I
Kunlardan bir kun nonushtadan so‘ng, quyosh nurlari allaqachon qizdira boshlagan mahal chog‘roqqina maydon bo‘ylab, uyimiz tomonga zulukdek otini niqtagancha bir suvoriy yelib kelayotganiga ko‘zimiz tushdi: uning bo‘ynidagi ro‘molcha shamolda hilpirar, qora ipak yopinchiqning popiltirig‘i pirpirar, liq to‘la, vazmin xurjuni chayqalardi.
Biz uni darhol tanidik. Uzoq ayriliqdan so‘ng uyga qaytib kelayotgan qadrdon akamiz edi. Biz quvonchdan aqlu hushimizdan ayrilgandek qiyqirgancha unga peshvoz chiqqani yugurdik:
– Roberto! Roberto!
Otliq tosh to‘shalgan, gir aylana devorlari ustunlariga chirmovuqgul va gulbeorlar chirmashib ketgan hovliga kirib keldi-da, otdan to‘g‘ri bizning bag‘rimizga otildi.
Onamning qanchalar suyunganini ko‘rsangiz edi! U o‘g‘lini tinmay bag‘riga bosar, oftobda qoraygan qo‘llarini silab-siypalar, akam uning nazarida ozgan, horg‘in va qiynalgandek edi. Roberto chang-chung kiyimini almashtirmay hammamizni – ukalari va singillarini lol qoldirib uyimizni ko‘zdan kechirib chiqdi: o‘zining xonasiga, yemakxonaga bosh suqdi, o‘zi yo‘qligida paydo bo‘lgan buyumlarga nazar soldi va oxiri boqqa oraladi.
– Men ekkan anjir daraxti qani?
U achchiqlanib o‘zi urug‘ini qadab ketgan ko‘chatni izlay boshladi. Biz hammamiz kulib yubordik.
– O‘sha qidirayotgan daraxting tagida turibsan-ku!..
Daraxt baland bo‘lib o‘sgan, dengizdan esayotgan shamolda shoxlari ohista chayqalardi. Akam uning tanasiga bir-ikki qoqdi, g‘ubor qoplagan yaproqlarini siypalab artgan bo‘ldi; keyin hammamiz birgalikda oshxonaga qaytib kirdik.
Stolda akamning liq to‘la xurjuni yotardi; u xurjundan bitta-bittalab har xil sovg‘a-salomlar olib har birimizga ulasha boshladi. Bu sovg‘alar orasida shunaqa narsalar bor ediki, asti qo‘yaverasiz! Qayerlarga bormagan, nimalar keltirmagan deysiz! Kebrada-de Umayning dong‘i ketgan uzundan-uzun pishloq qalamchalaridan tortib kokos, yong‘oq va mag‘izdan pishirilgan shirinliklar deysizmi, qaynatilgan loviyadan tayyorlangan obakidandonu, qovoqchalar ichiga rang-barang popuklar, qand-qurs meva-chevalardan solib, rangli qopqoqlariga “Chincho-Baxo”da tayyorlangan nomi yozib qo‘yilgan shirinliklar; qog‘oz qutilarda kartoshka uni bilan tuxum sarig‘ini aralashtirib qovurilgan sarg‘ish, latif, yengilgina, asaldek shirin biskvitlar; Serra viloyatida “Guamang toshlaridan” taroshlab yasalgan aziz-avliyolarning haykalchalari; korobka-korobka manxar blanko. Ba’zan go‘sht, mag‘iz bilan qiymalangan greyfrut soqqalari hamda jangari xo‘rozlarning oyog‘ini bog‘lash uchun maxsus, oq-qizil chilvir. Akam sovg‘alarni ulasha turib kimgaligini nomma nom e’lon qilar edi.
– Bu oyimga… Bu Rosaga.. Mana bu singilginam Xesusga… Bu esa Ektarga…
– Dadamizga-chi?.. – deb so‘radik hammamiz baravariga, u sovg‘alarni ulashib bo‘lgach.
– Hech narsa…
– Voy?! Dadamlarga hech narsa keltirmadingmi?
Oilamizda hammaning joni-dili bo‘lgan Roberto o‘ttiz ikkita tishini ko‘rsatib iljaydi va xizmatkorni chaqirdi.
– Karmeloni keltir! – dedi u.
Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas xizmatkor qafas ko‘tarib keldi va ichidagi xo‘rozni chiqarib yubordi; ozodlikka chiqqanini sezgan xo‘roz qotib qolgan oyoqlarini bukib ochdi, qanotlarini patirlatib qo‘ydi-da, yangroq ovozda qichqirdi:
– Qo-qo-qo-qoo!
