?
Beyrak otini ortga burdi. Yigitlar ham uning ortidan ot soldilar.

* * *

Yalinchiq ham otiga minib qochib borardi. Qayrilib ortiga qaray-qaray qochardi. Beyrak quvar, Yalinchiq qochib borardi. Yalinchiqning oti uchqurroq bo‘lib, tobora ularning orasidagi masofa ortgandan ortib borardi. Beyrak ortda qolib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Biroq shu payt, Yalinchiq yuksak tog‘ning etagiga yetganida Qoracha Cho‘pon uni toshga tutdi. Yalinchiqning oti munkib ketib, qulab tushdi. Yalinchiq otdan tushib qochdi, shu atrofdagi qamishzorga kirib yashirindi.
Beyrak yetib keldi. Lekin Yalinchiq yo‘q edi.
– Qo‘rqma, – dedi Qoracha Cho‘pon, – u o‘zini qamishzorga urdi. Hozir chiqaramiz.
Qoracha Cho‘pon chaqmoqtoshni olib chaqdi, qamishzorga o‘t qo‘ydi. Qamishzorni olov qoplab oldi. Ichkaridan dahshatli faryod eshitildi. Ust-boshi yona-yona titilgan, yuz-ko‘zini qurum bosgan Yalinchiq bo‘kirganicha qamishzordan chiqib keldi. Yetib kelgan yigitlar uning bu ahvolini ko‘rib kulib yuborishdi. Yalinchiq endi qo‘rqinchli emas, ayanchli, g‘arib bir ahvolda edi. U kelib Beyrakning oyoqlariga yiqildi.
Beyrak qilichini qinidan sug‘urdi. Yalinchiq titrab-qaqshab:
– Rahm qilgin, o‘ldirma meni, – dedi.
– Seni o‘ldirish niyatim yo‘q, ablah, – dedi Beyrak, – turib, qilichimning ostidan o‘t!
Yalinchiq Beyrakning qilichi ostidan o‘tdi.
– Endi boraver, sening gunohingdan kechdim, – dedi Beyrak.

* * *

Dada Qo‘rqut qo‘bizining sho‘x-shang sadolari ko‘kka yuksaldi.

* * *

…Dada Qo‘rqut o‘z qabrining boshida o‘tirardi. U qo‘biz chalar, lekin endilikda u chalayotgan bu ohang to‘y-tantana ohanglari emas, Dada Qo‘rqutning o‘zi kabi g‘amgin, qayg‘uli bir ohang edi. Dada Qo‘rqut kuylardi:
– Beyrak tutqunlikdan qaytib keldi, to‘y qildi, Bonuchechakni o‘tovga olib keldi, o‘g‘illar ko‘rdi. Beyrakning singlisi Gunelni Qozonning o‘g‘li Turolga unashtirdik. Xursandchilik qildik, o‘ynadik, kuyladik. O‘g‘uz elining balo-qazoli kunlari tugadi deb o‘yladik. Musibatli kunlar hali oldinda ekanligini, hali boshimizga yana qanday kulfatlar tushishini, yurtimizga yana qanday balo-qazolar yog‘ilishini qaydan ham bilibmiz, axir?
…Alp Aruzning chodirida qora niqobli kishi unga turli xabarlarni aytgani sari Aruzning mo‘ylovlaridan qon sizib chiqmoqda edi. Aruz qars urib, xizmatkorlarini chaqirdi:
– Qon-qarindoshimiz bo‘lgan yigitlarga odam jo‘nating, yetib kelishsin. Omon kelsin, Dali Ko‘char kelsin.
…Chaqirilgan yigitlar yetib kelishdi, Alp Aruzning chodiriga kirishdi. Hamisha sarxush yuradigan Dali Ko‘char gandiraklab-gandiraklab otdan tushdi, chayqala-chayqala chodirga kirdi.
Alp Aruz yigitlar bilan salomlashib bo‘lgach:
– Yigitlar, men sizni nega chaqirtirganimni bilasizmi? – deb so‘radi.
– Bilmaymiz, – deyishdi ular.
– Ko‘rib turibsizki, men O‘g‘uz yigitlaridan faqat sizni, ya’ni qon-qarindoshlarimni chaqirtirdim. Chunki bunday kunda yuragim faqat sizga achishadi. Bilasizki, Qozonning men bilan ilgari ham orasi sovuq edi, endi esa oshkora dushmanga aylandi. Demak, u sizning ham dushmaningiz hisoblanadi. Endilikda Beyrak ham qaytib keldi. Qozonning bir kuchi ikki bo‘ldi. Beyrak to‘yiga bizni chaqirmadi, ochiqdan-ochiq adovat bog‘ladi. Endi qanday tadbir ko‘ramiz, siz nima deysiz?
Dali Ko‘char Alp Aruzga xumor-xumor suzilib:
– Nima ham derdik. Sen Qozonga dushman ekansan, biz ham uning dushmanimiz, – dedi.
– Yigitlar, ont iching! – dedi Aruz.
– Sening do‘stingga do‘st, dushmaningga dushmanmiz!
Dali Ko‘charni mudroq bosgan edi.
Alp Aruz unga qarab dedi:
– Beyrak bizdan qiz olgan, Dali Ko‘charning kuyovi bo‘ladi. Ammo u Qozonning ham o‘ng qo‘li hisoblanadi. Kelinglar, Beyrakka bizni Qozon bilan yarashtir, deb xabar jo‘nataylik. Uni bu yerga olib kelaylik. Bizga tobe bo‘lsa, yaxshi, yo‘qsa, men soqoliga yopishaman, siz qilich urib, qiymalab tashlang, Beyrakni oradan ko‘taraylik. So‘ngra Qozon bilan ishimiz oson ko‘chadi.

