– Bekam, kechirasiz, siz bilan bir daqiqagina gaplashsam bo‘ladimi?
Bu iltimos bir qarashda ahmoqona bo‘lib tuyulishi mumkin edi: miss Marplning jikkakkina xizmatkori Edna ayni vaqtda o‘z bekasi bilan gaplashayotgandi.
Miss Marpl unga ruxsat berdi:
– Edna, albatta, ruxsat. Kiring. Eshikni yoping.
Eshikni astagina yopib, Edna xonaga kirdi; uning qo‘llari tinmay fartug‘ining chetlarini g‘ijimlardi va hayajondan u bir necha marta yutinib qo‘ydi.
– Qulog‘im sizda, Edna, – qizni suhbatga chorladi miss Marpl.
– Bekam, mening amakivachcham Gleddi… U ishidan ayrilib qoldi.
– Voy, bechora. Tushunaman. Menimcha, u Old Xollda, opa-singil Skinnerlarnikida xizmat qilar edi, shekilli?
– Ha, bekam, xuddi shunday. Gleddi juda ezilib ketyapti.
– Lekin Gledis avvallari ham ishini bir necha marta o‘zgartirgan-ku, to‘g‘rimi?
– Ha, bekam, u har doim nimalarnidir qidirib yuradi, bilasizmi, sira bir joyda o‘tirolmaydi. Lekin har safar ishdan o‘zi ketardi.
– Bu safar esa teskarisi bo‘ldimi? – quruqqina so‘radi miss Marpl.
– Ha, bekam. Shunga Gledis juda ham ezilib ketayapti.
Bu narsa miss Marplni bir oz hayron qoldirdi. Uning bilishicha, o‘zining dam olish kunlari oshxonada birrov choy ichib ketish uchun bu yerga tez-tez kirib turadigan Gledis sog‘lom, doim kulib turadigan, lekin o‘ziga mahkam qiz edi.
– Bilasizmi, bekam, – Edna gapida davom etdi, – gap bu narsa qanday sodir bo‘lganligida. Va miss Skinner nima deb o‘ylaganligida.
– Xo‘sh, u nima deb o‘ylabdi? – xotirjamlik bilan so‘radi miss Marpl.
Shundan so‘ng Edna odamlarning nima deyishayotgani to‘g‘risida gapira ketdi.
– Bekam, Gledis shunaqangi ezilib ketyaptiki! Bilasizmi, miss Emilining oilaviy qimmatbaho toshlarining ichidan to‘g‘nag‘ichi yo‘qolib qolibdi. Ular shunaqangi to‘polon ko‘tarishdiki! Albatta, bu mojaro kimga ham yoqardi? Albatta yaxshi emas, to‘g‘rimi? Gleddi ham hammayoqni qidirdi, miss Laviniya esa politsiyaga murojaat qilishini aytgach, to‘g‘nag‘ich topilib qoldi – u pardoz stolidagi tortmaning ichkarisida ekan. Gledis shunaqangi xursand bo‘lib ketdiki. Xuddi o‘sha kunning ertasiga taqsimcha sinib qolibdi va miss Laviniyaning jon-poni chiqib, Gledisga uni ishdan haydab yuborishini aytib, bir oydan keyin joyni bo‘shatib qo‘yishini so‘ragan. Gleddi esa gap taqsimchada emas, balki miss Laviniya shunchaki kimga zaharini sochishni bilmayotganini sezib turibdi; hamma gap to‘g‘nag‘ichda – ular opa-singil ikkalasi to‘g‘nag‘ichning yo‘qolishini Gledisdan ko‘rib, politsiya haqida gap ketgach, u qo‘rqqanidan yana qaytib joyiga qo‘ygan, deb o‘ylashayapti. Gleddi bunday ishga qodir emas, u hech qachon birovning narsasiga ko‘z olaytirmagan. Endi esa har xil gaplar tarqaladi, axir qiz bola uchun shu yaxshimi?
Miss Marpl boshini chayqab qo‘ydi. U bu maqtanchoq, o‘ziga bino qo‘ygan qizni uncha yoqtirmasdi, lekin ayni paytda uning rostgo‘yligiga ham ishonardi va bu hodisa uni qanchalik xafa qilganini tushunib turardi.
– Bekam, sizningcha unga hech qanday yordam berib bo‘lmaydimi? – umid bilan so‘radi Edna.
– Unga aytib qo‘ying: tentaklik qilib yurmasin, – buyurdi miss Marpl. – To‘g‘nag‘ichni u olmaganiga mening ishonchim komil, xafa bo‘lib yurishga ham hojat yo‘q.
