Andre Morua. Marsel Prust (esse)

“HAYoT ISMLAR DAVRIDAN BOShLANAJAK”

Andre Moruaning asarlarini o‘qigan odam borki, so‘z san’atining qudrati, uning sehr-jodusi, kamalakdek tovlanuvchi jilolari, ijodga xos nogahoniy sodir bo‘lib turuvchi hodisalari, ijodiy laboratoriyada yuz beruvchi maxfiy, hatto san’atkorning o‘zi uchun kutilmagan va noma’lum sinoatlarni, ular zaminidagi hikmatni yosh avlodga hikoya qilib berishlarini, bu nazokatli va serqirra ijodkorning asarlarini o‘qishni maslahat ko‘rishlarini juda-juda istagan bo‘lardim. Ayniqsa, Balzak, Gyugo, Jorj Sand, Volter, Marsel Prust kabi dunyo adabiyotini “zabardast yelkalariga olgan” daho ijodkorlar hayoti va ijodi qalamga olingan, romanlashtirilgan biografiyalari haqiqiy adabiyot qanday bo‘lishi kerakligini tushunib olishlariga yordam bergan bo‘lardi. Bu esa ijodkorning istiqbol yo‘llarini yorituvchi mash’al vazifasini bajaradi.
Aslida, Andre Morua “Muhabbatning yolg‘onligi” (1928), “Oila davrasi” (1932) kabi psixologik romanlari, “Xotiralar” kitobi (1970 yilda nashr etilgan) bilan o‘quvchilar tiliga tushgan. Ammo uning nomini baribir badiiy asar qatoriga qo‘yiluvchi, Shelli, Bayron, Balzak, Turgenev, Jorj Sand, Gyugo, haqidagi badialari tanitdi. Xususan, e’tiboringizga havola etilayotgan Marsel Prust haqidagi badiasi ham uning ana shu siradagi asarlaridan.
XX asr modernizmi darg‘alaridan sanalgan Marsel Prust falsafasi, ma’lum ma’noda, “chinakam hayot real hayot ortiga yashiringan san’at dunyosidagina mavjud bo‘ladi”, degan qarashga tayanadi. Uningcha, “Yagona va haqiqiy hayot – adabiyotdir”. Adibning “Yo‘qotilgan vaqtni izlab” epopeyasi “Svanlar tarafida”, “Guldek yuz ochgan qizlar soyasida”, “Germantlar tomon”, “Sodom va Gomorra”, “Asira”, “Qochoq qiz”, “Qo‘lga kiritilgan vaqt” turkum romanlaridan iborat. Dunyo adabiyotshunosligida Prust ijodiga oid ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilgan. Afsuski, bizda Prust nomi tor doiradagi adabiyotshunoslar orasidagina tilga olinadi. Prust ijodini o‘rganish, romanlarini ona tilimizga tarjima qilish uchun mazkur badia turtki bersa, ajabmas.
Andre Morua o‘z badiasida Prustdan “Hayot ismlar davridan boshlanadi” degan g‘alati iqtibos keltiradi. Prust vaqtni ismlar orqali anglashga harakat qiladi. Biz esa, yangi bir adabiy yangilanishni Prust nomi orqali tutishga urinamiz.
Tarjimondan

Muqaddima

XX asr boshlarida yashab o‘tgan yozuvchilar oralaridan aynan kimga san’at olamiga, xususan, adabiyotga faylasufona g‘oyalar, o‘z davri allomalari so‘z xazinasini olib kirish, zamona romanchiligini yangi o‘zanga burib yuborish baxti nasib etganini eshitib, yoqalarini ushlab qolgan bo‘lsalar ajab emas. Ular ziyolilar qatlamiga noma’lum, keng kitobxonlar ommasiga notanish bu kasalmand yigitchani, garchi u oqsuyaklar jamoasiga mansub ziyoli bo‘lsa-da, buyuk asarlar yaratib, jahon romanchiligini yuksak cho‘qqilarga olib chiqishga noqobil, deya hisoblagan bo‘lsalar kerak. Uzoq davom etgan va Balzak ijodiga bildirilgan Sent-Byov qarashlarini yodga soluvchi yanglish fikrlar “Yo‘qotilgan vaqtni izlab” roman-dostoni birinchi jildi bosilib chiqqandan so‘ng ham hukmron ediki, bu hol munaqqidlardan xulosa chiqarishda shoshilmaslikni, naqadar ehtiyotkor bo‘lishni talab qilardi.
Marsel Prust 1871 yili Parijda, nomdor tibbiyot professori Andrian Prust oilasida to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lib tug‘ilgan, kelib chiqishi yahudiy xonadoniga mansub bo‘lgan onasi, aftidan, o‘qimishli, rahmdil va nozikfahm edi. Bu nazokatli ayol farzandi Marsel qalbida butun umr komila, fozila ayol timsoli bo‘lib qoldi. Har qanday yolg‘ondan hazar qilish, insoflilik, eng asosiysi, o‘ta ko‘ngilchanlik kabi insoniy tuyg‘ular Marselga onasidan meros o‘tadi. Andre Berj eski albomdan bir paytlar yoshlar o‘rtasida rasm bo‘lgan savol-javob varaqasini topgandi; o‘sha yillari qizlar yosh-yosh yigitchalarni kutilmagan savollar bilan boshini qotirishni yaxshi ko‘rishardi, shularga javob berganida Prust o‘n to‘rt yoshga kirgan edi.
– Baxtsizlik nimadan iborat, deb o‘ylaysiz?
– Onamdan judo bo‘lishdan.
– Siz uchun eng katta dahshat?
– Yaxshilik bilan chin muhabbat in’om etadigan shodlikni bilmaydigan kimsalar, – deb javob bergan ekan o‘shanda Marsel.
“Muhabbat in’om etgan shod-xurramlikni his qilmaganlardan” u umrining oxiriga qadar hazar qilib o‘tdi. Poktiynat, beozor insonlar dilini bexosdan ranjitib qo‘yishdan doim qo‘rqib yashadi. Uning yaqin do‘stlaridan biri Reynaldo An ittifoqo Prustning qahvaxonadan chiqib ketishayotganda qanday qilib choychaqa berganini eslaydi: o‘ziga xizmat ko‘rsatgan ofitsiant bilan hisob-kitob qilib bo‘lgach, bir chekkada xayol surib o‘tirgan boshqa ofitsiantga ko‘zi tushib qoladi-yu, garchi hech qanday foydasi tegmagan bo‘lsa-da, yoniga borib bekordan-bekorga, hech bir luzumsiz choychaqa o‘rnida unga ancha-muncha pul uzatadi va do‘stiga bu mehribonchiligini quyidagicha izohlaydi: “Holidan hech kim xabar olmayotganiga ezilayotgandir?!”
Nihoyat, ko‘chaga chiqib, endi mashinaga o‘tirishayotganda, u birdan yana restoranga qaytadi: “Xayol bilan bo‘lib, ofitsiant bilan xayrlashmabmiz-a, indamay ketaverish insofdanmi?”
“Insofdanmi…” Bu kalom uning havas qilgulik so‘z boyligi bilan birga odamgarchiligining ham ziynati edi. Basharti kimgadir mehr ko‘rsatish, kimningdir ko‘nglini olib, xursand qilish lozim bo‘lib qolsa, u o‘sha kimsani hayratga solib, hatto, ta’bir joiz bo‘lsa, dov­diratib, xijolatga qo‘yib, beminnat saxovat ko‘rsatar – ular tushida ham ko‘rmagan sovg‘a-salomdan tashqari pulga ham ega bo‘lar edilar. Nima uchun u shunday qilardi? Bu saxovatpeshalik qaysi manbalardan oziqlanardi? Sirasini aytganda, odamlarning ta’bini tirriq qilib qo‘yishdan, ko‘nglini cho‘ktirishdan xavfsirash, musharraf insoniy tuyg‘ularga begona bo‘lib qolish va unga erisholmaslikdan cho‘chish, muhtoj va kasalmandlarni ayash, ularga mehr ko‘rsatish bilan birga, u tabiatidagi o‘zgalar dardini teranroq va afzalroq tasavvur qila olish fazilati tufayli larzaga tushayotgan o‘z yuragiga biroz bo‘lsa-da, taskin berish umidi ila yashardi.