* * *

Aruzdan Bayot ovuliga chopar kelib, Beyrakning huzuriga kirdi.
– Hoy yigit, Aruz senga salom yo‘lladi, Beyrak kelib Qozon bilan bizni yarashtirsin, deb aytdi, – dedi u.
– Yaxshi gap, – deya otiga mindi Beyrak, Aruzning uyiga keldi, yigitlar o‘tirgan uyga kirib salom berdi va Aruzning yoniga borib o‘tirdi.
– Seni nega chaqirganimizni bilasanmi, Beyrak? – dedi Aruz.
– Nega chaqirdingiz?
– Butun bu o‘tirgan yigitlar ont ichib, Qozonga dushman bo‘ldik, sen ham ont ich.
Beyrak atrofga ko‘z tashlab, intiqlik bilan o‘ziga qadalgan nigohlarni ko‘rib, dedi:
– Ont ichamanki, men hech qachon Qozonga dushman bo‘lmayman. Men Qozonning tuzini ko‘p yeganman, unutsam, ko‘zimni tutsin, qaziliq otini ko‘p minganman, bilmasam, mening tobutim bo‘lsin. Yaxshi liboslarini ko‘p kiyganman, bilmasam kafanim bo‘lsin. Qozonning uyini uyim, o‘chog‘ini o‘chog‘im deganman, yig‘laganida yig‘laganman, kulganida kulganman. Men Qozondan yuz o‘girmayman, shuni yaxshi biling.
Aruz qo‘l cho‘zib Beyrakning soqoliga chang soldi. Beyrak parvo qilmay o‘tiraverdi. Aruz yigitlariga boqib ishora qildi. Yigitlar qilichlarini sug‘urdilar, lekin hech biri Beyrakka qo‘l ko‘tarishga botina olmadi.
– Aruz, – dedi Beyrak, – bunday qilishingni bilganimda, temir sovutimni kiyib, po‘lat qilichimni belimga bog‘lab, jasur yigitlarimni qavatimga olib kelardim. Hiylangni sezganimda shundoq kelarmidim, olchoq? Aldab er yigitni qo‘lga olish xotinlarning ishi, buni sen xotiningdan o‘rgandingmi, nomard?
– Ko‘p katta ketma! Qoningga tashna etma. Kel, bizning gapimizga kirib, ont ich, – dedi Aruz.
– Men Qozon uchun bosh tikkanman. Necha yil tutqunlikda yotdim, lekin do‘stlarimdan, elimdan yuz o‘girmadim, endi ham yuz o‘girmayman, istasang, meni yuz pora qil.
Aruz yigitlariga boqdi, hech kim turgan yeridan qimir etmaganini ko‘rib, o‘zi po‘lat qilichini olib, Beyrakning o‘ng yelkasiga tushirdi. Beyrak qonga belanib, boshi shilq etib yoniga tushdi. Yigitlar jimgina tashqari chiqishdi, har biri o‘z otiga mindi. Ulardan biri Beyrakning otiga minib, jasadini oldiga o‘ngarib oldi, Bayot ovuliga yetib kelib, jasadni bir chekkaga tushirdi, jubbasini ustiga yopib qaytib ketdi.
Beyrak ingrab yubordi, buni eshitgan Bonuchechak yugurib keldi, Beyrakning qonga belanib yotganini ko‘rib hushidan og‘di. Beyrak og‘ir-og‘ir nafas olganicha bo‘lib o‘tgan voqeani to‘xtala-to‘xtala Bonuchechakka so‘zlab berdi.
– Sevgilim, – dedi u, – tez chora ko‘rmoq kerak. Yugur Qozonning devoniga, unga, Beyrak o‘ldi, sen omon qol, deb ayt. Mening xunimni nomard Aruzda qoldirmasin. Aruz nomard yigitlari bilan bu yerga bostirib kelmay, el-yurtimizni vayron qilmay turib, Qozonning o‘zi hujum qilsin. Seni, singillarimni, keksa ota-onamni Qozonga topshirib ketaman, o‘g‘limizni esa Qoracha Cho‘pon mard qilib voyaga yetkazsin.
Beyrak ko‘zlarini yumdi.
Bonuchechak ho‘ngraganicha o‘zini uning ustiga tashladi.

* * *

…Qozon dastro‘molini qo‘liga olib ho‘ng-ho‘ng yig‘lar edi. Qorabutoq ham, Do‘nar ham.

* * *

…Ujatog‘ning boshida Qoracha Cho‘pon boshiga tosh socha-socha yig‘lar edi…

* * *

…Majnuntol ostidagi buloq boshida Gunel bilan Turol yig‘lar edi…

* * *

Qozon o‘z xonasiga qamalib olgan, hech kimni yoniga yo‘latmas edi. Turol Qilboshning yoniga borib:
– Qilbosh, otam yetti kundan beri xonasidan chiqmaydi, – dedi, – sen bir kirib xabar ol-chi.
– Sen o‘g‘li bo‘lasan, o‘zing kir, – dedi Qilbosh.
Nihoyat, ikkalasi birgalikda Qozonning xonasiga kirishdi.
– Ota, – dedi Turol, – oramizdan bir yigit kamaydi. Bizning yo‘limizga bosh tikdi. O‘z xunini olishni senga vasiyat qilgan ekan. Yig‘lashdan nima chiqardi? Demoqchimanki, nomardlarni quvib boraylik, Beyrakning xunini olaylik.
Qozon og‘ir-og‘ir bosh ko‘tarib:
– Ha, qonga qon, – dedi, – o‘g‘lim, sening maslahating to‘g‘ri. Qilbosh, borib ayt, tez qurol-yaroqlarni otlarga yuklasinlar. Yigitlar ham hozir bo‘lib tursin.
Barcha yigitlar qurol-yaroqlarni olib, otlariga mindilar. Saman otni yetaklab kelib, ustiga Qozonni o‘tqazdilar. Karnaylar chalinib, dovullar qoqildi.
Kechani kecha, kunduzni kunduz demay yo‘l bosdilar. Qozon yonida yelib borayotgan o‘g‘liga o‘girilib:
– O‘g‘lim Turol, – dedi. – Bu jang sinov jangidir. Yo ular bizni yengadi, yo biz ularni. Sen bu jangda jasorat ko‘rsatishing, Beyrakning o‘rnini olib, menga tayanch bo‘lishing lozim.
Turol xayolidan o‘tkazdi. Bayot ovulning bir chekkasida Gunel zor-zor yig‘lab qolgandi.
Aruz va uning odamlariga xabar yetdi. Ular ham qurol-yaroqlarini olib Qozonga qarshi keldilar. Jang boshlandi: bag‘ri yam-yashil ulug‘ tog‘lar bundoq urushni ko‘rmagan edi. Tubi teran tor daralar bunday savashni bilmagan edi.
Bir tepa ustiga chiqib olgan Dada Qo‘rqut yigitlarga yalinib-yolvorar, ularni bu og‘a-ini qirg‘inini to‘xtatishga chaqirar edi. Lekin uni hech kim tinglamasdi. Alp Aruz maydonga ot solib kirganicha Qozonga qarab baqirdi:
– Hey Qozon, beri kel, boshingni tanangdan judo qilaman!
Qozon qalqonini o‘ngiga tutib, nayzasini bosh uzra silkitar ekan:
– Hey Aruz, – dedi, – xoinona odam o‘ldirish qandoq bo‘lishini men senga ko‘rsatib qo‘yaman!