– Hamma gapiradi-da, – ezilib dedi Edna.
– Men bugun o‘sha yoqlarga boraman, balki opa-singillar bilan gaplashib ko‘rarman.
– Sizdan juda minnatdorman, bekam! – xursand bo‘lib dedi Edna.
Old Xoll viktorian usulida qurilgan uy bo‘lib, atrofi o‘rmon va uyning yonida joylashgan xiyobon bilan o‘ralgan edi. Bu uyni sotib ham, garovga qo‘yib ham bo‘lmasligi ma’lum bo‘lganda uyning egasi uni to‘rtta xonadonga bo‘lib, markaziy isitish yo‘llarini tekshirib ko‘rdi va hamma o‘sha yerda istiqomat qiluvchilar birgalikda ishlata oladigan qilib, yerni bo‘lib berdi. Uning bu tajribasi ish berdi. Xonadonlarning biriga boy va xudbin bir ayol o‘zining xizmatkori bilan ko‘chib kirdi. U qushlarni juda ham yaxshi ko‘rar va har kuni butun bir parrandalar to‘dasiga ovqat berardi. Boshqa xonadonga esa ilgari Xindistonda xizmat qilgan iste’fodagi sudya va uning rafiqasi ko‘chib kirdi. Uchinchi xonadonga esa yosh kelin-kuyovlar joylashishdi. To‘rtinchi xonadonni esa ikki oygina burun opa-singil qariqizlarga berishdi. Ko‘shnilar bir-birlarini zo‘rg‘a tanishardi, chunki ularni bog‘lab turadigan hech narsa yo‘q edi. Uyning egasi bu – eng zo‘r yo‘l derdi. Chunki u, agar qo‘shnilar o‘rtasida ahillik bo‘lmaydigan bo‘lsa sal o‘tgach, ular gap talasha boshlashadi va sal narsaga oldimga shikoyat qilib keladigan bo‘lishadi, deb qo‘rqardi.
Miss Marpl xonadon egalarining hammasini bilsa-da, ularning hech biri bilan juda yaqin emasdi. Opa-singil Skinnerlarning kattasi «tashkillashtiruvchi halqa» edi. Kichigi, miss Emili esa, deyarli butun kunni, hamma Sent-Meri-Middagilar «o‘zi o‘ylab topgan» deb hisoblaydigan har xil kasalliklardan shikoyat qilib o‘rinda o‘tkazar edi. Faqatgina sadoqatli miss Laviniyagina uning singlisi «haqiqiy azoblarga dosh berayotganiga» achinar edi va uning hamma erkaliklariga chidar, vaqti-vaqti bilan «singlisi birdan xohlab qolgan» narsani sotib olish uchun qishloqqa borib kelardi.
Qishloq aholisining fikricha, agar miss Emilining shikoyatlari hech bo‘lmaganda yarmi asosli bo‘lganda edi, u allaqachon doktor Xeydokka murojaat qilgan bo‘lardi. Lekin miss Emiliga bu xaqda aytishganda u ko‘zlarini yumib olar va uning kasali oddiy kasallardan emasligini ta’kidlardi. Va yana uning aytishicha, uning kasali eng yaxshi londonlik shifokorlarni ham boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ygan va u yaqindagina uchrashgan bir ajoyib shifokor unga yangi davolash kursini tayinlagan va endi unda tuzalish umidi paydo bo‘lgandi. Oddiy shifokorlar esa shunchaki uning kasalini tushunishmaydi.
– Menimcha esa, – hech qanday g‘arazsiz dedi miss Xartnell, – u nima qilayotganini biladi. Doktor Xeydok – to‘ppa-to‘g‘ri odam, u miss Laviniyaga ahmoqlik qilmasdan o‘rnidan turishni buyurgan bo‘lardi. Bundan esa unga faqat foyda bo‘lardi.
Biroq miss Emili bu darajadagi oddiy davolanishni istamadi, aksincha, atrofida bir talay har xil dori qutilari yoyilgan holda o‘rnida yotishda davom etdi. Ayni paytda u uyda pishirilgan barcha ovqatlardan voz kechdi va ularning o‘rniga birorta anvoyiroq narsalarni talab qila boshladi.
Miss Marplga eshikni Gledis ochdi. Uning ko‘rinishi juda xokisor edi; shu darajada ekanligini miss Marpl hatto tasavvur ham qilmayotgan edi. Mehmonxonada uni miss Laviniya qarshi oldi.
Laviniya Skinner baland bo‘yli, qotmadan kelgan, yelka suyaklari turtib chiqqan ellik yoshlardagi ayol edi. Uning ovozi xirillab chiqar, harakatlari keskin edi.
– Sizni ko‘rganimdan xursandman, – dedi u.– Emili yotgandi, bechoraning bugun bir oz mazasi yo‘q. Umid qilamanki, balki u sizni qabul qilar, bu uni bir oz ko‘nglini ko‘taradi. Aslida vaqti-vaqti bilan u hech kimni ko‘rishni xoxlamaydi. Bechora, unga juda og‘ir!
Miss Marpl uni xotirjam qilish uchun nimadir deb qo‘ydi. Sent-Meri-Middagi gaplarning boshi xammasi xizmatkorlar xaqida borardi, shuning uchun suhbatni shu tomonga burib yuborish uncha qiyin bo‘lmadi. Miss Marpl Gledis ularnikidan ketayotganligini odamlardan eshitganini aytdi. Miss Laviniya javob berish o‘rniga boshini qimirlatib qo‘ydi.
– Kelasi chorshanba kuni ketadi. Butun idish-tovoqlarimizni sindirib bo‘ldi. Bunga ko‘nika olmayapmiz.
Miss Marpl bizning kunlarimizda xamma narsaga ko‘nikishga to‘g‘ri kelishini aytib, xo‘rsinib qo‘ydi. Qishloqqa xizmatkor olib kelish juda mushkul ish. Nahotki miss Skiner rostdan ham Gledisning ketishiga rozi bo‘lsa?
– Tushunaman, xizmatkor topish oson emas, – miss Laviniya bu fikrga qo‘shildi. – Mana Deveryolar hech kimni topa olishmayapti. Buning albatta, hech hayron qoladigan joyi yo‘q – doim bir-birlari bilan urishishadi, kechasi bilan musiqa qo‘yishadi, xohlagan mahalda ovqat yeyishadi. Anavi qiz, uning xotini, xo‘jalik ishlariga yo‘q. Eriga odamning rahmi keladi. Larkinlarnikidan ham xizmatkori ketib qolgan. Albatta, sudyaninig o‘ziga yarasha fe’li bor: hali qarasang kallai saharda uni qilib ber, hali qarasang, buni qilib ber; missis Larkin bo‘lsa burnini jiyirgani-jiyirgan. Shuning uchun, buning hech hayron qoladigan joyi yo‘q. Missis Karmaykllarnikidan ularning Jeneti hech qachon ketmaydi, mening fikrimcha, u juda befarosat va mudom kampirning g‘ashiga tekkani-tekkan.
– Balki, unda, sizlar Gledisni haydamassizlar? U juda ajoyib qiz. Men ularning oilasini juda yaxshi bilaman – juda oriyatli va muloyim odamlar.
Miss Laviniya boshini sarak-sarak qildi.
– Buning sabablari bor, – dedi u ma’noli qilib.
– Siz to‘g‘nag‘ichingizni yo‘qotib qo‘yibsiz, – dedi asta miss Marpl, – tushunaman…
– Sizga buni kim aytdi? O‘zimi? Rostini aytadigan bo‘lsam, to‘g‘nag‘ichni u olganiga mening ishonchim komil. Keyin esa qo‘rqib ketib, yana joyiga qo‘yib qo‘ygan. Albatta, o‘z ko‘zing bilan ko‘rmaganingdan keyin gapirish yaxshi emas.
Miss Laviniya suhbat mavzusini o‘zgartirdi:
– Miss Marpl, miss Emilining oldiga kirib chiqsangiz, degandim. Bu uning kayfiyatini ko‘tarardi.
Miss Marpl indamay miss Laviniyaning ketidan ergashdi; u eshikni asta taqillatdi, «Kiring» degan so‘zni eshitgach, mehmonni uydagi eng yaxshi xonalardan biriga olib kirdi. Bu xona deyarli qorong‘i edi, chunki derazalardagi barcha darpardalar tushirib qo‘yilgandi. Miss Emili karovatida xuddi nimqorong‘ilikda o‘z “azob”laridan rohatlanayotgandek, yastanib yotardi.
Miltirab turgan xira chiroq yorug‘ida bir tutam sarg‘ish sochlari naridan-beri boshiga turmaklangan, juda ham oriq, ko‘rinishidan fe’l-atvori bo‘shgina bo‘lgan ayolni bir amallab ko‘rish mumkin edi. Uning soch turmagini ko‘rgan kishi birorta qush ham yashamaydigan uyaga o‘xshatardi. Xonadan atir, suvi qochgan pishiriqlar va qatiqning achitqi hidlari anqirdi.
Emili Skinner ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib, hasta tovush bilan «bugungi kun uning uchun og‘ir kunardan biri» ekanligini aytdi.
– Bemor uchun eng yomoni – o‘zini boshqalar uchun yuk ekanligini his qilish, – g‘amgin tovush bilan dedi miss Emili. — Lekin Laviniya menga juda mehriibon. Levvi, jonginam, seni bezovta qilishni istamayman, lekin mana bu isitgichdagi suvni bir oz to‘kib bera olasanmi, shuni ko‘tarish ham menga og‘irlik qilyapti; bir yoqdan esa suvi kam bo‘lsa, tez sovub qolyapti.
– Beraqol, jonginam, men to‘kib beraman.
– Unda bir yo‘la suvini ham almashtirib kelaqol. Albatta, uyda qotirilgan non yo‘q. Hechqisi yo‘q, chidab turarman…. Limonli choy qilib beraqol. Limon ham yo‘qmi? Yo‘q, limonsiz kerak emas. Sut ham ertalab chirib tushgandi. Mayli, choysiz bir amallarman. Shunday bo‘shashib ketyapmanki! Ustritsalar juda foydali deyishadi. Bo‘lsa, ikki donagina yerdim. Yo‘q, yo‘q, hozir shart emas, ovora bo‘lma, kech bo‘lib qoldi. Ertalabgacha bir amallayman.
Laviniya eshitilar-eshitilmas velosipedda qishloqqa borib kelishini aytib, xonadan chiqib ketdi. Miss Emili odamlarni bezovta qilishni juda yomon ko‘rishini aytib, beholgina kulimsirab qo‘ydi.
O‘sha kuni miss Marpl Ednaga, uning harakatlari zoye ketganligini aytdi. U bechora qizning qilgan xatti-harakati butun qishloqqa yoyilganini eshitib, juda xafa bo‘ldi.
Pochtada esa uning oldiga miss Ueterbay yugurib keldi.
– Azizim, Jeyn, bilasizmi, ular qizga yozma tavsiyanoma berishibdi, u yerda qizning buyurilgan ishlarni tezda ado etishligi, ichmasligi va umuman, yaxshi qizligi to‘g‘risida yozilgan. Lekin u yerda uning qo‘li egri emasligi to‘g‘risida hech narsa deyilmagan. Qandaydir bir to‘g‘nag‘ich voqeasi haqida gapirishyapti. Bilasizmi, hozirgi paytda bekorga xech kim xizmatkorini haydab yubormaydi. O‘rniga kimni ham topib bo‘lardi! Old Xollga kim ham borardi deysiz! Dam olish kunlari qizlar uylariga qaytishga qo‘rqishadi. Mana ko‘rasiz, opa-singillar hech kimni topisha olmaydi. Miss Emili esa o‘zining kasaliga qaramay hamma narsani o‘zi qilishiga to‘g‘ri keladi.
Qishloqdagilar opa-singil Skinnerlar agentlik orqali hamma tomondan to‘kis bo‘lgan yangi xizmatkor topishganini eshitib, yomon xafa bo‘lishdi.
– Uch yil uchun berilgan hamma tomondan ijobiy tavsifnoma. U qishloqda yashashni afzal ko‘radi. Yana, Gledis olgandan kamroq maoshga ham rozi. Menimcha, bizning rosa omadimiz keldi.
– Shunday bo‘lsa-da, nimagadir haddan tashqari yaxshi, odamning ishongisi ham kelmaydi,–dedi miss Marpl, miss Laviniya baliq do‘konida unga o‘zlarining yangi xizmatkorlari haqidagi yangilikni aytganda.
Sent-Meri-Middagi barcha odamlar esa, bu to‘kis xizmatkor oxirgi damda fikridan qaytib bu yerga kelmaydi, deb aniq ishonishar edi.
Oldindan ochilgan follarning birortasi ham to‘g‘ri chiqmadi va bir necha kun o‘tgach, bu «boylikning» (uning ismi Meri Xiggins edi) taksida Old Xollga tomon kelayotganini ko‘rishdi.