Turgan gap, bu tug‘ma ta’sirchanlik bedavo dardi tufayli yanayam kuchayib ketardi – Prust hali to‘qqiz yoshidayoq og‘ir kasallikka chalingan edi. Uning nafasi siqar, shunaqa paytlarda bag‘oyat qiynalar, azob chekar, faqat onasining beqiyos mehribonligi joniga oro kirardi.
XIX asrning 80-yillarida o‘ziga to‘q burjua xonadonida tug‘ilib o‘sgan parijlik bolaning hayoti qanday o‘tganligini tasavvur qilish qiyin emas: keksa tarbiyachi bilan xushmanzara Yelisey xiyobonlarida sayr qilishlari, yillar o‘tgach, keyinchalik asarlarida “guldek ochilgan qizlar” timsoliga aylanajak barno qizchalar bilan uchrashishlari, birga o‘ynaganlari, ba’zan Akatsiya xiyobonida usti ochiq, bejirimgina faytunda sayrga chiqqan bolakayning o‘ta nazokatli hamda ko‘rkam qiyofali Svanni ko‘rib hayratlanishlari…
Marsel Prust ta’tilni Shartrdan uncha uzoq bo‘lmagan, otasining qarindoshlari – bobosi, tog‘alari, xolasi yashaydigan Ilya hududida o‘tkazar edi. Bos bilan Pershning ilhombaxsh ko‘rinishi uning o‘sha olamga mashhur kitobida Kombre manzaralari sifatida tasvirlanadi. Xuddi ana shu maftunkor va xushmanzara hudud orqali yo‘lovchilar “Svanlar taraf”ga yoki “Germantlar tomon”ga yo‘l olishi mumkin edi.
Prust Parijdagi talaygina yozuvchilar yetishib chiqqan Kondors litseyida o‘qidi; u ta’lim olgan sinf alohida tahsinga sazovor edi. Onasi tomonidan mumtoz adabiyotga muhabbat ruhi bilan tarbiyalangan benihoya qobiliyatli bola o‘sha paytdayoq ko‘zi tushgan buyumlar, odamlar, umuman, borliqni so‘zlar orqali tasvirlash mayl-ishtiyoqini his qilardi: “…daf’atan qaysidir hovli-bog‘, toshdan aksi qaytayotgan quyosh nuri, yo‘l chetida bosh ko‘targan noma’lum giyohlarning namxush bo‘ylari ta’sirida to‘xtab qolardim va yuragim bu olamning qanchalar nafis, go‘zal, ma’sum yaralganidan dukurlab urib ketardi, navqiron daraxtni bemajol ushlab qolardim – bu hammasi emas – bokira tabiatning zohiriy munavvarligi ortida boshqa, yashirin bir jodu bordek va u tinimsiz o‘z bag‘riga chorlayotgandek tuyulardi…”
Tabiiyki, bola bu taxlit g‘alati talab-ehtiyoj nimadan ogoh qilayotganini hali bilmasdi; biroq kunlardan bir kun mana shunday manzaralardan biri – vodiyning ichkari qismidagi uchta minora tobora olislab borayotgan yo‘lovchining harakatiga monand ravishda boshqa tomonga burilib, bir-biridan nariroq ketib, bir-biriga qo‘shilib, bir-birining ortiga yashirinib olayotganini qog‘ozda ifodalamoqchi bo‘ldi-yu bir sahifa yozgach (kelgusida hali ko‘p bunaqa narsalarni his qiladi), hayotda o‘xshashi yo‘q, hech nimaga tenglashtirib bo‘lmaydigan sururni his qildi – bu faqatgina haqiqiy yozuvchiga nasib etajak, ijodgina baxsh etajak sehr edi. “Bu sahifa, – deya yozgan edi u, – Martenvil gumbazlarida yashirin sir-asror vasvasasidan meni tamomila xalos qilgan ediki, azbaroyi xudo, baralla baqirib yuborguday bo‘lgandim. Bamisli men bir tovuqmanu hozirgina ichimdan tuxum dumalab tushgandek edi”.
Bu orada u litseyda falsafa fanlaridan ta’lim ola boshladi. Har bir o‘qimishli frantsuzning hayotida bu juda muhim hodisa sanaladi. Mana shu hal qiluvchi yili Prustga xudo falsafa ilmini suv qilib ichib yuborgan ajoyib muallim – Darlyuni ro‘para qildi va shu tariqa uning ko‘nglida hikmatlar chashmasi bo‘lgan falsafaga so‘nmas mehr-muhabbat saqlanib qoldi. Keyinchalik u o‘z zamonasida nom qozongan Bergson falsafasining asosiy jihatlarini roman orqali aks ettiradi.
Marsel Prust o‘z hayotini qanday davom ettirmoqchi bo‘ldi? O‘zining Daniel Galevi, Robert de Fler, Fernand Grego kabi do‘stlari hamda bir qancha litseydoshlari bilan birgalikda “Pir” nomli adabiy jurnal chiqara boshlaydi. Ota esa farzandining Savdo palatasida ta’lim olishini xohlardi; Prustning o‘zi buni unchalik xush ko‘rmasdi; u ijod qilishni va zodagonlar ichida bo‘lishni istardi. Voy-voy, uning oqsuyaklar davrasida yurishga bo‘lgan ishqibozligini ta’na qilishlari-chi! Adabiy davralarda u quruq olifta va oqsuyaklar vakili sifatida nom qozonadi. Lekin shunchalar jirkanib hukm chiqarganlarning qaysi biri jamiyatdagi mavqei yoinki vafotidan keyingi shuhrati bilan unga tenglasha oladi deysiz? Hech kim! Holbuki, hayotdagi turli doira vakillari uning asarlarida aks etgan va mahorat bilan tasvirlangan turfa davralarga mansub odamlarga nisbatan ancha-muncha boshqacha – tubanroq va gapirishga ham arzimaydigan edi.
Bir tomondan, zodagonlar jamiyati Prustning ko‘zlarini qamashtirib ham qo‘ygan edi, uning xudbinligi jamiyatdagi barcha tabaqalarning tengligini, hatto tikuvchining qirolichadan kam bo‘lmasligini tan olmasdi, deya xulosa chiqarish, Prust asarlarini naridan-beri, yuzaki o‘qiganlikni va tushunmaganlikni bildiradi. Chunki Prust bu oqsuyaklar jamiyatini deb hech qachon o‘zidan ketmagan, insoniy fazilatlarini yo‘qotmagandi; shak-shubhasiz, u yerda ham uning o‘ziga yarasha xushmuomalaligi, hayratomuz nazokati, shuningdek, ochiqko‘ngilligi to‘la namoyon bo‘lgandi; shunga ko‘ra, boshqa har qanday odamlar muhitida bo‘lganidek, kiborlar jamiyatida ham hurmat-ehtiromga munosib kishilar uchraydi; ammo, to‘g‘ri, zohiriy nazokat ortida, ko‘pincha, haddan ortiq kinoya, istehzo yashiringan bo‘ladi, biroq buning Prustga mutloqo aloqasi yo‘q! U allaqanday Sharlyusning buzuqligi yoki gertsoginya Germantskayaning xudbinligiga o‘z mehnati bilan kun ko‘ruvchi mayda mulkdorlar doirasiga mansub, onasi misol (asarda uning buvisiga o‘xshagan) ayollarning hayratomuz mehribonchiligini, Fransuaga o‘xshagan qizning, qaysidir soddadil haykaltarosh cherkov peshtoqida tasvirlagan Sent-Andre-de-Shandik frantsuzlarining, ya’nikim Frantsiya xalqi deb ataladigan kishilarning go‘zal xulq-odobi, insoniyligini qarshi qo‘yishdan hech qachon chekinmagan. Shunga qaramay, aytish lozimki, uning kuzatuv maydoni zodagonlar jamiyati edi va bu davraga bo‘lgan ehtiyojini u doimo sezib turardi.