Aruz Qozon sari ot qo‘ydi. Yetib borib unga qilich soldi, biroq jarohat yetkazolmay o‘tib ketdi. Navbat Qozonga keldi. U o‘tkir nayzasini Aruzning ko‘ksiga sanchib, otdan qulatdi, qilichini sug‘urib uning boshiga solmoqchi bo‘lgan edi, qo‘qqisdan ko‘zi bir chetda qo‘rquvdan titrab-qaqshab turgan Turolga tushdi. Qozon o‘g‘lining dahshatdan ola-kula bo‘lib ketgan ko‘zlarini ko‘rib, darhol bir qarorga keldi. Aruzni ko‘rsatib:
– O‘g‘lim Turol, – dedi, – buning boshini sen olasan.
Qozon ot choptirganicha o‘zini jang maydoniga urdi, go‘yo chumchuq to‘dasiga burgut kirgandek bo‘ldi.
Turol otdan tushdi, qilichini sug‘urdi, ammo o‘ldira olmadi. Aruzning shafqat tilagancha javdirab turgan ko‘zlarini ko‘rib, qilichini qaytib qiniga soldi-da, ot choptirib nari ketdi. Aruz asta-sekin tirsagiga tayanib o‘rnidan turdi, so‘nggi kuchini to‘plaganicha yoyiga o‘q joylab uzoqlashib borayotgan Turolni nishonga oldi. O‘q uzdi. O‘q Turolning naq kuragiga sanchildi. Sharillab qoni oqdi. Qo‘llarini yozib otining yoliga yotib qoldi, so‘ng sirg‘alib yerga quladi, oyog‘i uzangidan chiqmay, otning belida osilib qoldi. Ot yarador egasini sudrab tog‘lar tomon chopib ketdi. O‘qi nishonga tekkanini ko‘rgan Aruz mamnun bo‘ldi, ammo og‘riqdan basharasi burishib ketdi, boshi yoniga shilq etib tushdi-da, joni uzildi.
Jang maydonining har yer-har yerida yigitlar birma-bir halok bo‘ldilar.
Qozonning oti ham, o‘zi ham qilichdan o‘tdi.
Qorabutoq halok bo‘ldi. Omon halok bo‘ldi. Do‘ndar halok bo‘ldi.
Yigitlar ham, otlar ham bitta-bitta to‘kilib bormoqda edi.

* * *

Qora niqobli kishi hamon maydonda javlon urardi. Oq niqobli bir yigit uning qarshisidan chiqib qilich soldi, dodlatib otdan qulatdi, qora qoniga beladi. Qora niqobli kishi yerga qular ekan, yuzidan niqobi tushib ketdi – bu kimsa Yalinchiq edi. U bor kuchini to‘plab nayzasini oq niqobli yigitning kuragiga sanchdi. Oq niqobli kishi otdan qulab tushib, yerga cho‘zilib qoldi. Yalinchiq jon bermoqda, biroq o‘limdan oldin o‘zi o‘ldirgan va o‘zini o‘ldirgan kim ekanini bilmoqchi bo‘ldi, qo‘lini zo‘rg‘a cho‘zib, raqibining yuzidan oq niqobini tortib oldi. Bu – Bonuchechak edi.
Shu ondayoq Yalinchiq ham Bonuchechakning oyoqlari ostiga yiqilib tinchib qoldi.