Miss Marpl keyingi safar Old Xollga kelganida (o‘sha kuni u yerda bayram bo‘layotgandi, shu munosabat bilan u yerdagi ayollar hayriya bozori tashkil qilishgan edi), eshikni Meri Xiggins ochdi. Uning haqiqatan ham oliy toifadagi xizmatkor ekanligiga shubha yo‘q edi. Yoshi qirqlarda, silliq taralgan sochlari qora, yonoqlari qip-qizil, bir oz to‘laroq bo‘lsa-da, buni qora ko‘ylagi va taqib olgan fartug‘i berkitib turardi. Boshiga esa chepchik kiyib olgan edi. («Xuddi bir zamonlardagidek» – keyinchalik gapirib berdi miss Marpl). Uning ovozi mayin, nutqi esa – baqirib gapiradigan Gledisnikiga o‘xshamas – juda ham ravon edi.
Miss Laviniya baxtga qarshi bozorda qatnasha olmayotgan bo‘lsa-da, (sababi, singlisiga qarash bilan band edi) har doimgidan ancha xotirjamroq edi. Band bo‘lishiga qaramay, u bayramga yaxshigina ulush qo‘shdi va yana sotuvga ancha-muncha narsalar berishni ham va’da qildi.
Miss Marpl uning ko‘rinishi yaxshi ekanligini gapirib qo‘ydi.
– Men Meridan juda ham minnatdorman. Anavi qizdan qutulganimga shunday xursandmanki. Merining rostdan ham bahosi yo‘q. Taomni zo‘r pishiradi, dasturxon atrofida sergak turadi, uyimizni esa juda ozoda, saranjom-sarishta saqlaydi – har kuni o‘rin-ko‘rpalarni yoyib oladi. Emiliga ham shunaqangi mehribonki.
Miss Marpl miss Emilining sog‘lig‘ini so‘radi.
– Shu kunlarda bechoraning yana mazasi qochgan: ob-havo juda yomon ta’sir qilyapti. U, albatta, vaqti-vaqti bilan mazasi bo‘lmasa-da, o‘zi bunga aybdor emas. Biror narsa keltirib berishni so‘raydi-da, olib kelganingdan keyin rad qiladi, yarim soatdan so‘ng yana so‘raydi, so‘ragan narsasini yana boshqatdan tayyorlab kelish kerak. Boshqa ishlar ham tiqilib yotibdi, lekin, baraka topsin, Meri shoshib qolmayapti. Uning aytishicha, bemorlarning axvolini tushunar ekan, avvallari ham ko‘p bemorlarga qaragan ekan. Ishqilib, u mushkulimizni oson qilyapti.
– Azizam, rosa omadingiz keldi-da! – dedi miss Marpl.
– Albatta, uni bizga xudoning o‘zi yetkazdi!
– Odam ishongisi ham kelmaydi, – davom etdi miss Marpl. – Sizlarning o‘rningizda men ehtiyotroq bo‘lgan bo‘lardim.
Uning nima demoqchi ekanligini miss Laviniya tushunmaganlikka oldi.
– Men, biznikida unga yaxshi bo‘lishi uchun hamma narsani qilaman. Agar u ketib qoladigan bo‘lsa, bilmadim, nima bo‘ladi.
– Uni vaqtidan ilgari ketadi, deb o‘ylamayman, – dedi miss Marpl miss Laviniyaning ko‘ziga tikilib.
–Uydan xotirjam bo‘lsang qanday yaxshi-a, – dedi miss Laviniya eshitmaganga olib.–Sizning Ednangiz-chi? Ulguryaptimi?
– Ulguryapti. Albatta, sizning Meringizchalik emas. Lekin men xotirjamman, chunki men u haqida hamma narsani bilaman. U o‘zimizdan, shu qishloqlik.
Miss Marpl dahlizga chiqar ekan, Emilining zarda bilan gapirayotganini eshitib qoldi:
– Latta qurib qolibdi. Doktor Allerton esa latta doim nam bo‘lib turishi kerakligini atay ta’kidlagan. Bo‘pti, qoldirib keting. Menga choy olib keling va tuxum qaynatib bering. Esdan chiqmasin, uch yarim daqiqa qaynatish kerak. Menga miss Laviniyani chaqirib yuboring.
Miss Marpl soyabonini ola turib polga tushirib yubordi; uni olaman deb sumkachasini ham tushirib yubordi, sumkacha esa tushayotib ochilib ketdi. Meri xushmuomalalik bilan yer bilan bitta bo‘lib yoyilib ketgan hamma mayda-chuydalarni – dastro‘molcha, yondaftar, eski rusumdagi teridan ishlangan hamyon, ikki shilling va uch pens, shimadigan konfet – yig‘ishtirib miss Marplga uzatdi. Shimadigan konfetni ola turib, miss Marpl xijolat bo‘ldi.
– Voy, bu missis Klementsning o‘g‘liniki bo‘lsa kerak. Mening sumkachamni o‘ynayotganda so‘rib o‘tirgan edi, o‘shanda solib qo‘ygan bo‘lsa kerak.