– Bu eca dadamizga sovg‘a! – dedi akam.
O‘sha olis bolaligimizda hammamizning yuragimizdan o‘rin olgan xo‘roz shu tariqa uyiimzga kelib qolgan edi; bu qadrdon jonivorning hayoti hikoya qilib berishga arzigulik edi; u haqidagi munis xotiralar hali-hanuz xonadonimiz qalbidan o‘chmaydi. Kabalero Karmelo haqidagi xotiralar…
II
Pisko uzra sutdek tong nuri yoyila boshladi. Biz dadamizga qahva tayyorlash uchun oshxonada g‘imirlab yurgan onamdan ko‘z uzmay bo‘zarib kelayotgan subhidam harorati og‘ushida yayrab yotardik. Dadam ishga oshiqmoqda edi. Onam borib oqsochni uyg‘otdi; ko‘cha eshikning g‘irchillab ochilgani eshitildi; xo‘roz qichqirdi, bunga javoban qo‘ni-qo‘shnilarning dakang xo‘rozlari jo‘r bo‘lishdi; dengiz guvillashi eshitildi; biz yotgan xonaga salqin, huzurbaxsh shabada yopirildi. Otamni ishga kuzatgach, onam tepamizga kelib, tungi ko‘ylaklarimizni yechmay, karavotning o‘zida tizzalab ibodat qilishga undadi. Keyin biz kiyinib, yuvinib-tarangach, uzoqdan novvoyning elas-elas ovozi eshitildi. Uyimiz yoniga kelgach, u hovlida yurgan onam bilan hol-ahvol so‘rashdi. Bu xushnud, beozor mo‘ysafid edi, u onamning aytishiga qaraganda, anchadan buyon har kuni bir xil paytda eshakka ikki savat qaynoq, mag‘zi shirin non ortib uyimiz yonidan o‘tar edi. Har xil nonlar bo‘lardi savatda: jaydari undan yopilgan gijda, patir, frantsuzcha bulochkalar, mayizli kulchalar, shirmoynonlar.
Onam non tanlar, singlim Xesus savatga taxlar edi. Novvoy ketgach, bizlar nonlarni oshxonadagi kleyonka bilan qoplangan stolda qoldirib, parranda-yu, qo‘y-qo‘zilarimizga ovqat bergani borardik. Biz nonlarni ajratib, to‘rvalarga solar va o‘sha yoqimtoy jonivorlar qishlaydigan qo‘raga borardik, bizni ko‘rgan zahoti ular oldimizga oshiqishardi. Kaptarlar uchib tushgan, tovuqlar don talashib urishgan, quyonlar esa oyoq ostida uymalashgan. Qorinlari to‘ygach ham nari ketmasdi. Echki tumshug‘i bilan tizzamizga suqilar, jo‘jalar chiy-chiylab, xit qilib yuborar, uzunquloq, arazlagan bolanikiga o‘xshash tugmadek ko‘zlari javdiragan quyonlar xavotir ichida yaqinlashar, kuni kecha tuxumdan chiqqan, tuxum sarig‘idek tillarang o‘rdak polaponlar yog‘och tog‘orada g‘imirlashar edi. Oyoqlaridan chilvir bilan bog‘lab qo‘yilgan Karmelo o‘zi egallagan kunjakdan turib qichqirardi; o‘zining nafratini namoyish etgandek hurpayib olgan bir yoqimsiz kurka qo‘ra ichida u yoqdan-bu yoqqa gerdayib yurar, biqqa semiz xotinlar kabi alpang-talpang qilib yurgan o‘rdaklar esa g‘o‘daygan bu oliftani g‘iybat qilayotgandek bir-birlariga suykalishib g‘ag‘alashardi. Shunday kunlarning biri edi, biz bu itoatgo‘y, beozor jonivorlar bilan andarmon bo‘layotgan mahal “Taqirbosh” deya nom qo‘yganimiz patlari yulingan, yoshgina xo‘rozcha otilib chiqdi; u o‘n besh yoshlardagi o‘spirinni eslatardi. Qolaversa, Taqirbosh o‘ta urishqoq va jangari xo‘roz edi; o‘sha kuni korralda osoyishtalik hukm surayotgan va hali boshqa parrandalar bamaylixotir donlab yurishganida u og‘ziga yoqadigan xushxo‘rroq yegulik axtarib bizlar ovqatlanadigan stolga chiqqan-da, bir nechta chinni taqsimchalarni tushirib sindirgan – o‘zi shundog‘am uyda idish-tovoqdan siqilib yurardik.