Prustni uning yoshlikdagi do‘stlari ko‘zi bilan ko‘rishni istaganlar Mon Per-Ken tomonidan tasvir etilganicha ko‘z oldiga keltirishlari lozim. “Charaqlagan qo‘ng‘ir ko‘zlari ma’noli, qarashlari nihoyatda ma­yin, ovozi xiyol bo‘g‘iq; nozik did bilan kiyinishi, serbar ipak qadama ko‘kragi, kamzulining tugma qadaladigan ilmog‘iga qistirilgan atirgul yoki orxideya shoxchasi, chekkalari yassi, tekis tsilindri – u, ko‘pincha, shunday qiyofada bo‘lardi. Keyinchalik, xastalik xuruji sabab yaqin yor-birodarlari istagancha kiyinishiga izn berib qo‘yishganidan qishda ham, yozda ham ustidan tushmaydigan jun paltoda, u doim sovuqdan izillayotgandek yurardi, salonlarda tez-tez paydo bo‘lib qolardi”.
Prust 1896 yili, yigirma besh yasharligida o‘zining birinchi kitobi – “Taskinbaxsh kunlar”ni nashr ettirdi. Muvaffaqiyatsiz chiqqan bu kitobning ko‘rinishi uncha-muncha narsaning farqiga boradigan, nozikfahm o‘quvchi ixlosini qaytarardi. Prust muqovani Madlen Lemor chizgan suratlar bezab turishini, so‘zboshini Anatol Frans yozishini, kitobdan o‘rin olgan asarlarni bir-biridan Reynaldo Ananing musiqalarini eslatuvchi serma’no, xayolga chorlovchi manzaralar ajratib turishini xohlagan edi. Bezaklar, hasham, dong‘i ketgan san’atkorlarning ajib nomlari ham ushbu kitobning o‘qishli, ta’sirchan va jiddiy chiqishini ta’minlay olmadi. Biroq bironta nomdor munaqqid bu kitobning kamchiliklari orasida qimmatbaho marvarid donalaridek yorqin, esda qolarli, durdona tasvirlarni ko‘ra olganda edi, afkor ommaning bashorat qilishi uchun shuning o‘zi yetarli bo‘lardi.
“Taskinbaxsh kunlar”ni jiddiy o‘qigan o‘quvchi bo‘lg‘usida “Yo‘qotilgan vaqtni izlab” romanidek asarni yoza olguvchi Marsel Prust dahosiga xos fazilatlar: yuksak badiiy mahorat va go‘zal hikoya qilish san’atini payqagan bo‘lardi. “Taskinbaxsh kunlar”da haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan bir hikoya bor, unda qahramon yigit o‘limi oldidan o‘zi uzoq yillar davomida sevgan yoshgina malikadan jilla qursa bir kun birga bo‘lishni iltimos qiladi; malika buni rad etadi, yolg‘iz o‘zini yaxshi ko‘ruvchi bu badbin ayol o‘lim to‘shagida yotgan seviklisiga visol onlarini ravo ko‘rmaydi. Xuddi shunday vaziyatni boshqa novellada ham uchratamiz – jon berayotgan Svan gertsoginya Germanskayaga o‘z dardlarini to‘kib solayotganda, gertsoginya uning qayg‘usiga ortiqcha e’tibor bermay, tushlik qilgani oliymaqom xonadonlardan biriga taklif etilganini aytib, ravona bo‘ladi.
“Taskinbaxsh kunlar” to‘plamida “Gunohkor qiz” hikoyasi bor, unda qahramon o‘zi sezmagan holda onasining o‘limiga (uning yuragi xasta edi) sababchi bo‘ladi – u tanish yigitining bag‘riga kirib, o‘pich berayotganda, boyoqish onasi manzarani ko‘zgu orqali ko‘rib qoladi. Boshqa bir hikoyada Ventey xonim onasini qattiq ranjitadi, yana birida xotiralarini hikoya qilib berayotgan yigit (yoki Prustning ayni o‘zi) irodasizligi va tanballigi bilan buvisining ko‘ngliga ozor yetkazadi.
Har bir yozuvchi ijodining dastlabki bosqichida bunday ro‘yobga chiqmagan “dardlar” bo‘ladi, biron jo‘yali mavzu ular yuragidan o‘rin egalladimi, tamom, qobiliyatlarini ayni yo‘nalishda namoyon qilishning hadisini olganlari uchun shu “tanburni chalishga” bo‘lgan havaslari so‘nmaydi va natijada, ana shu tanbur navolari aynan shu muallifni yaxshi ko‘rib qolishimizga bizni majbur etadi. Shuning uchun ham ayrim adiblar doimiy ravishda bitta-yu bitta kitobni qayta-qayta yozayotgandek tuyuladi; shu sababli Flober har bir romanida o‘zining tuzatib bo‘lmaydigan romantikligini jilovlamoqchi bo‘laveradi; shu tufayli Stendal yoshgina Beylni uch marta qayta-qayta Jyulen Sorel, Fabritsio del Donga va Lyusen Leven ismli obrazlarda aks ettiraveradi, shu tariqa Prust yigirma besh yoshida yaratgan “Taskinbaxsh kunlar”dagi serqirra ohanglarni “Yo‘qotilgan vaqtni izlab”da beqiyos simfoniyaga aylantirishga jahd qilaveradi, tugallanmagani uchun tirikligida dunyo yuzini ko‘rmagan “Jon Santey” romanida ijodining o‘sha bosh mavzusini rivojlantirishga urinaveradi.
Biroq o‘sha kezlari u hayotga tamoman mukkasidan ketgandi, hayotni to‘laqonli aks ettirishi uchun muayyan masofa undan uzoqlashishi darkor edi. Uning o‘zi shunday tushuntiradi: “O‘z hayotingga ko‘z yugurtirib chiqqaningdan keyingina buyuk ijodkor bo‘lishing mumkin”. Bu hayot favqulodda ahamiyatli yo qiziqarlimi, muallif teran aql-idrokka egami yoki yo‘q, farqsiz, asosiysi, uchuvchilar ta’biri bilan aytganda, “uzilib ketish” kerak edi. Prust “uzoqlashishi” uchun yuz bergan hodisalar va real hayotdan “uzilishi” zarur edi.
Bir qator shart-sharoitlar, shu bilan birga, yuksak iste’dodni ko‘ngildan sezish muqarrar o‘zining ta’sirini o‘tkazadi. Avvaliga ko‘ksov kasali zo‘raydi, ko‘p o‘tmay mutlaqo ochiq havoda yurolmaydigan bo‘lib qoldi. Nafaqat daraxt va gullar, hatto bitta-yarimta do‘sti keltirgan giyohlarning yengilgina hididan ham nafasi qisib, entikib qolardi. U ancha vaqtgacha yozni dengiz bo‘yida, Truvilada o‘tkazib yurdi, ammo oxir-oqibat bunday safarlardan butkul voz kechishga to‘g‘ri keldi.
Shu vaqt ichida u hayoti va ijodiga juda katta ta’sir etgan kashfiyot qildi: gap Reskin haqida bormoqda. Prust uning ikkita kitobi – “Amen Bibliyasi” hamda “Sezam va Liliya”ni tarjima qilib, so‘zboshilar yozib, izohlari bilan chop ettirdi. Bu ikki yozuvchining ijodida umumiy uyg‘unlik ko‘p edi: bolaligida ikkovi ham qadrdonlarining g‘amxo‘rligi va jonkuyarligi ostida tarbiya topgan, ikkovi ham boylik, hasham, yengil hayot ichida ulg‘aygan edi. Bu hayotning yomon tomoni shunda ediki, kundalik og‘ir turmushdan uzilib o‘sish xavfi tug‘ilardi, biroq yaxshi tomoni ham bor edi, ya’ni nafosat olamini sevguvchi odamga har xil dag‘al, qo‘pol, keraksiz narsalardan saqlanishda yordam berar, go‘zal xulq sohibiga aylanishida muhim rol o‘ynar, shu tarzda nozikliklarni tezda ilg‘ay olish qobiliyatini o‘stirardi. Prust san’atni tushunishni aynan Reskindan – hattoki Reskindan ham a’loroq darajada o‘rgandi. Amen hamda Ruan ibodatxonalariga bot-bot borib, ziyorat qilishda ham Reskindan ibrat oldi. Reskin Prust uchun jonsiz toshlarga baayni jon baxsh etib berdi… Boshqa sayohat qilishga chog‘i kelmay qolganda ham Prust, Reskinning arxitekturaga oid g‘oyalari tajassumi bo‘lgan – “nurab borayotgan, lekin hamon mahobatli va nurafshon” Venetsiyaga sayohat qilgani o‘zida kuch topa bildi.
Biz buyuk ijodkorlar sharofati bilan borliqni ixtiro qilamiz. Reskin Prust uchun shunday vositachi-adiblardan biri edi, u ayniqsa borliqni tasavvur qilishda kuch berishi bilan ardoqli. Reskindan u gullayotgan butalar, bulutlar va to‘lqinlarni ko‘z bilan emas, dildan tomosha qilishni, ularning zamiridagi pinhoniy nafis evrilishlarni his qilishni, ijod qilayotganda ularni bamisli Golbeyn hamda yapon musavvirlarining ayrim suratlari kabi diqqat bilan tasvirlashni o‘rgandi. Mana shu vajdan Frantsiyadagi Prustning izdoshlari ayni chog‘da Reskinning ham izdoshlari hisoblanadi. Mamlakatda keng ko‘lamda rasm bo‘lgan yozish yo‘li – voqea va hodisalardan ko‘ra ko‘ngilning eng nozik mayllarini tasvirlash, hattoki gulbarg­larni changlantirayotgan bolarilar oyoqchalariga yopishgan gulshirasi qanday hissiyotlar qo‘zg‘ayotganini izchil tasvirlay olish maktabi paydo bo‘lishiga, Prustning nafis roman-dostonlaridek asarlarning dunyoga kelishiga, bir dona urug‘ning noxos hosildor tuproqqa tushgani kabi, Reskinning ijodi ta’sir ko‘rsatgani tadqiqotchilarning xayollariga ham kelmagandir.
1903 yili Prustning otasi vafot etdi, 1905 yili esa onasidan judo bo‘ldi. U o‘z zakovati va salohiyatiga ishonch ko‘zlarini tikkan onasining orzu-umidlarini tirikligida amalga oshira olmagani uchun vijdon azobida qolgan va shu vajdan xonanishin hayot kechira boshlaganmidi yoki dardi zo‘rayib ketganmidi o‘shanda? Kim biladi deysiz? Ehtimol, tasavvurda deyarli yaratib bo‘lingan asarni yozishda tug‘yon urayotgan pinhoniy ehtiyojlari yuzaga chiqish ishtiyoqida tinch qo‘ymagandir?! Kasalligi va vijdon qiynoqlari bir bahona. Biroq biron nima deyish qiyin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, do‘stlari biz uchun, kelajak avlodlar uchun gard yuqtirmay asrab qo‘ygan xotiralarida afsonaga aylangan Prust hayoti aynan o‘sha lahzalardan boshlanadi.
Endi u devorlari po‘kak bilan qoplangan, ko‘cha shovqin-suroni hamda xiyobondagi kashtanlarning sezilar-sezilmas dardchil hidi ichkariga kirmasin uchun doimiy ravishda taqa-taq yopilgan derazalar ortida yashardi; dimiqqan xonadagi ufunat va nafasni bo‘g‘uvchi ter hididan bo‘g‘ilib, kiyinishdan avval olov yolqinida isinib o‘tirar, egnidagi paxtaligi o‘q yomg‘irida hamma yeri ilma-teshik bo‘lib ketgan bayroqqa o‘xshab qolgandi… Mana shu paytlarda Prust deyarli o‘rnidan turmay yigirmadan ziyod daftarni to‘ldiradi… Yolg‘iz kechasi, faqatgina yozayotgan romani uchun zarur bo‘lib qolgan biron-bir detal topilib qolarmikan, degan umidda tashqariga chiqardi. Ko‘pincha “Rits” restorani uning shtab-kvartirasiga aylanar, o‘sha yerda u mijozlarning gurunglari, gap-so‘zlarini ofitsiantlar bilan metrdoteldan so‘rab-surishtirardi. Agar aniqroq tasvirlash uchun bolaligidan xotirasida o‘rnashib qolgan do‘lana gullarini ko‘rmoqchi bo‘lsa, hammayog‘i berk mashinada shahar tashqarisiga ravona bo‘lardi.
1910–1922 yillar oralig‘ida u “Yo‘qotilgan vaqtni izlab” romanini mana shu tariqa yozdi. Prust ajoyib asar bitayotganini his qilardi. Buni sezmasligi ham mumkin emasdi. Flober, Balzak hamda Sen-Simonlarga taqlidan yozayotgan asari tufayli ularning ijodini naqadar chuqur idrok etishini, o‘z navbatida frantsuz adabiyotida yana bir bemisl haykal o‘rnatayotganini bilmasligi, sezmasligi mumkinmidi? Biroq qanday qilib ommani majbur qilsin bu asarni o‘qishga? Prust adabiyot olamida hali hech qanday mavqega ega emasdi, o‘ziga yarasha nomi bor edi-yu, lekin bu unga salbiy ta’sir ko‘rsatardi.
Professional adiblar bu “diletant”ning turish-turmushiga ola qarashardi, axir, u badavlat – sarbast edi, shu sababli nohaqlik bilan quruq olifta yoki xudbin shaxs, deya xulosa chiqarishardi.
U qo‘lyozmasini “Nuvel Revyu Fransez” nashriyotiga topshiradi. Biroq rad javobini oladi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, romanning “Svanlar tarafida” nomli birinchi jildini Bernar Grasse nashriyotida o‘z hisobidan chop ettiradi. Kitob u qadar muvaffaqiyat qozonmaydi. Buning ustiga ko‘p o‘tmay urush boshlanib, nashr ishlari to‘xtab qoladi, shu vajdan asarning ikkinchi kitobi 1919 yilga kelib, bu safar o‘sha “Nuvel Revyu Fransez”da bosilib chiqadi.