– Unda tashlab yuboraveraymi?
– Baraka toping, yaxshi bo‘lardi.
Meri sumkaning ichidan tushib qolgan oxirgi narsa – oynani olish uchun engashdi. Miss Marpl oynani ola turib, xursand bo‘lib ketdi:
– Qanday yaxshi! Haytovur sinmabdi, – Shunday deya, miss Marpl jo‘nab ketdi, Meri esa shimadigan konfetni qo‘lida ushlagancha eshik oldida turib qoldi. Uning yuzi tund edi.
Keyingi o‘n kun ichida Sent-Meri-Midda faqat «shu boylikning», ya’ni miss Laviniya va miss Emililarning yangi xizmatkorlarining fazilatlari haqida gapirishdi.
O‘n birinchi kuni tongda esa qishloqni juda yoqimsiz xabar tar-qaldi. Bu nuqsonsiz Meri yo‘q bo‘lib qolibdi! Uning o‘rni ham buzilmagan, ko‘cha eshigi esa ochiq ekan. U kechasi hech kimga bildirmay, uydan chiqib ketibdi.
Faqat Merining o‘zi yo‘qolmagan: u bilan birga miss Laviniyaning ikkita to‘g‘nag‘ichi va beshta uzugi, miss Emilining esa uchta uzugi, medaloni, braslet va to‘rtta to‘g‘nag‘ichi ham yo‘qolgan edi.
Bu hali hammasi emas edi: Missis Deveryoning qulflanmaydigan qutichada saqlaydigan olmosi, unga to‘yida sovg‘a qilishgan mo‘ynasi ham yo‘qolgandi. Sudya va uning xotinining ham bir qancha qimmatbaho buyumlari va pullari yo‘q edi. Lekin eng ko‘p aziyat chekkan missis Karmaykl bo‘ldi. Uning xonadonida nafaqat qimmatbaho buyumlari, katta miqdorda pullari ham saqlanar edi. O‘sha kuni Jennining dam olish kuni edi. Uning bekasining esa oqshom payti bog‘da aylanib, qushlarga non ushoqlarini berish odati bor edi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, Merida, ya’ni bu tengi yo‘q deb maqtalgan xizmatkorda hamma xonadon eshiklarining kaliti bo‘lgan.
Ochiq aytish kerakki, Sent-Meri-Mid aholisi bu hodisani bir oz mazza qilib va zaharxandalik bilan muhokama qilishdi. Axir miss Laviniya o‘zining Merisi bilan haddan ortiq maqtanar edi-da.
«Mana, marhamat, ko‘rib qo‘yinglar: bu sermulozamat xizmatkor oddiy o‘g‘ri ekan».
Keyinchalik yana ma’lum bo‘ldiki, Merining yo‘q bo‘lib qolishi hammasi emas ekan. Unga joy topgan va uning uchun kafillik bergan agentlik ularga tavsifnoma bilan murojaat qilgan Meri Xiggins haqiqatda Meri Xiggins emasligini bilgach, hazilakam xavotirga tushmadi. Bu ism kohinning singlisinikida ishlaydigan xizmatkor ayolniki bo‘lib, bu haqiqiy Meri Xiggins Kornuoll qishloqlaridan birida yashardi.
– Rosa pishiq o‘ylangan ekan, – bo‘yniga olishga majbur bo‘ldi ispektor Slek. – Mening fikrimni bilmoqchi bo‘lsangiz, u bu ishni yolg‘iz o‘zi qilmagan.. Shunga o‘xshagan o‘g‘irlik bir yil burun Nortumberlendda ham sodir bo‘lgandi. O‘g‘irlangan narsalarni ham, o‘g‘rining o‘zini ham topisha olmagan. Umid qilamanki, Mach-Benxemda bizning omadimiz keladi. – Inspektor Slek har doim o‘z kuchiga ishonar edi. Shunday bo‘lsa-da, haftalar ketidan haftalar o‘tdi, Meri Xiggins esa bemalol ozodlikda yuraverdi. Inspektor Slek1 bekorga ismi tabiatiga mos emasligini ko‘rsatib qo‘yish uchun jon-jahdi bilan ishlashda davom etdi.
Miss Laviniya bo‘lsa doim yig‘lab yurardi. Miss Emili esa, shunday xafa bo‘lib ketdiki, o‘z sog‘lig‘i to‘g‘risida yanada ko‘proq qayg‘uradigan bo‘lib, endi rostakamiga doktor Xeydokni chaqirtirdi.