Nonushta paytida zararkunanda Taqirboshning bu qilmishi uchun patini bittalab yulish, deya kulib o‘tirgandik, gaplarimizni jimgina tinglayotgan otam dona-dona qilib:
– Yakshanba kuni so‘yib qovuramiz… – dedi.
Ukalarimdan biri Anfilokio yig‘lamsirab, o‘zi yaxshi ko‘rgan xo‘rozining bir qoshiq qonidan keching deb, yalinib-yolvordi. Bu xo‘rozning nasli toza, undan zo‘r jo‘jalar olaman, deb ishontirdi.
Uyimizda Karmelo paydo bo‘lgandan beri hamma Taqirboshga ola qaraydigan bo‘ldi, vaholanki, u korralning faxri hamda nasli-nasabi eng tozasi edi, deya diydiyo qildi.
– Nega o‘rdaklarni so‘ymaysiz, – derdi u xo‘rozining yoni bo‘lib, – axir ular suv havzasidagi ichadigan suvimizni iflos qilsa yoki uloqchani, kecha jo‘jani bosib o‘ldirdi-yu, yoki cho‘chqani axlat tashiydigan va xo‘r-xo‘r qilishdan boshqasini bilmaydigan … nuqul baxtsizlik keltirishadi…
Unga uloqchaning junlari mayin, do‘mboqqina, shirin, muguzlari endigina bo‘rtib qolgan, shataloq otishni yaxshi ko‘radi, qolaversa, jo‘jani bosib olganini kim ko‘ribdi, deya tushuntirmoqchi bo‘lishdi. Cho‘chqa esa shu yerda, tug‘ilganidan beri hovlimizda yashayotgan bo‘lsa, qanotlari yelpig‘ichga o‘xshab yoyiladigan kaptarlar havoda biram chiroyli charx urishadiki, xuddi oq bayroqlar hilpirayaptimi deysan; uyimizning bo‘g‘otiga joylashib, o‘sha yerda g‘ub-g‘ub deganlarida hamma xursand bo‘ladi, uya qurishdi, bo‘qoqlaridagi jo‘xori doni bilan polaponlarini qanaqa boqishlarini ko‘rgansan-ku, deb tilga olgan jonivoru parrandalarning ta’rifini keltirishdi.
Bechora Taqirboshning kuni bitgandi. Aka-ukalarimning hammasi uni saqlab qolishni yolvorib so‘rashardi, biroq birinchidan, uning zararkunandaligi bizga qimmatga tushgan bo‘lsa, ikkinchidan, bechoraning bor-yo‘g‘i bitta himoyachisi, uyam bo‘lsa, gapi inobatga olinishi ehtimoldan yiroq mening ukam edi, uning xo‘jayini ham ana shu ukam edi. U gaplarining inobatga olinmasligini fahmlagach, boshini quyi soldi, ko‘zlaridan yirik-yirik ikki tomchi yosh Taqirboshga tomdi-yu, o‘krab yuborishdan o‘zini arang tiydi. Biz lom-mim demadik. Shunda onam o‘tirgan o‘rnidan turib, ukamning tepasiga bordi va ohista manglayidan o‘pib qo‘ydi-da:
– Yig‘lama, uni so‘ymaymiz… – dedi.
III
Agar Piskodan temir yo‘l stantsiyasi biqinidagi Kastilo ko‘chasiga borish mumkin bo‘lsa, mo‘jazgina, dengizning oppoq tuzi qoplangan nomsiz maydoncha orqali uning adog‘iga borib, boshqa maydondan chiqasan; bu yakkam-dukkam malvina o‘sgan maydonga taqalardi.
G‘arb tomondan maydon ochiq dengizga tutashib ketgan, uning bu qismini turarjoy binolari egallagan, uylar o‘rniga gulxayri, maysalar yam-yashil choyshabdek to‘shalgan edi; beozorgina sharaqlab qirg‘oqdan toshib chiqqan to‘lqinlar uzra u mavj urib chimzorda oppoq jimjimador va nafis ko‘piklar qoldirib ortiga qaytardi.