* * *

Butun maydonda inson jasadlari, ot loshlari qalashib yotardi. Ular ham tosh qotib, haykallarga aylanardilar.
Ammo haykallar ham o‘z shakllari, qiyofalarini yo‘qotib, oddiy tosh tepalariga evrilardilar. Endilikda bu katta maydonda g‘aroyib tosh uyumlaridan, g‘alati qoyalardan boshqa hech narsa qolmagan edi.
Tepa boshida turgan Dada Qo‘rqut yuzini changallab yig‘lar edi.
* * *

…Turolning oti chopganicha o‘z egasini uzoqlarga, tog‘larning ortiga olib ketmoqda edi…

* * *

Maydondagi tosh uyumlari orasida sochlari to‘zg‘igan, o‘zini mushtlab yig‘lagan ayollar, qariyalar tentirab yurardi. Ularning ichida sarvqomat Burla Xotun ham bor edi, Gunel ham. Ayollar yigitlarning nomini aytib faryod qilar edilar:
– Voy Qozonim, voy! Voy Omonim, voy! Voy Aruzim, voy! Voy Qorabutog‘im, voy! Voy Turolim, voy-voy!

* * *

…Dada Qo‘rqut o‘z qabri boshida o‘tirganicha qo‘biz chalar edi, uning hikoyati oxiriga yetgan edi. Dada Qo‘rqut so‘ylardi:
– Qani men aytgan alp eranlar? Dunyo meniki deganlar? Ajal oldi, yer yashirdi, foniy dunyo kimga qoldi? Kelimli-ketimli dunyo, oxiri o‘limli dunyo. Dada Qo‘rqut, o‘lar bo‘lding, shuni bil, karvon ketdi, sen kechikding, shuni bil. Har bir uzun umrning ham oxiri o‘lim, oqibati ayriliqdir.
Dada Qo‘rqut so‘zini aytib tugatdi, qo‘bizini qo‘yniga tiqdi, og‘ir-vazmin qabriga boqdi, uning ichiga kirib cho‘zildi, o‘t-o‘lanlar orasidan bir chipor ilon chiqib vishillaganicha qabr tomon o‘rmaladi. Dada Qo‘rqut ko‘zlarini yumgancha oqibati nima bo‘lishini kutib yotdi. Birdan olisdan g‘alati ovozlarni eshitib ko‘zlarini ochdi, boshini ko‘tarib, e’tiborini ovozlar kelayotgan tomonga qaratdi.
Olisdan u tomon bir keksa ayol va yosh bir qiz kelmoqda edi. Ikkisining sochlari to‘zg‘ib ketgan, ikkalasi ham zor-zor yig‘lardi. Biri sarvqomat Burla Xotun, ikkinchisi Gunel edi. Burla Xotun qarg‘anib kelardi:
– Suvlari oqib yotgan Qaziliq tog‘i! Oqar suving oqmas bo‘lsin! O‘tlari bitib yotgan Qaziliq tog‘i! Bitar o‘ting bitmas bo‘lsin!
Tabiat ona qarg‘ishiga mute bo‘lib qolgan, oqib yotgan suvlar qurib, o‘t-o‘lanlar sarg‘ayib, so‘lib qolardi. Burla Xotun faryod etardi:
– Qaylardasan, o‘g‘lim Turol! O‘liklar ichidan seni topmadim, yaradorlar orasida uchratmadim. O‘g‘iljonim, o‘g‘lim! Qayda qolding, xabar ber!
Ular Dada Qo‘rqutning yoniga yetib kelishdi. Dada Qo‘rqut esa ularga qaramas, uning diqqatini boshqa narsa jalb etgan edi. Dada Qo‘rqut tog‘ning narigi tarafiga tikilar edi. Tog‘ning ortida qarg‘a-quzg‘unlar havolanib uchar, so‘ng yerga sho‘ng‘ir, yana uchib, yana qo‘nardi. Dada Qo‘rqut Burla Xotunga bu manzarani ko‘rsatib:
– Xonim, – dedi, – yig‘lama, o‘g‘ling sog‘-salomat, anavi tog‘ning quyisiga qarab yuringlar.