Butun qishloq aholisi shifokor miss Emilining sog‘lig‘i haqida xaqiqatda nima deb o‘ylayotganini bilishga juda ham qiziqar, lekin undan bu haqda so‘rashga hech kim botina olmasdi. Shunday bo‘lsa-da, missis Prays Ridlining xizmatkori Klaraning orqasidan yuradigan dorishunos yordamchisi mister Mik orqali ancha-muncha narsalar ma’lum bo‘ldi. Doktor Xeydok ayolga ikkita dorining aralashmasini yozib beribdi. Mister Mikning aytishicha, bunday dorini armiyada lo‘ttibozlarga berilar ekan.
Tez kunda qishloq aholisi miss Emilining shifokor Xeydokning davolashidan qoniqmay, uning kasalligi haqida hamma narsani tushunadigan haqiqiy mutaxassislar bo‘lgan Londonda yashashga majbur bo‘layotgani aytganidan xabardor bo‘ldi. Va bu Laviniyaga nisbatan ham adolatli bo‘ladi, dedi u. O‘z uylarini esa ular ijaraga berishga qaror qilishdi.
Oradan bir necha kun o‘tib, hayajondan qip-qizargan miss Marpl Mach-Benxemdagi politsiya uchastkasiga kelib, inspektor Slekni so‘radi.
Inspektor miss Marplni yoqtirmasdi. Lekin shu bilan birga politsiya boshlig‘i polkovnik Melchett miss Marpl haqida boshqacha fikrdaligini ham bilardi. Shuning uchun u juda xursandchilik bilan bo‘lmasa-da, ayolni qabul qildi.
– Salom, miss Marpl! Bizga xizmat bormi?
– Eh, inspektor, vaqtingiz yo‘qmi, deb qo‘rqaman.
– Ha, lekin siz uchun bir-ikki daqiqa topiladi.
– Unday bo‘lsa, sizga yaxshilab tushuntirib berishga harakat qilaman. Nima deb o‘ylaysiz, oson emas-a? Lekin, siz uchun bu cho‘t emas. Men sizga miss Laviniyalarning xizmatkori – miss Skinner – Gledis haqida gapirmoqchiman.
– Meri Xiggins, – to‘g‘rilab qo‘ydi inspektor Slek.
– Ha, bu ularning ikkinchi xizmatkori. Lekin men Gledis Xolmsni nazarda tutayapman. Juda yoqimsiz va kekkaygan qiz, lekin juda diyonatli – hamma gap ana shunda.
– Men bilishimcha, uni hech narsada ayblashmagan, – dedi inspektor.
– Ha, bilaman, uni hech narsada ayblashmagan… Va eng yomoni ana shunda. Chunki, bilasizmi, odamlar u qiz haqida har xil bo‘lmag‘ur gaplarni aytishyapti. Voy, xudoyim, o‘zim ham tushuntirib bera olmasam kerak, deb o‘ylovdim. Demoqchimanki, Meri Xigginsni topish kerak.
– Albatta, buni qanday amalga oshirishni siz bilasizmi?
–Umuman olganda, ha, bilaman,– dedi miss Marpl. – Sizga savol bersam bo‘ladimi? Sizlar barmoq izlarini hisobga olmaysizlarmi?
– E-ha, unimi! – dedi inspektor Slek. – Bu ishda u hammadan ustasi farang chiqib qoldi. U hamma ishni xo‘jalik qo‘lqopida bajargan. Va juda puxta ishlagan – yotoqxonada ham, oshxonada ham hamma barmoq izlarini yaxshilab artib tashlagan. Biz xonalarda birorta ham barmoq izini topa olmadik!
– Sizlarda uning barmoq izlarini bo‘lsa ish oson ko‘charmidi?
– Ehtimol. Uning barmoq izlari nusxasi Skotland-Yardda bo‘lishi mumkin. Menimcha, bu uning birinchi ishi bo‘lmasa kerak.
Miss Marpl sevinib bosh silkidi. U sumkachasini ochib, ichidan karton qutichani oldi. U yerda paxtaga o‘ralgan kichkina oyna bor edi.
– Bu mening sumkamdan tushib ketdi, – tushuntirdi miss Marpl. – Unda xizmatkorning barmoq izlari bor. Menimcha, ular to‘g‘ri keladi. U bundan sal oldin yopishqoq narsani ushlagan edi.
Inspektor Slek unga hayron bo‘lib qaradi.
– Siz buni ataydan qildingizmi?
– Albatta.
– Demak, siz undan shubhalangan ekansiz-da?
