Alan Marshall. Quyosh qo‘shig‘i (hikoya)

“Anavini qarang-a, o‘rdak emasmi?”
“Qani?”
“Hozirgina suv betiga kelib qo‘ndi. Bir daqiqa shoshmang. Mana endi ko‘rsangiz bo‘laveradi”.
Quyosh nurida toblanib yotgan erkak uzala tushgan joyidan xiyol ko‘tarildi.
Ikkinchi jahon urushida qatnashgan avstraliyalik askar formasi erkakning yonida yoyilib yotardi.
Bir bolakay bu askardan biroz narida qaddini tik tutgancha uzoqlarga termulib turardi.
“O‘rdaklar bittami yoki ikkita ekanmi?” – deb so‘radi erkak.
“Bittaga o‘xshaydi”.
“Chindanam o‘rdak ekanmi o‘zi?”
“Bo‘lmasam-chi, naq o‘rdakning o‘zi-ku!”
“Sag‘al kichkinaroq bo‘lib ko‘rinmayaptimi?”
“O‘rdaklar suzayotganlarida doim shunaqa bo‘lib ko‘rinishadi”. “Borib, qurolingizni olib kelsammikan, a?”
Shu topda bolakayning yuragi qaynab toshardi.
“Xo‘sh…Ha, mayli. Olib kelsang olib kela qol”, – izn berdi erkak ohista. U bir necha masofa naridagi o‘rdak tomonga tobora qiziqishi ortib, ko‘z uzmay tikilib qolgandi.
“Voajab, hamma narsaga o‘ta ishtiyoq bilan qarar ekanmi? Boshini qanday burishini qarang. Hech narsani nazaridan qochirmaydi-ya. Ishonchim komil, u aniq o‘rdak bolasi”, – derdi u o‘ziga o‘zi.
“Endi qurolni olib kelavermaymi?” Bolakayning sabri chidamay, borgan sari oyog‘ini qo‘ygani joy topolmay, turgan yerida tinmay tipirchilardi.
“Kel, uni yana bir lahza bo‘lsa ham tomosha qila qolaylik”, – deya uning shashtini pasaytirdi erkak. “Qara, u qanday baxtiyor. Xuddi urushdan katta sog‘inch ila uyiga qaytib kelayotgan peshonasi yorug‘ askarga o‘xshaydi. Sen uning yerga qo‘nganini ko‘rding-a?”
“Ha-da. U avval anavi joyda uchib yurgandi. Keyin men uni suvga yaqinlashayotganini ko‘rib qoldim. Endi qurolingizni olgani ketsam ham bo‘lar?”
“Mayli, mayli”, – dedi erkak. “Borib kela qol.Ungacha men o‘rdakchani tomosha qilib o‘tiraman”.
Bolakay avval asta-sekinlik bilan qadam tashlab, keyin esa zipillagancha tepalik ustidagi stantsiya tomon chopib ketdi.
Erkak qaddini rostladi. Jajjigina o‘rdakcha unga shu damda urushning qonli lavhalarini eslatib yuborgandi.
Xo‘p, yaxshi, bu-ku bitta qush ekan, bu mitti mavjudot bir askar boshiga tushajak ko‘rguliklardan zig‘ircha ham tahlikaga tushmaydi. Uning uchun hayot va baxt – ozod Parvoz! U Bobo Quyoshning haroratli qo‘shig‘ini tinglash uchun o‘zining jimitdakkina jonini eson-omon ko‘targancha osmonu falaklar bo‘ylab uchib ketaveradi…Hatto ajal nafasi ufurib turgan quyuq chakalakzorlar ustidan ham qulochlarini keng yoygancha emin-erkin uchib o‘taveradi u…

Hozirgina bo‘lib o‘tgan voqeani yosh askar yana bir marta o‘z quloqlari bilan eshitib, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib guvohi bo‘ldi. Yaponlar qoq tunda kelib bo‘lishgan ekan. Ular allaqachon yerga qo‘nib, askarlar tomon hujumga o‘tgandilar; zim-ziyo kechada, yog‘iy askarlari birin-ketin suv betidan bosh chiqarishib, ko‘payib borishardi. Ular bir daf’a bo‘lsa-da ortga chekinishmadi. O, bu na’ralar…o‘ldirishlar…ko‘tarilayotgan va yiqilayotgan odamlar…
Keyin ular yashiringan qalin chakalakzor va uyga tomon eltuvchi adog‘siz yo‘l askarning ko‘z oldida jonlandi.
Oh! Yana o‘ldirishlar, o‘ldirishlar! O‘ldirishlar!

Sobiq askar ortiga o‘girilib, haligi bolakayni qo‘lida qurol bilan halloslagancha yugurib kelayotganiga ko‘zi tushdi. Askar yana o‘rdak tomonga boqdi.
O‘rdakcha ochiq suv quchog‘ida bemalol, bexavotir suzib yurardi.
Shunda askar erkak yerdan bitta toshchani qo‘liga oldi-da, uni o‘rdakchaning yonginasiga tushadigan qilib uloqtirdi.
O‘rdakcha cho‘chib suvdan ko‘tarildi-da, havoda baland bo‘lib uchib ketdi, bir nafasdan so‘ng yana olisroqdagi suv betiga qo‘rqa-pisa qo‘ndi.
“Nima qilib qo‘ydingiz?”- dedi bolakay yig‘lamoqdan beri bo‘lib. “Biz endi uni sira ham tuta olmaymiz!”
Askar indamasdan yerda yotgan formasini yig‘ishtirib oldi-da, shoshilmay kiyina boshladi.
“Yo‘q”, – dedi u xotirjam. “Biz uni hech qachon tuta olmas edik”.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi