Kechqurun xonamning chirog‘ini o‘chirdim-u, buyumlar meni uxladi, deb o‘ylashdi, shekilli, o‘zaro suhbat boshlab yuborishdi.
– Men sizlarga shuni aytmoqchiman… – varaqlarini shaldiratib gap boshladi stol ustida qoldirilgan Kitob.
– Qani-qani, nima demoqchisan? – toqatsizlanibdi tuvakda o‘sayotgan Amarillis.
– Odamlar menga kunda to‘g‘ri munosabatda bo‘lmaydilar. Meni do‘kondan sotib olib kelganlarida shunday bejirim, sip-silliq bo‘lamanki, ular meni betma-bet varaqlab, muqovamdan ko‘chirib tashlaydilar. Hattoki, vaqtincha birovlarga berib yuborishlarini aytmaysizmi? Buni tasavvur qilib ko‘ringlar-a, vaqtincha o‘zga qo‘lga berib turarmishlar! Qarzga olib turganlar meni qay ko‘yga solishlarini bilsangiz edi! Ular barmoqlarini ho‘llab betma-bet varaqlab, sahifalarimni iflos, ichimni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashlarini bilsangiz edi. Pirovard-natijada bizni haqiqiy egamizga qaytarib berishni ham unutib yuboradilar.
Achchiqlangan Kitobning “qars” etib muqovasini yopib olgani qulog‘imga chalindi.
– Hoy Kitobvoy, faqat senga shunaqa beshafqat munosabatda bo‘ladilar, deb o‘ylaysanmi? – titroq ovozda gap boshladi Amarillis. – Ular dam-badam meni sug‘orib turish kerakligini ham eslaridan chiqazib qo‘yishlariga nima deysan? Men tuproqdan so‘nggi tomchi suvni so‘rib olayotganimda o‘zimdan ketib qolishimga bir baxya qoladi.
– Chiq… chiq… chiq.. – chikilladi Soat, lekin shu ondayoq jim bo‘lib qoldi va bir ozdan so‘ng zo‘r-bazo‘r chikillab:
– Chik! Chiq!.. Ko‘ryapsizlarmi? – holsizlanib shivirladi madori qurigan Soat, – ular murvatimni burashni yana eslaridan chiqazib qo‘ydilar. Ayb o‘zlarida bo‘lsa-da, yarim tunda to‘xtab qolganimda, ertalab vaqt necha bo‘lganini bilolmay ishga kechikishlaridan ko‘rkib: “Bu yaramas matohni axlatga tashlab yuborish kerak”, deb po‘pisa qilganlariga nima deysiz! Qani, o‘zingiz ayting-chi, axir shu insofdanmi?
– Odamlar judayam noshukr-da, – dedi devorda osig‘lik turgan Surat. – Ko‘p yildan buyon yonimda bir surat osig‘lik turardi. Yomon surat emasdi, eng qizig‘i, odamlar uni kimgadir sovg‘a qilib taqdim etganlarida ko‘klarga ko‘tarib maqtagandilar. Qaranglar-a, ularga bu rasmni chizgan rassom yoqmasmish! Rassom yoqmasa bunga bo‘yoq aybdormi? Bunisiga nima deysiz! Axir devorga rassomni osib qo‘yishmaydn-ku. Devorda surat osig‘lik turadi.
– Sizlarning arz-dodlaringiz menikining oldida holva! – Limonning ovozi eshitildi. – Inson men bilan qanday muomala qilishini bilsangiz edi! Tasavvur qiling-a, sizni hamma bir tomchi suvingiz qolguncha ezg‘ilab siqaversa. Obdon ezib, suvingni olib bo‘lgach, otib yuborishlariga o‘lasanmi-qolasanmi. Yana tashlagandayam axlat chelagiga yoki oshxonaga olib chiqib tashlashga eringan bekam savatchaga irg‘itib yuboradilar.Boshqalarga bunday muomala qilmaydilar. Faqat Limonlargagina shunday munosabatda bo‘ladilar.
Qattiq kahqaha eshitildi. Bexosdan barcha buyumlar jim bo‘lib qoldi. Faqat Soatgina zo‘r-bazo‘r:
– Chiq… chiq… – dedi, xolos.
Ortiq chiqillashga madori yetmadi shekilli, dabdurustdan “chiq” etdi-yu, to‘xtab qoldi.
Rus tilidan Dildora Ro‘zimahamadova tarjimasi