– Bilasizmi, uning har tomonlama to‘kis ekanligi menda darhol shubha uyg‘otdi. Miss Laviniyaga ham xuddi shunday deb aytdim. Lekin u shamani tushunmadi. Bilasizmi, inspektor, men to‘kis odamlarga ishonmayman. Hamma odamda ham kamchilik bo‘ladi va turmushda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
Bo‘pti, – dedi inspektor, – sizdan juda minnatdorman. Biz bu barmoq izlarini Skotland-Yardga yuboramiz va ularning javobini kutamiz.
Inspektor jim bo‘lib qoldi. Misss Marpl boshini bir yoniga egib, inspektorga ma’noli tikildi.
– Inspektor, yaqinroqdan qidirib ko‘rishni xohlamaysizmi?
– Miss Marpl, nimani ko‘zda tutayapsiz?
– Tushuntirib berish qiyin, lekin birorta g‘ayrioddiy narsaga duch kelib qolsang, darhol diqqatingni tortadi. Garchi ko‘pincha bu g‘ayrioddiy narsalar arzimagan narsa bo‘lib chiqadi. Men bu narsani doim sezib turardim – Gledis va to‘g‘nag‘ich voqeasini nazarda tutayapman. Gledis vijdonli qiz, albatta, u to‘g‘nag‘ichni olmagan. Unda nega miss Skinner to‘g‘nag‘ichni Gledis olgan deb aytdi? Miss Skinner ahmoq emas. To‘g‘rirog‘i – teskarisi! Unda nega, xizmatkor topish mushkul bo‘lgan shunday paytda u yaxshi xizmatkordan qutulmoqchi bo‘ldi? Kiziq-a? Men yana bir g‘alati narsani sezdim. Miss Emili vosvos, tushkunlik kasaliga mubtalo bo‘la turib shifokorga murojaat qilmayotgan odamni endi ko‘rishim. Ipoxondriklar odatda shifokorga borishni yaxshi ko‘rishadi. Miss Emili bo‘lsa – yo‘q!
– Nimaga shama qilyapsiz, miss Marpl?
– Men miss Laviniya va miss Emili g‘alati odamlar ekanligiga shama qilyapman. Miss Emili butun vaqtini qorong‘i xonada o‘tkazadi. Garov o‘ynaymanki, uning sochi – sun’iy. Demoqchimanki, bu oriqdan kelgan, sochlari oqara boshlagan tantiq ayol qip-qizil yuzli, sochlari qora, baqaloq bo‘lishi mumkin. Mening bilishimcha, hech kim biror marta ham miss Emili va Meri Xigginsni bir paytning o‘zida birga ko‘rgani yo‘q. Hamma kalitlarning nusxasini yasash, qo‘ni-qo‘shnilarning odatlarini o‘rganib chiqish va bizning qishloqlik qizdan qutulish uchun unda yetarlicha vaqt bor edi. Bir kuni kechqurun miss Emili uyidan chiqib stantsiyaga boradi va u yerdan Meri Xiggins qiyofasida qaytib keladi. Keyin, kerakli paytda Meri Xiggins yo‘qoladi, hamma “Ushla, ushla!” deb baqiradi, lekin befoyda. Inspektor, men sizga uni qayerdan qidirishni aytaman: miss Emilining o‘rnidan! Ishonmasangiz, uning barmoq izlarini solishtirib ko‘ring, mening haqligimga ishonasiz. Ular o‘g‘ri, bu ikki opa-singil – juda ham ustasi farang o‘g‘rilardan. Ular yana boshqa narsalar bilan ham bog‘liq bo‘lishsa kerak. Lekin bu safar ular qochib ketisha olmaydi! Men qishlog‘imizning qizini sharmanda qilib ketishlariga yo‘l qo‘ymayman! Gledis Xolms vijdonli qiz, hamma buni bilib qo‘ysin. Ko‘rishguncha xayr, inspektor.
Inspektor o‘ziga kelganda, miss Marpl xonada yo‘q edi.
– Nahotki u haq bo‘lsa? – dedi u o‘ziga-o‘zi.
U tez orada miss Marpl bu safar ham haq ekanligiga ishonchi komil bo‘ldi. Polkovnik Melchett Slekni uni topqirligi uchun maqtadi, miss Marpl esa Gledisni Edna bilan choy ichishga taklif qildi va agar ish topilgudek bo‘lsa, endi o‘sha joydan qimirlamaslik kerakligi haqida jiddiy suhbatlashdi.
Ingliz tilidan Muhabbat Ismoilova tarjimasi