Marsel Prustni “kashf etish” sharafi Leon Dodega taalluqlidir. Uning sharofati bilan Marsel Prust 1919 yili ko‘pdan-ko‘p adiblarga shuhrat keltirgan Gonkur mukofotiga sazovor bo‘ladi. Endi uning nomi nafaqat Frantsiyada, balki Angliya, AQSh, Germaniyada ham shuhrat qozonadi, asarlari e’lon qilingan kunlaridanoq o‘ziga munosib kitobxonlar auditoriyasiga ega bo‘ldi. Shuning uchun Marsel Prust anglo-saks adabiyotini doimiy ravishda qadrlardi. “Ajabo, – deb yozadi u 1910 yil sanasi bilan qayd etilgan maktublaridan birida, – qanday adabiy oqim vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, Angliya va Amerika adabiyotichalik – Jorj Eliotdan Tomas Xardigacha, Stivensondan Emersongacha bo‘lsin – menga kuchli ta’sir ko‘rsatganini bilmayman. Italyanlar tugul, frantsuzlar ham aksar hollarda ortiqcha e’tiborimni qozonolmasdi. Biroq “Flossedagi tegirmon” asaridan ikki sahifa o‘qishimni bilaman, tamom ta’sirlanganimdan ko‘zimga yosh kelardi. Darhaqiqat, Reskin bu asarni tilga olishni ham istamasdi, lekin men hayratlanishdan o‘zimni tiyolmasdim…”
Dastlabki jildlaridanoq muallifning frantsuz adabiyotida yana bir adibgina emas, balki adabiyot taraqqiyotiga butunlay yangi to‘lqin olib kirayotgan ijodkor ekani afkor ommaga oshkor bo‘lgandi.
Bunday e’tirofga u 1919 yili sazovor bo‘lgandi. 1922 yili esa u dunyodan ko‘z yumdi. Demak, keng kitobxonlar ommasi tomonidan tan olinganda uning umri poyoniga yetib qolgandi; buni uning o‘zi sezar va muttasil ravishda dardi hamda paymonasi to‘lib borayotgani haqida gapirardi! Uning hasratiga ishonishmas, yor-do‘stlari kulib qo‘yishardi, o‘zini yolg‘ondakam kasalga soladi, deya hisoblashardi. U esa ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan ko‘yi ijod qilishdan to‘xtamas, tinmay yozar, yanayam mukammal bo‘lishi uchun asarini qayta-qayta tahrir qilar, yangi-yangi boblar bilan to‘ldirar, boyitar, ko‘ngli to‘lmagan sahifalar, hatto boblardan voz kechar, natijada musahhihlarning nusxasi xuddi uning paxtalik nimchasi kabi juldur bayroqqa o‘xshab qolardi. U og‘ir kasalligiga qaramasdan, temir intizom hamda uyqu dorilar vositasida oromini cheklar, kitobni tugatishga umrim yetarmikan, degan qora xayolda diltang, asabiy ahvolda bosh ko‘tarmay yozar, o‘ziga o‘zi jabr qilardi. Taxminan o‘shanday chog‘larda u Pol Moranga: “Mening sizga uzundan-uzoq xat yozishim aslida nodonlik, chunki shunday urinishlarim bois ajal komiga tushib bormoqdaman”, – deb yozgandi.
Ehtimol, o‘zini bunchalar qiynamaganda, yana bir necha yillar yashagan bo‘larmidi. Biroq u zotiljamga chalindi, shifokorlar maslahati, ko‘rsatmalariga rioya qilmadi va dunyodan ko‘z yumdi. Shundan bir necha kun avval, eng oxirgi daftarning so‘nggi sahifasiga “tamom” degan so‘zni yozib qo‘ygani uning ko‘p narsalarni oldindan sezganligining dalolatidir.
Prust hayotining so‘nggi soatlari haqida eslashganda, ko‘pincha bir judayam g‘aroyib hikoyani yodga olishadi: uning tasavvuri yaratgan atoqli yozuvchi Bergotning o‘lim to‘shagida yotgani bayon qilingan sahifani og‘zaki tahrir qilish asnosida qo‘shimcha qilgan o‘rinlari diqqatga sazovor. U go‘yo bilmagan kishidek: “Men kitobning mana shu qismini o‘limimdan oldin tuzataman”, – degandi o‘shanda. Darhaqiqat, so‘zining ustidan chiqib, shunday qilishga urinib ko‘rganidanmi, o‘limi oldidagi eng so‘nggi kalimasi o‘sha qahramoni Bergotning ismi bo‘ldi. Bergotning o‘limi tasviri quyidagicha tugaydi: “Uning joni uzildi. Olamdan o‘tdimi u? Buni kim ayta oladi? Rost, arvohlar orqali mayitlar bilan muloqotga kirishuvchilarning tajribasi baayni diniy aqidalar kabi inson ruhining tirikligi davom etishini dalillab berishga qodir emas. Faqatgina aytish mumkinki, bizning turmushimizda jamiki yuz berayotgan hodisalar avvalgi hayotimizda qanday bo‘lgan – xuddi shundayligicha takrorlanadi; demak, ushbu zamindagi hayotimizda ezgulik qilish bizning burchimiz, o‘zgalar dardiga malham bo‘lishga va odamlarga yomonlik qilmaslikka majburmiz, deya o‘zimizni-o‘zimiz qiynoqqa solib yurishdan foyda yo‘q, hatto dahriy ijodkor odamzodning biologik o‘limidan keyingi ahvoli – qurt-qumursqalarga yem bo‘lishi, chirishi, shunday paytda sarg‘ish devorning o‘pirilib tushgan parchasi hech narsani sezmagandek, odam bolasining jasadi biron nimani bilmasligini bot-bot tushuntirishi shart emas. Holbuki, bu dunyodagi narsalarga kuyinish, siqilish, afsus chekish, g‘azablanish mutlaqo nojoiz. O‘zini oqlashga vaj-korsonlar qidirish tentaklikning o‘zginasi. Chunki bularning hammasi o‘zga dunyoda sodir bo‘lgan, bu dunyoga taalluqli muammo bo‘lganda boshqa gap edi, o‘sha yerda nimaiki yuz bergan, tamom, uni bu hayotda tuzatishning iloji yo‘q, bu dunyoni biz qachonki tark etamiz, mana shu zaminda tug‘ilish uchun… Bundan chiqdi, Bergot vafoti abadiy emas, deb o‘ylashda jon bor…
Uni dafn etishdi, biroq o‘sha kuni kechasi, charog‘on vitrinalardagi ikkitalab, uchtalab taxlab qo‘yilgan kitoblari qanotlarini baralla kergan farishtalardek bedor turishardi…”
Mazkur sahifa beqiyos go‘zal yozilgandi; asar ruhiyatiga alohida jon baxsh etish uchun, keling, uning navobaxsh ohangini e’tiborimiz, maftunligimiz ila munavvar qilaylik-da, “Yo‘qotilgan vaqtni izlab” degan nom ostida chop etilgan ulkan va nodir osoriatiqadek mo‘jizani alqaylik. Bundan buyon Marsel Prust haqida emas, uning asari xususida gapiraylik. Uning hayotidan faqatgina ijodiga taalluqli, yozganlarini tushunishga yordam beradigan narsalarga: bolaligidayoq tug‘yon ura boshlagan va kelgusida ushbu his-tuyg‘ularni saralashga yo‘l ochib bergan eng nozik va sezilmas, rang-barang ehtiros mavjlariga, onasiga nisbatan ko‘nglida mudom barq urib kelgan mehr-muhabbat tufayli kamol topgan rahmdillik, hatto, ta’bir joiz bo‘lsa, munislikka, ba’zan o‘shal musharraf va beminnat ayol – onasining ko‘nglini yetarlicha quvontirolmagan vijdon qiynoqlariga, ijodkorning rixlatga chekinishiga bemalol sababchi bo‘la oladigan xastalikka va nihoyat, bolaligidayoq paydo bo‘lgan murakkab va o‘tkinchi taassurotlarini badiiy in’ikos etish istagini qondirishga bo‘lgan beasov hamda jo‘shqin intilishlariga ahamiyat qilaylik. Hech qachon yozuvchi iste’dodi bunchalar mukammal va to‘laligicha namoyon bo‘lmagan; hech qachon yozuvchi o‘zining hayotini ijodga bunchalik nisor qilmagan edi.