Port shahar shu yerda tugab, u yog‘iga janubga qarab o‘ng tarafi dengiz, chap tarafi esa ba’zi yerlari hosildor, ba’zi yerlarida ekin bitmagan ensiz, egri-bugri qumloq yo‘l cho‘zilib ketgandi; sharq tarafida keta-ketgancha kimsasiz dasht yastanib yotar, u dashtning adog‘ida dam u yer, dam bu yerida so‘liyozgan palmalar, pastakkina, sertomir anjirlar hamda nimjon, lekin mayin daraxtlar posbonlar kabi qad rostlab turardi. Ba’zi-ba’zida to‘lqinlar shamol izmida, dastlab yashil va sersuv, gullayotganida tubdan o‘zgaruvchan, kuzda esa qirmizi tusda tovlanadigan “chayono‘t chakalakzorlari” ustiga bostirib kelardi. Mana shu dashtu biyobonning bepoyon miyonalarida bamisli bu yerning sokinligi va unumsizligidan o‘takasi yorilgan palmalar to‘p-to‘p bo‘lib o‘sardi.
Yana ozginadan keyin sohilda, dengizning kulrang quyuq tumani aro Sant-Andres-de-los-Peskadores qishlog‘iga duch kelasiz; unda oddiy baliqchilar yashaydigan, kulbalari sershovqin, qirg‘oq bilan qizargan adir orasida joylashgan edi. Gir aylana zich ekilgan palmalar bilan o‘rab olgan odamlarning uylarini anjir daraxtlari begona ko‘zlardan yashirib, shunday beozor va salqin qad rostlagan edi, go‘yo ular duoibad qilingan yoki bu qarg‘ishlar allaqachon o‘zining kuchini yo‘qotgan, shoxlarida hosilni ko‘tarib turgan daraxtlar yetarli darajada jazosini olgan va shu bois endi uning gullari tukkan mevalar pishar-pishmas tarsillab yorilardi.
Bu xushmanzara qishloqda kulbalar nozik qamishdan to‘qilar, ustini esa yengilgina bordon bilan yopishar, eshiklar oldida esa bamisli posbonlar kabi palmalar bo‘y cho‘zib turishardi; kulbalardan birining yonida beliga qadar yumshoq qumga botgancha baliqchilarning kichkina qayig‘i turardi; uning uzun borti yoqalab, dumaloqlab o‘rab qo‘yilgan yelkanlari, yerda eshkaklar yotar, ularning o‘rtasida yengilgina rul chambaragi, suvni cho‘michlab olish va dengizga sepib yuborish uchun ishlatiladigan qovoqdan o‘yib ishlangan idish hamda bamisli uxlayotgan ilondek biltanglab arqon yotardi. Og‘irligi chaksa kelmaydigan tiqinlar va oq mantilya bog‘langan baliqchilarning to‘rlari unchalik katta bo‘lmagan kema ustiga yopib qo‘yilgan edi.
Daraxt soyasida mayin, huzurbaxsh shabada esayotgan tush paytida o‘sha qayiq yonida to‘r to‘qiyotgan mo‘ysafid baliqchini ko‘rish mumkin bo‘lardi; u hurkak baliqlar o‘ralashib qolishiga moslab kanop tizimchaga dag‘al barmoqlari bilan tugun solar, uning kampiri bo‘lsa, hozirgina qariya tutgan kumush baliqchani tozalar va baliqning tilla tangalari quyosh nurlarida tillarang uchqunlar kabi jilva qilib har tomonga otilardi; kampirning oyoqlari ostida yotgan baliqning ichak-chavog‘ini yumshoq fe’lli it hidlab-hidlab qo‘yardi. Shu yaqin o‘rtada, bahaybat nahang suyaklari bilan to‘silgan korralda, yalang‘och bolalar yerdan boshini ko‘tarmayotgan hangiga minib olishga tirishar, boshqalari – qirg‘oqda toblanib yotar, soyabon ostidagi yoshi kattaroq bola eshkak chetlarini yo‘nar, qo‘l-oyog‘i chaqqongina, miqtidan kelgan qiz quduqdan suv olar, shodiyona chag‘illayotgan baliqchi qushlar faqirona kulbalar uzra qanot qoqishardi.