* * *

Adirlardan tog‘larga ko‘tarilib, tog‘lardan adirlarga tushdilar. Ko‘rsalar, Turol bir daraning og‘zida cho‘zilib yotibdi. Oti ham yonida turibdi.
Qarg‘a-quzg‘un qon hidini olib, o‘g‘lonning ustiga yopirilmoqchi bo‘lar, biroq ot dikonglab qarg‘a-quzg‘unlarni haydab yuborar, qo‘ngani qo‘ymasdi. Qarg‘a-quzg‘un uchib-qo‘nar ekan, goh chang-to‘zon ko‘tarilib, goh tinar edi.
Dada Qo‘rqut o‘g‘lonning jarohatini ko‘rib:
– Xonim, bu jarohatdan qo‘rqma, – dedi, – yigit bu jarohatdan o‘lmaydi. Ona suti bilan tog‘ chechagi uning yarasiga malham bo‘ladi.
So‘ngra Gunelga yuzlanib:
– Qizim, tog‘ bag‘riga chiqib, gul-chechaklar terib kel, qaylig‘ingning yarasiga bos, – dedi.
Gunel tog‘dan uyalib yashmog‘ini yuziga tortdi, tog‘ nishabiga chiqdi. Tog‘ning to‘shi tap-taqir edi, na bir o‘t bor edi, na bir chechak. Gunel harchand izlamasin, hech narsa topa olmadi.

* * *

…Burla Xotun ko‘kragini bir siqdi, sut kelmadi, ikki siqdi, sut kelmadi, uchinchi siqqanida sut qonga qorishib keldi. Ona sutidan Turolning lablariga uch tomchi tomizdi.

* * *

Gunel o‘t bitmaydigan, chechak unmaydigan tog‘ cho‘qqisiga yuzlanib dedi:
– Yuksak tog‘im, go‘zal tog‘im. Onamning aytishicha, sen – Qaziliq tog‘i, bizning hammamizning, O‘g‘uz qizlari, kelinlarining qaynatasi bo‘lar ekansan. Giyohingni, chechagingni Turoldan ayamagin, jon Qaziliq tog‘i.
Shu lahzadayoq tog‘ning to‘shidan o‘t-chechaklar unib chiqdi, yashil, sariq qizil giyohlar bir-biriga qorishib ketdi. Gunel shosha-pisha gul-chechaklar terib, to‘plab, yugurganicha Turolning yoniga keldi, chechaklarning suvini siqib, Turolning yarasiga bir-ikki tomchi tomizdi.
Turol asta-sekin ko‘zlarini ochdi, tuman orasida onasini ko‘rdi, sevgilisini ko‘rdi, Dada Qo‘rqutni, vafodor otini, chechakli tog‘larni, ochiq osmonni, dunyoni ko‘rib jilmaydi.