II. G‘ayrishuuriy xotira

Ushbu asar nima haqda, o‘zi? Kimki “Yo‘qotilgan vaqtni izlab” romanini: “U o‘taketgan ta’sirchan bolaning ko‘rgan-kechirganlari, uning hayot va odamlarni, o‘rtoqlari bilan qon-qarindoshlarini qay yo‘sin yaqindan bilib borganlari, Jilberto, Albertino ismli qizlarni sevgani hamda Sen-Luning Jilberta Svanga uylanishi-yu janob Sharlyusning g‘aroyib ishqiy sarguzashtlaridan iborat”, deb tushuntirsa, katta xato qilgan bo‘ladi. Shu taxlit ma’lumotlarni qancha ko‘p yig‘sangiz, Prustning boshqa yozuvchilardan ajralib turuvchi o‘ziga xosliklarini aniqlashingiz shunchalar qiyinlashadi. Mana shu holatni tadqiq etgan ispaniyalik tanqidchi Ortega-i-Gasset shunday tahsinga sazovor xulosalar chiqaradiki, odamning aqlini shoshirib qo‘yadi. Bu baayni “Monening asarlarini tushuntirib bersangiz”, degan so‘roqqa “Mone ibodatxonalar, Sena daryosining manzaralari hamda suvda o‘sadigan nilufarlarni chizadigan rassom edi”, deya javob qaytarishdek gap. So‘ngra siz yana bir nimalarni tushuntirgan bo‘lardingizu lekin Mone san’atining tabiati haqida so‘zlamay, “Sisley ham Sena daryosini turli-tuman ko‘rinishlarda chizgan, Koro ham butxonalarni talaygina suvratlarida aks ettirgan”, der edingiz. Mone o‘zi inkishof etgan syujetlari bilan emas – ularni musavvir tasodifan topgan – balki tabiatni o‘ziga xos yo‘sinda his etishi bilan boshqalardan ajralib turadi. O‘z fikrini asosli tushuntirib berish uchun Ortega-i-Gasset ibratomuz latifani misol keltiradi. “Bir kutubxonaga, – deb hikoya qiladi u, – yoshgina bukur yigit tashrif buyuribdi, u har kuni kelib, lug‘at so‘rar ekan. Kutubxonachi undan so‘rabdi: “Qaysi lug‘atni?” “Farqi yo‘q, – deb javob qilibdi bukur, – men uni tagimga qo‘yaman, xolos”. Bunday javob Monega ham, Prustga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Agar siz ulardan: “Qanaqa syujetga murojaat qilmoqchisiz?.. Yoki qaysi arbobni (siymoni) chizishni xohlardingiz?” – deb so‘rang, ularning har biri: “Farqi yo‘q, har qanday syujet va siymo mening o‘zligimda qolishim uchun xizmat qiladi”, – deb javob berishgan bo‘lardi.
Basharti Mone – tabiatni o‘ziga xos ravishda his qilishdan iborat bo‘lsa, Prust – eng avvalo, o‘tmishni o‘ziga xos ravishda qayta tiklashdir.
Bundan chiqdi, o‘tmishni jonlantirishning turli yo‘llari bor ekan-da? Bo‘lmasam-chi! Avvalo o‘tmishni aql-idrok yordamida jonlantirish mumkin, bugungi kun orqali bugungi kunni tayyorlagan o‘tmishni tiklashga harakat qilish kerak. (Mana shu lahzani tayyorlab kelgan o‘tmishni hozirgi zamon orqali tiklashga urinib, aql-idrok yordamida o‘tgan kunlarni tiklash mumkin). Deylik, mana shu lahzalarda Prust haqidagi tadqiqotni o‘qiyapman. Mabodo, nima sababdan bu bilan mashg‘ulman, deb o‘zimga savol bersam, Bulon o‘rmonida nonushta qilib o‘tirgan chog‘imizda Pringston dorilfununi rektori zamondoshlarimiz bo‘lgan atoqli frantsuzlar haqida qator ma’ruzalar o‘qishni maslahat bergani yodimga tushadi. Kim biladi, ozgina zo‘r berish bilan men o‘sha lahzalardagi Bulon o‘rmoni, nonushta vaqtida kimlar ishtirok etgani va sekin-asta aqlni ishga solib, o‘sha damlarda nimalar bo‘lganini imkon boricha yo aniq, yo mavhum tarzda ko‘z oldimga keltira olaman.
Biz o‘tgan kunlarimizni hujjatlar ko‘magida xotiramizda tiklashga harakat qilishimiz ham mumkin. Masalan, men Prust davridagi Parijni ko‘z oldimga keltirmoqchi bo‘lsam, Prustning yozganlarini o‘qib chiqaman; uni yaqindan bilgan, tanigan odamlardan so‘rab-surishtiraman, o‘sha davrda yaratilgan boshqa kitoblarni varaqlayman, xullas, asr boshidagi Parijning umumiy ko‘rinishiga o‘xshaydimi-yo‘qmi, ishqilib, ko‘z oldimga keltirishga muyassar bo‘laman. Prustning fikricha, xotirada bunday tiklash usuli badiiy asar yaratishda yaramaydi. Xayolda tiklash orqaligina o‘tmishni jonlantirib bo‘lmaydi. O‘tmishni g‘ayrishuuriy xotirlash orqali tiklash lozim.
G‘ayrishuuriy xotirlash qanday sodir bo‘ladi? Bevosita sezish va qaysidir xotiralarning o‘xshashligi orqali. Prustning hikoya qilishicha, Kombre butunlay esidan chiqib ketgan kezlar, qish kunlarining birida onasi uning sovuqdan dildirayotganini sezib, issiq choy damlab beradi va ularnikida “madlen” deb nom qo‘yishgan biskvitli shirinlikdan ham keltirishlarini so‘raydi. Prust hech narsani o‘ylab o‘tirmasdan chaqmoqqandday “madlen” bo‘lakchasi solingan choydan ho‘playdi va o‘sha zahoti bir tishlam shirinlik bilan bir ho‘plam choy ta’mini tuyib, bu kutilmagan va tushuntirib bo‘lmas darajadagi totli lazzatdan entikib ketadi, mana shu totli huzurlanish tufayli u hayotning qayg‘u-hasratlarini orqaga tashlaydi, deyarli unutadi, umr­ning qisqaligi haqiqatdan yiroq narsa bo‘lib tuyuladi.
Nimaning evaziga bunday xurramlik tuyg‘usi yuragida barq urdi? Bunga sabab choyning ta’mi bilan shirinlik mazasi ekanini fahmlaydi, biroq bu poyoni yo‘q sabablarning biri, xolos. Unda yana nima? U choydan yana bir ho‘plagandan keyingina o‘ziga bunchalik ta’sir etgan maza allazamonlar Kombreda, yakshanba kuni ertalab birrov salomlashgani kirganida Leoni xola choyga solib bergan “madlen” bo‘lakchasining ta’mi ekanini sekin-sekin anglay boshlaydi. Uning o‘tmish xotirasini bugun, shuncha vaqt o‘tgandan keyin to‘la-to‘kis, aniq jonlantirib borayotgan sezgisi, bir paytlar Kombreda nima bo‘lib o‘tganini ongli ravishda xotirlash xususiyatidan ko‘ra mufassalroq va yorqinroq jonlantiradi.
Nima sababdan xotirani tiklashning bu usuli shunchalik ta’sirchan? Chunki, odatda, kuchli taassurotlar bilan bog‘lanmagan o‘tkinchi xotiralar to‘g‘ridan-to‘g‘ri hissiyotdan oziqlanadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Prust ijodining asosida g‘ayrishuuriy xotiralar vositasida o‘tmishni jonlantirish yotadi.