Qayiq yonida dengizning chinakam o‘g‘loni, qaynoq shabada va qumdan ufurayotgan namxush, iliq havo eltgan kalta ishtonli, xushqomat yigit dong qotib uxlardi. U tangachalar kabi tirnoqlari pishiq, go‘shtdor barmoqlari uchida ko‘rinmay qolgan baquvvat paydor oyoqlarini chalishtirgancha yerda cho‘zilib yotardi. Yigitning yuz-beti shamolda va oftobda qoraygan, hiyol ochiq lablari orasidan sokin nafas olar, xudo tortiq qilgan boyliklar ichida eng uyg‘un va mukammal bo‘lgan buyuk Hayotga monand tarzda qudratli, yalang‘och ko‘ksi bir maromda ko‘tarilib tushardi. Tushga yaqin San-Andres ko‘chalari huvillab qolar va kunning bundan bu yog‘iga birorta narsa, shu yerda o‘sgan yigirmatacha palmalarning hosilidan ko‘p bo‘lmagan aholi yashaydigan qishloqning oromini buzmas edi. Men tilga olayotgan zamonlarda bu yerlarda na cherkov, na ruhoniy bo‘lardi. Yakshanba kunlari tong otishi hamono, yangi tutilgan baliqlar ortilgan eshaklarini ergashtirib shaharga yo‘l olishar, keyin esa butxonalarda xudoning farzini ado etishardi. Bular zohiran yuvosh va ko‘zlari sokin boquvchi, kamsuqum va soddadil odamlar, hindu irqining nasli aynimagan vakillari, to‘g‘riso‘z, hattoki Quyosh farzandlarining uzoq avlodi bo‘lsalar-da, Inklar saltanatining baxtiyor hukmronligi davrida barcha yo‘llarni qadam-baqadam bosib o‘tgandilar; ular to‘da-to‘da bo‘lib daryo yoqalab mehribon kohin Pachakamakni so‘roqlab ibodatxona sari yo‘l olardilar; ular xurjunlarida sovg‘a-salomlar, xotiralarida savollar, aldashni bilmaydigan sodda ko‘ngillarida imon-e’tiqodni asrab borishardi.
Bironta janjal-to‘polon ularning hayotlarini zarracha bo‘lsin buzolmas, erkaklar o‘zlarining bir yostiqqa bosh qo‘ygan rafiqalaridan boshqa xotinlarni o‘pmasdilar; bu sofko‘ngil va irodali odamlar uchun nafrat va g‘iybatning bitmas-tuganmas manbai bo‘lgan sevgini musaffo, ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashardi.
Zabardast, to‘rt muchasi sog‘lom otalardan doya nimaligini bilmagan xotinlar do‘mboq, oyoq-qo‘llari bo‘g‘im-bo‘g‘im, shirin-shakar bolalar tug‘ib berishardi; ular dengiz havosidan yayrab-yayrab o‘sardilar; shu makonda ulkan baliqlardek suzishga, dengizning qudratli va asov g‘alayonlarini yengishga o‘rganishar, ilma-teshik qayiqlarda haybatli to‘lqinlar bag‘riga yorib kirishdan hayiqishmasdi.
Navqiron, baquvvat, hali hayotning pastu balandidan bexabar va yuvoshgina yigitchalar Piskolik ruhoniy ularning boshini ikkita qilib qo‘ymaguncha yoshliklari nash’u navosidan masrur yashashar, keyin esa o‘zlari uchun yangi boshpana tiklashar va o‘sha yerda murod-maqsadlariga yetishar, ota-onalar, xonadonlar posboni asriy toshbaqalar davrlarning o‘tishini vazmingina kuzatib turishardi; bu hayotni ko‘raverib pishib ketgan, horg‘in, ertangi kundan boshqa hech narsa kutmaslikka rizo bu jonivorlar yoshlanib turadigan ko‘zlari bilan endi qaytib borish nasib etmasligi muqarrar dengizga umidvor boqishardi va har kuni kun botarda quyosh dengizga g‘arq bo‘lmaguncha uzoq ko‘z yoshlari to‘kishar, shundan so‘nggina boshlarini ko‘pqirrali zirhlari ichiga yashirishardi – hayot davom etaversin, sustkash, yalqov, bepusht va yolg‘iz, dono toshbaqalar hech narsaga ishonmaslik bilan birga olamning azal-azalidan zulm manbai bo‘lib kelganligiga zorlanib qo‘yadilar.
IV
U xushqad, abjir, jangari va badqovoq edi; qirrador, qip-qizil toj bezagan boshi mardonavor, adolatpesha va oliyjanob idolgoga o‘xshab mag‘rur ko‘tarilgandi. Yoy shaklida qayrilgan dumi kamalakday tovlanar, lolarang baqbaqasi, olovrang nafis toji va temirdan o‘tkir tumshug‘i uning nasl-nasabidan darak berardi, dumaloq, yonar ko‘zlari, tahdidli va mensimagan qarashlari har bitta gapi uchun javob beradigan mardu maydonni eslatardi. U och jigarrang pat qoplagan baquvvat ko‘ksini bamisli qalqon singari oldinga chiqarib yurardi. Tangachalar bilan qoplangan va yarim oy shaklidagi o‘tkir pixi qayrilgan, kuchli oyoqlari o‘rta asrdagi jangchining sovut kiygan oyog‘ini yodga solardi.