* * *

Dada Qo‘rqut, Burla Xotun, Gunel va Turol qaygadir ketib borardilar. Ular o‘sha jang maydonidan chiqdilar. Bu yerda manzara batamom o‘zgarib ketgan edi.
Qoracha Cho‘pon dag‘al tosh qoldiqlarini shaqirlatib bir chetga uloqtirardi. Toshdan bo‘shagan maydonda ho‘kizlar omoch tortar, odamlar qo‘shiq aytishganicha yer haydashardi. Qoracha Cho‘pon qora terga botganicha yerni tosh-kesakdan tozalardi. Beyrakning o‘n yoshlardagi o‘g‘ilchasi unga yordam bermoqda edi.
– Cho‘pon o‘g‘lim, nimalar qilyapsan? – deb so‘radi Dada Qo‘rqut.
– Yerni tozalayapman, Dada, – dedi Qoracha Cho‘pon. – Yerni haydaylik, ekaylik, o‘raylik, yeylik-ichaylik, davru davron suraylik. To‘g‘rimi gapim?
– Gaping to‘g‘ri, Cho‘pon, yurtimizning boshiga ko‘p balo-qazolar yog‘ildi. Erlarimiz, yigitlarimiz ko‘plab qirildi. Ammo butunlay qirilib ketmadik. Hali bormiz, bundan keyin ham bo‘lamiz, yashab qolamiz, ko‘payamiz.
Cho‘pon Beyrakning o‘g‘lini ko‘rsatib:
– Dada, bu yigit ot qo‘ygulik bo‘libdimi? – deb so‘radi.
– Albatta, – dedi Dada Qo‘rqut, – ot olishga loyiq bo‘libdi. Bu zaminda ko‘p er qirildi, oz er qoldi. Uning otini Oz er – Ozar qo‘yaman. Bas endi, oz erlar ko‘p bo‘lsin, ozarlar ko‘paysin.
Dada Qo‘rqut Ozarga qarab bir so‘z so‘yladi, ko‘raylik-chi, ne dedi ekan:
– O‘g‘lim Ozar, shuni bilki, tuproqning yurt, vatan bo‘lishi uchun ikki shart lozimdir. Bir shart shulkim, bu tuproqni ekmog‘ing, parvarish qilmog‘ing kerak. Ikkinchi shart shulkim, uni dushmanlardan qo‘rimog‘ing kerak. Qo‘riy olmagan tuprog‘ing ekib-undirishga arzimaydi, ekib-undirmagan tuprog‘ing qo‘rishga arzimaydi.
– O‘g‘lim Ozar, bu so‘zlarni yaxshilib yodingda saqla, – dedi Qoracha Cho‘pon.
– Cho‘pon, – dedi Dada Qo‘rqut, – katta ishni boshlabsan, ezgu ishga qo‘l uribsan. Tog‘ning tepasiga chiqib, uchta gulxan hozirlab qo‘y. Bitta gulxan yonganda elimiz to‘y-tantanaga to‘planib kelsin, ikkita gulxan yonganda bosqinchilardan qo‘rinish uchun yig‘ilishsin. Uchta gulxan yonganini ko‘rganda hamma ho‘kiz-omochi bilan kelsin, ishlash, mehnat qilish uchun kelish lozimligini bilsinlar.
Qoracha Cho‘pon otini minib, tog‘ tepasiga yuksala ketdi. Dada Qo‘rqut ishlayotgan kishilarga yuzlanib dedi:
– Ishimiz unumli, tuprog‘imiz barakotli bo‘lsin! Ko‘lkali daraxtimiz kesilmasin! Oqqan daryolarimiz qurimasin! Nomardga muhtoj bo‘lmaylik! Umidimiz uzilmasin. Qanotimiz sinmasin! Ujatog‘ning o‘choqlari hamisha yonib tursin!

* * *

Ujatog‘ning boshida uch gulxan lovullab yonardi. Qoracha Cho‘pon bilan Ozar faxr bilan osmonga bo‘ylagan olovga boqib turishardi.

* * *

Tog‘ning etagida Dada Qo‘rqut, Burla Xotun, Turol, Gunel, Oysel, Gunoy va boshqalar gulxanlarni sevinch bilan tomosha qilar edilar.

* * *

…Olis bir tog‘ning cho‘qqisida ham uch gulxan yonmoqda edi.
…Boshqa bir tog‘ning boshida ham…
…Uzoq-uzoqlardagi ko‘plab tog‘larning cho‘qqilarida uchtadan gulxan lovullardi…
Insonlar, tog‘lar o‘z shu’lalari bilan bir-birlariga xabar yetkazmoqda edi.

1970–1973

Ozarboyjon tilidan Usmon Qo‘chqor tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 11-12-sonlar