III. Qo‘lga kiritilgan vaqt

O‘tmishni shu tariqa jonlantirish orqali Marsel (asar qahramoni)ning ko‘z oldidan nimalar o‘tadi? Birinchi navbatda (eng avvalo) buvisi, onasi, Leoni xola (juda me’yorida va mahorat bilan tasvirlangan komik obraz) hamda bir necha xizmatkor ayollar istiqomat qiladigan Kombredagi hovli-joy gavdalanadi. Oqshom chog‘lari qo‘shnilaridan biri – janob Svan ota-onasini ko‘rgani tez-tez ularnikiga chiqib turadi; ul janob xonimsiz bir o‘zi tashrif buyuradi. Kelib bog‘hovli eshigini ochadi, ostona hatlab o‘tishi bilanoq qo‘ng‘iroqcha jiringlaydi. Ularning uyini gir aylana o‘rab turgan manzara bolaning tasavvurida “ikki” tarafga bo‘linadi: janob Svanning uyi joylashgan qismi – “Svanlar tomon”, ikkinchisi – Germant qo‘rg‘oni qad rostlagan “Germantlar tomon”. Germantlar Marselga odamovi hamda yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydigan kimsalardek tuyuladi; ularni Jenevevo Brantskoy avlodlari deyishadi; bu xonadon vakillari qandaydir g‘aroyib kishilarga o‘xshaydi. Xullas, hayot ismlar davridan boshlanadi. Germantlar – faqatgina nom; Svan bilan Svan xonim ham, shuningdek, ularning qizi Jilberto ham – hammalari yolg‘iz ismlardan iborat.
Birin-sirin bu nomlar ortida tirik odamlar borligi ma’lum bo‘lib boradi. Ularning turish-turmushi bilan yaqindan tanishganingiz sari, Germantlardan sezilarli darajada ko‘nglingiz qoladi, ularning barkamol obro‘-e’tiboriga putur yetgandek bo‘ladi. Keyinchalik bola ko‘rinishi qandaydir rang-barang shisha siniqlaridan ishlangan avliyo­larga monand gertsoginya Germantskayaning Parijdagi uyida yashaydi; xonimning har kuni sayrga chiqishini kuzatadi; bu ayolning eri bilan qirpichoq bo‘lishlarini ko‘radi, uning qanchalar gumroh hamda aqli kalta bo‘lsa, shunchalik xudbin va bag‘ritoshligini tushunib yetadi. Bir so‘z bilan aytganda, bolaligida bag‘oyat ko‘rkam va benuqson bo‘lib tuyulgan bu erkaklar va ayollarning nomlari ortida nihoyatda oddiy, qolaversa, tayin-taxsirsiz reallik yashirin ekanidan boxabar bo‘ladi. Tasavvuridagi shoirona hayot hech qachon voqe bo‘lmaydi, balki u mavjud borliqni xayolot dunyosidan ajratib turadigan masofada bo‘ladi.
Sevgi bobida ham shunday. Ma’lumki, bizning tasavvurimizdagi xilqat biz umr rishtalarini toabad bog‘lamoqchi bo‘layotgan xilqatga mutlaqo o‘xshamaydi, bir-biridan yer bilan osmoncha farq qiladi. Svan tasavvuridagi, ya’ni xayolidagi Odettaga uylanadi va pirovardida, o‘zi yoqtirmagan, o‘zining tengi bo‘lmagan Svan xonimning doirasiga tushib qoladi. Asar qahramoni Marsel birinchi uchrashuvi chog‘ida beodob, deyarli tasqara bo‘lib tuyulgan Albertinoni sevib qoladi; u ham bu tuyg‘uni to‘la tushunib bo‘lmasligini, umuman, o‘zga tirik jonni, jismi, hayoti, orzu-havaslari boshqa bir odamni o‘zingniki qilib olishning sira iloji yo‘qligini anglab yetadi yoki shunday xulosaga keladi. U qizni to‘rt devor ichida saqlamoqchi, uni asiraga aylantirmoqchi bo‘ladi. Mana shunga majbur qilish orqali uni itoat etishga, uni butunlay o‘ziga qaram qilib olishga erishaman, deb o‘ylaydi; biroq bu ro‘yobga chiqmaydigan orzudan boshqa narsa emas. Bu xomxayol, borliq-olamga o‘xshab, “sevgi-muhabbat“ ham yolg‘ondan boshqa narsa emas.
Bolaligidan xotira bo‘lib qolgan, ikkalasi ham bir xilda qudratli va sirli bo‘lib tuyulgan “Svanlar taraf” hamda “Germantlar tomon”ni u sinchiklab o‘rganadi, mulohaza qilib ko‘rganida diqqat-e’tiborini jalb etishga arzigulik biron nima topolmaydi. Nazarida, ikkala tarafdagi xonadonni o‘tib bo‘lmas tafovutlar chohi ajratib turadi. Mana sizga kerak bo‘lsa, uning tasavvuridagi tafovutlarni bamisli birlashtirib turuvchi rishtalar yuzaga keladi – ikki tarafdagi qo‘shnilari quda bo‘lishadi. Svanning qizi Jilberta Germantlardan biri – Sen-Luga turmushga chiqadi. Bundan chiqdi, bu xonadonlarni bir-biriga qarshi qo‘yishning o‘zi avvaldan yolg‘on ekan. O‘zingiz fikr qilib ko‘ring, tabiati, turmush tarzi bilan mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan oilalar qanaqasiga quda-andachilik qilishlari mumkin?! Chok-chokidan so‘kilgan voqelikdan ma’lum bo‘lishicha, bunday deb o‘ylab yurishganlari ham xato, yolg‘on bo‘lib chiqadi.
Lekin kitobning oxirida Marsel, xuddi bir mahallar, kichkina “madlen” bo‘lakchasini yeb his qilgandagiga monand yana allaqanday “signal” – ijodiy uyg‘onish onlarida, diniy uyg‘onish lahzalaridagi farog‘at hissiga o‘xshagan ishorat tuyadi. Germantlarnikiga kirayotganda, ostonadan o‘tar-o‘tmas yerga ustma-ust tashlab qo‘yilgan ikkita plitaga qoqiladi, qaddini rostlab, boshqasiga, xiyol ensizroq va yaxshi tarashlanmagan toshga oyog‘ini qo‘yadi, ana shu lahzada, daf’atan, shu yerga kelguncha miyasini band etgan g‘amgin xayollar, bir zamonlar “madlen” ta’mini baxsh etgan quvonch bag‘rida erib ketgandek bo‘ladi.
“Men“madlen”dan lazzatlanayotgan damlarda ezilib, iztirobli o‘y-xayollar iskanjasida to‘lg‘onishlarim ertalabki daryo ustini qoplagan tuman yanglig‘ ko‘nglimdan ko‘tarildi… Men lojuvard osmonga to‘yib-to‘yib tikilar, bir oyog‘im yuqoriroq toshda, ikkinchi oyog‘im o‘sha, nisbatan yuqoriroqdagida edi, shu harakatimni takrorlaganimda yarqiragan nur ko‘zlarimga urildi-yu, olam-olam quvonchning bir shodasi yuragimni asta qamrab olayotganini his qila boshladim… Germantlarnikida bo‘lib o‘tgan nonushtani unutib, o‘sha hissiyotlar manbaini xayolimda jonlantirib, ko‘zlarimni yumdim… Bamisli jilvador va sezilmas xayolot shunday derdi: “Agar qurbing yetar bo‘lsa, meni uchib ketayotganimda ushlab ol va men senga berayotgan baxt haqidagi topishmoqqa javob topishga urinib ko‘r”. Men o‘sha zahoti tushundim: bu jumboq Venetsiya haqida edi. Har qancha urinmay, bu menga hech narsa bermadi, tuzukroq eslolmadim ham. Ammo bu bir zamonlar avliyo Mark maqbarasidagi notekis toshtaxtalar ustida kechirgan lahzalarimni, ko‘nglimda o‘sha kundan qolgan barcha taassurotlarimni jonlantirib yubordi”.