Kunlardan bir kun otam bizga yangi bir xushxabar aytdi. U Karmeloni San-de-Andresda 28 iyulda bo‘ladigan xo‘roz jangida qo‘yishga rozi bo‘pti. Yo‘q, deyishning ilojini topolmaganmish. Hamma balo shundaki, kimdir go‘yo Karmeloni nasl-nasabi yo‘q xo‘roz, deganmish, holbuki u bizda naq alkaldan ko‘ra mashhurroq edi. Mana shu otamga tegib, janjal bo‘lishiga oz qolibdi. Gapdan gap chiqib, garov o‘ynashibdi. Bir oydan so‘ng Karmeloni o‘ziga o‘xshagan mashhur, nimjon, hali bir marta ham yengilish nimaligini bilmagan Axiseko bilan yakkama-yakka qo‘yishadigan bo‘lishibdi, uning xo‘jayini uchiga chiqqan xo‘rozbozlardan edi. Bu yangilikni eshitib dilimiz siyoh bo‘ldi. Bu Karmelo o‘zidan kuchli va yosh raqibi bilan hayot-mamot jangiga kiradi, degani edi. Bizning xo‘roz ana-mana uch yildan buyon biznikida yashar, biz ulg‘aygunimizcha u ancha qarib qolgandi. Nima keragi bor edi bunaqa qahri qattiqlikni! Nima keragi bor uni urushishga majbur qilishning – shunchalik ham noinsoflik bo‘ladimi!
Mana, nihoyat o‘sha dahshatli kun yetib keldi. Uyda hamma suvga tushgan bo‘lka nondek bo‘shashib yurardi. Bizning Karmelo bilan allaqanday odam mashq qilar – hafta davomida har kuni kelardi. Bizga hatto xo‘rozni ko‘rishga ruxsat berishmasdi. Yigirma sakkizinchi iyul kuni tushdan keyin trener yana keldi va qutichadan paxtaga o‘ralgan ikki yoni tasmachali yarim oy shaklidagi temir oldi: bu jangovar xanjar, harbiylarning pichog‘i edi. Trener uni charxlay boshladi. Tig‘ini tirnog‘iga urib sinab ko‘rdi va otamga ko‘rsatdi. So‘ng lom-lim demay qandaydir vazminlik bilan xo‘rozni olishdi va trener uni chaqaloqdek qo‘lida ko‘tarib ketdi. Ortlaridan pichoqni ko‘targancha xizmatkor yo‘lga tushdi. Ularga ikkita akam ham ergashdi.
– Vahshiylik ham shunchalik bo‘ladimi, – dedi onam.
Opalarim hiq-hiq yig‘lashar, kichkina singlim Xesus esa ularning ortidan eshik yopilgach past ovozda shivirladi:
– Menga qara, senam boraqolmaysanmi… Loaqal bechoraga madad bo‘larsan!..
U shunday dedi-da, ho‘ngrab yubordi. Men ko‘chaga otildim va ularning ortidan yugurdim, ikkita ko‘chadan o‘tib ularga yetib oldim.
Biz San-Andresga keldik. Qishloqda bayram kayfiyati hukm surardi. Vatan sharafiga o‘tkazilayotgani uchun uylarning peshtoqiga ilingan milliy bayroqlar hilpirardi. Bu bayram kuni San-Andresda xo‘rozlar jangi uyushtirilar, o‘sha kuni odatda butun vodiyning manaman degan boyvachchalari yig‘ilishardi. Oldida majnuntol novdalari poyandoz bo‘lib yerga to‘shalgan arzon-garov ovqatxonadan idish-tovoqning ko‘ngilga urmaydigan taraqlashi eshitilardi; ko‘mirda qovurib pishirilgan yangi baliq va sirkada o‘ldirilgan piyoz sepilgan yangi baliqni shovqin-suron bilan sotishardi. Karvonsaroylar bashang kiyingan shang‘i odamlar bilan to‘la edi. Yap-yangi oq-qizil yo‘l-yo‘l ko‘ylak, poxol shlyapa, alpargat kiyib bo‘yinlariga ro‘molcha bog‘lab olgan baliqchilar turlanishardi.
Biz xo‘roz urishtiriladigan maydonga yo‘l oldik. Anjirning egilgan, quyuq shoxlari go‘yo arenaga kirish yo‘lini tashkil etgandi. Otam bilan bir qancha oshna-og‘aynilari joylarini topib o‘tirishdi. Ulardan oldinroqda sudya, o‘ng tarafni esa dong‘i ketgan jangari Axisekoning xo‘jayini egalladi. Qo‘ng‘iroqchalar chalindi, tomoshabinlar joylashib o‘tirishdi va bayram boshlandi. Turli tomondan maydonchaga xo‘rozlarini ko‘tarib ikki nafar odam tushdi. Ular o‘ziga xos bir harakat bilan xo‘rozlarini uloqtirishdi. O‘tkir tig‘lar yaraqlab ketdi, ikki nafar nimjon parranda – ikkita raqib bir-birlariga qadalib qolishdi. Ularning bittasi qichqirib yubordi, ikkinchisi asabiy ravishda unga javob qildi va davra o‘rtasiga otildi; raqiblar yana bir-birlarning ko‘zlariga tikilishdi-da, patlarini xurpaytirib, shiddat bilan jangga otilishdi. Tars-tars bir-biriga urildi, havoda patlar to‘zidi, olomon junbushga keldi. Omonsiz olishuv bir necha soniya davom etdi va xo‘rozlardan biri yiqildi. Uning qirmizi kallasi shilq etib yerga tushdi.
– Uning tumshug‘i yerga tegdi, janoblar! – sudyaning ovozi yangradi.
G‘olib xo‘roz patlarini qoqdi. Qoni qaynagan tomoshabinlar chapak chalib yubordi, qoniga belangan ikkala xo‘rozni maydonchadan olib ketishdi. Birinchi olishuv tugadi. Endi bizning Kabalero Karmeloning navbati edi. Odamlar qator oralab shovqin taraldi.
–Axiseko bilan Karmelo.
– Dov – yuz sol!
Yana sudyaning qo‘ng‘iroqchasi yangradi-yu, meni qaltiroq bosdi.
Hamma besabrlik bilan kuta boshladi; maydonchaga yana boyagi ikkita kishi xo‘rozlarini ko‘tarib chiqdi. Sukunat cho‘kdi, raqiblarni o‘rtaga qo‘yib yuborishdi. Narigi xo‘rozga nisbatan bizning Karmelo qari va zaif ko‘rinardi, shu bois go‘yo Karmeloga muqarrar o‘lim bashorat qilayotgandek, dovni uning raqibiga tikishdi. To‘g‘ri, uning g‘alaba qozonishiga ishongan ishqibozlari ham bor edi, biroq ko‘pchilik Axisekoni afzal deb bilishardi. Karmelo raqibiga ro‘para bo‘lishi bilanoq irg‘ishlab o‘zini unga otib, qanotlari bilan urib, shiddat bilan qichqirdi. Ochig‘ini aytganda, zoti va nasabining toza emasligi sezilib qolgan narigi xo‘roz o‘zini viqorli tutgani bilan ehtiyotkorlikni unutmasdi, u bizning Karmeloni nazar-pisand qilmagan kabi xuddi maydonchaning tanho egasidek aylanib yurardi. Nihoyat g‘ayrati jo‘sh urgan xo‘rozlar sapchib davra o‘rtasiga chiqishdi va patlari hurpaygan bo‘yinlarini cho‘zib, tumshuqlarini bir-biriga urishtirishdi, lekin ikkovi ham chekinmadi. Raqibiga birinchi bo‘lib Axiseko hujum qildi, shu tariqa jang boshlanib ketdi. Nafaslarini ichlariga yutgan tomoshabinlar bu hayron qolarli olishuvni kuzatishar, men bo‘lsam xudodan bizning qari xo‘rozimizga bugungi omonsiz jangdan sharaf bilan chiqishini so‘rardim.
Karmelo halokatli urush san’atini puxta egallagan chinakam jangchilardek olishardi. U raqibini o‘tkir tig‘lar bog‘langan pixlari bilan tepmoqchi bo‘lardi: ammo bir marta bo‘lsin, uddalay olmadi – bu qo‘rqoqlik va mug‘ombirlik hisoblanadi – shu orada maqtanchoq va to‘rs Axiseko jangni hamla va qanotlarning zarbasi bilan hal qilish mumkin deb o‘ylardi shekilli, nafasi tiqilib bir nafas to‘xtab qolishdi. Karmeloning oyog‘idan qon oqa boshladi. U yaralangan edi, lekin og‘riqni his qilmayotganga o‘xshardi. Axisekoga tikilgan dov tobora ko‘tarilar, ishqibozlar allaqachon bu telba-teskari parrandaning egasini tabriklashmoqda edi. Raqiblar yana jangga kirishdi, Karmelo birdan qiyqirib, o‘tgan davrlarni eslagandek raqibiga shunchalar shiddat va g‘azab bilan otildiki, azbaroyi, bitta zarb bilan qulatdi. Axiseko turganda, tasira-tusur, betartib hamda shafqatsiz olishuv boshlandi. Oxiri og‘ir yaralangan va holdan toygan Karmelo yiqildi.