Yana o‘sha Bevosita Sezish hamda O‘tmish xotiralarining birikuvi evaziga Prust ijodkorga noil qilingan ruhiy shodlikni tuyadi. Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas, u qo‘lini yuvishga chog‘langanda va unga sochiq berishganda, barmoqlari va kafti dag‘al sochiqqa tegib, beixtiyor dengiz yodiga tushadi. Nega va nima uchun? Chunki bundan o‘ttiz-qirq yil avval dengiz bo‘yidagi mehmonxona sochig‘i shundayin dag‘al edi. Bu kashfiyot birinchi safardagi “madlen” voqeasiga monand edi. Yozuvchi yana bir marta vaqtning allaqaysi bir parchasini “qo‘lga kiritgan”, ushlab olgan, qayd etgandi. U reallikning ichiga, aniqroq aytganda, yagona reallik bo‘lgan san’at o‘zaniga tushadi. U o‘zining bitta vazifasi qolganini his qiladi, ya’ni ana shu xildagi hissiyotni axtarishga – yo‘qotilgan vaqtni izlashga umrini bag‘ishlaydi. Biz yashab kelayotgan hayotning zarracha qiymati yo‘q, u bor-yo‘g‘i yo‘qotilgan vaqt, xolos. “Agar biron nima haqiqatan ushlab olingan va anglangan ekan, u faqatgina mangulik nuqtai nazaridangina mavjud, boshqacha aytganda, san’atdan boshqa narsa emas”. Xotiralar ko‘magida yo‘qotilgan taassurotlarni tiklash, kamolotga yetgan inson yodidek poyoni hamda chegarasi yo‘q tushunchalarni tadqiq qilish va ular asosida san’at asari yaratish – u o‘z oldiga mana shunday vazifalarni qo‘ygan edi… “Men Kombredagi bog‘da qo‘ng‘iroqchalar jarangini eshitganimga judayam ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, xuddi kecha eshitgandekman, mana shular orasidagi vaqt shu choqqacha men tushunolmay kelgan va bundayligini bilmagan cheksiz davr­lar ummonidagi allaqanday o‘lchov vazifasini bajarardi. Bunchalik chegarasiz vaqtni tasavvur qila boshlaganimning o‘zidayoq boshim aylanib ketardi, shu bilan birga, mening shuurim yoki ruhiyatimdagina emas, balki butun jonu jahonimning noma’lum iqlimlariga dovur – zamon egallab yotgandek bo‘lardi…”
Roman qanday boshlangan bo‘lsa, xuddi shunday – Zamon yoki Vaqt g‘oyasi bilan tugaydi.
Prust romanlarini yana bir karra o‘qigan odam, ayrim munaqqidlarning “bu asarda aniq reja, tartib yo‘q”, degan fikrlaridan yoqa ushlaydi. Bu fikr butunlay noto‘g‘ri: chunki asar – haddan tashqari serko‘lam, serqirra, yirik roman-doston, bamisli simfoniya­ga o‘xshab yaratilgan. Hech shubha yo‘qki, Vagner san’ati o‘sha davrning jamiki ijodkorlariga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Ehtimol,“Yo‘qotilgan vaqtni izlab” simfoniyadan ko‘ra ko‘proq Vagner operasiga o‘xshash qurilgandir.
Sayoz fikrli, mushohadasi tor kitobxonni mohirona va benuqson yaratilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, roman arxitekturasidagi xotiralarning tik­lanishi mantiqiylikda emas, balki go‘yo tushda sodir bo‘layotgandek tartibda – xotiralarning tasodifiy bog‘lanishi va o‘tmishni g‘ayrishuuriy jonlantirish yo‘lida yaratilgani yanglishtirib qo‘yar.

IV. Idrokning nisbiyligi

U layoqati yetgancha o‘z fidoyiligini san’atga baxshida etdi, o‘zini-o‘zi anglash darajasida yuksalgan, jiddiy va talabchan san’at esa hayratlanarli tarzda imon-e’tiqodni eslatadi. Bergotning o‘limi haqidagi epizodni hikoya qilayotganda, sarg‘ish devorning bir parchasini zo‘r g‘ayrat bilan aks ettirganda Vermerga o‘xshagan san’atkorning haddan tashqari kamolotga erishganligini ko‘z oldiga keltiradi; qandaydir favvora yoki do‘lana butasini tasvirlash yoinki “madlen” bo‘lakchasi bilan bog‘liq sir-asrorni bayon qilib berish uchun Prustning aniq so‘zlar topishdagi matonat va sabr-toqat bilan izlanishi xuddi shu tarzda namoyon bo‘ladi. Yozuvchining ijod yo‘lida mana shunday topinishlarning shohidi bo‘lgan Reynaldo An hikoyasini keltirish bilan badihani tugatib, bu insonning ijodiy quvvati behad cheksiz va tabarruklanganligiga imon keltiraman.
“Men kelgan kunim biz bog‘ aylangani chiqdik. Atrofiga olovrang hamda nafis oq tusli atirgullar ekilgan xiyobondan o‘tib borayotganimizda, u birdan jim bo‘lib, to‘xtab qoldi. Nima gap bo‘ldiykan, deb men ham to‘xtadim. Birozdan so‘ng u yana yo‘lga tushdi, men ham unga ergashdim. Ko‘p ham o‘tmay, u yana to‘xtadi, lekin bu safar bolalarga o‘xshab rasta ovozda: “Mabodo xiyol kuttirib qo‘ysam, xafa bo‘lmaysizmi? Men mana bu atirgullarni yana birpas tomosha qilmoqchiydim…” – dedi. Men nariroqqa borib turdim. Yo‘lak qayrilgan yerda to‘xtab, unga o‘girilib qaradim. Marsel ortiga qaytib, hozirgina o‘tib kelganimiz atirgullarga yaqinlashdi. Men qo‘rg‘on tegrasini aylanib o‘tdim-da, uzoqdan unga razm soldim, u haliyam o‘sha yerda gullarni sinchiklab ko‘zdan kechirardi. Chehrasi jiddiy, nigohi xayolchan – berilib bir nimani o‘ylayotgan odamning qiyofasi; chap qo‘lining barmoqlari bilan dam-badam qop-qora mo‘ylovini silab qo‘yardi. Men yoniga yaqinlashayotganimni sezayotgani, ko‘z qiri bilan ko‘rayotganini bilib turardim, biroq u men tomonga qarashni ham, menga gap qotishni ham istamasdi. Birozdan so‘ng Marsel meni chaqirdi. Yonimga kelib uzr so‘radi. Uning xayolini to‘zitib, ko‘nglini buzishi mumkin bo‘lgan savollar bermadim, buning ortiqcha ekanini elas-elas angladim… Bunaqa holatlarga tushganini keyinchalik ham ko‘p ko‘rdim. Necha-necha marotaba uning bunday sirli, o‘z xayollariga tutqun bo‘lgan holatlariga shohidman. U bamisli ko‘nglida uyg‘onayotgan xayoliy xotiralarning manbaini izlar, zero, unga ko‘rinayotgan narsalarni o‘zidan boshqa hech kim ko‘rolmasligiga ishonchi komil, ustiga-ustak, hech kim toabad hech qachon ko‘rmasligi aniq bir sirni kashf etayotganga o‘xshardi”.
Ijodkorning bunaqa marhamatga noil bo‘lgan damlardagi muqaddar onlari ilohiy e’tiqodni saodat deb bilgan insonlargagina nasib etadigan ajr-mukofotdir.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 2-son