– Ofarin! Qoyil, Axiseko! – deb baqirishardi olishuv tugaganiga ko‘zi yetgan ishqibozlar.
Biroq jangni ziyraklik bilan va o‘yin qoidasiga rioya qilinayotganini kuzatayotgan sudya e’lon qildi:
– Yo‘q janoblar, u hali tumshug‘ini yerga ishqamadi!
Chindanam Karmelo o‘rnidan turdi, raqibi go‘yo yerga urmoqchidek unga yaqin keldi, lekin Karmeloga tegmadi. Ana shunda mag‘lubiyat alami hamda og‘riq zo‘ridan hamma xo‘rozlarning jasorati unda mujassamlangandek bo‘ldi-da, u raqibiga zalvorli va so‘nggi hal qiluvchi zarbani berdi, buni kutmagan Axiseko behush bo‘lib yerga yiqildi. U tumshug‘ini yerga tiragancha jon bergandan keyingina Karmelo ham quladi. U g‘alaba qozongandi, maydonchada tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada shovqin ko‘tarildi, hamma otamni zafar bilan qutladi, bu haddan tashqari maroqli va esdan chiqmaydigan olishuv bo‘lgani uchun tomoshabinlar tarqay boshlaganda ham havoda:
– Yashasin Karmelo! Yashasin Karmelo! – degan tahsinlar yangrardi.
Xo‘rozni men bilan akamga topshirishdi va yuragimizda bir dunyo o‘kinch bilan uni dengiz yoqalab uyga olib ketdik; daqiqa sayin majolsiz bo‘lib borayotgan muzaffar xo‘rozimizning qanotlari ostiga aguardente – uzum vinosi purkab o‘tirar ekanmiz, ko‘nglimiz hech narsa sezmasdi.
V
Biz Karmeloni ikki kun davomida parvarish qildik. Xesus bilan qo‘limizdan kelganini qildik, hatto donni to‘g‘ridan to‘g‘ri tumshug‘iga joylab qo‘ydik ham, biroq sho‘rlik uni na yuta olar, na oyog‘ida tura olardi. Uyda hammaning ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi. Ertasiga darslardan keyin singlim bilan undan xabar olgani kirganimizda ahvoli shu qadar yomon ediki, biz beixtiyor yig‘lab yubordik. Karmeloga hovuchimizda suv ichirishga urinib ko‘rdik, uni silab-siypadik, tumshug‘iga anor donalarini solib qo‘ydik. Daf’atan xo‘roz o‘rnidan turdi. Qosh qorayib qolgan, deraza orqali Karmelo yotgan xonaga zavolga yuz tutgan qondek qizg‘ish quyoshning nurlari yopirilib kirardi. Xo‘roz deraza yoniga bordi va shu nurga talpingandek qanotlarini ohistagina qoqib, osmonga qadalib qoldi. So‘ngra yana titrab-qaqshab oltin tusli qanotlarini kerdi va bamisli hali bu qanotlarda kuch-quvvat yetarli ekanini his qilgandek ko‘ksini baland ko‘tarib qichqirdi. So‘ng ozgina ortiga tisarildi, tilla rangda tovlanayotgan bo‘yni ko‘ksiga tushib qaltirab ketdi va polga gursillab quladi; tanasidagi tangacha qoplagan darmonsiz oyoqlarini uzatib yubordi; keyin bizga bir ilhaqlik, mehr to‘la ko‘zlari bilan qarab turdi-da, jimgina jon berdi.
Biz o‘krab yubordik. Yugurgancha onamizni chaqirib kelgani ketdik. O‘sha kuni oqshom dasturxon atrofida hamma ichiga chiroq yoqsa yorishmaydigan ahvolda o‘tirdi. Onamiz lom-mim demas, moychiroqning sarg‘ish nurida biz ham sukut saqlab o‘tirardik. Ertasiga ertalab tun zulmati zavolga yuz tutayotgan mahal bundan buyon Karmeloning quvnoq qo‘shig‘ini eshitishdan mahrum bo‘lganimizni o‘kinch bilan his qildik.
Bolaligimizdagi sevimli do‘stimiz Kabalero Karmelo degan oliyjanob ritsarlarning mumtoz vakili taratgan dovrug‘i bilan gullab-yashnayotgan serhosil Kaukato vodiysida yashayotgan odamlarning bari faxrlanadigan nasli toza jangari xo‘rozlar toifasidan chiqqan noma’lum qahramon taqdiri ana shundan iborat.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 11-son